OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbu Ali ibn Sino
Asar nomiGʻazallar, qit'alar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Abu Ali ibn Sino
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonШоислом Шомуҳамедов, Жамол Камол, Абдусодиқ Ирисов
Hajm56KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Gʻazallar, qit'alar
Abu Ali ibn Sino

Abu Ali Ibn Sinoning Adabiy Faoliyati

Buyuk qomusshunos Abu Aln ibn Sinoning ijodiy faoliyatn juda xilma-xil va rang-barangdir. Alloma oʻz davridagi mavjud boʻlgan hamma fanlarda ham salmoqli iz qoldirgan.

Ibn Sino dunyoda, birinchi navbatda, buyuk tabib sifatida mashhur boʻlgani bilan birga olimlar nazdida buyuk faylasuf sifatida ham hurmatli. Uning nnsonga, birinchi navbatda, praktik jihatdan zarur boʻlgan tibbiy asarlari olim nomini dastlab butun dunyoga taratdi va uni oʻchmaslikka olib keldi.

Ibn Sino tabibgina boʻlib qolmagan edi, u oʻz davrining buyuk mutafakkiri, keyingi asrlar fani, adabiyotiga salmoqli ta’sir koʻrsata olgan buyuk siymo edi. Uning aniq fan sohalarndagi asarlari hamda falsafa va adabiyot bobidagi katta xizmatlari haqli ravishda uni jahon fani va madaniyatnning ajoyib bir namoyandasi deyishga huquq beradi. Uning falsafiy-estetik gʻoya va qarashlari jahon madaniyati erishgan yutuqlar qatoriga kirdi.

Ibn Sino njodidagi ajoyib xususiyatlardan biri shuki, u asarlarida oʻz davrining juda koʻp ilgʻor gʻoyalarini koʻrinarli aks ettira oldi.

Ibn Sino — shoir. Ibn Sino ma’rifatparvar shoir edi. U insonlarni fan va madaniyat, bilim va ma’rifat oʻchogʻini yoqishga, ilmiy yoʻlda ogʻishmay kamolat hosil qilishga, har bir masalaga ilmiy, aqliy yondashishga, rostgoʻy, vijdonli boʻlishga — xullas, nnsoniylikning eng yaxshi xislatlarini oʻzida aks ettirib, mujassamlantirishga va inson degan ulugʻ nomni yanada yuqori koʻtarishga chaqiradi.

Ibn Sino ma’rpfatparvar sifatida oʻzida shoirlik qobiliyatini sezgan chogʻlaridayoq xalq oʻrtasida tabobatni keng koʻlamda yoyishga intilganini koʻramiz. Uning tibbiyotga ond dostonlari shundan dalolat beradi. Ibn Sino bu dostonlarini aruzning rajaz vaznida yozgan. Shuning uchun ba’zan bu asarlarni urjuza deb ham ataganlar. Shu vaznda u tibbiyotga atab bir qancha she’riy asarlar yozdi, hozircha, bular soni toʻqqizta. Ular quyidagilar:

  1. «Sogʻliqni saqlash — gigiyenaga oid urjuza».
  2. «Toʻrt fasllar haqida urjuza».
  3. «Anatomiyaga oid urjuza».
  4. «Gippokrat vasiyatlari haqida urjuza».
  5. «Tajribadan oʻtgan tibbiy narsalar haqida urjuza».
  6. «Tibbiy nasihatlar yozilgan urjuza».
  7. «Mantiqqa oid yozilgan urjuza».
  8. «Aloqa haqida urjuza».
  9. «Tabobat haqida urjuza».

Ibn Sino yozgan bu dostonlarning sakkiztasi tibbiyotga, bittasi mantiqqa ond asardir. Bu dostonlarning eng yirigi «Tibbiy doston» nomi bilan mashhur boʻlgan.

Ibn Sino bu asarini yozganida hali u meditsina olamiga tanilmagan va oʻzining mashhur «Tib qonunlari» asarini yozmagan ham edi. Ibn Sinoning tabobatga oid bu dostoni uning bu sohadagi ilk asari edi. Bu bilan Ibn Sino ham tabobat, ham she’riyatga dadil qadam qoʻya oldi.

Hatto u bu asari orqali oʻz gʻoyalarini yoyishni koʻzda tutganlarini ifodalab shunday deydi: «Men bu urjuza — dostonga kamolat toʻnini va husn saruposini kiygazdim, uni oʻrganish osonroq va mashaqqati kamroq boʻlsin deb, toʻqilishini oson va vaznini yengil qildim».

Arab ma’rifatparvari va adibi Jurjiy Zaydonning koʻrsatishicha, rajaz vazni she’r vaznlarining eng avvalgisi va eng qadimgisidir. Bu vazndagi baytlar masnaviyga oʻxshash qofiyadosh boʻladi. Bu vazn oʻz davrida xalqchil, odamlar orasida keng tarqalgan vazn boʻlgan. Har kim ham bu vaznda she’r ayta olgan, keyinchalik bu bahr kengayib, urjuza deb ataladigan qasida va she’rlar bitilgan. Odatda gapga usta har bir arab bu yoʻl bilan she’r ayta olgan.

Ibn Sino dostonlarining eng yirigi boʻlgan «Tibbiy doston» 1956 yili Parijda va mantiq haqidagisi 1910 yili Qohirada nashr etilgan. Tibbiy doston qisqa nasriy muqaddima bilan boshlanib, keyin nazmiy yoʻlda davom etadi. Nashr etilgan nusxaga koʻra tibbiy dostonda 1326 bayt boʻlib, 2652 yoʻl she’rdan iborat. U yerda muallif ozgina nazmiy muqaddima (oʻn olti bayt)dan soʻng nazariy meditsinaga oʻtadi, bunga 705 bayt bagʻishlangan, soʻng amaliy meditsinaga oʻtadi, bunga esa 605 bayt bagʻishlangan.

Undan tashqari Ibn Sino falsafiy she’rlar ham yozgan, bu borada uning yigirma bayt, ya’ni qirq yoʻllik nafs-jon haqidagi mashhur she’ri ham bor. Ibn Sinoning bu she’ri kichik hajmli boʻlishiga qaramay, koʻp faylasuflar unga sharhlar yozishgan, u bir necha bor nashr ham etilgan.

Nasr yoʻlida Ibn Sinoning bizgacha yetib kelgan mashhur asarlaridan «Hayy nbn Yaqzon», «Risolatat-tayr», «Salomon va Ibsol», «Yusuf» kabi qissalarini aytish mumkin. Qissa deganda hozirgi arab adabiyotida hikoya janrini tushunamiz. Lekin oʻrta asrda qissa soʻzi doston, povest' ma’nosida ham ishlatilgan. Odatda qadim Sharq adabiyotida kichnk hajmdagi prozaik asar boʻlsa qissa janriga kiravergan. Shuning uchun ham Ibn Sino «Hayy ibn Yaqzon», «Salomon va Ibsol» va «Yusuf» asarlarini qissa deb atagan.

Bu qissa 1174 yilda Ibn Azro tomonidan she’r bilan ibroniy tiliga tarjima qilinib, «Hayy nbn Maqiz» qissasi nomi bilan mashhur. Bu tarjima 1736 yili Istambulda bosilgan.

Ibn Sinodan oʻn ikki yil keyin vafot etgan shogirdi Abu Mansur Husayn ibn Muhammad ibn Zaylo al-Isfahoniy ustodining bu asariga sharh bogʻlagan. Undan keyin «Hayy ibn Yaqzon»ni noma’lum bir kishi forschaga tarjima qilib, sharh yozgan. Bu tarjima sharhning bir nusxasi Toshkentda, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik instituti kitob fondida ham saqlanmoqda.

Oʻrta asrlarda faylasuflardan Ibn Tufayl va Shahabuddin Suhravardiylar Ibn Sinoning bu qissasidan ijodiy foydalanib, shu nomda tamoman boshqacha, original asar yaratdilar.

Abu Ubayd al-Juzjoniyning yozishiga qaraganda, Ibn Sino bu asarini hijrnyiing 414 yili (milodiy 1023) Hamadonga yakin boʻlgan Farajdan qal’asida toʻrt oy qamalib yotgan paytida yozgan. Shayx bu vaqtlarda 44 yoshlarda boʻlgan.

«Hayy ibn Yaqzon» qissasining tili, stili juda ogʻir, ayrim hollarda tushunib boʻlmaydigan iboralar, ortiqcha sinonim soʻzlar qatorlashtirilib yuborilgan boʻlib, tushunish va tarjima qilishni ancha mushkullashtiradi. Buning bir sababi boʻlib, albatta, bejiz boʻlmasligi kerak. Hatto ibnsinoshunos Gʻarb olimlaridan Mehren bunday qiyin formada fikr yuritishni zamondosh teologlar hujumiga uchramaslik uchun shunday qilgan, deb izohlaydi. «Ibn Sino bu risolalarini,— deb yozadi Mehren,— oʻzining eng yaqin shogirdlari uchun yozgan. Bu asarlardan uning dunyoga boʻlgan qarashini ham bilish mumkin».

«Hayy ibn Yaqzon» qissasining bosh qahramonn — birinchi shaxs Ibn Sinoning oʻzi boʻlsa, uning suhbatdoshi, hikoya qiluvchi — Hayy ibn Yaqzon — Uygʻoq oʻgʻli Tirik — Aqldir.

