OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Abu Bakr Narshaxiy. Buxoro tarixi
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbu Bakr Narshaxiy
Asar nomiBuxoro tarixi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/qadimgi adabiyoti
Boʻlimlar
   - Tarix
Mualliflar
   - Abu Bakr Narshaxiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonА. Расулев (форс тилидан)
Hajm240KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/20
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Масъул муҳаррир: А. Ўринбоев


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Buxoro tarixi
Abu Bakr Narshaxiy

Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy. Buxoro Tarixi

Muharrirdan

Qoʻlingizdagi «Buxoro tarixini Oʻrta Osiyoning yerli xalqlari tomonidan qachonlardir yozilib, endi oʻtmish asrlar sahifalarini yoritish uchun xizmat qilib kelayotgan nodir yozma yodgorliklarning eng qadimiylaridan biridir deyilsa, xato qilinmagan boʻladi. Darhaqiqat, bundan 1000 yil muqaddam Oʻrta Osiyoning oʻzida, oʻz farzandi qoʻli bilan yozilib, tugal bir asar holida bizning kunlargacha yetib kelgan boshqa tarixiy manba hozir bizga ma’lum emas. Shuning uchun ham «Buxoro tarixi»ni Oʻrta Osiyo xalqlari tarixnavislik fanidagi eng dastlabki asarlardan biri deb hisoblaydilar.

Bu asar, asosan, Oʻrta Osiyoda arablar istilosi natijasida islom dinining tarqatilishi (VIII asr) va undan bevosita oldingi davrlar hamda IX—XII asrlardagi Buxoro va unga yaqin shahar-qishloqlar xalqlarining iqtisodiy, madaniy, ijtimony, siyosiy tarixiga oid muhim ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan va bu hol «Buxoro tarixi»ning qimmatli bosh manba sifatida tarix fanida zoʻr shuhrat topishiga asos solgan.[1]

Asarning hozirgi davrgacha yetib kelish tarixi boshqa qoʻlyozma manbalardan koʻra boshqacharoq boʻlib, uni oʻrganshidan avval bu haqda qisqacha ma’lumotga ega boʻlib olish unda keltirilgan ma’lumotlardan toʻgʻri foydalanish uchun albatta zaruriydir.

«Buxoro tarixi»ning bosh soʻzida aytilganidek, uni dastavval Buxoroning Narshax qishlogʻidan boʻlgan Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy 943—944 yillarda arab tilida yozgan. Hozirda Narshaxiyning nomi Oʻrta Osiyoning VIII—XII asrlar tarixiga oid deyarli barcha ilmiy tadqiqot ishlarida tilga olinadi-yu, ammo uning hayotiga oid biror toʻliq ma’lumot keltirilmaydi. Bunga sabab, uning oʻz asarida ham va unga yaqin davrlarda yashagan boshqa mualliflar asarlarida ham shunday ma’lumotlarning kgltirilmaganligidir. Faqat Sam’oniyning «Kitob ul-ansab» asarida uning toʻla nomi Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far ibn Zakariyo ibn Xattob ibn Sharik ekanligi va u Buxoro ahlidan boʻlib, 286 (899) yili tugʻilgan va 348 (959— 960) yili vafot etganligi eslatiladi[2]. «Buxoro tarixishing esa arab tilidagi asl nusxasi bizgacha yetib kelgan emas, toʻgʻrirogʻi, hali shu vaqtgacha uning mavjudligi haqida biror ma’lumot yoʻq.

Gap shundaki, asarning bizgacha yetib kelgan nusxasining bosh soʻzida aytilishicha, 1128 yiln asli hozirgi Quva shaharidan boʻlgan Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr al-Quboviy Narshaxiyning kitobini «koʻpchilik kishilar arab tilida yozilgan kitobni oʻqishga ragʻbat koʻrgazmaganliklari» sababli oʻz doʻstlarining iltimosiga binoan arabchadan fors tiliga tarjima qilgan.

U «arab tilidagi nusxada soʻzlangan keraksiz va buning ustiga oʻqiganda (kishi) tabiatida malollik orttiradigan narsalar»ni tarjimaga kiritmay qisqartirib yuborgan. Undan yarim asr oʻtgandan keyin asar yana qaytadan tahrirga uchragan: 1178—1179 yillar mobaynida Muhammad ibn Zufar ibn Umar fors tilidagi tarjimani ikkinchi marta qisqartirib bayon qilgan. Ammo asarni oʻqir ekanmiz, biz unda, ba’zan, mazkur 1178-1179 yildan keyingi to 1220 yilgacha boʻlib oʻtgan tarixiy voqealar haqida ham, qisqa-qisqa ma’lumotlar uchratamiz. Bu hol shuni koʻrsatadiki, Muhammad ibn Zufardan keyin ham bir yoki bir necha bizga noma’lum kishilar asarni tahrir qilganlar. Ular ham asarni qisqartirganlar deyishga asos boʻlmasa-da, lekin qoʻshimchalar kiritganliklari voqealar mazmunidan aniq anglashilib turibdi[3].

«Buxoro» tarixi» ning biz tanishishga muyassar boʻla olganimiz barcha qoʻlyozma nusxalari, ular orasidagi ba’zi farqlardan qat’i nazar, ana shu 1220 yilgacha davom ettirilgan matnni oʻz ichiga oladi. Narshaxiyniig hamda uning asarini bevosita qayta ishlab arabchadan fors tiliga tarjima qilgan Abu Nasr Ahmad va bu tarjimani qirqartirib bayon etgan Muhammad ibn Zufarlarning asl nusxalari esa hozirgacha ham manbashunoslik fani uchun noma’lumligicha qolib kelmoqda. Lekin bizgacha yetib kelgan asar nusxasining mazmuniga qaraganda, shuni aytish mumkinki, tarjimon Abu Nasr Ahmad ham, qisqartiruvchi muharrir Muhammad Ibn Zufar ham oʻz ishlariga oddiy tarjima yoki tahrir tarzida qaragan emaslar. Asarning koʻp yerlarida uning muallifi Abu Bakr Muhammad ibn Ja’farga hamda tarjimon Abu Nasr Ahmadga ilova qilib soʻzlangan jumlalar shuni koʻrsatadiki, tarjimon Abd Nasr Ahmad ham, qisqartiruvchi muharrir Muhammad ibn Zufar ham oʻz ishlariga mustaqil bir tus berganlar[4].

Tarjimon Abu Nasr Ahmad Narshaxiyning arab tilidagi nusxasida mavjud boʻlgan ba’zi mavzularni tashlab ketish bilan bir qatorda asarga katta tarixiy qimmatga ega boʻlgan koʻpgina ma’lumotlarni qoʻshgan va bunda u oʻz davridan ilgarigi voqealarni yoritish uchun boshqa tarixiy manbalardan foydalangan. Bu manbalardan biri Abu Nasr Ahmadning oʻzi koʻrsatib oʻtgani Abu-l-Hasan Abdurahmon (ibn) Muhammad Nishopuriyning «Xazoin ul-ulum» nomli asaridir. Bu asarning bizning davrimizgacha yetib kelgan-kelmaganligi hozircha ma’lum emas. Ammo undan keltirilgan «Buxoro tarixi»dagi ayrim satrlarning oʻzi ham Abu-l-Hasan Abdurahmonning kitobi naqadar muhim bir tarixiy manba boʻlganligini koʻrsatadi. «Xazoin ul-ulum»dan ma’lumotlar keltirilishi haqiqatan ham Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad tomonidan bajarilganligiga esa qisqartiruvchi muharrir Muhammad ibn Zufalning oʻz nomidan keltirib: «Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr... shunday deydi. Abulhasan Nshiopuriy «Xazoin ul-ulum»da aytishicha...» degan soʻzlari shubhasiz dalildir.

Ana shu mazmundagi koʻp jumlalar yana shuni koʻrsatadiki, Narshaxiynshg asariga qoʻshimchalar kiritgan kishi asosai tarjimon Abu Nasr Ahmad boʻ lib, Muhammad ibn Zufarning ishi, qat’iy qilib ayta olmasak ham, fors tilidagi tarjimani «qisqartirib bayon qilish»dan iborat boʻlgan.

Tarjimon Abu Nasr Ahmad va undan keyingi muharrirlar asar matniga anchagina oʻzgartishlar kiritgan boʻlsalar ham, lekin Narshaxiy nomini musannif-muallif sifatida saqlab qolganlar: masalan, asardagi: «Bu kitobning musannifi aytadi» degan soʻzlar buni yaqqol isbotlay oladi. Lekin, shunga qaramay, asardagi bir qancha ma’lumotlar Narshaxiy oʻz kitobini yozib tugallagandan (944) keyingi tarjimonga yaqin (1128) davrlarga oid ekanligiga koʻra, biz bu ma’lumotlar muallifi deb Abu Nasr Ahmadni yoki undan keyin kitobni qisqartirib tahrir qilgan Muhammad ibn Zufar va boshqa hozircha nomlari aniqlanmagan shaxslarni tanishimiz lozimligini taqozo etadi.

Narshaxiy aslida oʻz asariga qanday nom berganligi ma’lum emas. Shu sababli asar qoʻlyozma nusxalarda va hozirgi zamon ilmiy-tarixiy adabiyotida ham «Tarixi Narshaxiy» («Narshaxiy tarixi»), «Tarixi Buxoro» («Buxoro tarixi»). «Tahqiq ul-viloyat» («Viloyat haqiqatini aniqlash»), «Axbori Buxoro» («Buxoro haqida xabarlar»)[5] kabi har xil nomlar bilan yuritilib kelgan. Bu nomlardan keyingi uchtasi asar mazmuni boʻyicha toʻgʻri boʻlib, ulardan eng anigʻi — «Tarixi Buxoro» hozirda tarixiy adabiyotda qat’iy oʻrnashib qoldi. «Tarixi Narshaxiy» deb atalishi esa yuqorida eslatib oʻtganimizdek, asarning bizgacha yetib kelgan nusxasi Narshaxiydan boshqa kishilarning ham qoʻshimcha va tahrirlari, qisqartirishlariga uchraganligi tufayli tobora kamroq ishlatilib kelmoqda. Shunga binoan, ushbu nashrda ham asarning nomi «Buxoro tarixi» deb qabul qilindi.

«Buxoro tarixi»ni bosh manba sifatida oʻrganib, undagi qimmatli ma’lumotlarni ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish ishlari koʻp vaqtlardan beri davom etib kelmoqda. Buxoroning VIII—XII asrlardagi tarixidan bahs etuvchi hozirgi zamon yirik ilmiy tadqiqot ishlarining hammasida ham «Buxora tarixi»dan olingan ma’lumotlarni uchratamiz desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Shu bilan barobar asarning bir yoki bir qancha qoʻlyozma nusxalari asosida tayyorlangan matni ham bir necha bor — 1892 yili Ch. Shefer tomonidan Parijda, 1904 yili Mullo Sulton tomonidan Buxoroda, 1939 yili Mudarris Rizaviy tomonidan Tehronda nashr qilingan. Shuningdek, «Buxoro tarixini»ning N. Likoshin tomonidan bajarilgan izohli ruscha tarjimas» 1897 yili Toshkentda va R. Frayning izohlar ilova etilgan inglizcha tarjimasi 1954 yili Kembrijda bosilib chiqdi.

* * *

«Buxoro tarixi»ning keng oʻquvchilar ommasi diqqatiga tavsiya etilayotgan ushbu oʻzbekcha tarjimasi A. Rasulev tomonidan bundan bir necha yil burun Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida asarning Parij va Buxoro nashrlari hamda mazkur institutning qoʻlyozyomalar fondida saqlanayotgan 5388—11 raqamli 1235 (1819—1820) yili koʻchirilgan qoʻlyozma nusxasi asosida bajarilgan edi. Soʻngroq, ushbu satrlar muallifi tomonidan tarjimani tahrir qilib, nashrga tayyorlash asnosida bosma va qoʻlyozma nusxalar soni yana koʻpaytirilib, tarjima qaytadan koʻrib chiqildi va ba’zi tekstologik izohlar tuzildi. Chunonchi, bu ishga «Buxoro tarixi» ning Tehronda Mudarris Rizaviy tomonidan nashr qilingan fors tilidagi qiyosiy nashri va SSSR Fanlar akademiyasi Osiyo xalqlari institutining Leningrad boʻlimida saqlanayotgan 1008 (1599—1600) yilda koʻchirilgan 675 raqamli hamda Tojikiston SSR Fanlar akademiyasining Sharq qoʻlyozmalari fondidagi 1060 (1650) yilda koʻchirilgan 513/11 raqamli qoʻlyozma nusxalar jalb qilindi. Bu qoʻlyozma va bosma nusxalarni bir-biriga taqqoslash natijasida Tehron nashrini asos qilib olish muvofiq topildi. Chunki garchi bu nusxa ham ayrim kamchiliklardan xoli boʻlmasa-da, umuman olganda boshqa qoʻlyozma va bosma nusxalarni nazarda tutib nashrga tayyorlanganligi bilan e’tiborga sazovordir. Bu bosma nusxaning kamchiliklarini tekshirib borish uchun esa asosan Parij bosmasi, Buxoro bosmasi, Leningrad qoʻlyozmasi va Dushanba (Tojikiston SSR) qoʻlyozmasi matnlaridan foydalanildi. Zarurat tugʻilgan ayrim hollarda Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining XIX asrda koʻchirilgan 2212/1 va 4355/111 raqamli qoʻlyozmalari ham jalb qilindi[6].

Jugʻrofiy va shaxsiy nomlarga berilgan qisqacha izohlar D. Yu. Yusupova tomonidan bajarilgan.

Ma’lumki, «Buxoro tarixi»ni dastlab yozgan Muhammad ibn Ja’far ham, soʻng asarni qisqartirib va qoʻshimchalar qoʻshib arabchadan fors-tojik tiliga tarjima qilgan Ahmad ibn Muhammad va bu tarjimani qisqartirib bayon qilgan Muhammad ibn Zufarlar ham X-XP asrlar sharoitida, oʻz davrlarida mavjud boʻlgan iqtisodiy, ma’naviy hayot ta’sirida ish olib borganlar. Shuning uchun ham «Buxoro tarixi» X-XP asrlar ijtimoiy muhiti taqozosicha islom diniga hamda oʻsha davrda hukmron boʻlgan tuzumga qarshi harakatlar (masalan, Muqanna qoʻzgʻoloni) ni qoralash pozitsiyasidan turib yozilgan. Biroq shunga qaramay, asarda katta tarixiy qimmatga ega boʻlgan ma’lumotlar keltirilgan va ularni ilmiy ob’ektiv ravishda tahlil qilish tarix fani uchun foydadan holi emas. Bu hol «Buxoro tarixi» ma’lumotlari Oʻrta Osiyonining VII-XII asrlar tarixidan bahs etuvchi ilmiy-tarixiy asarlarning aksaridsh koʻp vaqtlardan beri foydalanib kelinayotganligi bilan shak-shubhasiz isbotlangan. Bu qimmatli va noyob asarning ushbu oʻzbekcha nashri ham tarixchi-tadqiqotchilar, keng oʻquvchilar ommasi diqqatiga bosh manba hamda X-XII asrlar tarixiy adabiyotidan namuna sifatida taqdim ztiladi.

I. Bismillohir Rohmanir Rohim

Shukr va maqtovlar jahonni yaratuvchi, yashirin (narsalar)ni ham biluvchi jonivorlarga rizq beruvchi va yeru osmonni tutib turuvchi ulugʻ tangʻriga boʻlsin! Uning sha’ni ulgʻaysin!

(Xudoning) marhamati va salomlari odamlarning sarasi, paygʻambarlarning soʻnggisi Muhammad mustafoga,— xudo unga rahmat va salomini yoʻllasin,— uning xonadoni, yor-doʻstlari va tobelariga boʻlsin! Ularning barchasidan olloh rozi boʻlsin!

Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr al-Quboviy[7] shunday deydi: «Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy Buxoro (shahari), uning xususiyat va fazilatlari. shaharning oʻzida va qishloqlarida mavjud boʻlgan qulay sharoitli va foyda yetkazuvchi narsalar, shaharga aloqador boʻlgan narsalar haqida hamda paygʻambar,— alloh unga oʻz rahmat va salomini yoʻllasin,— uning suhbatdoshlari, tobelari va din olimlari,— ularning barchasidan alloh rozi boʻlsin,— tomonidan Buxoroning fazilati borasida aytilgan hadislar[8] haqida bir kitob yozgan va uni marhum Amiri hamid Abu Muhammad Nuh ibn Nasr nbn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniy[9] nomiga bagʻishlagai. Bu kitob arab tilida, goʻzal iboralar bilan uch yuz oʻttiz ikkinchi yil oylarida (4 sentabr' 943—23 avgust 944) yozilgan edi. (Ammo) koʻpchilik kishilar arab tilida yozilgan kitobni oʻqishga ragʻbat koʻrgazmaganliklari sababli, doʻstlarim mendan u kitobni fors tiliga tarjima qilishni iltimos qildilar. Men iltimosni qabul qildim va besh yuz yigirma ikkinchi yilning jumod al-avval oyida (may, 1128) kitrbni fors tiliga tarjima qildim. Biroq, arab tilidagi nusxada keraksiz va buning ustiga oʻqiganda (kishi) tabiatiga malollik orttiradigan narsalar (haqida ham) soʻzlangan ekan. U narsalarning bayoni (tarjimaga) kiritilmadi».

Besh yuz yetmish toʻrtinchi yil oylarida (19 iyun' 1178—7 iyun' 1179) esa bandalarning kamtarini Muhammad ibn Zufar ibn Umar bu tarjimann jahon sadrlariniig sadri, xoja imom, eng ulugʻ, eng izzatli, din va shariatning dalili, islom dini va musulmonlar qilichi, butun olam peshvolari shamshiri, shariat sultoni, xalifalik tayanchi, ikki haram imomi, kun chiqish va botish muftisi, ikki tomoni obroʻlik, maqtovlar va faxrlar egasi Abdulaziz ibn as-sadr al-imom al-hamid Burhonuddin Abdulaziziing[10],— xudo uning ota-bobolari ruhlarini pok etsin va bolalariga izzat va baland martaba bilan barakatli umr bersin,— oliy majlisi uchun qisqartirib bayon qildi.

II. Buxoroda Qozilik Qilgan Kishilar Haqida

Sebavayh ibn Abdulaziz al-Buxoriy an-Nahviy[11] shular jumlasidandir. «Men Abdulloh Muborakdan eshitdimki,—deydi Muhammad ibn A’yan,—Sebavayh Buxoroda qozilik qilganida (xalqning) ikki dirhamiga ham adolatsizlik qilmadi»; soʻng u yana: «Ikki dirham koʻplik qiladi, u tariqcha ham javr oʻtkazmadi»,— deydi.

Yana Muxallad ibn Umar ham yillar davomida, toki shahid boʻlguniga qadar qozilik qildi. Abu Daym Hozim Sadusiy (ham qozi boʻldi) va unga xalifadan qozilik farmoni keldi. Gʻanjor deb mashhur boʻlgan rahmatli Iso ibn Muso at-Taymiyga qozilikni bergan edilar, u qabul qilmadi. Sulton unga agar qozilik qilmasang biror kishini tanlagin, biz oʻshanga beraylik degan edi, buni ham qabul qilmadi. Sulton qozilikka loyiq kishilar nomini uning oldida bir-bir aytinglar deb buyurdi; shunday qildilar, ammo uning oldida kimning nomini atamasinlar, u «loyiq emas» deya berdi va, nihoyat, Hasan ibn Usmon Hamadoniyning nomini tilga olganlarida sukut qildi. Uning sukuti roziligidir dedilar-da, qozilikni Hasan ibn Usmon Hamadoniyga berdilar. Buning zamonida Xuroson shaharlarida ilmda va taqvodorlikda unga tenglashadigan hech bir kishini koʻrsata olmaganlar.

Yana Omir ibn Umar ibn Imron qozi boʻldi. Ishoq ibn Ibrohim ibn al-Xitiy ham qozilik qildi. Bu kishi qozilikdan boʻshatilganidan keyin ikki yuz sakkizinchi yili (16 may 823—3 may 824) Tusda vafot topdi.

Yana Sa’id ibn Xalaf al-Balxiyni ikki yuz oʻn uchinchi yil jumod al-avval oyining oxirida (16 avgust 828) qozilikka taninladilar. Bu kishi qozilikni shunday olib bordiki, xudoyi taoloning yaratgan bandalariga adolat, insof va shafqat qilish borasida uni misol qilib koʻrsatar edilar. U yaxshi qonun-qoidalar oʻrnatdi. Jumladan, toki kuchlik kishi zaif kishiga zulm oʻtkazmasin uchun bu toʻgʻonlarni[12] qurdirib Buxoro suvini adolat va insof yuzasidan taqsim qilishni u kishi asoslagan.

Yana rahmatli Abdulmajid ibn Ibrohim an-Narshaxiy (qozi boʻldi). Bu kishini xushxulq-taqvodor bandalar jumlasidan hisoblar edilar. Yana Sulton Ahmad ibn Ismoil as-Somoniyning[13] davrida (rahmatli) Ahmad ibn Ibrohim al-Barkadiy qozilik qildi. U ham zohid[14] ham faqih[15] edi. Yana (qozilardan biri) Abu Zar Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy boʻlib, u rahmatll Imom Shofeiyning[16] suhbatdoshlari jumlasidan hamda olim va zohid edi; uni (barcha) Buxoro olimlari orasida yuqori qoʻyar edilar. U kishini yashirnn pora berish va boshqa har xil yoʻllar bilan sinab koʻrdilar, ammo u biror narsa bilan ham oʻzini bulgʻatmadi, balki kundan-kunga undan adolat va insof ravshanroq sodir boʻldi. U keksaygan paytida qozilikdan boʻshati lishini iltimos qildi va hajga ketib, haj marosimini ado etdi; keyin bir muddat Iroqda turib, paygʻambarning,— xudo unga oʻz rahmat va salomini yoʻllasin,— hadisini oʻrganish talabida shogirdlik qildi. Soʻng qaytib Buxoroga kelgach, to umrining oxirigacha uzlatda yashashni ixtiyor etdi; xudo uni rahmag qilsin.

«Muxtasari Kofiy»ning muallifi marhum Abu-l-Fazl iby Muhammad ibn Ahmad al-Marvaziy as-Sulamiy[17] koʻp yillar davomida Buxoroda qozilik qildi va zarracha ham oʻziga ayb yuqtirmadi; u barchaga (barobar) adolat va insof yuzasidan ish koʻrar hamda uning davrida olimlik va zohidlikda butun dunyoda ham unga teng keladigan kishi yoʻq edi. Shundan keyin u sultonga vazir boʻldi va shahid boʻlib oʻldi.

Bu kitobning musannifi aytadi: Agar Buxoro olimlarining hammasini zikr qilsak, bir nechta daftarni tashkil etadi. Biz bayon etib oʻtganlarning hammasi paygʻambarning,— xudo unga rahmat va salomini yoʻllasin,— (hadisidagi) «mening ummatim (ichidan chiqqan) olimlar Baniy Isroil paygʻambarlari kabidirlar» degan (kishi)lari jumlasidandirlar.

Fasl. Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy bu faslni oʻz kitobida keltirmagan. Ammo Abu-l-Hasan Abdurahmon (ibn) Muhammad an-Nishopuriy «Xazoin ul-ulum» kitobida[18] shundan keltirgan: hozirda Buxoro (oʻrnashgan) bu mavze, (ilgari) botqoqlik boʻlib, uning ba’zi yerlarini toʻqayzor, daraxtzor va koʻkalamzorlar tashkil etgan, ayrim joylari esa shunday boʻlganki, biron hayvon ham oyoq qoʻyishga joy topa olmagan. Buningʻ gababi shuki, Samarqand tomonidagi viloyatlarda togʻlarda qor *rib, suvi (oqib kelib) oʻsha joyga yigʻilib yotar edi.

Samarqand tomonida bir katta daryo borki, uni «Rudi Mosaf»— «Mosaf daryosi»[19] deb ataydilar. Bu daryoga koʻp suv yigʻilgan, u bir talay yerlarni yuvib-oʻpirib, koʻp loyqalarni surib kelgan va, natijada, bu botqoqliklar toʻlib qolgan. Suv koʻp oqib kela berdi, loyqalarni to Bitik[20] va Farabgacha[21] surib keltira berdi. Soʻng suv (toshib kelishi) toʻxtadi, Buxoro oʻrnashgan joy (asta-sekin) toʻlib tekis yerga aylandi va, shunday qilib, u katta daryo Soʻgʻd va bu (loyqalar bilan) toʻlgan mavze Buxoro boʻlnb qoldi; har tomondan odamlar yigʻilib, u joy obod boʻldi. Odamlar Turkiston tomonidan kelar edilar. Bu viloyatda suv va daraxtlar, ov qilinadigan (jonivorlar) koʻp boʻlganidan kishilarga bu viloyat xush kelib, shu yerga joylashdilar. Avval ular chodir va oʻtovlarda turar edilar, soʻng vaqg oʻtishi bilan odamlar yigʻilishib imoratlar qurdilar. Xalq koʻpaygach, bir kishini saylab amir qildilar: uning nomi Abruy[22] edi. Hali Buxoro shahri vujudga kelmagan, lekin qishloqlardach ba’zilari paydo boʻlgan edi. Nur[23], Xarqonrud[24], Vardona[25], Tarovcha,[26] Safna va Isvonalar[27] oʻsha qishloqlar jumlasidandir. Podshoh turadigan katta qishloq Baykand (Poykand)[28]edi. Shahar «Qal’ayi Dabusiy»[29]— «Dabusiy qal’asi» boʻlib, shahar deb shuni atar edilar. Bir qancha muddat oʻtgandan keyin Abruy (hukmdorlikda) ulgʻayib, shu viloyat (xalqi)ga zulm qilishga tutundi; xalq ortiq chiday olmadi, dehqonlar[30] va boylar bu viloyatdan qochdilar hamda Turkiston va Taroz[31] (yaqinida) bir shahar bino qilib uni Hamuket deb atadilar, chunki Buxorodan qochib ketgan toifaning raisi boʻlmish bir katta dehqonning nomi Hamuk edi; «Hamuk» deb, Buxoro tilida gavharga aytiladi, «ket» esa — shahar, ya’ni Hamuket «Hamuk — gavharning shahari» demakdir. Buxoro tilida katta odamni «hamuk», ya’ni falonchi gavhar deydilar.

Soʻngra Buxoroda qolgan kishilar oʻzlarining (qochib ketgan) sarkardalariga odam yuborib, Abruyning jabr-zulmidan qutqarishni soʻradilar. Shunda sarkardalar va dehqonlar turklar podshohining oldiga bordilar,— u podshohning nomi Qarojurin turk boʻlib, ulugʻligi sababli unga Biyogʻu deb laqab bergan edilar—va Biyogʻudan arz-dodlariga yetishii iltimos qildilar. Biyogʻu Sheri Kishvar nomli oʻz oʻgʻlini koʻp lashkar bilan yubordi. Sheri Qishvar Buxoroga kelgach, Baykandda Abruyni tutib band qildi. Uning farmoni bilan bir katta qopni qovoq ariga toʻlgʻizib Abruyni shu qopga soldilar va u qop ichida oʻldi. Sherya Kishvarga bu viloyat yoqib qolib, otasiga xat yubordi va undaa bu viloyatni talab qilib, Buxoroda turishi uchun ruxsat berishini iltimos qildi. Biyogʻudan: «u viloyatni senga bagʻishladim», degan javob kelgach, Sheri Kishvar Hamuketga odam yuborib, Buxorodan qochib ketgan kishilarni xotin va bola-chaqalari bilaya Buxoroga oldirib keldi va oʻsha vaqtdayoq yana.: «Hamuketdach kelgan har bir kishi (amirning) yaqin kishilaridin boʻladi» degan buyruq boʻldi. Buning sababi, kimki boy va katta dehqon boʻlgan boʻlsa Buxorodan qochib ketgan, kambagʻal va bechoralar esa Buxoroda qolgan edilar. Qochib ketgan kishilar qaytib kelgach, chorasiz (Buxoroda) qolgan (kambagʻal)lar ularga xizmatkor boʻldilar.

Buxoroga qaytib kelgan guruh orasida bir katta dehqon bor edi, u qadimiy dehqonzoda va koʻproq daromadli yerlar uniki boʻlganligidan uni «Buxorxudot» der edilar va (Buxoroda qolganlarning) koʻplari uning kadivarlari[32] va xizmatkorlari edilar.

Sheri Qishvar Buxoro shahristonini[33] qurdi hamda Mamostin,[34] Saqmatin[35] Samtin va Farab qishloqlarini bino qildi. U yigirma yil podshoh boʻlib turdi. Undan keyin boʻlgan boshqa podshoh Iskajkat, Shargʻ va Romtin qishloqlarini bino qildi, soʻngra Faraxshiy qishlogʻiga asos soldi. Xitoy podshohining qizini kelin qilib Buxoroga olib kelganlarida uning jihozlari orasida Xitoydan bir butxona ham olib keldilar va uni Romtinga oʻrnatdilar.

Amir ul-mu’minni Abu Bakr Siddiqning,— xudo undan rozi boʻlsin,— xalifaligi davrida[36] Buxoroda sof kumushdan tanga pul zarb qildilar, bundan ilgari Buxoroda tanga pul yoʻq edi.

Muoviyaning davrida Qutayba ibn Muslim tomonidan Buxoro fath qilindi va Tagʻshoda Qutayba ibn Muslim tomonidaya podshoh boʻlib, oʻttiz ikki yil hukmronlik qildi. Abu Muslim uni Xuroson amiri boʻlgan Nasr (ibn) Sayyor davrida[37] Samarqandda oʻldirdi.

U, to oʻldirilgunigacha, Qutaybadan keyin oʻn yil hukmronlik qilgan edi. (Shundan keyin) uni xudo rahmat qilgur Abu Muslim oʻldirdi. Undan soʻng uning birodari Sukon ibn Tagʻshoda yetti yil podshohlik qildi va xalifaning farmoni bilan Faraxshiy (Varaxsha) qasrida oʻldirildi, toʻpolon koʻtarildi; u ramazon oyida oʻz koʻshkida oldiga qur’on qoʻyib oʻqib oʻtirgan edi, uni shu holatda oʻldirdilar va shu koʻshkka koʻmdilar. Sukon ibn Tagʻshodadan keyin birodari Bunyot ibn Tagʻshoda yetti yil hukmronlik qildi. U xalifaning farmoni bilan Faraxshiy qasrida oʻldirildi; buning sababi keyin soʻzlanadi.

Shundan keyin Buxoro toki xudo rahmat qilgur amir Ismoil Somoniy davrigacha[38] Tagʻshodaning farzandlari, xizmatchilari va nabiralari qoʻlida boʻldi. Soʻng podshohlik Buxorxudot bolalarining qoʻlidan ketdi. Bu haqda quyida aytiladi.

III. Buxoroga Podshoh Bulgan Xotin Va Undan Keyin Podshoh Boʻlgan Uning Farzandlari Haqida

Muhammad ibn Ja’far (an-Narshaxiy) aytadi: Bidun Buxorxudot[39] oʻlgan vaqtda undan bir emadigan oʻgʻil bola qoldi; uiing nomi Tagʻshoda edi. Bolaning onasi boʻlgan xotin taxtga oʻtirdi va oʻn besh yil hukmronlik qildi[40], Uning davrida arablar Buxoroga kela boshladilar; har gal kelganlarida xotin ular bilan sulh tuzar va mol[41] berar edi. Aytishlaricha, uning davrida undan koʻra donoroq bironta ham kishi boʻlmagan; u donolik bilan hukmronlik qilar va xalq unga itoatda edi. Uning odati shunday ediki, u har kuni otga minib Buxoro hisori darvozasidan tashqari chiqar va «Alaffurushlar darvozasi» deb atalgan Registon darvozasiga kelib taxtga oʻtirar, uning oldida esa gʻulomlar, xoja sarolar, ya’ni bichilgan qullar[42] va ulugʻ kishilar turar edilar. U qishloq aholisi uchun shunday qoida oʻrnatgan ediki, har kuni dehqonlar va malikzodalardan ikki yuz nafar yigit zarrin kamar bogʻlab, qilichlarini osib xizmatga hozir boʻlib, uzoqroqda turishar, xotin tashqariga chiqqach, hammalari uni olqishlashar va ikki safga tizilishar edi; xotin esa podshohlik ishlari bilan mashgʻul boʻlar, yaxshilikka da’vat qilib yomonlikdan qaytarar, istagan kishisiga sarpo kiygizib, istagan kishisiga jazo berar edi. Shu tarzda ertalabdan to tushgacha oʻtirib, soʻng hisorga qaytib kirar, dasturxonlar chiqarib hamma xizmatkorlariga taom berar edi. Kechga yaqin ham xotin shu yoʻsunda tashqari chiqib taxtga oʻtirar, (haligi) dehqonlar va malikzodalar ikki saf boʻlib uning xizmatida turishar edi; quyosh botgach, xotin taxtdan turib otga minar va qasrga qarab, yoʻl olar, yigitlar esa oʻz vatanlariga — qishloqqa qaytar edilar. Ertasi kuni boshqa jamoa kelib shu sifatda xizmatda boʻlar va nihoyat, navbat yana oʻsha (avvalgi) jamoaga kelib yetar edi. Shu tarzda har bir jamoa bir yilda toʻrt marotaba (xizmatga) kelishi lozim edi.

Bu xotin oʻlganida uning oʻgʻli Tagʻshoda podshohlikka munosib keladigan darajada katta boʻlib qolgan hamda har knm bu mamlakatni egallashni tama qilayotgan edi. Bir vazir Turkistondan kelgan edi: nomi Vardonxudot: Vardona yerlari unga tegishli edi. Qutaybaga u bilan koʻp urush qilishga toʻgʻri kelgan edi. Shu Vardonxudot oʻldi va Qutayba Buxoroni oldi. Qutayba Vardonxudotni bir necha marta bu viloyatdan quvib tashqari chiqardi va u qochib Turkistonga ketdi. Qutayba Buxoroni yana Tagʻshodaga topshirdi va uni podshohlikka oʻtkazdi; mamlakatni (tamagarlardan) tozalab Tagʻshodaga topshirdi va uning barcha dushmanlarining qoʻlini qisqartirdi. Tagʻshoda Qutaybaning qoʻlida imon keltirib musulmon boʻlgan edi. U Qutayba tirikligida va undan keyin Nasr (ibn) Sayyor davrida Buxoro mulkini soʻrab turdi; jami oʻttiz ikki yil davomida Buxoro uning qoʻlida boʻldi. Tagʻshoda islom diniga kirgandan keyin undan bir oʻgʻil dunyoga keldi. Tagʻshoda Qutayba bilan boʻlgan doʻstligi hurmatiga oʻgʻlini Qutayba deb atadi.

Tagʻshoda oʻlgandan keyin uning oʻgʻli Qutayba taxtga oʻtirdi, bir oz vaqt musulmonlikda turdida, soʻngra marhum Abu Muslim davrida dindan qaytdi. Abu Muslim bundan xabardor boʻlib uni oʻldirdi, uning birodarini ham (tarafdor) odamlari bilan qoʻshib halok etdi.

Undan keyin Bunyot ibn Tagʻshoda Buxoroga podshoh boʻldi. U otasi islom dinida ekanligida tugʻilgan edi. Bir qancha vaqt musulmon boʻlib turdi. Muqanna paydo boʻlib «Oqkiyimliklar» qoʻzgʻoloni Buxoro qishloqlariga tarqalgach, Bunyot ularga moyil boʻlib yordam berdi va natijada «Oq kiyimliklar»ning qoʻllari uzayib, ular gʻalaba qozondilar. Aloqa (xat-xabar) ishlari boshligʻi[43] bu haqda xalifaga xabar yubordi, xalifa Mahdiy edi[44]. Mahdiy Muqanna va «Oq kiyimliklar» ishlaridan xotirjam boʻlganidan keyin (Buxoroga) otliq askarlar yubordi. Bunyot Faraxshiy qasrida majlis (tuzib) sharob ichar va darchadan qarab oʻtirar edi. U uzoqdan shoshilinch bilan kelayotgan otliqlarni koʻrdi va ular xalifa tomonidan ekanliklarini farosat bilan anglab, qarshi chora koʻrishga kirishar-kirishmas otliqlar yetib keldilar va hech bir soʻz aytmasdan qilichlarini qindan sugʻurib uning boshini kesdilar. Bu voqea bir yuz oltmish oltinchi yilda (15 avgust 782—4 avgust 783) boʻlgan edi. Uning barcha odamlari qochib ketdi, (xalifa yuborgan) otliqlar ham qaytdi.

Shunday qilib, Qutayba ibn Tagʻshoda dindan qaytganligi sababli Abu Muslim uni, birodarini va xonadon ahlini oʻldirdi hamda Qutaybaning daromadli va gʻallakorlik yerlarini uning birodari Bunyot ibn Tagʻshodaga berdi; amir Ismoil Somoniy davrigacha (bu yerlar) Bunyotning qoʻlida boʻldi. Bunyot (ham) dindan qaytib oʻldirilganidan keynn esa bu mol-mulk Buxorxudot farzandlarining qoʻlida turdi. Bu mamlakat qoʻladan ketgan oxirgi kishi Abu Ishoq Ibrohim ibn Xolid ibn Bunyot boʻldi.

Ibrohim[45] Buxoroda turar va mamlakat uning qoʻlida edi. U har yili oʻzining birodari Nasrga[46] Amir ul-moʻ’minin Muqtadirga[47] yetkazsin uchun Movarounnahrdan olinadigan hosil vl gʻallalardan yuborib turar edi. Amir Ismoil Somoniy bu daromadli va gʻallakorlik yerlarni uning qoʻlidan chiqarli. Bunichg sababi, oʻsha vaqtda soqchilar boshligʻi boʻlib turgan Ahmad ibn Muhammad Lays bir kuni amir (Ismoil Somoniy)dan: «Ey amir! Shu qadar koʻp gʻalla bitadigan serhosil yaxshi yerlar Abu Ishoqqa kimdan qolgan?»—deb soʻradi. Amir Ismoil Somoniy unga javoban: «Bu daromadli yerlar ular (Buxorxudotlar)ning mulki emas, sultonlik mulkidir»,— deli. Ahmad ibn Muhammad Lays yana: «Ularning mulkiyu, ammo ularning otasi dindan qaytgani sababli xalifa ularning qoʻllaridan chiqarib bayt ul-mol mulkiga[48] aylantirgan va yana xizmat haqi (sifatida) va ta’minot oʻtkaznshlari uchun ularga berib qoʻygan edi. Abu Ishoq esa xizmatni keragicha ado etmaydi va u yerlarni oʻz mulki deb biladi,— dedi. Ular shunday soʻzlashib turganlarida, Abu Ishoq Ibrohim kirib keldi. Amir Ismoil Somoniy undan: «Ey Abu Ishoq! Bu daromadli yerlardan sen har yili qancha gʻalla hosili olasan?»— deb soʻradi. Abu Ishoq: «Koʻp mashaqqat va urinishlardan keyin bir yilda yigirma ming dirham hosil boʻladi,— deb javob berdi. Amir Ismoil Ahmad ibn Muhammad Laysga: «Bu mavzeni sen olgin. Abu-l-Hasan orizga[49] ayt, u har yili Abu Ishoqqa yigirma ming dirham berib tursin,— deb buyruq berdi. Ana shu sababdan u daromadli yerlar Abu Ishoqning qoʻlidan ketdi va qaytib (hech) uning qoʻliga kirmadi. Abu Ishoq uch yuz birinchi yili (7 avgust 913-26 iyul' 914) dunyodan oʻtdi, uning avlodlari Safna va Sevanj qishlogʻida qoldilar.

