OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdurauf Fitrat
Asar nomiYopishmagan gajjaklar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Abdurauf Fitrat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/09/5
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yopishmagan gajjaklar
Abdurauf Fitrat

(Oʻrtoq Boyboʻlatovga ochiq xat)[1]


Doʻstim, oylar, yillar tirishib, bir asar chiqargʻan muharrir[2] doʻstlarning shu asar haqidagʻi muhokamalarini tinglashdan, asarning kamchiliklarini oʻrganishdan, albatta, mamnun boʻladi.

Mening «Oʻzbek adabiyoti namunalari» atalgʻan arzimas bir asarim[3] haqinda fikringizni bildirmaslik uchun ancha urinib, 3-son gazetni toʻldirganingizni koʻrib mamnun boʻldim[4], oʻqib ham chiqdim. Hamma gapdan burun Sizga tashakkurimni bildiraman. Lekin baxtga qarshi maqolangizni shunchalar kengaytirgansizkim, kengligi asl maqsadning yoʻqolishigʻa sabab boʻlgʻan. Bizda bolalar orasida «Koʻzim koʻrmaydir» degan bir oʻyun bor: Bir bola koʻzini qattiq bogʻlagʻandan keyin qoʻligʻa uzun bir tayoq olib, oʻrtada turadi. Boshqalar uning oyogʻini olmoq uchun atrofdan hujum qiladilar. Tayoqli bola tayogʻini koʻtarib «koʻzim koʻrmaydir» deb, tez-tez aylanaberadir, tayoq kimga toʻgʻri kelsa, shunga tegadir. Maqolani yozgʻanda sizning qalamingiz ham shul koʻzi koʻrmas bolaning tayogʻiga oʻxshagʻan: aylangʻan, aylangʻan, kimga toʻgʻri kelsa, shunga tekkan, orada mening kitobim unutilgan, juda oz oʻrin olgʻan.

