OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdusattor Hotamov
Asar nomiOftobli kunlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abdusattor Hotamov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oftobli kunlar (hikoya)
Abdusattor Hotamov

Teploxod portga kechga yaqin kelishi kerak edi. Sodiq charchagani uchun shahar aylanishni xush koʻrmadi. Chamadonini oldi-da, hali vaqt boʻlishiga qaramay portga yetib keldi. Birpas daryoni tomosha qilgisi keldi. Portning katta zali odam bilan gavjum, kelib-ketayotgan kemalarning soʻnggi yoʻqdek edi. Bir maromdagi ola-gʻovurlar, daryo suvining qirgʻoqqa asta urilishi eshitilardi. Bunaqa paytda safardagi odamni uyqu elitadi. Biroq koʻchada uxlab oʻrganmagan odam baribir uxlay olmaydi.

Sodiq ham ana shunday joylarda birinchi bor boʻlishi edi. Port oynasidan daryoning quyosh nurida zar qogʻozdek yaltirashiga mahliyo boʻlib oʻtirib, mudradiyu, uxlamadi.Kecha kechqurun poezdda soqol olgani yodiga tushdi. Chamadonida burab qoʻysa aylanadigan qayroq toshdek ustarasi bor edi. Oʻzini tartibga keltirib olmasa boʻlmas.

Sodiq chamadonni ochdiyu, hayron boʻlib qoldi. Chamadon uniki emasdi. Avval qulupnay surati tushirilgan shakldagi sochiq, soʻng qoʻngʻir rang daftar chiqdi. Tavba, qaerda almashtirdiykin? Poezdda-ku almashtirmagan. Oxirgi stantsiyada narsalarini chamadonga joylagani aniq yodida. Portga avtobusda kelgandi, shundamikin? Unday desa chamadoni oʻzi bilan yonma-yon turgandi. Harholda yaxshi boʻlmapti. Kiyim-kechaklari bor edi. U yoqda bu chamadon egasi ham tashvishdadir.

Sodiq chamadonni tizzasiga qoʻygancha shularni oʻyladi. Katak daftarni ochib oʻqidi: «Bugun ishxonamiz bilan lola sayliga bordik. Avtobusimiz keng sayxonlikka chiqqach, hammamiz qichqirib yubordik: lola, qaranglar, lola!». Atrof qip-qizil edi. Qir tomon chopib ketdik. Oʻgʻlimning qoʻlidan tutgancha men ham lolalarni quchogʻimizga siqqancha terdik. Koʻnglim biram koʻtarilib ketdiki, goʻyo dunyo goʻzalligi faqat biz uchun yaratilgandek.

Keyin yer kovlab oʻchoq qildik. Qozon osdik. Turgʻun degan jingalak soch yigit fartuk taqib, ovqatga unnab ketdi. Qoʻlida kapgiru, koʻzini mendan uzmaydi. Qizlar oldida biram uyalaman, biram uyalaman... U uylanmagan, men turmush qurganman. Boshiga uradimi meni, deb oʻylayman.

Sayldan oqshomda qaytdik. Avtobus uyimiz oldida toʻxtagach oʻgʻilcham bilan birga Turgʻun ham joyidan qoʻzgʻaldi. Qoʻyarda-qoʻymay yuklarimni pastga olib tushib berdi. Jilmayib, ertagacha xayr, dedi. Beixtiyor koʻzim koʻziga tushdiyu yuragim oʻynab ketdi. Uning biroz doʻrillagan, yoqimli ovozi hozir ham eshitilayotgandek. 24 aprel».

Sodiq bu yozuvlarni oʻqib xijolat boʻldi. Oʻzini xuddi kimningdir oʻta sirli soʻzlariga quloq tutib turgandek his etdi. Lekin baribir begona ayol taqdiri bu tuygʻudan ustun chiqdi. Daftarni oʻqigisi kelaverdi.

