OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdusattor Hotamov
Asar nomiYovvoyi bogʻ (badia)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abdusattor Hotamov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Badialar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yovvoyi bogʻ (badia)
Abdusattor Hotamov

Shu haqda oʻyladimu shoxlari ayqash-uyqash yovvoyi olma, bandlari sertikan, qip-qizil na’matak, egri-bugri tolu goʻshtidan koʻra danagi katta oʻrikkacha koʻzimga koʻrinib ketdi. Tavba, hatto sim-sim yogʻayotgan yomgʻirning ham boshqacha — chuchmal suvini tuygandek boʻldim. Ajabki, qahramonim ham shu bogʻga mos, ya’ni xulq-atvoriyu oʻzini tutishi odatdagi odamlardan boʻlakchadek tuyulardi. Xullaski, men viqorli, bagʻrikeng va pokiza yovvoyi bogʻni ham, qahramonimni ham shundoqqina koʻrib turardim.

Qahraton qishda latta qoʻlqopu paxtalik nimcha kiyvolib, tosh-metin muzlab yotgan yerni naq boʻyi baravar zil-zambil loʻm bilan teshib, daraxt ekkan odamni koʻrganmisiz? Yoki hali muz tugamasidan erta bahor tashvishida qaddi dol boʻlib qop-qop mevali daraxt danaklarini orqalab, qaysidir huvillab yotgan tepaliklarga ariq olib, sadafdek qadab chiqqan kimsani-chi? Koʻchatlarni ekib, koʻkartirib qoʻyganidan keyin kimdir unga «Hoy, bogʻbon amaki, bu teraklarni qancha yildan keyin kesib pullaysiz?» desa u ajablanib: «Bu nima deganing, birodar? Mening vazifam kesish emas, ekish. Pul qilganga Xudo insof bersin. Yana shunaqa daraxt eksin», deydi astoydil jahli chiqib.

Goho bunday odamlar «osmondan tushgan emasmikan», deb oʻylab qolaman. Aslida esa ular birimizning otamiz yoki aka-ukamiz. Ha, ular ham odam naslidan tugʻilganlar.

Bu gaplarni aytayotganligim sababi shuki, barchamiz ham, jumladan, biz samoviylar deb oʻylaydigan insonlar ham aslida Yaratganning bandalaridir. Kimning nasli ekanligimizni unutmasak bas.

Endi qahramonimning xulq-atvoriga qaytaylik. Bir kuni komxoʻz mudiri shaharlik hunarmandlarning qutqusiga uchdimi yoki yomon koʻrindimi, yoz boʻyi naq oʻnta daraxtning soyasini beradigan azim chinorni kesdirib qoʻydi. Bizning qahramon ertasigayoq mudirga roʻpara keldi. Dediki, kim sizga bunday huquq berdi, ruxsatnomangiz bormi?

Mudir na kulishni, na kuyishni biladi. Kerza etik kiyvolib, almoyi-aljoyi gaplarni aytib yuradigan allaqanday odam unga aql oʻrgatmoqchi, buning ustiga kimsan komxoʻz mudiriga. Xohlasa ekadi, xohlasa kesadi, bu uning ishi. Toʻgʻrirogʻi, unga buyurilgan ish. Kim haq, kim nohaqligi toʻgʻrisida bogʻbonimiz koʻpam tortishmadi, buning sababi keyin ma’lum boʻldi. Qishloqda bogʻbon mudirni sudga berganmish, degan mish-mish tarqaldi.

Bir kuni, qaysi xususiyatini yozsam ekan, deb uni gapga solmoqchi boʻlib axtardim. U esa qayerda deng — ikki tomonidan kuniga minglab mashinalar gʻiz-gʻiz oʻtadigan markaziy koʻcha chetida yigʻma dala-bogʻ stulida oyoqlarini chalishtirgancha termosdan piyolaga choy quyib, xoʻplab oʻtirardi. Savlatli mashinalarda oʻtayotgan tumanning kattalarigayam, kichiklarigayam, hatto ajablanib qarayotgan notanishlargayam bepisand. Bunday beparvolik oʻziga ham yoqadi shekilli, boshini baland koʻtarib, atrofga magʻrur nazar tashlab qoʻyadi. Axir u magʻrurlansa arziydi-da. Bugun ham ancha ish qilib qoʻydi: bahorda ekkan daraxtlarining tagini yumshatdi, sugʻordi, na’matakka ulangan atirgullarning yovvoyi shoxchalarini qirqdi. Shunday boʻlgach, koʻchma choyxonasida u huzurlanmay, kim huzurlansin!

Buni qarangki, uncha-muncha odam daraxt koʻkartirolmagan toshloq yerlarda uning nihollari yashnar, koʻkka boʻy choʻzar, hosil berardi. «Oh-oh, — deydi u oʻtgan-ketganlarga. — Bu yurtning tuprogʻi oltin. Toshda ham gʻuncha gul ochadi. Koʻchat ekish — rohat».