Har holda maqolangiz koʻbrak mening shaxsimga qaratilgʻani munosabati bilan javob tarzida emas, dardlashuv shaklida bir narsa yozaman. Mening asarimni boshlab tartibigʻa e’tiroz qilgʻaningiz koʻriladir. Adabiyot tariximizni qoplovi[5] «Feoʻdalizm», «Savdo sarmoyasi» kabi davrlargʻa ajratishimgʻa qarshi kabi koʻrinasiz. Lekin oʻz fikringizni, ya’ni qanday taqsim qilish lozimligini yozmagʻansiz. Adabiyot mutaxassisi yoki adabiyot tarixi bilan mashgʻul bir odam boʻlsa edingiz, shu bahona bilan sizga «yopishmoq» mumkin edi. Lekin men bilamankim, siz adabiyot tarixining odami emassiz, maqolangiz esa tasodifiy bir hodisadir. Shuning uchun bu toʻgʻrida ma’zur koʻraman sizni. Lekin shuni aytib oʻtamankim, adabiyot tarixini taqsim qilishda marksizm usulining talab qilgʻani yoʻl mening taqsimimdir. Bu taqsimni oʻzbek adabiyoti tarixigʻa tadbiq qilishning oʻzi katta ham yangi bir ish. Buning hududini tayin qilishda ba’zi yanglishlarning boʻluvi mumkin. Lekin ularni koʻrsatib, isbot qilib, soʻngra til tekirish[6] kerak edi. Siz maqolangizda bu tomongʻa yaqinlashgʻan davrlarni bir-biridan ajratgʻan xususiyatlarning yoʻqligʻidan shikoyat qilgʻansiz, lekin siz har davrning namunalarini oʻqidingizmi? Masalan: «Savdo sarmoyasi» davri bilan «Feoʻdalizm» davrining namunalari orasidagʻi Shaklda va mazmundagʻi ayirmalarni koʻra oldingizmi? Yoki koʻrib, qanoatlanmadingizmi? Qanoatlanmagan boʻlsangiz siz bu davrlarni bir-biridan ajratgan qanday xususiyatlar istaysiz (ki namunalari boʻlmasin). Mas'alaning bu tomonlaridan (ya’ni eng muhim va foydaliq tomonlaridan) maqolangiz sukut qiladir. Holbuki, shu tomonlarni ochiq koʻrsatganingizdagina mening kitobimning kamchiliklarini koʻrsatgan va menga bir narsa oʻrgatgan boʻlur edingiz. Buni ham sizning adabiyot tarixining odami boʻlmasdan tasodifan maydongʻa chiqgʻaningʻizga bagʻishlayman. Maqolangizda chigʻatoy adabiyoti va uning proletar adabiyotiga asos boʻlishi toʻgʻrilarida koʻbrak turib, bor kuchingiz bilan hujum qilasiz. Fitrat soʻz boshida «Chigʻatoy adabiyoti proletariat adabiyotigʻa asos boʻladir degan» deb, qoravul qichqirasiz, hatto mening bosh soʻzimda oʻzingizga yordam qilgudek koʻringan bir-ikki jumla ham keltirasiz. Chigʻatoy adabiyotining proletar adabiyotigʻa asos boʻlishini da’vo qilmoq nari tursin, bosh soʻzimda chigʻatoy adabiyotini mafkura yogʻidan yaramagʻanini soʻylaganman. Mening «namunalar»im bosilmasa edi, sizdan boshqa hech kimning qoʻlida uning nusxalari boʻlmasa edi, bosh soʻzimdan koʻchirganingiz bir-ikki jumlaning balki sizga foydasi boʻlur edi. Nima choraki, kitob Oʻzbekistonda bosilib tarqalgʻan. Sizning maqolangizni oʻqugʻan har kim mening bosh soʻzumni ham oʻquy oladir. Oʻqugʻach, sizning menga tuhmat qilib turganingizni ham onglaydir. Men soʻz boshimdagʻi iboralarning mas'alagʻa daxldorliq qismini tamoman koʻchiraman, yangidan oʻqishingizni va e’tirozingizni shunga tayandirib, yangidan maydongʻa chiqishingizni talab qilaman: «Biz oʻzbeklarning va, umuman, Oʻrta Osiyo turklarining tarixiga oid arabiy, forsiy, turkiy tillarda bir koʻb asarlar yozilgʻan. Biroq bu asarlar bizning siyosiy harakatlarimizni tor bir ramkada koʻrsatmakdan boshqa ishga oz yaramakdadir. Xalqimizning, oʻlkamizning ijtimoiy-iqtisodiy hollarigʻa oid xabarlarni bu asarlardan istab topish juda qiyindir, ba’zan mumkin ham boʻlmaydir, chunki yoʻqdir. Adabiy tariximizni tekshirish esa, mana shu kamchiliklarni toʻldirishga katta yordam qiladir. Feoʻdallarning, umuman, hokim sinfning omma bilan munosibatlarini, ommagʻa qarashlarini, ziyolilarning, shoirlarning hokim sinfga munosibatlarini, hokim sinf foydasigʻa qarab ommani qanday ovutgʻanlarini, oldagʻanlarini, hokim sinfning kayf-safoni (Bobircha, «aysh va fisqi») qaysi darajalargʻa chiqargʻanlarini yolgʻiz adabiyot tariximizda koʻrishimiz mumkindir.

Bundan boshqa, tarixiy san'atkorlarimizni tekshirish, ularning tajribalaridan qoʻrmoq istaganimiz proletar adabiyoti uchun foydalanish ham keraksiz bir harakat boʻlmaydir. Mana shu qisqagʻina izohot bu kitobni qanday tilak bilan tartib qilgʻanimizni bildirgʻan boʻlsa kerak.