IV. Buxoro Va Unga Qushiladigan Joylar

Abu-l-Hasan Nishopuriy «Xazoin ul-ulum» kitobida keltirganki, Buxoro shahri, garchi oradan Jayhun daryosi oʻtgan boʻlsa ham Xuroson shaharlaridan hisoblanadi.

Karmina Buxoro qishloqlari jumlasidan boʻlib, uning suvi Buxoro suvidan keladi; xiroji Buxoro xirojiga qoʻshiladi. Uning oʻziga tegishli alohida bir qishloq ham bor; unda masjidi jome barpo etilgan. Karminada adib va shoirlar koʻp boʻlganlar. Masalda aytilishicha, qadim vaqtlarda Karminani «Bodyayn xurdak» («Koʻzacha») deb ataganlar. Buxorodan to Karminagacha oʻn toʻrt farsangdir.

Nur katta joy. Unda masjidi jome bor; U koʻpgina rabotlarga ega. Buxoro va boshqa joylarning odamlari har yili ziyorat uchun u yerga boradilar. Buxoro aholisi bu ishda koʻp mubolagʻa qiladilar; Nur ziyoratiga borgan kishi haj qilgan (kishining) fazilatiga ega boʻladi; u ziyoratdan qaytib kelganida tabarruk joydan kelganligi sababli shaharni havoza band qilib bezatadilar. Bu Nurni boshqa viloyatlarda Nuri Buxoro deb ataydilar. Tobeinlardan[50] koʻp kishilar u yerga dafn etilganlar, xudo ularning hammalaridan to qiyomatgacha rozi boʻlsin!

Yana Tavois[51]. Bu Buxoro viloyatlaridan boʻlib, (asl) nomi Arquddir[52]. Unda boy va zebu ziynatni sevuvchi kishilar yashaganlar. Zebu ziynatga berilganligidan har bir kishi ziynat uchun uyida bitta yoki ikkita tovus saqlagan. Arablar (bu yerga kelishdan) ilgari tovusni koʻrmagan ekanlar, bu yerda koʻp tovuslarni koʻrib, u qishloqni «Zot ut-tavois»— «Tovuslar egasi» deb ataganlar, uning asl nomi esa unutilgan; undan keyinroq «zot» soʻzini tashlab Tavois deb qoʻya qolganlar. Unda masjidi jome bor, u katta bir shoristonga ega, qadimgi vaqtlarda (har) kuz faslida u joyda oʻn kun bozor boʻlar edi. U bozorda shunday rasm bor edi-ki, (boshqa bozorlardan surilib qolgan) har qanday nuqsonli qullar, chorva mollari va boshqa aybli qoldiq narsalar boʻlsa hammasi bu bozorda sotila berar va ularni qaytarib berishning hech iloj-imkoni boʻlmas edi; na sotuvchi va na oluvchining hech bir sharti qabul qilinmas edi. Har yili (shu oʻn kunda) bu bozorga masalan, Fargʻona, Choch[53] va boshqa joylardan kelgan savdogarlar va turli hojatmandlardan oʻn mingdan ortiq kishi hozir boʻlishar va koʻp manfaat topib qaytar edilar. Shu sababli bu qishloqning aholisi boy kishilar edilar va boyliklari* dehqonchilik tufayli emas edi. Tavois Samarqandga boriladigan katta yoʻl ustida boʻlib, undan Buxorogacha yetti farsangdir.

Iskajkat. U bir katta kuhandizga[54] ega. Uning aholisi boy kishilar boʻlganlar; boyliklari dehqonchilikdan boʻlmagan, chunki u qishloqning yerlari xarob boʻlib, yaxshi yerlari ming juftga[55] yetmagan. Uning hamma aholisi savdogarchilik bilan shugʻullangan. U joyda koʻp boʻz (toʻqib) chiqarilar edi. Har payshanba kuni u yerda bozor boʻlardi. U kishloq sultonlikka tegishli mulklar jumlasidandir. Abu Ahmad al-Muvaffaq billoh[56] bu qishloqni muqotaa[57] sifatida Xurosonning amiri Muhammad ibn Tohirga[58] bergan edi (keyin) uni yana Sahl ibn Ahmad ad-Dogʻuniy al-Buxoriyga sotdi va pulini oldi. Dogʻuniy u joyga bir hammom qurdi va daryoning quyi tomon qirgʻogʻida bir burchakka katta qasr bino qildi. U qasrnnng qoldiqlari bizning zamonamizgacha saqlanib kelgan edi. Dogʻuniy qasri deb ataganlar; uni daryo suvi vayron qildi. Sahl ibn Ahmad Dogʻuniy uchun Iskajkat aholisi har yili oʻn ming dirham soliq (toʻlashi shart edi). Bu soliqni hamma xonadonlarga taqsim qilib toʻlar edilar. Qeyinroq borib aholi ikki-uch ynl davomida soliqni toʻlamadi va podshohga murojaat qilib undan yordam soʻradi. Sahl ibn Ahmadning merosxoʻrlari amir Ismoil Somoniy davrida hujjat koʻrsatdilar, u hujjatni koʻrib, toʻgʻri topdi. Lekin (ikki oradagi) xusumat uzoq davom etib shaharning ulugʻ kishilari qishloq aholisi bilan Dogʻuniy merosxoʻrlari orasiga tushib, bir yuz yetmish ming dirhamga sulh qildilar. Aholi qishloqni sotib olib (Dogʻuniy merosxoʻrlariga) soliq toʻlashdan qutuldilar va u mablagʻni toʻladilar.

Bu qishloqda to Malik Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim Tamgʻochxonning[59] podshohlik davrigacha hech qachon masjidi jome boʻlmagan. Shu qishloq aholisidan bir ulugʻ kishi bor edi, uni Xonsolor der edilar, u hurmatli, xizmatkorlari koʻp bir kishi boʻlib. sultonning omillaridan[60] edi, shu kishi xolis oʻz molidan juda yaxshi bir masjidi jome bino qildi, bunga koʻp pul sarf boʻldi va bu masjidda juma nomozini oʻqidi.

Ahmad ibn Muhammad Nasr shunday deydi: Shargʻ (qishlogʻi) xatibinnng menga bergan xabaricha, u masjidi jomeda bir martadan boshqa juma namozi oʻqigan emaslar, (chunki) ana shu bir marta oʻqishdan keyin Buxoro imomlari ruxsat bermay qoʻyganlar va u masjidda juma namozini oʻqishni toʻgʻri topmaganlar. Bu juma masjidi toki Qadrxon Jabrail ibn Umar ibn Toʻgʻrulxon Buxoroga amir boʻlgan vaqtgacha[61] bekor qoldi. Bu amirning nomi Toʻgʻrulbek boʻlib, laqabi Kulortegin edi. U masjidning yogʻochlarini Xonsolorning merosxoʻrlaridan sotib olib, masjidni buzdi va yogʻochlarini Buxoro shahriga keltirib, «Joʻbayi baqqolon», (Boqqollik bozori») yaqinida madrasa bino qildi, u yogʻochlarni shu madrasaga ishlatdi va behisob pul sarfladi. U madrasani Kulortegin madrasasi deb ataydilar. Bu amir shu madrasaga dafn etilgan edi.

Shargʻ qishlogʻi Iskajkat roʻparasidadir, ikkovining orasida katta daryodan boshqa hech bir bogʻ va boʻsh yerlar yoʻq. U daryoni Rudya Somjan deb ataganlar. Hozirda esa Shargʻ daryosi, ba’zn kishilar boʻlsa, Haromkom deydilar. Bu ikki qishloq oʻrtasida dara ustida katta koʻprik bor edi. Shargʻ qishlogʻida hech vaqt masjidi jome boʻlmagan. Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon davrida[62] uning farmoni bilan oʻsha koʻprikni gʻoyatda mahkam qilib gʻishtdan ishladilar va Arslonxonning xolis oʻz puliga masjidi jome bino qildilar. Arslonxon musofirlar uchun Iskajkat tomoniga bir rabot qurishgʻa buyurdi. Bu qishloqda katta byr kuhandiz bor, kattaligidan uni shaharga tenglashtirish mumkin.

Muhammad ibn Ja’far (an-Narshaxiy)ning aytishicha, (bu joy aholisining) qadimgi vaqtlarda bir bozori boʻlib, har yili qish oʻrtasida oʻn kun davom etar, (kishilar) uzoq viloyatlardan kelib savdo qilar edilar. Koʻproq u joydan shinni bilan tayyorlangan magʻizli holva chiqar edi, yana u joydan koʻproq chiqadigan narsa qintori[63] va choʻp (yogʻoch)lar, tuzlangan baliq, yangi baliq, qoʻy va qorakoʻl terilaridan tikilgan poʻstinlardan iborat edi; bu yerda koʻp savdo boʻlar edi. Ammo bugun bizning davrimizda har juma kuni bozor boʻlib, shahar va qishloqlardan savdogarlar u joyga boradilar. U qishloqdan chiqadigan va bu kunlarda savdogarlar boshqa viloyatlarga olib boradigan narsa mis[64] va boʻzdir.

Muhammad ibn Ja’far (an-Narshaxiy)ning xabar berishicha, rahmatli amir Ismoil Somoniy bu qishloqni barcha yer-suvlari va dov-daraxtlari bilan sotib olib, hammasini Buxoro shahrining ichkarisida Samarqand darvozasida bino etgan rabotga vaqf qilgan. Hozir u rabot ham, vaqf ham qolgan emas. Bu Shargʻ va Iskajkat Buxoroning eng yaxshi qishloqlari boʻlgan. Xudo ularni balolardan saqlasin!

Zandana. Bu qishloq katta qal’aga, koʻpgina bozor joylarga masjidi jomega ega. Bu yerda har juma kuni namoz oʻqiydilar va bozor qiladilar. Bu qishloqda (toʻqib) chiqariladigan narsa — boʻzni «zandaniychi», ya’ni «Zandana qishlogʻidan chiqadigan» deb ataydilar. Bu yerda u ham yaxshi, ham koʻp boʻladi. Shu xil boʻzdan Buxoroning koʻp qishloqlarida toʻqiydilar va buni ham «zandaniychi» deb ataydilar. Chunki u avvalo shu qishloqda toʻqib chiqarilgan. Shu xil boʻzdan Iroq, Fors, Kermon, Hindiston va boshqalar kabi hamma viloyatlarga olib boradilar. Barcha ulugʻlar va podshohlar undan kiyim qiladilar va ipakli kiyimlik bahosida sotib oladilar. Xudo bu qishloqni hamisha yashnatsin!

Vardona. Bu katta bir qishloq boʻlib, kuhandizga, katta va kustahkam hisorga ega. U qadim vaqtlardan podshohlarning turarjoylari boʻlgan, (lekin) hozirda unda podshoh oʻtiradigan qarorgoh yoʻq. Vardona Buxoro shahridan qadimroq (barpo boʻlgan) uni Shohpur Malik[65] bino qilgan. U Turkistonning chegarasida joylashgan. U joyda har haftada bir kun bozor boʻlib savdogarlar koʻp kelar edilar. U yerdan chiqadigan narsa ham yaxshi xil «zandaniychi» boʻlgan.

Afshina. Katta shoristonga va mustahkam hisorga egadir. Bir qancha qishloqlar unga mansubdir. U yerda har haftada bir kun bozor boʻladi. Bu qishloqning ekin yerlari va biyobonlari madrasa talabalariga vaqf qilingan. Qutayba ibn Muslim u joyda masjidi jome bino qilgan. Muhammad ibn Vose ham bir masjid qurdirgan. Bu yer duo qabul boʻladigan joy. Odamlar shahardan u joyga boradilar va uni tabarruk deb hisoblaydilar.

Barkad. Bu qadimiy va katta bir qishloq; bir katta kuhandizga ega. Bu qishloqni «Barkadi alaviyon»— «Ali avlodnning Barkadi» deb ataydilar. Bunga sabab shuki, amir Ismonl Somoniy bu qishloqni sotib olgan va olti boʻlakka ajratib, undan ikki boʻlagini Ali va Ja’far avlodiga[66], ikki boʻlagini darvishlarga va ikki boʻlagini oʻz merosxoʻrlariga vaqf qilgan.

Romtin (Romitan). Bu katta bir kuhandizga ega va mustahkam bir qishloq boʻlib, Buxorodan qadimiyroqdir. Ba’zi kitoblarda bu qishloqni Buxoro deb ataganlar. Bu qishloq qadim vaqtlarda podshohlarning turarjoylari boʻlgan, (keyinroq esa) Buxoro shahari bino boʻlgandan keyin, podshohlar qish faslidagina bu qishloqda turadigan boʻlganlar. (Bu yerlar) islom davlatiga oʻtganda ham shunday boʻlib turgan. Marhum Abu Muslim Buxoroga kelganida shu qishloqda turgan. Bu qishloqni Afrosiyob bino qilgan. Afrosiyob har vaqt bu viloyatga kelganida shu qishloqdan boshqa joyda turmagan. Forsiylarning kitoblarida aytilishicha, Afrosiyob ikki ming yil yashagan. U jodugar boʻlib, Nuh podshohning bolalaridandir. U oʻzining Siyovush nomli kuyovini oʻldirgan. Siyovushning Kayxusrav nomli oʻgʻli boʻlib, u otasining qonini talab qilib koʻp lashkar bilan bu viloyatga kelganida Afrosiyob shu Romtin qishlogʻini hisor qilib turgan. Kayfsrav oʻz lashkari bilan ikki yil shu hisor atrofini oʻrab turdi va uning roʻbarasiga bir qishloq bino qilib, u qishloqni Romush deb atadi. Uni yaxshiligidan Romush deganlar. Bu qishloq hozirgacha obodondir. Qayxusrav Romush qishlogʻida otashparastlar ibodatxonasini qurdi; otashparastlarning aytishlaricha, bu ibodatxona Buxorodagi otashparastlar ibodatxonalarining eng qadimiysidir. Kayxusrav ikki yildan keyin Afrosiyobni tutib oʻldirdi. Afrosiyobning goʻri Buxoroda Ma’bad darvozasida rahmatli Xoja imom Abu Hafs Qabir[67] tepaligiga tutashgan katta tepali ustidadir. Buxoro aholisi Siyovushning oʻldirilishi toʻgʻrisyda ajoyib ashulalar toʻqiganlar; kuychilar bu qoʻshiqlarni «Kini Siyovush»— «Siyovush jangi» deb ataydilar. Muhammad ibn Ja’far (an-Narshaxiy) oʻsha vaqtdan buyon uch ming yil oʻtgan (deydi). Yana xudo bilimdonroqdir.

Varaxsha. Bir nusxa (kitob) da Varaxsha oʻrnida Rajfandun deb yozganlar. Katta qishloqlar jumlasidan boʻlib, Buxoro singari edi; u Buxoro shahridan qadimiyroqdir, u podshohlar turadigan joy boʻlib, mustahkam hisorga ega boʻlgan, chunki padshohlar (u hisorni) bir necha marta mustahkamlaganlar. Uniag Buxoro shahrining devori singari devori ham boʻlgan. Rajfandun yokn Varaxshaning oʻn ikkita arigʻi bor. Bu qishloq Buxoro devorining ichkarisida joylashgan. Unda obod bir qasr boʻlgan, shundayki, goʻzallikda uni namuna qilib koʻrsatar edilar. Unya Buxorxudot bino qilgan boʻlib, qurilganiga ming yildan ortiqroq vaqt oʻtgan. Bu qasr koʻp yillardan beri vayron va qarovsiz qolib ketgan edi Xunukxudot[68] uni qaytadan tuzatdi: yana vayron boʻlgan edi Bunyot ibn Tagʻshoda ibn Buxorxudot islomiyat davrida yangidan qurib, oʻzi uchun turarjoy qilib oldi va nihoyat, u shu joyda oʻldirildi.

Rahmatli amir Ismoil Somoniy oʻsha qishloq aholisini chaqirib: «Men yigirma ming diram (pul) va yogʻoch beraman, tuzatin! (xarajati)ni oʻz ustimga olaman, uning ba’zi qismlari hali oʻz joyida, sizlar bu qasrni masjidi jome qilib olinglar»,— dedi. Qishloq aholisi buni xohlamadilar va masjidi jome bizning qishloqqa toʻgʻri kelmaydi va joiz ham emas, dedilar. Bu qasr amir Ahmad ibn Nuhibi Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniy davrigacha[69] oʻz joyida mavjud edi. Bu amir u qasrning yogʻochlarini shaharga olib kelib, Buxoro hisori darvozasidagi oʻz saroyini qurishga kirishdi.

Bu qishloqda har oʻn besh kunda bir kun bozor boʻladi, yilning oxirida esa yigirma kun bozor qilib, yigirma birinchi kuni navroʻz — yangi yil bayramini oʻtkazadilar. Buni «Navroʻzi kishovarzon»— «Dehqonlar navroʻzi» deydilar. Buxoro dehqonlari (yil kunlari) hisobini oʻsha kundan boshlaydilar va bunga e’tibor beradilar. Otashparastlarning navroʻzi undan besh kun keyin keladi.

Baykand. Buni shaharlar jumlasidan deb hisoblaydilar. Baykand aholisi, biror kishining Baykandni qishloq deb atashiga rozilik bergan emaslar. Agar biror baykandlnk Bagʻdodga borsa va undan «sen qayerdansan?» deb soʻrasalar u Baykanddanman degan, Buxorodanman degan emas. Baykandda katta masjidi jome va oliy imoratlar bor. To ikki yuz qirqinchi yilgacha (2 iyun' 854—21 may 855) Baykand darvozasi oldida koʻp rabotlar boʻlgan. Muhammad ibn Ja’far (an-Narshaxiy) oʻz kitobida keltirishicha. Baykandda Buxoro qishloqlari sonicha, mingdan ortiq rabot boʻlgan. Buning sababi shuki, Baykand katta va yaxshi joy boʻlib, har bir qishloqning aholisi u yerda bir rabot qurib unga bir toʻda kishilarni joylab qoʻygan va ularning nafaqalarini qishloqdan yuborib turgan. Qish faslida kofirlar (yigʻilib) hujum qiladigan vaqt boʻlganida har bir qishloqdan u joyga koʻp xalq toʻplanib gʻazot qilganlar. (Shunda) har bir qavm oʻz rabotiga kelib tushgan.

Baykand aholisi hammasi savdogar boʻlgan. Ular Xitoy bilan va dengiz (orqali boriladigan) mamlakatlar bilan savdo qilganlar va juda boy boʻlganlar. Qutayba ibn Muslim Baykand juda mustahkam boʻlganligi sababli uni olishda koʻp qiyinchilnklar koʻrdi. Uni jezdan qurilgan shahriston der edilar. U Buxoro shahridan qadimiyroq. Bu viloyatda boʻlgan har bir podshoh, oʻzi uchun Baykandni turarjoy qilar edi. Farabdan Baykandgacha oʻn ikki farsang masofa biyobon boʻlib, bu biyobon qumlik (choʻl)dir.

Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon oʻz davrida Baykandni (qaytadan) qurishga buyurdi. Odamlar u yerga yigʻilib yaxshi imoratlar qildilar, xoqon (Arslonxon) oʻzi uchun juda hajamatli saroy qurdirdi.

Haromkom suvi Baykandga keladi. Baykandda qamishzorlar va katta-katta suv xalqoblari tutashadi; bularni «Borgini farox»— «Keng havz» deydilar va Qarokoʻl deb ham ataydilar. Ishonchli knshilardan eshitganmanki, u (koʻl)ning kengligi yigirma farsangdir. «Masolik va mamolik» kitobida aytilishicha, uni «Buhayrayi Somjan»— «Somjan koʻli» deb ataydilar, Buxoro suvining ortiqchasi ham oʻsha joyga yigʻiladi. Unda suv jonivorlari boʻladilar; butun Xurosonda bu yerdagidek miqdorda qush va baliq tutilmaydi.

Haromkomning suvi Baykand imoratlari (yaqini)ga goh yetib kelishi, goho esa yetib kelmasligi tufayli, suv imoratlargacha yetib kelsin uchun Arslonxon alohida ariq qazishga buyurdi. Baykand togʻ tepasida joylashgan boʻlib, lekin togʻ baland emas edi. Xoqon togʻdan ariq qazishga buyurdi. Tosh shunday qattiq ediki, unda hech bir darz yoʻq edi. Bu ishda juda hayronlikda qoldilar, Toshlarni yumshatish uchun juda koʻp xarvor[70] yogʻ va sirka sarf boʻlsa, ham bir farsang masofadan ortiq qaziyolmadilar. Koʻp kishilar halok boʻldi; koʻp qiyinchilik koʻrib, koʻp mablagʻ sarf qilgandan keyin, (ariqni) qazimay qoldirdilar, Baykandning (arablar tomonidan) fath qilingani qissasi xudo xohlasa oʻz oʻrnida aytiladi.

Farab. Bu shaharlar jumlasidan boʻlib, alohida joylarga ega, Jayhun daryosi labidan to Farabgacha bir farsang, suv toshgan vaqtlarda esa yarim farsang keladi. Goho shunday ham boʻladiki, Jayhunning suvi (toshib) Farabgacha borib yetadi. Farabda katta masjidi jome bor, uning devorlari va tomi pishiq gʻishtdan boʻlib, unga sira yogʻoch ishlatilmagan. Farabning bir amiri bor ediki, u biror (zaruriy) hodisa yuzasidan ham Buxoroga kelishni lozim topmas edi. (U yerda) bir qozi bor ediki, u Shaddod[71] kabi zolimona hukmlar yurgizar edi.

Buxoro qishloqlarnning soni koʻp. Bu (aytib oʻtilgan) bir nechtasi mashhurroq va qadimiyroq boʻlgani uchun ular haqida toʻxtab oʻtdik.

V. Buxoroda Boʻlgan «Bayt Ut-Tiroz»— «Toʻqimachilik Korxonasi»Ning Bayoni. U Hanuz Uz Joyida Turipti

Buxoroda — hisor bilan shahriston oʻrtasida, masjidi jome yaqinida bir korxona bor edi; unda paloslar, darpardalar, yazdiy kiyimliklar, yostiq jildlari, funduqiy[72] joynamozlar va ust kiyimlarni xalifa uchun toʻqir edilar; bitta darpardaga (butun) Buxoro xiroji sarf boʻlardi. Bagʻdoddan har yili alohida bir omil kelib, Buxoro xirojining evaziga shu kiyimlilardan olib ketar edi. Bir vaqt kelib bu korxona bekor qoldi va bu hunar bilan shugʻullanuvchi kishilar tarqalib ketdilar.

Buxoro shahrida shunday ishga tayin qilingan ustalar boʻlar edilar: viloyatlardan savdogarlar kelib, odamlar zandaniychini olib ketganlaridek, u kiyimlilardan Shom va Misr, Rum shaharlariga olib ketar edilar. Xurosonning hech bir shaharida bunday (matoni) toʻqiy olmas edilar. Shunisi qiziqki, bu hunar egalaridan ba’zilari Xurosonga bordilar va bu ish uchun kerakli asboblarni shaylab shu kiyimlikdan toʻqidilar, lekin Buxorodagidek sifatli boʻlib chiqmadi. Bu kiyimlikka ega boʻlmagan birorta ham podshoh, amir, rais yoki boshqa mansab egasi yoʻq edi. Uning qizil, oq va yashil ranglisi boʻlar edi. Bugun hamma viloyatlarda u kiyimlidan koʻra zandaniychi mashhurroq.

VI. «Bozori Mox»Ning Bayoni

Buxoroda bir bozor bor ediki, uni «Bozori Mox roʻz» der edyalar. U yerda yiliga har gal bir kundan ikki marta bozor qilar va har bir bozor boʻlgan kuni butlar sotar edilar. Har bozor kuni ellik ming diramdan ortiq savdo boʻlar edi. Muhammad ibn Ja’far (an-Narshaxiy) oʻz kitobida shunday deydi: «Bu bozor bizning vaqtlarda (ham) bor edi; men nega bunday odat rasm qilingan deb juda ajablanar edim; Buxoroning keksalari va shayxlaridan: «buning sababi nima» deb soʻradim. Ular: «Qadim vaqtlarda Buxoro aholisi butparast boʻlganlar va bu bozor rasm boʻlib, oʻsha davrlardan boshlab bu yerda but sotganlar va (bozor) hozirda ham oʻsha (qadimgidek) qolib kelmoqda»,— deb javob berdilar. Abu-l-Hasan Nishopuriyning «Xazoin ul-ulum» kitobida aytishicha, qadimgi vaqtlarda Buxoroda bir podshoh boʻlib, uning nomi Mox edi. U ana shu bozorni qurishga buyurdi; uning farmoni bilan duradgorlar va naqqoshlar u yildan bu yilgacha but yoʻnib, belgilangan kunda shu bozorga keltirib sotishar va xalq uni sotib olar ekan. Har qachon u but yoʻqolsa yoki sinsa, yoki eskisa, shu bozor kuni boshqasini sotib olar va eskisini tashlar ekanlar.

Hozir Mox masjidi oʻrnashgan yerda katta ariq boʻyida bir serdaraxt tekislik joy boʻlib, shu daraxtlar soyasida bozor boʻlar adi. U podshoh, xalq but sotib olishga qiziqsin uchun, shu bozorga kelib hozir Mox masjidi oʻrnashgan yerda taxtda oʻtirar, har kim oʻzi uchun but sotib olar va uyiga olib ketar edi. Bu joy yana otashparastlar ibodatxonasi (ham) boʻldi; bozor kuni odamlar bu yerga yigʻilganlarida hammalari ibodatxonaga kirib olovga topinar edilar. Bu ibodatxona to islomiyat davrigacha bor edi, musulmonlar quvvatlanib ketgach, mazkur (Mox) masjidiii xuddi shu joyga bino qildilar. Hozir u Buxoroning moʻ’tabar masjidlaridandir.

VII. Buxoroning Turli Nomlari Bayoni

Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr Buxoro koʻp ismlarga ega deydi va oʻz kitobida Numijkat[73] degan ismni keltiradi. Yana boshqa bir joyda men uni Bumiskat deb keltirilganini koʻrdim. Boshqa bir joyda arab tilida «Madinat us-sufriya», ya’ni «Mis shahar» va yana boshqa bir joyda arab tilida «Madinat ut-tujjor», ya’ni «Savdogarlar shahri» deb yozilgan. Buxoro degan nom u nomlarning hammasidan mashhurroqdir. Xuroson shaharlaridan birontasi ham bunchalik koʻp nomga ega emas. Bir hadisda Buxoro nomi Foxira boʻlib, kelgan. Xoja imom, zohid, voiz Muhammad ibn Ali Nujva bodiy rahmatli Salmoni Forsiydan[74] bir hadis rivoyat qilgan Salmonning aytishicha paygʻambar,—xudo unga oʻz rahmat va salomini yoʻllasin, — shunday degan: Jabroil— unga xudoning rahmatlari boʻlsin — aytganki, kun chiqish tomonda bir joy bor, uni Xuroson deydilar, uning uchta shaharini qiyomat kuni yoqut va marjon bilan ziynatlab keltiradilar; ulardan nur chiqib turadi; u shaharlarning tevaragida farishtalar koʻp boʻlib, ular tasbih, xamd va takbir aytadilar, kelinni kuyov uyiga olib borgandek u shaharlarni e’zoz va ikrom bilan mahshargohga olib keladilar. Bu shaharlarning har birida yetmish mingdan bayroq, har bir bayroq tagida yetmish mingtadan shahid (yotgan) boʻladi va har bir shahidning shafoati bilan forscha soʻzlovchi va xudoni bir deb biluvchi yetmish ming kishi azobdan qutuladi. Qiyomat kuni u shaharlarning har tarafi: oʻng va soʻli, oldi va orqasi oʻn kunlik yoʻl boʻlib, bularning hammasida shahidlar turadi. Hazrat paygʻambar,— xudo unga rahmat va salomini yoʻllasin,— Ey Jabrail! U shaharlarning nomlarini menga ayt, deb soʻradi; Jabroil,— unga xudoning salomi boʻlsin,—shaharlarning birini arab tilida Qosimiy forschada, Yashkard deydilar; ikkinchisini arabchada Samaron, forschada Samarqand deydilar; uchinchisini arabchada Foxira, forschada Buxoro deydilar,— deb javob berdi. Paygʻambar,— xudo unga oʻz salomi va rahmatini yoʻllasin,— soʻradi: Ey Jabrail! Nega Foxira deb ataydilar? Jabrail: shunnng uchunki, qiyomat kuni Buxoro shahari oʻzida shahidlarning koʻpligi bilan faxr qiladi, deb javob berdi. Paygʻambar,— xudo unga oʻz salom va rahmatini yoʻllasin, — xitob qilib: Ey xudo! Foxiraga barakat bergin, uning xalqlari dillarini taqvo bilan pok etgin, ishlarini pokiza qilgin va ularni mening ummatimga marhamatli qilgin!—-dedi. Ana shu ma’ni tufayli buxoroliklarning rahmdilliklariga, ularning e’tiqodlilik za pokliklariga kun chiqish va kun botish guvohlik beradi.

VIII. Buxoro Arqining Bino Etilishi Haqida

Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr buning ajoyabotlari haqida toʻxtab, shunday deydi: Abu-l-Hasan Nishopuriyning «Xazoin ul-ulum»da aytishicha, Buxoro kuhandizining, ya’ni Buxoro arki hisorining bino etilishiga mana shu (voqea) sabab boʻlgan: Siyovush ibn Kaykovus oʻz otasidan qochib Jayhun daryosidan oʻtib Afrosiyobning oldiga keldi. Afrosiyob uni yaxshi qabul etdi va oʻz qizini unga xotinlikka berib, aytishlaricha, barcha mulkini ham unga topshirdi. Bu viloyat oʻziga vaqtincha berib qoʻyilgan joy ekanligi tufayli, Siyovush bu yerda oʻzidan bir yodgorlik qoldirishni istadi. Shunday qilib, u Buxoro hisorini bino qildi va koʻproq vaqt oʻsha joyda turar edi. (Kimlardir) u bilan Afrosiyob oʻrtasida yomon gap yurgizdi va (natijada) Afrosiyob uni oʻldirdi hamda ana shu hisorda sharqiy darvozadan kiraverishingda «Darvozayi gʻuriyon» deb atalgan somonfurushlar darvozasining ichkarisiga dafn etdilar. Shu sababli Buxoro otashparastlari oʻsha joyni aziz tutadilar va unga atab har bir erkak kishi har yili navroʻz kuni quyosh chiqishidan oldin oʻsha joyda bittadan xoʻroz soʻyadi. Buxoro aholisining Siyovushning oʻldirilishiga bagʻishlab aytgan marsiyalari boʻlib, u barcha viloyatlarga mashhurdir. Kuychilar unga moslab kuy tuzganlar va qoʻshiq qilib aytadilar. Qoʻshiqchilar uni «otashparastlar yigʻisi» deydilar. Bu gaplar boʻlganiga hozir uch ming yildan ortiqroq vaqt oʻtdi.

Shunday qilib, mana shu rivoyatga koʻra bu hisorni Siyovush bino qilgan, ba’zilari esa Afrosiyob bino qilgan deganlar. (Soʻng) bu hisor buzilib ketib, koʻp yillar vayronligicha qoldi. Biz aytib oʻtgan xotinning eri, Tagʻshodaning otasi boʻlgan Bidun Buxorxudot taxtga oʻtirganidan keyin, odam yuborib bu hisorni tuzattirdi, undagi qasrni ham u tuzattirdi va oʻz nomini temirga yozdirib qasrning eshigiga mahkam oʻrnattirdi. Shu xat bitilgan temir tarjimonning zamonigacha oʻsha qasr eshigida mavjud edi. Lekin Ahmad ibn Muhammad ibn Nasrning aytishicha, Hisorni vayron qilganlarida u eshikni ham buzib yuborganlar. Ahmad ibn Muhammad ibn Nasrning aytishicha, Muhammad ibn Ja’far va Abu-l-Hasan Nishopuriy bunday deganlar: Bidun Buxorxudot u qasrni bino qilganida buzilib ketdi, qaytadan bino qilgan edi, yana buzildi. U necha marta bino qilmasin yana vayron boʻlaverdi. Hukamolarni yigʻib ulardan maslahat soʻradilar. Ular bu qasrni osmondagi yetti qaroqchi yulduzlari shaklida yettita tosh ustun ustiga qurishga qaror qildilar; shu shaklda (qurilgandan keyin) qasr buzilmadi. Yana bir ajoyibi shuki, bu qasr bino qilingandan beri bunda hayot kechirgan hech bir podshoh magʻlubiyatga uchragan emas, aksincha hamisha gʻalaba qozongan. Yana bir ajoyibi, bu qasrni bino qilganlaridan beri na kofirlar davrida va na islomiyat davrida — biror podshoh ham uning ichida oʻlmagan; podshohning ajali yetgan vaqtda biror sabab yuz berib u qasrdan tashqariga chiqqan va boshqa bir joyda vafot topgan —bu qasr bino qilinganidan to vayron boʻlgunicha shunday boʻlib kelgan.

Bu hisorning ikkita darvozasi bor, biri sharq tomonda, biri gʻarb tomonda; sharq tomondagisini «Dari gʻuriyon», gʻarb tomondagisini «Dari Registon» deydilar, tarjimonning davrida keyingisini «Dari alaffurushon» deb ataganlar. Hisorning oʻrtasida bu darvozadan to u darvozagacha toʻgʻri yoʻl boʻlgan. Bu hisor podshohlar, amirlar va askar boshliqlarining turarjoylari boʻlib, zindon, podshohlik devonlari va podshohlar turadigan qasr qadimdan shu yerda boʻlgan. Haram saroyi va xazina (ham) shu hisorda boʻlgan. Tarjimonning davrida bu hisor buzilib ketdi. Bundan bir necha yil ilgari Arslonxon uni yangilashga buyurdi va oʻziga turarjoy qilib oldi hamda hisorni (ma’lum) shartlarga muvofiq idora qilib tursin uchun, ulugʻ bir amirni kutvol[75] qilib tayinladi. Bu hisor xalq koʻzida zoʻr e’tiborga ega edi.

Besh yuz oʻttiz toʻrtinchi yil oylaridan birida (28 avgust 1139 — 16 avgust 1140) Xorazmshoh[76] Buxoroga kelganida amir Zangi Ali xalifa hamda Sulton Sanjarning[77] farmoni bilan, Buxoroning voliysi edi. Xorazmshoh uni qoʻlga olib oʻldirdi va hisorni vayron qildi. Hisor ikki yildan ortiqroq shu vayronligicha qoldi. Besh yuz oʻttiz oltinchi yili (6 avgust 1141—26 iyul' 1142) Goʻrxon[78] tomonidan Buxoroga voliy qilib tayinlangan Alptegiya oʻsha yiliyoq hisorni obodon qilishga buyurdi va uni oʻzi uchun turarjoy qilib oldi. Hisor ilgarigidan ham yaxshiroq boʻldi. Besh yuz oʻttiz sakkizinchi yili ramazon oyida (8 mart — 6 aprel' 1144) gʻuz askarlari[79] Buxoroga yetib keldi. Aynuddavla, Qarochabek vz Shahob vazirlar hisorga qamaldilar, koʻp jang va qiyinchiliklardan keyin gʻuz askarlari hisorni olib, Shahob vazirni oʻldirdilar va hisorni vayron qildilar; hisor shu vayronligicha qoldi. Besh yuz oltmishinchi yili (18 noyabr' 1164 — 6 noyabr' 1165) Buxoro shahrining aylanasiga devor qurmoqchi boʻldilar; devorning tagini pishiq gʻishtdan ishlash zarur boʻldi. Hisorning tagi va minoralari pishiq gʻishtdan edi, uni buzib olib Buxoro shahrining devoriga ishlatdilar. Hisor bir yoʻla vayron boʻldi va u qasrdan hech bir imorat va nishon qolmadi.

Olti yuz toʻrtynchi yili (28 iyul' 1207—15 iyul' 1208) Xorazmshoh Muhammad ibn Sulton Takash Buxoroni olib, hisorni qaytadan tikladi; xitoyliklar yengildilar[80]. Olti yuz oʻn oltinchi yili (19 mart 1219—7 mart 1220) esa tatar lashkari keldi, ularning amiri Chingizxon edi. Ular qal’aning darvozasida oʻn ikki kun jang qilib, uni oldilar va vayron qildilar.

IX. Podshohlarning Buxoroda Bulgan Manzillari Haqida

Buxoro hisorning gʻarbiy darvozasidan to Ma’bad darvozasigacha boʻlgan masofa Registon deb ataladi. Mana shu Registonda qadim johiliyyat davrlaridan beri podshohlarning saroylari boʻlgan. Somoniylar davrida[81] Amiri sa’id Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniy[82] Registonga bir saroy (qurishni) buyurdi; gʻoyatda goʻzal bir saroy qurdilar; (Amir) bunga koʻp Mol sarfladi; u oʻz saroyi darvozasi oldida amaldorlari uchun saroy qurishga buyurdi, uni ham qurdilar, shundayki, har bir amaldorning podshoh saroyi darvozasi oldida qurilgan oʻz saroyida alohida devoni bor edi; masalan: vazir devoni, moliya (kirim-chiqim) ishlari devoni, davlat hujjatlarini boshqarish ishlari devoni, soqchilar boshligʻi devoni, xat-xabarlar mutasaddisi devoni, saroy ish boshqaruvchisi devoni, davlat xos mulklari devoni, muhtasib devoni, vaqflar devoni, qozilik ishlari devoni. (Amir) mana shu tartibda devonlar qurishga buyurdi va ularni qurdilar.

Abdulmalik ibn Nuh nbn Nasr ibn Ahmad ibn Ismoilning davrida[83] uning vaziri va «Kitobi Yaminiy»ning muallifi xudo rahmat qilgur Ahmad ibn Hasan al-Utbiy[84] uning goʻri Darvozayi Mansur mahallasida, xon hammomining yonidadir, madrasa roʻparasiga juda yaxshi bir masjid bino qildi va shu masjid tufayli oʻsha mavzu kamol topdi. U dono amir otdan yiqilib oʻlgach, qullar kechasi saroyga kirib, uni talashga kirishdilar. Amirning yaqin kishilari va kanizlari oʻrtasida janjal chiqib, saroyga oʻt qoʻyib yubordilar; saroy butkul yonib ketdi va undagi tilla va kumushdan (ishlangan) hamma goʻzal narsalar yaroqsiz boʻldi. Shunday (yongʻin) boʻldiki, u binolardan biror nishon ham qolmadi.

Uch yuz elliginchi yil shavvol oyida (13 noyabr' - 11 dekabr' 961) Amiri sadid Mansur ibn Nuh[85] Joʻyi muliyon degan joyda taxtga oʻtirgach, uning farmoni bilan u saroyii yangidan qurib nobud va zoye boʻlgan narsalarni avvalgidan ham yaxshiroq qilib vujudga keltirdilar. Shunda Amiri sadid saroyda joylashdi. (Biroq) hali bir yil ham oʻtgani yoʻq ediki, bir bayram kechasi oʻtkazilib, qadimiy odatga muvofiq katta gulxan yoqdilar, bir pora olov uchib saroyning shipi alanga oldi va saroy yana butunlay kuyib ketdi. Amiri sadid kechasi Joʻyi muliyonga ketdi va vaziriga shu kechadayoq hamma xazina va dafinalarni olib chiqishga buyurdi. (Vazir) bu narsalarni ishonchli kishilar orqali Joʻyi muliyonga yubordi. Tong otgach, bitta tilla kosadan boshqa hech bir narsa yoʻqolmaganini aniqladilar. Amiri sadidning vaziri xolis oʻz puliga ogʻirligi yetti yuz misqol[86] keladigan bir kosa buyurtirdi va uni xazinaga yubordi. Usha vaqtdan beri bu mavzu yana registon — «boʻsh maydon»ga aylanib vayron boʻlib qoldi.