Gohida bogʻ stuliyu, termosi, ish qurollari kunlab koʻchada qolib ketadi. Uni bilganlar ha, bogʻbon amaki shu yerda ishlayotgan ekan-da, deb qoʻyadi. Na biron muttaham oʻgʻirlashga va na biron hazilkash berkitib qoʻyishga jazm etoladi.

Xullas, u haqdagi antiqa gaplardan battar ajablanardim.

Emishki, bir kuni qulupnaychi dehqonlar bilan bahslashib qolibdi. Bahsning sharti shu boʻliptiki, qahramonimiz poyezdni qulupnayzor yonida toʻxtatib, hosilni unga yuklab ketarmish. Toʻgʻri, xuddi shu yerdan shahar chekkasiga qatnaydigan poyezd oʻtardi. Ha, oʻtardi, lekin bekat yoʻq edi. Hamma gap shunda-da! U poyezd mashinistini qanday koʻndirgan yoki sehrlagan — har holda odamlarni hayratda qoldirib, soʻzining ustidan chiqibdi.

Bunisiyam mayli. Yana bir bahslashganida vertolyotni qulupnayzorga qoʻndirgani haqidagi gaplar hammani hayratga solardi.

Shunday qilib, u menga bu gaplarni jiddiy va hech bir ehtirosga berilmay soʻzlab berdi va men esa bu hangomalarni boshqalardan eshitganim uchun rostdan ham shunday boʻlsa kerak-da deb, ishonib borardim.

Oʻzining ajabtovur tabiati odamlarning e’tiborini tortayotganini u sira bilmasdi. Yoki bilsa ham parvo qilmasdi. Qolaversa, biz uchun gʻalati tuyulgan egasiz yerlarga beminnat, tekin, yoyinki, hisobchilar aytmoqchi «oʻz hisobidan» bogʻ-rogʻlar qilish va ulardan zarracha manfaat koʻrishga intilmaslik, nafaqat intilmaslik, hatto oʻylamaslik ham odamlarning unga nisbatan ayricha qarashlariga sabab boʻlardi. Ha, noshukur bandalar-a! Emish-ki, u kishi haqida qancha koʻp gʻalati gaplarni aytishsa, shuncha koʻp gunohi toʻkilishi uchun ham shunday ishlar qilib yurarmish.

Kezi kelganda bitilajak asarimga yana bir personajni kiritgim kelib qoldi. Boshida qalamga olgan komxoʻzning qorovul yigiti bor edi. Vazifasi almisoqdan qolgan, eshigiyu derazasiga qachon qaysi rangli boʻyoq tekkanini bilib boʻlmaydigan, jaziramada hovuri chiqib yotadigan pastqamgina beton binoni qoʻriqlash. Bizning idoramiz ham xuddi shu bino yonginasida boʻlgani uchun bir kuni hasharlashib atrofiga 10-15 tup terak koʻchatlarini ekdik. 3-4 kun oʻtgach, bundoq qarasak koʻchatlardan nom-nishon yoʻq! Kimga arzimizni aytamiz, albatta qorovulga-da.

U esa qotib-qotib kuladi: «Hoy insonlar, ishni koʻpaytirib nima qilasizlar, axir ertaga teraklar boʻy choʻzsa, bizning ham ishimiz koʻpayadi. Toʻkilgan barglarini supurishimiz kerak». Bu gaplardan keyin kim osmondan tushganu kimning oyogʻi yerdan uzilgan ajrating-chi?!

Xayolimga negadir bot-bot yovvoyi bogʻ manzarasi kelaveradi. Aytganday, bu bogʻni qayerda koʻrgan edim? Ha, yodimga tushdi, togʻda!

Yozning qaynoq kunlaridan birida oʻt-oʻlanlar chirmashib yotgan soʻqmoqlardan koʻtarilib borardik. Qanchalik yuqorilaganimiz sayin shunchalik hayratimiz oshardi. Atrof goʻzal va purviqor edi. Bunday manzaralarni koʻp koʻrganman: togʻning yalangligiga chiqsangiz roʻparangizda mana-men deb magʻrur yana bir oʻrkach turadi. Odam tabiati shunaqa, yana yuksaklikni qoʻmsaydi. Bizda ham shunday boʻldi. Kel, shunisigayam chiqa qolaylik dedik va yoʻl-yoʻlakay yelim xaltalarimizga isiriq, doʻlana, na’matak kabilarni terib oldik. Yoz boʻyi shu yerda xordiq chiqarayotgan doʻxtir hamrohimiz esa allaqanday oʻt-oʻlanlarni yulib olar, biz eshitgan-eshitmagan nomlarni aytar va muhimi, bu giyohlar qaysi xastalikka davo-yu qanday ishlatishni maydalab tushuntirib borardi.

Daf’atan yalanglikda bodomzorga duch kelib qoldik. Toʻgʻrirogʻi, bodomzoru men hozirgacha koʻrmagan butazor, sal narida olmazor, allaqanday daraxtlarga chirmashib yotgan pechaksimon oʻsimliklar, odamni sarxush qiluvchi hid qayerdandir, ehtimol, bundan ham yuqoridan, togʻli choʻqqidan oqib kelayotgan jilgʻa hammamizni sehrladi qoʻydi. Ajab, bunday yovvoyi bogʻ qanday paydo boʻldi ekan? Shunchalik balandda, togʻu toshlar orasida?! Oʻz savolimga oʻzim javob topgandayman: tabiatga tasanno! Biz ham uning bir boʻlagi. Yuksaklik, begʻuborlik, bagʻrikenglikni yoʻqotmay yashamoq kerak.

