OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiAlibek va qirq doʻstining sarguzashtlari (hikoyalar toʻplami)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm183KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan16/02/2012
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Alibek va qirq doʻstining sarguzashtlari (hikoyalar toʻplami)
Abulqosim Mamarasulov

Abulqosim Mamarasulov haqida

Abulqosim Mamarasulov 1958 yil 5 fevralda Samarqand (hozirgi Jizzax) viloyati Bulungʻur (hozirgi Baxmal) tumanidagi Barlos qishlogʻida tugʻilgan.

1979 yili Alisher Navoiy nomli Samarqand Davlat universitetining rus filologiyasi fakultetini tugatib, Jizzaxdagi «Boʻston» gazetasida tarjimachilik bilan oʻz ish faoliyatini boshlagan. 1996 yilga qadar «Oʻzbekiston adabiyoti va san'ati», «Xalq soʻzi», «Turkiston», «Inson va qonun» gazetalarining Jizzax viloyatidagi muxbiri vazifalarida ishlagan. 1996 yildan beri fermerlik, tadbirkorlik bilan shugʻullanadi.

1984 yildan Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. «Suyunchi» (1982), «Xayotning bir lahzasi» (1985), «Sen uchun yonib» (1988, jamoa), «Svidanie na perevale» (1988, jamoa, Moskva), «Barlos qishlogʻining zumrad tonglari» (1990), «Sevishganlar» (1992) hikoyalar toʻplamlarining muallifi.

Jizzax viloyatining Boʻston shaxarchasida yashaydi. Oilali. Sakkiz nafar qizi bor.

Alibek va qirq doʻstining sarguzashtlari

Farishta

Alibek Samarqanddan oʻqishdan yiqilib qaytdi. Toʻgʻrisini aytganda, yiqilmadi. Yon-veriga qarasa, ishongan tanishi yoʻq. Kallasi aynib, hujjatini SamGASI ga topshiripti. Buni qarang-a! Matematikaning «m» harfini ham bilmaydi-yu, tagʻin... Yana, Samarqandda yurgandan keyin biri u deb, ikkinchisi bu deb, oyogʻingdan oladiganlar chiqar ekan... Bor-e, dediyu, hujjatlarini qaytib olib, Barlosga ravona boʻldi.

Sovxozda uzum terish boshlanayotgandi.Brigadir Nurali aka oʻziga hisobchi topolmay turgan ekan. Alibekning koʻchada salanglab yurganini koʻrib, taklif qildi. Toʻrtinchi sinf matematikasini tushunsang, qoʻshish-ayirish, boʻlish-koʻpaytirishni bilsang boʻldi, eplaysan, dedi. Alibek jon-jon deb rozi boʻldi. Baxt kulib boqqanini koʻr. Hisobchi boʻlish yomon emas. Bir mavsumda qanchadan-qancha pul ishlab olish mumkin. Boʻldi endi, Nurali aka bilan kelishib, oʻzigayam, otasigayam (omborda mudir), onasigayam (uy bekasi), akasigayam (student), opasigayam (ikki yil burun togʻ tarafga erga tegib ketgan, hozir chaqalogʻini boqyapti), singlisiyu (besh yoshli), ukasigayam (beshikda) ish haqi yozaveradi. Ana pul, mana pul. Qolgan uka-singillar oʻzlari ishlashadi. Ularga ham yordam qilib turish mumkin. Bu yogʻi zoʻr boʻladi. Pulga botadi. Bundan tashqari yaqinda Pedtexnikumning studentlari yordamga kelishadi. Bu degani - kayfu-safo degani. Maishat... Toʻqson foizi qizlar. Bittasini ilintirib olsa, har kuni uchrashuvlar, oʻpishishlar, tizzaga bosh qoʻyib yotishlar... mazza!... (Koʻngil qursin, nimayam deysiz!). Oʻtgan yili qishloqning yoshi katta bolalari yayrab qolishgandi. Uni esa, qizlar maktab oʻquvchisi deb nazariga ilishmagandi. Alibekka roza alam qilgandi. Oʻzingdan ikki-uch yosh katta bolalar studentkalar bilan qanday uchrashuv tashkil qilganlarini, xilvatgohlarda... Eh-he, u yogʻini eshitaversang, chiday olmay qolasan. Gap shu yerga yetganda Alibek oʻzini tutolmay, butun vujudi koʻz boʻlib, hamsuhbatiga tikilar, ogʻzining tanobi qochayotganini sezar, lekin... - Oldin tansa tushisharkan, oʻsha yerdan bitta-bitta yetaklab ketaverisharkan (yolgʻon boʻlsa xudoning oʻzi kechirsin!) Bu yil Alibek ham xuddi shunday qiladi. Oʻtgan yili kichkina edi. Maktab oʻquvchisi edi. Endi... boʻyi oʻsgan, kerak boʻlsa, Samarqandini ham koʻrib keldi. Ha, Alibek hazilakam odam emas. Koʻp narsani oʻrgandi, koʻzi pishdi. Umuman, oʻsha qizlar qoʻlida boʻladi (axir hisobchi-ku!) Lyuboyiga: senga koʻproq yozaman desa, boʻldi, oʻzi yugurib oldiga keladi. Alibek studentkalarni qanday oʻziga qaratishni yaxshi biladi. Ular kunlik normani bajarishi kerak, bu esa oson emas.

Xullas...

Alibek ish boshlash uchun uzumzorga borsa, sinfdoshi Zulfiya savat koʻtarib, uzum terib yuripti.
— Ie, Alibek, senam qaytib keldingmi? - deb soʻradi u, muloyim koʻzlarini tikib, iljayarkan. - Oʻqishga oʻtolmadingmi?
— Shunaqa boʻlib qoldi. Toʻgʻrisini aytsam, oʻqishga oʻtish qiyin boʻlib ketipti. Avvalambor tanish kerak, soʻng unga beradigan pul kerak. Ikkoviyam boʻlmasa, oʻqishdan umidingni uzaver. Shuni bildimu, imtihonga yetmasdan qaytib kelaverdim. Oʻzing nima qilib yuripsan?
— Ishlayapman. Qurbonoy bilan birga

Ikkita savatni uzumga toʻldirib, qator orasidan Qurbonoy ham chiqib kelib qoldi. Alibek unga ham qaytish sabablarini tushuntirdi.

Zulfiya juda zoʻr qiz boʻlib ketipti-da!

Yo avvaldan shunaqamidi?

Atirgulday ochilganini qarang! Biram mayin boqadiey odamga. Erib ketging keladi-ya!

Qoʻlimga ushlab hidlasam deysan! Maktabda oʻqib yurgan paytlari payqamagan ekan. Ayniqsa qaddi-qomati! Ajoyib! Zoʻr!! Qarashlari goʻyo yuragingga igna sanchayotganday boʻlaveradi. Shunaqa ignaning yana sanchilaverishini istaysan, huzur qilasan. – Alibek oʻz oʻylaridan xursand boʻlib ishshaydi.
— Nimaga kulasan? – Zulfiyaning oʻzi muloyim kulimsirab turardi.
— Maktabda oʻqib yurgan paytlarimiz esimga tushib ketdi, - dedi Alibek, hamon koʻzlarini qizdan uzmay. - Oʻshanda kichkina eding.
— Nima, endi katta boʻlib qolipmanmi?
— Ha, juda chiroyli boʻlib ketipsan!
— Rostdanmi?.. Sen esa,.. Samarqandga borib aynib kepsan! - Zulfiya gapini hazilga burmoqchi boʻldiyu, qattiq hayajonlanayotganini yashirolmadi. Betlari duv qizarib, - seni qarayu, - degancha savatlardagi uzumlarni yashiklarga toʻkib, Qurbonoyning orqasidan qator oraligʻiga yugurib ketdi.

Qizning ustida bor-yoʻgʻi qishloqcha keng tikilgan qizil gulli koʻylak boʻlib, oʻziga juda yarashgan, boʻy-bastini koʻz-koʻz qilib turardi. Uzun qilib tashlab qoʻyilgan ikki oʻrim sochi toʻlgʻanib, kishi zavqini oshirardi. Alibek ishshayganda uni orqasidan kuzatib qoldi. Vujudiga lazzatli titroq kirganini angladi. Oʻylab turgan gapi qanday ogʻzidan chiqib ketganiga oʻzi hayron: «juda chiroyli boʻlib ketibsan!» Oʻz dadilligidan gʻururlanib qoʻydi: «Bekorga Samarqandga borib keldimmi? Qancha hayotiy tajribalarim oshdi. Zoʻr! Judayam zoʻr! Zulfiyasi qurmagʻur-ey! Juda chiroyli boʻlib ketibdi-ya!» Alibek bir daqiqa oʻz ogʻushida tasavvur qilib koʻrdiyu, yuragi oʻynoqlab ketdi. Kun boʻyi uni oʻyladi. Har safar uning savat toʻldirib chiqishini kutadi. Zulfiya endi faqat Qurbonoy bilan birga chiqadigan boʻldi. Dugonasiga uning gapini aytgan boʻlsa kerak, ikkovi ham unga kulib qarashadi. Ayniqsa, Zulfiyaning tabassumi - muloyim, mayin, rohatbaxsh, mazza qilasan odam...

Bir vaqt qizlar chinqirishib, qator oraligʻidan yugurib chiqishdi. Shu atrofda oʻralashib yurgan Alibek «nima gap?» deb yetib bordi. Qoʻrqqanlari endi oʻzlariga nash'a qilayotgan qizlar qotib-qotib kulishardi. Tokning orasidagi katta novdaga arilar uya qoʻygan ekan. Uzum terayotganda novdani silkitib yuborishgan shekilli, bezovta boʻlgan arilar ikkoviniyam shiriqtirib quvipti.
— Ishqilib chaqmadimi? – Alibek homiy sifatida soʻrarkan, Zulfiyaning qoʻllarini, yuzini ushlab koʻra boshladi. Ayni paytda yuragi chidab boʻlmas darajada gʻapriqib borayotganini sezdi. Sal boʻlmasa, quchoqlab olay derdi. Hamon kulayotgan Zulfiya yigitning hayajonli qaltiroq barmoqlarini his etib, birdan oʻziga keldi, ammo goʻyo hech narsani sezmaganday, yana kulaverdi va shu yoʻsin sezdirmay oʻzini olib qochdi.
— Qaerda u ? Menga koʻrsatinglar-chi! - Alibekning mardligi tutdi.

Tokzordagi ari inlarini quritishni u oʻtgan yiliyoq oʻrganib olgan. Agar uya qoʻlga sigʻadigan boʻlsa, shartta in-pini bilan sugʻurib olib majaqlab tashlash kerak.Ari kaftni chaqolmaydi. Chaqqanda ham ta’sir qilmaydi. Agar qoʻrqsa, qoʻlga qoʻlqop kiyib olsa oʻam boʻladi. Undan ham osoni, barglarni tutib turib, inni birdan qisimlash...

Alibek oʻylaganiday qilib, arilarni kaftlari bilan siqimlab oldi-da, rosa ezgʻiladi. Qizlar gʻayrat bilan qarab turishardi. Alibek hammasini ezgʻilab boʻlib, goʻyo bunaqa ishlar har kungi odatiday, qoʻlidagilarni bamaylixotir yerga tashladi. Shu payt majaqlangan in ichidan bir ari oʻrmalab chiqib, vizz etib yetgancha Alibekning betidan chaqdi. U ogʻriqning zoʻridan «shapp» betini changalladi. Zulfiya: «nima boʻldi?» degancha atrofida girdikapalak boʻlib qoldi. Inda omon qolganlari yana bor ekan, oʻrmalab chiqishayotgandi, Qurbonoy shoshib tepkilab oʻldiraverdi. Bari bir ikki-uchtasi qochib chiqib, Alibekning atrofida ancha vaqt vizillashib yurishdi. Alibek eng asosiysi – majaqlangan inni yerga tashlagandan keyin darhol tepkilash kerakligini esdan chiqargan ekan.

Zulfiya koʻzini ushlab oʻtirgan Alibekning yelkasiga chap qoʻlini qoʻydi, oʻng qoʻli bilan boshidagi durrani yechib olib, bir uchini tupukladi-da, ari chaqqan joyga bosdi. Shu usuldagi davolashni uch-toʻrt marta takrorlagandan keyin durrani Alibekning oʻziga berib, oʻrnidan turdi. Alibek avval ogʻriqning zoʻri bilan hech narsaga e’tibor bermagandi. Ogʻriq kamayganday boʻlgandan soʻng hozirgina Zulfiyaning momiq koʻkraklari elas-elas yelkasiga tegib ketanini oʻylab, yuziga baxtiyorlik yoyildi.
— Qalay, endi ogʻrimayaptimi? – soʻradi qiz. Biror narsani sezganmi, koʻzlari baxtiyorona suzilar, betlari qizarib ketgandi.
— Hechqisi yoʻq, - deya Alibek oʻrnidan turdi. Durrani berayotib, Zulfiyaning qoʻlini bir necha soniya tutib turdi. Vujudiga harorat yugurdi.

Qani endi,.. qani endi,... yana ari chaqsayu...Bu qoʻllarni uzoq ushlab turish uchun sakson sakkiz marta arilarga talanishga rozi. Zulfiya qoʻlini olmay, shoʻxlik bilan oʻziga tikilib turaverdi oʻsha payt. Alibek chidamadi, bu qoʻllarni qoʻyib yubordi. Qizning nigohlariga dosh berolmay (sadqai yigit ket!) , koʻzlarini olib qochdi. Yana titray boshladi. Nihoyat qiz boʻshagan qoʻlini yigʻishtirib, uzum terishni davom ettirishga tushdi. Qurbonoyga nimadir degandi, ikkovi yalt etib Alibekka qarashdiyu, piqillab kulib yuborishdi. Alibek xilma-xil oʻylarga botib, uzumzorlar oraligʻidagi yoʻl bilan karta orasidagi yoʻlakka joʻnadi. Yengilgina boʻlib qolgandi. Xuddi birov «puff» desa uchib ketadiganday.

«Qiz emas bu, farishta! Farishta!!» - Alibek oʻz kashfiyotidan xursand boʻlib ketdi. Uni xayol olib qochdi.

... Ikkovlon qoʻlni qoʻlga berib, bir-biriga iljaygancha ketishyapti. Birdan Alibekning koʻzlariga nimadir kirib ketadi. Farishta darrov boshidagi roʻmolni yechib oladi-da, uning koʻzlariga bosadi. Yigit bu nozik qoʻllar ustiga oʻz qoʻlini qoʻyadi. Qoʻllar qoʻllarga, koʻzlar koʻzlarga tutashadi. Ulardan chaksiz mehr, mayinlik, muloyimlik, sadoqat ufuradi. Alibek asta uning qoʻllarini silay boshladi. Nozik qoʻllar uning boʻyniga chirmashadi. Farishta uning koʻzlariga yana bir necha daqiqa tikilib turadi-da, boshini sekin Alibekning koʻksiga qoʻyadi. Alibek endi Zulfiyaning sochlarini silaydi. Undagi xushbuy hidni toʻyib-toʻyib hidlaydi. Yana toʻlib-toshib murojaat qiladi:
— Zulfiya!
— Ha! – U boshini koʻtarmay, hayajonli ovozda javob beradi.
— Men seni endi Zulfiya demayman.
— Ie, nega?
— Men senga yangi, ajoyib ism topdim.
— Aytchi?
— Farishta!
— ... – Zulfiya qiqirlab kuladi. – Endi meni doim shunaqa qilib chaqirasanmi?
— Ha! Yana bir narsa desam xafa boʻlmaysanmi?
— Qani, eshitaylik-chi!
— Seni sevib qoldim.

Alibek farishtani asta quchoqladi. Sochlarini mehr bilan siladi. – U sevgi izhor qilgandi. Shu vaqtgacha izhori dil qanaqa boʻlar ekan, deb orzu qilib, kitoblarda oʻqib, kinolarda koʻrib yurardi. Hozir oʻzi shunaqa voqeaning ishtirokchisi boʻlib turipti. Zulfiya kulib yuboradi.
— Nimaga kulyapsan?
— Gaplaring qiziq. .
— Nimasi qiziq?
— Yigitlar qizlarga qanday sevgi izhor qilisharkan, deb oʻylardim, endi...
— ...endi oʻzingga sevgi izhor qilishyapti.
— Menga qara, - Zulfiya boshini koʻtardi. – Qanaqa qilib sevasan?
— Bilasanmi?.. – Alibek chaynaldi, - bilasanmi, sevish... «shunaqaki, hozir men seni juda yaxshi koʻrib qolganimni, sensiz yashay olmasligimni sezyapman», demoqchi boʻladi, biroq koʻproq xayolga berilib ketganidan traktor haydaganda hosil boʻlgan katta kesakka qoqilib yiqildiyu, oʻziga keldi.
— Ie, Alibek, shu yerdamisan. Men seni qachonlardan beri izlayapman.

Alibek qarasa, qoshida brigadir - Nurali aka turipti. Jinoyat ustida qoʻlga tushganday , lol boʻlib qoldi. Shalviragancha brigadirga ergashdi. Qatordan karta oraligʻiga chiqayotganda qayrilib qarab, baland tokning panasidan oʻziga mehr bilan tikilib turgan Zulfiyaning nigohini ilgʻadi.

«Ajoyib! Zoʻr!» – necha martalab takrorlan fikrlarini yana takrorladi, mastday gandiraklab borarkan. Aslida ham mast, xayoli joyida emasdi uning. – «Farishta! Mening farishtam!» – Alibek tamshanib qoʻydi.

Endi avvalgi betututuq oʻylari qolib, Alibek butunlay boshqa odamga aylanib ulgurgandi. Karta oraligʻining qaerida boʻlmasin, Zulfiyaning savat toʻla uzum koʻtarib chiqishini poylaydi. U ham tez-tez chiqar, soʻng qaytib ketishga shoshilmas, yashikni bemalol olib, bilmagan kishidek, atrofdan nigohi bilan Alibekni izlar, nigohlar toʻqnashsa, bir-biriga otashli,cheksiz, chegarasiz, baxtga toʻliq tabassum hadya qilardiyu, savatlarini bilaklariga ilgancha, uzumzor orasiga chopqillab kirib ketardi.

Oʻsha kuni Alibekning hech bir oila a’zosiga ish kuni yozilmadi. Zulfiyaning tergani tabelga ikki baravar oshib, besh kun yakuniga koʻra «sotsialistik musobaqa gʻolibi» ga aylandi. Student qizlar ham yordamga kelishdi, lekin Alibek hozircha ularning yoniga borgani yoʻq. Umuman, borish xayoliga kelmay qolgan. Istamaydi...Vassalom!

Maslahat

— Mayli, bekorchilikka ermak-da, - dedi Salim.

Salim Alibekdan uch yosh katta. Oʻzini tutishi, gap ohangi juda boshqacha. Shunchaki gapirsa ham xuddi birovga nasihat qilayotganday boʻlaveradi.Akasini Alibek uch kundan beri kutadi. Maslahat soʻramoqchi. Zulfiyani yaxshi koʻrib qolgan. Sevish mazza-da! Shirin-shirin xayollar surarkansan. Kechalari shiftga tikilib, uxlolmay chiqarkansan. Ertasiga hech narsa boʻlmaganday, yana ishga ketaverarkansan. Nuqul fikru-yodi Zulfiyada. Yotsa ham, tursa ham, yursa ham… oʻshani oʻylaydi. Oʻzi zoʻr qiz! Muloyimgina… e’tibor berib qaralsa, Barlosda Zulfiyachalik chiroyli qiz boshqa yoʻq. Ma’sum kulib turishlarini eslasa, butun vujudi haroratga choʻlgʻanib, bilagi kuchga toʻlib. Zulfiyani oʻzi yoʻq badbashara devlardan himoya qilgisi kelaveradi.

Qaysi kuni qiziq voqea sodir boʻldi.Hamma tushlikka chiqib ketgan payt edi. Qurbonoy, Zulfiya uchovlon, uch sinfdosh ovqatlanib boʻlishgandan keyin qizlarning qatoriga kirib, qator boshida: koʻcha tarafda uzum toʻlatilgan yashiklar, orqa tomonda quyuq ishkom panasida soyalab, maktab yillarini eslab utirishgandi. Zulfiya oʻrtada, ikki yonida Qurbonoy bilan Alibek. Soyalik kam boʻlgani tufayli bir-birlariga tiqilibroq oʻtirishardi.Avvaliga Alibek Samarqanddagi sarguzashtlaridan maqtanish bilan boʻlib, hech narsani payqamadi. Keyin qizlarga gap navbati yetganda ularga quloq tutib, badani Zulfiyaning badaniga tegib turganini his qildi. Toʻgʻrirogʻi, ilgari ham sezgandiyu, ahamiyat bermagandi. Endi yuragi qiziy boshladi. Zulfiya hayajonlanib, qimirlab-qimirlab gapirardi. Alibek goʻyo qizlarning hangomasini zoʻr qiziqish bilan tinglayotganday, ularga qarab ishshayar, aslida Zulfiyaning boʻynini, qulogʻi tagidagi xolini, qalin qora sochlarini, muloyim koʻzlarini, bilinar-bilinmas koʻtarilib tushayotgan koʻkraklarini kuzatardi. Kuzatgan sari toʻlqinlanar,vujudini bostirib kelayotgankuchli hayajonni jilovlamoqchi boʻlar, ammo uddalay olmas, yana suqlanib tikilardi. Zulfiya tizzalarini quchoqlab oʻtirardi. Shu oʻtirishining oʻzi bilan ham Alibekka yoqardi Ayniqsa, kulganda shodligi butun yuziga yoyiladi, koʻzlari juda mayinlashib ketadi. Bunday paytlarda Alibekka oʻzini tutib turish gʻoyatda azobga aylanardi.

Alibek sevgi haqida koʻp kitoblar oʻqigan, hammasida ham oʻpishganlarni yozishadi, lekin keyin nima boʻlishini... Oʻpishsa nima boʻladi? Ogʻizda konfet yeganday ta’m qoladimi? Ba’zan kechalari bilan uxlolmay chiqsa, ertalab: «bugun qanday boʻlmasin Zulfiyani bir oʻpichga koʻndiraman», deb oʻziga oʻzi qaror qiladi. Ammo Zulfiyaga yaqinlashdi degancha susti bosadi. Zulfiyaning nimasidir bor. Uzoqlab ketolmaysan, ammo bemalol qoʻlingda tutib ham yurolmaysan. Seni ma’lum masofada ushlab turadi. Mana, hozir ham shundoqqina yonma-yon oʻtirishipti. Qoʻlini uzatib, Zulfiyaning yelkasidan tutsa, oʻziga qaratsa,.. boʻladi, ammo... Qaysi bir kuni bir jurnalda «oʻpishish kerak emas», deb yozishipti. Chunki oʻpishgandan keyin birining ogʻzidagi, tishlari orasidagi mikroblar ikkinchisiga oʻtarmish, tish ogʻrigʻi shu taxlit koʻpayarmish. Odamlar nega oʻpishadi? Sevishsa, albatta oʻpishish shartmi? Axir kino-kitoblarda nuqul... sevishdimi, darrov quchoqlashib qolishadi. Undan keyin... mana, oʻzi ham oʻldim-kuydim, sevib qoldim, deb yuriptiyu, fikru-yodi bir ilojini topsayu, Zulfiyani oʻpsa... keyin nima boʻladi?
— Ketdik, uzum teramiz, - dedi Qurbonoy oʻrnidan turib Zulfiyaga.
— Qoʻysang-chi! - dedi Zulfiya erinib, buncha shoshmasang.Bu ahvolda hali bola-chaqa orttirsang keyin nima qilasan?
— Oʻtirsang oʻtiraver, - dediyu, Qurbonoy savatlarini koʻtarib, qatorning oʻz tomoniga oʻtdiyu, ishkom oralab ketdi.

Mana! Mana Alibek kutgan fursat. Yolgʻiz ikkovi qoldi. Alibek yon-veriga qaradi. Bironta odam zoti koʻrinmaydi. Qurbonoy qatorning narigi tarafida. Tobora uzoqlashib boryapti. – Alibekning vujudiga titroq kirdi. Hamma yogʻi qizib borayotganini, bu oʻzgarish oʻzida juda tez sodir boʻlayotganini elas-elas biladi. Keyin nima qilganini oʻzi ham anglay olmay qoldi. Oldin yelkasidan tortdimi, yoqasidan ushladimi, esida yoʻq. Bir vaqti qarasa, Zulfiya yulqinib uning bagʻrida yulqinar, tipirchilar, hiq-hiq etib, dami ichiga tushgancha uning kukragiga mushtlardi. Nimalarnidir dahshatga tushib shivirlardi. Bir nima qilib qoʻydimmi, deb qoʻrqib ketgan Alibek qizni shartta qoʻyib yubordi.
— Esing joyidami oʻzi? – dedi Zulfiya yigʻlamsirab. – Yaxshi gapirganga shunaqa qilasanmi?

Keyin tura solib, Qurbonoyning orqasidan joʻnab ketdi. Alibek: «Men seni sevaman! Hech qachon ajrashmaymiz! Bir umr birga boʻlamiz! Men seni, faqat birgina seni sevaman, Zulfiya!» , demoqchi edi. Ulgurmadi. Shundan beri Alibekni oʻy bosgan. Nima qilishini bilmasdi.Zulfiya esa arzlab yuripti. Hatto ish yuzasidan ham faqat Qurbonoy gaplashadi. Eh-he! Alibek oʻzicha Zulfiya bilan nimalar qilmoqchi edi. Qanaqa rejalar tuzgandi. Endi Alibekka qiyin boʻldi. Bir balo qilib, otasigami, onasigami, meni uylantirib qoʻyinglar, degan gapni tushuntirish kerak. Oʻn sakkizga toʻldi, Samarqandini koʻrib keldi. Mana, kerak boʻlsa, qiz bolani oʻpdi. Boʻldi-da! Doim oʻpaverish uchun – uylanish kerak. Ammo oldin Zulfiyadan rozilik soʻramoqchi. Qanday qilib? Shuni bilmay boshi garang. Salim akasida esa tajriba bor. Fikru-yodi akasining koʻnglini ovlash va maslahat soʻrash. Hazilmi? Oʻrtada sevgi masalasi bor. Bundan keyingi hayoting qay yoʻsin kechishi hozir qabul qiladigan qaroringga bogʻliq.

Alibek koʻnglida nimalar kechayotganini shu paytgacha biron kimsaga yozgani yoʻq. Akasi esa har qalay shahar koʻrgan yigit. – Student! Studentlar sevgini yaxshi tushunishadi. Umuman, ular koʻp narsani bilishadi, chunki koʻp oʻqishadi, qioʻlar bilan birga koʻp yurishadi. Bunaqa bilimdonlarning yoniga oʻtirib qolsang, ular bilan faqat bilimdonchasiga gaplashish kerak.
— Aka, - dedi Alibek, piyodani ikki katak olgʻa surarkan, - Jonibekov bilan Gurragcha qaytib tushishdimi?
— Bilmadim, xabarim yoʻq, - dedi Salim, shoh tarafdagi otni yon tomonga yurarkan.
— Jonibekoving kim? – soʻradi oʻyinni tomosha qilib oʻtirgan otasi.
— Oʻzimizning toshkentlik kosmonavtchi, hali bilmaysizmi? – deya Alibek oʻzi biladigan narsani otasi bilmasligidan gʻururlanib qoʻydi. – Yaqinda «Interkosmos» programmasi boʻyicha mugʻulistonlik Gurragcha degan kosmonavt ikkovi uchgandi. Bizlar tupkaning tubida dunyodan bexabar ishlab yuradigan odam boʻlsak, kosmonavt qachon uchadi, qachon qaytib tushadi, bilmasak, - dedi Alibek, piyodasini akasining chegarasiga oʻtkizib, otga qarshi qoʻyarkan.
— Unday boʻlsa ularning uchganini qaerdan bilding? - soʻradi otasi va Alibekka oʻrgatdi, - hey, bekorchi oʻyin nima kerak, otingni chiqar.
— Radiodan qulogʻimga chalingandi. – Alibek parvo qilmay piyodani yana olgʻa surdi.
— Jonibekov? Toshkentdan ekanmi? Kosmonavt oʻzbeklardan ham chiqibdi-da, a? Hoy, piyodang joyida tursin. Qaerga boradi u? Otingni haydasangchi!
— Biz ham shaxmatni uncha-muncha bilamiz, ota, - dedi Alibek farzini bilan shoh berib. Piyoda shohning ikkinchi yoʻlini toʻsgan, Salim mot boʻlgan edi.
— Ie! Alibekka yuttirib oʻtiribsanmi?
— Alibek keyingi vaqtlarda ancha progress qilyapti, - dedi Salim. – Biz esa regressga yoʻl qoʻydik, shekilli.
— Qani tur-chi, bu kosmonavtlarni bilgich bilan oʻzim bir qoʻl koʻray, - deya otasi Alibekka qarshi maydonga tushdi.
— Kosmonavtlar osmonda yarim yillab yurishyapti, qanday yashashar ekan, a ular? Aka? – soʻradi Alibek, donalarni qaytadan terarkan, xuddi gap kelib qolganday, aslida boya uzilib qolgan suhbatni davom ettirish, koʻp narsalarni bilishini akasiga isbotlash uchun. – Xlorella degan oʻsimlik boʻlarmish. . Oʻshani yeb kun kechirishadi, deyishadi. Shu rostmi, aka?
— Boʻlsa bordir, - dedi Salim chaynalib.
— Odamlar osmonda yarim yillab qanday yashaydi? Kosmik kemalaringda hojatxona bormi? – soʻradi otasi.
— Ha, endi kosmik kemani shunga moslab chiqarishgan-da. Kosmik kemalar zamonamizning eng zoʻr olimlari tomonidan oʻylab chiqarilgan , fan va texnikaning oltin fondi, eng yangi asboblar kosmik kemalar uchun ishlatiladi. Shuncha narsani oʻylab topgan inson albatta kosmonavtning qanday kun kechirishini ham esidan chiqarmasa kerak, - dedi Salim.

Oʻyin davom etdi. Alibek otasini ham yutib oldi. Keyin yana akasi bilan oʻynadi, yutishiga sal qolganda goʻyo bilmagan boʻlib, farzinini oldirdi. Shundan keyingina Salim xursand boʻlib, oʻyinni yutdi.

