OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiMen seni sevaman, Buvirajab! (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm54KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Men seni sevaman, Buvirajab! (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

— ... Qayta qurishni, yana bir marta takrorlayman, har birimiz oʻzimizdan boshlashimiz kerak! – dedi raykom vakili. – Bunda biz partiyamizning Bosh sekretari oʻrtoq Gorbachevdan oʻrnak olaylik. Oʻrtoqar, biz Oʻrozgul opamizni Butunittifoq X1X partiya konferentsiyasiga delegat qilib saylar ekanmiz, u kishiga yuksak ishonch bildiramiz. Oʻylaymizki, mash'al sogʻuvchimiz – ferma yulduzi, oblastimizning faxri boʻlmish Oʻrozgul Turgʻuntoʻraeva konferentsiyadan katta taasurotlar bilan qaytadi. Shuni mamnuniyat bilan alohida ta’kidlashni istardimki, qayta qurish bizga ham yetib keldi. Mana, konferentsiya delegatini demokratik asosda saylayapmiz. Marhamat, har kim oʻz fikrini ochiq – oydin aytsin. Kelingizlar, yurakdan gaplashaylik. Bir-birimizni doʻstona tanqid qilaylik.

Konferentsiya delegatligiga nomzod bilan Barlos qishlogʻi alolisi uchrashuvi davom etar, koʻpchilik «endi Barlosdayam gʻaroyib oʻzgarishlar yuz bersa kerak», deb klubga yigʻilib kelgan edi. Raykom vakili yaxshi gapirdi. Garchi oʻzi biron kishining sha’niga tanqidiy fikr bildirmagan boʻlsa-da, boshqalarni oshkoralikka da’vat etdi. Biroq soʻzga chiqqanlarning aksariyati yana avvalgiday – nuqul oʻzlarining ishlari haqida gapirishdi, yuqori martabali, «hammamiz uchun hurmatli» shaxslarni maqtashdi. Xuddi shu narsa Buvirajabga alam qildi-da. Bu odamlar muncha qoʻrqishmasa? Axir bu ahvolda Barlosda qachon qayta qurilish boʻladi? «Qayta qurishni oʻzimizdan boshlaylik» degandan keyin soʻzga chiqqan har bir odam hech boʻlmasa oʻzini qanday qayta qurayotganini aytsin. Qachongacha!?.

Buvirajabning sakrab oʻrnidan turgisi, soʻz soʻragisi kelardiyu, biroq nimadir uni tutib turardi. Fermada necha bor Oʻrozgul opayu, Eshqobil ferma bilan gap talashgan, rost, ammo mana bunaqa katta yigʻinda soʻzlab koʻrmagan.
— Nega shuncha gapdan keyin ham Oʻrozgul opani maqtashadi, a? – dedi Buvirajab alam bilan. – Nega bari toʻtiqushday, haqiqatni aytaylik, degan gapni takrorlashadiyu, ogʻizlari yolgʻondan boʻshamaydi?
— Parvo qilma, - deya tasalli bergan boʻldi yonida oʻtirgan dugonasi Ra’no. – Hamishagi gap-da.
— Oʻzim bir boplamasam...
— Bular bilan olishib baraka topmaysan, Buvirajab! Baloga qolasan.

Ra’noning «baloga qolasan»i soʻnggi tomchi boʻldi – limmo-lim kosa toshdi.
— Menga soʻz bering!

Hamma unga – qoʻl koʻtargancha oʻrnidan turgan Buvirajabga oʻgirildi. Sovxoz direktori Xidir Sobirovich «senga soʻzni kim qoʻyipti», deganday ijirgʻandi ham. Shuni ilgʻab, Buvirajabning badtar xoʻrligi keldi, «yoʻq» deyishsayam soʻzga chiqaman, deya oʻziga oʻzi ahd qildi. Sovxoz partiya tashkilotining kotibi Hamroqul Bozorovich, soʻz beraymi, yoʻqmi, deganday mashatomuz direktorga tikildi. Qizarib-boʻzargan Xidir Sobirovich kinoyali kulimsirab, yoniga oʻgirildi va raykom vakiliga bir nimani tushuntirgan kishi boʻldi. Vaqt esa oʻtib borar, Hamroqul Bozorovich bir qarorga kelolmay qiynalardi.
— Soʻz berilsin! – dedi zaldagilardan biri yurak yutib.
— Nuqul oʻzlaring gapiraverasizlarmi? – dedi ikkinchisi. Uning ovozi xiyla dadil chiqdi.

Zalni gʻala-gʻovur bosdi. Nihoyat Buvirajabga soʻz berishga majbur boʻlishdi.
— Mamlakatimizda shuncha oʻzgarishdar boʻlyapti... mengacha gapirganlarning hammasi toʻgʻri gapni aytish kerak deyishdiyu, nuqul yolgʻon gapirishdi, - dedi Buvirajab yigʻlamoqdan beri boʻlib. Yana bir zum jim tursa yigʻlab yuborishi tayin edi. Shuni anglab, tishini tishiga bosdi. Xuddi shu lahza bir narsani angladi: majlis ahli, endi nima boʻlarkan, deb tosh qotib qolgan edi.
— Gapir qizim, oʻzingni bosib ol-da, gapiraver, - dedi oldingi qatorda oʻtirgan paxtachilik brigadiri Avaz aka.
— Qayta qurish hali bizning Barlosda boshlangani yoʻq, - dedi Buvirajab boʻgʻilib, tovushi ham juda past chiqdi, biroq buni hamma aniq eshitdi.
— Toʻppa-toʻgʻri! – orqaroqda oʻtirgan Qurbon traktorchi oʻrnidan turib uning gapini ma’qulladi.

Qishloqdoshlari qoʻllab-quvvatlayapti. Demak, qoʻrqmasa boʻladi. U birmuncha osoyishta, ammo hamon titroq ovozda davom etdi: - Direktor bovomiz menga soʻz berilishini istamadilar. – Kinoyasi Buvirajabning oʻziga ma’qul tushdi va bu unga kuch bagʻishladi. – Chunki men direktor bovomizga noma’qul gapni aytib qoʻyishim mumkin. Demokratiya deb ogʻiz koʻpirtirishdi. Qani demokratiya?! - Tilining uchida turgan gapni aytsammi-yoʻqmi, deb bir lahza oʻylandi. Xuddi shu payt zaldan kimdir:
— Toʻgʻri, bizda hali demokratiya yoʻq! – deya Buvirajabning gapini ma’qulladi.
— Ha, hozircha demokratiya Barlosda yoʻq, - dedi Buvirajab nihoyat yurak yutib. – Oʻrozgul opa delegatlikka arzimaydi!

Zal bir muddat suv sepganday jimib qoldi. Har qanday gapni, tanqidni kutishsa-da, undan buni...
— Hoʻ-oʻv, bunday deyishga hali yoshlik qilasan! Oʻrozgul mash'al sogʻuvchi, oblast soveti deputati! Oʻrozgulni butun respublika biladi. Seni-chi? Kimsan oʻzi? Nega ogʻzingga toʻgʻri kelgan gapni valdiraysan? Oʻrozgulni rayon, oblast partiya komitetlari delegatlikka tavsiya qilishgan! – Hamroqul Bozorovich raykom vakilidan madad kutib, moʻltaydi.
— Demak, rayon, oblast partiya komitetlari xatoga yoʻl qoʻyishgan! – dedi Buvrajab qiziq ustida. Dediyu, aytgan gapidan oʻzi qoʻrqib ketdi: «Partiyaga til tekkizding!» deb... E, nima boʻlsa boʻlar!.. – Oʻrozgul opaning mash'al sogʻuvchiligi yolgʻon. Aholidan sotib olinayotgan, qoʻshib yozilayotgan sutning barini Eshqobil aka Xidir Sobirovich bilan kelishib, Oʻrozgul opaning hisobiga oʻtkazayapti.
— Yolgʻon! – Eshqobil ferma mushtini havoda oʻynatgancha oʻkirdi. Boshga bitgan balo boʻldi bu tirmizak. Buvirajab soʻzga chiqqanidan beri u bezovta boʻlib oʻtirgan edi. Nihoyat kutgani roʻy bergandan soʻng oʻzini tuta olmay qoldi.

Zalda oʻtirganlar jonlanishdi. Birov Buviajabning yonini oldi, boshqa birov, xususan prezidiumda oʻtirganlarEshqobil fermaga tarafdosh boʻlishdi.
— Aytadiganingni aytding, endi joyingga oʻtagʻoy, qizim! – dedi Avaz aka. Bu iborada ragʻbatdan koʻra «Ha, shoʻrpeshona qizim-a!» degan dashnom va achinish hissi moʻlroq edi. Buvirajab yana ikkilanib qoldi. Koʻzlari moʻltiradi. Axir Avaz aka hamisha uncha suyanchiq boʻlar edi-da! Beting-koʻzing demay rost gapni aytganida hatto Avaz aka ham taysallab qoldi, demak, ishlar chatoq!

