OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdusattor Hotamov
Asar nomiToʻyona (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abdusattor Hotamov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻyona (hikoya)
Abdusattor Hotamov

Odiljon qiz uzatadigan boʻldi. Kuyov keng yelkali, qoraqosh yigit ekan. U kuyovni uyiga taklif qildi, tanishdi. Mehmonxonaning toʻriga chiroyli stol yasatilib, boʻlajak qaynota va kuyov suhbat qurishdi.

Odiljon yigitning uyidagilari, institutda sirtdan oʻqishi, tuzukkina joyda ishlashidan xabar topdi. Ogʻir-vazmin, biroz tortinchoq yigit ekan. Qiziq, oʻyladi Odiljon, u meni «ada» dermikan? Keyin qizi bilan boʻlajak kuyovini yonma-yon tasavvur qildi. Nigora nozikkina, qorachadan kelgan. Oqqush misol yengil yuradi. Sevimli qizi bungacha ne-ne yigitlarga yoqqan, lekin endi kimlarningdir koʻzining oqu qorasini ham yoqtirmagan qizining toʻyi boʻladigan! Oʻzi xohlagan, oʻzi sevgan, balki oʻz koʻnglidagi barkamol yigitga turmushga chiqadigan boʻldi.

Er-xotin toʻy xarajatlarini chamalab, yengil tortishdi. Har qalay kuchlari yetarkan. Kimlarni aytishadi? Birma-bir roʻyxat tuzishdi. Sinfdoshlari ham qolib ketmadi. Birinchi toʻyning zavqi boshqacha boʻladi. Oʻn kun oldin toʻyga aytishni boshlashdi. Er yangi kostyum-shim, oq koʻylakda, xotin orzulab tiktirgan «pombarxt», asl charm tuflida «Tiko»da yoʻlga chiqishdi.

Mashina yeldek uchib borarkan, Odiljon sinfdoshi oʻzini qanday kutib olishini oʻylardi. Ancha yillar boʻldi koʻrishmaganiga. Novcha, ozgʻin Sherzod oʻzgarganmikan?

Nihoyat, tepalikdagi bir qavat oppoq bino oldiga kelib toʻxtashdi. Bu allaqanday ilmiy-tekshirish institutining tajriba xoʻjaligi ekan. Rahimjon ichkariga kirib, uzun yoʻlak boʻylab yurib toʻppa-toʻgʻri qabulxona oldidan chiqdi. Eshikni ochib, koʻzlari yashnab ketdi. Ichkari goʻyo gulxona, turfa rang oʻsimliklar yashnab turardi. Toʻgʻrida lablariga olcha rangini surgan, yasama kiprikli, zulflari oʻziga yarashgan, yigirma besh-oʻttiz yoshlardagi ayol choy hoʻplab oʻtirardi.
— Bormilar? — Odiljon «Sherzod» deyishga jazm qilolmadi. Otasining ismini esa bilmas, «vich, vich»lar goʻyo doʻstiga yarashmaganday edi.
— Sherzod Nabievich bandlar, — dedi kotiba uni oʻtirishga taklif etib. Soʻng yaltiroq piyolada choy quyib berdi. — Majlis oʻtkazyaptilar.

Yarim soatcha kutdi. Diqqati osha boshladi. Taklifnomani kotibaga tashlab ketaversammikan? Unda eslarmikan? Sal ginachiroq edi, keyin xafa boʻlsa-chi? Kel, taklifnomani qoldiray, hali toʻyga aytadigan odamlar koʻp deb joʻnavormoqchi edi, eshik ochilib xodimlar chiqib kelishdi. Odiljon yengil tortdi. Kiyimlariga qarab olib, ichkariga kirdi. Doʻsti biroz xayolchan, charchagan holda haliyam stoldan bosh koʻtarmay oʻtirardi. Uni koʻrib, qotib qoldi. Soʻng oʻrnidan ildam turib, ogʻaynisi tomon talpindi:
— Doʻstim, Odiljon! Bormisan, omonmisan?! Qanday shamol uchirdi?

Hol-ahvol soʻrashishdi. Sinfdoshlar muallimlarni eslashdi. Bir paytlardagi qiliqlari, hazillari yodlariga tushib kulishdi, oʻtganlarni bir-birlaridan eshitib, ma’yus tortishdi. Odiljon doʻstiga:
— Oʻzgaribsan, — dedi jilmayib, — qorin qoʻyibsan, salobatli boʻlib qolibsan. Amal yoqibdi!

