OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdurauf Fitrat
Asar nomiTurkistonda ruslar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Abdurauf Fitrat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/09/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Turkistonda ruslar
Abdurauf Fitrat

Islom madaniyati tarixining oltunli, yulduzli yaprogʻlaridan buyuk bir qismi, shubha yoʻqdirkim turklar toʻgʻrisida yozilgʻandir.

Yunondan Rumogʻa[1], Ubadan Konstantaniyaga[2] koʻchib kelgandan keyin ta’sir etib, taassublari tarafidan qoʻl-oyogʻi bogʻlanib qolgʻan madaniyati bilan ulum va funun Bagʻdod saltanatining egalari boʻlgʻan abbosiylar tarafidan[3] turgizildi va tarbiyot koʻrdi.

Ul chogʻlarda yer yuzini baxtli muhabbat kabilari qoplagʻan abbosiylar saltanati yolgʻizgʻina siyosat negizi emas, ulum va funun tengizi ham edi.

Abbosiy saltanati nifoq, nizoʻ, axloqsizlik, gʻurur, isrof va zulm kabi koʻb ijtimoiy kasallarga tutulib oʻlgʻandan keyin uning merosini yana islom siyosati bilan islom madaniyatini oʻz qoʻllarigʻa olib turklar saqladilar. Abbosiylardan soʻng ulugʻroq islom saltanatlarini turklar qurdilar. Abbosiylar qoʻlidan chiqib yana egasiz qola boshlagʻan madaniyatni turklar asradilar.

«Bizning Turkistonimiz esa mana shu buyuk turk ulusining beshigi boʻlmogʻi bilan iftixor qiladi...» Yolgʻiz shumi?.. Abbosiylardan soʻng islom saltanatigʻa qorovuyaliq qilgʻan turk xoqonlarining oxiri va ulugʻlarida boʻlgʻan Temur yangligʻ turk qahramonini Turkiston yetishtirdi. Yana abbosiylardan keyin «madaniyati bashariya»ni boshlari uzra koʻtargan turk olimlarining kattakonlari boʻlgan Abu Ali[4], Ulugʻbek, Javhariy[5] va Forobiy kabi hikmat tiraklarini Turkiston chiqardi.

Aflotunlar chogʻinda Afina, Rumo saltanatida Rumo, abbosiylar xulofotinda Bagʻdod qancha taraqqiy qilgʻan boʻlsa Temur va Ulugʻbeklar zamonida Samarqand shuncha taraqqiy qilgʻan edi.

Bir kishining miyasigʻa chogʻirning qanday ta’siri bor esa, bir millatning miyasigʻa daxi saltanat va madaniyat ichgusining shundayin ta’siri bordir. Saltanat, boyliq va madaniyat ichgulari bizning miyamizni buzdi, bizni mast etdi, qoʻlimizdagʻi saltanat qilichi bilan madaniyat daftarini bir yongʻa qoʻyib safoat cholgʻularini oldiq. Urdik, choldik, ichdik, yiqildik, yondik va shunlar uchun bir-birimiz bilan urushdik...

Mana shul chogʻlarda edikim: Rusiya davlati bizning oʻlkalarimizni kelib bosdi. Ortuq biz Turkiston turklari Ovroʻpa madaniyati tashiguchi boʻlgʻan rus millatigʻa yoʻliqgʻan boʻldik. Madaniy ruslar bilan qorishib unlarning dalolati Ovroʻpaning madaniy va ijtimoiy usullaridan ta’sir olmogʻimiz kerak edi.

Shuni ham aytib oʻtaylukkim munday bir ta’sirni rus millatining avom tabaqasindan olmogʻi(mi)z mumkin emas edi, chunki bizning avomimiz unlardan yuz marotaba madaniyroq edilar (hozir ham shunday). Ruslarning oʻqugʻan, tarbiyali kimsalarindan sosializm va qardoshliq maslakinda yurgʻanlar ham imperatorlik hukumati tarafindan quvilib, qisilib turgʻanlari uchun bizga biror ta’sir qoʻyolmas edilar.

Qoldi: rus millatchilari, rus boylari va rus poʻplari bilan shunlarning qorovuli boʻlgʻan imperator hukumati. Biz turkistonlilar yolgʻiz shunlarning qoʻlinda qoldiq. Ne koʻrgan boʻlsak shunlardan koʻrdik.

Endi koʻraylik qani: shunlar bizning taraqqiyimiz va Ovroʻpa madaniyatidan ta’sir olmogʻimiz yoʻlinda biror ish qildilar yoxud qilmoqchi boʻldilarmi?!

Rus kapitalistlari bilan rus poʻplarining sodiq va ishonchli qorovullari boʻlgʻan eski Rusiya huqushti elli(k) yil orasida, Turkistondagʻi turk bolalarining foydalarigʻa biror ish koʻrdimi, koʻrmoqchi boʻldimi?

