OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbu Abdulloh Rudakiy
Asar nomiRuboiy va masnaviylar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Abu Abdulloh Rudakiy
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ruboiy va masnaviylar
Abu Abdulloh Rudakiy

Abu Abdullo Rudakiy (858-941)

Fors-tojik adabiyotining asoschisi Abu Abdullo Ja’far binni Muhammad Rudakiy Samarqand yaqinidagi Panjrudak qishlogʻida tugʻilgan. Uning taxallusi shu qishloq nomidan olingan boʻlib, rud degan cholgʻu asbobi bilan bogʻliqligi toʻgʻrisidagi fikrlar haqiqatdan yiroq.

U alohida qobiliyat sohibi boʻlib, «sakkiz yoshida Qur’onni xatm qilib, qorilikka oʻtgan va she’r ham ijod qila boshlagan. Chiroyli ovozi tufayli ashula aytish va ud asbobini chalishga kirishib, bu san’atda mahorat koʻrsatdi»[1].

Yosh iste’dodning ovozasini eshitgan Nasr ibn Ahmad uni Buxoroga - somoniylar saroyiga da’vat qiladi. Uning iste’dodi Buxoroda nash’u namo topadi. Rudakiyning basirligi toʻgʻrisida manbalarda turli fikrlar yuradi: bir xillari shoirning onadan koʻr tugʻilganligini ta’kidlasalar, ikkinchilari Buxoro amiri qarmatlikda[2] ayblab, uning koʻziga mil tortganligi haqida ma’lumot beradilar. Shoirning tabiat manzaralarini hayratlanarli darajada yorqin tasvirlaganidan kelib chiqib, koʻpchilik uning tugʻma koʻr boʻlganligiga ishonmaydi. 1956 yili shoir kalla suyagini tekshirib koʻrgan antropolog-haykaltarosh M. Gerasimov koʻz kosasida qolgan izlardan shoirning koʻzi kuydirilib koʻr qilinganligini aniqladi.

Adabiy-tarixiy manbalar shoir merosini 700 mingdan 1 million 300 ming misragacha koʻrsatishadi. Ba’zilar esa undan yuz jild meros qolgan deyishadi. Afsuski, bizga qadar bu muazzam merosning juda oz qismi yetib kelgan. 1956 yili Rudakiyning 1100 yilligi munosabati bilan uning parokanda she’rlari bir yerga jamlanganda 1840 misrani tashkil etgan edi. 1957 yili shoir she’rlari zabardast mutarjim va forsiy adabiyot bilimdoni Munirxon Muinzoda tarjimasida oʻzbek tilida ham bosilib chiqadi[3].

Keyinchalik fors-tojik soʻz san’atining yirik tadqiqotchisi va tarjimoni Shoislom Shomuhamedov tarjimasida Rudakiy asarlari yana ikki marta nashr etildi[4].

Sadriddin Ayniy: «Ustod Rudakiy oʻz she’rlaridan devon tuzgan dastlabki shoirdir», - deb ma’lumot beradi[5]. «Boʻyi joʻyi Moʻliyon oyad hame» («Moʻliyon arigʻining boʻyi kelmoqdadir)» misrasi bilan boshlanadigan gʻazali unga favqulodda shuhrat keltirdi. «Modari may» («Mayning onasi») qasidasi ham mashhur. Buyuk hind eposi «Kalila va Dimna»ni she’riy tarjima qilgan. Ilmu adab ahli Rudakiy uslubini «sahli mumtane’», ya’ni «osonu mumkin emas», deb baholaganlar.

«Rudakiy arablardagi she’r oʻlchovi aruzni chuqur oʻrganib, oʻz xalqi orasida keng tarqalgan qoʻshiqlar kuyiga tatbiq qilish natijasida bir necha yangi vaznlar ixtiro qilib, aruzni boyitgan»[6].

Rudakiy va uning safdoshlari forsiy she’riyatda bir necha asr hukmronlik qilgan Xuroson (yoki Turkiston) uslubiga asos solib, uni rivojlantirganlar.

Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, «ustod Rudakiy advor va musiqiy fanida tamom quvvatga ega edi... uning ilmlar va koʻp fanlardan voqifligi bordir.

She’riyat turlaridan qasida va masnaviyni (ham) yaxshi aytar erdi. Ustod Rudakiy xosu avom oldida baland martabaga erishgan»[7].

