OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Abdurauf Fitrat. Sharq siyosati
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdurauf Fitrat
Asar nomiSharq siyosati
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Abdurauf Fitrat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm30KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/09/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sharq siyosati
Abdurauf Fitrat

[1]

Bir kun qon tengizlarinda botgʻan, tamugʻ oʻtlarinda koʻmilgan Sharq bir kun tinchlik va taraqqiy beshigi edi. Bu kun oyoqlar taginda ezilgan Sharq bir kun madaniyatning yoʻlboshchisi, bilim va hunarning oʻchogʻi edi. Ovroʻpa dunyosi vahshat va bilmaslik choʻllarinda obdirab[2] shovqin-toshqigʻ! yurar ekan, Sharq dunyosi butun insoniyat olamini saodat va tinchlik oʻchoqlarigʻa erishdurmak uchun ish koʻrub turar edi. Ovroʻpa(da) bir mahalla oqsoqolligʻi yoʻq ekan, Sharqning «koʻzquchinos», «barahma», «iso», «zardusht» va Muhammadlari butun odam oʻgʻullarini bir nuqtada toʻplab toʻgʻri va bilgili yoʻlgʻa kirguzmak uchun tirishar edilar. Chinlilar yozish uchun qogʻoz yasagʻanda ovroʻpalilar oʻng-soʻl qoʻllarini bir-birindan ayira olmas edilar. Zamon buzgʻunlarindan qutulub tarix dunyosinda qolgʻan Xitoy madaniyatining izlari bu kun dahi ovroʻpalilarni hayron qilmoqdadir. Bu kun tiriklikning har yogʻindan qaragʻanda taraqqiy va saodatning soʻng bosqichini bosib oʻtgan ovroʻpalilar orasinda Hindustonda boʻlib oʻtgan madaniyat zamonlarini koʻrmagani uchun qaygʻurgʻan bilgʻuchilar bordir. Ovroʻpalilar din va kiliso[3] taassublarigʻa berilib, bilmaslikning eng teran chuqurlarigʻa tushgʻan chogʻda arablar, musulmonlar, Yunon, Eron va Hindustonda koʻmulub qolgʻan madaniyatni tirguzdilar. Hind va Yunonda unutilib qolgʻan bilim, hunar, hikmat va falsafani bir oʻrunda toʻpladilar. Andalus, Misr(ni) biror madaniyat maktabi, taraqqiy oʻchogʻi, bilim beshigi qildilar. Bagʻdodda - arab san'atchilari soat yasab, Ovrupagʻa yubargʻanda Parisning[4] u palladagʻi angellari[5] «bu quti ichida shayton»lar bor deb soatni tashlab qochgʻan edilar. Bugungi madaniyat va magʻrur Ovrupaning shaharlarinda qam tinchlik va osoyish yoʻq ekan, Bagʻdoddan Turkistongʻacha tinch va osuda bormoq mumkin edi. Musulmon madaniyatining egalari yolgʻuz oʻzlarining emas, butun boshariyat dunyosining tinchlik, taraqqiy va saodati uchun tirishar edilar. Unlar hozirgʻi madaniy yirtgʻuchilar[6] kabi oʻzlarindan boʻlmagʻan millatlarni hayvon sanamas edilar. Toʻgʻridurkim, musulmonlar dahi boshqa millatlargʻa qarshu urush ochdilar: toʻgʻridirkim, musulmonlar daxi boshqalarning oʻlkalarini olurgʻa tirishdilar va oldilar, lekin unlarning jahongirliqlari bu kungi madaniy Ovroʻpaning jahongirligʻi kabi olingan oʻlkalarning uluslarini talamoq, ezmak, yiqitmoq uchun emas, unlarni yanglish yoʻldan qaytarmoq, unlarning orasinda kirib «haq» deya topilgan oʻz fikrlarini unlarga qabul etdirmak, butun dunyo ulusini «haq» va «haqiqat» tegrasinda toʻpdamoq uchun edi. «Baytulmuqaddas»ni, Misrni, Andalusni, Istanbulni olgʻan musulmon huqumatlarining u yerlardagi xalqqa bergan huquqlari, qolgʻan rivoyatlari tarix betlarindan oʻchurilmaqdadir. Arab boshliqlari bir oʻlkani olgʻanda u yerdagʻi ulusning tinchligini saqlamoq uchun biroz qoʻshun qoʻyar va shul qoʻshunning chiqimlari uchun biroz solugʻ olar edilar. Biroq yovning yurushigʻa chidamasdan shul oʻlkani tashlab chiqmoqchi boʻlgʻanda ulus oqsoqollarini chaqurub «biz bu solugʻ oqchalarini tinchligingizni saqlamoq uchun sizdan olgʻan edik. Bundan keyin tinchligingizni saqlay olmaymiz, shuning uchun bu oqchalaringiz bizgʻa haromdir» deb olgʻan solugʻlarini qaytarib ketar edilar. Afriqogʻa kirgan musulmonlar Amriqo va Afriqoni bosqon madaniy ovrupalilardek yerli xalqni bitirmak uchun tirishmadilar. Unlargʻa madaniyat berdilar. Amriqogʻa qoʻnoq boʻlub kirgan Ovrupa madaniylari Amriqo yerli xalqini bitirayozdilar, buni bilmagʻan yoʻqdir. Afriqoni bosib olgʻan Ovrupa jahongirlari u yerdagi qora xalqni oʻlat kabi oʻldurub turalar. Holbuki, musulmonlar Afriqoning Jazoyir, Tunis, Fas[7] kabi oʻrunlarini olgʻach, u yerlarni taraqqiy etdurdilar, xalqini tinchlanturdilar, unlar I dan buyuk odamlar yetushdirdilar. Sharq oʻzining tarixi, siyosati, hunari, insofi, adolati, axloqi va xidmatu e’tiborlari bilan uncha yuksalmish, u qadar taraqqiy etmish edikim, tasavvuri ham bizning miyalarimizgʻa sigʻmaydur. Sharq madaniy yirtgʻuchi emas edi. Sharq boshqalarning xalqlarini olmas edi. Sharq bashariyatning yuksalishi uchun tirishar edi. Sharq madaniyat oʻchogʻi, insof beshigi, axloq maktabi, bilim madrasasi edi. Biz, sharqlilar, bashariyatga qilgʻan xidmatlarimiz uchun bu kungi qonli Ovrupagʻa qarshi yaxshigʻina maxtana olurmiz. Biz, sharqlilar, madaniyat yoʻlinda tutdigimiz xidmatlarda davom etganda bukun bashariyat dunyosini koʻb yuksak mavqe’larda koʻrmak mumkin edi. Negakim, Sharq bilim, hunar yoʻlinda Ovrupa jahongirlaridek oʻrtoq qoni ichmak va orqadosh uyin talamoq uchun emas, insonlik dunyosini yuksaltirmoq uchun tirishar edi. Yozuqlar, esizlarkim, Sharq oʻz yoʻlinda davom eta olmadi, madaniyat tarixining eng buyuk va eng tugal qoidatarindan