OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiAtlas roʻmolcha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Atlas roʻmolcha (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Qodir doʻsti Alibek bilan ikkovi ikki eshakda oqshom qoʻshni qishloqqa joʻnashdi. Dilbar «chiqaman», depti.

Dilbar Qodirlarga uzoq qarindosh. Qodirni oʻtgan yili otasi «falonchilar qarindoshimiz, koʻrib, bir oqshom mehmon boʻlib kel», deya Dilbarlarnikiga joʻnatgandi.

Oʻshanda Qodirni oʻninchi sinfni bitirayotgan Dilbarning oʻzi kutib olgandi. Dasturxon yozdi, choy damladi. Istarasi issiqqina ekan, nuqul jilmayadi. Non sindirsa ham, choy quysa ham, oʻtirsa ham, tursa ham, yursa ham nuqul «Qodir aka! Qodir aka!», deydi, bidillaydi. Gapdan tinmaydi. Qodir ham nimadir demoqchi boʻladi, ammo koʻzlari toʻqnashdi deguncha gapini yoʻqotadi. Dilbar esa: «Qodir aka, siz adabiyotchisiz, yaxshi bilasiz. Men uncha tushunmadim, sizning fikringiz qanday?» deb allaqanday asarlar haqida soʻraydimiey. Qodir til va adabiyot fakulteti studenti boʻlgani uchun ham «adabiyotchi» sifatida allanarsalarni gʻoʻldirashga urinadi..

Nihoyat kechga tomon Dilbarning ota-onasi ishdan qaytib keldiyu, Qodir «adabiyotchi» azoblaridan qutuldi. Shunda ham har safar Dilbar ichkariga kirganda Qodirga eski qadrdonlarday iliq nazar tashlaydi. Qodir ham oʻgʻrincha unga qaraydiyu, yana koʻzlarini olib qochib, Dilbarning otasining gaplarini diqqat bilan tinglayotgan kishiday tutadi oʻzini. Gaplarini ma’qullab bosh irgʻaydi. Aslida Dilbarning otasi nima deyapti, oʻzi nimaga bosh silkiyapti - bilmaydi. Fikru-yodi Dilbarda.Dilbar Qodir bilan birga institutda oʻqiydigan, oʻzini bilimdon hisoblaydigan olifta qizlarga mutlaqo oʻxshamaydi. Soddalikning oʻziday sodda! Goʻzallikning oʻziday goʻzal! Shodlikning oʻziday quvonchga toʻla! Istarasi issiqligini aytmaysizmi.

Qodir uch yildan beri Samarqandda oʻqiyotgan boʻlsa-da, hali biron qizga qayrilmagan, biron qiz uchun yuragi jizillamagan edi. Bugun ana shu narsa yuz berganday, lekin... Dilbar hali oʻninchi sinf oʻquvchisi-ku, degan andisha, «otam meni bu yerga bir baloni boshlash uchun emas, balki qarindoshlarni koʻrib kelish uchun yuborgan», degan oʻy uni mahkam tutib turardi. Toʻgʻri-da, mehmon izzatini bilgani yaxshi...

Keyin Qodir qarindoshlarinikiga bormay qoʻydi. Ammo oʻshandan beri qarindoshlari otasi bilan serqatnov. Qodir shanba kunlari tahsildan qaytib, uyda ikki qarindosh hangomalashib oʻtirganini bir necha bor koʻrdi. Har safar koʻrganda qaynotasi bilan yangi uchrashgan kuyovday uyalib ketadi. U kishi ham Dilbar kabi Qodirga sinchkov nazar soladi. U-bu narsalarni soʻrab, gapga tutadi. Qodir Dilbarni sogʻinar, ammo u tomonlarga borishga yuragi betlamasdi. Ba’zan ota-onasi: «Dilbar boʻy yetib, oʻktamgina qiz boʻpti. Sovchilar kelayotganmish», deganga oʻxshash gaplarni aytishar, aytshardi-da, kishi bilmas Qodirni kuzatishardi. Qodir esa... nimasini aytasiz, keyingi ikki oy davomida ota-na rostakamiga Dilbarni kelin qilish taraddudiga tushishdi. Alibekdan soʻrashsa: «Dilbar boʻladigan boʻlsa soʻrab oʻtirmang. Jon deydi. Oʻzi oʻlib yuripti, qanday aytsam ekan deb» , depti.

