OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdusattor Hotamov
Asar nomiQush uyasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abdusattor Hotamov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qush uyasi (hikoya)
Abdusattor Hotamov

Anvar yotoqxonaga qadam bosib, kiyimini almashtirarkan, koʻngli gʻashlandi. Yuragiga qorongʻilik bostirib kirib, jonsizdek oʻzini divanga tashladi. Atrofga ma’nosiz boqdi. Karavotning oyogʻida xotinining selon xalati taxlogʻliq. Toʻrtta yostiq ikkitadan qilinib, karavot boshiga qoʻyilibdi. Zulayho yostiqlarning bir uchini puchuq qilib turgʻizib, ustiga toʻr yopib qoʻyardi. Oʻgʻilchasining ilgichdagi kiyimlarini koʻrib, bir entikib qoʻydi. Ravshanni sogʻinib ketdi. Koʻz oldida Zulayho ketayotganida qoʻlida indamay javdirab borayotgan oʻgʻilchasi paydo boʻldi.

Eshik gʻiyq etib ochildi.
– Bolam, ovqatingni olib kelaveraymi?

Anvar salom berdi. Ona oʻgʻli chehrasiga ma’yusgina razm soldi. Soqolini bugun olmagan shekilli, oʻsib ketibdi. Koʻzlari kirtaygandek.
– Men hozir, yuvinib kelay, – dedi u.

Ona sassiz yurib, karavot oyoq tomonida turgan stulga choʻkdi. Bu bilan oʻgʻlida muhim gapi borligini, boshqa aytmay chidab turolmasligini bildirgandek edi. Yigit hozir koʻngilsiz hodisa yuz berishini sezgandek jimgina yerga qaradi. Lekin turib ketgisi ham kelmadi.
– Borib kelasanmi-a, bolam?

Anvar yalt etib onasiga boqdi.
– Qayoqqa?
– Xotiningnikiga-da.
– Nima, men uni haydabmanmi? Oʻzi ketdi.
– Qars ikki qoʻldan. Biringdan oʻtganini biring kechir. Axir oila murosa bilan.
– Siz meni tushuning, oyi. U notoʻgʻri ish qilyapti. Noqonuniy mollarni sotayapti. Shuni qilmagin dedim, xolos.
– Ikkinchi qilmas. Guldek bolangni oʻyla.
– Men kelmasin deyapmanmi? – ovozini pasaytirdi Anvar.
– Onamning qoʻli kosov, sochi supurgi boʻlmasin desang borib, olib kelasan.
– Yoʻq, bormayman. Odamni qiynamang, oyi.
– Oʻt-beting kamayib qoladimi? Yo mansabingdan tushib qolasanmi?! – Ona ovozida titroq sezildi-da, yigʻlab yubordi. Keng yengiga koʻz yoshini arta turib dedi:
– Sen ham mendek boʻlgin, kelin tushirgin, keyin bilasan. Ungacha otdan tushsang ham egardan tushmaysan. Ne hasratda katta qilib koʻrgan rohatim shumi?

Anvar yerga qaragancha indamay qoldi. Onasiga oson emas. Erta tongda sigir ostini tozalaydi, sogʻadi, yem beradi. Uyni supurish, sidirish, hovli... Ishlagandan battar, yoshi esa oʻtib qolgan.

Yigit oʻrnidan turib shaxt bilan deraza pardalarini chetga surib tashladi. Oyna qoʻsh tabaqasini taraqlatib ochdi. Ichkariga huzurbaxsh shabboda kirdi. Keyin gʻiychillatib yana divanga kelib oʻtirdi.

Ona burnini tortib-tortib, piq-piq yigʻlagach, nursiz koʻzlarini chetga olib qochdi:
– Mayli, unda oʻzing bilasan, bolam.

Anvar onasining yuziga qaradiyu, birdan uning ancha qarib qolganligini his qildi. Koʻzlari atrofida ajin koʻpayibdi. Oppoq sochlari siyraklashibdi. Shundoq ham kichik gavdasi mushdekkina boʻlgandek.