Qissadagi beshta aloqa boʻlimi insondagi bor boʻlgan beshta tashqi sezuv organi — koʻrish, ta’m bilish, hidlash, eshitish, sezishdir. Bular kishi organizmida tabiatni tushunishda, munosabatda boʻlishda misoli bir xabarchidir.

Ibn Sinoning bu qissasi koʻp jihatdan majozny, ramziy bitilgan, kishilar fe’li atvorini oʻz ichiga qamrab ololgan va hayotiy gaplardan mulohaza yuritadigan adabiy asar hamdir. Mana shu nuqtai nazardan qaraganimizda qissaning ikki planda — ham falsafiy, ham adabiy planda yozilganligini koʻramiz. Darhaqiqat, Ibn Sino bu asarida ham ramz — ishoralar orqali, adabiy vositalar yordami bilan oʻziga tuyulgan ma’lum qarashlarini bayon qilgan.

«At-Tayr»— «Qush asari». Ibn Sinoning adabiy ijodiga kiradigan asarlaridan biri uning «Risolat at-tayr» («Qush risolasi»)dir.

Bu asar ham aslida ramz — ishoralar bilan yozilgan boʻlib, olimning jon, haqiqat toʻgʻrisidagi fikr va gʻoyalarini bilish uchun ham ahamiyatga molik. Sharqning yirik siymolaridan Farididdin Attor «Mantiq ut-tayr», ulugʻ Navoiy «Lison ut-tayr» kabi asarlarnni yozishida Ibn Sinoning shu asari asosiy turtki boʻlgan deyish mumkin. «Qush» haqida birinchi oʻlaroq kichik asar yozgan Ibn Sinodan soʻng bu sohada asar yozganlar uni yanada chuqurroq, yanada kengroq boʻlishini ta’minladilar.

Ibn Sinoning bu asari bilan birinchi boʻlib Umar ibn Sahlon Soviy (1145 yilda oʻlgan) shugʻullanib, uni fors tilida sharhlagan. Undan keyin Sharqda unga juda koʻp sharhlar bitilgan.

Asarning nomi koʻpincha «Risolatat-tayr» atalsa-da, ba’zan «Kitob shabaka va-t-tayr» («Tuzoq va qush kitobi») deb ham atalib kelingan.

Qoraxoniylar somoniylar sulolasini yiqitgandan soʻng, Ibn Sino Buxoroda turolmay, oʻziga qulayroq va tinchroq deb Xorazmga — Urganchga boradi. Koʻp oʻtmay, u yerni kuchayib kelayotgan Gʻazna hukmdorn Mahmud Gʻaznaviy oʻziga boʻysundirishga urinib, Xorazmshohga tazyiq qila boshlaydi. Buni payqagan Ibn Sino Xorazmni tark etib, Niso, Abivard, Tus orqali Gurgonga keladi. Gurgonda yana Mahmud xavfi tugʻiladi. Keyin Ray, Hamadonda yashaydi, u yerda toʻrt oy qamalib chiqadi. Keyin Isfahonda yashaydi.

Xullas, olim bir joyda tinchgina yashay olmay, shaharma-shahar kezadi, bir fitnadan qochib, ikkinchisiga uchraydi. Tarixchilarning yozib qoldirishiga qaraganda, hatto Ibn Sinoning Xorazmdan qochib qolganini eshitgan Mahmud Gʻaznaviy uning rasmini ishlatib, butun qoʻshni oʻlkalarga tarqatgan, qayerda shu rasm egasi koʻrinsa, tutib unga yuborish kerakligini tayinlagan. Mana bu holatlarning hammasi ramziy ishoralar, tamsiliy iboralar bilan «Qush» risolasida oʻz aksini topgan.

Asardagi tuzoq Mahmud Gʻaznaviyning changali, qushlarning boshu qanotlarining ozod boʻlishi esa, Xorazmshoh dargohidan oʻz ixtiyori bilan boshqa yurtga chiqishi, qushlarning oyoqlarida tuzoq qoldiqlarining qolishi va dushmanning izma-iz kelishidan qoʻrquv esa, qaysi oʻlka, qaysi shaharga borsa, hamon muhayyo boʻlib turgan Mahmudning ta’qibidir, qushlar uchib oʻtgan togʻ, vodiylar Ibn Sino qochib-kezib yurgan shaharlardir. Shu tariqa Ibn Sino bu asarida ramz bilan oʻz ahvoliga ishora qilgan.

«Salomon va Ibsol» qissasi. Abu Ali ibn Sinoning avvalgi ikki nasriy asari Sharq va Gʻarb olimlariga ma’lum boʻlsa ham, lekin «Salomon va Ibsol» bilan «Yusuf» qissasi to keyingi vaqtlargacha koʻpchilik olimlarga deyarlik ma’lum boʻlmay keldi.

«Yusuf» qissasi bilan «Salomon va Ibsol» qissalarnning bir-birlariga tematik bogʻliqligi Ibn Siinoning «Xutbayi tasliya»sini tashkil qilishga olib kelgan edi va natijada ikkalasi bir asar sifatida bir xil sarguzashtga duchor boʻlgan edi. Shu sababdan boʻlsa kerak, bular Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan majmuaga (inv. №2385) oldinma-ketin tushib qolgan.

Masalan, Salomon bir inson boʻlsa, Ibsol shu insonning ma’rifiy, ruhiy darajasi. Ibn Sino Ibsol obrazida berilgan xislatlarni insonlarda koʻrmoqchi boʻladi, shunga odamlarni da’vat qilib, uni ulugʻlaydi. Insonning tabiatida boʻladigan shahvoniy hislari Salomonning xotini obrazi orqali beriladi. Bunda goʻyo istak, ya’ni xotin aqlni (ya’ni Ibsolni) egallamoqchi boʻladi. Lekin aql unga boʻysunmaydi. Shu jihatdan ham alloma Nasiruddin Tusiy Ibsolning xotindan oʻzini olib qochishi, aqlning oʻz olamiga tortishidir, deydi. «Salomonning xotini,— deydi Tusiy yana,— nafs bilan birlashib ketib, bir shaxsga aylangan, istak va gʻazabga tortadigan badan quvvatlariga oʻxshatmadir. Xotinning Ibsolga boʻlgan ishqi esa uning boshqa quvvatlarini egallagandek, aqlini ham egallashga boʻlgan intilishiga oʻxshatmadir».

Xullas, Ibn Sinoning bu asari oʻrta asrdan qolgan adabiy yodgorliklarning bir namunasidir.

«Yusuf» qissasi. Abu Ali ibn Sinoning bu asari hajm jihatidan kichik boʻlishiga qaramay, bu toʻgʻrida dastlab asar yozganligi bilan diqqatga sazovordir.

* * *

Bulardan tashqari, Ibn Sino adabiyotshunoslikka oid «She’r san’ati» (Qohira, 1966) degan asar ham yozgan. Allomaning bu asari uning «Kitob ash-shifo»sining bir qismi boʻlib kelgan. Toʻrt qismdan iborat boʻlgan «Ash-shifo» mantigʻining toʻqqizinchi boʻilagi mana shu «She’r san’ati»dan iboratdir. Bunda muallifimizning adabiyot borasidagi qarashlari, munosabatlarn bitilgan.

Ibn Sino «She’r san’ati» asarnni sakkiz bobga ajratadi va bularning har birini fasl deb ataydi.

Birinchi faslni muallif shunday ataydi: «She’r haqida umumiy tushuncha, she’riy forma hamda yunon she’r navlari haqida». Bu faslda olim umuman she’iriyatga baho beradi, uning tuzilishi, shakllariga toʻxtaydi. Ikkinchi fasl she’rda tema va taqlid masalasiga bagʻishlanadi. Uchinchisi esa «She’rning dastlab paydo boʻlish kayfiyati va she’r turlari haqida» deb ataladi. Toʻrtinchisi «Baytlar oʻlchovining maqsad — gʻarazlar bilan munosabati va xususan, tragediya haqida, tragediya boʻlimlari bayoni» deb nomlanadi. Beshinchisi «She’r, xususan, tragediya tuzilish tartibi, unda ishlatiladigan eposga xos boʻlgan obrazli gap boʻlaklarn haqida» deb atalgan. Oltinchi fasl boshidan oxirigacha tragediya qismlariga bagʻishlangan.

Yettnnchi faslda «She’r navlarida ishlatiladigan soʻzlar va ularning mos kelishi tragediya va boshqa tur she’rlarning unga oʻxshashi haqida», sakkizinchida esa «Shoirning kamchiligi toʻgʻrisida va tragediyaning oʻziga oʻxshash turlardan afzalligi haqida» kabi masalalarga toʻxtalingan.


Ruboiylar

1

Shul xoki siyohdin to avji Zuhal,
Har nechaki mushkilot erur, etdim hal.
Ochdim necha zanjir — zanjiri makru hiyal,
Yechdim necha bir tugun, magar qoldi ajal...

2

Soqiy, qadahi jur’ati joning qayda?
Ul oinai nuri jahoning qayda?
Sun mengaki, koʻnglimni musaffo etayin,
Taqvoni shikast aylagoning qayda?

3

Pir boʻlding, ishingni onchunon etmassen,
Soch oqi-la pirliging nihon etmassen.
Tun zulmatida har neki qilding — qilding.
Tong ravshanida boʻldi, ayon etmassen.