Buvirajab ichki portlash tufayli oʻziga kelolmay, beixtiyor joyiga oʻtdi-da, Ra’noning yoniga oʻtirdi. Hamma oʻziga tikilayotganini his qilib, bironta bilan koʻzi toʻqnashib qolmaslik uchun joʻrttaga kaftini peshonasiga bosdi. Manglayini muzday ter bosipti. «Ra’no nima derkin?» Dugonasi unga qayrilib qaramadi ham. Goʻyo navbatdagi notiqni e’tibor bilan tinglayotganday, minbardan koʻz uzmay oʻtiraverdi. Nahotki, Ra’no ham?...
— Nima boʻlyapti oʻzi? – deb soʻradi Buvirajab, toqati toq boʻlib.
— Yaxshi ish qilmading, - dedi Ra’no sovuqqina, iloji boricha unga qaramaslikka harakat qilib.

Bvirajabning dami ichiga tushib ketdi. Fermadagi sogʻuvchilar ichida uning yaqin kishisi yoʻq hisob. Faqat Ra’nogina picha unga yon bosib yurar edi. Endi bu ham...

Oʻzi nima boʻlyapti, a?! Axir Buvirajab bor gapni aytdi-ku! Buni hamma biladi, qolaversa, aytishyapti-ku axir, «toʻgʻri gapni aytinglar» deb.
— Xalq yigʻini bu, oʻrtoqlar! – dedi navbatdagi notiq, - shu yil ham paxta planini koʻzboʻyamachilik bilan toʻldirgan brigadir, Xidir Sobirovichning yaqinlaridan biri. - Biz xalqning ishonchli, oqil vakillariga soʻz berishimiz kerak. Aytilgan soʻz – otilgan oʻq, oʻrtoqlar. Barlosliklarning faxri boʻlmish - Oʻrozgul opamizni har xil uydirmalardan asrash – bizning vazifamiz.
— Soʻz Eshqobil fermaga!
— Oʻrtoqlar! Bu nima degan gap? Hali sen bu yerdan turib aytgan har bir gaping uchun javob berasan, Buvirajab! – Eshqobil ferma garangsib qolgan qizga ilonday tikildi. – Sen dohiymiz Vladimir Ilich Lenin tuzgan shonli Kommunistik partiyaning, Sovet hokimiyatining vakiliga tuhmat qilding. Kommunistik partiya kimni konferentsiyaga delegat qilishini yaxshi biladi. Kerak boʻlsa, senga oʻxshash ona suti ogʻzidan ketmaganlardan soʻrab oʻtirmaydi. Men yigʻilganlardan, shaxsan raykom vakilidan, shaxsan Xidir Sobirovichdan shuni qat'iy talab qilamanki, igʻvogarona gapi uchun Buvirajab jinoiy javobgarlikka tortilsin!

Zal uvlab yubordi. Buvirajab yerga kirib ketguday boʻldi. Fermada Eshqobil aka bilan necha bor gap talashgan, birda yenggan, birda yengilgan, biroq shu vaqtga qadar biron marta u koʻpchilik orasida bunchalar izza boʻlmagan, bu qadar oʻzini yakka, notavon his etmagan edi.
— Fermamiz jamoasi ahil, inoq edi, - deya ravon davom etdi Eshqobil ferma. – Buvirajab ishga oʻtganidan beri tinchlik yoʻq bizda! Onasining hurmatini qilib, muni ishga oldigu, toza baloga qoldik. Na ishda unum bor, na baraka. Shu kasofat tufayli yarim yillik planniyam bajarolmay, yerga qara-ab oʻtiribmiz.

Buvirajab birdan hushyor tortdi. Yolgʻon-ku, hamma gapi yolgʻon-ku axir! Nega boshqalardan sado chiqmaydi? Nega qayta qurish deyishadiyu, ogʻizlariga talqon solib oʻtirishadi? Buvirajab bor-yoʻgʻi sharoit taqozo etgan narsani soʻragan: «Qani yangi gazeta-jurnallar? Televizor-radio? Qani dush?», degan, xolos. Toʻgʻri, fermada Lenin xonasi yoʻq emas, ammo u yerga sogʻuvchilarni kiritishmaydi. Tekshirishga keladiganlarga koʻrsatish uchun bezab qoʻyishgan uni. – Nega shuni biladiganlar indamay oʻtiripti? – Buvirajabning yana qoni qizidi. Atrofdagilarga nisbatan dilida nafrat uygʻona boshladi. Shu yerda oʻtirganlarning hammasiyam Oʻrozgul opa Eshqobil fermaning oʻynashi ekanini, ferma mudirining esa Xidir Sobirovich bilan harom-harishi birligini, shuning uchun ham opaxon «koʻtar-koʻtar» qilinayotganini yaxshi biladi-ku!
— Men sovxoz partiya komitetidan Buvirajabning yurish-turishini, xulqini muhokama qilishlarini talab qilaman! – Bu «oʻyin»da yutib chiqayotganini anglagan Eshqobil ferma otga qamchi bosdi: - Avval ham talab qilganimdek, uning ish joyida oʻzini tutishiga, qolaversa, bugungi antipartiyaviy, antisotsialistik, sovet jamiyatiga dushmanlik ruhi bilan sugʻorilgan gaplariga printsipial baho berishlarini soʻrayman.
— Ol-a! – dedi kimdir.
— Gap deganniyam teshib qoʻyadi-da Eshqobil, - dedi boshqasi.
— Buvirajab! – Ruhlanib ketgan Eshqobil toʻgʻridan toʻgʻri Buvirajabga oʻgirildi, koʻrsatkich barmogʻini bigiz qilarkan. – Sen birovga baho berishdan avval oʻzingni oʻyla, ma’naviy-axloqiy xulqingni tuzat! – U majlislarda hech kim, hatto Xidir Sobirovich ham ishlatmagan soʻzlarni topib, joy-joyiga qoʻyib aytar, shuning uchun ham koʻplarni haylatlantirayotgan edi. – Asli oʻzing yomonsan! – Uning koʻzlarida gʻolibona nafrat, tahdid chaqnadi. – Agar oʻzing yaxshi boʻlsang, onang ajalidan besh kun burun oʻlib ketmas edi. Otang mast-alast koʻchalarda loyga belanib yotmas edi.

Allanima taraqladi. Hamma shu tomonga oʻgʻirildi. Buvirajab eshikni qarsillatib yopgancha chiqib ketgan edi.

* * *

Nochorlikdan, yolgʻizlikdan titrab-qaqshab ketayotgan boʻlsa-da, Buvirajabning koʻzlariga yosh kelmasdi. Shu paytgacha oʻzi sira anglamagan qasos tuygʻusi yuragini yondirib borardi. «Uhh! – Buvirajabning barmoqlari musht boʻlib tugildi. – Onasi oʻlgan boʻlsa, uning aybi nima?» – Shu fikr xayoliga keldiyu, birdan oʻkrab yigʻlab yubordi. Yugurgancha yoʻldan chetga – panaga oʻtib oʻtirdi. Yuragi boʻshaguncha yigʻlab olib, koʻzyoshlarini artdi. Turib u yoq-bu yogʻiga qaradi. Qarasa, qishloq bolalari futbol oʻynaydigan maydonning bir cheti. Yaqin atrofda hech kim yoʻq. Ha, yaxshi. Ishqilib, koʻz yoshlarini birov koʻrmapti. Battar boʻl, deyishi aniq edi. Direktordan, Eshqobil fermaga oʻxshash uning gumashtalaridan doʻzaxdan qoʻrqqanday qoʻrqadi hamma. «Bular kerak boʻlsa, shaytonga ham dars beradi» deyishadi. Buvirajab oʻrnidan turdi. Etaklarini qoqib, goʻyo hech nima boʻlmaganday, yoʻlida davom etdi.

Sokin, mas'um kecha.

Onasi...

Onasi fermada sogʻuvchi edi. Haqiqatan ham onasining hurmati uchun Buvirajabni ishga olishgan, bu rost gap.

Uch yil burun Eshqobil ferma mudirlikka tayinlandiyu, tez-tez uyda janjal chiqadigan boʻlib qoldi. «Fermadan boʻsha!» – derdi otasi. «Nima, Yigirma yillik stajim kuysinmi?» – derdi onasi. Oʻlguday oʻr edi onasi rahmatli, erini yeb qoʻyardi. Shoʻrlik er yelkasini qisib, boʻzrayib qolaverardi. Keyin ichib keladigan odat chiqardi. Aroq magazinda yoʻq, qoʻlda falon pul, uniyam topgan topadi, topmaganga palaxmon toshi. Otasi pulni, pulga aroqni qaerdan topadi – xudoga ayon. Oʻsha, oxirgi janjaldan soʻng u xotiniga indamay qoʻydi. Onasi fermadan qaytib, erini shiltaga botgan holda koʻrar, qizarib-boʻgʻriqib ketardiyu, lekin hech narsa deya olmas, alamini Buvirajabdan, Buvirajabning ukalaridan olar edi. Buvirajab bola emas, axir sakkizinchi sinfni bitirgan chogʻlari, es-hushi joyida, uncha-muncha gapga baloday aqli yetardi.
— Eshqobil bizga mudir boʻlib keldi. – Bir oqshom onasi dabdurustdan dasturxon ustida shu yangilikni aytdi, goʻyo oddiy, kundalik yangiliklar toʻgʻrisida axborot berayotganday.

