OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdusaid Koʻchimov
Asar nomiTubsiz quduq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdusaid Koʻchimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tubsiz quduq (hikoya)
Abdusaid Koʻchimov

«
Bol totli deb barmogʻingni tishlama.
Maqol
»

Akang qaragʻay qishloqqa kayfiyati buzilib, ruhi ezilib, ming-ming pushaymonlar yeb qaytib keldi. Boʻlib oʻtgan achchiq ichakday uzun gaplarni hech kimga, hatto qoʻrboshiga ham aytmadi.

Aytsam, Toshkentga borib, togʻam bilan yulishib kelishdan qaytmaydi, deb oʻyladi. Boʻlmasa, qoʻrboshidan yashiradigan siri yoʻq, hatto ulfatlar gurungidagi nozik-nozik hazil-huzullar ham ichida qolmaydi. Qoʻrboshi ham, aytmasa, jim qarab turadigan anoyilardan emas: ichidagini baliq ovlagandek bitta-bittalab sugʻirib olmaguncha koʻngli joyiga tushmaydi.

Qoʻrboshi — akang qaragʻayning necha yillik turmush oʻrtogʻi — Xosiyat. Chigirtkadek chillashir bu ayol har gapida «akang qaragʻay!» deya koʻksiga uradigan oʻktam yigitni qaysi makri-maqomi bilan burnidan ip oʻtkazib olganiga ahli ovul hayron. Yer tagida ilon qimirlasa sezadigan qoʻrboshi, akang qaragʻayning shashti pastligini fahmlamasligi mumkin emas, albatta.
— Togʻa boʻy bermadimi? — xuddi ichidagini oʻqib turgandek tikkalay soʻroqqa tutdi u. — Nimaga garangsib turibsiz?
— Heshtima. Kamandirovkada ekan. — Yolgʻonladi akang qaragʻay. — Sher akaniyam, Yulduzniyam topolmadim. Hofizni pradussir degan yugurdagi borakan, ikki-uch kunda gaplashib, hal boʻlsa, aytaman, deb va’da berdi.
— Unday boʻlsa, angrayib oʻtirmay, kattalarni chaqiring, maslahat oshi qilib, tayyorgarlikni boshlaylik. Uljon momom aytardi, yonida bir miri yoʻq, tuyaning tishini koʻrar, deb. Toʻy-toʻy, deb chakkangizga gul taqib yuribsiz, buyoqda hech vaqoning tayini yoʻq.

Akang qaragʻayning rejasi ham shunday edi. U ayoliga bir oʻqrayib, oʻgʻlini yonboshiga oʻtqazdi-da, mehmonlarni nomma-nom aytib yozdirdi.

Oʻgʻli Eltoy velosipedini gʻizillatib, xabarchilikka ketdi. Akang qaragʻay supadi bir oʻzi qoldi. Ovozasi Toshkentgacha yetib boradigan toʻy qilib, togʻani dong qotirish ishtiyoqi yurak-bagʻrini oʻrtayotgan edi.

U ikki-uch kundan buyon tigʻ tegmagan rapidadek iyak-chakkasini kirt-kirt qashib, supadagi karavotga oʻtirdi. Temir karavot gʻijirlab ketdi. Choʻntagidan nosqovoq chiqardi, tishiga tak-tak urib nos otdi, toqqa tomon suzib ketayotgan bulutlarga tikilib, uzoq sukutga choʻmdi. Shu mahal: «Koʻkka qara, osmon quduqqa oʻxshaydi», degan bir sas quloqlari ostidan yelib oʻtganday boʻldi. Dumaloq koʻzlari qisilib, osmonga tikildi. «Quduqmish... — koʻrsatkich barmogʻini chakkasiga nuqib aylantirdi, — sogʻliq joyidami?»

«Bir etak bolang bor, yer tirnab topganlaringni shamolga sovurma, — pichirladi yana oʻsha sas. — Kelin-kuyovning doʻst-yoriga ixchamgina bazm qilib, qolganini sandiqqa solib qoʻy. Roʻzgʻorning oʻttiz ikki ogʻzi bor, deydilar. Hali koʻp kerak boʻladi».

