OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Abduvali Qutbiddin. Xayol kechasi
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduvali Qutbiddin
Asar nomiXayol kechasi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abduvali Qutbiddin
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Ёзувчи» нашриёти, Тошкент, 1994
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/05/01
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xayol kechasi
Abduvali Qutbiddin

* * *
Quyosh, yurting qayda, soʻragan edim,
Tong-la nuringga dil oʻragan edim,
Men ham sen bor yerga boraman dedim,
Ammo osmoningga koʻymading, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh.
Muyishib, mungrayib ishlagan edim,
Men ham koʻp toshlarni tishlagan edim,
Qahring shomlarida qishlagan edim,
Hayron yoshligpmni hoʻngratding, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh.
Urfu rusumingdan boshlagan edim,
Eski doʻkoningni xushlagan edim,
Duru marjoningni ushlagan edim,
Oqibat manglayim mushtladim, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh.
Tilimni kundaga koʻygil, chop dedim,
Keyin dil uyiga borib yot dedim,
Oʻgʻlim u, oʻzim u, asta yoq dedim,
Kulu toʻzonidan mahv boʻlgin, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh.
Men odam edim-ku, men odam edim,
Loydan-da yoʻgʻrilgan matodan edim,
Iblisga aldangan atodan edim,
Ey quyosh, men seni sevaman, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh.
* * *
Koʻzingni tiqma, bu mening boshpanam,
Poygakdan moʻltayma, aslo qoʻymayman,
Yurak deb atalgan qizil oftobadan
Uzim qon ichgayman, senga quymayman.
Barmogʻing niqtama, mening peshonam
Xati tirnogʻing-la yozilmagandir.
Men bilan Xudoning oʻrtasida gʻam
Arigʻlari sen-la qazilmagandir.
Yuzing burishtirma, mening bu yuzim,
Bosganman goh kishan, goh tikanlarga.
Ichgan boʻlsam ichdim, hayrat qimizin,
Ezildim ezilib ezilganlardan.
Meniki bu gʻavgʻo, kerakmas dallol,
Daftarim varaqlab oʻqiy olmaysan.
Agarki, borligʻim yirtsalar, alhol,
Menga boshqa borliq toʻqiy olmaysan.
Yoʻlu yoʻrigʻingga yurmasman zinhor.
Eshit, faryod chiqar oʻpgan toshimdan,
Iloyo, boshingni teshmasin doʻl-qor,
Iloyo, yorilma yegan oshingdan.
* * *
Koʻzimdan oʻpib qoʻy, Osima!
Senga olma bergum magʻz-magʻzi oltin.
Tishlasang, tishlaring hammasi tilla,
Lablaring yolqin...
Xohlasang beraman sehrgar kaklik,
Sayrasa boʻgʻzidan tushadi guhar,
Uning bir qanoti atirgul, biri
Nilufar.
Istasang zumurrad tarogʻim senga,
Sochingni tarasang yarmisi zumrad.
Silasang qoʻlingu barmogʻing boʻlgay
Lojuvard.
...Eshikni yop deysan,
Sovuq-ku axir.
Boshim ogʻriyapti, boshim.
Uh, tortib oynadan gʻijirlar sovuq,
Ayoz ishqab oʻtar eshikka betin.
Ququlab yuborar hovlida tovuq,
Daraxtdan uzilib
Tushadi — olma —
Oltinnn,
Ol-tinnn,
Doo-o-dey...