biri shudir: bir ulus tirikchiligining har toʻgʻrisinda yuksalib, taraqqiy qilib tinchlansa, biror yoqda kuchliroq biron biri koʻrinmasa, oʻlkasi kengayib, oqchasi koʻpaysa, ul ulusning bora-bora axloqi buzulur, totligʻi yoʻldan chiqa boshlar. Biz, sharqlilar, dahi tinchlik va rohat soʻnginda buzulib qoldiq, yoʻldan ozdik, ezgu tilaklarimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchagʻa berildik, oqchagʻa sotilduk, shuning soʻngida Xitoy, Turk, Fors, Arab va Hind mamlakatlarindan har biri oʻz qoʻnugʻi bilan, oʻz navbati bilan tinchlik va taraqqiy bosqichlarindan qulliq, yoʻqsulliq chuqurlarigʻa yumalab tusha boshladilar. Sharqning butun ishlari ongsiz beklar, tushunchasiz xonlar, miyasiz mullalar, bilimsiz eshonlarning qoʻligʻa oʻtdi. Bunlar Sharqning butun tuzuk va intizomini buzub yubordilar. Xonlar oʻz qorinlarini toʻydirmoq uchun xalqni bir-biri bilan urushdirdilar, mamlakatning jonli va muhim oʻrunlarini sotdilar, mullalar oʻz istavlarigʻa «din» otini toqib bozorgʻa chiqardilar, din, tangri, paygʻambar, uchmox va tamugʻ orqali Sharq xalqini talay boshladilar. Sharqning taraqqiy yoʻli koʻmuldi. Saodat va tinchlik eshiklari bogʻlandi, saodatning eng yuksak tepasiga chiqqan Sharq yoʻqsulliqning eng teran chuqurigʻa tushdi. Sharqning Xitoyi, Eroni, Turoni, Arabiston bilan Hindustoni barisi bir turtki oʻt bilan, bilmaslik va gʻaflat oʻti bilan yonib bitdi. Sharq gʻaflat va bilimsizlik tamugʻlarigʻa yumalab yotaturgʻan chogʻda Ovrupa koʻzi uyqusindan yangigina tura(r) edi. Ovrupalilar uzun va zararli gʻaflat uyqusidan uygʻongach, och qolgʻan yirtgʻuchilar kabi Sharq ustiga otildilar. Dunyoning eng yogʻli bir boʻlagi boʻlgan Sharq yirtgʻuchi hayvonlar orasinda qolgʻan semiz, lekin kuchsiz bir qoʻy holatini oldi. Ovrupa yirtgʻuchilari Sharqning har yonindan soldurdilar. Tish, tirnoqlarigʻa ilingan yerlarini yirtib, uzub olaberdilar. Boyaqish Sharq oʻz jonini qutqargʻali koʻb tirishdi, tebrandi, qichqirdi, dodladi, yugurdi, hamla qildi, qochdi, qoʻrqutdi, yalindi, esiga kelgan har yoʻlgʻa kirib koʻrdi. Biror osugʻ[8], biror unum, biror foyda koʻra olmadi, nega-kim, unga oxsum[9] boʻlgʻan yirtgʻuchilarning kuchlari koʻb, tishtirnoklari oʻtkir edi. Anglizlar Hindustonni yutdilar, Misrni bosdilar. Adanga kelib Arabistongʻa qoʻl uzatdilar. Rus imperialistlari Qafqasiyoni taladilar, Turkistonga kirib, Xitoy, Afgʻonga, Eronga koʻz tikdilar. Fransoʻzlar Tunis bilan Jazoyirni gʻasb etib, Falastinga yukundilar. Oʻzining ibtidoiyligi bilan tinchgina yashab turgʻan boyaqish Afriqo qit'asi Ovrupa jahongirlari orasinda boʻlindi. Bu olish-berishlarning hech biri urushsiz boʻlmadi. Ovrupaning och «qirgʻiy»lari oʻzlarining bilimsiz, johil dehqonlarining boshlarigʻa noʻxtalar[10] solib Sharqgʻa tortdilar, unlar biror narsani onglamasdan Sharqdagʻi ishchi va dehqonlar uzra soldurdilar, unlarning yozugʻsiz tinchgina yotgʻan orqadoshlarini urdilar, oʻldurdilar, taladilar, talatdilar. Sharqning yozigʻsiz kishilarini oʻz boylarigʻa qul qilib berdilar. Ovrupaning ishchi va dehqonlari bu olish-berishdan nima qozondilar? Bitmas yaralar, tuganmas qaygʻular, boshqa hech yoʻq...! Ovrupa jahongirlarining Sharq sari yurishlari boshqalarning qonini toʻkub oʻz qursoqlarini toʻldirmoq, oʻzgalarning uyini yondurub, oʻz qozonlarini qaynatmoq uchun edi. Lekin unlar tilaklarini ulusgʻa bildirmas edilar. «Sharq xalqi vahshiydir, ularni madaniylashdurmak uchun borarmiz», «Sharq xalqi bilimsizdir, unlargʻa bilim tarqatmoq uchun borarmiz», «Sharq xalqini xoch buyruqlarigʻa[11] boʻysundirmak uchun borarmiz», deb oʻz ishchi va dehqonlarini aldab, bizim ustimizga yuborur edilar. Unlar bu yolgʻon bahona va soʻzlarni yolgʻuz oʻz askarlari orasinda emas, biz sharqlilargʻa ham uyalmasdan aytib turalar: «Siz, sharqlilargʻa madaniyat yoʻqdir, sizlar ibtidoiy vahshiy kishilar erursiz, sizni isloh etmak, tartib bermak, oʻqutmak, madaniylashdurmak keraqdir, bu ish bizning (ya’ni Ovrupaning) vazifalarimizdir. Yer yuzining eng obdon boʻlagi boʻlgʻan Sharqni ishga solmoq, bashariyat dunyosining eng katta yigʻini boʻlgʻan sharqlilarni vahshatdan qutqarmoq bizga farzdir. Mana shuning uchun biz (ovrupalilar) Sharqgʻa keldik. Sharq hukumatlarining bir qismini oldik va qolgʻan qismini ham olmoqchi boʻlub turamiz» deyarlar. Bu soʻzlarning Sharq toʻgʻrisindagʻi bir qismi toʻgʻridir. Voqean, bilimsiz qolmishdir, Sharq Ovrupagʻa qaragʻanda koʻpdan-koʻp orqada qolmishdir. Lekin Ovrupaning Sharqqa madaniyat berishi yolgʻondir. Ovrupa jahongirlari Sharkdan olgʻan mamlakatlarda taraqqiy va madaniyat degan narsani qat'iyan koʻrguzmadilar, koʻrguzmakka tirishmadilar. Ovrupaning bizga beradigan narsalari belgilidir: safohat, axloqsizlik, qumor va sharobxoʻrlik. Sharqning din va odatlarigʻa qat'iyan toʻgʻri kelmagan fohishaxonalarni oʻlkamizda Ovrupa jahongirlari ochdilar. Butun bashariyat hayotigʻa, maishatigʻa, ishiga rahnalar solgʻuchi sharob doʻkonlari yurtimizgʻa shul Ovrupa boylari «himmati» bilan quruldi. «Faranga»[12] degan qoʻrqunch kasal Sharqgʻa Ovrupa jahongirlarining bosqinlari bilan keldi. Xulosa: Ovrupa jahongirlari Sharqgʻa bugungacha axloqsizliq va buzuqliqdan boshqa bir narsa bermadilar.