Insonning yaxshi kunlari tushdek oʻtib ketar ekan. Sodiqning xotini bilan kechirgan olti oyi olti kundek oʻtdiyu ketdi. Yovuz xastalik xotinining yuragiga chang solganida u sevimli odamidan ayrilib qolishini xayoliga ham keltirmagandi. Yostiqdoshining hamma marosimlari oʻtib, qalbi kimsasiz dunyodek huvillab qoldi. Onasining «Hayotga endi kelayapsan, birorta aqlli-hushli qizga uylantirib qoʻyay» degan gaplari yuragiga tigʻdek botardi. Olamda hali xotinida teng kelar ayol zoti yoʻq edi.

Mana, bugun Sodiq begona ayolning dardlariga sherik boʻldi-da, daftardan bosh koʻtarolmay qoldi. Kundalikning keyingi sahifasini ochdi. «Bir faylasuf munosib yashash – jasorat» degan ekan... Bu gapning ma’nosini endilikda yolgʻiz qolganimda tushunayapman. Yoʻq, men erimdan ajrashishga qaror qilib yanglishdim, demoqchi emasman. Axir xiyonat qilgan odam bilan qanday birga yashab boʻladi. Men oʻgʻilchamni oʻylayman. Yakka-yolgʻizimning ota mehrisiz oʻsayotganidan xafa boʻlib ketaman. Bir koʻnglimda meni tushunadigan biror kishiga turmushga chiqay deyman. Shunda koʻzim oldiga Turgʻun keladi. Jingalak soch, tik qomad, xushmuomala. Ortimdan soyadek ergashib yurgani, mehribonchiligini oʻylayman. Nahotki u meni sevsa? 12 may».

Quyosh ufqqa yonboshlay boshlaganda izgʻirin turdi. Daryoning baliq hidi aralash shabadasi etni battar junjitardi. Tashqariga chiqqan Sodiq chamadoni adashganidan endi rostakam tashvishga tushib qoldi. Ichida kostyumi ham bor edi. Demak, issiq kiyim sotib olishi kerak. Hozir ulgurmaydi. Teploxodga chiqsa biron portda magazinga kiradi.

U ichkariga qaytib, taqir stulga chikdi. Yengi kalta koʻylak kiygani uchun bilak tuklari tikka boʻlib ketgandi. Qoʻllarini koʻksida qovushtirgancha yana daftarga muk tushdi.

«Bugun yarim kechada eshik qoʻngʻirogʻining ketma-ket jiringlashidan uygʻonib ketdim. Oʻgʻilcham ham qoʻrqib, baqirib yubordi. Asta ochsam yangi qoʻshnimning eri. «Sizda insof bormi-yoʻqmi» deydi oʻdagʻaylab. «Nima gap? – dedim yuragim tez-tez urgancha. – Nima boʻldi?» «Uyni suvga toʻldirib yubordingiz-ku, axir. Yotayotganingizda bundoq u yoq, bu yoqqa qaramaysizmi?» deydi.

Kvartiramiz oshxonasi joʻmragi anchadan beri buzuq edi, suv tomardi. Oʻlsin, kechalari ham chakillab odamning gʻashiga tegardi. Toʻrtinchi qavatga zoʻrgʻa chiqadigan suv kuchayib, polga, keyin qoʻshninikiga oqib tushibdi.

Qoʻshnimning dagʻdagʻasi oʻgʻlimga ham, menga ham yomon ta’sir qildi. Ona-bola toʻyib-toʻyib yigʻladik. Ehtimol uyimizda erkak kishi boʻlganida shu qurib ketgur joʻmrakni tuzatib qoʻyardi. Birovga xafa qildirmasdi. 24 may».

Port diktorining ovozi Sodiqni hushyor torttirdi. U kutgan teploxod kelardi. Qirgʻoqdan yogʻoch yoʻlakka tushdi-da turistlarga qoʻshilib, kema ichkarisiga kirdi. Kayutasi birinchi qavatda ekan. Zina bilan pastga tushdi. Kayutaning kosa ogʻzidek dumaloq teshigi daryo suvidan xiyol yuqori boʻlib, undan yaqin atrofdagi kemalarning quyi qismi koʻzga tashlanardi.