4

Ey mehr, ki bormi sen kabi olamgard,
Sargashta yoʻlovchiman, oʻzing yoʻl koʻrsat.
Koʻrdingmi birovnikim yana ishq yoʻlida,
Kim yuzida shuncha gard emish, koʻnglida dard?..

5

Zulfing sochilib, boʻying qadar evrilmish,
Ogohmisen nechun, magar evrilmish?
Chun la’ling aro la’liyu zumrad koʻribon,
Ajdar boʻlibon koʻhi kamar evrilmish...

6

Gar bodani goh-goh icharmen — xomligʻ,
Ammoki mudom ichar esam — badnomligʻ.
May shohu hakimu rind ichar ersa, na xush,
Gar boshqasi noʻsh aylasa — dushmankomligʻ.

7

Bizdirmiz oʻsha haqqa tavallo qilgon,
Lutfingni tilab, oʻzni tabarro qilgon.
Har yerda inoyating agar boʻlsa, boʻlur
Qilgon qilmogonu qilmagon goʻyo qilgon...

8

Ne xushki, jahondin kechibon ketgaysen,
Manzilga pushaymonsiz agar yetgaysen.
Har nechaki aylasang — bugun ayla ado,
Chun ertaga notavon qolib, netgaysen...

9

Ey nafs, ki gʻarq ayla havoyu havasing,
Zud oʻlki, zarur himoyati bir nafasing.
Dunyo dema, molu davlatu ishva dema,
Kim, doʻst deb dushmanga giriftor oʻlasing...

10

Yuznng kabi oftobi purmoya qani?
Zulfing kabi har shomu sahar soya qani?
Bul tovbaga ul gunoh nechuk ziynat emish?
Bu ikkisidek hamdamu hamsoya qani?..

11

Kim berdi ruhi lolayu gulbor senga?
Bu sumbuli navrastani, gulnor, senga?
Kunduzni qaro tun qoʻliga kim berdi?
Bu yori sazonikim, sazovor, senga?..

12

Ey tun, inoyat et, yana aylama xun,
Bu rozi dilimni fosh etib, qilma fuzun.
Koʻrding, kecha ne qadar uzun boʻldi kecham?
Ey vaslu visol tuni, uzun boʻl, uzun...

13

Soʻrdimki:—Nechun shikasta, nolondirman?
Aydi:— Sababni men, guli xandondirman.
Soʻrdimki:—Nechun koʻyingda giryondirman?
Aydiki sanam:—Sen tanu, men jondirman...

14

Uch narsa sening uchingdan olmish timsol:
Ruhdan — gulu, labdan — mulu, yuzdan — jamol.
Uch narsa mening uchimdan olmish hama sol:
Dildan — gʻamu, yuzdan — namu, koʻzdan — xayol...

15

Zulfing sanamim, agarda larzon boʻlur,
El ichra bahoyi anbar arzon boʻlur.
Gar zulmnng aro yuzing namoyon boʻlur,
Nur tong bila tunga teng farovon boʻlur...

16

Ey koshki, kimligimni bir bilsame,
Nechun sargashtamen, nazar qilsame.
Sohibi baxt esam, oʻynab-kulsame,
Ermasam, yosh toʻkib, bagʻrim tilsame...

17

Bu bodiya ichrakim chunon chopdi koʻngul,
Jahd etdiyu qildi chok-chok ayladi ul.
Koʻnglimda-ku ming quyosh yonar erdi, vale
Oxirda kamolga topmadi zarracha yoʻl...

18

Har narsanikim zamon buzib, xor aylar,
Dunyoyi xazinabon yigʻib, bor aylar.
Mayl etsayu boz asliga evrilsa falak,
Gʻayb pardasidin haq yana oshkor aylar...

19

Mening kufrim ayblarga dilimdan oʻzga sulton yoʻq,
Bu olamda mening pokiza imonimdek imon yoʻq.
Musulmonlikda men ahli zamon ichra edim tanho,
Agar kofir esam men ham, bu dunyoda musulmon yoʻq.

20

Oʻzni dono bilgan bu uch-toʻrt nodon
Eshak tabiatin qilur namoyon.
Bular suhbatida sen ham eshak boʻl,
Boʻlmasa «kofir» deb qilishar e’lon.

21

Man mastga dushmanu hushyorga yordir,
Ozi taryok, koʻpi bir zahri mordir.
Koʻp boʻlsa zarari oz emas uning,
Oz boʻlsa unda koʻp manfaat bordir.

22

Har yerda jaholat haddan oshgan on,
Zamona jigaring qilur qaro qon,
Marvarid, gavharga toʻlurmi qoʻling,
Ostonang ul yogʻi gar boʻlsa ummon.

23

Soqiy, jannatiy sof zuloling qani?
Haq koʻrinar oyna misoling qani?
Ichimni tozalab yuvmoq niyatim,
Choʻloq qumgon, singan safoling qani?

21

Haq jahonning jonidur,badandur jahon,
Farishtalar bu tanga sezgi, begumon.
Unsurlardan barcha jism mavolid a’zo,
Shudur borliq, qolgani hiylayu yolgʻon.

25

Doʻstim dushman bilan oʻtirmish bisyor,
Endi oʻtirmayman u bilan zinhor.
Parhez qil shakardan zahari boʻlsa,
Pashshadan qoch, koʻnish joyi boʻlsa mor.

Jamol Kamol tarjimalari

Gʻazallar

Haqiqat tip-tiniq boda erur ruhning gʻizosi,
Chechak-gullardin oʻzgay boʻyi ham rangi sarosi.
Aqiq rangligu misli yoqutu la’lisifat boʻlsa,
Kimki ichsa bir jom, boshiga qoʻngay humosi.
Quyulsa tong ila xummorlarning jomiga kul-kul,
Magar barbat sadosidin kelur xushroq sadosi.
Padar pandi kabi achchiqdir, ammo foydasi behad,
Erur nodonga botilu vale dono ravosi.
Aql fatvosi andoqkim, haloldir ichsa donolar,
Vale ahmoqlara makruh erur kayfi safosi.
Bnlimdonga haloldirkim, haromdir ahli johilga,
Hama yaxshi-yomonni ajratur mayning ziyosi.
Harom oʻlmish sharob olamda balkim jahli johildin,
Nechakim ichdi johil, boʻldilar mayning adosi.
Sharobni ablah ichsa, chun gunohi haddidan oshgay,
Tilidin lof yogʻilgʻay, oʻzgarib fikri havosi.
Ne xushdirkim, qoʻlingga sunsa paymona goʻzal mahbub,
Goʻzal yuz shabnami tomsa, men ul mayning gadosi.
Abu Ali, tiniq mayni hakimona ichaver,
Xudo haqqi, shudir haqning yoʻlin topmoq davosi.
* * *
Mard kishiga oʻn xil ish doim harom,
Oltisidan mard kishi xolis mudom.
Xasisligu, hasad ham yolgʻonchilik,
Zaiflik, dardu yoʻqlikka boʻlish rom.
Agar ne’matga yetsang, sen adolat —
Ham aqling birla ber doʻstlarga in’om.
Agar shiddatda qolsang, yutma darding,
Samon boʻlgay bu darddin chehra gulfom.
Nazarga arzimas butkul jahon hech,
Sovuq bir oh ila boʻlgay saranjom.
Falak — juft soqqa, olam taxtasidir,
Ajal oʻynaydi, bizlar — donai xom.
Shoislom Shomuhamedov tarjimasi.

Qit’alar

Ulugʻligim tufayli dillarida vahmalar zohir,
Yoʻq ersa, shafqat etmay, aylashardi betinim tahqir.
Meni tutmoqchi boʻlganlar qazib choh, aylashar «av-av»,
Kuchuk ovozi haryoqda, faqat men bunda sherman, sher.
* * *
Uzoqdan oʻqrayib, menga qilurlar necha gʻavgʻolar,
Men ersam ilm derman, tunlarim bedor oʻtar bir-bir.
Agar bunday adovat oʻrniga boʻlsaydi odil koʻz,
Koʻrardi ishlarimda ul yomon oʻrniga xoʻb tadbir.


* * *
Tark qil bor narsani, a’lodurur jon hammadan,
Jon kamoli ilmdandir, ilmdandir soʻlu sogʻ.
Jon agar bir shisha boʻlsa, ilm — bir yonguvchi sham,
Hikmati insonni bilgil ul charogʻda lampayogʻ.
Gar charogʻ ravshan erursa, sen sogʻ-salomat ham tirik,
Gar charogʻ soʻnsa, sening ham oʻlganingdir ushbu chogʻ.
Shoislom Shomuhamedov tarjimasi.