Keyin podshohlar saroylari Joʻyi muliyonda boʻlgan. Joʻyi muliyonning jannatni eslatuvchi goʻzal maqomidan koʻra yaxshiroq biror joy va manzil Buxoroda yoʻq edi. Chunki uning hamma joyi saroylar, bogʻlar, gulzorlar va boʻstonlar bilan qoplangan. Doimiy oqib turuvchi suvlar (bilak ta’minlangan). Uning chamanzorlari bir-birlariga tutashib kettan va ularning oralaridan ariqlar oʻtib chamanzorlar va gulzorlar tomon ming tarafga qarab oqar edi. Oqib turgan suvlarni tomosha qilgan har bir kishi, bu suv qayerdan kelayapti-yu, qayerga ketayapti deb hayratda qolar edi. Oʻz zamonining nodir ustodlari va me’morlarn ana shunday tarh chizgan edilar. Bir baxtli (shoir) bunday degan.

Bayt:

Hayot suvi bu chamanga keldiyu, zor-zor yigʻlab ketdi,
Bu gulshanni tashlab ketish shart ekanligidan nolalar qilib ketdi.

Yana Registonning darvozasidan to Dashtakkacha (boʻlgan) hama na yer toshdan ishlanib naqshlangan, bir tartibda (qurilgan) baland tand uylar, turli suratlar ishlangan mehmonxonalar, chiroyli chorbogʻlar va yaxshi sarhovuzlar bilan band edi. Sada qayragʻochlar shunday bir tarzda chodir shaklini olgan ediki, sarhovuz labidagi oʻtiradigan joyga sharq tomondan ham, gʻarb tomondan ham zarracha quyosh tushmas edi. Bu chorbogʻlarda nashvati, bodom, yongʻoq, gilos, jilon jiyda va anbar boʻyli jannatda boʻladigan har bir meva gʻoyatda yaxshi va goʻzal tarzda(oʻtqazilgan) edi.

X. Juyi Muliyonning Bayoni Va Uning Tavsifi

Joʻyi muliyon yerlari qadim vaqtlarda Tagʻshodaning mulka boʻlib, u oʻz farzand va kuyovlarining har biriga taqsim qilib bergan edi. Marhum amir Ismoil Somoniy bu yerlarnn xalifa al-Musta’in ibn al-Mu’tasimning[87] lashkarboshisi boʻlgan Hasan ibn Muhammad ibn Tolutdan sotib oldi. Amir Ismoil Joʻyi muliyonda saroylar va bogʻlar barpo qilib, uning koʻproq qismini mavoliylarga[88] vaqf qildi. U hozirgacha ham vaqf. Amir Ismoil doimo oʻz mavoliylariga gʻamxoʻrlik koʻrgizar edi.

Bir kuni amir Ismoil Buxoro hisoridan Joʻyi muliyonga qarab turganida uning yonida otasining mavlosi Simo-ul-kabir — «Ulugʻ siymo» turgan edi. Amir Ismoil uni doʻst tutar va yaxshi koʻrar edi, unga qarab: «Bir vaqti ketsa-da, xudoyi taolo biror sabab tugʻdirib, bu yerlarni sizlar uchun sotib olsam va menga umr bersa-da, bu yerlar sizlarniki boʻlganini koʻrsam, chunki bu yerlar Buxoroning barcha yerlaridan qiymatliroq, yaxshiroq va xush havoliroqdir»— dedi. Xudoyi taolo nasib etib amir Ismoil u yerlarning hammasini sotib olib, mavoliylarga berdi va nihoyat, u yerlar Joʻyi mavoliyon deb ataldi, koʻpchilik xalq esa uni Joʻyi muliyon, deydilar.

Buxoro hisoriga bir tekislik yer tutashgan boʻlib, uni «Dashtak» deydilar. Bu yerlarning hammasi qamishzor edi. Marhum amir Ismoil bu joyni ham Hasan ibn Muhammad ibn Tolutdan un ming diramga sotib oldi va birinchi yildayoq qamishning pulidan oʻn ming diram hosil undi. Amir Ismoil bu joyni masjidi jomega vaqf qildi. Amir Ismoildan keyin uning farzandlaridan kimki amir boʻlsa u goʻzalligi, toza va xushhavoligi tufayli Joʻyi mulnyonda oʻzi uchun bogʻ va koʻshklar bino qildi.

Darvozayi Navda shahar darvozasiga tutash bir mavze borki, uni «Koraki Alaviyon» — «Ali avlodi ekinzori» deydilar. Amir Mansur ibn Nuh bu joyga gʻoyat goʻzal bir koʻshk qurdi; goʻzallikda uni misol qilib gapirar edilar; u uch yuz ellik oltinchi yili (17 dekabr' 966—6 dekabr' 967) (qurilgan) edi. Koraki alaviyonnnng bu yerlari to Nasrxon nbn Tamgʻochxon[89] davrigacha sultonlik mulki boʻlgan edi. Nasr xon bu yerlarni shaharga yaqin boʻlganlngi uchun faqihlarning dehqonchilik qilishlari osonroq boʻlsin deb. ilm ahllariga berdi va oʻzi buning evaziga uzoqroq yerlardan oldi.

Joʻyi muliyon va Koraki Alaviyon somoniylar hukmronlign davrining oxirigacha obod edi. Mamlakat somoniylar qoʻlidan ketgach, u saroylar xarob boʻldi hamda toki Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohpm Tamgʻochxon davrigacha Buxoroda faqat hisordan boshqa (podshohlar uchun) biror muayyan qarorgoh boʻlmadi. Shamsulmulk Shamsobodni bino qildi.

XI. Shamsobodning Bino Etilishi Haqida

Malik Shamsulmulk darvozayi Ibrohim oldidan koʻp daromadli yerlarni sotib olib, darvozagacha qariyb yarim farsang keladigap joyda goʻzal bogʻlar barpo etdi, imoratlariga koʻp mablagʻ va xazinalar sarf qildi va u joyga Shamsobod deb nom berdi hamda Shamsobodga tutash qilib podshohlikka xos otlar uchun bir oʻtloq joy barpo etdi va uni gʻoʻruq (qoʻruq) deb atadi va uzunligi bir mil miqdorida mustahkam devor bilan oʻrab, ichiga bir qasr va bir kaptarxona qurdi. Bu gʻoʻruq ichida bugʻu, kiyik, tulki va ayiq kabi yovvoyi jonivorlarni (ham) saqlar va ularning hammasi oʻrgatilgan edi. Gʻoʻruq baland devorlar bilan oʻralgan boʻlib, jonivorlar qocha olmas edilar.

Malik Shamsulmulk dunyodan oʻtgach, uning birodari Xizrxon[90] taxtga oʻtirdi va ana shu Shamsobodga koʻp imoratlar qurdirdi. Ular gʻoyatda goʻzal edi. U ham dunyodan oʻtgach, uning oʻgʻli Ahmadxon podshoh boʻldi[91]. U Shamsobodga qaramay qoʻydi va nihoyat, Shamsobod xarobalikka yuz oʻgirdi.

Malikshoh Xurosondan Buxoroga (yurish qilib) kelganida[92] koʻp joylarni vayron qildi hamda (Buxorodan) Samarqand tomon ketayotganida Ahmadxonni asir qnlib Xurosonga olib ketdi va yana Movarounnahrga qaytarib yubordi. Ahmadxon (qaytib kelgannda) Shamsobod tamom vayron boʻlgan edi. U oʻziga Joʻyborda saroy qurishga buyurdi, saroyni qurdilar. Saroy ichiga bogʻ, oqar suvlar va uning takomili uchun zarur boʻlgan barcha narsalarni joyiga keltirdilar. Bu saroy oʻttiz yilgacha Buxoro hukmronlarining qarorgohi boʻlib turdi.

Arslonxon taxtga oʻtirgach, har vaqt Buxoroga kelganida shu saroyda boʻlar edi. Keyinroq u saroyni buzdirib hisorga olib kelishni lozim topib, shunga buyruq berdi va u joy xarob boʻlib qoldi.

Bir necha yildan keyin Arslonxonning farmoni bilan Bu Lays koʻchasidagi Darvoza mahallasida saroy va uning ichida podshohlikka xos hammom qurildi. Yana saroy darvozasi oldiga misli koʻrilmagan boshqa bir hammom ham solindi. U saroy koʻp yillar davomida Buxoro podshohining qarorgohi boʻlib turdi. Keyinroq esa Arslonxonning farmoni bilan u saroyni faqihlar uchun madrasa qilib berdilar, saroy darvozasi oldidagi hammom va birmuncha qishloqlarni u madrasaga vaqf qildilar. Oʻzi uchun xos saroyni esa Arslonxon Sa’dobod darvozasi oldida qurishga buyurdi; uni ham qurdilar.

XII. Kashkashon (Deb Atalgan) Guruhning Bayoni

Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy oʻz kitobida keltirganki, Qutayba ibn Muslim Buxoroga kirib uni olgach, Buxoro aholisiga oʻz uylari va yerlarining yarmini arablarga berishni buyurdi. Buxoroda bir qavm bor ediki, uni Kashkashon der erdilar; ular hurmatli, qadr-qiymatli va e’tiborli odamlar boʻlib, Buxoro aholisi oʻrtasida zoʻr obroʻga ega edilar; ular dehqonlardan boʻlmay, chetdan kelgan kishilar boʻlib aslzoda, savdogar va boy odamlar edilar. Qutayba uylar va asbob-anjomlarnn taqsim qilib berishga qistay bergach, ular oʻz uy-joylari va asbob-anjomlarini butunlay arablarga qoldirib, oʻzlari uchun shahar tashqarisida yetti yuzta koʻshk bino qildilar. U vaqtlarda shaharning kattaligi (hozirgi) shahristoncha kelar edi. (Kashkashonlardan) har birn oʻz koʻshkining atrofiga xizmatkorlari va oʻziga qarashli odamlari uchun uylar qurdi va har bir kishi oʻz koʻshkining oldiga bogʻ va tekis maydon barpo qildi va ular ana shu koʻshklarga koʻchib keldilar. U koʻshklar hozirda vayron boʻlib, koʻproq qismi shaharga qoʻshilib ketgan; u joyda faqat ikki-uchta koʻshk saqlanib qolgan va ularni «Koʻshki mugʻon» deydilar. Chunki u joyda otashparast (mugʻ)lar turganlar. Bu viloyatda otashparastlarning ibodatxonalari koʻp boʻlgan va mugʻlar koʻshklari darvozalarining oldida goʻzal va orombaxsh bogʻlari boʻlib, ularning ekin yerlari juda qimmatbaho boʻlgan.

Muhammad ibn Ja’far shunday yozgan: «Biz Amiri hamid davrida eshitishimizcha, Koʻshki mugʻon yerlarining qimmatbaho ekanligiga sabab shuki, podshohlar Buxoroda joylashganlar va ularning xizmatchilari va yaqin kishilari u yerlarni sotib olishga qiziqqanlar, natijada bu yerlarning har bir jufti hatto toʻrt ming diramgacha yetgan. Bu gap Amiri (hamid)ning qulogʻiga yetgan-da u: «Mening bilishimcha, podshohlar Buxoroda turarjoy qilib olishlaridan ilgari bu yerlarning bahosi yana ham ortiqroq boʻlgan, agar birov bir jufti gov yer sotib olmoqchi boʻlsa, yil boʻyi qidirib (unday yerni) topa olmas edi, agarda, topa olsa har bir juftni oʻn ikki ming xolis kumush diramga sotib olishi lozim edi. Hozir bir juft yerning narxi toʻrt ming xolis diram boʻlsa, narx arzonlashib qopti, xalqda kumush (pul) kam qolgan boʻlsa kerak»,— degan.

Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr esa: «Bizning davrimizda bu Koʻshki mugʻon yerlari shunday (arzon) boʻldiki, uni tekinga bersalar ham, hech kim olishni istamaydi. Sotib olingani ham (hukm-dorlarning) xalqqa qilgan zulm va shafqatsizligi sababli (ekilmay yotadi) va tekinga qolib ketadi»,— deydi.

XIII. Buxoro Va Uning Atrof Yerlaridagi Anhorlar

Birinchisi Karmina anhorn; bu katta anhor. Ikkinchisi Shopurkom anhori. Buxoronnng avom xalqi buni Shofurkom deyishadi. Hikoyatda keltirishlaricha, sosoniylar sulolasidan boʻlgan Kisroning[93] farzandlaridan biri oʻz otasiga achchiq qilib, bu viloyatga kelgan; uning nomi Shopur edi. «Pur» eron tilida «oʻgʻil» demakdir. U Buxoroga kelganida Buxorxudot uni yaxshi qabul qildi. Shopur ov qilishni yaxshi koʻrar edi. Bir kuni ovga chiqib u (Shopurkom) tomoniga borib qoldi. U vaqtlarda oʻsha yerda hech bir qishloq va obod joy boʻlmay, yayloq va ov qilinadigan joy boʻlgan. Bu yer Shopurga yoqib qolib, uni obod qilish uchun ulush yoʻsinida oʻziga berilishini Buxorxudotdan soʻragan. Buxorxudot bu mavzeni Shopurga berdi va Shopur u yerda katta anhor qazitib, uni oʻz nomi bilan, ya’ni «Shopurkom» deb atadi va bu anhor (boʻylab) qishloqlar va qasr bino qildi. Bu tevarakni «Obaviya qishloqlari» deydilar. Shopur yana Vardona qishlogʻini bino qildi va qasr qurib, uni oʻzi uchun turarjoy qilib oldi. (Shunday qilib) u yerda katta bir mulk paydo boʻldi va Shopurning vafotidan keyin qishloqlar uning avlodiga meros boʻlib qoldi. Qutayba ibn Muslim Buxoroga kelgai vaqtda Shopur avlodidan Vardonxudot hukmron edi va u ulugʻ podshoh boʻlib, Vardona qishlogʻida turar hamda Tagʻshoda Buxorxudot bilan nizolashar edi. Qutaybaga Vardonxudot bilan koʻp janglar qilishga toʻgʻri keldi va oxiri Vardonxudot oʻlib, Qutayba Buxoro mulkini Tagʻshodaga berdi. Bu qissa Baykand va Buxoroning fath etilishi bobida aytiladi.

Uchinchi anhorni Harqonat ul-Ulyo, toʻrtinchisini Harqonrud, beshinchisini Ovxatfar, bu gʻoyat keng va katta anhordir,— oltinchisi Somjan, yettinchisini Baykonrud va sakkizinchisini Farovzi Ulyo deydilar; bu (sakkizinchi) anhor boʻylab koʻp qishloqlar joylashgan. Toʻqqizinchisini Faroviz is-Suflo yoki Komi Daymus ham deydnlar, oʻninchisini Arvon, oʻn birinchisini Kayfur, oʻn ikkinchisini Rudi Zar deydilar. Bu shaharni (sugʻoruvchi) anhordir. Biz aytib oʻtgan anhorlarning hammasi sersuv boʻlib, ular (yoqasi boʻylab) koʻp qishloqlar oʻrnashgan. Aytishlaricha, hamma anhorlarni xalq qazigan, ammo Ovxatfar anhorinnng qazilishida u yerning xalqi zahmat chekmagan, uni suvning oʻzi oʻyib qazigan. Hozir buxoroliklar uni Rudi Nafar deydilar.

XIV. Buxoro Va Unga Tobe Joylarning Xiroji

Somoniylar va ular qoʻl ostidagi amirlar dazrida Buxoroning xiroji Karminaniki bilan qoʻshilib bir gal bir million bir yuz Oltmish sakkiz ming besh yuz oltmish olti diramu besh yarim donakni tashkil etgan. Undan keyin xiroj har jihatdan kamaygan, ba’zi yerlar suv tagida qolib ketib, podshoh u mavzedan xiroj olishni toʻxtatgan; suv olib ketgan joydan (ham) xiroj olmay qoʻygan; yerlarning ba’zisi alaviylar va faqihlar qoʻliga oʻtib sulton bulardan ham xiroj olmagan. Ba’zi yerlar masalan. Baykand va boshqa koʻp qishloqlar, sultonning mulkiga oʻtib xiroj daftaridan oʻchirilgan va Karminaning xiroji Buxoro xirojidan ajratilib (alohida olingan).

XV. Buxoroning Kishilar «Kanpirak Devor» Deb Ataydigan Devori Haqida[94]

Ahmad ibn Muhammad (ibn) Nasr aytadiki, Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy bu faslni shu (quyidagi) tartibda bayon qilmagan, lekin soʻz orasida ba’zi gaplarni aytib oʻtgan. Ammo Abu-l-Hasan Nishopuriy «Xazoin ul-ulum»da batartib keltirganki, xalfalik Amir ul-mu’minin Mahdiyga, ya’ni Horun ar-Rashidning otasiga yetgach, abbosiyya xalifalarining hech biri undan koʻra porsoroq boʻlmagan, u butun Xuroson amirligini bir yuz oltmish oltinchi yili (15 avgust 782—4 avgust 783) Abu-l-Abbos al-Fazl ibn Sulaymon Tusiyga[95] berdi. Bu (amir) Marvga kelib shu yerda oʻrnashdi.

Shundan keyin (Buxoroning) koʻzga koʻringan kishilari, jamoalar sardorlari va ulugʻlari uning oldiga bordilar va Soʻgʻdning barcha sardorlari ham Xuroson amiriga salom berish uchun Marvga keldilar. Xuroson amiri ulardan oʻz viloyatlarining ahvoli haqida soʻradi. Buxoroliklar aytdilarki: «Biz turk kofirlaridan ranj tortmoqdamiz, ular har vaqt toʻsatdan kelib qishloqlarni talaydilar; hozir ular yana kelib Somdun qishlogʻini galadilar va musulmonlarni asir qilib olib ketdilar». Abu-l-Abbos Tusiy soʻradi: «Oʻzingizda biror chora bormiki, men (uni amalga oshirishga) buyursam!» Shu yerda hozir boʻlgan Soʻgʻd maliki Yazid ibn Gʻoʻrak javob berib: «Xuroson amirining umri uzun boʻlsin! Qadim johiliyyat davrlarida turklar Soʻgʻdni talar ekanlalar. Soʻgʻdda bir xotin kishi podshoh ekan, u Soʻgʻdning atrofiga devor koʻtartirgan va Soʻgʻd viloyati turklardan omon topgap»,— dedi. Shunda Abu-l-Abbos Tusny uning oʻzi tomonidan Buxoro amiri boʻlib turgan Muhtadiy ibn Hammod ibn amir az-Zuhliyga Buxoro atrofiga devor oldirishni buyurdi va turklarning qoʻllari Buxoro viloyatiga yetmasin uchun, xuddi Samarqanddagiga oʻxshash Buxoroning ham hamma qishloqlari devor ichkarisida boʻlsin, dedi. Muhtadiy ibn Hammod shunday devorni urishga, har bir farsang (masofada) bir darvoza qurishga va har yarim mil (masofa)da bittadan mustahkam minora koʻtarishga buyurdi. Buxoroning qozisi boʻlgan marhum Sa’d ibn Xalaf al-Buxoriy bu ishga mutasaddiy boʻldi. Nihoyat devor ikki yuz oʻn beshinchi yili (28 fevral' 830—17 fevral' 831) Muhammad ibn Yahyo ibn Abdulloh ibn Mansur ibn Haljad ibn Varaqning davrida qurilib bitdi. Bundan keyin amir boʻlgan har bir kishi devorni tuzattirib, saqlab turar va shu sababli Buxoro aholisiga koʻp xarajat tushar, har yili koʻp pul sarflashga va juda koʻp hashar tashkil qilishga toʻgʻri kelar edi. Oxiri rahmatli amir Ismoil Somoniy xalqni (bu qiyinchilikni tortishdan) ozod qildi va devor ham xarob boʻldi, Amir: «To men tirik ekanman, Buxoro viloyatining devori men boʻlaman»,— dedi va ustiga olgan bu vazifani toʻla bajardi; u doimo janglarda oʻzi qatnashdi va Buxoro viloyati ustidan dushmanlarning zafar topishlariga yoʻl qoʻymadi.

XVI. Buxoro Shahrining Devori

Buxoro xalqi Xuroson amiri Muhammad ibn Abdulloh ibn Talxa at-Tohirin tomonidan Buxoro amiri boʻlib turgan Ahmad ibn Xoliddan: «Shahrimiz atrofida devor boʻlishi kerak, toki biz kechasi darvozalarni berkitib, oʻgʻrilar va yoʻlkesarlardan tinch boʻlaylik»,—deb iltimos qildilar. Shundan keyin u devor urish» ga buyurdi va juda yaxshi mahkam devor urib, minoralar qurdilar, darvozalar oʻrnatdilar. Bu ish ikki yuz oʻttiz beshinchi yila (26 iyul' 849—14 iyul' 850) tamom boʻldi; har qachonki biror lashkar Buxoroga qasd qilsa devorni qaytadan tuzatishar edi» Arslonxon oʻz (hukmronligi) davrida eski devorning oldiga bosh» qa (yangi) devor (ham) urishga buyurdi va ikkala devor bir-biriga yopshiib mustahkam boʻldi. (Lekin keyinroq) bu devor ham buzilib ketdi.

Besh yuz oltmishinchi yili (18 noyabr' 1164—6 noyabr' 1165) odil va bilimdon hoqon, dunyo va dinning suyanchigʻi Mas’ud Qilich Tamgʻochxoning[96],— xudo uning yotgan yerini nurlantirsin,— buyrugʻi bilan Buxoro shahrn eski devorining tashqarisidan devor urdilar; u ham vayron boʻldi. Olti yuz toʻrtinchi yili (28 iyul' 1207—15 iyul' 1208) Xorazmshoh Muhamad ibn Sulton Takash Buxoroni oldi va yana sirtdan devor urishga buyurdi; ikkala devorni yangiladilar. Olti yuz oʻn oltinchi yili (19 mart 1219—7 mart 1220) tatar lashkari kelib Buxoroni oldi va u devorlar yana vayron boʻldi.

XVII. Buxoroda Dirham Va Kumush (Tanga) Zarb Qilinishi

Buxoroda siym — kumush (tanga)ni dastlab ishlatgan kishi Kono Buxorxudot nomli podshoh edi. U Buxoroda oʻttiz yil podshoh boʻlib turdi. Buxoroda savdo boʻz va bugʻdoy vositasi bilan boʻlar edi. Boshqa viloyatlarda kumush (tanga) zarb qilganliklari haqida podshohga xabar bergan edilar, u ham Buxoroda sof kumushdan tanga zarb qilib, unga oʻzinnng toj kiyib turgandagi suratini ishlashga buyurdi. Bu voqea Amir ul-mu’minin Abu Bakr Siddiqning,— undan xudo rozi boʻlsin,— xalifalik davrida[97] boʻlib (bu kumush tanga) Horun ar-Rashid davrigacha[98] davom etdi. Buning davrida esa bir yuz sakson beshinchi yil ramazon oyida (13 sentabr'—12 oktabr' 801) Gʻitrif ibn Ato Xurosonga amir boʻldi. Gʻitrif Horun ar-Rashidning onasi boʻlgan Xayzuron nomli (xotinning) birodari edi. Xayzuron Atoning qizi boʻlib: Yamandagi Jurash deb atalgan shahardan edi. U asir tushib qolib Tabaristonga va u yerdan Mahdiyning huzuriga keltirilgan edi. Mahdiy bu xotindan ikki oʻgʻil koʻrdi; birinchisi Muso al-Hodiy[99] ikkinchi Horun ar-Rashiddir. Xayzuronning obroʻsi ulugʻlanganda) keyin Gʻitrif (Yamandan) uning oldiga kelib, shu yerda qoldi. Horun ar-Rashid Xurosonni Gʻitrifga berdi.

U vaqtda «Buxoro aholisi qoʻlida Xorazm kumush (tangasi) muomalada boʻlib, odamlar u kumush (tanga)ni koʻngilsizlik bilan olar edilar. Buxoroning (oʻzida quyilgan) u kumush (tanga) esa odamlar qoʻlidan chiqib ketgan edi. Gʻitrif ibn Ato Xurosonga kelganida Buxoroning kattalari va koʻzga koʻringan kishilari uning oldiga bordilar va undan: «Shaharimizda kumush (tanga) qolmadi, Xuroson amiri buyursalar, toki bizga kumush (tanga) zarb qilib bersinlar va uni oʻsha qadimgi Buxoro kumush (tangasi) zarb qilingan qolipda quysinlar va u kumush (tanga) shunday boʻlsinki, hech kim uni bizning qoʻlimizdan chiqarib ololmasin, shahrimizdan tashqariga olib ketolmasdi va biz oʻz oʻrtamizda oʻsha kumush (tanga) bilan muomala qilaylik»,— deb talab, qildilar. U vaqtda kumush kam edi; shahar aholisini yigʻib bu haqda ulardan maslahat soʻradilar va olti xil narsa — tilla, kumush, teri, qalay, temir va mislardan kumush (tanga) zarb qilishga qaror qildilar. Shu (qarorni) amalga oshirdilar va oʻsha ilgarigi qolipni Gʻitrif nomi bilan, ya’ni «Siymi gʻitrifiy»— «Gʻitrif kumush (tangasi)» deb qoʻydilar; avom xalq uni «gʻidrifiy» deb atar edi. Qadimgi kumush (tanga) sof kumushdan edi. Bu aralash qilib quyilgan kumush (tanga) qora rangli boʻlib chiqdi va Buxoro aholisi uni olmay qoʻydi. Sulton ularga gʻazab qilgach, majburan oladigan boʻldilar. Olti gʻidrifiy bir dirham sof kumushga barobar, deb baho qoʻydilar. Sulton (ham) uni shu qiymatda oldi va nihoyat, u kumush (tanga) rivoj topib ketdi va shu sababdan (xalq uchun) Buxoro xirojini (toʻlash) ogʻir boʻldi, chunki Buxoro xiroji ilgari ikki yuz ming kumush diramdan bir oz kamroq edi, gʻidrifiy tangasi quyilib, oltitasi bir diram sof kumush bahosida yurgach, sulton (buxoroliklarmi) shu gʻidrifiy bilan xiroj toʻlashga buyurdi, shunda gʻidrifiy kamayib ketib, bir gʻidrifiyning bir dirami bir diram (sof) kumush bahosida yura boshladi. Sulton esa (xirojni) kumush bilan olishni istamay, gʻidrifiy talab qildi. (Natijada) ikki yuz ming diram kumushdan kamroq boʻlgan Buxoro xiroji birdaniga 1.068.567 diram gʻidrifiyga borib yetdi.

Muhammad ibn Ja’farning aytishicha, bir yili ikki yuz yigirma diram toza kumush sakson besh diram gʻidrifiyga (barobar) boʻlgan. Ahmad ibn Nasr: «Biz bu kitobni tarjima qilayotganimiz besh yuz yigirma ikkinchi yili (6 yanvar' — 24 dekabr' 1128) yuz diram sof kumush yetmish diram gʻidrifiy bahosida boʻlib, bir misqol qizil oltin yetti yarim diram gʻidrifiy (bahosi)ga teng boʻladi»,— deydi. Muhammad ibn Ja’farning aytishicha, bu gʻidrifiyni Buxoro shaharida Koʻshki Mohak (degan joy)da zarb qilganlar. Gʻidrifiy kumush (tangasida) boshqa tarkiblardan koʻra kumush koʻproq. Aytishlaricha, bir gʻidrifiyning har bir diramida bir habba tilla boʻlib, har bir oʻn diramida yarim diramdan tortib toʻrt yarim donagacha[100]tilla boʻlgan. Somoniylar sulolasidan (podshoh boʻlgan) har bir kishi va somoniylar sulolasidan keyingi boshqa podshohlar Buxoroda koʻp mayda pullar zarb qilganlar. Buning biror ajablanarli joyi boʻlmaganligi uchun, u haqda gapirilmadi.

XVIII. Buxoro Fath Etilishining Boshlanishi

Muhammad ibn Ja’farning bayon qilishicha, Ubaydulloh ibn Ziyod Muoviya[101] tomonidan Xurosonga yuborilib, u Jayhun daryosidan oʻtib Buxoroga kelgan vaqtida Buxoro podshohi, oʻgʻli Tagʻshoda kichik yoshli boʻlgani tufayli, bir xotin kishi edi. Ubaydulloh ibn Ziyod Baykand va Romtinni olib koʻp kishilarni asir qildi. Toʻrt ming buxorolik asirni shaxsan oʻziga oldi. Bu voqea ellik uchinchi yilning oxiri va ellik toʻrtinchi yilning boshida (noyabr'-dekabr' 673) boʻlgan edi. U Buxoro shahriga yetgach, askarlarini saf qilib, palakmonlarni shaharga toʻgʻrilab qoʻydi. Xotin turklarga odam yuborib ulardan yordam soʻradi hamda Ubaydulloh ibn Ziyodga ham odam yuborib yetti kun muhlat talab qildi va: «Men sening itoatingdaman»,— deb, koʻp hadyalar yubordi. Shu yetti kunda turklardan yordam kelmagach, Ubaydulloh ibn Ziyodga qaytadan odam yuborib, yana yetti kun muhlat soʻradi. (Nihoyat) turk lashkari yetib keldi va boshqalar ham yigʻilishib lashkar koʻpaydi; koʻp urushlar qildilar va oxiri kofirlar yengilib qochdilar, musulmonlar ularning orqalaridan borib koʻplarini oʻldirdilar. Xotin qal’aga kirdi, u (yigʻilib kelgan) lashkarlar oʻz viloyatlariga qaytdilar. Musulmonlar qurol, kiyim-kechak, tilla va kumushdan ishlangan narsalar va asirlardan iborat koʻp oʻlja qoʻlga kiritdilar. Ular xotinning bir poy etigini ham paypogʻi bilan topib oldilar. Etik va paypoq tilla (ishlatilib tikilgan va) qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi, baho qilganlarida ikki yuz ming dirham turdi.

Ubaydulloh ibn Ziyodning farmoni bilan daraxtlarni kesdilar, qishloqlarni vayron qildilar; shahar ham xatarda edi; xotin odam yuborib omon tiladi, bir million dirham barobariga sulh tuzildi. (Xotin) mol yubordi. Ubaydulloh ibn Ziyod molnn olib qaytdi va mazkur toʻrt ming buxorolik asirlarni ham oʻzi bilan olib ketdi. U ellik oltinchi yili (25 noyabr' 675—13 noyabr' 676) Xuroson amirligidan tushirilganidan keyin Sa’id ibn Usmon Xuroson amiri boʻldi va Jayhun daryosidan oʻtib Buxoroga keldi. Xotin unga odam yuborib: «Ubaydulloh ibn Ziyod bilan tuzgan sulhimda barqarorman»,— dedi va moldan bir ozini yubordi. Nogoh shu asnoda Soʻgʻd, Kesh (Shahrisabz) va Naxshab (Qarshi) lashkarlari yetib keldilar. Ularning soni bir yuz yigirma ming edi. Xotin sulh tuzganligi va mol yuborganligiga pushaymonlik bildirdi. Sa’id: «Men ham shunday fikrdaman»,— dedi-da, molni qaytarib yuborib: «Bizning oramizda sulh yoʻq»,— dedi. Shundan keyin lashkarlar yigʻilishib bir-birlariga qarama-qarshi turib saf tortdilar. Xudoyi taolo kofirlar diliga vahima solib, ularning hamma lashkarlari urushsiz orqaga qaytdilar. Xotin yolgʻiz qolib yana odam yubordi va (Sa’iddan) sulh soʻradi, mol (miqdorini) koʻpaytirib hammasini yubordi. Sa’id: «Men endi Soʻgʻd va Samarqandga boraman, sen mening yoʻlimdasan, (qaytishimda) mening yoʻlimni toʻsmasliging va meni ranjitmasliging uchun sen tomondan biror garov boʻlishi lozim»,— dedi. Xotin malikzodalar va Buxoro dehqonlaridan sakson kishini garov qilib Sa’idga berdi. Sa’id Buxoro darvozasidan qaytib ketdi va shu ketganicha ketmoqda.

Hikoyatda keltirishlaricha, xotin oʻz erining xizmatkorlaridan biriga oshiq edi; odamlar uning oʻgʻli Tagʻshoda oʻsha kishidan boʻlgan va xotin bu bolani oʻz eridan boʻlgan deb koʻrsatadi, ammo bu bola Buxorxudotdan emas deb gapirar edilar. Uning lashkarlaridan bir guruhi esa: «Biz uning mamlakatini beshak podshohzoda boʻlgan boshqa bir xudotzodaga beramiz»,— der edilar; xotin ularning bu qasdlaridan ogoh boʻlib, ularni oʻzidan daf qilish uchun tadbir qidirar edi. Sa’id bilan sulh tuzilib, Sa’id undan garov talab qilgach, xotin hiyla qildi va haligi maqsadni moʻljallagan oʻsha guruhni garovga berib, ulardan xalos boʻldi va Sa’iddan ham qutuldi.

Yana Sa’id haqida hikoyat qiladilarki, u xotin bilan sulh tuzganida: «Menga salom berish uchun huzurimga chiqishing kerak», degan; xotin uning aytganidek salomga chiqqan, u yana: «Mening sarkardalarim oldiga (ham) salomga chiqishing kerak»,— degan. Xotin uning sarkardalaridan har biri uchun ham salomga chiqqan. Sa’idning lashkar boshliqlaridan biri Abdulloh Hozim edi, u oʻzining chodiri ichida katta gulxan yoqishga buyurdi va oʻzi (olov yonida) turdi. (Chodir ichi) juda issiq edi, Abdulloh rangi qizil kishi boʻlib, olovning issigʻidan koʻzlari ham qizarib ketgan edi va kallasi kattaligidan uni Baygʻoriya deb masalda keltirar edilar; vahshatli bir kishi edi. U qurollangan holda qilich yalangʻochlab turdi va uning oldiga kirgan xotin qoʻrqib tez qochib chiqdi va aytdi:

Ey gʻulom, seni xudo ajab goʻzal qilib bezantiripti,
Yomon koʻz (sendan) uzoq boʻlsin, senga yaqinlashmasin!

Hikoyat: Sulaymon Laysiy aytadiki, Sa’id xotin bilan sulh tuzilgandan keyin Buxoroda kasal boʻlib qoldi; xotin uni koʻrgani kirdi; uning tillaga toʻla bir hamyoni bor edi, u qoʻlini hamyonga solib, undan ikkita narsa chiqardi-da: «Buning bittasini oʻzim uchun saqlayman, mabodo kasal boʻlib qolsam yeyman, mana bu ikkinchisini senga beraman, uni yesang sogʻayasan»,— dedi. Sa’id: «Bu nima narsa ekanki, bu xotin shunchalik aziz va ulugʻ tutib menga berdi»,— deb ajablandi va xotin chiqib ketgach qarasa, u narsa eskirib ketgan bir dona xurmo ekan. Shunda u odamlariga buyurdi: ular beshta tuyaga yangi xurmodan ortib xotinning oldiga eltdilar. Xotin qoplarni ochib koʻp xurmoni koʻrdi; hamyonini ochib oʻzining xurmosini chiqardi-da, u xurmolar bilan solishtirdi; qarasa ular oʻzi saqlab yurgan xurmodek ekan; shunda u uzrga kelib: «Bizda bunday narsa koʻp boʻlmaydi, bu ikki dona xurmoni kasallik paytda nste’mol qilish uchun koʻp yillardan beri saqlab yurardim»,— dedi. Rivoyat qilishlaricha, bu xotin yoqimli va goʻzal ayol ekan va Sa’id unga oshiq boʻlib qolgan ekan. Buxoroliklarning bu haqda buxoro tilida qoʻshiqlari bor.

Bir rivoyatda keltirishlaricha, Sa’id Buxoroga kelgan vaqtida rahmatli Qusam ibn Abbos ham Buxoroga kelgan ekan, Sa’yd uni hurmat qilib: «Bu oʻljalardan har kishiga bir hissa, senga esa ming hissa beraman»,—desa, Qusam,—xudo undan rozi boʻlsin,—«shariat buyurgan bir hissadan boshqa (hech narsa) olmayman»,—degan. Shundan keyin rahmatli Qusam Marvga borgan va u yerda vafot etgan[102]. Ba’zilarning aytishlaricha, u Samarqandda vafot etgan. Yana xudo bilimdonroq.

(Shunday qilib) Sa’id Buxoro ishlaridan forigʻ boʻlgach, Samarqand va Soʻgʻdga borib koʻp janglar qildi va zafar uning tomonida boʻldi. U vaqtda Samarqandda biror podshoh yoʻq edi. Sa’id Samarqanddan oʻttiz ming kishini asir qilib, koʻp mol qoʻlga tushirib (qaytdi). U Buxoroga yetib kelganida xotin odam yuborib: «Sogʻ-salomat qaytib kelding, endi garovni bizga qoldirib ket»,—dedi. Sa’id esa «Hali sendan xotirjam boʻlganim yoʻq, toki Jayhundan oʻtgunimgacha garovlar men bilan boʻladi»,— dedi. Jayhundan oʻtganida xotin yana odam yuborsa: «Marvga yetgunimcha qoʻyatur»,—dedi. Marvga yetganida esa «Nishopurga yetgunimcha qoʻyatur», Nishopurga yetganida «Kufaga yetib olay»,— dedi va undan Madinagacha olib ketdi.

Madinaga yetganidan keyin, Sa’id gʻulomlariga buyurib (u garovga berilgan odamlarning) qilich va kamarlarini yechtirdi va ularda bor boʻlgan kimxob kiyimlar, tilla va kumushlarnpng hammasini oldirdi. Kiyimlar evaziga ularga sholcha (kiyim)lar berib ekin ekish ishlariga band qilib qoʻydilar. Ular bundan juda xafa boʻlib: «Bu kishi bizga bermagan yana qanday xorlik qoldi? U bizni qul qilib olib ogʻir ishlarni buyurmoqda, biz xorlik bilan oʻlgandan koʻra bir yoʻla foydali ish qilib oʻlaylik»,— dedilar va Sa’idning saroyiga kirib zshiklarni mahkam berkitdilar, Sa’idni oʻldirdilar va oʻzlarini ham oʻlimga topshirdilar. Bu (voqea) Yazid ibn Muoviya[103] xalifalik qilib turgan vaqtda boʻlgan edi.