Koʻpgina mashhur soʻz ustalarining yakdillik bilan e’tirof etishlaricha, Sharqda biror shoir Rudakiychalik shon-shuhratta burkanmagan, ayni paytda, Rudakiychalik molu davlatga ham ega boʻlmagan. Afsuski, forsiy she’riyatning ustodi, Odam Atosi deb ulugʻlangan shoir keksalikda qishlogʻiga qaytib, koʻr, qashshoq va kasal holida vafot etadi.

Rudakiyni ruboiy janrining yozma adabiyotdagi kashshofi xam deydilar. Chunki janrning barcha talablariga javob beradigan ilk ruboiylar Rudakiy qalamiga mansub. U oʻz ruboiylarida ishq mavzuini keng va chuqur yoritib berdi. Albatta, shoir ruboiylarida falsafiy fikrlar va zamondan shikoyat motivlari ham koʻzga tashlanib turadi.


Ruboiylar

1

Koʻn borigayu Haqni etib yod yasha!
Dil berma takallufgayu[8] ozod yasha!
Gʻam chekma sira koʻrib oʻzingdan boyni,
Sendan-da faqirlarni koʻrib, shod yasha!

2

Yoʻqlar meni yoʻqlasa tasodif yolgʻiz,
Holim soʻramas oʻzimdan oʻzga hargiz.
Jon labga kelar boʻlsa, koʻzim mardumidan[9]
Oʻzga kishi qatra suv tomizmas, afsus...

3

Yoʻlchi yoʻli yorishar chirogʻingdan, yor,
U oʻlmasa bas hajru firogʻingdan, yor.
Kuygan jigar hidi jahonni tutdi,
Kelmasmi kuyuk hidi dimogʻingdan, yor?!

4

Har qayga yoʻli tushsa dili mahzunning,
Qonli tigʻi shu joyda erur gardunning[10].
Layli kabilar anglamagaylar bizni,
Majnun biladi holini, bas, Majnunning!

5

Koʻnglim ishiga shu zulfi-ku soldi tugun,
Jon tomiriga yuz orzu soldi tugun.
Bor-yoʻq umidim yigʻidan erdi, afsus,
Boʻgʻzimga visol kechasi u soldi tugun.

6

Toʻydirmadimi koʻnglingni jabru jafo?
Koʻzing erib oqmas boqsang menga qiyo.
Men seni yaqinroq tutaman joningdan,
Sen boʻlsa menga yovuz gʻanimsan goʻyo.

7

Vasling yoʻliga men hali qoʻymasdan gom[11],
Ham lazzati husningdan ushalmasdan kom,
Nogoh eshitildi bu falakdan paygʻom[12]:
«Hijron xumidan kerak simirmoklik jom!»

8

Gʻam manzilida asli jafokash bizmiz,
Koʻz yoshi-la koʻngli toʻla otash bizmiz.
Olam ne sitam qilsa, sitamkash bizmiz,
Noxush bu hayotda zabunu gʻash bizmiz.

9

Taqdir seni mahv[13] etishda rahm aylamadi,
Qatlingni koʻrib, koʻnglini narm[14] aylamadi.
Jon olguchi joningni olarkan, ne ajab,
Husning haqqi, bir zarra sharm aylamadi!

10

Nomingni epgitsa, shavqidan dil tirilar,
Baxtingni koʻrib, koʻksim shukuhga toʻlar.
Sendan oʻzga mavzuda suhbat borsa—
Har qayda, dilim gʻamda parokanda boʻlar.

11

Yusuf kabi husnidan fiton qildi dilim,
Misr bonularidek oʻzni qon qildi dilim[15],
Boʻsa ila boshda mehribon qildi dilim,
Endi esa qaygʻuga nishon qildi dilim.

12

Hajri gʻamida jigaru bagʻrim xundir,
Shodman gʻamida — bu gʻamidan afzundir[16].
Har tun qilib andisha, degayman: «Yo Rab,
Hijroni shu boʻlsa gar, visoli chundir?!»

13

Ishq ichra, Rudakiy, koʻzga koʻrinmas jon,
Qonli yigʻidan boʻldi bu kiprik marjon.
Rashk otashida firoq azobi gʻamidan
Men qovrilaman doʻzaxiylardek nolon[17].

14

Tutsang sochini tun bemajoz paydo boʻlar,
Ochsang uni naq changali boz[18] paydo boʻlar.
Soch oʻrimini bir-biridan qilsa judo,
Etak-etak mushki[19] Taroz[20] paydo boʻlar.