Sherzod jiddiy tortdi:
— Bu amal emas. Vaqt oʻtayapti. Shunga. Ba’zan oʻylab qolaman. Mana, qirqdan oshdik. Nima foydali ish qildik. Kimning koʻnglini oldik? Axir, inson bir marta yashaydi. Faqat bir marta-ya! Ishda ba’zi paytlarda kimlarnidir xafa qilib qoʻydimmi, deb ham oʻylayman. Xizmatchilik, qattiqroq gap aytib yuborasan. Shunda oʻzim ham kechalari mijja qoqmay chiqaman. Avvalo, oʻzim qiynalaman.

Odiljon qarasa, doʻstining gaplari hozirgi majlis ta’siridan, tugashi qiyin, dardlashishga esa vaqti yoʻq. Pastda mashinada xotini diqqat boʻlib oʻtirgandir...
— Toʻyga aytgani keldim! — dedi u daf’atan. — Qiz uzatayapman.

Doʻstining koʻzlari chaqnab ketdi:
— Sen-a! Kechagi bola-ya! Muborak boʻlsin. Nima xizmat bor? Ayt, tortinma.
— Oʻzing borsang, shu katta xizmat. Sinfdoshlar bir diydorlashamiz, suhbatni oʻsha yerda davom ettiramiz.

Sherzod battar yopishib oldi:
— Ayt xizmatni. Axir, yordamchi boʻlsayam, bir xoʻjalik rahbariman.
— Hech narsa kerak emas dedim-ku, hammasi yetarli.

Sherzod qat’iy ohangda uqtirdi:
— Boʻldi! Sabzi, piyoz mendan. Toʻyona! Qoʻrqma, xoʻjaligimizda yoʻq. Bozordan pulini toʻlab olib boraman.

Odiljon tezroq ketish uchun taklifnomani tutqazdi-da, oʻrnidan turdi.

Sherzod uni uzun yoʻlak adogʻigacha kuzatib qoʻyarkan:
— Tagʻin bozordan sabzi, piyoz sotib ola koʻrmanglar-a, — deb tayinladi.

Mashinada qovoq uyib oʻtirgan xotini «namuncha!» deyishini avvaldan bilib, Odiljon mashinaga oʻtirar-oʻtirmas hammasini gapirib berdi.
— Mayli, — dedi xotini chehrasi yorishib. — Sabzi, piyoz tashvishidan qutulibmiz.
— Ha, — dedi Odiljon ham negadir koʻngli gʻash. — Oʻzimiz olamiz, desam, qoʻymadi-da. Tagʻin bozordan olib borarmish.

Xotini suyungandek boʻldi.
— Toʻyonadir-da. U ham toʻy qilsa, olib borarsiz biror narsa.

Toʻy boshlanguncha ekan. Kunlar gʻir etib oʻtib ketdi. Bugun sabzi toʻgʻrar. Odiljon ertalab uyidan chiqmasdan qoʻshnilar eshik taqillatib hovliga kirib kela boshlashdi. Mahalla omborxonasidan qozon-oʻchoq, samovar keltirishdi, stol-stullar ham paydo boʻdi. Har holda, ertangi oshga hammasi taxt qilingani yaxshi-da. Bu ishlarga mahalla faoli, choʻrtkesar, chapani Haydar moʻylov bosh-qosh edi. Odiljon aslida uni uncha xushlamas, ba’zan koʻchaning narigi betida koʻrsa, oʻzini chetga olib qochardi. Negaligini aslida oʻzi ham yaxshi bilmasdi. Balki savlati, ehtimol, toʻgʻri soʻzligi uchundir. Ertalab oshga chiqmagani sabab tanbeh berib qolishidan hayiqar.

Aslida mahallada shunday odam boʻlgani ma’qulligini u hozir yuragidan his etib turardi. Biriga u, biriga bu ishni buyurib, darrov hammani uyushtirdi-qoʻydi. Oʻzi esa qoʻlini sovuq suvga urmas, gohi-gohi choʻntagidan bejirim shisha idishcha olib, nos tashlar, atrofdagilarga gapini anglar-anglamas tushuntirardi. Ba’zan birdan tutoqib, kimnidir uquvsizligi uchun koyib berar, goho latifa aytib hammani kuldirardi.

Shu tariqa ishlar yurishib turganda Haydar moʻylov Odiljonni chaqirib qoldi. Tashvishlardan boshi qotib yurgan Odiljon Haydar moʻylov oldida darrov paydo boʻldi.
— Xoʻsh, ukaxon, — dedi u nosdan bir otim ogʻziga tashlab. — Endi sabzi, piyozni keltir-chi.