Mana shu soʻz boshimda mening tomonimdan aytilgan gaplar. Mana shu gaplarga e’tirozingiz boʻlsa, aytishga haqlisiz. Yoʻqsa, mening soʻzlarimni bosh-oyogʻini kesib tashlab, oʻz maqsadingizga yaroqliq bir holgʻa kirgizib, soʻngra e’tiroz qilishingiz ilmiy bir harakat sanalmaydir.

Kitobimning 3-boʻlimigʻa «Savdo sarmoyasi» davri ismini bergʻanimdan ham rozi boʻlmaysiz, shu istilohotning oxirida kattakon bir ? (soʻroq) alomati qoʻyasiz. Biz temuriylar davrini «savdo burjuaziyasi» davri deymiz. Temuriylarning jahongirligi(ni) Oʻrta Osiyo savdo sarmoyasining taraqqiysi bilan izoh qilmoqchi boʻlamiz. Buning uchun qoʻlimizda yetarlik materiallar bor. Siz shunga rozi emasligingizni chiroyli bir savol alomati bilan ifoda qilasiz, bu davrni nima deb atamoq toʻgʻrisida fikringizni bildirmaysiz. Siz shuni unutasizki, savol alomati qancha chiroyli boʻlsa boʻlsin, ilm uchun bir narsa bermaydir. Bizning fikrimizga qarshi ekansiz, fikringizni bildiring. Ayting-chi, temuriylar davriga qanday ism berasiz?

Bundan soʻng maqolangizda mening tarjimayi holimni tekshirishga kirishasiz. Mening bir vaqtlar mutasavvif, panislomist, panturkist boʻlgʻanimni turli dalillar bilan isbot qilmoqchi boʻlasiz. Piloningiz yaxshi. Maqtanarliq pilon, agar siz mening «Namunalar»imni burungi panislomistligimning, panturkistligimning davomi ekanini, bu asarim bilan mazkur fikrlarning bittasini oʻzbek ommasiga taqdim qilgʻanimni isbot qila olsa edingiz, ishingiz koʻb muvaffaqiyatli chiqar edi. Lekin buni qila olmagʻansiz. Bu kun bir koʻb kishilarning moziylari haqida gapirish mumkin. Lekin, bu gapirishgina yetarli emas. Ularning moziylari bilan bugungi ishlari orasidagi munosibat va aloqani kashf etish kerak!

8-, 10- yillarda (ya’ni, 18-20 yil burun) yozilgʻan asarlarimdan shohidlar keltirasiz. Azizim, mening qoʻlimgʻa qalam tutib, asar yozgʻanimga yigirma yil toʻlgʻanini oʻzingiz ham e’tirof qilasiz. Bu yigirma yil orasida men oʻzbekcha, tojikcha yuz oʻn pechatniy listlik asar yozdim (maqolalar hisob emas). Bularning hammasini Shoʻro hukumatigʻa, proletariat mafkurasiga yararliq asarlar ekanini hech da’vo qilmadim va qilmayman-da. Ishning bu tomonini onglamoq uchun tarjimayi holimni oʻzimdan tinglang.

Men Osiyoning eng qora diniy markazlaridan va qora bir usuli idoragʻa tobe’ boʻlgʻan Buxoroda 1884 yilda tugʻildim[7]. Birinchi tarbiyani eski usuldagi diniy bir maktabdan oldim. Maktabdan chiqgʻach, diniy bir madrasaga kirib oldim, namoz oʻqidim, mutaassib bir musulmon edim. Hatto Buxoroda yangi boshlangʻan jadidlar harakatigʻa qarshiliq ham qildim. Soʻngralari jadidlar harakatigʻa oralashdim. U zamondagʻi zehniyaxning ta’siri eski jadidlarning tashviq va yordami bilan Turkiyaga tahsil uchun bordim. Mana shu vaqtlarda men diniy reforma tarafdori edim: dinni fan bilan kelishtirish, fangʻa toʻgʻri kelmayturgan xurofot qismini dindan chiqarish, dinni tozalash xayollarigʻa ishongʻan edim. Voqean esa, panislomizm gʻoyasining churugan bir xayol ekanin kun sayin ocha bordim. Panislomizmning boʻlmagʻur xayol ekanini onglagʻach, panturkizm xayoligʻa berildim. Bu vaqtlarda yozgʻanim asarlarda diniy reformistik fikrlar koʻrilib turadir. Siz esa, mazkur asarlardan mening mutasavvif ekanimni chiqarasiz. Tasavvuf bilan ozgʻina tanish boʻlsa edingiz, u kitoblarda mazkur maslakning asarini koʻra olmagʻaningizni oʻzingiz onglar edingiz.