Sharqgʻa madaniyat maktablari, insoniyat madrasalari ocharmiz deb kelgan Ovrupa jahongirlari fohishaxona va mayxonadan boshqa bir narsa ochmadilar. Ajabo, Ovrupa jahongirlari bu ishlarini bilibmi qildilar, bilmasdanmi qildilar? Albatta, bilib qildilar, joʻrttaga qildilar. Unlarning tilaklari bizgʻa madaniyat berib, bizda maorif tarqatish, bizni taraqqiy etdurmak emas, turli fohishaxonalar, mayxonalar ochib, bizning axloqimizni buzmoq, bizning sogʻligʻimizni xarob etmak va urugʻimizni qurutub, bizni ishdan chiqarmoq va oʻz qoʻllarigʻa muhtoj qilib qoʻymoqdir. Unlar Sharqxalqini butun yoʻq qilib, Sharqni oʻzlariga moya[13] qilmoqchi erurlar: Ovrupa jahongirlarining bir «kulguli» va «yoʻq etur» siyosatlari Sharqning musulmon dunyosining har yogʻinda bir turligina joriydir. Angliz boylari Hinduston xalqini bitirmak uchun qanday tadbirlar koʻrib, qaysi yoʻllar bilan ketsalar, fransuzlar Jazoyir va Tunis xalqini bitirmak uchun shulgina tadbirlarni koʻrib, shulgina yoʻllar bilan ketalar.