Sodiq «Obbo, bizning joyimiz suvning ostida ekan-ku», – deb oʻylab turgandi, radiokarnaydan ovoz eshitilib qoldi:
– Qaytaraman. Kimda-kim vokzalda chemodanini almashtirgan boʻlsa, markaziy foyega chiqsin.

Sodiqning koʻzi dastlab oʻz chamadoniga tushdi. Soʻngra uning yonida turgan 23-25 yoshlar chamasidagi ayolga. Uning sochlari orqasiga ixcham turmaklangan, dumaloq, qoracha chehrasida oʻychanlik alomatlari bor edi.
– Salom, – dedi Sodiq ayolning oldiga asta borib. – Mening chamadonimni siz olganmidingiz?

Ayol bilinar-bilinmas jilmaydi:
– Yoʻq, men emas, siz.

Ular kulib yuborishdi. Sodiq esladiki, poezdning ikki vagonida shu teploxodda sayr qilishga kelayotgan turistlar bor edi. Poezd manziliga yetganida u bir necha chamadonni yerga tushirishga yordamlashgandi. Shunda oʻziniki qolib oʻxshashini koʻtarib ketaveribdi-da.
– Folbin ekansiz, – dedi Sodiq kulishdan toʻxtagach. – Qoyil-ey.

Ayolning chehrasi darrov jiddiy tus oldi:
– Narsalaringiz joyidamikan, qarab olsangiz.

Begona yigitning oʻziga tikilib turganini koʻrib ayol gapni qisqa qildi.
– Chamadon uchun rahmat. Xayr.
– Sizga ham.

Ayol ortiga bir qaradi-da, indamadi.

Sodiq teploxodning yoʻlagi eshigini ochib, tashqariga chiqdi. Yuziga izgʻirin shabada urildi. Endi u negadir sovqotmas, boyagi ayol nimasi bilandir xotinini eslatganidan parishon edi. Buning ustiga begona ayolning daftarini oʻqib, uni oʻz koʻngliga yaqin bilib qolganini payqadi.

Kema ortidan gala-gala chagʻalaylar ergashib uchar, sayyohlarning otgan yemishlarini havodayoq tutib olardi.

Bir ozdan keyin palubada raqs boshlandi. Baland boʻyli xipcha yigit bir qiz bilan allaqanday raqsga chunonam tushdiki, bu boshqalarda ham zavq uygʻotib, juft-juft aylanib ketishdi. Sodiq yigitlarning biri boyagi ayolni raqsga taklif etayotganini oyna ortidan koʻrib turardi. Ayol aftidan rad etib nari ketdi.

Ertasiga tushga yaqin teploxod oʻrmon yonida toʻxtadi. Hamma qirgʻoqqa tushgach, yashil daraxtlar oralab ketdi. Sodiqning koʻzlari kechagi ayolni axtarib topdi. «Ismi nimaydi, – oʻyladi. – Xosiyat. Kundaligida koʻzi tushgandi».

Shuni esladiyu, birdan xijolat chekdi. Ruxsatsiz birovning daftarini oʻqib oʻtiribdi-ya. Qanchalik farosatsizlik.

Yigit bir dasta gul koʻtarib, tashqariga chiqar ekan, Xosiyatning paluba chetida engak tirab xayol surayotganini koʻrdi.
– Bu sizga, – dedi u guldastani uzatayotib. Keyin uning yoʻq olmayman, deyishidan qoʻrqib darrov qoʻshib qoʻydi. – Chamadonimni topib berganingiz uchun.
– Rahmat, – dedi Xosiyat yigitga boqmay guldastani olarkan.
– Tushmadingiz. Biz tabiat moʻ‘jizasini koʻrdik. Agar rassom boʻlganimda uni chizardim.
– Kimsiz boʻlmasa? – Xosiyat yigitga yarim oʻgirildi.
– Agronom. Sizchi?
– Ana xolos. – Xosiyat suhbatdoshi tomon butunlay oʻgirildi, chehrasi yorishdi. – Tanishishning xoʻp noyob yoʻlini topdingiz-ku.

