OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiJarima (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm34KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jarima (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Muqaddima

Mamatning tepa sochi tik boʻlib ketdi. Nahotki odam qurib qolganday, kelib-kelib, ularga Banot koʻr qoʻshni boʻlsa?! Bir qorindan talashib tushgan akasiga yomonlik qilib, eldan quvilgan xotin bularga tinchlik berarmidi?

Banotning akasi bultur toʻy qilaman, deb qattiq yigʻindi. Chavandozlar koʻpkariga bir-ikki kun oldin oti bilan kelishadi-ku, shuni hisobga olib, otlar uchun ozroq arpa gʻamlagan ekan. Qurgʻurni qayoqdan olgan – u biladi, xudo biladi. Toʻy kuni Banot atay rayondan militsionerni boshlab kelib, uni «tutib» beripti. Toʻy azaga aylandi. Akasi qulogʻini ushlab ketdi. Banot esa, mana … yuripti. Yurgani mayliya, odam quriganday, kelib-kelib, endi Mamatlarga devor-darmiyon qoʻshni boʻlmoqchi! Rahima xolaning hovlisini sotib olmoqchi?! Gap shundaki, Rahima xola bola-chaqasi bilan ota yurtiga koʻchib ketyapti. Bu yerda bir emas, ikkita hovlisi bor. Sotamiz, deb ovoza qilishganiga ham ikki oydan oshdi. Arzonga bular koʻnmaydi, qimmatga – talabgorlar. Rahima xola uyni sotarmish, degan gap Banot koʻrning ham qulogʻiga yetipti. Erini oldiga solib, bugun ertalab Rahima xolanikiga kelibdi. Shuni eshitib, hamma vahimaga tushib oʻtiribdi.
— Banot koʻr hamsoya boʻlsa, koʻchib ketib tinchiymiz-ov, - dedi hatto Mamatning xotini.
— Nafasingni issiqroq qil-e! El bor, yurt bor, qolaversa, brigadir bor, oʻylab, bir chorasini topishar axir…
— Iqbol opayam xafa. Rahima xolaga: «uyingni Banotga sotsang – qargʻayman. Borgan joyida yolchimasin, olgan puli buyurmasin, deyman», dedi.
— Rahima xolachi?
— Unda oʻzing ol. Oʻzing olmaysan, boshqaga sotgani qoʻymaysan, qanaqa odamsan oʻzi, dedi. Bir hovlisini toʻqqiz mingga savdo qilipti.
— Toʻqqiz ming? – Mamat oʻrnidan turib ketdi. – Choldevorga-ya? Banot koʻrning esi joyidami oʻzi? Yo pulni yerdan shipirib oliptimi?
— Pulning zoʻri bilan olmasa, kim unga uy sotardi. Rahima xolaga pul kerak emish, yangi uy quramiz deb ancha qarz boʻlipti. Endi Banot koʻr koʻchib kelsa…

Mamatning xayoliga bir fikr kelib qoldi. U xotinini ovutdi-da, tashqariga chiqib, otiga mindi. Bir talay qoʻshnilar koʻchada uy savdosini muhokama qilib turishgan ekan.
— Oho! Jamoa jam-ku! Muncha? – soʻragan kishi boʻldi Mamat, otinig jilovini tortib. – Azaga yigʻilganday boʻlib turibsizlar. Jon hovuchlab… Koʻchib kelavermaydi, e qizini…
— Ketidan soʻkishni biz ham bilamiz, - dedi Usmon.
— Banot koʻrdan, oʻzi, nega qoʻrqasizlar? Kimki oʻgʻri boʻlsa, oʻsha qoʻrqsin, - dedi Mamat, Usmonga qaramasdan.
— Qoʻrqadigan bir biz emasdir, - dedi Usmon rangi oʻzgarib. – Nima qilasiz shunaqa gaplarni chuvalatib.
— Nima deyin boʻlmasa?
— Koʻrni yaqin yoʻlatmaslik kerak.
— Qoʻlingizdan kelsa – yoʻlatmang! Brigadirga boring, ayting! – dedi Mamat choʻrt kesib va jilovni siltadi.

1

Mamat ilgari uzumchilik brigadasida ishlardi. Qattiq kasalga chalinib, uzoq davolandiyu, ogʻir ishga yaramay qoldi. Ikki yildan beri sovxozning bedazoriga qorovul. Otda ham kuni bir aylanib chiqsa – bas. Sovxozning eng chekkasi – shu bedazor. Banotning tomorqasiga tutash. Banotning bir qoʻra qoʻyi bor. Qachon qarama, bolalari bedazor atrofida boqib yurishadi. Bir kuni qoʻylar bezadorga tushgan ekan, Mamat oʻzini bosib, tanbeh berdi. Banot yomon. Oʻrmon xoʻjaligi qorovuli Samadboyning kapasini kuydirdi…

Yaxshi boʻlmadi oʻshandayu Samadboydan ham ozroq… oʻtdi-da, oʻzi. E-e, bu Banot!! Oʻshanda Samadboy ikkovi soyani olib, oʻtgan-ketgandan hangoma qilib oʻtirishgan edi, bir mahal… Asli Samadboyning ham aybi yoʻq emas… Yantoqzorda qoʻylarini boqib yurgan Banotning erini koʻrib, bexosiyat, dedi. Mamat gap qoʻshmadi.
— Hech qoʻlga tushmadi-da.
— Hmm!?
— Tunov kuni bostirmaga kerak boʻp qoldi-da. Qoʻling tekkandan keyin ogʻzing ham tegadi-da, toʻgʻrimi?.. Kesib opketayotsam, er-xotin… Banot koʻr – bosh, «oʻgʻri», deb yoqamdan olguday boʻldi-yov.Oʻrgildim sendaqa toʻgʻrilardan. Hap, senimi, shoshmay tur, deb…

Shu chogʻ qoʻylardan biri nimadandir hurkdimi, tisarildi, keyin burilib, irgʻishlagancha daraxtzorga kirib ketdi. Samadboy oʻmganini koʻtardi:
— Hoʻ-oʻy, Sa’dulla aka! – dedi oʻdagʻaylab, - qoʻylaringizga qarasangiz oʻlasizmi?