Xiyla

Xiyla kech tushibdi sevaylik desak,
Oʻgʻri oralabdi bogʻu ravona.
Chinniday roʻyodan eshitdik — choʻpchak,
Xiyla begonamiz, bilsak, jahona.
Keksayib ketibdi tunlar biz uchun,
Taqsa yarqiramas eski taqinchoq.
Xiyla bekorlarga yashayman mahzun,
Xiyla ovunchimga sen bir oʻyinchoq.
Xiyla makrlaring sehrli emas,
Balo ham urmaydi na a’juz-ma’juz,
Hiyla nayranglarim yoʻldan ozdirmas,
Xiyla soching emas sening chanqovuz.
Xiyla kech tushibdi sevaylik desak,
Bizga olakoʻzroq xiyla zamona.
Xiyla sen ham bir oz qahrli ermak,
Xiyla men ham bir oz chala devona.
* * *
Taxayul tunida seni esladim,
Kaftingda baxt qushi, yelkangda kaftar.
Poyingda tiz choʻkib moʻltirar ma’yus
Kiyiklar.
Boshingda gulbargak, qarogʻingda oy,
Sevdim, dedim seni, manglayi yalpiz,
Qoʻy dedi, etaging tishlab yotgan toy —
Ona qiz bu,
Ona qiz.
Qaldiroq burgutday yerga tashlandi,
Oyogʻimdan tortdi, bogʻladi yoʻlga.
Yoʻl chopdi,
Juda koʻp chopdi.
Tashladi malaklar choʻmilgan koʻlga.
Sev, sev, sevv!
Tepamdan baqirib oʻtdi qaldiroq,
Ustimdan qichqirib oʻtdi shamollar.
Yonimga keldilar
Goʻzal, yalangʻoch —
Sev meni, deguncha
Sohibjamollar.
Koʻzimga mil tortdim, seni esladim,
Kaftingda baxt qushi, yelkangda kaftar.
Osmon markaziga botayotirsan,
Osmon markaziga botar
Kiyiklar.
* * *
Ninachi qanotin hijob qilsaydi,
Qil-koʻprik yoʻl topib bera bilsaydi,
Gʻam cheksak, Binafsha ovuntirsaydi,
Toʻl-gʻo-na, toʻl-gʻo-na
Jon
Berar edik.
Seni men koʻzimga solib tursaydim,
Faqat yosh oqqanda aksing koʻrsaydim,
Yurakka xat yozib senga bersaydim,
Toʻl-gʻo-na, toʻl-gʻo-na
Jon
Berar edik.
Qaldirgʻoch ikkimiz olib ketsaydi,
Dunyodan-da yiroq yerga eltsaydi,
Soʻng sevib oʻlmoqdin saboq oʻtsaydi,
Toʻl-gʻo-na, toʻl-gʻo-na
Jon
Berar edik.
Yo semurgʻ bizlarni bola qilsaydi,
Muhabbat nahrida choʻmiltirsaydi,
Ikkimiz bir lahza birlashtirsaydi,
Toʻl-gʻo-na, toʻl-gʻo-na
Jon
Berar edik.
* * *
Ne deyin, sahroda dardkashim sarob,
Sir aytarim saksovul, ne deyin.
Kundan-kun ahvolim xarobdan-xarob,
Ichdim gʻam mayin.
Voyladim, bir ohu yaqin kelmadi,
Qumga urdim yuzim, u mendan bezor,
Biror it meni Qays deb bilmadi,
Tanu jon ozor...
Koʻp kezdim, koʻrmadim birorta karvon,
Bilmadim qayonda magʻribu mashriq.
Mashaqat sohibi, arkonim armon,
Amirim qashqir...
Hukmi ravonimga boʻysunmas taqdir,
Endi yoʻl birgina ruhlar koʻshkiga.
Tinch komga men qanday tushaman, axir,
Ishqiga toʻymadim.
Ishqiga.
* * *
Charx, oʻtkir qilib qoʻy boltangni,
Chugʻurchuq, yigirgin sim, arqon,
Yuzini oʻgirdi
Axir yor —
Chiqsang — chiq,
Ketsang — ket, endi, jon.
Xazoning toʻpla, koʻm meni, bogʻ,
Teringni kafan et, ey ilon,
Yuzini oʻgirdi
Axir yor —
Chiqsang — chiq,
Ketsang — ket, endi, jon.
Daryo, sen muruvvat qil bir bor,
Yoʻlinga qoʻshib ol laxta qon.
Yuzini oʻgirdi
Axir yor —
Chiqsang — chiq,
Ketsang — ket, endi, jon.
Kecha, oʻgʻirlikka chiqqil, kel,
Boshimni sindirgin, uz, armon.
Yuzini oʻgirdi
Axir yor —
Chiqsang — chiq,
Ketsang — ket, endi, jon.
Laxcha sep, tongginam, toʻyayin.
Yurakda qolmasin pushaymon.
Yuzini oʻgirdi
Axir yor —
Chiqsang — chiq,
Ketsang — ket, endi, jon.
* * *
Baliqning tishi-la tilimni tildim,
Yuragim urchuqday uch aylantirdim.
Koʻzimni qiynadim,
Qiynogʻim qiziq...
Yayradim.
Indamay ruhimga ergashib oldim,
Devona xayolim gʻilmon sanadim.
Tuf dedim botqoqqa,
Guliston qildim...
Yayradim.
Qaldirgʻoch loysuvoq qilgan ochunda
Sevgim yoʻllariga zsf-zor qaradim,
Yoshlarim yal-yali
Taraldi tunda...
Yayradim.
Majnuntol darchasin ochdi, kiritdi,
Yuz bitta qizidan birin tanladim.
Xivich qasrlarda
Barglandim biram...
Yayradim.
Dunyoni tark etdim, hur safar etdim,
Yorimla tuyqusu bexabar ketdim.
Oʻn besh kun toʻy berdim
Dorulbaqoda...
Yayradim,
Yayradim,
Yayradimaaa!
* * *
Qaydadir tun siyoh kokilin eshar,
Togʻlarda ezadi harir koʻksini.
Qaydadir jayronlar oʻynab yurishar,
Faqat men yashayman
Oʻksinib.
Qaydadir minora qanot qoqadi,
His etib tanida shamol jismini.
Zarafshon qaygadir loyqa oqadi,
Faqat men yashayman
Oʻksinib.
Qaydadir tulporlar fazoga yetar
Tomosha qilgani tovus raqsini.
Qaqnuslar olovlar qoʻynida yotar,
Faqat men yashayman
Oʻksinib.
Qaydadir sayhonda oʻtlar qovushar,
Qaydadir yoʻqotar oftob koʻzini.
Qaydadir nam tortib unar tovushlar,