Alibek va akasiga bir xonadan joy solishdi. Gaplashib olishga ayni fursat. Alibekning bilishicha, akasi bir shaharlik qiz bilan xat yozishadi. Alibek nogahon koʻrib qolgan oʻsha xatda bunday deyilgandi: «Oʻzim azoblansam deymanu, sizning kulishingizni istayman. Axir borligʻimni qoplab olgan hislarim yuragimga tinchlik bermasa, vujudim nuqul sizga intilaversa, menda nima ayb? Siz ham tushuning-da! Sizni sevib qolganman...» Umuman, shunaqa gaplar. Gaplarning orasida she’rlar ham bor. Aytishlaricha, sevishganlar oldin bir-birlarini oʻrganishlari kerak emish. Alibek Zulfiyani birinchi sinfdan beri biladi. Demak, bemalol, hech oʻylanmasdan uylanaversa boʻladi. Ammo masalaning ikkinchi tomoni bor: Salim hali boʻydoq. Yoki toʻgʻridan toʻgʻri Salimga: «aka, shunaqa-shunaqa gap, tezroq uylaning, mening yoʻlimni toʻsmang. Men ikki-uch kutib yurolmayman», desa-chi? Xullas, gaplashib olish kerak. Salim koʻrpaga kirib, qoʻlini boshiga yostiq qilgancha, shiftga tikilib xayol suryapti.
— Aka, nimalarni oʻylayapsiz?
— Shunday,.. chiroq, oʻzim.
— Aka, sizga pul kerakmi? – Alibek javob kutmasdan oʻz topogʻonligidan xursand boʻlib, kissasidan pul chiqardi. Shunday qilsa akasi xursand boʻladi, gaplashish osonlashadi.
— Qancha? – soʻradi Salim, pulni olarkan, koʻzlari shodlikka toʻlib.
— E, kim sanapti deysiz! Kerak boʻlsa yana beraman, hozir menda pul koʻp, aka. Kecha oylik olganman. Mana! – Alibek kissasidan yana pul chiqarib berdi. - Siz studentsiz, sizga kerak boʻladi.
— Rahmat, chiroq,Shu hafta koʻproq pul kerak boʻlib kelgandim. Otamdan qanday soʻrashni bilmayotgandim.
— Aka, sizga ish yozaymi?
— Yoza olasanmi?
— Albatta. Hozir brigadirimiz Nurali aka bilan munosabatlarimiz zoʻr. Bir oʻzi toʻrt kishiga yozdirib oladi. Men bir sizga yozsam nima qipti.
— Tagʻin senga gap tegib qolmasin, qoʻy, chiroq.

Jim qolishdi.

Alibek nuqul boshqa gaplarga alahsiyapti. Boya kosmonavt degandi. Endi hisobchiligini maqtanyapti. Qanday boʻlmasin hozir gaplashib olish kerak. Akasi pulni gʻamladi, shu ketishda bir oygacha kelmasligi mumkin.

... va Alibek bor shahdini tiliga jamladi:
— Aka, siz ham sevasiz-ku, toʻgʻrimi?!.

Salim yalt etib ukasiga qaradi.

Alibekning yuzi ichki zoʻriqishdan qizarib ketgandi...

Qaroqchilar

Uchovlon kelishib, bayram kuni rayon markazida qishloqilarni shiladigan boʻlishdi. Agar har besh minutda ikki soʻmdan ishlashsa ham ikki soatda ancha pul yigʻilarkan. Keyin restoranga kirishadi. Kreslolarda kerilib oʻtirishadi. Qoʻlini choʻzgancha, barmoqlarini qisirlatib (xuddi kinolardagiday): «Ofitsiantka, bizga yana yuzta-yuztadan uch yuz gramm obi zam-zamdan boʻlsin», deyishadi. Hamma gap qishloqilarni shilishda. Qishloqilar asli qoʻrqoq boʻlishadi. Yaxshilab bitta doʻq ursa, topgan-tutganini chiqarib beraveradi. Kerak boʻlsa, Alibek qoʻrqitish usullarini Samarqandga oʻqiyman, deb borganda oʻrganib qaytgan. Alibek koʻp narsani koʻrib, bilib qoʻydi. Ha, gap yoshda emas, boshda. Eh-he! Odam doim tiqilinch boʻladigan «qora park»dagi oynavand oshxonada edi-da! Asli shaharlikday, qora koʻzoynak taqib, oliftanamo yurish bilan oshxonaga kirdi. Bamaylixotir ovqat oldi. Hozirgina turib ketganlarning joyiga borib endi oʻtirmoqchi edi, kimdir stulni koʻtarib ketaverdi. U borgan stol yonidagi qolgan uchta stul egalik edi. Shu sababli Alibek oʻzini haqiqiy studentlarday tutib, olib ketilayotgan stulni mahkam tutdi.
— Qoʻyvor, - dedi doʻq aralash shirakayf, baquvvat yigit.
— Aka, bu stulni men egalladim, - dedi Alibek, uning doʻqiga doʻq bilan javob qaytarishga urinib, ammo eplayolmay.

Barzangi Alibekni yeb qoʻyguday yuzini yuziga yaqinlashtirib oʻqraydi, urib yuboradigan boʻldi, ammo buni oshxonada oʻziga ep bilmadi, shekilli. Bir siltab stulni tortib oldi-da, Alibekni pashshani surganday chetlatib, oʻtib ketdi. Alibek u bilan yana tortishishga jur'at etolmadi. Qoʻy, shunga teng boʻlib oʻtiramanmi, deb, oʻziga boshqa joy izladi. Ovqatini yeb koʻchaga chiqqanda yoʻlini oʻn ikki-oʻn uch yoshlardagi bola toʻsdi:
— Hoy qishloqi, men kinoga kirmoqchiman, oltmish tiyin ber.

Alibekning koʻngli erib, kissasiga qoʻl soldi, ammo bolaning ovozidagi doʻq-poʻpisa nogoh unga ta’sir kuchini oʻtkizdi-da, achchiqlandi. «Pulim yoʻq», deb oʻtib ketayotgandi, bola yayana yoʻlini toʻsdi.
— Menga oltmish tiyin ber, deyapman.

Bolaning oʻjarligiga Alibekning kulgisi qistadi. «Mana oltmish tiyin» deb quloq-chakkasiga tortib yuboray dediyu, juda kichkina bola ekan. Arzimaydi. «Pulim yoʻq», deya oʻz yoʻliga ketayotgandi, kimdir yelkasidan tutdi. Oʻgirilib, boyagi oshxonadagi barzangini koʻrdi. U zaharli ishshayib turardi.

Alibekning ichidan qirindi oʻtganday boʻldi.
— Nima deding bunga? - deb soʻradi u, yosh bolani koʻrsatib. – Hali sen oʻzingdan kichkinalarni uradigan, soʻkadigan boʻldingmi? Ber aytgan pulini!

Barzangining ovozi tahdidli edi. Shulardan qutulsam qutulay, deb Alibek kissasiga qoʻl soldi. Bitta besh soʻmlik qolgan ekan, chiqargandi, barzangi tortib oldiyu, bolaga tutdi. Bola pulni olib joʻnayotgandi, Alibek «hey, toʻxta», deb intilgandi, barzangi soʻrab-surishtirib oʻtirmay uni solib yubordi. Alibek musht zarbidan muk tushdi, yana bir-ikki tepki yedi. Atrofda odam koʻp edi, birontasi ajratay demadi...

Ha, oʻshanda Alibek yonida bor pulidan ajragan. Ammo oʻzlari rayonga chiqishganda buncha koʻp pul talab qilishmaydi. Qishloqilar ham axir umid bilan, bayram qilamiz, deb rayonga kelishadi, kissalarida koʻp boʻlsa besh soʻm, boʻlmasa ikki, uch soʻm bilan kelaverishadi. Umuman yoshroq, kamquvvatroq bolalarni ushlashadi. Urishsa – yengadigan, quvsa – yetadigan, qochsa – qutuladigan boʻlish kerak-da!

Asli bu fikr Toshtemirdan chiqdi. Alibek bilan Lapas quvvatlashdi. Ikkovi bitta brigadada ishlashadi. Toshtemir Samarqandda texnikumda oʻqiydi. Hozir uchinchi kursni bitiryapti. Sochlarini oʻstirib yuborgan, moʻylab oʻstirgan, koʻzlari yonib turadi. Koʻrgan odam qoʻrqib ketadi. Uchalasi ilgari bir sinfda oʻqishgan, shuning uchun koʻpinchaToshtemir shanba-yakshanba kunlari qishloqqa kelganda kechalari birga oʻtirishadi, shu hangoma payti ... xullas ikkovi tajribali Toshtemirga boʻysunishadi. Lapasga bu narsa uncha yoqmagandi, Alibek bilan Toshtemir rosa qiziqtirishdi. Gap pulda emas, gap qishloqilarni tunashda ham emas. Yoshlikda oʻynab qolish, hayotning achchiq-chuchuklarini totish kerak. Qolaversa, bir yigitga qirq hunar oz, deganlariday, bu ishni ham oʻrganib qoʻysa, hayotda asqotishi mumkin. Doim shugʻullanmoqchi emaslar-ku axir! Toshtemirlar Samarqandda eh-he, qanaqa ishlarni qilishmagan. Shunaqa qilib aytib beradiki, he-ech u yoq-bu yogʻi yoʻq ... Toʻgʻri, uning hamma gapiga ishonaverish kerak emas, rostidan lofi koʻproq boʻladi.

Rayon markazida bayram - 1 – may! Markaziy koʻchada odam gʻij-gʻij. Qishloqi bolalar koʻp. Iloji boʻlsayu, hammasini qator qilib terib, pulini shilsang. Toshtemir – student, basharasi bezoriniki. Alibek ham, kerak boʻlsa, shahar koʻrgan. Bitta Lapasni hisobga olmaganda. U ham boʻsh kelmaydi. Shlyapa kiyib, galstuk taqqan. Olifta!
— Ishqilib militsiyaga tushib qolmasak goʻrgaydi, - dedi Lapas.
— Ehtiyot boʻlish kerak, - dedi Toshtemir. Shuncha vaqtdan beri ularni qiziqtirib, koʻpirgan bola hozir bir qadar ikkilanib qolgandi.
— Nimadan qoʻrqasan? – soʻradi Alibek.
— Qoʻrqqanib yoʻq, - dedi Toshtemir. – aytib boʻlmaydi, qandaydir tasodif bilan birimiz tushib qolsak ham boshqalarni sotmasi, demoqchiman.
— Sen qoʻrqayapsan, - dedi Alibek achchiqlanib. – Shu holing bilan nima qilarding bizni chalgʻitib.
— E-e, - deb Toshtemir bir necha daqiqa Alibekka tikildi-da, - yuringlar, - deya shaxd bilan joʻnadi. – Oʻzimizboplaridan topaylik.

Alibekka qolsa, birinchiduch kelganni shartta yoqasidan olsa, pulingni chiqar desa, chiqarmasa urib-soʻkib tortib olsa. Ammo Toshtemir bunga ruxsat bermadi. «Mendan beruxsat ish qilmanglar», deb uqtirdi. Kelishuv boʻyicha Toshtemir bir oʻzi borib bittasini ushlaydi, ikkovi izma-iz kuzatib boradi. Ilojini topsa, Toshtemirning bir oʻzi eplaydi. Yoʻqsa, oldin Lapas, keyin Alibek bilmagan kishi boʻlib, borishadi-da, Toshtemir bilan quyuq soʻrashishadi, toki u bola Toshtemirning odamlari atrofida koʻp ekanligini anglab yetsin, xullas, keyin vaziyatga qarab ish tutilaveradi.

Toshtemir oʻn besh-oʻn olti yoshlardagi, boshi ustara bilan qirilgan, oq surp koʻylagi etagining yarmi shimidan chiqib, osilib turgan, gʻirt qishloqining yaqiniga bordi:
— Ie, assalomu alaykum, joʻra! – soʻradi Toshtemir. – Qaerdansan?
— Oʻroqlidan. – Bola nimanidir sezib, qoʻrqa boshladi, tashvishga tushdi, koʻzlari alang-jalang boʻlib, burilib ketmoqchi boʻldi.
— Toʻxta, joʻra! – Toshtemir birdan doʻq urdi. – Sigaretdan choʻz! Nimaga salom bersam alik olmaysan?
— Sigaretim yoʻq,, -dedi bola, bir zumda rangi oqarib, titragancha Toshtemirning ikki koʻkrak choʻntagidagi ikki quti sigaretaga qarab olarkan.

Toshtemir bolani qoʻltiqlab oldi.
— Joʻra, qochishga urinma, oʻzingga qiyin boʻladi. Tushundingmi?
— Ie, bayramlaring bilan! Qandaysizlar? – hech narsa bilmagan kishi boʻlib, Lapas ular bilan koʻrishib oʻtib ketdi.
— Koʻrdingmi? – dedi Toshtemir. – Gap bunday, toʻgʻrisini ayt, kissangda necha puling bor? Toʻgʻrisini aytsang yarmisini olamiz.
— Hey, lektsiya qisqaroq boʻlsin! – Orqadan Alibekning betoqat ovozi eshitildi.

Toshtemir mushtini orqaga qilib, uzoqroq tur, degan ishorani qildi.
— Xoʻsh?!
— Uch soʻm!
— Chiqar!

Bola chitta uch soʻmlikni chiqardi. Toshtemir oʻylanib turib, bolani kafening bufetiga yetaklab borib, bir shisha limonad olishdi. Chidolmagan Alibek Lapasni boshlab yetib keldi. Unda gʻalaba nash'asini tezroq surish ishtiyoqi juda kuchli edi.
— Ikki soʻmini ol, - dedi Alibek, koʻzlari yonib. – Vijillashib oʻtirasanmi?
— Yarmiga kelishgandikku, - dedi Lapas toʻngʻillab. – Bolaga jabr qilmaylik-da!

Bola bezovta, bir unga, bir bunga angrayib turardi.
— Aralashmanglar, degandan keyin nima qilasizlar gapni koʻpaytirib, - dedi Toshtemir va bolaga oʻgirildi. Bor, joʻra, ellik tiyinga bitta sigareta olib kel, ora ochiq boʻladi. – Bola bufetga ketdi, Toshtemir Alibekni koyidi. – Buncha ochkoʻz boʻlmasang. Kelishdikmi, kelishdik. Chaqirmasam, aralashmanglar.
— Menam shuni aytdim, - dedi Lapas jonlanib.

Alibekka puldan ham koʻproq sarguzashtning oʻzi sehrliroq, maroqliroq tuyular, bu ishlarni tez-tez bajargisi kelar, Toshtemirning uzundan-uzoq muzokaralariga toqat qila olmayotgan edi.Axir bayram ikki-uch soatda oʻtib ketadi. Iloji boricha koʻproq bolani tunash kerak. Bu ahvolda hech narsaga ulgurishmaydi. Bola sigareta olib keldi. Toshtemir unga yarim stakan limonad tutdi. Ichmayman, degandi, majburan ichkizdi.
— Mana, endi pulning yarmi seniki, yarmi meniki boʻldi, - dedi Toshtemir, - mendan xafa emasmisan?
— Yoʻq!
— Senga javob. Agar koʻcha-koʻyda yana birov seni ushlasa, men Tolikning ukasiman,de.Senga inson zoti yaqinlashmaydi. Tushundingmi?
— Xoʻp, Tolik aka! – Bola oson ajrayotganidan xursand boʻlib, uzoqlashdi.

Uchovlon shu taxlit yana bittasidan bir soʻm, ikkinchisidan ikki yarim soʻm undirishdi. Uchinchisi ularni rosa ovora qildi. Gapdon ekan. «Mayli, sizlarning qoʻlingizdagi odamman, nima qilsalaringiz oʻzlaringiz bilasizlar, lekin bir tiyin ham pulim qolmadi», deb turib oldi. Oxiri u ham Alibekning bir mushidan soʻng ajradi. Ikkovining muloyimligiga Alibekning jahli chiqardi: «Bizlar qaroqchilik qilyapmiz, haqiqiy qaroqchilarday ishlaylik-da», derdi u. Samarqandda yegan kaltaklari hali esidan chiqqan emas. Endi alamimdan chiqaman, desa ikkovi toʻgʻanoq boʻlyapti.

Oldilarida ikki bola ketib borardi. Ikkovining ham qoʻlidagi toʻrxaltalar toʻla, boshlarida eski qalpoq, dazmollanmagan kiyimlari beoʻxshov.
— Ey, toʻxtanglar! – dedi Toshtemir ularga tomon shoshilib, Alibekning gaplaridan achchiqlanib.

Ikkovi qayrilib qarashdiyu, tez yurib ketishdi. Toshtemir yugurgancha bittasini ushladi, ikinchisi qochdi. Uni Alibek quvdi.
— Nega toʻxta desa toʻxtamaysan?! – Toshtemir doʻq urdi. – Qaysi qishloqdansan?
— Men sizlarga nima qildim? Nima qildim?.. bola zorlandi.
— Nima qilishni koʻrsatib qoʻyaman. Ichak-chavogʻingni sugʻurib olaymi? – Toshtemir koʻzlarini olaytirdi. Lapasning kulgisi qistab, chetga oʻgirildi.

Bola yigʻlamoqdan beri boʻlib yerga qaradi. Lapasning bolaga rahmi keldi, qoʻy, qiynama, deganday ishora qildi. Toshtemir bolani chetga olib chiqdi.
— Hey, yigitmisan oʻzi? Boshingni koʻtarsangchi! – Toshtemir bolani iyagidan tutdi.
— Mayli, nima desalaring beray, meni qoʻyib yuboringizlar. – bolaning tishlari takilladi.

Alibek quruq qaytdi. Ikkinchisi qochib ketipti. Yetolmapti.
— Kim u joʻrang? – Toshtemir yana qattiqroq doʻq urdi.

Alibek yana jigʻibiyron boʻla boshladi. Toshtemir ehtiyot shart, tagʻin bexosdan bolani urib yubormasin deb, ikkovining oʻrtasiga oʻtib oldi-da, doʻqlashni davom ettirmoqchi boʻlayotib, boyagi bolaga koʻzi tushdi. U bir militsionerni boshlab kelardi. Toshtemir: «qoch, melisa!», dediyu, yugurdi. Lapas ham qochganini aniq koʻrdi, lekin Alibekni bilmadi.

Bola esa oshkora yigʻlab yubordi.

Suyunchi

Lapas armiya xizmatini oʻtab qaytdi. Nazarida xuddi kechagina chaqiriq qogʻozini olganday, ikki yil koʻz ochib yumguncha oʻtib ketganday. Poezd rayon markazida toʻxtadi.U hali birga xizmat qilgan, yoʻlda birga kelgan safdoshlari bilan arang xayrlashib ulgurgan, ammo tugʻilib oʻsgan yerlariga toʻyib-toʻyib boqolmagan, havosidan simirolmagan holda poezddan pastga endigina tushgan edi hamki, qandaydir odam kelgancha, uni mahkam quchoqlab oldi.
— Assalomu alaykum solat ukajonim! Qanday, eson-omon yetib keldingmi? Xizmat yaxshi oʻtdimi? Sogʻ-salomatmisan? Sensirayveraman-da endi, oʻzimning ukamsan-ku, nima deding? Xafa boʻlmaysan-a!?

Lapas hayron boʻldi, lekin bildirmadi. Axir oradan ikki yil oʻtib ketdi. Tanimasa ham uni taniyapti-ku, Balki biron qarindoshidir, ammo kim ekan? Qaysi xolasining eri? Hech eslay olmadi.
— Obbo shovvoz-ey! Shunday qilib askarlikni oʻtab qaytdim, degin!? – Qarindoshning quvonchi cheksiz edi. Koʻzlari porlardi. – Obbo askar ukajonim-ey! Shunday qilib ikki yil ham oʻtib ketibdi-da, a? Aytganday, isming nimaydi?
— Lapas.
— Ha,ha, Lapasjon, buni qara-ya, hatto ismingni esdan chiqarganman. Qarichilik-da, uzr, Lapasjon!Xoʻsh, xizmatlar qaerda oʻtdi?
— Belorussiyada.

Qarindosh hayratdan yoqa ushladi. – E, yashshavor! Menam Belorussiyada xizmat qilganman. Zoʻr joy! Xuddi oʻzimizdagiday, soldatlarni juda yaxshi koʻrishadi. Qizlari-chi, qizlari! Kelib turarmidi qismlaringga?
— Ha, endi... – Lapas iymandi.
— Qanaqa boʻlinmada xizmat qilding?
— Stroybatda.
— Hechqisi yoʻq, oʻzbek bolalarining barini stroybatga joʻnatishadi. Hechqisi yoʻq, bel qotib, toʻrt-besh soʻm pul topib, bir hunarning egasi boʻlib qaytasan. Boʻpti, yur... ana bizning mashina. Xoʻsh, jomadoning bormi?

Lapas yerga qoʻygan jomadonini olmoqchi edi, qarindosh ruxsat bermadi.
— Shoshma-shoshma, bu nima degan gap? Buguncha sen mehmonsan. Tushunyapsanmi? Buguncha! Oʻzing bilasan, mehmon otangdan ulugʻ, degan gap bor. Katta bir nima deganda kichik quloq solishi kerak. Jomadonni bu yoqqa ber.
— Yoʻq, aka, siz tushunmadingiz, sizga ogʻirlik qilmasin, demoqchi edim.
— Buguncha ogʻirlik qilmaydi, tez beraver, boshqasi ilib ketmasdan... – Qarindosh shosha-pisha jomadonni tortqilab oldi-da, Lapasni oʻz mashinasi tomon yetakladi. – Qani endi, soldatchasiga marsh. Oʻzi koʻnglim sezgandi-ya, shu bugun kelib qoladi-yov, deb hozirgina vokzalga chiqib turgandim. Qarasam, doʻstlaring bilan xayrlashib, poezddan tushayapsan. Yetgancha seni quchogʻimga oldim. Yoʻqsa, bu yerda pul ishlayman, deganlar koʻp, ana-mana degancha ilib ketishadi. Obbo ukajonim-ey, shunaqa qilib Belorussiyada xizmat qildim, degin-a! Mana, sizlar bizni, bizning bola-chaqalarimizni chet el agressorlaridan muntazam himoya qilyapsizlar. Sizlar borki, biz tinch- omon, bexavotir bola-chaqa tashvishida elga xizmat qilyapmiz...

Ular chetroqdagi «Moskvich»ga oʻtirishdi.
— Tezda Ota-onang bilan koʻrishasan. Juda sogʻingandirsan,a? Aytganday, qaerda yashardilaring?
— Barlosda, - dedi Lapas hayron boʻlib, ammo sir bermaslikka urinib.
— Yashshavor ukam!! – Qarindosh doʻppisini osmonga otguday quvonib ketdi. – Buni qara-ya, hatto shuniyam esdan chiqaripman! Qarichilik-da, qarichilik. Aytganday, isming nimaydi?
— Lapas.
— Ha, Lapasjon, ukajon! Yillar oʻtib boryapti. Mana, biz ham qirqni urib qoʻydik. Bola-chaqa koʻpaydi. Oʻzing bilasan, bir tovuqqa ham don, ham suv deganday, barini yedirish kerak, ichirish kerak, kiyintirish kerak. Bari qoʻlingga qaraydi. Menimcha, uylaringga borsak, suyunchiga botib qolsam kerag-ov, nima deding? Hazilmi, ikki yil koʻrishmagansizlar axir! Aytganday, otangn oti nimaydi?
— Otaboy.
— Nima, Otaboy akaning oʻgʻlimisan? Qoʻlni ber. Ishlar besh. Agar Otaboy akaning oʻgʻli boʻlsang, suyunchiga soʻzsiz bitta qoʻy olaman. Yaqinda aytayotgandi, oʻgʻlim armiyadan kelishiga suyunchisiga bitta qoʻchqorni boqayapman, deb. Soʻzsiz bitta qoʻy olamiz, nima deding? Axir sening bahoing bitta qoʻydan arzon emasdir, toʻgʻrimi? Seni olib borganim uchun hech boʻlmasa benzin puli berishlari kerak-ku, toʻgʻrimi? Aytganday, isming nimaydi?
— Lapas.
— Ha, Lapasjon, ukajon, men yaxshi bilaman. Otang saxiy, mard odam. Sendan bor topgan-tutganini ayamaydi. Aytganday, otang qaerda ishlaydi?
— Otam armiyaga ketmasimdan ikki yil burun qazo qilgan.
— A-a, shunaqami? – Qarindosh bir oz xoʻmrayib jim qoldi. Bir minutlik sukut saqlab boʻlgach, yana oʻzini oʻnglab davom etdi. — Joyi jannatdan boʻlgan boʻlsin Otaboy akaning, bechora yaxshi odam edi. Shuni darrov ayta qolmaysanmi? Sen qazo qilgan Otaboy akaning oʻgʻli ekansan-da! Men esa narigi, tirik Otaboy akani nazarda tutayotgan edim.
— Barlosda menim otamdan boshqa Otaboy aka yoʻq.
— Barlosda boʻlmagani bilan Barlosga qoʻshni qishloqda bor. Sen nimaniyam bilarding, ikki yildan beri Belorussiyada yurgan boʻlsang. Obbo-o! Yana esimdan chiqdi, isming nimaydi?
— Lapas.
— Ha, Lapas, bu dunyoda sen bilan men bilmaydigan narsalar koʻp. Hayron boʻlaverma. Oʻlim haq. Hammamiz ham bu besh kunlik dunyoja oʻlib-tirilib, tirikchilik gʻamida yelib yuguramiz. Boshqa ilojimiz ham yoʻq. Mana, katta yigit boʻlib qopsan, yigitlik burchini oʻtab qaytayapsan. Ot oʻrnini toy bosar deganlari shu-da! Akalaring bormi7
— Ha, ikkita.
— Boʻ-oʻldi! Otaboy akaning oʻlmagani shu-da! Sizlar borsizlar, Otabo aka demak yashayapti. Demak, suyunchining zoʻrini endi akalaringdan olamiz. Har biridan bittadan qoʻy, a!! – Qarindosh rulni qoʻyib yuborgancha , kaftlarini bir-biriga ishqaladi. - Ikkovi ikki yoqdan ikki qoʻyni olib chiqib tursa, oling aka, yoʻqsa xafa boʻlamiz, deb turishsa, iloj qancha, akalaringni xafa qilib boʻlmaydi. Bir iloj qilib, qoʻylarni bagajga tiqamiz. Seni hurmating uchun-da, uka! Oting nimaydi?
— Lapas!
— Lapasjon, mana, Barlosgayam yetib keldik. Endi oʻzing boshqar, qayoqqa hayday.?..

Ular koʻk darvoza qarshisida toʻxtashdi. Qarindosh signalni bosdi. Lapas mashinadan tusharkan, yuragi hapriqib ketdi. Oʻsha qishloq, oʻsha koʻcha, oʻsha darvoza. Hech narsa oʻzgarmagan. Poezdda kelayotganda goʻyo hamma yoq oʻzgarib ketganday, u oʻz vatanini tanimay qoladiganday tuyulgan edi. Yoʻq, hammasi oʻsha-oʻsha. Armiyaga ketishidan sal oldin darvoza qurishgan edi. Bir tomoniga gʻisht yetmay ochib qolgan, keyin shu ochiq joyga uch-toʻrtta shox-shabba tashlab qoʻyishgandi. Oʻsha shox-shabba haliyam turipti. Uyning orqasi yarmi suvalgan, yarmi qolib ketgan edi. Ikki yil oʻtsa hamki, oʻshanday turipti.

Hech narsa oʻzgarmagan. Mutlaqo hech narsa! Hatto hayron qolasan.
— Syurpriz qilamiz, uka, sen yashirin, - dedi qarindosh. Akangni ismi nimaydi?
— Qodir.
— Qodir! He-yy, Qodir!! – Qarindosh darvozani urdi-da, orqasiga oʻgirilib, ajablandi. – Ie, haliyam turipsanmi? Yashirin, syurpriz qilamiz.

Hovlidan javob eshitildi. Darvoza ochilib, onasi koʻrindi. Lapas beixtiyor mashinaga suyandi. Nafas rostladi, keyin...
— Lapas! Bolam!!
— Onajon!...

Uzumzorda

Armiya xizmatidan yangi qaytgan Lapasga soldat formasi juda yarashar, koʻchada koʻkrak kerib yurganda qizlarning oʻzga havas bilan koʻz qirini tashlayotganini sezib qolsa, koʻngli bir dunyo koʻtarilardi.

Lapas qishloqqa uzum pishigʻida qaytgandi. Shuning uchun uyda yotgisi kelmay, brigadaga yashiklarga solingan uzumni mashinaga ortuvchi ishchi boʻlib oʻtdi Birinchi ish kuni edi. Bir joyda uzumlar toʻldirilgan yashiklar hammanikidan koʻp edi.
— Oʻh-hoʻ, kim boʻlsa ham zoʻr terarkan, - deb Lapas yashiklarni sanayotgandi, qator oraligʻidan chiroyli bir qiz ikki savatni uzumga toʻldirib chiqib qoldi. Toʻgʻrisi, Lapas uni koʻrib, bir lahza qotib turdi. Qiz goʻyo unga tanishdek. Ismi nima edi? Sira eslolmadi.Oʻziga maftunkorona tikilayotgan soldat nazarini his qilgan qiz uyalib, soldatga yer tagidan bir qur nazar soldiyu, kulimsiragancha , uyalib, tagʻinam hech narsa sezmaganday, savatlaridagi uzumlarini boʻsh yashiklarga solishga unnadi. Qizning uyalinqirashi, qizarishi Lapasning aqlini shoshirdi. Xizmatdan qaytganidan beri Barlosning koʻchalarida ne-ne qizlarni uchratgan boʻlsa-da, hech biri uning fikrini oʻgʻirlamagan edi. Ne-ne qizlar koʻz suzsa-da, u bepisand oʻtib ketib yurgan edi. Ne-ne qizlarning fikrni oʻzi oʻgʻirlagan, buni bilar, oʻzidan magʻrurlanib yurar edi. Endi esa...

Oʻzi, .. ikki yildan beri qishloqda chiroyli qizlar koʻpayib ketipti. Armiyaga ketayotganda sochini turmaklay olmay yigʻlab yuradigan qizaloqlar endi tamanno bilan oʻzini toʻydami, boshqa yerdami, koʻz-koʻz qiladigan boʻpti. Ammo bu qizcha... Kim boʻldi ekan? Ismi... Oʻzi kichkinagina,ammo chayir ekan! Biram noziki, savat koʻtargan bilaklari uzilib tushadiganday tuyuladi qaragan kishiga. Ammo shu nozik bilaklari bilan hammadan koʻp uzum tergan. Buning ma’sum qarashlari... Bir marta, bir lahzagina qaradi. Shu qarashning oʻzidayoq Lapasning yuragidan nimanidir yulib ketdi. Qaniydi yana bir qarasa... – Lapas yashiklarni mashinaga orta boshladi hamki, koʻzlari qizda. Xayolan, qaramaslik kerak, bu odobdan emas, deb oʻziga buyruq bermoqchi boʻlar, ammo koʻzlari nuqul qizni izlar, boʻyni nuqul qiz tomonga burilaverar edi. Shu fursatgacha ham sheriklariga gap berib, ham yashik ortayotgan Lapas birdaniga jim boʻlib qolganiga sheriklar e’tibor berishmadi. Goʻyo e’tibor berishmaganday edi...
— Yasha Novvot! – dedi mashinaning ustida yashiklarni qabul qilib olayotgan Zokir aka. – Uzum terishda sendan oʻtadigani yoʻq..