Soʻngra Muslim ibn Ziyod ibn Abiyh[104] Xuroson amiri qilib tayinlandi va Xurosonga keldi. Bu yerda lashkar tuzib, Buxoroga bordi. Xotin bu lashkar va tayyorgarchiliklarni koʻrib, Buxoro lashkari ularga qarshi turolmasligini bildi-da, soʻgʻd podshohi Tarxunga odam yuborib: «Men senga xotun boʻlay. Buxoro sening shaharing, sen kelib bu mamlakatdan arablar qoʻlini uzoqlashtirishing lozim»,— dedi. Tarxun bir yuz yigirma ming kishi bilan keldi, Bidun ham Turkistondan koʻp lashkar bilan keldi. «To bu lashkar yetib kelgunicha xotin Muslim bilan sulh tuzib, unga darvszalarni va tashqarida boʻlgan koʻshk eshiklarini ham ochgan yedn. Bidun (Buxoroga) yetib keldi va Xarqonrudning u tomoniga tushdi. Muslimga: «Bidun yetib keldi va xotin unga boʻysundi hamda shahar darvozalarini berkitdilar»,— degan xabarni yetkazdilar. Muslim ibn Ziyod Muhallabning oldiga odam yuborib: «Muhallabga ayt, borib Bidun lashkarining qanday andozada ekanligini koʻrsin va aygʻoqchilik sharti nima bulsa uni joyiga keltirsin!»—dedi. Muhallab javob berib: «Hech kim bunday ishga mendek odamni yubormaydi; men hammaga taniqli kishiman; shunday bir kishini yuborginki, agar u salomat qaytib kelsa, senga toʻgʻri xabar keltirsin va agar halok boʻlsa, lashkaringga nuqson yetmasin», dedi. Muslim esa: «Har nima boʻlsa ham sen borishing kerak!»—dedi. Muhallab: «Agar men borishim shart boʻlsa, lashkarning har bir toʻdasidan bittadan kishini men bilan birga yubor va mening ketganimni hech kimga bildirma!»—dedi. Muslim u aytganidek qildi va oʻz amakisining oʻgʻlini (ham) u bilan birga yubordi; hammalari kechasi Muhallab bilan yoʻlga chiqdilar va dushman lashkariga bildirmay kerakli ma’lumotlarni bilib oldilar. Tong otgach, Muslim ibn Ziyod ertalabki namozni oʻqib boʻldi-da, odamlarga qarab: «Men kecha Muhallabni aygʻoqchilik qilish uchun yubordim»,— dedi. Bu xabar lashkar orasiga tarqaldi va buni eshitgan arablar: «Amir bizdan oldinroq oʻlja olsin uchun Muhallabni yuboripti, agar jang boʻlganida edi u bilan birga bizni ham yuborar edi»,— dedilar. Ulardan bir toʻdasi tezda otlariga minib Muhallabning orqasidan to daryo labigacha bordilar. Muhallab ularni koʻrgach: «Sizlar kelib xato qilibsizlar; men yashirin turgan edim, sizlar esa oshkora kelayapsizlar, endi kofirlar hammamizni tutib oladidar»,— dedi. Muhallab sanab qarasa musulmonlar toʻqqiz yuz kishi ekan, u: «Azbaroyi xudo! Qilgan ishingizdan oʻkinasiz»,— dedi. Shu vaqt ular saf tortdilar va Bidun lashkarining aygʻoqchilari ularni koʻrdilar. Musulmonlar tezlik bilan karnay chalib hammalari birdan otlariga mindilar va saflarga tizildilar.

Turk podshohi ularga hujum qildi va arablarning tinkalari quridi. Muhallab: «Men shunday boʻlishini bilgan edim»,—dedi, Ular: «Endi qanday tadbir qoʻllash kerak?»—deb soʻradilar, U «Ilgariroq yuringlar!»—dedi. Ular esa orqaga chekindilar za Bidun ketlaridan yetib kelib musulmonlardan toʻrt yuz kishini oʻldirdi, qolganlari lashkargohga qochib bordilar.

Ertasi kuni tong otgach, Bidun suvdan oʻtib, Xoʻtan amirining oldiga keldi, (chunki) ularning oraligi yarim farsang kelar ede (Soʻng arablar bilan) jang boshlanib ketdi. Muhallab birnchi boʻlib urushga kirdi, qattiq urush boʻlib kofirlar yopirilib uni oʻrtaga oldilar. Muhallab: «Menga yordam bering»,— deb qichqirdi. Muslim parishon hol boʻlib: «Bu Muhallabning tovushk-ku!»—dedi. Shu vaqtda Abdulloh (ibn) Xudon Muslimning oldida soʻz qotmay jim turgan edi. Muslim undan: «Senga nima boʻldi, biror soʻz gapirmaysan?»—deb soʻradi. U: «Azbaroyi xudo! Agar halokat xavfli boʻlmasa Muhallab qichqirmaydi, endi otga minaman-da, oʻz gardanimdagi vazifani ado etaman, agar meni halokat qarshi olsa, unga ham tayyorman»,— dedi. (Arablar) har gal qochishga tutunganlarida Muhallab qichqirar edi. Muslim: «Bir oz sabr qiling!»— dedi. Shu orada Muslim dasturxon yozdirib non yeya boshlagan edi, Abdulloh ibn Xudon: «Hozir non yeyish vaqti emas, seni xudo toʻygʻizsin! Halok boʻlay deyapsan-ku, xabaring yoʻq, sen jang kishisi emasmisan?»—dedi. Muslim: «Endi nima chora koʻramiz?»—deb soʻragan edi u: «Otliqlarga ayt, piyoda boʻlib jang maydoniga yursinlar»,— dedi. Shunday qildilar. Abdulloh (ibn) Xudon Muhallab tomonga yugurib ketdi. Muhallab qattiq qurshovda qolgan edi, (Abdulloh): «Orqangizga qarangiz!»—deb qichqirdi, (musulmonlar) orqaga qarab yordamga kelayotgan kishilarni koʻrdilar, dillari quvvatlanib gʻayratga kirdilar va jangni kuchaytirib yubordilar. Shu orada Bidun oʻldirildi; musulmonlar takbir aytib yuborgan edilar, kofirlar birdan qocha boshladilar, musulmonlar ularning ketlaridan quvib borib oʻldira berdilar va, nihoyat, ularni butunlay yengib, koʻp oʻljalar oldilar. Oʻljalarni oʻsha kuni taqsim qilgan edilar — har bir otliqqa ikki ming toʻrt yuz diramdan tegdi. Xotin odam yuborib sulh talab qildi: Muslim u bilan sulh tuzib juda koʻp mol oldi. Xotin Muslimga: «Sendan iltimos qilamanki, menga Abdulloh Hozimni koʻrsatsang, uning suratini bir marta koʻrib behush boʻlib edim, menimcha u odam jinsidan boʻlmasa kerak»,— dedi. Muslim Abdulloh Hozimni oʻzi turgan mehmonxonaga chaqirib xotinga koʻrsatdi. Abdulloh koʻk rangli ipak kiyim kiygan va qizil salla oʻragan edi. Xotin uni koʻrganida unga sajda qildi va ajablanganidan hadyalar yubordi. Muslim gʻalaba qozonib va koʻp uljalar olib Xurosonga qaytib ketdi.

XIX. Qutayba Ibn Muslimning Hukmronligi Va Buxoroning Fath Qilinishi, Movarounnahrning Arab Va Ajam[105] Oʻrtasida Taqsimlanishi

Qutayba ibn Muslim Hajjoj[106] tomonidan Xuroson amiri qilib tayinlangach, Xurosonga kelib butun Xurosonni oʻziga boʻysundirdi va Toʻxoristonning[107] fath etilishi (ham) uning qoʻlida tamomlandi. U sakson sakkizinchi yili (12 dekabr' 706—30 noyabr' 707) Jayhun daryosidan oʻtdi. Baykand aholisi bundan xabardor boʻlib, Baykandni juda mustahkam hisor bilan oʻradilar. Qadimgi vaqtlarda Baykandni shoriston deganlar va mustahkamligidan, uni «jez shahar» deb ham ataganlar. Qutayba juda qattiq janglar qildi; musulmonlar ellik kungacha (hisorni olish uchun) chora topolmay zahmat chekdilar va (oxiri) hiyla ishlatdilar. Bir guruh (askarlar) devor tagidan minora va hisorning ichkarisi tomon lahm qazib, otxonadan chiqdilar, (soʻng) devorni kavlab rahna ochdilar; musulmonlar hanuz ham hisorga kelaolmayotgan edilar, (endi) rahna orqali ichkari kirdilar. Qutayba: «Har kim shu rahnadan ichkari kirsa unga xuni bahosida (mukofot) beraman, agar u oʻldirilsa (mukofotni) uning farzandlariga beraman»,—deb qichqirdi. (Shundan keyin) har kim ichkari kirishga qiziqdi va (nihoyat) Hisorni oldilar. Baykand aholisi omon tiladi. Qutayba sulh tuzib mol oldi va Varqo ibn Nasr Bohiliyni ularga amir qildi-da, oʻzi Buxoroga qarab yurdi.

Qutayba Xunbunga[108] yetib kelganida unga: «Hisorning kishilari qoʻzgʻolon qilib amirni oʻldirdi»,—degan xabarni yetkazdilar. Qutayba lashkariga: «Boringlar, Baykandni talon-toroj qilinglar. Ularning qonlarini (toʻkishni) va mollarini (olishni) halol qildim»,—deb buyruq berdi. (Qoʻzgʻolon) sababi shu edi; baykandlik bir kishining sohibjamol ikkita qizi bor edi; Varqo ibn Nasr ikkalasini ham oʻziga oldi, shunda u kishi: «Baykand katta shahar, nima uchun: sen butun shahardan faqat mening ikkita qizimni olasan?»-—dedi. Varqo javob bermadi, u kishi sakrab turib Varqoning kindigiga pichoq urdi, lekin bundan bir ish chiqmadi — Varqo oʻlmay qoldi. Bu xabar Qutaybaga yetgach, u qaytib Baykandga keldi va u yerda kimki urushga yaroqli boʻlsa hammasini oʻldirdi, qolganlarini asir qilib oldi, shunday qilib, Baykandda hech kim qolmadi va Baykand xarob boʻldi, Baykand aholisi savdogarlar boʻlib, koʻplari Chin mamlakati viloyatlariga va boshqa joylarga savdo qilish uchun ketgan edilar, ular qaytib kelganlaridan keyii bolalari, xotinlari va oʻz yaqin kishilarini talab qilib, arablardan sotib oldilar hamda Baykandni yana obod qildilar. Aytishlaricha, Baykanddan boshqa butkul vayron boʻlib boʻshab qolgan, soʻng yana oʻz aholisi qoʻli bilan tezda obod boʻlgan hech bir shahar yoʻq.

Hikoyat. Rivoyat qilishlaricha, Qutayba Baykandni fath qilganida bir butxonada ogʻirligi toʻrt yuz diram keladigan bitta kumush but topgan. U yana bir qancha kumush jomlar topib olgan va ularning hammasini jamlab torozida tortganida bir yuz ellik ming misqol chiqqan. U har biri kabutar tuxumidek keladigan ikkita marvarid ham topib olgan. Qutayba: «Bu qadar katta marvaridlarni qayerdan keltirdingiz?»—deb soʻraganida: «Ikkita qush ogʻzida olib kelib mana shu butxonaga tashlagan»,— deb javob berganlar.

Keyin Qutayba bu qimmatbaho narsalarni yigʻib haligi ikkita marvarid bilan birgalikda Hajjojga yubordi va unga Baykandning fath etilganligi haqida xat yozib, u ikki dona marvarid qissasini ham qayd qilib oʻtdi. Hajjoj unga shunday javob yozdi: «Xatda aytganlaring menga ma’lum boʻldi; u ikki dona katta marvarid donalaridan va ularni qushlar olib kelganligidan men juda ajablandim, ammo shunday qimmatli narsani qoʻlga kirgizib, uni bizga yuborib koʻrsatgan saxovating undan ham ajoyibroq tuyuldi; xudo senga barakat bersin!»

Shundan keyin Baykand koʻp yillar xarob boʻlib qoldi. Qutayba Baykand ishidan forigʻ boʻlgach, Xunbunga qarab joʻnadi va koʻp janglar qilib Xunbunni, Torobni hamda koʻpgina mayda qishloqlarni oldi va Vardonaga ketdi. U yerda Vardonxudot nomli bir podshoh bor edi, u bilan koʻp urushdi va oxiri Vardonxudot oʻlib, Qutayba koʻp qishloqlarni oldi.

Buxoro qishloqlaridan Torob[109], Xunbun va Romtin oraligʻida koʻp lashkar toʻplanib Qutaybani oʻrab oldilar. Soʻgʻd podshohi Tarxun koʻp lashkari bilan, Xunukxudot koʻp askari bilan, Vardonxudot oʻz askari bilan keldilar; Xitoy podshohining jiyani malik Koʻrmagʻonunni yollagan edilar u ham Qutaybaga qarshi jangda (Soʻgʻd podshohiga) yordam berish uchun qirq ming lashkar bilan keldi. Lashkarlar jam boʻldilar. Qutaybaning ishi ogʻirlashdi. Qutayba va uning yoronlari qurolsiz edilar. Qutayba: «Bundan buyon (askarlar) qurollarini oʻzlaridan uzoqlashtirmasinlar, askarlarni (lashkargohdan) tarqatmasinlar!—deb buyruq berdi. Shu sababli qurol-yarogʻ qimmatlashib ketdi; masalan, bitta nayza ellik diram, bitta qalqon ellik yoki oltmish diram, bitta sovut yetti yuz diram boʻldi.

Hayyoni Nabatiy[110] Qutaybaga qarab: «Agar xudoyi taolo mening sababchiligim bilan bu baloni sendan qaytarsa nima deysan»—deb soʻradi. Qutayba javob berib: «Men oʻzim ham shuvday yoʻl axtarmoqdaman»,— dedi. Hayyoni Nabatiy Qutaybaga «Menga ertagacha muhlat ber»,— dedi. Ertasi tong otganida Hayyoni Nabatiy Soʻgʻd malikining oldiga odam yuborib «Mening senga aytadigan bir nasihatim bor, biz ikkalamiz bir joyda uchrashishimiz kerak»,— dedi. Tarxun: «Durust» qay vaqtda uchrashamiz?»— deb soʻradi. Hayyon: «Lashkar urushga mashgʻul boʻlib, jang qizigan vaqtda»,— dedi. Shunday qildilar. Urush qizigan paytda Hayyoni Nabatiy Tarxun bilan uchrashib: «Mulk qoʻlingdan ketipti-yu, sening xabaring yoʻq»,— dedi. Tarxun: «Qanday qilib»,— deb soʻradi. Hayyon unga: «Biz (arablar) havo issiq vaqtdagina bu yerda tura olamiz, endi havo sovub qoldi va bizning va bizning vaqtimiz yetdi. Toki biz bu yerda ekanmiz bu turklar biz bilan urush qiladilar, bu yerdan ketganimizdan keyin esa sen bilan urush qiladilar, chunki Soʻgʻd viloyati yaxshi joy, yaxshiliqda unga oʻxshash joy dunyoda yoʻq, qayoqda ular Soʻgʻdni senga qoldirib, Turkistonga ketadilar? Ular mamlakatingni oladilar, sen esa qiyinchilikda qolasan»,— dedi. Tarxush «Men qanday chora qoʻllayman?»—deb soʻradi. Hayyon: «Chorang shuki, Qutayba bilan sulh tuzib biror narsa berasan, turklarga esa ahvolni shunday koʻrsatasanki, goʻyo Hajjojdan biz (arablar)ga Kesh va Naxshab yoʻli bilan koʻp lashkar yordamga kelayotgan boʻladi. Oʻzing esa: «Men oʻz viloyatimga qaytib ketaman»,— deysan; shunda turklar ham qaytadilar. Sen biz bilan sulh qilib shartnoma tuzganingdan keyin biz senga yomonlik istamaymiz va seni ranjitmaymiz, sen u qiyinchilikdan qutulasan»,— dedi. Tarxun: «Menga yaxshi maslahat berding, men shunday qilaman, shu kechayoq qaytaman»,— dedi. Kechasi boʻlgach, Tarxun Qutayba oldiga odam yubordi, u bilan sulx tuzib mol va ikki ming diram yubordi. Uning lashkari karnay chalib qaytishga boshladi. Dehqonlar va amirlar: «Nima boʻldi?»—deb soʻradilar. Tarxun: «Zinhor hushyor boʻling! Hajjoj Kesh va Naxshab tomonidan koʻp lashkar yuboripti, ular orqamizdan kelib, bizni oʻrtaga oladilar, men oʻz viloyatimga qaytaman»,— deb javob berdi. Koʻrmagʻonun turk odam yuborib bu holdan xabar soʻragan edi, unga ham xabar qildilar, u ham karnay chaldirib qaytishga tushdi va (askarlari) yoʻl-yoʻlakay viloyatni talab keta berdilar. Xudoyi taolo u baloki musulmonlar boshidan daf qildi. Qutayba toʻrt oydan beri u yoqda qolib ketib, shu muddat ichida Qutayba za uning yoronlari haqida Hajjojga biror xabar yetmagan va Hajjojning dili bu tomon bilan mashgʻul edi; masjidlarda qur’on oʻqib, xatmlar qilar va duolar oʻqir edilar. Qutayba va uning yoronlari yana Buxoroga bordilar; bu uning Buxoroga toʻrtinchi marta kelishi edi. U jang qilar, mol olar, ayrim viloyatlarni talar, ba’zi kishilarni oʻldirar, ba’zilarni asir hamda qul qilib olib shu tarzda to Marvgacha borar va yana Buxoro viloyatiga qaytib kelar edi. Xudoyi taolo Buxoroni hamma ofat va balolardan saqlasin!

XX. Buxoroning Fath Etilishi Va U Yerda Islom Dinining Tarqalishi

Muhammad ibn Ja’farning aytishicha, Tagʻshodaning onasi boʻlmish xotinning eri Buxorxudot oʻlganida, uning oʻgʻli podshodzoda (Tagʻshoda) kichik yoshli boʻlib, shu xotin podshohlik qilib turdi. Uning zikri Ubaydulloh ibn Ziyod va Sa’id ibn Usmon ibn Affon,— xudo ularning ikkalasidan rozi boʻlsin,— haqlarida soʻzlanganda bayon qilindi. Islom lashkari har safar Buxoroga kelganida yozda gʻazot qilar, qishda esa qaytib ketar edi. U xotin (Buxoroga arablardan) har kim kelsa u bilan ozgiva urush qilar, soʻngra sulh tuzar edi. Uning oʻgʻli kichik boʻlganidan qarindoshlarining har biri bu mamlakatni egallash tamaida edi. (Ilgari) Buxorxudot Buxoroni jang qilib olgan edi.

Buxoro aholisi har safar (islom lashkari kelganida) musulmon boʻlar, arablar qaytib ketganida esa ular yana dindan qaytar edilar. Qutayba ibn Muslim ularni uch marta musulmon qilgan, ular esa yana dindan qaytib kofir boʻlgan edilar. Bu toʻrtinchi marta (kelganida) Qutayba jang qilib Buxoro shahrini oldi, koʻp qiyinchiliklardan keyin (bu yerda) islom dinini yuzaga chiqardi va har turli yoʻllar bilan ularga qiyinchiliklar tugʻdirib, dillariga musulmonchilikni oʻrnashtirdi. Ular esa islom dinini yuzaki qabul etib, haqiqatda butparastlik qilar edilar. Qutayba arablar buxoroliklar bilan birga yashab ularnint xatti-harakatlaridan xabardor boʻlib tursalar, ular zaruratdan musulmon boʻladilar, degan maqsadda Buxoro aholisiga oʻz uylarining yarmini arablarga berishga undab buyruq chiqarishni toʻgʻri topdi va shu yoʻl bilan u musulmonchilikni oʻrnatdi hamda shariat hukmlarini bajarishga ularni majbur etdi. Qutayba masjidlar bino qildi, kofirlik va otashparastlik asarlarini yoʻqotdi. U koʻp jiddu-jahd qilib, har kimdanki shariat hukmlarini bajarishda kamchilik sodir boʻlsa uni jazolar edi. U masjidi jome bino qildi va odamlarga juma namozini oʻqishga buyruq berdi, toki xudoyi taolo bu yaxshi ish savobini Buxoro aholisi uchun oxirat zaxirasi qilsin!

XXI. Masjidi Jomening Bino Etilishi

Qutayba ibn Muslim toʻqson toʻrtinchi yili (7 oktabr' 712—25 noyabr' 713) Buxoro hisorining ichida masjidi jome bino qildi. U joy (ilgari) butxona edi. Qutayba Buxoro aholisiga har juma kuni u yerga yigʻilishga buyurdi; chunonchi, u har juma kuni jarchi qoʻyib: «Juma namoziga hozir boʻlgan har bir kishiga ikki diram beraman»,— deb chaqirtirar edi. Buxoroliklar dastlab islom dnnini qabul etgan paytlarida arabchani oʻrgana olmaganlaridan namozda qur’onni fors tilida oʻqir edilar. Ruku’ga borish vaqtida ularning orqalarida bir kishi turib, «Bknitonkint».— deb sajda qilmoqchi boʻlganlarida: «Nkuniyonkuni»,— deb qichqirar edi.

Muhammad ibn Ja’far oʻz kitobida mana shunday deydi: «Buxoro masjidi-jomeini koʻrdim, unga suratlik eshiklar oʻrnatilgan boʻlib, suratning yuzi taroshlangan va boshqa joylari oʻz holicha qoldirilgan edi. *Men (buning sababini) oʻz ustozimdan soʻradim. U aytdi: «Men bu eshik va boshqalar (haqida) eshiklarni dastlab oʻrnatgan va koʻp umr koʻrgan bir duradgor kishidan soʻraganimda, u aytgan ediki, buxoroliklar til uchida musulmonlikka iqror boʻlib, yashirin ravishda butga choʻqinar edilar. Shahardan tashqarida yetti yuzta koʻshk boʻlib, ularda boylar turar edilar va ular itoatsizroq boʻlganliklaridan masjidi jomega koʻp kishilar hozir boʻlmas edi, haligi ikki tangani olish uchun kambagʻallargina borishga qiziqar, ammo boylar esa qiziqmas edilar. Bir juma kuni musulmonlar koʻshklarning eshiklariga borib ularni juma namoziga chaqira berib zeriktirdilar, shunda boylar koʻshk tomidan turib musulmonlarni tosh bilan urdilar, (ikki orada) urush boʻlib, musulmonlarning qoʻllari baland keldi va ular boylar qasrlarining eshiklarini koʻchirib (Buxoroga) keltirdilar. U eshiklarga har kim oʻzi (choʻqinadigan) butning suratini ishlatgan edi. Masjidi jome kengaytirilgan vaqtda u eshiklarni masjidi jomega ishlatdilar va eshiklar xunuk boʻlib ketmasin uchun suratning yuzinigina qirib tashlab, boshqa joylarini oʻz holicha qoldirib qurdilar». Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr bunday deydi: «Hozir oʻsha eshiklardan bittasi saqlanib qolgan va tomlardan masjidi jome eshigiga tushib kelaberishingda Xuroson amirining saroyiga bormoqchi boʻlganingda, birinchi eshikni qoldirsang, ikkinchisi oʻsha eshiklardan (saqlanib) qolganidir. Unda hali ham taroshlanganlik asari koʻrinib turibdi.

Hisor ichida boʻlgan masjidi jomeni Qutayba bino qilgan, odamlar unda namoz oʻqir edilar. Musulmonlik keng tarqalib, odamlarning islom diniga boʻlgan ragʻbatlari kundan-kunga ortaborgach, ular bu, masjidga sigʻmay qoldilar. (Bu hol) Fazl ibl Yahyo ibn Xolid Barmakiy davrigacha davom etdi. U Horun ar-Rashid zamonida Xuroson amiri boʻldi. Buxoro xalqi yigʻildilar va ittifoqlashib bir yuz ellik toʻrtinchi yili (24 dekabr' 770— 32 dekabr' 771) hisorning (oqava suvlari tushadigan) hovuzini qazidilar hamda hisor va shoriston oʻrtasida masjidi jome bino qildilar! Hisor masjidi jomesida juma namozini oʻqir edilar.' Masjidi jome eskirgach va hisor masjidi jomesi bekor qolib xiroj devoniga aylangach, katta masjidni qurishda hech kim Fazl ibn Yahyo ibn Xolid Barmakiy kabi koʻp sa’y-harakat koʻrgazgan emas u bu ishga koʻp mol xarj qilgan. Undan, keyin to marhum amir Ismoil Somoniy davrigacha har kim bu masjidni kengaytirib bordi. Amir Ismoil koʻp uylar sotib oldi va masjidi jomeni uchdan ikki hissasicha kengaytirdi. Ramazon oyida masjidlarga shamdonlar qoʻyishni dastlab buyurgan kishi shu Fazl ibn Yahyo ibn Xolid Barmakiy edi.

Hikoyat. Aytishlaricha, Amiri sa’id Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil davrida, (bir yili) ramazon oyida juma kuni xalq masjidi jomega toʻlib turgan vaqtda masjid birdan bosib qolib, koʻp kishilar u yerda Halok boʻlgan, butun shaharda ta’ziya oʻtkazilgan. Masjid tagida qolganlarning ba’zilarini chiqarib olganlarida ular hali nafas olib turar, ammo bir oz vaqtdan keyin jon berar edilar; ba’zilarining qoʻl va oyoqlari siigan edi. Shahar (aholisidan) koʻp kishilar halok boʻlganidan bu hodisadan keyin Buxoro shahari (qariyb) boʻshab qoldi. Shahar kishilari (masjidni qayta qurishga) yana jiddu-jahd koʻrsatdilar sultonning yaqin kishilaridan har biri bunga yordam berdi; marhum Abu... qozi bu ishni boshqarib turdi, nihoyat masjidi jome bir yil ichida qurilib bitdi. Keyingi yili esa u yana buzilib ketdi; qibla (tomonining) har ikki yoni yiqilib tushdi. Lekin u yerda odamlar yoʻq edilar. Besh yil muddatda (masjidni) yana qaytadan tuzatdilar. Abu Abdulloh al-Jayhoniy uch yuz oltinchi yili (14 iyul' 918—2 iyul' 919) xolis oʻz pulidan minora barpo etdi. U oʻsha vaqtda sultonning vaziri edi. Bu masjidi jome hisorga payvast edi. Toki Ibrohim Tamgʻochxon hukmronligining oxirigacha (shunday turdi); u taxtga oʻtirdi. Tamgʻochxonning Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim nomli boshqa bir oʻgʻli bor edi, u Buxoroni olishga qasd qildi. Sayfas Buxoro hisorini mustahkamladi. Shamsulmulk Buxoro hisori darvozasida turib jang qilar edi. Masjidi jomening minorasidan turib hisorga oʻq otar edilar va bundan hisor ahli qiyinchilik tortar edi. Shamsulmulk buyrugʻi bilan hisordan olov otdilar, minoraning tepasi yogʻochdan ishlangan edi u kuydi va yonib turgan yogʻochlar masjidi jomega tushib u ham kuydi. Malik Shamsulmulk hisorni olib Buxoro mamlakatini qoʻlga kiritgach, masjidi jomeni yana tuzatishga buyurdi hamda uning buyrugʻiga koʻra hisor bilan masjidi jome oʻrtasiga xandaq qazidilar va minora tepasini pishiq gʻishtdan ishladilar. Yana Shamsulmulk maqsurani va ichkarisida maqsura oʻrnashgan saroyni hisordan uzoqroqqa qurishga buyurdi. Xojalar va boylardan har kim yordam berdi va nihoyat, bu imoratlar qurilib bitdi.

Masjidi jomening bu kuyishi toʻrt yuz oltmishinchi yilda (11 noyabr' 1067—30 oktabr' 1068) voqe boʻldi, toʻrt yuz oltmish birinchi yili (31 oktabr' 1068—19 oktabr' 1069) esa u qayta tuzatildi.

Muhammad ibn Abu Bakr bunday deydi:. «Ishonchli kishilardan eshitishimcha, Buxoroda mavjud boʻlgan bu maqsura, minbar va mehroblarni podshoh Shamsulmulk buyrugʻi bilan Samarqandda yasab va naqshlab Buxoroga olib kelganlar». Bu masjid to Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon davrigacha shu sifatda boʻlib keldi, soʻng Arslonxonning farmoni bilan masjidi jomenni unga, masalan, Shamsulmulk vaqtida boʻlganidek, biror halal yetmasin deb hisordan uzoqroqqa qurdilar, Arslonxon shornstondan koʻp uylarni sotib olib, masjidi jomening hisorga yaqinroq qismlarini (oʻsha uylar oʻrniga) qurishga buyurdi va hisor oldidagi minorani (ham) buzdirib olib, uni shoristonga oʻrnattirdi. Bu kabi gʻoyat darajada goʻzal va yaxshi minora hech bir joyda boʻlmagan. Minora (qurilishi) oxiriga yetib, uning tepasi oʻrnatilgan va endi bitay deb qolgan ediki, koʻz tegdi va minora qulab masjidi jome ustiga tushdi va masjidning uchdan bir qismi bosib qoldi, naqshlangan va duradgorlar (hunari ishlatilgan) yogʻochlarning hammasi sindi. Arslonxon ikkinchi marta minora koʻtarishga buyurdi va endi, u mustahkam boʻlsin uchun, zoʻr harakat qilib qurdilar, tepasini pishiq gʻishtdan ishladilar. Arslonxon bularning hammasini xolis oʻz puliga qurdirdi. Arslonxon qurishga buyurgan u masjidi jome besh yuz oʻn beshinchi yilda (22 mart 1121—11 mart 1122) (qurilgan) edi.

Butun masjid (tarkibi)da beshta miyon saroy boʻlib, ulardan shaharga yaqin turgan ikkitasi minorasi bilan Arslonxon tomonidan, u katta saroy va maqsura esa podshoh Shamsulmulk tomonidan bino qilingan. Bular oʻrtasida qadimdan qolgan ikkita miyon saroy boʻlib, ulardan hisor yaqinidagisi marhum amir Ismoil Somoniydan qolgan; amir Ismoil Somoniy uni ikki yuz toʻqsoninchi yili (5 dekabr' 902—23 noyabr' 903) qurgan. Xuroson amiri saroyi tomonidagi boshqa birini esa paygʻambarning,— unga xudo rahmat va salomini yoʻllasin — hijrati voqeasidan keyin uch yuz qirqinchi yilda (9 iyul' 951—28 may 952) Amiri hamid Nuh ibn Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil Somoniy bino qilgan.

XXII. Iyd Namozgohi

Qutayba ibn Muslim shahar ichkarisidagi hisorning ichida masjidi jome bino qilgan vaqtida, odamlar «Registon» deb ataganlari boʻsh maydonni iyd namozi oʻqiladigan joy qildi va musulmonlarni iyd namozini oʻqish uchun oʻsha yerga chiqardi. U kishilarga (iyd namoziga chiqdanda) qurollarini ham olib chiqishga buyurdi, chunki islom dini hali yangi boʻlib, musulmonlar kofirlardan xotirjam emas edilar. (Bu odat) hozirda ham sunnat boʻlib qolgan, kimki qurol taqishga qodir boʻlsa u (iyd namoziga) qurolini oʻzi bilan olib chiqadi. Bu (maydonga kiraverishdagi) darvozani «Darvozayi Saroyi ma’bad»,—«Ibodatxona saroyi darvozasi» deydilar. Bu joy Buxoro amirining «ma’bad ul-xayl-i —«askarlar ibodatxonasi» boʻlgan ekan.

Bu namozgohda koʻp yillar davomida iyd namozini oʻqib kelganlar. Bu joyga sigʻishmay qolganlaridai keyin Amiri sadid Mansur ibn Nuh ibn Nasr[111] Samtin (qishlogʻi) yoʻlidagi devor aylantirilgan yerlar va yaxshi bogʻlarni sotib olib, u yerga koʻp mol sarflab iyd namozgohi qildi, chiroyli minbar va mehrob ishlatdi hamda (iyd namozida) takbir aytuvchi (mukabbir)lar takbir oʻqib kishilarga eshittirsinlar deb minorachalar qurdirdi. Namozgohdan Buxoro hisori darvozasigacha yarim farsang masofa boʻlib, iyd namozida bu yer odamlar bilan toʻlar edi. Koʻp yillar iyd namozini shu joyda oʻqidilar; bu uch yuz oltmishinchi yilda (4 noyabr' 970—23 oktabr' 971) barpo boʻlib, toki Arslonxon davrigacha namozgoh boʻlib turdi. Arslonxon odamlar qiynalmasinlar va biror dushman shaharga qasd qilganida aholi shaharda yoʻq vaqtga toʻgʻri kelib qolmasin deb, shaharga yaqin joyda namozgoh qilishga buyurdi. Darvozayi Ibrohimda podshohlarning bir bogʻlari bor edi, uni Shamsobod der edilar, bu bogʻ buzilib ketgan boʻlib, u yerda ekin ekar edilar. Turk hoqoni Arslonxonning farmoni bilan u yerning hammasini tartibga solib, tevaragiga baland devor urdilar, pishiq gʻishtdan minbar va mehrob qurdilar, takbir aytib turuvchilar uchun minorachalar tikladilar. Bu (ish) paygʻambarning,— xudo unga va xonadoniga rahmat va salomini yoʻllasin — hijratidan (keyingi) besh yuz oʻn uchinchi yilda (14 aprel' 1119—1 aprel' 1120) boʻlgan edi.

XXIII. Buxoro Shahrining Arab Va Ajam Urtasida Taqsimlanishi

Muhammad ibn Ja’far Xotim al-faqihdan keltirib rivoyat qilishicha, Qutayba toʻrtinchi marta kelib Buxoroni olganida u (quyidagi) shartlarga binoan sulh tuzdi; buxoroliklar har yili ikki yuz ming diram xalifaga, oʻn ming diram Xuroson amiriga, uylar va ekin yerlarining yarmini musulmonlarga beradigan boʻldilar. Yana shahardan tashqarida turuvchi buxoroliklar arablarning otlari uchun beda, (oʻzlari uchun) oʻtin va (boshqa) zarur narsalarni berib turadigan boʻldilar.

Shahar ichida koʻshklar bor edi; ba’zi mahallalar qishloq singari tarqoq va bir-biridan uzoq edi. Shahristonning yettita darvozasi boʻlib, birinchi darvozani «Darvozayi bozor»—«Bozor darvozasi» der edilar; u vaqtlarda bundan boshqa hech bir darvoza oldida shaharga yaqin bozor yoʻq edi. Hozir biz uni «Darvozayi attoron»—«Attorlar darvozasi» deymiz. Qutayba shahristonni taqsim qilib, uning Darvozayi attorondan kirib kelaberishingizdagi joyidan hisor darvozasigacha va undan to Darvozayi Nungacha boʻlgan joylarini arablarning rabi’a va muzar (qabilalari)ga, qolganini yamanliklarga boʻlib berdi. Shaharga kiraberishingda chap qoʻl tomondagi birinchi koʻchani «Koʻyi rindon» —«Beboklar koʻchasi» deb ataydilar: uning orqasida otashparastlar kalisiyo (ibodatxona)si boʻlgan. Hozir u yerda bir masjid bor uni «Masjidi Bann Hanzala»—«Hanzala avlodining masjidi» depdilar. Shahar darvozasidan kirganingda oʻng qoʻlda bir koʻcha bor, uni Vazir ibn Ayyub ibn Hasson koʻchasi deb ataydilar. Bu koʻchani yana «Kox»—«Qasr» koʻchasi ham deydilar. Bu Vazir ibn Ayyub Qutaybaning lashkar boshliqlaridan biri boʻlib uning otasi Ayyub Buxoro amiri boʻlgan edi. Buxoroda islom dini oʻrnatilgandan keyin Qutayba ibn Muslim tomonidan Buxoroga dastlab amir boʻlgan kishi ana shu Ayyub edi. Buxoro amirlari hamisha shu Kox koʻchasida turganlar. Bu yerda Buxoro amirlari uchun alohida bir saroy boʻlgan. Xina nomlik bir dehqon bor edi, u islom dinini qabul etgach Ahmad deb ataldi, ana shu Kox koʻchasining hammasi uniki boʻlib, shu koʻchada bu dehqonning bir qasri boʻlgan. Buxoro amirlari hamisha shu qasrda turar edilar. U (dehqon oʻlgandan) keyin qasr oʻz egasi qoʻlidan chiqdi. Bir yuz elliginchi yili (6 fevral' 767—25 yanvar' 768) u dehqonning Kadrayi Xina nomli merosxoʻrlari, oʻsha vaqtdagi xalifa Abu Ja’far Davonaqiy[112] oldida, u qasrni oʻzlariniki deb da’vo qildilar va hujjat koʻrsatdilar. (Hujjatda koʻrsatilgan joyning) bir tarafi shahristonning Joʻbayi baqqolonga yopishgan devori, ikkinchi tarafi shahristonning «Pista shikanon»—«Pista chaquvchilar» bozoriga payvast devori, uchinchi tarafi esa Nui darvozasidan chiqqaningda shahristonning oʻrtasiga borguninggacha boʻlgan toʻgʻri yoʻl edi. (Xullasi) Attorlar darvozasidan to Nur darvozasigacha hammasi bir mahallani tashkil etgan shahristonning toʻrtdan bir qismi ushbu hujjatda qayd qilingan edi.

Buxoro shahri ichidagi mingta doʻkon, Buxoro suvi va islom dini qabul etilgandan keyin vujudga kelgan Farovizi Ulyo suvi (yoqasidagi) yetmish beshta xos qishloqni ham xalifa oldida da’vo qildilar va hujjatlar koʻrsatdilar; guvohlar guvohlik berdilar; xalifaning buyrugʻi bilan hukmnoma muhrlatib Buxoroga olib keldilar va (mazkur mulklarning) hammasini qaytarib oldilar. Bundan keyin ularning bolalari (u mulklarni) boʻlib-boʻlib har kimga sotdilar va oxiri (mulklar) odamlar qoʻlida tarqalib ketdi.

Attorlar darvozasidan oʻtganingdai keyin Baniy Sa’d darvozasi va Baniy Sa’d masjidi keladi. Hasan ibn Aloyi Soʻgʻdiy katta (boy) kishi boʻlib, shoristonda uning gʻoyat darajada oliy bir koʻshki bor edi; unday koʻshk hech bir podshohda boʻlgan emas, Bu kishi Alo koʻchasini Darvozayi Aloda barpo qildi hamda mana shu (hozirgi) ihota qilingan joyni ham u barpo etgan edi, bu ihotali yerdan unga har oyda bir ming ikki yuz dinorlik hosil unar edi. Shoriston ichida (ham) uning daromadli joylari bor edi.

Hikoyat. Xuroson amiri boʻlmish Hasan ibn Tohir[113] davrida, uning Hafs ibn Hoshim nomli bir vaziri bor ekan. U (aytnb oʻtilgan) mulklarni oʻsha egalaridan sotib olishni tama qilibdi, ular sotmabdilar va shu sababdan vazir ularni zindonga qamab, koʻp qiynapti. Vazir har haftada bir marta ularni oʻz huzuriga chaqirib, mulklariga xaridorlik qilar, ular sotmagach, zindonga qaytarib yana koʻproq azoblashga buyurar ekan. Ul besh yil shu tarzda oʻtibdi va ular koʻp azob-uqubat tortsalar ham, baribir, mulklarini sotmabdilar. Bir kuni Hafs ibn Hoshim ularni chiqirib: «Sizlar uzoq vaqtlardan beri azobda qolib kelmoqdasiz, oxir bundan nima maqsadga erishasiz?»— depti. Hasan ibn Ala: «Uch maqsaddan biriga (erishamiz): «Yo sen oʻlasan, yo tepangdagi amiring oʻladi, yoki biz oʻlamiz»,— depti. Hafs ularni yana ziidonga qamab koʻproq azob berishga buyuribdi. Shu gapdan keyii bir oy oʻtmasdanoq Xuroson amiri oʻlibdi va (xalq) qoʻzgʻolon koʻtarib zindonni buzibdi. Hafs ibn Hoshim esa qochipti va unilgʻ saroyini talaptilar. Hafs shu qochqinlikda yurganicha oʻlipti, Hasan ibn Alo esa oʻz birodarlari bilan Buxoroga qaytib kelipti.