Akang qaragʻayga xuddi togʻasi qoʻlini vallamatlarcha yelkasiga qoʻyib, tepasida turgandek tuyulib ketdi. «Qoʻlingizni torting!», deganday yelkasini siltab, yon-veriga nigoh tashladi. Togʻasining oʻgitlari yodiga tushgan sayin tabiati tirriqlashdi. «Oʻzim ahmoq, oʻzim eshak miya! Boʻlmasa, borarmidim? Shuncha pand-nasihatdan keyin, yana artistdan gap ochamanmi? Battar boʻl. Endi koʻngling joyiga tushgandir... — U chapanichasiga soʻkindi. — Togʻaning fe’lini bilmasmiding! Bilarding. «Sen aytgan artistlarga koʻkidan kamida bir yarim-ikki ming berish kerak», «Puling koʻpaygan boʻlsa, bolalarni oʻqit, kelinni olib sanatoriyga bor, dam ol,» deb dars berarini yaxshi bilarding!»

U ovozini chiqarib alam bilan oʻzini koyidi:

— Battar boʻl!

Togʻaning aytganlari ogʻuli oʻqday badanini teshib oʻtib, suyagiga qadalgan, zahri hali-hanuz yetmish ikki tomirini zirqiratib ogʻritayotgan edi. «Bolalarim och, osh-non bering, deb tilandimmi! — qarshisida togʻa turgandek oʻdagʻayladi u. – Bizdayam orzu-havas bor. Or-nomus bor! Biz ham odam!» — ogʻzidagi nosni supa pastiga qarab jahl bilan tuflab yubordi. — Hali... bir toʻy qilay, bir toʻy qilayki!..»

Qosh qora-qoraya mehmonlar kirib kela boshladilar.

Akang qaragʻayning oʻrtancha akasi Toʻychiboy rangi oʻchinqiragan taxta darvoza oldida: «Keling, keling, xush kepsiz, torting, torting», deb bakovullik qilib turdi.

Qachonlardir panjakash somon suvoq qilingan-u, keyin qoʻl tegmay qolib ketgan oʻn uch bolorli, vassajuft xona odam toʻlaverganidan soʻng binoyidek mehmonxona siyoqiga kirdi.

Mehmonlar ikki toifa: kattalar — qishloq oqsoqoli, uning yordamchisi, bozorqoʻm, maktab direktori, sobiq birigadir; yaqin qarindoshlar — aka-uka, togʻa-jiyan va yana xotin tarafdan terib-terib aytilgan vakillar.

Machit soʻfisi Davron hoji ham keldi. U oʻrta boʻy, soch-soqoli oppoq, qotmadan kelgan, qiyiq koʻzlari muloyim kulimsirab turadigan kishi edi. Hoji duoga qoʻl ochdi:
— Har bir otaning oʻgʻliga qiladurgʻon haqqi uchtadur. Tugʻilsa, yaxshi ism qoʻymoq; aqli kirsa Qur’oni Karimni oʻrgatmoq; balogʻatga yetganda uylantirib qoʻymoq. Inimiz Qoʻylivoy paygʻambarimiz amallaridan yana bittasini ado etmoqqa qasd qilibdi ekanlar, toʻy qulluq boʻlsin, deb duo qilamiz.

Baravariga «Ovmin!» dedilar.

Hoji yaqindagilar bilan bir-bir soʻrashib chiqdi, qolganlarga «Siz yaxshimi, siz yaxshimi?», deya bosh irgʻadi. Rauf oqsoqol bilan alohida salomlashdi:
— Damliginamisiz, rais bova? Hamro gidingni ta’ziyasida koʻrinmadingiz?

Rauf oqsoqol «Hamma sendek bekor xoʻjami?», deganday malollandi:
— Majlis borakan, rayonga chaqirishuvdi.

Non ushatishdi, oling-oling deya bir-birlariga manzarat qilishdi. Gurung boshlandi.
— Har guzarda toʻy, shu bugunning oʻzida toʻrt joyga kirib-chiqibmiz, — dedi shukrona ohangida Davron hoji.
— Yigʻadiganini yigʻib, oladiganini olib boʻldi hamma. Endi erta bahorgacha toʻy qiladi, yeb-ichadi, oʻynab kuladi-da, — ensa qotirma qildi Rauf oqsoqol.
— Allohga shukr.

Rauf oqsoqolning chap tarafida oyoqlarini chalkashtirib oʻtirgan Qulbin bozorqoʻmning nima uchundir shashti past edi. Patsiz namatlarga toʻshalgan yakqavat koʻrpachalarga, dasturxonga, vassalar orasidan xas-xashak osilib turgan shiftga qarab ijirgʻanar edi. «Shu topda bir nima degudek boʻlsang, sen tizza boʻyi noz-ne’mat, tovoq-tovoq goʻshtga oʻrgangansan-da, deb kesatishadi, — xayolidan oʻtkazdi u. — Mehmon atoyi xudo, qurbing yetsa chaqir.