Men hech bir vaqt tasavvufga mansub boʻlmadim. Lekin adabiyot tarixini tekshiruchi bir muallim boʻlgʻanim sifati bilan tasavvufni juda koʻb tekshirdim. Bu kun tasavvufning har tomonini, eng qorongʻu sirlarini bilaman. Hatto, shu kunlarda «Oʻrta Osiyoda tasavvuf tarixi» ismli bir kitob[8] vujudga keltirmak uchun tirishmakdaman. Tasavvufning qanday zaharli, qanday zararli bir maslak ekanini har kimdan ham yaxshi bilib olgʻanman. Lekin hech vaqt mutasavvif boʻlmaganman.

Soʻngralari hayot meni panturkizmda qotib qolishda qoʻymadi. Men oʻzbek millatchisiga aylandim. 17-18-yillarda Oʻrta Osiyoda panturkizm harakati kengaymoqda edi, ayniqsa, Toshkentda panturkizm fikri bilan sugʻorilgan turli toʻdalar tashkil boʻldi.

Turk tillarini, turk adabiyotini birlashtirish shiori ostida «ish» koʻrildi. Maktablarda usmonli adabiyoti ona tili darslari oʻrnida qabul qilindi. Mana shu harakatga qarshi oʻzbek tili, oʻzbek adabiyoti shiorlari ostida «Chigʻatoy gurungi» tashkil qilindi. «Chigʻatoy gurungi» oʻzbek millatchiligi: oʻzbek tili, oʻzbek adabiyoti shiorlari ostida panturkist toʻdalarga va shunga berilgʻan oʻng jadidlarga qarshi kurashdi. Siz «Chigʻatoy gurungi» panturkist edi» deb qichqirasiz. Ayniqsa, shu kunlarda «Chigʻatoy gurungi»ni panturkist deyish moʻda holigʻa kirib boradir. Holbuki, «Chigʻatoy gurungi» oʻz zamonida panturkizm, panislomizm harakatlarigʻa qarshi kurashmoqda edi. Sizga ikkita fakt koʻrsatay: butun maktablarimizda «Umumiy turk tili, umumiy turk adabiyoti» shiorlari hukm surganda «Chigʻatoy gurungi» oʻzbek tili, oʻzbek adabiyotini oʻrgatish uchun Hadrada pulsiz dars berishni e’lon qildi. Muallimlikka men, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon tayin etildik. Darsga bir koʻb muallimlar davom etmakchi boʻlib keldilar. U vaqtlarda Toshkent maorif shoʻ‘basida panturkistlarningtoʻdachilik yordamchilari hukm surar edi. Mana shular bir darsdan keyin bizni quvdilar, talabalarni tarqatdilar.

