OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiLola sayli (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Lola sayli (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Shohidaning sanatoriyga kelganiga ancha boʻldi. Togʻ havosi yoqdi, shekilli, yuziga qizillik yugurib qoldi. Birinchi kunlari palatasidan chiqmasdi: yotardi, televizor koʻrardi. Ovqatlanish uchun oshxonaga zoʻrgʻa borib kelardi. Ba’zan hamxonasi Muharram:
— Palatada yotaverib, dimiqib ketmaysizmi? – degancha koʻchaga sudrardi.

Muharram – yigirma besh yoshlardagi quvnoq juvon. Dam oluvchi yigitlardan tanishlari koʻp. Tashqariga chiqdimi, oʻshalar yetib kelishadi. Muharramular bilan ochiq-oydin gaplashaveradi. Ba’zan meyoridan oshirib yuboradi. Shohidaga bunaqa chegaradan chiqishlar yoqmaydi, mazam qoyapti, degan bahonani qilib, shartta palataga qaytadi. Yoʻq, yigitlarni yomon demaydi, balki haqiqatan ham yaxshi yigitlardir. Koʻngillarida kiri yoʻqdir, bari bir ular gap soʻrayvergandan keyin javob berishga majbur. Suhbatlashayotganda koʻz oldiga Obloqul keladiyu,..

Shohida kasalxonada bir yil yotdi. Shundan yetti oyi gipsda. Shohida yotgan yerida erining borgan sari ozib-toʻzib borayotganini koʻrib, u kelganiga koʻzlariga tikilib, uning haroratli qoʻllarini yuziga surkardi. Yosh tomchilari yonoqlariga sizib chiqardi. Obloqul uni alqamasdi, koʻngil uchun «yigʻlama», demasdi. Mehr toʻla koʻzlarini tikib turaverardi.
— Mana koʻrasan, - derdi ishonch bilan, - hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi. Sen tuzalasan, vrachlar bilan gaplashdim. Menga Shohidani tuzatib bersangiz boʻldi, dedim. Nima kerak boʻlsa topaman, dedim. Ular ham «qoʻlimizdan kelgan chorani koʻramiz, tuzalib ketadi», deyishdi. Eh-he, hali hech narsa koʻrmaganday boʻlib ketasan. Oʻshanda yana togʻlarga chiqamiz, lola teramiz, xoʻpmi?

... Shohida ahvoli ogʻirligini kasalxonaga tushgandayoq sezgan, hayotdan umidini uzib qoʻygandi. Uy-joy, mol-hol, bola-chaqa u yoqda tursin, oʻzini eplay olmasa, boshini yostiqdan koʻtara olmasa, nima qilsin? oʻshanda erining kulib turgan koʻzlariga qarab, rahmi kelgandi. Oʻziga oson: oʻladi-ketadi, vassalom. Shoʻrlik eri esa ovora boʻlib, har hafta Barlosdan Samarqandga kasalxonada yotgan xotinini koʻrgani kelishi kerak. Balki bir kun bu yurishlar joniga tegar... Shohida shuni oʻylasa, qoʻrqib ketar, oxirgi daqiqasigacha undan ajrashni istamasdi. Mayli, keyin oʻligini kigizga oʻrab, Barlosga olib ketsin. – Boshqa hech kimmas! Faqat – u! Kelin boʻlib tushgan, bir dunyo shirin-shirin orzular olib kelgan xonasida hech narsadan bexabar, behis, bejon, tinchgina yotaveradi. Qaynonasi boshia sochlarini yulib yigʻlaydi. U juda yaxshi ayol. Kelinligining birinchi kunlari unga yoqish uchun vositalar axtarardi. Keyin bilsa, qaynonasi ham kelin bilan kelishib, yaxshi yashab ketish uchun vosita axtarayotgan ekan. Keyinchalik shu haqda gaplashib qolib, ikkalasining ham fikri bir joydan chiqib, rosa maza qilib kulishgandi... Yana... shahardan ota-onasi borishadi. Hovli yigʻida toʻladi. Onasi uning sovuq, qotib qolgan yuzini silaydi. «Qizginam, sen oʻlgancha men oʻlsam boʻlmasmidi? Xudo sening joningni olgancha menikini olsa boʻlmasmidi?» deya ayuhannos soladi. Keyin U keladi. U mard, chidamli. Bari bir sevgan yori – Shohidasi bilan vidolashishi kerak. – Koʻzlari namlanadi.