Faqat men yashayman
Oʻksinib.
Qaydadir kapalak shafaqni koʻrar,
Nurlanib sezadi baxtning isini.
Qaydadir bir sanam meni deb yashar,
Faqat men yashayman
Oʻksinib.
* * *
Istardim,
Falakning qabogʻi boʻlsa
Va qaboq ichida boʻlsa chimildiq.
Atrofim sabuhiy mushklarga toʻlsa,
Ham sen kutsang meni
Dilintiq.
Istardim,
Yulduzlar chirogʻim boʻlsa,
Zulmat kechalarin kechsam adogʻin.
Bir ajab, sehrli chorbogʻim boʻlsa
Va sen yolgʻiz boʻlsang,
Azobim.
Istardim,
Koʻnglimni uloqtirsamu
Bu yovuz olamga...
Yurak ustiga
Seni oʻltirgizsam,
Termilsam, termilsammmm...
Istardim...
Va lekin oyogʻim botgan,
Hayot boʻgʻib qoʻygan giribonimdan.
Bu yogʻi yoshim ham oʻttizga ketgan,
Bu yogʻi umid yoʻq toshday jonimdan
Istardim...
* * *
Tongdan yulib keldim, seni, Osima!
Quyoshdan taxt soʻrab, shamoldan tulpor.
Tilab, soʻrab topgan ganjim, xazinam,,
Sen — chobuksuvor!
Shamshod daraxtiga ildim halinchak,
Soldim unga turfa gullar qiqirin.
Qizgʻaldoq bargidan qilibman yoʻrgak,
Uxla, kapalak.
Boychechak ogʻzidan simirdik boda,
Yalpizga tillarni oldik tegizib,
Daraxtning uchida yonar shaboda,
Chalib sibiziq.
Yuzingni anorday qizartirdi kuy,
Koʻzim — yoqtu, oqdi, chulgʻanib chak-chak.
Yuraging gupillab, oʻynab, tinmadi,
Taka-tak, taka-tak...
Tongdan yulib keldim, seni, Osima,
Bu she’rim xayoldir, bu she’rim yolgʻon.
[Garchand tegramizda shataloq otar,
oq-oppoq jayron]
Tongdan...
* * *
«
(Hofizga)
»
Sohibdilim — diloro,
Ayyit, toʻxtasin karvon.
Nay puflagan quyunning
Enasimi biyobon.
Sohibdilim — diloro,
Qayda u chashma giryon.
Jilgʻa boʻlgan koʻnglimni
Quritib boʻldi mijgon.
Sohibdilim — diloro,
Koʻzim mening qulfmidur?
Ochib nigohim chiqsa,
Chopgan qilich zulfmidur.
Sohibdilim — diloro,
Qaqnus gulxani qani.
Bor boʻlsa yuzga surtay,
Oʻtini yo kulini.
Sohibdilim — diloro,
Koʻp riyozat chekdim-ku,
Oʻzim ketdim. Yoʻlingga
Toqatimni ekdim-ku!
Sohibdilim — diloro,
Vasling sarobmi, roʻyo.
Hofiz emasman, ishqda
Abduvaliman goʻyo...
Sohibdilim — diloro!
* * *
Assalom, ey ahli qush,
Boshim xayol, egnim tush.
Koʻkrak qafasim sarob,
Olar nafasim azob.
Assalom, ey ahli gul,
Boshim shamol, egnim yoʻl,
Ogʻzim-tamogʻim toʻzon,
Chiqar nafasim xazon.
Assalom, ey ahli tun,
Bosh qurum, egnim qurum.
Hayot degani rido,
Har bir nafasim vido.
Assalom, ey assalom.
* * *
Paygʻomlar yoʻlladim, uygʻon, hilolim,
Junun oqshomlari ochdi jamolin,
Poyalar bogʻladim domingga sening,
Sen mening,
Sen mening,
Sen mening.
Tiyra giryonlarda otliq dard hokim,
Ki zulfi otashi ajdardir balkim.
Iigʻlaydi doʻzaxiy olovdan ashki,
Sen mening,
Sen mening,
Sen mening.
Tam-tam malaksiymo chachvonin tashlar,
Yagʻmo shamlariga ibodat boshlar,
Rizvon olmasida lablaring sening,
Sen mening,
Sen mening,
Sen mening.
Nekbin manzillarda baxtlar sochilgan,
Qoʻlimu qoʻlingga zanjir osilgan,
Bizdan nima qolar, vaqtlar ichilgan,
Sen mening,
Sen mening,
Sen mening.
* * *
Sendan koʻrgan kunim, Osima,
Sendan neki topgan boʻlsam, tasalli.
Bir qoshiq qonimdan kechgan gulxayri
Oʻzingsan, jabrimga
Sabring masalliq.
Gʻamzada shahrimda quyoshim oʻzing,
Ivirsib qoqilsam, sen koʻtarguvchim.
Qoʻynimda avaylab yurgan yulduzim,
Osimam,
Holim bilguvchim.
Kechir, va’da etdim afsona olam,
Hamda tun — osmoni parvarda osmon.
Men aytgan Xizirmi — shayxi mukarram»
Ayub chashmasiga
Eltmadi hamon.
Kechir, hammasiga koʻndim, yolgʻondir,
Shoir Abduvali yashagan emas.
Yuragimda sharros qonmas, yovgʻondir,
Odamman,
lekin devona emas.
Bugun yuragimda titroq oʻygʻongan,
Izgʻiydi jandaga oʻranib kir-chir.
Zax urgan kunlarim oʻrtab toʻlgʻongan,
Sen meni kechir,
kechir, kechir.
* * *
Dagʻi dovonlarga xanjar koʻtarib
Dagʻi kokiliga dildor gʻarq etgan,
Dagʻi ishq sharobi jon jomi ichra,
Dagʻi hubob qonda, shoʻx azob qonda.
Marhamatlar yogʻgan oltin kechada
Laylatulqadrni ayladik mehmon.
Dagʻi mijgon ochib qoʻygan darchadan
Badnafs qiynogʻin obkirdi hijron.
Dagʻi ayroligʻning ayroligʻida
Qayrilgan qoshingday dovonlar tushdi.
Dagʻi dovonlarga xanjar koʻtarib
Bizni yomon koʻrgan yomonlar tushdn.
Enasiz kulunday alanglab kun-tun,
Xatar jarlaridan izladik rukn,
Dagʻi tilmochlikka til urdi hazon.
Bir jumla tushundik, dagʻi, biz xazon»
Biz xazon...
Biz xazon...