15

Ishqingda sening na sabr paydo-yu, na dil,
Yuzingsiz esa na aql oshno-yu, na dil.
Mening bu gʻamim naq koʻhi Qofdir[21] — gʻam emas,
Sening bu diling-da sangi xoroyu[22] na dil.

16

Keldi, mana. Kim? Yor. Qachon? Vaqti saxar.
Kimdan choʻchir u? Dushmandan. Kim u? Padar.
Bir juft oʻpich oldim. Qayeridan? Labidan.
Lab erdimi? Yoʻq. Nima? Aqiq. Ta’mi? Shakar.

17

Daryo — yuzing-u, husnu la’ling — marjon,
Zulf — anbar-u, ogʻiz — sadaf-u, dur — dandon[23].
Qoshing — qayigʻ-u peshonaning ajini — mavj,
Ham baqbaqa — girdobi balo, koʻz — toʻfon.

18

Sensiz bu oftobi jaxrnsoʻz boʻlmas,
Sensiz bu chirogʻi olamafroʻz[24] boʻlmas.
Mendek senga oshiq kgapi hargiz boʻlmas,
Gar koʻrmasam orazing, menga roʻz[25] boʻlmas.

19

Diydorini dilga sotdi — qimmatmas u,
Boʻsasini jonga sotdi — arzondir bu.
Diydorini — dilga, boʻsasin jonga sotar,
Savdogar ekanmi oʻsha jonon, yohu?![26]

20

Olibdi qizil guldan oʻsha rang ila boʻy,
Rang yuzni bezaydi, boʻy esa qimmati moʻy[27],
Gulrang boʻladi yuvsa yuzini xama joʻy[28],
Xushboʻy boʻladi yozsa sochini hama koʻy.

21

Zulfing koʻrdim — boshga boʻston chirmash,
Goʻyoki qizil gulga argʻuvon[29] chirmash.
Har xalqasining bandida ming bir dil band,
Har toriga boʻlsa, ming bir jon chirmash.

22

Izlab seni, ey nigori serkinayu jang,
Kezdik bu jahonni boshdan-oyoq diltang.
Qoʻl ishdan, oyoq boʻlsa yurishdan qoldi,
Urdik uni boshgayu buni toshga, qarang!

23

Tong chiqsa kulib quyosh — nomingga oʻxshar,
Oy bir kechalik boʻlsa, jomishta oʻxshar,
Taqdir sening chaqqon xiromingga oʻxshar,
Rizq esa atoyu kiromingga[30] oʻxshar.

24

Gʻam ichra koʻzim — sadafni tark etgan dur,
Chehramda sirim tufayli ming gul ochilur.
Jon birla dilim sirimni harchand yashirur,
Koʻz yoshim uni elga qilur fosh baribir.

25

Dil xasta-yu, bir sochi uzunga banda,
Oʻz qoniga belangan-u, jon yoʻq tanda.
Yoʻq foydasi hech nasihatingshshg, voiz,
Bu xona xarobu xoru parokanda.

25

Dil xasta-yu, bir sochi uzunga banda,
Oʻz qoniga belangan-u, jon yoʻq tanda.
Yoʻq foydasi hech nasihatingshshg, voiz,
Bu xona xarobu xoru parokanda.
Ergash Ochilov tarjimalari