Bozorqoʻmning asabiylashuvi kuchayaverdi. — Novvoydan toʻrtta oq non opkelish kimni oʻldiribdi? — U qop-qora toshpatirdan bir burda sindirib, moʻ’jiza tomosha qilayotganday aylantirib tikildi...
— Choyni suzing, mulla Qulbinboy, — xayolini buzdi poygakda oʻtirgan sobiq brigadir. — Halitdan beri kuzataman, azaga kelganday qovoq-tumshuq qilib oʻtiribsiz, tinchlikmi?

Bozorqoʻm gavdasini unga burdi, boshini boshiga yaqinlatib:
— Maslahat oshiga qoʻy-poʻy soʻyilmasmidi? — dedi pang tovushda.

Brigadir til uchida «Ha» deb qoʻydi. Koʻkayida: «Dardi-kasali tomoq, pul. Bozorning boʻrisi. Toʻngʻizday toʻq», degan fikr kechdi.

Qarindoshlar tomonda ham suhbat avjida.
— Toʻy yaxshi-da, har kimni toʻyga yetkazsin, — derdi Mamayusuf choyga boʻktirilgan nonni ogʻziga tiqarkan. — Odamlar bir-birlarini koʻradi, dardlashadi.
— Odamzot dunyoda nima uchun yashaydi, toʻy-tomosha qilay, el-yurtga osh beray, deb-da, toʻgʻrimi? — gapini ma’qullatishga oshiqardi Piyon pona. — Qodirqul qassopning toʻyidagi xalqqa qara — butun oblis daryoday oqib keldi-yov!
— Uloqchi otlar-chi, mingdan oshdi-yov!
— Xorazmlik artis zoʻrakan, oʻyinchisi hammani oʻynatdi.
— Nasib boʻlsa, Qoʻylivoyniki undanam zoʻr boʻladi! — maqtandi Toʻychiboy. — Yo Yulduz keladi, yo Sher!

«Qoqqani qozigʻi, osgani xurmachasi yoʻgʻ-u, chiranishini koʻr! — ichida poʻngʻilladi Qulbin bozorqoʻm. — Puling borakan, uyingni tuzat! Oʻzingga qara! Sichqon sigʻmas iniga, gʻalvir bogʻlar dumiga...»

Dasturxonga shoʻrva tortildi. «Danakday-danakday goʻsht demasa, shildir suvning oʻzi!» — yanada asabiylashdi bozorqoʻm.
— Non toʻgʻrab iching, maza qilasiz, — dedi brigadir bozorqoʻmga sirli iljayib.

Qulbin bozorqoʻm qoshiqni bir-ikki labiga tekizdi, qoʻydi. Shoʻrvani xoʻr-xoʻr yutayotganlarni ensasi qotib kuzatib turdi-da:
— Boʻkib-netib qolmasdan avval maslahat qilaylik! — dedi zarda bilan. — Qoʻylivoy, nima topshiriqlar bor?

Qoʻyliboy labini qoʻlining orqasi bilan shosha-pisha artib:
— Toʻyda toʻybegi boʻp tursangiz bas, bozorqoʻm bova, — dedi itoatkorona.
— Joy koʻchadami?
— Yarim gektar hovli turib, koʻchangiz nimasi? — uning oʻrniga javob berdi Toʻychiboy. — Olmalardi ostini tekislaymiz — uloq chopguday maydon, tevaragiga gilam teramiz — gulday toʻyxona!
— Ustini yopish kerak, — maslahat bergan boʻldi Rauf oqsoqol. — Nima boʻlganidayam oldimiz qish, shir etib qormi, yomgʻirmi tashlab qolsa, sichqonning ini ming tanga boʻlib yurmasin.
— Menga qolsa, raysentirdagi toʻyxonada oʻtkazgan ma’qul, — dedi maktab direktori boʻshagan kosani oʻrtaga surib qoʻyib. — Issiq, batartib, toʻy egalariyam mehmonday boradi, mehmonday yuradi.
— Bola-chaqa, xotin-xalaj oyoq ostida oʻralishmaydi, — uni quvvatladi sobiq brigadir.
— E-e! Bola-chaqa, xotin-xalajdi qiy-chuvisiz toʻy-toʻymi! — ensasi qotdi Toʻychiboyning. — Restaraningizni shaharlikka chiqargan, aka.
— Xoʻ-oʻsh, — dedi Rauf oqsoqol muhim masalani hal qilgandek choʻzib. — Demak, hovlida. Joyni aniqladik. Kosa-tovoq, choynak-piyola deganday...

