OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiSomonchilar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Somonchilar (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Oʻzlari shu holga tushib koʻrganlarida bilishardi. Oʻtirib olib, har narsani gapiraverishadi. Doʻstlik bormi ularda? Yo oʻtkazib qoʻyishganmi? Yo uning ogʻziga xoʻjayinmi? Kerak boʻlsa oʻziga oʻzi bek, xohlaganini qiladi, oʻylaganini gapiradi. Hech kimdan til qisiqlik joyi yoʻq. Aslida aytish kerak edi. Yaxshilik qilaman, deb tuhmatga qoldi. Rost-da, uchalasi ham birday aybdor boʻlsa. Qoʻlga tushgani jarima toʻlab, tushmagani oppoq boʻlib qolaveradimi? Nimaga u jarima toʻlaydiyu, boshqalar jirttak chalib turishi kerak? Odamga alam qiladi-da. Shuncha pulni qurtdek sanab, oʻz qoʻli bilan kassaga topshirdi. Axir bu pulni topguncha ozmuncha mehnat qilganmidi? Boshida, puldan ayrilsa ham tinchgina shu mashmashadan qutulayotganiga xursand ham boʻlgan edi. Keyin, turib-turib, alam qilib ketdi. Ayniqsa, pulni kassirga topshirayotganida qoʻllari dagʻ-dagʻ titradi. Qani haqiqat? Nega uning puli ketadiyu, boshqalarniki kissasida qoladi? U somon tashigan boʻlsa, boshqalar ham tashigan. Demak, jarimani ham baravar toʻlashlari kerak. Asli, hamma gap xotinidan chiqdi. Xotin zotining esi pastligi azaldan ma’lum. Doim erlarini toʻgʻri yoʻldan chalgʻitishgani chalgʻitishgan. Boʻlmasa, Niyozmat ishdan charchab qaytgandi. Yonboshlab yotib, televizorda futbol tomosha qilmoqchi edi. Jahon chempionati ketyapti axir! Angorga ham oyogʻi tortmay chiqdi… Toza sharmanda boʻldi-da. Uch kun avval xoʻjalik rahbari kelib, oʻn kunlikda yaxshi ishlagani uchun unga mukofot topshirgan edi-ya!

… Uyga kelib, kechki ovqatni yeb, endi televizorning oldiga choʻnqaygandi, xotini yostiqni tortib oldi-da:
— Somonga chiqmaysizmi? – deb soʻradi.
— Qanaqa somon?
— Koʻrmayapsizmi? Hamma tashiyapti. Arpazorni oʻrib boʻlishganiga bir haftadan oshdi. Oʻshandan beri odamlar daladan beri kelishmaydi. Xudo biladi-ku, Yoʻldosh bilan Bahrining somonxonasi toʻlib ketgandiro-ov. Ikkovi boya qorongʻi tushar-tushmas eshagiga minib, tagʻin joʻnashdi. Siz yotaverasizmi?
— E qoʻysang-chi, bunaqa ish menga toʻgʻri kelmaydi. Yana qoʻlga tushib…
— Oʻzingiz qoʻying! Yoʻldosh bilan Bahrini ushlamagan qorovul sizni tutadimi? – dedi xotini bidillab. – Nima, bu yil ham qishda bolalaringizni oqlikdan qantarib qoʻymoqchimisiz? Yoʻldosh bilan Bahrining bolalari qishi bilan qaymogʻu-qatiq ichsin, mening bolalarim koʻzlari moʻltillab oʻtirsinmi? Shuncha odam tashiyapti, ular qoʻlga tushmayapti-ku. Sizning joningizni oladimi?

Xotini u dedi-bu dedi, janjallashdi, xullas, Niyozmat eshagiga qanorni tashlab, angorga joʻnadi. Bir hisobda xotinining gapi ham toʻgʻri. Oʻtgan yili lanjlik qilib, somon tashimadi. Oqibatda qishning yarmida sigirga beradigan hech vaqo qolmay, uni sotib yuborishga majbur boʻldi. Koʻklamda esa ikki baravar qimmatiga boshqasini oldi. Sigir boqmayin desang – yana boʻlmasa, qishloqchilik. Hammaning oʻziga yarasha mol-holi bor. Ilgarilari yaxshi edi. Angordagi gʻallani oʻrib ketgandan keyin somoni qolar, hech kimning ishi boʻlmas – odamlar xohlaganicha tashib olardi. Endi qoʻriqlagani odam qoʻyishyapti. Onda-sonda ba’zilarni ushlaydi, sharmanda qiladi. Bari bir mol boqqandan keyin, yemishini ta’minlash kerak. Odamlar qoʻyarmidi? Qorovulning koʻzini shamgʻalat qilib, kechasi tashishadi. Yoʻldosh bilan Bahri ham shunaqa, xudoning erinmagan bandalaridan. Bularning charchamagani! Hech iloji boʻlmasa, yarim kechadan keyin chiqishadi. Hamma dong qotgan, hech kim xalaqit bermaydi. Tong otguncha bemalol uch-toʻr qanordan tashib olishadi. Niyozmat ham oʻshalardan bir-ikki hafta jonini koyitsa, somonxonasi toʻlib qoladi. Keyin qish boʻyi bola-chaqasi bilan sut ichadi, sariyogʻ yeydi. Rost, xotini toʻgʻri aytadi.