Ovrupa jahongirlari Sharqqa tutkan siyosat yoʻllari shunlardir: Sharqning axloqini buzmoq, koʻnglini diniy va milliy muqaddasatindan[14] sovutmoq, sharqlilar orasinda ayriliq va yovliq solib bir-birlarigʻa qilich chekdurmak, sharqlini ishsiz, yalqov, och va yalangʻoch qilib oʻzlarigʻa qul etib olmoq, yuvosh-yuvosh sharqlining qoʻlindan yer va qimmatli narsalarini yuz turli hiylalar bilan tortib olmoq, Sharq xalqini turli yoʻllar bilan sekin-sekin yoʻq qilmoq...! Angliz va fransuz jahongirlari tomonidan Xitoy, Hind va Misrda ochilgan fohishaxona va mayxonalar, yuborilgan poʻplar va missionerlar, ochilgan maktablar, barisi shuning uchundir. Rusiya Nikolay hukumati bizning Turkistonimizda ham shul tadbirlarini koʻrmadimi?

Ovrupa jahongirlari dunyoning eng yomon zulmini qilaturub, oʻzlarini odil va insonparvar aytdilar. Qani, koʻraylik-chi, bunlar bizning musulmon va Sharq dunyosigʻa qanday adolat qonunlari tutub, qanday insoniyatparvarona ishlar qilgʻanlar? Ovrupa jahongirlarining qoidalari, buyuk qursoqlilari, Sharqdan koʻb yer olgʻanlari angliz hukumatidir. Sharqning oltun xazinalari boʻlgʻan Hinduston qit'alari anglizlar jahongirining qoʻlidadir. Lekin bu hokimlik adolat qonunlarigʻa muvofiq tenglik negizlariga qarab koʻrulmagan. Bu qarov qonli hokimlikning asosi zulm va insofsizliqdir. Hindustonning egalari boʻlgʻan yerli xalq bilan qoʻnoq boʻlub kelgan ikki-uch qadrsiz angliz orasinda tenglik yoʻkdir. Hindustonda yerlilar uchun boshqa, anglizlar uchun boshqa mahkamalar bor. Yerlilar uchun ayri zindonlar, anglizlar uchun ayri turmalar bor. Anglizlar uchun yasalgan mahkama, turmalar qonunli, adolatli, hafz sihatigʻa[15] muvofiq va tinch yasalgan. Yerlilar uchun qurulgʻan mahkama va zindonlar esa tartibsiz, buzuq, zolimxona, qorongʻu va qoʻrqunch bir shaklda qurulgʻan. Yerlilar uchun tuzangan «jazo» qonunlari anglizlar uchun tuzulgan qonunlardan koʻp farqlidir. Bir pichoq koʻtarib yurgan, bir angliz itiga tosh otgan, bir tovuq oʻgʻirlagan bir yerli tutulsa, necha oylik qorongʻu va kirli turmagʻa buyuruladir. Bir hindlini oʻldurgan, bir bonkani urgan anglizga esa eng qulay, eng kichkina bir jazo beriladir yoxud avf etiladir. Hindustonda bir angliz itiga tosh otib, olti oy zindonga buyurilgan yerli koʻbdir, lekin yuz hindlini oʻldurub, qonun yoninda mas’ul boʻlgʻan bir angliz topilmaydir. Angliz jahongirlariningHindustondagʻi pilonlari Hinduston xalqini oqchasiz, yap-yalangʻoch qoʻyub halok etmaqdir. Angliz hukumati Hindustondan yilda 4 yuz ellik milyoʻn soʻm oladir. Ovroʻpaning siyosati qonunlarigʻa qaragʻanda har oʻlkadan hukumat xazinasigʻa kirgan oqchaning shul oʻlkaning obodligʻi va taraqqiysi uchun sarf boʻlishi lozimdir. Angliz hukumati shul oqchadan milyoʻngʻacha soʻmini Hinduston maorifi yoʻlinda sarf qiladir. U ham Hindustondagʻi angliz bolalarini oʻqutmoq uchundir. Ikki yuz milyoʻn soʻmini Hind angliz boʻyunturugʻi ostinda saqlagʻuchi Hind askariyga sarf qilib, qolgʻanin oʻz qopchugʻiga tiqadir. Shuncha oqchadan Hinduston xalqi uchun bir chaqaliq foydyo yoʻqdir. Har yili Hinduston xalqining yuzdan uchtasi ochliqdan oʻlub ketadir. Oʻzlarini insoniyat oshigʻi atagan angliz jahongirlari bunga kulubgina qaramokdan boshqa ish koʻra olmadilar. Unlarning Hindustonda qozonishi kunda yigirma soʻm, hindliniki kunda bir soʻmdir. Buning sababi nimadir? Anglizning qoʻlini buncha ochib, hindlining qoʻlini bir-birila bogʻlagʻan kimdir? Bir hindlini bir anglizcha ishlamaqdan man' qilgʻan quvvat qaysi quvvatdur. Shubha yoʻqkim, angliz hukumatidir. Angliz jahongirlarining Misrda yurutgʻan siyosatlari Hinddagʻi siyosatlarindan yaxshiroq emasdir.