 — Oʻtirgichlarni maktabdan, kosa-qoshiqlarni bozor oshxonasidan olsak, — deb turibmiz. Gilam-sholcha qoʻni-qoʻshnidan  chiqar, — axborot berdi mezbon.

— Mehmon qancha boʻladi?
— Qishloq oʻz-oʻzidan toʻliq aytiladi, — sayrab ketdi Toʻychiboy. — Qoʻshni qishloqlar ham. Anchadan beri maraka-mavrid qilganimiz yoʻq. Elnikini yeb yuribmiz. Qarz. Qarzni uzish lozim.
— Goʻsht, guruch-yogʻ deganday, hal boʻlganmi? Aroqchi?

Akang qaragʻay kurakday kaftlari bilan goʻshtdor boʻynini ishqaladi.
— Bitta novvos, bitta qoʻchqor boquvda. Sabzi-piyoz oʻzimizdan chiqib qolar. Qolganlariga... — U «qolganlariga, mana, sizlar bor», deganday yer ostidan qarindoshlarga nazar tashladi. Odatga koʻra, ogʻa-inilar toʻyonalarini aytishi — bittasi guruchini, ikkinchisi yogʻini, uchinchisi shiravorini zimmasiga olishi lozim edi. Hozir boʻlsa... Hech kimdan sas-sado chiqmadi.

Ayni shu daqiqalarga umidlar bogʻlab oʻtirgan akang qaragʻayning dami qaytib, tomogʻiga muz tiqilganday tanglayigacha muzlab ketdi.

Noqulay sukunat choʻkdi. Hamma choʻyan pechka ustidagi rang-tusi bilinmay ketgan tunuka choynakning shigʻillab qaynashiga mahliyo boʻlib qolganday edi.

Sukunatni bozorqoʻmning xirqiroq tovushi buzdi:
— Toʻy, oʻzi qachon?
— Ha, darvoqe, toʻy kuni aniqmi? — qiziqsindi Rauf oqsoqol.
— Vaqtini belgilolmay turibmiz, — arang javob berdi akang qaragʻay.
— Nimani maslahat qilyapmiz unda? — oshkora ajablandi bozorqoʻm. — Kunini aytmay toʻy qilasanmi?
— Artistlar masalasida ishkal chiqdi.
— Qanday ishkal, togʻaga bir ogʻiz shipshib qoʻymaysanmi?

Akang qaragʻayning boʻgʻzidagi muz parchasi endi bir hovuch choʻqqa aylanib azoyi badanini kuydirib yuborayotgandek boʻldi.
— Qoʻying, gapirmang! — dedi birov tomogʻidan boʻqqandek xirqirab. — Shu odamga orqa qilib, tushib oʻtiribman.
— Bu nima deganing?! — savol berdi ikki-uch kishi baravariga.
— Ay-y! — keskin qoʻl siltadi akang qaragʻay. — Yaxshiyam, qarz soʻrab, amal soʻrab bormappan, urib oʻldirarkan. Kattasinib ketganini bilganda, qadamim dorimasdi.

Hamma ang-tang boʻlib qoldi. Axir, «togʻa», kimsan — qishloqdan, nafaqat qishloqdan, butun boshli tumandan yetishib chiqqan eng taniqli, hurmatli odam — Vali Rustamovich edi-da!

Vali Rustamovich necha yillardan buyon respublika vazirliklaridan birini gard yuqtirmay boshqarib keladi, obroʻ-e’tibori mamlakat doirasida ham hazilakam emas. Hamma joyda aytgani-aytgan, degani-degan. Shunday katta amaldor-u, biroq boladay sodda. Qishloqqa kelsa, sim-siyoh «Mersedes»dan tushgan zahoti darrov kastum-shim, lolarang boʻyinbogʻni oddiy kiyim-boshga almashtirib oladi-da, toʻgʻri qabristonga boradi. Avval onasining, keyin otasining mozori yonida choʻkkalab, qiroat bilan Qur’on tilovat qiladi. Soʻngra akasi yetakchiligida qishloq aylanadi. Toʻy, ta’ziya boʻlgan xonadonlarga birma-bir kirib, hol-ahvol soʻrashadi. Yordam soʻraganlarga qoʻlidan kelganini ayamaydi: hamqishloqlarining necha-necha farzandlari uning koʻmagida oliy ma’lumotli boʻldi, ishga oʻrnashdi.

