OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiIsmatning qismati (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ismatning qismati (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Trestdan xafa boʻlib chiqdi u: «…shunaqa, Ismatvoy, - deyishdi, - intizom qattiq bizda, - ertalab soat sakkizdan kech soat…» Tagʻin maoshi sakson soʻm emish. Bor-yoʻgʻi sakson soʻm, a? Institutni bitirgan boʻlsa-ku, keyinroq kattaroq bir ishga koʻtarilish mumkin edi. Oʻrta maxsus ma’lumoti bilan… umri yugurdaklikda oʻtib ketadi endi. Hali ham kech emas. Politexnika institutiga kiradi. E-e, onasi omon boʻlsin. Ham uni uylantirmoqchi, ham uy olib bermoqchi. Bugun xoʻroz qichqirmay turib, Barlosga ketgan. Oʻsha qishloqda Ismatning xolasi turadi. Xolasining oyday qizi bor. «Shuni olib beramiz, shu qishloqda yashaysan. Rayonga qatnab ishlayverasan», degan onasi. «Ichkuyov boʻlib, a?» - «Nega endi? Rahima xola degan uyini sotayotgan ekan…» . «Shuni olib berasizmi?» - «Ha». Ana shunaqa. Diploming boʻlsa, ishing, uy-joying, tagʻin oyday xotining ham boʻlsa, yana nima kerak oʻzi? Yap-yangi kostyum kiyib, galstuk taqi-ib yuradi. Boradi, sakkiz soat ishlaydimi, yoʻqmi, qaytib kelaveradi.

Asli… trestdagilar koʻpdan mushtoq boʻlib kutayotgandek, nazarida quchoq ochib qarshi oladigandek tuyulgandi. «Keling, keling, Ismatjon!», deya qoʻshqoʻllab koʻrishib, toʻrdagi kresloga oʻtiring, deyishsa. «Bizga sizday mutaxassis yigit juda kerak-da», deb rosa quvonishsa. Birdan boshliqqa muovin qilib qoʻyishmas-ku-ya, har qalay u martabaga chiqish uchun bir yil-yarim yil ishlash kerak, lekin… «Siz uchun atay katta bir boʻlimimizning mudirligini saqlab turgandik, endi shu boʻlimni oʻzingiz koʻtarib berasiz. Qoʻl ostingizda besh-oltita xodim…», deyishsa. Ismat kamtarlik qilsa, odob yuzasidan: «Yoʻq, yoʻq, sizlar nima deyapsizlar oʻzi? Bizda tajriba boʻlmasa. Kuni kecha diplom olgan boʻlsak, axir bu lavozim… ogʻirlik qilar», desa. «Eplayolmayman», demasa. Aynan «ogʻirlir qila-ar», desa. Ular: «Biz sizga ishonamiz. Siz yosh, sergʻayrat, nazariy jihatdan, xoʻ-oʻsh yaxshi qurollangan yigitsiz. Axir ishning ogʻirini si qilmay, biz qilaylikmi?», deyishsa. Shunda Ismat tang ahvolda qolganday, oʻziga ishonch bildirgan boshliqning gapini ikki qilganidan goʻyo mulzam boʻlayotganday, yerga qarasa. Oʻzini, endi nima qilsam ekan, deya oʻylayotganday koʻrsatsa. Boshliq: «Tashvishlanmang, uka! Biz ham chetda qara-ab turmaymiz. Koʻmaklashamiz, ishni eplab ketasiz!», deb yana qiyin-qistovga olsa. Axiri Ismat boshini koʻtarsa-da, noiloj roi boʻlganday, uff tortsa. «Sizday rahbar shunday deb turgandan keyin…», desa. Boshliq: «Barakalla! Oʻgʻil bolacha gap boʻldi bu! Qani yuring endi, xodimlaringiz bilan tanishtiray», desa. Keyin boshliq oldinda, Ismatboy keyinda, seki-in boʻlimga kirib borishsa. Xodimlarning har biri oʻrnidan turib, ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib, u bilan soʻrashsa. Boshliq: «Tanishinglar – yosh, sergʻayrat bu yigit bugundan boshlab sizlarning mudiringiz – Ismat Sa’dullaevich!», desa. Qarsaklar yangrasa, Ismat nimtabassum bilan har bir xodimga rahmat, rahma-at, deganday, yengilgina bosh silkib qoʻysa. Yoki qovogʻini solib turgani ma’qulmi? Yoʻgʻ-e, birdan, qolaversa, boshliqning oldida qovoq solish odobdan emas… Xullas, yarim yil oʻtar-oʻtmas boliq boshqarmaga koʻtarilib ketsayu, oblastdagilar: «Ismat Sa’dullaevich! Gap bunday: biz sizga ishonamiz… «yoʻq» demang. Bu trestni sizdan boshqa hech kim eplab ololmaydi!», deyishsa…

