OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomi«Baxitli savet ayalining arzasi» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





«Baxitli savet ayalining arzasi» (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Qarshigul qalamining uchini tishlab turdi, oʻylandi. Nihoyat yozishga qaror qildi. Eri Xudoyberdi bilan ajrashib ajrasholmaydi, yarashib yarasholmaydi. Toʻrt bolasi bilan sakkiz oydan beri otasinikida sigʻindi boʻlib oʻtiripti. Kecha rayijroqoʻmga borgan edi. Qabul qilgan odam yaxshi gaplashdi. Yaxshi odam ekan. Xudoyberdi boʻlsa, uni men oʻzim zirillataman, sen uyga bor-da, oʻylab, bitta yaxshi ariza yozib kel, oralaringda nima gap oʻtgan boʻlsa, barini yoz, dedi. Qarshigul ikki kunki, ariza yozishga urinadi, ammo... toʻrt bola?.. Qirilgur, boʻyning uzilgur sakkiz oydan beri tayinli xabar olmadi. Bolalarimning ahvoli nima kechdi, usti butmi, qorni toʻqmi, demadi. Onasini yuboripti. Qarshigulning qaynonasini! Qayin opasi bilan birga! Qarshigul ularni boshiga uradimi? Qarshigul... axir...
— Hech kim sizlarni yarashtirishga urinmadimi? – deb soʻradi qabul qilgan odam.
— Yarashtirishgandi, bari bir boʻlmadi, - dedi Qarshigul qimtinib.
— Nega?
— Shunday. Yasholmadik.
— Toʻrt bola tugʻilgancha yashapsizlar-ku. Endi... singlim, siz bor gapni ochiqchasiga aytavering. Tortinmang. Nega yasholmadinglar?

Qarshigulning qoʻlidagi goʻdagi chirillay boshladi. U qildi-bu qildi, goʻdak ovunmadi. Qarshigul xijolatdan qizarib, oʻrnidan turgancha, bolani silkib, ovutmoqqa urindi. Bola koʻnmadi.
— Biz bola koʻrmaganmizmi? Emizavering, -dedi rayijroqum buva, qandaydir, otalarcha zarda bilan.

Qarshigul ana shu ishoraga mahtal edi. Bolasiga koʻkragini tutdi. Bola talpinib emishga tushdi. Goʻdagiga qarab turib, Qarshigulning xoʻrligi keldi. «Bolalaringni shu koʻyga solgancha avarya boʻlib oʻl!», deya ichida qargʻangancha, koʻz yoshlari yuziga sizib chiqdi. Buni oʻzi sezmadi. Koʻz oldida Xudoyberdi turardi. «Tur yoʻqol! Sen mening tengim emassan!», degan edi oʻshanda.

«Tengi boʻlmasam nega uylandi? Etagiga osilib olganim yoʻq edi-ku!»

Qarshigul uzil-kesil qarorga kelib, yengi bilan koʻz yoshlarini artdi-da, yozishga tutindi:

«ARZA»

«Bizding turmush qurushimizgʻa enalarimiz sababchi boʻgʻan. O’ning enasi meni kelin qimoqchi boʻb keldiyu «Bittagina togʻamding ulidan qizimdi ayaymamma?!» dep mening enam toʻppa-toʻsinnan rozi boʻldi. Keyin Xudoyberdiminan meni uchrashtirishdi. Bir-birimizdi koʻrdik. Ekavmizam toʻygʻa rozi boʻldiq.. Men oʻ vaxtlari 17 jashdaydim. Turmush, xayat, sevgi nimaligini tushunmaganman. Enam qarindoshligimiz makkam boʻsin degan. Men emasam xayat shuyakan, voyagʻa jetgan qiz erga tiyib ketayberishi keragakan dep oʻylagʻamman. Tuvrisi, Xudoyberdi balant boʻyli, kelishgan jigit edi. Muning ustiga institutti bitirib keganiydi. Shulardi oʻylab, rosa quvonganman. Maktabti men b-n pitirgan qizlar ketmanchigayam, oʻroqchigayam tiyib boraytib edi. Shunday boʻsayam men qarab turgʻanim joʻq. Xudoyberdi maktapta ishlab pul tovgʻan boʻsa, men dalaga chiqib, xashak jiydim. Qanorga solib. Eshshakta uyga tashidim. Xudoyberdi bu ishlardi qilishga iymanariydi. Mayli dedim. Oliy ma’lumotli odamdi uyaltmay dedim. Jiygan xashagim qishta mollardan ortib qoldi. Ortganini bozorga opchiqib sottik. O’zingiz bilasiz, bizda lalmikor. Men somondi, xashakdi urlamaganman. Moshinga ortip ketgannam keyin uyumding tagida qogʻan maydasini tashiganman. Sovxoz diriktiri Xidir akayam bir marta koʻrib qop: «Ha mayli. Bu urlikka kirmaydi, tashiyber» degan.