Shohidani esa hayotning hech qanday tashvishlari endi qiziqtirmaydi.Lekin shunga qaramay, qalban azoblanayotgan, gʻam-gʻussaga botgan eriga tikiladi. Sochlariga darrov oq oralapti. Hammasi oʻzining oʻlimi tufayli ekanini anglaydiyu, sakrab turgisi, «boʻldi, koʻp kuyinavermang, men endi oʻlmayman, jonim», degisi keladi. Hatto oʻrnidan turmoqchi boʻladi. Ammo qimirlay olmaydi. Shunda oʻlik ekani esiga tushadiyu, yana hammasiga befarq boʻlib qoladi. Keyin Shohidani kafanga oʻrab-chirmab soladilar-da, qabristonga olib joʻnaydilar. Hovlida ayollar boʻzlab qolishadi. Ularning ichida onasi bilan qaynonasi ham bor. Bir yoshli oʻgʻilchasi qandaydir begona ayolning qoʻlida. U ham chirqillayapti. Uch yoshli qizchasi esa qaynonasining pinjiga tiqilgancha, yomon hodisa boʻlayotganini sezib, qoʻrquv aralash bir unga, bir bunga olazarak alanglaydi. Shohidani chiqarishayotganda qaynonasi dod soladi. Tobut koʻtarganlarga: «qizimni bermayman!» (Shohidani, qizim, derdi) deb tarmashadi. Koʻz oldi qorongʻulashib, hushidan ketadi. Ayollar qaynonasi bilan ovora boʻlib qolishadi. Tobut koʻtargan erkaklar ham toʻxtashadi. U oʻz dardi bilan avval hech narsani payqamaydi. Hamma hovliga shoshilayotganini koʻrib, yana bir koʻngilsizlikni sezib, asta qadam tashlaydi. – Onasi hushidan ketgan! - Shoshib qoladi. Najot izlab odamlarga qaraydi. – Shohidasi tirilsagina hamma narsa avvalgi joyiga tushishi mumkin. Ammo Shohida oʻlgan... Oʻlgan!!!

Bu koʻngilsizlikni kuzatib yotgan Shohida chiday olmaydi. Oʻrnidan turmoqchi, sakrab yerga tushmoqchi boʻladi, lekin mahkam bogʻlab tashlashgan. «Jonim, qoʻllarimni yeching, tushay, dardingizga darmon boʻlay», demoqchi boʻladi, ammo ovozi chiqmaydi. – oʻlgan! – xoʻrligi keladi. Oʻlgan odam ojizligini, tiriklar nima qilsa, shu holga tushishini yana bir bor eslab, qimirlashga harakat ham qilmay yotaveradi....

Shohida kasalxonaga dastlab tushgan kezlari shunaqa vahimali narsalar haqida koʻp oʻylardi. Ba’zan qoʻrqsa, ba’zan oʻz oʻlimiga ham odatdagi voqeaday xotirjam qaraydigan boʻlib qolgandi. Yaxshiyam U bor ekan. Boʻlmasa, soʻzsiz gʻamning oʻziyoq Shohidani ado qilardi. «Sochingni supurgi, qoʻlingni kosov qilib boʻlsa-da, koʻnglini oladigan ering bor ekan. Tuzalib chiqqaningdan keyin sira gapini ikki qilma», deydi Vrach. Shohidaning koʻzlari porlab ketadi. Yaqiningning yaxshiligini qalban his qila turib, boshqa birovdan ham eshitish odamga alohida quvonch bagʻishlarkan-da. Uni esalasa, yuziga yosh tomchilari sizib chiqaveradi. Artmaydi. Artishga urinmaydi. Mayli, nimaga yigʻlayotganini bilib qoʻyishsin. – Baxt yoshlaridan uyalish shart emas. Har kim ham Shohida erishgan baxtga muyassar boʻlavermaydi. Har bir juvonning ham turmush oʻrtogʻi Obloquldek sodiq va mehribon emas. U ishonch bilan «toqqa chiqamiz, lola teramiz», dedi. Agar shu gapini kasalxonaga tushgan kunlari aytsa, ishonmas. Mendek bechora, xastaning ustidan kulyapti, deb xafa boʻlardi. Ammo oʻsha damda beixtiyor sevgilisining gaplariga ishongisi, «Siz juda yaxshi odamsiz!», deb koʻksiga minnatdorona bosh qoʻygisi keldi. Ammo hali gipsda yotipti. Koʻp oʻtmay, Shohida yana yurib ketadi. Ular birgalashib toqqa, lola sayliga chiqishadi. Ikkovlon qoʻl ushlashgancha lolazor oralashadi. U lola tutadi. Shohida lolani olayotganda kaftidan tutib qoladi. Qoʻllari haroratli. Harorat Shohidaga ham oʻtadi. Uning koʻzlarida mehribonlik, sadoqat mujassam! Bu nigohlarda Shohida ilgʻaydigan va ilgʻamaydigan, sezadigan va sezmaydigan, biladigan va bilmaydigan koʻpdan-koʻp yaxshilik alomatlari bor. Hammasi Shohida atalgan. Shuni his qiladiyu, Shohidaning baxtiyorligi oʻn chandon oshib ketadi. – Qoʻlida esa lola! Lolani birgalashib tutib turishipti. Toʻlib-toshib kelayotgan hislarini jilovlash uchun Shohida lolaga qaraydi, fikrini chalgʻitishga urinadi. Ammo... qayoqqa qaramasin koʻzlari birgina Uni izlaydi. Yuragi birgina Unga intiladi. Fikrlari birgina Unga qaratiladi. Beixtiyor oʻzini Uning bagʻriga otadi. Uyalib, yuzini Uning koʻksiga yashiradi. Hamma yoq qip-qizil lola! Uddi yoyilgan gilamdek...