Shunday inson toʻgʻrisida aytilgan nopisand gap tirsagini soniga tirab, echki soqolini yamlagancha suhbatga quloq solib oʻtirgan Ali maxsumga yomon ta’sir qildi. U barcha iddaolarga bardosh berar, ammo ukasi Vali Rustamovichga pashsha qoʻnsa, chidab turolmasdi. «Bir omadi kulib ministr boʻlib qolgan, deb oʻylamanglar, — deydi hasad qilganlarga. — Boshidan qanday qiyinchiliklar oʻtmadi ukam boyaqishning. Oʻzi Toshkentga bordi, oʻzi oʻqidi, ishga kirdi, uy-joyli boʻldi — bittamizdan bir chaqa soʻragan emas. Aksincha, bayramlarda kelib hammamizga sovgʻa-salom ulashib ketardi. Keyin eshitsak, studentligida kunduz oʻqib, kechasi qayroq zavodda ishlagan ekan. Institutni tamomlab endi ishga kirgan paytlarida ham shanba, yakshanba kunlari mardikorlik qilarkan... Xizir nazar solmasa, eshak bozorga dallol boʻlolmaysan. Rahbarlikka ham har kimni qoʻyavermaydilar...

Maxsum vaysaqi jiyanining quloq chakkasiga qulochkashlab tortib yuborgisi keldi-yu, bir amallab oʻzini bosdi:
— Qaltiramasdan, tushuntirib gapirsang boʻlmaydimi? Xoʻsh, ukam nima dedi?
— Toʻy qilma, dedi. Kichkinagina ziyofatcha qil-qoʻy, dedi. — Jazavasi tutdi akang qaragʻayning. — Har kun toʻy qilib, har kun kelin tushirayotganimday, toʻy bilan hech kimni qoyil qilolmaysan, emish. Kallani ishlatish kerak, emish. Goʻyo u kalla — kalla, bizniki salla.
— Yoʻgʻ-e! Shunaqa dedimi? — dedi yasama hayronlik bilan Poyon pona. «Qoʻylining toʻyiga Yulduz kelarmish, Sher kelarmish», degan shov-shuvlar chiqqandan buyon gʻayirligi kelib yurardi uning. — Tugʻishgan togʻa, oʻz jiyaniga-ya..! Hay, dunyoyi qoʻtir.
— Mazax qildi! Yosh bola qildi. Kambagʻalligimni betimga soldi! — titrab-qaqshab baqirib yubordi akang qaragʻay.
— Yomon boʻpti. Yaxshi ish boʻmapti. Vazir odam, oʻylabroq gapirmapti, — boshini sarak-sarak qildi Poyon pona. — Katta boʻlsa, oʻziga.
— Xalqqa kam aralashgandan keyin shu, — uning yoniga tushdi Xosiyatning akasi Parda quruq. — Eldan chiqibdi.
— Bilganingdan qolma, — dedi kimdir.
— Shu qilganiga, Sherni ham, Yulduzini ham opkelasan, tong otguncha oʻynatamiz. — dedi boshqasi. — Qistirmagan nomard.
— Menga qolsa, yonboshiga koʻpkariniyam qoʻshvorardim. — dedi yana boshqa birovi.

Ali maxsumning gʻazabi qaynab, oʻng qavogʻi ucha boshladi. «Kistasida boʻlmasa, bitiga qiladimi!», deb yuborishdan arang oʻzini tiydi.

Davron hojining yuzlari tundlashib, peshonasidagi ajinlar chuqurlashib ketdi. Uning davrani ogʻziga qaratayotgani Rauf oqsoqolning gʻashiga tegayotgan edi. «Hoji emas, mendan lozim bu gaplar, — xayolidan oʻtkazdi ichida afsus bilan. — Kimsan, davlatdan moyana olib turgan rahbar, dabdabayu as-asalarning oldini olishga javobgar mas’ul shaxs boʻlsam! Qolaversa, gap aylanib Vali Rustamovichning qulogʻiga yetib borsa, kim degan odam boʻlaman, quruqning oʻtiga hoʻl kuyar, boʻlib qolmagin yana, oqsoqollikka davogarlar koʻpayganda hokimga aytgan, qoʻllab-quvvatlagan kim edi?» — U xatosini tuzatishga shoshildi:
— Vali Rustamovich hukumat odami. Gumburlatib toʻy qil, jiyan, desinmi, paytavaquloq! Sening dangʻir-dungʻiring kimga kerak? Koʻpam chiranaverma.
— Yana nasihatmi? — qalampir chaynaganday aftini bujmaytirdi akang qaragʻay. — Boy toʻy qilsa, hamma xizmatda. Qassop jahonga osh beradi — churq etmaysiz, Meli ferma koʻpkari solimga tuya qoʻyadi — ogʻzingizda talqon...
— Oqsoqol, aqlli odam oʻziga rahnamo izlaydi, ahmoqqa esa uning keragi yoʻq, — dedi Ali maxsum «bunga gapirish befoyda» degandek xoʻrsinib. Soʻng gʻazabi ichidan toshib ketishidan qoʻrqqandek labini mahkam qimtib «pona»chilarga yuzlandi. — Buni, mayli, nodon, deylik. Senlarni qaysi jin chaldi? Kechasi bilan pul pechatlab chiqadigan zavodi yoʻq-ku!
— Toʻgʻri gap tuqqaningga yoqmaydi, — toʻngʻilladi akang qaragʻay.

