OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomi«Zamonamiz qahramonlari» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Zamonamiz qahramonlari» (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Eshqobil ferma mamnun holda qoʻlidagi qalam bilan bir maromda stolni taqillatarkan, yana derazaga qaradi. Xotini hamon darvozaning oldida oʻtirgancha, baqirib-chaqirib qargʻanardi.

Necha kunki, uyida tinchlik yoʻq.Xotini Samarqanddan avtobusda qaytayotib, «Eshqobil ferma sigir sogʻuvchisi oʻrozgul bilan don olishib yuradi», degan gapni eshitib qolibdi. Eshqobil u desa ham, bu desa ham sira gapga koʻnmayapti.
— Eh, landovur! – dedi Eshqobil oxiri tutaqib. – Meni koʻrolmaydiganlarning gapi bu. Ular necha marta oyogʻimdan olishdi, turmaga tiqishga urinishdi. Niyozmatning qilgʻiliklarni esingdan chiqdimi?.. – Eshqobil gapi qanday ta’sir qilayotganini bilish maqsadida tin oldi. Xotini «turma» soʻzini eshitgan zahoti seskandi. – Sa-al qoluvdi-ku! Yurarding yigʻla-ab... sakkiz bolang sakkiz tarafingdan osili-ib...
— Aybingiz boʻlmasa ham qamayveradimi?
— Oʻrmonga oʻt ketsa hoʻlu-quruq baravar yonadi. Manaman deb koʻkragiga urganlarning nechtasi turmada yotipti-ku, «oʻzbeklar ishi»ga chalkashib. Ularning qay birida ayb bor deysan?
— Ularning aybi bordir-ki, qamashgan.
— Oʻl, jinni! Aybi yoʻq ularning. Moskvaga kerak boʻldi – qamaldi. Men ham ehtiyot boʻlmasam – holim shu boʻlishiga zarra shubha yoʻq.. Kecha oʻzing ham televizorda koʻrding-ku, qamalib yotgan raykom sekretarini! Ularning oldida men kimman? Bular yomonlikka olamiz deyishsa, hech gap emas. Bitta oʻlgan molning narxi bular uchun odamdan qimmat.
— Tuf, tuf-e! Ogʻzingizdan yel uchirsin! Xoʻjayin, unaqa demang.
— Deyman-da. Bular hozircha ferma tomondan menga ayb qoʻyisholmadi. Shuning uchun oilamni buzishmoqchi.
— Bari bir oʻrozgulni fermadan haydashingiz kerak!
— Qiziqmisan? Men fermada uch yildan beri ishlayotgan boʻlsam, oʻrozgul oʻn uch yildan beri ishlaydi. Nomdor, ilgʻor, deputat, delegat.
— Bari bir oʻshani haydamas ekansiz, gap chiqaveradi. Hech boʻlmasa bolalaringizni oʻylang. Nimasiga uchasiz oʻsha oʻlgurni!
— Obbo! – Eshqobil zarda qildi. – Tushunasanmi, u – deputat! Hatto meni haydattirishi mumkin, ammo men uni hayday olmayman. Kuchim yetmaydi. Nima qilasan aqling yetmagan ishga aralashib?. Oʻyla, oʻrozgulning ham uchta bolasi bor, boqishi kerak, nima qilsin, bechora...
— He, qirilib ketsin bechora boʻlmay! Boshingizni aylantirib qoʻyipti. Jo-on xoʻjayin, - xotini oshkora yigʻlab yubordi. – Sakkiz bolangiz haqqi-hurmati, shu yurishlaringizni qoʻying.
— Boʻpti, boʻpti, - dedi Eshqobil bepisand joyidan qoʻzgʻalib, gap tamom deganday.