U «toqqa chiqamiz», deganda Shohida shunday xayollar surgandi. Asli, ikkovining tanishishlariga ham lola sayli sabab boʻlgan edi. Umuman, buni unchalik lola sayli demasa ham boʻlaveradi.

Oʻshanda ham toqqa chiqishgandi. Samarqandda institutda ikkisi parallel guruhlarda oʻqishardiyu, hech yurak yutib, yaqinlashib, biron marta tuzukroq suhbatlashmagandilar. Albatta, oʻsha voqeagacha bu narsa ikkisining ham xayoliga kelmagandir: jismoniy tarbiya darsidan «sinov»dan oʻtish uchun shahardan oʻn besh kilolmetr naridagi Ohalik togʻiga piyoda «tur-poxod» tashkillashtirildi. Ikkinchi kurs bitiruvchilari koʻchalarni toʻldirib, Samarqanddan chiqishdi. Yarim yoʻlga yetgancha birikib harakat qilishdi. Keyin-keyin tartib buzildi. Koʻplab toliqib, ortda qola boshladi. Nozikroq boʻlgani uchun Shohida bir dugonasi bilan eng oxirgilar safida borardi. Bir qishloq yoʻlidan oʻtishayotganda bir uyga suv ichishga kirishdi-da, charchoq tufayli bir pas oʻtirib qolishdi. Qaytib chiqishsa, hamma ketib qolgan ekan. Shohidaning madori qurigandi. Dugonasi oldinga qarab-qarab qoʻyardi. Shohida uning toqatsizlanayotganini, lekin ilojsiz ketolmayotganini sezar, «sen boraver», desa mutlaqo yolgʻiz qoladi. Buning ustiga «sen meni kim deb oʻylayapsan?», yeb xafa boʻlishi mumkin. Shu alfozda sekin-sekin ketisharkan, yoʻl chetidagi daraxtlarning soyasida oʻtirgan qoʻshni guruh talabalaridan toʻrt yigitga duch kelishdi. Shohida daf’atan quvonib ketdi. Axir orqada yolgʻiz oʻzimiz qoldik, deb oʻylagandi-da, xayriyat... Birgalashib yoʻlga tushishdi.
— Siz charchab qolganga oʻxshaysiz, keling, yetaklab ketaman, - deb javob ham kutmasdan, Obloqul ismli yigit qoʻlidan ushlab oldi.

«Ogʻir yuk»dan xalos boʻlganiga quvongan dugonasi ozroq yonma-yon yurdiyu, keyin oldinroqqa oʻtib, yigitlarning biri bilan qoʻl olishdi. Shu tariqa ketaverishdi: Eng oldinda ikki yigit, oʻrtada dugonasi bir yigit bilan, orqada Shohida Obloqul bilan.

Yiqilayotganingda tayanch borligini bilsang, har qalay, koʻngling choʻkmaydi. Shohida xuddi shu tayanch – Obloqul ekanini, unga suyanish kerakligini, unga suyanish mumkinligini his qilib, ancha xotirjam tortgandi. Shohidaning xushtorlari koʻp edi. Shohida ularni axmoq qilar, ovorayu-sarson etib, yugurtirardi. Ammo hozir Obloqulni «oʻynatish»ga holi yoʻq. «Balki bu ham oʻshalarning biridir. Ataylab, orqada qolib, uni kuzatib kelayotgandir. Agar shunday boʻlsa, hozir gap boshlaydi. Qiziq-qiziq latifalar aytadi. Yoqish uchun oʻzini yaxshi odam qilib koʻrsatishga urinadi», deb oʻyladi. Mayli, urinaversin, oʻzini koʻrsataversin. Yaxshi boʻlsa – yaxshidir, Shohidaga farqi yoʻq. Yetaklasa kifoya. Dugonasining kishi bilmas gʻijinishlarini koʻrmasa, hammasiga rozi. Hozir Obloquldan foydalanib qolish kerak. Qizlik latofatidan uni chalgʻitib, foydalanmasa, nima qilib yuripti qiz bola boʻlib!?