Xullas, Alibek ishni pishitgan. Oxirgi safar kelsa, ota-ona non sindirishga Dilbarlarnikiga ketipti. Xabarni eshitib, hatto oʻzidan bir ogʻiz soʻrashmagan boʻlsa-da, Qodir lab-lunjini yigʻishtirib ololmay qoldi. Qiziq. Qodir Dilbarga er boʻlishi kerak. Ota-onalarkelishishgan. O-o! Qanday yaxshi! Yuragi toshib boryapti. Yugurib hovliga chiqsayu, ovozi yetgancha, charchagancha baqirsa: «Dilba-aar! Menim Dilbarim!» oʻziyam odamlar jinnimi bu deyishsa kerak. Yo koʻchaga chiqib, charchagancha yugursamikan? Nimadir qilish kerak-da. Boʻlmasa hozir yuragi yorilib ketadi. Endi Dilbar albatta Qodirning xotini boʻladi. «Mening xotinim!» Qodir shunday oʻylarkan, xonada bir oʻzi oʻtirgan boʻlishiga qaramay, sharaqlab kulib yubordi. Bunaqa oʻylashning oʻzi qiziq. Nogoh Dilbar bilan uchrashgisi kelib qoldi. Endi bemalol,.. Oʻziniki-ku axir! Kimning nima haqqi bor oʻrtalariga gʻov boʻlishga! Axir birgalikda kelajakni rejalashtirib olishlari kerak-ku, birga yashaydigan boʻlgandan keyin. Xullas, gaplashib olish kerak. Tezroq. Toʻygacha. Ikkovi yonma-yon qoʻl ushlashib anhor yoqlab yurishsa... keyin majnuntol tagida oʻtirishsa... yelkalari yelkalariga tegi-ib! – Qodir shirin entikdi. Aytadigan gaplari shunaqa koʻpki! Bir yildan beri toʻplagan. Axmoq boʻlmasa, kallasini ishlatmaydimi, otam nega yubordi, borganimda uyda nega Dilbar bir oʻzi edi, deb oʻylamaydimi. Qarindoshlar nega serqatnov boʻlib qoldi, demaydimi. Xullas, otalar kelishishgan, ishni pishitishgan... Yaxshiyam ota-onasiyu, Alibek doʻsti bor ekan. Agar «shu qizga uylantirsakchi», deb oʻzidan soʻrashganda naq yuragi yorilib oʻlgan boʻlarmidi. Toʻydan keyin Dilbarni qanday chaqirarkan? «Dilbar» debmi? «Xotin» desa-chi? Otasi onasini Qodirning ismi bilan chaqiradi.Ammo bu odat Qodirga ma’qul emas. Qodir zamonaviy yigit, eskicha odatlarga oʻralashmaydi. Dilbar deb chaqirsa. Qanday yaxshi ism: «Dil-bar!» Yaxshi! Axir ota-onasi ataylab shunaqa ism qoʻyishgan, chaqirishsin deb. Nega hamma Dilbar deydiyu, Qodir bunday baxtdan bebahra boʻlishi kerak? Adolatsizlik bu! «Dil-bar! Dilba-ri - jon! Sarvi-ravon! Oromi-jon!» – Qodir shu qoʻshiqni eslab, ijrochilarga rashki keldi. Nega ular Qodirning Dilbarini qoʻshiqqa solishadi axir? Dilbar birgina Qodirga tegishli, vassalom! – Qodir bilaklarini ushlab koʻrdi. – Baquvvat!. Kuchi koʻp. Har qanaqa qoʻshiqchining kunini koʻziga koʻrsatib qoʻyishi mumkin...
— Yarimta qoʻyasanmi yoʻqmi, - deya Alibek kelib qoldi.
— Alibek, men senga bitta emas, bir yashik aroq quyaman, - deya Qodir doʻstining qoʻllaridan tutdi. – Bir ilojini top, meni Dilbar bilan uchrashtir. Ertaga Samarqandga ketaman. Yanagi shanba kuni kechga, xoʻpmi?