Najib Holat She’ri

Sumandan-da tasma bogʻlab belimgʻa,
Navvotni-da qoʻyib asta tilimga,
Senga aytay dedim, sevishimni men,
Koʻroydin yelkamda kuyishimni men.
— Ey nodon, deding sen, barmogʻimda choʻgʻ,
Bir ishora yetur, koʻtarmoqga tugʻ,
Oyogʻimni quchib yigʻlagʻon maysa,
Tur desam turodir, otodir nayza.
Mohlaroyim dedim. Guloyim dedim,
Kechangda bosh uzra turoyin dedim.
Jigar-bagʻrim siqib boʻloyin dedim,
Mavjingda mavjlanib oʻloyin dedim.
— Ey nodon, deding, sen izimda yotgan,
Masiqqan oshiqdir hajrimda qotgan,
Aytsam bas, sani-da, chaqqani-chaqqan,
Ut purkab jismingni yoqqani-yoqqan.
Roziman aytganing koʻroyin dedim,
Haqqim yaratgandin soʻroyin dedim,
Mohlaroyim dedim, guloyim dedim,
Uzoq umr koʻrgin, iloyim dedim.
— Ey bolam, deding sen, ey bolam, deding,
Qaddingni koʻtardiig, osmon engashdi,
Boʻyningga ming bir soch Quyosh tarmashdi,
Tun senga ergashdi, kunduz ergashdi.
— Ey bolam, haqqingni berarman deding.
* * *
Ikkimiz aylanib bir tomon boʻlsak,
Sen dilgir dildoru men yomon boʻlsam,
Boshi tugun zamon bir tomon boʻlsa,
Daqiqa soʻrayman yorijon boʻlsang.
Ikkimiz aylana bir tomon boʻlsak.
Yoʻqsil tongotarda ol karvon oʻtsa,
Ul karvon qushlari taxtravon tutsa,
Ilashsak bu baxtga, ilkis mung tutsa,
Opichlab olgali goʻzal tun oʻtsa,
Yoʻqsil tongotarda ol karvon oʻtsa.
To Mashhar bazmiga yetgunga qadar,
Men shotut barglarin aylagum daftar»
Har yozgan she’rimni oh, gulisafsar,
Senga oʻqib bersa biyrona, agar
To mashhar bazmiga yetgunga qadar.
Ne imkon, bir tomon yuz tomon boʻldi,
Orziqib-orziqib koʻz tamom boʻldi,
Ayroliq gadodin shohjahon boʻldi,
Puturlar gʻaznamga gʻaznabon boʻldi,
Ne imkon, bir tomon yuz tomon boʻldi.
Parishon-parishon qadam tashlarman,
Buzilib-buzilnb alam boshlarman,
Uzilib-uzilib sitam boshlarman,
«Shu ikki qoʻlimni toshtarosh etdim,
Bus-butun umrimni men adosh etdim».
Parishon-parishon qadam tashlarman.

Hissiy She’r

Nim iliq yomgir, momiq yer, yumshoq osmon,
Oy luqma,
Quyosh luqma.
Osiylar arvohi chirqillar, ber-ber,
Sevgilim, sen meni yeyishdan qoʻrqma!
Qoʻllarim — raqqosa,
Koʻksim — nagʻora,
Yulduz oynak xolos, sayyora langar.
Tamoshalar aro boʻldim tamosha,
Sevgilim, ye meni, yeyolsang agar.
Shar-shar suv yobonga tushar qum boʻlib,
Gʻar-gʻar oʻt qutirar yosuman vahm.
Qulogʻimda simob,
Ogʻzimda zaxob,
Sevgilim, yo meni qilolsang hazm.
Doʻstu yordan bezdim,
Raqibdan bezdim,
Alangadan boʻkdim, ogʻritdi oydin.
Gul bilan oʻynashib orttirdim bola,
Oʻzimga oʻxshagan oʻksigan, gʻamgin.
Etagim ushlagan, qoʻyvormas tortsam,
Koʻzidan toʻkilar shirayu sharvat.
Oʻtingum, sen meni yeyishdan oldin
Bolamga ona boʻl, shafqat qil, shafqat!
Taxtakachda kesgil,
Qirgʻichda qirgʻil,
Gʻalvirda ezgʻila, tinchisin koʻngil.
Iltijom, sen meni yeyishdan avval
Bolamga yuraging avaylab siqtir.
Qoningga boʻyalib,
Gulzorda yotgil —
Gullar yegizsinlar eng totli burdam.
Yigʻla-yu, soʻng meni kechirgin, kechir,
Tushun, bu oʻlimga oxirgi choram.
Karagin, farzanding oʻzimday xuddi
Bolamning sochingday sochi tim qora.
* * *
Oʻyma onlar imkonimdan qochib borar,
Titrak ohu jahonimdan qochib borar,
Tan hansirab jon-jonimdan qochib borar,
Tortay oʻzim oy yuzingdan pardalarni,
Boʻzim qoldi, yutay soʻnggi zardalarni.
Yalinchakman kuzning injiq chaqmogʻiday,
Ykqilgayman hoʻng-hoʻng yigʻlab oyogʻingga,
Choʻgʻday yashnab soʻnishim bor dudogʻingda,
Boʻzim qoldi, tortay oʻzim pardalarni,
Oy yuzingdan sidiray men zardalarni.
Kurtakladim, gʻunchaladim gurkiradim,
Ahyon-ahyon had totinib guldiradim,
Menam qalbim labga olib chuldiradim,
Boʻzim qoldi, tortay oʻzim pardalarni,
Senga boqib yutay soʻnggi zardalarni.
Gʻashlik paydo mehrparvar sutunida,
Nomusu nang, qasdu qasos budunida,
Yuz oʻgirdim yalgʻon-yashiq kun-tuningdan,
Oy yuzingdan tortay oʻzim pardalarni,
Boʻzim qoldi, yutay soʻnggi zardalarni.
Yolgʻizdirman zoʻr qaygʻuning butogʻida,
Injilaman kuzning soʻnggi chaqmogʻiday,
Yiqilaman hoʻng-hoʻng yigʻlab oyogʻingga,
Boʻzim qoldi, tortay oʻzim pardalarni,
Oy yuzingdan sidiray men zardalarni.