Qarilikdan Shikoyat

Tishim bari toʻkilib ketdi, durri gʻalton edi,
Ularni tish dema, balki charogʻi tobon edi.
Oqish kumush edi-yu, xuddi durri marjon edi,
Buloqning qatrasi yoinki tongda choʻlpon edi.
Bironta qolmadi kurtaklanib, toʻkildi bari,
Bu qaysi nahs edi, nahs boʻlganida Kayvon edi?
Menimcha, nahsdanu yo uzoq umrdan emas,
Ne boʻldi? Men eta qoʻysam qazoyi osmon edi.
Koʻzingni soqqasidek aylanib turuvchi jahon
Hamisha aylanadi, hamma vaqt gardon edi.
Qachonki dori-yu, darmoni ogʻriq oʻrnidadir,
Kezida ogʻrigʻi ham dori birla darmon edi.
Koʻz ochqucha toʻzitar u qayerda yangi esa
Dam oʻtmayin tuzatar u qaydaki vayron edi.
Talaycha bogʻning oʻrnini choʻl etib qoʻydi,
Va qancha bogʻlar oʻrni burun biyobon edi.
Sen, ey yuzi toʻlin oydek goʻzal, ne bilgaysan?
Besh-olti kun nari holim nechogʻli shodon edi?
Koʻpincha sen gajaging birla menga maqtanasan,
Gajak-gajak qaro sochim misoli chavgon edi.
Yuzim tekisligi atlas kabi zamon oʻtdi,
Mening sochim u zamonda qaro-yu qatron edi.
Chunonchi shuncha goʻzallik aziz mehmon ekan,
Qaytmagay yana. Besh-olti kunga mehmon edi.
Ikki koʻzimga talay nozanin edi hayron,
Mening koʻzim ham ularning yuziga hayron edi.
Utibdir endi zamonlar qaygʻusiz edim xurram,
Qayu shahargaki borsam, bir oʻzga jonon edi.
Talaycha tatti kanizak mening dilim ovlab,
Tong otguncha yashirin uyda yaxshi mehmon edi.
Nuchukki, kunduzi koʻrmak, qovushmoq imkonsiz,
Sezar esa egasi, ikkimizga zindon edi.
Aniq chiro-yu goʻzal chehralarni koʻrmaklik
Falonchilarga qiyin boʻlsa, menga oson edi.
Dilim xazinasi soʻz gavhari-la limmo-lim,
Qayonga xatki yozibman she’r muhr — unvon edi.
Hamisha shod edimu qaygʻu-gʻamni bilmas edim,
Dilim quvonch, oʻyin-kulgilarga maydon edi.
Koʻzim uzilmas edi oʻynoqi oʻrim sochdan,
Yoqimli soʻz bila toʻlgan quloqlarim kon edi.
Xotin, bola, tagʻi roʻzgʻor — bu xilda tashvish kam
Toʻnim yoqasida kir yoʻq, qilgʻuliklar oson edi.
Koʻrib turibsan oʻzing Rudakiyni, oy yuzlim,
Koʻrolmading uni, attangki, u boy inson edi.
Agarda koʻrsang edi ul chamanga borganini,
Boshida mingtacha bulbul, hazor doston edi.
yigitlar ichra yigitlar unga boʻlib ulfat,
Amirlar uzra yigit ogʻaliqda polvon edi.
Butun she’rlari manzuru tinglamish olam,
Butun she’rlari oʻz-oʻzligicha devon edi.
Uning she’rlarini tinglagan jahon oʻtdi,
Kechib zamonaki, ul shoiri Xuroson edi..
Toʻyin-toʻkin, bu ulugʻlik sabablarin soʻrasang,
Bu ne’matu bu ulugʻ manbai oliy Somon edi.
Zamona aynadi, men ham tamoman oʻzgardim.
Asomni qoʻlga ber endi, u boshqa davron edi.
Gʻafur Gʻulom tarjimasi


Gʻazal

Bahor oyi yetib kelib, qish oyini etdi yagʻmo,
Fazo yuzin qopladi chang, qonga toʻldi dashtu sahro.
Ilk bahorning koʻz yoshidan shoxlar oldi yuziga rang,
Hamal oyin xush hididan boʻldi tuproq anbaroso,
Layli yuzi kabi lola keng sahroda kulib turar,
Majnun koʻzi kabi bulut qon yoshini qilur daryo.
Oqar suvdan kelmoqdadir har soatda gulob hidi,
Mening yorim ariq ichra gul yuzini yuvmish goʻyo.
Muinzoda tarjimasi


Qit’alar

Boylik, yoʻqchilikda dunyo ahlini
Tokay hisoblaysan xasis — laim, deb?
Dunyodan tama’ni uzgan chogʻingda
Bilursan jahonni butkul karim deb.
* * *
Zamon menga juda qimmat nasihat etdi,
Agar bilsang, zamon toʻla nasihat erur.
Dedi: oʻzdan balandroqni koʻrib gʻam yema,
Koʻp kishi bor, sen boʻlishni orzu qilur.
* * *
Bu maydan bir tomchi Nil ichra tushsa,
Hamisha mast qilur hidi nahangni.
Kiyik bir qatrasin sahroda ichsa,
Arslondek koʻziga ilmas palangni.
Muinzoda tarjimasi


Ruboiylar

Oʻz nafsini magʻlub etolgan marddir,
Gʻiybatdan uzoq-uzoq ketolgan marddir,
Nomard tepib oʻtar yiqilganlarni,
Ojiz kishilar qoʻlin tutolgan marddir.
* * *
Loladek yuz ochsang, koʻkdagi quyosh
Pardaga oʻralib bekinur darhol.
Baqbaqang olmaga chindan oʻxshaydi,
Agar olmada ham boʻlsa mushkin xol.
* * *
Ilonni har qancha qilsang tarbiyat,
Oxir zahrin sochib, yetkazar zahmat.
Nokas tabiati ilon kabidir,
Yuzin koʻrmaslikka etgil harakat.
Muinzoda tarjimasi