Eri vafot etgach, shu miqti ayol hayot deyilgan ulkan sinovning barcha qiyinchiliklariga bardosh berdi. Oʻgʻlini oq yuvib, oq taradi. Boshqalar oldida oʻksimasin deb maktabda farroshlik qildi, uyda sigir boqdi, novvoychilik qildi. Mana endi shu alpozda katta qilgan oʻgʻli bir ogʻiz soʻzini qaytarib oʻtiribdi.
– Mayli, – dedi Anvar birozdan soʻng, – borsam ham faqat sizning hurmatingiz uchun boraman.

U mashinasini bir-biriga oʻxshash koʻchalardan asta yurgizib borarkan, onasi deb oʻz sha’niga yaxshi ish qilmayotganini, xotininikiga aybsiz aybdor boʻlib ketayotganini sezib, boshi qotardi.

* * *

Hovlidagi karavotda sabzi toʻgʻrayotgan qaynonasi oʻzi tomon engashgan kuyoviga tizzalab oʻtirganicha keling, dediyu, qoʻlining uchi bilan yelkasiga bir-ikki qoqib qoʻydi. Keyin oshxonada uymalashib yurgan qiziga, Zalohat, koʻrpacha olib chiq, pochchangga, deb baqirdi. Anvar hovli oʻrtasida qaqqayib turib, atrofga qaradi. Peshayvonning deraza, eshiklari boʻyoqlari oʻchib ketgan, tsement zinaning gʻishtlari koʻchib yotibdi. Hovlini qoʻshni uy bilan ajratgan devor tagini yomgʻir yuvib ketmasligi uchun qachonlardir qoʻyilgan tunukalar hali olinmabdi. Halol boʻlmagani uchun doʻkondor qaynotasi topish-tutishining mazasi yoʻqligi rostga oʻxshaydi.

Zalohat peshayvon zinasidan koʻrpacha koʻtarib tushayotib voy-voylab yubordi.
– Ha, nima boʻldi? – dedi onasi ishini toʻxtatib. Bu orada Anvar oyogʻi qayrilib, koʻrpacha bilan dumalab yotgan qaynisinglisini turgʻizib qoʻydi. Zalohat javob oʻrniga voy-voylardi.
– Uquvsiz qiz! – Koyib koʻrpacha solardi qaynona. – Qachon odam boʻlasan, bilmayman. Shuni ham eplab olib chiqolmading.

Bu gaplar yigitga aytilayotganday ogʻir botsa-da, u iltifot kutmay, karavot chekkasiga choʻkkalay qoldi. Zulayho ham, Ravshan ham koʻrinmasdi. Koʻngli battar gʻashlandi.
– Zulayho qani? – dedi nihoyat qaynonasiga jur’atsizgina.
– Ha, olib ketgani keldingizmi?
– Endi... gaplashib olsak degandim.
– Nima, janjallaringning hali chalasi bormidi?

Anvar ikkilanib qoldi. Xotini boʻlgan voqeani aytganmi, yoʻqmi? Shuning uchun indamadi. Qaynonasi davom etdi:
– Boʻlmasa ketidan qorovullik qilmang. Unaqa ishonmas ekansiz, pulingiz koʻp boʻlsa, uyda oʻtirsin. Odamlardek kiydiring, yediring. Lekin zamondan orqada qolmasin.

Anvar bildiki, Zulayho boʻlgan voqeani aytmagan, boshqa narsa degan. Nega? Qilmishidan afsuslanib, gapning chuvalishini xohlamadimi yoki eri uni yaxshi koʻrib rashk qilishini ma’lum darajada bildirmoqchi boʻldimi?

Ichkari uydan zarhal rang shippak sudrab, Zulayho chiqib keldi. Eriga koʻz qirini tashlab, sekingina salom berib oʻtdi. Boyadan beri jildirab turgan vodoprovod suvini kattaroq ochib, tagidan yosh bola ishtonini chaya boshladi. Demak, Ravshanni uxlatib chiqibdi.
– Hech kim unga qorovullik qilayotgani yoʻq. – Anvar bu yerga kelib yanglishganini sezdi. – Faqat toʻgʻri boʻlsin deyapman, xolos.
– Nima, bitta-yarimta bilan gaplashib yurganini koʻrdingizmi-a? – Qaynonasi sabzi taxtani taq etkazib chetga uloqtirdi.