Oʻzlarini dunyoning eng madaniy, eng insofli va insonparvar deb topilgan Faransiya jahongirlarinint zulmlarini koʻrgan kishi anglizlarga rahmat aytmasdan tura olmaydir. Qirq-ellik yildan beri usmonli hukumatindan tortib oldigʻi Tunis va Jazoyir musulmonlarigʻa qaraylik, unlarning hollarini koʻz oldina keturaylik. Faransiyaning jahongir hukumati oʻzining butun ma’murlari bilan Tunis, Jazoyir musulmonlarini yoʻq qilmoq uchun ont ichganga oʻxshaydir. Hurriyat, musovot[16] va huquqi basharning beshigi boʻlgʻan Faransiyaning qonunlari Jazoyir bilan Tunis kuniga solmagan, Tunis va Jazoyir havosinda tiriklik qilib yurgan musulmonlar hurriyat va insoniyat homiysi boʻlgʻan - faransuzlarning bogʻlangan qoʻllari va boʻgʻozlangan tutqunlari erurlar. Faransiyaning eng yaqin bir qishlogʻinda solingan maktabining izi ham Tunisning eng katta bir shahrinda topilmaydir. Faransiyaning eng ahmoq bir bolasiga berilgan soʻz erki (soʻz hurriyati) - Jazoyirning eng ulugʻ bir faylasufigʻa ham berilmaydir.

Tunis, Jazoyir musulmonlarigʻa «hurriyat», «huquq», «adolat» degan anqo qushlari qoʻlgʻa solmaylar. Faransiyaning ma’murlari va yuzboshilari Tunic va Jazoyirga kelganda ilon kabi ogʻuli, shaytondek yovuz, somonday yengil, «Qorungʻa» oʻxshash boy boʻlub qolarlar. Tunis va Jazoyir xalqining nomuslari bilan oʻynab, jonlari bilan tijorat qilib turarlar. Tunisning ekin yerlari musulmonlarindan butun olunub faransuz boylarigʻa berilgan, yerli xalqning qoʻlinda ekin yeri sira qolmagʻan, barisini faransuz boylari aldab-suldab, qoʻrqutib, urib olgʻanlar.

Bu kun butun Tunis ekinchilari faransuzning eng qadrsiz xidmatchilari boʻlub ishlaylar. Faransuzlarning butun fikrlari Tunis va Jazoyir musulmonlarini ish qilib yoʻqotmoq va unlarning yerlariga ega boʻlmoqdir. Ovrupa jahongirlari bir millatni yoʻq qilmoq uchun hammadan burun u millatning milliy va diniy axloqini buzalar. Undan keyin milliy tilini churutalar. Faransuzlar Jazoyir oʻlkasinda bu yovuz fikrlarini biroz yuruta olmishlar. Bundan olti yil burun Tunis va Jazoyirgʻa sayohat uchun borgʻani misrli bir yozgʻuchi oʻz sayohatnomasinda shul soʻzlarni yozadir[17]: «Faransiya buzuqligʻi Jazoyirning kentlarinda uncha ta’sir qilmagʻan boʻlsa ham, shahar kishilariga xoʻb yomon ta’sir etgan. Milliy axlokdarin, dan asar yoʻq, milliy tillari yoʻqola yozgʻan, Jazoyir xalqining bir boʻlagi oʻz tillarini sira bilmaylar. Faransuzcha gapuralar, bir boʻlagi bilsalar ham, tugal bilmaylar. Gapursalar soʻzlarining yarimi arabcha, yarimi faransuzcha boʻlub chiqadir. Yana shu misrli sayyoh aytadir: «Bir yagʻinchoqlariga[18] bordim. Yagʻinchoqda hozir boʻlgʻan kishilarning barisi arab edi. Biroq soʻylashlari faransuzcha boʻlar edi. Tanishlarimdan biriga aytdimkim: mana shul majlisda biroz gapirsam boʻlurmi?

Tanishim: Qaysi tilda gapurasan?
Men: Arabcha.
Tanishim: Bunlar birortasi ham arabchani onglamaydir.
Men: Bunlar arab emaslarmi?
Tanishim: Arab, lekin oʻz tillarini unutganlar...!

Mana shul soʻzlarning har biri faransuzlarning tub tilaklarini yaxshigʻina bildiradir.

Ovrupalilar, ayniqsa, faransuz va anglizlarning tilaklari bizni bitirmaqdir. Biz unlargʻa qancha doʻst boʻlsak, qancha yaxshilik qilsak, oʻz jonimizni yoʻllarinda qurbon etsak, yana boʻlmas, unlar bizga yaxshi koʻz bilan qaramaslar, bizni bitirmak fikrini tashlamaslar, niyatikim, umumiy urushning birinchi yillarinda Tunis musulmonlari Faransiya hukumatigʻa murojaat qildilar: «Qancha askar istasangiz berarmiz, hammamiz urush maydonlarigʻa borib yovlaringiz bilan urusharmiz, jonimiz va molimiz bilan sizga koʻmakchi boʻlamiz. Siz ham bizga oʻz faransuzlaringizga berilgan huquqni beringiz! Bizga oʻgay koʻzi bilan qaramangiz, Faransiyada yurutulgan adolat qonunlarini bizning oʻlkada ham yuritingiz, deylar. Faransiya hukumati qabul etmadi.