Qoʻylarini darrov qaytargan Sa’dulla aka bu gap yoqmadi.
— Nima demoqchisan? – dedi tap tortmay.
— «Nima demoqchisan?» deydi-ya! Qoʻyni eplagan boqadi-da.
— Qoʻyim davlatga senchalik ziyon yetkazgani yoʻq..
— Nima, nima? – Samadboyning yuzlari qorayib ketdi. Qoʻllari titrab oʻrnidan turdi-da, Mamatning hay-haylashiga ham qaramay, yeta bir musht urib, Sa’dulla akani qulatdi. Mamat picha taysallab turdi. Qarasa, ish chatoq. Borib oʻrtaga tushdi. Sa’dulla akani turgʻizib qoʻygan boʻldi.
— Iflos, muttaham! – Sa’dulla aka tupurinib, qoqindi. – Oʻgʻri!
— Nima deding? Oʻzing kimsan? Avliyomisan? He, sendaqa avliyoning… - Samadboy bir siltanib, Mamatni chetga surdiyu, yana Sa’dulla akaga tashlandi. Yerga yotqizib, tepa ketdi. Mamat yana oraga tushdi, yana ularni ajratdi, yana Sa’dulla akani turgʻizib qoʻygan boʻldi. Kiyimlariga ilashgan xas-xashakni qoqishga ham holi kelmay, hiqillab ketayotgan Sa’dulla akaga achinarini ham, achinmasini ham bilmasdi. Har qalay u Banotning eri edi… Banot esa…
— Kasofat! Enagʻar!… - Samadboy soʻkindi.

Mamat hushyor tortdi. Esim borida etakni yigʻishtirib, joʻnab qolay deb turgandi, Samadboy uni turtdi. Gʻalati qaragancha: «Oq tuya koʻrdingizmi?» dedi. Shu chogʻ balo-qazoday boʻlib, Banot koʻr yetib keldi. U shangʻillab olamni buzar, deb choʻchigandi Mamat. Yoʻq, Banot bunday qilmadi.
— Koʻzlaringni oʻyib olaman! – dedi ikki barmogʻini Samadboyga nuqtab. – Qoʻllaringni sindiraman.
— E, hovliqma! Davlat bu daraxtlarni sening qoʻylaring uchun ekkan emas. Hali javob berasan! Toʻlaysan!
— Qaysi daraxtingni yedi? Qani koʻrsat-chi menga.
— Men senga atchoʻt bermayman. Tegishli joyda koʻrsataman. Tushundingmi?
— Koʻrsatolmaysan. Oʻzing qip-qizil oʻgʻrisan! Nimani koʻrsatasan? …Iye! Siz ham shu yerdamisiz? – dedi Banot Mamatni endi koʻrib. Bu-ku, mayli, «sen»dan chiqan, sizga nima jin urdi? Hay, qoʻy, deyishning oʻrniga…
— Opa, men…
— Opa demang. Sizdan ham koʻnglim qoldi. Odam degan shunday boʻladimi? Bu-ku, qip-qizil…
— E, opa, siz oldin nima gapligini biling. Oʻrtaga tushgan aybdormi?
— Nima gapligini juda yaxshi bilaman. Hammangni tiling bir. Senlarga qolsa…
— Hoʻ-oʻv! Hoʻ-oʻy, manjalaqi! Ketasanmi, yo bir urib, yerga kirgizib yuboraymi? – Samadboy yana oʻdagʻayladi.
— Ketmayman! Ur! Ana ur! Zoʻrmisan? Ur! Ha-a, urib boʻpsan! Qoʻrqasan! Qoʻrqmay koʻr-chi! Shoshmay tur. Bola-chaqangni oʻylab, ichimga yutib yuruvdim. Seniyam esingni kirgizib qoʻyadiganlar bor!

Banot yoʻl boʻyi javrab ketdi. Soʻng Mamat eshitdiki, erini kasalxonaga yotqizipti… Oxiri Samadboy qamaldiyu Mamatning ham unga qoʻshilib ketishiga sal qoldi. «Men bor-yoʻgʻi ularni ajratgandim», deb zoʻrgʻa qutuldi.

Bedazorga yetib kelganicha har narsani oʻylayverganidanmi, boshi qizib, Mamat holsizlandi. Otdan tushib, yonboshladi. Picha koʻzi ilingan ekan, tapir-tupurdan uygʻonib ketdi. Qarasa, bir qoʻra qoʻy shundoq bedazorning uvatida… Boshi qotdi: nima qilsa ekan? Oʻzi, Banot koʻr… Xotini «koʻchib tinchiymiz-ov», dedimi? Sa’dulla aka-ku, yomon odam emas, a, bari bir xotinining yoʻrigʻiga yuradi-da. Banot koʻrni qishloqning teng yarmi xushlamayapti… Tinching boʻlmaydi keyin… Hadiksirab yashashdan yomoni bormi? Nima qilsa ekan-a!? Qoʻylar bedazorga yopirila boshlashdi. Egasi qani buning? Mamat irgʻib oʻrnidan turdi-da, otiga mindi-da, qoʻylarni oldiga solib haydadi. Boʻlsa-da, Banotning qoʻylari chiqar. Qilayotgan ishi Mamatning oʻziga yoqmadi, ammo… nima boʻlsa boʻlar, .. haydayverdi. Ancha joyga borgandan keyin oʻgirilib koʻrdiki, oʻn-oʻn ikki yashar bola ketidan yugurib kelyapti. – Banotning oʻgʻli. Boʻgʻilib, qilt etib, yutindi. Bir xayol qoʻylarni berib yubormoqchi boʻldi. Yana… Banotni yurakoldi qilgani ma’qul. Qoʻrqsa, och qornim, tinch qulogʻim, deb issiq joyini sovutmaydi. Rahima xolaning hovlisini olmaydi. Qolaversa…

Mamat otini toʻxtatdi. Yaqinlashgan bola ham Mamatning qoʻlidagi qamchindan koʻz uzmay, hiqillagancha toʻxtadi.
— Ha, joʻra! – dedi Mamat, uning keng manglayiga qaragancha, - qoʻylar senikimi?