Alibek hozir Qodir uchun Xoʻjai Xizr bobodan ham a’loroq edi. Qizlar bilan uchrashish, sevgi bobida Alibekning tajribasi katta. Bir haftani bir amallab qaytsa... Alibekning singlisi olti oy avval Dilbarlarning qishlogʻiga kelin boʻlib tushgan edi, ikkovi dugona emish. Xullas, oʻsha gaplashipti. Dilbar , kelsin, chiqaman, depti. Mana, ikkovi yoʻlda. Mototsikl tarillab bildirib qoʻyishi mumkin. Shuning uchun Toshtemirga aytishmay, ikkovlon eshakda kechlatib yoʻlga tushishdi. Qolaversa, Dilbar «ehtiyot boʻlsin», deya tayinlaganmish. Dilbarga oshiq yigitlar qishloqlarida koʻpmish... Xullas, ehtiyot boʻlgan yaxshi-da! Har qalay besh chaqirim yoʻl, piyoda charchab qolishlari mumkin, shuning uchun eshakni tanlashdi. Shu taxlit ne-ne tunlarda somon oʻgʻirlikka borishgan. Juda, eshak minish gʻayri odat narsa emas...

Dilbar katta koʻchaning oʻrtasida intizor boʻlib ularni kutayotgan boʻlsa. Uzoqdan koʻringandan «Qodir akajon!» deya qichqirib, peshvoz yugursa. Yo qichqirmay, shvirlagani ma’qulmikan? Nafasi ichiga tushib, shodlikdan oʻzini yoʻqotib, turgan joyida qotib qolsa. Turgan joyida qoʻllarini Qodir tomon choʻzsa. Qoʻllaridagi qizil durrasi shamolda bayroqday hilpirasa. Qodir eshakdan tusha solib, Dilbar tomon yugursa. Ikkovi bir-birining bagʻriga otilsayu, Dilbar oʻziga hadya etilgan baxtni koʻtarolmay, Qodirning yelkasiga bosh qoʻygancha, hoʻngrab yigʻlab yuborsa. «Boʻldi, boʻldi,jonginam! Mana, men sening yoningdaman!» desa Qodir uni yupatishga urinib, oʻzi ham yigʻlamoqdan beri boʻlib.

Ovutsa. Erkalasa. «oʻzimning Dilbarginam!» desa. «Men seni sevaman. Endi bir umr birga boʻlamiz», desa. «Biz baxtlimiz», desa. Voy-buy, baxtl kishi ham yigʻlaydimi, deya Dilbarni uyaltirsa. Yoki hech narsa demay, Dilbarni bagʻriga bosgancha jim turavergani ma’qulmikan. Qiz bolaning yigʻlagisi kelganda toʻyib-toʻyib yigʻlab olgani ham yaxshi-da! Dilbarni koʻksiga mahkamroq bosib, uning qop-qora qalin sochlarini silasa, boʻynidagi mayin atir hidini hidlasa. Shu payt eshagi hangrab yuborsayu, Dilbar choʻchib tushsa...

Dilbarlarning qishlogʻiga yaqinlashaverdilar hamki, Qodirni titroq tutdi. Tishlari takilladi. Iliq may oqshomi. Koʻchaga chiqsang chiqquday, sayr qilsang qilguday xush havo. Qodir esa qaltirardi. Alibek kular «buni sevgi deydilar, ogʻayni! Ishqilib, Dilbarning yoniga borganda tildan qolmasang boʻlgani», deb vijillardi. Alibekning aytishicha, Dilbar juda yaxshi qizmish. Singlisi shunday deganmish. «Qodir akam! Qodir akam», deya ogʻzidan bol tomarmish. Alibek singlisiga tayinlab qoʻygan ekan, singlisi ham Qodirni Dilbarga rosa maqtapti. «Lenin stipendiati, institutni qizil diplom bilan bitiryapti. Alibek akamning sinfdoshlari orasida eng zoʻr yigit shu kishi», deganmish. «Yolgʻonni xudoning oʻzi kechirsin. Shu gaplarim rostmi oʻzi?» deb soʻraydimiey Alibek yoʻl-yoʻlakay. Qodirning yuragiga esa shu topda hech narsa sigʻmasdi. Qolaversa, amallab oʻqiyapti. Olganlari asosan «yigitning bahosi». Qishki sessiyadan bitta qarzi ham bor.