Qoʻni-qoʻshnilarimiz gilam toʻqir edi. Keyinchalik menam qiziqib, uyrandim. Singilchalariga bosh boʻp 6 ta gilam toʻqidik. Mina shuytib roʻzgʻordi ancha butlab oldik. Pulimiz koʻpaydi. O’ koʻtarilib, rayonga ishga oʻtdi. Jilt janga moshin oldi. «Jiguli». Moshin oldiyu, aynidi. O’ni shu darajaga jetkazgan men jomon boʻp qoldim. Avvallari mayda janjallar boʻp turar edi. Birinchi farzandimiz 25 kunlik boʻgʻanda meni birinchi marta urdi va tepti. Kaltak va tepki zarbidan hushumdi bilmay, esim ovub qopti.Shoʻnnan soʻgʻin belim ovruydigan boʻp qoldi. Shoʻnda janjal nimadan chiqqanini bilmayman. Har kuni oxshomlari menga tirgʻalariydi. Mening chillam chiqmagʻan boʻsa, qaytayin... Keyin oʻning ochuvi chiqar edi. «Ota-bovolarimiz bekorga eki-uchtadan xotin omagʻanaken. O’larding kallasi ishlaganaken!» deb gap sotar edi. Nima desang deyber, ilojim joʻq, deb turib olar edim. Shuniyam aytishim kerak, rayijroqoʻm bova, Xudoyberdi nuqul: «Men butun dunyani ogʻan Amir Temirding urugʻiman, barlosman. Sen Shayboniyxonding avlodisan, barloslarding dushmanisan. Sendan yaxshilik kutib boʻmaydi» degich edi. Birinchi janjalgacha bu gaplardi hazillashib aytar edi. Keyin chini bilan meni dushmanga chiqarib qoʻydi. O’ shundaychaqit, oʻtaketgan millatchi. Millatchi boʻmasa meni – ammasining qizini nimaga xoʻrlaydi? Biz axir savet zamonida jashayappiz. Amir Temir bovosining bizga nima aloqasi bor.. Aslida, Xudoyberdiyam shoʻ bovosiga oʻxshap zoʻr boʻsam deydi. Uydayam, koʻchadayam, qishloqdayam hamma unnan qoʻrqadi. Hatto qishloqda hech kimga gap bermaydigan Eshqobil fermaniyam bir toʻyda ichib olib urgan. Mening bilishimcha, shoʻnda oʻzini atay mastlikka sogʻan. Asli mast boʻmagʻan. Bizding bovomiz Shayboniyxon oʻning aytishicha, Amir Temirding bollarini O’zbekistonnan quvib chiqarganaken. Ajab qipti, xoʻp qipti. Menam sizdi rayis bovo, Xudoyberdini rayonnam haydashingizdi soʻrayman. Siz bizding urugʻdan ekansiz-ku. Iltimos sizdan, barlosman, Amir Temirding avlodiman, deb kerilib jurganiga oʻning bir ta’zirini bering. Shayboniyxonding avlodlari haziram zoʻrligʻini bilib qoʻysin. Rayonda barloslar ozchilik, qoʻrqmang, Xudoyberdining tarafini oladigʻan hech kim joʻq.. Bu yaqda men dod-voy qip turaman, urdi-soʻkdi, savet zamanida ayallardi himoya qiladigʻan borma, joʻqma deb. Shuytib bir boplamasangiz, juda haddidan oshib ketdi. Nima, ichib keldim deb uray beradima? O’taketgan jomon u! Hech kimdan qoʻrqmay qoʻygʻan. Jilovini tortmasangiz iloj joʻq.. Iloji boʻsa bir-eki jilgʻa qamating...»