«Ha-a, Novvot! Novvot-a, Novvot!!»

Maqtovni eshitib, Novvot boshini koʻtardi-yu, yana Lapasnng oʻqday nigohiga duch kelib, uyalgandan tezlik bilan savatlarini olib, qator orasiga joʻnadi. Qiz qator oralab yurib bormasdi. Goʻyo muallaq havoda suzib ketardi. Qoʻllari sal silkisa goʻyo hozir osmonu-falakka koʻtarilib, uchib ketadiganday. Lapas yugurib, qizning ortidan yetmoqchi, uchib ketishiga yoʻl qoʻymay, nozik bilaklaridan tutib qolmoqchi boʻldi. Oʻshanda... endi osmonga koʻtarilayotgan qiz oʻgirilib pastga, bilagdan tutib qolgan Lapasga nazar tashlasa. Bir lahzagina! Keldingizmi, deganday... Kelishingizni bilardim, deganday... Keyin... Zokir aka yashiklarni olib ulgurolmay qoldi. Bir yashik uzum mashinaning chekkasiga sal ilingan ekan, yerga agʻdarilib, uzumlari sochilib ketdi.
— Iy-e, Zokir aka, sizga nima boʻldi, - deyishdi pastdaglar.
— Lapas soldat boʻlsa, unga bas kelib boʻlarmidi, - deya Zokir aka pastdagilarga ma’nodor koʻz qisdi.

Lapas oʻziga keldi. Goʻyo uning holatini hamma kuzatganu, endi ustidan kulishayotganday. Goʻyo uni ogʻir jinoyat ustida qoʻlga tushirishganday. Goʻyo hamma «Lapas Novvotni yaxshi koʻrib qolipti» , deb kalaka qilishayotganday. Mashinani toʻldirib joʻnatishgandan soʻng Lapas hech narsa bilmagan kishiday, qator oralab Novvot bilan dugonasining yoniga «hormanglar!», deb bordi. «Bor boʻling, keling!», deyishdi qizlar. Lapasning tili yana tutildi. Ketarini ham, turarini ham bilmay, bir bosh uzum uzib, Novvotning savatiga soldi.
— Bizga yordamga keldingizmi, Lapas aka? – gapga soldi Novvotning dugonasi quvlik bilan koʻzlarini suzib..

Lapas axmoqona ishshaygancha tasdiq ishorasida bosh silkib, uzum uzaverdi.
— Lapas aka, -dedi Novvot anchadan keyin gap soʻrayotganidan oʻzi uyalib, ammo gap soʻramasa, oʻngʻaysizlik tufayli Lapas hozir bir narsani bahona qilib, ketib qolishini anglagani tufayli, uni chalgʻitishga urinib. – Armiya yaxshimi, qishloq?

Lapas hayajonlandi. Novvot undan gap soʻrayotgandi, mushkulini osonlashtirgandi. Demak... demak... Yashshavor Novvot! Yashshavor Lapas!!

Armiya yaxshimi, qishloq? Albatta, tugʻilib oʻsgan joyingni hech yerga tenglab boʻlmaydi. Ona qishlogʻing qadrini uzoqlarda yurib, bir koʻrishga zor boʻlganingda bilasan...
— Oʻylanib qoldingiz, Lapas aka! Armiyadagi oʻris qizlarni esladingizmi? – Novvotning dugonasi sira oʻzini bosib ololmasdi.
— E, ularning mingtasi bittalaringni bir tutam kokillaringdan aylanaversin, - dedi Lapas ilhomlanib. – Bir haftadan beri qishloqdaman. Xuddi tush koʻrayotgandayman. Soldatlikka shu qadar koʻnikkan ekanman, goʻy bundan bu yogʻi umring shu taxlit oʻtaveradiganday. – Lapas gaplarini Novvot jon-qulogʻi bilan tinglayotganini his qilib, zavqlandi. – Lekin bari bir oʻzimizning Barlosga hech yer teng emas... Men armiyaga ketayotganimda kichkina edinglar. Koʻchada qoʻgʻirchoq oʻynab oʻtirardinglar.
— Endi-chi?
— Endimi? Mana, brigada ilgʻori ekansizlar.
— Oʻh-hoʻ, maqtovni ham bilaman, deng.
— Maqtovmi, boshqami, ishqilib, koʻnglimdagini aytyapman-da. Sizlarga havasim keladi.

Novvotning dugonasi hamon Lapasni suhbatga tortar, ammo Lapas Novvot bilan suhbatlashishni istardi. Novvot esa duv qizargancha, har zamonda Lapasga oʻgʻrincha nazar tashlar, zoʻr berib uzum terardi. Lapas uning yonida, dugonasi esa qatorning narigi tarafida. Bir payt Novvot uzgan uzumini savatga solayotsa, Lapas ham solayotgan ekan, qoʻllari qoʻllariga turtinib ketdi. Novvot yana birinchi safargiday, yalt etib bir qaradiyu, koʻzlarini savatga tikdi. Lapasning yuragi hapriqdi. Shunday uyalchan, shunday tortinchoq. Shunday latofatli bu qiz.
— Bizlarga nega havasingiz keladi, Lapas aka? – soʻradi Novvotning dugonasi.
— Sizlar qishloqqa zor boʻlmaysizlar. Doim shu yerdasizlar.
— Bizning esa sizga oʻxshab qishloqdan chiqqimiz, dunyo koʻrgimiz keladi. Eh., qizlarni armiyaga olishmaydi-da. Birinchi boʻlib oʻzim ketardim. – Dugona orzuga berildi.

Lapas Novvotga oʻgirildi:
— Siz-chi? Siz ham askar boʻlmoqchimisiz?

Novvot chuqur mehr bilan qadalayotgan Lapasning nigohini yana tuyib, qimtindi. Nima deb javob berishni bilmasdi.
— Bilmasam...

Bu orada savatlar toʻldi. Toʻla savatlarni koʻtarib, karta oraligʻiga joʻnashdi. Novvotning savatlarini Lapas koʻtardi. Oʻzining kuchini koʻrsatish uchun qator orasidagi kesaklarga parvo qilmay, shaxdam qadamlar tashlashga harakat qildi. Bari bir to oraliq yoʻlga chiqqancha bilaklari toliqib ketdi, ammo oriyat yoʻl qoʻymadi, chunki qatorning narigi tarafida Novvotning dugonasi xuddi shunday toʻldirilgan ikki savatni hech bildirmay koʻtarib chiqayotgandi. Shunchalar nozik qizlar... Yana gap berib kelyapti. Armiyada pishib keldim, degani yolgʻon. Xomlab kelgan. Manovi qizlar uzum ichida pishgan, chayir tortgan...
— Men boray boʻlmasa, - deya Lapas ketib qolayotgani uchun uzr soʻradi.

Novvot «mayli» deganday jilmayib, bosh silkidi. Lapasga shu qarashning oʻzi yetarli edi. Koʻngli togʻday oʻsib, bir chetda dam olayotgan Zokir akaning oldiga bordi.
— Nima dedi? – soʻradi Zokir aka.
— Kim? Nima deyishi kerak? – Lapas talmovsiradi.
— Novvot yaxshi qiz! Uni olgan yigit baraka topadi. Niyating boʻlsa, harakatingni qil. Eshitishimcha, qoʻshni qishloqdan sovchilar kelayotganmish. Otasi bermayotganmish.
— Siz shunday deb oʻylaysizmi, Zokir aka.
— Men aytdim-qoʻydim. Bu yogʻini oʻzing bilasan. Tur, ana, mashina keldi, yashik ortamiz.

Yaxshi niyat

Hammasi Alibekdan boʻldi. Agar u Toshtemirga: «Abdumajidlarnikiga borib, er-xotinni yarashtiramiz», demaganda, balki... Tagʻin kim biladi deysiz. Xullas, odamgarchilik qilishmoqchi edi, aksi boʻlib chiqdi. E, yomon boʻldi...

Alibek ishdan qaytgandan keyin koʻchada salanglab yurgan edi.Toshtemir eski «Yava»sini patillatib kelib qoldi. Alibek mingashdi. Qayoqqa ketayotganini soʻramadi ham. Aniq, yarimta olishadiyu, doʻkonning orqasiga oʻtib, maydalashadi. Toshtemir Alibekda pul koʻpligini yaxshi biladi. Hisobchi-da. Alibek mard. Dasta-dasta pullarni chiqarib, doʻkonchiga tutadi. Buniyam gashti bor. Atrofdagilar havas bilan, ba’zilar hasad bilan kuzatadi. Shunday boʻldi ham. Ichib oʻtirib, gap Abdumajidga taqaldi. Yaqinda uylangandi Abdumajid. Sevib! Qiz ham aftidan Abdumajidni yaxshi koʻrardi. Abdumajid qizning xatlarini Alibeklarga oʻqitgan. Hammasi: «Jondan aziz sevgilim!...» deb boshlanardi. Oʻqib, Abdumajidga rosa havaslar kelgan. Axir, masalan, deylik, Alibek Zulfiya bilan har qancha sevishsa-da, Zulfiya bironta xat yozgani yoʻq. Oʻzi xat yozishga hojat ham boʻlmagan. Har kuni qishin-yozin dalada birga yurishsa, birga ishlashsa... Bular esa shuncha xatdan keyin chillalari chiqmay, janjallashgan emish. Kuyov soʻkkan, kelin yigʻlagan, arazlab otasinikiga ketgan,. Rosa qiyomat qoʻpgan, oralaridan katta ola mushuk oʻtgan emish...Yaxshiyam Abdumajidning onasi qulluq qilib, kelinini qaytarib olib kelgan emish...

Gap-gap bilan Alibek bitta yarimta olib, qoʻltigʻiga qisdi. Ikkovlon «Yava»da Abdumajidlarnikiga borishdi. Kelin-kuyov oʻz xonalarida inoqqina boʻlishib, kulishib, choy ichishayotgan ekan. Avvaliga ikki doʻsmt hayron boʻlishdi. Keyin Alibek qoʻynidagi aroqni chiqarib, dasturxonga qoʻydi. Qolaversa, kelin ham begona emas, oʻzlari bilan bir maktabda, faqat bir sinf keyin oʻqigan sinashta Dilorom edi.
— Yarashibsizlar-da, yashanglar! Buni yuvish kerak! Moʻyinsa, bitta zakuska tayyorlang.

Dilorom chiqdi. Alibek shirakayf holda kelinning ortidan tikilarkan, Abdumajidga ta’na qildi:
— Zoʻr xotining bor-da, joʻra. Qaddi-qomatni qara! Shunday xotinni urdingmi-ya?
— E, sen oʻzingni Zulfiyang bilan boʻlaver, qoʻy, meni ishimga aralashma.
— Ikki uylangan bir-biringga maqtanyapsanmi? Haligacha uylana olmaganimga ta’na qilyapsanlarmi? Koʻr axir mening ahvolimni! Oʻrnak ol! Bazoʻr yetgan xotiningni yigʻlatma.
— Xoʻp! – Abdumajid qoʻl koʻtardi.
— Oʻzi nimaga ketib qoldi? – soʻradi Alibek.
— Nimani soʻrayapsiz? – deya soʻradi qaytib kirgan Dilorom.
— Nimani emas, seni soʻrayapti, -dedi Abdumajid. – Nega ketganingni bilmoqchi.
— Bir qadrimni oʻtkizay degansiz-da, a , moʻyinsa, - deya Toshtemir oʻzi chaplagan loyni andavalashga tushdi.
— Ha, bir qadrim oʻtsin, devdim.
— Nima? Menga qadring oʻtadimi? Ketsang, sendan qutulganimga xursand boʻlib, qaytadan toʻy qilsam kerak.

Diloromning lablari asabiy titradi.
— Qoʻying, moʻyinsa, bu bilan gap talashmang. – Alibek ham andavaga tarmashdi. – Bu bari bir sizning qadringizga yetmaydi. Tamom...
— Tamom!!. – Dilorom sakrab oʻrnidan turdi.
— Boʻldi,boʻldi, boʻldi! Urush tugadi, yarash,yarash,yarash!!!
— Voy, biz urishmaganmiz, - Dilorom kulisirashga urindi.
— Ozroq tepishganmiz, xolos. Odatimiz shunaqa, - dedi Abdumajid.
— Bizning xoʻjayin shunaqa, tepadiganlardan boʻlib chiqdi.
— Yoqmayotgan boʻlsa, muloyimidan top-da, ketaver! Men seni qaytarmayman.
— Kerak boʻlsa ketaman ham! Kerak boʻlsa, hali izimgayam zor boʻlasiz! Shoshmay turing!
— Men-a? Men senga zor boʻlamanmi? Ketsang, uch kunda onasi oʻpmagan qizni olaman.
— Olib boʻpsiz!
— Olaman! Mana koʻrasan! Sen oʻzingni kim deb oʻylayapsan? Mendan zoʻri yoʻq deysan-da, a?
— E, menam koʻchaga chiqsam, oyogʻim tagi toʻla yigit, bittasiga tegaman, olaman.
— Seni endi hech kim olmaydi. Sen endi it tekkan sarqitsan! Hi, alam!
— Oʻzingiz sarqit! Hech kim sizga zaril qolgani yoʻq. Har kecha uyimizga bolalarni pochtachi qilib joʻnatganlaringiz, yalinib-yolvorganlaringiz esdan chiqdi-da endi, a? Endi eshagingiz suvdan oʻtdi-da, a?
— Ha-a, oʻtdi! – Abdumajid yayradi. – endi sen yalinasan. Sen yolvorasan.
— Yaxshi...
— Yaxshi...yaxshi... Nima yaxshi?! Yaxshi xotin boʻlganingda hozir men bilan gap talashib oʻtirmay, gap poylamay, mehmonlarga choy damlab kelarding. Ovqat qilarding. Agar sen yaxshi boʻlsang...

Shu payt Abdumajidning singillaridan biriikkita likopchada pomidor salat koʻtarib kirdi. Er-xotin toʻrsayishib jim boʻlishdi. Toshtemir toʻrt piyolaga aroq quydi. Dilorom yigitlar yalinuvidan soʻng oʻz piyolasini «shirin» qilib berdi. Yigitlar oʻz ulushlarini koʻtarishdi. Shundan soʻng Alibek eski yarani yana qoʻzgʻadi:
— Biz sizlarni yarashtirgani kelgan edik. Nima, urishmasalaring boʻlmaydimi. Oʻzi, janjal nimadan chiqadi?
— E-e, - Abdumajid gapirishni istamay, najotsiz qoʻl silkidi.
— Ha-a, nega silkinasiz? – Dilorom tutaqib ketdi.
— Nima qilay boʻlmasa? Hamma ayblaringni sanaymi?
— Sanang! Sanang qani, menam bilay.
— Senda mutlaqo odamgarchilik yoʻq.
— Sizda-chi?
— Bunaqada hozir yana urishib qolasizlar, - dedi Toshtemir xavotirlanib. – Oldin bittang gapir. Shunga qarab ajrim qilamiz. Abdumajid, boshla. Moʻyinsa, toʻxtang, sizga keyin navbat beramiz.
— Boʻpti, aytsin! – rozi boʻldi Dilorom.
— Aytsam, - dedi Abdumajid, - buning kelinchaklik turqi yoʻq. Uy ishlariga qarashmaydi. Ertalab men sakkizda tursam sakkizda, toʻqqizda tursam tursam toʻqqizda turadi. Toʻrt soat darsini oʻtib, tushgacha ishidan qaytib keladiyu, yana kechgacha yalpayib yotadi. Oʻqituvchi emish. Yosh avlodni tarbiyalarmish. Oldin buning oʻzini tarbiyalash kerak.

Mehmon kelsa, uyalib oʻlaman. Tomoshaning bir parchasini koʻryapsizlar-ku! Oshxonada kuymanish oʻrniga men bilan mehmonlar oldida gap talashadi.
— Boʻldimi gapingiz?
— Senga hali gap tekkani yoʻq, iflos! Jim oʻtir!
— Me-en?! Men-a??! Oʻzingiz iflossiz!
— Nima deding? Yana qaytar!
— Nimani eshitgan boʻlsangiz shu!
— Uh, seni ona... – Abdumajidning barmoqlari musht boʻlib tugilib, oʻrnidan turib ketdi.

Shovqinni eshitib, xonaga Abdumajidning onasi kirdi. Keyin... Toshtemir bilan Alibek «Yava»da haydalgandan battar boʻlib, ortlariga qaytishdi. Ularni hech kim kuzatmadi.

Dilorom yigʻlar, Abdumajid uzala tushgancha koʻkragini yostiqqa bosib, yigʻlamoqdan beri boʻlib yotardi.

Telpak

Qish yaqinlashib qoldi. Alibekning qulogʻini sovuq urib ketsa, keyin qizlar qaramay qoʻyishi mumkin. Ertaga Oqtepada bozor. Bitta yaxshiroq telpak olish kerak. Yana Toshtemirga iltimos qilishga toʻgʻri keldi. Ertalab ikkovlon uning «Yava»siga mingashib, Oqtepaga borishdi. Izlab-izlab koʻngildagisini topisholmadi. Erta-indin Samarqandga borib, katta bozorni koʻrishga kelishib, oshxonaga oʻtishdi. Kabob buyurishdi.
— Yarimtasi-chi? - talab qildi Toshtemir.
— Ertalabdanmi?
— Tush boʻlyaptiku.
— E qoʻy, keyin telpakka pul yetmay qoladi.
— Senda pul yoʻqmi? Nurali akani aldab, brigadaning yarmini yeb yotibsan-ku!
— Boʻlmaydi-da, sen ruldasan.
— Sen hech mening ichmay haydaganimni koʻrganmisan?

Xullas, Alibek aroq ham olishga majbur boʻldi. Majbur birga ichdi. Toshtemir «Yava»siga har kun har xil qizlarni mingashtirib yuradi. Shunisiga qiziqib, Alibek ham mototsikl olmoqchi boʻlganda otasi roʻyxush bermadi. Ataylab! Maza-da! Rulda magʻrur oʻtirasan. Orqangdagi qiz belingdan mahkam quchoqlaydi. Alibek mototsiklni juda tez haydab, rulni qattiq-qattiq bursa, qiz qoʻrqib uni mahkam quchoqlasa... Endi... buning gashtiga nima yetsin!

Ikkovidan sal naridagi stol atrofida ikki qiz ovqatlanib oʻtirishar, oʻzlaricha allanimalarni gaplashib kulishar, har zamonda ular tomonga ham nazar tashlab qoʻyishar edi. Alibek bilan Toshtemir avval ularga e’tibor berishmadi. Keyin... qizlarning stolida ogʻzi ochiq «Portveyn» shishasi turardi
— Qizlar revolyutsiya qilyapti, - dedi Alibek.
— Qizlarning uyda ichganini koʻrganman, toʻyda ichganini koʻrganman, ammo... Toshtemir gapini tugatmadi. – Barlosga borib aytsang hech kim ishonmaydi. «Mast boʻlib yoʻlda yumalab ham yotibdi dersan hali», deb rosa ustimizdan kulishar.
— Balki shaharlik qizlardir, - tusmolladi Alibek.
— Qoʻysang-chi. Shaharlik qiz bunaqa boʻlmaydi. – Har qalay shahar borasida Toshtemir Alibekka nisbatan tajribaliroq edi.

Piyolalarini toʻldirib, qizlarga qarab turishgandi, ular bir qarab qoʻyishdi. Shu ondayoq ikki yigit baravar ularga koʻz suzib: «Sizlar uchun!», deb ichib yuborishdi. Qizlardan biri oshkora kulib yubordi, ikkinchisi chetga oʻgirildi. Bu orada qizlar oʻrinlaridan turib, bekat tarafga joʻnashdi. Yigitlar hardamxayol boʻlib, ularning ortidan tushishdi. Imkoni boʻlsa, «ildirish» kerak. Shunaqalarga oʻxshashadi. Bir qarorga kelib ulgurishmay, qizlar bir «Jiguli»ga oʻtirgancha joʻnab qolishdi. Shofyorning yonida ham bittagina yigit bor edi.

Tamom! Ikkovini ikkovi ilib ketdi.
— Qayoqqa ketishini kuzatib tur, - buyurdi Toshtemir Alibekka, «Yava»siga yugurarkan. – Quvamiz, qoʻldan chiqarmaslik kerak.

Mototsiklni katta tezlikda haydab, «Jiguli»ni quvib oʻtishdi. Qizlar ularni tanishdi. Kulcha yuzlisi yana iljaydi. Alibekning yuragi hapriqdi. Mana omad! Qishloqdan chet joy... Zulfiya esa... bilib oʻtiribdimi? Zoʻr qizcha ekan! Doʻmboqqina!

Toshtemir ataylab, «Jiguli»ni oʻtkizib yubordi. Doʻmboqqinasi orqaga ham oʻgirilib qaradi. «Ha-a, akaginang aylansin!», deb Toshtemir qichqirib yubordi. Alibek uni turtdi: «Bunisi meniki, sen bunga koʻz olaytirma». Toshtemir yana «Jiguli»ni quvib oʻtdi. E, juda zoʻr boʻldi-da. Xuddi kinolardagiday. Quvib oʻtishadi, orqada qolishadi, yonma-yon borishadi. Qizlar esa hayratlanib ularni kuzatishyapti. Bir qishloqqa kirayotib, ancha oldinga oʻtib ketib qolishgan ekan, orqada «Jiguli» toʻxtab, qizlar tushayotganini payqab qolishdi. Mototsiklni sekinlatib, burib qaytib kelishsa, qizlar oʻsha yerdagi doʻkonni ochishyapti. Demak, doʻkonchi qizlar! Toshtemir to «Yava»sini joylagancha, Alibek tezlik bilan qizlarning ortidan doʻkonga kirdi-da, katta qiz bilan qoʻl berib koʻrishdi, keyin kulcha yuzlining qoʻlini ushlab olgancha:
— Sizga bitta gap aytmoqchiman. Imkoni boʻlsa, meni bir daqiqa tinglasangiz. Shu bir ogʻiz gapimni aytishim uchun ataylab orqalaringizdan keldik, - dedi. Nima demoqchi, qanaqa gapi bor, buni hali Alibekning oʻzi ham bilmasdi.. Qizlar hayron, kulcha yuzli hatto qoʻlini tortib olishni ham unutgandi.
— Voy, siz nima deyapsiz, mening yigitim bor!

Alibek kulib yuboray-yuboray deb oʻzini zoʻrgʻa tutib qoldi...
— Qizlar, shu bolaga bitta telpak topib beringlar, - dedi otilib kirgan Toshtemir. – Bechoraning qulogʻini sovuq urib ketmasin. Keyin qizlar qaramay qoʻyishi mumkin.

Alibek quvonib ketdi. – Bahona topildi!
— Ie! Hali topmadilaringizmi? Bozorni ostin-ustun qilib yuruvdilaringiz-ku telpak deb, - soʻradi katta qiz.
— Sizlar bizga telpak kerakligini qaydan bildilaring?
— Bizdan ham soʻragandilaringiz-da. Siz qiziqchilik qilib yuruvdingiz-ku, - deya katta qiz Toshtemirga oʻgirildi.
— Siz nima degandingiz?
— Yoʻq, devdim.
— Sotib qoʻydik, doʻkonga borsangiz topib berishimiz mumkin, demaganmidingiz? – oʻsmoqchiladi Toshtemir.
— Yoʻ-oʻq, unday demadik, -dedi katta qiz.
— Siz aytmaganmidingiz, - deya Alibek kulcha yuzliga murojaat qildi.

Qizcha koʻzlarini katta-katta ochgancha hayron boʻlib yelka qisdi.
— Bari bir sizlarda boʻlishi kerak, iltimos, bitta telpak topib beringizlar menga, - deya Alibek iltimos qilgan boʻldi.

Doʻkonda borlari Alibekka yoqmadi. Doʻkonning ichki xonasida ham bor edi, deb qizlar izlashga tushishganda Alibek pul chiqarish uchun koʻkrak choʻntagiga qoʻl soldi. Qarasa, koʻkragi baland. Quvonib ketdi. Boya Toshtemir xarxasha qilganda u har ehtimolga qarshi ikki shisha aroq olgan, birini koʻkrak choʻntagiga yashirgandi. Aroqning kayfi hali tarqamagan, yurak botir, shartta aroqni chiqarib, doʻkon taxtasi ustiga qoʻydi.
— Boya sizlar uchun olgandim. Endi men oladigan telpakni birga yuvamiz.
— Kim aytdi sizga, bizlarni ichadi deb. – soʻradi katta qiz, «Toshtemirniki». Jilmayib. Aftidan uning bu gʻaroyib bolalar bilan valaqlashgisi bor edi.
— Koʻrdik ichmasligingizni, -dedi – dedi Toshtemir. – Oshxonada oʻtirganlaringizda-chi! Oldilaringda bitta «Portveyn» turgandi.
— Ie! Unda vino emas, sirka bor edi, -deya qiz kulib yubordi.
— Rostdanmi?
— Boʻlmasam-chi! Kabob yeydiganlar uchun qoʻyib qoʻyilgan.

«Axmoqqina qizlar ekan. Voy qishloqilar-ey!»
— Yoʻq ekan, qolmapti, -deya ichki xonadan Alibekning «kulcha yuzligi» chiqib keldi.
— Ataylab keldik, shunaqa emas-da endi axir! – deya Toshtemir oʻpkalangan boʻldi. «Oʻzinikiga» elandi: - Iltimos! Bitta telpak!
— Ertaga xoʻjayinim rayPOga boradi. Aytib yuboraman. Ikki-uch kundan keyin bir xabar olingizlar.
— Xoʻjayiningiz ham doʻkonchimi? – Toshtemirning yuragi orqasiga tortib ketdi.
— Ha, u kishi mudir. Hozir bizni qoldirib ketdi-ku. Hali zamon qaytib kelib qolsa kerak.
— «Jiguli»dagimi?
— Ha, oʻsha! - «Toshtemirniki» jilmaydi. – Yonidagi yigitga mana bu singlimni unashtirganmiz, - deya «Alibeknikini» koʻrsatdi. – Ular sotilmay qolgan mollarni mashinaga yuklayotganda biz oshxonaga kirgandik.
— Ha boʻpti, unda singlingizning baxti uchun ichamiz. Ikkita piyola keltiring, - deya Alibek aroqning ogʻzini ochdi.

Shu payt koʻchada gʻiyqillab boyagi «Jiguli» toʻxtadi. Ichidan toʻrt yigit tushdi.

Keyin... keyin... boʻlar ish boʻldi, boʻyogʻi sindi. Keyingi gaplarni eslashga aslo hojat yoʻq. Barlosdagi gap-soʻzlarga qaraganda Toshtemir bilan Alibek ichib olib, rulda yurganu, qaerdadir avariya qilgan. Yuz-koʻzlari, badanlaridagi jarohatlar shundan. Barlosda bu haqda boshqacha gap chiqqani yoʻq. Demak, shunday boʻlgani rost.

Tagʻin,.. kim biladi deysiz.

Atlas roʻmolcha

Qodir doʻsti Alibek bilan ikkovi ikki eshakda oqshom qoʻshni qishloqqa joʻnashdi. Dilbar «chiqaman», depti.

Dilbar Qodirlarga uzoq qarindosh. Qodirni oʻtgan yili otasi «falonchilar qarindoshimiz, koʻrib, bir oqshom mehmon boʻlib kel», deya Dilbarlarnikiga joʻnatgandi.

Oʻshanda Qodirni oʻninchi sinfni bitirayotgan Dilbarning oʻzi kutib olgandi. Dasturxon yozdi, choy damladi. Istarasi issiqqina ekan, nuqul jilmayadi. Non sindirsa ham, choy quysa ham, oʻtirsa ham, tursa ham, yursa ham nuqul «Qodir aka! Qodir aka!», deydi, bidillaydi. Gapdan tinmaydi. Qodir ham nimadir demoqchi boʻladi, ammo koʻzlari toʻqnashdi deguncha gapini yoʻqotadi. Dilbar esa: «Qodir aka, siz adabiyotchisiz, yaxshi bilasiz. Men uncha tushunmadim, sizning fikringiz qanday?» deb allaqanday asarlar haqida soʻraydimiey. Qodir til va adabiyot fakulteti studenti boʻlgani uchun ham «adabiyotchi» sifatida allanarsalarni gʻoʻldirashga urinadi..

Nihoyat kechga tomon Dilbarning ota-onasi ishdan qaytib keldiyu, Qodir «adabiyotchi» azoblaridan qutuldi. Shunda ham har safar Dilbar ichkariga kirganda Qodirga eski qadrdonlarday iliq nazar tashlaydi. Qodir ham oʻgʻrincha unga qaraydiyu, yana koʻzlarini olib qochib, Dilbarning otasining gaplarini diqqat bilan tinglayotgan kishiday tutadi oʻzini. Gaplarini ma’qullab bosh irgʻaydi. Aslida Dilbarning otasi nima deyapti, oʻzi nimaga bosh silkiyapti - bilmaydi. Fikru-yodi Dilbarda.Dilbar Qodir bilan birga institutda oʻqiydigan, oʻzini bilimdon hisoblaydigan olifta qizlarga mutlaqo oʻxshamaydi. Soddalikning oʻziday sodda! Goʻzallikning oʻziday goʻzal! Shodlikning oʻziday quvonchga toʻla! Istarasi issiqligini aytmaysizmi.

Qodir uch yildan beri Samarqandda oʻqiyotgan boʻlsa-da, hali biron qizga qayrilmagan, biron qiz uchun yuragi jizillamagan edi. Bugun ana shu narsa yuz berganday, lekin... Dilbar hali oʻninchi sinf oʻquvchisi-ku, degan andisha, «otam meni bu yerga bir baloni boshlash uchun emas, balki qarindoshlarni koʻrib kelish uchun yuborgan», degan oʻy uni mahkam tutib turardi. Toʻgʻri-da, mehmon izzatini bilgani yaxshi...

Keyin Qodir qarindoshlarinikiga bormay qoʻydi. Ammo oʻshandan beri qarindoshlari otasi bilan serqatnov. Qodir shanba kunlari tahsildan qaytib, uyda ikki qarindosh hangomalashib oʻtirganini bir necha bor koʻrdi. Har safar koʻrganda qaynotasi bilan yangi uchrashgan kuyovday uyalib ketadi. U kishi ham Dilbar kabi Qodirga sinchkov nazar soladi. U-bu narsalarni soʻrab, gapga tutadi. Qodir Dilbarni sogʻinar, ammo u tomonlarga borishga yuragi betlamasdi. Ba’zan ota-onasi: «Dilbar boʻy yetib, oʻktamgina qiz boʻpti. Sovchilar kelayotganmish», deganga oʻxshash gaplarni aytishar, aytshardi-da, kishi bilmas Qodirni kuzatishardi. Qodir esa... nimasini aytasiz, keyingi ikki oy davomida ota-na rostakamiga Dilbarni kelin qilish taraddudiga tushishdi. Alibekdan soʻrashsa: «Dilbar boʻladigan boʻlsa soʻrab oʻtirmang. Jon deydi. Oʻzi oʻlib yuripti, qanday aytsam ekan deb» , depti.