Katta-kichik sakkiz bola televizor tomosha qilib oʻtirishardi. Biri Eshqobilning u yoniga, ikkinchisi bu yoniga, biri orqasiga osildi. Biri biridan shirin. Bir daqiqa shunday shirin bolalarini qoʻyib, qandaydir oʻrozgulga osilib yurgani oʻziga ta’sir qildi. Oʻzi uncha chiroyli emas, ammo qurgʻurning zap istarasi bor-da. Mana bu bilan oʻn sakkiz yildan beri turmush qiladi, ammo biron marta oʻrozgulday erkalanmagan. Erkalanish nimaligini bilmaydi. Mol-da bu, mol!

Oʻrozgul sigir sogʻishdan tashqari har toʻrtinchi oqshom molxonada navbatchilik qiladi. Odatda bu tunlari Eshqobilning ham fermada ishi chiqib qoladi.

Oʻrozgul bu oqshom ham navbatchi.

Televizordan berilayotgan qochdi-quvdi filmni bolalar zoʻr qiziqish bilan tomosha qilishardi. Xotini osh suzib keldi. Shu payt eshikdan kimdir kelib chaqirdiyu, xotini shipillab chiqib, bir muddatda qaytib kirdi.
— Nima gap, tinchlikmi? – soʻradi kimnidir bezovta kutib oʻtirgan Eshqobil, mumkin qadar oʻzini beparvo tutishga urinib.
— Tojiboy akaning ayoli. Pichoq soʻrab kelipti. Shoʻrliklar, bitta pichoqqinaga yolchimay umrlari oʻtib boryapti.
— Muomalani bilmagan molfahm! – dedi Eshqobil achchiqlanib. – Bunaqalarga achinish kerak emas.
— Nega unday deysiz? oʻz kunlarini oʻzlari koʻrishyapti. Sizga ogʻirligi tushgani yoʻq.
— Tushganda qanday! Hamma yoqni agʻdar-toʻntar qilib yubordi-ku, reviziya chaqirtirib. Bitta revizorga ikkita qoʻy soʻydim. Uchinchisini mashinasiga ortib joʻnatdim. Tojiboyning kasofati shu! Battar boʻlsin!
— Bugun majlisda ham Tojiboy akani rosa soʻkishiptimi?
— Soʻkish ham gapmi? Barlosdan badargʻa boʻladi u hali.
— Xidir akayam juda noinsoflik qilayotgan emish-ku!
— Kim aytdi senga shu gapni? – soʻradi Eshqobil kalakaomuz.
— Revizor kelgandan beri Barlosda shu gap-ku.
— Aqling yetmagan ishga burningni tiqma, deb necha marta aytganman senga! – Eshqobil achchiq bilan xontaxtani mushtladi. – Ishing boʻlmasin! Boshqalar gapirsa ham sen ogʻzingni yum.
— Men eshitganimni aytayapman.
— He... eshitmay oʻl! – Eshqobil zarda bilan qoʻlini sochiqqa artarkan, oʻrnidan turib, eshikka yoʻnaldi. «Gunoh» qilib qoʻygan xotini nafasini yutib, ortidan ergashdi. Bolalar bamaylixotir osh yeb, kino koʻrishardi.
— Tojiboyning xati tufayli fermada ham tinim yoʻq. Xalatni opchiq! – Eshqobil oʻdagʻayladi.

Xotini zipillab borib xalatni keltirib, eriga kiygizarkan, soʻradi:
— Qayoqqa borasiz?
— Qayoqqa boʻlardi, fermaga-da. Tojiboy yana xat yozgan emish. Eshqobil fermaning yarmini Xidir Sobirovich bilan boʻlishtirib yeb yotipti, degan emish. Hozir naryadda Xidir aka «erta-indin fermangni taftishchilar bosadi, borib, oqshomi bilan tayyorgarligingni koʻrib qoʻy», dedi. Bu yoqqa ol! – Eshqobil xotinining qoʻlidagi doʻppisini silkib oldi-da, joʻnadi. – Tojiboyning ogʻirligi ana shu! oʻlib-tirilib kechayu-kunduz goʻngga botib ishlaysanu, bitta molchalik qadring yoʻq. Odam oʻlsa akt qilishadi, mol oʻlsa, boʻyningga qoʻyishadi.