Baniy Sa’d darvozasidan oʻtganingdan keyin Baniy Asad darvozasi keladi. Buni johiliyyat zamonida «Muhra darvozasi» der edilar. Bu darvozadan chiqib quyiga tushganingda Xuroson amirining saroyi bor. Yana bir darvoza bor: uni «Kandiz darvozasi» deydilar, chunki u darvozadan chiqqaningda hisorga duch kelasan. Hozir u mahalla vayron boʻlib ketgan, u mahallani Fagʻsodara deydilar. Hozir goʻristonlar oʻsha tomonda, Ilgari arablaripng uylari oʻsha darvoza tomonda boʻlgan. U darvoza (Buxoro) darzozalarining mahkamrogʻi boʻlib, uzunligi oltmish qadam miqdorida katta kamari bor, u kamar tagida koʻpgina uylar joylashgan. Bu imoratlarni Suboshtegin nomli bir amir qurgan. Uning goʻri ham shu mavzeda. Yana boshqa bir darvoza—«Dari Haqrah»— Haqrah darvozasi»dir, Marhum Xoja imom Abu Hafs Kabir Buxoriy[114] oʻsha mahallada turar edi; u kishi Buxorodan Bagʻdodga borib marhum Imom Muhammad Husayn Shayboniyga[115] shogird boʻlgan. Bu (Buxoro) viloyatida unga teng biror kishi boʻlgan emas. U Buxoroning mutaaxxirlari[116] jumlasidan boʻlib ham zohid, ham olim edi. Buxoro oʻsha kishi tufayli «Qubbat ul-islom»—«Islom dinining gumbazi» deb atalgan. Buxoro aholisining ilmli boʻlishiga, Buxoroda ilm keng tarqalishi va imomlar, ulamolarning hurmatli boʻlishlariga u kishi sabab boʻlgan. Uning oʻgʻli Abu Abdullohning[117] (ham) ilmi shu darajada ediki, (hojilar) karvoni Hajdan qaytib kelayotganida ularning ulamolari Xoja imom Abu Hafs oldiga kelib undan masala soʻrar edilar. Shunda Abu Hafs «Oʻzing-ku Iroqdan kelyapsan, nima uchui Iroq olimlaridan soʻramading?»—deb soʻrar, u olim esa: «Bu masalada Iroq olimlari bilan munozara qildim, ular javob bera olmadilar va menga Buxoroga borganingda bu masalani Xoja imom Abu Hafs Buxoriydan yoki uning farzandlaridan soʻra!»—dedilar, deb javob berar edi. Ana shundan keyin Abu Hafs u masalaga toʻgʻri javob berar ekan.

Xoja imom Abu Hafs har bir kecha-kunduzda Qur’onni ikki marta xatm qilar va shu bilan birga, odamlarga ilm oʻrgatar edn. U keksayib zaiflashgach, Qur’onni bir marta xatm qiladigan boʻldi. Yana ham zaiflashib qolgach, to dunyodan oʻtguniga qadar, bir kecha-kunduzda quronning yarmini oʻqiydigan boʻldi. Xudo uni oʻzining rahmat va rizosiga gʻarq etsin!

Hikoyat. Rivoyat qilishlaricha, Yahyo ibn Nasr shunday degan: «Men Xoja Abu Hafsning huzurida boʻldim, u ertalabki namozini oʻqib boʻlib, qiblaga qarab oʻtirar va bir narsa oʻqir edi; kun chiqgach, orqasiga qaragan zdi u ilm oʻrgatadigan qavm (shogirdlar) hali kelmagan ekan; oʻrnidan turib toʻrt rakaat namoz oʻqidi va mana shu toʻrt rakaat namozda Qur’ondan baqara, oli imron, niso’ va moida suralarini qiroat qilib salom bergainda hali ham jamoa hozir boʻlmagan edi, u yana oʻrnidan turib oʻn ikki rakaat namoz oʻqidi va qur’ondan sura al-ra’dgacha qiroat qildi».

Muhammad ibn Tolut Hamaloniy «Fasl il-xitob» (nomli kitob) dan rivoyat qilishlaricha, Buxoroda Muhammad Tolut ismli bir amir boʻlgan. Bir kun u oʻz vaziri Xashuyaga: «Xoja imom Abu Hafsning ziyoratiga borib uning suhbatiga yetishaylik»,— degan. Bu Xashuya Buxoro Sarkardalaridan boʻlib, obroʻlik edi, u amirga: «Abu Hafsning oldiga borishing yahshi emas, sen uning yaqiniga borganingda salobatidan hech bir soʻz aytolmay qolasan»,— desa, amir: «Har nima boʻlsa ham boraman»,—-degan va vaziri bilai birga Xoja imom Abu Hafs oldiga borgan; u kishi masjidda namoz oʻqish bilan mashgʻul ekan, peshin namozini tugatib salom berganidan keyin vazir kirib «Amir kelgan edi, uning kirishiga ruxsat bormi?»— deb soʻrasa; «Bor»,— degan. Abu Hafs qiblaga qarab oʻtirgan ekan, amir kirib unga salom berib oʻtiripti-yu, hech bir soʻz ayta olmapti. Marhum Xoja: «Nima ish bilan kelding?»—depti. Shunda amir gapirmoqchi boʻlib har qancha urinsa ham gapira olmabdi. Amir Xashuyani koʻrganida u amirdan: «Xoja Abu Hafs qanday ekan?»— deb soʻrasa, amir: «Sen aytgandek ekan, uning oldida hech gap gapira olmay hayronlikka tushib qoldim, necha marta halifa huzuriga borib u bilan soʻzlashganman, xalifaning haybati meni soʻzlashishdan toʻxtata olmagan edi, bu yerda esa u kishining salobatidan soʻz ayta olmay qoldim»,— degan.

Zohid va olim kishi boʻlgan Muhammad ibn Salom Baykandiydan rivoyat qilishlaricha, u quyidagilarni aytgan emish: «Tushimda paygʻambarni — unga xudoning rahmat va salomi boʻlsin — Buxoroda Xarqon bozorida koʻrdim,— Xarqon bozori Mugʻlar koʻchasining boshidan to Dehqonlar koʻchasigacha boʻlgan joy, uni qadim vaqtlarda Xarqon bozori der edilar,— paygʻambarni koʻrdimki, u xabarda keltirilgan oʻsha tuyaga mingan va boshiga oq kuloh kiygan edi, uning oldida koʻp xalq turishib paygʻambarning —unga xudoning salomi boʻlsin — kelganligiga xursandchilik qilishar va paygʻambarni — unga xudoning rahmati boʻlsin — qayerga tushiramiz?»—der edilar, shunda uni marhum Xoja imom Abu Havfsning uyiga tushirdilar. Men Xoja Abu Havfsni koʻrdim, u paygʻambarning,— unga xudoning rahmat va salomi boʻlsin — huzurida oʻtirib kitob oʻqir edi. Paygʻambar,— unga xudoning salomi boʻlsin,— uch kun uning uyida boʻldilar. Abu Hafs kitob oʻqir, paygʻambar,— unga xudoning salomi boʻlsin, tinglar edi, shu uch kun ichida paygʻambar unga hech e’tiroz bildirmadi va (oʻqiganlarining) hammasini toʻgʻri topti».

Marhum Xoja Abu Hafsning saroyi, kishilar u joyni qanchalik tuzatib turganliklariga qaramay, bu kungacha saqlanib qolgan emas, lekin undan (ayrim) nishonalargina boqiydir, savmaa — ibodat qilinadigan joy ham u uyda oʻz oʻrnida turibdi va duo qabul boʻladigan joydir. Uning vafoti ikki yuz oʻn yettinchi yilda (832) edi. Qabri Darvozayi navda, duo qabul boʻladigan joy deb mashhur. U tepalikni Xoja imom Abu Hafs tepaligi deydilar. U yerda masjidlar va ibodatxonalar boʻlib, hamisha mujovirlar[118] kelib turadilar. Xalq uning goʻri tuprogʻini tabarruk deb biladi. U joyni «Xaqrah darvozasi» deyilishiga sabab shuki, odamlar oʻsha yerda, marhum Xoja Abu Hafs huzuriga kelib fatvo olar edilar va bu fatvoni haq deb bilar edilar va shu jihatdan ular Haqrahni «haq» deb ataganlar[119].

Yettinchi darvozani «Darvozayi nav»—«Yangi darvoza» deydilar, shu ma’nidaki, u shoriston darvozalarining eng oxirgisidir. Bu darvozadan ichkari kirganingda oʻng qoʻl tomonda, Xoja Abu Hafs saroyining yaqinida qurayshiylarning masjidi bor; uni «Qurayshiylar masjidi» deyilishiga sabab shuki, Muqotil ibn Sulaymon al-Qurayshiy shu yerda boʻlgan. Bu Muqotil Hayyonning ustozidir, Hayyon esa Talhat ibn Hubayrat ash-Shayboniyning ustozi edi.

Hayyon ulugʻ va qadrli kishi boʻlgan. U Xurosonga borgan va kofirlar Qutaybani Buxoro darvozasi oldida qurshab olgan vaqtda Qutayba bilan Soʻgʻd maliki Tarxun oʻrtasida sulh tuzgan. Keyin ana shu Hayyon Fargʻonada askar shaylagan va bu askar Qutaybani oʻldirgan[120]. Havzi Hayyon uning nomiga qoʻyilgan.

Qutaybaning qabri Fargʻonada mashhur boʻlib, u «Raboti Sarhang» degan joyda, Koh deb ataladigan bir qishloqda oʻrnatilgan. Viloyatlardan odamlar ziyorat uchun hamisha u yerga borib turadilar. Qutayba shahid etilganida u ellik besh yoshda edi. Xudo undan rozi boʻlsin.

XXIV. Somoniylar Va Ularning Nasabi Haqida

Asad ibn Abdulloh al-Qushayriy Xuroson amiri qilib tayinlangach, Xoʻrosonga keldi va bir yuz oltmish oltinchi yilda (15 avgust 782—4 avgust 783)[121] dunyodan oʻtgunicha oʻsha yerda boʻldi. Aytishlaricha, u yaxshi ishlarni qiluvchi va bahodir kishi boʻlib, koʻngli arablar ham yerli xalqlarning qadim ulugʻ oilalariga gʻamxoʻrlik qilishga va aslzodalarni doʻst tutishga moyil edi. Somoniylarning bobosi boʻlmish Somonxudot Balxdan qochib Marvga, uning oldiga kelganida u Somonxudotni izzatladi va himoya qildi, uning dushmanlariga qahr qilib Balxni unga qaytarib berdi[122]. Somonxudot uning qoʻlida (islom dinini) qabul etdi. Uning Somonxudot deyilishiga sabab shuki, u bir qishloq barpo qilib, unga Somon deb nom berdi va Buxoro amirini Buxorxudot deb ataganlaridek uni ham shu qishloq nomi bilan (Somonxudot deb) atadilar. Somonxudotdan bir oʻgʻil tugʻilganida u Asad Qushayriyni doʻst tutganidan oʻgʻliga Asad ismini berdi. Shu Asad Amiri moziy, (ya’ni) marhum amir Ismoil Somoniyning bobosidir. Ismoil Asadning oʻgʻli, Asad Somonxudotning oʻgʻli, Somonxudot esa Bahrom Choʻbin malikning avlodlaridandir. Oʻsha vaqtdan boshlab somoniylar davlati kundan-kunga rivoj topib, nihoyat yetgan martabasigacha yetdi.

Ahmad ibn Muhammad ibn Nasrning aytishicha, Muhammad ibn Ja’far oʻz kitobida Muhammad ibn Solih al-Laysiy va Abu-l-Hasan Maydoniydan[123] keltirib mana shunday rivoyat qilgan: Asad ibn Abdulloh al-Qushayriy zamonida bir kishi chiqib Buxoro aholisini (islom diniga) da’vat qilgan. Buxoroliklar bundan oldinroq zimmiy boʻlib, jizya toʻlab turar edilar[124]. (Haligi kishining da’vatiga) bir jamoa odamlar ijobat etib musulmon boʻldilar. Buxoro podshohi Tagʻshoda edi. U oʻzi yashirin ravishda kofir boʻlganligi uchun bundan gʻazablandi va Xuroson amiri Asad ibn Abdullohga (quyidagicha) xat yozdi: «Buxoroda bir kishi paydo boʻlib, viloyatni betinch qilyapti va bir guruhni bizga qarshi koʻtardi; u guruh biz musulmon boʻldik deb yolgʻon aytadilar, ular tillaridagina musulmon boʻlganlar, dillarida esa oʻzlarining oʻsha ilgarigi e’tiqodlari bilan mashgʻullar, Shu bahona bilan ular viloyat va mamlakatni betinch qilmoqdalar va xiroj toʻlamayaptilar». Shu sababli Asad ibn Abdulloh oʻzining soliq yigʻuvchisi Sharik ibn Harisga xat yozib unga: «Oʻsha odamlarni qoʻlga olib Buxoro podshohiga topshir, toki u nimani xohlasa shuni qilsin»,— deb buyurdi. Aytishlaricha, u guruh masjidda boʻlib hammalari baland ovoz bilan «Ashhadu an lo iloha illollohu va ashxadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu»,— deyishar va «vo Muhammado», «vo Ahmado» deb faryod qilishar ekanlar. Tagʻshoda Buxorxudot ularning kallasini olar va ularga shafqat qilishni soʻrashga hech kim botina olmas edi. Nihoyat ularga yuz kishining boshini oldirdi va dorga ostirdi, qolganlarinn esa Asad ibn Abdulloh nomidan asir qilib,uning oldiga Xurosonga yubordi. Bu jamoadan hech biri islom dinidan qaytmadi; kimki (tirik) qolgan boʻlsa, u islom dinida qoldi, Asad ibn Abdulloh bu jamoani islom dinidan qaytarmadi va Tagʻshoda Buxorxudot oʻlganidan keyin u jamoa Buxoroga qaytib keldi. Yana xudo bilimdonroq.

XXV. Nasr (Ibn Sayyor Zikri)[125] Va Tagʻshodaning Oʻldirilishi

Mana shu bir yuz oltmish oltinchi yili (15 avgust 782—4 avgust 783) Asad ibn Abdulloh oʻldi va Hishom ibn Abdulmalik ibn, Marvon[126] Xurosonga amir qilib Nasr ibn Sayyorni tayinladi va unga Xurosonni idora qilish uchun farmon yubordi. U Movarounnahrga kelib turklar bilan gʻazot qildi va Fargʻonani fath etib ularni tarqatib yubordi, oʻzi esa Samarqandga qaytdi. U Samarqandga yetib kelganida, Tagʻshoda Buxorxudot uning oldiga bordi. Nasr (ibn Sayyor) uning qizini oʻziga soʻratganligi boisidan uni izzat-hurmat qilar edi. Tagʻshoda Yuqori Xunbundagi «Koraki alaviyon»—«Ali avlodining ekinzori» deb atalgan yerlarni unga bergan edi.

Tagʻshoda Nasr ibn Saybrning oldiga kelganida u oʻz saroyining darvozasida oʻtirgan edi. Shu vaqt ramazon oyi boʻlib, kun botish payti edi. Nasr ibn Sayyor Buxorxudot bilan soʻzlashib turgan edi, Buxorodan ikkita dehqon keldi. Ular ikkovi ham Buxorxudotning qarindoshlaridan va buzurgzodalardan boʻlib, Nasr ibn Sayyor qoʻlida islom dinini qabul etgan edilar. Ular Nasr ibn Sayyor huzurida Buxorxudot zulmidan shikoyat qilib: «Buxorxudot bizning qishloqlarimizni tortib oldi»,— dedilar. Buxoro amiri Vosil ibn Amir ham shu yerda edi, uning zulmidan ham shikoyat qilib: «Bular ikkovi bir-birini qoʻllab odamlarning mulklarini tortib olmoqdalar»,— dedilar. (Shu vaqt) Tagʻshoda Nasr (ibn) Sayyorga sekin-sekin (bir narsani) soʻzlar edi, ular bundan: «Tagʻshoda Nasr ibn Sayyordan bizni oʻldirishni iltimos qilyapti»,— deb gumon qildilar va ikkalasi (bir) qarorga kelib, bir-birlariga: «Buxorxudot bizni oʻldirmoqchi ekan, biz (undan oldinroq) oʻz koʻnglimizni bir quvontiraylik»,—dedilar. Tagʻshoda Nasr (ibn) Sayyorga: «Ey amir! Bular ikkalasi sening qoʻlingda islom dinini qabul etgan edilar-ku, nima, uchun ular bellariga xanjar bogʻlaganlar?»— degan edi, Nasr ibn Sayyor ulardan: «Nima uchun belingizga xanjar bogʻlab oldingiz?»—deb soʻradi, ular: «Buxorxudot bilan bizning oramizda adovat bor, biz oʻzimizni undan xotirjam deb hisoblamaymiz», deb javob berishdi. Nasr (ibn) Sayyor Horun ibn Siyovushga buyurib ularning bellaridan xanjarlarini yechtirdi va gʻazab bilan qaradi. U ikki dehqon nariroq turib ularni oʻldirish chorasini koʻrdilar. Nasr ibn Sayyor namoz oʻqimoqqa turib takbir tushirdi va imomlikka oʻtib namoz oʻqishga boshladi. Buxorxudot esa namoz oʻqimay kursida oʻtirar, chunki u haligacha yashirin ravishda kofir edi.

Nasr ibn Sayyor namozdan forigʻ boʻlgach, sarpardaga kirdi va Tagʻshodani chaqirdi. Tagʻshoda saroy darvozasiga kelganida oyogʻi toyilib yiqildi, (shu payt) u ikki dehqonning biri yugurib keldi-da, Buxorxudotning qorniga pichoq urib, qornini yordi. Ikkinchi dehqon esa xanuz namoz oʻqishni davom ettirayotgan Vosilning oldiga borib unnng qorniga xanjar urdi; Vosil uni koʻrgai zahotiyoq tezda qilich urib, u dehqonning kallasini uzib tashladi va ularning har ikkalasi ham bir vaqtda oʻldilar. Buxorxudotga xanjar urgan dehqonni Nasr (ibn) Sayyorning farmoni bilan oʻldirdilar. Buxorxudotni esa darhol saropardaga oldilar. Nasr (ibn) Sayyor uni oʻzining oʻrniga suyantirib oʻtirgʻizdi va tajribali tabib chaqirib uni davolashga buyurdi. (Shunda) Buxorxudot vasiyat qilar edi, bir soat vaqt oʻtgach, jon berdi, uning xizmatkorlari kirdilar va goʻshtini ajratib (tashlab) suyagini Buxoroga olib keldilar. U oʻttiz ikki yil podshoh boʻlib turdi. Nasr (ibn) Sayyor Vosil ibn Amirga janoza oʻqib oʻz saropardasiga koʻmdirdi. Bishr ibn Tagʻshodani Buxorxudotlikka oʻtirgʻizdi va Xolid ibn Junaydni Buxory amirligiga tayinladi. Yana xudo bilimdonroq.

XXVI. Sharik Ibn Shayx Al-Mahriy[127]

U arablardan boʻlib Buxoroda yashagan va jangovar kishi boʻlgan. U shiy’a mazhabidan edi. U odamlarni Amirul-mu’minin Alining,—xudo undan rozi boʻlsin,— avlodidan (birini) xalifa qilishga chaqirar va: «Biz marvoniylar[128] qiynogʻidan endigina qutuldik, abbosiylar[129] zulmiga tutilishimiz kerak emas, paygʻambarning xalifasi paygʻambar avlodidan boʻlishi kerak»,— der edi. Unpng atrofiga koʻp xalq yigʻildi. Buxoro amiri Abduljabbor nbn Shuayb edi, u Sharikka bay’at qildi. Xorazm amiri Abdumalik ibn Harsama hamda Barzam[130] amiri Muhallad ibn Husaynlar ham unga bay’at qilib ittifoqlik bildirdilar va hammalari Sharikning chaqirigʻini oshkora qilishga va kimki ularga qarshi kelsa urush qilishga qaror berdilar. Bu xabar Abu Muslimga[131] borib yetdi, u Ziyod ibn Solihni oʻn ming kishi bilan Buxoroga yubordi va unga: «Amuga yetganingda oʻsha yerda toʻxtab, aygʻoqchilaringni yubor, ular isyonkor Sharik ahvolidan xabar bersinlar, Buxoroga ehtiyotlik bilan yurgin»,— deb ta’kidladi. Marhum Abu Muslimning oʻzi Marvdan chiqib Omuy yoʻli bilan bir manzil yurib Kashmizda[132] lashkargoh qurdi va har tomondan lashkarini yigʻib Ziyod ibn Solihga: «Men shu yerda turaman, agar senga (yana) lashkar kerak boʻlib qolsa xabar ber, men yuboraman»,—dedi.

Ziyod Buxoroga (yaqin) kelib lashkargoh qurdi. Sharik iba Shayx (ham) koʻp sonli lashkar bilan Buxoro darvozasida lashkargoh qurdi; butun Buxoro aholisi Abu Muslimga qarshi urushish uchun Sharikka ittifoqlik bildirdilar. Oʻttiz yetti kun davomida urushdilar, Shayx oʻgʻli gʻalaba qozonmagan hech bir kun boʻlmadi, Ziyod ibn Solih lashkaridan esa har kuni koʻp kishilar oʻlar va asir tushar edi. Nihoyat Hayyoni Nabatiyning ustozi Sulaymon Qurayshiy besh yuz askar bilan shahar darvozasiga bordi. Hamza Hamadoniy Buxoro shaharidan unga qarshi chiqdi. Sulaymon toʻrt yuz kishini pistirmaga yashirib qoʻyib, oʻzi yuz kishi bilan Hamza Hamadoniyga qarshi urushga yurdi. Hamza uning askari shu miqdordan ortiq emas degan gumon bilan yaqin kelib jang boshlagan edi, u toʻrt yuz kishi pistirmadan chiqib Hamza askarlarining koʻpini halok qildilar, qolganlari shaharga qochishdi. Qutayba ibn Tagʻshoda Buxorxudot oʻn ming odam bilan kelib sipoh alomatini oshkora qildi[133] va Ziyod ibn Solih bilan birgalikda (Sharikka qarshi) jangga kirishdi. Uning buyrugʻi bilan koʻshklarning darvozalarini ochdilar. Buxoro shahrining darvozasida yetti yuzta koʻshk bor edi, uning farmoni bilan koʻshkdagilar ham sipoh alomatini oshkoro qildilar. Bu koʻshklardagi kishilar shahardagilardan koʻra koʻp edi. Lekin shaharda yerli xalq bilan birga arablar turar, koʻshklarda esa arablardan biror kishi ham yoʻq edi. Buxorxudot qishloq xalqiga va koʻshklarda turuvchilarga Sharik lashkariga darvozalarni berkitishni, ularga oziq-ovqat va yem-xashak bermaslikni, oziq-ovqat va yem-xashakni Ziyod lashkargohiga olib borishni buyurdi.

(Shunday qilib) har yoʻl bilan Sharik lashkariga qiyinchilik tugʻdirdilar va Sharik lashkari tanglikda qoldi: oʻzlari och qoldilar, otlari (ham) yem-xashaksiz qolib urushga yaramadi. Ular tadbir koʻrishib, bizga shahardan oziq-ovqat va yem-xashak yetkizishar, shahardan boshqa lashkarlar ham chiqib bizga qoʻshilar degan umid bilan shahar darvozasiga yaqinroq borishga, orqa tomonni shahargayu yuzni dushmanga qaratishga qaror qildilar. Lekin yoʻlda Ziyod va Buxorxudotning lashkargohi boʻlganligi tufayli kunduzi yurishga imkoniyat topmay, kechasi yoʻlga chiqdilar. Shahardan bir farsang uzoqlikdagi masofaga yetganlarida Ziyod bundan xabardor boʻlib qarshi chiqdi va ularning yoʻllarini toʻsdi. Ikki lashkar qattiq jang qildilar; Ziyod va Buxorxudot lashkari magʻlubiyatga uchradi. Buxorxudot (Ziyodga): «Yaxshisi shuki, biz dushman lashkarining orqa qismiga hujum qilaylik; agar biz ularning oldilariga oʻtsak ular (lashkarning) biror joyiga hujum qilib (yorib) oʻtadilar va bizning ishimiz ogʻirlashadi. Agar biz orqadan hujum qilsak, ularning oldimgi qismlari oʻzini shaharga olgan boʻladi-yu, (lekin) tezlik bilan qaytib jangga kirishishga (majbur boʻladi), bu esa biz uchun qoʻl keladi»,— dedi. Ana shu maslahatni amalga oshirib, Ziyod va Buxorxudot lashkarlari orqada qoldilar hamda (dushman lashkarining) ba’zi qismlari oldinga qarab joʻnagan paytda orqa qismlariga hujum qilib urush boshladilar; lashkarlar yoʻl-yoʻlakay jang qilib Navkandaga yaqinlab yetdilar. Buxorxudot Ziyod ibn Solihga: «Bu qavm ochiqib qolgan, ular bu yil uzum va qovun koʻrganlari yoʻq, yeganlari ham yoʻq, ular Navkandaga yetganlarida oʻz hollariga qoʻyaylik, toki ular uzum, qovunga ovora boʻlib qolsinlar va oldingi qismlari shaharga yetib olsin, ana shunda biz ularga hujum qilamiz», -dedi.

Sharik lashkari Navkandaga yetgach uzum, qovun va (boshqa) meva qidirib tarqalib ketdi; uning oldingi qismi esa shaharga yetgan edi. Shu vaqt Buxorxudot va Ziyod ularga hujum qilib koʻp kishini oʻldirdilar, qolganlari qochib ketishdi. Shu asnoda u jamoani (oʻz mazhabiga) da’vat qilayotgan Sharik ibn Shayx otidan yiqildi va oʻldirildi.

Ziyod ibn Solih hozirda «Masjidi Magʻok» deb ataladigan Mox darvozasiga — anhor labiga kelib tushdi va shaharga oʻt qoʻyishga buyurdi; shahar uch kecha-kunduz davomida yondi. Ziyod: «Har kim shahardan chiqsa unga omonlik beriladi»,— deb jar chaqirtirdi; ular shahardan chiqsinlar deb lashkarni shahardan uzoqroqqa qoʻygan edi. Sharikning oʻgʻli va uning lashkar boshliqlaridan biri shu kechasi shahar darvozasiga kelgan edilar, har ikkalasini ham tutib Ziyodning oldiga olib bordilar va unint farmoni bilan ikkovini dorga osdilar. Shundan keyin shahar xalqi qoʻrqib qolib bu chaqiriqka tashqari chiqmadilar.

Uch kundan keyin Ziyod shahar darvozasiga kelib Buxorxudotning Registondagi hisor darvozasida boʻlgan koʻshkiga tushdi va lashkariga shahar darvozasiga borishga buyurdi. Yana urush boshlanib, jang qilishar va shunday takbir aytar edilarki, undan yer larzaga kelar edi. Jang qattiq boʻldi. Tanilgan mashhur kishilardan bir qanchasi shahardan chiqdilar. Attorlar darvozasida urush boʻldi va shahar aholisidan koʻp kishi oʻldirildi. Ziyodning buyrugʻi bilan shahar aholisidan kimniki tutsalar shahar darvozasida dorga osa berdilar va nihoyat shaharni oldilar.

Buxoro ishidan xotirjam boʻlgach, Ziyod Samarqandga ketdi. U yerda koʻp urushlar qildi va yana Xuroson tomonga qaytib ketdi. Yana xudo bilimdonroq.

XXVII. Muqannaning Xuruji Va Uning Tobelari Oq Qiyimliqlar

Ahmad ibn Muhammad ibn Nasrning aytishicha, Muhammad ibn Ja’far bu faslni oʻz kitobida keltirgan-u, lekin toʻla bayon etgan emas. «Axbori Muqanna» (nomli kitob)ning muallifi Ibrohim va Muhammad ibn Jarir at-Tabariylarnipg aytishlaricha[134], Muqanna Marv atrofi aholisidan, Koza deb atalgan qishloqdan boʻlib, nomi Hoshim ibn Hakim edi. U ilgari kudunggarlik qilar edi, keyin esa ilm oʻrganishga mashgʻul boʻldi va har xil ilmlarni: koʻzboʻyamachilik, sehr va tilsim ilmlarini oʻrgandi. Koʻzboʻyamachilikni yaxshi bilib olib, paygʻambarlik da’vosini ham qildi va uni Mahdiy ibn Mansur[135] hijratning bir yuz oltmish yettinchi yilida (5 avgust 783—23 iyul' 784) oʻldirdi. Muqanna koʻzboʻyamachilikni oʻrgangan va gʻoyatda ziyrak boʻlib qadimgi (olimlar) ilmlariga oid koʻp kitoblarni oʻqigan va jodugarlikda ustoz boʻlgan edi. Uning otasining nomi Hakim boʻlib, u Abu Ja’far Davonaqiy davridagi[136] Xuroson amiri lashkarboshilaridan biri edi, U Badxdan chiqqan edi.

Hoshim ibn Hakimni Muqanna deyishlariga sabab shu ediki, u juda xunuk, boshi kal va bir koʻzi koʻr boʻlganidan hamisha boshi va yuziga koʻk parda tutib yurar edi. Shu Muqanna Abbosiylar da’vatchisi Abu Muslim zamonida Xuroson lashkarboshilaridan biri boʻlib, Abduljabbor Azdiyga[137] vazir boʻldi va paygʻambarlik da’vosini qildi va bir qancha vaqt shu da’voda turdi. Abu Ja’far Davonaqiy odam yuborib uni Marvdan Bagʻdodga oldirib keldi va bir necha yil davomida zindonda tutdi. Shundan keyin u zindondan qutulib yana Marvga qaytib keldi va odamlarni yigʻib: «Mening kim ekanimni bilasizmi?»—deb soʻradi. Odamlar: «Sen Hoshim ibn Hakimsan»,— dedilar. U: «Yanglishdingiz, men sizning va butun olamning xudosiman»,— ogʻziga tuproq.— va yana: «Oʻzimnn qanday nom bilan atashni istasam atayberaman»,— dedi hamda; Men xalqqa oʻzimni Odam (ato) suratida, keyin Nuh suratida, keyin Ibrohim suratida, keyin Muso suratida, soʻng Iso suratnda, keyin Muhammad mustafo,— xudo unga rahmat va salomini yoʻllasin,—suratida, keyin Abu Muslim suratida koʻrsatgan zotman, endi esa mana oʻzingiz koʻrib turgan suratdaman»,— dedi, Odamlar: «Boshqalar paygʻambarlik da’vosini qilgan edilar, sen esa xudolik da’vosini qilayapsan»,— dedilar. Muqanna: «Ular nafsoniy edilar, men esa ruhoniyman va ularning (badanlari) ichida edim, menda shunday qudrat borki, oʻzimni qanday suratda koʻrsatishni istasam shunday suratda koʻrsata beraman»,— dedi.

Muqanna har bir viloyatga noma yozib, oʻzining doiy (tashviqotchi) lariga berdi. Nomaga mana shularni yozdi: «Rahmli va mehribon tangri nomi bilan, sayyidlar sayyidi Hoshim ibn Hakimdan falonchi oʻgʻli falonchiga, hamd xudoga boʻlsin, undan boshqa xudo yoʻq. U Odamniig ham, Nux, Ibrohim, Iso, Muso, Muhammad va Abu Muslimlarning ham xudosidir. Soʻngra (soʻz shuki), qudrat. egalik, izzat va hujjat Muqannanikidir; menga imon keltiring va bilingki, podshohlik menga xos,— unga la’natlar boʻlsin,— azizlik va xudolik meniki, mendan boshqa xudo yoʻq,— ogʻziga tuproq —kimki menga imon keltirsa, jannat oʻshaniki, kimki menga imon keltirmasa doʻzax uniki».

U hali Marvda turgan vaqtidayoq har yerga doiylarini yubordi va koʻp xalqni yoʻldan ozdirdi. Marvda arabladan Abdulloh ibn Amin nomli bir kishi bor edi, u Muqannaga imon keltirdi va qizini unga xotinlikka berdi. Ana shu Abdulloh Jayhundan oʻtib Naxshab va Kesh[138] shaharlariga keldi va har yerda xalqni la'nati Muqanna diniga chaqirib, koʻp kishini yoʻldan ozdirdi. (Bundaylar) Kesh shaharida va uning qishloqlarida koʻproq edi. Dastlab Muqanna diniga kirgan va uning dinini yuzaga chiqargan qishloq Keshning Subax nomli qishlogʻi boʻlib, qishloq aholisining ulugʻ kishisi Umar Subaxiy edi. Ular qoʻzgʻolon koʻtardilar. Ularning amiri arablardan boʻlib, porso bir kishi edi, uni oʻldirdilar. Soʻgʻdning koʻpchilik qishloqlari Muqanna diniga kirdi, Buxoro qishloqlaridan koʻp kishilar kofir boʻlib, kofirlikni oshkor qildilar. Nihoyat bu fitna ulgʻayib ketdi va musulmonlar uchun qattiq balo boʻldi; (muqannachilar) karvonlarni urib qishloqlarni talar va koʻp vayrongarchiliklar qilar edilar.

Muqannaning Movarounnahrga borish sababi bunday edi: Muqanna voqeasi xabari Xurosonga yoyilgach, Xuroson amiri boʻlgan Humayd ibn Qahtaba uni tutishga buyurdi. Muqanna esa oʻz qishlogʻidan qochib, berkinib yurar edi. Oxiri Muqannaga Movarounnahr viloyatida koʻp xalq uning diniga kirgani va shu dinning tarqalgani ma’lum boʻldi va u Jayhundan oʻtishga qasd qildi. Xuroson amiri: «Jayhun daryosi labida uni soqchilar poylab tursinlar»,— deb buyurgan edi; Muqanna Jayhun daryosidan oʻtmoqchi boʻlsa uni tutib olish uchun yuzta otliq askar Jayhun qirgʻogʻida yuqori va quyi tomon hamisha yurib turdilar. Muqanna oʻttiz olti kishi bilan Jayhun daryosi labiga kelib sol tayyorlab Jayhundan oʻtdi va Kesh viloyatiga bordi. U viloyat Muqannaga boʻysundi va xalq unga ragʻbat qildi. (Shu viloyatdagi) Som togʻi tepasida gʻoyatda mustahkam bir hisor boʻlib, unda oqar suv, daraxtlar va ekin yerlar bor edi. Bu hisor (ichida) undan ham mustahkamroq yana bir hisor bor edi. Muqanna uni tuzatishga buyurdi va uni tuzatdilar. Muqanna u yerga koʻp mol va behisob oziq-ovqat yigʻdi. Soqchilar tayinladi. Oq kiyimliklar koʻpayishib ketdilar va musulmonlar ularga qarshi tadbir qoʻllashdan ojiz qoldilar. Bu ovoza Bagʻdodga borib yetdi; oʻsha vaqtda Mahdiy xalifa edi, u juda qaygʻurib, Muqannaga qarshi kurashish uchun koʻp lashkar yubordi va oxiri bu fitnani daf qilish maqsadida oʻzi ham Nishopurga keldi. Mahdiy islom dini xarob boʻlib Muqanna dini butun dunyoga tarqalishi xavfidan qoʻrqar edi.

Muqanna turklarni chaqirdi hamda musulmonlarning qoni va molini ular uchun halol qilib (hukm chiqardi). Turkistondan tllonchilik tamasida koʻp lashkar keldi. Ular viloyatlarni talar, musulmonlarning xotin va bolalarini asir qilib olar, oʻldirar edilar. Ular dastlab Buxoroda paydo boʻldilar.

Muqannaning hammaslaklari boʻlgan oq kiyimliklardan bir guruhi Numijkat deb atalgan bir qishloqqa bordilar va kechasi masjidga kirib muazzinni oʻn besh kishi bilan birgalikda oʻldirdilar; butun qishloq aholisini ham oʻldirdilar. Bu voqea bir yuz ellik toʻqqizinchi yilda (31 oktabr' 775—18 oktabr' 776) sodir boʻldi. (Bu vaqtda) Buxoro amiri Husayn ibn Maoz edi.

Muqanna toifasining kattalaridan buxorolik Hakim (ibn) Ahmad nomli bir kishi boʻlib. u bilan birga yana uchta lashkarboshi bor edi. Ulardan birining nomi Xashviy, ikkinchisiniki Bogʻiy boʻlib, bu ikkovi Fuzayl koʻshkidan edilar. Uchinchisining nomi — Girdak; u Gʻijduvon qishlogʻidan edi. Bularning har uchchalasi ham jangovar kishilar boʻlib ayyor, bosqinchi va oʻgʻri edilar. Ularning qishloq aholisini oʻldirganligi xabari shaharga yetgach, Buxoro aholisi jam boʻldilar va amirning oldiga borib: «Bu oq kiyimliklar bilai albatta jang qilishimiz kerak»,— dedilar. Bir yuz ellik toʻqqizinchi yil rajab oyida (aprel'—may 776) Husayn ibn Maoz oʻz lashkari bilan va Buxoro qozisi Omir ibn Umar ibn Imron Buxoro aholisi bilan chiqib Narshax qishlogʻiga bordilar,— hozir bu qishloqni Narjaq deydilar,—va oq kiyimliklar qarshisida lashkargoh tuzdilar.

Shunda Buxoro qozisi: «Biz ularni haq dinga chaqiramiz, ular bilan urushish biz uchun munosib emas».— dedi. Keyin qozi yaxshi tadbirkor odamlar bilan birga ularni haq dinga chaqirish uchun qishloqqa kirdi. Oq kiyimliklar: «Biz bu siz aytayotgan narsalarni bilmaymiz»,— deb kundan-kunga kofirliklarini kuchaytirdilar va nasihatni qabul qilmadilar. Shundan keyin jang boshlanib ketdi. Birinchi boʻlib oq kiyimliklarga hamla qilgan kishi arablardan Naim ibn Sahl nomli kishi edi. U koʻp urushlar qilib bir qancha kishini oʻldirdi va oxir oʻzi ham oʻldirildi. Oq kiyimliklar yengildilar, ulardan yetti yuz kishi oʻldirildi va qolganlari qochdilar. Shu bilan oʻsha kun tamom boʻldi.

Ertasiga tong otgach, oq kiyimliklar elchi yuborib musulmonlardan omon soʻradilar va: «Biz musulmon boʻldik»,— dedilar. Musulmonlar ular bilan sulh tuzib, sulhnoma yozdilar va ularga bundan buyon yoʻlkesarlik qilmaslik, musulmonlarni oʻldirmaslik, oʻz qishloqlariga tarqalish, oʻz amirlariga boʻysunish shartlarini qoʻyib xudo va paygʻambar ahdini ularga mahkam yukladilar. Shaharning hamma kattalari sulhnomaga qoʻl qoʻydilar.

Musulmonlar qaytib ketgach, ular ahdlaridan qaytib yana yoʻlkesarlik bilan mashgʻul boʻldilar. Ular musulmonlarni oʻldirlr va endigina bosh tortgan koʻk ekin (don)larni Narshax hisoriga olib ketar edilar. Musulmonlarning ishi qiyinlashdi. Xalifa Mahdiy oʻz vaziri Jabrail ibn Yah’yoni Muqannaga qarshi urushga yubordi. U Buxoroga kelib Muqannaga qarshi jangga yurish uchun Darvozayi Samarqandda lashkargoh qurdi. Husayn ibn Maoz uning oldiga borib: «Sen (avval) oq kiyimliklarga qarshi urushda menga yordam ber, bu ishdan boʻshagach, biz sen bilan birga Muqannaning (oʻziga) qarshi urushga boramiz»,— dedi,

Jabrail bu taklifni qabul etdi-da, lashkarini oyoqqa turgʻizib Narshax qishlogʻiga bordi, qishloq atrofiga handaq qazishga buyurib, handaq ichini lashkargoh qildi; oq kiyimliklar kechasi chiqib hujum qilib qolmasinlar deb lashkariga hushyor boʻlib turishga buyruq berdi. Xuddi u aytgandek boʻlib chiqdi; oq kiyimliklar dastlabki kechadayoq qishloqdan chiqib hujum qilib koʻp vayronlik keltirdilar. Buxoro amiri Husayn ibn Maoz Jabrailga koʻp mehribonlik koʻrsatib, undan to bu ish tamom boʻlgunicha Keshga ketmay Buxoroda boʻlishini soʻradi.