Xullas, Alibek ishni pishitgan. Oxirgi safar kelsa, ota-ona non sindirishga Dilbarlarnikiga ketipti. Xabarni eshitib, hatto oʻzidan bir ogʻiz soʻrashmagan boʻlsa-da, Qodir lab-lunjini yigʻishtirib ololmay qoldi. Qiziq. Qodir Dilbarga er boʻlishi kerak. Ota-onalarkelishishgan. O-o! Qanday yaxshi! Yuragi toshib boryapti. Yugurib hovliga chiqsayu, ovozi yetgancha, charchagancha baqirsa: «Dilba-aar! Menim Dilbarim!» Oʻziyam odamlar jinnimi bu deyishsa kerak. Yo koʻchaga chiqib, charchagancha yugursamikan? Nimadir qilish kerak-da. Boʻlmasa hozir yuragi yorilib ketadi. Endi Dilbar albatta Qodirning xotini boʻladi. «Mening xotinim!» Qodir shunday oʻylarkan, xonada bir oʻzi oʻtirgan boʻlishiga qaramay, sharaqlab kulib yubordi. Bunaqa oʻylashning oʻzi qiziq. Nogoh Dilbar bilan uchrashgisi kelib qoldi. Endi bemalol,.. Oʻziniki-ku axir! Kimning nima haqqi bor oʻrtalariga gʻov boʻlishga! Axir birgalikda kelajakni rejalashtirib olishlari kerak-ku, birga yashaydigan boʻlgandan keyin. Xullas, gaplashib olish kerak. Tezroq. Toʻygacha. Ikkovi yonma-yon qoʻl ushlashib anhor yoqlab yurishsa... keyin majnuntol tagida oʻtirishsa... yelkalari yelkalariga tegi-ib! – Qodir shirin entikdi. Aytadigan gaplari shunaqa koʻpki! Bir yildan beri toʻplagan. Axmoq boʻlmasa, kallasini ishlatmaydimi, otam nega yubordi, borganimda uyda nega Dilbar bir oʻzi edi, deb oʻylamaydimi. Qarindoshlar nega serqatnov boʻlib qoldi, demaydimi. Xullas, otalar kelishishgan, ishni pishitishgan... Yaxshiyam ota-onasiyu, Alibek doʻsti bor ekan. Agar «shu qizga uylantirsakchi», deb oʻzidan soʻrashganda naq yuragi yorilib oʻlgan boʻlarmidi. Toʻydan keyin Dilbarni qanday chaqirarkan? «Dilbar» debmi? «Xotin» desa-chi? Otasi onasini Qodirning ismi bilan chaqiradi.Ammo bu odat Qodirga ma’qul emas. Qodir zamonaviy yigit, eskicha odatlarga oʻralashmaydi. Dilbar deb chaqirsa. Qanday yaxshi ism: «Dil-bar!» Yaxshi! Axir ota-onasi ataylab shunaqa ism qoʻyishgan, chaqirishsin deb. Nega hamma Dilbar deydiyu, Qodir bunday baxtdan bebahra boʻlishi kerak? Adolatsizlik bu! «Dil-bar! Dilba-ri - jon! Sarvi-ravon! Oromi-jon!» – Qodir shu qoʻshiqni eslab, ijrochilarga rashki keldi. Nega ular Qodirning Dilbarini qoʻshiqqa solishadi axir? Dilbar birgina Qodirga tegishli, vassalom! – Qodir bilaklarini ushlab koʻrdi. – Baquvvat!. Kuchi koʻp. Har qanaqa qoʻshiqchining kunini koʻziga koʻrsatib qoʻyishi mumkin...
— Yarimta qoʻyasanmi yoʻqmi, - deya Alibek kelib qoldi.
— Alibek, men senga bitta emas, bir yashik aroq quyaman, - deya Qodir doʻstining qoʻllaridan tutdi. – Bir ilojini top, meni Dilbar bilan uchrashtir. Ertaga Samarqandga ketaman. Yanagi shanba kuni kechga, xoʻpmi?

Alibek hozir Qodir uchun Xoʻjai Xizr bobodan ham a’loroq edi. Qizlar bilan uchrashish, sevgi bobida Alibekning tajribasi katta. Bir haftani bir amallab qaytsa... Alibekning singlisi olti oy avval Dilbarlarning qishlogʻiga kelin boʻlib tushgan edi, ikkovi dugona emish. Xullas, oʻsha gaplashipti. Dilbar , kelsin, chiqaman, depti. Mana, ikkovi yoʻlda. Mototsikl tarillab bildirib qoʻyishi mumkin. Shuning uchun Toshtemirga aytishmay, ikkovlon eshakda kechlatib yoʻlga tushishdi. Qolaversa, Dilbar «ehtiyot boʻlsin», deya tayinlaganmish. Dilbarga oshiq yigitlar qishloqlarida koʻpmish... Xullas, ehtiyot boʻlgan yaxshi-da! Har qalay besh chaqirim yoʻl, piyoda charchab qolishlari mumkin, shuning uchun eshakni tanlashdi. Shu taxlit ne-ne tunlarda somon oʻgʻirlikka borishgan. Juda, eshak minish gʻayri odat narsa emas...

Dilbar katta koʻchaning oʻrtasida intizor boʻlib ularni kutayotgan boʻlsa. Uzoqdan koʻringandan «Qodir akajon!» deya qichqirib, peshvoz yugursa. Yo qichqirmay, shvirlagani ma’qulmikan? Nafasi ichiga tushib, shodlikdan oʻzini yoʻqotib, turgan joyida qotib qolsa. Turgan joyida qoʻllarini Qodir tomon choʻzsa. Qoʻllaridagi qizil durrasi shamolda bayroqday hilpirasa. Qodir eshakdan tusha solib, Dilbar tomon yugursa. Ikkovi bir-birining bagʻriga otilsayu, Dilbar oʻziga hadya etilgan baxtni koʻtarolmay, Qodirning yelkasiga bosh qoʻygancha, hoʻngrab yigʻlab yuborsa. «Boʻldi, boʻldi,jonginam! Mana, men sening yoningdaman!» desa Qodir uni yupatishga urinib, oʻzi ham yigʻlamoqdan beri boʻlib.

Ovutsa. Erkalasa. «Oʻzimning Dilbarginam!» desa. «Men seni sevaman. Endi bir umr birga boʻlamiz», desa. «Biz baxtlimiz», desa. Voy-buy, baxtl kishi ham yigʻlaydimi, deya Dilbarni uyaltirsa. Yoki hech narsa demay, Dilbarni bagʻriga bosgancha jim turavergani ma’qulmikan. Qiz bolaning yigʻlagisi kelganda toʻyib-toʻyib yigʻlab olgani ham yaxshi-da! Dilbarni koʻksiga mahkamroq bosib, uning qop-qora qalin sochlarini silasa, boʻynidagi mayin atir hidini hidlasa. Shu payt eshagi hangrab yuborsayu, Dilbar choʻchib tushsa...

Dilbarlarning qishlogʻiga yaqinlashaverdilar hamki, Qodirni titroq tutdi. Tishlari takilladi. Iliq may oqshomi. Koʻchaga chiqsang chiqquday, sayr qilsang qilguday xush havo. Qodir esa qaltirardi. Alibek kular «buni sevgi deydilar, ogʻayni! Ishqilib, Dilbarning yoniga borganda tildan qolmasang boʻlgani», deb vijillardi. Alibekning aytishicha, Dilbar juda yaxshi qizmish. Singlisi shunday deganmish. «Qodir akam! Qodir akam», deya ogʻzidan bol tomarmish. Alibek singlisiga tayinlab qoʻygan ekan, singlisi ham Qodirni Dilbarga rosa maqtapti. «Lenin stipendiati, institutni qizil diplom bilan bitiryapti. Alibek akamning sinfdoshlari orasida eng zoʻr yigit shu kishi», deganmish. «Yolgʻonni xudoning oʻzi kechirsin. Shu gaplarim rostmi oʻzi?» deb soʻraydimiey Alibek yoʻl-yoʻlakay. Qodirning yuragiga esa shu topda hech narsa sigʻmasdi. Qolaversa, amallab oʻqiyapti. Olganlari asosan «yigitning bahosi». Qishki sessiyadan bitta qarzi ham bor.

Dilbarlarning hovlisi qishloqning chetrogʻida, suvsiz soy boʻyida edi. Enish joy boʻlgani uchun tomorqa hovli baravar koʻtarilib, tomorqaning oxiri – soy tarafda baland uvat hosil boʻlgandi. Ikkovlon eshaklarini qishloq chetidagi terakzorlar orasiga arqonlab, uvat panasiga pisib kelishdi-da, oʻgʻrincha hovliga koʻz tikishdi. Dilbar hovlidan goh ichkariga, goh oshxonaga tovo-kosa koʻtarib tez-tez oʻtar, kishi bilmas uvat tarafga nazar tashlab qoʻyardi. Hovlida boshqa hech kim qolmaganda Alibek ikki barmogʻini ogʻziga tiqib, hushtak chaldi. Dilbar taqqa toʻxtaganini koʻrib, Qodir jonholatda oʻzini uvatning panasiga tashladi.
— Esing joyidami oʻzi? – deya Alibekni ham silkib oʻtirgʻizdi. – Oyning yorugʻini qara! Koʻrib qolsa nima boʻladi?
— Ha-a, - dedi Alibekning hafsalasi qaytib. – Nimaga qaltiraysan?
— Otasimi, onasi bilib qolsa, keyin men sharmanda boʻlaman! – dedi Qodir zarda qilib.
— Yurakdan bergan ekan-da oʻziyam! – Alibek qoʻl silkidi. Unashtirilgan boʻlsalaring. Erta-indin u xotining boʻladi. Nimadan qoʻrqasan?Men sening oʻrningda boʻlganimda Toshtemirning mototsikliga minardim-da, toʻppa-toʻgʻri hovlisiga kirib borardim. «Assalomu alaykum, qaynota! Kechirasiz, ruxsat bersangiz, Dilbar bilan bir sayr qilib kelsak», derdim. Ruxsat berishiga ham qarab oʻtirmay, Dilbarni orqamga oʻtqazardim-da, mototsiklni tarillatib, hovlidan chiqib ketardim. «Bobbi»ni koʻrganmisan. Oʻsha kinodagiday yurardim men. I-i, qara, qara! Dilbaring kelyapti.

Orzuga aylangan nomni eshitib, Qodir sergak tortdi.

Hovli oralab ular tomonga shipillagancha Dilbar kelardi.

Qodir qotdi-qoldi. Bir qadam peshvoz yurishga, bir ogʻiz soʻz aytishga holi yoʻq. Gʻaribona mungʻaygancha, qayoqqa qocharini bilmay, atrofga qaradi, yerga qaradi, Dilbarga qaradi, Alibekka qaradi. Alibek esa... yoʻq. . Yerga kirganmi, osmonga uchganmi,.. Alibek yoʻq. Uning yoʻqligini bilib, Qodirning tizzalariga qadar bukilib ketdi. Qoʻllariga, barmoqlariga titroq kirdi.
— Assalomu-alaykum, - dedi Dilbar, oy yogʻdusida tishlari yarqillab.

Qodir salomga bosh qimirlatib soʻzsiz alik oldi .
— Yaxshimisiz? – Dilbar koʻrishish uchun qoʻl uzatdi.

Qodir garangsidi. Qoʻlini choʻzarkan, nimalardir deya gʻoʻldiradi.
— Bir nima dedingizmi, Qodir aka?
— Ha, ha, - dedi Qodir jim turmaslik uchun, - havo biram yaxshi.- e’tibor qilsa, Dilbar uni diqqat bilan tinglayapti. Sal oʻzini oʻngladi. – Yulduzlar charaqlaydi, -dedi osmonga qarab.

Dilbar baxtiyor jilmaydi.
— Oyga qarang, qanday chiroyli! – dedi Qodir va shu zahoti oʻzdan ijirgʻanib ketdi. Gaplari nihoyatda sun'iy chiqayotganini sezib qoldi. Alibek qayoqqa yoʻqoldi? Shunaqa payti yonida turmasa, nega birga keldi oʻzi u ablax! - Dilbar, siz shoshmay turing, men Alibekni topib kelay. – Xayoliga shu fikr kelganidan oʻzi ham quvonib ketdi.
— Men ham ketishim kerak, - dedi Dilbar issiq jilmayib. Va Qodirga qoʻlda tikilgan hoshiyali atlas roʻmolcha tutqizdi: - Mendan sizga sovgʻa!
— Meniyam sovgʻam bor. – Qodir oʻzini tutib oldi-da, choʻntagidan «Krasnaya Moskva» duxisini chiqarib berdi.
— Rahmat! – Dilbar duxini hidlab koʻrdi, keyin – yaxshi yetib olingizlar, - degancha uvatdan oʻtib, uy tomon yugurib ketdi

Qodir oʻpkasini bosgancha Dilbarning ortidan tikilarkan, nogoh roʻmolchani lablariga bosib turganini, oʻpayotganini anglab qoldi. Roʻmolchada qandaydir yozuvlar bor edi. Oy yorugʻida oʻqisa ham boʻladi shekilli. She’r:

«Eng yaxshi odamga aylanib qolaman,

Siz meni koʻrgani kelgan kun».

Qodirning yuragi orziqdi. Roʻmolchaning chetidagi «Q+D» degan yozuvga koʻzi tushganda baxtiyorligining cheki yoʻq edi.Dilbar tomonga cheksiz minnatdor bir alfozda qaradi. Dilbar hovliga yetgan edi. Hovlida hech kim yoʻqligiga amin boʻldi shekilli, yana uvat tomonga oʻgirilib, oʻgʻrincha qoʻl silkidi.

Qodir ham u tomonga javoban qoʻl silkiyotgandi, qanday yoʻqolgan boʻlsa, shu taxlit paydo boʻlgan Alibek qoʻlidan tutdi.
— Bari bir koʻrayotgani yoʻq. Boʻl, ketdik. Uch-toʻrt bola terakzor tomonga oʻtib ketdi. Yur tez, tagʻin eshaklardan ajrab qolmaylik.

Qodir hozir Alibekning bunaqa gaplarini anglaydigan holatda emasdi. Mast edi. Judayam qattiq mast edi. Umridagi birinchi uchrashuv! – U roʻmolchani yana lablariga bosdi. Yana qoʻllarig olib, she’rni oʻqidi. Yozuvga koʻz yugurtdi. Roʻmolchada atirning hidi bor. Atirningmi yoki Dilbarning? – Qodirning boshi aylandi, koʻzi tindi. Asta ortiga oʻgirilib, Alibekka «sen boraver, men keyinroq», dedi. Alibek toʻngʻillab joʻnadi.Nima boʻlganda ham Qodir yolgʻiz oʻzi bir muddat baxtini hazm qilib olmoqchi edi-da.Qancha turgani esida yoʻq, nihoyat terakzor tomon joʻnadi. Alibek uni kutaverib, diqqinafas boʻlib ketgandir. Lekin terakzorda eshaklar koʻrinmasdi. U yoqqa oʻtdi, bu yoqqa oʻtdi, nima balo, Alibek ketib qoldimikan, meni tashlab, deb achchiqlandiyam. Bir payt bir chetda oʻzi minib kelgan eshakning toʻqimiga koʻzi tushdi. – Yerda sochilib yotardi. Toʻqimning yonida ayili. Qodir qoʻrqib ketdi. «Alibek, bormisan?», deya past ovozda chaqirdi. Shu asnoda orqa tarafida birov boʻgʻiq xirqiraganday boʻldi. Jon-poni chiqib, oʻgirilsa, Alibek bir terakka qapishib turardi!! Yugurib bordi... Besh-oltita bola Alibekni eshakning arqoni bilan avval oyoq-qoʻlidan bogʻlashipti, keyin ikkinchi eshakning arqoni bilan terakka chirmab tashlashipti. Ogʻziga eshakning toʻqimidan bir parchasini tiqishipti, «senmi Dilbarni oladigan», deb...

Ertasiga Barlosda «eshak oʻgʻrilari chiqipti», degan gap ovoza boʻldi. Falonchi-falonchilarning eshaklarini toʻqimigacha ustiga bosib, kechasi oʻgʻirlab ketishganmish.

Shundan soʻng hamma kechasi eshagini molxonaga qamab, molxonani qulflab yotadigan boʻldi.

Eslasa arzigulik voqea

Shunday qilib, Alibek, Toshtemir va Lapas Abdumajidnin brigadasiga joʻnashdi. Abdumajid – brigadir. Tengdoshlar orasidan chiqqan birnchi amaldor. Bayram munosabati bilan brigadada tushlikka osh qilisharmish. Aroq ham boʻladi, degan.

Kecha kechqurun ham bayramoldi, ham kelin koʻrdi, bahonasida Lapasnikiga toʻplanishdi. Lapas yaqinda Novvotga uylangandi. Anchadan beri sovxozda ishlayotgani uchun yangi oilaga sovxoz yangi uy berdi. Umuman, yigʻilib oʻtirishga b ahona koʻp edi. Maktab davrini eslashdi. Alibek Zulfiyani yaxshi koʻrib qolganini, Abulxayr tuflisini boʻlgʻusi qaynotasining derazasi tagiga tashlab qochganini… Oʻsha voqealarga ham toʻrt-besh yil oʻtib qoʻyibdi. Endi qarabsizki, hammasi uylangan, bolali-chaqali, uy-roʻzgʻor tashvishidan ortmay, telba-eskari yurishlarga yakun yasalgan. Soat kechasi uchdan oʻtganda tarqalishdi. Oʻshanda Abdumajid toshib ketib, taklif kiritdi: «Bayramning davomini ertaga bizning shiyponda nishonlaymiz», degan.

Alibek Lapasni olib, Toshtemirlarnikiga kelsa, xotini shoʻrva pishirib turgan ekan. Tayyor boʻlib qoldi, ichib ketaylik, deganiga ham qoʻyishmadi.
— Bosh ogʻrib turgandi, achchiqqina shoʻrva edi, qorin och edi, - deb yoʻl-yoʻlakay Toshtemir toʻngʻilladi.
— Abdumajid ataylab sizlar uchun osh qildiraman, degan. Bormasak xafa boʻladi, - dedi Alibek. – Bilmaysanmi, koʻngli nozik, sal narsaga arazlab qolaveradi.

Abdumajidning brigadasidagi oshpaz palovni oʻxshatib pishiradi-da! Alibek ta’mini totib koʻrgan. Shuning uchun qoʻyarda-qoʻymay doʻstlarini surgab ketyapti. Uydagi, koʻchadagi, tundagi Lapasnikidagi oshlar uning oldida hech narsa emas. Ochiq dalada, doʻstlar davrasida… uchoviga katta laganda osh qoʻyishadi. Biram shirin, biram mazali. Sariq mayizli, sarimsoq piyozli, zirali, behili. E, ziravorning hamma uridan solingan. Xilma-xil ta’mlar ufurib turibdi bu oshdan…

Kecha yomgʻir yogʻib oʻtgani uchun bugun havo toza. Quyosh chiqqan. Yursang charchamay yurguday havo. Bu yogʻi bayram. Oktyabr revolyutsiyasiga oltmish ikki yil toʻlipti. Abdumajidning shiyponigacha piyoda yursang qirq minutlik yoʻl. Yoʻlga otlanishganda soat oʻn ikkidan oʻtgandi. Rosa avji tushlikning ustidan chiqishsa kerak. Hozir: «iching, iching, oling-oling, ha endi, yuz gramm odamni oʻldirmaydi», deb oʻtirishgandir. Oldilarida lagan toʻla osh. Bugʻi chiqyapti. Ustida oppoq quyruq boʻlaklari, qovurgʻa goʻshti. Shuning ustiga yetib borishsa. «E-e, kelinglar, kelinglar, qani, bu yoqqa oʻtinglar, qaynanalaring suyar ekan». «Suymasa, qizini berarmidi», desa Alibek. Keyin uchoviga ham aroq (stakanda boʻlsa ham mayli) tutishsa. «Ha endi, bayram munosabati bilan! Ozodlikka chiqqanimizning oltmish uch yilligi!..» «Yoʻgʻ-e, qanday boʻlarkan. Ha mayli, sazalaring oʻlmasin. Sizlar uchun! Planlaring yuz ellik boʻlsin! Davlat oldida yuzlaring yorugʻ boʻlsin!». Keyin oshga qoʻl choʻzishsa. Osh laganda tovlanib turibdi, ishtahangni qitiqlaydi…

Brigada shiyponida hech kim koʻrinmasdi. Ichkarida ham, tashqarida ham. Hatto oʻchoqning joyidan yangi kul topisholmadi. Balki Abdumajid hazillashib, qozonni yashirib qoʻygandir. Shunaqa odatlariyam bor uning. Rosa kayfiyatlarini buzib, keyin lagan toʻla oshni ichkaridan olib chiqib, oldilariga qoʻysa. Uchovlon kaftlarin toʻldirib-toʻldirib olaversa. «Hey, asta yenglar, tiqilib qolmasin», desa Abdumajid, laganni olib qoʻymoqchi boʻlsa. «Qoch,qoch, osh yeyishni sendan yaxshi bilamiz», desa Alibek, laganni ushlab. «Uydagi tayyor ovqatlarni tashlab kelyapmiz».

Ay-y, esizgina shoʻrva! – dedi Toshtemir tishlarini takillatib. – Yigʻlab-yigʻlab qozonda qolib ketdi-ya. - Abdumajidning gapiga ishonib oʻtiribsizlar-a! Axmoq boʻlmasam, men ham sizlarga qoʻshilib…

Alibek indamadi. Uning oʻziga ham uydagi tayyor ovqatni tashlab chiqqani ta’sir qilayotgandi. Qorinlari och, yoʻl yurib kelishdi, ishtaha yanada ochilgan. .. Uch yuz qadam naridagi qator tollar tagida uch-toʻrt kishi yonboshlab yotardi. Abdumaji ham oʻsha yerda boʻladi. «Shiypon atrofida boʻlamiz», degan. Bu «shiyponning oʻzida» degani emas-ku .Tushunish kerak-da! Toshtemir axmoq yovgʻon shoʻrvasining azasini tutyapti. Bayram kuni yeganga yarasha shunaqa osh ye-ki, bir umr mazasi ogʻzingda qolsin. «Abdumajidning brigadasida…» deb maqtanib yur. Bir nimani bilsa ekan bu. Uylangandan beri uydan chiqqisi kelmaydi. Ilgari koʻchadan beri kelmasdi. Hali oshni yesa, Alibekka rahmat deydi. Tolning tagidagilar yosh-yosh yigitchalar ekan, Studentchalar! Oliftachalar! Samarqandda oʻqiymiz, deb kerilib yotishipti. Oʻzlarida yoʻq. Balki ularni ham Abdumajid bayram munosabati bilan mehmonga chaqirgandir. Katta odam-da!
— Osh tayyor boʻldimi? – deb soʻradi Toshtemir ular bilan koʻrishib boʻlar-boʻlmas.
— Oshmi? – yigitchalar bir-biriga ma’nodor ishshayishdi. – Hay, qolmadiyov, yanayam Abdumajid akadan soʻrab koʻringizlar.
— Nahotki Abdumajid shunchalar past ketsa, - deb Lapas bugungi yurishda birinchi bor tilga kirdi.

Toshtemir ham koʻzlarini loʻq qilib, Alibekka tikildi. Abdumajid sal nariroqda yotar, yo ularni koʻrmadi, yo oʻzini koʻrmaganga oldi.
— Yuringlar-chi, boraylik-chi! – Alibekning chinakamiga jahli chiqdi.
— Osh yeyishgami? – soʻradi Toshtemir. – Hali aroq ich deb ham xit qilarsan. Hurmatim yoʻqmi, deb.

Endi shunchaki qorinni toʻydirib olish ham muammoga aylangandi. Dala oralab och qorin bilan qirq minut uy tomon yurish – oson boʻlmas. Abdumajid yo uxlab yotar, yo oʻzini uxlab yotganga solib yotardi. Sal narida boʻsh qozon, osh yuqi qolgan lagan, ikki-uchta boʻshagan aroq shishasi. Uni silkib turgʻizishdi. Muddao aniqlandi.
— Oʻzlaring kechikdilaring-ku! - dedi Abdumajid. – Qiziq eansizlar, bu yer dala sharoiti boʻlsa, kelib ketuvch koʻp boʻlsa, qozonda osh tursa, men qanday qilib ularning oldiga qoʻymay tura olaman. Oʻzi… shunchaki koʻngil uchun taklif qilgandim. Yugurib kelaveripsizlar-da.
— E oʻl odam boʻlmay! – Lapas toʻngʻilladi.
— Boshni qotirma! Qorin och. Yeydigan narsa topib ber, - deya Toshtemir oʻzini Abdumajidning oʻrniga tashladi. Mana bularning gapi bilan pishgan shoʻrvani tashlab kelganman.
— Bayramda xudo deb uylaringda yotmaysizlarmi, - dedi Abdumajid. – Hakim, bu yoqqa kel. Qozonda osh qolganmidi?
— Bilmayman-ov, - deya boyagi yigitchalarning biri turib keldi.
— Velosipedingga min-da, uyga yet. Osh qolgan boʻlsa olib kel, mana bu ochofatlarni toʻydirmasam, mening oʻzimni yeb qoʻyishdan toyishmaydi. Yo rayonga odam joʻnatib, tayyor somsa keltiraymi?
— Bilganingni qil, faqat tezroq, - dedi Toshtemir. – Alibek, Lapas, nima dedilaring?
— Somsaning ichi nuqul piyoz boʻladi, -dedi Lapas.

Abdumajid Hakimni qishloqqa joʻnatdi.
— Oshni uyda ham yerdik, bu yerda somsa ham boʻlaverardi, -deya toʻngʻilladi Toshtemir.
— Sen oldin bu yerning oshini bir yeb koʻr, - dedi Alibek. – Keyin boshqacha gapiradigan boʻlasan.

Hakim bir soatlardan keyin qaytdi. Osh qolmapti. Yarimta olvolay desa, doʻkon ham yopilib qopti. Doʻkondor ichib, mast boʻlib yotgan ekan, uygʻotishning iloji boʻlmapti.

Hakimni rayon markaziga joʻnatishdi. Somsaxona ham, doʻkonlar ham taqa-taq berk emish.
— Alibek, nima yeysan, - deya soʻradi Toshtemir. – Somsa yaxshimi, osh? Senchi, Lapas? Senga qay biri ma’qul? Somsa aytaveraylik, ichi piyoz boʻlsa nima qipti, qorin toʻysa boʻpti-da! Aroqqa gazak boʻladi. Nima dedilaring?

Alibek bilan Lapas alamdan kulib yuborishdi. Ularga Toshtemir bilan Abdumajid qoʻshilishdi.
— Boshqa safar kelsalaring yaxshi mehmon qilaman, -deya yupatdi Abdumajid.
— Bugun och qorin bilan uyga yetib olishni oʻyla. Darmon yoʻq, bir nima topib bermasang, hech yoqqa ketolmaymiz.
— Hech boʻlmasa quruq non ber, iflos!

Shiypondagi qotgan nonlar turadigan qutidan bir burda qotgan non topib kelishdi.
— Qotgan non koʻp boʻlardi, bugun bittasi molimga beraman, deb barini yigʻib olib ketipti. Endi boriga shukr qilaverasizlar. Iflosning topgani shu! – dedi Abdumajid.

Bir burda non temirday mahkam ekan. Bir iloj qilib uch boʻlakka boʻlishdi. Ariqdagi suvga botirib yumshatishdi. Qotgan non uzoq vaqt sovuq suvga botirib turilsa, shunaqangi shirin boʻlib ketarkanki… Har qanday osh uning oldidan yer chizib oʻtaversin. Ariqda kuzning tip-tiniq suvi oqyapti. Sen qotgan onnni suvga botirasan. Suv qoʻlingga uriladi, nonga uriladi-da, oʻz yoʻlida davom etadi. Suvda nonning ustki qatlami yumshaydi. Oʻsha joyini tishlab yeysan-u, qotgan tarafini yana suvga tiqasan. Maz-za!!!

Yigitlikning koʻchasi

Ismatga alam qildi. Judayam alam qildi. Axir unga qoʻl koʻtarishdi. Yana kimlar? Qandaydir goʻdaklar! Shefiga aytsa-ku, hammasining dab-dalasini chiqaradi. Kim boʻlipti bular Toshtemir shef qoshida?! Kerak boʻlsa, har birini bir-bir chinchalogʻi bilan uchirib yuboradi. Oʻshalarning betiga aytdi: «Bittang qimirlamay tur, hozir Toshtemir shefni olib kelaman». Toshtemir nomini eshitgandan soʻng barining ichi oʻtib ketdi, ammo sir bergisi kelmay, «boʻpti, kutamiz», deb qolishdi. Shunaqa kutsinki, kutganlariga ming pushaymon yesin,ikkinchi kutmaydigan,Toshtemir nomini eshitgandan shataloq otib qochadigan boʻlsin.

Asli voqea bunday boʻldi.

Ismatni student doʻstlaridan biri - Vohid - Toshtemir shef bilan tanishtirmoqchi edi. Ismat quvonib ketdi. Axir juda zoʻr imkoniyat-da bu! Koʻcha-koʻyda seni uradigan boʻlishsa, (bilib boʻladimi, shahar joy, har xil odam uchraydi), himoya qiladigan tayanching borligini his qilib yashash – kishiga ruh bagʻishlaydi. Koʻchalarda uncha-muncha bolani pisand qilmaysan, koʻkragingni kerib yurasan. Chiroyli qizlarga gap otasan. Atrofingdagilarga nisbatan zoʻrroq ekaningni his etib yashash – rohat! Senga duch kelganda aksariyat bolalar choʻchib turishadi, ayrimlari laganbardorlik bilan atrofingda aylanib, oʻrgulishini mensimaslik bilan kuzatasan. Studentlar shaharchasida koʻchani toʻldirib yur. Atrofingda oʻtgan-ketganning bari senga salom beryapti. Xohlasang alik ol, xohlamasang alik olma. Xohlasang, salomiga javoban oʻqrayib qara, xuddi qarzi borday. Oʻz yoʻlingda duch kelganni bosib-yanchib oʻtaver. Birinchi kurs studenti boʻlsa, yoki basharasidan sendan choʻchiyotgani ayon boʻlib qolsa, masxara qil:
— Xoʻsh, - deydi vishillab, anavining koʻngliga gʻulgʻula solish uchun, - nima qilib yuribsan bu yerda?
— Men... men...me-en... Oʻz-oʻz-zim, - deydi qaltanglab.
— Sen, sen... Oʻz-zing? Nima sen oʻzing? – deydi-yu, Ismat uni yoqasining bir chetidan tutib, oʻziga tortadi. Student pirillab oyogʻi tagiga keladi. – Meni taniyapsanmi? – deydi Ismat koʻzlarini loʻq qilib.
— Ha, siz Ismat akasiz!
— Ismat akaman? Yaxshilab qara, balki adashayotgandirsan? A, qara-chi!