Otasining qoʻlidagi qoʻlida, ogʻzidagi ogʻzida qoldi. Choy hoʻpladi, biroq tomogʻidan oʻtmadi, shekilli, piyolani zarda bilan bir chetga irgʻitgancha, oʻrnidan turib, tashqariga chiqib ketdi.. Onasining aft-angori oʻzgardi, ovqatini toʻkib yeyayotgan kenjasiga oʻshqirdi: «Qachon senlar odam boʻlasan?! Oʻlmadim – senlardan qutulmadim!» Kenjatoy yigʻladi, qolganlar sergak tortishdi.
— Nega anqayasan? Ye zaharingga!

Buvirajab toʻngʻich boʻlgani uchun ham savolomuz onasiga tikildi. Ona koʻzini olib qochdi. Shunda uning tomogʻidan ham ovqat oʻtmay qoldi. Televizorga qaradi. Hozirgina qiziqib tomosha qilayotgani – «Otalar soʻzi – aqlning koʻzi»ni ortiq koʻrgisi kelmayotgan edi. Boʻshagan kosalarni yigʻishtirgancha oshxonaga qarab yurdi. Bolalar birin-sirin joylariga kirib yotishdi. Ona mungʻaygancha hamon xontaxtaga yuzini bosib oʻtirardi.

Nimadir yuz bergan edi.

Gap Eshqobilning fermaga mudir boʻlib kelganidagina emas, Buvirajab buni anglab turardi. Oʻn beshga toʻlgan qiz edi. Lekin gap aynan nimada? Oʻshanda ham, keyin ham, toki onasning vafotigacha u hech vaqoni anglay olmadi. Endi bilsa...

Onasi bilan otasi avvaldan bir-birini yaxshi koʻrishgan, olam-jahon va’dalardan soʻng oshiq yigit armiya xizmatiga ikki yilga ketgan. Endi koʻngildagi gaplar xatlarga koʻchgan, yana va’dalar, «kuydim-yondim»lar... Askarning xizmatdan qaytishiga yarim yil qolganda Samarqand qishloq xoʻjaligi institutining veterinariya fakultetida oʻqiydigan Eshqobil student qishloqda paydo boʻladi. Qoʻlida oʻsha zamon yigitchalari faqat orzu qiladigan «Vesna» magnitofoni, labida dumi sariq sigareta. Praktika oʻtash bahonasida yoz boʻyi fermaga qatnaydi. Buvirajabning boʻlajak onasi oʻsha paytlari fermada sogʻuvchi boʻlgan. Eshqobil fermadagi qizlarning oʻrtasiga oʻtirib olib, olis shaharva gʻaroyib stuntlik onlari haqida maroq bilan hikoyalar aytadi. Bu – Eshqobil deganlari yoshligidayam oʻlguday gapdon boʻlgan-da. Gapdonligi tufayli bugun Buvirajabni ham yengdi. Oʻshanda uning onasini – Barlosning manaman degan qizini garang qilib, koʻpdan-koʻp malomatlarlarga qoldirib, murodi hosil boʻlgandan soʻng Samarqandga juftakni rostlagan.

Oshiq armiyadan qaytib kelsa, shunaqa-shunaqa, va hokazo, va hokazo... Oʻylaydi, oʻylaydi, axiyri, nima boʻlsa boʻlar, deb uylanishga qaror qiladi. Buni qarangki, aybdor boʻla turib, ma’shuqa «tegmayman!», deb turib oladi. Oshiq esa: «Tegaqol. Eshqobil bilan yurganingni hech qachon yuzingga solmayman, - deydi. – Bundan bu yogʻiga sodiq qolsang boʻldi». Rosa yalinadi u. Shoʻrlik oʻzicha olijanoblik qilmoqchi boʻlgandir-da. Oxir-oqibat yoshlikdagi gunohi kasriga ketdi onasi shoʻrlik. Qon yigʻlab ketdi bechora!. Oʻzini, Eshqobilni, bu dunyoni, shunga qoʻshib tengsiz himmat koʻrsatgan erini ham qargʻay-qargʻay ketdi shoʻrlik.

Qiz bola koʻz ochib koʻrgani bilan boʻlsin, deyishadi. Joʻyali gap bu. Koʻz ochib koʻrgani aldadimi – bas, shoʻrlik, butun umr oʻzini badbaxt, aybdor sanaydi, deyishadi. Rost boʻlsa, shundaylar yaxshi koʻradimi, yoʻqmi, bari bir koʻz ochib koʻrganiga hamisha talpinadi, deyishadi. Buvirajabning onasi ham aftidan bir umr oʻzini erining qoshida aybdor, qarzdor hisoblagan. Bu qarzni na mehr, na sadoqat bilan uzib boʻlmas edi. Shuning uchundir, - Buvirajab esini taniganidan biladiki, - onasining mudom gʻijinib, norozi boʻlib yurganini koʻrgan. Ikki gapning birida u yeb qoʻygudek boʻlib eriga tarmashar, alamini undan olar edi goʻyo.

Oʻsha oqshom u: «Eshqobil fermaga mudir boʻlib keldi», deganida ehtimol otasi birinchi bor achchiq qilgandir, nomusi qoʻzib, piyolani irgʻitgandir, arazlab eshikka chiqib ketgandir? Birinchi bor, ehtimol, oʻshanda onasi ichidan zil ketgandir. Yuragi oʻsha oqshom dardga chalingan boʻlsa ne ajab?  Demak, onasida qandaydir Eshqobilga talpinish asorati bari bir qolgan ekanki, erining yalinib-yolvorishlariga ham qaramay, stajini bahona qilib, fermaga qatnayverdi. Hatto oilasi, bola-chaqasiyam qoʻziga koʻrinmadi, shekilli. Va yoki, oʻch olish niyati boʻlganmikan? Kim biladi deysiz. Otasining hech narsa bilan ishi boʻlmay qoʻydi. Oqibat... bir kuni  onasi  it quvgan mushukday, fermadan  yugurgilab keldiyu, oʻzini soʻriga tashladi. Tugmalarini uzib, koʻkragini uqalashga tushdi. Buvirajabga koʻzi tushgach, «Suv. Tez suv keltir!», dedi xirillab. U keltirgan suvni ichaman, deb boshini koʻtardiyu, qattiq ixrab boshini ortga tashladi. Koʻzlari dahshatli olayib, tepaga bitdi-qoldi.

Onasining oʻsha holati sira Buvirajabning koʻz oʻngidan ketmaydi. Bir umr qiynalib yashadi, tagʻin qiynalib oʻlib ketdi shoʻrlik. Eshqobilning aldagani – bir, otasining olijanobligi ming azob edi. Ikki gapning birida erini qargʻadiyu, Eshqobil haqida biron marta biron joyda yomon gap aytmay oʻlib ketdi shoʻrlik. Har qalay, Buvirajab eshitmagan.

Shu voqealardan xabar topgach, Buvirajab nima uchun aynan Eshqobil mudirlik qilayotgan fermaga ishga oʻtdi? Oʻzi bilmaydi, nega? Balki onasining qonidagi oʻrlik, oʻjarlik unda ham bordir.

Oʻninchi sinfni bitirgan kezlari edi. Xidir Sobirovich uni idoraga chaqirtirdi. «Onangning qaramogʻida boʻlgan sigirlar beega. Bilasan, onang ilgʻor sogʻuvchi edi. Va hokazo, va hokazo. Istasang, onangning oʻrnini egalla». Buvirajab bu taklifni otasiga aytdi. Otasi indamadi. Birinchi oyligini keltirib berganida uch qoldirmay ichib tugatdi. Shundan keyin Buvirajab otasiga pul bermay qoʻydi. Oʻzi yigʻib, tejamkorlik bilan roʻzgʻorga ishlatadigan boʻldi.
— Buvirajab!

Buvirajab choʻchib tushdi. Ortiga oʻgirildi. «Shukrulla?» Mungli dili badtar gʻamga botdi. Bunga nima ekan? Toshini termaydimi? Buvirajab yoʻlida davom etdi. Shukrulla kelib yonma-yon yura boshlaganida ham indamadi. Bir muddat shu taxlit kechdi. Keyin Buvirajabning yuragi qisila boshladi. Nega orqasidan ergashib yuripti bu? Nega indamay ketyapti? Tilsiz!