Bir kecha «Chigʻatoy gurungi»ning majlisi boʻlgʻan edi. Gurung a’zolari tomonidan yozilgan asarlarni oʻqib, muhokama qilmoqda edik. Toshkentning eng katta tashkilotining birida turgʻan bir oʻrtoq[9] vintovka koʻtarib kelib, majlisimizga birdan kirdi. «Chigʻatoy gurungi»ning maqsadini soʻradi. «Siz dinga qarshi fikr tarqatar ekansiz, Muhammad paygʻambarning me’rojini inkor qilar ekansiz» deb taftishga kirishdi va bizni «mundoqa yoʻlsiz harakatlar»dan man' qilib ketdi. Mana bularning hammasi panturkistlarning igʻvosi bilan boʻlar edi: «Men «Chigʻatoy gurungi» proletar mafkurasini tashir edi» demayman, buni da’vo qilish jinnilikdir. Tuzuk, «Chigʻatoy gurungi» bevosita siyosat bilan mashgʻul boʻlmoqni istamadi, yolgʻiz til, imlo, adabiyot bilan shugʻullandi. Lekin uning ayrim a’zolari oʻsha vaqtda soʻl millatchi edilar. Shuning uchun ayta olamizkim «Chigʻatoy gurungi» jadidlarning soʻl qanoti boʻlib, u jadidlardan til, imlo, adabiyot va dinga qarshi ham panturkizm va oʻzbek millatchiligi bilan ajralar edi. Mana bu tafsilot «chigʻatoy gurungi»ning koʻrsatilgan ilmiy ishlarda panturkist, panislomistlarga nisbatan inqilobiy yoʻl tutganini koʻrsatadi. Agar siz «Bu ilmiy toʻgarakning a’zolari oʻzbek millatchilari edilar, shuning uchun bu toʻgarak qarshi qurulgʻan bir tashkilot edi» desangiz, non orasidan kir izlamakdan boshqa bir ish qilmagʻan boʻlursiz. «Chigʻatoy gurungi» 20-yillargʻacha davom qildi. Bu vaqtgʻacha uning oʻz oldigʻa qoʻygʻan ilmiy yumushlari bajarilgan edi. Yangi imlo shoʻro maorif komissarligi tomonidan maktablarga kirgizilgan shoʻro hukumati tomonidan «Har millatning maktab tili oʻz ona tilida boʻlsin» deb e’lon etilgan asos bilan oʻzbek tili ta’min etilgan edi. Bir tarafdan, kommunistlar firqasining milliy mas'alani toʻgʻri hal qilmoqda boʻlgʻani va mustamlakachilik asoslarini yemirishda keskin yoʻl tutgani kun sayin ochiq koʻrina boshlagʻan, oʻzbek millatchisi boʻlib turishda ham ma’qul bir sabab qolmagʻan edi. «Chigʻatoy gurungi» tarqaldi. Uning a’zolari bitta-bitta oʻz xatolarini e’tirof qila-qila firqa safiga oʻtdilar va bor kuchlari bilan bu kungacha xizmat qilmoqdalar.

Emdi oʻzimning din bilan munosibatim haqqinda soʻzlashaylik. Men yuqorida aytgʻanim kabi bir vaqtlar diniy reforma tarafdori edim. Dinni xurofotdan ajratish degan xayolga berilgʻan edim. Mana shu diniy reforma ketidan yurish, meni dinsizliqqa[10] olib bordi. Din xurofotdan ajralsa, nari tomonda hech bir narsa qolmagʻanini koʻrdim. Dinning fan bilan hech bir vaqt kelisha olmagʻaniga ishondim va shuning natijasida dindan qaytdim, dinga qarshi fikr tarqatdim. Mening dinsizligim oʻzbeklar va tojiklar orasida hammadan burun, hammadan koʻbrak mashhur boʻlgʻan. Bu nuqtani inkor qilib boʻlmaydi. Dinsiz, xudosiz boʻlgʻan bir kishining mutasavvif boʻla olmasligini onglamoq uchun juda oz bir muhokama kuchining sizda borligʻini, ruxsat bersangiz, qabul qilaylik.

Maqolangiz bir yerida meni Turkiya sultonigʻa maktub yozish bilan ayblaysiz. Men umrimda Turkiya sultonigʻa maktub yozmadim, bu menga tamoman tuhmat! 1908 yilda yozgʻanim bir asarimda Buxoro xonligida hukm surgan diniy taassubni va shunga tayangan idora usulini eslaysizmi? U vaqtda Buxoroda bir kalla 2 tiyin edi. Hibs qilish, oʻldirish, sangsor[11] qilish kundagi odatlardan edi. U zamonlarda kitob yozishning oʻzi «kofir»lik edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarimni yozdim[12]. Buxoroning idora usulini, ta’lim-tarbiya usulini, bir koʻb rasmiy idoralarni tanqid qildim. Bu kitob Buxoroda tarqalar edi.