Baytlar

Koʻrlarga quyosh ravshan emas-ku,
Johilga toʻgʻri yoʻl pinhon shuningdek.
* * *
Mubtalo boʻlmoqni kimki istamas,
Hammom issigʻiga tutmas yelkasin.
* * *
Mening sabrim juda qattiq, sening ersa yurak-bagʻring,
Demak, bir tosh ekanmiz ikkimiz ham bu muhabbatda.
* * *
Oliy mansab egalari jonsnz narsalar boʻldi,
Ajab, jonsiz narsalar ham nash’u namo qilishar.
* * *
Zulfi birla qop-qora tun zohir aylar boʻldi-yu,
Yuzlarining shu’lasi yoʻl bermadi oqshomga hech.
* * *
Men ulugʻ boʻldim-ku, lek keng boʻlmadi maydon menga,
Qimmatim oshgach xaridor chiqmayin qoldi axir.
* * *
Yetib borsa, hazar qilgʻil, mening soʻz shamshirim domi.
Va yo til shamshirim — soʻzim shamoli yetgani oni.
* * *
Yomon yo yaxshilik qilgay har kishi,
Shu yomon, yaxshini topmoqdir ishi.
* * *
Qora qargʻa qanoti oppoq boʻlgan on,
Men ham soqol boʻyab, boʻlgum navqiron.
* * *
Agar ovqat cheksiz laziz boʻlsa ham,
Koʻp yemagil, keltiradi dardu gʻam.
* * *
Yoʻqlikka ketmishlar minglab ulugʻ zot,
Birortasi qaytib kelmadi, hayhot!
* * *
Kirmagim bunga ayon misli oʻznng koʻrgan kabi,
Lek bu yerdan chiqmogʻim ham, shubhasnz, amrimahol.
Shoislom Shomuhamedov tarjimasi.

Nasihat

Yegan boʻlsang taomnng,
Hazm boʻlmasdan oldin,
Yana ustiga-ustak —
Yemoqqa yoʻq zarurat.
* * *
Chaynashda tishlar ojiz —
Boʻlgan taomni yutma,
Taomning yomoni bu,
Qoringa boʻlgay ofat.
* * *
Hafta ichinda bir bor
Qayt qilish senga lozim,
Balgʻam zararlaridan
Omon qolgaysan minba’d.
* * *
Ogʻir hujumu tahdid,
Hatto, qolsang xatarda,
Surmay keyinga aslo,
Ichingni tezroq boʻshat.
* * *
Silkit uxlashdan oldin,
Pok et taning chiqitdan,
Istasang yaxshi uyqu,
Har kun boʻlsin shu odat.
* * *
Kun aro hammom tushmoq
Odatin tark aylama,
Taning topar parvarish,
Yurursan sogʻ-salomat.
* * *
Dori-darmon ichmoqqa
Oʻzingni koʻp oʻrgatma,
Doru ichish nojoiz,
Yetmasdan katta illat.
* * *
Bordiyu zoʻr ehtiyoj
Seni aylasa majbur,
Illat, dori tayanchdir,
Badanga boʻlur quvvat.
* * *
Bu hikmatni ataylab,
Bir kun hakim Tayozuq —
Noʻshiravon Odilga,
Qilgan ekan nasihat...
Abdusodiq Irisov tarjimasi.

Al-Alaviyga Javob

Tangrim oʻzi bersin shifo, dard aritsin peshonadin,
Marhamati boʻlsin doim, ketmay qutlugʻ ostonadin.
Bilkim, dardlarning iloji ishol qilishdir avvalo,
Soʻngra ushbu baytlar boʻlur kerak dori darmonadin.
Ensaga qonni soʻrguvchi zuluk qoʻymoq — maslahatdir,
Agarda u istamasa qoriq qoʻymoqni yanadin.
Et yemakni tark aylasin, hazmi yengil taom yesin,
Sharobga qoʻl choʻzilmasin, to yetmagay dard tanadin.
Ezib majnuntol novdasin gulobga omuxta etib,
Yuzga surtsin uxlaganda har zamon-har zamonadin.
Qadamasin tugmalarin boʻgʻadigan ham tor qilib,
Jahli chiqib baqirmasin, har xil sabab-bahonadin.
Iloj shudir, har kishiki aytganimga qilgay amal,
Topgay shifo, ohista dard ariydi ul oshyonadin.
Abdusodiq Irisov tarjimasi.

«Tibbiy Doston» (Urjuza) dan Parchalar

Tibning Taqsimlanishi Haqida

Tanada gar paydo boʻlsa qanday maraz,
Tibdan topar davosini har bir araz.
Ilmiy, amaliyga boʻlindi tib avval,
Boʻldi uch narsadan ilmiysi mukammal.
U narsaning biri yetti tabiatdir,
Andin soʻngra kelgan olti zaruratdir.
Uch narsa bor: bitilgandir kitoblarda,
«Maraz, araz, sabab», degan xitoblarda.
Ikki turga boʻlinadi amaliy tib,
Biri ikki qoʻldan topur davo, tartib.
Boshqa biri bajo boʻlur, boʻlsa davo,
Qoʻl keladi belgilangan boʻlsa gʻizo.
Bilsang, tabiiy narsalar — ruknlardan,
Ular qorishidan paydo boʻlur badan.
Bu xususda Buqrot qavli sahih oʻlur,
Tuproq, olov, suv ham havo manba boʻlur.
Unga dalil: jism halok boʻlsa magar,
Muqarrarki, toʻrt unsurga yana qaytar.
Ruknlar gar boʻlsa bir xil tabiatli,
Koʻrolmasding kasal boʻlgan tirik zotni.


Mizojlar Haqida

Andin soʻngra kelur senga ilmi mizoj,
Aning hukmi yordam berur, qilsang iloj.
Ammo mizoj quvvatlari toʻrtta hargiz,
Hakim uni qoʻshib aytar yoki yolgʻiz.
Alar issiq, sovuq, yumshoq, quruq chunon,
Kim ishlasa — sezgisiga boʻlgay ayon.
Mizoj quvvatlari ruknu zamonlarda,
Oʻsar narsalarda, barcha makonlarda.
Ustiqusdir egallovchi bagʻoyatda,
Oddiy mizoj boʻlsa agar nihoyatda.
Issiqlik-chi oʻt, havoda mavjud erur,
Sovuq yursa, tuproq ila suvda qolur.
Quruqlik oʻt bila tuproq mobaynida,
Hoʻllik esa — suv ham bulutning qoʻynida.
Birikar bor, birikmas bor vujud uzra,
Bizga borliq hukm etgan javhar ichra...
Zoʻrayadi qish mavsumi gʻoyat balgʻam,
Qon qoʻzgʻalib, bahor payti qoʻzir hardam.
Yoz faslida qilgay xuruj safro chunon,
Kuz fasli-chi, savdo uchun qulay makon.
Barcha oʻsuvchilar boʻlur bir nechtadan,
Ma’dan, nabotot, jonivor — tirik badan.
Qay chogʻ gʻolib kelgay alar jisming aro —
Dori boʻlur oʻstirgani boʻlgay davo.
Tabib koʻrish-la bilinur unday mizoj,
Doim agar mavjud esa toʻgʻri qiyos.
Achchiq, shirin, shoʻrtam gʻizo asli quruq,
Oʻtkir maza issiq mizojlikka urugʻ.
Ta’mi agar taxir yo aft burishtirish,
Sovuq, quruqlikdan darak nordonu tursh.
Suvlik boʻlib, ta’m boʻlmasa aytgil dadil,
Unday tabiatli mizojdir moʻ’tadil.
Barcha yogʻliq — hoʻl mizoju issiqlikdan,
Sovuqlik — hoʻl mizoj, ta’msiz, chuchuklikdan.
Yoshga qarab boʻlgay mizoj turli-tuman,
Gapdan murod — inson erur hech begumon.
Yosh-yalanglar issiq mizojdir har qachon,
Bu tabiiy ahvol erurdir begumon.
Sezgir, mizoji hoʻl boʻlur, gar bola yosh,
Yigit mizojidur quruqlikka tutash.
Gar oʻlchasang-chi oʻrta yosh sovuqsimon,
Qari mizoj anga yaqin, balki yomon...
Har ikkisin mizoji ham boʻlgay quruq,
Pishib yetilmaslikka-chi keksa yovuq.
Issiq, quruqlik — er mizoj, bilgil ani,
Hoʻllik, sovuqlikdir xotinlar maskani.
Qizilcha, oq gar omuxta boʻlgan zamon,
Mizojlarning miqdori ham oʻrta-miyon.
Oqsoch odam sovuq mizoj boʻlgay, qara,
Issiq mizoj boʻlsa sochi boʻlgay qora.
Sovuqligi kamning sochi malla, targʻil,
Issiqligi kamning sochi boʻlgay qizil.
Oʻrta mizoj rangli kishi boʻlsa agar,
Qizgʻish, malla rang boʻlishi chin muqarrar.


A’zolar Haqida

Asli jism a’zolari-chi toʻrt boʻlur,
Yana shoxobchalar borkim — joiz, zarur.
Har bittasi oʻz burchini etgay ado
Hozir aylab jisming uchun quvvat-gʻizo.
Jismingga qalb bergay gʻizo — andin hayot,
Qalb boʻlmasa jasad misli bir nabotot.
Jondor jismlarga yurak unsur kabi.
Abxur bila oʻtgay haroratlar dami.
Bosh miya-chi, orqa miya birlan asab —
Haroratin oshirmasdan turar asrab.
Ikkisidan olgay boʻgʻinlar harakat,
Nasllanishga qoʻsh moyak — tayin olat.
Alar bilan bola paydo, nav saqlanur,
Yoʻqsa alar, jondorda nav odoqlanur.
Etu yogʻu bezlar ekan turli-tuman,
Jondorlarga boʻlgay qurol, saqlar omon.
Badandagi parda, suyak, boyloqki bor,
Gavda uchun suyanchiqdir hamda mador.
Boʻlsin uchun tan barhayot — roʻzgʻori but,
Asl a’zo xizmatlari erur mavjud.
Oyoq-qoʻlga tirnoq yordir barmoq uchun,
Soch-tuk chiqindi haydash, zeb bermoq uchun.