Qarshigul soʻnggi jumlani yozgan zahoti oʻchirib tashladi. O’la-ar, tagʻin... Xudoyberdini qamatib oʻzi nima qiladi?

«... Iloji boʻsa qamataman deb qoʻrqiting. Shuytip, ekinchi marta koʻz jorishimdan sal aval yana janjal qildi. Kechasi soat 9-10 larda mast holda kirib kelib, yuzimga shapaloq tortdi va qoʻlini musht qip ovzima urdi. Ovzim qonga toʻlib, miyam zirqirab ovridi. Bir jildan keyin 10 dekabr kuni kechasi toʻydan mast boʻp qaytib yana urdi va sochimding bir oʻrimini julib oldi. Tashqariga qochib chiqib edim, akasi koʻrib qop, oʻrtagʻa tushdi. Xudoyberdini qoʻlidan tutib, homilador ayaldi urasamma, esing qayaqda, deb qaytarmoqchi boʻldi. Shunda Xudoyberdi xudoy urgur mening javobimdi berdi. Shoʻnnan soʻgʻin men birga yashashga koʻnmadim. Xudoyberdi kelib otamgʻa jolindi. Bunnan enam erib, «E, bolangdi qaytib otasiz oʻstirasan», deb meni urishdi. Boshqa buytmaslikka soʻz berdi-ku, deb qaytib bordim. O’ esa xudoy bermagir oʻzi jolinip uyga opporib ogʻannan soʻng 6 oygʻacha kechalari chappa qarab jotdi. Men b-n gaplashmadi. Pishirgan ovqatimdi jemadi. Nima, meni quruq choʻrilikka ogʻamma, buytib jashagannam oʻlgan joxshi, deb mening ochuvim chiqdi. Lekin bir nima deyishga ilojim joʻq, qaytamanaken, deb juribidim, enamding davleniyasi koʻtarilib toʻsatdan vafot etdi Otamding bir oʻzi josh-josh ukalarim va singillarim bilan qoldi. Shuytib arazlab boradigʻan joyimding tinchligi buzilib, oʻzlari bilan oʻzlari boʻp qoldi. Shuning ustiga men 3 bola b-n bormayin deb taqdirga tan berdim. Barlosga yana bir xolam ham kelin boʻlib turgan. E, bu barloslar juda millatchi boʻlaraken. Bizding uruqqa bitta qiz berib, megan oʻxshaganding eki-uchtasini kelin qip op qoʻydi. Shuytib gʻam-tashvishlarim koʻpayib, nima qilarimdi bilmay, xolamdikiga bordim. Hasratlashib, ozroq oʻtirdim. Qaytib kesam avzoyi buzilib, joʻlimdi poylab oʻtiri. Xolangdikida q... borma deb, ha, shuytib soʻkdi. Betimga bir shapat urdi. Tepdi. Jigʻilib, boshim zirqirab, koʻzlarim tinib ketdi. Shundayam uytib-buytib uy-roʻzgʻor tashvishlari b-n gʻimirlab kundi kech qildim. Ammo kechasi boshim ovrib, jotolmay juragim sigʻilib, xuddi hazir oʻlib qoladigʻanday boʻlay berdim. Bollar qoʻrqmasin deb tashqarigʻa chiqib oʻtirdim. Kechasi soat 2 da keldi-da, «oʻladigan boʻsang koʻchaga chiqib oʻl, oʻliging magʻan dardisar boʻmasin, dedi. Ovruvim battar kuchayib, oyoq-qoʻlim uyishib, jomon boʻp qoldim. Soʻng katta ulimdi uygʻotib, biror moshin tovib duxturga boraman degan xayol b-n kechasi koʻchaga chiqdim».

