OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiHayotning bir lahzasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hayotning bir lahzasi (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Oxun bu toʻgʻrida avval ham oʻylagan, bir-ikki marta bormoqchi ham boʻlgan, ammo yuragi dov bermagandi.

U beva haqida har xil gaplar yurardi. Nazokatni aytyapti. U ilgari shaharda yashardi. Qishloqda onasi bor. Nazokat har hafta onasinikiga kelib turardi. Har safar har xil odamlar uni oʻzlarining yengil mashinalarida olib kelib, olib ketishardi. Shofyorlarning ham koʻpi yaxshi tanirkan. Birga yoʻlga chiqib qolgan odamlar aytishadi. Koʻchada koʻrindi deguncha u shofyor ham kabinadan boshini chiqarib: «Nazokat opa, olib ketaymi?», deb ishshayarkan, bu shofyor ham.

Bahorda Nazokat qishloqqa koʻchib keldi. Birovlar Nazokatni eri haydab yuborgan, deydi. Boshqalar, oʻynashi bilan qoʻlga tushganmish, deydi. Ishqilib, qishloqda Nazokat haqida turli mish-mishlar koʻp. Xoʻjalik Nazokatga alohida uy berdi. Hozir boʻlimda bugʻaltir boʻlib ishlayapti. Nazokat negadir qishloq odamlari bilan unchalik ochilib gaplashmaydi. Oʻzini katta oladimi yo boshqa sababi bormi, ishqilib, har kim bilan gaplashavermaydi. Mabodo ish yuzasidan lozim boʻlib qolsagina savol-javob qiladi. Birov bilan gaplashsa, xuddi har bir soʻzini qarzga berayotganday, qiynaladi. Bir marta Oxun yarim oyda qancha ishlaganini, necha pul olishi kerakligini bilmoqchi boʻlib borgan edi. Nazokat Oxun bilan chimirilib gaplashdi-yu, biroq narigi yonida oʻtirgan bosh bugʻaltirga qaraganda ovozi u yoqda tursin, yuzigacha mayinlashib ketdi. Odamning basharasi ham shunaqa tez oʻzgararkan. Nazokat kelganidan beri bosh bugʻaltir ham boshqacha boʻlib qolgan. Asli qoʻpol odam, xodimasi bilan soʻzlashganda biram muloyimlashadiki. Odamning kulgisi qistaydi.

Nazokatning oʻzi zoʻr narsa. Koʻrgan erkakning koʻngli bir orziqadi. Yoshi oʻttizdan oshsa ham koʻrinishi turmushga chiqmagan oʻn sakkiz yashar qizday. Mish-mishlarga qaraganda, u erkaklarni tanlab-tanlab yurarmish. Oxunga oʻxshagan ketmonchiyu-traktorchilarni yaqiniga yoʻlatmasmish. Hozir ham ba’zi tanishlari kechalari oʻz mashinalarida kelib turisharkan. Koʻrgan-bilgan qoʻshnilarining gapi bu. Shuni oʻylab, mashinasi yoʻqligi ba’zan juda alam qilib ketadi. Hozir har bir doʻkondorning ham bittadan mashinasi bor. Uncha-muncha odamlarni nazar-pisand qilishmaydi. Hech boʻlmaganda doʻkondorlikka oʻqimaydimi? Nazokatning eshigigacha mashinada borardi.

«Salom, Nazokatxon, - derdi, - mana, ahvolingizdan xabar olgani keldik».

«Keling, keling», - derdi u jilmayib.

Keyin ikkovlari ichkariga kirishadi.

«Men bu onni anchadan beri kutaman», - derdi Oxun toʻlib.

«Men ham sizni qachon kelarkansiz, deb intizor boʻlib kutayotgan edim», - derdi Nazokat.

Keyin… Ha, Oxun Nazokatni koʻp oʻylaydi. Oʻylamayin, desa ham boʻlmaydi. Toʻrtta erkak yigʻilsa, darrov Nazokatni gʻiybat qilishadi. Unaqa emish, bunaqa emish. Unisi bilan unday ish qilipti, bunisi bilan bunday ish qilipti. Hamma gapiravergandan keyin ishonmayman degan gapingga ham qanday ishonganingni bilmay qolarkansan.