Masnaviy

Jahonni shodligi yigʻilsa butun
Doʻstlar diydoridan boʻlolmas ustun.
Har qancha boʻlsa ham olamda achchiq,
Achchiqroqdir dono doʻstdan ayriliq.
Odamdan yuqori turarkan olam,
Bilim oshirmoqqa muhtojdir odam.
Aqlli kishilar har qaysi tilda,
Har qanday zamonda, har qaysi xilda
Bilimlarni toʻplab, hurmat etdilar,
Toshlarga naqsh etib, bitib ketdilar:
Odamlar qalbining charogʻi bilim,
Yomondan saqlanish yarogʻi bilim.
Agar menga birov dushmanlik qilsa
Yoki yomon niyat bilan intilsa,
Doimo doʻstlikni koʻzlayman unga,
Muloyimlik bilan soʻzlayman unga.
Muinzoda tarjimasi

  1. Abdurahmon Jomiy. Bahoriston (Sh. Shomuhamedov tarjimasi). - Toshkent, 1997. 67-68-betlar.
  2. Islom diniga muxolifatda boʻlgan qarmatlar harakati IX asr oxirida Iroqda vujudga kelgan. Ular 899 yili Sharqiy Arabistonda oʻz davlatlarini tuzganlar va u XI asrning oxirigacha mavjud boʻlgan.
  3. Rudakiy. - Toshkent, 1957.
  4. Qarang: Injular ummoni. - Toshkent, 1988. 11-57-betlar; Abu Abdullo Rudakiy. Bobo Tohir. Saylanma. - Toshkent, 1994. 7-81-betlar.
  5. Ayniy S. Asarlar. Sakkiz jildlik. 8-jild (Maqolalar). - Toshkent, 1967. 193-bet.
  6. Shomuhamedov Sh. Odamiylik inshosi. - Toshkent, 1984.
  7. Davlatshoh Samarqandiy. Shoirlar boʻstoni (B. Ahmedov tarjimasi). - Toshkent, 1981. 23-bet.
  8. Takalluf — zahmat, tashvish, taraddud.
  9. Mardum — koʻz qorachigʻi; inson, kishi.
  10. Gardun — dunyo; taqdir; falak.
  11. Gom — qadam, yurish; azm, niyat, qasd.
  12. Paygʻom — xushxabar, mujda; bashorat.
  13. Mahv — yoʻqolish, yakson boʻlish, oʻchish.
  14. Narm — yumshoq, muloyim.
  15. Husnu maloqatda tengsiz boʻlgan Yusuf alayhissalomni sevib qolgani uchun Misr xotinlari Zulayhoni gap-soʻz qiladilar. Shunda Zulayho osh qilib berish bahonasi bilan ularni uyiga chaqirib, oldilariga taxta, sabzi va pichoq qoʻyadi-da, Yusufni boshlab kiradi. Uning husni jamolidan koʻzlarini uzolmay qolgan xotinlar sabzi qolib, oʻz barmoqlarini toʻgʻray boshlaganlarini ham bilmay qoladilar. Bu yerda shoir shu voqeaga ishora qilmoqda.
  16. Afzun — ziyoda, ortiq, koʻp.
  17. Nolon —nola qiluvchi, figʻon chekuvchi.
  18. Boz — lochin.
  19. Mushk — ohulardan bir turining kindigida hosil boʻladigan qora rangli hushboʻy modda. Mushki Taroz — Tarozda tayyorlanadigan mushk.
  20. Taroz — hozirgi Jambul oʻrnida boʻlgan mashhur shahar.
  21. Koʻhi Qof — Qof togʻi. Qof — butun dunyoni oʻrab olgan togʻ tarzida tasavvur qilinadi.
  22. Sang — tosh. Sangi xoro — oʻta qattiq tosh, granit.
  23. Dandon — tish.
  24. Olamafroʻz — olamni yorituvchi; ravshan, munavvar.
  25. Roʻz — kun.
  26. Yohu — Xudoni yodlash, Xudovand deyish (arabcha «yo huva» soʻzidan).
  27. Moʻy — soch.
  28. Joʻy — ariq, oqar suv.
  29. Argʻuvon — gullari nihoyatda qizil boʻladigan daraxt; majozan: qizil rang.
  30. Kirom — bu yerda: saxiylik, sohib ehsonlik ma’nosida.