Bola moʻltayib, ha, degancha, bosh irgʻadi. Keyin yerga qarab, koʻzlarini bilagi bilan toʻsgancha, hoʻngrab yubordi. Yana bir nima boʻgʻziga tiqildi.
— Qarasang boʻlmaydimi qoʻylaringga?

Bola umidvor yoshli koʻzlarini unga tikdiyu Bu qarash Mamatga Banotni eslatdi. Diydasi tosh qotdi. Xotini, «koʻchib tinchiymiz-ov» dedimi? Qoʻshnilar ham?..
— Borib enangga ayt. Qoʻylar bedapoyaga tushgan edi, Mamat aka haydab ketdi, de.

Mamat qoʻylarni haydadiyu Bolaning yigʻisini eshitsa-da, qayrilib ortiga qaramadi. Tishini tishiga bosib, yoʻlida ketaverdi. Chayla yonidagi qoʻtoncha koʻpdan beri boʻsh. Mamat qoʻylarni qoʻtonchaga qamadi-da, chaylaga kirdi. Baxtiga brigadirning oʻzi ham shu yerda ekan. Yaxshi boʻldi – guvohlikka oʻtadi.
— Ha, Mamat aka! Ishlar boshqachami bugun?
— E, qoʻyavering, bugun bir ish qilamiz, qogʻoz-qalam bormi?
— Topamiz. Nimaydi?
— Akt tuzishni bilasizmi?
— Iyya, iyya, yangilik-ku! Nimaga akt yozamiz?!
— Banot koʻrning qoʻylarini haydab keldim. Bir qoʻrqitib qoʻymasak, boʻlmaydiganga oʻxshaydi…

2

Banot Rahima xolanikidan koʻngli ancha taskin topib chiqdi. Hovli savdosi pishib qolayozgan edi.

Eldan chetda yashab, toʻgʻrisi, Banotning boʻladigani boʻldi. Bu ovloq joyda qoʻni-qoʻshni yoʻq hisob. Suvni ham quduqdan olishadi. Yaqin atrofda na bir doʻkon, va na bir qishloq bor. Nafsilambirini aytganda, bu yer mol boqishga qulay. Lekin gap bunda emas. Odamning taftini odam olarkan. U ham elga elakishsam, birovning ogʻirini yengil qilsam, dardimga malham qoʻshnilarim boʻlsa, deydi. Shuning uchun ham Rahima xolaning uyiga talabgor boʻldi. Shuning uchun ham…

Banot uyning daragini uch kun burun rayondan qaytayotib, avtobusda eshitdi. Aytishlaricha, bir-ikkita hovli sotilayotgan emish. Uning yuragi hapriqdiyu Nima boʻlganda ham bittasini olish kerak. Katta oʻgʻli Samarqandda texnikumni bitiryapti. Rayonda ishlayman, deydi. Oʻsha yoqqa koʻchishsa, unga ham qulay boʻladi: xohlasa, avtobusda, avtobus boʻlmay qolsa, xohlasa, piyoda borib kelaversa ham boʻladigan joy. Uch chaqirim nima degan masofa axir!? Rayon markazigacha-da!

Ammo Banot eshitdiki, Rahima xola tezob, ta’biga yoqmasa, xaridorga ters gapirib, qaytarib yuborarmish. Shu bois u Rahima xolanikiga choʻchinqirab qadam bosdi.
— Hovli sotarmishsiz, deb eshitdik, - deya gap boshladi Sa’dulla aka, dasturxon yozilib, bir piyoladan choy ichilgach. – Agar savdomiz toʻgʻri kelsa, hovlingizning birini olsak, degan niyatimiz bor edi.

Birgalashib ikkala hovlini ham koʻrib chiqishdi. Narigi uy-joy ancha koʻrimsiz, odam yashamayotgani uchunmi, oʻt bosgan ediyu Bundan tashqari avtobusdagi xotinlarning gapiga qaraganda yigirma yil oldin bir odam shu hovlida tentak boʻlib qolib, koʻchib ketgan ekan. Keyingisi oʻn besh yil yashab, befarzand boʻlib, oxiri kasalga chalinib, bunisi ham koʻchib ketibdi. Rahima xola nomiga oʻgʻli uchun sotib olsa-da, oʻsha katta oʻgʻli shu hovlida yashab, shu hovlidan ota yurtiga koʻchib ketibdi. Shu hovli… haqiqatan ham peshayvonli, tomorqasi ham hiylagina, molxonayu, qoʻylar uchun qurilgan qoʻrasi bor. Oshxona-ombori mustahkam. Chorbogʻdagi mevali daraxtlar ham anchagina…
— Mana shu hovliga narx ayting, - dedi Sa’dulla aka, Banot bilan maslahatlashib olgandan keyin.

Rahima xola Samarqandda oʻqiydigan, bugun qandaydir sabab bilan uyga kelib qolgan oʻrtancha oʻgʻli – Vohidga qaradi.
— Bu hovli hozircha tura turadi, - dedi Vohid, - avval akamnikini sotamiz.
— Nega?
— Endi… mayda-chuyda koʻch-koʻronlar shu uyda. Biz sotsak, ertaga hovlini boʻshat, deysizlar. Mayda-chuydani bu hovlidan u hovliga tashish kerak. Sizlarga shu hovli yaxshi koʻrinyapti-da, a? Aslida unisi yaxshi. Uy – yangi, poydevori mustahqam. Sizlar, xonalari koʻp, ayvoni bor, molxonasi katta, deb bunga qiziqyapsizlar, aslida…

Sa’dulla aka Banotga qaradi.  -  Vohidning gapida jon bordek tuyuldi. Banot bari bir fikridan qaytmadi. Egasi maqtagan moldan qoch. Qimmat boʻlsa, shunisi ma’qul, egasi yolchimagan uydan uzoqroq turgan ma’qul.