Biroq qancha yurishmasin, Obloqul gapirmas, gapirishga urinmas, Shohidaning qoʻlidan tutgancha, oldinga qarab ketib borardi. Balki meni oʻylayotgandir, deb yigitning yuzidagi fikrlarni uqmoqchi boʻlar, ammo bir maromda harakat qilayotgani tufayli yigitning yuzida ham bir xil oʻychanlik ifodasi aks etar, Sho=ida =ech narsani anglay olmasdi. Obloqul har zamonda qarab qoʻyar, faqat koʻzlarigina mehribonlik bilan kulib turardi. Nihoyat nigohlar rosmana toʻqnashdi. Shohida:

- «Qachon yetamiz, charchab ketdim-ku, tezroq olib bormaysmzmi?», - degandek zorlandi.

- «Yuravering, yaqin qoldi», - degandek, Obloqul qizning qoʻlini daldali qisib qoʻydi. Qoʻllari haroratli. Harorat Shohidaga ham oʻtib, yurishlari birmuncha tetiklashdi.

Oltovlon soy boʻylab borishmoqda. Borgan sari soy kengayib, yoʻl chekinardi. Yoʻl jarlik ichiga tushdi. Keyin jarlik ichida daraxtlar uchradi. Ular tobora koʻpayib, togʻ yon bagʻriga yetishganda daraxtzordan narini koʻrib boʻlmay qoldi. Oʻzlaridan oldin kelayotganlarning izi yoʻqolgandi. Yana yoʻl yurishda davom etishdi. Yana daraxtlar kamayib, jarlik tugab, togʻ oraligʻidagi soyning oʻzi qoldi. Shohida qattiq charchadi. Ixtiyorsiz ravishda yigitning bagʻriga kirgancha, behol qadam tashlardi. Ilojini qilsayu, shartta oʻtirsa, keyin... Ammo oldindagilar ketib borar, ikkovi ortlaridan sudralar, asosiy guruh sira koʻrinmasdi. Shohida yigit shundoqqina qulogʻi tagida nafas olayotganini sezar, nafasi bir-ikki dona soch tolalarini muttasil pirpiratardi. Nogahon yana tizginsiz xayollarga berildi: «Hozir OObloqul toʻxtab, Shohidani oʻziga qaratsayu, mahkam quchoqlab oʻpaversaya!? Nima boʻladi? Qarshilik koʻrsatadimi? Siltab tashlaydimi? Baqirib yordamga odam chaqiradimi? Anavi toʻrttalasi ancha oldinda. Bir tomon – soy, ikkinchi tomon – qir, oldilarida - baland choʻqqi. Dodini kimga aytadi? Yigit... Keyin oʻzi ham... E-e, shuniya? Nega bunday oʻylayapti? Nimaga yigitni nazari ilmayapti? Hamma yigitlarga oʻxshagan yigit. Umuman, oʻptirsa nima qipti? Birov koʻrib oʻtiriptimi? Hindulardek, anavi toshlar orasidagi gʻorga kirib olishsa... keyin,..» – Shohida oʻz oʻylaridan lazzatlanib, kulimsiradi. Voqea qanday davom etishini tasavvur qilib qoʻrqib ketdi. Keyin «bu faqat xayol», deb oʻziga tasalli berdi. Obloqul esa... hamon oldinga qaragancha nimalarnidir oʻylab ketib borar, yonidagi qiz fikran u bilan nima ishlar qilganidan mutlaqo bexabar edi. «Yoʻq, bu yigit unaqalardan emas!» Shu daqiqa Obloqul unga nazar tashladi. Koʻzlari mehribonlik bilan kulib turardi. «Yoʻq, bu koʻzlar aldamaydi!»

«Yoʻq, bu koʻzlar aldamaydi!» – fikran takrorladi Shohida va uyalib qoʻydi. – Qiz bola boshi bilan shunaqa narsalarni oʻylayaptiya!

Navbatdagi doʻnglikdan oshganlarida toʻrtovlon suv boʻyida oʻtirishgan ekan. Yoʻl boʻylab, togʻning ancha ichkarisiga kirib ketishgan, togʻu-toshlar orasida salkam ikki soatdan beri yurishar, lekin hamon asosiy guruhning qorasi koʻrinmasdi. Har yer – har yerda sayrga chiqqan kichik-kichik guruhlar qir yon bagʻirlarida dam olib yotishar, ulardan gap soʻrab, tayinli javob olisholmasdi. Nihoyat hech kim uchramay qoʻygandan keyin toʻrtalovi oʻtirib olishgan ekan. Ular toʻrxaltalarida olib chiqqan tushliklarini oʻrtaga qoʻyishdi. Shohida qoʻliga non, shokolad oldi. Ammo ishtahasi boʻgʻiqligini anglab, qoʻlidagilarni joyiga qoʻydi. Obloqul esa shapati nonning yarmini sindirdi-da, soy suviga botirib yeya boshladi.
— Siz ham shunday qiling, - dedi u. – Har qanday shokoladdan koʻra koʻproq maza qilasiz.

