OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdurazzoq Obroʻy
Asar nomiKallangga qoyil, xotin (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Abdurazzoq Obroʻy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kallangga qoyil, xotin (hajviya)
Abdurazzoq Obroʻy

Kim agar xotindan aqlli maslahat chiqmaydi, desa, bekorlarni aytibdi. Ba’zan-ba’zan xotinning gapiga ham kirib turish kerak. Oʻzimdan qiyos.
— Dadasi, — dedi bir kun xotin, — hozir hamma pul kirakashlarda. Bitta mashina olmasangiz, birimiz ikki boʻlmaydi.
— Toʻgʻri aytasan, — dedim men ham. — Ishqilib haydovchilik guvohnomam yoʻqolib ketmaganmi?
— E, nima deyapsiz, sandiqqa solib qoʻyibman,— dedi u.
— Qani ol-chi.

Xotin sandiqdan guvohnomamni oldi. Badboʻy hid dimogʻimga urildi.
— Gʻalati hid bormi?
— Kuya yemasin deb naftalin sepib qoʻygan edim.
— Yaxshi ish qilmabsan, yoʻlda tayoqcha koʻtarib turadiganlar meni emas, guvohnomamni ushlashadi.
— Yoʻli bor, — dedi xotin. — Mana, siz ichib mashina haydayotganda aroqning hidini yoʻqotish uchun nima qilardingiz?
— Chet el saqichidan chaynardim.
— Guvohnomangizga saqich chaynatib boʻlmaydi. Yaxshisi, fransuz atiridan sepamiz.
— Kallangga qoyil, xotin.

Yakshanba kuni Sergelidagi mashina bozoriga chiqdim. Juda koʻp mashinalarni koʻrdim. 1985 yilda chiqqan pritsepli «Moskvich» ma’qul kelib qoldi.
— Oka, — dedi egasi, — olsangiz zarar qilmaysiz, pulingiz oʻzingiz bilan ketadi.

Uncha tortishib oʻtirmay, shartta oldim.
— Pritsepiga balo bormi? — dedi xotin uni koʻrib.
— Bunda yuk tashiyman.
— Qanaqa yuk?
— Qovun-tarvuz-da.

«Qoʻyliq» bozoriga erta tongdan joʻnadim. Ikki soat mashina oldida sigareta chekib oʻtirdim. Birov kimsan deb soʻramadi. Nima qilsam ekan deb boshim qotib turgan edi, boshida doʻppi, egnida chopon, bir dehqon murojaat qilib qoldi.
— Dalada ozroq tarvuzim bor edi, bozorga obkep bermaysizmi?
— Narxini kelishsak, obkelaveramiz-da.

Tortishib bir toʻxtamga keldik. Unchalik uzoq joy emas ekan, dehqon bolalar bir zumda tarvuzni pritsepga yuklashdi. Bozorga qarab yoʻl oldik. Darrovda xaridor ham topila qoldi. Dehqon unga sotib, mening haqimni berib ketdi.
— Yuk mashinada turaversin, — dedi yangi «xoʻjayin».
— Nega? — dedim hayron boʻlib men.
— Bu yerda tirikchilik deb yuribmiz-da, oka. Hojatbarorman. Hozir xaridor kelib qoladi. Aytgan joyiga eltib berasiz. Undan ham haqingizni olasiz.

Menga nima, pul ishlasam boʻldi-da. Aslida maqsadim ham shu. Koʻp kutmadik, koʻzida koʻzoynak, shim kiyib olgan bir ayol tarvuzga xaridor boʻldi. «Xoʻjayin» bilan savdosi pishgach, menga:
— Yukni Yunusobodga olib borasiz, — dedi.
— Xoʻp boʻladi, — dedim men.

Aytilgan manzilga yetib bordik. Bilaklari tarvuzday shishib chiqqan ikki yigit mashinadan yukni tushira boshladi. Oʻn donalar tushirishgach, toʻxtab qolishdi.
— Opa, tarvuzlaringiz musichaning tuxumiday ekan-ku.
— Kichkina boʻlsa ham pishgan, shirin.

Ular bittasini chaqmoqlab koʻrishdi. Oppoq.
— Boʻlmaydi. Olmaymiz. Buningizni hech kim olmaydi. Bizga kattasidan olib keling, — dedi yigitlardan biri.
— Olib-sotar aldabdi-da, — dedi ayol jigʻibiyron boʻlib. — Haydang orqaga.

Hojatbarorni zoʻrgʻa topdik. Ayol pulini qaytarib oldi. Menga bir soʻm bermadi.
— Sherigingiz meni chuv tushirdi, — dedi soʻng hojatbaror.
— Qanaqa sherigim?
— Oʻsha dehqon-da.
— Mening sherigim emas.
— Gapni aylantirmang, — dedi u. Bir imo qilgan edi, yonida baquvvat ikkita yigit paydo boʻldi. — Bu okamlar bozorning qoidasini bilmas ekan.
— Nima qilamiz? — deyishdi ular.
— Pulni qaytarsin, boshqa gap yoʻq, — dedi hojatbaror.

Xullas, u desam bu deyishdi, bu desam u deyishdi. Choʻntakdagi xotin benzin uchun bergan pulni ham qoʻshib qoqib olishdi.

Dalaga qarab yoʻl oldim. Dehqonni surishtirdim. Peshonasidagi terni belbogʻiga artib bir otaxon keldi.
— Ha, oʻgʻlim, nima gap?
— Boya shu yerdan tarvuz olib ketgan edim. Hech kim olmayapti, egasiga qaytarmoqchiman.
— Tarvuz hali xom edi. Pishmagan boʻlsa ham bolalarni qoʻymay oʻzing uzdiribsan-ku.
— Men bir haydovchiman, otaxon. Oʻrta yashar bir dehqon boshlab keldi bu yerga meni.
— Ha, endi tushundim. «Tadbirkorga» duch kelibsan-da, bolam. Qanchaga tushding?
— Oʻn besh mingga...

Kirakashligimni birinchi kunini yakunlab uyga qaytayotgan edim, yoʻl nazoratchisi tayoqchasini koʻtarib toʻxtatdi. Mashinani obdon tekshirgach, hujjatlarimni soʻradi.
— Juda mugʻombir haydovchiga oʻxshaysiz-a? — dedi nazoratchi guvohnomamni hidlab koʻrib. — Ichgansiz, ichganingizni bildirmaslik uchun atir sepgansiz. Undan koʻra, saqich chaynaganingiz ma’qul edi.

Gapni qisqasi, choʻntakda borini nazoratchiga berdim. Uyga ikki qoʻlimni burnimga tiqib qaytdim. Eshikdan kutib olgan xotinga:
— Kallangga qoyil! — dedim.

Xulosam shu: birim ikki boʻlsin degan erkak xotinning gapiga ham kirib tursin.