Ismat, choʻntagida yoʻllanma, xayolida – ana shunaqa oʻylar, oʻpkasini qoʻltiqlab azonda trestga kelgan edi. Boshliq oldiniga uni hatto qabul qilmadi. Bir amallab choshgohda uning huzuriga kirdi, kirsa… charcha-a-ab oʻtirgan ekan shekilli, yoʻllanmayu-hujjatlarga ensasi qotganday bir qarab qoʻydi-da, «ishlayman desang falon shtat boʻsh… oyligi sakson soʻm», dedi. «Bir yil-yarim yil ishlab turasiz, keyin yana oʻylashib koʻramiz. Shunaqa, Ismatvoy intizom qattiq bizda – ertalab soat sakkizdan kechki…»

Ismat qattiq ranjidi. Maoshi sakson soʻm boʻlar emish. Yegan-ichganiga yetmaydi-ku. Agar boshini ikkita qilishsa, anaviniyam boqishi kerakmi? Shahar joyda qadamingda pul ketadi. Yor-doʻst bor, ulfatchiik qilishga toʻgʻri kelari bor. E-e, boʻlim mudirligi… zoʻr boʻlardi-da. Shunda yap-yangi kostyum kiyib, qishloqqa kirib bormoqchi edi. Boshida professorlar kiyadigan shlyapa. Koʻpdan buyon shuni orzu qiladi u: mudir boʻli-ib, shlyapa kiyib yursa!

Unga alam qiladi: hamma balo shundaki, na otasi, na onasi… jillaqursa, brigadir ham emas. Koʻryapti-da, hatto kassir-passirlarning bolalari ham hech qiynalmay oʻqishga kiryapti, institutni bitirmay, ish joyi tayin. Ular hech nimaga qaygʻurishmaydi. Ismatning ham ishi yurishib ketar edi-ya, shu… bir professorning qizini qoʻlga kiritishga oz qoldi, lekin… boʻlmadi. Vohidning, ha oʻsha, Barloslik Vohidning – u hozir universitetda oʻqiyapti, - tugʻilgan kunini nishonlashayotgan edi. Ismat oʻtirish chogʻi oʻsha qiz bilan tanishib qoldi. Suqsurdaygina ekan. Onasi bolaligidan, xolangni qizini olib beraman, deb yurardi. Xolasining qizi ham oyday , suluvgina. Lekin chiroyiga non botirib yeydimi? Manavi huriliqoning otasi professor. Avval-boshda ular shiringina suhbatlashib oʻtirishdi, hatto qiz bir-ikki marta jilmayib ham qoʻydi. Keyin Ismat ishni puxta qilay, deb joniqib: «Ertaga kinoga boraylik!» dediyu, baloga qoldi. Qiz gʻalati qarash qildi. Keyin iddao bilan oʻrnidan turdi-da, ketdi-bordi. Ismat izza boʻlib qolaverdi. Shunda ham koʻngil uzmadi – uning yoʻlini koʻp poyladi. Qiz esa… Ismatni koʻrsa, labini jiyiradigan, yoʻlning narigi chetidan betini teskari burib oʻtadigan boʻldi. Ha, qalovini topa olmadi Ismat! Oʻshanga uylanganda-ku, institutga ham kirardi, boʻlim mudirligi ham tayin edi. Bir kun kelib, zoʻr olim yoki yozuvchi boʻlib ketsa! Kimsan Ismat Sa’dullaevich! Tagida nimqora «Volga». Oʻziyam chakana qiz emas edi! Trest boshligʻi qabulxonasida oʻtirgan kotiba-potibalar uning tirnogʻiga arzimaydi. Xolasining qiziyam shularning biri-da. Na madaniyatni, na bunda-ay brishni biladi bular. Uylanganingga yarasha kimsan falonchi professorning qizini olsang ekan. Studentlar iborasi bilan aytganda, oʻshanda uning «tankasi» ham zoʻr boʻlardi. Yoʻlidagi har qanday toʻsiqni bosib-yanchib oʻtaverardi. U – Ismat Sa’dullaevich boʻlsa, «tanka»ning orqasidan koʻkragini keri-ib boraverardi. Endi «tankang» zoʻr boʻlgandan keyin anavi – mudirlik-pudirliklar hech gap emas-da.