Agar Sodiqdan boshqa odam boʻlganida ayolning bu gapidan ranjib nari ketardi. Sodiq uning ahvolini tushungani uchun koʻngliga olmadi:
– Nima qipti. Men masalan, odamning bir-biri bilan tanishishidan hech qanday yomon narsani koʻrmayman.

Xosiyat qoshlarini chimirib indamay qoldi.
– Mayli, – dedi bir ozdan soʻng shikasta ovozda. – Ayta qolay. Ismim – Xosiyat. Vrachman. Boʻldimi? Yoki tarjimai holimni toʻla gapirib beraymi?
– Kerak emas, aslida biz vokzaldayoq tanishib olgan ekanmiz.

Kulishdi. Oʻrtadagi noqulaylik koʻtarilgandek edi.

Sayohat tugay deb qolganida Sodiq Xosiyatni sayrga taklif qildi.
– Mayli,– dedi ayol, – faqat yarim soatcha.

Ular qaragʻayzorning xushboʻy hididan mast boʻlib oʻrmon aylanishdi. Oʻrmonga oftob nuri tushmas, atrof salqin edi. Ular sayxonlikka chiqishganda kichik anhorga duch kelishdi.
– Sakrang, – dedi Sodiq qulochini kerib. – Qoʻrqmang, sakrang.

Xosiyat boshini sarak-sarak qildi.
– Kerak emas, ketamiz.
– Sakrang, keyin sizga ajoyib manzarani koʻrsataman.
– Nima ekan u?
– Avval sakrang-da, keyin koʻrasiz.

Xosiyat orqasiga bir-ikki qadam tashladi. Soʻngra yugurib kelib sakradi. Sakradiyu, oʻzini yigitning quchogʻida koʻrdi. Sodiq ayolning yoqimli atir hididan oʻzini sarxush sezar, yuragi tez-tez urardi. Xosiyat kiprik qoqquncha lahza jimgina turdiyu, keyin yigit bagʻridan yulqinib chiqib, nari ketdi.
– Bu yoqqa qarang, – dedi Sodiq oʻrtadagi noqulaylikni buzib. – Biz suzgan daryo oppoq desak koʻm-koʻk ekan-ku.

Ular oʻrmonda aylanib yurib, yana daryo koʻrinadigan sayxonlikdan chiqib qolishgan edi.

Xosiyatning koʻzlari yonib ketdi.
– Olisdan juda chiroyli ekan-a?

Shunday deb yigitga qaragandi, Sodiqning oʻziga tikilib turganini koʻrib, qizarib ketdi.

Ular ancha baland oʻrmonzorlar osha ufqqa botayotgan quyoshga boqishardi. Quyosh olov yonayotgan tandir misol qizarib botardi.
– Ertaga havo ochiq boʻladi, – dedi Sodiq ufqdan koʻz uzmay.
– Sayohatimiz oftobli kunlarda oʻtdi. – Xosiyatning gap ohangida ilgari Sodiq sezmagan hayotdan mamnunlik alomatlari bor edi. U suhbatdoshiga ochiq chehralik bilan nazar tashladi.

Teploxod manziliga qaytgach, ularning yoʻli ayro tushdi. Sodiq agronom sifatida xorijiy koʻrgazmada uch-toʻrt kun boʻlishi, oʻzi yetishtirgan sabzavot urugʻliklarini namoyish etishi kerak edi.
– Mayli desangiz, xat yozishib tursak, – dedi Sodiq.

Xosiyat biroz oʻylangach, yerga qarab javob qaytardi:
– Men xatni kecha yozib qoʻyganman, faqat bitta shartim bor. Hozir oʻqimaysiz. – U yigitga koʻk konvert tutqazdi. – Endi xayr, samolyotdan kechikaman.

Sodiq Xosiyatni kuzatib qoʻydiyu, sabri chidamay aeroportdagi oʻrindiqqa choʻkib konvertni ochdi. Katak daftarning oʻrtasidan olingan ikki varaq qogʻozda dona-dona quyidagi yozuvlar bitilgandi:

«Hurmatli Sodiq aka!