Shohida jilmaydi. Keyin yigit uzatgan nonni soy suviga botirib, bir oz shimdirdi-da, tishladi. Nazarida shirindek tuyuldi. Nonni yana suvga botirdi. Yana tishladi. – Non juda shirin! – Shohidaning ishtahasi ochildi, toliqqanini unutdi. Obloqulga shodon tikildi. Uning koʻzlari: «aytmadimmi, zoʻr-a?» deganday tikilib turardi. Shohida boshqacha boʻlib ketdi... Obloqulning koʻzlaridagi nur qalbining qaysidir burchini yoritayotganday.

Shunday oʻzgarishni oʻzida birinchi marta his qilayotgandi...

Shohida endi ichida Obloqulni maqtayotgandi. Nimasini maqtaydi? Nimaga maqtaydi? Hammaga oʻxshagan yigit. Azaldan yigitlar qizlarga yordam berib kelgan. Hech ajablanarli joyi yoʻq. Bari bir... ipsiz bogʻlanib borayotganini tushunar, sovuqqon boʻlishga harchand urinmasin, eplay olmas. Shunchaki qarayman, deb yigitga mehr bilan tikilayotgani ustida oʻzini oʻzi qoʻlga tushirardi. Yuragi esa...

Uzoqdan eshak mingan odam kelaverdi.
— Shu tarafga ketayotgan yigit-qizlarni koʻrmadingizmi, ota?
— Yoʻq, -dedi ota eshagini toʻxtatib, qoʻlidagi choʻpon tayogʻini qoʻltigʻiga qistirib, oq oralagan soqolini silarkan, sinovchan koʻzlarini yigitlarga, keyin qizlarga tikdi. – Sizlarga kim kerak?
— Biz Samarqanddan tur-poxodga chiqqan talabalarmiz. Asosiy guruhdan orqada qolganmiz. Ular shu tarafga ketgan boʻlishi kerak.

Ota tur-poxod magʻzini chaqchoqchi boʻldimi, bir zum soqolini tutamlab oʻylandi.
— Shahardan kelganlarning hammasi pastda, - dedi keyin, - bu tomonda faqat qoʻy suruvlari bor. Koʻrmasdan oʻtib ketgansizlar. Yoʻl jarlikka tushganda qalin daraxtlar bor, shaharliklar odatda oʻsha yerdan qaytishadi.

Oltovlon bir-biriga qarashdi. «Ota» eshagining qorniga nuqib, yoʻlida davom etdi. Hammasi charchagan, oxirgi umid uchqunlari ham soʻngandi.

Orqaga qaytish kerak...

Yana avvalgiday uch boʻlak boʻlib orqaga qaytishdi. Obloqul Shohidaning qoʻlidan tutgancha, xotirjam ketmoqda.Kam gapiradi, har zamonda qarasa, koʻzlari mehr bilan kulib turadi. Bir maromda nimalarnidir oʻylaydi. Bir mahal qirga tikilib qoldi. Oʻn qadamcha shu alfozda yurdi. Keyin «toʻxtab turing», deb shoshilgancha, qiyalab qirga chiqa boshladi. Shohida hayron. Yigitning chaqqon harakatlarini kuzatarkan, epchilligini tan olayotganini, «koʻrdingmi, qanday zoʻr yigit!», deya oʻziga-oʻzi maqtayotganini sezib qoldi.
— Nimasi zoʻr? – deya yuragining ikkinchi tomoni qarshi chiqdi. – Oddiy yigitlardan biri.
— Oʻjarlik qilma! – dedi birinchi tomon. – Bunaqa yigit har qadamda uchrayvermaydi. Sinash uchun har kuni bunaqa vaziyat boʻlavermaydi.
— Ho, kim sinar ekan? – vujudida yuz berayotgan hodisani koʻrib koʻrmaslikka olardi ikkinchi tomon. – Shu pachoq yigitni sinar ekanmanmi? Nimasini sinayman? Bema’ni gaplaringni qoʻysangchi!
— Hali bu gaplaring uchun pushaymon yeysan! – derdi birinchi tomon oʻjarlik bilan.
— Nima? Sen nega meni tinch qoʻymaysan? Nimaga undamoqchisan? Fikringni sezyapman, shu yigitni sev demoqchisan.
— Mana endi ikkimizning fikrimiz bir joydan chiqdi.
— Hech qachon bunday voqea yuz bermaydi!
— Buni endi... koʻramiz!.. Ana, qaragin, qandaydir xarsangning yonida choʻkkaladi. Nimanidir oldi. Ana, baland koʻtarib koʻrsatyapti. Ur-re! Lola!