Balki oʻsha qiz: «Bu bir texnikum studenti-da», deb pisand qilmagandir-a? Haliyam kech emas. Bir yoʻlini qilib, institutga kirishi kerak. Yashaganingdan keyin shaharda – koʻp qavatli uyda yasha-da. Tagingda mashinang boʻlsin, yoningda xotining…



Ismat hali-beri qishloqqa qaytgisi yoʻq edi. Borganda uyga sigʻmaydi, yuragi tars yorilib ketyapti. Tentirab yurib, bozorga kirdi. Undan attorchilik doʻkoniga oʻtdi. Qarasa, uchta qiz bir nima xarid qilishayotgan ekan. Iy-e! Ularning biri – xolasining qizi-ku! Ha, oʻsha, oydan qiz, xuddi shuni Ismatga olib berishmoqchi! Atlas koʻylak kiyib, sochlarini mayda oʻrib olganini qarang! Tuzuk, tuzuk, uylansa boʻladi. Koʻrinishi yomon emas-a! Qaddi qomati ham… har qalay… boʻladi… Oʻzi, bir qarichligida xushroʻygina edi. Picha oliftaligiyam bor shekilliyu Chiroyli qizlar sal tantiqroq boʻladi. Hechqisi yoʻq, keyinchalik gah deganda qoʻlga qoʻnadigan qilib olinadi. Lekin bari bir professorning qizi zoʻr edi-da. Nima bu?! Endi oʻshandan kechib, mana bunga uylanishi kerak. Ota-onasi shunday deb turgandan keyin… Yaqinda oʻninchi sinfni bitiryapti. Buyam oʻqishga kirmoqchi emish, hamshiralikka. Mayli-da, oldin toʻy oʻtsin, keyin uy-roʻzgʻor ishlari akademiyasiga joylashtirib qoʻyadi Ismatvoy. Hamshiralik ham gap boʻliptimi?
— Salom berdi-ik, - dedi u ishshayib, qizning yoniga borgach. – Xoʻ-oʻsh, nima xarid qilyapsizlar?

Qiz unga sovuq qiyo boqqan koʻyi bilinar-bilinmas bosh qimirlatib, salomlashgan boʻldi. Keyin allambaloni olib, koʻzdan kechira boshladi. Uning bu qiligʻi – e’tiborsizligi Ismatning hamiyatiga tegdi. Mayli, har qalay u koʻpni koʻrgan yigit. «Munaqa tannozlarning nechtasini qoʻldan oʻtkizdik. Kerak boʻlsa buniyam…» Ismat shunday deb oʻzini ovutdi, ovutmadi, oʻzini koʻklarga koʻtardi. Garchi haligacha biron qizning qoʻlidan tutmagan boʻlsa-da, bu borada oʻzini katta malaka egasi, deb hisoblardi. Ha, hali shunaqa qiladiki, bu tannoz huzuriga yetti bukilib kiradigan boʻladi. Bu tanqaygan burun yerga tegadi hali. Ammo hozir… diplomat boʻlish kerak. Mayli-da, undan nima ketdi, bir-ikki kun toʻygacha – noz-istigʻno qilsa qilar. Undan keyin… oʻzi chindan ham oydaygina, a?! Qoʻldan chiqarib qoʻyish hech gap emas. Bu yogʻiga yuganni mahkam ushlash kerak.
— Atir olib berayinmi? A? – dedi u, xayoliga kelgan fikrni bayon etib. Rosti, topagʻonligidan quvonib ketdi. Atay qizning yelkasiga kiftini tekkizib, choʻntagidan pul chiqardi-da, sotuvchiga oʻgirildi:
— Ta-ak, duxingizning eng zoʻridan oling-chi!