Shukrulla fermada molboqar. Bir yildan beri Buvirajabning izini poylaydi. Bir yildan beri soyaday ergashadi. Buvirajab avvaliga kuldi, keyin gʻashi keldi, axiyri e’tibor bermay qoʻydi. Mayli, molboqar boʻlsa ham, yo tegar, yo tegmas. Lekin bir yigitning ortingdan ergashib yurishi... yaxshi ekan-da! Qaysi qizga yoqmaydi bu? Ammo... yaxshi koʻradigan yigit, agar yigit boʻlsa, kelib, shunday-shunday, demaydimi? Shukrulla bir yildan beri biron marta bu haqda ogʻiz ochgani yoʻq. Umuman, Buvirajabga duch kelib qolsa, qaltirayveradi. Boʻsh-bayov! Lapashang! Nima, Buvirajabning oʻzi borib, boʻyniga osilsinmi? Fermadayam, qishloqdayam ayrim qizlar yigitlari bilan yurishadi, binoyiday, odamga oʻxshab. Shukrulla esa... Buvirajabning har bir soʻzini buyruqday bajarishdan boshqasiga yaramaydi. Buvirajabga birkitilgan oʻn besh sigitning tagi doim toza, ozoda, oxurida yem-emish hamisha bor. Buvirajab ba’zan alamidan ezish uchun Shukrullaning ishidan kamchilik qidiradi. Topsa, yigitni chaqiradi. «Mana bu yumushlarni koʻngildagiday bajarmapsiz», deydi. Shundayam Shukrulla indamasdan uning aytganlarini oʻrniga qoʻyib bajaradi-da, ortiqcha bir gap aytmay, joʻnab qoladi. Yigit degan, munda-ay, toʻlib-toshib yursa-da. Qiz bola uning qoshida qaltirab, yuragini hovuchlab tursa. Buvirajab ana shunaqa joʻmardga yoʻliqishni istardi. Ehtimol har bir qizning orzusidir bu. Turmush oʻrtogʻini boʻysundirishni emas, balki unga boʻysunishni istar. Yoʻliqqani boʻysundirishga qodir emasligini bilgan zahoti ranjir, asta-sekin jilovni oʻz qoʻliga olishga harakat qila boshlar?

Buvirajabning otasi ham itoatkor edi, xotinni boʻysundirish qobiliyati boʻlmagan unda. Shuning oqibatida onasi jahlga minib yurgan. U kishi, agar sevgani Eshqobil bilan don olishganini bilgan zahoti voz kechganida, balki ayol boshi bilan bir umr xayolan unga sajda qilib oʻtarmidi. Yaxshi koʻrgani xiyonat qilganini koʻra-bila turib, «Kechiraman. Uylanaman...», deyish. Buvirajab keyinchalik shuni angladiki, oʻshanda otasiga rozilik berib qoʻygani uchun, oyogʻini tirab turib olmagani uchun onasi bir umr oʻzini qargʻab yashagan. Oʻziga qoʻshib, erining ham goʻriga gʻisht qalagan. Aslida-ku, u shoʻrlikni majbur qilishgan: «Eshqobil qochib ketdi. Endi shundan boshqasi seni olmaydi. Tegasan», deyishgan. Iloj qancha, ortida boʻy yetgan singillari turipti, ularning baxtini bogʻlamayin deb... Xullas... Shukrullada ham otasining fe’li bor. Joʻmard boʻlsa ekan. Qani?! Qani oʻshanaqa yigitlar?! Barlosda, masalan, shunaqasi yoʻq.
— Nega soyaday ergashib kelyapsiz?
— Oʻzim... shunda-ay... sizni kuzatib qoʻyay deb...
— Meni boʻri yemaydi, oʻzim ketaveraman. Majlisingizdan qolmang! – Buvirajab keskin burilib, yoʻlida davom etdi.
— Buvirajab! Toʻxtang!

Buvirajab toʻxtamadi.
— Buvirajab! Men sizni yaxshi koʻraman!

Nogoh Buvirajabning koʻzlariga ysh quyilib keldi, lekin shu zahoti kuch bilan oʻzini tiydi: «Kerak emas!»
— Yaxshi koʻrsangiz nega majlisda meni himoya qilmadingiz?

Buvirajab toʻxtab, Shukrullaga shaxd bilan oʻgirildi.
— Bilmasam, men nima deyishim kerak edi?!
— Bilmasangiz, boring, bilib keling. – Buvirajab uylariga yetib kelgan edi. Shukrullani lol qoldirib, ichkariga kirdi-ketdi.

Ukalari televizor koʻrib oʻtirishgan ekan. Odatdagidek, otasi koʻrinmaydi. Yetti yashar kenjatoy bir burchakda yigʻlayotir. Buvirajabning oʻpkasi toʻlib ketdi, mehri tovlanib, ukasini quchoqladi-da:
— Nimaga buni urdilaring? – deb soʻradi.
— Hech kim urgani yoʻq. Oʻzi yigʻlayapti, - dedi oʻninchi sinfda oʻqiyotgan Xudoyor.
— Qorning ochdimi, a? – Buvirajabning ichi achishib, ukasining koʻz yoshlarini kafti bilan artdi. Soʻng singlisi Buvoyshaga oʻgirildi. – Choy damlab kel.

Onasining vafotidan keyin uyda Buvirajabning har bir soʻzi qonunga aylangan edi. Singlisi oʻrnidan turib, oshxonaga joʻnadi. Buvirajab boshqa ukalari ham tamshanib oʻtirganini angladiyu: «Biron nima yedilaringmi oʻzi?», deb soʻradi. Hammasi birvarakayiga «yoʻq» degan ma’noda bosh chayqashdi. Televizorga termulib oʻtirgan Xudoyor: «Non qolmapti», deb toʻngʻilladi.
— Voy oʻla-ay! – Buvirajab kenjatoyni yerga qoʻyib, taxmonni koʻrdi. Xudoyorning gapi rost edi. – Ha, majlislari qurib ketsin-a! Qoʻshnidan soʻramadilaringmi?
— Oʻzlarida bitta qolgan ekan.
— Voy oʻla-ay! – Buvirajab suprani ochib, xamir qorishga tushdi. – Hozir sizlarga qotirma non qilib beraman. Buvoysha, qozonning tagiga oʻt qala.

Buvirajab sal narsaga yigʻi-sigʻi qilib, toʻmtayib oʻtiradigan qizlar xilidan emasdi. Har qanday sharoitda ham u iloji boricha imkon qidirardi. Majlisdan garchi xafa boʻlib chiqqan esa-da, hozir faqat ukalarini, ularning qornini toʻydirishni oʻylar, koʻngli yorishib borar edi.

«Har qalay, yonimni oladigan odamlar ham bor ekan-ku! Shukrulla: «Nima deyishim kerak edi?», deb turipti-ku ana. – Buvirajabning koʻzlari chaqnadi. – Toʻgʻri-da, nima desin? Eshqobil fermaga oʻqtalsinmi? Yo boʻlmasa: «Men Buvirajabni yaxshi koʻraman», deb jar solsinmi? Ha, yigiti tushmagur-a! Avaz akadan boshqa biron kishi yonimni olishga jur'at etmadi. Shukrulla esa...» – Buvirajab uning soddadillarcha termulishini koʻz oʻngiga keltirib jilmaydi. Rosti, mehri iyib ketdi. Uning qarashlari koʻngilga yaqin, qandaydir aziz tuyular edi. Shoʻrlik, shuncha vaqtdan beri jur'at qilib bir ogʻiz gap aytolmay yurgan ekan-da. Bugun Buvirajabning eng tushkun paytida yoniga keldi, unga dalda berdi. Uncha-muncha yigit koʻngil qoʻygan qizi shunaqa betgachoparlik qilsa, undan yuz oʻgirib ketadi. Buvirajabning eshitishicha, Shukrullani ham ota-onasi koyigan: «Buvirajabingni qoʻy. Tagli-joyli yigit oʻziga oʻxshagan qizga uylanadi», deyishgan. Buvirajab boʻsh-bayov deb bilgan Shukrulla esa ota-onasiga tik qaragan: «Uylansam faqat Buvirajabga uylanaman!» Ular ham boʻsh kelishmapti: «Buvirajabni olib bersak, hammamizni uydan quvib chiqaradi». Shunda Shukrulla: «E, sizlar uni bilmaysizlar. Buvirajab tilla qiz! Odamlar aytaveradi-da. Yomon boʻlganida qiz bola boshi bilan katta roʻzgʻorni boqib, boshqara olarmidi?!», depti. Shu taxlit uzunquloq gaplar yetib kelganida Buvirajabning boʻyi bir qarich oʻsgan, endi kelib sevgi izhor qilsa kerak deb kutgan. Shukrulla esa shundan keyin ham ogʻiz ochmadi. Duch kelganda yigitning mungʻayishini koʻrib. Buvirajab: «hammasi yolgʻondir», deb oʻylagan. Buni qarangki, kesakdan oʻt chiqdi.

Shukrulla uni sevar ekan!

Sevar ekan!!

Sevar ekan!!!

Bir hisobda har qadamda ming bitta va’da berib, sal narsaga yigʻlab yuboradigan yigitlardan koʻra Shukrullaning oʻlsa oʻligi ortiq. Uncha-munchaga indamaydi, maqtanmaydi, lekin Buvirajab qiyin ahvolga tushib qolsami, - uning shunga juda-juda ishongisi kelardi, - Shukrulla koʻkragini qalqon qiladi. U mard, olijanob yigit! Shuning uchun ham qizlarning uncha-muncha qochirimlariga parvo qilmaydi. Shukrullani lapashang deganlarning oʻzlari lapashang. Uning kimligini Buvirajab endi anglayapti. Bekorga xafa qildi boya. Hechqisi yoʻq, ertaga gaplashadi.