Yigit ochiq aytolmadi. Qaynonasi bu vaziyatda baribir qizining yoninini olishini sezib turardi. «Balki yanglishayotgandirman, – oʻyladi Anvar. – Dunyoda tuhmatdan yomon narsa yoʻq. Agarda bu er-xotin oʻrtasida boʻlsa, oilaga ketgan darzga davo topilmas».
– Xoʻp mayli, – dedi yigit oʻrnidan ogʻir turarkan. Boya uning bir yelkasida yuk boʻlsa endi ikki yelkasidagi yuk gavdasini tobora yerga bosib borardi. – Ketasizlarmi, Zulayho?

Zulayho qoʻlidagi oʻgʻlining siqib, arqondek boʻlib ketgan ishtonini tutgancha, indamay onasiga qaradi.
– Ketavering, – dedi onasi. – Shu ham turmush boʻldi-yu!

Anvar Zulayhoga umid bilan boqdi. U esa koʻzini olib qochdi.

* * *

– Oʻgʻlim, bu nimaykin? – dedi Nozima xola bir parcha qogʻozni kechki ovqatdan soʻng oʻgʻliga uzatarkan. – Pochtachi tashlab ketdi.

Oʻqib koʻrsa, Zulayho nomiga sudga chaqiruv. Yuragi «shigʻ» etib ketdi. Biror ayb qilibdimi yoki yanglish kelganmi? Unda nima uchun uy manzili, ism-familiyasi toʻgʻri? Bitta-yarimta ishga guvohlikkami?
– Ha, – dedi onasi uning jim qolganidan, – kelishingdan sezgandim. Oʻt-beting ogʻriyaptimi?
– Yoʻq, bugun juda charchadim. Choy bormi?
– Hozir, – U tizzalariga ikki qoʻlini tirab oʻrnidan turdi-da, hovliga chiqib ketdi. Anvar onasiga achindi. Oʻgʻil oʻstirishning rohatimi bu? Zulayhoning haq gap uchun ketib, hanuzgacha qaytmaganiga jahli chiqdi. Buning ustiga chaqiruv qogʻozi. Xayolida birdan oʻzining tugʻilgan kunidagi qimmatbaho koʻylak, goʻshtu qaymoq, sariyoqqa toʻla xolodilnik, qoʻshni ayolning unga «Xotiningiz menga ham yangi koʻylaklardan olib kelsin» degani keldiyu, ichida bir narsa uzilib ketgandek boʻldi.
– Yaxshi qaynasin, – dedi Nozima xola joyiga inqillab kelib oʻtirarkan. – Aytganday, boyagi qogʻoz nimaykan?
– Bu, bolalarning ishi, oyi. Hazil qilib tashlab ketishibdi-da.

Soʻng sabri chidamadi. Oʻrnidan turib kiyina boshladi.
– Zulayhoni olib kelaman.
– Voy, qayoqdan kun chiqdi, bolam?

* * *

Zulayho peshayvonda Ravshanni oyoqlari orasiga olib, singlisi bilan televizor koʻrib oʻtirgan ekan. Ota-onasi qayoqqadir ketishibdi. Anvarni koʻrib oʻrnidan turdi. Salom berdi. Singlisi koʻrpacha olib chiqib soldi.
– Qani ketdikmi? – dedi yigit turganicha xotiniga tikilarkan. U Zulayhoning yuzi olqindidek boʻlib qolgani, uyqusizlikdan qizargan koʻzlari kirtayganligini payqadi. Oʻgʻli esa qoʻlida hamon pishillab uxlardi.
– Uyda hech kim yoʻq-ku, kelishsin.
– Yoʻq, ketsangiz hozir ketasiz, boʻlmasa boshqa kelmayman.
– Zalo, – dedi Zulayho singlisiga erining avzoyi buzuqligini sezib, – oʻrtogʻingni chaqirib chiqib oʻtir. Biz boraqolaylik.