— Endi oʻzlaringiz bilasizlar, - dedi Rahima xola, - lekin bu hovli oʻn mingdan kamiga sotilmaydi.
— Oʻn ming boʻlar, yetti ming boʻlar, savdoni qochirmang, - dedi Banot quvonib, chunki Vohidning gapidan keyin bir oz tashvishlanib qolgan edi.
— Sizlar foydalaringizni bilmayapsizlar-da, - dedi Vohid. – Toʻgʻri, narigi hovlimiz haqida har xil gaplar chiqqan. Qolaversa, akam besh yil oʻsha hovlida yashadi, uchta farzand koʻrdi. Koʻchib ketayotganda ham qishloqning yarmi toʻplanib, oq yoʻl tilab qoldi. Har kim har narsa deyaveradi-da.
— Endi-i, - deya choʻzib gap boshladi Sa’dulla aka, - bizniyam sizga oʻxshagan ustudent oʻgʻlimiz bor. Oʻshani uylantirib, shu hovliga kiritsak deymiz. U rayonda ishlamoqchi. Bu yerdan qatnash qulay. Uyni savdo qilgan bilan hali-beri koʻchib kelmaymiz. Mayli, qancha yashasanglar yashayveringlar, rozimiz. Faqat gapni pishitib qoʻyaylik. Puliniyam pichasini oling. Qachon narigi hovlini sotib, koʻchib ketadigan boʻlsalaringiz xabar qilasizlar, biz yetib kelib egalik qilamiz. Sizlar koʻchib chiqib ketaverasizlar.

Vohid kulimsiradi:
— Hozir biz pulni olsak, oradan uch kun oʻtmay, chiq mening hovlimdan deb kelsangiz… Qoʻying… bu hovli hali sotilmaydi.
— Unday demang, uka, - dedi Banot, uydan quruq qolayotganday shoshib, keyin Rahima xolaga oʻgirildi. – Dugona, siz ayting, oʻgʻlingizga ayting axir, sal shashtidan tushsin. Endi, har kim ta’bi tortgan ovqatni yeydi. Bizga shu hovli ma’qul. Yetti ming boʻlmasa, sakkiz mingga berarsizlar?
— Avvalo sotilmaydi. Sotilsa, narxi – oʻn ming! Bir tiyin kam emas! – dedi Vohid qat'iy.
— Obbo ukam-ey! Dugonam xaridorlarni yaqin yoʻlatmayotgan emish, deb eshitib, rosa qoʻrqib kelgandim. Sizni koʻrib xursand boʻlib oʻtirgandim, siz onangizdan ham oʻtkazib yuborar ekansiz.

Ular kulishdi.
— Men gapning poʻskallasini aytyapman. Narigi hovli qachon sotilishini bilmaymiz. Bir yil, balki ikki yil turib qolar. Shuncha vaqt kutmaysizlar-ku, toʻgʻrimi?
— Mayli, mayli, biz hali-beri kelmoqchi emasmiz. Sakkiz ming deganminan shuncha pulimiz yoʻq hozir. Savdosi pishsa, bas, keyin yigʻinamiz. Endi,.. hozircha, ming soʻmmi, bir yarim mingmi, berib qoʻyaylik. – Sa’dulla aka qoʻyniga qoʻl tiqdi.
— Qoʻying, aka, qoʻying, pulingizni chiqarmang.
— Hay, boʻlmasa, sakkiz mingga rozimisiz? Shunga baraka qilaylik, qoʻlingizni bering, uka!
— Ie! Qoʻysangizchi, nima, baraka olib, bizni qasamga tayamoqchimisiz?
— Mayli, - dedi Sa’dulla aka qoʻynidan qoʻlini olib, - shartlaringizga rozimiz. Faqat shu hovlini sizlarga beramiz, deb bizni ishontiring.

Vohid onasiga qaradi.
— Dugona, oʻgʻlingizga aytsangizchi. Bir nima deng axir! – deya Banot tilga kirdi. – Bizlar ham bir orzumanda odam. Shu hovlida bola-chaqamiz yashasin, baraka topsin, deb yaxshi niyatda kelganmiz. Boshqalar beradigan pulni biz ham beramiz, koʻproq ham beramiz. Toʻqqizga koʻnasizlarmi?
— Ona, bu uyda kim tursa ham bizga bari bir emasmi? – dedi Vohid. – Bu kishilar shunday yaxshi niyat qilib… Lekin aytib qoʻyay, to koʻchib ketgunimizcha indamay turasizlar. Gap pulda emas-u… Umuman, shu uyni olayotganlaringizni hech kim bilmagani ma’qul. Toʻgʻrisini aytsam, qoʻni-qoʻshnilardan bitta-yarimta gap qochyapti. Boya Usmon aka chiqib… Hay, mayli, shu gapda… akangiz bilan oralaringizda qandaydir gap oʻtgan ekan-ku!..

Eru-xotin yerga qarab qolishdi. Oraga noqulay jimlik choʻkdi.
— Nima ham derdik, el ichida bir marta yomonotliq boʻlganmiz, - dedi Banot jimlikni buzib, - mayli, siz aytgancha boʻla qolsin…

Ular ketayotib, koʻchada Usmonga roʻpara kelishdi.
— Hal boʻldimi? – talmovsirab soʻradi Usmon.
— Yoʻq, kelisholmadik, - dedi Sa’dulla aka.
— Bari bir shu uyni olamiz! – dedi Banot, unga sinovchan tikilib.