Uning noshirlari boʻlgʻan Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirgʻa qaratib bir soʻz boshi yozdim va shuning bilan, goʻyo, tanqidning unga emas, ma’murlarigʻa oid boʻlgʻanini koʻrsatdim. Bu zamondagʻi Buxoroning javobi edi. Shuning bilan meni Buxoro amirining tarafdori deyish ham mumkin emas, menim Buxoro amiriga qarshi har vaqt kurashganim va kurashgan tashkilotlarga rahbarlik qilgʻanimni bilmagan yoʻq.

Soʻng toʻrt-besh yilda yozgʻanim «Arslon», «Umar Xayyom» kabi asarlarimni, hatto tanqid qilgʻaningiz «Namunalar»dagʻi davrlar taqsimini shu yoʻl bilan olib borishga tirishdim. Mazkur ishlarimda yanglishlar boʻluvi mumkin. Lekin bularni(ng) voqealarini tahlil qilganda boʻlgʻan yanglishlardan hisob qilib, tanqid qilish, xato joylarni koʻrsatish kerak. Har bir yanglish yangi yanglish deb oʻylangan nuqtani, mening yigirma yil burungʻi panislomistligim bilan izoh qilish toʻgʻri ilmiy bir harakat boʻlmaydir. Azizim, Oʻrta Osiyoning olamgʻa ma’lum bir madaniyati boʻlgʻan, bu madaniyatning turkiy asarlari qolgʻan. Bu asarlarning hammasigʻa birdan «axlatlar» deyish, sizning muhokamangizning kirligidan chiqqan yangi bir istiloh boʻlsa kerak.

Men oʻzimning yigirma yillik mutolaam, juda kuchsiz boʻlmagʻan kutubxonam soyasida shu yoʻlda ishlamoqdaman. Albatta, ishlarimda yanglishlar boʻluvi mumkin. Yanglishlarimni joy-joyi bilan koʻrsatish kerak, koʻzni yumib, ogʻizni ochib soʻkishning ilmiy foydasi yoʻq.

Maqolangizda katta harflar bilan «Maorif va oʻqitgʻuchi» jurnali Fitratning noshiri afkori edi deyish mumkin» deb yozasiz. Bunisi emdi uyot! «Maorif va oʻqitgʻuchi» Ramzdan burun bor edi. Ramz zamonida ham davom qildi. U har vaqt maorif komissarligining noshiri afqori boʻlib davom qildi. Jurnalning butun davom muddatida men yozgʻan maqolamning soni oʻnga bormaydir. U qanday qilib mening noshiri afkorim boʻlsin?! Biroz oʻylang, Oʻzbekistonning markazida firqa va shoʻro idoralarining koʻzlari ostida chiqgʻan bir jurnal uch-toʻrt yil mening noshiri afkorim boʻladi-yu, shuni sizdan boshqa hech kim onglamaydimi? Siz bu demagoʻgi bilan kimni tahrir qilgʻaningizni oʻyladingizmi?!

«Maorif va oʻqitgʻuchi» jurnalida Yassaviy haqida yozgʻanim maqoladan soʻz ochasiz[13]. Men u maqolamda Yassaviyni san'at yogʻidan, mafkura tomonida qattiq tanqid qildim, uning zararli ekanini, uning ta’siriga qarshi kurashmoq kerakligini soʻzladim. Yolgʻiz uning ba’zi she’rlarigʻa oldanib, uning yoʻqsullar tomonida turgʻanin qabul qilmoqchi boʻldim. Soʻngralari esa, fikrimning yanglish ekanini ongladim. Sizga yoqmagʻan «Namunalar»imning muqaddimasida Yassaviy haqinda boshqacha fikr yurgizdim. Siz «Namunalar» haqinda tanqid yozmagʻaningiz holda Yassaviy haqinda uning muqaddimasidagʻi soʻzlarimdan koʻz yumib, «Maorif va oʻqitgʻuchi»dagi maqolamgʻa yopishasiz.