Qiz-qizil lola koʻtarib, yuzi qizargancha yigit kelardi!

Qip-qizil lolani kutib, yuzi qizargancha sevgiga tashna qiz turardi.

Lola qip-qizil edi! Yuzlar qip-qizil edi! Ular hayajondan entikardilar.

Lola ikkovining umr yoʻlini uzil-kesil bir tomonga burib yuborgandi.

Oʻzidek nozik, chiroyli lolani koʻksiga bosib, Shohida bormoqda. Charchogʻidan asar ham qolmaganday. Orqasiga qaramaydi, ammo U (shu damdan boshlab Obloqul Shohida uchun «U» ga aylandi.) yonginasida kelayotganini his qilib, yanada qattiqroq hayajonlanardi.

Togʻ yoʻlidan qaytib tushganlarida kursdoshlarini koʻrib quvonib ketishdi. Keyin bilishsa, oʻzlaridan boshqa hech kim toqqa chiqmagan, «ota» aytganday, jarlikdagi daraxtzor oralab ketishgan ekan.

Institutni bitirishda nikoh toʻylari boʻldi. Kelin-kuyov qoʻsh diplomni qoʻltiqlashib, Barlosga ravona boʻlishdi. Shohida asli qishloq qizi, otasining xizmati yuzasidan Samarqandga kelib yashab qolishgandi. Kishi qishloqda tugʻildimi, qishloqda oʻsdimi, keyin har qancha shaharda yashamasin, gʻala-gʻovurga oʻrganmasin, qalbining bir burchagida qishloqqa intilish hissi yashirinib turaveradi. Shu sabablimi, Shohida yangi hovliga tezda oʻrgandi. Qaynonasi unga ish qiling, demas, sigirni ham oʻzi sogʻaverar, kirni ham oʻzi yuvaverar, nonni ham oʻzi yopaverardi. Shohida qaynonasining yordami bilan bu ishlarni oʻz qoʻliga oldi. Shu orada qizchasi tugʻildi. Keyin oʻgʻli... Hamma koʻrguliklar oʻshandan boshlandi. Kichik, katta chillalari oʻtdi hamki, ishga chiqolmadi. Hatto emizikli oʻgʻliga tuzukroq qarolmasdiyu Asta-sekin uy tashvishlari yana qaynonasining chekiga tushdi. Shohidaning darmoni ketib borar, uyda «bekorchi xotin» boʻlib qolayotganidan vijdoni qiynalardi. Bola tugʻilgandan soʻnggi nimjonlik, oʻtib ketsa kerak, deb dastlabki oylarda ahamiyat berishmadi. Shohidaning oʻzi ham shu fikrda edi. Oʻzi avvaldan u nimjon qiz edi. Shu nimjonligi bois Obloqul bilan tanishgandi. Qaytadan kuchga kirsa, qaynonasining qoʻlidan uy tashvishlarini olishini oʻylab, oʻziga tasalli berardi. Asta-sekin oʻzidagi oʻzgarish vaqtincha boʻlmay, kuchayib borayotganini tan olishga majbur boʻldi. Shu orada gripp bilan qattiq ogʻrib yotib qoldi. Uni kasalxonaga olib borishmoqchi edi, «oʻlaman sattor, bormayman. Emizikli bolamni qanday tashlab ketaman», deb turib oldi. Shohida grippga qadar belida ogʻriq sezardi. Gripp asoratlari ham qoʻshildiyu, ogʻriq kuchaydi. U boʻldi-bu boʻldi, oradan yana ikki oy oʻtdiyu, Shohida oʻrnidan turolmay qoldi. Majburan kasalxonaga, Samarqanda olib borishdi.

Oʻshanda edi-da, yotgan joyida oʻlimini tasavvur qilishlari...

Umurtqa suyagi chiriy boshlagan ekan. Davolash juda qiyin edi. Ahvoli ogʻirligini Shohida ham sezardi. Sezardiyu, «oʻlib ketsam U nima qiladi?» deb azob chekardi. Oʻlsa... eh-he, U ozmuncha tashvishga qoladimi? «Mendan keyin oʻziga menday xotin topa olarmikan?» deb qaygʻurardi. Ammo koʻnglining bir burchagida oʻsha ayolga rashki kelayotganini ham angrab turardi. Oʻlimini kutardiyu, oʻlishni istamayotganini bilib qolardi. Unga: «Koʻp kelavermang, uy ishlariga qarashing», derdiyu, doim U oʻz yonida oʻtirishini istayotganini bilib qolardi. «Balki hozirdan yangi xotin izlayotgandir», deb oʻylar, goʻyo shunday boʻlishi tabiiydek, Uning yonida boshqasini koʻz oldiga keltirardi.