Nafsoniy Quvvatlar

Toʻqqiz quvvat nafsiy erurki oʻzgacha,
Andin beshi tegishli oʻlgay sezgiga.
Qulogʻu koʻz, soʻngra burun, sezgi, maza,
Komil boʻlur ular, agar tugal sezsa.
Oʻndan biri — mushaklarga bogʻliq quvvat,
Yigit boʻgʻinlari shundan boharakat.
Alar ichra bordir, bilsang, shunday quvvat,
Narsa esda aks etadi xuddi suvrat.
Boshqa quvvat bordir — andin hosil fikr,
Oʻzgasi-la barpo boʻlur xotir-zikr.


Makon Va Ob-Havo Haqida

Qaysi oʻlka joylashgandir togʻ ustina —
Ob-havosi boʻlur ajib salqingina.
Oʻlka agar togʻ qa’rida, tosday chuqur —
Boʻlsa agar, shak-shubhasiz, issiq boʻlur.
Garchi diyor togʻdan janubroqdir xiyol,
Esmoqligi matlub erur issiq shamol.
Aksi boʻlib, togʻlar joyi boʻlsa janub,
Salqin shamol esgay, issiq yelni quvib.
Gʻarbida togʻ boʻlsa havo ogʻir, yomon,
Gar sharqidan esa — latif, oromijon.
Dengiz uchun aksinchadir unday hukm,
Ushbularni aytur senga ahli salim.
Janubiy yel haroratli, rutubatli,
Goʻyo boʻgʻar, nafas olish uqubatli.
Sovuqlik ham, quruqlik ham shamol-eldan,
Yoʻtalga zoʻr kelur undan bunday elda.
Xush keladir iliq essa sabo har dam,
Dabur essa, unga doim sovuq hamdam.
Qaysi diyor yerlaridir suvga serob,
Atrof tekis, tuprogʻi nam, boʻlsa zaxob.
Koʻlmagida boʻlsa agar suvi shirin,
Mizojida boʻlgʻay rutubat yashirin.
Qoya boʻlsa yaqinida, suvi tuzluk,
Shunday yerning havolari boʻlgay quruq.
Chor tarafi ochiq esa gar maskaning,
Bor shamolu yelga yoʻli ochiq aning.
Qish chogʻida haddan oshar sovuqligʻi.
Yoz chogʻida doim koʻpdir issiqligʻi.
Maskan agar dahliz erur, ham yertoʻla,
Ish tut oʻshanda hukmning aksi bila.
Issiq kiyimdir: paxtalik hamda harir,
Yaltiroqlar bilan kanob sovuq boʻlur.
Momiq, jun boʻlsa, har yerda harorat bor,
Quruqliqqa bunda bir oz zarurat bor.
Qora, yashil rangdan koʻzga bor manfaat,
Shu ranglardan topgay basorating quvvat.
Oqu sariq ranglar haddin oshsa agar,
Bundan sening koʻzlaringga yetgay zarar.


Yeyish Va Ichish Haqida

Bilginki sen hukmi gʻizo, ushbu boʻlur:
Oʻsmoqqa loyiq narsalarni oʻstirur.
Gar toza qonni oʻzidan paydo qilur,
Unday gʻizolar maqtalur, nafli boʻlur.
Bugʻdoy unidan yopilsa gar obi non,
Joʻja eti hamroh boʻlsa — oromijon.
Koʻkat yesang, yaman koʻkati xush boʻlur,
Iste’moli bemor kishiga mos kelur.
Ba’zi gʻizo boʻlgay gʻaliz, oq non shu hol
Uch yil boqib soʻygan qoʻying eti misol.
Charchab-horib kelgan kishiga bor gʻizo —
Baliq erurki — «razroziy» nom el aro.
Gʻizodan bor yana latif misli piyoz —
Xardal, sarimsoqdek yoqimsiz beqiyos.
Bunday gʻizo tugʻdiradi safroni koʻp,
Andin yasar tabobatda davoni koʻp.
Unday gʻizodan ba’zida savdo boʻlur,
Ba’zi jismlarda kasal paydo boʻlur.
Qari taka hamda qari molning eti
Ziyon erur misli kepak noni kabi.
Bordir yana bir xil gʻaliz yoqmas taom,
Gʻaliz baliq, sutday paydo qilur balgʻam.
Ammo shirin anhor suvin ichsang qachon,
Saqlab qolur asliy rutubatni chunon.
Unday suvlar chiqindini haydab chiqar,
Shu tufayli tomirlarga gʻizo oqar.
Yomgʻir suvi suvlar ichra zap tozadir,
Zarar unsur ilashmagan koʻp saradir.
Ichimliklar, masalan, may, sut, musallas
Gʻizo bergay tan-badanga har bir nafas.
Yo tabiatiga tanni moyil etar.
Ivitilgan sikanjabin kabi tutar.


Uyqu Va Uygʻoqlik Haqida

Tinim berib, uyqu etsa beharakat,
Quvvayn nafs, quvvayn his topar rohat.
Badanlaring qizdiradi, berib orom,
Uyqu, bilsang, sening uchun hazmi taom.
Koʻpaytirsang gar uyquni haddan nari,
Xiltlar bilan toʻlur miya qorinlari.
Koʻp uxlashlik yigʻar tanda rutubatni,
Oʻchiradi hayot berar haroratni.
Bedorlik ham maromida boʻlsa agar,
Ta’bing xushu oʻzing tetiksan muqarrar.
Kuch-quvvatni tiklab berur ishlash uchun,
Chiqindidan aritadi badan ichin.
Kam uxlasang, uyqusizlik paydo boʻlur,
Gʻashdir diling, notinch oʻzing, boʻlmas surur.
Ruhing tushar, ta’bing xira kam uyqudan,
Soʻlgʻun boʻlib ranging buzuq, ozgay badan.
Koʻz kirtayar, hazming buzar oz uxlasang,
Fikr ishlamas, jisming nurar, boshing garang.
Bilsang riyozat turlari necha-necha —
Sharofatli boʻlur esa u oʻrtacha.
Toʻgʻri va moʻ’tadil boʻlib oʻsgay badan,
Kir-chir ila chiqindidan qutular tan.
Hozir etur jismingni u gʻizo uchun,
Goʻdaklarni yoʻllar nash’u namo uchun.
Ortsa riyozat haddidan horish boʻlur,
Ruhing tushib, tinkang qurib, har ish boʻlur.
Haddin oshsa, yongay harorat, yot, gʻarib,
Namlik ketib, jisming qolur koʻp sargʻayib.
Asablaring zaif etur ogʻriq, chu zoʻr,
Yosh yashamay, osh oshamay taning qarir.
Riyozatsiz yotishdan koʻp topma rohat,
Bu rohatdan topolmassan hech manfaat.
Jimjit yotsang iflos xilt-la toʻlur badan,
Gʻizoga hech hozirlanmas biror maskan...


Boʻshanish Va Boʻshanmaslik Haqida

Tomirdan qon olmoq foyda bahor chogʻi,
Dori-darmon ishlatsang ham, qilsang surgi.
Qayt qilishga yoz faslida oʻzni shayla,
Savdo haydash zarur esa kuzni poyla.
Gʻargʻara qil, tishingni yuv, misvok ishlat,
Ogʻiz, tanglay toza boʻlur, qolmas illat.
Zahar tangib kelsa, boʻshat, erinmagil,
Tez haydagil, qoning fasod qilmay hosil.
Kir-chiringni daf etishga hammomga bor,
Zudlik bilan qushday boʻlgil ham begʻubor.
Tozalamoq boʻlsang tering kirdan tamom,
Badaningni pok etmoqqa kerak hammom.
Jimoni-chi, yoshlar bajo etsin, mayli,
Xoli boʻlsin badan darddan shu tufayli.
Oʻzi ozgʻin, oʻrta yoshli, tani nimjon —
Boʻlganlarni qaytar undan, jimo — ziyon.
Gʻizodan soʻng gar jazm etsa jimoga kim,
Niqriz kabi koʻp dardlarga boʻlur mahkum.
Jimo koʻpi zaif aylab, toliqtirar,
Jismga koʻp dardu alam yoʻliqtirar.


Nafsoniy Kayfiyatlar Haqida

Gʻazablanish qoʻzgʻatadi haroratni,
Zarar etib, olur tandan halovatni.
Qoʻrqish sovuqlikni qoʻzgʻar, oʻynab yurak,
Haddan oshsa, ba’zan odam boʻlgay halok.
Shodu xurram kechsa hayot yayrar badan,
Et semirib, andin yetgay zarar ba’zan.
Ozgʻinlarni oʻldiradi qaygʻu beshak,
Kimki ozmoq esa, unga qaygʻu kerak.


Kasallik Sabablari Haqida

Sovuqlikni paydo qilgan narsa tanda —
Ba’zan buzar tartibotni bor badanda.
Nasha kirgay sovuqlikka haroratdan,
Qor aslida sovuq erur tabiatdan.
Ochlik esa ruh gʻizosin aylar adogʻ,
Tan goʻyoki yogʻi tugab qolgan chirogʻ.
Ortiq tutish qamrar haroratni chunon,
Issiq ketib, sovur badanlar koʻp yomon.
Harakat koʻp ogʻir boʻlsa ruh boʻshashur,
Sovur jasad, darmon ketib, darding oshur.
Rohat ichra yashar kimki yursa salqin,
Burqsirab oʻchgan misoli choʻgʻ oʻtin.
Qalin boʻlsa badanda gar kiyim-kechak,
Bor olovni oʻchiradi boʻgʻib beshak.
Badan sovur boʻlsa agarda u kovak,
Bor harorat tarqaladi, misli gʻovak.