Bundan keyin Chigʻatoy adabiyotining «mundarijasi» va «shakli» haqinda fikr yurguzasiz. Boshlab Chigʻatoy shoiri deb Navoyi bilan Yassaviyni koʻrsatasiz. Azizim, sizda chigʻatoy soʻziga qarshi qiziq bir holat paydo boʻlgʻan, oʻzingizga yoqmagʻan har kimni chigʻatoy deb soʻkmoqchi boʻlasiz, ishning bu qadari chegarani oshishdir. Yassaviy Chigʻatoy shoiri emas. U Chigʻatoy adabiyotidan burun oʻtkan bir shoir. Soʻngra Navoyidan namunalar olgʻanda mening tartib qilgʻanim va sizning tanqid qilgʻaningiz kitobdan olmaysiz-da, Navoyining oʻz devonidan, diniy mavzudagi baytlarni olasiz. Sizning u namunalaringizni koʻrgan kishi mening kitobimdan olgʻaningizni gumon qiladir-da, menga hujumlaringizni qisman haqli koʻradir. Siz ham shuni istaysiz. Holbuki, Navoyining dinsiz bir shoir ekanini men da’vo qilmadim. Uning diniy parchalari bor ham koʻbdir. Lekin mening «Namunalar»imdagi asarlari bu qatordagʻi asarlar emas.

Navoyidan olgʻan baytlarni tarjima qilishingiz bir oz «vadudona» boʻlgʻan, koʻbi toʻgʻri emas. Soʻngra Navoyi bilan Yassaviydan berganingiz namunalargʻa suyanib, «Chigʻatoy adabiyotining shaklidan ham foydalanish mumkin emas» deysiz. Lekin siz shakl bilan vaznni bir-biridan ajrata olmagʻansiz. Shakl deb vazn bilan ayrim soʻzlarni olasiz. Holbuki, shaklga ifoda tarzi, majoz, istiora va she’rning butun (poetik) xususiyatlari kiradir.

Navoyining vaznidan foydalanish, albatta, mumkin. Mundan boshqa(si) Yassaviyning vaznidir. Yassaviy va Yassaviy maktabi shoirlarida barmoq vaznining chiroylik namunalari bor, foydalanish mumkin. Siz Yassaviyni chigʻatoy shoirlarining aruz vaznida yozgʻanlari oʻylab, shu xatolargʻa tushgansiz. Hatto koʻchirganingiz Navoyi bilan Yassaviy she’rlari orasida boʻlgʻan vazn ayirmasigʻa ham diqqat qilmagʻansiz...[14]