Anvar mashinaga shasht bilan gaz berib, joyidan chiyillatib haydab ketdi. Bir-birini kesib oʻtgan koʻchalardan chiqqach, katta yoʻlga yetdi-da, mashinani yeldek uchirdi. Orqada Ravshanni bagʻriga bosib oʻtirgan Zulayho old oʻrindiq suyanchigʻiga oʻng qoʻlini tirab olgan, yonidan oʻtayotgan mashinalarning «gʻuv-gʻuv»i va shamolidan beixtiyor koʻzini yumardi. Birdan Anvarning mashinasi oldiga qattiq signal berib,oq «lyuks» «Jiguli» lip etib tushib oldi. Ikki mashina oraligʻi unchalik katta emasdi. Quvib oʻtgan «lyuks» orqa oʻrindigʻida oʻtirgan ikki yigit mast boʻlsa kerak, yetib boʻpsan, deb dam Anvarga tillarini chiqarar, dam Zulayhoga kaftlarini oʻpib koʻrsatardi. Shusiz ham tutoqib kelayotgan Anvar rulga mushukdek yopishib olganicha, tezlikni yanada oshirar, gʻazab bilan eshitilar-eshitilmas, ahmoq, maraz, deb qoʻyardi. Unga sari boyagi yigitlar xaxolab kulishar, dam unisi, dam bunisi engashib, ruldagi oʻrtogʻiga gapini ma’qullardi.

Oldindagi mashina biroz sekinlashdi. Anvar quvib oʻtish belgisini ham yoqmay mashinasini keskin chapga burib, tezlikni oshirdi. Oldindagi mashina shu zahotiyoq yoʻl bermay oʻrtaga tushib, tezlikni pasaytirdi.
– Qoʻying, sekinroq yuring, – dedi Zulayho siniq tovushda. – Ular ichib olganga oʻxshaydi. Biron falokat boʻlmasin.
– Yaramaslar, mayna qilishni koʻrsatib qoʻyaman senlarga!

Anvar keyingi paytda ishi yurishmayotgani, xotini bilan janjallashib qolganligi, buning ustiga boyagi chaqiruv qogʻozi tufayli yuragida tugʻilgan tashvish va gumonlardan boshi aylanar, hamma alamini hozir oldindagi mashinadagilardan olmoqchidek edi. Tartibbuzarlar chalgʻidi shekilli, «lyuks» odatdagi oʻng tarafdan yura boshladi. Bundan foydalanmoqchi boʻlgan Anvar tezlikni oshirib, quvib oʻtishga kirishdi. Olisdan lapanglab «KrAZ» koʻrindi. Yigit yana gazni bosdi. Shu payt «lyuks» ham tezlikni oshirdi. «KrAZ» va Anvar mashinasi orasidagi masofa tobora qisqarib borar, bir necha daqiqadan keyin dahshatli hodisa sodir boʻladigandek edi. Buni koʻrib kelayotgan Zulayho birdan baqirib yubordi. Qoʻlidagi Ravshan titrab uygʻonib ketdi. Anvarning yodiga mashinasida xotini, bolasi borligi tushdi. Hozir ularning avtomobili ulkan «KrAZ»ga urilib, pachaq-pachaq boʻlib ketishini his etdi va tormozni bosib, rulni oʻngga shasht bilan burib yubordi. Gʻildiraklarning chiyillashi yuraklarni larzaga soldi.