Anavi qarolmaydi. Qoʻrqadi, yerga tikiladi. Koʻzingni battar loʻq qilasan, ovozingga ovoz, kuchingga kuch qoʻshilib ketadi bunaqa lahzalarda. Bir urib yerga kirgizib yuborging keladi bunaqalarni, lekin soʻnggi daqiqada rahm qilasan. Qoʻy Ismat, deysan oʻzingga oʻzing, yashasin shular ham sening davringda. Ishshayib, anavining iyagidan tutib, boshini koʻtarasan.
— Men kim ekanman? – soʻraysan qaytalab.
— Ismat akasiz.
— Ismat akami? Balki Ismat shefdir?
— Ha, ha, Ismat shefsiz Ismat aka!

«Ismat shef!» Jaranglaydi-ya!
— Ke, ikkimiz joʻra boʻlamiz, - deydi Ismat kulimsirab.

Studentcha kutilmagan baxtdan garangsib qoladi. Ismatning yonidagi jalpataklardan biri anavining qulogʻiga shipshitadi: «Joʻrachilikni yuvish kerak, Ismat shef xursand boʻladi!». U hushyor tortadi, yugurib doʻkonga borib keladi. Keyin birgalashib, yangi doʻstlikni mustahkamlash niyatida qadah koʻtarishadi. Anavi beradiganini berib, tezroq qutulish uchun tipirchilaydi. Ismat esa ataylab uni yoniga oʻtirgʻizib oladi. Keyin esa «endi mening navbatim» deb shunchaki yoʻliga kissasidan pul chiqaradi-da: «kim doʻkonga borib keladi?», deydi. Tabiiyki, oʻzi ham, jalpataklari ham anavining oʻzi tushunib, oʻrnidan turishini kutishadi. Turmasa, biri yana qulogʻiga kerakli gapni shipshiydi. Yangi doʻstlikdan ham choʻchib, ham xursand boʻlib oʻtirgan studentcha sapchib oʻrnidan turgancha, Ismat shefning qoʻlidan pulni olmoqchi boʻladi. Ammo jalpataklardan biri unga pulni oldirmaydi. U yana oʻz puliga aroq olib keladi. Borgancha, qaytib kelgancha haftalik puli koʻkka sovurilayotganidan ichi eziladi, ammo boshqa iloji yoʻq. Ismat shefning rayini qaytarish mumkin emas.

Ikkinchi shishani boʻshatishgandan soʻng studentcha uncha-muncha boshi qizib, taltaya boshlashi mumkin. Deylik, . Ismat shefning oʻzigamas, shunda ayrm gaplari jalpataklardan biriga yoqmay qoladi-da, «sen oʻzi nima deyapsan», deya anavini bir-ikki tuyib oladi. Ismat shef, - albatta sal keyin, - yangi doʻstni ajratib oladi. Ikkovini yarashtiradi. Keyin yarashganlarini yuvishadi. Ogʻirlik yana...
— Pulim qolmadi, - deydi anavi yigʻlamsirab.
— Yigitmisan oʻzi? – deydi Ismat shef.

Studentcha bolalardan qarz oladimi, oʻgʻirlik qiladimi, pul topib aroqni keltirib oʻrtaga qoʻyadi.
— Mana bu yigitning ishi, - deydi Ismat xursand boʻlib. – Endi bemalol yuraver. Kim bir nima deydigan boʻlsa, men Ismat shefning ukasiman, de.
— Yaxshi, - deydi yigitcha, - endi menga ruxsat, ertaga seminarim bor, tayyorlanishim kerak.
— Seminar bizdayam bor, oʻtiripmiz-ku, - deydi biri.
— Oʻtirishimiz senga yoqmayaptimi? – deydi ikkinchisi xezlangannamo.
— Qoʻyinglar, mayli borsin, oʻqishiga tayorlansin, - deya ruxsat beradi Ismat shef. Keyin xayol suradi: «Bu bola hozir seminar yozadi. Seminar! Seminarlarga hadeb qatnayverish shart emas. Imtihon kuni «men ham shu guruhda oʻqiyman», deb domlaning oldiga kirib borsa, kursboshi qoʻllab yuboradi: «Ha, Ismatboy ozroq kasal boʻlib qolgani tufayli seminarlarga yaxshi qatnasholmagan, ammo imtihonga yaxshi tayyorlandi, oʻzi yaxshi bola», (Maqtov uchun keyin yarimta naqd.), deya qoʻlab yuborsa, bilet savoliga javob bera oladimi, yoʻqmi, baho bor. Yigitning bahosi «uch». Koʻpincha biletdagi savolga javob yozayotgan boʻlib (aslida javobni mutlaqo bilmaydi), oppoq qogʻozga domlaning suratini chizib oʻtirganda (albatta, agar rassomchilik qoʻlidan kelsa), partaning ustiga shpargalka kelib qoladi. (Guruhda xalq gʻamxoʻrlari koʻp). Gap endi tayyor narsani ifodali oʻqib berishda. Buni amallasang, domla imtihonga yaxshi tayyorlanganingga ishonadi va senga yigitning bahosini hadya qiladi. Boʻldi! Ismatga bundan ortigʻi kerak emas. Bu bola esa seminar deb yuripti».

Xullas, Toshtemir shef bilan tanishishdan Ismat juda manfaatdor edi. Shu maqsadda oʻsha student doʻsti, gʻamqishlogʻi Vohidlarning yotoqxonasiga borayotib, bir toʻda yigitlarga duch keldi. Bittta-yarimtasi turtib-purtib yubormasin deb (bilib boʻladimi!?), chetlab oʻtayotgandi , toʻda ichidan kimdir uni chaqirdi. Yuragi shuvillab (axir toʻxtatib, urishlari, bor pulini shilib olishlari mumkin-ku), oʻgirildi. Baxtiga Vohid shu toʻdada ekan. Oʻrtada Toshtemir shef! Oʻsha, mashhur barloslik Toshtemir shef! Ismat Vohidni koʻrib boʻshashdi, oʻziga keldi. (Bir necha lahza ichida terlab-pishib ketipti. Qoʻrqqanidan! Jonini olarmidi? Buncha qoʻrqdi!?) Ismat yigitlar bilan birma-bir koʻrishib chiqdi. Toshtemir shefga duch kelganda yuziga baxtiyorlik alomatlarini yoydi, bir qadar egildi ham. Birgalashib oshxonaga borishdi. Ovqatlanishdi. Ichishdi. «Doʻstim Vohidning sharofati bilan haqiqiy oʻgʻil bolalar bilan tanishganimdan gʻoyatda xursandman! Oʻtirish xarajati mendan», dedi u qadah soʻzi aytib. Ismatga pul gap emas. Ismatning onasini Banot deydilar, uni Barlosda hamma taniydi. Oʻgʻlim oʻqishda, qiynalmasin, deb hamisha kissalarini toʻldirib joʻnatadi. Xullas, Ismatday dilkash, qoʻli ochiq yigitdan yangi doʻstlar rozi boʻlishdi. Toshtemir shef uni maqtadi. Toshtemir shefning sigareti tamom boʻlgan ekan, oʻtirganlarning birontasidan topilmadi. Shunda Ismat, goʻyo bunaqa ishlar odat tusiga kirib qolganday, pul uning uchun oddiy qogʻozday, oʻrtaga uch soʻmni bepisand otib tashladi. Yonida oʻtirgan koʻrimsizroq bolaga yarim buyruq, yarim iltimos ohangida (toʻliq buyruq beraverishga hali erta): «Iltimos, shu pulning hammasiga bufetdan «Opal» keltiring», dedi. Keyin uch soʻmga kelgan olti quti «Opal»ni yangi doʻstlarning oldiga otib tashladi: «Istagancha chekaveringlar».

Umuman, tanishuv koʻngildagiday oʻtdi. Oshxonadan chiqishgandan soʻng yigitlar Ismat bilan uzoq xayrlashishdi. Toshtemir shef uning yelkasiga qoqib qoʻydi.

Yotogʻiga qaytayotgan Ismatning kayfiyati mutlaqo boshqacha edi. Endi u Toshtemir shefning panohida edi. Toshtemir shefni axir Samarqanddagi barcha studentlar tan oladi, hazilmi!? Ehhe!! Oʻtgan-ketganga past nazar bilan, bepisand qarar, goʻyo bularning istalganini sal turtsa, uchib ketadiganday tuyulardi. Yoʻlida uchta qiz duch keldi. Ismatning shoʻxligi tutib, uchovining oʻrtasidan yurdi. Qizlar nochor ajralishga majbur boʻlishdi. Shunda Ismat yonidan oʻtayotgan qizning koʻkragiga qoʻl choʻzdi. U qizlarning chinqirib qochishini, qoʻrqishlarini kutgandi. Aksincha, yuziga qattiq shapaloq urildi.
— He, oʻl, bezori! – dedi qiz, keyin bamaylixotir dugonalariga qoʻshilib ketaverdi.

Ismat oʻsal boʻlib qolaverdi. Bir pasdan soʻng jigʻibiyron boʻldi. Toshtemir shefning joʻrasini qandaydir bir xashaki qiz tarsakilab ketsa-ya! Adolatdanmi shu? Qani haqiqat? Hech boʻlmasa oʻatib soʻkolmadiyam! Ismatning alami tobora kuchayib borardi. Shu alam girdobida «qora park»ka kirdi. Xilvatroq tomonga oʻtdi. Bu yoqlarda oshiq-ma’shuqlar koʻproq oʻtiradi. Boyagi qizlar balki shu yerga kelishgandir? Ismat eng chetdagi, quyuq daraxtlar panasida oʻtirgan juftni tanladi. Oʻzi, yigiti ham pachoqqina ekan. Bir doʻq bilan haydab yuborish mumkin. Ismat yigitni imlab yoniga chaqirdi. Har qalay Ismat mard! Bolani qizning oldida isnodga qoldirishni istamadi.
— Nima deysan? – deya u bola yaqin keldi.
— Joʻra, qizing menga yoqib qoldi, - dedi Ismat dabdurustdan, bolaning yelkasiga akalarcha qoʻl qoʻyarkan. – Qizingni ikki soatga menga qoldir. Ikki soatdan keyin qaytarib beraman. Gap bor.
— Hazillashmayapsanmi? – soʻradi yigit, Ismatning boʻy-bastiga oʻzini chogʻlab.
— Yaxshilikcha ket deyapman! Yomon xafa qilaman lekin!
— Joʻra, mast ekansan, uyingga bor, damingni ol, - degancha pachoq yigit bamaylixotir qizining oldiga joʻnadi.

Yigit uzoqlashgandan soʻnggina Ismatning gʻazabi qoʻzidi: «Kim bilan oʻynashyapti bu tirmizak?» Ismat mushtlarini tugib, haligi yigitning orqasidan ikki qadam qoʻygan ham ediki, kimdir yelkasidan tutdi. Oʻgirilib, qoʻltiqlashib turgan yana bir juftni koʻrdi. Yigit osoyishta, qiz hazarbilan tikilishib turardi.
— Doʻstim, koʻp ichibsiz, - dedi u mehribonlik bilan. – Yoʻlingizda tinchgina keting, oʻzingizga yaxshi boʻladi.
— E, sen aralashma! – Ismat zarda bilan birinchi juftlik tomon intildi.
— Toʻxtang, esingiz joyidami? – dedi ikkinchi yigit uni tutib qolib. – Yigitmisiz oʻzi? Qiz bola bilan yurib qoʻrganmisiz?

Toshtemir shefning joʻrasi oʻziga nisbatan bunaqa bepisand muomalaga chidamasligi tayin edi.Ismat musht koʻtardi, ammo yigit chap berdi. Ismatning mushti havoni kesib oʻtdi-da, oʻz zarbidan oʻzi gandiraklab ketdi.
— Ie, bokschisiz shekilli! – yigit qizini qoʻyib yubordi. – Qani yana bir urinib koʻring-chi!

Ismat yana mushtini havolatdi va shu koʻyi javob zarbadan oʻzi gursillab yerga yiqildi. Ismat yana turib, urish niyatida yugurdi. Yigit qochdi. Yoʻl-yoʻlakay, Ismat nimagadir qoqilib, yuztuban uchib tushdi.
— Doʻstim, boʻldimi endi? Ketasizmi? – deya soʻradi haligi yigit hamon xushmuomala bilan. Hatto uni turgʻizishib, kiyimlarini qoqishib ham qoʻydi.

Shunda Ismat: «Bittang qimirlamay tur, hozir Toshtemir shefni olib kelaman, Razbor qilamiz», dedi. Baxtiga Toshtemir shef bosh oʻsha yigitlar oʻz yotoqxonalari oldida tarqalmay turishgan ekan.
— Mening nomimni eshitsa ham kutib turishiptimi? – soʻradi Toshtemir shef. – Qani, koʻraylik, yuringlar-chi! Samarqandda shunaqa bolalar ham bor ekan-da, a?

Yotoqxonadan «qora park»kacha uch minutlik yoʻl. Bir zumda yetib borishdi. Toshtemir ikki juftni koʻrib hayron boʻlib qoldi, chunki uning sevishganlar tinchini buzadigan odati yoʻq edi. Bu yigitchilikka toʻgʻri kelmaydi, deb hisoblardi. Toshtemir nimanidir anglaganday, Ismatga gumonsirab qaradi, ammo Toshtemir shefni qoʻrqmay kutadiganlar bilan gaplashish istagi juda kuchli edi. Yaqin borib ularning birini tanidi: kurash tushib yuradigan tirmizaklardan biri. Yaqinda allaqaerga borib, chempion boʻlib keldi, shekilli. Ammo...
— Toshtemir aka, - dedi kurashchi yigit xotirjam, - sizning fe’lingizni yaxshi bilganim uchun ham ketmay, sizni kutdim, - deya boʻlgan voqeani aytib berdi. – Shu gapdan keyin ham nohaqsan, desangiz, roziman, turib beraman, istagancha uravering. Ishonmasangiz, ana, oʻzidan soʻrang.

Toshtemir jim turar, shu sababli atrofidagilar ham janjalni boshlashga jur'at etmasdi.
— Buning gaplari toʻgʻrimi?

Ismat hali yolgʻon toʻqib ulgurmagandi. Tahdidli nigohlardan yuragi orqasiga tortib, tisarildi...

(Bundan keyini nima boʻlganini aytish niyatim yoʻq).

Arabcha oʻyin

«
Tanacha koʻzini suzmasa,
buqacha ipini uzmaydi.

Xalq naqli
»

Abdumajid uzum uzish mavsumi boshlangandan beri vino zavodida xoʻjalik vakili boʻlib turipti.Barlosdan kelgan uzumlarni topshirishda bosh-qosh boʻladi. Ba’zan topshiruvchi va qabul qiluvchi orasida janjal chiqsa, xoʻjalik tarafda turib, janjalni bartaraf etadi. Har zamonda xoʻjalik rahbari Xidir Sobirovich ham kelib xabar olib turadi. Har qalay, Abdumajidning ishidan mamnun shekilli, shu vaqtgacha tanbeh bergani yoʻq. Ha, Abdumajid oʻz ishiga puxta, shu sababli gap eshitgani yoʻq.

Tarozixonada oʻtirgandi. Xoʻjalikdan uch mashina uzum keldi. Shartta qabul qiluvchi bilan kelishib, ikkitasini «halladi». Shu payt qulogʻiga mayin va nozli ovoz eshitildi:
— Aka, bizning mashinani ham taroziga kiritingizlar.

Abdumajidning qarshisida kelishgan, qoracha, xushbichim, shim kiygan yoqimtoygina qiz koʻzlarini suzib turardi. «Kim ekan bu!? Kim boʻlsayam bir balosi bor!»
— Sizni nega navbatsiz kiritar ekanmiz?
— Vo-oy, bizam uzum obkelganmiz.
— Qaerdan?
— Barlosdan!

Barlosga shahar medtexnikumining qizlari uzum terishga hasharlashish uchun kelganini

Kunda ularning bir-ikkitasi mashinalarga minib, zavodga kelib – ketishini ham Abdumajid yaxshi bilsa-da, oʻzini goʻllikka soldi:
— Yoʻq, boʻlmaydi. Navbatingiz kelsa kirasiz, - dedi-da, ataylab, yoʻl yoqasidagi uzun kursiga borib oʻtirdi. Kutganidek, qiz uning yoniga borib oʻtirdi: «Haqiqatan, buning bir balosi bor!»

Shu payt oʻsha mashina kabinasidan yana bir qiz tushib keldi va u Abdumajidning ikkinchi tomoniga oʻtirdi.
— Oldingizga qizlar koʻp kelib turadimi? – soʻradi birinchi qiz.

«Ovozi biram mayin-ey! Biram mayin! Gapirtirib qoʻyib, eshitaversang!»
— Kelib turadi. Ammo sizlar juda boshqacha ekansizlar.
— Darrov sizga yoqib qoldikmi? – ikkinchi qiz koʻz suzdi.
— Judayam yoqib qolilaringiz. Shuning uchun ozroq gaplashib oʻtiraylik deb mashinangizni navbatsiz qoʻymadim. – Abdumajid toʻgʻrisini aytib qoʻya qoldi, chunki yaxshi biladi, yolgʻon gapni izlayversa, chalkashib ketadi. Toʻgʻrisini aytsa, koʻpincha qizlar gapiga ishonishmaydi yoki hazilga yoʻyishadi.
— Unday boʻlsa, hali,.. bir koʻrishdan sevib ham qoldim dersiz?! – soʻradi qoracha qiz.
— Sevganimni bilmadimu, tu-ursam, yonimda bir ma-ayin, no-ozli «aka!» degan ovoz eshitilgandayoq yuragim larzaga tushgan edi. Ichimda bir nima «shigʻgʻ« etib, oʻgirilsam, siz turibsiz. Koʻzlaringiz... aytganday, ismingiz nima?
— Malohat!
— Koʻzlaringizga qaradimu, oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Bilmayman, bu koʻzlarni sizga kim baxsh etgan. Turibman, turibman, tilimga kalima kelmaydi. Javob berishim kerak, ammo tilim aylanmaydi.
— Shunda shartta sevib qoldingizmi?
— Yoʻgʻ-e! Sevib qolishdan xudo asrasin. Bu yurak sevaverib, sevilaverib, adoi-judo boʻlgan. Endi tinch yashagisi keladi. Shunchaki Malohatga qarab, yaxshi qiz ekan, uylangan yigit baxtli boʻladi, deb oʻyladim.
— Unday boʻlsa, uylaning. – Malohat soʻz oʻyinini davom ettirarkan, yana shod kulmoqchi boʻldiyu, oʻz ogʻzidan chiqqan gap oʻziga erish tuyulib, rangi oʻzgardi.

Oʻzgarishni Abdumajid darrov sezdi.
— Uylanardim-ku, xotinim, bola-chaqam bor-da. Agar ikkinchi xotin boʻlib tegsangiz yoʻq demasdim.
— Bizlar tegaveramiz, - dedi Malohat oʻzini oʻnglab. – Koʻchada qolgan qizlarmiz. Bizlarga er boʻlsa boʻldi!

«Bir nima boʻlgan bu qizga. Ishqilib, sogʻ emas!»
— Biz bir iltimos bilan kelgandik, - dedi ikkinchi qiz suhbat mavzusini oʻzgartirib. – Agar bajaraman desangiz aytaman.
— Iy-e! Sizlarday qizlar iltimos bilan kelarkan-u, men yoʻq deymanmi? Agar qoʻlimdan kelsa albatta...
— Qoʻlingizdan keladiyu, lekin... yanayam...
— Toʻgʻrisi, bizga spirt kerak, - deya Malohat shartta maqsadga oʻtdi, yelkalarini Abdumajidning yelkalariga siypalarkan, yonlamasiga qarab. – Xoʻsh, yurak uradimi?

«Eritding qizcha! Eritding! Hisobni aniq olgan ekansan!»
— Qancha?
— Ikki litr!

«Eh-ha! Ikki litrgina spirt uchun shunchalar muqaddimami?»
— Idishlaring bormi? Men koʻp soʻraysizlarmi, deb oʻylagandim. – Abdumajid qizlarning idishini olib, ichkaridan spirt toʻldirib chiqdi. – Qachon kerak boʻlsa kelaveringizlar. Bizda dehqonchilik.Sizlarga spirt nima kerak?
— Operatsiya qilamiz, jarroh spirt topib kelinglar degan edi.
— Uzumzordami?
— Shunaqa...

Ancha suhbatlashib oʻtirishdi. Bu orada mashina uzumni zavodga topshirib chiqdi. Uchalasi xayrlashgani oʻrinlaridan turishdi.
— Mehmondoʻst ekansiz. Ertaga yana kelsak, spirt olib berasizmi? – soʻradi ikkinchi qiz.
— Malohat kelsin. Malohat menga yoqib qoldi. Qancha spirt desa, olib beraman. Sevmay desam ham boʻlmayapti. Yurakka buyruq berib boʻlmas ekan.
— Bizlarni gʻalati qizlar ekan, deb oʻylayotgan boʻlsangiz kerak-a, - deya ikkinchi qiz yana tashabbusni oʻz qoʻliga olishga intildi.
— Shunaqaga oʻxshaydi.

Qizlar mashinaning kabinasiga kirishdi. Malohat kabina eshigi derazasini tushirib, boshini chiqardi-da, soʻradi:
— Shuncha suhbatlashdik, yordam qildingiz, ammo haliyam ismingizni bilmaymiz. A!

Ayniqsa, «a»ni shunaqa noz bilan aytdiki, Abdumajidning vujudi shodlikdan titrab ketdi.
— Abdumajid!..

Ertasi kuni Abdumajid daftariga qunt bilan oʻtgan kun hisob-kitobini qilayotgan edi, nimadir yelkasiga tegib ketganday boʻldi. e’tibor bermay, yelkasini silab qoʻydi-da, yana ishini davom ettiraverdi. Kimdir koʻzlarini ikki kafti bilan yopdi. Abdumajid bu kaftlar ustiga oʻz kaftlarini qoʻydi. Mayin qoʻllar. Qiz bolaniki! Abdumajid bilan qanaqa qiz hazillashmoqchi ekan. Abdumajid kaftlardan bilaklarga oʻtdi, soʻng bilaklar egasini yelkasi osha pastga tortib yubordi. Qiz uning yelkasiga qapishib qoldi. Abdumajidning vutun vujudi qiz vujudini his qilib, hayajonga tushdi. Qiz hamon oʻzini tortib olmasdi. Goʻyo hech narsa sezmaganday.

«E, bu faqat Malohat boʻlishi mumkin!»
— Kimsiz?

Qiz piqillab kulib yubordi.
— Malohatmisiz? Malohat!

Malohat sharaqlab kulib yubordi-da, kaftlarini uning koʻzlaridan oldi.
— Ur-re! Shuncha vaqt topolmadingiz! Bopladim, bopladim! – Malohat sakrab-sakrab kulardi. Badaniga qapishib turgan shimi, yigitcha koʻylagi uning chiroyini yanada ochgan, hatto kiyimiga qotib qolgan uzum shirasi ham unga juda yarashib turardi. Oʻziyam alohida tayyorlanib kelganga oʻxshaydi. Durrachaga oʻralgan sochlari juda chiroyli taralgan, borligʻidan atirning xushbuy hidi taralardi.

Abdumajid oʻzini tutolmadi. Shart turgancha yosh qizchaday shoʻx-shodon sakrayotgan Malohatni shartta belidan opichib, ikki aylantirib, keyin yerga qoʻydi.

Qiz birdan tinchib qoldi. Koʻzlari besaranjomlanib, qoracha yuzi qip-qizarib ketdi.
— Siz meni kutganmidingiz?
— Sizni kutmoq gapmi? Kechadan beri oromimni yoʻqotib, fikru-yodim siz boʻlib qoldingiz. Siz keldingizu, goʻyo hamma yoq charogʻon boʻlib ketdi. Goʻyo qalbimga nur yogʻildi. Endi bilsam, men sizni sevib qolibman! Men sizni jonimdan ham yaxshi koʻraman, Malohat! Yoʻq, , mening Malohatim! – dedi Abdumajid, kulib yubormoqdan oʻzini arang tutib. Shunchalar masxarabozlik qilishga qodirligini oʻzi ham endi anglab turar, bundan ham gʻururlanib, ham hayratga tushardi. (Jigit-da, jigit!)
— Yolgʻonchi!

Malohatning noz bilan aytgan shu bir soʻzi Abdumajidning yuragini yana hapriqtirib yubordi.
— Ii-i, shoshmang, shoshmang! – Qiz Abdumajid yana beoʻxshov harakat qilib qoʻyishidan qoʻrqdi. – Yuring, yaxshisi, mashinaga chiqib oʻtiramiz.

Malohat kelgan «GAZ-53» orqaroqda navbat kutardi.
— Har kuni mashinama-mashina yurasiz. Kunlik topshiriq nima boʻladi? Domlalaringiz urishmaydimi?
— Abdumajid akamiz bor, nima gʻamimiz bor! Domlalarga obborgan spirtimizning yarmini bersak boʻldi, olam guliston .
— Qolgan yarmichi?
— Qolgan yarmiga qizlar bayram qildik. Haqqimiz bordir axir! Kuni bilan changga, shiraga botib ishlaymiz.
— Men haqqingiz yoʻq, demadim, shekilli.

Ularning mashinasi tarozidan oʻtib, uzumni toʻkish uchun ichkariga kirib ketdi.
— Sizning mashinangizni koʻrdik, endi yuring, menikini koʻrasiz.
— Voy, sizning mashinangiz bormi?!
— Ana! Xizmatingizga muntazir.

Abdumajid oʻtgan yilgi terim mavsumida yaxshi ishlab ancha pul topgan, mukofotga yangi «Moskvich» olgan, nimalarnidir oʻylab (nimalarni ekan??) bugun minib kelgan edi.
— Oʻh-hoʻ! Hali yap-yangi-ya! – MAlohat mashinani siypaladi. – Rostdan oʻzingiznikimi?
— Ha!
— Tagʻin... – Malohat ayyorona koʻz suzdi, - otangiz olib bermaganmi?
— Oʻtgan mavsumdagi halol mehnatimga olganman, - dedi Abdumajid «halol»ga urgʻu berib, Malohatni orqa oʻrindiqqa oʻtirgʻizarkan, oʻzi ham yoniga oʻtirib.
— Halol mehnat bilan bir yilda bir mashinaga pul orttirolsangiz, unda... chindanam, ikkinchi xotin boʻlib esa-da, sizga tegish kerak ekan
— Toʻgʻri qilasiz. Keyin maza qilib, sizni mashinada kataysa qildirib yuraman. Keyin shiraga, changga botib yurmaysiz.
— Oho! Shunaqamikan? – Malohat shirin jilmaydi.

Abdumajid oʻzini tutolmadi. Shartta qizni quchoqladi. Ogʻushiga tortdi. Endi oʻpmoqchi boʻlayotgandi, Malohat hech qanday qarshilik koʻrsatmasdan, ammo yanada kuchliroq malohat bilan, yigitni battar junbushlantirib, koʻrsatkich barmogʻini yigitning lablariga bosdi:
— Hey, hey! Kuppa – kunduzi-ya! Yangamdan baloga qolib ketmang tagʻin!

Abdumajid noiloj qizni bagʻridan boʻshatdi, ammo hamon bir qoʻlini uning belidan tortib olmadi. Malohat bunga qarshilik bildirmadi.

«Tamom. Malohat endi uning ixtiyorida. U hamma narsaga rozi. Qandingni ur, jigit!»
— Ertaga domladan javob olib, uyga borib kelmoqchi edim.

Malohatlarning uyi qoʻshni tumandagi qishloqlardan birida ekan. Taxminan ellik chaqirimcha bor.
— Menam boraymi?
— Borasizmi?
— Ha-da! Biratoʻla ikkinchi qaynona-qaynotalarim bilan tanishib olaman. Bu koʻzlarni sizga baxsh etgan odamlarni koʻrmasam boʻlmas. Tanishtirasizmi? «Moskvich»da borib kelamiz.

* * *

Malohatlarnikida ikki soatcha oʻtirishdi. Malohat oilaning katta farzandi. Sakkizta uka-singillari bor. Ota-onasi moʻmin-bechora odamlar boʻlib, xoʻjalikda ishchilik qilar ekanlar.

Malohat uzumni juda zoʻr teradi. Domlalar hurmat qilishadi. Shu sababli ota-onasini koʻrib kelish uchun alohida mashina ajratishgan. Abdumajid bor-yoʻgʻi shofyor. – Ikkovlon yurganini shunday tushuntirishdi. Toʻgʻrirogʻi qiziqqanga shunday tushuntirishni kelishib olgandilar.

Shunday ota-onaning, oilaning qizimi, a, Malohat?! Abdumajidni nega boshlab keldi? Ota-onasini koʻrsatishgami? Axir maqsad tamoman boshqa. Yoʻlda Abdumajid mashinani xilvatga burmoqchi edi, Malohat toʻxtatdi: «Avval borib ota-onamni koʻraylik. Qaytishda peshanaga nima yozilgan boʻlsa shu...» Indamay, aytganiga koʻndi. Abdumajidni ipsiz bogʻlab oldi Malohat. Nima desa xoʻp deb, oldiga tushib yuripti. Uch kun istaganicha tekin spirt olib berdi. Bugun ishini tashlab, uni koʻtarib yuripti. Hali niyati amalga oshadimi yo yana uning oldiga poxol tashlab, qochib qoladimi? «Koʻpni koʻrgan yigit ekansiz!», dedi kecha, uni maqtab. Oʻzi-chi!?.

Qaytishda ancha yoʻlgacha oʻz oʻylari bilan boʻlib, Abdumajid yonida oʻtirgan Malohatga e’tibor qilmadi. Qiz ham tinchlanib qolgan, ilgarigi shoʻxliklari yoʻq, har zamonda Abdumajidga sal-pal nazar tashlab qoʻyganini e’tiborga olmasa, oʻzi bilan oʻzi band edi.

Abdumajid nihoyat bir qarorga keldi: Tamom. Hozir Malohatni manziliga yetkazadiyu, ikkinchi marta bu qizni oʻziga yaqinlashtirmaydi. Tinchlik kerak!..