Ali maxsumning boshi ogʻriqdan zirqirab ketdi. Gʻazabning zoʻridan tili kalimaga kelmay duduqlandi:
— Qoʻyli... jiyan... Oʻylamay soʻylagan — ogʻrimay oʻladi. Birovning arqoni bilan chuqurga tushma, chiqolmay azob yeysan. Hamrohingga emas, hamyoningga boq, jiyan. Hech kim senga yomonlik sogʻinib turgan yoʻq. Toʻy deb, bor yiqqan-tiqqaningdan ayrilma, hamma hayitga ketganda xumga kirib yotishning keragi yoʻq, deyapmiz, nega tushunmaysan!
— Zombirday chaqavermang-da, togʻa, — ukaning tarafini oldi Toʻychiboy. — Bola toʻy qilmoqchi, oʻgʻrilik emas.

Rauf oqsoqol uvishib qolgan oyogʻini uqaladi:
— Ari chaqdi deb arazlamang, inim, arini boli boʻladi. Yurganda oyoqni ehtiyot qilgandek gapirganda tilni tiymasang, tishing sinib qolishi mumkin.

Qulbin bozorqoʻm toqatsizlandi:
— Osh-ovqating boʻlsa opke, boʻlmasa, turaylik.
— Qayoqqa turasiz, hali heshtima hal boʻlgan emas-ku! — Figʻoni falakka chiqdi Toʻychiboyning.

Qoʻyli toʻngʻillab-toʻngʻillab chiqib ketdi.
— Dasturxonga qaranglar, bir kunlik toʻy oʻtadi-ketadi, qizishib, yuzimiz shuvit boʻlib yurmaylik, — dedi Davron hoji.

Dasturxonda, mayna talagandek, qurtlagan mayiz-yongʻogʻu arzon konfetlargacha tugab boʻlgan edi.
— Ogʻaynilar, rostini aytganda, koʻrgan kunimiz qursin, — davom etdi Davron hoji. — Yil — Oʻn ikki oy qush tinsa tinadi, biz tinmaymiz. Yemay-ichmay yigʻamiz-da, toʻyda ariqqa otganday oqizamiz. Keyin yuramiz, qarzga botib, tishimizning kirini soʻrib.
— Omon boʻling, hoji aka, omon boʻling. Ammo-lekin, yaramni tirnab yubordingiz, — dedi salqi qovoqlari shishgan brigadir ichki armon bilan. — Safarqulimni uylantirganda besh yuz ming qarz boʻlganman, toʻrt yuzi hali shundoq turibdi. Bittasidan yuz olgandim, soʻrayverib it kunini boshimga soldi, shu zangʻardan qutulay, deb koʻzimning siydigini oqizib pul soʻrab bormagan eshigim qolmadi. Oʻzingda yoʻq, olamda yoʻq. — U ogʻir yukni bir zum yelkasidan qoʻyib, yana uni koʻtarib ketishga mahkum kimsadek chuqur «uf» tortdi. — Yelkamda togʻ, yeganim — kuydirgi, yotganim — kafan, oʻylayverib kechasi bilan uxlolmay chiqaman.
— Qarzni vaqtida uzmoq farz, — dedi Davron hoji. — Mol achchigʻi — jon achchigʻi. Pul jigardan boʻladi. Toʻra kazzopning bolalari bir-birovini chavaqlab tashladi-ya!

Hojining keyingi misoli mehmonlarning «gap xaltasi»ni ochib yubordi:
— Pichoq koʻkrakka kirmaguncha koʻzimiz ochilmaydi.
— Olishda, hoy-hoy, berishda, voy-voymi?
— Koʻrpaga qarab oyoq uzatish kerak...
— Moʻltonini toʻyiday chuvillamanglar!