Qaygʻu Pichogʻi

I

Qirq kun chilla qurib oʻtirdim maftun.
Senga —
Kunday balqib kelguvchi bayot.
Bor-yoʻgʻimdan ajrab qolsam —
Bir yutum,
Sevgi ber ilohiy, janobi hayot.
Koshki tegsa e,di nafu savobim.
Jodu makonlarda
Hiylam oʻtmadi.
Sen bonp;a odamdan tugʻma azobim,
Sen oʻzga odamni kutma, egachim.
Oʻzim, yolgʻiz oʻzim senga sirdoshman,
Besh kunda besh marta
borganu qaytgan.
Sening siyshsharing gʻijimlaganu
Jimgina qadimiy allalar aytgan.
Sen menga suklanib koʻz urma, urma,
Devmasman,
Koʻtarsam barcha yukingni.
Men yolgʻiz ichishga tayyorman, tayyor,
Telbalardan qolgan zahar yuqini.
Kirq kui chilla kurib oʻtirdim hayron,
Kishan nikohiga
Kiritmoq istar.
Sen rohat koʻribsan, men xonazayron,
Boʻynimga qadalgan kop-kora nishtar.
Koshki toʻysang edi, men tugasaydim,
Ochofat kunlarning
Yoʻqdir adogʻi.
Oʻsha, tashlab ketgan shuni bilsaydi.
Sen mening xotinim, qaygʻu pichogʻi.

II

Chirogʻi ingragan bevaday yum-yum
yigʻisan,
Qatori yuzimdan oʻtgan.
Choʻlu biyobonda tevaday mungrab,
izingdan izlarim
izillab ketgan.
Yavshanday qirma-qir yurdim, yugurdim,
Soching shamolidan
Yiqildim dardmand.
Balkim sen suyangan daraxt uchidan
Oʻrmalab-oʻrmalab kelguvchi qurtman.
Sen mangu ketguvchi,
Men mangu daydi,
Selday oqavergum qayroqlar urib.
Sen araz urguvchi,
Men esa gʻaraz,
Kelgin, yarashaylik bir bora, hurim.
Chirogʻi, chirogʻi —
ingragan yum-yum,
yigʻiman, qatori
buzilib oʻtgan.
Qara bu xotinga, qorochugʻimga
Keskir badanidan toʻkayotir zang.
Urinishim zoye,
Umidim bekor,
Kaygʻu hujrasida qaygʻudan saboq.
Tagʻin men aldadim, yoki aldandim,
Konxoʻr tigʻlaringni sevaman, pichoq.

Qasida

Ey, hazratim Sulaymon,
Mushkulimni qil oson,
Naysonning loy-gilidan
Paydo qilib ber jahon.
Ki, unda pari paykar,
Bersin jannatdan xabar,
Oʻtgan devonalardin
Olib kelsin mujdalar.
Ey, hazratim Sulaymon,
Dardima topgil darmon.
Chumolining tilidan,
Dilidan bergil makon.
Olib bir dona bugʻdoy,
Tayin etgil rizqu joy.
Oʻrtasidan kesgilu
Taqdim etgil yangi oy.
Qumri sayla, gulruhim,
Ravza ayla shukuhim,
Sayrogʻimdan sayrona,
Qoʻshiq toʻqiy gʻayrona.
Abduvaliman, hay-hay,
Laqa-tam-tam, lay-lay,
Abduvaliman, hay-hay,
Laqa tam-tam, lay-lay.
* * *
Qip-qizil turnani kutdim oʻttiz yil,
Yechay deb boʻynidan billur xalqani.
Otamga shifolar soʻrdim oʻttiz yil,
Rahm qani?
Shafqat qani?
Ilohdan marhamat kutdim muntazir,
Suyangan togʻimdan ayrildim, xolo.
Jarga qulab tushdi piri dastgirim,
Vovaylo,
Vovaylo.
Gulbutoq tobuti dedim oʻttiz yil,
Aza ochdi qildim har bir bahorga.
Bulbuli goʻyolik qildim muttasil,
Hayot anhorday...
Some’ turdim sidqu itoat bilan,
Parvo etmay bozor qiylu qoliga.
Oʻttiz yil qavmiga tortilib badan,
Arzu dod ayladi
Abduvalidan.
Inondim, boʻgʻzimda shukur ming qatla,
Tufroq avrogʻiga men ham kerakman,
Shukurkim, oʻtarman qachondir hatlab,
Chippakdan chippakka,
chippakka...
* * *
Nechuk bu darddo — xayolimdan ketmas.
Uvalab, maydalab shamoildan ketmas,
Qurtday, qumursqaday yuradi, yuradi,
Ezgʻilab oʻldirsam, ishshayib turadi.
Nechuk bu darddo —kuchlarim chekinur,
Talvasa qoqinur, murodim oʻkinur,
Qizima, oʻgʻlima dunyoda dunyosiz
Ezildim, ezildim, topmayin tomchi nur.
Nechuk bu darddo — tushundim buncha tez,
Kezmaslik ma’nisin boru kel bogʻin kez.
Angladim namakob toʻla bu kosani,
Beshigu belanchak, tobutu hassani.
Nechuk bu darddo — hayronolikdur,
Gʻamga oshubu parvonalikdur,
Bagʻirni oʻpirmak, kemirmak, kemirmak,
Qon qaqshab sutingni oʻlimga emirmak.
Nechuk bu darddo qutqargin, panohim,
Holimni bildirib uchdi-ku nigohim,
Mehringdan umidim, sehringdan umidim.
Ruhimning koʻzini seni deb yummadim.