Ehtimol siz safar davomida boʻlgan suhbatimizdan sezgandirsiz. Men birinchi muhabbati toptalgan odamman. Erim xiyonat qilgan.

Bir marta ogʻzing kuyganidan keyin qatiqni ham puflab icharkansan. Lekin taqdir meni ikkinchi marta aldagandan keyin odamlarga ishonchim yoʻqolayozdi. Birga ishlaydigan T.ismli yigit koʻnglimni ovlamoqchi boʻldi. Rostini aytay, u menga ham yoqardi. Kelishgan, xushmuomila. Nihoyat oʻgʻlim ota mehrisiz oʻsmaydigan boʻldi, deb oʻylardim. Bekorlarni oʻylagan ekanman.

Bir kuni yozuv-chizuvlarim koʻpayib, ishxonamda kech qolib ketdim. «Mumkinmi?» deb xonaga Turgʻun kirib keldi. «Keling» – dedim hurmati uchun oʻrnimdan turib. Uning ogʻzidan aroq hidi anqirdi. Bir-ikki poyma-poy gaplar aytgach, menga xiralik qildi. Qurib ketgurning (ha, endi shunday deyman) menga qilayotgan hamma mehribonchiliklari, xushmuomilaliklari qabih niyatini amalga oshirish uchun ekan.

Yuziga tarsaki tortib yubordim. Chiqib ketgach, oʻtirvolib yum-yum yigʻladim.

Tavba, ba’zi erkaklarga xayronsan: beva ayollarning izzat-hurmati yoʻq deb oʻylashadi. Qarmoq tashlab, ilintirgilari keladi. Bundaylarga na iljayib boʻladi, na koʻproq gaplashib. Nahotki biz bevalarni poklik bilan xiyonatning, rostgoʻylik bilan aldamchilikning farqiga bormaydilar, deb oʻylashadi. Nahotki biz ham yorugʻ dunyoga halol yashash uchun kelganimizni bilishmasa? Goʻyoki beva – barglar orasiga yashiringan yolgʻiz olma. Hamma unga kesak otib tushirib, yegisi keladi.

Sodiq aka!

Siz bir kun menga hazillashib, folbin ekansiz, degandingiz. Yoʻq, folbin emasligim uchun ham men sodda ikki marta yanglishdim.

Gaplarimni koʻnglingizga qattiq olmang. Balki siz oʻshanday erkaklardan emasdirsiz. Balki siz ham haqiqatan xotiningizdan ayrilgan, meni sevgan boʻlishingiz mumkin. Men bilan ham yaxshi niyatda tanishgandirsiz. Bunga shuning uchun ham ishongim keladiki, siz men bilan boʻlgan olis safarda ham oʻzingizni chin erkakdek tutdingiz (Aslida har kim safarda boʻlganida sinaladi). Lekin men baribir oʻshanda aytgan taklifingizga qoʻshilolmayman. Qoʻrqaman. Bevalar ikkinchi marta yanglishishi mumkin emas. Men esa shuncha yanglishdim. Endi yolgʻiz oʻtaman.

Siz menga hadya qilgan baxtli, oftobli kunlar uchun rahmat, olgan tuprogʻingiz oltin boʻlsin. Sizga birdan-bir istagim shu: oʻzingizga munosib jufti halolingizni toping. Bunga ishonaman. Xosiyat».

Sodiq oʻyga toldi. Keyin xatni konvertga solaturib, uy manzilgohi yozilmaganini payqadi.

Shamol hamon oʻrindiqda xayol surib oʻtirgan Sodiqning oyogʻiga qaerdandir bir parcha gazeta boʻlagini olib kelib urdi. Beixtiyor razm soldi. Unda katta-katta harflar bilan ayol va erkaklarning oʻzlariga yostiqdosh qidirayotganliklari, ular necha yoshda, qanday xarakterda boʻlishlari kerakligi ma’lum qilingandi. Sodiq bu e’londan kulishini ham, achchiqlanishini ham bilmay oʻrnidan turdi.

Shuvillab yomgʻir yogʻa boshladi.