Eshqobil koʻchaga chiqqandan keyingina achchigʻi bosilib, kulimsiradi. «Yaxshi bahona topildi» Asli Xidir aka ham noinsoflikni oshirib yubordi. Qayta quramiz deb hamma rahbarni yangiladi. Yangilari «besh» bukilib, «toʻrt» bukilib, salomga kirib, amal oldi. Kerak boʻlsa, hozir fermadan kelayotgan foydaning chinoqchasi ham Eshqobilga tegmayapti. Agar topgan-tutganini Xidirga eltmasa, oʻsha kuni u fermani ham «qayta quradi». Eshqobilning joyiga koʻz tikkan son mingta.Eshqobil ogʻzidagi oshini birovga beradiganlar xilidan emas. Xidir asli zootexnikdan chiqqan emasmi, molxonani miridan sirigacha biladi, uni aldab boʻlmaydi. Xidir uning oʻrozgul bilan aloqasidan ham xabar topibdi. Bir-ikki marta kinoya qilgan joyi bor. Lekin Eshqobil past ketmagan. «Avval oʻzingga boq» degan ma’noda qochirim qilgan. Oʻsha-oʻsha Xidir «men senga tegmayman, sen menga» qabilida ish tutadi.

Buyam endi bir davr-da! Oldingda koʻzini suzib, dilpanglab tursa, boshi ochiq boʻlsa... Bunaqa xotinlarning koʻngliga qarash kerak. Savob boʻladi. Jilovni sal boʻsh qoʻysa, oʻrozgul jilpanglab, Xidir tomon oʻtib ketishi mumkin edi. Ammo Eshqobil uzangida mahkam turdi. Boʻsh kelmadi. Oxir-oqibat oʻrozgul yoʻrigʻiga yurdi. Boʻlmasa, avvallari Xidir oʻrozgulni kunda, kunora ilgʻor deb, deputat deb, turli bahonalar bilan idoraga chaqirtiraverib, joniga tekkan edi. Oʻrozgulni-ku, xudo urgan. Haliyam Eshqobildan qoʻrqib, oʻzini tiyib yuripti. Kerak boʻlsa, Eshqobil turgani uchun oʻrozgul ilgʻor. Ungacha oʻn yil ishlab, biri ikki boʻlmagan. Aslida boshqa sogʻuvchilardan ortiq bir karomat koʻrsatib qoʻygan joyi yoʻq.

Oʻrozgul molxonada oʻzining sigirlariga yemish solib yurga ekan. Darvozadan uni koʻrdi, Eshqobilning koʻzlari yashnab ketdi.

Qiliqlari togʻda sakrab yurgan ohunikiday. – Havasingni keltiradi.

Eshqobil oʻrozguldan hol-ahvol soʻragan, sogʻin sigirlarning taglarini tekshirgan, soʻng tanalar, buzoqlar turgan boʻlmalarni koʻzdan kechirgan kishi boʻldi-da, oʻz kabinetiga oʻtdi.

Kabinetning ichidan yana bitta alohida xonaga eshik boʻlib, uni uncha-muncha mehmonlarga shaylab qoʻygandi. Saldan keyin tashqi eshik qiya ochilib, ostonada togʻ ohusi koʻrindi...