Qarshigul alamdan chimirilib ketdi. Hali-hamon oʻsha holati oʻziga ta’sir qiladi. Orqamdan chiqar, uyga kir deb aytar, deb umid qilgandi. Kechasi soat ikkida qishloqda mashina nima qiladi? Ayol boshi bilan kimnikiga borardi? Shuni yaxshi anglagani holda «arza»sida boshqacha yozdi. Har qalay gʻururini yerga urishni istamadi.

«Moshin topolmay qaytib kirdim. Shoʻ-shoʻ kasalim zoʻrayib jotib qoldim. 2-3 kundan keyin singlisi keldi. Enasi bilan til biriktirib, men bilan janjallashdi. Tuvolmay oʻl kasalcha, chillashir, deb meni toza axlatga bulgʻab tashladi. O’lim ketgan enam ham, padarim ham qomadi. Kechqurun xoʻjayinim keb edi, qaynnam oʻgʻan: «bu kasalingdi javobini ber. Qiz opperaman deb edim-ku! Sen Barlosdan erka ulisan. Enasi oʻppagan qiz segan tiyadi», deb baqirdi. Shuytib uchalasi3 joqdan kutkilay berdi. Bosh ovruvim koʻpayib, bu kecha oʻlib qolaman-ov, deb 1 tiyinsiz yana chiqib ketdim. Xudoyberdiga aytdim... Rayis bova, arzamdi xoʻjayinimga koʻrsatmang. Otimdi tilga opsan deb bala boʻladi. O’ning borida xudoga shukr deb aytishgayam qoʻrqaman. Shoʻndaychaqit ariyatchil. Shuytib xoʻjayinimga aytdim. Otamdikiga boraman, oʻligim koʻchada qop sagʻan juk boʻmasin dedim. Otam meni duxturga koʻrsatdi. Duxturlar meni qoning kam deb op qoldi. 15 kun kasalxonada jotib chiqdim. Baraka topsin, jomon kunimga jomon otam joradi. Duxturlardi rozi qildi, bir qancha pul pul evaziga dori, quyishga qon topib keldi. O’ esa xabar omadi. Bittasiyam koʻrishga bormadi. Duxturdan kelaytsak, X. astanofkada turgʻanaken, kep otamgʻa: «boʻldi, qizingizdi jiyishtirib opketing», dedi. Shoʻndayam otam, akamlar qarindoshchilik hurmati, 3 bolaning hurmati deb yoroshtirishga olib bordi. O’ esa hech narsadan hech narsa joʻq, javobimdi berib jerdi.

Bir oʻlimdan qolib, 4 bolam jeti oylik boʻp dunyaga keldi. Bir-biridan shirin, bir-biridan jajji uch bolaga otalik mehrini berolmagan, dunyaga jonga 4 farzandi kegandayam koʻrishga qiziqmagan ota yana qaytib otalik qilishi mumkin? Ota-bovolarimizdan qogʻan naql bor: «Ota boʻlish onsot, otalik qilish qiyin».