1919

  1. «Jalil Boyboʻlatovga ochiq xat» shaklida yozilgan ushbu maqola 1919 yil «Qizil Oʻzbekiston» gazetasining 15-16 sentyabr (215-216) sonlarida e’lon qilingan boʻlib, J. Boyboʻlatov qator chiqishlarida Fitratni «panturkizm» va «panislomizm»da ayblaydi. Ayniqsa, Fitrat tomonidan tuzilgan «Oʻzbek adabiyoti namunalari, I jild» (1928) va soʻz boshi muallifi Otajon Hoshim keskin tanqid ostiga olingan edi.
  2. Muharrir - muallif ma’nosida.
  3. Abdurauf Fitrat. Oʻzbek adabiyoti namunalari. 1 kitob. Samarqand - Toshkent, 1928 yil.
  4. Fitratning «Oʻzbek adabiyoti namunalari» kitobi munosabati bilan «Qizil Oʻzbekiston» roʻznomasi sahifalarida J. Boyboʻlatov chiqish qilib, faqatgina ushbu kitobni emas, umuman, Fitrat ijodini keskin tanqid qilgan edi.
  5. Qoplovi - qamrovi.
  6. Tekirish - tekizish.
  7. Boshqa koʻpgina manbalarda Fitratning tugʻilgan yili deb 1886 yil sanasi koʻrsatilgan. Xususan, S. Ayniy shunday ma’lumot beradi: «Abdurauf Fitrat Buxoriy - tugʻilgan yili 1304 hijriy» (ya’ni milodiy 1886 ga toʻgʻri keladi). Qarang: S. Ayniy. Namunai adabiyoti tojik. - M.: 1926, III qism. Shuningdek, Fitrat hayot paytida e’lon etilgan «Katta Sovet qomusi»da ham shu sana keltiriladi. Qarang: Fitrat Abdurauf. BSE, M., 1936, t.57. 6.656.
  8. «Oʻrta Osiyoda tasavvuf tarixi» nomli kitob yozayotgani haqida bir necha bor ma’lumot beradi, biroq bu ish oxirigacha yetmagan. Tugallanmagan qoʻlyozmaning taqdiri esa noma’lum. Fitrat tomonidan keltirilgan «zaharli», «zararli» soʻzlari uning tasavvufga munosabatini belgilamaydi. Bu faqat davr taqozosi bilan yuzaga kelgan, nohaq tanqiddan oʻzini himoya qilishning bir yoʻli, xolos. Fitratning oʻzbek adabiyoti tarixi haqidagi qator ishlari bilan tanishishning oʻziyoq bu fikrni tasdiqlaydi.
  9. Yusuf Aliev (1891 - 1946) nazarda tutilyapti. Turkiston Kompartiyasining arboblaridan boʻlib, oʻsha paytda Turkiston Ichki ishlar xalq komissarining oʻrinbosari edi.
  10. Bu oʻrinda dinsiz soʻzini ateist soʻzi bilan almashtirmaslik kerak. Chunki Fitrat tomonidan yozilgan asarlarni sinchiklab kuzatganda bu nozik ayirma ochiqroq koʻrinadi.
  11. Sangsor - toshboʻron qilish.
  12. Gap «Munozara» xususida ketyapti. «Munozara»ning Istanbul nusxasida oʻziga xos «Muqaddima» va «Xotima» yozilgan boʻlib (Hoji Moʻyin tarjimasida bu tushib qolgan), unda Fitrat Buxoro amiriga murojaat etib, mamlakatning qoloq ahvolini bayon qilgan edi.
  13. Tilga olingan maqola «Maorif va oʻqitgʻuchi»da bosilgan. Qarang: jurnalning 1927 yil, 6-8-sonlari.
  14. Fikrning notugalligidan va Fitrat uslubidan (u deyarli har bir ilmiy ishining boshlanishida tilga olingan istilohga qaytadi va koʻpincha, unga boʻlgan munosabatini takroran ta’kidlash bilan asarini tugallaydi) seziladiki, «xat»ning davomi boʻlgan. Buni Fitrat zamondoshlaridan L. Azizzoda va M. Rahim qizi tasdiqlagan. Maqolaning yakuni tahririyat tomonidan «qaychilangʻan» boʻlishi mumkin. «Idoradan» nomi ostida berilgan redaktsion maqolachadan gazetaning oʻsha paytdagi adabiyotga nisbatan tutgan «pozitsiya»sini bilsa boʻladi:

    «Idoradan» - Fitratning bu maqolasi Chigʻatoy adabiyoti masalasiga oid bir necha muhim paytlarini ochib beradi, biroq bu bilan chigʻatoyizm unsurlari va ularning qoldiqlari bilan kurash tamom boʻlmaydi. Idora bu masala tevaragida ochgan muzokarani davom ettirishni lozim topadi.