Usmonnning yuzi beoʻxshov qiyshayib ketdi, moʻylovi asabiy qimirladi, bejo koʻzlarini olib qochdi.
— Qancha deydi?
— Oʻn ming!
— Oʻn ming?! Shu guvalagami? Yaxshisi sizlar Tovboy akaning uyini olingizlar. Shipirlangan, poydevoriyam zoʻr.

Tovboy akaning uyi ham Rahima xolaning ikkinchi hovlisiga oʻxshab, la’nat tamgʻasi bosilgan, ikki oila yolchimagan, shuning uchun endi arzon boʻlsa-da, biron kishi olishga jur'at etmayotgan hovli edi.
— Bizga shu uy yoqadi, - dedi Banot, Usmonga tik boqib. – Yuz ming boʻlsayam shu hovlini olamiz. Koʻnglingiz qanday?

Ular yoʻlda davom etishdi.

Vohidning gapida jon bor shekilli. Usmon… Qayoqdan eshitdi ekan bular? Banot uy olamiz, deb birovga churq etgani yoʻq. Erining-ku, ogʻzi mahkam. Shaytonning ishimi bu? – butun Barlosda shu gap. Ishqilib, bir yomonotliqqa chiqma. El ogʻziga noming tushmasin ekan. Asli Banotda nima ayb? Rost, akasi uning dastidan qamaldi. Lekin… aslida-ku, Banot qamatmoqchi emasdi. Shunday boʻlib chiqishini tush koʻriptimi? Militsionerlar bir tonnacha arpa topishdi, keyin boshqa ayblari ham ochilib…

Akasi dala brigadir edi. Sovxozning necha ming gektarlik lalmi yeridan oʻrilgan bugʻdoy, arpa, somon uning qoʻlidan oʻtardi. Toʻyga tayyorgarlik koʻrib, kimlardan maslahat soʻramadi, lekin: mana shu singlimdir-ov, shunda ham koʻngil bordir-ov, deb koʻr boʻlsa-da, Banotni yoʻqlamadi. Shunaqa ish qilyapmiz, singil, nima deysan, demadi. Albatta, Banot togʻni agʻdarib kelolmasdiyu, har qalay, koʻngil-da. Nuqul yetti yot begonalar, mashina minganlarni chaqirdi. Munda-ay, uzoqroqda tursa ham boshqa gap edi. Koʻz koʻrmaydi, quloq eshitmaydi, xotirjam yurasan. Axir yonma-yon yashab… Banot istasa-istamasa, akasinikiga kim kiryapti, kim chiqyapti, koʻrib-bilib turadi. Bu ham kamdek, bittasiga: singlimning ham, kuyovimning ham tayini yoʻq, bir dasturxon atrofida oʻtirging kelmaydi ularminan, depti. Ana shu gap baridan oshib tushdi. Hatto toʻy kuniyam bir ogʻiz yoʻqlatmadi. Faqat toʻyxabarchi el qatori, «falonchinikiga toʻyga», deb oʻtib ketdi. Oʻgʻli, botinkam yirtiq, toʻyga qanday boraman, deb xarxasha qildi. Eri boyaqish, dili ogʻridimi, mungʻayib uyga kirib ketdi. Nogʻoraning taka-tumi… Sozanda nogʻorani emas, uning miyasini chalayotganday… Banot dunyoga kelgandan beri bunchalik xoʻrlik koʻrmagan edi. Sharttta toʻyxonaga kirib bordi-da, akasining yengidan tortdi.
— Nima kerak senga? – dedi akasi ensasi qotib, soʻng qoʻlini jerkib tortib oldiyu

Banot koʻr yonib, lovullab ketdi. Akam, hech boʻlmasa, koʻngil uchun, «qayoqda yuribsan, bu yoqqa oʻt», deydi deb umid qilgan edi. Yoʻq, unday boʻlmadi.
— Toʻyingizni buzaman! – dedi Banot, butun qahrini yagona sogʻ koʻziga jamlab.
— Bor, bor, koʻp shaqillaman! Ishqilib, bir yomonlik qilmasalaring turolmaysanlarmi?
— Turolmayman! Yomonlik qilaman! – dedi Banot depsinib. – Bizlar ham odam edik, singlingizman! Birovlarga oʻxshab harom-harishdan…
— Hoʻy, menga qara, nima demoqchisan oʻzi? Yigirma yildan beri holi-jonimga qoʻymaysan! Singlim boʻlganingdan or qilaman. Endi bir kaming toʻy buzish qoluvdi. Bor, bilgan p…ni ye!
— Bunisi mening ishim! – dedi Banot.

Keyin… Oʻzi shunaqa: Banot achchigʻi chiqsa, hech balodan qaytmaydi. Jahl ustida koʻp ishlarni qilib yuboradi. Buning oqibatini, achchigʻi tarqasa pushaymon yeyishini sezib tursa-da, bari bir, qiladi. Bir tomondan odamlar ham… dindan chiqarib yuboradigan muomala qiladi-da. «Hap, senimi?!», deydigan darajaga olib boradi. Mana, Usmon ham qoʻli egri, tagʻin… Banot ham boshqalarday hech narsani koʻrmaganday tinch yashashga koʻp urindi, boʻlmadi…

3

Eru-xotin uyda oʻtirib, endi nima qilamiz, shuncha pulni qayoqdan topamiz, deb xomchoʻt qilib oʻtirishganda oʻgʻillari hiqillab kelib qoldi. Nima emish, Mamat qorovul qoʻylarni haydab ketgan emish.
— He-e, odam boʻlmay ket-e! – Banotning achchigʻi chiqdi. – Nega haydab ketadi? Onasining mahriga tushgan ekanmi? Haydab ketsa, indamay qarab turaverdingmi, eshshak! Hoʻ, ogʻzingdan qoning kelgur! Oʻchinr ovozingni!

Bola yigʻidan taqqa toʻxtadi. Burnini tortib, koʻzlarini ishqaladi.
— Qaerda boqayotgan eding? Yo bedapoyaga tushdimi? Toʻgʻrisini ayt, aldama!