Qarshigul oʻzi topgan iboradan gʻururlanib ketdi. Xudoyberdi yuripti-da, rayon boʻyicha muallimlarga kattalik qilyapman deb. Qarshigul oʻqimasa-da, kerak boʻlsa, mana bunaqa gaplarni topib qoʻyadi. Qarab tursin. Bu xatga koʻzi tushib qolsayam rosa angraysa kerak. Nahotki shuncha gap mening xotinimdan chiqdi deb. Sudga ariza bergan oʻzi. Qarshigul ham boʻpti, ajrashsak ajrashaveramiz, deb koʻndi. Mana, yana Xudoyberdining oʻzi ishni paysalga solyapti. Onasi koʻnmayapti-da jodugar! Yomon boʻlgandayam oʻtaketgan yomon, yaramas kampir ekan. Qarshigul bir marta aytganini qilmagan edi, shu-shu qaynona-kelin terslashib qolishdi. Nevaralarini biron marta qoʻliga olgan emas. Judayam mehri qattiq. Xudoyberdining oʻziga qolsa-ku... Ichmagan paytlari undan yaxshi odam yoʻq, lekin... Toʻrt bolasi bilan koʻchaga haydab, qiz olib boʻpti. Ho-o! Tugʻadiganidan oladimi, tugʻmaydiganimi? U hali toʻrt bola tugʻib, oʻstirib bera oladimi Qarshigulday? Oson boʻpti-da, a?! Xudoyberdi jimgina munda-ay qilib yursa boʻladi Munda-ay qilib yurmasa, endi Qarshigul ham boʻsh kelmaydi. Xudoyberdining bolalarni bir koʻrishga zor boʻlib yurganiniyam biladi. Zor boʻlmasa, onasini, soʻngra singlisini, ha, ha, aynan Xudoyberdini xotiniga qayrab solganlarni orqasidan yubormas, bolalarga deb bir dunyo kiyim-kechak joʻnatmas edi. Men erkakman, xotinga yalinmayman, deb axmoq boʻlib yuripti-da. Kerak boʻlsa, yalinadi. Hali shunaqa yalinadiki... Ana shu niyatda kecha u rayijroqoʻmga borgan edi. Toʻgʻri, meni erim bilan yarashtirib qoʻyinglar, demadi. Lekin ajrashaman degan soʻzni ham aytgani yoʻq. Qachongacha bunday yuradi. Yo u yoqli, yo bu yoqli boʻlishi kerak-da. Shuning uchun shunaqa-shunaqa gaplar, deb tushuntirdi. Aytayotib, oʻziyam yigʻlab yubordi. Bir tomondan qoʻlidagi goʻdagi chirillab turipti. Xullas, rayis bovaning koʻngli yumshadi. Xudoyberdining koʻziga koʻrsataman, dedi. Yo rayONOda ishlab, bola-chaqasini uyiga opkeladi, yo ... Qarshigulning niyati ham shu edi. Xudoyberdi amaldan ketkisi kelmaydi. «Rayonni nuqul sening urugʻing egallab olgan. Barloslarga kun yoʻq», deb Qarshigulga da’vo qilgich edi. Oxiri, kuyovlaring boʻlaman, men ham begona emasman», deb ishga joylashdiyu, shu-shu oʻzi aytmoqchi, Shayboniyxonning avlodi bilan birikib, hatto oʻzining barlosliklarini ham tan olmay qoʻydi. Oxir-oqibat xotinini bola-chaqasi bilan haydadi. Qarshigulni rayijroqoʻmga borishga tezlaganlar ana shu gaplarni albatta aytishni tayinlashgan. «Rayijroqoʻm oʻzimizdan. Xudoyberdining «bizga dushmansan» degan gaplarini eshitsa, oriyati qoʻziydi», deyishdi. Shunday boʻldi ham. Barlosdan bosh koʻtarib chiqqan bitta menman deb gerdayib yurgich edi. Qani qaergacha borar ekan? Tezlab joʻnatganlar: «Nima kasaling bor deb soʻrashi bilan birdan hoʻngrab yigʻlab yubor. Iloji boʻlsa, rayijroqoʻmga bildirmasdan bolangni chimchila, uyam yigʻlasin», deb tayinlashgandi. Rayijroqoʻm gap soʻragandan keyin sira yigʻlagisi kelmadi. Gapiniyam yoʻqotib qoʻydi. Bolasiniyam chimchilashni unutdi. Tutilib-tutilib gapirayotgandi, bolasi gʻingshiyverdi. O’z holiga oʻzi asabiylashib turgan Qarshigul achchiq bilan bolasini qattiqroq silkigan ekan, chirillab yigʻlab berdi. Shu-shu rayijroqoʻmning ruxsati bilan bolasini emiza turib, xoʻrligi kelgan Qarshigulning gap xaltasi ochilib ketdiyu, bor dardini toʻkib soldi. Uning holini eri boʻla turib, uy-joyi boʻla