Buvirajab to qozonga yogʻ solib dogʻlagancha, dogʻlab qotirma nonni pishirib olgancha bor gʻamini unutdi va qushday yengil tortdi. Qip-qizil qotirmalarni qoʻtarib kelganida xontaxta atrofida ukalari polaponlardan tizilib oʻtirishardi. Buvoysha sariyogʻ keltirdi va ular maza qilib ovqatlanishdi. Uxlaydigan vaqt boʻlganida Xudoyor odatdagidek oʻz joyiga, olma tagidagi karavotga ketdi. Kenjatoy esa Buvirajabga suykaldi: «Men siz bilan yota-ay!»
— Mayli, yuraqol! – Buvirajab kenjatoyni yetaklagancha yotoqxonaga oʻtdi. Uylari ikki xonadangina iborat. Shuning birida qizlar, ikkinchisida esa erkaklar yotar edi. Yoz, kechalar ham issiq emasmi, Xudoyor hovliga koʻchib chiqqan, otasi esa ichib kelib, yarim tunda kenjatoyni uygʻotib oladigan odat chiqargandi. Shu qiligʻi uchun Buvirajab bir-ikki marta otasiga achchiq-chuchuk gap aytgan paytlar ham boʻldi... Bu xonadon Barlosdagi eng kambagʻal oilalardan hisoblanar edi. Oila boshligʻini hamma bebaraka der edi. Balki onasi shuning uchun kuyib ketgandir. Chunki oʻqishni bitirib kelgach, Eshqobil serdaromad joyni egalladi, dangʻillama toʻy qilib, uylandi. Qanaqa qimmatbaho mato chiqsa, Barlosda avval Eshqobilning tasqara xotini, soʻng burni oqqan qizlari kiyadi. Onasi shoʻrlik chitdan boshqa matoni koʻrmay oʻtdi. Buvirajab ham nafsini tiyishga, zahmat chekib pul topishga, ukalarini odam qilishga majbur. Topgani kunlik yemishga, odmigina kiyimga arang yetadi. Yaqinda Xudoyor: «Yuz soʻm bering, jinsi olaman», deb qolsa boʻladimi? Yoʻqchilik qursin-da. Baxtlariga bitta sigiri bor. Buvirajab fermaga oʻtdiyu, uncha-muncha yem-emish tashib, oʻlar holdagi shu sigirni asrab qoldilar. Kunlariga yarab turgan ham shu.

Barlos fermasi koni xazina. Koʻpchilik oʻzini shu yerga uradi. Shuning uchun sogʻuvchini ham, molboqarni ham tanlab ishga qabul qilishadi. Buvirajabni esa onasining hurmatiga ishga olishdi. Yoʻqsa, ishga oʻtaman, degan son mingta edi.

Otasi esa, odatdagiday, juda kech qaytdi. Kenjatoyni uygʻotib, bir nimalar dedi. Kenjatoy toʻngʻillab, oʻgirilib yotdi. Keyin dahlizda bir nima taraqladi. Aftidan otasi suv ichmoqchi boʻlib, paqirni agʻdarib yubordi. Keyin soʻkingancha tashqariga chiqdi. Qaytib kirdi va narigi xonaga oʻtdi. Oʻgʻli joyiga oʻtmaganini bildi shekilli, qaytib bularning xonasiga kirdi, chiroqni yoqdi. Buvirajabkenjatoyni bagʻriga bosgancha, oʻzini uxlaganga soldi. Otasi kalovlanib qoldi, gʻudrandi, soʻng chiroqni oʻchirdi-da, dahlizga chiqdi. Otasi yomon odam emas, haddan tashqari oqkoʻngil. Qiz qurib ketganidan emas, oqkoʻngilligidan oʻziga xiyonat qilgan qizga uylangan. Qiz esa bu oqkoʻngillikni koʻtara olmagan. Shukrulla ham boʻsh-bayov, oqkoʻngil yigit...

Shukrulla...

Qanday kun boʻlar ekan ertaga?

Qanday? Tezroq tong ota qolsaydi.

* * *

Ertalab ortiqcha gap-soʻzlarsiz sigirlar sogʻildi, lekin kechga borib, Buvirajab alamidan nima qilarini bilmay qoldi. Sigirlarning tagi tozalanmagan, yemish solinmagan. Shukrullani dalaga – somon yigʻishga joʻnatib yuborishipti. Oʻrniga qolgan Boyqul molboqar esa yelkasini qisib, «nega endi Shukrullaning ishini men qilar ekanman?», dedi-da, burildi-ketdi.

Jamiki koʻngilsizliklar shundan keyin boshlandi. Buvirajab ish bilan boʻlib, hech vaqoni payqamagan, asli tongdanoq sogʻuvchilar undan oʻzlarini chetga olishgan ekan. Dam olish xonasida u Oʻrozgul opa sogʻuvchilarni yigʻib, gurung berib oʻtirganining ustidan chiqdi. Qizlar bir pas jim boʻlib qolishdi. Keyin Oʻrozgul opa gapni burib ketdi. Shunda Buvirajab unga-bunga qarab, nima deyarini bilmay, bir chetga oʻtib, qoʻliga gazeta oldi. Oʻshandayoq gap oʻz ustida borayotganini angladi, biroq hech nima qilolmadi. Unga alam qilgani shu boʻldiki, yil boʻyi u ferma mudiri va sovxoz direktori bilan shu sogʻuvchilar haqqi olishdi. Mana shu dam olish xonasini ham u bezor qilib yuborgandan keyin ochib berishgan aslida. Aynan Buvirajab rosa olishgach, qizlarning oyligini ham koʻtarishdi. Kechagi yigʻinda u bor gapni aytdi. Manavilar Buvirajabning haqligini bilishadi. Oʻrozgul opa majlislarga ketganida ming marta uni qargʻab, goʻriga gʻisht qalab, sigirlarini sogʻishar edi. Qaytib kelishi bilan mum tishlab olishadi, uning gapini ma’qullashadi. Asli shularni deb kuyib-pishgan Buvirajabning oʻzi axmoq. Mana, moxovday chetga chiqdi-qoldi.

Buvirajabga nima yetishmaydi?

Fermada qayta qurish bitta unga kerakmi?

Ferma mudiri unga qarshi. Sovxoz direktori qarshi, raykom vakili shularning gapini ma’qullagandan keyin... Qanaqa odam oʻzi bular?..!

Shu kundan boshlab Buvirajabning sigirlari sutini alohida tekshiradigan, suv qoʻshgan-qoʻshmaganini aniqlashga urinadigan boʻlishdi. Bir kuni u sigirlariga ratsiondagidan koʻp yem bergan ekan, shu aniqlandi va bu gap butun qishloqqa ovoza boʻldi.
— Mana endi Buvirajabning tanobini tortishadi! – deyishdi bilagʻonlar.

Nima emish, Oʻrozgulga – deputatga, delegatga bekorga osilmagan, uning oʻrnini olmoqchi boʻlgan emish. Keyin bu gaplar tinchidi. Chunki Buvirajab uning ishtirokida qaytadan tekshirish oʻtkazishlarini, fermaning hujjatlarini boshdan-oyoq taftish qilishlarini talab qildi. Qarasalar, ish kattalashadigan. Shukrullaga hayfsan e’lon qilishdi-da, ishni bosdi-bosdi qilishdi. Shundan keyin Barlosda yangi gap qoʻziladi: «Shukrulla bilan Buvirajab bir joyda ishlab, nomaqbul kirdikorlar bilan mashgʻul emishlar. Barlos yoshlariga yomon ta’sir koʻrsatayotgan emish...

Xullas, oʻsha yigʻindan keyin yoshu-qarining tilidan Buvirajab tushmay qoldi. Dastavval Buvirajabning yonini uncha-muncha olganlar boʻlsa-da, «u Shukrullaning boshini aylantirayotgan emish» degan gap chiqqandan keyin orqavarotdan uni oʻtdan olib suvga, suvdan olib oʻtga uradiganlar koʻpaydi. Albatta, bu fisqu-fasod Buvirajabga ham yetib keldi, avvaliga u mish-mishlardan ustun turishga harakat qildi, koʻpchilik baravariga qoʻlini bigiz qilgandan soʻng kimning yoqasidan olarini bilmay qoldi. Shukrulla esa... Buvirajab shoʻrlik yigitni yaqiniga yoʻlatmay qoʻydi, uni boshqa brigadaga oʻtkizishlarini talab qildi. Avvaliga Boyqulni Shukrullaning oʻrnida ishlatib yurgan boʻlsa, endi Eshqobil Boyqulni somonga joʻnatib yubordi. Shukrulla bilan ishlaysan, senga beradigan boshqa odamim yoʻq deb turib oldi. Xohlasang – shu, xohlamasang – toʻrt tomoning qibla! E, boshi qotib qoldi Buvirajabning. Juda qiyin boʻldi-da unga.

Shu taxlit oradan yigirma kun oʻtdi.

Sigir sogʻayotgan payt Buvirajab Shukrulla atrofida girdikapalak boʻlishini sezib, gʻijinar edi. Shuncha gap-soʻz kammi? Hayronsan, gap-soʻz koʻpaygan sari yigitbashara bu gung uning yonidan ketmaydigan odat chiqardi. Haydab ketkizolmaydi-e! Qachon qarasa, Buvirajabga termulib turgani-turgan.