Qoʻshiq

Sachrab kelgin olovim, suvday toshib oʻyin tush,
Koʻzlarimdir tutatqi, titrab-titrab oʻyin tush.
Yer osmonga barobar, osmon yerga barobar,
Yeru quyosh kokilin tortib-tortib oʻyin tush.
Vujudimdan dud chikar, dilim aro oʻt chiqar,
Devonaman-devona, ey olovim, oʻyin tush.
Odamlikdan voz kechdim, sening qahringni ichdim,
Gurullayman gurr-gurr, gurillatib oʻypn tush.
Jonim, degin, oʻt purka, otashlaringga surka,
Ingrab-ingrab, oh sen ham, ingrab-ingrab oʻyin tush,
Ey olovim, lovulla, ey olovim, lovulla,
Boʻlak-boʻlak, boʻlaklab, otib-otib oʻyin tush.
Yer osmonga barobar, osmon yerga barobar,
Men hammaga birodar, hamma menga birodar.
Lov-lov lov-lov oʻyin tush, gur-gurr, gur-gurr oʻyin tush,
Ustun boʻlsang kuyib ket, butun boʻlsang bitib ket,
Yilt-yilt, yilt-yilt oʻtib ket, sim-sim, sim-sim sitib ket,
Milt-milt, milt-milt oʻtib ket, lim-lim, milt-milt botib ket.

Illo...