Bola indamadi.
— Gapirsang-chi, yer yutkur! Tiling uzilib tushib qolmagandir?! Bedapoyaga tushganmidi?

Bola yoʻq, degan ma’noda bosh chayqadiyu, yana hoʻngrab yubordi. Banot bir nimani anglaganday, bechoravash, oʻylanib qoldi. Mamat ikki yildan beri bedazorga qorovul. Biron marta san-manga borganlari yoʻq. Shunday odam bilan hamsoya boʻlarkanmiz, deb Banot xursand boʻlgandi. Endi…

Mol achchigʻi – jon achchigʻi. Banot erini qiyin-qistovga olib, Mamatning oldiga joʻnatdi. Joʻnatdiyu, keyin pushaymon qildi. Oʻzi borishi kerak edi. Mamat bilan yaxshilab gaplashib qoʻyardi. Nega bunday qiladi, a? Banot oʻzini qoʻyarga joy topolmay, hovliga chiqdi, yana uyga kirdi. Oʻgʻlidan: «bedapoyaga tushganmidi, yoʻqmi?», deya qayta-qayta soʻradi. Javobini eshitishga sabri yetmay, shoshilib, koʻchaga chiqdi, yana…

Nihoyat eri shalpayib qaytib keldi.
— Qoʻylar qani?! Davlatga topshirib yuboriptimi? – soʻradi Banot oʻdagʻaylab. Oʻzi, bu lapashang erining qoʻlidan bir ish kelmasligini yaxshi bilardi. Shuning uchun yuborganidan pushaymon yedi.
— Qoʻylaring yuz soʻmlik bedani yeb qoʻydi. Yo jarima toʻlaysan, yo qoʻylaringni davlatga topshirib yuboraman, dedi.
— Yuz soʻ-oʻm! Oʻnta qoʻy yuz soʻmlik beda yeptimi? Yuz soʻmga beda olsam, uch oy qish yediraman-ku!

- Akt ham tuzipti, menga qoʻl qoʻying, dedi, qoʻymadim…

«Akt»ni eshitib, Banotning dami ichiga tushdi. Soʻng yana achchigʻi chiqdi. Mamat hali Banotning nogʻorasiga oʻynamapti. Hozir rayonga borib, bitta militsionerni boshlab keladi-da, hu, yakkatutning tagida poylab turishadi. Oʻzi, oʻz oyogʻi bilan… Banot roʻmolini boshiga tashlab, rayonga ketdim, deb koʻchaga otlangandi, eri toʻxtatdi:
— Shoshmasang-chi, pishirib qoʻyiptimi u yoqda? Mamat shtarapni bir soatda opkelsangiz opkeldingiz, boʻlmasa, qoʻylardan umidingizni uzing, shtrap oʻrniga topshirib yuboraman, dedi.
— Men ham Mamatni davlatga topshiraman. Bi-ir oʻtirib chiqsin, esi joyiga tushadi. Samadboyga qoʻshilib kesilayotgan edi, aslida bekor gunohidan oʻtgan ekan-da. Hu, uyginang kuygur!
— Oʻ-oʻv, gapga tushunmagan, qoʻylaring davlat hisobiga oʻtib ketadi, deyapman. Keyin Rahima xolaning hovlisidan ham ayrilib qolasan. Sen boʻlsa… Yaxshimi, yomonmi, ertaga Mamatga hamsoya boʻlsak… Uniyam bola-chaqasi bor. Koʻz koʻzga tushadi. Hadeb rayonga boraman, deysan. Sen kallani ishlat. Mamatga bas kelolmaysan: qoʻlida qogʻozi bor. Brigadir, yana bitta ishchi, uch kishi qoʻl qoʻygan. «Men davlatning odamiman, davlatning bedasini qoʻriqlayapman», dedi Mamat. Har yerda uning gapi oʻtadi.

Banot ikkilanib turib qoldi. Soʻng:
— Bedapoyaga tushgani rostmi oʻzi? – deya oʻsmoqchiladi.
— Muni borib Mamatdan soʻra. Uchta odam bekorga buytmayotgandir axir!
— Hu qirilib ketgur! – Banot gʻazabini bir chekkada mungʻayib oʻtirgan oʻgʻliga sochdi. – Mamat qoʻylarning oʻrniga seni qoʻraga qamamaydimi, seni davlatga topshirib yubormaydimi? Yuz soʻm tugul, birov bir soʻmga olmaydi seni! Qirgʻining kelsin! Qirgʻinlaring kelsin-a!

Bola yigʻladi. Sa’dulla aka oʻrtaga tushdi:
— Qoʻ-oʻy, boʻlari boʻldi! Endi bu yogʻini oʻylaylik. Xoʻ-oʻsh, nima qilamiz?
— Manovi ogʻzingdan qoning kelgur bersin yuz soʻmni! Mening ortiqcha pulim yoʻq. Bedapoyaga tushgani rostmi? Oʻla, qirilib ketgur! – Banot yana oʻgʻliga yopishdi. – Bir tiyinlik nafi tegmaydi, yuz soʻmlab ziyon yetkazadi. Qoʻylarni oralatib yuborgan boʻlsang kerak. Mamat bekorga buytmaydi. Siz ham landavursiz! – Banot eriga oʻgirildi. – Tushuntirmadingizmi? Bir marta kechir, demadingizmi? Oʻzim borib gplashaman Mamat bilan! Shoshmay tursin! Aytganim – aytgan, deb oʻylagan-da! Qoʻylarni topshirib koʻrsin. Bunda-ay, otining yuganiga tarmashmaysanmi? Aka, qoʻying, bir marta kechiring, demaysanmi? He oʻl-a!!!
— Baqirib boʻldingmi? Pulni olib chiq.
— Qancha?
— Olib chiq, ozroq… Ishqilib, Mamat koʻnadigan boʻlsin. Bari bir yuz soʻm bermaymiz-ku.