Banogoh qiz oʻzini chetga oldi, «nega muncha tirgʻalasan? Nima, men sening xotiningmanmi?» deganday oʻqraydi. Ismat pulni sotuvchiga uzatgan koʻyi qotib qoldi. Nima qilsa ekan? Duxini olsinmi yoki… Nega manovi qoʻpollik qilyapti? Xolamning qizi shunaqadir, deb sira xayoliga keltirmagan edi. Nazarida uni koʻrgan zahoti qiz duv qizarib, yashirinishga joy topolmay, yugurgancha qochib ketishi zarur edi. Bu esa… pichoqsiz soʻydi Ismatni! Soʻydi-e! Onasi Ismat esini taniganidan beri: «xolangning qizi oydaygina. Begonalashib ketmaylik, sen shuni ol», deb yalinadi. Ismat ham, qarindoshlar uzilishib ketmaylik, deb… hatto professorning qizigayam koʻp tirgʻalmadi. Bu esa… Yoʻ-oʻq, esini kiritib qoʻyishi lozimga oʻxshaydi.

Bir paytlar Samarqanddagi yoshlar xiyobonidagi bir voqeaga guvoh boʻlga edi: Bir qiz bilan yigit chiqisholmay turgan ekan. Qiz nimadir deb jerkindi. Shunda yigit oʻxshati-ib shapaloq tortdi. Bechora qiz yuzini berkitdiyu… Yigit esa hech vaqo boʻlmaganday uning qoʻltigʻidan oldiyu, qani yur, dedi. Qiz yurdi. «Koʻz yoshingni art. Koʻchada menga hunar koʻrsatma. Sen oʻylagan yigitlardan emasman, tushundingmi?», dedi yigit qizga. Ismat aniq eshitdi. Shunday. U ham shunday qilsamikan? Kerak boʻlsa, Ismat ham xolasining qizi oʻylagan yigitlardan emas…

Ismat shartta uning bilagidan tutdi. Shu payt naq qulogʻining ostida bir nima sharaq etdi. «He oʻl-e, yigit boʻlmay!» - Kimdir qargʻandi. Bunday qarasa, xolasining qizi doʻkondan otilib chiqib ketyapti. Dugonalari ortidan ergashdi. Sotuvchiyam. Ismat ham angraygancha qolaverishdi. Yaxshiyamki, doʻkonda boʻlak hech kim yoʻq edi. Boʻlganida Ismat isnodga chidolmay, Barlosdan bosh olib chiqib ketishiga toʻgʻri kelarmidi har qalay… Bu qanday koʻrgulikki, onasining necha yillik oʻtinchidan soʻng manavinga uylanishga Ismat rozilik bersayu, ona suti ogʻzidan ketmagan bu tannozcha oʻyin koʻrsatsa. Hammasiga chidash mumkindir, lekin dabdurustdan qoʻl koʻtarganiga nima deysiz? Shu qilganiga sochidan torti-ib, bir… xumordan chiqish kerak ediyu, ammo… hali adabini berib qoʻyadi, shoshmay tursin! – Ismat negadir boʻshashgancha turib qoldi. Negadir jahli ham chiqmasdi. Nihoyat u shalviragan koʻyi doʻkondan chiqdi. Xolasining qizi bir daraxtga suyangancha hiqillar, dugonalari esa uni yupatish bilan band edi. Ular borib to avtobusga chiqishgancha Ismat doʻkon oldida kalovlanib turdi. E-e, nimasini aytasiz, oʻzi bugun hech ishi yurishmadi, yurishmadi-da. Bir balo boʻldi oʻzi. Chap tomoni bilan turganmidi? Trest boshligʻi-ku, mayli, Ismatga qayishmaydi, begona. Lekin manav tannoz, erta-indin xotini boʻladigan oyimcha uning ra’yiga qarasa oʻlarmidi? – Ismatning dilidagi norozilik kuchaya borib, gʻazabga aylandi. Shunday yigit mushtday qizchadan, tagʻin jamoatchilik joyida shapaloq yedi-ya! Endi Ismat ikki dunyodayam unga uylanmaydi. Ersiz qolsa qolib ketsin-e!