Dilbarlarning hovlisi qishloqning chetrogʻida, suvsiz soy boʻyida edi. Enish joy boʻlgani uchun tomorqa hovli baravar koʻtarilib, tomorqaning oxiri – soy tarafda baland uvat hosil boʻlgandi. Ikkovlon eshaklarini qishloq chetidagi terakzorlar orasiga arqonlab, uvat panasiga pisib kelishdi-da, oʻgʻrincha hovliga koʻz tikishdi. Dilbar hovlidan goh ichkariga, goh oshxonaga tovo-kosa koʻtarib tez-tez oʻtar, kishi bilmas uvat tarafga nazar tashlab qoʻyardi. Hovlida boshqa hech kim qolmaganda Alibek ikki barmogʻini ogʻziga tiqib, hushtak chaldi. Dilbar taqqa toʻxtaganini koʻrib, Qodir jonholatda oʻzini uvatning panasiga tashladi.
— Esing joyidami oʻzi? – deya Alibekni ham silkib oʻtirgʻizdi. – Oyning yorugʻini qara! Koʻrib qolsa nima boʻladi?
— Ha-a, - dedi Alibekning hafsalasi qaytib. – Nimaga qaltiraysan?
— Otasimi, onasi bilib qolsa, keyin men sharmanda boʻlaman! – dedi Qodir zarda qilib.
— Yurakdan bergan ekan-da oʻziyam! – Alibek qoʻl silkidi. Unashtirilgan boʻlsalaring. Erta-indin u xotining boʻladi. Nimadan qoʻrqasan?Men sening oʻrningda boʻlganimda Toshtemirning mototsikliga minardim-da, toʻppa-toʻgʻri hovlisiga kirib borardim. «Assalomu alaykum, qaynota! Kechirasiz, ruxsat bersangiz, Dilbar bilan bir sayr qilib kelsak», derdim. Ruxsat berishiga ham qarab oʻtirmay, Dilbarni orqamga oʻtqazardim-da, mototsiklni tarillatib, hovlidan chiqib ketardim. «Bobbi»ni koʻrganmisan. Oʻsha kinodagiday yurardim men. I-i, qara, qara! Dilbaring kelyapti.

Orzuga aylangan nomni eshitib, Qodir sergak tortdi.

Hovli oralab ular tomonga shipillagancha Dilbar kelardi.

Qodir qotdi-qoldi. Bir qadam peshvoz yurishga, bir ogʻiz soʻz aytishga holi yoʻq. Gʻaribona mungʻaygancha, qayoqqa qocharini bilmay, atrofga qaradi, yerga qaradi, Dilbarga qaradi, Alibekka qaradi. Alibek esa... yoʻq. . Yerga kirganmi, osmonga uchganmi,.. Alibek yoʻq. Uning yoʻqligini bilib, Qodirning tizzalariga qadar bukilib ketdi. Qoʻllariga, barmoqlariga titroq kirdi.
— Assalomu-alaykum, - dedi Dilbar, oy yogʻdusida tishlari yarqillab.

Qodir salomga bosh qimirlatib soʻzsiz alik oldi .
— Yaxshimisiz? – Dilbar koʻrishish uchun qoʻl uzatdi.

Qodir garangsidi. Qoʻlini choʻzarkan, nimalardir deya gʻoʻldiradi.
— Bir nima dedingizmi, Qodir aka?
— Ha, ha, - dedi Qodir jim turmaslik uchun, - havo biram yaxshi.- e’tibor qilsa, Dilbar uni diqqat bilan tinglayapti. Sal oʻzini oʻngladi. – Yulduzlar charaqlaydi, -dedi osmonga qarab.