Umuman, har qancha ehtiyot chorasini koʻrishmasin, ikkovining yurish-turishini elu-xalq biladi. «Bilsa falon-falon...» deb yurgan edi, yoʻq yerdan xotini janjal chiqardi. Asli shu xotinlar ham noshukr-da! Axir Eshqobil ba’zi puldorlarga oʻxshab, topgan-tutganini koʻchaga, Samarqandning mehmonxonalariga tashiyotgani yoʻq-ku. Oʻrozgulga pul ham, hatto qonuniy er ham kerak emas. Har zamonda koʻnglini olib tursa kifoya. Bechoraning koʻngli yarim. Xotini buni tushunishni istamaydi. Kecha hatto «shu manjalaqi bilan yana yursangiz oʻzimga oʻt qoʻyaman», deb poʻpisa qildi. Har qalay Eshqobilning xotini oʻta shaddod, behayo emas, uni hurmat qiladi. Shuning uchun hozir ichkariga kirmay, darvozaning oldida qargʻanib oʻtiripti. Hali zamon kattalar kelib qolishi bor, xotinini bu yerdan joʻnatish kerak. Eshqobil ishchilardan birini «yangasi»ni chaqirib kelishga joʻnatdi.

— Tagʻin nima hunar bu? – soʻradi Eshqobil qovogʻini uyishga harakat qilib, miyigʻida kularkan.
— Mening javobimni bering! – dediyu, xotini yigʻlab yubordi.
— Bu yer idora. Javob-pavobni uyda gaplashamiz. Diydiyoingni yigʻishtir-da, uyga bor, Hozir orqangdan yetaman.
— Bu yer idora emas, - islovotxona! Isliqixona bu yer! – dediyu, xotini koʻz yoshlarini artib, javray ketdi. – Oqshom meni aldab, yana shu jalabning oldiga kelibsiz-da.
— Kim aytdi?
— Hech kim aytgani yoʻq, oʻzim koʻrdim. Oqshom kelib toʻgʻri uning oldiga bordingiz, keyin oʻzingizning xonangizga oʻtdingiz. Orqangizdan u keldi.
— Bekor aytibsan! – Eshqobil sapchib tushdiyu, shu zahoti oʻzini oʻngladi. – Ha, yaxshi, koʻrgan boʻlsang, molxonaning hamma tomonini birma-bir aylandimmi axir?
— Aylandingiz, keyin…
— Shoshma, keyin xonamga oʻtdimmi?
— Ha.
— Ha. Orqamdan oʻrozgul keldi. U ferma boʻyicha xalq nazorati guruhi raisi. U bilan bugʻalteriya hujjatlarini tekshirdik.
— Bekor aytibsiz. Darrov svetlaringiz oʻchdi...
— Toʻgʻri, - Eshqobilning yuragi shuvillab ketdi. – Keyin ikkovimiz tovuq fermaga komissiya boʻlib bordik.
— Hech yoqqa borganingiz yoʻq.
— Sen qayoqdan bilasan.
— Bilaman-da. Shu yerda edim.
— Ha mayli. Sen aytgancha boʻla qolsin: men hech yoqqa bormay shu yerda oʻrozgul bilan buzuqchilik qildim deylik. Sen kelibsan, koʻribsan, bilibsan, nega dod solib odamlarni chaqirmading? Sen nega oʻzi mening qadamimni poylagich boʻlib qolding? – Eshqobil tutaqdi. – Sen nega mening ish joyimga kelasan? Qayta qurish degan narsani bilasanmi oʻzing?