Jabrail urushni boshlab yubordi. Toʻrt oy mobaynida ertayu kech uzluksiz urushdilar, oq kiyimliklar gʻalaba qozonmagan bir kun ham boʻlmadi. Musulmonlar chorasiz qolib tadbir izlashga tushdilar. Molik ibn Forim: «Men bir tadbir koʻrsataman»,— dedi-da, lashkargohdan to hisor devorigacha ariq kavlashga buyurdi va u yerga qurolli kishilarni yuborib qancha joy kavlasalar uni choʻp, qamish va tuproq bilan mustahkamlab berkitib borishga buyurdi. (Shu tarzda) hisor devori tagigacha qazib yetdilar va (hisor devori tagini) ellik gaz miqdorida kavlab ustunlar qoʻyib mahkamladilar. Ellik gaz joy kavlanib boʻlgach, uni oʻtin bilan toʻlgʻizib neft' sepdilar-da, u ustunlar yonib qoʻrgʻon devori yiqilsin deb oʻt qoʻyib yubordilar. Ammo olov yonmadi, chunki olov yonishi uchun unga shamol tegishi kerak. Hisor ichnda esa shamol oʻtadigan yoʻl yoʻq edi. Hisorning tagi kavlangan minorasiga palaqmonlarni toʻgʻrilab qoʻyib tosh otgan edilar, teshik ochilib shamol chiqishga yoʻl topdi, olov olib ustunlar yondn va hisor devorining ellik gazcha joyi yiqildi.

Musulmonlar qilichbozlikka kirishib koʻp kishini oʻldirdilar, qolganlar omonlik tilab, ilgarigi ahdnomaga muvofiq musulmonlarni ranjitmaslik, oʻz qishloqlariga qaytib ketish, oʻz ulugʻlarini xalifa oldiga yuborilishiga (rozi boʻlish) va oʻzlari bilan, birga qurol-yarogʻ olib yurmaslik shartlari bilan sulh tuzdilar va (qishloqdan) tashqari chiqib handakdan oʻtdilar. (Ammo) ular yashirin suratda qurolga ega edilar. Oq kiyimliklarning kattasi boʻlgan Hakimni Jabrail oʻz oʻgʻli Abbosga topshirib: «Buni olib borib saropardaga qoʻy va yashirin ravishda oʻldir»,— dedi. Uning amriga muvofiq ish qilib Hakimni saropardaga olib bordilar. Oq kiyimliklar uzoqdan (qarab) turgan edilar. Jabrail saropardaga borgan edi, oq kiyimliklar Hakimning doʻsti boʻlgan Hashviyni yuborib u orqali Jabrailga: «Biz Hakimni olmasdan ketmaymiz»,— dedilar. Hashviy yangi etik kiygan edi. U Jabrailga shu soʻzlarni aytib turgan ediki, Jabrailning oʻgʻli Abbos kelib: «Hakimni oʻldirdim»,—dedi. Jabrailning buyrugʻi bilan darhol Hashviyni otdan tushirib oʻldirdilar. Oq kiyimliklar qichqirishib qurollarini qoʻlga oldilar va jang boshlanib ketdi. Jabrail butun lashkarini otga minishga buyurdi. Ilgarigidan kuchliroq urush boʻldi. Qattiq janglar qildilar va oxiri oq kiyimliklar yana yengilib, ulardan koʻp xalq oʻldirildi, tirik qolganlara qochdilar.

Narshax qishlogʻining hukmdori bir xotin kishi edi, uning erining nomi Sharaf boʻlib Abu Muslimning lashkarboshisi boʻlgan va marhum Abu Muslim uni oʻldirgan edi. Bu xotinni Jabrailning oldiga olib keldilar, u bilan amakisining bir koʻr oʻgʻli birga keldi, u bagʻoyat palid va badkor edi. Jabrail u xotinga: «Abu Muslimning gunohidan kech!»—dedi. Xotin: «Abu Muslim deb musulmonlarning otasiga aytiladi, mening erimni oʻldirgandan keyin u musulmonlarning otasi boʻladimi?!»—dedi. Jabrailning buyrugʻi bilan xotinni belidan ikki boʻlib tashladilar va amakisining oʻgʻlini ham oʻldirdilar

(Hakimiing lashkar boshliqlaridan biri boʻlgan) Girdak Muqannaning oldiga ketdi. Ulardan biri — Bogʻiy esa urushda oʻldirildi. Jabrail Soʻgʻd oq kiyimliklarning dillariga qoʻrqinch solish uchun oʻldirilgan (boshliq)lar kallasini Soʻgʻdga olib bordi. Soʻgʻd aholisiga Muqannaning lashkar boshliqlaridan Soʻgʻdiyon nomli bir kishi amir boʻlgan edi; Soʻgʻd aholisi u bilan ittifoq boʻldilar. Jabrail Soʻgʻd aholisi bilan koʻp urushdi va oxiri Buxoro aholisidan bir kishi Soʻgʻdiyonni oʻldirdi va bu qavm tarqalib ketdi.

Jabrail u yerdan Samarqandga bordi va to Maoz ibn Muslim Xurosonga amir boʻlguniga qadar[139] turklar va oq kiyimliklar bilan koʻp urushlar qildi.

(Maoz ibn Muslim) bir yuz oltmish birinchi yilda (9 oktabr' 777—27 sentabr' 778) Marvga keldi va bu yerdan ish boshlab Omuy biyoboniga kirib ketdi. Buxoroga yetganida Buxoro aholisi (orasidagi) dehqonlar jangchi kishilarni yigʻdilar; besh yuz yetmish ming kishi yigʻildi. Maoz ibn Muslimning farmoni bilan urush qurollarini koʻplab tayyorladilar; u hunarmandlarning lashkar ichida ish beradpgan har bir jinsidan uch ming ishchi kishini teshalar, bellar, toʻqmoq va boltalar bilan ta’minlab muhayyo qilib qoʻydi; palaqmonlar, narvonlar va devor teshadigan qurollar ishlatdi va eng yaxshi qurollantirilgan lashkar bilan Soʻgʻdga qarab yuzlandi.

Soʻgʻdda oq kiyimliklar koʻp edilar, turk lashkari ham koʻp kelgan edi. Hariyning[140] amiri Hariydan oʻn mingta qoʻy olib kelgan edi, oʻzi bilan birga olib yurdi. Maoz ibn Muslim unga: «Dushmanimiz turklar bu yerda bizga yaqin joyda turiptilar, ular qoʻyni juda yaxshi koʻradilar, bu qoʻylarni Buxoroda qoldir yoki menga sot, men ularni lashkarga taqsim qilib berayin!»—desa u rozi boʻlmadi. Turk askarlaridan bir toʻdasi chiqib hujum qildilar-da, hamma qoʻylarni Arbinjon bilan Zarmon[141] oʻrtasidagi bir manzilga olib ketdilar. Turklar ketidan lashkar borgan edi ularning ham ba’zilarini oʻldirdilar, ba’zilari esa magʻlubiyatga uchrab qaytib keldilar.

Maoz ibn Muslim Soʻgʻd va Samarqandga borib turklar hamda oq kiyimliklar bilan ikki yilgacha koʻp urushlar qildi, goh u va goh dushman gʻalaba qozonar edi. Ikki yildan keyin u Xuroson amirligidan iste’fo berdi va Musayyab ibn Zuhayr al-Zabiy Marvda bir yuz oltmish uchinchi yil jumod al-avval oyida (yanvar— fevral 780) Xurosonga amir boʻldi va rajab oyida (mart—aprel 780) Buxoroga keldi. Shu vaqt Buxoro amiri Junayd ibn Xolid edi, uni Xuroson amiri Xorazmga yubordi.

Buxoroda Muqanna sarkardalaridan, boʻlgan Kulortegin nomli bir sarkarda bor edi, u lashkar va mulozimlar tuzib Musayyab bilan urushlar qildi.

Hikoyat: Muhammad ibn Ja’farning rivoyat qilishicha, Muqanna lashkaridan movaraunnahrliklar, turklar va boshqalardan iborat ellik minggi uning hisori darvozasiga yigʻilib, sajda va zoriy qilib undan diydor koʻrsatishni soʻradilar. Hech bir javob ololmagach, yana soʻrashda davom etib: «Oʻz egamizning diydorinn koʻrmas ekanmiz, bu yerdan qaytib ketmaymiz»,— dedilar. Muqannaning Hojib nomli bir quli bor edi, Muqanna unga: «Bandalarimga,—ogʻziga tuproq,— ayt, Muso mendan diydor koʻrsatishni soʻradi, toqat qilolmasligi sababli koʻrsatmadim. Meni koʻrgan har bir kishi toqat qilolmay darhol oʻladi»,— dedi. Ular yalinib-yolvorib yana soʻrayberdilar va: «Biz diydor istaymiz, agar oʻlsak, bu ayni muddao»,— dedilar. Muqanna: «Falon kuni keling sizga diydor koʻrsataman»,— deb va’da berdi.

Shundan keyin Muqanna hisorda oʻzi bilan turadigan xotinlarga buyurdi, ular Soʻgʻd, Kesh va Naxshab dehqonlarining qizlaridan iborat boʻlib, yuzta xotin edilar. Muqannaning shunday odati bor edi: qayerda xushroʻy xotin boʻlsa unga xabar berar edilar va Muqanna uni oldirib kelib oʻzi bilan birga saqlar edn, Hisorda u bilan birga shu xotinlar va oʻsha xos quldan boshqa hech kim boʻlmas edi. Hisordagilarning oziq-ovqat kabi ehtiyojlari boʻlsa, har kuni bir marta hisor darvozasi ochilar, tashqari tomonda esa bir vakil boʻlib, u kerakli narsalarii tayyorlar, haligi qul vakilni chaqirib u narsalarni hisor ichkarisiga olib kirgach, yana hisor darvozasini berkitar va to ikkinchi kungacha Muqannaning xunuk yuzini hech kim koʻrmas edi. Chunki u yuziga koʻk parda tutib yurar edi. Shunday qilib, u oʻsha xotinlarning har biriga oyna olib hisorning tepasiga chiqib bir-birining roʻbaroʻsida turishga va quyosh nuri yerga tushgan paytda barcha oynalarni qoʻlga olib betafovut bir-biriga roʻbaroʻ qilib tutishga buyurdi. Xalq toʻplangan edi. Quyosh nuri oynalarga tushgach, uning aksi bilan oʻsha joy nurga toʻlib ketdi. Shu vaqt Muqanna quliga: «Ana qarang! Xudo oʻz yuzini koʻrsatyapti deb bandalarimga ayt»,— dedi. Toʻplangan xalq qarab, butun jahonning nurga toʻlganini koʻrib qoʻrqdilar va hammalari birdan sajda qilib: «Ey xudo! Qudrating va ulugʻligingni shunchalik koʻrganimiz yetadi, bundan koʻproq koʻrsak yuragimiz yoriladi»,— dedilar. Ular hanuz sajdada ekanlar, Muqanna yana quliga: «Sajdadan boshlaringizni koʻtaring! Xudo sizdan rozi va gunohlaringizni kechdi deb ummatlarimga ayt»—dedi. U jamoa qoʻrqqan va vahimaga toʻlgan holda boshlarini sajdadan koʻtardilar. Shu vaqt Muqanna: «Hamma viloyatlarni sizlar uchun halol qildim. Kimki menga imon keltirmasa uning qoni, moli va farzandlari siz uchun halol»,— ogʻziga tuproq,— dedi. Shundan keyin u jamoa talonchilikka yuz oʻgirdi. Bu jamoa boshqalar oldida faxrlanib: «Biz xudoni koʻrdik»,— der edi.

Muqannaning halok boʻlish sababi. Hirot amiri boʻlgan Sa’id koʻp lashkar bilan Muqanna hisorining darvozasiga kelib qoʻndi[142], uylar va hammomlar qurib yozin-qishin shu yerda boʻldilar.

Hisorning ichida chashma, daraxtlar va ekinzorlar bor eda. Muqannaning xos kishilari va snpohi solorlar kuchli lashkar bilan hisor ichida edilar. Hisor ichkarisida, togʻ tepasida yana boshqa bir hisor boʻlib, u hisorga hech kimga yoʻl yoʻq edi. Muqanna oʻsha xotinlar bilan (shu) hisorda turar edi.

Uning odati shunday ediki, har kuni oʻsha xotinlar bilan birga ovqatlaiar va ular bilan sharob majlisiga oʻtirib sharob ichar edi. Shu tartibda u oʻn toʻrt yil hayot kechirdi. (Oxiri) Hirot amiri uning ishini ogʻirlashtirib, lashkarlari tarqalib ketdi, hisorda boʻlgan sipohi solor esa hisor darvozasini ochdi va boʻysunib tashqari chiqdi; islom dinini qabul etdi. Musulmonlar hisorni oldilar. Muqanna ichki hisorni saqlab qololmasligini tushundi.

Muhammad ibn Ja’farning Kesh dehqonlaridan boʻlgan Abu Ali Muhammad ibn Horundan rivoyat qilishicha, Abu Ali shunday degan; «Mening buvim Muqannaning oʻzi uchun olib kelib hisorda saqlab turgan xotinlari jumlasidan boʻlgan ekan. U shunday hikoya qilar edi: «Bir kuni Muqanna xotinlarni oʻz odati boʻyicha ovqat yeyishga va sharob ichishga oʻtirgʻizib, sharob ichiga zahar soldida, har bir xotin uchun bittadan xos qadah tutqizib aytdi: «Men oʻz qadahimdagi sharobni ichganimda sizlar ham qadahlaringizni butunlay boʻshatishingiz lozim». Hamma xotinlar ichdilar, men esa ichmasdan sharobni koʻylagim yoqasiga toʻkdim, Muqanna buni payqamadi. Hamma xotinlar (hushsiz) yiqilib oʻldilar; men ham oʻzimni ularning orasiga tashlab oʻlganga solib yotdim. Muqanna mening holimdan bexabar edi. Keyin Muqanna oʻrnidan turib qarab, hamma xotinlarning oʻlib yotganini koʻrdi-da, oʻz qulining oldiga bordi va qilich bilan uning kallasini kesdi. Muqannaning farmoni bilan uch kundan beri tandir qizitayotgan edilar. Muqanna oʻsha tandir oldiga borib kiyimini yechdi va oʻzini tandirga otdi. Tandirdan bir tutun chiqdi. Men u tandir oldiga borib uning vujudidan hech asar koʻrmadim. Hisorda biror tirik kishi yoʻq edi.

Uning oʻzini oʻzi kuydirishiga sabab shu ediki, u hamisha: «Qachon bandalarim menga boʻysunmasalar men osmonga chiqib u yerdach farishtalarni olib kelaman va ularni boʻysundiraman»,— der edi. Xalq: «Muqanna farishtalarni olib kelib bizga osmondan yordam berish uchun osmonga chiqib ketdi; uning dini dunyoda (abadiy) qoladi»,— desin deb Muqanna oʻzini oʻzi kuydirdi. Keyii u xotin hisor darvozasini ochdi va Sa’id Harashiy kirib u yerdagi xazinani oldi».

Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr shunday deydi: «Bu qavmdaa Kesh va Naxshab viloyatida, Koʻshki Umar, Koʻshki Xishtivon va Zarmon qishlogʻi kabi Buxoro qishloqlarida hozirda ham saqlanib kelmoqda. Ular oʻzlari Muqannaning kim ekanligidan butunlay xabarsiz boʻlsalar ham uning oʻsha dinidalar. Ularning tutgan yoʻllari shuki namoz oʻqimaydilar, roʻza tutmaydilar va junub boʻlganlarida gʻusil qilmaydilar, lekin omonatga xiyonat qilmaydilar. Bu odatlarining hammasini musulmonlardan yashirin tutadilar va musulmonlik da’vo qiladilar.

(Yana) aytadilarki ular: «Xotin xuddi gulga oʻxshaydi, uni kim hidlasa ham (baribir) kamayib qolmaydi»,— deb xotinlarini bir-birovlariga halol hisoblaydilar. Biror kishi biror xotinnnng oldiga xilvatga kirganida uy eshigida belgi qoldiradi; u xotinning eri kelib qolgudek boʻlsa xotini uyda boshqa kishi bilan birga ekanligini bilib qaytib ketadi va u kishi xilvat ishidan forigʻ boʻlgandan keyingina oʻz uyiga kiradi.

Har bir qishloqda ularning raislari boʻladi va hammalari uning farmoniga boʻysunadilar.

Hikoyat. Aytishlaricha, ularda har bir qishloqda bittadan '(tayinlab qoʻyilgan) kishi boʻlib, shu qishloqda kimki qizga uy-lanmoqchi boʻlsa qizning bakoratini avval oʻsha kishi ketkizadi, shundan keyingina qizni eriga topshiradilar. Ahmad ibn Muham-mad ibn Nasr shunday deydi: «Men qishloq keksalaridan shun-day ulugʻ ne’mal-ni u bir kishiga berib qoʻyib boshqalar oʻzlarinn undan mahrum qilishlarida qanday ma’ni bor?»— deb soʻraga-nimda keksalar: «Ularning odatlari shuki, balogʻatga yetgan har bir yigit to bir xotinga uylangunicha oʻsha odam bilan oʻz ehtiyo-jini qondirib yuradi va buning evaziga u yigit oʻz xotinining avvalgi kechasini oʻsha odamga beradi. U odam keksayib qolgani-da esa uning oʻrniga boshqa birini tayinlaydilar. Bu qishloqning erkaklari hamisha oʻsha odam bilan shu muomalani qiladi-lar. Shu ish bilan shugʻullanuvchi kishini «takona» deb ataydi-lar»,— deb javob berdilar. Lekin men bu holning haqiqatidan voqif boʻlolmadim. Bu hikoyani qishloqning keksalaridan va (mu-qannachilar)ning qishloqlarida yashovchi jamoatdan eshitdim. Xudoyo, bizni bundan saqlagin!

XXVIII. Somoniylar Hukmdorligkning Boshlanishi[143]

Somonxudotning bir oʻgʻil koʻrganligi va Asad ibn Abdulloh Qushayriyni doʻst tutganidan, oʻgʻliga Asad deb nom berganligi hyaqida yuqorida aytib oʻtilgan edi. Asadning toʻrt oʻgʻli bor edi: Nuh, Ahmad, Yahyo va Ilyos.

Rofe ibn Lays Horun ar-Rashidga qarshi xuruj qilib Samarqandni olganida Horun ar-Rashid Harsama ibn A’yaini Rofe ibn Laysga qarshi urushga yubordi. Rofe Samarqandni hisor qildi va Harsama uni qoʻlga olishdan ojiz qoldi. Bu hodisa sabab li Ma’mun Horun ar-Rashid bilan birga Xurosonga kelgan va Horunning dili shu ish bilan gʻoyat darajada mashgʻul edi. Ma’mun Asadning oʻgʻillariga xat yozib, ularga Rofe bilan urushda Harsamaga yordam berishni buyurdi. Asad oʻgʻillarining da’vatiga koʻra Rofe Harsama bilan sulh tuzdi va ular oʻrtasida quda-andalik vujudga kelib, Horun bu ishdan xotirjam boʻldi. Rofening butkul Xurosonni olib qoʻyish xavfi bor edi, (shuning uchun) bu sulhning tuzilishi Ma’mun uchun juda yoqib tushdi.

Horun mana shu safar vaqtida Tusda vafot etdi[144]. Ma’mun xalifalikka oʻtirgach[145], Gʻasson ibn Ubbod Xurosonga amir boʻldi. Ma’mun unga Asad ibn Somonxudotning oʻgʻillariga Xurosonning ayrim shaharlari hukmronligini berishni buyurdi: Gʻasson ibn Ubbod ularning har biriga oʻsha qilgan yaxshiliklari evaziga bittadan e’tiborli shaharni berdi: Nuh ibn Asadni Samarqandga, Ahmad, ibn Asadni Marvga amir qilib tayinladi. Bu (voqea) ikki yuz ikkinchi yilda (20 iyul' 817—9 iyul' 818) boʻlgan edi. Gʻasson Xuroson amirligidan bekor etilib[146] Tohir ibn Husayn Xuroson amiri boʻlganda[147] ham Tohir u viloyatlarni Asadning oʻgʻillari qoʻlida qoldirdi va ularning eng kattasi boʻlgan Nuh ibn Asadga sarpo kiygizdi. Nuh ibn Asad to dunyodan oʻtgunigacha Samarqandda boʻldi va birodari Ahmad ibn Asadni (oʻz oʻrniga) xalifa qildi. Ahmad ibn Asad olim va porso bir kishi edi, u to vafot etgunigacha[148] Samarqandda boʻldi va (vafoti vaqtida) oʻgʻli Nasr ibn Ahmad ibn Asadni oʻz oʻrniga xalifa qildi. U otasining oʻrniga oʻtirgach, ikki yuz ellik birinchi yili ramazon oyining boshida (29 sentabr' 865) shanba kuni uning nomiga xalifa Vosiq billohdan7 Movarounnahrning amirligi unga berilganligi toʻgʻrisida farmon keldi.

XXIX. Amiri Moziy Abu Ibrohim Ismoil Ibn Ahmad As-Somoniy Hukmronligining Boshlanishi

U somoniylar sulolasi sultonlarining avvalgisi boʻlib, haqiqatan ham podshohlikka loyiq va haqli edi. U aqlli, adolatli, shafqatli, fikr va tadbir egasi bir kishi edi; hamisha xalifalarga itoat izhor qilar va ularga tobe boʻlishni zarur va lozim bilardi. U ikki yuz sakson yettinchi yili rabi al-oxir oyining (aprel', 900) oʻrtasida shanba kuni Amr ibn Laysni Balxda asir etib[149] mamlakatga ega boʻldi va sakkiz yil podshohlik qildi. Ikki yuz toʻqson beshinchi yili (12 oktabr' 907—29 sentabr' 908) Buxoroda xudoning rahmatiga yetishdi. Xudo uni rahmat qilib gunohlarini kechirsin.

Amiri moziy ikki yuz oʻttiz toʻrtinchi yil shavvol oyida (aprel'—may 849) Fargʻonada tugʻildi, oʻn toʻrt yoshga yetganida otasi vafot etdi. Katta akasi amir Nasr uni juda ulugʻ tutar, u ham amir Nasrning xizmatini qilar edi.

Husayn ibn Tohir at-Tony ikki yuz oltmishinchi yili rabi al-oxir oyida (yanvar—fevral' 874) Xorazmdan Buxoroga kelganida u bilan buxoroliklar oʻrtasida urushlar boʻlib, besh kundan keyin u shaharni oldi, buxoroliklarni shahar va qishloqda turishdan man qildi va koʻp kishini oʻldirdi; xorazmliklarga bosqinchilik qilishga ruxsat berdi. Ular buxoroliklarning narsalarini musodara qilar, kechasi zoʻrlik bilan uylariga bostirib kirishar, ogʻir jnnoyatlar qilib mol olar edilar. Buxoro aholisi Husayn ibn Tohirga qarshi urushga chiqdi, koʻp kishi oʻldirildi va shaharning uchdan bir qismi kuydi. Urushda shahar aholisining qoʻli baland kelgach, Husayn ibn Tohir jarchi qoʻyib aholiga omonlik e’lon qildi. Jam boʻlib urushga tayyor turgan xalq omonlik xabarini eshitib tarqaldi; ba’zilar qishloqqa ketdilar. Husayn ibn Tohir xalq tarqalib ketganini bilib qilichni ishga soldi va koʻp kishini oʻldirdi, Xalq yana (unga qarshi) qoʻzgʻoldi va Husayn ibn Tohir yengildi. Kun boʻyi urush qildilar, kech boʻlgach Husayn koʻshkning darvozasini mahkam berkitdi. Xalq uni ushlab olish uchun koʻshk darvozasini qoʻriqlab turar edi. Husayn ibn Tohir Buxoro xirojini tamom olgan, uning hammasi gʻidrifiy diram boʻlib saroy oʻrtasiga toʻkib qoʻyilgan edi. Husayn ibn Tohir bu gʻidrifiylarni kumushga almashtirib olmoqchi edi-yu, bunga vaqt topa olmadi va oʻsha kechasi devorni teshib oʻznning yaqin kishilari bilan och va yalangʻoch holda qochib ketdi; u gʻidrifiy diramlar (saroyda) qola berdi. Odamlar bundan xabardor boʻlib saroyga kirdilar va u pullarni taladilar. Koʻp kishilar oʻsha moldan shunday boy boʻlib ketdilarki, boylik asari ullarning avlodlariga ham qoldi. Shaharda: «Falonchi Husayn ibn Tohir saroyining boyi»,— deyishar edi.

Shunday qilib, Husayn ibn Tohir qochdi, undan keyin ham Buxoro aholisi boshida boshqa har xil mojarolar va har kimlar bilan urushlar koʻp voqe boʻldi. Buxoroning ahli ilm va yaxshi kishilari marhum Xoja Abu Hafs Kabirning oʻgʻli Abu Abdulloh al-faqihning huzuriga yigʻildilar. U jasoratli kishi edi. Buxoro ishlari boʻyicha u bilan maslahat qildilar. Xurosonda biror amir yoʻq edi. Ya’qub ibn Lays[150] zoʻrlik bilan Xurosonni olgan va Buxoroda Rofe ibn Harsama u bilan urushayotgan edi. Xurosonda ham notinchlik boʻlib, Buxoro bu toʻpolonlardan xarob boʻlayotgan edi. Shunday qilib, Xoja Abu Hafsning oʻgʻli Abu Abdulloh Samarqandga Nasr ibn Ahmad ibn Asad as-Somoniyga— u Samarqand va Fargʻonaning amiri edi — xat yozdi va undan Buxoroga amir yuborishini soʻradi. Nasr ibn Ahmad oʻz birodari Ismoil ibn Ahmadni Buxoroga yubordi. Amir Ismoil Karminaga yetgach, bir necha kun u yerda turib, Buxoroga, Buxoro amiri Husayn ibn Muhammad al-Xavorijiyga elchi yubordi. Uning elchisi bir necha marta borib-kelib turdi va oxiri amir Ismoil Buxoroga amir, Husayn ibn Muhammad al-Xavorijiyning esa unga xalifa boʻlishiga qaror qilindi. Husayn Xavorijiyning lashkari bu qarorga boʻysundi. Amir Ismoil Xavorijiyni oʻziga xalifa tayin qilganligi haqida farmon bilan bayroq va sarpo yubordi. Xavorijiyni shu bayroq va sarpo bilan Buxoro shahrida aylantirdilar. Buxoro aholisi shodlik koʻrsatdi. Oʻsha kuni seshanba kuni edi, juma kuni xutbani Nasr ibn Ahmad nomiga oʻqidilar va Ya’qub ibn Lays nomini xutbadan tushirdilar. Bu voqea amir Ismoilning Buxoroga kirishidan oldin boʻlib, oʻsha juma kuni ikki yuz oltmishinchi yil muborak ramazon oyining birinchi jumasi (23 iyul' 874) edi. Abu Hafs Kabirning oʻgʻli,— xudo ularni rahmat qilsin,— uning istiqboliga chiqdi. Buxoroning arab va boshqalardan iborat ulugʻ odamlari u bilan birga Karminagacha bordilar. Abu Abdulloh buyrugʻi bilan shaharni yasatdilar.

Amir Ismoil Buxoroga kelganidan pushaymon edi. Chunki uning lashkari oz, Buxoroda esa toʻpolon va gʻavgʻo koʻtarilgan edi; oʻziga nisbatan buxoroliklar dildan qanday munosabatda ekani unga ma’lum emas edi. Abu Abdulloh ibn Xoja Abu Hafs (istiqbol uchun Buxorodan) chiqib Karminaga kelgach, amir Ismoilning dili quvvat topdi; Abu Abdulloh har nima qilsa ham shahar aholisi uni qaytara olmasligini bilib, oʻz qarorini qat’iy qildi. Abu Abdulloh unga koʻp madhlar aytib dilini quvvatlantirdi. Amir Ismoilni Buxoroga olib kelgach, uni ulugʻlab, hurmat koʻrsatdilar, shahar aholisi (Abu Abdullohning) buyrugʻi bilan uning ustidan koʻp tilla va kumush sochdilar.

Amir Ismoil Husayn al-Xavorijiyni tutib zindonga yubordi va xudoyi taoloning qudrati bilan u gʻavgʻo tinchidi.

XXX. Amir Ismoilning Buxoroga Kirishi

(Bu voqea) ikki yuz oltmishinchi yil muborak ramazon oyining oʻn ikkinchisi (1 iyul', 874) dushanba kunida sodir boʻldi va shu sababli shahar tinchidi, Buxoro aholisi qiyinchilikdan qutulib rohatga yetishdi.

Shu yili Movarounnahrning Jayhun daryosidan tortib to Mashriq shaharlarining eng yirogʻigacha boʻlgan barcha yerlar hukmronligi amir Nasr ibn Ahmadga berilganligi haqida xalifa Muvaffaq billohdan farmon keltirdilar va Buxoroda xutbani amir Nasr ibn Ahmad va amir Ismoil nomiga oʻqidilar. Ya’qub ibi Lays Safforning nomi xutbadan tushirildi. Amir Ismoil bir muddat Buxoroda turdi va undan keyin oʻz birodarining oʻgʻli Abu Zakariyo Yahyo ibn Ahmad ibn Asadni Buxoroga oʻz oʻrniga xalifa qilib qoldirib, amir Nasrning buyrugʻisiz Samarqandga bordi. Rabinjonga yetganida amir Nasr bundan xabar topib, uning ruxsatsiz kelishini yoqtirmadi hamda kutib olishga buyruq bersa ham, oʻzi istiqbolga chiqmadi va hech hurmat bildirmadi. Uning farmoni boʻyicha amir Ismoilni Samarqand hisoriga tushirib. Samarqandning soqchiboshilik mansabini unga berdilar. Amir Nasr unga achchiq qilganicha yura berdi. Amir Ismoil uning oldiga salomga borib turdi, (vaholanki) u Buxoroga borishidan oldin bunday qilmas edi. Muhammad ibn Umarni unga xalifa qilib tayinladilar. Amir Ismoil salomga kelib bir qancha vaqt turar va yana qaytib ketar, amir Nasr esa unga hech bir- soʻz soʻzlamas edi. Shu ahvolda oʻn uch oy oʻtdi. Oxir u oʻz amakisining oʻgʻli Nuhni va Abduljabbor ibn Hamzani oʻrtaga qoʻydi, (amir Nasr) uni yana Buxoroga yuborib, Ismat ibn Muhammad al-Marvaziyni unga vazir, Fazl ibn Ahmad al-Marvaziyni esa dabir[151] qilib tayinladi. Endi amir Nasr Samarqandning barcha ulugʻlari va e’tiborli kishilari bilan birga uni kuzatishga chiqdi. Shu asnoda amir Nasr Abduljabbor ibn Hamzaga qarab: «Ye Abul-Fath! Bu goʻdakni (Buxoroga) yuboryapmiz-u, lekin undan nima (yaxshilik) koʻrmoqchimiz?»—dedi. Abduljabbor: «Bunday dema, u sening quling, sen nima buyursang, shuni qiladi, hargiz sening xilofingga ish tutmaydi»,— dedi. (Amir Nasr) bunga javoban: «Haqiqatan ham shu mening aytayotganimdek (boʻladi)»,— dedi. Abduljabbor: «Sen nimaga asosan bunday hukm chiqarding?»—deb soʻragan edi, Amir Nasr: «Men uning koʻzlari va shakl-shamoyilida xiloflik va isyon (alomatlarini) koʻraman»,— deb javob berdi va (Samarqandga) qaytdi. Amir Ismoil Buxoroga yetgach, Buxoro aholisi uning istiqboliga chiqib zoʻr izzat bilan shaharga olib kirdi.

(Shu vaqtlarda) oʻgʻrilardan biri bir toʻda xalqni oʻz atrofiga toʻplagan, qishloqning bebosh va bezorilaridan toʻrt mingta odam jam boʻlgan edi. Ular hammasi Romtin bilan Barkad oʻrtasida yoʻltoʻsarlik qilar va shaharga qasd qilishlari xavfi ham yaqin edi. Amir Ismoil oʻzining soqchiboshisi Buxoro devorini qurgan va (hozirda) «Koʻyi Alo»— «Alo koʻchasi» uning nomi bilan ataladigan Husayn ibn Aloni u oʻgʻrilarga qarshi urushga yubordi. Buxoro aholisidan ulugʻlar va sarkardalar unga yor boʻldilar va borib urush qilib oʻgʻrilarni magʻlub etdilar. Husayn ibn Alo oʻgʻrilar ustidan gʻalaba qozonib, ularning boshligʻini tutib oʻldirdi va uning boshini olib keldi unga yor boʻlgan bir guruh kishilarni ham tutib oldi. Amir Ismoil ularning (qoʻllarini) bogʻlab Samarqandga yubordi.

Bu ishdan forigʻ boʻlganlarida Husayn ibn Tohir yana Buxoroga qasd qilib ikki ming kishi bilan Omuyaga kelganlngi haqida xabar qildilar. Amir Ismoil eplay olganicha lashkar jam qilib urushga joʻnadi. Husayn ibn Tohir ikki ming xorazmliklar bilan Jayxundan oʻtdi degan xabarni yetkazdilar. Amir Ismoil otga minib unga qarshi chiqdi. Qattiq jang qildilar. Husayn ibn Tohir yengildi, uning lashkaridan ba’zisi oʻldirildi, ba’zisi suvga gʻarq boʻldi va yetmish kishi asir tushdi. Bu amir (Ismoil) qilgan urushlarning dastlabkisi edi. Ertalab boʻlgach, amir Ismoil asirlarni chaqirib har biriga bittadan karbos chopon berdi va qaytarib yubordi. Husayn ibn Tohir Marvga qarab ketdi va amir Ismoil Buxoroga qaytdi. Shunda oʻz hukmdorligi ahvoli haqida oʻylab, oʻzining Buxoro sarkardalari huzurida u qadar baland hurmati yoʻqligini, ular koʻzida salobatsiz ekanligini, ularning jam boʻlishlaridan oʻziga biron manfaat yetmasligini bildi-da, mana shunday ish qilishni toʻgʻri topdi: Buxoro sarkardalaridan bir guruhini chaqirib ularga: «Men uchun Samarqandga borib, amir Nasr huzurida mening nomimdan uzr soʻrashingiz lozim»,— dedi. Ular «Eshitamiz va boʻysunamiz»,— dedilar-da, bir necha kun ruxsat berishini soʻradilar va undan keyin joʻnab ketdilar. U guruh amir Ismoildan ilgari Buxoro amirlari boʻlib kelgan edi. Abu Muhammad Buxorxudot oʻzi Buxoro podshohi edi, Abu Hotam Yasoriy esa gʻoyat darajada boy boʻlib, mol-mulkining koʻpligi sababli (amir Ismoilga) boʻysunmas edi. Buxoro ulugʻlari mana shu ikkalasi bilan birgalikda Samarqandga bordilar. Amir Ismoil amir Nasrga xat yozib, oʻzining Buxoro podshohligini ushlab tura olishi uchun u kishilarni tutib zindonga yuborishini soʻragan edi. Amir Nasr uning aytganidek qilib, u guruhni to Buxoro ishlari tinchigunicha bir qancha vaqt Samarqandda ushlab turdi. Amir Ismoil yana amir Nasrga xat yozib ularni talab qilib oldi va shundan keyin ular bnlan yaxshi muomalada boʻlib, hojatlarini ravo etdi va huquqlarini rioya qilishni oʻziga lozim bildi.

(Amir) Nasr ibn Ahmad amir Ismoilning gardaniga har yili Buxoro molidan besh yuz mnng diramini yuborib turishnn vazifa qilib yuklagan edi. (Lekin) shundan keyin amir Ismoil bir qancha urushlarda boʻldi va u mol xarj boʻlib ketib, yubora olmadi. Amir Nasr yana odamlarini yuborib oʻsha molni talab qildi, amir Ismoil yubormadi va shu sababdan oralarida noxushlik paydo boʻldi. Amir Nasr lashkar yigʻdi va Fargʻonaga, oʻz birodari Abu-l-Ash’asga xat yozib, uni koʻp lashkar bilan kelishga va yana bir xatni Shoshga, boshqa birodari Abu Yusuf Ya’qub ibn Ahmadga yozib, uni ham oʻz lashkari bilan kelishga va Isfijob[152] turklarini ham olib kelishga buyurdi. (Shunday qilib) ular koʻp lashkar yigʻdilar va ikki yuz yetmish ikkinchi yili rajab oyida (dekabr' 885—yanvar' 886) Buxoroga qarab yurdilar. Amir Ismoil bundan xabar topgach, oʻz birodariga hurmat yuzasidan Buxoroni boʻshatib Farabga ketdi, Amir Nasr Buxoroga keldi va amir Ismoilni uchratmagach, Baykandga borib, shu yerga qoʻndi. Baykandliklar uni kutib olib, ustidan koʻp oltin-kumush sochdilar va koʻp tuhfalar chiqardilar. Amir Ismoil bilan oʻsha vaqtda Xuroson amiri boʻlib turgan Rofe ibn Harsama oʻrtasida doʻstlik bor edi. Amir Ismoil unga xat yozib, yordam soʻradi, Rofe oʻz lashkari bilan kelib, Jayhun daryosi muzlagan edi, muz ustidan oʻtdi. Amir Nasr Rofening kelganidan xabar topib, Buxoroga qaytdi. Amir Ismoil Rofe bilan borib Samarqandni olishga ittifoq tuzdi. Bu xabar amir Nasrga yetgach, u tezlik bilan Tavoisga borib, yoʻlni toʻsdi. Amir Ismoil va Rofe choʻl yoʻli bilan ketdilar. Buxoroning hamma qishloqlari amir Nasrning tasarrufida edi. Ular choʻlda va naoziq-ovqat va na yem-xashak topa olmas edilar. U yil qahatchilik yili edi. Ularning ahvollari ogʻirlashdi. Ularning lashkarlari orasida bir man[153] non hatto uch diramga yetdi va Rofe lashkaridan koʻp kishilar ochlikdan halok boʻldilar. Amir Nasr Samarqandga, oʻz oʻgʻli Ahmadga xat yozib unga Samarqand Soʻgʻdidan jangchilar toʻplashni buyurdi. Viloyat aholisi: «Bular isyonchilardir, ularga yordam berish halol boʻlmaydi»,— deb amir Ismoilga yem-xashak bermadilar.