Illo, bu tong menga, boshim qoʻyganman,
Illo, tongni chertib oʻzim sayratgan.
Illo, bu tosh menga, koʻzim oʻyganman,
Illo...
Sening balchigʻingda nilufargulday
Palaklarim tashlab yashadim, illo.
Onlar biqirlagan juft qora qoʻlday,
Oydinni choʻktirdim,
Sen uchun, illo...
Devordagi dogʻday mudhish seskanib,
Toblandim quyoshning dogʻida, illo.
Sharpamga oʻranib zimlarga choʻkdim,
Illo...
Tizim yernikimas, boshim fazoga,
Kindikka nayini ulagan momo,
Meni yuvintirib bersin jazoga,
Illo...
* * *
Harna yomgʻir yogʻar, yuvar aybimiz,
Kecha sir saqlaydi, ochilmas sira.
Ne boʻldi, kuydimi oxiratimiz,
Shirin diydor kechdi,
Bokiram.
Tarozi koʻtarib kelgan farishta,
Iqror etsa etar, gʻam yema, jonim.
Toparman men seni oʻsha gardishda,
Yana bir qucharman,
Toza armonim.
Itlar kopsalar ham yongʻin kunlarda,
Samolarda isming aytgum chirqillab.
Ruhim yirtsalar-da xalqob tunlarda.
Yana bir labingga
Qoʻyansakman lab.
Koʻzlardan, qoʻrqaman, dema, men oʻzim
Yuragimni bergum, toʻyib choʻqnrlar,
Ezilma, bir kuni chumchuqday uchib,
Bagʻringda uxlarman,
Yana chugʻurlab.
Harna yomgʻir yogʻar, yuvar aybimiz,
Kechib kechirmaydi gʻanimat dayr.
Yomgʻirpoʻshni ochding, ojiz qaysimiz,
Xayr, Xayr, Xayr...
* * *
Osima!
Bizga yot tevarak — chovut,
Atrof qisirlaydi.
Qisadi — panja,
Yupunsan, kiygali sovuting yoʻqmi,
Jirkanchdir iskanja.
Qayirib, sindirib tashlolsaydim men,
Yopishib kolmasdi yuzingga bu qor,
Qutqarib ol debon yalindim yuz bor,
Aldadi musiqor.
Osima!
Tovoning koni okdimi,
Shimirgan maysaning rangi alvondir.
Ranjlisan. Bekinsang yupanching yoʻqmi?
Burdsiz zamondir.
Dogʻliman, dogʻli-ya,
Qovriladirman,
Gʻurbat arshlariga qoʻyarman narvon,
Men seni rohatga tushiradurman,
Ururman tugʻyon.
Osima!
Bizga yot tevarak chovut,
Qochgali hamroh yoʻq, shamoldan boʻlak.
Osima, sen kolgil, men sekin boray —
Tevarak...
Tevarak...
Tevarak...
* * *
Ichikdim. Sogindim seni, shekilli,
Tongim rangi sariq, xasta kunduzim.
Ihrab quyosh chikar, oʻkchib oy shoʻrlik,
Osima —
Sen kimning qizi!
Koʻrpaga burkansam, koʻrpa ilvirar,
Yostiqqa yopishsam, ilvirar yostiq.
Oʻy menga sigʻmaydi, uy menga sigʻmas,
bosiriq — bosiriq...
Zirillar borligim yursam, yoʻl koʻnmas,
Qoyaga tirmashsam, puchmayar qoya.
Qargasam, qargishim duoga oʻxshar,
voooya...
Ichikdim. Sogʻindim seni, shekilli,
Xoʻrligim keltirar gʻalati gina.
Nimaga odamlar shod, hurram, mamnun,
Bizlar odammasmi,
Osima?!
* * *
Kubro tugʻin tutgan Samandar shohid,
Mulki vayronimda zogʻ menga murid,
Oyogʻim ostiga toʻshalgan dardim,
Choʻk tushdim.
Axtardim.
Piyola qarshimda, osmon qistanar,
Afsus, toʻldirolmas yorugʻga, afsus.
Chaqirib charchagan chuqur kenglikka,
Chiqaman xomush.
Qiy-chuv koʻtaradi Zuhro yo Zuhal,
Gapirar, bandaman, tushunolmayman.
Yetaklab olgani kelganlar bilan,
Negadir,
Qoʻshilolmayman.
Tiniq payt. Sabrdan xalvolar yegan,
Uch-toʻrt oltin tanga berar, olmayman.
Mulki vayronimga hulvolar kelsa,
Bu yerda
Boʻlmayman.
Zogʻ ila hasratning qopini sudrab,
Biror doʻngu togʻda, yo dala-dashtda,
Axtarib, axtarib yana axtarib
Kiraman
Qishga...
* * *
Sendan qafas hidi ufurar nechun?
Sendan chirqillaydi qaygʻu, vahima.
Agar jonim kerak boʻlsa, ola qol,
Faqat,
Yigʻlama, Osima...
Yetti gul husningni tamosha qilsin,
Yetti qush seni deb cheksin dardu gʻam.
Tila tilagingni, koʻzim koʻr boʻlsin,
Faqat,
Yigʻlama, Osima.
Bilsang bas, shohona tal’atim edi,
Kechasi malakla xilvatim edi,
Yetmish uch parida suvratim edi,
Osima!
Osima!
Bir nusxa koʻchirdim, nusxaki goʻzal,
Har bir harf kumush, har nuqtaki la’l —
Sevgimdir, yoʻq desang vujudim qiyma,
Faqat,
Yigʻlama, Osima!
Dunyoning boshi nur, oxiri gʻorat —
Tushga borayapmiz, qoʻlda gulsavat,
Men unga tush va baxt solaman gʻalat,
Yigʻlama, Osima!
Faqat...
* * *
Tongdan yulib keldim, seni, Osima!
Quyoshdan taxt soʻrab, shamoldan tulpor.
Tilab, soʻrab topgan ganjim, xazinam,
Sen — chobuksuvor!
Shamshod daraxtiga ildim halinchak,
Soldim unga turfa gullar qiqirin.
Qizgʻaldoq bargidan qilibman yoʻrgak,
Uxla, kapalak.
Boychechak ogʻzidan simirdik boda,
Yalpizga tillarni oldik tegizib.
Daraxtning uchida yonar shaboda,
Chalib sibiziq.
Yuzingni anorday qizartirdi kuy,
Koʻzim — yoqtu, oqdi, chulgʻanib chak-chak
Yuraging gupillab, oʻynab, tinmadi,
Taka-taka, taka-tak…
Tongdan yulib keldim, seni, Osima,
Bu she’rim xayoldir, bu she’rim yolgʻon
(Garchand tegramizda shatoloq otar,
oq-oppoq jayron).
Tongdan...
* * *
Chuvidim, roʻzgʻorim boʻlmadi obod,
Na Jamshidga havas, na mayl Kaykubod.
Bugundan taskinu ertadan imdod,
dod, dod, dod.
Subh bogʻi ila tillashdim takror,
Men, dedi, kampirman, aldoqchi, makkor.
Chalsang chal, beraymi qadimiy dutor,
xor, xor, xor.
Chaldim maqomiga oʻzim yoʻrgʻalab,
Dilni goh kafanlab, goho yoʻrgaklab,
Soʻzgami, tuzgami ochdim, irmaklab,
lab, lab, lab.
Chuvidim, uzrimni aytdim bolamga,
Men kirib chiquvchi qaysi olamdan,
Borim shu, qochganim qochgan odamdan,
Ba’zan,
Ahyon,
Kam-kam.