Eshik lang ochildi. Katta sopol tovoqlarda taom keltirildi.
— Sovusga marhamat qilinglar, — manzarat qildi Toʻychiboy.

«Sovus emish... — ichida toʻngʻilladi bozorqoʻm, — Sovus deganda goʻsht boʻladi, yogʻ boʻladi. Murraygan kartoshka-piyoz bilan suv qachondan beri sovus boʻpqoldi...».
— Non opke, — dedi kimdir asabiy.
— Aroq-maroq yoʻqmi? — soʻradi Sharif tajang. — Tomoqlar taqillab ketdi-ku!
— Aroq-maroqni toʻyda ichamiz, — dedi Toʻychiboy zoʻraki iljayib.
— Toʻyda otib yotsak, xizmatni xotinlar qiladimi? — sap-sariq tishlarini koʻrsatib xo-xoladi Sharif tajang va toʻsatdan jiddiy tus olib Qoʻyliga yuzlandi. — Ursang ham, soʻksang ham bir gap aytaman, oshna. Vali togʻa yuz prosan haq! Sen bilan menga sovunday koʻpirishni kim qoʻyibdi. Tutunning achchigʻini moʻri, sening ahvolingni men bilaman!
— Vaysamay ovqatingni ye, — ijirgʻandi Qoʻyli.
— Vaysayman, — Sharif tajang rostakamiga tajanglashdi. — Nega vaysamay! Ichganimiz yovgʻon, kiyganimiz yirtiq chopon, Yulduz-Yulduz, toʻy-toʻy, deb tomoq yirtamiz. Mana, manda toʻrtta bola bor, kattasi bu yil maktabni bitirib, xudoga shukr, institutdan yiqilib keldi. Qolganlarining oʻqishi ham noʻl! Chunki, bizni xudo urgan. Farzandim oʻqisin, odam boʻlsin, deb istol-pistol, komputir-pamputir olib bermaymiz, pulni qizgʻanamiz. Toʻy desa, ming qoʻyli boyday hovuchlab sochamiz. Katta toʻy berib koʻchama-koʻcha kerilib yurgimiz keladi. Kimga kerilaman, nimamga kerilaman, koshki hamqishloqlar kimligimdan bexabar boʻlsa. Bu kuningdan oʻl, deydigan mard yoʻq.
— Gap faqat toʻyda emas, — dedi halidan beri dardini ichiga yutib oʻtirgan Ali maxsum fursat kelganidan jonlanib. — Kallani oʻzgartirish kerak, kallani. Armiyada nemislarning toʻyini koʻrganman. Sakkiz odam bilan oʻtgan. Yarimta shnaps hammadan ortib qolgan.

Davraga ogʻir jimlik tushdi. Akang qaragʻay chakagini kirt-kirt qashidi, sobiq brigadir boshini solintirib yerga tikildi. Toʻychiboy tomoq qirib, oʻtirgan joyida qimirlab qoʻydi. Bir zaylda shigʻillab turgan pechka ustidagi tunuka chovgum choʻzib hushtak chalib yubordi.
— Nemis — nemis, oʻzbek — Oʻzbek. Toʻyni biz oʻylab topganmasmiz, qadimgi udum. Har kimning orzu-havasi bor. Qilaman depti, qilsin, sizga nima? — shovqin soldi Poyon pona. — Qilaver, ogʻayni, bilganingdan qoma.
— Yomon joʻradan bir chekim nos afzal, degani shu-da, — astoydil xafa boʻldi Ali maxsum.
— Xafa boʻlmang, — qulogʻiga shivirlab uni yupatgan boʻldi Rauf oqsoqol. — Eshak maslahatlashib hangramaydi...

Akang qaragʻayning nafasi boʻgʻila boshladi, ketkisi, diqqinafas bu uydan tezroq chiqib hech kim koʻrmaydigan qop-qora tun quchogʻiga singib ketkisi kelib ketdi. Kun boʻyi ariq kovlagan mardikorday horgʻinlik sezdi vujudida. Nega Toshkentga bordi, nega togʻasiga yalindi, tuturuqsiz gʻiybatchi qarindoshlarni nega chaqirdi? «Toshdan suv chiqsa chiqar, bulardan bir chaqa chiqadimi? Chiqmaydi! Chiqmaydi! Xarjlaydigan sen, pul topadigan sen, zarilmidi zahar-zaqqum kesatiqlar. Pona rost aytadi, bilganingdan qolma».