Dilbar baxtiyor jilmaydi.
— Oyga qarang, qanday chiroyli! – dedi Qodir va shu zahoti oʻzdan ijirgʻanib ketdi. Gaplari nihoyatda sun'iy chiqayotganini sezib qoldi. Alibek qayoqqa yoʻqoldi? Shunaqa payti yonida turmasa, nega birga keldi oʻzi u ablax! - Dilbar, siz shoshmay turing, men Alibekni topib kelay. – Xayoliga shu fikr kelganidan oʻzi ham quvonib ketdi.
— Men ham ketishim kerak, - dedi Dilbar issiq jilmayib. Va Qodirga qoʻlda tikilgan hoshiyali atlas roʻmolcha tutqizdi: - Mendan sizga sovgʻa!
— Meniyam sovgʻam bor. – Qodir oʻzini tutib oldi-da, choʻntagidan «Krasnaya Moskva» duxisini chiqarib berdi.
— Rahmat! – Dilbar duxini hidlab koʻrdi, keyin – yaxshi yetib olingizlar, - degancha uvatdan oʻtib, uy tomon yugurib ketdi

Qodir oʻpkasini bosgancha Dilbarning ortidan tikilarkan, nogoh roʻmolchani lablariga bosib turganini, oʻpayotganini anglab qoldi. Roʻmolchada qandaydir yozuvlar bor edi. Oy yorugʻida oʻqisa ham boʻladi shekilli. She’r:

«Eng yaxshi odamga aylanib qolaman,

Siz meni koʻrgani kelgan kun».

Qodirning yuragi orziqdi. Roʻmolchaning chetidagi «Q+D» degan yozuvga koʻzi tushganda baxtiyorligining cheki yoʻq edi.Dilbar tomonga cheksiz minnatdor bir alfozda qaradi. Dilbar hovliga yetgan edi. Hovlida hech kim yoʻqligiga amin boʻldi shekilli, yana uvat tomonga oʻgirilib, oʻgʻrincha qoʻl silkidi.

Qodir ham u tomonga javoban qoʻl silkiyotgandi, qanday yoʻqolgan boʻlsa, shu taxlit paydo boʻlgan Alibek qoʻlidan tutdi.
— Bari bir koʻrayotgani yoʻq. Boʻl, ketdik. Uch-toʻrt bola terakzor tomonga oʻtib ketdi. Yur tez, tagʻin eshaklardan ajrab qolmaylik.

Qodir hozir Alibekning bunaqa gaplarini anglaydigan holatda emasdi. Mast edi. Judayam qattiq mast edi. Umridagi birinchi uchrashuv! – U roʻmolchani yana lablariga bosdi. Yana qoʻllarig olib, she’rni oʻqidi. Yozuvga koʻz yugurtdi. Roʻmolchada atirning hidi bor. Atirningmi yoki Dilbarning? – Qodirning boshi aylandi, koʻzi tindi. Asta ortiga oʻgirilib, Alibekka «sen boraver, men keyinroq», dedi. Alibek toʻngʻillab joʻnadi.Nima boʻlganda ham Qodir yolgʻiz oʻzi bir muddat baxtini hazm qilib olmoqchi edi-da.Qancha turgani esida yoʻq, nihoyat terakzor tomon joʻnadi. Alibek uni kutaverib, diqqinafas boʻlib ketgandir. Lekin terakzorda eshaklar koʻrinmasdi. U yoqqa oʻtdi, bu yoqqa oʻtdi, nima balo, Alibek ketib qoldimikan, meni tashlab, deb achchiqlandiyam. Bir payt bir chetda oʻzi minib kelgan eshakning toʻqimiga koʻzi tushdi. – Yerda sochilib yotardi. Toʻqimning yonida ayili. Qodir qoʻrqib ketdi. «Alibek, bormisan?», deya past ovozda chaqirdi. Shu asnoda orqa tarafida birov boʻgʻiq xirqiraganday boʻldi. Jon-poni chiqib, oʻgirilsa, Alibek bir terakka qapishib turardi!! Yugurib bordi... Besh-oltita bola Alibekni eshakning arqoni bilan avval oyoq-qoʻlidan bogʻlashipti, keyin ikkinchi eshakning arqoni bilan terakka chirmab tashlashipti. Ogʻziga eshakning toʻqimidan bir parchasini tiqishipti, «senmi Dilbarni oladigan», deb...

Ertasiga Barlosda «eshak oʻgʻrilari chiqipti», degan gap ovoza boʻldi. Falonchi-falonchilarning eshaklarini toʻqimigacha ustiga bosib, kechasi oʻgʻirlab ketishganmish.

Shundan soʻng hamma kechasi eshagini molxonaga qamab, molxonani qulflab yotadigan boʻldi.