Hindustonlilar ham shul urushda anglizdargʻa qancha xidmat qildilar, qonlarini angliz foydasi yoʻlida suvdek toʻkdilar. Hind musulmonlari oʻzlarining xalifalari boʻlgʻan Turkiyaga hujum etdilar, Dardoniya[19] yoninda qancha dindoshlarini shahid etdilar. Angliz hukumati yolgʻuzgʻina shul hind oqchasi va shul hind qoʻshuni[20] bilan Olmoniya va Turkiyani yenga bildi. Urush bitgandan keyin angliz hukumati shul jonkuyar hindlilarga qarab: «sizning koʻmagingiz bilan shuncha ish boʻldi, mana bu haqni oling, siz manim doʻstlarimsiz» deydimi? Albatta, yoʻq...! Bu kun hind xalqining uyi yana shul angliz toʻpi bilan yiqilib yotar, bu kun hind ulusining boshi yana shul angliz qilichi bilan kesilib turadir.

Shul besh yillik uruedda Eron hukumati angliz yoʻldoshlarigʻa koʻb yaxshilik qildi. Dindoshlari boʻlgʻan turklarga qoʻshilmadi, qoʻshilgʻan qabilalargʻa «yogʻiy» deb qaradi, yov muomalasi qildi. Angliz qoʻshinigʻa yoʻl berdi. Urush bitgach, mal'un anglizlar unga xoʻppokda[21] bermadilar. Eron vakilini sulh majlisiga kirgazmadilarkim, Eron istiqlolini qabul etmadilar demakdir. Eron shohini Loʻndiraga chaqirdilar. Shoh Loʻndiraga borib, ehtimolkim, angliz kuchi ostinda Eron istiqlolining oʻlum qogʻozinda qoʻl qoʻyub kelar.

Rusiya imperatoʻrlik hukumatining bizga qilgʻan zulmlari anglizning Hindustonda qilgʻan zulmlarindan qolishmas edi.

Ovrupa jahongirlarining buncha haqsizliqlari, bunday yovuzliqlari yolgʻuz musulmon dunyosigʻa emas, butun Sharqgʻa qarshi edi. Necha yuz yildan beri chet yoqgʻa chekilgan «och qornim, tinch qulogʻim» deb oʻturgʻan siyosat dunyosining hech bir ishiga qatnashmagan Chin xalqining dagʻi rohati shul Ovrupa jahongirlari tomonidan buzuldi. Bundan qirq-ellik yil burun Jopoʻniyo xalqi ham shul Ovrupa jahongirlari tomonidan ezilib tura edi.

Ovrupa jahongirlari Sharqdan, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz qoʻllarigʻa oʻtkan oʻlkalarigagina bu zulm va bu insofsizliqlarni qilmadilar. Bu kungacha qoʻllarigʻa oʻtmagan oʻz boshli, mustaqil Sharq davlatlarini ham ezdilar, taladilar. Angliz, faransuz jahongirlarining Turkiya oʻlkasinda qilgʻan ishlari davlatlar huquqigʻa, insof va adolat qonunigʻa butun muxolifdir. Bukun har eronlining yuragini ochib koʻrganlar angliz xanjari bilan ochilgan koʻb yaralarni koʻrarlar. Turkiyaning toshlar va kesaklarindan har birini koʻtarib qaragʻanlar Ovrupa qilichi bilan toʻkulgan qon tomchilarigʻa uchrarlar. Turkiyaning dohiliy ishlarigʻa qoʻl uzatmoq, Turkiyaning taraqqiy yoʻlini bogʻlamoq, Turkiya hukumatining e’tiborini yoʻq qilmoq ovrupalilargʻa oʻyinchoq boʻlub qolgʻan edi. Mustaqil, betaraf va sulhchi boʻlgʻan boyaqish Eron oʻlkasi Angliz va Rusiya jahongirlarining oqchalari bilan hozirlangan ixtilol[22] va isyonlar va oʻz boshli boʻlgʻan bu hukumatning dohiliy ishlarigʻa qoʻl uzatmoqgʻa kimsaning, «boshqa bir davlatning» haqi yoʻqdir. Lekin, bu qonun Sharqdavlatlarigʻa yurutulmaydir. Ovrupaning eng qadrsiz va eng soyigʻsiz[23] kichkina bir hukumati boʻlgʻan Qorabogʻ hukumati Sharqni qadrli hukumati boʻlgʻan Turkiyaning doxiliy ishlariga qotisha, qoʻl uzota edi. Ovrupaning insofi, madaniy davlatlari uning bu ishiga kulubgina qaray edilar. Tunis va Jazoyirda musulmonlarni soyimligi va muqaddas shayxlari xonaqoh ichindan tortilib, dor yogʻochiga osiddilar. Turkiyaga tobe’ boʻlgʻan «Qarib»[24] otasindagi musulmonlarning yozugʻsiz bolalari ona qorindan chiqaturub oʻtga solindilar, mustaqil bir Sharq davlati boʻlgʻan Eronning buyuk mujtahid[25]lari Rusiya va Angliz koʻnsullarining tilaklari bilan dorgʻa osildilar. Nikolay hukumati zamonida rus qoʻshini Imom Ali Rizoning[26] sharafina toʻpga tutdilar, anglizlar butun musulmon dunyosining muqaddas imomi boʻlgʻan Hazrat Alining ravzasiga[27] toʻp otdilar, insofli va madaniy (!) Ovrupa davlatlarindan birortasi ham tovush chiqarmadi. Lekin Turkiyada bir armanining burnindan yolgʻondan qon chiqgʻanda Istanbul sohili Ovrupa urush kemalarindan toʻlar edi. Bu madaniy yirtgʻuchilar Istanbulni olib vahshiy musulmonlarni (!) u yerdan quvmoqchi boʻlar edilar. Buncha zulm, buncha insofsizliq va buncha vahshiylikdan Ovrupa jahongirlarining tilaklari oʻlkalari olinmay qolgʻan Sharq davlatlarini ham biturmak, butun Sharq yerlarini olib Sharq xalqini qul qilmoq edi. Bu ish Ovrupa jahongirlariga bir oz qiyin tushdi. Sharq hukumatlarini biturmak, Sharq oʻlkalarini bosmoq qulay edi, biroq olingan oʻlkalarni oʻzaro boʻlushmak qiyin edi. Qaysi moyli boʻlagini kim olar edi, suyaksiz ta’mli oʻrunlari kimga tegar edi. Ovrupa jahongirlarini koʻbrak tushundirgan narsa mana shul ulashmoq edi.