Anvar oʻrindigʻi ortiga bir narsa doʻq etib tekkanini sezdi. Keyin esa koʻz oldi qorongʻilashib nima boʻlganini bilmay qoldi. Bir vaqt rul chambaragidan bosh koʻtarib orqasiga qarasa, xotini oʻgʻlini mahkam quchoqlagancha, ikki oʻrindiq orasidagi chuqurlikda gʻujanak boʻlib yotibdi. Yigit eshikni yelkasi bilan turtib ochdi-da, nariroqda, koʻcha chekkasida oqib turgan vodoprovod suvidan hovuchlab olib kelib avval Zulayhoga, keyin Ravshanga sepdi. Xotinini oʻrindiqqa suyab oʻtqazgach, oʻgʻlini koʻtarib oldi. Zulayho koʻzini ochgan boʻlsa ham tez-tez nafas olar, sochlari yoyilib ketgan, Ravshan endi chinqirib yigʻlar edi.
– Bolani nima qildingiz? – dedi Zulayho birozdan keyin xirillab. – Oling bu yoqqa!

U Ravshanni titrab qoʻliga olarkan, eriga oʻqrayib tikildi:
– Nima, ajalimizdan besh kun burun oʻldirmoqchimidingiz?

Anvar indamay orqa eshikni yopdi. Vodoprovoddan yuz-qoʻlini yuvib kelgach, yoʻl chekkasiga chiqib qolgan mashinasi atrofini aylandi. Loaqal chiziq ham yoʻq. Demak, vaqtida tormoz berib qolibdi. «Lyuks» tezligi oʻsha paytda soatiga yuzdan kam boʻlmabdi. Yaxshiyamki, orqadan mashina kelmayotgan ekan, aks holda nima boʻlardi? Oʻgʻli, xotini unga shunday qovoq solib turisharmidi?

* * *

Zulayho nega bunday yoʻlga kirdi ekan? Oʻylagan sari buning sababi oydinlashar, bu fojia yuz berishida Zulayhoninggina emas, balki oʻzining ham aybi borligini anglab borardi. Koʻz oʻngidan xotinining hafta, oʻn kunda yangi koʻylak kiyishi, Olimjon akam yaxshilar, deb mudirni maqtagani, muzlatgichning doimo goʻsht-yogʻga liq-liq toʻlib turishi birma-bir oʻta boshladi. Oʻzi tugʻilgan kunida Zulayho nihoyatda qimmat kostyum-shim sovgʻa qilganida Anvar «Qaerdan oldingiz?» deb soʻraganida, xotini sirli jilmayib, «Uzumini yengu bogʻini surishtirmang» deb javob qaytarganida indamadi, qaytangga xursand boʻlib kiyib oldi.

Faqat ish bilan boʻlib xotinining orzu-istagi, hayotidan deyarli xabardor boʻlolmadi. Kino-teatr degan narsalarni unutib yubordi. Zulayho dugonalaridan eshitib kelib, falon joyda yaxshi film yoki teatr qoʻyilayotgan ekan, desa, «qaysi vaqtda boramiz?» deb qoʻyardi. Qarindosh-uruqqa ham onda-sonda aralashishardi. Ana shu paytlarda xotini qayoqlarda yurdi ekan?

Hovlida qushlar chugʻurladi. Bu, yozning qaynoq, yangi kuni boshlanayotganidan darak edi.

* * *

Anvar bir paytlar – uylanmasidan avval boʻlajak xotinini boshqacha tasavvur qilgandi. Hayotida esa oʻzgacha boʻlib chiqdi, toʻgʻrirogʻi, Zulayhoning ilk koʻrinishi tasavvuridek esa-da, dunyoqarashi, tabiati, e, buyogʻini aytsa, oʻzini tutishi boʻlakcha edi. U har narsaga shaxsiy manfaat olish niyatida qarar, bu dunyoda yashab qol, qabilida hayot kechirar, mayda-chuyda, lekin ortidan koʻp tashvishlar keltiradigan ishlarga beparvo qarardi. Umrini oʻqituvchilikdek yozuv-chizuvlik ishiga bagʻishlagan Anvarga aslida xotinining bunday tabiati yoqmasa-da, lekin yuragining bir chekkasidan balki Zulayho toʻgʻri oʻylayotgandir, baribir zoʻr yashash kerak, axir odam dunyoga faqat bir marta keladi-ku, degan oʻy yilt etib oʻtardi. Birozdan soʻng uyqudan uygʻongan misol seskanardi-da hushyor tortardi va ... xayolida bir paytlar orzulagan oʻsha yostiqdoshi paydo boʻlardi.