turib, toʻrt bolasi bilan otasinikida sakkiz oy badalida sigʻindi-boqimanda boʻlib oʻtirgan xotin biladi. G’urur ham oʻlsin. Ba’zi kunlari, e, bore, deb eri ruxsat beradimi, yoʻqmi, bora solib, bolalari bilan oʻz uyiga kirib oʻtirib olgisi keladi. Shunday qilsa, Xudoyberdi uni quvolmasdi. O’zing ketaver, men toʻrt bola bilan qayoqqayam borardim, derdi Qarshigul. Ammo... achchiq ustida otasinikiga kelishga kelib qoʻygan, endi... Achchigʻi yomon-da Qarshigulning. Xudoyberdi ichib kelgan paytlari sal kayfiyati buzilib turardi. Shunda Qarshigul indamasa-ku! Tili qichiydi. Keyin... Xudoyberdi yomon emas. Qarshiguldan ham oʻtgan. Necha bor Xudoyberdi ichib kelgan mahallari «E qoch!» deb chappa qarab yotib qolgan. O’zi yetti yil turmush qurgani badalida bor-yoʻgʻi uch marta uch shapalogʻu, bir musht urgan. Ana, qoʻshnilari... xudoning bergan kuni er-xotin janjallashib, xotinining goh u yeri, goh bu yeri koʻkarib yuradi. Parvo qilmaydi, otamnikiga ketaman, demaydi. Qashqatayoq. O’rgangan. Ikki-uch kun tinch yashashsa, xotini oʻzini qoʻygani joy topolmay, asabiylashaveradi. Kaltakni sogʻinaveradi.Uning oldida Qarshigulniki holva. O’sha shapaloqlarni ham Xudoyberdi, kerak boʻlsa, ayab, ogʻritmay urgan. Faqat kaltak yemay oʻrgangan xotin kaltak yesa «chibijinglab» ketarmikan, har qalay. Umuman, Xudoyberdi ichib kelgani uchun emas, onasining xarxashasi tufayli uni urgan. Qarshigulga ana shu alam qiladi. Ishqilib, qaynona-kelin kelishib yashashi qiyin ekan. G’urbat chiqmasligi mumkin emas ekan. Aytishlariga qaraganda qaynonasi Qarshigulni haydatishga haydatib qoʻyib, endi oʻzi afsuslanib yurganmish. Yaxshi koʻrgan qizi kelib, Qarshigulning oilasini buzishga buzdirdi, ammo oʻzining eri bor, roʻzgʻori bor, ketdi, onasiga qarashmadi. Hovlidagi mol-holning bari kampirga qoldi. Oldida ovqati yoʻq, qaynoq choyi yoʻq. Chugʻurlashib yotgan nevaralari yoʻq. Uyi goʻristonday tinchib qolgan. Akadir, ukadir, oʻgʻildir, qizdir, roʻzgʻori boshqami, boʻldi, koʻngliyam boshqa boʻladi. Yaqinda ona-bola janjallashga emish. Onasi: «kelinimni nevaralarim bilan olib kel. Nima boʻlsa boʻlib oʻtdi», degan ekan, Xudoyberdi jirillab onasiga tarmashipti. «Hammasini siz qilgansiz. Siz borib opkeling», depti. Singlisi kelib oraga tushmoqchi ekan, Xudoyberdi uni shiriqtirib quvib yuboripti. «Onamni aynitgan, roʻzgʻorimni buzgan sensan», depti. Shunaqa gaplar. Bu yoqda Xudoyberdining oʻzi sudga ajrashish uchun ariza berib qoʻygan. Arizasini qaytarib olishga yuzi chidamayapti. Qarshigul yalinadi, ajrashmayman, deb turib oladi, oʻshanda shart qoʻyaman, deb oʻylagan-da. Qarshigul past ketmadi. Shayboniyxon bovosi kabi barlosning erka oʻgʻlini yengishiga ishonadi. Shuning uchun rayijroqoʻmga bordi. Shuning uchun tap tortmay shunaqa gaplarni yozyapti. Yolgʻoni yoʻq, hammasi boʻlgan voqea. Faqat oʻsha janjallarga oʻzining tili tezligi sabab boʻlganini yozmaganini aytmaganda... Negadir oʻsha qayinsinglisi bilan avval-boshdan kelishmay qolgan. Akasini Qarshiguldan rashk qiladimi-ey. Shunchalik ham boʻladimi? Topgan gapi shu: «Yangam yomon, akamni ajratib olaman». «Ajratib olib oʻzing birga yotasanmi?», deb boʻlmasa. Qiyin ekan. Mana endi har kim qilsa – oʻziga, deganday, yaxshi koʻrgan akasi itday haydapti-ku! Battar boʻlsin! O’z akasining roʻzgʻorini buzganga buyam kam. Endi kerak boʻlsa, Qarshigul oʻyin koʻrsatadi, oʻzini la’liga soladi.