Odiljonning ichi uzilib ketdi. Sherzoddan hali darak yoʻq. Bozorga borishga vaqt qani! U indamay turaverdi.
— Hoy, — dedi Haydar moʻylov, — namuncha angrayasan? Olib chiqsang-chi!
— Yoʻq, — Odiljonning oyoqlari quvvatsizlanib choʻkkalab qoldi.
— Nima, hali yoʻqmi? — Haydar moʻylov birdan xo-xolab kulib yubordi. Hovlida yurgan erkaklar ular atrofiga toʻplanishdi. Peshayvonda oʻtirgan ayollar ham nima gap ekan deb, ziyrak tortishdi. Odiljon bu noqulaylikdan sarosimalanib, koʻcha tomon yurdi. Yoʻl-yoʻlakay xotiniga duch keldi.
— E, oʻsha ogʻayningizning va’dasi qursin! — dedi u lablarini burib, — sharmanda qildi-ku!

Odiljon boqqa oʻgʻirlikka kirib qoʻlga tushgan bolaning ahvolida edi.
— Nima qilay, axir, oʻzi qayta-qayta ishontirgan edi-ku.

Xotini battar ovozini balandlatdi:
— E, ishontirmay oʻlsin. Oʻylamaydimi, ertaga tumonat odamga osh berilsa. Siz ham shalpayib yuravermay, bozordan olib kelib qoʻysangiz boʻlardi-ku!
— Oʻchir ovozingni! — baqirib yubordi Odiljon birdan.

Oradan yarim soatcha vaqt oʻtar-oʻtmas hovlidan Haydar moʻylovning gumbirlagan ovozi eshitildi.
— Qani, hoy odamlar! Ana, sabzi, piyozni olib kelishdi. Sal kechikishdi. Shunga ota goʻri qozixonami? Hammanglar toʻgʻrashga oʻtiringlar.

Oʻzi birinchi boʻlib koʻrpachaga oʻtirib, boshlab berdi. U ishga kirishdimi, tamom, boshqalar tik turib koʻrsin-chi!

Koʻpchilik baribir yaxshi-da. Ikki soat oʻtar-oʻtmas hamma ish saranjomlandi. Xizmat qilganlar chiroyli yasatilgan dasturxonga taklif etildi. Shoʻrva tortildi. Hech kim boyagi dilxiralikni eslamas, oshpaz sabzi, piyozning sifatini maqtardi. Shunda birdan Odiljonning xayolidan «Sherzodning oʻzi yoʻq, sabzi, piyozni kim keltirdiykan», degan oʻy oʻtdi. Oʻtirganlar orasidan sekin sirgʻalib chiqib, Haydar moʻylovga roʻpara keldi.
— Bu... — dedi chaynalib, — kim olib keldi?

Haydar moʻylov nos shishasini tizzasiga bir urib silkitdi-da, qiyiq koʻzlarini qisib qaradi:
— E, oʻsha ogʻayningni! — dedi koʻzlari chaqchayib. — Qiziq ekan-ku. Hammasini kelin aytdi. Xafa boʻlishga arzimaydi. Bilasan, boʻyradekkina tomorqam bor. Mushak sabzi sepgandim, rosa boʻlib berdi. Toʻrt qopini ertaga bozorga tayyorlab qoʻyganman. Bittasini olib chiqdim. Ozgina piyoz qoʻshdim. Mendan senga toʻyona, bolam!

Odiljon Haydar moʻylovni quchoqlab oldi, koʻzlariga yosh quyilib keldi.
— Rahmat! — dedi mahalladoshini qoʻyib yubormay. — Ming rahmat. Sharmanda boʻlishdan qutqardingiz.
— Jim, — dedi Haydar moʻylov barmogʻini lablari ustiga qoʻyarkan. — Ovozingni chiqarma. Xafa boʻlaman.

U shunday deb kaftidagi nosni tilining tagiga tashladi-da, oʻtirganlarga:

— Qani, hoy qoʻshnilar, turdik endi, boshqa ishlarni qilaylik.

Odiljonning koʻngli gʻashlandi: «Sherzodga nima boʻldi? Albatta, bir kun avval sabzi, piyozni toʻyona qilib boraman, degandi-ku. Birovga qolgan kun shunday boʻladimi? Unda Haydar moʻylov ham birov-ku. Qiziq, oldimizdan oqqan suvning qadriga qachon yetamiz».

Birozdan keyin mehmonlarni kuzatayotgan xotinining shoʻx-shodon chehrasini koʻrib, koʻngli yorishdi. Koʻz oldida ohudek qizi bilan u tomon biroz egilib kelayotgan tik qomat, qoraqosh kuyovi gavdalandi. Charchoqlari tarqab, oʻzini qushdek yengil his etdi.