Nozik-nihol, dumaloq oq koʻzli sirgʻa taqqan parimisol qiz aytardi:
– Men sizni ikki chaqnoq koʻzlarimga joyladim,

Koʻzlarim qoraligi, zeboligi shu sabab.

Anvar misralardagi yigitni oʻzi deb tasavvur qilar, goʻyo roʻparasidan sohibjamol – boʻlajak xotini chiqib kelardi. Yigit qalbi esa ilk bahor quyoshida erigan muz kabi shaffof suvga aylanib, dunyoqarashi oʻziga mos, kasbi, yurak tuygʻularini tushunadigan ma’naviy maslakdoshiga yetganidan olam-olam huzur topgandek edi.

«Yuring, olis-olislarga ketaylik, toki yolgʻiz-yolgʻiz suhbatlashib bir-birimizga toʻyaylik». Bu – yigitning ovozi.

«Oh, qani edi iloji boʻlsa. Sokinlikni biram sogʻinganmanki... Atrofda chirildoqlar chirillasa, faqat ikkimizning qadam tovushimiz eshitilsa. Qadam tovushimiz ham emas, nafas olishimiz eshitilsa...» Buni oʻsha qiz aytardi.

«Boʻlmasa ketdikmi?».

«Ketdik!».

Qoʻl ushlashib oʻrkach-oʻrkach togʻlar tomon yurishadi. Qoyalarga yetib borishmoqchi. Ular ketaverishadi, togʻlar orqaga chekinaveradi, chekinaveradi. Toʻxtashsa, toʻxtaydi. Xuddi oʻzlariga oʻxshaydi – tozayam oʻjar. Lekin pok niyatlilarga togʻlar baribir bagʻrini ochadi.

Yoʻllarida soylar, sarhadlar koʻp. Dalalardagi koʻm-koʻk oʻt-oʻlanlar tizzaga urilib yotibdi. Har odim tashlashganda shudring marvariddek duv toʻkiladi.

Suhbatlari sira tugamaydi, gaplari gaplariga ulanaveradi.

«Insondagi eng yaxshi fazilat nima?» soʻraydi yigit.

Qiz biroz oʻylanib deydi: »Meni sinamoqchimidingiz? Avval oʻzingiz ayting-chi».

«Muhabbat va sadoqat!»

«Koʻnglimdagini topdingiz, Anvar aka».

«Faqat bu, bilasiz, keng qamrovli tushuncha. Insonga, oilaga, Vatanga muhabbat va sadoqat. Atrofimizda chin insonlar koʻp. Shu bilan birga men orzulayman: agar iqtidorim boʻlsa edi, ba’zi insonlardagi jami tuban illatlarni topa oladigan kompyuter oʻylab chiqardim. Toki har bir kishi aldov va xiyonatdan ogoh boʻlsin, halol va pokiza yashasin».

«Anvar aka, bir kun kelib niyatlaringiz ham ushalar. Balki oʻquvchilaringiz ixtiro qilar oʻsha kompyuterni. Lekin agar odamlarning oʻzi sadoqatli, vafodor boʻlmasa, xilvatu qorongʻuliklarda ogʻir gunohlar qilaversa undaylarning illatlarga toʻla yuragini oʻrganishdan nima foyda? Sizu bizga oʻxshagan ustozlar avvalo bolalarni chin inson etib tarbiyalashimiz kerak emasmi?»

«...»

«Fikrimga qoʻshildingiz, shekilli, Anvar aka?»

«Ha, toʻgʻri gap. Lekin bilasizmi, dunyo yaralibdiki, xiyonat va nafs ustunlik qilish uchun sadoqat, vijdon, pokizalik bilan hamma vaqt olishib keladi. Afsus, bazan halol va soddadil odamlar iblislarning makkor xiylalari qurboni boʻlgan. Ishonasizmi, bu shaytoniy talvasalarning ortida tirjayganicha sovuq basharali aldov turadi. Hamma gunohlarga kimlargadir arzimasdek, hatto beozor tuyulgan ana shu aldov yetaklab boradi».