Bugun qoʻshnilarnikiga molxonasining tomini suvashga hasharga borgan edi. Besh-olti kishi bir yarim soat ishni bitirishdi. Ilgak tomning ustida turib, ilgakli arqon bilan paqirdagi loyni tortib olayotganda: «Yaxshilab tort, boʻyrdoq yigitsan-ku, - deb qoldi bittasi. – Yo kuchingni Nazokatnikiga tashlab kelyapsanmi?»

Shundan keyin boshlandi… Biri u dedi, biri bu dedi. Keyin hashar oshi yeyishdi. Oralarida boʻydoq yigit bitta oʻzi ekan, hammasi oʻrtaga oldi.
— Ye, toʻyib yeb ol. Biz seni bilamiz, bari bir oqshom Nazokatnikiga borasan. Borgandan keyin zoʻr boʻlib borish kerak, - deb hazil qilishdi.

Albatta, ular hazilning chinga aylanishini bilmasdilar. Oxun nimalarni oʻylayotgani xayollariga kelmagan. Shunchaki oʻtirish qizishi uchun gap kovlashardi.
— Oʻzi qurgʻur yaxshi narsa-da, - dedi bittasi.

Bilmasdiki, aynan Oxunning koʻnglidagi gapni aytyapti. Bilmasdiki, Oxunning yuragini oʻrtayapti. Bilmasdiki, Oxun oʻtirish tugagandan keyin toʻgʻri Nazokatnikiga ketadi. U shunchaki bir omadi gapni aytardi.
— Sen, bola, yashiryapsan, - dedi haligi kishi yana Oxunga koʻzlarini ayyorona tikarkan. Nigohida: «Ha-a, men seni bilaman. Koʻnglingdan nima kechyapti, koʻrib turibman, ayt, ayt, nima darding bor, hammasini ayt», deyayotganday boʻlardi. Aslida, shunchaki Oxunning boʻydoqligi, kerak boʻlsa, Nazokatga oʻxshaganlarnikiga bemalol bora olishi mumkinligidan, buning uchun xotini, bola-chaqasi xalal bermasligin oʻylab, hasad aralash havasi kelayotgandi.

Tarqalishayotganda Oxun odamlar shubha qilmasligi uchun oʻz hovlilariga kiri. Koʻchada hech kim qolmagandan keyin toʻgʻri Nazokatnikiga ravona boʻldi. Nazokatning uyiga yaqinlashgan sari yuragi hayajondan qattiq dukillab ura boshladi. Xonalarining chirogʻi oʻchgan. Uxlab qolganmikan yo hali uygʻoqmikan? Oxunni qanday kutib olarkan? Eshigini ochib kirganda Nazokat yotgan joyidan koʻtarilib, ustidagi koʻrpani ochib tashlasa, yuziga baxtiyorlik yoyilib: «Keling, Oxunjon! Men sizni kutyapman», desa. Oxun oʻzini kelishgan juvonning bagʻriga otsa. Ertalabgacha uxlashmasa. Tong oldidan ostonada xayrlashishsa:

«Xoʻp, endi boring, odamlar koʻrib qolmasin, - desa Nazokat, ammo qoʻllarini qoʻyib yubormasa. Xumor koʻzlarini tikib: - Bugun oqshom yana keling. Xoʻpmi?!», desa noz bilan.

«Xoʻp!» - desa Oxun.

«Tagʻin aldab ketmang, - desa Nazokat erkalanib. – Siz erkaklarning shunaqa odatingiz ham yoʻq emas».

«Ishoning, kelaman, men sizni hech qachon aldamayman».

«Sizni hech ketkizgim kelmayapti», - deya Nazokat yana uning boʻyniga osilsa… Zoʻr boʻlardi. Ehh!

Oxun harbiy xizmatni oʻtab keldi. Baholi qudrat xoʻjalikda ishlayapti. Topish-tutishi yomon emas. Otasi esa qoʻliga pul tushdi deguncha ichadi. Shuncha yildan beri birga yashab, onasi mast odam bilan gaplashishini bilmaydi. Onasi otasini indamasdan olib kirib yotqizish oʻrniga, darrov: «Yana ichib keldingizmi? Bolalaringizni oʻylamaysizmi? Qirilgur! Shoʻringga shoʻrva toʻkilgur!», - deb qargʻanaveradi. Qaysi mastga ortiqcha gap yoqadi? Otasi onasini quvadi, qoʻliga tushgan narsasini olib otadi, uydan haydab chiqaradi. Kichkinaligida Oxunlarni ham qatorlashtirib uraverardi.