U odamlar qachon turdi, qachon tarqaldi, ayoli qachon bolalarga bosh boʻlib yigʻishtirishga kirishib ketdi, anglolmay qoldi.

Aqli-hushini yigʻib olganda, bir oʻzi supada oyoqlarini kergancha serrayib turardi. Havo muzdek ekan, entikib-entikib simirdi, tungi izgʻirin yuz-koʻziga tikonday sanchildi. Badani junjikdi. Uyga kirgisi kelmadi. Choʻntakdan nosqovogʻini chiqarayotganida kalishini «shap-shap» sudrab qoʻrboshi kepqoldi.
— Ana, bir tashvishdan qutuldingiz. — U chelakdagi suvmi, yuvindimi — «shoʻr» etkizib supa pastiga toʻkdi. Boʻsh chelakni yerga qoʻyib, ikki qoʻlini beliga tiradi. — Mehmonlar xafa boʻlmay ketdimi, ishqilib. Toʻyonadan gapiring, qalay, oʻtli-choʻgʻlimi?

Akang qaragʻay javob bermadi. Xotiniga yeb qoʻygudek oʻqrayib qaradi. Kunduz kuni boʻlganda erining alvastinikiday olayib ketgan koʻzlarini koʻrib, esi ogʻib qolishi hech gap emasdi.
— Indamaysiz, nosingiz bormi?
— Qoʻyaver, — xuddi oʻziga gapirayotganday sekin pichirladi u. — Devonaning ishini xudo oʻnglaydi.

Qoʻrboshi tushundi.
— Qoʻyavering, endi koʻryapmizmi? — dedi bir zumlik sukutdan keyin hamdard tovushda. — Qishda bir hovuch qor soʻrasang, «nechchi soʻm?», deydigan qurumsoq qarindoshlaringizdan qachon yorugʻlik chiquvdi?!

Bu gap pichingdek tuyuldi akang qaragʻayga.
— Senikilar ja-a hotami toy! Sogʻay desang — sut, qirqay desang — jun yoʻq senikilarda.
— Ichingizga ilon kirganmi, muncha zahar sochasiz! — qoʻrboshi «bor-e!» degandek ters oʻgirilib nari ketdi.

U yana yolgʻiz qoldi. Yulduzlarni yutib yuborgan simsiyoh osmonga siniq nigoh tashladi. Shu payt qulogʻi ostida yana togʻasining tanish ovozi eshitilganday boʻldi: «Osmon tubsiz quduqqa oʻxshaydi. Undan chalpak tushadi, deydigan andilar ham bor». Seskanib ketdi. Yon-veriga xavfsirab qarab qoʻydi. «Topgan matalini... — shivirladi soʻmrayib. — Quduq emish... Quduq...» «Yalt» etib soʻngan yulduzdek gʻalati bir umid toʻsatdan xayol osmonida charaqlab ketdi. Xuddi koʻkdagi quduqdan bir telpak tilla «tap» etib oyogʻi ostiga tushayotgandek tuyuldi. Umrida afsona-ertakka ishonmagan odam, xuddi yosh boladay sehrlanib, koʻzlarini chirt yumdi. Ochsa, barcha umidlari chil-chil sinishidan qoʻrqib ancha vaqt qimirlamay turdi-turdi-da, qoʻrqa-qoʻrqa koʻzini ochdi: qorakuya osmon inson zotini tiriklay yutib yuboraman deb turgan bahaybat ajdarday vahimali koʻrindi... «Tentak, — dedi oʻziga-oʻzi. — Bir uy odamdan bir hoʻplam suv oberadigan bitta mard chiqmadi-yu, osmondan himmat kutasanmi?!» U oyogʻi ostidagi paqirni alam bilan tepib yubordi, ancha joyga taraqlab dumalab ketdi.

Toshkent, togʻa, maslahat oshi, kesatiq-pichinglar, tortishuv-bahslar... Boshi sirqiradi. Yer, osmon koʻz oʻngida gir-gir aylanayotganday chayqalib ketdi. Koʻkdagi quduq qop-qora bulutlarga qoʻshib, uning oʻzini ham tubsiz komiga yutib yuboradigandek vahimaga tushdi. Kimdandir qasos olish, kimgadir, nimanidir koʻrsatib qoʻyish tuygʻusi yurak-bagʻrini yanada kuchliroq oʻrtay boshladi.

— Qilaman! Kafangado boʻlsam ham! — mushtini falakka doʻlaytirib tubsiz quduqqa doʻq urdi.