Qarshi hujumdan ang-tang qolgan xotini ogʻzi-burniga roʻmolchasini bosdi. Katta ochilgan koʻzlaridan shashqator yosh quyildi:
— Sizni sharmanda qilib... keyin men... bolalaringiz... axir sakkiz bolangiz...
— Men ham senga shuni aytyapman-da. Har kimning gapiga kirib shataloq otaverma!
— Jo-on xoʻjayin! – Xotini Eshqobilning oyogʻini oʻpar darajada yalinishga oʻtdi. – Bariga chidab kelayotgandim, kecha oʻrozgulning oʻgʻli maktabda qizimiz bilan urishib qolipti. Ancha gaplar boʻlgan. Muallimlari aralashib, zoʻrgʻa ajratipti.
— E, yosh bola nimani biladi?! Gapiraveradi-da.
— Muallimlari-chi?
— Qoʻysang-chi! Muallim ham odammi? Har kuni bittasi kelib, somon tilanib, yarim qop yem tilanib, koʻz yoshi qilibi oʻtiradi. Se-en joʻna, mayda-chuyda gaplaringni qoʻy-da, uyga borib, tushlikka oʻxshatib kulchatoy qil, - Eshqobil murosaga oʻtdi. – Bilasan, men kommunistman. Kommunist boʻla turib, bitta xotinini eplay olmapti, degan malomatga qoldirma meni.
— Jo-on xoʻjayinjon! – Xotini boyadan beri aytmoqchi boʻlayotgan gapini nihoyat qiynala-qiynala tiliga chiqarishga urindi. – Oilamda tinchlik boʻlsin desangiz, oʻrozgulni fermadan ketkizing...
— Obbo! Bor endi, gapni kalta qil! Uyda gaplashamiz, boraqol, hozir komissiya kelib qoladi, ularning koʻziga ham yaxshi emas.

Xotini uning yetovida eshik tomon yurayotgandi ostonada gul-gul yonib, yayrab-yashnab, «komissiya» – oʻrozgul paydo boʻldi U goʻyo hech narsa bilmagan kishiday Eshqobilning xotini bilan achomlashib koʻrishdi. Keyin ataylab qildimi, aqli yetmaganning ishi boʻldimi, - Eshqobil buni ajratolmadi, - «roʻmolim qolib ketibdi» degancha ichkari xonaga kirib chiqdiyu, tryumo qarshisida oʻziga oro bera boshladi. Xotin eriga qaradi, er – yerga.
— Yanga, bola-chaqalaringiz eson-omonmi? – soʻradi oʻrozgul. Uning yuz ifodasidan asabiylashayotgani sezilib turardi. Aftidan eshik ortida turib, hamma gapni eshitgan. – Bu deyman... darvozaning oldida oʻtirib, mening goʻrimga rosa gʻisht qalapsizmi?

Nimadir yuz berishiga fahmi yetgan Eshqobil xotinini eshikka yetaklamoqchi edi, oʻrozgul bir parda koʻtarildi:
— Yanga, sa-al tilingizni tiyib yuring, boʻlmasa maishiy buzuq eringizning masalasini partbyuroga qoʻydiraman!

Hoynahoy, oʻrozgul ham «yanga»sining oʻta yuvoshligini bilar, shuning uchun fursatdan foydalanib, poʻpisa qilayotgan edi.

Eshqobil payqamay qoldi. Xotini uchib borib, oʻrozgulning mayda oʻrilgan qirq kokil sochlariga tarmashdi.
— Oʻzing buzuq! Gijinglamay oʻl!

Ikki ayol qiyqirib, ayqirib olisha ketdilar. Ferma mudirining kabineti shovqin-suronga toʻldi. Tomoshabin koʻpaydi. Nihoyat ikkovi birovlarning koʻmagi bilan ust-boshlarini tuzata-tuzata bir-birlarini bisotlarida bor qargʻishlarga koʻmishdi, ellik yillik ayblarini ochishdi. Birining aytishicha, Eshqobilning xotini yoshligidayq oʻlguday latta, hech bir ishning uddasidan chiqolmaydigan, chiqadiganlarni koʻrolmaydigan, ichi qora boʻlgan ekan. Ikkinchisining aytishicha, oʻrozgul maktabda oʻqib yurgandayoq har kimga koʻz suzib yurgan, soʻng allaqanday raisning oʻgʻliga nomusini topshirib qoʻygan, keyin bir kambagʻalning shoʻrini quritib tegib olgan. Zugʻum qilaverib, jazmanlarining gapi bilan erining joniga qasd qilgan ekan. Shundan beri har kim bilan yurarmish.
— Alam qildimi? Yuraman! Qoʻlingdan kelganini qil! oʻzimga oʻzim xoʻjayinman!
— Oʻl! Bu kuningdan badtar boʻl! Sen yaxshi boʻlsang eringni oʻldirib yuborarmiding!?