Buvirajab ming oʻyga bormasin, Shukrulla aynib ketib qolmayotganidan quvonar edi. Ba’zan shunaqa damlar boʻlardiki, yigitning bagʻriga oʻzini otgisi, toʻyib-toʻyib yigʻlagisi kelardi. Bironta himoyaching, jilla qursa, yoningda turadigan odaming boʻlmasa, qiyin ekan. Lekin alam qilardi: Shukrulla bilan «yurish» u yoqda tursin, tuzukroq gaplashmaslaridan shuncha malomat. Bu «gung» esa telba muhabbati bilan Buvirajabni adoyi-tamom qilyapti. «Yurib» turib gap eshitsang, ha, shunday boʻlgan, deya oʻzingga tasalli berasan...

Shukrulla tomoq qirgan kishi boʻlib, Buvirajabning u yoq-bu yogʻidan oʻtdi. Buvirajab sigir sogʻaverdi. Shukrulla yana tomoq qirdi, oxurga qaragan kishi boʻldi. Timirskilandi. Sigirning suti qurigan edi. Buvirajab avvaliga sigirni sogʻishda davom etayotgandek koʻrsatdi oʻzini. Keyin «men nega indamasligim kerak?» degan iddao bilan shart oʻrnidan turib, sut toʻla paqirni qoʻliga oldi.
— Buvirajab!

Qizning a’zoyi-badani rohatli ogʻriqdan jimirlab ketdi. «Buvirajab!» Shunchalar mehr bilan, hayajon bilan aytilgan ediki bu ism!..
— Men sizni yaxshi koʻraman, Buvirajab!

Buvirajab yalt etib yigitga oʻgirildi. Shukrullaning koʻzlari umidvor, hatto shu paytgacha Buvirajab ham payqamagan ajib yoniqlik bilan termulib javob kutardi. Bu qarashlar... Buvirajabning alamlari, gʻashliklari bir zumda tarqadi. Quvonchdan, koʻpdan-koʻp sitamlardan va xoʻrliklardan soʻng quvonchdan yigʻlagisi keldi. Qoʻlidagi paqir sirgʻalib tusha boshlaganini hatto oʻzi payqamadi. Yaxshiyam Shukrulla kuzatib turgan ekan. Paqirning dastagidan tutayotganda yigitning qoʻli qizning kaftiga tegib ketdiyu, qiz orziqdi. Yoʻq, koʻz yoshini dushmani u yoqda tursin, doʻstiga ham koʻrsatmaydi hatto. Buvirajab yigitning qarashlariga bardosh berolmay, koʻzlarini paqirga tikdi. Entikdi, umrida ilk daf'a. Doim koʻzlari toʻqnash kelsa, Shukrulla yerga qarar edi. Har qancha gung boʻlmasin, bari bir yigit yigit ekan-da. Yigit bari bir qizdan ustun ekan.

Buvirajab kuch bilan boshini koʻtardi. Shukrullaning nigohi shu qadar iliq, shu qadar samimiy ediki, u...
— Sizdan javob kutyapman, Buvirajab!?

Buvirajab jilmaydi. Balki oʻsha yigʻisidan beri birinchi marta chin dildan yayrab jilmayishidir bu. Shuning barobarida u oʻzini qoʻlga oldi.
— Sovchi yuboraveraymi, Buvirajab?!
— Paqirni bering.
— A?!
— Paqirni bering, sutini toʻkib kelay.
— Hozir! – Shukrulla yugurgilab borgancha sutni bidonga agʻdardi.

Buvirajab uning ortidan mehr bilan tikilarkan, birdan sergak tortdi: sogʻuvchilarning hammasi ularni kuzatib turishardi. Oʻh-hoʻ! Buvirajabning rang-quti oʻchdi. Qoʻllari musht boʻlib tugildi. Oʻzini ortga olib, oxurga suyandi. Sigir «nima gap?» deganday unga tumshugʻini choʻzdi.
— Nima gapligi bilan nima ishing bor? He oʻl! – Sigirning tumshugʻiga bir musht tushirdi.

«Aytmasang aytmay qoʻya qol!» – sigir arazlab boshini chetga burdi
— Sen bir mol boʻlsang, gapga tushunarmiding! – Buvirajab yigit keltirgan paqirni olib, sigirni sogʻishga tushdi, shunda u hamon kimdir oʻzlarini kuzatayotganini payqadi. Achchiqlandi. Achchiqlanish barobarida Shukrullaning gapini esladi: «Men sizni yaxshi koʻraman, Buvirajab!»

«Qanaqa qilib yaxshi koʻrarkan?! – Buvirajabning yuragi orziqdi. Shunday omon-omon kunlarga yetarmikan? Ishqilib yetsin-da». Kundan-kunga tajanglashib boryapti. Sal narsaga duch kelgan odam bilan yoqalashishga tayyor. Soʻnggi kunlarda ukalarini ham koʻp xafa qilyapti. Otasi bilan ikki marta urishib oldi. «Oʻn soʻm berib tur», degan edi, uniki tutib qoldi. Pul bermagach, otasi soʻkindi. Buvirajab alamdan ukalarini urdi. Xullas, ishlar chatoq... Qaysi kuni bir dugonasi oʻziga olov qoʻyib yuboripti. Oʻninchini bitirar-bitirmas erga berib yuborishgan edi. Yaqinda tugʻruqxonadan qaytgan, roʻzgʻor tashvishlariga uncha yaramay turgan payti ekan, qaynonasi: «agʻanab yotaveradi bu eshshakka oʻxshab», deb oʻgʻliga yomonlapti. Oʻgʻilning erkakligi tutib, chillasi chiqmagan xotinini uripti. Xotin «ana boʻlmasa» deb ichkariga kiripti-da, ustiga solyarka quyib, gugurt chaqipti. Qaynonayu-oʻgʻilni oʻsha zahoti oʻsha zahotiyoq obborib qamashipti. Oʻrtada chillali goʻdak chirqirab, gʻirt yetim boʻlib qolipti. Oʻshandan beri Buvirajabning ham xayoliga ba’zan-ba’zan shunaqa noxush oʻylar keladi. Oʻzini oʻldirsayu, hammasidan qutulsa, ferma mudiriyu, partkomni, sovxoz direktorni olib borib qamashsa. Bular bilan tiriklay olishishga kuchi yetmaydi uning. Buvirajabda kuch qayoqda deysiz...

Oʻz joningga qasd qilish – yaxshi emas! – Buvirajab oʻziga oʻzi aql boʻlishga urinardi. Urinardiyu,.. Dugonasi oʻziga oʻt qoʻygandan beri bir hafta oʻtdi. Bir haftadan beri koʻziga nuqul olov koʻrinadi. Ba’zan oʻzini yonayotgan holda tasavvur qiladi. Keyin sud. Qora kursida Eshqobil ferma, Xidir Sobirovich, Oʻrozgul opa, Hamroqul Bozorovich... Sud'ya hukm oʻqiydi: «Unisiyam, bunisiyam, uchinchisiyam, toʻrtinchisiyam, oʻninchisiyam, hammasi otilsin... osilsin!» Bari bir... bari bir... bitta qoʻymay qirib tashlashganda ham aslida nima oʻzgaradi? Buvirajabga nima foyda? Axir oʻlgan boʻladi u! Oʻlgan boʻladi-ya! Qanday dahshat!!! Tuproqlarga qorishib yotgan boʻladi. Ogʻzi, koʻzlari tuproqqa toʻlgan boʻladi. Nega endi oʻlib ketaverishi kerak ekan? Bunday oʻylab qarasa, shu dunyoda borligi, yashayotganining oʻzi baxt-ku! Onasi oʻlgandan keyin boshiga koʻp tashvishlar tushdi, toʻgʻri, lekin Buvirajab degan qiz bor-ku, shu dunyoda yashayapti-ku! Qanchalar gap-soʻz boʻlmasin, otasi bir vaqtlar onasiga uylangan, keyin Buvirajab dunyoga kelgan. Modomiki shunday ekan, Buvirajab yashashga, yaxshiroq yashashga urinishi, kurashishi kerak endi. Axir turmushi nochor boʻlsa... Ablaxlar! Qayta qurish deb yozishadi, koʻzboʻyamachiliklarga qarshi kurashamiz deyishadi. Aslida hammasi eskicha. Koʻzboʻyamachilar allaqachon toptalib, yer bilan yakson boʻlish oʻrniga... Buvirajab toptalyapti.

Qachon haqiqat boʻladi? Qachon?

Yoʻq!

Buvirajab hech qachon oʻziga olov qoʻymaydi. Axmoqlik bu! U kurashadi. Ammo qanday qilib? Nima deb? Nima uchun kurashadi? Gazetaga yozsa-chi?! Ay-y. Nechtasi yozyapti ham, natija yoʻq. Qaytaga oʻzlari «yozgʻuvchi» degan nom olishyapti. Qanchadan-qancha tekshirishlar boʻldi. Birontasida direktorga ayb qoʻya olishmadi.

Nima qilish kerak? Kattalar ham Xidir Sobirovichning yonini olishyapti. Nima balo, oʻziga oʻt qoʻyishdan boshqa chora yoʻq, shekilli! – Buvirajab seskanib ketdi. – Tuf-e! Yaxshiyam, baxtiga Shukrulla bor ekan: «Men sizni yaxshi koʻraman, Buvirajab!» Buvirajab xoʻrsindi. Mehr bilan: «Ha, yaxshi koʻrmay har balo boʻl. Meni olib nima baraka toparding? Nuqul gʻavgʻoga qolasan», deb xayolidan oʻtkizdi, keyin atrofiga koʻz yugurtdi. Shukrulla sal narida goʻyo ish bilan mashgʻulday aylanib yurar, tez-tez bu tomonga qarab qoʻyardi. E, nima boʻlsa boʻlar. Tavakkal!
— Hoʻ-oʻy, bu yoqqa kel!