Banot ichkariga kirib, sandiqni ochdi-da, sakson soʻm oldi. Shu zahoti oʻn soʻmni qaytarib joyiga qoʻydi: «Mamat bu pulni yeganga p…mni yesin!» Yetmish soʻm! Banot yana oʻn soʻmni sandiqqa qaytardi: «Mamat shu yogʻini yesayam ogʻzi-burni toʻlib ketadi!» Qoʻlidagi oltmish soʻm ham koʻp edi: «Bu pulni Mamat oʻlsayam davlatga topshirmaydi: «Haromxoʻr!» Bermayin desa, aktning kuchini yaxshi biladi. Oʻshanda koʻrgan: «Samadboy urganda eri bir kechayu-kunduz qon tupurib yotgan. Oxiri duxturxonaga olib borishdi. Samadboy uvali-juvali, bolalari chirqirab qolmasin, deb eri da’vosi yoʻqligini aytibdi. Lekin duxtur: «Kim u, sovet zamonida birovni uradigan zoʻravon?», deb shartta akt yozib tashlaptiyu… Mamat ham oʻshanda oyogʻidan ilingan ediyu… Hoʻ, qon qusgur!

Banot pulni koʻkragiga bosib, eshikka yoʻnaldi. Nazarida yana oʻn soʻm ortiqchaday: «Nima qipti? Ellik soʻm ham Mamatni teshib chiqadi? Oʻlmaydi! Shuni ham tinch-omon bola-chaqasiga yedirib koʻrsin-chi!» Banot yana oʻn soʻmni sandiqqa qaytardi.

4

— Siz ham bopladingiz, - dedi brigadir qotib-qotib kularkan. – Yuz soʻm-a! Balo ekansiz! Yana, direktorga oʻxshab, doʻq urganingiz ortiqcha! Sizni yuvosh odam deb yursam… e, yashang-e! Banot koʻrning erini qoʻrqitdingiz-a.
— E, uka, kerak boʻlsa, yuvoshning yoʻgʻoni chiqadi. Tomoshani endi koʻrasiz. Hali zamon Banot koʻr halpillab kelib qoladi.
— Kelsa, qochib ketmaysizmi?
— Yoʻq. Qochmayman. Bugun u bilan bi-ir-r tashlashayin.
— Banot koʻr yuz soʻm beradi, deb oʻylaysizmi?
— E, menga bir tiyiniyam kerak emas. Pulini boshimga uramanmi? Bugun uni maralniy ezishim kerak. Gap shunda.
— Qoʻlingizdan kelmaydi-yov.
— Bu nima? – Mamat «akt»ni pesh qildi. – Biz qorovulmiz, haqqimiz bor. Endi siz ham ogʻzingizga talqon solmay, onda sonda gapni quvvatlab turing-da.

Banot oʻgʻli bilan erini yetaklab kelganda ular hamon chaylada maslahatlashib oʻtirishardi. Banot qoʻtonchadagi qoʻylarni koʻribmi, yo boshqa maqsaddami, yuvoshgina boʻlib, chaylaning chetiga choʻkdi.
— Keling, - dedi Mamat pinak buzmay.

Chaylaga bir zum noqulay jimlik choʻkdi.
— Hamsoya boʻlish niyatimiz bor edi, - dedi nihoyat Sa’dulla aka, - sizni yaxshi odam, deb koʻp eshitganmiz, oʻzimiz ham bilamiz. Koʻz koʻzga tushib turadiyuyuyu
— Ha-a… - dedi Mamat kinoyaomuz, davom etaveringchi, deganday.
— Endi-i, toʻgʻri: bizning nomimiz yomonotliqqa chiqqan. Yaxshi boʻlsak ham yomonmiz, yomon boʻlsak ham yomonmiz. Bizdan oʻtgandir, oʻtmagandir, qoʻyimiz bedaga kirgandir, kirmagandir, mana, oʻgʻlimiz biladi, siz bilasiz. Bir aybimizdan oʻting…

Erining ezmalanishidan Banotning toqati toq boʻldi:
— Qoʻylarni bering, - dedi u Mamatga oʻqrayib.

Bu gap Mamatning nafsoniyatiga tegdi. Bir narsa deb yuborishiga sal qoldiyu, shaytonga hay berib, oʻzini bosdi:
— Ana, turipti qoʻylaringiz, olib ketavermaysizmi?

Kinoyaga kinoya bilan javob qaytarishga Banot ojiz edi. Ojizligini his etish undan-da yomon. Eng yomoni – Mamatning qoʻlida «akt» bor. Qolaversa, erta-indin… Shularga suyanarman, deb…
— Mar-ha-ma-at! – dedi Mamat, soʻzining har bir boʻgʻiniga urgʻu berib va qoʻynidan buklogʻliq qogʻoz chiqardi. – Mana, shu «akt»larga qoʻl qoʻying-da, qoʻylaringizni olib ketavering. Ikki soatdan beri ularni qoʻriqlab oʻtiraverish jonga tegdi.
— Qoʻylar bedapoyaga kirmagan! – dedi Banot xezlanib.
— Kirmagan?! Ha-a, shundaymi? Yana nima demoqchisiz? Tagʻin qanaqa tuhmatingiz bor, qoʻshnijon!? Ayting! Armon boʻlib qolmasin. Balki davlatning bedasi katta enangizdan qolgandir, sizga meros boʻlib!? Qoʻlingizda qogʻozingiz ham bordir, bu bedazorda Banotning qoʻylari bemalol oʻtlab yuraverishi mumkin, degan. A?! Bedazor otamdan qolgan emas, indamay ketaversam. Davlatning mulki – bu! Mana bu «akt»ga , - Mamat qoʻlidagi qogʻozni silkidi, - qoʻl qoʻysangiz qoʻydingiz, qoʻymasangiz, bosh tortdi, deb yozib, oʻzingizni ham davlatga topshiraman, qoʻyingizni ham.