Amir Nasr Rofening kelganidan tangdil boʻlgan edi. U Karminaga ketdi. Amir Ismoil va Rofelar uning izidan borayotgan edilar, bir kishi Rofega nasihat qilib: «Sen oʻz viloyatingni qoʻyib bu yerga kelding, agar u ikki birodar bir-biri bilan kelishib turib seni oʻrtaga olsalar sen nima qila olasan?»—dedi. Rofe bu gapdan qoʻrqdi va amir Nasr oldiga elchi yuborib: «Men urushish uchun kelganim yoʻq, balki sizlarning orangizda sulh qilish uchun keldim»,— dedi. Amir Nasrga bu gap yoqib tushdi va Buxoro amiri biror boshqa kishi boʻlishi, amir Ismoil omili xirojlikka[154] tayinlanib devon daromadi[155] va xutba uning nomida boʻlmasligi hamda u har yili (amir Nasrga) besh yuz ming diram toʻlab turishi lozimligi shartlari bilan sulh tuzdilar. (Rofe) Nasr ibn Ahmadni chaqirdi va Ishoq ibn Ahmadni ham chaqirib unga sarpo kiygizdi-da, Buxoro amirligini unga topshirdi. Amir Ismoil bunga rozilik berdi. Amir Nasr (Samarqandga) qaytib ketdi va Rofe ham Xurosonga joʻnadi. Bu ikki yuz yetmish uchinchi yili (8 iyun' 886—27 may 887) boʻlgan edi. Shu voqeadan keyin oʻn besh oy oʻtgach, amir Nasr odam yuborib molni talab qildi; amir Ismoil molni ushlab qolib, yubor-tirmadi. Amir Nasr oʻrtada kafil boʻlgan Rofega xat yozdi. Rofe ham amir Ismoilga shu mazmunda xat yozdi. Amir Ismoil bu xatga iltifot qilmadi. Amir Nasr ikkinchi marta hammasi movarounnahrliklardan boʻlgan lashkar toʻpladi; Abu-l-Ash’as Fargʻonadan keldi va yana qaytadan oʻsha avvalgi tartibda Buxoroga qarab yurdilar. (Amir Nasr) Buxoro tomon yuzlanib Karminaga yetganida amir Ismoil ham oʻz lashkarini yigʻib Tavoisga bordi. Ikki orada toʻqinish boʻlib, qattiq jang boʻldi. Ishoq ibn Ahmad yengilib, Farabga ketdi. Amir Ismoil fargʻonaliklar ustiga qattiq hujum qilgan edi. Abu-l-Ash’as magʻlub boʻlib Samarqandga joʻnadi. U oʻz birodarini qoldirib qochib kelgani uchun samarqandliklar uni tutib olmoqchi boʻlgan edilar, Abu-l-Ash’as Samarqanddan qaytib Rabinjonga keldi. Amir Ismoil Ahmad ibn Muso Marzuqni asir qilib olib Buxoroga yubordi. Buxoro lashkari ikkinchi marta yengildi. Amir Ismoil oʻz joyida turgan edi. U bilan ozgina odam qolgan, mashhur kishilardan esa Siymoul-kabir u bilan birga edi. Amir Ismoil odam yuborib, qullardan va mavoliylardan qochganlarining hammasini yigʻdirdi; Ishoq ibn Ahmadni Farabdan qaytarib oldirib keldi; Buxoro gʻoziylaridan ham ikki ming kishi chiqdi va qishloqlar lashkarlarini jam qildilar. (Amir Ismoil) ularning hammasiga oziq-ovqat berdi. Amir Nasr Rabinjonga borib lashkar anjomlarini tayyorlab qaytdi. Amir Ismoil uning oldiga — Vozbadin[156] qishlogʻiga bordi va shu yerda jam boʻlishib ikki yuz yetmish beshinchi yili seshanba kuni jumod al-oxir oyining oʻn beshinchisida (25 oktabr' 888) urush boshladilar. Amir Ismoil Fargʻona lashkari ustidan gʻalaba qozoidi. Abu-l-Ash’as yengilib qochdi; lashkar hammasi yengilib qochgan va amir Nasr ozgina odamlar bilan qolib u ham magʻlubiyatga uchragan edi.

Xorazmliklardan bir toʻdasi Nasrga yetib borib uni oʻldirmoqchi boʻldilar, ammo Siymoul-kabir ham buni uzoqdan koʻrdi va xorazmliklarga qichqirib, ularni amir Nasrdan uzoqlashtirdi, soʻng oʻzi otdan tushib Nasrning uzangisini oʻpdi. Ularning otasiiing quli boʻlgan sipohsolor Siymoul-kabir odam yuborib amir Ismoilga bu holdan xabar berdi. Nasr ibn Ahmad otdan tushdi va yostiqni yerga tashlab oʻtirdi. Amir Ismoil yetib keldi-da, otdan oʻzini tashlab, yaqin kelib yostiqni oʻpdi hamda: «Yo amir! Xudoning hukmi shu ekanki, meni senga qarshi qoʻydi va biz shunday bir zoʻr ishni oʻz koʻzimiz bilan koʻrib turibmiz»,— dedi. Amir Nasr: «Men bu qilgan ishlaringga ajablanaman, oʻz amiringga boʻysunmading va xudoyi taoloning senga bergan buyrugʻini bajarmading!»—dedi. Amir Ismoil: «Ey amir! Men xato ish qilganimga iqrorman, hamma gunoh menda, sen fazilatda (mendan) ulugʻroqsan va mening bu katta gunohimdan oʻtib afv etasan»,— dedi.

Bular shunday soʻzlashib turganlarida ularning boshqa birodari Ishoq ibn Ahmad yetib keldi. U otdan tushmay turgan edi, amir Ismoil: «Hoy falonchi! Uz xojang uchun otdan tushmaysanmi?»— deb unga dashnom berdi va undan achchigʻlandi. Ishoq tezda otdan tushib oʻzini Nasrning oyogʻiga tashlab yer oʻpdi va: «Mening otim hali sovutilmagan toy, undan darrov tushib boʻlmaydi»,— deb uzr soʻrab soʻzini tamom qilgan edi, amir Ismoil (Nasrga qarab): «Ey amir! Yaxshisi shuki, bu xabar (Samarqandga) yetib Movarounnahrda xalq qaygʻuga tushmasdan burun tezda oʻzingning aziz qarorgohingga qaytsang edi»,— dedi. Amir Nasr: «Ey Abu Ibrohim! Meni oʻz joyimga yuboradigan senmisan?»—dedi. Amir Ismoil: «Shunday qilmasam nima qilay? Qul oʻz xojasiga nisbatan uning murodi nima boʻlsa shuni bajarishdan boshqacha muomala qilolmaydi»,— dedi. Amir Nasr soʻzlar va uning koʻzidan yosh quyilar, oʻtgan ishlar va toʻkilgan qonlarga pushaymon yer edi. Soʻng amir Nasr turib otga mindi, amir Ismoil va birodari Ishoq uzangilarni tutib turdilar va uni (Samarqandga) qaytarib yubordilar. "(Amir Ismoil) Siymoul-kabir za Abdulloh ibn Muslimni uni kuzatish uchun yubordi. Ular bir manzil birga borganlaridan keyin amir Nasr ularni qaytarib, oʻzi Samarqandga ketdi. Amir Nasr ibn Ahmad shu asirlik kunida ham oʻsha odamlar bilan, xuddi oʻzi amir boʻlib taxtda oʻtirgan va ular uning oldida xizmatda turgan kunlardagidek soʻzlashar edi. Amir Nasr bu voqeadan toʻrt yil keyin ikki yuz yetmish toʻqqizinchi yili jumod al-avval oyidan yetti kun qolganida (21 avgust 892) vafot etdi. U butun Movarounnahr yerlariga amir Ismoilni xalifa qilib tayinladi va boshqa birodarini hamda oʻz oʻgʻlini uning farmoniga boʻysundirdi.

Amir Nasr dunyodan oʻtgach, amir Ismoil Buxorodan Samarqandga kelib davlat ishini rostladi va uning oʻgʻli Ahmad ibn Nasrni oʻziga xalifa qildi. U shu yerdan boshlab gʻazot ishiga kirishdi. Amir Ismoil Buxoroga kelganidan to akasi oʻlib butun Movarounnahrni unga topshirib vafot qilganiga qadar yigirma yil oʻtdi. Amir Nasrning vafot etganligi xabari Amirul-mu’minin Mu’tazid[157] billohga yetgach, ikki yuz saksoninchi yili muharram oyida (mart—aprel' 893) u amir Ismoilni Movarounnahrga amir qilib farmon berdi. Amir Ismoil shu tarnxda Taroz jangiga borib koʻp qiyinchilik koʻrdi va oxiri Taroz amiri (boʻysunib) chiqib koʻp dehqonlar bilan birga islom dinini qabul etdi va Taroz fath etildi, (u yerdagi) katta ibodatxonani masjidi jome qildilar. Amirul mu’minin Mu’tazid billoh nomiga xutba oʻqidilar. Amir Ismoil koʻp oʻljalar olib Buxoroga keldi. U to Amr (ibn) Lays kuchayib ketgunicha yetti yil podshohlik qildi va Movarounnahrning amiri boʻlib turdi.

(Amr ibn Lays kuchayib) Xurosonning ba’zi joylarini oldi va jangga kirishdi. Amirlik qilib turgan Ali ibn al-Husayn[158] Guzgoniyon amiri boʻlmish Ahmaddan[159] yordam soʻragan edi, yaxshi ja-vob ololmadi va Jayhundan oʻtib Buxoroga — amir Ismoil oldi-ga keldi. Amir Ismoil xursand boʻlib sipohlari bilan uning is-tiqboliga chiqdi, e’zoz va ikrom bnlan uni Buxoroga olib kirib koʻp tuhfalar taqdim etdi, Ali ibn al-Husayn Farabga borib oʻn uch oy u yerda. boʻldi. Amir Ismoil unga doimo hadyalar yuborib turdi va yaxshi munosabatda boʻldi. Ali ibn al-Husayn, to uni (oʻz) oʻgʻli urushda oʻldirgunicha, Farabda turdi.

Amr ibn Lays Balx amiri Abu Dovudga, Guzgoniyon amiri Ahmad ibn Farigʻunga va Movarounnahr amiri amir Ismoilga xat yozib, ularni oʻziga boʻysunishga chaqirdi va yaxshi va’dalar qildi. Ular farmonga boʻysunib, unga xizmat qildilar. Amir Ismoil oldiga elchi kelib xatni unga berdi hamda Balx amiri va Guzgoniyon amirining boʻysunganligidan xabar berib: «Bu boʻysunishga sen loyiqroqsan, chunki sen kattaroqsan va podshohzodaliging tufayli podshohlik qadrini yaxshiroq bilasan»,— dedi. Amir Ismoil: «Sening xojang shu qadar nodon ekanki, meni ular qatorida sanapti; (axir) ular mening qullarim-ku! Mening senga javobim — qilich; men bilan uning oʻrtasida urushdan boshqa narsa yoʻq, qaytib borib unga ayt, urush asbobini sozlasin!»—deb javob berdi. Amr ibn Lays amirlar va ulugʻ kishilar bilan maslahat qilib amir Ismoil ishi borasida ulardan yordam soʻradi va: «Boshqa bir kishini yuborib, unga yoqimli soʻzlar aytish va yaxshi va’dalar qilish kerak»,— dedi. Keyin u xat yozib Nishopur shayxlaridan va oʻzining yaqin kishilaridan bir guruhini yubordi va xatida quyidagilarni aytdi: «Garchi Amir ul-mu’minin bu viloyatni menga bergan boʻlsa ham men mulkdorlikda seni oʻzimga sherik qildim. Sen doʻst boʻlib, men bilan yaxshi munosabatda boʻlginki, hech bir badgoʻy bizning oramizga kirishga yoʻl topa olmasin, oʻrtamizda doʻstlik va birlik boʻlsin, bundan ilgari aytgan gaplarimiz goʻstoxlik yuzasidan aytilgan edi, biz u gapdan kechdik. Sen Movarounnahr viloyatini qoʻruqla, chunki u dushman chegarasidir; fuqaroga gʻamxoʻrlik qil! Biz u viloyatni senga berdik, xursandlik va xonu moningning obodonligidan boshqa narsani istamaymiz. U viloyat xarob boʻlmasin deb oʻzim bormay, Nishopurning mashhur kishilaridan bir qanchasini (elchi qilib) yubordim: ular huzurida (ushbu xat mazmunini) qabul etib soʻz berdim va shu aytilgan soʻzlarga ularni guvoh qildim, sendan boshqa hech kimga e’timodim yoʻq, oramizda doʻstlik mustahkam boʻlsin uchun sen ham menga ishonishing kerak».

Amr (ibn) Laysning (elchilar yuborganligi) xabari amir Ismoilga yetgach, u Jayhun labiga (odamlar) yubordi, ular elchilarni suvdan oʻtishga qoʻymadilar, keltirgan narsalarini olmadilar va (Ismoilga) yetkizmadilar, (elchilarni) xoʻrlab qaytardilar. Amir (ibn) Lays bundan gʻazablanib urushga hozirlandi. Uzining sipohsolori Ali ibn Surushga lashkar bilan Omuyaga borib lashkarni oʻsha yerda toʻxtatishni va buyruq boʻlmagunicha suvdan oʻtishga shoshilmaslikni buyurdi. Uning ketidan boshqa sipohsolor — Muhammad ibn Laysni besh ming kishi bilan yuborib: «Ali ibn Surush va sen birgalikda ish koʻringlar, lashkarni saqlanglar, u tarafdan kimki omon tilab kelsa omonlik bering va yaxshi munosabatda boʻling va kemalar tayyorlab aygʻoqchilar yuboring!»—dedi. Amr (ibn) Lays ketma-ket lashkar yuborib turdi.

Amir Ismoil bundan xabar topgach, yigirma ming kishi bilan tezda Buxorodan Jayhun daryosi labiga bordi va kechasi Jayhun suvidan oʻtib dushmanga toʻsatdan hujum qildi. Ali ibn Surush bundan xabardor boʻlib, tezda otga mindi va lashkarga qurol berib, piyoda askarlarni oldinga yubordi. Urush boshlanib ketdi.

Amir Ismoilning lashkari har tomondan hujum qilar edi. Jang qattiq boʻldi. Muhammad ibn Ali ibn Surush chekindi, uning oʻzi va Nishopurning mashhur kishilaridan koʻplari asir tushdilar. Ikkinchi kuni amir Ismoil Amr (ibn) Laysning (asir tushgan) askarlariga oziq-ovqatlar berib xursand qildi va hammasini Amr (ibn) Lays huzuriga qaytarib yubordi. Shunda lashkarboshilar amir Ismoilga: «Bular bizga qarshi urush qilgan edilar, sen ularni asir olganingdan keyin hammalariga sarpo kiygizib qaytarib yubording!»—dedilar. Amir Ismoil: «Bu bechoralardan nima talab qilasiz,— qoʻying ular oʻz yurtiga borsiilar, ular endi hech qachon sizga qarshi urushga kelmaydilar va boshqalarning dillarini ham (urushdan) qaytaradilar»,— dedi.

Amir Ismoil orqaga qaytdi va koʻp kumush, kiyim-kechak, tilla va qurol-yarogʻlar (oʻlja qilib) Buxoroga keldi.

Shundan keyin Amr (ibn) Lays xafalik, gʻamginlik va pushaymonlikda bir yil Nishopurda boʻldi; u «Men Ali (ibn) Surush va uning oʻgʻli uchun qasos olaman»,— der edi. Amir Ismoil Amr (ibn) Laysning urush tadorikini koʻrayotganligini eshitib, askarini yigʻdi, ularga oziq-ovqat berib har tomondan dushmanga qarab yurdi; (yigʻilgan askarning) yaroqlisiga ham yaroqsiziga ham, tikuvchi-yamoqchilarga ham oziq-ovqat berdi. Bu ishdan xalq norozi boʻlib: «Amir Ismoil shu lashkar bilan Amr (ibn) Laysga qarshi urush qilmoqchimi?!»—der edi. Bu xabar Amr (ibn) Laysga yetib, u xursand boʻldi. (Amir Ismoil) Jayhun labida edi, Mansur Qorategin va Pors Baykandiy Xorazmdan Omuyaga keldilar; Turkiston viloyati va Fargʻonadan oʻttiz ming kishi yetib keldi. Yigirma beshinchi zu-l-qa’dada (amir Ismoil) Muhammad ibn Horunni lashkarning bosh qismi bilan yubordi va ikkinchi kuni oʻzi ham yoʻlga chiqib, Jayhundan oʻtdi va Omuyaga har joydan askar toʻpladi. Buxorodan Xorazm shahriga ketdilar va ikkinchi dushanba kunigacha (urushga) hozirlanib boʻlib, u yerdan Balxga qarab yuzlandilar.

Amr (ibn) Lays shoriston hisorini oldi va sipohlari bilan shoriston oldiga kelib tushdi; lashkar keltirdi va (shahar) atrofiga handaq qazdirib, oʻradi. Sipoh (shaharga) kirgunicha bir necha kun oʻtdi, U shahar devorini mustahkam qildi va oʻzini shahardan qaytib ketmoqchidek qilib koʻrsatib xalqni sevintirdi.

Amir Ismoil Ali ibn Ahmadni Foryobga[160] yuborib Amr (ibn) Laysning ish boshida turgan kishilarini oʻldirishga buyurdi, ular buyruqni bajarib, koʻp mol olib keldilar. Ismoil har tarafdan odamlar yuborar, ular Amr (ibn) Lays odamlarini oʻldirib, mol olib kelar edilar.

Amir Ismoil Balxning Aliobod (degan joyi)ga qelib tushib, uch kun oʻsha yerda turdi. Soʻngra u yerdan lashkarini koʻchirdi va oʻzini namozgohga tushmoqchidek qilib koʻrsatib, unga boriladigan yoʻlni kengaytirdi. Amr (ibn) Lays buni koʻrib oʻsha tomon darvozalarini mahkam qildi va oʻsha tarafga koʻp lashkar qoʻydi; palaqmon va devor teshadigan qurollarni oʻsha tomonga toʻgʻrilatdi. U namozgoh yoʻliga pistirma tayyorlatib, uni lashkar bilan band qildi. Tong otgach, Amiri moziy (Ismoil) yana yoʻlni oʻzgartirdi va boshqa yoʻl bilan shahar darvozasiga qarab yurib «Puli Ato»— «Ato koʻprigi»ga kelib tushdi. Amr ibn Lays bu ishdan taajjubda qolib palaqmonlarni oʻsha tomonga olishni lozim topdi. Amir Ismoil uch kun u yerda turdi. Uning farmoni bilan shaharga suv yubormay qoʻydilar, devorni yiqitib, daraxtlarni kesdilar va yoʻllarni tekisladilar. Nihoyat, seshanba kuni ertalab amir Ismoil ozgina lashkar bilan otga minib shahar darvozasiga borgan edi. Amr ibn Lays darvozadan chiqib urush boshladi. Jang qattiq boʻldi. Amr ibn Laysning lashkari yengilib qochdi. Amir Ismoilning lashkari ularning orqasidan izma-iz quvlab ba’zilarini oʻldirar va ba’zilarini asir boʻlar edi. Shunday qilib, Balxdan sakkiz farsang yiroqlikdagi bir joyga yetganlarida ikki xizmatchisi bilan birga Amr (ibn) Laysni koʻrdilar, xizmatchilarning biri qochdi, biri esa Amr ibn Laysga yopishdi. Shundan keyin Amr (ibn) Laysni tutib oldilar. Har kim: «Amr (ibn) Laysni men tutdim», der edi. Ammo ibn Laysning oʻzi esa: «Meni mana bu oʻz xizmatchim tutdi»,— dedi. Amr (ibn) Lays oʻsha xizmatchisiga, har biri yetmish ming diram qiymatga ega boʻlgan oʻn besh dona marvarid bergan ekan, ularni oʻsha xizmatchidan tortib oldilar. Amr (ibn) Lays chorshanba kuni jumod al-avval oyining oʻninchisida ikki yuz sakson sakkizinchi yili (2 may 901) asir olindi.

Amr (ibn) Laysni amir Ismoil oldiga olib kelganlarida, u piyoda boʻlib yurmoqchi edi, ammo Amiri moziy bunga ruxsat bermadi va: «Bugun sen bilan shunday muomalada boʻlayki, odamlar taajjubda qolsinlar»,— dedi va uni saropardaga olib kirishga buyurdi va oʻz birodarini uni qoʻriqlab turishga yubordi. Toʻrt kundan keyin Amr (ibn) Lays amir (Ismoil)ni koʻrdi.

Amir Ismoilning buyrugʻy bilan undan qanday qilib asir tushib qolganligi haqida soʻragan edilar, u: «Chopib ketayotgan edim, otim charchab qoldi, otdan tushib uxladim, uygʻonganimda boshimda ikkita qul turganini koʻrdim, ulardan biri qamchin bilan burnimga turtdi». Men: «Bu qari kishidan nima istaysan»,— dedim va meni halok qilmasliklarini oʻtinib soʻradim. Ular otlaridan tushib oyogʻimni oʻpdilar va zinhor (oʻldirmaymiz) dedilar. Ulardan biri meni otga mindirdi. Odamlar yigʻildilar va mendan: «Nimang bor?»—deb soʻradilar. Men: «Har biri yetmish ming diram qiymatida bir nechta marvarid bor»,— dedim va uzugimni berdim. Ular oyogʻimdan etigimni yechib bir qancha qimmatbaho gavharlarni topib oldilar. (Shu payt) meni lashkar topdi va Muhammadshoh odamlarni mendan uzoqlatib turgan asnoda uzoqdan amir Ismoilni koʻrib otdan tushmoqchi boʻlgan edim, u oʻz joni va boshi hurmatini oʻrtaga qoʻyib, «Otdan tushma!»—dedi; mening koʻnglim qaror topdi. U meni saropardaga tushirtirdi; Abu Yusuf men bilan birga chodirda oʻtirib meni qoʻriqlab turdi; suv soʻragan edim menga gulob berdilar va menga xilma-xil izzat-ikromlar koʻrsatdilar. Keyin amir Ismoil mening oldimga kirib mehribonlik koʻrsatdi va seni oʻldirmayman deb ahd qildi va meni kajavaga oʻtqizib hurmat bilan shaharga yetkizishga buyurdi va kechasi Samarqand shahriga olib kirdilar, bundan Samarqand aholisidan hech kimning xabari boʻlmadi. Amir Ismoil mening uzugimni uni tortib olib qoʻygan kishidan uch ming diramga sotib olib bahosini toʻladi va uzukni menga yubordi. Uzukning koʻzi qizil yoqut edi»,— dedi.

(Yana) Amr (ibn) Lays: «Jang kuni menda qirq ming diram bor edi, uni urush vaqtida mendan tortib oldilar. Mei ellik farsang masofaga chopib bora oladigan va oʻzim koʻp sinagan bnr ot ustida edim, oʻsha kuni u shunday sust yurar ediki, mei uning ustidan tushishni istar edim. Otning oyoqlari ariqqa tushib ketdi, men otdan yiqildim va oʻzimdan umid uzdim, haligi ikki kishi meni oʻldirishga qasd qilgan vaqtlarida oʻzim bilan birga turgan kishiga: «Mening otimga minib qoch!»—dedim, u otga minib oldi, qarasam, ot xuddi bulutdek yugurar edi. Men tushundimki, bu (hammasi) mening davlatim ketganligidan ekan. Ayb otda emas ekan,— dedi.

Amr (ibn) Lays amir Ismoilga qarab: «Men Balxda oʻn xarvor oltin bekitganman, buyurgin, uni olib kelsinlar, ularga ega boʻlishga butun sen sazovorroqsan!»—dedi. Amir Ismoil odam yuborib oltinlarni oldirib keldi va hammasini Amr ibn Laysga yubordi, Har qancha iltimos qilsalar ham marhum amir Ismoil u oltinlardan hech bir narsa olmadi.

Amir ul-mu’minning Amr ibn Laysni oʻziga yuborilishini talab qilib yozgan xati Samarqandga yetib keldi; xatning boshlanishiga shunday yozilgan edi: «Abdulloh ibn al-imom Abu-l-Abbos al-Mu’tazid billoh Amirul mu’minindan, Amir ul mu’mininning gʻulomi Abu Ibrohim Ismoil ibn Ahmadga». Bu xat amir Ismoilga yetgach, u Amr (ibn) Laysga achinib gʻamgin boʻldi, ammo xalifa farmonini qaytara olmadi. Nihoyat uning buyrugʻi bilan Amr (ibn) Laysni kajavaga oʻtqizib Buxoroga olib keldilar. Amir Ismoil uyalganidan yuzini unga koʻrsatmadi va: «Biron hojating boʻlsa soʻra»,— deb odam yubordi. Amr (ibn) Lays: «Mening bolalarimni yaxshi kutsinlar hamda bu meni olib ketayotgan kishilarga nasihat qilgin toki ular menga nisbatan yaxshi muomalada boʻlsinlar»,— deb javob qaytardi. Amir Ismoil shunday qildi va uni kajavaga oʻtirgʻizib Bagʻdodga yubordi. Amr (ibn) Lays Bagʻdodga yetgach, xalifa uni Sofiy xodimga topshirdi va u Mu’tazid xalifaligining oxirigacha shu Sofiy xodim qoʻlida asirlikda turdi hamda ikki yil zindonda boʻlgandan keyin, ikki yuz sakson toʻqqizinchi yilda (16 dekabr' 901—4 dekabr' 902) oʻldirildi.

Amir Ismoil Amr (ibn) Laysni xalifaning oldiga yuborgandan keyin xalifa amir Ismoilni Xuroson amiri qilib farmon yubordi — Hulvon dovonidan boshlab Xuroson viloyati, Movarounnahr, Turkiston, Sind, Hind va Gurgonlar hammasi uniki boʻldi. U har bir shaharga bittadan amir tayin qildi, adolat va yaxshi axloq bilan ish tutdi, kimki fuqaroga zulm qilsa unga jazo berdi. U zohid boʻla turib shunday siyosatli ediki, somoniylar sulolasidan hech kim undan siyosatliroq boʻlmagan. U davlat ishida hech beparvolik qilmas, hamisha xalifaga boʻysunar va umrida hech mahal xalifaga itoatsizlik qilmay, uning farmonini mahkam tutar edi.

Amir Ismoil bemor boʻlib bir qancha vaqt yotdi. Uning kasalligi koʻproq rutubatdan edi. Tabiblar: «Joʻyi muliyonning havosi xushroq», — dedilar. Uni oʻzining xos mulkidan boʻlgan Zarmon qishlogʻiga olib bordilar: «Bu yerning havosi unga muvofiqroq keladi», — dedilar. Amir bu qishloqni yaxshi koʻrar va ov qilish uchun hamma vaqt oʻsha yerga borar edi; u yerga bogʻ qurgan edi. Bir muddat u yerda bemor yotib, oxiri ikki yuz toʻqson beshinchi yili safar oyining oʻn beshinchisida (25 noyabr' 907) xuddi shu bogʻda katta bir daraxt tagida vafot etdi. U yigirma yil Xuroson amiri boʻldi. Hukmdorlik muddati oʻttiz yil edi. Xudoyi taolo uni rahmat qilsin, negaki uning davrida Buxoro poytaxt boʻldi, somoniylar sulolasidan chiqqan hamma amirlar Buxoroda turadigan boʻldilar. Undan oldingi Xuroson amirlarining hech biri Buxoroda turgan emas. U Buxoroda turishni oʻzi uchun muborak deb hisoblar, uning koʻngli Buxorodan boshqa hech bir yerda orom topmas va u qayerda boʻlmasin: «Bizning shahar, ya’ni Buxoro, ana bunday, ana shunday»,— der edi.

Amir Ismoil vafot etgandan keyin oʻrniga oʻgʻli oʻtirdi. Unga «Amiri moziy» — «Dunyodan oʻtgan amir» degan laqabni berdilar.

XXXI. Amiri Shahid Ahmad Ibn Ismoil As-Somoniyning Hukmdorligi[161]

U Xuroson amiri boʻldi. Uni Amiri shahid deydilar. U oʻz otasining yoʻlidan yurib adolat koʻrsatar va barcha fuqaroga butunlay insof yuzasidan qarar edi. Fuqaro rohat va osoyishtalikda yashadilar. Amiri shahid u yer (Buxoro)dan Xurosonga borib oʻz mamlakatini koʻzdan kechirdi va Seistonni oldi. Amiri moziy davrida Seiston uning nomida edi. U yerdan Buxoroga keldi. U ov qilishni yaxshi koʻrardi. U ov qilish uchun Jayhun labiga borib saroparda qurgan edi (bir kuni) ovdan qaytib (saropardaga) kelganida bir chopar Tabariston amiri Abu-l-Abbosdan xat olib keldi. Amiri shahid xatni oʻqidi; xatda: «Husayn ibn Alo xuruj qilib Gurgon va Tabariston viloyatlarining koʻp yerlarini oldi, mening zarurat yuzasidan qochishim kerak boʻlib qoldi», — deb yozilgan edi. Bundan amir diltang boʻlib juda gʻamginlikka tushdi va: «Ey xudo! Agar bu podshohlik mendan ketadigan boʻlsa, mening ajalimni ber!» — deb duo qildida, saropardaga kirdi.

Amiri shahidning shunday odati bor edi; uning bir sheri boʻlib, har kecha amir yotadigan uy eshigiga oʻsha sherni zanjir bilan bogʻlab qoʻyar edilar, kim u uyga kirmoqchi boʻlsa, sher uni halok qilar edi. Oʻsha kecha amir gʻamgin boʻlganidan uning hamma xos kishilari ham u bilan mashgʻul boʻlib, sherni olib kelishni unutib qoʻydilar. Amir uxlab yotganida uning qullaridan bir toʻdasi kirib boshini oldilar. (Bu voqea) hijratdan uch yuz birinchi yil jumod al-oxir oyining oʻn birinchisida (12 yanvar' 914) payshanba kuni (boʻlgan edi). Uni Buxoroga olib kelib Navkanda qabristoniga qoʻydilar va unga «Amiri shahid» deb laqab berdilar. «Bu ishni Abu-l-Hasan boshqargan,» — deb unga tuhmat qildilar va uni Buxoroga olib kelib dorga osdilar. Amirga suiqasd qilgan qullardan ba’zilarini topib oʻldirdilar, ba’zilari Turkistonga qochdi.

Uning podshohlik muddati olti yilu toʻrt oy va besh kun boʻldi.

XXXII. Amiri Sa’id Abu-L Hasan Nasr Ibn Ahmad Ibn Ismoil As-Somoniy Hukmdorligi[162]

Amiri shahidni dafn etib boʻlgach, uning oʻgʻli Nasrga «Sa’id» — «Saodatlik» laqabini berdilar. U sakkiz yoshda ekanligida otasining oʻrniga podshoh qildilar. Unga vazirlik (ishi) ni Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad al-Jayhoniy oldi, Hamaviya ibn Ali sipohi solor boʻldi. Uni «Butun Xuroson egasi» deb atar edilar.

Dastlab Amiri sa’id boʻsh ish olib borganligidan har yerda fitna paydo boʻldi, uning otasining amakisi Ishoq ibn Ahmad Samarqandda oʻziga bay’at qilishni talab etdi va Samarqand aholisi unga boʻysundilar. Uning oʻgʻli Abu Solih Mansur ibn Ishoq Nnshopurda isyon koʻtarib, Xuroson shaharlaridan ba’zisini oldi. Samarqandda Ishoq ibn Ahmad hukmdorligi kuchaydi va Amiri sa’id oʻz sipohsolori Hamaviya ibn Alini unga qarshi urushga yubordi. Ishoq magʻlubiyatga uchrab, lashkari Samarqandga qaytib kirdi. Ishoq ikkinchi marta urushga rostlandi va Samarqand aholisi u bilan birga shahardan tashqariga chiqib, Hamviyaga qarshi urushdilar va magʻlub boʻldilar. Ishoq ibn Ahmad uchinchi marta urushga chiqqan edi bu gal u asir tushdi. Uningʻ oʻgʻli Mansur ibn Ishoq Nishopurda edi, u oʻldi; butun Xuroson va Movarounnahr faqat Amiri sa’idga oʻtdi; Fors, Kermon, Tabariston, Gurgon va Iroqda uning nomiga xutba oʻqidilar.

Hikoyat. Amiri sa’id oʻn uchinchi yili[163] Buxoroga oʻzining yaqin kishilaridan biri Abu-l-Abbos Ahmad ibn Yahyo ibn Asad as-Somoniy nomli kishini xalifa qilib qoldirib, oʻzi Buxorodan Nishopurga ketdi.

Oʻsha yili «Gardun kashon» mahallasiga oʻt tushdi. Oʻt shundan zoʻraydiki, Samarqanddagi odamlar bu olovni koʻrib turdilar. Buxoroliklar: «Bu olov osmondan keldi», — der edilar. Oʻtni oʻchirish mumkin boʻlmay bu mahalla butunlay kuydi.

Shu orada Amiri sa’idning boshqa birodarlari xuruj qildilar va koʻp fitnalar qoʻzgʻotdilar. Oxiri fitnaning asoschisn boʻlgan Abu Zakariyo, hech narsani qoʻlga kirgiza olmay, ozgina odam bilan Xurosonga ketdi. Amiri sa’idnnng boshqa birodarlari omonlik tiladilar. Amiri sa’id ularga omonlik berib, oldiga chaqirib oldi va shu bilan fitna tinchidi.

Hikoyat. Yana Amiri sa’id Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil davrida uch yuz yigirma beshinchi yil rajab oyida (may-iyul' 937) Buxoroga oʻt tushib hamma bozorlar kuydi. Oʻt bir halimpazning doʻkonidan boshlangan. U doʻkon Samarqand darvozasnda boʻlib, halimpaz halim qozoni tagidagp kulni tomga olib chiqib, tomda chuqurlik bor ekan, uni toʻlgʻizmoqchi boʻlgan, kul orasida bir boʻlak choʻgʻ bor ekan, halimpaz uni sezmagan va shamol choʻgʻni olib borib qamishdan yasalgan bir uyga urgan. U uyni oʻt olib, undan hamma bozorlarga oʻt ketgan va Samarqaid darvoza mahallasi butkul kuygan. Olov osmonda bulutdek suzib yurgan. «Koʻyi bikor» — «Qizlar koʻchasi», bozorning timchalari, Madrasayi Forjak, kovushdoʻzlar timi, sarroflar va bazzozlar bozori, (xullasi) Buxoroning ana shu tomonida to anhor labiga borguncha nimaiki boʻlsa hammasi kuygan. Bir parcha oloz sachrab Masjidi Moxni oʻt oldi va u (ham) tomoman yonib ketdi. Olov ikki kecha-kunduz yonib, buxoroliklar uni oʻchirishdan ojiz qoldilar, koʻp mashaqqat chekdilar va nihoyat. uchinchi kuni oʻchirdilar. U yogʻochlar tuproq tagida bir oygacha kuyib turdi. Buxoroliklarga yuz ming diramdan ortiq ziyon yetdi. Shundan keyin Buxoro imoratlarini hech qachon u (ilgarigisidek) qilib qura olmadilar.

Amir sa’id oʻttiz bir yil podshohlik qildi. .U adolatli podshoh boʻlib, otasidan ham aqilroq edi. Unnng yaxshi sifatlari koʻp; agar hammasini aytsak gap uzayib ketadi.

U dunyodan oʻtgach, oʻgʻli Nuh ibn Nasr podshohlik (taxtiga) oʻtirdi.

XXXIII. Amiri Hamid Abu Muhammad Iuh Ibn Nasr Ibn Ahmad Ibn Ismoil As-Somoniy[164]

Amiri hamid uch yuz oʻttiz birinchi yili sha’bon oyining avvalida (10 aprel 943) podshohlik taxtiga oʻtirdi va Abu Zar unga vazir boʻldi. U Buxoro qozisi edi. Uning zamonida fiqh ilmini undan koʻra biladiganroq kishi boʻlmagan. «Muxtasari Kofiy» uning asaridir.[165]

Amiri sa’id vafot etgach, (podshohlikni talab etuvchilardan) har bir kishi bir joyda qaror topti. Amiri hamid Buxorodan chiqib Nishopurga ketdi. Abu Ali Isfahokiy[166] Nishopur amiri edi. Amiri hamid (lashkar) yuborib uni qoʻlga oldirdi; oʻziga qarshi kishilarni tarqatib yuborib viloyatlarni tozaladi; Nishopurni Ibrohim Simjurga berdi[167]. Abu Ali Isfahoniy oʻzicha: «Men uning podshohligini barqaror qildim, u esa viloyatni boshqa kishiga berdi»,—deb oʻyladi va Abu Ishoq Ibrohim ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somomiyga: :«Buxoroga borib podshohlikni ol! Men sen bilan boʻlsam amir senga qarshi tura olmaydi», — dedi. Abu Ishoq lashkar tortib Amiri hamidga qarshilik oshkor qildi. Amiri hamid Nishopurdan. qaytayotganida Abu Ishoq unga hujum qildi. Ular oʻrtasida jang boʻldi va Amiri hamid yengilib Buxoroga keldi. Uning ketidan amakisi Abu Ishoq ham Buxoroga keldi va uch yuz oʻttiz beshinchi yil jumod al-oxir oyida (yanvar 947) butun Buxoro aholisi unga bay’at qildilar. Buxoroning hamma minbarlarida Abu Ishoq nomiga xutba oʻqidilar. Bir oz vaqt oʻtgandan keyin Abu Ishoq oʻz lashkari uning oʻziga qarshi yomon niyatda ekanini, uni oʻldirishga qasd qilganini va Amiri hamidga sadoqat bildirganini bilib qoldi va Buxorodan qaytib Chagʻaniyonga ketdi. Amiri hamid sipohsolorlikni Mansur Qaroteginga berdi va uni Marvga yubordi. Mansur Qarotegin Ali ibn Muhammad al-Qazviniyni ushlab asir qilib Buxoroga yubordi va u (Marvdagi) qoʻzgʻolonni bostirdi. Amiri hamid oʻz podshohligi davrida podshohlikni talab etuvchixar xil kishilar bilan koʻp urushlar qilishiga toʻgʻri keldi, Uch yuz qirq birinchi yilga (23 may 952—17 may 953) kelibgina hamma viloyatlar Amiri hamidga toʻla boʻysundi.

Amiri hamid uch yuz qirq uchinchi yil rabi al-oxir oyida (avgust 954) vafot etdi. U oʻn ikki yil podshohlik qildi.

Ahmad ibn Muhammad ibn Nasrning aytishicha, Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy bu kitobni Amiri hamid podshohligi davrining boshida uch yuz oʻttiz ikkinchi yili (4 sentabr 943-23 avgust 944) uning nomiga atab yozgan va Amiri hamid davrida yuz bergan voqealarni oʻz kitobida toʻla keltirmagan. Amiri hamiddan keyingi somoniylar (sulolasi) amirlarining ahvollaridan bizga ma’lum boʻlgani, olloh taolo muvaffaqiyat bersa, mana shu (quyidagicha) dir.

XXXIV. Amiri Rashid Abu-L-Favoris Abdulmalik Ibn Nuh Ibn Nasr Ibn Ahmad Ibn Ismoil As-Somoniyning Podshohligi[168]

Amiri hamid dunyodan oʻtgach, Amiri rashidga bay’at etdilar. U oʻn yoshida podshohlikka oʻtirdi. Amiri hamidning vafot etganligi xabari viloyatlarga yetgach, har kim bir viloyatga ega boʻlishni tama qildi (Amiri rashid) Ash’as ibn Muhammad ibn Muhammadni Xurosonga yuborgan edi, unga Hirot va Isfahonda koʻp janglar qilishga toʻgʻri keldi va u viloyatlarni boʻysundirdi. U hali shu ish bilan mashgʻul boʻlib, jang qilayotgan ediki, Amiri rashid otdan yiqildi va shu kechasiyoq vafot etdi. U kecha chorshanba kechasi boʻlib, uch yuz elliginchi yil shavvol oyidan sakkiz kun oʻtgan (20 noyabr' 961) edi. Uning podshohlik muddati yetti yil boʻldi. Uni dafn qilganlaridan keyin lashkar isyon qilib qoʻzgʻolon koʻtardi va har kim podshohlikni tama qilib, gʻalayonlar yuz berdi.