Yurak Ishlari Hakida

Bir xil urish, maromi bir boʻlsa yurak,
Sohib yurak sogʻlomligidandir darak.
Tomir urish maromidan chiqsa agar,
Dardu alam borligidan bergay xabar.
Tomir urish asliga gar boʻlsa xilof,
Dardu alam koʻpligiga qil e’tirof.
Tomir urish harakati turli-tuman,
Har birining oʻziga xos bordir zamon.
Yurak tez-tez va asabiy ursa agar
Yetgan boʻlur unga haroratda asar.
Behol-behol boʻlib siyrak zarb urgani —
Sovuqligi ortib, madorsiz turgani...


Terlash Haqida

Esingda tut, ushbu erur dard belgisi —
Rutubatli kasalda koʻp ter boʻlgusi.
Goho-goho ter chiqsa-chi, bunday emas,
Bu ter kishi tabiati kuchi, xolos.
Oqargan ter chiqsa agar tandan qat-qat,
Badandagi balgʻamga bu chin dalolat.
Sariq chiqsa bilgil, darding safrosi bor,
Mabodo ter qora, demak, savdosi bor.
Qizil boʻlib koʻrinsa ter kasal qondan,
Shunga oʻxshash dalolatlar kelur ta’mdan.
Suyuq ter xilt ichra boʻlmish latofatdan,
Quyuq ter ersa ul gʻaliz — kasofatdan.
Terlasa gar butkul a’zo tan uchun soz,
Yolgʻiz a’zo terlasa, bu yomon maraz.
Vaqtida ter chiqsa, kasal ogoh boʻlur,
Shu ter bilan shifo unga hamroh boʻlur.
Bu ter yaxshi, maqtovlarga sazovordir,
Aksi oʻlsa, bexayr oʻlur, dilozordir...


Safro Va Savdo Haqida

Safro agar kelsa gʻolib badan ichra,
Koʻzing koʻrar sargʻayishni teri uzra.
Ogʻzi achchiq boʻlur kakra yutgan kabi,
Bemor boʻlur ishtahasiz va asabiy.
Oshqozoni achishadi, qusar safro,
Shu boisdan ich ketishi boʻlur paydo.
Uyqu qochib, koʻz kirtayib, holi yomon,
Ogʻzi qaqrab, tili qurgʻab, rangi somon,
Shunda gʻoyat sariq boʻlur siydik tusi,
Terilari koʻpchib ketib, oggay esi.
Yemak yemas, lek tashnadur, gʻamgin, oʻsol,
Uyquda ham oʻrtanadi yongan misol.
Tomir urish ham sust boʻlib, qizir badan
Issiq suvda agar choʻmilsang koʻp zamon.
Yozda esa lazzatli zoʻr, shirin yemak —
Safroga zoʻr kelishini bilmoq kerak.
Balgʻam agar gʻolib kelsa xiltlar uzra,
Bosh ogʻrigay, uyqu kelur, tinmas sira.
Tanbal boʻlur yurmakka ham, fikri sayoz,
Telbalardek qadam bosar, dovdir mijoz.
Soʻlak oqib, yuzi salqib tortar xunuk,
Rangda oqishlik yuz berar kayfi soʻnik.
Tomir urish ham beqaror va sust boʻlur,
Peshob quyuq, allaqanday bir tus boʻlur.
Bular chanqamaydi, garchi kuyar yurak,
Balgʻam shoʻri va sassigʻi — darddan darak.
Sovuq mijoz ustiga hoʻl gʻizo yesang,
Qarilikka, qish-qirovga befarq esang,
Riyozat chekmasang, yana koʻrmay hammom,
Bilib-bilmay taom uzra yesang taom,
Gar mamlakat sernam, yana sersuv erur,
Bundaylar tushida dengiz, daryo koʻrur.
Bosinqirash buzar doim uyqusini,
Quvvayi hazm tuzatolmas Qaylusini.
Bular bari ixtilofi salomatdir,
Kasallikdan soʻzlaguvchi alomatdir.
Sen bundayin belgilarga qil nazzora,
Alarning daf’iga shoshgil, ayla chora.


Kasallikni Bildiruvchi Belgilar Haqida

Oʻlim xavfi ba’zi darddan bergay nishon,
Ba’zi belgi sogʻayishdan soʻzlar hamon.
Ta’riflaymiz belgilarni sifati-la,
Bu dalillar bilishga bir muqaddima.
Kasal odam halokini anglasakim,
Oʻzni shunda davolashdan tiyar hakim.
Boʻlsa kasal sogʻayishi unga ravshan,
Ochiq soʻylab, kasal dilin etar gulshan.
Belgilarning avvali shu: fursatlardir,
Fursat ichra turli-turli ofatlardir.
Bilmak kerak dard kecharmi ogʻir, yengil,
Qisqa, uzoq muddat ichra — uzil-kesil.
Dard kasodi nechuk paydo — shunga qarab,
Tabib muddat belgilaydi ahvol soʻrab.


Kasallik Davrini Bilish Haqida

Har kasallik davri boʻlur turli-tuman,
Halok, hayot yuz beradi, shunday zamon.
Dard boshlanish, avjga chiqish, tugash payti
Kelur oʻlish yo sogʻayish, xatar qaytib.
Toʻrtilamchi, dard pasayish vaqti derlar,
Oʻlim boʻlmas davo yanglish boʻlmasa gar.
Dard boshida a’zolarga yetgay zarar,
Zaifligi boshqa ishlardan yuz berar.
Axlat, tupuk, siydikdagi choʻkma tamom
To yetiluv koʻringuncha etgay davom.
Ular ta’sirida boʻlgay isitma ham,
Navbat ila kelur, dardga boʻlib hamdam.
Bu holdan soʻng tugash davri boshlanur, bil,
Yetilishing toʻla koʻrsang gar muttasil.
Bunda dardning tutish davri koʻp boʻlmagay,
Yuz berishi kam-kam boʻlur va paydar-pay.
Dard kamayish tomon yurar ushbu zamon,
Sogʻayish yuz berib, tugar kasod-buhron.
Gar koʻrinsa kasallarda bu alomat,
Dilin shod et, qolgusidir u salomat.
Zero, bundoq bir pallada oʻlim boʻlmas,
Davo yanglish boʻlmas ekan, kasal oʻlmas.
Yo bir ofat yuz bersayu kelsa vabo,
Oʻlum boʻlur, tishdan agar yelsa havo.
Kasallikning chegarasin bilsang qayda,
Yengil gʻizo bersang, undan kelur foyda.
Dard arisa gʻizoni sen oʻrtacha qil,
Baxtu iqbol kelishini muqarrar bil.
Oxirgi davr kasallikda kechsa, albat,
Yengil gʻizo bermoqni ham taqqa toʻxtat.


Kasallikning Uzun Qisqaligi Haqida

Har bir kasal ma’lum muddat talab qilar,
Bnr xillari qisqa, ammo oʻtkir boʻlar.
Balki kasal vafot etar, topmay najot,
Yo sogʻayar dardi boʻlib xoru kasod.
Yetilmoq ham, dard vaqti xam shitob boʻlur,
Ogʻir boʻlur, bemor holi xarob boʻlur.
Bunday dardning boshlanishi boʻlur qisqa,
Uni bilib, chorasiga tadbir ayla.
Gʻizoni moʻl qabul qilsa agar betob
Hazmi ogʻir kelib, boʻlur quvvati sob.
Boʻlsin gʻizo miqdorida mezon tiniq,
Safar ahli ovqatidek qat’iy aniq.
Alomatlar ammo ogir kelsa agar,
Va ularda zohir boʻlsa xavfu xatar.
Quvvat ketib, mador agar bitsa yomon,
Aql-hushda koʻrinsa gar, turfa nuqson.
Koʻtarmasa dardin kasalning quvvati,
Demak, uning yaqin erur halokati.
Belgilarning yomonligi, savdoyilik,
Bu ahvolni ayon aylar boʻlsa bilik.
Bir xil dard bor, davom etar uzoq zamon,
Unga uncha yoʻliqmagay lekin inson.
Quritadi tinkangni koʻp, aylaydi sil,
Qoni ketib, ozib oʻlar, misoli qil.
Bunday kasal koʻp vaqt oʻtib topgay shifo,
Dard yetilib ham tarqalib, boʻlgay ado.
Angla ani yengil sodir boʻlishidan,
Bunday dardning tab’i sovuq kelishidan.
Undaylarning ozaytirma taomini,
Yoʻqotadi quvvatini, oromini.
Bu ikki xil betoblik ichra begumon
Uzun-qisqa emas, dard bor — oʻrtamiyon.
Bu xil dardmand kishilarga bergil gʻizo —
Oʻrtacha ber, moʻ’tadili boʻlgay ravo.