Buvirajab yalt etib qaradi. Sal narida qaerdandir paydo boʻlib qolgan Eshqobil ferma Shukrullani bosh barmogʻi bilan bepisand imlab chaqirardi. Avzoyi buzuq. Buvirajabning a’zoyi-badani gʻazabdan titrab ketdi. Salgina quvonganingniyam koʻrolmaydi bular. Qayoqdan kela qoldi bu balo?
— Bu nima qilganing?! – Eshqobil ferma sigirlarning tagiga ishora qilgancha, Shukrullaning peshanasiga koʻrsatkich barmogʻini tiradi.
— Tozalayapman-ku.
— Gap qaytarma. Nima lallayib turish bu? A? Hey, sendan soʻrayapman, sendan?
— Nima boʻpti, mana, ishla...
— Gap qaytarma dedim senga, iflos! Tiling chiqib qoldimi hali? Sen nega birovning sigiriga koʻproq, boshqanikiga kamroq yem solyapsan, a? Bu ishing gʻirt jinoyat ekanini bilasanmi oʻzi? Xomkalla! – Eshqobil mushti bilan Shukrullaning boshiga turtkiladi.
— Turtmang! Nega turtasiz?!
— Bor ket fermadan! Ishdan boʻshatdim seni!

Allanima taraqladi. Buvirajab oʻgirilib qaradi: Shukrulla qoʻlidagi belkurakni irgʻitgancha shasht bilan ketib borardi. Ob-bo! Mana bu shoʻrlik ham Buvirajabning kasriga ishdan haydaldi. – Buvirajab boʻshashib qoldi. Yigʻlagisi keldi: «Nima kerak ekan bu odamlarga? Nega endi uni qoʻyib, Shukrullaga yopishishyapti?»

Eshqobil ferma ham shasht bilan tashqariga joʻnadi. Buvirajabning yonidan qovoq-tumshugʻini solib oʻtdi.

He oʻl rahbar boʻlmay! Qiz bola bilan olishmay har balo boʻl! Qirgʻin kelsin senga! – Buvirajabning koʻngli oʻksidi. Qoʻllaridan darmon ketdi. Sigirlarini ham hammadan keyin sogʻib boʻldi. Xalatini yechishga borayotganda sogʻuvchilarning bari ferma hovlisida ketishga tayyor boʻlib turishar edi. Sogʻuvchilarni tashiydigan avtobus shofyori bir soatiga, bir Buvirajabga qarab qoʻydi. Shoshilyapti. Sogʻuvchilar oʻrtasida Oʻrozgul opa gap beryapti desangiz. Odatdagiday. Buvirajabga qarab u bir chimirildi-da, yana gapida davom etdi. Ana shu chimirilishning oʻzi Buvirajabni adoyi-tamom qildi. Nega bular bunaqa qilaveradi? Boya oʻynashi yonidan «odammisan» demay oʻtdi. Alamini Shukrulladan oldi. Bunisi esa…

Buvirajab kiyim almashtiradigan xonaga kirib, xalatini yechdi. Tamom boʻshashib, darmoni qurigancha, devorga suyandi. Xonada oʻzidan boshqa hech kim yoʻq edi. Shu chogʻ eshik sekin ochildi va kimdir kirib keldi. Buvirajab, sogʻuvchilardan biridin deb oʻylab boshini koʻtarmadi ham.
— Buvirajab!
— Eh! – Buvirajab choʻchib boshini koʻtardi. Ichkoʻylakda ekani yodiga tushib, xalatini olgancha koʻkragiga bosdi. – Shukrulla?!

 Koʻzlari yongancha Shukrulla u tomonga kelardi. Buvirajab oʻzini yoʻqotdi. Ortga chekinib, beixtiyor devorga suyandi. Koʻzlarini chirt yumdi. Ikki yelkasiga ikkita «choʻgʻ» tegdi va kaftlarini qizdirib yubordi. Shuning tafti a’zoyi-badaniga urib, erib ketdi u. Boshini yigitning koʻkragiga tashladiyu, oʻkrab yigʻlab yubordi. Oʻzini toʻxtatishga urinar, ammo uddalay olmas, ich-ichidan yigʻi otilib chiqib kelar edi.

— Buvirajab! Menga teging! Sizni bu ablaxlardan oʻzim himoya qilaman! Hammasini koʻrib-bilib turibman, Buvirajab! – Shukrulla koʻksiga singib borayotgan Buvirajabning yelkalarini avaylab silagancha, shivirlardi. – Meni bular moʻmin-qobil deb oʻylashadi, Buvirajab! Men bularga moʻmin-qobil qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyaman hali! Yigʻlamang, Buvirajab! Buvirajab, yigʻlama! Yigʻlama! Oʻzingiz… oʻzingni bos, Buvirajab!

Buvirajab yigʻi aralash bir muddat boshini koʻtarib, Shukrullaning nigohida ilgari oʻzi sira ilgʻamagan qat'iyatni koʻrdi. Unga ishondi. Yuragi badtar toʻlib ketdi. Ayniqsa «sen»lab, «oʻziniki» qilib gapirgani qizni toza eritib yubordi va u yana boshini yigitning koʻksiga tashladi.
— Shoshmay tursin hali bu onangni emgirlar! – Shukrulla metinday qoʻllari bilan uni bagʻriga tortdi.

Ajabo! Yigitning soʻkinishi ham Buvirajabga yoqar edi. Soʻkinish yigit kishiga yarashar ekan-da. Ayniqsa, seni - har tomonlama yakkalangan qizni – himoya qilib tursa. Shukrullayana bir nimalar dedi, ammo endi Buvirajab uchun uning nimalar deyayotganining ahamiyati yoʻq edi. Oʻzini butunlay uning ixtiyoriga tashladi… Shu alfozda qancha turishdi, bilmaydi. Bir payt sharaqlab eshik ochildi-da, Boyqul molboqar ichkariga kirdi.
— E, mana bularning turishini qaranglar, - dedi u baqirib. Shu chogʻ yana kimningdir tovushi eshitildi. Molboqar unga qarata shangʻillab dedi: - Oʻtib ketayotsam, qiz bolaning yigʻisi, yigitning gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻiri qulogʻimga chalindi. Bunda-ay, eshikning tirqishidan qarasam, ikkovi qip-yalangʻoch, chalkashib yotishipti.. Tuf-e! Fermaniyam rasvo qildinglar, nas bosganlar, deb ikkoviniyam ketiga tepib, haydab chiqay dedimu…

Eshikdan birin-sirin sogʻuvchilar, xizmatchilar, nihoyat xoʻmraygancha Eshqobil kirib keldi. Shukrulla bilan Buvirajab bir-birini qoʻyib yuborgancha hang-mang boʻlib turishar edi.
— Nima gap? Tagʻin nima gʻavgʻo? – oʻshqirdi Eshqobil. Keyin Shukrullaga tahdid qildi. – Sen bu yerda nega sangʻib yuripsan?
— … quloq solsam, - davom etdi Boyqul, - Buvirajab yigʻlab Shukrullaga tarmashyapti: «Men endi sharmanda boʻldim, qornimda uch oylik bolam bor», deydi. «Kimdan?» deb soʻradi Shukrulla. Keyin Buvirajab birovning ismini aytdi, eshitmadim. Sizlarni chaqiray deb…
— Iflos! – Eshqobil Shukrullaga oʻqtaldi. – Senlarning kasofatlaringga fermadan baraka ketdi. Oʻlasanlarmi shu ishlaringni koʻchaga chiqib qilsalaring. Chidamay, oʻlib boryapsanlarmi? Joy topilmay qoldimi?

Nega buncha haqorat?! Hech narsa, hech gap boʻlgani yoʻq-ku axir! – Shu vaqtgacha karaxt boʻlib, toshday qotib turgan Buvirajabning vujudida titroq turdi. Nimadir demoqchi edi, gʻazabning zoʻridan tili kalimaga kelmadi. Tamshandi. Yoqasini tutmoq niyatida qoʻlini koʻtardi, shundagina bor-yoʻgʻi ichkoʻylakda ekanini angladi. Nogoh Shukrulla ayiqday ayqirdi, qoʻlida allanima yaltirab ketdi. U Eshqobilga hamla qildi. Eshqobil chap berdi. Chap bera turib, Shukrullaning qoʻliga tepdi. Pichoq bir chetga uchib ketdi. Qiy-chuv, dod-faryod koʻtarildi. Odamlar Shukrullani qoʻlidan tutishdi, soʻng mushtlay boshlashdi, qoʻllarini orqasiga qilib bogʻlashdi ham.
— Chiq hammang avtobusga! – buyurdi Eshqobil. – Direktorga boramiz. Yo biz ishlaylik, yo Buvirajab! Oʻynashini melisaga topshiramiz. Pichogʻini oldingmi? Hammang guvohsan! Ha, oyimcha! Qilgʻilikni qilib qoʻygandan keyin javobini ham bering. Yo qochib qolmoqchimilar?