Er-xotin bosh egib qolishdi. Oraga yana noqulay jimlik choʻkdi. Mamat brigadirga qaradi, brigadir koʻzlarini olib qochdi. Mamat tomoq qirdi. Nihoyat brigadirdan sado chiqdi:
— Bedani yegani-ku, mayli-ya, - dedi u chaynalib, ammo lekin… shunday katta yoʻlning yoqasi, rahbarlar kelib qolsa… yaxshi emas. Bu kishigayam qiyin, boʻynida javobgarligi bor…
— Mana bundan boʻlgan-da! – Banot turib-turib yana oʻgʻliga yopishdi. – Qoʻylar bedaga kirmadi, deganding-ku, juvonmarg!

Bola hiqilladi.

Bir yuk Mamatning yelkasidan shunday bosdiki, yerga kirib ketayotganday boʻldi.

Banot oʻgʻlini shapatlay boshladi. Bola yigʻlagancha, chayladan qochib chiqdi.
— Boʻlar ish boʻldi, Mamatjon uka, - dedi Sa’dulla aka. – Hamma gapingiz toʻgʻri. Men oʻzim yarimjon odamman, bilasiz. Yangangiz uy tashvishidan ortmaydi. Kattamiz texnikumni bitiryapti. Shu vaqtgacha zarari tegsa tegdiki, foydasi tegmadi. Kichkinalarining qilib oʻtirgan ishi – mana bu! Oʻzingizdan qolar gap yoʻq. Biz ham yaxshiligingizni unutmasmiz. Bir kun qaytararmiz. Siz aytgancha pul topolmadik. Tishimizning kavagida asragan qirq soʻm pensiya puli turgan ekan, yanagi oygacha qozon qaynatmasak qaynatmasmiz, bolalarning rizqidan qiyib, shuni olib keldik. Mana! Iltimos, shu «akt»ni yirtib tashlang. Koʻp yaxshiliklaringizni koʻrganmiz, yana bir ukalik qiling, Mamatvoy!

Shu tobda Mamat qayoqdan ham Samadboyni, uning bola-chaqasini eslab qoldi. Diydasi qotdi.
— Nega «akt»ni yirtar ekanman?!
— Bir gapdan qoling endi, Mamatjon! Yirtib tashlang shuni, jon uka.
— Yirtib tashlasak, keyin sizning qirq soʻmingizni qayoqqa qoʻyamiz?
— Mayli, qaerga qoʻysangiz qoʻyavering. Shu qirq soʻm sizniki.
— Siz meni kim deb oʻylayapsiz? – Birdan Mamatning jini tutib qoldi. – Men pulingizga zor emasman. Xudoga shukr, oyoq-qoʻlim but. Siz… sizlarga qolsa, hamma - oʻgʻri, muttaham! Bitta sizlar – toʻgʻri! Sizlar – halol! Samadboy-ku, mayli, tugʻishgan akasini qon qaqshatgan odam… - brigadirning turtkisi bois Mamat tilini tishladi.

Boshqa payt boʻlganda er ham, xotin ham Mamatga nima deyishni yaxshi bilishardi. Ogʻiz ochgani qoʻyishmay, yummalab tashlashardi. Lekin hozir… iloji boricha kamroq chiqimdor boʻlish, Mamatning jigʻiga tegmay, qirq soʻm bilan masalani hal qilish… Mamat yuz soʻmning barini keltirasan, deya oyoq tiramayotganidan xursand boʻlishsa, pulni olmayotganidan tashvishga tushib qolishgan edi.
— Endi, Mamatjon, qoʻying shu gaplarni! Manavini oling-da, bizni…
— Hoʻ-oʻy, nima deyapsiz oʻzi? Pora berganniyam qamaydi, olganniyam. Qonun bor-a, toʻgʻrimi, brigadir?
— Hm-m.
— Mana, brigadir guvoh, qoʻylaringni ham, oʻzlaringni ham, aktni ham kerakli joyga topshiraman.

Mamat bunchalik deyishga bormas edi. Boshi qotib qoldi. «Akt»ni tuzishga tuzdiya, endi nima qiladi? Uni yirtib tashlasa, anavi pul… pora hisoblanadi, shekilliyu Brigadir esa miq etmaydi.
— Mayli, «akt»ni yirtmang, - dedi Sa’dulla aka boʻshashib. – Faqat oʻsha, «yuz» degan joyini oʻzgartib, «qirq» qiling. Bizgayam rahmingiz kelsin. Toʻgʻri boʻlaman, deb toʻqmoq yeb yurgan odamlarmiz. Endi-i, davlatga oʻzingiz topshirib qoʻyarsiz. – Sa’dulla aka pulni ikki qoʻllab uzatdi. – Mana, yana oʻn soʻmim bor edi, uniyam qoʻshay. Ellik soʻm boʻldi. Oling endi shuni, Mamatvoy!
— Torting-e! – Mamat jon-poni chiqib tisarildi. Yuzi oqarib ketdi. – Bu nima qilganingiz? – dedi u lablari gezarib, - hozir…
— Jon, uka, xoʻp deya qoling! Yaxshi kunlaringizda qaytaraylik. Bolalaringizning huzurini koʻring. Jon, uka!.. – Sa’dulla aka ayanchli moʻltaygancha, tizzalab Mamat sari siljidi, uzatilgan qoʻllarida ellik soʻm pul. – Qoʻying endi, nima oʻtsa bizdan oʻtdi, bir marta kechiring… - Koʻzlarida yosh qalqidi, ovozi qaltirab ketdi.

Mamat tisarila-tisarila chayladan chiqdi. Chiqaturib:
— Brigadir biladi, brigadir, - deyishga zoʻrgʻa kuch topdi.

Brigadir yuzini oʻgirgancha tutaqib oʻtirar, aftidan yaxshilik qiladiganga sira oʻxshamasdi. Ichida esa… Mamatni, unga qoʻshilib, noma’qulning nonini yegan… oʻzini boʻralatib soʻkardi…