Ovrupa jahongirlari shul mas'alani esga olgach, ishlari qiyinlashdi. Moyli bir kesim et ustiga yigʻilgan och itlar kabi bir-biriga qarashlari oʻzgardi, koʻzlari qotisha boshladi, har biri oʻzgasiga otilmoq, uni ezmak yetadi. Sharqning eng yogʻli qismlari boʻlgʻan Misr va Hinduston angliz qoʻlinda edi. Shuning uchun boshqa jahongir davlatlar shunga koʻz tikdilar. Har birlari shul moyli kesimlarni angliz tirnok darindan tortib olarga tirishdilar. Rusiyaning Turkistonni olishi, Faransiyaning Misrga istiqlol tilovlari, Olmoniyaning Turkiyaga yaxshiliklari barchasi shul «Hind uchun kurash» degan mas'aladan chiqgʻan edi. Yoʻqsa, Faransiyaning Misr musulmonlarigʻa doʻstligi Olmoniyaning Turkiyaga doʻstligi kabi yolgʻon va boʻsh edi. «Hind uchun kurash» degan mas'ala bora-bora ulgʻaydi, «Sharq uchun kurash» shaklini oldi. Ovrupa jahongirlarining har biri butun Sharqgʻa hokim boʻlmoq uchun oʻzgasining koʻzini chiqarmoqchi edi. «Sharq» degan bu goʻzal sevgili xonimni butun oʻziniki qilib olmoq uchun eng tirishgan davlat Rusiya imperatoʻrligʻi edi. Rusiya jahongirlari Qafqas va Turkistonni olgʻandan keyin Hinduston sari ikki yoʻl hozirlagʻan edilar: «Istanbul va Misr orqali Hinduston», «Afgʻoniston yo Eron orqali Hinduston». Anglizlar Rusiya jahongirlarining bu tushunchalarini onglagʻan edilar, Shuning uchun bor kuchlari bilan Afgʻon, Eron, Buxoro, Turkiya hukumatlarining oʻz boshlilik (istiqlol)larini saqlashga tirishdilar, biroq Rusiyaning kuchi kundan-kun koʻpaya boshladi. Rusiya shul holgʻa keldikim, bu kun-erta Hindustonga yurush qilarini har kim sezdi, Hindustonni anglizlardan tortib olarigʻa har kim ishondi. Bu «balo»dan qutulmoq uchun anglizlarga birgina yoʻl qolgʻan edi: ishqilib, Rusiyaning boshiga bir tayoq urmoq. Anglizning shayton siyosati uchun bu ish qiyin tushmadi. Anglizlar Jopoʻniyoga yondoshdilar. Jopoʻniyoni Rusiya uzra soldilar. Rusiya jahongirlari tegishli tayoqni Jopoʻniyodan yeb, sulh qilgʻandan keyin angliz bilan onglashmoq va kelishmakning kerakligini bildilar. Anglizlar bilan soʻylashib onglashdilar, mushohadalar yasadilar.