Ismat ham avtostantsiya tomon yurdi. Bir toʻxtamga kelganicha xolasining qizi mingan avtobus jildi. Shundan keyin Ismatga battar alam qildi. Tannoz hozir shu yerda boʻlganida hech esidan chiqmaydigan qilib, bi-ir ta’zirini berardi-ya, lekin… shuginadan kaltak yedimi? Yoʻ-oʻq, shoshmay tursin, hozir orqasidan boradi, xolasining oldida bi-ir adabini beradi – sochidan bura-ab… Xolasiyam qizini ajratib boʻpti. Yaxshilab hisob-kitob qiladi, keyin: «Endi qizingizni pishirib yeng! Men professorning qiziga uylanaman», deydi. Ona-bolani bi-ir kuydirsin, bi-ir sochlarini yulib qolishsin. E tovba! Urdi-ya! Ismatni urdi-ya! Hech boʻlmasa sababini aytib, keyin ur, nomard! Ha-a, shoshmay tursin! Avtobusda besh minutlik yoʻl-ku. Koʻz ochib yumguncha orqasidan yetib boradi. – Ismat keyingi avtobusga chiqdi. Boradi, ora ochdi qiladi. Xola, onam begonalaashib ketmaylik, dedi. Oqibatini oʻylab, xoʻp devdik, lekin bu qizingiz, yoʻq , qizingiz demaydi, bu tannoz, yoʻq, tannoz ham emas, echkicha, ha, aynan shunaqa deydi, ha, echkicha… shunaqa, ha, shunaqa , dey di. Keyin toʻgʻri borib, institutga kiradi. Kerak boʻlsa, professorning qiziga uylanadi. Oʻshanda modni kiyingan xotinchasi bilan qoʻltiqlashi-ib Barlosga keladi. Atay mana shu koʻchadan – xolasiyu, uning tentak qizi oldidan oʻtishadi. Ular angrayi-ib qolishadi. Xolasining qizi oʻshanda ham ersiz qari qiz boʻlib oʻtirgan boʻladi. Kelib Ismatning oyogʻiga yiqiladi: «Men axmoq ekanman! Men tentak ekanman! Men echkichani kechiring!», deydi, yigʻlaydi. Ismat esa … hatto qayrilib qaramaydi. Hech narsani koʻrmaganday, toʻgʻri oʻtib ketaveradi. Xolasining qizi izillab, yana unga yopishadi: «Agar tarsakimni unutmagan boʻlsangiz, - unuting! Mana, haqqingizni oling. Meniyam uring! Oʻldiring! Men shunga loyiqman! Sizday olijanob insonning qadriga yetmadim. Endi menga hayot hayotmi? Bu kunimdan oʻlganim yaxshi! Oʻldiring! Sizning qoʻlingizda jon beray!», deydi. Shunda Ismat nima qilish kerakligini oʻylayotgan kishiday, viqor bilan gastugini toʻgʻrilaydi, soʻng… E-e, aytganday, oʻshanda yonida professorning qizi ham boʻladi-ku, a? U hayron boʻlib, bir yoqavalangar qizga, bir qimmatbaho shlyapasini toʻgʻrilayotgan eri – Ismat Sa’dulaevichga qaraydi. «Chto takoe?», deb soʻraydi. «Ne obrashay vnimaniya! Yerunda!», deb qoʻyadi Ismat Sa’dullaevich.

Xolasining uyi Barlosga kiraverishda katta yoʻlning yoqasida. Ismat avtobusdan tushgan zahoti xolasiga nima deyish haqida oʻylay boshladi. Shunday gapirsinki, shunaqa gapirsinki, uyalganidan anavilar yerga kirib ketishsin. «Ismatjon, oʻlgulay!», deb ona-bola yalinishsin, yolvorishsin. Ha-a, birovda haqqini qoldiradiganlardan emas Ismat.

Xolasi darvozaga chiqib, qoʻllarini beliga tiragancha, hoynahoy, uning yoʻliga koʻz tikib turgan ekan. «Yoʻgʻ-e, nahotki?!.» Ismat orqasiga oʻgirilib qaradi. Hech kim yoʻq. Demak, xolasi uni kutyapti. Mayli, kutsin. Borib, hozir oʻgʻil bolachasiga gaplashib qoʻyadi. – Ismat oʻziga har qancha dalda bermasin, yaqinlashgan sayin yuragi uvusha boshladi. Xolasi koʻp yomon-da. Achchigʻi burnining uchida turadi. Sa-al jahli chiqsa, bas, yuzingda koʻzing bormi demay… Ismat yaqinlashgach, haqiqatan ham xolasining avzoyi buzuqligini payqadi. Oʻziyam, qoʻlida tayoqmi-ey. Ismatning qadami sekinlashdi. – Nima qilsa ekan? Boraversinmi, yo biror yumush bilan hoʻ-oʻ bittasinikiga borayotganday, oʻtib ketaversinmi? Xolasi bari bir… quvsa-ku, yetolmaydi. Ismat yugurishga usta, oyoqlari yengil, lekin… oriyat deganday… loʻkillab qochib yursa… E-e, nimadan qoʻrqadi oʻzi? Axir xolasining qiziga qoʻlini tekkizgani yoʻq-ku! Urgan –u, qochgan – u, tagʻin… indamagani uchun xolasi Ismatdan minnatdor boʻlsin. Obbo! Oyoqlari nega qaltirayapti? Xolasiga nima deyishni boya obdon oʻylab qoʻygandi, hammasi esidan chiqib ketdi. Endi nima qilsa ekan, a?!