Koʻzlarida yosh qalqqan oʻrozgul jon-poni chiqib, qichqirib tashlanmoqchi edi, xotinlar tutib qolishdi. Oʻrozgulning ikki oʻrim sochi yulingan, beti qontalash, koʻz ostlari koʻkarib ketgan, koʻylagi, xalati yirtilgan, Eshqobilning xotini ham undan yaxshi ahvolda emasdi.
— Tur, uyga joʻna, shallaqi! – deb Eshqobil xotinini urishgan kishi boʻldi. U xursand edi xotinidan: koʻra-bila turib yonini olyapti. Oʻynash – bari bir oʻynash ekan-da! Partbyuroga qoʻydiraman, dedi. Lekin ikkovigayam, ayniqsa, xotiniga sir boy bermaslik kerak.

Eshqobil xotinining birdan dong qotgan, savollarga, alamlarga, ranjga, oʻkinchga toʻla koʻzlariga nigohi tushdiyu, oʻngʻaysizlandi: «Shuncha gapdan keyin shuncha odamning oldida mening oʻrnimga manjalaqining yonini olyapsizmi?» degan savol bor edi xotinining bir lahzalik qarashlarida. Keyingi lahzada xotinning ich-ichidan titroq turib, oʻkirib yigʻlagancha, tashqariga otildi.
—Hamma ish joyiga borsin, - dedi Eshqobil astagina. Birdan uning yuzi soʻnikib ketdi. Hamma, hatto oʻrozgul ham indamay joʻnadi. Eshqobil bir ogʻiz gapi bilan tuzatib boʻlmaydigan xatolikka yoʻl qoʻyganini tushunib turardi.

Bir oz muddatdan keyin Eshqobil chiqib, fermani koʻzdan kechirgan kishi boʻldi, ammo yuragiga qil ham sigʻmay, qishloqqa joʻnadi. «Tagʻin oʻziga bir kor-hol qilib qoʻymasin» degan fikr miyasiga urganda oʻzi ham dahshatga tushib, «Volga»siga gaz berdi. Bir mahal qishloqdan bir kishi, aniqrogʻi Boyqul molboqar mashinaning yoʻliga chiqaverdi. «Aniq bir narsa boʻlgan», deb Eshqobilning rangi oʻchib, «Volga»ni toʻxtatdi. Eshikni ochgancha, yuragi hovliqib, «Tinchlikmi?» deya soʻradi.
— E, soʻramang xoʻjayin, ishlar chatoq! Rasvo boʻldingiz, haydayvering tez! – Boyqul undan badtar hovliqib, mashinaga oʻtirdi.

Eshqobil titrab ketdi, vujudi darmonsizlanib, behol oʻrindiqqa suyandi.

* * *

Yaqinda Barlosga borib, toʻy ustidan chiqdim: Eshqobil ferma uylanayotgan ekan. Aytishlariga qaraganda xotini rahmatlining oʻlimida uning zarracha aybi yoʻq. Oʻsha xotini aslida sal qadam olishi undayro-oq, esi ham kirdi-chiqdiro-oq boʻlgan ekan. Hatto bu toʻgʻrida jinnixonadan ma’lumotnomasi ham boʻlgan emish Eshqobilnin qoʻlida. Faqat Eshqobil sakkiz bolasini oʻylab, u bilan turmushini buzmay yurgan ekan.

Toʻyda rayon gazetasi qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Gazetadagi suratda Eshqobil aka fermaning ilgʻor sut sogʻuvchisi, deputat, delegat, sovxoz xalq nazorati qoʻmitasining a’zosi oʻrozgul Turgʻuntoʻraeva bilan birgalikda zotdor sigitlar ratsionini tekshirayotgan payt tasvirganlan, suratning tepasiga katta harflar bilan: «Zamonamiz qahramonlari» deb yozib qoʻyilgan edi...