Ovrupa jahongirlari bir yoʻla bir-birlari bilan yov boʻlub, bir-birila urusha berganda buning soʻnggi oʻzlari uchun yaxshi tushmas edi. Shuning uchun ba’zilari oʻzaro soʻylashib kelishdilar, uyushmalar yasadilar. Rusiya, Angliz, Faransiya davlatlari birlashib «ilashgan uch davlat» («e’tilofi musallas» davlatlari) boʻldilar. Olmoniyo, Italiya, Avstriya-Mojoriston davlatlari birlashib «uyushgan bir davlat» («ittifoqi musallas» davlatlari) yasadilar. Bu davlatlar soʻzdagina umumiy sulhni saqlamoq, umumiy urushning yoʻlini bogʻlamoq uchun yasalgʻan boʻlsalar ham haqiqatda buyuk va sankarsiz bu urush uchun tayyorlik koʻrub tura edilar. Bu ikki «davlatlar toʻdasi» («hay'ati duvaliya»)-dan har bir topqon boyliklarindan koʻbragini urush yaroqlari tayyorlamoq yoʻlinda hormay, tinmay sarf qilar edilar. Bilim va hunarning koʻmagi bilan shahar singari kemalar, tomugʻ koʻrinishli toʻplar, togʻ gavdali uchgʻuchlar yasab tura edilar. Bunlarning barisi dunyoning taraqqiysi uchun emas, kuchsizlarni ezmak uchun, Sharqni yutmoq uchun edi. Boyaqish Sharqning yutulmagʻan davlatlari oʻzlari uchun eng osigʻli yoʻl deb shuni topdilarkim, Ovrupada bir-birigʻa qarshi yasalgʻan shu ikki toʻdani orasindagʻi dushmanliqdan foydalanib, oʻz borliqlarini saqlasunlar. Bir kun angliz va yoʻldoshlarigʻa yolbordilar, bir kun Olmoniya va oʻrtoqlarigʻa yalindilar. Shul ish bilan hurlikli, qorongʻular orasinda oʻz borliqlarini saqlay oldilar. Sharq va Gʻarb ishlari shul yoʻllarda yurub kelaturgʻanda 1914 da Saroy oʻramlarindan birinda «serb» yigitining toʻpponchasindan bir uchqun chiqib butun dunyo yongʻiniga sabab boʻldi. Butun Ovrupa jahongirlari orasinda ochilgan bu qonli urush Sharq mazlumlariga koʻb yaxshi fursat beradi, Sharqning qutulish soati kelgan edi. Sharqning bunda vazifasi katta-kichik, musulmon, majus demasdan birlashmak: bir-birining qonini ichib turgan Ovrupa yirtgʻuchilari qarshisindan bir kuch va bir qoʻl boʻlub chiqmoq edi. Bilimsiz qolgʻan Sharq bu toʻgʻri yoʻlni koʻra olmadi. Bu fursatni ham qochirmas. Sharqli yaxshilikni unutmas. Sharqli sizdan bir yaxshilik koʻrgandan keyin sizga tirsak koʻrsatmas. Sharqda sarmoyaga e’tibor bilan ovroʻpa darajasinda kapitalizmchilik yoʻqdir. Sharq Uluslari koʻbchilik e’tibor bilan ekinchi va ishchi erurlar. Sharq ekinchilari orasinda rus alpovutlari yangligʻ egalari topilmaydir. Shuning uchun Sharq uygʻongach, sutsiolizm asoslarindan qattigʻ suratda bosh tortmas. Toʻgʻrisini aytgʻanda Rusiya xukumati Sharq bilan kelishmak va ittifoq etmakka majburdir.


  1. Fitratning «Sharq siyosati» risolasi I jahon urushidan keyin davom etayotgan va urushda qatnashgan Ovrupa mamlakatlarining Sharqni oʻzaro boʻlib olish siyosatiga qarshi milliy ruhda yozilganligi bilan alohida ahamiyatlidir.
    Fitratning shu nomdagi risolasi dastlab «Ishtirokiyun» gazetasida (1919 yil, 23, 25, 26 oktyabr) soʻngra esa, Toshkentda alohida risola holida chop etilgan. 1991 yilda Buxorodagi «Navqiron Buxoro» ilmiy markazi tomonidan qayta nashr etilgan.
    Asarning ilk nashri asosida tayyorlandi va keyingi nashri bilan solishtirildi.
  2. obdirab - dovdirab, alanglab.
  3. kiliso - cherkov.
  4. Paris - Parij.
  5. angel - farishta.
  6. yirtgʻuchi - yirtqich.
  7. fas - Markaziy Afrika.
  8. osugʻ - foyda.
  9. oxsum - Bu oʻrinda «hamla» ma’nosida.
  10. nuxta - tizgin.
  11. xoch buyruqlari - nasroniylik talablari.
  12. faranga - tanosil kasalligi.
  13. moya - sarmoya joyi.
  14. muqaddasatin - qadriyatlar.
  15. hafz sihati - gigiena qoidalari.
  16. musovot - tenglik.
  17. yozaqdilar - qaratdilar.
  18. yagʻinchoq - klub.
  19. Dardoniya - Dardonel boʻgʻozi.
  20. Inglizlarning Hindiston hisobiga orttirgan boyliklari nazarda tutiladi.
  21. xoʻppok - hech narsa, hemiri.
  22. ixtilol - inqilob.
  23. siygʻsiz - foydasiz.
  24. Karib - orol nomi.
  25. mujtahid - jihodga kirgan.
  26. Imom Ali Rizo - tatar olimi va adibi Rizo Faxruddin.
  27. Hazrat Ali ravzasi - Hazrat Ali barpo qilgan bogʻ.