Qarshigul yozishda davom etdi:

«Darhaqqat X. Oʻz farzantlariga otaliq qilolmaydi. O’zingiz aytingchi rayis bova, shu darajada buzilgʻan aylani tiklaymiz deb soʻd xodimlari bizdi sarson qib jurishi joxshima? - «Bizdi» soʻzini yozishga yozib qoʻyib, Qarshigulning badani jimirlab ketdi. Nega endi «meni» emas? Har qalay koʻngli... ha mayli... – «6 oy surok bergan boʻsa surogi tamom boʻp ketdi. Nimaga bizdi ajratib qoʻymayapti? Yo ajrash uchunam soʻdga pora berish kerakma? Soʻd sekretari Iskandar roʻyxatti tuvri omadi. Roʻyxatiga rozi boʻmagʻan edim, doʻq urdi. Bir joqdan oʻzlari qonundi buzib, 6 oy surokdi oʻtkizib jerdi. Tagʻin doʻq qisa. Rabochi, bechara odamdi, toʻrt bolali ayaldi doʻxlash mumkin deb qaysi savet qonunida jozilgʻanaken? Iskandan shoʻni megan tovib bersin. O’nnanam soʻrab koʻring, rayis bova. Boʻmasa men oʻningam ustidan arz qilaman. Rayijroqoʻmga yozay ber, haqqat qip beradi, deb odamlar aytti. Iskandar roʻyxatga mollardi kirgizmadi. «Mollarda bollarding haqqi bor», deb edim, «bollaringizga aliment olasiz», dedi. Men axir shoʻl uyda 8 ta moldi odam qilaman deb oʻlib ketay dedim. Hech boʻmasa, toʻrt bola uchun bittayam sigir bermaymaken? Alimenti nima boʻlar edi? Alimentini boshima uramanma?»

Toʻgʻri, shunday yozish kerak. Aliment olmayman, degani – yarashaman degani. Rais bova oʻzi tushunib oladi. Aqlli, oʻta shum odamga oʻxshaydi. «Arza»si choʻzilib ketdi. Endi tugatsa ham boʻlar. Tugatishda... rayijroqoʻmga joʻnatganlar oʻrganganday yozish kerak:

«Shuytib rayis bova, mening – bir jabrdiyda savet ayalining gapini eshitasiz, haqqat qip berasiz, deb oldingizga keb edim. Hoʻkimatga rahmat, xoʻjayinim koʻchaga quvib jersayam ochimdan oʻlmadim, dori sepsayam mayli, hoʻkimatting paxtasi boraken, shoʻnda ishlab, pul tovib, kunimdi koʻrdim. Paxtazorda oʻz baxtimdi qaytadan tovgʻanday boʻldim.

Sizga arza bilan murajat qiluvchi Barlos qishlogʻiga kelin boʻp tushgan, lekin hazir otasinikiga quvilgan bir jabrdiyda baxitli Savet ayali

Qarshigul. 8/ V11 – 1989 g.»