Mungimsan, She’riyat

Simlaru zanjirlar qoʻlimda,
Qahrlar, zahrlar yoʻlimda,
Amrlar, bujurlar soʻlimda,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Haqorat, naqorat yonimda,
Hasratu kasratlar jonimda,
Utadir nafratlar qonimdan,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Qichqirar, baqirar oyoqlar,
Qiyqirar, chiyqirar tuyoqlar,
Kuchanib yorilar tamoqlar,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Vatanlar chiqadir vatandan,
Badanlar chiqadir badandan,
Odamlar chiqadir odamdan,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Battolning pinhona nagʻmasi,
Qattolning qurtlagan luqmasi,
Barisi tufrokning talvasi,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Koʻnglima yashrinib bopladim,
Yurakning qoʻrida tobladim,
Eng goʻzal qiz bilan uxladim,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Koʻchmanchi koʻronlar buhroni,
Toʻtiqush donolar giryoni,
Mulkimdan topolmas Zuhroni,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Yolgʻizlik bogʻida, qorongʻu
Daraxtning mevasi qor ogu,
Tatibman, jismimda yangrogʻi,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Kun sari, kun sari, kun sari,
Oshiqar karvonlar sarvari,
Munglanib un sari, un sari...
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Vasllar, fasllar qoʻnogʻi,
Gullaru tullarning qabogʻi,
Qoʻtir did da’volar sirtmogʻi,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Gardishning idishi ichida,
Har chaman, ham koʻlmak ichida,
Hashorat ham inson ichida,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Oshyonni titkilar vasvoslar,
Goʻshada goʻsht izlar gʻavvaslar,
Podshosi, gadssi — liboslar,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Qarlugʻoch, qarqunoq — pushtirang
Ohangdan kelgaylar, turfarang —
Dunyoda nima koʻp, chovut, chang...
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Na roʻzgʻor, na yumush, na tashvish,
Sohilda qish ila gʻamlashish
Va gʻamdan aysh qilib quyulish,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Ne zarur johu-jahd, lafz-kalom,
Hoʻl-quruq tanlamas chang, toʻzon,
Men soʻzon, sen soʻzon, ul soʻzon,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Kun sari, kun sari, kun sari,
Oshiqar tun sari sarvarim,
Munglanib, munglanib un sari,
Mungimda mungimsan, she’riyat.
Mungimda mungimsan, she’riyat.
* * *
Subhlar xoʻplaydi patli havoni,
Bir kun yolgonchilik qiladi airel'.
Men sening kelishikg hech istamayman.
Biroq kel.
Zar ip eshayapti yogʻdular tomib,
Zim-ziyo hovoncha ezgʻalaydi un.
Qavib, taxlab qoʻydi shoyi koʻrpani
Sen uchun tun.
Jarangdor soching ham boʻlar poʻpakli,
Tillaqosh topilar koʻk sandigʻida.
Uch gaz bulut kessa boʻlar chimildiq
Visol togʻida.
... Kiprikka ilingan shabnam choʻgdayin,
Bir kun haqiqatgoʻy boʻlmadi aprel',
Men sening kelishing hech istamayman,
Biroq kel,
Eshityapsanmi?
Anbar in’om etar senga chechaklar,
Tobe mamlakatdir senga xush chaman.
Men esa chimildiqqa kiraman-u,
Tizzanga bosh qoʻyib yigʻlab olaman.
Eshityapsanmi?
Girdoblar chulgaydi patli havoni,
Bir kun oʻzi kabi laqmadir aprel'.
Men sening kelishing hech istamayman,
Biroq kel.

Tuygʻu

Sen rayhonga suykala, soʻlasan,
Tomchiday tomchilab tundan keyingi
Tong emas, yoʻq, tip-tiniq shabnam...
Jonu koʻzim, bor, nurga choʻmilgin.
Masihnafas damsen, tirilgaydir u,
Qizgʻaldoq yopingʻich, yum-yum yumilgin.
Ilinj bodasidan tugʻilar tuygʻu,
Jonu koʻzim, bor, nurga choʻmilgin.
Qiyqim-qiyqim sado yogʻilar, tingla,
Yurakda im ila charxpalak urgin.
Koinot qadarsen, oxirating yoʻq,
Jonu koʻzim, bor, nurga choʻmilgin.
Nidolar qilgil, xatolar qilgil,
Azolar qilgil, sadolar qilgil,
Albat nurli-nurli vidolar qilgil,
Jonu koʻzim, bor, nurga choʻmilgin.
* * *
«
E.Sh.A.S.ga
»
Ey doʻst, qanday qilib koʻnglingni olay,
Ne etsam guldurak senga yalingay
Va sening tegrangda yurar aylona —
Yuragim ustida qoʻlim sayrona,
Ey doʻst, ishqingdaman masrur.
Ne etsam, togʻ ochar shundoq oʻzini,
Men kirib sen uchun obchiqolsam qoʻr.
Chordona oʻtirsam sen bilan birga,
His etsam sen bilan muhabbat, shuur,
Ey doʻst, ishqingdaman masrur.
Gardi kapalakman, sendan soʻrorim;
Qoʻshilib kapalak misoln aylan.
Ey doʻst, qanday qilsam, koʻnglingni olsam,
Koʻnglingga munosib qaysi bir gulshan.
Ey doʻst, ishqpngdaman masrur.
Shunday bir shalola ha'odan tushsaydi,
Lab ochsak sabodan gul-lola tushsaydi,
Olovni qavigan qiz-bola tushsaydi,
Tiqilinch gʻurbatda pok nola tushsaydi,
Sen bilan birma-bir shod ulfat tushsaydik,
Ishqimiz oʻrtada parvona tushsaydi,
Ey doʻst, ishqingdaman masrur.
Qani u, qani u oʻsha gul, chambil,
Qani u, qani u oʻsha tuygular.
Qani u, qani u oʻsha susambil,
Tush bilan tushakka kirgan qaygʻular,
Ey doʻst, ishqingdaman masrur.
* * *
Sarvim, arazlabsiz, hijob tutibsiz,
Bizni qora koʻrib, simob yutibsiz.
Oʻlib boʻlarmidi bizsiz, bilmabsiz,
Ahvolimiz oʻxshash, hech oʻylamabsiz.
Mijgonda quyoshni bandi saqlabsiz,
Shoʻrlikni kimga asrandi saqlabsiz,
Toʻzonni sovutib gavgoga boshlabsiz,
Sarvim, xatomasmi, bizni tashlabsiz.
Gardun iqbol sari yurmasa yurmabdi,
Mayxona changini qormasa qormabdi,
Shungayam shunchami, xoʻrlasa xoʻrlabdi,
Baribir koʻnmaymiz, zoʻrlasa zoʻrlabdi.
Oqshom kulbasida biz-da mehmonmiz,
Avjlansak, yalangʻoch mohitobonmiz.
Hijolatlar boʻlmang, gul-gulistonmiz,
Biz shunday ayonmiz, shunday tamommiz.
Oh, orzu orzumi beomonlikda,
Oh, darmon darmonmi bedarmonlikda.
Sizdan soʻrovimiz, ilinjimiz shu:
Sarvim, bizga qayting — sargardonlikka
Bizga qayting, sarvim...