Yoʻl chetidagi choyxonalardan biriga koʻzi tushdiyu, Abdumajid qattiq ichkisi kelayotganini payqadi. E, unga nima? Dunyo ostin-ustun boʻlib ketmaydimi? Nima boʻlsa boʻlganicha boʻlib boʻlgan bu qiz? Abdumajidga qolgan boʻlsa sarqitning ham sarqiti qolgan, yuvindisi qolgan. Aqli kirar joyga kirib, yetar joyiga yetib boʻlgan bu qiz! Tagʻin nimasini oʻylayapti? Hozir toʻygunicha ichadi. – Hammasini unutadi.

Choyxonada ancha oʻtirishdi. Rostakamiga hammasini unutib, bir shisha aroqni teng boʻlib ichishdi. Ichmasa kerak deb, yanayam har ehtimolga qarshi bitta piyolaga quyib, Malohatning oldiga qoʻygandi, Malohat bu odatdagi ishday, piyolani oldiyu, ichib yubordi. Oʻziyam juda zaril boʻlib turgan ekan. Noz-firoq ham qilib oʻtirmadi. Keyin sal oʻziga keldi shekilli: «Ha, nega oʻy surib qoldingiz?», deb soʻradi xiyol jilmayib. Uning gʻamgin oʻtirishlari, koʻzlarining oʻychanligi unga yanayam latofat, koʻrk bagʻishlagan, turgan turishi goʻzal edi Malohatning. Judayam goʻzal edi Malohat! Ha, ota-onasi topib ism qoʻyishgan. Shunday goʻzal qiz yonida oʻtirsayu, Abdumajid dunyo tashvishlariga koʻmilsa… adolatdan emas bu axir! Bir imo qilsa bas… Yana nima kerak unga?!

Ikkovlon ikkinchi bor qadahlarni boʻshatishgandan soʻng Abdumajidning kayfiyati joyiga tushib, Malohatga suqlanib tikildi. O-oo! Zoʻr! Zoʻ-oʻoʻr! Yana piyolalarga quygan edi, Malohat uning bilagidan tutdi:
— Siz ruldasiz, ichma-ang!

«Ichmang» soʻzini choʻzib, shunaqa yalingansimon aytdiki, Abdumajid yonidagi goʻzal qizdan boʻlak dunyodagi hamma narsani unutdi.

Iliq mezon kechi kira boshlagan, gʻira-shira tushib qolgandi. Bunday, bir-biriga termulib ortiq oʻtirishga ikkalasining ham sabr-toqati qolmagandi. Abdumajid tezda yana bir shisha aroqni jiz-bizi bilan qoʻshib xarid qildiyu, mashinaga olib chiqishdi.

«Moskvich» katta yoʻlga chiqib, choyxonadan sal oʻtgandan soʻnggi xilvat bir yoʻlakka burildi-da, kimsasiz qorongʻilik qa’riga shoʻngʻidi…

Vinzavodga yetib kelganlarida vaqt yarim tunga borib qolgan edi. Uzumni topshirib, endi joʻnamoqchi boʻlib turgan xoʻjalik mashinalaridan biri – oʻsha yaqin tanishi – «GAZ-53» shofyori – dan qizni joyiga olib borib tashlashni iltimos qilib, «Moskvich»ga qaytdi.
— Mashinadan tushmayman, - dedi Malohat. U xomush tortib, koʻzlari allaqanday nursizlanib, bezday boʻlib, bir nuqtaga qadalib oʻtirardi.
— Unda… nima qilasan?
— Siznikiga boraman.
— Biznikida nima qilasan? – Abdumajid achchiq bilan shu gapni aytishga aytdiyu, tilini tishladi. Boshi gangrab ketdi.
— Menga uylanasiz, - dedi Malohat asta, ammo qat'iy loqaydlik bilan.
— Ni-ma??? – Abdumajidning tili tanglayiga yopishib qolganday boʻldi.
— Menga uylanasiz!
— Qiz chiqmading-ku! Seni boshimga uramanmi?
— Bari bir. Men bilan birga boʻldingizmi? – Boʻldingiz. Sizni oilamga bekorga koʻrsatdimmi? Men ularga hammasini aytib berdim.
— Nimani? Qanaqa hammasini? Unda hali oramizdan hech narsa oʻtmagandi-ku!
— Unda oʻtmagan boʻlsa, choyxonadan keyin oʻtdimi? Bari bir oʻtishini bilardim. Shuning uchun «shu yigit kuyovlaringiz boʻladi», deganman.

Abdumajid hangu-mang boʻlib qoldi. Malohat hozir unga doʻq urayotgandi. Uylanishga majbursan, deyayotgandi. Yoʻqsa…
— Siz axir qiz emasssiz-ku! – Abdumajid beixtiyor yana sizlashga oʻtdi. U tamom boʻlgan edi. Tamom boʻlganini anglab, a’zoyi-badani boʻshashib ketdi. Bu gaplar Diloromga yetib borsa, u keyin Abdumajidni tiriklayib pishirib yeydi. Kelin-kuyov vaqtlari kuniga urishib turishgan boʻlsa-da, keyin oyday tirikchilik qilib ketishgan, farzandlari bor. Toʻgʻri, Diloromga judayam koʻngli toʻlmaydi. Shu sababli manavi voqealar… Exx!!!
— Ishonsangiz ham, ishonmasangiz ham oʻzingiz bilasiz, lekin bir martaga aytib qoʻyishim kerak: Sizga qadar biron yigit mening hatto qoʻlimni ushlagan emas. Qiz emasligim esa… Unda toʻqqizinchi sinfda oʻqirdim. Qoʻshnimiz kelin tushirdi. Men kelin koʻrgani bordim. Yosh emasmanmi, qiziqib, birinchi kechasi qanday oʻtganini surishtirdim. Kelinchak juda qiynalganini, bu qiynoqlarni hech kimga ravo koʻrmasligini aytdi. Men qoʻrqib ketdim. Bunaqa boʻladigan boʻlsa, men hech qachon erga tegmayman, dedim. Ke, mushkuling oson boʻlsin, menday qiynalib yurma, deb u menga qalamni tiqib oldi. Bor-yoʻgʻi shu. Yosh boʻlganman, yaxshi-yomonning farqiga bormaganman. Keyin bilsam, oʻsha kelinchak menga dushmanlik qilipti. Tuzatib boʻlmas dushmanlik qilipti. Nega endi birovning dushmanligi tufayli, men aybsiz boʻlsam-da, butun umr bebaxt boʻlib qolishim kerak ekan? Nima? Baxtli boʻlishga haqqim yoʻqmi mening?!

Ayting!!! – Malohat qaltirab, telbanamo nafratli koʻzlarini Abdumajidga tikdi. Nafratga toʻlgan koʻzlar yanada goʻzal, yanada ofatijon edi, ammo... Abdumajid dosh berolmay, koʻzlarini olib qochdi..
— Ha mayli, gaplaringga ishondim ham deylik. Men sizni bari bir ololmayman. Uyda xotinim, ikki bolam bor.
— Aldamang! Xotiningiz ham, bolalaringiz ham yoʻq. Shunchaki, tagʻin menga tarmashib qolmasin, degan oʻyda har ehtimolga qarshi toʻqigan afsonangiz bu.

«Seniki-chi? Seniki borib turgan ertak-ku!»
— Men sizni aldab nima qilaman? Toʻgʻrisi, agar uylanmagan boʻlganimda sizday qizni jon-jon deb olardim.
— Haliyam olavering. Oling deb turibman-ku!
— Yoʻq, siz meni tushunmayapsiz. Siz haqiqatan ham goʻzalsiz, ammo men xotinimni oʻylamaganda ham ikki bolamni oʻylamay ilojim yoʻq.. Ishonmasangiz, boring-da, anavi «GAZ-53»ning shofyoridan soʻrang. Qarang, sizni kutyapti. Oʻziyam toqati-toq boʻlib ketdi. Achchigʻi chiqsa, hozir ketib qolishi mumkin. Yoʻl-yoʻlakay men haqimda soʻrab bilasiz. Yoki... – Abdumajid tushunib, jimib qoldi. Malohat shofyorning ketib qolishini kutayotgandi Keyin... O, ayyor qiz!

Malohat peshanasini oldingi oʻrindiqning orqasiga qoʻydi.
— Hech boʻlmasa, bolalarimni oʻylang, - deya yalinishga tushdi Abdumajid. – Axir, goʻdaklarning baxtini oʻgʻirlash hisobiga baxtli boʻlolmaysiz!
— Nega? Mening baxtimni oʻgʻirlashdi-ku! Mening baxtimni oʻgʻirlaganlar baxtli yashashyapti. Men nima qilishim kerak?! A!? Nima qilay?! Oʻshalar tufayli bor iffatimni yer bilan yakson qilib, sizga bezbetlik qilib oʻtiripman-ku! Nima kerak oʻzi sizga?! – Malohatning xoʻrligi kelib, yigʻlab yubormaslik uchun yana peshanasini oʻrindiqning orqasiga tiradi. Chidolmay, oʻkrab yubordi.

Abdumajid tumshayib qoldi. Ovutishga, qizga qoʻl tekkizishga yuragi betlamasdi. Malohat tezda oʻzini tutib, yigʻisini toʻxtatdi:
— Boʻpti! Nima boʻlgandayam bir martaga menga uylanasiz, keyin haydab yuborsangiz ham, - dedi quruqqina qilib, burnini tortarkan. – Bir martaga uylanasiz, - dedi u takroran dona-dona qilib.
— Ie! Bir martaga sizga uylanadigan boʻlsam, xotinim bir martaga ketib qolsa, keyin qaytib kelmaydi. Bu yogʻini hisobga olmaysizmi?
— Siz-chi? Meni choyxonama-choyxona olib yurishni hisobga olmaysizmi? «Moskvich»da xilvatlarga olib ketishni-chi? «Arabcha oʻyna», deganlaringizni-chi? Nima? Sizga birovning bekordan-bekorga boqib qoʻygan qizi bormi, istagancha toptayveradigan?! Haydang mashinangizni uyingizga.Men tushmayman! Bildingizmi, tush-may-man!!

Abdumajid lol boʻlib qoldi. Xilvatga oʻtgandan soʻng kayf-safo deganlariday, maza boʻldi. Yana yeb-ichishdi... keyin Abdumajid mashinasining magnitofoniga arabcha qoʻshiqlari bor kassetani qoʻyib, Malohatni yarim yalangʻoch qildi-da, arabcha oʻynattirdi. Goʻyo oʻsha shirin damlar bir umr davom etadiganday edi. Malohat nozli qarashlar bilan butun gavdasini, belini, belidan pastlarini likillatib oʻynaganida Abdumajid telbalarcha jazavaga tushgan, «oʻyna, oʻyna! Arabcha oʻyna!», deya oʻzi ham shod qichqirgancha, raqs tushib ketgandi. Endi esa...

Yor-yor

Hovlida ikkita soʻri bor ekan. Har biriga oʻn odam bemalol oʻtirsa boʻladi. Kelinni uyga kirgizgandan soʻng kuyovnavkarlarni soʻrilardan biriga taklif qilishdi. Ikkinchisida yoshi ulugʻlar, kelinni olib kelishda bosh-qosh boʻlganlar oʻtirishdi.

Uch qalin doʻst – Abulxayr, Alibek va Lapas kuyovnavkarlar safida. Toshtemir oʻqishda boʻlgani sababli toʻydan bexabar qoldi. Qoʻli ochiq yigitlar ekanliklarini koʻrsatish uchun bor pullarini toʻqqiztovoq, yangatovoqlarga tashlab qoʻyishipti. Kelin tarafga joʻnash oldidan Abulxayr yarimtani qoʻyniga tiqib olgandi. Yangalar kuyovnavkarlarning pulini qoqib olgandar soʻng oldilariga tayinli yegulik-ichkilik qoʻymadi. Shuning alamiga uch doʻst yoʻlda yarimtani oʻzaro boʻshatishdi. Kayfiyat sal yaxshilanib, yoʻlda avtobusdagilarning qulogʻini batang qilib, yor-yor aytishdi. Abulxayr bayt oʻqidi. Har bir misraning oxirida kuyovnavkarlar joʻr boʻlishdi:

Bu soylarni soy demang,
Yor-yor yoro-ney.
Koʻshkovutni boy demang,
Yor-yor, yoron-ey!
Qozon-tovogʻi toshdan,
Yor-yor, yoron-ey!
Navkarlar oʻldi ochdan,
Yor-yor, yoron-ey!

Baytning oxirida hamma kulib yubordi. Davra sovimasdan navbatni Alibek oldi:

Tegirmonu-tegirmon,
Yor-yor, yoron-ey!
Tevaragi temirdan,
Yor-yor, yoron-ey!
Koʻshkovutlik kelinning,
Yor-yor, yoron-ey!
Labini kuyov simirgan,
Yor-yor, yoron-ey!

Navbat Lapasga oʻtdi. Uchovi bir boʻlsa, har qanday davra obod boʻladi. Ayniqsa, Toshtemir boʻlganda-ku,.. har qalay uning yoʻqligi bari bir bilinyapti. Toʻyga kuyovnavkarlar safida borishning oʻzi kishiga alohida gʻurur, dadillik baxsh etarkan. Kelin tarafning yigitlari nafrat va ilojsizlikdan bezarib turishadi. Hozirlari unchalik ishlari yoʻgʻu, bari bir kuyovnavkar boʻlganingdan keyin koʻzingga shunday koʻrinaverarkan. Avtobusdan tushar-tushmas kelinning dugonalari kuyovni koʻramiz deb yugurib chiqishdi. Uch doʻst yanada gʻururga toʻldi, chunki bahonada ularni ham koʻrishdi. Ular ham qizlarni tomosha qilishdi. Qizlar ularni koʻrib: «vah, zoʻr yigitlar ekan!», deyishgan boʻlsa ne ajab!..

Piyolalar ikki-uch bor aylangandan soʻng boshlar qizidi. Har bir mehmon kuyov bilan urishtirib ichishni, uning kelgusi hayotiga bitmas-tuganmas baxt tilashni istardi. Kuyovnavkarlar orasida uch doʻst yoshi eng kichiklar boʻlgani tufayli soʻz navbati ularga tezda yetavermadi. Hislari toʻlib-toshib ketgan Abulxayr oxirgi safar qadahlar toʻldirilganda navbat kutib oʻtirmay, choʻkkalab oʻtirdi-da, qoʻlidagi piyolani baland koʻtarib, oʻz tashabbusi bilan alyor aytishga chogʻlandi. Kayf joyida, labidan tabassum arimas, koʻzlari mastona suzilardi. Abulxayr narigi soʻrida otasi ham oʻtirganini yaxshi bilardi. Ular ham maza qilib ichishyapti. Oʻn daqiqacha burun otasi qadah soʻzi aytib, piyolasini namoyishkorona ichib, dasturxonga toʻnkarib qoʻydi. Abulxayr otasidan ortda qolishni istamasdi. Koʻplar uchovining quvnoqligiga havas qilib, kelin-kuyovga baxt tilagandan soʻng: «Abulxayrga oʻxshash uylanmagan yigitlar ham uylansin toʻylarida mana shunday xushchaqchaq oʻtirib, xursandchilik qilaveraylik», deyishyapti. Rost-da, tezroq uylanish kerak. Maktabni bitirgan boʻlsa, oʻn toʻqqizga kirib boʻldi. Otasi nega uylantirmayapti? Abulxayr yigitmisan - yigit! Bitta xotinni eplay oladi. Birinchi, bosh oʻgʻil boʻlsa oilada. Yuraveradimi? Abulxayr har zamonda kishi bilmas quloq solib qoʻyadi. Ota-onasi uni uylantirish haqida lom-mim demagan. Qaniydi, Abulxayrning otasi ham bunda-ay, kallasini ishlatsayu, kel oʻgʻlim, seni uylantirib qoʻyay, desa.
— Men doʻstlarim nomidan gapirmoqchiman, - dedi Abulxayr, ikki yonida oʻtirgan Alibek bilan Lapasga qarab olarkan. – Biz ham kelin-kuyovga baxt-saodat tilaymiz. – Ma’qullovchi, ruhlantiruvchi qiyqiriqlar eshitildi. Kimdir otasiga: «Oʻgʻlingizning gapiga quloq soling, zoʻr gaplarni aytyapti», dedi. Abulxayrning qulogʻiga bu gap ham chalindi. U davom etdi. – Mana shu yerda oʻtirgan oʻrtoqlar aytishdiki, uylanmaganlar uylanaversin, shuning uchun ichamiz. – Abulxayr shartta piyolasini koʻtardi. U ataylab baland ovozda gapirgan, bilsa chin, bilmasa hazil tariqasida gaplarini otasi eshitishini istagandi. Sheriklari bilan kulishib oʻtirsa-da, gaplarimga nima deyisharkin, deb quloqlari ding boʻldi. Sezishicha, narigi soʻridagilar otasini oʻrtaga olishgan, otasi esa: «Men rozi, mayli, topsin, aytsin, uylantirib qoʻyish men tan», dedi.

Abulxayr quvonib ketdi. Demak, otasi rozi. Gap oʻzida qolgan. Bitta qiz topish kerak. Topa olarmikan. Barlos toʻla qiz-ku! Zoʻridan topsa. Chiroylisidan. Kelishganidan. Quchoqlaganda quchogʻi toʻlib tursa... Ulbozor ham yaxshi qizu,.. juda ozgʻin. Buning ustiga boʻyi pastroq...

Ulbozor shu yil maktabni bitirgan. Sal qoʻpolroq, shuning uchun yigitlar koʻpam gaplashavermaydi. Hozir oʻzlarining brigadasida ishlayapti. Bir kuni ishga ketishda ikkovlon yoʻl-yoʻlakay hangomalashib ketishdi. Bildiki, Ulbozor yigitlar oʻylaganday, u qadar qoʻpol emas. Tuppa-tuzuk, hamma qizlar qatori bir qiz. Kam joyi yoʻq. Ulbozorga uylanish shart emas, lekin nega imkoniyatlardan foydalanib qolmasligi kerak? Yosh yigit boʻlsa. Uylanmagan. Boʻydoq. Hozircha yurib turaversin, uylanadigan vaqti kelsa, zoʻridan topadi.Agar topolmasa, bu yoqda otasi bor, uylantirib qoʻyadi-da, oʻgʻlini! Nima qipti. Oʻgʻilni uylantirish – otaning vazifasi. Ota boʻlgandan keyin bajarsin vazifasini! Ulbozor ozgʻin boʻlsa ham, boʻyi past boʻlsa ham mayli, payti topilganda oʻynab qolish kerak.

Oʻsha hangomadan keyin koʻpincha ishga borishda ham, ishdan uyga qaytishda ham - tasodifan! – yoʻlga birga chiqib qoladigan, suhbatlashib borib-keladigan boʻlib qolishdi. Abluxayrning nazarida qiz ham unga intilayotgan, ana shu tasodiflarni ataylab – qizning oʻzi! - tashkillashtirayotgan edi. Ulbozorning aytishicha, uylarida oʻzi alohida, derazasi koʻchaga qaragan xonada yotar emish.
— Oqshom boraman, derazangni taqillataman. Chiqasan, xoʻpmi? – dedi Abluxayr kunlarning birida.

Ulbozor indamadi. Demak, rozi. – Abulxayr shunday tushundi. Chiqadi. Chiqishiga ishonchi komil. Oʻsha kuni oqshom Lapasni yetaklab, Ulbozorlarnikiga bordi. Asta derazani taqillatdi. Zum oʻtmay, ichkaridan Ulbozorning yuzi koʻrindi.
— Chiq, men keldim, - dedi Abulxayr.

Deraza qaytadan yopildi. Abulxayr boʻlajak uchrashuvni xayolan tasavvur etib, ishshaydi. Lapasga: «Sen, joʻra, bizga koʻrinmay, maktabning panasida atrofni kuzatasan, biron xavf tugʻiladigan boʻlsa hushtak chalib, xabar berasan», dedi.

Oʻshandagisi birinchi uchrashuvlari edi. Ishga ketishda tuzukkina gaplashishardi. Endi, nimagadir, hayajonlanganidanmi, tiliga gap kelmasdi. Ulbozor ham indamaydi. Yigit kishi gapirmagandan keyin qiz bola ogʻiz ocharmidi? «Yur», dedi nihoyat Abulxayr, Ulbozorni qorongʻiroq tomonga yetaklab. Ulbozor osoyishta harakat bilan bilagini boʻshatdi-da, u aytgan tarafga yurdi. Abulxayr hamon miq etmas, ammo nimadir qilish kerakligini, bunday turaverishlari oʻziga ham, Ulbozorga ham noqulayligini yaxshi tushunardi...
— Qishga oʻtin tashiyapsizlarmi? – deya soʻradi nihoyat va shartta tilini tishladi: «Axmoqona gap. Hech oʻtinni oʻylamagandi, qayoqdanam tiliga kelib qoldi? Nima, Ulbozor hozir oʻtin tashishga chiqqanmi?.. Bekordan bekorga derazasini taqillatgandan yugurib chiqmagandir axir!? Oʻzi nimaga keldi? Niyati nima?...
— Otam tashiyapti, - dedi Ulbozor, koʻzlarini yerga tikankan.

Xullas, yashirin hangoma uncha qovushmadi. Qaytib kelganda Lapas: «Oʻl-a, landovur, chaynab ogʻzingga solgan narsani yutolmaysan», deb soʻkdi. Abulxayr parvo qilmadi. U xursand edi. Biron bir natijaga erisholmagan boʻlsa-da, eng asosiysi, - birinchi uchrashuv! – amalga oshdi. Qiz unga roysh bildiryapti. Valdir-vuldur qilgani bilan Lapas hali u qilgan ishni qila olgani yoʻq.. Qani, qoʻlidan kelsa, Lapas ham Ulbozorchalik boʻlsa-da, bir qizni kechasi uyidan olib chiqsin. – Abulxayr u istagancha qorovullik qilib beradi. Birinchi uchrashuvdan darrov tarmashaversa, sevdim-kuydim deyaversa,.. Gʻalati-da! Keyin, bu bola chatoq ekan, deb uchrashuvga chiqmay qoʻyishi mumkin. Axir Abulxayr faqat shu oqshomni deb chiqqani yoʻq-ku, toʻgʻrimi? E, Lapas nimaniyam bilardi. Lapas gapiraveradi. Agar oʻzi Abulxayrning oʻrnida boʻlganida qiz bolaning qoʻlini ham tutolmas edi. Oʻsha, bir-ikki ogʻiz gapni ham aytolmasdi. Ha, Abulxayr dadillik qildi.

Ulbozorga uylansa boʻlmaydi-da. Boshqa qiz topish kerak. Yoshrogʻidan. Koʻrkamrogʻidan. Endi oʻninchi sinfni bitiradiganidan. Hozirgi oʻninchilar orasida zoʻr-zoʻr qizalr bor. Yana toʻrt oyda maktabni bitirishadi. Keyin otasiga oʻshalarning eng chiroylisini tanlab aytsa, otasi toʻxtatmay sovchi joʻnatsa, qarabsizki, kuzgacha Abulxayr xotinli boʻlib turibdi-da. Yostiqqa yonboshlab: «Xotin, choy!» desa. Yoki ertalab uyogʻonganda hovliga chiqishga erinib: «Xotin, suv keltir, bet-qoʻlimni yuvaman», desa. Oʻshanda ham koʻrpadan chiqmay, yostiqqa suyanib, bir qoʻli bilan betini yuvsa. Xotini sochiq tutsa. Abulxayr artinib, yana koʻrpaga oʻranib yotib olsa. Oʻhh! Maz-za! Xotining boʻlsa yaxshi! Ertalab choyingni oldingga keltirsa. Kechqurun ovqatingni tayyorlasa. Kiringni yuvsa. Koʻylaging sal kirlagandan yechib otaverasan. Ayniqsa, paypoqni aytmaysizmi? Har kuni yuvaverish jonga tegib ketgan. Uylansa – zoʻr! Mazza! Undan keyin Alibek, Lapas, Abdumajid, Toshtemirlar kelganda bemalol oʻzining uyida (oʻzining uyida!) kerilib oʻtiradi. Xotini joʻralaridan uyalib, yuziga roʻmol tashlab kirsa. Joʻralari xotiniga qarasa. Toshtemir bari bir qoʻymaydi: «Yuzingizni oching, moʻyinsa, bir koʻraylik. Qoʻrqmang, yeb qoʻymaymiz, palov emassiz-ku axir! Toʻgʻrimi? Diydoringizni bir koʻraylik-chi, Abulxayrga loyiqmisiz, yoʻqmi, baho beraylik», desa. (Toshtemir bunaqa gapni aytadi, jim turmaydi. Shunchalar oʻrniga qoʻyib aytadiki, hech kim undan xafa ham boʻlmaydi, koʻngliga ham olmaydi. Afsuski, hozir yoʻq. Boʻlganda kuyovnavkarlar davrasini rosa qizdirardi. ) Abulxayrning xotini yuzini ochmaydi. Keyin Toshtemir Abulxayrning oʻziga oʻgiriladi-da: «Xotiningni betini och! Koʻraylik! Diydoriga toʻyaylik! Bari bir oʻzingniki, qizagʻanaverma koʻp», deydi. Abulxayrning oʻzi ham chiroyli xotinini doʻstlariga koʻz-koʻz qilishni istayotgandi, ammo Toshtemir yana shunaqa gaplardan aytsin,

davrani qizdirsin, deb oʻtirgandi. Chunki keyin xotiniga: «Koʻrdingmi, mening shunaqa zoʻr doʻstlarim bor», deb maqtanmoqchi. «Ochsang betingni ochaqol, bari bir oʻzimnikisan», deydi Abulxayr bepisandlik bilan xotiniga. Xotini yerga qaraydi. Shunda Abulxayr yonboshlab yotgan joyidan choʻzilib, roʻmolning bir chetidan tutgancha, tortib yuboradi. Yosh kelinchakning yuzi ochilib, uyaladi. Toshtemir hazilini davom ettiradi: «Siz, moʻyinsa, juda zoʻr, chiroyli ekansiz. Qanday qilib, bizning Abulxayrga tegdingiz? Siz bamisoli atirgul boʻlsangiz, Abulxayr choʻlda qurib qolgan chaqirtikanakday gap-ku!», deydi. Bolalar kulishadi. Kelinchak ham qimtinib oʻtirsa-da, kulib yuboradi. Abulxayr Toshtemirning gapini koʻngliga olmaydi. Toshtemir oʻzi shunaqa, shaqir-shuqur, ichida gap yotmaydi. Gʻarazgoʻyligi yoʻq. . «Eh, Abulxayr, - deydi Toshtemir yana, - toʻgʻrisini aytsam,

senga =asadim kelyapti. Afsus, ming afsus, bilmay qopman-da, shunday zoʻr qiz qoʻldan chiqib ketibdi-ya! Agar men ham shunday chiroyli qizga uylanganimda hech qaysingga

Koʻrsatmasdim, hech qaysingni uyimga kirgizmasdim ham. Uyni ichidan qulflab olib, faqat oʻzim tomosha qilib yotgan boʻlardim. Maz-za! Sen esa, axmoq, uni bizga koʻrsatib oʻtiripsan. Ana endi nima boʻldi?! Hammamiz sening xotiningni yaxshi koʻrib qoldik. Senam yaxshi koʻrib qoldingmi, Alibek? Senammi, Lapas? Ana, koʻrding? Esingda boʻlsin,

Ikkinchi marta shunaqa chiroyli qizga uylanadigan boʻlsang, hech kimga koʻrsatma. Sandiqqa solib, oʻzing sandiqning ustiga chiqib oʻtirib ol! Tushundingmi? Haliyam kech emas lekin!..» Oʻshanda Abulxayr ham jim turmaydi. Boplaydi: «Kerak boʻlsa, alam judayam oʻtib borayotgan boʻlsa, senam otangga ayt, seniyam uylantirib qoʻysin»...

Tun yarmidan oqqan, kuyovnavkarlar mast, bir-ikkitasi uxlab yotar, qolganlar hamon alyor aytib, shishalarning tagida qolganlarini izlab, topib, boʻshatish bilan band edi.Koʻp oʻtmay yangalar kuyovni chaqirib olib ketishdi. Abulxayr havas bilan ortidan tikilib qoldi. Hozir kuyov kelinning oldiga kiradi. Kelin uyalib, qisilib, qimtinib turadi. Agar kuyov dadil boʻlsa, kelinni shartta ikki yelkasidan tutib, oʻziga qaratadi, koʻzlariga tikilib: «Menga tegayotganingdan xursandmisan?», deb soʻraydi. Abulxayr shunday qilgan boʻlardi. Kelinchak oppoq harirga oʻralgan. Kelinchakka oq kiyim juda yarashadi. Umuman, Abulxayr oq kiyim kiygan qizlarni yaxshi koʻrib ketaveradi. Bora solib, bagʻriga bosishni istaydi. «Titrama, jonginam! Men seni sevaman!» deydi kuyov. Yo «jonginam» demagani ma’qulmi? Kelinchakni taltaytirib yuborishi mumkin-da bunaqa gaplar! Judayam oʻlib turgan ekan, degan fikrga borishi mumkin. Bunaqa gaplar odatda toʻygacha aytiladi. Toʻydan keyin jilovni qoʻlga olish kerak boʻladi. Har qalay er – uyning egasi, xotinning yugurdagi emas. Umuman olganda, birinchi kechada, yangi kelinchakka ruhan dalda berish maqsadida «jonginam» deyaversa ham boʻlar, ammo keyin bunaqa gaplarni aytishni oʻylab koʻrish kerak boʻladi. «Sevaman» degan soʻzning oʻzi qiziq. Qandaydir, bachkanaga oʻxshaydimi-ey! «Men seni sevaman!» Shuyam gap boʻldimi? Bunaqa gaplar faqat qoʻshiqlarga yarashadi.