... U kuyovlik kiyimida. Yonida harirga burkanib, uyagancha kelinposhsha turipti. Qizchasi, qaynonasining qoʻlidagi oʻgʻilchasi bir chetda moʻltirashadi. Toʻyxonaning bir burchagida gipslangan Shohida yotipti. Keltn-kuyovga qaraydiyu, oʻzini tutolmaydi. U esa:
— Axir oʻzing shuni istagandingku. Bari bir erta-indin oʻlib ketadigan odamsan, men esa yashashim kerak. Koʻrdingmi, qanday chiroylisidan topdim, - deydi.

Shohidaning battar xoʻrligi keladi. Baqirib yigʻlamoqchi boʻladi, ammo ovozi chiqmaydi. Tura solib, kelinni kosov bilan quvib chiqarmoqchi boʻladi, ammo gipsda yotipti. Kelin-kuyov tantana bilan Shohidaning yonidan oʻtib ketadi. Oʻtirganlar oʻrinlaridan turib, qarsaklar bilan ularni olqishlaydilar. Shohidani esa oʻtgan-ketgan turtadi, masxaralaydi.

Shunday boʻlishi kerak edi...

Shohida buni yaxshi tushunadi. Ammo tushunish boshqayu, hayot oʻyinlarini oʻz boshingdan oʻtkizishing boshqa ekan-da! Taqdirga tan bermoqchi boʻladi, biroq yuragida isyon.

... Yostigʻi hoʻl boʻlib ketdi. Kimdir peshonasiga qoʻl qoʻydi. Koʻz yoshlarini artdi. Shohida siltab tashladi. Qulogʻiga: «Shohida! Shohida, bu – men! Men keldim», degan muloyim ovoz eshitildi. U!!? Bu yerda nima qilib yuripti?! Hozirgina kelinchakning yonida savlat toʻkib turuvdi-ku! Shohida qoʻrqa-pisa koʻzini ochdi. Haqiqatan ham yonida – U!! Shohida battar yigʻladi. Oʻzini toʻxtatib ololmasdi.
— Sizdan iltimos! – Shohidaning birinchi gapi shu boʻldi. – Agar yana uylanadigan boʻlsangiz, men oʻlganimcha sabr qilib turing. Xoʻpmi?!
— Tentakkinam! – dedi U. – Nimalarni oʻylab yotipsan? Men dori topib kelyapman. Bu yerda boshqa hech kimda yoʻq. Kamyob. Vrachlar buyurishgandi. Koʻp joylarni izladim. Oldindan chiqib ketgandan beri hali uyga borganim yoʻq..

Shohida dorini koʻrgandan soʻng Obloqulga sinsiklab qaradi: Koʻzlari kirtaygan, yoqasi kirlagan, soqoli oʻsgan. Shohida uyalib ketdi:
— Xayolimda... biznikida toʻy boʻlayotgan emish. Siz... boshqa bir kelinchak bilan toʻrda... bosh egib turipsizlar, - dedi Shohida oʻzini bosib olgandan keyin. – oʻrnimga olgan yangi xotiningizga qarab, alam oʻtib yigʻlayotgandim, siz... – Shohida shirin jilmaydi.
— Olib bergan xotining chiroylimi?
— Juda ham. Sizga yoqdi! – Shohida davom etolmadi, yana kelinchakka rashki qoʻzidi
— Menga balki... faqat sen kerakdirsan. Balki men faqat sen uchun... – Uning sokin ovozi Shohidaning vujudini jimirlatib, rohatli boʻshashtirib yubordi.

Oʻshanda aytgan edi-da, «toqqa, lola sayliga chiqamiz» deb.

Uni yana bir marta qattiq ovora qilganini eslaydi. Gipsni olganlaridan keyin darrov yaxshi yurib ketolmas edi. Shuning uchun qoʻltiqtayoq kerak edi. Vrachlar buyurgandan keyin rosa bir hafta izlapti. U shahardan – bu shaharga dorixonama-dorixona izlab ketaveripti. Oxiri hafsalasi pir boʻlib, qaytib kelsa, oʻzlarining Barlosidagi kichikkkina dorixonaning bir burchagida ikkitasi sakkiz yildan beri xaridor chiqmay, chang bosib yotgan ekan. Olasolib, Samarqandga joʻnayveripti.