Qishloqdan chiqib, angor yoʻliga tushib olgandan keyin Niyozmatning koʻngli yayrab ketdi. Havo toza. Eshagiga xala bosdi. Osmonda yulduzlar charaqlaydi. Oy yoʻq. Bir hisobda shunisi tuzuk. – Begona koʻzdan pana. Qanorini bamaylixotir toʻldirib qaytaverishi mumkin. Ana, somon gʻaramlari qoʻl tekkizilmaganicha turipti. Shartta-shartta ustki poxolini ochib tashlaydiyu, tagidagi qipigʻiga qanorini toʻldiradi. Keyin gʻizillab iziga qaytadi. Xotinining kallasi ishlaydi. Hozir, qizigʻida harakat qilib qolgani ma’qul. Hamma yoqni tozalab ketishgandan keyin gʻaramning joyini xaskash bilan qirtishlab yuradimi?

Niyozmat yoʻl chetidagi birinchi gʻaramning oldida eshakdan tushdi. Gʻaramning ustini ochib tashladi: Mayda somon! Niyozmat eshagining qozigʻini qoqib, qanorga endi somon solayotgandi, katta yoʻl boʻylab, chiroqlarini yoqqancha, bir mashina kela boshladi. Niyozmatning esxonasi chiqib ketdi: Nahotki qorovul boʻlsa? Mashinasiga bosib olib ketsa-ya?! Chiroqlar tobora yaqinlashib kelardi. – Nima qilish kerak? Kela solib, sudrasa, nima deydi? Yashirinsa-chi? Qaerga? Gʻaramning ichiga kirib ketsa boʻladi. Eshak-chi? Qanor-chi? Hozir yetib keladi, hozir! Nahotki qoʻlga tushdi? Yoʻq, nega qoʻrqyapti oʻzi? Nima, somon tashigan bitta umi? Ana, Yoʻldosh bilan Bahri ham yuripti. Juda qoʻymasa: «odamlar chiqayotgan ekan, men ham chiqdim», deydi. Ular nima boʻlsa, Niyozmat ham shu. «Qanaqa odamlar?», deb soʻrasa, ikkovini koʻrsatadi. Lekin… lekin chaqimchilik boʻlmasmikan? Bordiyu, qoʻlga tushsa, ularni ushlab bergandan nima foyda? Bari bir jarima soladi. Yaxshisi, aytmagani ma’qul. Qutulib qolishsa – baxtlari, boʻlmasa – oʻzlari javob beraverishsin. Yoʻq, hech kimni aytmaydi. Chaqimchilik … yaxshi emas.

Ammo hozir bir iloj topish kerak…

Mashina juda yaqin kelib qoldi. Niyozmat qoʻrqib, shosha-pisha qanorning ustiga somon tashlay boshladi. Qanday boʻlmasin, qanorni yashirish kerak. Eshak bir gap boʻlar. Haydashsa, qochib ketaveradi. Niyozmat keyin ushlab olaveradi. Biroq eshakdan gumon qilishsa-chi? E-e, dalada nima koʻp, daydi eshak koʻp. Bari bir… gumon qilishsa-chi? Axir eshak egarlangan, qozigʻi, arqoni bor. Gumonsirab, gʻaramni agʻdarishsa-ya! Keyin nima boʻladi? – Niyozmat behol tortib, oʻzini gʻaramning ustiga tashladi. – Tamom! Qoʻlga tushdi! Endi hech qanday najot yoʻq. Koʻz oldiga balo-qazodek, xotini keldi. Gʻavgʻoning bari oʻshandan chiqdi. Tinchgina futbol koʻrmoqchi edi. «Ana Yoʻldosh bilan Bahri ketdi, somonxonasini toʻldirdi, biz quruq qoldik», deb qaqshayverib, boshini qotirdi. «Sigir», dedi, «qaymoq» dedi, balo dedi, battar dedi. Sigir boʻlsa, ochdan oʻlmasdi. Bir amallab qishdan chiqarishardi. Mana endi… Endi boʻlsa… Niyozmatni Yoʻldosh bilan Bahriga tenglashtiradimi? Ikkovi azaldan bunaqa ishlardan tap tortmaydi. Niyozmat bir-ikki marta yashirincha somon tashigan boʻlsa ekan. Aslida oʻzida ham ayb bor. «Bormayman» deb turib olsa, xotini nima qila olardi? Javrab-javrab, oxiri tinchirdi. Ha, er kallani ishlatmagandan keyin, xotinining yoʻrigʻiga yuravergandan keyin…

Ana! Mashina shundoq yoniga kelib toʻxtadi. Ichidan kimdir tusha boshladi.