Yarimta-yurumtasi qolgan shishalar ham boʻshatilgandan soʻng yigitlar tarqalish uchun oʻrinlaridan qoʻzgʻolishdi. Uch doʻstning ham uyi bir tarafda. Ulbozorlarniki esa qarama-qarshi tarafda edi.
— Yuringlar, bu tomonga boramiz, - dedi Abulxayr doʻstlarini Ulbozorlar tarafga boshlash niyatida.
— Qayoqqa?
— Ikkovlaring bir boʻlib menga qorovullik qilasizlar. Bugun men ham birinchi kechamni oʻtkazaman.
— Esing joyidami oʻzi? – dedi Lapas. – Oʻzi zoʻrgʻa oyoqda turipmiz. Tagʻin sharmanda boʻlib oʻtirmaylik, tinchlik kerak.
— Bormaysanmi?
— Yoʻq...
— Bormasang sira borma. Alibek, sen yur. Joʻrachilikka bir kecha qorovullik qilsang nima boʻpti.
— Qoʻysangchi, juda charchadik, uyga yetib uxlash kerak.
— Bormasanglar bormanglar, oʻzim ketaveraman, - dedi Abulxayr silkinib. Silkinganda gandiraklab ketdi.
— Yoʻq, senam bormaysan. Biz bilan ketasan, - dedi Lapas.
— Qoʻyvoringlar, - Abulxayr yana silkindi, ammo ikki doʻsti mahkam ushlab olgan ekan, oʻzini ajratib ololmadi. Bildiki, endi qoʻyishmaydi. Borishmasa borishmasin. Nima? Qoʻrqadimi? Necha martalab uchrashgan. Qorovul shart emas. Shu vaqtgacha biron marta qorovulning keragi boʻlmagan, har gal postida turgani bilan. – Qoʻyvoringlar, mayli, bormayman. Toʻyga qaytib kiraman. Otamni uyga olib ketaman.
— Ulbozorga bormaysanmi?
— Yoʻq.

Abulxayrni qoʻyib yuborishdi. Abulxayrga qayta-qayta tayinlab, ikki doʻsti uylariga ketishdi. Abulxayr ular uzoqlashgancha toʻyxonaga kirgan kishi boʻlib, panalab turdi-da, keyin... Ulbozor uxlab qolgan ekan, derazani uch-toʻrt marta taqillatgandan keyin ochdi.
— Ha!?
— Koʻshkovutdan kelin olib keldik. Shuning uchun kech qoldim, - deya Abulxayr derazaning raxiga chiqdi. Uyga kirish payti odat boʻlib qolgani uchunmi yo mastlikda sezmadimi, ishqilib, tuflisini yechib, derazaning tagida qoldirdi-da, oʻzini ichkariga tashladi. Ulbozor Abulxayrning yoʻlini toʻsmoqchi boʻlgan edi, ikkovi ostinma-ustun boʻlib, Ulbozorning koʻrpa-toʻshagiga qulab tushishdi.
— Nima qilyapsiz? – yiqilganlarida pol dukillaganidan qoʻrqib ketdi qiz. – Otam bilib qolsa oʻldiradi. Vo-oy, siz mastmisiz?
— Qoʻrqma! Otang bilmaydi. – Abulxayr nima deyayotganini oʻzi ham bilmas, qorongʻida Ulbozorning lablarini axtarardi.

Qiz endi oʻziga kelganday, choʻchib tushdi. Zoʻr berib, yigitning quchogʻidan chiqishga urina boshladi:
— Qoʻying, Abulxayr aka, qoʻying! Bari bir yaxshi emas! Keting! Iltimos sizdan, Abulxayr aka, keting! Axir siz nima qilmoqchi boʻlyapsiz, bilasizmi? Men qanday qilib bosh koʻtarib yuraman?! Odamlarga qanday qarayman?!...

Qizning vahimaga toʻla shivirlashlarida bilinar-bilinmas erkalash ohanglari ham boʻlib, buni Abulxayr sezar, shu tufayli harakatlariga shijoat qoʻshilib borardi. Ayni damda nima desa, qiz barcha istaklarini bajo keltirishini anglab, naqadar lazzatlanib ketdi: Ulbozor qoʻlida! Uni istagan kuyiga sola oladi. Ha-a, Abulxayr zoʻr! Qizlarni bu taxlit oʻziga qaratish na Lapasning, va na Alibekning qoʻlidan kelmaydi, kerakk boʻlsa. Hatto Toshtemirni ham yoʻlda qoldirib ketadi. Buning uchun iste’dod kerak! - Abulxayrning iste’dodi kerak!
— Odamlarga qarab nima qilasan? Menga qarasang boʻldi-da!

Ulbozor «hiq» etdi-byu, jimib qoldi. Hatto qarshilik ham koʻrsatmay qoʻydi. Bir ozdan soʻng qandaydir ovoz chiqara boshladi. Yigʻlayaptimi, kulyaptimi, Abulxayr avvaliga ajrata olmadi. Keyin yigʻlayotganini bilib, shoshib qoldi. Endi Ulbozorning oʻzi uni mahkam quchoqlab, yigʻi aralash dedi:
— Abulxayr aka, ayting, bir nima boʻlsa, meni tashlab ketmaysizmi? Ayting, siz meni sevasizmi oʻzi? A?! Tushunsangizchi?! Men sizni uyga kiritib oldim! Birov bilib qolsa, sharmanda boʻlaman!
— Hech kim bilmaydi, - dedi Abulxayr uni yupatmoqchi boʻlib, ammo Ulbozorni yupatish uchun boshqa gapni aytish kerakligi anglab davom etdi: - Seni hech qachon tashlab qoʻymayman. Seni yaxshi koʻraman! Seni sevaman, Ulbozor! – Shu jumlani aytarkan, Abulxayr beixtiyor toʻlqinlanib ketdi va jumlani aytish barobari Ulbozorni sevishiga oʻzi ham ishona boshladi. – Men seni sevaman, Ulbozor! Seni olaman, ertagayoq uyda otamga aytaman. Meni Ulbozorga uylantirib qoʻying, deyman.

Ulbozor oʻksib-oʻksib yigʻlar, «otamning yuziga oyoq qoʻyayapman», derdiyu, xuddi qochib ketadiganday, Abulxayrni ham qoʻyib yubormasdi. Hiqillab: «Siz bari bir meni tashlab ketasiz», der, bu gapini qayta-qayta takrorlardi.

* * *

Bogʻmonni oʻgʻilchasi tamshanib uygʻotib yubordi. Oʻgʻilchasi hozir uch yoshda. Beshta qizdan keyin tilab olgani shu. Bu ham onasining shoʻriga kelgan ekan, koʻzi yoridiyu, olamdan oʻtdi. Oʻshandan beri Bogʻmon beva. Yoshi ellikka borib qoldi. Qizlari katta boʻlib qolgan, har qalay shular kuniga yarab turipti. Toʻngʻichi Ulbozor boʻy yetib qoldi. Nonniyam oʻsha yopadi, kirniyam oʻsha yuvadi. Oʻgʻil kutishgandi-da, qiz boʻlib qoldi. Keyin, oʻgʻlimiz koʻp boʻlsin, degan tilak bilan uning ismini Ulbozor qoʻyishdi. Omad kelmasa qiyin ekan, Ulbozorning orqasidan yana toʻrt qiz tugʻildi.. Sovchilar eshigining turumini buzishyapti. Sovchi kelaversa, otaning koʻngli koʻtarilaverarkan. Bogʻmon har safar xursand boʻlib ketadi. Nimaga xursand boʻladi, oʻzyam bilmaydi. Faqat Ulbozor tushmagur, surishtirmay-netmay, hammasini rad qilyapti. Bogʻmon ham bir nima degani yoʻq. Mayli-da! Hali yosh, kim bilan yashashini oʻzi hal qilsin. Buning ustiga ikkinchi qiz roʻzgʻor tashvishlarini oʻz gardaniga olgunga qadar Ulbozor uyda boʻlib turganiyam ma’qul. Shoshib nimayam qiladi.

Bogʻmon bir-ikki joydan beva izladi. Ersiz xotinlar koʻp, ammo erga tegadigani kam ekan. Tegadigani ham olti bolali boboyni rad qildi. E, Bogʻmonga qiyin boʻldi! – Bogʻmon mehrga toʻlib, pishillab uxlayotgan oʻgʻliga termuldi. Yelkasi sal-pal ochilib qolgan ekan, yaxshilab yopdi. Kichkinagina goʻdak, onasining boshiga yetdi-ya! Oʻziyam ozmuncha qiyinchiliklarni koʻrmayapti. Bitta odamni oʻldirgandan keyin shu-da! Ona sutidan bebahra qoldi. Yanayam Ulbozorning boriga shukr! Oʻsha qaradi. Oʻsha katta qildi! Nasib etsa, hali bir zoʻr yigit boʻlsin. Barlosda bugun toʻy. Koʻshkovutdan kelin olib kelishgan Kim biladi, oʻgʻliga qaerdan kelin olib kelisharkan! – Bogʻmon orziqdi. Ishqilib, yaxshigina, gapga kiradigan kelin boʻlsa-da... Bogʻmonga oʻxshash bechoralarni oyoq osti qilib ketavermasa... Bir-ikki soatda tong otadi. Ozroq uxlash kerak. Bogʻmon oʻrniga choʻzilmoqchi boʻldi, ammo uyqus qochgan edi, shuningdek, majburiyat yuzasidan tashqariga chiqishi kerak boʻldi.

Bahor havosi! U har qanday hissiz, befarq toʻnkani ham koʻkartirib yuborishga qodir. Ayniqsa, erta tong payti. Bogʻmonning ruhiga shodlik yugurib, koʻchaga chiqdi. Koʻkragini toʻldirib-toʻldirib havo simirdi. Koʻngli yayrab, koʻcha boʻylab, ozroq yurdi. Keyin oʻgirilib, oʻz uyiga qaradi. Oddiy qishloq uylaridan biri. Ana, koʻcha tarafdagi derazasi. Oʻsha xonani Ulbozor egallab olgan. Oʻninchiga oʻtganidan bu yogʻiga. Bogʻmon qarshilik koʻrsatmadi. Kuniga yarab turgan farzandi shu boʻlsa. Ra’yini qaytarib nimayam qildi. Bir oʻzi shu xonada yotadi. Bolang ulgʻayaversa shu ekan, talablari ham ulgʻayib borarkan. Bahslashish qiyinlasharkan. Oxiri, bilganingni qil, deb oʻz holiga qoʻyishga majbur boʻlarkansan. Bir yildanberi shu ahvol... Iy-e! Derazasi ochilib qoliptimi? Oʻzi ochib yotdimikan yo esidan chiqdimikan? Tagʻin bahor havosidan simiraman, deb sovqotib qolmasin. Tez yopish kerak.

Bogʻmon derazani yopdi. Qaytib yuraman, degandi, nimagadir oyogʻi chalkashdi. Tosh boʻlsa kerak, deb oʻyladi avvaliga, ammo u bir qadar mayin edi, toshga oʻxshamasdi. Tong otib borar, atrof yorugʻlashardi. Bogʻmon yerga qarab, bir poy tuflini koʻrdi. Xotirjam, tepib yubordi. Shu koʻyi ozroq turib qoldi. Sal-pal junjikayotganini sezib, hovliga oʻtmoqchi boʻldiyu, tuflining ikkinchi poyiga koʻzi tushdi. Nimanidir anglaganday, segrak tortdi. Ikki poy tuflini ham qoʻliga oldi: bir kishiniki, tashlandiq emas. Kiyilayotgan buyum. Birontasi esidan chiqardimikan? Nega endi aynan shu yerda, Ulbozorning derazasi oldida esidan chiqaradi???!! Ulbozor??! Nahot??!...

Bogʻmon derazani ochib «Ulbozor, hoʻ Ulbozor!» deb chaqirdi. Xona qorongʻu, ichkari yaxshi koʻrinmasdi. Ancha vaqtdan keyin qoʻrqinch va vahima aralash «ha» degan javob eshitildi. Shu zahoti yana kimdir tipirchiladi, keyin sakrab turgancha kiyina boshladi. Bogʻmon avvaliga tili kalimaga kelmay, qotgancha uning kiyinishiga qarab turdi. Keyin eshikka yoʻnalayotganini koʻrib: «qochyapti-ku!», degan fikrdan dahshatga tushib, qochayotganni ushlash maqsadida hovli aylanib, eshik tomonga yugurdi. Bogʻmonning hovlisi – bir bechoraniki. Toʻrt tomoni ochiq.. Eshikka chiqib olsa boʻldi, istagan tomoniga qochib keta oladi. Yigit eshikdan chiqib, tomorqa tarafga yuzlanganda Bogʻmon ortidan yetib bordi. «Bu qanaqa yigit? Kim? Kimning bolasi?» Hali bu savollarga javob izlamagan, izlashga ulgurmagandi. Muhimi, qizining oldiga niyati buzuq odam kirgan, uni ushlash, qoʻlga tushirish kerak edi. Teskari oʻgirilgani tufayli Bogʻmon uning betini koʻrmadi, kimligini aniqlay olmadi. Yetgancha, uning koʻylagidan tutdi. Yigit koʻylagini silkib tortdi, zarb kuchlilik qilib, koʻylakni mahkam tutgani uchun Bogʻmon yiqilib qoldi. Yigit chaqqon harakatlar bilan qoʻshni hovlidan oʻtib, narigi koʻchaga chiqib qochdi... Bir pas gangib oʻtirib qolgan Bogʻmon nima fojia yuz berayotganini anglab, yana oʻrnidan turdi. Shoshgancha Ulbozorning xonasiga kirdi. Qizi hech narsa boʻlmaganday, bemalol uxlab yotardi. Chini bilan uxlayaptimi, joʻrttagami, bilib boʻlmasdi. Har qalay shunchalar voqealar boʻlyaptiyu, buning chini bilan uxlayotganiga ishonish mutlaqo mumkin emas edi.

Bogʻmon koʻngli boʻsh odam edi. Shu tufayli uch yildan beri qaytadan uylana olmayotgan edi. Yoʻqsa, Barlosda xotini oʻlgan, boshqa sabab bilan xotinsiz qolgan Bogʻmon tengilar oti oyga yetmay yana uylanib olishyapti. Ularning bolalari ham Bogʻmonnikidan kam emas. Faqat oʻzi kamsuqum. Aybi shu.

Yigitning silovidan Bogʻmonning koʻksi hamon ogʻrirdi. Boshi gʻuvillardi. Buning ustiga Ulbozor hkch narsadan bexabarday oʻzini bu ahvolga solishi-chi?! – Bogʻmonning ichi alamdan, nochorlikdan oʻrtanib, toʻlib-toshib ketdi. Koʻzlaridan yosh chiqib, ostonada oʻtirib qoldi. Koʻnglidagi armonlar bir qadar toʻkilganday boʻlgandan soʻng oʻrnidan turdi. Yana Ulbozorga tikildi. U hamon goʻyo bamaylixotir uxlab yotardi. Bogʻmon gʻazablanib ketdi: He, onaginangni seni... Bu nima yotish?! Otasini oʻynashiga urdirdi! Oʻynashiga urdirdi-ya, otasini! Bogʻmonni! Qiz oʻstirib, yetmoqchi boʻlgan niyati shumidi?! Bogʻmon hozir senga onaginangni koʻrsatib qoʻyadi. Koʻzginangga koʻrsatib qoʻyadi! Qani, keyin Bogʻmon bir koʻrsinchi! Bogʻmon bir tomosha qilsin-chi! Ho-o, oyimcha-e! Juda ersirab borayotgan ekan, aytmaydimi? Bogʻmon toʻysiz, boshqasiz, qoʻlidan ushlatib, yetaklatib yubormaydimi? Bogʻmonning oʻziyoq yigitning uyiga olib borib tashlamaydimi Ulbozorni! Oʻn sakkizga kirar-kirmas koʻngillari er tusab qolgan boʻlsa! Buni qaranglar-a! To otasi biror tengini topgancha chiday olmayotgan ekan-da, aytmaydimi? Yaxshi, yaxshi! Bogʻmonni juda xursand qildi. Bogʻmonning boshi osmonga yetdi. Bogʻmon hozir shodlikdan oʻzini qoʻygani joy topolmayapti. Halitdan boʻlgʻusi kuyovning shiringina siltovini totdi. Ulbozorga yana nima kerak? Otasining ogʻzi-burni qon boʻlib qolganda yaxshiroq boʻlarmidi? Oʻshanda ham xuddi shunaqa, koʻzini yumib yotaverarmidi?! Undan koʻra, er-xotin boʻlib olib, keyin Bogʻmonni ikkovlashib, Barlosning oʻrtasiga sudrab olib chiqib, urganlarida yaxshiroq boʻlarmidi! Oʻl bu kuningdan! Eshshak!! Axmoq! Hayvon!!! Endi Bogʻmon qanday bosh koʻtarib yuradi?!

Bogʻmon shasht bilan Ulbozorning ustidagi koʻrpasini yulib otdi. Ulbozor asta koʻzini ochdi. Qovoqlarini ishqaladi, endi uygʻonayotgan kishidek, hayron boʻlib savolomuz otasiga tikildi. – Agar Bogʻmon hozir yaxshilab tikilganda qizining koʻzlaridagi qoʻrquv alomatlarini payqagan, bir zumda uni ayblariga iqror qilgan boʻlardi. Ammo Bogʻmon bunday qilolmadi. Butun umr birovning koʻziga tik qaramagan bir bechora notavon edi u. Hozir esa oʻz fojiasi bilan band edi. Oilasi boshiga tushgan bu falokat uni butkul gangitib qoʻygan edi. – Qizining bezbetligidan Bogʻmonning yana shashti tushdi, yigʻlagisi keldi, ammo zoʻrgʻa oʻzini toʻxtatib qoldi. Birdan oʻsha yigitni esladi. Kim oʻzi u? Tufli esiga kelib, shoshilgancha koʻchaga chiqdi. Boyagi tuflilar oʻzi qoldirgan joyda yotardi. Bogʻmon ularga yopishdi. – Mana! Mana, Bogʻmonni sharmandalikdan xalos qiladigan narsa! U yigit endi qochib qutula olmaydi. Majbur, Ulbozorga uylanishga majbur!
— Kimidi u?! – soʻradi Bogʻmon orqasidan chiqqan Ulbozordan.

Ulbozor hayron boʻlgandek otasiga qaradi.
— Kim edi u, deb soʻrayapman men sendan??
— Hech kim! – terslandi Ulbozor sovuqqina.
— Unda bu tufli qaerdan keldi?
— Bilmasam.

Bogʻmon chiday olmadi. Shashti sinib, boʻshashdi. Bu yigit qizini bir balo qilgan. Oʻziga qattiq bogʻlab olganga oʻxshaydi. Qanday boʻlmasin, uni topish kerak. Hoziroq! Endi Ulbozor hech narsa aytmaydi. Urib oʻldirsang ham gap ololmaysan. Rahmatli onasi shunaqa edi. Bunda onasining fe’li bor. Tez topmasa, u yigit qochib qolishi ham mumkin.

Keyin ota-onasi ham tan olmay qoʻyishi bor... Bogʻmon bunga yoʻl qoʻya olmaydi. U yigitni topadi. Ulbozorning xonasiga kiriptimi, endi biratoʻla uyiga olib ketsin. Uylansin. Toʻy-poʻyi kerak emas. Bogʻmon Ulbozorni, butun oilasini isnodga qoldirib qoʻymaydi. – Bogʻmon tuflini qoʻltigʻiga qistirib, koʻchaga yura boshlagandi, Ulbozor yoʻlini toʻsdi:
— Bormang, bormang uning oldiga! Kerak emas! U meni olaman degan. Oʻzi keladi.

Bogʻmon yana gʻazablana boshladi. Qizining bu harakati hamma qiligʻidan oshib tushdi. Uylanish koʻnglida bor yigit shunaqa qilib qochib yuradimi? Aqli-hushi joyidami oʻzi? Oradan bir-ikki kun oʻtsa, keyin u tan olmay qoʻyishi mumkin axir!
— Bormaydigan boʻlsam,.. unda ayt: kim u?

Ayni damda Ulbozorda otasini tinglaydigan ahvol yoʻq. Maqsadi: qanday qilib boʻlmasin, otasini koʻchaga chiqishdan toʻxtatish, Abulxayrni gap-soʻzdan qutultirish edi. Chunki, Abulxayr shuni talab qildi: «Otang koʻchaga chiqib, meni gap-soʻz qiladigan boʻlsa, ikki dunyodayam keyin senga uylanmayman. Otangni tinchit!» «Keyin meni olasizmi axir?!» «Otangni tinchitsang...» U yohini aniq aytmadi. Oʻldimi, olsa kerak. Axir qanday qilib qiz bolani shu ahvolda tashlab ketishi mumkin?! Oʻzi «seni sevaman!» dedi. «Bir umr birga boʻlamiz!» dedi. Abulxayr yaxshi yigit! Abulxayr Ulbozorni sevadi. Otasi esa hech narsani tushunmasdan ishni buzmoqchi.
— Bormaysiz! Hech yoqqa bormaysiz! – Ulbozor otasining boʻyniga osildi.

Bogʻmon battar achchiqlandi. Ulbozorni silkib oʻzidan ajratdi: «Kim u? Kim deb soʻrayapman men sendan??» - Bogʻmon shapaloqlab qoʻyib yubordi Ulbozorni. Keyin alam bilan yana yoʻlga chiqayotgandi, Ulbozor yana yoʻlini toʻsdi. Bogʻmon yana boʻshashdi:
— Ayt qizim, jon qizim, kim u? – Bogʻmonning iltijoli koʻzlari yoshlandi.
— Bormaysiz! Abulxayrning oldiga bormaysiz! U menga uylanmoqchi. Otangni tinchitsang uylanaman, dedi.

Bogʻmon garangsib oʻtirib qoldi. Hali qizi Abulxayrga ilashib qoldimi. Olaman emish. Asli uning otasi yolgʻonchi-ku! Oʻshaning gapiga ishonib yuriptimi. Ulbozor yana allanimalar der, ammo endi Bogʻmonning qulogʻiga gap kirmasdi. Bogʻmon Abulxayrniyam, uning otasiniyam avvaldan yoqtirmas, ammo boʻlar ish boʻlgan, endi borib «qizimni olasan», deyishdan boshqa chorasi qolmagandi. Otasining nega yer bilan bitta boʻlib oʻtirib qolganini Ulbozor avval tushunmadi. Keyin Abulxayrni aytib qoʻyganini angladi: «Tamom! Avval tamom boʻlmasayam endi tamom! Gapingda turmading, endi sendan kechdim, desaya Abulxayr. Deydi u! U shunaqa! Nahotki endi Abulxayrdan ajrab qoladi? – Ulbozorning tomogʻi «gʻip» boʻgʻilib, yugurgancha uyga kirib ketdi.

Oʻyga botib oʻtirib qolgan Bogʻmon ancha vaqtdan keyin oʻziga kelib, javdiragancha atrofiga qaradi. Yonida yotgan tuflini oldi-da, gandiraklab, koʻchaga chiqdi. Bitta-yarimta chaqqon kelinlar molini podaga haydab chiqayotgan sahar payti boʻlib qolgan edi.

* * *

Abulxayr bildirmasdan uyiga kirdi. Dahlizdan eski tuflisini topib kiydi-da, Alibeklarnikiga joʻnadi. Alibek: Choʻlga boramiz, ishlaymiz. Koʻp pul topamiz», deb yurardi anchadan beri. Alibekni aul emas, aslida choʻl romantikasi, yoshlarning choʻldagi shijoati qiziqtirardi. Endi choʻlga ketaveradigan vaqt boʻldi shekilli. Faqat tezroq, Bogʻmon aka orqasidan yetib kelmasdan tezroq joʻnash kerak choʻlga. Alibekning oʻzi uyida alohida xonada yotishini yaxshi bilardi. Doim kirib-chiqib yurgani, aksariyat qalin doʻstlar bir-birinikida yotib ham yurardilar. Shu tufayli Abulxayr hech bir ikkilanishsiz toʻgʻri u yotgan xonaga kirib bordi. Alibek uxlayotgan ekan, silkib-silkib uygʻotdi.
— Ha? Tinchlikmi? – soʻradi Alibek koʻzlarini ishqalab.
— Ketdik. Choʻlga!
— Tush-push koʻrmadingmi? Choʻlga shu vaqti shunaqa tarzda ketadimi?

Abulxayrning qattiq achchigʻi chiqdi. Hozir adi-badi aytishib oʻtirishga toqati ham, vaqti ham yoʻq edi. Qanday boʻlmasin, sir oshkor boʻlgunga qadar qishloqdan chiqib ketish kerak, koʻzdan yoʻqolish kerak. Keyin... nima boʻlsa boʻlar. Anigʻi shu ediki, Abulxayr ayb ish qilgandi. Qoʻlga tushsa jazolanardi. Abulxayr shu jazodan qochib ketayotgandi. Bu jazo Bogʻmon akaning kaltagimi yoki qamoqmi, buning ahamiyati yoʻq. Qoʻlga tushmasa boʻldi.
— Ketasanmi, yoʻqmi??!
— Shoshmay tur, tong otsin, nonushta qilaylik. Otamdan ruxsat soʻraylik. Buncha shosh...
— Yursang hozir yur, men ketyapman.

Alibek kulib yubordi, uni hazillashyapti deb oʻyladi. «Unda men senga oq yoʻl tilayman», degancha chappa oʻgirilib, koʻrpasiga oʻranib oldi.
— Bormaysanmi?
— Yoʻq...
— Odam emas ekansan!

Abulxayr koʻchaga qaytib chiqdi-da, katta yoʻlga ravona boʻldi. Oʻsha yerdan toʻgʻri kelgan avtobusmi, mashinami oʻtiradi-da, Samarqandga yetib oladi. Undan toʻgʻri choʻlga oʻtadi. Yoʻl boʻylab, kecha yor-yor aytganlari esiga tushdi. Goʻyo doʻstlari birlashib:

Abulxayr qochmoqda,

Yor-yor, yoron-ey!

deb bayt aytishayotganday. Doʻstlarining ichida Toshtemir ham borday. U hammaga Abulxayrning qochayotganini koʻrsatib, qotib-qotib kulayotganday.

Lola sayli

Shohidaning sanatoriyga kelganiga ancha boʻldi. Togʻ havosi yoqdi, shekilli, yuziga qizillik yugurib qoldi. Birinchi kunlari palatasidan chiqmasdi: yotardi, televizor koʻrardi. Ovqatlanish uchun oshxonaga zoʻrgʻa borib kelardi. Ba’zan hamxonasi Muharram:
— Palatada yotaverib, dimiqib ketmaysizmi? – degancha koʻchaga sudrardi.

Muharram – yigirma besh yoshlardagi quvnoq juvon. Dam oluvchi yigitlardan tanishlari koʻp. Tashqariga chiqdimi, oʻshalar yetib kelishadi. Muharramular bilan ochiq-oydin gaplashaveradi. Ba’zan meyoridan oshirib yuboradi. Shohidaga bunaqa chegaradan chiqishlar yoqmaydi, mazam qoyapti, degan bahonani qilib, shartta palataga qaytadi. Yoʻq, yigitlarni yomon demaydi, balki haqiqatan ham yaxshi yigitlardir. Koʻngillarida kiri yoʻqdir, bari bir ular gap soʻrayvergandan keyin javob berishga majbur. Suhbatlashayotganda koʻz oldiga Obloqul keladiyu,..

Shohida kasalxonada bir yil yotdi. Shundan yetti oyi gipsda. Shohida yotgan yerida erining borgan sari ozib-toʻzib borayotganini koʻrib, u kelganiga koʻzlariga tikilib, uning haroratli qoʻllarini yuziga surkardi. Yosh tomchilari yonoqlariga sizib chiqardi. Obloqul uni alqamasdi, koʻngil uchun «yigʻlama», demasdi. Mehr toʻla koʻzlarini tikib turaverardi.
— Mana koʻrasan, - derdi ishonch bilan, - hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi. Sen tuzalasan, vrachlar bilan gaplashdim. Menga Shohidani tuzatib bersangiz boʻldi, dedim. Nima kerak boʻlsa topaman, dedim. Ular ham «qoʻlimizdan kelgan chorani koʻramiz, tuzalib ketadi», deyishdi. Eh-he, hali hech narsa koʻrmaganday boʻlib ketasan. Oʻshanda yana togʻlarga chiqamiz, lola teramiz, xoʻpmi?

... Shohida ahvoli ogʻirligini kasalxonaga tushgandayoq sezgan, hayotdan umidini uzib qoʻygandi. Uy-joy, mol-hol, bola-chaqa u yoqda tursin, oʻzini eplay olmasa, boshini yostiqdan koʻtara olmasa, nima qilsin? Oʻshanda erining kulib turgan koʻzlariga qarab, rahmi kelgandi. Oʻziga oson: oʻladi-ketadi, vassalom. Shoʻrlik eri esa ovora boʻlib, har hafta Barlosdan Samarqandga kasalxonada yotgan xotinini koʻrgani kelishi kerak. Balki bir kun bu yurishlar joniga tegar... Shohida shuni oʻylasa, qoʻrqib ketar, oxirgi daqiqasigacha undan ajrashni istamasdi. Mayli, keyin oʻligini kigizga oʻrab, Barlosga olib ketsin. – Boshqa hech kimmas! Faqat – u! Kelin boʻlib tushgan, bir dunyo shirin-shirin orzular olib kelgan xonasida hech narsadan bexabar, behis, bejon, tinchgina yotaveradi. Qaynonasi boshia sochlarini yulib yigʻlaydi. U juda yaxshi ayol. Kelinligining birinchi kunlari unga yoqish uchun vositalar axtarardi. Keyin bilsa, qaynonasi ham kelin bilan kelishib, yaxshi yashab ketish uchun vosita axtarayotgan ekan. Keyinchalik shu haqda gaplashib qolib, ikkalasining ham fikri bir joydan chiqib, rosa maza qilib kulishgandi... Yana... shahardan ota-onasi borishadi. Hovli yigʻida toʻladi. Onasi uning sovuq, qotib qolgan yuzini silaydi. «Qizginam, sen oʻlgancha men oʻlsam boʻlmasmidi? Xudo sening joningni olgancha menikini olsa boʻlmasmidi?» deya ayuhannos soladi. Keyin U keladi. U mard, chidamli. Bari bir sevgan yori – Shohidasi bilan vidolashishi kerak. – Koʻzlari namlanadi.

Shohidani esa hayotning hech qanday tashvishlari endi qiziqtirmaydi.Lekin shunga qaramay, qalban azoblanayotgan, gʻam-gʻussaga botgan eriga tikiladi. Sochlariga darrov oq oralapti. Hammasi oʻzining oʻlimi tufayli ekanini anglaydiyu, sakrab turgisi, «boʻldi, koʻp kuyinavermang, men endi oʻlmayman, jonim», degisi keladi. Hatto oʻrnidan turmoqchi boʻladi. Ammo qimirlay olmaydi. Shunda oʻlik ekani esiga tushadiyu, yana hammasiga befarq boʻlib qoladi. Keyin Shohidani kafanga oʻrab-chirmab soladilar-da, qabristonga olib joʻnaydilar. Hovlida ayollar boʻzlab qolishadi. Ularning ichida onasi bilan qaynonasi ham bor. Bir yoshli oʻgʻilchasi qandaydir begona ayolning qoʻlida. U ham chirqillayapti. Uch yoshli qizchasi esa qaynonasining pinjiga tiqilgancha, yomon hodisa boʻlayotganini sezib, qoʻrquv aralash bir unga, bir bunga olazarak alanglaydi. Shohidani chiqarishayotganda qaynonasi dod soladi. Tobut koʻtarganlarga: «qizimni bermayman!» (Shohidani, qizim, derdi) deb tarmashadi. Koʻz oldi qorongʻulashib, hushidan ketadi. Ayollar qaynonasi bilan ovora boʻlib qolishadi. Tobut koʻtargan erkaklar ham toʻxtashadi. U oʻz dardi bilan avval hech narsani payqamaydi. Hamma hovliga shoshilayotganini koʻrib, yana bir koʻngilsizlikni sezib, asta qadam tashlaydi. – Onasi hushidan ketgan! - Shoshib qoladi. Najot izlab odamlarga qaraydi. – Shohidasi tirilsagina hamma narsa avvalgi joyiga tushishi mumkin. Ammo Shohida oʻlgan... Oʻlgan!!!