Oʻshanda yana aftodahol, lekin baxtiyor holatda kirib kelgandi.

Birinchi marta oyoqqa turganichi? Xuddi goʻdak endi qadam tashlayotgandek. Vrach bilan U ikkovlon ikki qoʻltigʻidan tutishdi. Oʻz oyoqlaring bilan yurish qanchalar katta baxtligini yolgʻizgina Shohida biladi. Bemalol qadam bosadigan boʻlgancha U yonidan ketmadi. Shohidaning Unga rahmi kelar, uyda qaynonasi bolalari bilan juda qiynalayotganini bilar, lekin uni yonidan ketkizishni istamasdi. Ayni daqiqada Shohidaga qoʻltiqtayoqdan ham koʻra koʻproq Uning oʻzi kerak edi.

Bir yil deganda kasalxonadan uyga javob berishdi. Vrachlar Shohidani sanatoriyga joʻnatishni maslahat berishgandi. Avvalgiday kuchga kirishi uchun sanatoriy sharoitida davolanishi shart ekan. Oʻshanda Norxolning onasi, yana Usmonga oʻxshaganlar: «Sanatoriyda xotinlar unaqa boʻlib ketadi, bunaqa boʻlib ketadi...», deyishaversa, U ancha oʻylanib qolipti. Oxiri koʻnglidagi hamma gumonlarini yengdi.

Muharram sanatoriyga Shohidadan sal oldin kelgan. Shu yerdayoq (oʻzining aytishicha) ikki-uch yigitni telba qilipti. Kasalxonaga tushgandan keyin «sil boʻlding», deb eri tashlab ketganmish. Shuning uchun jamiki erkak zotini koʻrarga koʻzi yoʻq edi. Fikri-zikri tugʻri kelganini boplash. Xushbichim juvon boʻlgani uchun sanatoriyda ancha xushtorlar orttirgan, ataylab, birini ikkinchisiga tezlab, urishtirib, oʻzi huzurlanib yurardi.

Muharram Shohidaning hikoyasini maroq bilan tinglasa-da, Obloquldek yaxshi odamlar borligini tan olgisi kelmasdi. Bu Shohidaga yana-ada xush yoqar, Uning aziz kishisi borligidan faxrlanardi. Muharram esa koʻp oʻylanadigan boʻlib qoldi. Shohidadan takror-takror Obloqul haqida soʻrar qanday xabar olganlarini, dori izlaganlarini juda aniq bilgisi kelardi. Muharram asta-sekin Shohidaga bogʻlanib borar, ilgari koʻchaga sudraydigan boʻlsa, endi palatada oʻtirib, uzoq suhbatlashardi. Gap qayoqqa aylanmasin, oxir-oqibat Unga taqalar, keyin xayol surib oʻtirib qolardilar. Xat orqali Uning suratini olishdi. Suratdagi koʻzlari mehribonlik bilan tikilib turgan yigitga Muharram uzoq tikildi.Koʻnglidan koʻp narsalar oʻtayotganini tushunib, Shohida indamasdan kuzatdi. Muharramning qoʻllari titrardi. Surat polga tushib ketdi. Ammo Muharram buni sezmadi. Shohida dugonasining holatidan koʻngli buzilib, qimirlolmay oʻtiraverdi. Muharramning boshi egilgan, koʻzlarini tuman qoplagan.

Yoningdagi kishi ham chekayotganini koʻrsang, aslo kulib oʻtolmaysan. Uning gʻami zarracha boʻlsa-da, senga ham koʻchadi. Shohida Muharramni tashlab ketgan abevafoni juda yomon koʻrib ketdi. Yomon koʻrish – oddiy munosabat! Nafratini ifodalashga soʻz yoʻq. Balki oralaridan biron gap oʻtgandir, ammo qaysi mard erkak xotinini qiyin ahvolda kasalxonada yotganida tashlab ketadi. Xotin degan insonga aynan oʻsha vaqtda er tayanchi, mehri, sadoqati kerak-ku!

Nihoyat Muharramning dardi bir oz kamaydi, shekilli, suratni qidirdi. Xijolatlik bilan poldan avaylab olib, puflab, Shohidaga tutarkan:

— Siz juda baxtiyorsiz! – dedi. Koʻzlarida yosh gʻiltilladi. Kafti bilan yoshini artdi-da, oʻzini oqladi. – Koʻnglingizga kelmasin, men shunchaki... Hali koʻrasiz, menga ham Obloqul akaga oʻxshagan yigit uchraydi. Uchramasa, oʻzim izlab topaman! – Muharram kulimsirashga harakat qildi. Oʻshanda sizga suratini yuboraman. Mana koʻrasiz!