Yigit shunday deb oʻychan turib qoldi, keyin qizning qoʻngʻiroqdek ovozidan sergaklandi:

«Qaytdik, Anvarjon aka, qaytdik!»

* * *

Anvar uygʻonganida allaqachon quyosh chiqqan, tok soʻrisida chugʻurchiqlar gʻujgʻon oʻynar, yozning yoqimli shabadasi deraza toʻrpardalarini bilinar-bilinmas silkitardi. Stulga taxlab qoʻyilgan koʻylak, shimlarini koʻrib, baxtiyor kuyovlik davrini esladi. Orzular, orzular, ezgu orzular... Bolalik boʻlib, ularni tarbiyalash, tomorqalarida bogʻ barpo qilish, oʻgʻil-qizlarini oʻz sigirlaridan sogʻilgan orzulari kabi oppoq, qaynoq sut bilan boqish, halol mehnatlari ortidan roʻzgʻor tebratish... Afsus, oʻtgan umrni qaytarib boʻlmaydi, lekin hali ham kech emas.

Oʻychan kiyinib, yuvindi, oshxonaga chiqib xontaxta yoniga choʻkdi. Eshik gʻiyqillab ochilib, yupqa, harir roʻmoli ikki uchini yelkalari osha tashlagan onasi kirib keldi. Chehrasi yorishgan, hatto yoshargandek.
– Bolam, xotining maktabga ishga ketgan, zora endi ishlab qolsa, – dedi u, keyin oʻgʻliga bir qarab qoʻyib davom etdi. – Kecha sen yoʻgʻingda yigʻlab-yigʻlab dardini aytdi. Doʻkonning xoʻjayini hujjatsiz molni sotdirganini Zulayhodan surishtirishipti. Rosa tavbasiga tayanipti. Xoʻjayinini boʻlsa jazolashipti. Sen xotining bilan gaplashmayotganing uchun bularni menga oʻzi aytdi. Doʻkondan boʻshab, maktabga mehnatdan dars bergani borib kelayapti. Oʻzing ham xotining oʻqituvchi boʻlishini xohlaganding-ku, bolam.

Anvar turmushning koʻp achchiq tashvishlarini koʻrgan, roʻzgʻorning bor-yoʻgʻiga chidagan, lekin hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashmagan onasiga mehri battar oshib ketdi. Indamay choyini ichdi, birozdan keyin maktabga dars oʻtishga borishi kerak. Endi Zulayhoni har kuni oʻsha yerda uchratadi. Hatto yigʻilishda birga boʻladi. Balki uyga ham birga qaytishar.

Daf’atan uylanishi arafasidagi xayollarini esladi. Ular qoʻl ushlashib oʻrkach-oʻrkach togʻlar tomon borishar, orzu-oʻylarining chegarasi yoʻq edi. Endi niyatlariga ... togʻlarda emas, oʻz qishloqlarida yetishar. Buning uchun nima kerak?

Anvar ish papkasidan ruchka va oq qogʻoz oldi, katta-katta harflar bilan «Muhabbat va sadoqat» deb yozdi. Bular, albatta, keng ma’nodagi tushuncha, deb oʻyladi yana. Bu bitikni xonasi toʻriga ilib qoʻygisi keldi. Bugun oʻquvchilariga shu haqda soʻzlashni istadi. Va birdan koʻz oldida fidoyi onasi paydo boʻldi. Ana, jonli misol. Qush uyasida koʻrganini qilarkan.

Yigit oʻsha ikki soʻz ostiga hafsala bilan «Sizdan boshqa kimim bor, onajon?» deb yozdi. Keyin qogʻozni sumkasiga soldi. Koʻpaytirib, oʻquvchilarining hammasiga tarqatgisi keldi. Qoʻliga qayta olib, yana qaradi.

Ikki gap bir-biriga judayam yarashib turardi.