XXXV. Maliki Muzaffar Abu Solih Mansur Ibn Nasr Ibn Ahmad Ibn Ismoil As-Somoniyning Podshohligi[169]

Amiri sadid podshohlik taxtiga oʻtirgach, lashkar unga bay’at qildi: koʻp qarama-qarshiliklardan keyin ittifoqlik vujudga keldi. Unga bay’at qilingan kun juma kuni, uch yuz elliginchi yil shavvol oyida (noyabr'-dekabr' 961) edi. (Shu vaqtda) sipohsolor Alptegin Nishopurda edi, Amiri rashidning vafoti xabarini eshitgach, u Amiri sadidni qoʻlga olishga qasd qildi. Amiri sadid unga (qarshi) odam yubordi. Alptegin Jayhun daryosiga yetib kelib, undan oʻtishni moʻljallagan edi, ammo (unga qarshi) koʻp lashkar kelganligi tufayli oʻta olmadi. U oʻz viloyati Nishopurga qaytmoqchi boʻldi. (Ammo) Amiri sadid Nishopurga, Muhammad ibn Abdurazzoqqa: «Uni Nishopurga kirishga qoʻymanglar!»—deb xat yozdi. Alptegin bundan xabardor boʻlgach, Nishopurga bora olmasligini bilib, Jayhun suvi hamda Omuydan oʻtib, Balxga bordi va Balxni olib qarshilik zohir qildi.

Amiri sadid Ash’as ibn Muhammadni yubordi, u Alpteginga qarshi koʻp urush qilib oxir uni Balxdan chiqardi. Alptegii Gʻaznaga ketdi. Ash’as ibn Muhammad ham uning ketidan Gʻaznaga bordi, u yerda ham urush qildilar. Alptegin ikkinchi marta Ash’asdan yengilib qaytib Balxga qarab qochdi. Koʻp qarama-qarshilik va urushlardan keyin Amiri sadid unga yana omonlik berdi va u xizmatga keldi. Shu vaqtlarda Amiri sadid viloyatlarga koʻp lashkar yuborib mamlakatni (dushmanlardan) tozaladi; viloyatda (taxt uchun) nizo qiluvchi kishi qolmadi. Amiri sadid daylamiylar viloyatini olib sulh tuzdi: daylamiylar har yili Amiri sadidga bir yuz ellik ming nishopur dirami toʻlaydigan boʻldilar.

Amiri sadid uch yuz oltmish beshinchi yili oʻn oltinchi muharramda (25 sentabr' 975) yakshanba kuni dunyodan oʻtdi. U oʻn besh yilu besh oy podshohlik qildi. Yana xudo bilimdonroq.

XXXVI. Amiri Rashid Abu-L-Qosim Nuh Ibn Mansur Ibn Nuh Ibn Nasr Ibn Ahmad Ibn Ismoil As-Somoniyning Podshohligi[170]

Amiri sadid yakshanba kuni dunyodan oʻtgach, dushanba kuni oʻgʻli taxtga oʻtirdi va unga bay’at qildilar. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad al-Jayhoniy unga vazir boʻldi. (Lekin) bir necha kun vazirlik qilgach, qariligi sababli vazirlikdan iste’fo berdi. Undan keyin ikki-uch kun oʻtgach, oxiri, amir Muhammad ibn Abdulloh ibn Aziz vazir boʻldi va davlat ishi ravnaq topdi. Lashkar sipohsolori boʻlib turgan Abu-l-Abbos Tosh boʻshatilib, Abu-l-Hasan Muhammad ibn Ibrohim sipohsolor boʻldi. Abu-l-Abbos Tosh qarshilik bildirib Nishopurni oldi. Abu-l-Hasan, uning oʻgʻli Abu Ali va Abu-l-Hasan al-Foyiq al-Xossalar Nishopurga borib, uch yuz yetmish yettinchi yili (3 may 987—20 aprel' 988) uni magʻlub qildilar. Abu-l-Abbos Nishopurdan qochib Gurgonga bordi. Ali ibn Hasan unga yor boʻlib, Gurgonga kiritdi.

Sipohsolor Abu-l-Hasan Muhammad ibn Ibrohim zu-l-qa’da oyining oxirida uch yuz yetmish sakkizinchi yili (11 mart 989) dunyodan oʻtdi va uning oʻgʻli (Abu Ali) sipohsolor boʻldi. Keyin Amiri rashid uni yomon koʻrib qolib bekor qildi va Abu-l-Hasan al-Foyiq al-Xossa sipohsolor boʻldi hamda Hariyga borib u bilan jang qildi, ammo undan (engilib) qochdi va hijratning uch yuz yetmish sakkizinchi yili zu-l-hijja oyida (mart-aprel' 989) Marvga bordi.

Undan keyin Abu-l-Horis Mansur ibn Nuh bir yilu tuqqiz oy voliy boʻldi, bektuziylar uni Saraxsda band qildilar[171]. Shu bilan podshohlik somoniylar sulolasi qoʻlidan chiqib ketdi. Yana olloh bilimdonroqdir.


  1. Asarda keltirilgan ma’lumotlar hozirgi zamon nlmiy-tarixiy adabiyotida boshqa yozma manbalar hamda arxeologik, topografik, etnografik va hokazo turli xil tarixiy materiallar bilan solishtirilib bir qadar yoritilgan. Shu tufayli biz bevosita asarning yozilish va asrlar osha bizning davrimizgacha yetib kelish tarixi hamda ushbu oʻzbekcha nashrning qanday tayyorlanganligi borasidagina soʻzlab oʻtishni ma’qul deb bildik. Koʻrsatilgan davr boʻyicha toʻla tarixiy ma’lumot olmoqchi boʻlgan hurmatli kitobxonlarga «Oʻzbekiston SSR tarixi (1-t., 1-kitob, Toshkent, 1956), V.V. Bartol'dning «Turkestan v epoxu mongol'skogo nashestviya (Moskva, 1963). V. A. Shishkinning «Varaxsha» (Moskva, 1963), «Istoriya tadjikskogo naroda» (t. 11, kn. 1, Moskva, 1964). O. A. Suxarevaning «K istorii gorodov Buxarskogo xanstva» (Tashkent, 1958) ' kabi yirik asarlarga va ularda koʻrsatilgan boshqa tarixiy adabiyotga nazar solishni tavsiya etamnz.
  2. «Buxoro tarixi»ning Texron nashrini (1939 yil) tayyorlagan Mudarris Rizaviyning muqaddimasi.
  3. Asarga koʻp kishilar oʻz tahririni kiritganligi koʻpchilik tadqiqotchilar tomonndan qayd etilib kelgan, ulardan biri, masalan, Eron olimi Muhammad Taqi Bahor «Malik ush-shuaro»dir.
  4. Abu Nasr Ahmad va Muhammad mbn Zufarlarning «Buxoro tarixi»ga kiritgan oʻzgartishlari miqdori va Narshaxiyning asl nusxasiga qoʻshimchalar kiritgan kishi asosan Abu Nasr Ahmad ekanligi haqida O. A. Suxarevaning «K istorii gorodov Buxarskogo xanstva» (Tashkent, 1958) nomli asarinnng kirish qismida bir oz toʻxtab oʻtilgan boʻlsa ham, bu masala hali uzil-kesil hal qilingan emas va kelajakda yana ilmim tadqiqot ishlari olib borishni talab qiladi.
  5. «Sobraniye vostochnnx rukopisey AN UzSSR», t. 1, Tashkent, 1952, str. «, № 92.
  6. «Buxoro tarixi» matnining aytib oʻtilgan qoʻlyozma va nashr etilgaa nusxalar orasidagi jiddiy deb topilgan farqlar asarning 1966 yili «Fan» nashriyotida chop etilgan oʻzbekcha tarjima ilovalarida toʻla keltirilgan.
  7. «Al-Quboviy» degan nisbadan «Buxoro tarixi»ning arabchadan fors tiliga tarjimoni hozirgi Quva shaharidan boʻdganligi anglashiladi.
  8. Hadis— lugʻaviy ma’nosi: xabar, soʻz va biror yangi narsa. Dinny adabiyotda esa paygʻambarning soʻz va ishlari, toʻgʻrirogʻi paygʻambarga nisbat beriladigan soʻz va ishlar tushuniladi.
  9. Amiri hamid Abu Muhammad Nuh...— Somoniylar sulolasidan, hukmdorlik yillari: 943—954. U haqda «Buxoro tarixi»ning XXXIII bobida toʻliq ma’lumot berilgan.
  10. Aslida diniy jamoalar va ruhoniylarning oliy rahbarlik lavozimlarini egallab kelgan sadrlar XII asrda Buxoroda feodal davlat ustidan hukmronlikni ham oʻz qoʻllariga olganliklari nazarga olinsa, Abdulaziz sadrga berilgan mazkur yuksak sifatlar boisi oydinlashadn.
  11. Sebavayh... an-Nahviy— oxirgi soʻz «grammatika fani olimi» degan ma’noni anglatadi. Biroq bu fan tarixida Sebavayh ibn Abdulaziz al-Buxoriy emas, Abu Bishr Omir ibn Usmon Sebavayhiy mashhurdir. U asli basralik boʻlib, VIII asr oxirida vafot etgan.
  12. Bu toʻgʻonlar —«bu» koʻrsatkich olmoshini nazarga olganda 828 yil atrofida Sa’id ibn Xalaf al-Balxny tashabbusi bilan qurilgan toʻgʻonlar Narshaxiy oʻz asarini yozayotgan vaqtda (943—944), balki tarjimon Ahmad ibn Muhammad (1128) yoki qisqartuvchi Muhammad ibn Zufar (1178) davrada ham mavjud ekanligi ashlashiladi.
  13. Ahmad ibn-Ismoil...— Somoniylar sulolasidan, hukmdorlik yillari: 907—914. U haqda «Buxoro tarixi»ning oxirgi boblaridan birida (XXXI) toʻlaroq yozilgan.
  14. Zohid — molu dunyoga ragʻbat va xohishi boʻlmagan, tarki dunyo qilgan kishi.
  15. Faqih — shariat ilmini, shariat hukmlarini yaxshi biluvchi kishi.
  16. Imom Shofeiy — islom dinidagi mashhur toʻrt sun’iy mazhabdan biri — «Shofeiy mazhabixiing asoschisi; 767 yilda tugʻilib 819 yilda vafot etgan.
  17. Abu-l-Fazl... as-Sulamiyning 943—945 yillarda hukmronlik qilgan Nuh ibn Nasr Somoniyga vazir boʻlganligi haqida «Buxoro tarixi»ning keyingi sahifalarida (XXXII 1-bob) aytilgan. Faqat bu yerdagi Abu-l-Fazl oʻrnida u bobda Abu Zar deb yanglish yozilgan. Abu-lFazl vazirlik lavozimida ekanligida, 946 yili, maoshi vaqtidan kechiktirilgan askarlar tomonidan qatl qilingan.
  18. Abu-l-Hasan Abdurahmon (ibn) Muhammad an-Nishopuriyning «Xazoin ul-ulum» kitobi bizgacha yetib kelgan-kelmaganligi manbashunoslik fanida hozircha ma’lum emas.
  19. Rudi Mosaf — hozirgi Zarafshon daryosi koʻzda tutiladi.
  20. Bitik —Chorjoʻy roʻbaroʻsida Amudaryo boʻyida joylashgan qishloq.
  21. Farab—(yokn Firabr), bu qishloq Chorjoʻy roʻbaroʻsida. Amudaryo boʻyida Bitikka yaqin joylashgan va «Raboti Tohir ibn Ali» deb mashhur boʻlgan.
  22. Abruy—(Abravay) yozilgan. Oʻzbekiston SSR tarixi (I tom, 1-kitob, 137-bet)da bu shaxs haqida aytilgan soʻzlar mazmunicha, u VI asrning 80-yillari atrofida Buxoroda hukmronlik qilgan.
  23. Nur — Samarqand oblastidagi hozirgi Nurota.
  24. Xarqonrud — Zarafshon daryosidan chiqarilgan. Shopurkom va Gʻijduvon rayonlarini sugʻoruvchi qadimiy kanallardan biri. Bu yerda shundan nomli kanal boʻyida joylashgan, Buxoro qishloqlaridan biri boʻlgan, Karmina yaqinidagi Xarqona nazarda tutilishi kerak.
  25. Vardona — bu qishloq «Qurgʻoni Vardonze» nomi bilan hozir ham mavjud. Hozirgi Shopurkom rayonining Xoʻja Gʻulom tepa qishlogʻi yaqinidagi ulkan tepalik.
  26. Tarovcha — Buxoroning janub-gʻarbida joylashgan Torob qishlogʻining kichraytirma atalishi.
  27. Safna (Isvona va «Aysuvona»)—qishloqlari qayerda boʻlganligi hozirgacha aniqlangan emas.
  28. Baykand (Poykand)—Bu qishloq haqida soʻngroq «Buxoro tarihi»ning oʻzida IV bobda soʻzlanadi. Uning vayronalari Buxorodan janubi gʻarbda, Sverdlov rayonidagn Oktabr' kolxozi territorpyasida. Yakkatut temir yoʻl stansiyasm yonida saqlanib qolgan.
  29. 'Qal’ayi Dabusiy — Oʻzbekistonda, hozirgi Ziyouddin temir yoʻl stansiyasi yonida joylashgan.
  30. Dehqonlar — bu yerda va umuman «Buxoro tarixi»ning koʻp joyida bu soʻz yirik yer egalari, nasldor zodagonlar ma’nosida ishlatiladi.
  31. Taroz —hozirgn Jambul (Avliyoota) shahari.
  32. Kadivarlar — Arablar istilosi oldidan Oʻrta Osiyoda ilk feodal jamiyatining tashkil topa boshlagan davrida erkin dehqonlar tabaqasi bilan bir qatorda paydo boʻlgan, ammo erkin dehqondan farqli oʻlaroq, iqtisodiy jihatdan boy tabaqalarga butunlay qaram boʻlgan kishilar.
  33. Shahriston (Shoriston shaklida ham yozilgan)—shaharning mudofaa devori bilan oʻralgan asosiy qismi.
  34. Mamostin— (Mamostiy). Buxoro shaharining gʻarbida joylashgan qishloq.
  35. Saqmatin — keyinroq Sumiton deb atalgan. Bu qishloq Shaharrud kanalining boʻyida, Buxoro yonida joylashgan. Hozir esa Chorbakr deb ataladi.
  36. Abu Bakr Siddiqning xalifaligi davri: 632—634 yillar.
  37. Nasr (ibn) Sayyorning Xurosonda amirlik yillari: 738—748
  38. Amir Ismoil Somoniy davri, ya’ni 892—907 yillar, u haqda batafsil XXIX bobda soʻzlangan.
  39. Bidun Buxorxudot — 680 yili Muslim ibn Ziyod tomonidan oʻldirilgan, Bu haqda toʻlaroq keyingi sahifalarda soʻzlanadi.
  40. Xotinning Buxoroda hukmronlik qilgan yillari: 680-695.
  41. Mol —har xil ma’noda ishlatiladigan termin: «Buxoro tarixi» da koʻpincha pul, mol-mulk mazmunini anglatsa ham asosan xiroj, jon puli ma’nosida ham keladi.
  42. Xoja sarolar, ya’ni bichilgan qullar—«Xoja saroyon, ya’ni xusyon».
  43. Aloqa (xat-xabar) ishlari boshligʻi «sohibi barid».
  44. Muqanna qoʻzgʻolonn haqida toʻlaroq ma’lumot uchun qarang: ushbu kitob XXVII bob. Abbosiylar xalifalaridan boʻlgan Mahdiyning xalifalik yilllari: 775—785.
  45. Ibrohim — nusxalardan birida «Abu Ibrohim», bu esa Ismoil Somoniyning kunyasi, demak uning oʻzi.
  46. Nasr — Ismoil Somoniyning akasi. Samarqandda hukmronlik qilgan; vafoti yili .892.
  47. Amir. ul-mu’minin Muqtadir—Abbosiylar xalifalaridan, 908-932 yillarda xalifalik qilgan.
  48. «Bayt ul-mol mulki»ning mazmuni umuman: gʻaniymatga olingan mollar va egalari vafot qilgandan keyin davlat ixtiyoriga olingan mollar saqlanadigan joy (uy) va, yana, barcha musulmonlarning haqqi boʻlgan mol;
  49. Oriz — askarlar va mansabdorlarga maosh ulashish ishlarini boshqarish lavozimidagi kishi, xazinachi ma’nosida xam tushunish mumkin.
  50. Tobeinlar — Muhammad paygʻambarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan (sahoba)larni koʻrgan kishilar.
  51. Tavois — joylashgan yeri Buxorodan Samarqandga olib boradigan katta yoʻl ustida boʻlganligi keyinroq aytilgan. Tarixiy adabiyotda koʻproq uchraydigan toʻgʻri atalishi «Tavovis»dir.
  52. Arqud — Raboti malik choʻlnning gʻarbida joylashgan deb bir nusxada tushuntirish ham berilgan.
  53. Choch — Toshkent shahrining ilk oʻrta asrlardagi nomi.
  54. Kuhandiz — «kundiz» qal’a. XIII asrdan boshlab Buxoroning kuhandizi «ark» deb ham atalgan.
  55. Juft — asli «jufti gov», ya’ni «qoʻsh hoʻkiz». Yer oʻlchovi sifatida ishlatilib, bir faslda bir juft hoʻkiz bilan ishlov berib hosil olinishi mumkin boʻlgan yer miqdorini anglatadi.
  56. Abu Ahmad al-Muvaffaq billoh — Abbosiylar xalifalaridan boʻlgan birodari Mu’tamid davrida (870—892) hukmdorlik qilgan; vafot yili 891.
  57. Muqotaa — ulush sifatida taqdim qilingan yer-mulk.
  58. Muhammad ibn Tohir 862—873 yillarda Xurosonda amir boʻlgan.
  59. Malik Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim Tamgʻochxon — nusxalarda «Ibrohim» bilan «Tamgʻochxon» orasiga yanglish «ibn» qoʻyilgan. Qoraxoniylar sulolasi hukmdorlaridan boʻlgan Ibrohim Tamgʻochxon 1068 yili taxtdan voz kechib, oʻgʻli Shamsulmulk Movarounnahrda hokimiyatni qoʻliga olgan va 1080 yili vafot etgan.
  60. Omillar — umuman xizmatchi yoki amaldor ma’nolarida; bu yerda soliq yigʻuvchilik lavozimidagi kishilar ma’nosini anglatuvchi tarixiy atama.
  61. Qadrxon Jabrail ibn Umar ibn Toʻgʻrulxon Qoraxoniylar sulolasidan boʻlib, 1099—1102 yillar orasida Movarounnahrda boʻlgan.
  62. Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon — Qoraxoniylar sulolasidan, hukmronlik yillari 1102—1130.
  63. Qintoriy Doziyning lugʻatida «quntoriy» talaffuzi bilan oʻqilib «oʻq yoy» yoki «nayza yogʻochi» deb tarjima qilingan. «Muhiti A’zam»da zsa «qintoriy»ga «tutatiladigan ud» ma’nosi, «Burxoni qote»da yongʻoq daraxtishshg ildizi ichida paydo boʻladigan yelimga oʻxshash narsa deb izoh berilib, uning qon toʻxtatish xususiyati bor deyilgan.
  64. Mis — lugʻaviy ma’nosi kiyimlarni qizilga boʻyash uchun ishlatiladngan bir ildizdir.
  65. Bu yerda Sosoniylar sulolasi shahzodalaridan boʻlgan Shopur (Xusrav I (531—578) yoki Xusrav II (590—628)ning oʻgʻli) koʻzda tutilsa kerak. Bu Shopur haqida «Buxoro tarixi»ning keyingi sahifalaridan birida soʻzlanadi.
  66. Ali va Ja’far avlodi — Ali— Muhammad paygʻambarning kuyovi, safdoshi va amakisi Abu Tolibning oʻgʻli; 656—661 yillarda xalifalik qilgan. U asosan Eronda tarqalgan shia mazhyablaridan imomiyya mazhabidagi oʻn ikki imomning birinchisi hisoblanadi. Ja’far (Imom Ja’far Sodiq) esa oltinchisidir, 765 yili vafot etgan.
  67. Xoja imom Abu Hafs Kabir — Buxoroda oʻtgan mashhur faqih — shariat ilmining bilimdoni. 834 yili vafot etgan.
  68. Xunukxudot— VIII asrda oʻtgan Buxoro hukmronlaridan.
  69. Somoniylar shahzodalaridan boʻlgan Ahmad ibn Nuhning hukmdorlik taxtiga oʻtirganligi haqida aniq ma’lumot yoʻq. «Musulmon dinastiyalari»nnng avtori Len Pul'ning koʻrsatishicha hamda «Buxoro tarixi»ning keyingi sahifalarida yoritilishicha, Nuh ibn Nasrdan keyin uning oʻgʻillari Abdumalik ibn Nuh (954—961) va Mansur ibn Nuh (961—976) hukmdorlik qilgan.
  70. Xarvor — har xil shaharlarda miqdori har xil boʻlgan ogʻirlik oʻlchovini anglatadi. Lugʻaviy ma’nosi «bir eshak yuki», ya’ni bir eshakka ortilishi mumkin boʻlgan ogʻirlik mikdori. Bu oʻrinda esa «xarvorho» shaklida yozilgan va umuman juda koʻp degan mazmunni anglatadi.
  71. Shaddod — afsona boʻyicha Iram bogʻini qurdirgan va zolimlikda dong chiqargan bir podshohning nomi; shu tufayli adabiyotda koʻpincha zolim podshoh— hukmdorlarga nnsbat beriladi.
  72. Funduqiy — ya’ni jigarrang.
  73. Numijkat — oʻrta asr manbalarining ma’lumoticha, Numijkat aslida Buxoroga yaqin, lekin undan alohida bir shahar boʻlib, soʻng bu ikki shahar bir-biriga qoʻshilib ketgan, shuning uchun Buxoro goho Numijkat deb ham atalgan.
  74. Salmoni Forsiy — asli eronlik boʻlib, Muhammad paygʻambarning sahobalaridandir; 655 yili vafot etgan.
  75. Kutvol — qal’a boshligʻi.
  76. Xorazmshoh —bu yerda Xorazmshoh Otsiz koʻzda tutilishi kerak, u 1127— 1156 yillarda hukmronlik qilgan.
  77. Sulton Sanjar — saljuqiylar sulolasi hukmdorlaridan (1119—1157 yillar).
  78. Goʻrxon—1141 yili sulton Sanjarni magʻlubiyatga uchratib Movarounnahrni bosib olgan qoraxitoylar sulolasi hukmdorining unvoni.
  79. Gʻuz askarlari — turk qabilalaridan biri boʻlgan gʻuzlarning sulton Sanjar (saljuqiylardan) ixtiyoridagi askarlari koʻzda tutilsa kerak.
  80. Xorazmshoh Muhammad ibn Sulton Takash — 1200—1220 yillarda hukmronlik qilgan; «xitoyliklar yengildilar» deyishdan qoraxitoylarni tushunmoq lozim.
  81. Somoniylar sulolasi hukmronligi, umuman, 874—999 yillar.
  82. Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniyning hukmronlik davri 914—943 yillar.
  83. Abdumalik ibn Nuh ibn Nasr ibn Ahmad ibn Ismoilning hukmronlik davri: 954—961 yillar.
  84. «Kitobi Yaminiy»ning muallifi Ahmad ibn Hasan al-Utbiy —«Buxoro tarixi»ni fors tiliga tarjima qilgan Ahmad ibn Muhammad bu yerda xatoga yoʻl qoʻygan: haqiqatda vazirning nomi Abu Ja’far Utbiy boʻlib, «Tarixi Yaminiy»ning muallifi butunlay boshqa shaxs —Abu Nasr Muhammad ibn Abduljabbor Utbiydir.
  85. Somoniylar sulolasidan boʻlgan Mansur ibn Nuhning hukmronlik yillari: 961—976.
  86. Misqol — ogʻirlik oʻlchovi: 4,25 gramm.
  87. Xalifa al-Musta’in ibn al-Mu’tasim — abbosiylar xalifalaridan: 862—866 yillar.
  88. Mavoliy — aslida «mavlo» (xoja, janob, valiy va hokazo)ning jami. Bu yerdagiga oʻxshash «ozod etilgan qul» ma’nosida ham keladi. Mavoliy (ozodlik olgan qul)lar Ismoil Somoniyning gvardiyasida xizmat qilganlar.
  89. Nasrxon ibi Tamgʻochxon, ya’ni Malik Shamsulmulk.
  90. Xizrxon 1080 yili taxtga oʻtirgan.
  91. Ahmadxonning hukmronligi 1095 yilgacha davom etgan.
  92. Malikshoh — saljuqiylar sultoni (1072—1092), u Movarounnahrga 1089 yili hujum qilgan.
  93. Sosoniylar sulolasidan boʻlgan Kisro (Xisrav) I (531—578) yoki Xisrav II (590—628).
  94. Kanpirak devor — xarobalari shu kunlargacha ham saqlanib qolgan.
  95. Abu-l-Abbos al-Fazl ibn Sulaymon Tusny 783 yildan 787 yilgacha amirlik qilgan.
  96. Mas’ud Qilich Tamgʻochxon — qoraxitoylar xoni (1160— 1178).
  97. Abu Bakr Siddiqning (xalifalik) davri: 632—634 yillar.
  98. Horun ar-Rashid — abbosiylardan; xalifalik yillari: 786—809.
  99. Muso al-Hodiy — abbosiylardan; 785-786 yillarda xalifalik qilgan.
  100. Yarim diramdan tortab toʻrt yarim donakgacha ba’zi nusxalarda: «yarim diram yoki toʻrt yarim donak». Bu bobda uchragan ogʻirlik oʻlchozlarining oʻsha davrlarda arablarda ishlatilgan miqdori taxminan bunday:
    • misqol — 4,250 gr.
    • diram — 3,186 gr.
    • donak — 0,531 gr.
    • habba — 0,071 gr.
  101. Muoviya I—umavbya xalifalaridan, xalifalik yillari: 661—680.
  102. Qusam ibn Abbocnnng oʻz ajali bilan vafot topgan yoki oʻldirilganligi va bu voqea Samarqandda yoki Marvda sodir boʻlganligi borasida manbalarda ixtiloflar bor. Lekin shunisi aniqki, hozirda ham Samarqandda mavjud boʻlgan Shohizinda maqbarasi uning bu yerga koʻmilgan yo yoʻqligidan qat’i nazar shu shaxs nomi bilan bogʻlangan. Bu haqda mufassal ma’lumot Abu Tohir Xojaning «Samariya» asarida toʻliq keltirilgan.
  103. Yazid (I) ibn Muoviya (umaviya xalifalaridan) xalifalik qilib turgan vaqti — 680—683 yillar.
  104. Muslim ibn Ziyod ibn Abiyh — arablarda otasining nomi noaniq boʻlgan kishiga shunda (Abiyh) deyiladi, ya’ni: otasi noma’lum Ziyodnnng oʻgʻli Muslim. Xurosonda amirlik qilgan yillari. 681—684.
  105. Ajam — arablar oʻzlaridan boshqa xalqlarni «ajam» deb ataganlar, shuningdek, arablar yashaydigan yerlardan boshqa mamlakatlar, xususan Eron va Turonlar ham «mulki ajam» nomi bilan yuritilgan.
  106. Hajjoj —arab xalifaligining sharqiy qismlarining 694—714 yillaridagi noibi Hajjoj ibn Yusuf; oʻz zolimligi bilan dong chiqargan. Qutayba ibn Muslimning Xuroson amiri boʻlgan yili — 705.
  107. Toʻxoriston — Amudaryoning oʻrta va yuqori oqimidagi ikki sohilini ishgʻol etgan yerlarning oʻrta asrlardagi atalishi.
  108. Xunbun — Buxoro bilan Paykand oraligʻida joylashgan qishloq.
  109. Torob — bu ham Xunbun yaqinida oʻrnashgan Buxoro qishloqlaridan.
  110. Hayyoni Nabatiy — Qutaybaning yaqin kishilaridan.
  111. Amiri sadid Mansur ibn Nuh ibn Nasr — somoniylar sulolasidan, hukmronlik yillari: 961—976 (q. XXXV bob).
  112. Abu Ja’far Davonaqiy, ya’ni halifa Mansur; abbosiylar xalifalaridan, 754—775 yillarda xalifalik qilgan.
  113. Tohiriylar sulolasida bunday nom yoʻq. Umuman bu sulolaning Xurosonda hukmronlik yildari 821—873.
  114. Xoja imom Abu Hafs Kabir Buxoriy — Buxoroning mashhur faqihlaradan, vafot yili, «Buxoro tarixn»ning oʻzida keyinroq aytilishicha, 832.
  115. Toʻgʻrisi: Muhammad ibn Hasan Shayboniy, mashhur fiqh olimi Abu Xanifaning shogirdi, vafoti yil — 804.
  116. Islom mualliflari orasida Shams ul-aimma al-Xalvoiygacha (vafoti 1060 yil atrofida) oʻtgan faqixlarni «Mutaqaddimin»—«avvalgilar», undan keyingi faqihlarni esa «mutaaxxirin»—«keyingilar» deb yuritiladi.
  117. Abu Abdulloh —Abu Hafs Sagʻr deb ham ataladi, vafoti yili —877.
  118. Mujovirlar — masjid va mozorlarda tunab yuruvchilar.
  119. Haqrahni «haq» deb ataganlar — «Haqrah»ning mazmuni: haq yoʻl.
  120. Qutayba oʻldirilgan yil — 715.
  121. Asad ibn Abdulloh al-Qushayrni 166 (782—783) yilda emas, 4 20 (29 dekabr' 737—17 dekabr' 783) yili vafot etganligi tarixiy adabiyotda manbalar asosida aniqlangan. Binobarin, 166 yilni 120 deb tushunmoq lozim; shuningdek, uning nisbasi ham «al-Qushayriy» emas, «al-Qasriy»dir.
  122. Somon qishlogʻi ba’zi manbalar ma’lumoticha Samarqand atrofida deyilgan, biroq «Buxoro tarixi»dagi bu soʻzlar, koʻpchilik manbalar bilan bir qatorda, Somon qishlogʻining Balxga yaqin yerda ekanligidan darak beradi.
  123. Abu-l-Hasan Maydoniy — akademik V. V. Bartol'dnpng aniqlashicha, «Maydoniy»emas «Madoiniy» yozilishi kerak. Maydoniy esa (toʻla nomi Abu-l-Hasan Ali ibn Muhammad), arab tarixnavislaridan boʻlib, 830 yoki 840 yilda vafot etgan.
  124. Zimmiylar — islom dini hukmron boʻlgan mamlakatda yashab turuvchi boshqa dinlarga mansub kishilar, islom davlati oʻz himoyasida saqlab turganligi evaziga zimmiylar ma’lum solid — Jizya toʻlab turganlar.
  125. Asad ibn Abdulloh al-Qushayrni 166 (782—783) yilda emas, 4 20 (29 dekabr' 737—17 dekabr' 783) yili vafot etganligi tarixiy adabiyotda manbalar asosida aniqlangan. Binobarin, 166 yilni 120 deb tushunmoq lozim; shuningdek, uning nisbasi ham «al-Qushayriy» emas, «al-Qasriy»dir.
  126. Hishom ibn Abdumalik ibn Marvon — umaviylar xalifalaridan, xalifalik yillari: 724—743.
  127. Bu bobda bayon qilingan voqealar 750— 751 yillarda sodir boʻlgai.
  128. Marvoiiylar —umaviylar xalifalaridan (661—750) oxirgisi Marvon II (744—750) ning avlod-tarafdorlari koʻzda tutiladi.
  129. Abbociylar — umaviylar (661—750) xalifaligidan keyingi 750—1258 yillarda hukmronlik qilgan xalifalar sulolasi.
  130. Barzam — «Haft qulzum»da buni Amudaryo yoqasidagi bir qal’a nomi deyilgan. Lekin «Zamm»ni alohida olsak, u Karki shahrining qadimiy nomi. Zam viloyati Amudaryoning Karkdan janubdagi qismi, Andxoʻy Maymana atroflari.
  131. Abu Muslim — umaviylar xonadoni xalifaligining yiqilishi va abbosiylar xonadoni xalifaligining oʻrnatilishida abbosiylarga katta xizmatlar koʻrsatgan shaxs.
  132. Kashmiz—Fray izohida buning Omuya (Chorjoʻy) yaqinida oʻrnashgan shahar ekanligi va «Kushmihon» oʻqilishi toʻgʻriligi koʻrsatilgan.
  133. Sipoh alomatinn oshkora qildi — Likoshin buni hamma nusxalarda shunday yozilganidan qat’i nazar «qora alomat» oʻqilishi toʻgʻri degan. Chunki abbosiylarning bayroqlari qora rangli boʻlgan. Tagʻshoda Ziyod ibn Solih tarafida jang qilgailigi uchun shunday alomat koʻrsatgan boʻlishini toʻgʻri deb tushunish mumkin.
  134. «Axbori Muqanna» (nomli kitob) ning muallifi Ibrohim va Muhammad ibn Jarir at-Tabariylarning aytishlaricha...
  135. Mahdiy ibn Mansur — abbosiylar xalifalaridan, xalifalik yillari: 775—785.
  136. Abu Ja’far Davonaqiy davri, ya’ni abbosiylar xalifalaridan boʻlgan Mansur (754—775 yillar) ning davri.
  137. Abduljabbor Azdiy — 758 yili Xuroson amiri boʻlgan.
  138. Naxshab yoki Nasaf — hozirgi Qarshi yonidagi qadimiy shahar. Kesh — Shahrisabz va Kitob.
  139. Maoz ibn Muslim Xurosonga amir boʻlgan vaqt — 777 yil.
  140. Hariy — ya’ni Hirot shahari; hozirgi Afgʻonistonnnng shimoli gʻarbnda oʻrnashgan.
  141. Arbnnjon va Zarmon — Buxoro bilan Samarqand orasida yoʻl ustida oʻrnashgan qishloqlar nomi.
  142. Hirot amiri boʻlgan Sa’id koʻp lashkar bilan Muqanna hisorining darvozasiga kelib qoʻndi. Nusxalardan birida: «Muqanna saroyi darvozasiga yigirma mingdan ortiq lashkar bordi, urushlar qildi, ammo uni ololmadi. Muqannaning halok boʻlish vaqti yetgach, Mahdiy Hirotning amiri boʻlgan Sa’id Harashiyni yubordi va u lashkar bilan Hisor darvozasi (oldiga) kelib qoʻndi».
  143. Ba’zi nusxalar hoshiyasida «Tarixi Faxruddin Ali Mustavfiy Iroqiy» dan keltirilgan ilovada: hukmronlik muddat bir yuz oʻn yilu olti oyu yetti kun boʻlgan. Ularning mamlakati Turk diyoridan to Hind, Fors va Iroq chegaralarigacha, turarjoy (poytaxt) lari esa Buxoroda boʻlgan.
  144. Abbosiylar xalifalaridan boʻlgan Horun ar-Rashidning xalifalikka oʻtirgan yili — 786, vafot yili esa — 809. Shunga koʻra mazkur Samarqand voqealari 809 yilda sodir boʻlgan.
  145. Ma’munnnng xalifalikka oʻtirgan yili bevosita Horun ar-Rashiddan keyin (809) emas, 813 yili voqe boʻlgan va u 833 yilgacha xalifalikda turgan.
  146. Gʻasson ibn Ubbodning Xuroson amirligidan tushirilgan yili — 821.
  147. Tohir ibn Husayn — 821—822 yillarda Xurosoi amiri boʻlgan.
  148. Nuh ibn Asadning vafoti yili 842, Ahmad ibn Asadniki — 864.
  149. Amr ibn Lays — safforiylar sulolasining asoschisi Ya’qub ibn Laysning birodari; 879 yili oʻz akasi oʻrniga taxtga oʻtirgan. Somoniylardan amir Ismoil uni Balxda magʻlubiyatga uchratganligi voqeasi XXX bobda batafsil soʻzlangan.
  150. Ya’qub ibn Lays — safforiylar sulolasining asoschisi, hukmronlik yillari 868—879. Uning Xurosonni tohiriylar sulolasi qoʻlidai olgan yili — 873.
  151. Dabir — kotib va maslahatchi ma’nosida.
  152. Isfijob — koʻpchilik adabiyotda mashhur boʻlgan shaklda olindi. Chimkent yonida, Sayram oʻrnidagi oʻrta asr shahri.
  153. Man — ogʻirlik oʻlchovi; har xil yerlarda turli miqdorni anglatgai; masalan, arab xalifaligida ishlatilgan 1 man — 831 gr. Bunda umuman don ogʻirligi emas, bir dona non haqida gap borayotgailigiga asosan bu yerda mazkur 831 gr atrofidagn miqdor tushunilishi mumkin.
  154. Omili xiroj — xiroj yigʻish ishlari mutasaddisi.
  155. Devon daromadi— (amvoli devon); ya’ni davlat mol-mulki.
  156. Vozbadin — Buxoro va Samarqand oraligʻida oʻrnashgan ekanligi teks mazmunidan tushunilsa ham, lekin tarixiy adabiyotda bunday nomdagi jon uchramaydn.
  157. Mu’tazid — abbosiylardan; 892—902 yillarda xalifalik qilgan.
  158. Ali ibn-al-Husayn — Janubiy Erondagp Fors viloyatining amiri. 869—871 yillar orasida Ya’qub nbn Lays uning hukmronligidagn Forsni tortib olgan.
  159. Guzgoniyon amiri Ahmad (keyingi abzatsda Ahmad ibn Farigʻun) — hozirgi Afgʻonistonning shimolidagi Andxoʻy, Shibirgon shaharlari joylashgan yerlar Guzgon (yoki Guzgonon) deb atalib, 1X-X asrlarda u yerda farigʻunlar sulolasi hukmronlik qilgan; Ahmad shu suloladandir.
  160. Foryob — Guzgonondagi shaharlardan biri. Afgʻonistondagi qadimiy shahar, hozirgi Davlatobod oʻrnida boʻlgan.
  161. Ahmad ibn Ismoil as-Somoniyning hukmdorlik yillari: 907—914.
  162. Abu-l-Hasan Nasr ibn Ahmad ibi Ismoil as-Somoniy hukmdorligi: 914— 943 yillar.
  163. Amiri sa’id oʻn uchinchi yili — yuqorida oʻtgan 301 yilga qaraganda, bu yerda 313 (29 mart 925—18 mart 926).
  164. Nuh ibn Nasr ibn Axmad ibn Ismoil as-Sombniyning xukmronlik yillari: 943-954.
  165. Bu yerda Abu Zar deb notoʻgʻri yozilgan, yuqorida aytilishicha haqiqatan ham Buxoroga qozilik qilib fiqh masalalariga oid «Muxtasari kofiy» nomli ysar yozgan kishi Abu-l-Fazldir.
  166. Abu Ali Isfahoniy Nishopur amiri edi — boshqa manbalar ma’lumoticha bu shaxs Isfahoniy emas Sagʻoniyoniy yoki Chagʻbniyoniy (Surxon vodiysi) boʻlishi kerak. U 955 yilda vafot etgan.
  167. Ibrohim Simjoʻr — 945—948 yillarda Nishopurda amirlik qilgan.
  168. Abdulmalik ibn Nuh ibn Nasrnnng hukmronlnk yillari: 954—961.
  169. Mansur ibn Nasr nbn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniyning podshohligi adabiyotda 961—976 yillar deb koʻrsatilgan, lekin ushbu bobning oxirida 25 sektyabr' 975 yil aniq aytilgan. «Amiri sadid» uning laqabidir. «Sadid»— toʻgʻri, haq ma’nosida.
  170. Nuh ibn Mansur ibn Nuh ibn Nasr nbn Ahmad ibn Ismonl as-Somoniynnng hukmronligi: 976—997 yillar.
  171. Shu davrdagi nufuzli kishilardan biri hojib Bektuzun koʻzda tutilsa kerak. Bektuzun matnda nomi atalgan Foyiq al-Xossa bilan birga Saraxsda 929 yili Mansur ibn Nuhni asir olib, soʻng uni koʻr qilib Buxoroga joʻnatganligi tarixiy adabiyotda bayon qilingan.