Deraza rahiga yuzini bosib turgan Buvirajab boshini koʻtardi. Qizargan koʻzlarida yigʻidan asar yoʻq edi. Hatto qoʻrqqinch ham! Nafratga toʻla koʻzlarini Eshqobilga tikkancha, eshik tomonga yurdi. Qoʻllarini beliga tiragancha tish qayrab turgan Eshqobil beixtiyor tisarilib unga yoʻl berdi. Ataylab chaqirishganmi, tasodifmi, har qalay idora oldida Norqul melisa turgan ekan, Shukrullani oʻshanga topshirishdi. Direktor ham, partkom sekretari ham, boshqa kattalar ham idorada edilar. Shularning oldida Boyqul haligi gaplarini yana takrorladi. Guvohlar tasdiqlashdi. Soʻng tushuntirish xati yozishga tushishdi. Eshqobil raport tayyorladi.
— Buvirajab! Sen nima deysan? – Xidir Sobirovich goʻyo hamdardlik bilan qizga oʻgirildi.

Janjal boshlangandan beri «gung» boʻlib yurgan Buvirajab seskanib ketdi. Garangsib, direktorga yuzlandi.
— Shu gaplar rostmi? – Xidir Sobirovich muloyim ohangda, oʻziga juda yaqin olib soʻradi.
— Yolgʻon! Hammasi yolgʻon!! – Buvirajab behol shivirladi. – Hech qanaqa bolam yoʻq mening! – U tushuntirish xati yozayotgan Boyqulga tashlanib, bor kuchi bilan shapaloqlab soldi. Boyqul polga agʻdarilib tushdi. – Oʻgʻri! Eshqobilning iskovuch iti! - Buvirajabning kirza etigi ikki-uch marta Boyqulning biqiniga borib keldi.

Odamlar Buvirajabni ushlashdi. Uning koʻzlariga hamon qatra yosh kelmas, sogʻuvchi qizlarning qoʻlida gʻazabdan hansiragancha, qalt-qalt titrab turardi.
— Musht bilan, doʻq bilan hech narsani isbot qilolmaysan, Buvirajab! – dedi Xidir Sobirovich. – Hozir qayta qurish ketyapti. Demokratiya! Har kim oʻz fikrini ochiq-oydin, yashirmay ayta oladi. Sen ham oʻz fikringni ayt.. Koʻplashib, maslahatlashib, bir qarorga kelamiz. Bu yerda bitta Boyqul emas, butun bir kollektiv senga qarshi gapiryapti. Fermalaringga yilda bir bormayman oʻzi! Bilmayman, Eshqobil bilan nimani boʻlisholmay qoldinglar… Shuncha odam sen haqingda shunaqa deb tursa… Balki partkom sekretari fikr bildirar…

Hamroqul Bozorovich muloyim yuzini silay-silay, oʻrnidan turdi, yoʻtalgan kishi boʻldi. Nihoyat gapirishdan boshqa iloji qolmaganini anglab, dedi:
— Bizning Buvirajabdan umidimiz katta edi. Shuning uchun yaqinda uni partiya a’zoligiga kandidatlikka qabul qilgan edik. Ming afsuslar boʻlsinki, Buvirajab ishonchimizni oqlamadi. U oʻzining yomon xulqi bilan, nomunosib hatti-harakatlari bilan yoshlarga salbiy ta’sir koʻrsatyapti. Tagʻin oʻz aybiga iqror boʻlmay, butun bir kollektiv yuziga oyoq tirayapti ekan…
— Buzuqilarga oramizda oʻrin yoʻq! – dedi Oʻrozgul opa.
— Men avvalgi majlisda ham kommunistlar oldiga bu masalani koʻndalang qoʻygan edim, - dedi Eshqobil. – Mana, kelishuvchanlik oqibati. Printsip, partiyaviy printsip qani, oʻrtoq partkom sekretari?! Yana aytaman, Buvirajab masalasini partiyaviy yoʻl bilan koʻrib chiqish zarur va bu yoshlarni kommunistik ruhda tarbiyalashda juda muhim.
— Koʻramiz, - dedi Hamroqul Bozorovich, bir oz oʻylanib turgandan soʻng. – Ishonamanki, kommunistlar ferma kollektivining fikrini ma’qullaydi.
— Balki birinchi safar kechirarmiz?! – gap tashladi Xidir Sobirovich..
— Partiyaviy printsip kerak, oʻrtoq direktor! – dedi Eshqobil. – Biz bu ahvolda hech qachon qayta qurishni amalga oshirolmaymiz. Buvirajabga oʻxshash… toʻsiqlarni buzib tashlay olmas ekanmiz, joyimizda depsinib turaveramiz.
— Shuncha gap-soʻzdan keyin agar yuzi boʻlsa, mayli, fermaga borib ishlayversin, - dedi Oʻrozgul opa.
— Bas!! – Buvirajab qizlarning qoʻlidan yulqinib chiqdi. – Qirilgurlar! Qirgʻining kelgurlar! Fermang bilan qoʻshmozor boʻl hammang! Oʻt qoʻyaman!... – U ogʻzini bilagi bilan bekitgancha, tashqariga otildi.
— Iye! Ona qizim, tinchlikmi? – Qadrdon ovozni eshitib, Buvirajab boshini koʻtardi. Qarshisida Avaz aka turardi. – Nima boʻldi oʻzi?

Buvirajab chiday olmadi. Hiqillab yigʻlagancha tashqariga otildi.

Qorongʻi tushib qolgan edi.

Oʻt qoʻyadi. Hammasiga oʻt qoʻyadi! Qurib ketsin, qirilib ketsin bari! Oʻlib qutulmasa, tiriklay qutulmaydi shekilli bulardan. Oh-h! Oʻziga olov qoʻygan dugonasi qanchalar baxtli-ya!..

Uyga kiraverishda darvozaning oldida otasi kutib turgan ekan. Buvirajab aylanib oʻtmoqchi boʻlgan edi, otasi qoʻlidan tutdi. Qip-qizil mast
— Qaerda yuripsan?
— Hech qaerda.
— Jal-l-labla-aar! – Otasini hiqichoq tutdi.

Buvirajabning miyasiga yashin urganday boʻldi. «Onamning arvohlarini tinch qoʻying», demoqchi, otasini uzib-uzib olmoqchi edi, sabri chidamadi. Satqai sar… Endi gapirdi nima, gapirmadi nima. Yashadi nima – yashamadi nima. Bari bir oxir oqibat oʻlib ketar kansan, bugun oʻlding nima, yana oʻttiz yil yashab oʻlding nima?! Qaytaga hozir oʻlsang, hamma… Buvirajabning kimga keragi bor? – Buvirajab shasht bilan otasining qoʻlidan yulqinib chiqdi-da, oshxonaga kirib, eshikning zulfini soldi. Qorongʻida timirskilangancha, tandirning tagidan oʻzi ertalab traktorchidan sotib olgan bir paqir solyarkani topdi. Koʻtargancha avval yelkasidan, keyin boshidan quydi.
— Umrimni xazon qildi bular mening! – Hovlidan otasining yigʻloqi ovozi eshitildi.

Buvirajab oshxonaga kirganini koʻrmay qolipti-da. Yaxshi. Endi… gugurt… Gugurt tandirning yonida ham, oʻchoqning boshida ham yoʻq edi. Elektr chirogʻini yoqdi. Gugurt shundoqqina oʻchirgichning yonida, taxmonda ekan. Ola solib, chiroqni yana oʻchirdi.

Mana endi…

Buvirajab gugurtni chaqdi. Badaniga harorat urishi barobari hovlidan kenjatoyning «opa-a», deya zorlangani eshitildi. – Otasi uriyaptimi uni? Nega? Oh! Voy-dod! Voy-do-o-od! – Olov sochlariga oʻrmaladi. Buvirajab jon achchiqgʻida qichqirib, oʻzini u yoqdan-bu yoqqa uraverdi. – Onajonim-ey, onajonim-ey! Doʻzaxi qizingni kechir, onajonim-ey! Xudoyorlar-ku, bir kunini koʻrar, ammo kenjatoy… Nima qilib qoʻydi? Dod, nima qilib qoʻydi-ya?! – Buvirajab oʻzini eshikka urdi. Eshik yopiq edi. Hozir u eshikning zulfini ochadigan holatda emasdi. Koʻz oldini qip-qzil olov qopladi. Olov aralash koʻzlariga onasi koʻrindi. Onasi hilpillagancha yonib-yonib kelardi. Boshdan oyogʻigacha badanlaridan uzun-qisqa boʻlib olov oʻrmalar, oʻrtalarida olovdan yoʻlak paydo boʻlgan, onasi yonayotgan quchoqlarini yozgancha, Buvirajabni oʻziga chorlardi…
— Zulfni oching, opa! – Buvoyshaning ovozi qulogʻiga chalindi.

Ukalari, singillari… Endi bularning kuni qanday oʻtadi? Buvirajab endigina oʻzi kerak boʻlgan odamlar borligini, ular uchun hali yashashi kerakligini anglab yetdi, ammo… hushini yoʻqotdi…

Xudoyor bolta topib kelib, eshikni buzganda u kuyib bitgan va qop-qora kundaga aylanib ulgurgan edi…