Buhron Haqida

Tanda shitob oʻzgarishlar boʻlsa ayon,
Bundoq dardga deyiladi: dardi buhron.
Bu oʻzgarish — mashaqqatu pallasidir,
Dard ila nafs kurashida boʻlur zohir.
Oz vaqt ichra bunda odam topar vafot,
Yo xavf ketib, oʻlim arib qaytar hayot.
Boʻlgay kurash va olishuv chin mojaro,
Odamdagi quvvat bilan illat aro.
Gʻolib kelib quvvat, agar ketsa buhron,
Shunda odam sihhat topib, qolgay omon.
Yo dard undin gʻolib kelsa topar vafot,
Shunda hayot maydonini olur mamot.


Buhron — Kasodning Xilma-Xil Turlari Bayonida

Olti xildir dardda boʻlgan oʻzgarishlar,
Shu xildadir yengillanish, dard arishlar.
Oz vaqt ichra kishi jismi forigʻ oʻlur,
Sogʻayishga, durustlikka yuz oʻgirur.
Avval boshdan koʻrinadi kasal shodon,
Bu xayrli alomatdir, yaxshi buhron.
Gar aksiga oʻzgarsa hol tezu jadal,
Halokatga olib borur oxir ajal.
Bu asnoda tabib boʻlur koʻp hangu mang,
Halokatli buhron uni aylaydi tang.
Uchinchi xil oʻzgarish ham koʻp sust boʻlur,
Oqibatda kasal holi durust boʻlur.
Bundan beriroqda dardda boʻlmas buhron,
Bemor oz-oz sihhat topib, qolgay omon.
Toʻrtinchi bir oʻzgarish ham boʻlmas shitob,
Dardi oshib, ora yoʻlda qolur betob.
Bunday paytda qurib borsa silla — yomon.
Dard zoʻrayar, ketgan sayin quvvat, darmon.
Beshinchisi — oʻrtachadir oʻzgarishi,
Oʻlim sari yetaklashdir uning ishi,
Lekin bordir yana bitta ajib buhron,
Vaqti bilan yetaklar u hayot tomon.
Bu ikkala buhron shundoq murakkabdir.
Qachon koʻrsang bir-biriga zidlik qilur.
Durust buhron paydo boʻlur dard soʻngida,
Bemor tanda quvvat ustun boʻlur unda.
Buhron bilan bilmoq lozim uch narsani,
Bu ma’noni anglamoqlik burching saning.
Tugasa bir dard-alamning gar buhroni.
Nnma bilan tugashi ham ma’lum ani.
Har bir buhron kelishini aytadigan —
Kuchli belgi boʻlur, uni etdik bayon.
Aft-angori telbasimon, telbamisol,
Holi yomon, qulogʻida ogʻriq, oʻsal.
Koʻz yosh oqar hech tinmayin, kelgay malol.
Bezovtadir, uyqusi kam, sarmast, xiyol.
Dardi oshib, koʻzlaridan uyqu oʻchar,
Goh boʻyniga, goh koʻksiga ogʻriq koʻchar.
Goh-gohida choʻchib tushar, koʻz uyquda,
Tez uygʻonur qolgan kabi toʻlqin-suvda.
Tishlarini qayraydi u gʻajir-gʻujir.
Dardi qoʻzib, ha deganda burun qichir.
Ba’zan qolar tamshangancha, labin soʻrib,
Lab tanobi qochar goho, goh gezarib.
Tez-tez nafas odat boʻlur bu dard uchun,
Nafaslar ham sovuq, ammo chuqur-uzun.
Tomir tez-tez urib, goho qizir badan,
Yoʻtal tutar kelib xuddi gargʻaradan.
Doim yurak oʻynoq, garchi ogʻir yotar,
Sapchib turib, oʻz-oʻzicha yurib ketar.
Ogʻrir qiziloʻngach, ogʻrir tomoq davom,
Koʻngli aynib, ma’yus, gʻamgin boqar mudom.
Goh-goh qovurgʻa yonida sanchiq boʻlur,
Ogʻriq, alam oʻtkirlanib achchiq boʻlur.
Qorin ogʻrib buyrakka ham keladi zoʻr,
Betob uchun bu xil ogʻriq ogʻir kelur.
Zoʻraysa gar olatda ogʻriq ul zamon,
Zirqiraydi orqa teshik yo bachadon.
Barcha boʻgʻinlarga alam, ogʻriq yelur,
Ba’zisi tishdan, ba’zisi ichdan kelur.
Yaxshi buhron kezi ogʻriq, alamlar zoʻr
Boʻlsa, bilgil, bu yaxshidur, dard tuzalur.


Oʻlimdan Darak Beruvchi Belgilar Haqida

Nurni yoqtirishmas, soʻnik qarashlari
Yuzni shartta burar, oqar koʻz yoshlari.
Koʻzning qiri torayadi, tortib kichik
Esnov yoʻgʻu darcha misol ogʻiz ochiq.
Boʻshashadi ikki qoʻlu ikki oyoq,
Chalqanchasi uxlab qolar charchagan chogʻ.
Bunday kasal toʻshagida yota olmas,
Uyqusirab oyoq-qoʻlin yopa olmas.
Ilashgandek gavdasiga goʻyo ip-tuk,
Gumonsirar, qiliq qilar qiziq-qiziq.
Dard soʻnggida ogʻirlashur qoʻlu oyoq,
Bir narsaga tikniladi juda uzoq.
Ikki qoʻli intiladi yostiq sari,
Tishlarini gʻichirlatar haddan nari,
Koʻzga nuqul koʻrinadi bir qora qul,
Uni boʻgʻib oʻldirmoqchi boʻlar butkul.
Dardi ogʻir kelaversa, bundoq kasal,
Choʻkaverar, yaqin boʻlib qolgay ajal.
Avvalga jim yotib, soʻngra boʻlsa gapdon,
Vazmin yotgan kasal boʻlsa besaramjon.
Koʻz-quloqdan nolisa koʻp, soʻng alqissa,
Ogʻrigʻidan quvvat ketib gap demasa.
Dardni tortib, azobini chekib butkul,
Tush koʻrganda ustiga qor yogʻsa nuqul.
Hayajonli, sovuq nafas olsa burun,
Bu alomat — halokatdan nishondir chin.
Uxlay olmay, mijja qoqmay chiqsa tuni,
Va uyqudan koʻz ochmasa kunduz kuni,
Oromini berib, boʻlsa holi yomon,
Alamiga sabab boʻlsa uyqu hamon,
Oʻlik yuziga oʻxshasa kasal beti,
Suyagiga chip yopishsa chakak eti.
Dard sovugʻi ta’siridan quloq shalpang,
Kirtaygan koʻz ichga tushib boqsa arang.
Qizarishlar, qorayishlar haddan oshib,
Koʻzlar turtib chiqib, lekin xiralashib.
Harakati kamayadi, baqrayadi,
Har tarafga sovuq boqib, agʻrayadi.
Nayzalanib qiyshayadi burun uchi,
Tortishadi asablanib lablar cheti.
Qoʻl-oyogʻi sovub borar murda misol,
Tilda yara va dogʻ-dugʻlar toshar yaqqol.
Sodir boʻlsa bezovtalik ham iztirob
Yondiruvchi isitmalar aylab xarob.
Tirnoq tusi qizil-yashil tortib, chindan
Tanda yara toshsa, qora dogʻlar bilan.
Yettinchi kun avval sariq kasal kelur,
Qovurgʻalar uzra oʻsha zohir boʻlur.
Koʻrinsa gar sogʻ vaqtidek yuzu koʻzi,
Tuzalishi ayon boʻlgay, aniq oʻzi.
Yettinchi kun sariq kasal koʻrinsa gar,
Zehni sogʻlom boʻlsa, unga tushmas xatar.
Sezgida ham, harakatda quvvat boʻlsa,
Jismu joni yengillanib nafas olsa.
Orom, uyqu istar koʻproq bunday kishi,
Uxlab, orom olsin, xoʻbdir bundoq ishi.
Uyqu dardin aritadi, sen yaxshi bil,
Alahlash ham dard-alamni aylar yengil.
Miya dardi hamda unga sherik a’zo —
Barisining kasaliga shudir davo.
Alahlashdan tinsa bir kun sogʻ-salomat,
Bunday kasal shifo topib ketar albat.
Chuchkirishlar boʻlsa agar bunday kezi,
Bu tuzalish belgisining xuddi oʻzi.
Boshu miya kasalida quloq, burun —
A’zolardan qon oqarkan shifo butun.
Nafas olish boʻlsa agar chin moʻ’tadil,
Eng yaxshi bir jarayondir, hayron bil.
Sogʻayishda tomir urish shitob boʻlmas.
Nafasi ham serharorat boʻlmaydi, bas.
Hazmi durust, ishtaha xoʻb, ahvol hamon,
Axlat quyuq-suyuqligi — oʻrta miyon.
Axlat tusi oʻrtachadir, ya’ni sargʻil,
Yoki qora boʻlmas, yoki yashil-zahil.
Yoki buhron kuni axlat gar omuxta —
Gijja birla chiqsa, kasal ishi puxta.
Oʻsha axlat tufayli u boʻlmish betob,
Bu ishdan soʻng dardu alam bitdi hisob.
Karlik ketur agar shunda chiqsa safro,
Budir miya ogrngiga tayin shifo.
Qora taloq va lanjlikni daf etadir,
Bavosirdan qon kelishi — xayrlidir.
«Sariq suv»da suv koʻp kelishi noravo,
Balgʻam unga aralashib chiqsa — shifo.
Bordiyu koʻz ogʻriq uzra chiqsa safro,
Tez orada tuzalishga budir guvoh.
Siydigini utruj-limon rangda koʻrsang,
Undagi oq quyqumin choʻkkanda koʻrsang.
Kasal koʻrsang, ter chiqarkan gar moʻ’tadil,
Bu qon isitmasi, buni durust deb bil.