Mana shul savolga, Maltaassuf[6], «yoʻq!» dan boshqa bir javobimiz yoʻqdir. Yurtimiz: elli(k) yillik bir idorayi askariya ostida turdigʻi uchun biz Ovrupaning madaniy millatlari bilan koʻrisholmadik, unlarning ijtimoiy va iqtisodiy fikrlarindan istifoda qilolmadiq. Bizning koʻzlarimizni ochdurmaslik uchun fikri ochiq totor qarindoshlarimizning daxi Turkistonda maktab ochmoqlari man' etildi.

Bizning diniy va milliy hissiyotlarimizni oʻldurmak tilagi bilan Oʻstraumov kabi mutaassib poʻplarning idorasinda gazit[7] chiqarildi, maktab ochildi, lekin oʻz millatimiz va diyonatimizni onglatmoq uchun oʻz tarafimizdan ochilgʻan maktablar va gazitlar bogʻlandi, shar'iy mahkamalarimizning huquq va salohiyatlaridan buyuk bir qismi gʻasb etildi.

Mahkamalarda, uylarda, yoʻllarda, tijoriy ishlarda, hatto vagon arbalarinda Turkiston yerlisining huquqi Turkiston musofiri boʻlgʻan rus va armanidan tubanda tutildi.

Buxoro va Xiva hukumatlarining doxili istiklollarigʻa, milliy nomuslarigʻa turli bahonalar bilan tajovuzlar qilindi. Bu ikki hukumat oʻz oʻlkalarinda oʻz hukmlarini yurutolmas boʻldilar. Mamlakat va millat qoidalarigʻa bu ikki hukumat tarafindan sira biror harakat sodir boʻlmadi, sodir boʻlgʻanda ham necha qizgʻin noʻtalari va zolimona tahqir bilan yoʻllari olindi.

Elli(k) yilda(n) beri shundayin haqsizliqlar va zulmlar orasida boʻgʻulib kelgan Turkiston bukun oʻz muxtoriyatini Hoʻqandda[8] e’lon qildi. Hoʻqandda ijtimoʻ etgan[9] Turkistonning toʻrtinchi qurultoyi oʻz bayonnomasinda «Fedaratsa asosiga qurulgʻan Rusiya jumhuriyati ila birlikda qolgʻani holda Turkiston muxtoriyati» degan soʻzni yozib, Rus hukumatigʻa sodiq qoldigʻini bildurdi.

Shuning ila barobar «Turkistonda aqliyat tashkil qilgʻan millatlarning huquqtarining har jihatdan saqlanmogʻini ham tantanali suratda» e’lon etilib, adolat bayrogʻini koʻtardi.

Elli(k) yildan beri shuncha zulm orasinda qolgʻan Turkiston bu kun oʻz muxtoriyatini shuncha adolat va sadoqat bilan e’lon qilibdir. Bilmadik nechundurkim, hozirda ish boshinda adolatchi bolsheviklar muni qabul qilmay turalar..!

(«Hurriyat», 1918 yil, 63-64-sonlar)



Qayta nashri: «Sharq yulduzi», 1992, 4-son, 183-184-betlar. Nashrga tayyorlovchi va soʻz boshi muallifi H. Boltaboev.



  1. Yunondan Rumogʻa - Gretsiyadan Turkiyaga qadar.
  2. Ubadan Kanstantaniyagʻa - Yunonistondagi shahar Ubadan Konstantinopol, (ya’ni Istanbulga) koʻchgan madaniyat.
  3. Islom tarixida umaviylardan xalifalikni qoʻlga olgan abbosiylar eronli Abu Muslim vositasi bilan xalifalikni egallagan boʻlib, ularning davrida musulmonlik jahon miqyosida katta sharafga ega boʻlgan. Xorun ar-Rashid, Ma’mun singari xalifalar yetishib chiqqan. Ulardan soʻnggi islom jahongirligining marka-zi Movarounnahr va Rum boʻlgan Temur Koʻragon va Boyazid temuriylar hamda usmonlilar sulolalari nazarda tutiladi.
  4. Abu Ali - Abu Ali Ibn Sino.
  5. Javhariy Abu Nasr Ismoil ibn Hammod (940-1008) - Farobda tugʻilgan. Koʻproq Bagʻdodda yashagan tilshunos olim va faylasuf. Asosiy asari «Toju l-lugʻa va sahoxu-l-arabiyya» («Lugʻat toji va arabchaning haqiqiysi») asaridir. Arab tilida yozilgan bu asarning 1865-75-yillar davomida Qohirada nashr etilgan nusxasi mashhurdir.
  6. maaltaassuf - ajablanish belgisi: taassuf.
  7. «Turkiston viloyatining gazeti» va uning ruscha nashri «Turkestanskie vedomosti» hamda uning muharriri Ostroumov nazarda tutiladi.
  8. 1917 yilning 28 noyabrida Qoʻqonda e’lon etilgan Turkiston Muxtoriyati nazarda tutiladi. Bu haqda Fitratning «Muxtoriyat» maqolasiga qarang.
  9. ijtimoʻ etgan - qoʻshilgan, birikkan, jam boʻlgan.