Besabr bolalardek bodom daraxtlariga tirmashdik. Qaysi birimizningdir boʻyimiz yetib, hosilni terib, choʻntakka urdik. Boshqamiz pastdan turib toshmi, allaqayerdan topib kelgan kaltak bilanmi mevasini urib tushirdik. Yana boshqamiz shoxlarini bexosdan sindirib oldik. «Namuncha achchiq, — dedik birimiz aftimizni bujmaytirib, — shunga ovora boʻlib yuribmiz». Doʻxtirimiz aql oʻrgatadi: «Shu achchigʻi davo-da, aslida koʻp dorilar togʻ oʻt-oʻlanlaridan tayyorlanadi. Shifobaxsh oʻsimliklarni tabiatning oʻzi yaratib qoʻyibdi».

Mayda-mayda koʻrimsiz, lekin sal qizargan togʻ olmasidan tatidik. Anchadan beri biz tuymagan allaqanday shirin maza berardi u. Doʻxtirimiz yana gapiradi: «Ekologik toza, nihoyatda shifobaxsh».

Men esa bu oʻt-oʻlanlar tabiat hosilasi boʻlsa, shuncha balandlikka bodomlarni kim ekkan, deb oʻylayman. Buning ustiga pishib yetilgan shirin mevasiga hech kim tegmagan. Yuragim tub-tubidan javob keladi: e, xayolparast, uni tabiatning bir boʻlagi boʻlgan sen kabi inson ekkan, mevasi bir oʻzi uchun emas, yoʻlovchilar, hamma uchun. Shunday yurt bilan, shunday odamlar bilan faxrlan!

Toʻsatdan momoqaldiroq gumburladi. Togʻlar qoʻrqinchli aks-sado berdi. Bu ovoz kuchidan allaqayerdadir harsang toshlar dumalab ketdi shekilli, boʻgʻiq hayqiriq anchagacha elas-elas quloqqa chalinib turdi.

Sharros yomgʻir quydi. Oʻzimizni butalar orasiga oldik, lekin baribir shalabbo boʻldik. Keyin birpasda qoʻl uzatsa yetgudek, qora bulutlar qayoqqadir gʻoyib boʻldi. Atrof yorishib, baxmaldek tovlandi. Koʻylaklarimizni yechib qaradik, zarracha gʻubor yoʻq. Demak, butazorlar ham chinnidek, toza, pokiza.

Eh, bu yuksaklik, musaffolik!

Shamollab qolsak kerak deb oʻylagandik. Qayoqda! Ona sutiga toʻygan chaqaloqdek bardam va tetik edik.

Oʻylarimni yozayotib, shu yerga kelganda ilkis derazam ortidan «chiq-chiq» etgan ovozni eshitdim. Xayolim boʻlinib, eringancha oʻgirildim. Yo tavba, tushimmi, oʻngimmi? Qahramonim — allaqachon quyoshda qorayib ulgurgan oʻsha kishi tok qaychi bilan oʻtgan kuzda ekkan anor koʻchatlariga shakl berardi.

Allaqanday kuch meni tashqariga undadi: eshiging tagida begona ishlasa-yu, sen muk tushib oʻtirasanmi. Tur, unga yordam ber.

Belim qaqshab, oʻrnimdan qoʻzgʻaldim. Koʻchaga chiqdim. Sezmabman. Anhorga boʻtana suv kelibdi. Havo yoqimli, oʻrigu bodomlarning guli aralash muattar is, goʻyo jannat isi kelardi.

Bogʻbon yoniga bordim. Tok qaychini qoʻlidan olib qarashmoqqa chogʻlandim. Qiziq, u niyatimni qayerdan bildi, ishidan koʻz uzmay gap boshlab qoldi: «Balli, bolam! Niyat qilganingni oʻzi katta gap. Rostdan ham yaxshilar koʻp. Xudo xohlasa, hademay hammayoq anorzor boʻladi. Bola-baqra yeydi. Odamdan shu qoladi-da».

Koʻzimga kech kuzda quyosh nurida shu’lalanib oqayotgan anhordagi katta-katta qizgʻish anorlar koʻrindi va oʻyladim: tabiiylikda yuksaklik, ezgulik bor ekan. Bunday bogʻlar ham koʻpayaveradi.

Endi chizgilarimni muxtasar qilsam boʻlar. Uni kim qanday tushundi, oʻziga havola. Men esa shunday gapni aytmoqchiydim: bu gʻanimat dunyoda aslimizni unutmay magʻrur va pokiza, ezgulikka yoʻgʻrilib yashamoq kerak.

Buni qanday ifodalamoqchi ekanligimni siz bilan fikrlashdim, xolos. Asarni esa nasib etsa yozarman.