Amaliy Qism Va Uning Boʻlinishi

Sen eshitgan bu soʻzlarga azm ayladim.
Tib haqida ilmiy kitob nazm ayladim.
Xohish boʻlgan amaliyin yoza boshlay,
Oʻsha qismlarni she’rga tiza boshlay.
Vu kitobning bosh qismida aytgan edim,
Zarur boʻlgan barcha gapni bitgan edim.
Ikki xildur amaliy tib qismi — yoʻli.
Uning barni bajo etur tabib qoʻli.
Boshqa biri bajarilur davo bilan,
Holga koʻra tayinlangan gʻizo bilan.
Neki oʻsha tadbir ila chora etmish,
Qabul aylab, amal etmoq lozim emish —
Birinchisi — sogʻliq saqlash deyiladi,
Ikkinchisi — kasallikning tuzalishi
Mana shular tabiblarning gʻoya, ishi.


Sogʻliqni Saqlash — Gigiyena Haqida

Senga aytsam soʻznmizning rostu chini:
Sogʻlom odam doim saqlar sihatini.
Odam boʻlur tan uzra bir belgi bilan,
Andan ayon kasallanish xavfida tan.
Yo boʻlmasa etu suyak yoki teri
Uzra sezarsan bir maraz nari-beri.
Chun bir kishini koʻrasan me’da zaif,
Tab’i sovuq ham nozigu shundan mayib.
Ba’zan ona qornidan ham ofat kelur,
Biror ortiq yo shish kabi kulfat kelur.
Ba’zan boʻlur yoshga qarab nuqsoni ham,
Bir vaqt boʻlib, boʻlmandi bir zamoni ham.
Chun hoʻl mijoz yoshlik chogʻi boʻlgay zaif,
Ulgʻayganda baquvvatdir, hushdir, zarif.
Zaiflashur quruq mijoz kuz faslida,
Fasli bahor zaif emasdir aslida.
Sogʻliq saqlash ishida bu amaliy tib —
Ikki amaldan topmishdir shundoq tarkib.
Gar istasang mijozning chin qolmogʻini
Oʻz holida, mos et gʻizosi chogʻini.
Gar istasang oʻzgartirmoq ta’bi badan,
Chora axtar mijozingga teskaridan.
Sogʻ kishining sogʻ-salomat, vaqtini chogʻ
Aylamoqni istasang gar, angla mutloq.
Maskan oʻlsin senga doim shundoq diyor,
Bir diyorki, havolari sof, begʻubor.
Maskan desang yuzing burgil sahro tomon,
Sharqiy shamol angla latifdir begumon.
Yoz chogʻida togʻ tomonda, ya’ni shimol
Tevaragi ochiq shundoq oʻlkada qol.
Tunda oʻtir baland joyda, gʻir-gʻir sabo,
Kunduzi tush pastlik tomon, xoʻbdir havo.
Jun, paxtalik usti-boshdan yuzing oʻgir.
Kiyim boʻlsin yengil, chun poyayi zigʻir.
Xushboʻy giyoh ishlat sovuq mijozini,
Hidli moydan tanla qizil gul moyini.
Koʻzlaringni ehtiyot qil chang-gʻubordan,
Ham tutundan asra, hamda bugʻ-bihordan.
Samum, Quyosh shu’lasi va choʻgʻ-alanga,
Qarshi kelsa, ziyon boʻlur koʻzginangga.
Chaplashilgan aji-buji xatga sira,
Boqa koʻrma. mayda xatdan koʻzing asra.


Yeyiladigan Narsalar Tadbiri Haqida

Ovqat yemoqni odat et sen bir mahal,
Boʻlmay desang, laylu nahorda hech kasal.
Eng koʻp yemak ikki bordir senga mezon,
Ikki kunda uch bor yemak oʻrtamiyon.
Hazm istasang, shoshmay yegil, yo maydalab,
Muddatin choʻz, chaynab yegil koʻp martalab.
Ogʻir oʻlsa chaynamoqlik gar tish bilan,
Andin ogʻir hazmi aning yutish bila.
Koʻngil tusar har narsaga jazm aylasang,
Lekin ani hazmi ogʻir deb oʻylasang.
Ziddi bila ish tut, boʻlsin aksi mizoj,
Shoyad oʻsha badhazm gʻizo topgay rivoj.
Oldin suyuq, soʻngra quyuq ishlat har on,
Ta’mi chuchuk boʻlsa anga qoʻshgin nordon.
Quruqlikni hoʻllikka qoʻsh, xush qil, tuzat.
Sovuqlikni issiqlikka chatib, bezat.
Sovugʻini qoʻshgil agar issiq mizoj,
Hoʻl mijozga aksin qoʻshsang boʻlgay iloj.
Agar taom badhazm oʻlib, hol boʻlsa tang,
Tuz, murch, qalampir sep anga, xushxoʻr qilur,
Yumshoq boʻlib taom, ta’bing masrur qilur.


Taom Yeyish Vaqtlari

Ovqat yegil doim riyozatdan keyin,
Sendan chiqib ketgan najosatdan keyin.
Yemakka vaqtni bemalol chogʻlash kerak,
Salqin shamol, toza jonga bogʻlash kerak.
Bu ish uchun sovuq kezni moʻljalga ol,
Doim shunday tadbir ila ish qila qol.


Yozda Ovqatlanish Vaqti

Yoz havosi oz yemoqni koʻrur lozim,
Tanda gʻizo boʻlsa qayda yengil hazm.
Gʻaliz etdan oʻzingni tiy, oʻgir yuzing,
Giyoh, koʻkat, sutlar boʻlsin oshu tuzing.
Yangi baliq bilan yetilgan qoʻzichoq,
Mayli, taom oʻlsin gohi, erkak uloq.
Tovuq, joʻja, kaklik eti ham qirgʻovul
Taom boʻlsin, shuni doim qil tanovul.


Ichimliklar Haqida

Boʻlmay desang gar xomsemiz, koʻproq hayot,
Sen uchga boʻl qorin iching, kelur najot.
Uchdan bir joy nafas uchun zarur har on,
Uchdan biri ovqat, boqiy suvga makon.
Tashnalikka oz sovuq suv boʻlgay davo,
Turgan, iliq suv koʻp ichmak boʻlmas shifo.
Ichimlikka muzni koʻp ishlatgan yomon,
Chunki andin asablaring topgay ziyon.
Ichirmagil muzli suvni choʻllasa ham,
Boʻlmasa gar semiz, serqon, miqti odam.
Dasturxonda toʻkin boʻlsa ham qanchalik,
Ichaverma, hirs qoʻyib to boʻkkanchalik.
Suv ichmagil esing boʻlsa ba’daz taom,
Tashna boʻlib chiqqach, hatto tushib hammom.
Riyozatdan soʻng suv ichmak oʻzi kulfat,
Jimodan soʻng esa misli balo-ofat.
Zarurat gar talab etsa, kuysa andak,
Shundagina tanovul et suvni andak.
Qachon taom yoʻl oladi hazm tomon,
Asta-sekin past qoringa tushgay hamon.
Mayli shunda ichking kelsa suv va sharob.
Qonguncha ich, toʻyguncha ich, boʻlsa serob.
Sharob ichib, tashna boʻlib yonsang agar,
Suv koʻp ichib, chanqoq ketib, qonsang agar.
Ogʻzing quruqshab chanqogʻing chandon erur,
Bilgil oʻshanday tashnalik yolgʻon erur.


May Va Shunga Oʻxshash Ichkiliklar Haqida

Koʻp may ichib joningga koʻp qasd qilmagil,
Ozroq musallas birla koʻp qanoat qil.
Odat qilib har kun ichish — bir bedavo.
Gar och qorin esa, ichmak boʻlmas ravo.
Yegan boʻlsang yengil, latif xush bir taom,
Yoki achchiq, oʻtkir boʻlsa, ichma taom.
Doim ichib, mast yurishdan boʻlgil yiroq,
Ichmakka koʻp qasd aylasang, oyda bir boq.
Manfaat bor may ichilsa ahyon-ahyon,
Gar koʻpaysa anda ziyon turli-tuman.
Kim boshi ogʻrirki, maydan qizir badan,
Doim xumor tutib tursa kechu ertan.
Anga rayhonni ichirkim, mayli andak,
Soʻngra anga nordon anor boʻlsin gazak.
Behi, bodring yesin, ishni koʻp puxta qil,
Berganingga anga may suv omuxta qil.
Mayni ichib nolisa kim bodu yeldan,
Anga ichir mayning oʻzin, toza xildan.
Bundaylarga kuchli sariq may foydalik.
Shoʻrta’m gazak har choq anga boʻlgay tuzik.
Oppoq tiniq maylar durust yoz faslida,
Xushdir yutum boʻlgay latifroq aslida.
Omuxta qil suvni anga, nordonni tot,
Yesang boʻlur koʻngil agar tortsa ovqat.
Abdusodiq Irisov tarjimasi.