Bu koʻngilsizlikni kuzatib yotgan Shohida chiday olmaydi. Oʻrnidan turmoqchi, sakrab yerga tushmoqchi boʻladi, lekin mahkam bogʻlab tashlashgan. «Jonim, qoʻllarimni yeching, tushay, dardingizga darmon boʻlay», demoqchi boʻladi, ammo ovozi chiqmaydi. – Oʻlgan! – xoʻrligi keladi. Oʻlgan odam ojizligini, tiriklar nima qilsa, shu holga tushishini yana bir bor eslab, qimirlashga harakat ham qilmay yotaveradi....

Shohida kasalxonaga dastlab tushgan kezlari shunaqa vahimali narsalar haqida koʻp oʻylardi. Ba’zan qoʻrqsa, ba’zan oʻz oʻlimiga ham odatdagi voqeaday xotirjam qaraydigan boʻlib qolgandi. Yaxshiyam U bor ekan. Boʻlmasa, soʻzsiz gʻamning oʻziyoq Shohidani ado qilardi. «Sochingni supurgi, qoʻlingni kosov qilib boʻlsa-da, koʻnglini oladigan ering bor ekan. Tuzalib chiqqaningdan keyin sira gapini ikki qilma», deydi Vrach. Shohidaning koʻzlari porlab ketadi. Yaqiningning yaxshiligini qalban his qila turib, boshqa birovdan ham eshitish odamga alohida quvonch bagʻishlarkan-da. Uni esalasa, yuziga yosh tomchilari sizib chiqaveradi. Artmaydi. Artishga urinmaydi. Mayli, nimaga yigʻlayotganini bilib qoʻyishsin. – Baxt yoshlaridan uyalish shart emas. Har kim ham Shohida erishgan baxtga muyassar boʻlavermaydi. Har bir juvonning ham turmush oʻrtogʻi Obloquldek sodiq va mehribon emas. U ishonch bilan «toqqa chiqamiz, lola teramiz», dedi. Agar shu gapini kasalxonaga tushgan kunlari aytsa, ishonmas. Mendek bechora, xastaning ustidan kulyapti, deb xafa boʻlardi. Ammo oʻsha damda beixtiyor sevgilisining gaplariga ishongisi, «Siz juda yaxshi odamsiz!», deb koʻksiga minnatdorona bosh qoʻygisi keldi. Ammo hali gipsda yotipti. Koʻp oʻtmay, Shohida yana yurib ketadi. Ular birgalashib toqqa, lola sayliga chiqishadi. Ikkovlon qoʻl ushlashgancha lolazor oralashadi. U lola tutadi. Shohida lolani olayotganda kaftidan tutib qoladi. Qoʻllari haroratli. Harorat Shohidaga ham oʻtadi. Uning koʻzlarida mehribonlik, sadoqat mujassam! Bu nigohlarda Shohida ilgʻaydigan va ilgʻamaydigan, sezadigan va sezmaydigan, biladigan va bilmaydigan koʻpdan-koʻp yaxshilik alomatlari bor. Hammasi Shohida atalgan. Shuni his qiladiyu, Shohidaning baxtiyorligi oʻn chandon oshib ketadi. – Qoʻlida esa lola! Lolani birgalashib tutib turishipti. Toʻlib-toshib kelayotgan hislarini jilovlash uchun Shohida lolaga qaraydi, fikrini chalgʻitishga urinadi. Ammo... qayoqqa qaramasin koʻzlari birgina Uni izlaydi. Yuragi birgina Unga intiladi. Fikrlari birgina Unga qaratiladi. Beixtiyor oʻzini Uning bagʻriga otadi. Uyalib, yuzini Uning koʻksiga yashiradi. Hamma yoq qip-qizil lola! Uddi yoyilgan gilamdek...

U «toqqa chiqamiz», deganda Shohida shunday xayollar surgandi. Asli, ikkovining tanishishlariga ham lola sayli sabab boʻlgan edi. Umuman, buni unchalik lola sayli demasa ham boʻlaveradi.

Oʻshanda ham toqqa chiqishgandi. Samarqandda institutda ikkisi parallel guruhlarda oʻqishardiyu, hech yurak yutib, yaqinlashib, biron marta tuzukroq suhbatlashmagandilar. Albatta, oʻsha voqeagacha bu narsa ikkisining ham xayoliga kelmagandir: jismoniy tarbiya darsidan «sinov»dan oʻtish uchun shahardan oʻn besh kilolmetr naridagi Ohalik togʻiga piyoda «tur-poxod» tashkillashtirildi. Ikkinchi kurs bitiruvchilari koʻchalarni toʻldirib, Samarqanddan chiqishdi. Yarim yoʻlga yetgancha birikib harakat qilishdi. Keyin-keyin tartib buzildi. Koʻplab toliqib, ortda qola boshladi. Nozikroq boʻlgani uchun Shohida bir dugonasi bilan eng oxirgilar safida borardi. Bir qishloq yoʻlidan oʻtishayotganda bir uyga suv ichishga kirishdi-da, charchoq tufayli bir pas oʻtirib qolishdi. Qaytib chiqishsa, hamma ketib qolgan ekan. Shohidaning madori qurigandi. Dugonasi oldinga qarab-qarab qoʻyardi. Shohida uning toqatsizlanayotganini, lekin ilojsiz ketolmayotganini sezar, «sen boraver», desa mutlaqo yolgʻiz qoladi. Buning ustiga «sen meni kim deb oʻylayapsan?», yeb xafa boʻlishi mumkin. Shu alfozda sekin-sekin ketisharkan, yoʻl chetidagi daraxtlarning soyasida oʻtirgan qoʻshni guruh talabalaridan toʻrt yigitga duch kelishdi. Shohida daf’atan quvonib ketdi. Axir orqada yolgʻiz oʻzimiz qoldik, deb oʻylagandi-da, xayriyat... Birgalashib yoʻlga tushishdi.
— Siz charchab qolganga oʻxshaysiz, keling, yetaklab ketaman, - deb javob ham kutmasdan, Obloqul ismli yigit qoʻlidan ushlab oldi.

«Ogʻir yuk»dan xalos boʻlganiga quvongan dugonasi ozroq yonma-yon yurdiyu, keyin oldinroqqa oʻtib, yigitlarning biri bilan qoʻl olishdi. Shu tariqa ketaverishdi: Eng oldinda ikki yigit, oʻrtada dugonasi bir yigit bilan, orqada Shohida Obloqul bilan.

Yiqilayotganingda tayanch borligini bilsang, har qalay, koʻngling choʻkmaydi. Shohida xuddi shu tayanch – Obloqul ekanini, unga suyanish kerakligini, unga suyanish mumkinligini his qilib, ancha xotirjam tortgandi. Shohidaning xushtorlari koʻp edi. Shohida ularni axmoq qilar, ovorayu-sarson etib, yugurtirardi. Ammo hozir Obloqulni «oʻynatish»ga holi yoʻq. «Balki bu ham oʻshalarning biridir. Ataylab, orqada qolib, uni kuzatib kelayotgandir. Agar shunday boʻlsa, hozir gap boshlaydi. Qiziq-qiziq latifalar aytadi. Yoqish uchun oʻzini yaxshi odam qilib koʻrsatishga urinadi», deb oʻyladi. Mayli, urinaversin, oʻzini koʻrsataversin. Yaxshi boʻlsa – yaxshidir, Shohidaga farqi yoʻq. Yetaklasa kifoya. Dugonasining kishi bilmas gʻijinishlarini koʻrmasa, hammasiga rozi. Hozir Obloquldan foydalanib qolish kerak. Qizlik latofatidan uni chalgʻitib, foydalanmasa, nima qilib yuripti qiz bola boʻlib!?

Biroq qancha yurishmasin, Obloqul gapirmas, gapirishga urinmas, Shohidaning qoʻlidan tutgancha, oldinga qarab ketib borardi. Balki meni oʻylayotgandir, deb yigitning yuzidagi fikrlarni uqmoqchi boʻlar, ammo bir maromda harakat qilayotgani tufayli yigitning yuzida ham bir xil oʻychanlik ifodasi aks etar, Sho=ida =ech narsani anglay olmasdi. Obloqul har zamonda qarab qoʻyar, faqat koʻzlarigina mehribonlik bilan kulib turardi. Nihoyat nigohlar rosmana toʻqnashdi. Shohida:
— «Qachon yetamiz, charchab ketdim-ku, tezroq olib bormaysmzmi?», - degandek zorlandi.
— «Yuravering, yaqin qoldi», - degandek, Obloqul qizning qoʻlini daldali qisib qoʻydi. Qoʻllari haroratli. Harorat Shohidaga ham oʻtib, yurishlari birmuncha tetiklashdi.

Oltovlon soy boʻylab borishmoqda. Borgan sari soy kengayib, yoʻl chekinardi. Yoʻl jarlik ichiga tushdi. Keyin jarlik ichida daraxtlar uchradi. Ular tobora koʻpayib, togʻ yon bagʻriga yetishganda daraxtzordan narini koʻrib boʻlmay qoldi. Oʻzlaridan oldin kelayotganlarning izi yoʻqolgandi. Yana yoʻl yurishda davom etishdi. Yana daraxtlar kamayib, jarlik tugab, togʻ oraligʻidagi soyning oʻzi qoldi. Shohida qattiq charchadi. Ixtiyorsiz ravishda yigitning bagʻriga kirgancha, behol qadam tashlardi. Ilojini qilsayu, shartta oʻtirsa, keyin... Ammo oldindagilar ketib borar, ikkovi ortlaridan sudralar, asosiy guruh sira koʻrinmasdi. Shohida yigit shundoqqina qulogʻi tagida nafas olayotganini sezar, nafasi bir-ikki dona soch tolalarini muttasil pirpiratardi. Nogahon yana tizginsiz xayollarga berildi: «Hozir OObloqul toʻxtab, Shohidani oʻziga qaratsayu, mahkam quchoqlab oʻpaversaya!? Nima boʻladi? Qarshilik koʻrsatadimi? Siltab tashlaydimi? Baqirib yordamga odam chaqiradimi? Anavi toʻrttalasi ancha oldinda. Bir tomon – soy, ikkinchi tomon – qir, oldilarida - baland choʻqqi. Dodini kimga aytadi? Yigit... Keyin oʻzi ham... E-e, shuniya? Nega bunday oʻylayapti? Nimaga yigitni nazari ilmayapti? Hamma yigitlarga oʻxshagan yigit. Umuman, oʻptirsa nima qipti? Birov koʻrib oʻtiriptimi? Hindulardek, anavi toshlar orasidagi gʻorga kirib olishsa... keyin,..» – Shohida oʻz oʻylaridan lazzatlanib, kulimsiradi. Voqea qanday davom etishini tasavvur qilib qoʻrqib ketdi. Keyin «bu faqat xayol», deb oʻziga tasalli berdi. Obloqul esa... hamon oldinga qaragancha nimalarnidir oʻylab ketib borar, yonidagi qiz fikran u bilan nima ishlar qilganidan mutlaqo bexabar edi. «Yoʻq, bu yigit unaqalardan emas!» Shu daqiqa Obloqul unga nazar tashladi. Koʻzlari mehribonlik bilan kulib turardi. «Yoʻq, bu koʻzlar aldamaydi!»

«Yoʻq, bu koʻzlar aldamaydi!» – fikran takrorladi Shohida va uyalib qoʻydi. – Qiz bola boshi bilan shunaqa narsalarni oʻylayaptiya!

Navbatdagi doʻnglikdan oshganlarida toʻrtovlon suv boʻyida oʻtirishgan ekan. Yoʻl boʻylab, togʻning ancha ichkarisiga kirib ketishgan, togʻu-toshlar orasida salkam ikki soatdan beri yurishar, lekin hamon asosiy guruhning qorasi koʻrinmasdi. Har yer – har yerda sayrga chiqqan kichik-kichik guruhlar qir yon bagʻirlarida dam olib yotishar, ulardan gap soʻrab, tayinli javob olisholmasdi. Nihoyat hech kim uchramay qoʻygandan keyin toʻrtalovi oʻtirib olishgan ekan. Ular toʻrxaltalarida olib chiqqan tushliklarini oʻrtaga qoʻyishdi. Shohida qoʻliga non, shokolad oldi. Ammo ishtahasi boʻgʻiqligini anglab, qoʻlidagilarni joyiga qoʻydi. Obloqul esa shapati nonning yarmini sindirdi-da, soy suviga botirib yeya boshladi.
— Siz ham shunday qiling, - dedi u. – Har qanday shokoladdan koʻra koʻproq maza qilasiz.

Shohida jilmaydi. Keyin yigit uzatgan nonni soy suviga botirib, bir oz shimdirdi-da, tishladi. Nazarida shirindek tuyuldi. Nonni yana suvga botirdi. Yana tishladi. – Non juda shirin! – Shohidaning ishtahasi ochildi, toliqqanini unutdi. Obloqulga shodon tikildi. Uning koʻzlari: «aytmadimmi, zoʻr-a?» deganday tikilib turardi. Shohida boshqacha boʻlib ketdi... Obloqulning koʻzlaridagi nur qalbining qaysidir burchini yoritayotganday.

Shunday oʻzgarishni oʻzida birinchi marta his qilayotgandi...

Shohida endi ichida Obloqulni maqtayotgandi. Nimasini maqtaydi? Nimaga maqtaydi? Hammaga oʻxshagan yigit. Azaldan yigitlar qizlarga yordam berib kelgan. Hech ajablanarli joyi yoʻq. Bari bir... ipsiz bogʻlanib borayotganini tushunar, sovuqqon boʻlishga harchand urinmasin, eplay olmas. Shunchaki qarayman, deb yigitga mehr bilan tikilayotgani ustida oʻzini oʻzi qoʻlga tushirardi. Yuragi esa...

Uzoqdan eshak mingan odam kelaverdi.
— Shu tarafga ketayotgan yigit-qizlarni koʻrmadingizmi, ota?
— Yoʻq, -dedi ota eshagini toʻxtatib, qoʻlidagi choʻpon tayogʻini qoʻltigʻiga qistirib, oq oralagan soqolini silarkan, sinovchan koʻzlarini yigitlarga, keyin qizlarga tikdi. – Sizlarga kim kerak?
— Biz Samarqanddan tur-poxodga chiqqan talabalarmiz. Asosiy guruhdan orqada qolganmiz. Ular shu tarafga ketgan boʻlishi kerak.

Ota tur-poxod magʻzini chaqchoqchi boʻldimi, bir zum soqolini tutamlab oʻylandi.
— Shahardan kelganlarning hammasi pastda, - dedi keyin, - bu tomonda faqat qoʻy suruvlari bor. Koʻrmasdan oʻtib ketgansizlar. Yoʻl jarlikka tushganda qalin daraxtlar bor, shaharliklar odatda oʻsha yerdan qaytishadi.

Oltovlon bir-biriga qarashdi. «Ota» eshagining qorniga nuqib, yoʻlida davom etdi. Hammasi charchagan, oxirgi umid uchqunlari ham soʻngandi.

Orqaga qaytish kerak...

Yana avvalgiday uch boʻlak boʻlib orqaga qaytishdi. Obloqul Shohidaning qoʻlidan tutgancha, xotirjam ketmoqda.Kam gapiradi, har zamonda qarasa, koʻzlari mehr bilan kulib turadi. Bir maromda nimalarnidir oʻylaydi. Bir mahal qirga tikilib qoldi. Oʻn qadamcha shu alfozda yurdi. Keyin «toʻxtab turing», deb shoshilgancha, qiyalab qirga chiqa boshladi. Shohida hayron. Yigitning chaqqon harakatlarini kuzatarkan, epchilligini tan olayotganini, «koʻrdingmi, qanday zoʻr yigit!», deya oʻziga-oʻzi maqtayotganini sezib qoldi.
— Nimasi zoʻr? – deya yuragining ikkinchi tomoni qarshi chiqdi. – Oddiy yigitlardan biri.
— Oʻjarlik qilma! – dedi birinchi tomon. – Bunaqa yigit har qadamda uchrayvermaydi. Sinash uchun har kuni bunaqa vaziyat boʻlavermaydi.
— Ho, kim sinar ekan? – vujudida yuz berayotgan hodisani koʻrib koʻrmaslikka olardi ikkinchi tomon. – Shu pachoq yigitni sinar ekanmanmi? Nimasini sinayman? Bema’ni gaplaringni qoʻysangchi!
— Hali bu gaplaring uchun pushaymon yeysan! – derdi birinchi tomon oʻjarlik bilan.
— Nima? Sen nega meni tinch qoʻymaysan? Nimaga undamoqchisan? Fikringni sezyapman, shu yigitni sev demoqchisan.
— Mana endi ikkimizning fikrimiz bir joydan chiqdi.
— Hech qachon bunday voqea yuz bermaydi!
— Buni endi... koʻramiz!.. Ana, qaragin, qandaydir xarsangning yonida choʻkkaladi. Nimanidir oldi. Ana, baland koʻtarib koʻrsatyapti. Ur-re! Lola!

Qiz-qizil lola koʻtarib, yuzi qizargancha yigit kelardi!

Qip-qizil lolani kutib, yuzi qizargancha sevgiga tashna qiz turardi.

Lola qip-qizil edi! Yuzlar qip-qizil edi! Ular hayajondan entikardilar.

Lola ikkovining umr yoʻlini uzil-kesil bir tomonga burib yuborgandi.

Oʻzidek nozik, chiroyli lolani koʻksiga bosib, Shohida bormoqda. Charchogʻidan asar ham qolmaganday. Orqasiga qaramaydi, ammo U (shu damdan boshlab Obloqul Shohida uchun «U» ga aylandi.) yonginasida kelayotganini his qilib, yanada qattiqroq hayajonlanardi.

Togʻ yoʻlidan qaytib tushganlarida kursdoshlarini koʻrib quvonib ketishdi. Keyin bilishsa, oʻzlaridan boshqa hech kim toqqa chiqmagan, «ota» aytganday, jarlikdagi daraxtzor oralab ketishgan ekan.

Institutni bitirishda nikoh toʻylari boʻldi. Kelin-kuyov qoʻsh diplomni qoʻltiqlashib, Barlosga ravona boʻlishdi. Shohida asli qishloq qizi, otasining xizmati yuzasidan Samarqandga kelib yashab qolishgandi. Kishi qishloqda tugʻildimi, qishloqda oʻsdimi, keyin har qancha shaharda yashamasin, gʻala-gʻovurga oʻrganmasin, qalbining bir burchagida qishloqqa intilish hissi yashirinib turaveradi. Shu sabablimi, Shohida yangi hovliga tezda oʻrgandi. Qaynonasi unga ish qiling, demas, sigirni ham oʻzi sogʻaverar, kirni ham oʻzi yuvaverar, nonni ham oʻzi yopaverardi. Shohida qaynonasining yordami bilan bu ishlarni oʻz qoʻliga oldi. Shu orada qizchasi tugʻildi. Keyin oʻgʻli... Hamma koʻrguliklar oʻshandan boshlandi. Kichik, katta chillalari oʻtdi hamki, ishga chiqolmadi. Hatto emizikli oʻgʻliga tuzukroq qarolmasdiyu Asta-sekin uy tashvishlari yana qaynonasining chekiga tushdi. Shohidaning darmoni ketib borar, uyda «bekorchi xotin» boʻlib qolayotganidan vijdoni qiynalardi. Bola tugʻilgandan soʻnggi nimjonlik, oʻtib ketsa kerak, deb dastlabki oylarda ahamiyat berishmadi. Shohidaning oʻzi ham shu fikrda edi. Oʻzi avvaldan u nimjon qiz edi. Shu nimjonligi bois Obloqul bilan tanishgandi. Qaytadan kuchga kirsa, qaynonasining qoʻlidan uy tashvishlarini olishini oʻylab, oʻziga tasalli berardi. Asta-sekin oʻzidagi oʻzgarish vaqtincha boʻlmay, kuchayib borayotganini tan olishga majbur boʻldi. Shu orada gripp bilan qattiq ogʻrib yotib qoldi. Uni kasalxonaga olib borishmoqchi edi, «oʻlaman sattor, bormayman. Emizikli bolamni qanday tashlab ketaman», deb turib oldi. Shohida grippga qadar belida ogʻriq sezardi. Gripp asoratlari ham qoʻshildiyu, ogʻriq kuchaydi. U boʻldi-bu boʻldi, oradan yana ikki oy oʻtdiyu, Shohida oʻrnidan turolmay qoldi. Majburan kasalxonaga, Samarqanda olib borishdi.

Oʻshanda edi-da, yotgan joyida oʻlimini tasavvur qilishlari...

Umurtqa suyagi chiriy boshlagan ekan. Davolash juda qiyin edi. Ahvoli ogʻirligini Shohida ham sezardi. Sezardiyu, «oʻlib ketsam U nima qiladi?» deb azob chekardi. Oʻlsa... eh-he, U ozmuncha tashvishga qoladimi? «Mendan keyin oʻziga menday xotin topa olarmikan?» deb qaygʻurardi. Ammo koʻnglining bir burchagida oʻsha ayolga rashki kelayotganini ham angrab turardi. Oʻlimini kutardiyu, oʻlishni istamayotganini bilib qolardi. Unga: «Koʻp kelavermang, uy ishlariga qarashing», derdiyu, doim U oʻz yonida oʻtirishini istayotganini bilib qolardi. «Balki hozirdan yangi xotin izlayotgandir», deb oʻylar, goʻyo shunday boʻlishi tabiiydek, Uning yonida boshqasini koʻz oldiga keltirardi.

... U kuyovlik kiyimida. Yonida harirga burkanib, uyagancha kelinposhsha turipti. Qizchasi, qaynonasining qoʻlidagi oʻgʻilchasi bir chetda moʻltirashadi. Toʻyxonaning bir burchagida gipslangan Shohida yotipti. Keltn-kuyovga qaraydiyu, oʻzini tutolmaydi. U esa:
— Axir oʻzing shuni istagandingku. Bari bir erta-indin oʻlib ketadigan odamsan, men esa yashashim kerak. Koʻrdingmi, qanday chiroylisidan topdim, - deydi.

Shohidaning battar xoʻrligi keladi. Baqirib yigʻlamoqchi boʻladi, ammo ovozi chiqmaydi. Tura solib, kelinni kosov bilan quvib chiqarmoqchi boʻladi, ammo gipsda yotipti. Kelin-kuyov tantana bilan Shohidaning yonidan oʻtib ketadi. Oʻtirganlar oʻrinlaridan turib, qarsaklar bilan ularni olqishlaydilar. Shohidani esa oʻtgan-ketgan turtadi, masxaralaydi.

Shunday boʻlishi kerak edi...

Shohida buni yaxshi tushunadi. Ammo tushunish boshqayu, hayot oʻyinlarini oʻz boshingdan oʻtkizishing boshqa ekan-da! Taqdirga tan bermoqchi boʻladi, biroq yuragida isyon.

... Yostigʻi hoʻl boʻlib ketdi. Kimdir peshonasiga qoʻl qoʻydi. Koʻz yoshlarini artdi. Shohida siltab tashladi. Qulogʻiga: «Shohida! Shohida, bu – men! Men keldim», degan muloyim ovoz eshitildi. U!!? Bu yerda nima qilib yuripti?! Hozirgina kelinchakning yonida savlat toʻkib turuvdi-ku! Shohida qoʻrqa-pisa koʻzini ochdi. Haqiqatan ham yonida – U!! Shohida battar yigʻladi. Oʻzini toʻxtatib ololmasdi.
— Sizdan iltimos! – Shohidaning birinchi gapi shu boʻldi. – Agar yana uylanadigan boʻlsangiz, men oʻlganimcha sabr qilib turing. Xoʻpmi?!
— Tentakkinam! – dedi U. – Nimalarni oʻylab yotipsan? Men dori topib kelyapman. Bu yerda boshqa hech kimda yoʻq. Kamyob. Vrachlar buyurishgandi. Koʻp joylarni izladim. Oldindan chiqib ketgandan beri hali uyga borganim yoʻq..

Shohida dorini koʻrgandan soʻng Obloqulga sinsiklab qaradi: Koʻzlari kirtaygan, yoqasi kirlagan, soqoli oʻsgan. Shohida uyalib ketdi:
— Xayolimda... biznikida toʻy boʻlayotgan emish. Siz... boshqa bir kelinchak bilan toʻrda... bosh egib turipsizlar, - dedi Shohida oʻzini bosib olgandan keyin. – Oʻrnimga olgan yangi xotiningizga qarab, alam oʻtib yigʻlayotgandim, siz... – Shohida shirin jilmaydi.
— Olib bergan xotining chiroylimi?
— Juda ham. Sizga yoqdi! – Shohida davom etolmadi, yana kelinchakka rashki qoʻzidi
— Menga balki... faqat sen kerakdirsan. Balki men faqat sen uchun... – Uning sokin ovozi Shohidaning vujudini jimirlatib, rohatli boʻshashtirib yubordi.

Oʻshanda aytgan edi-da, «toqqa, lola sayliga chiqamiz» deb.

Uni yana bir marta qattiq ovora qilganini eslaydi. Gipsni olganlaridan keyin darrov yaxshi yurib ketolmas edi. Shuning uchun qoʻltiqtayoq kerak edi. Vrachlar buyurgandan keyin rosa bir hafta izlapti. U shahardan – bu shaharga dorixonama-dorixona izlab ketaveripti. Oxiri hafsalasi pir boʻlib, qaytib kelsa, oʻzlarining Barlosidagi kichikkkina dorixonaning bir burchagida ikkitasi sakkiz yildan beri xaridor chiqmay, chang bosib yotgan ekan. Olasolib, Samarqandga joʻnayveripti.

Oʻshanda yana aftodahol, lekin baxtiyor holatda kirib kelgandi.

Birinchi marta oyoqqa turganichi? Xuddi goʻdak endi qadam tashlayotgandek. Vrach bilan U ikkovlon ikki qoʻltigʻidan tutishdi. Oʻz oyoqlaring bilan yurish qanchalar katta baxtligini yolgʻizgina Shohida biladi. Bemalol qadam bosadigan boʻlgancha U yonidan ketmadi. Shohidaning Unga rahmi kelar, uyda qaynonasi bolalari bilan juda qiynalayotganini bilar, lekin uni yonidan ketkizishni istamasdi. Ayni daqiqada Shohidaga qoʻltiqtayoqdan ham koʻra koʻproq Uning oʻzi kerak edi.

Bir yil deganda kasalxonadan uyga javob berishdi. Vrachlar Shohidani sanatoriyga joʻnatishni maslahat berishgandi. Avvalgiday kuchga kirishi uchun sanatoriy sharoitida davolanishi shart ekan. Oʻshanda Norxolning onasi, yana Usmonga oʻxshaganlar: «Sanatoriyda xotinlar unaqa boʻlib ketadi, bunaqa boʻlib ketadi...», deyishaversa, U ancha oʻylanib qolipti. Oxiri koʻnglidagi hamma gumonlarini yengdi.

Muharram sanatoriyga Shohidadan sal oldin kelgan. Shu yerdayoq (oʻzining aytishicha) ikki-uch yigitni telba qilipti. Kasalxonaga tushgandan keyin «sil boʻlding», deb eri tashlab ketganmish. Shuning uchun jamiki erkak zotini koʻrarga koʻzi yoʻq edi. Fikri-zikri tugʻri kelganini boplash. Xushbichim juvon boʻlgani uchun sanatoriyda ancha xushtorlar orttirgan, ataylab, birini ikkinchisiga tezlab, urishtirib, oʻzi huzurlanib yurardi.

Muharram Shohidaning hikoyasini maroq bilan tinglasa-da, Obloquldek yaxshi odamlar borligini tan olgisi kelmasdi. Bu Shohidaga yana-ada xush yoqar, Uning aziz kishisi borligidan faxrlanardi. Muharram esa koʻp oʻylanadigan boʻlib qoldi. Shohidadan takror-takror Obloqul haqida soʻrar qanday xabar olganlarini, dori izlaganlarini juda aniq bilgisi kelardi. Muharram asta-sekin Shohidaga bogʻlanib borar, ilgari koʻchaga sudraydigan boʻlsa, endi palatada oʻtirib, uzoq suhbatlashardi. Gap qayoqqa aylanmasin, oxir-oqibat Unga taqalar, keyin xayol surib oʻtirib qolardilar. Xat orqali Uning suratini olishdi. Suratdagi koʻzlari mehribonlik bilan tikilib turgan yigitga Muharram uzoq tikildi.Koʻnglidan koʻp narsalar oʻtayotganini tushunib, Shohida indamasdan kuzatdi. Muharramning qoʻllari titrardi. Surat polga tushib ketdi. Ammo Muharram buni sezmadi. Shohida dugonasining holatidan koʻngli buzilib, qimirlolmay oʻtiraverdi. Muharramning boshi egilgan, koʻzlarini tuman qoplagan.

Yoningdagi kishi ham chekayotganini koʻrsang, aslo kulib oʻtolmaysan. Uning gʻami zarracha boʻlsa-da, senga ham koʻchadi. Shohida Muharramni tashlab ketgan abevafoni juda yomon koʻrib ketdi. Yomon koʻrish – oddiy munosabat! Nafratini ifodalashga soʻz yoʻq. Balki oralaridan biron gap oʻtgandir, ammo qaysi mard erkak xotinini qiyin ahvolda kasalxonada yotganida tashlab ketadi. Xotin degan insonga aynan oʻsha vaqtda er tayanchi, mehri, sadoqati kerak-ku!

Nihoyat Muharramning dardi bir oz kamaydi, shekilli, suratni qidirdi. Xijolatlik bilan poldan avaylab olib, puflab, Shohidaga tutarkan:

— Siz juda baxtiyorsiz! – dedi. Koʻzlarida yosh gʻiltilladi. Kafti bilan yoshini artdi-da, oʻzini oqladi. – Koʻnglingizga kelmasin, men shunchaki... Hali koʻrasiz, menga ham Obloqul akaga oʻxshagan yigit uchraydi. Uchramasa, oʻzim izlab topaman! –Muharram kulimsirashga harakat qildi. Oʻshanda sizga suratini yuboraman. Mana koʻrasiz!