Xolasini koʻrib, qoʻvonib ketganday: «Iy-e, xola, assalomu-alaykum! Nima qilib turibsiz bu yerda?!», degancha. Isma qoʻl choʻzdi. Lekin xolasi: «Tort qoʻlingni!», dedi toʻrsayib.
— Iy-e, xola, tinchlikmi? Nima gap? Siz… oldin bu yogʻini eshiting! – dedi Ismat ortiga tisarilgancha, soʻng yon-veriga qarab oldi. Har qalay, qochadigan yoʻlini chamalab olgani ma’qul-da.
— Nega qizimni urding, qoʻling singur!?
— Iy-e, xola, nimalar deyapsiz oʻzi?! – Ismat hamon xushmuomala boʻlishga urinar edi. Axir madaniyatli kishilar har qanday sharoitd ham nazokatli boʻlishlari lozim-da. – Qizingizga biz tekkanimiz yoʻq, tegmaganga kesak otgan…
— Uribsan-ku, ana, dugonalari aytdi. Hoʻy, e yoʻq, be yoʻq, bu nima xurmacha qiliq, a?! Sen tentakka qoldimi boyaqishning kuni?!

Xolasining keyingi gapi Ismatning et-ustixonidan oʻtib ketdi.
— Pishirib yeng oʻsha echkichangizni! Oʻlib qolganim yoʻq, shunga oshiq boʻlib! Chaqiring oʻzini bu yoqqa! Birovning bolasini urib, tagʻin tuhmat qiladimi? U zamonlar oʻtib ketgan!
— Mana! Mana qizim! Mana!..

Gap bilan boʻlib, Ismat tayoq yetgulik joyga borib qolgan ekan, oʻzini chetga olgunicha avval soniga, keyine haligi… uchta zarb tegdi. Yo xolasi ayadi, yo oʻzi epchillik qildi – uncha joni ogʻrimadi. Bari bir qayrilib qochdi. Qochayotib, xolasining oydaygina qizi derazadan moʻralab turganini ilgʻadi. Oʻziyam, shu yerga ipsiz bogʻlanib qolganday taqqa toʻxtadi. Bor gapni yotigʻi bilan tushuntirmoqchi boʻldi. Qarasa, xolasi tayoqni havolatgancha, orqasidan quvib kelyapti. Bir xayoli, «hoʻ-oʻv xolajon, hadeb meni quvgancha, echkichangizga qarang. Oʻzi oʻli-ib, ioʻltayii-ib turipti-ku. Tanacha koʻzini suzmasa…» deb xolasini uzib olmoqchi boʻldiyu, yana tayoq yeyishdan, toʻgʻrirogʻi qiz bolaning oldida oʻsal boʻlishdan qoʻrqdi. Aytib boʻladimi, taqdir deganday… Erta-indin…

Ismat oʻzini uzumzorga urdi.

* * *

Oradan ikki-uch kun oʻtgandan keyin Toshtemirning soqol oldirib, hammaga kulgu boʻlgani bir chekkada qolib ketdiyu Barlos boʻylab yangi gap tarqadi: Ismat xolasining qizini olib qochib ketganmishmi-ey…

Shu kunlarda meni shoshilinch Toshkentga chaqirib qolishdi. Yozganlarimni tez nashriyotga topshirishim kerak ekan. Toʻrva-xaltamni koʻtarib borayotsam, Norxolning onasi koʻchada besh-oltita xotinning oʻrtasida: «Ha-a! Aytmabmidim?! Ismatni anoyi demanglar! U axir… otasi boʻsh boʻlgani bilan… onasi Banot koʻr boʻladi, demaganmidim?!», deya gap ma’qullatayotgani qulogʻimga chalindi. Bu yogʻi nima gap deysizmi? Shoshmay turing, men yana qishloqqa boraman-da, hammasini aniqlab, sizga aytib beraman.

Kelishdikmi?