Niyozmat gʻaramga kirib ketguday boʻldi. Goʻyo vujudidagi jon havoga uchib ketganu, oʻrnida quruq tanasi qolganday. U osmonga qaradi. Yulduzlar charaqlaydi. Boya koʻziga hammasi yaxshi koʻrinayotgandi. Endi xuddi undan kulishayotganday… Endi nima boʻladi? Ilgʻor ishchi nomi bor edi! Sovxoz rahbarlari majlislarda uning nomini hurmat bilan tilga olardi. Qoʻlga tushgani ularning ham qulogʻiga yetadi. «Yaqinda ordenga yozamiz», deb va’da qilishgandi. Hammasi tugadi. Brigadir nima derkin? Boshliqlarga oʻsha aytgan edi-da, ilgʻor ishchimiz Niyozmat aka shu kishi boʻladi, deb. Endi unga ham gap tegadi.

Niyozmat yonginasida gʻaramni tumshugʻi bilan titkilab, toʻkilgan donlarni terib yeyayotgan eshagiga gangib tikildi. Birdan eshakka avasi kelib ketdi. Qani endi, hozir eshakka aylanib qolsayu,bemalol somon chaynab tursa. Kelganlar hayron boʻlib qaytib ketishardi. Keyin Niyozmat yana oʻz holiga qaytardi-da, uyiga yugurardi. Oʻunaqa yugurardi, shunaqangi yugurardiki, somonining ham, eshagining ham, qanorining ham padarlariga ming la’nat! Unga desa, shu dalada qolib, chirib ketmaydimi?
— Aka…

Niyozmat qandaydir ovoz qulogʻiga chalinganidan hayron boʻldi. Ovozda buyruq oʻrniga iltimos ohangi kuchli edi. Battar taajjubi oshdi. Axir, yengidan changallab, mashinaga sudrashlarini kutgandi-da. Bu qanaqasi? Yoki qulogʻiga chalindimi? Ajabmas!
— Hoʻ-oʻv, aka! – degan iltimosli ovoz yana takrorlandi.

Niyozmat xayolida emas, chindan iltimos qilishayotganiga ishonch hosil qilgandan soʻng sekin oʻgirilib qaradi. Qarshisida yaxshi kiyingan, galstuk taqqan bir kishi muloyim boqib turardi.
— Aka, bir iltimos, - dedi poʻrim kishi umid bilan. – Samarqanddan kechroq chiqqandik., adashib qoldik. Muzbel qishlogʻiga borishimiz kerak edi. Yoʻlni koʻrsatib yubora olmaysizmi?

Hanuz hushini yigʻib ololmagan Niyozmat serrayib oʻtirardi. Qattiq tortilgan asablari birdan boʻshashib, vujudi xaltadek osildi. Oʻtakasini yorib yuborayozgan bu odamning basharasiga toʻyibqarab olgisi, uning bezarar ekaniga qayta-qayta ishonch hosib qilgisi kelardi. Niyozmat «ha» degandek bosh silkidi. «Bilaman» demoqchi edi, ovozi chiqmadi, bundan oʻzi ham hayron boʻldi.

Esini chiqarib yubordi-e! Qorovul keldi, deb oʻtiribdi-ya! Oʻzi, yurakdan ham bergan ekan-da. Qorovul boʻlganda-chi? Yeb qoʻyarmidi? Buncha qoʻrqmasa? Olsa, bir qanor somon olibdi. Hamma yoqni somon bosib yotibdi, kamayib qolarmidi? Eplaganlar mashinalab tashiyapti. Bari bir shuncha qoʻriqlashgani bilan somonning yarmi dalada qolib, chirib ketadi.

Niyozmat yoʻlovchini joʻnatgandan kein qanorini qaytadan yozib, shosha-pisha somon tiqa boshladi. Bir ozdan soʻng toʻla qanorlarini eshakka ortib, Yoʻldosh bilan Bahri oʻtishdi. Ular yoʻlning yoqasi xavfli ekanini, oʻtgan-ketgan koʻrib qolishini, shuning uchun angorning ichkarirogʻiga kirishni maslahat berishdi.
— Qorovul yoʻqmi? – soʻradi Niyozmat ishdan toʻxtamay.
— Ichkariroqqa kirsangiz hech kim boʻlmaydi, - dedi Yoʻldosh.

Ha, mana, gap qaerda! Axmoq boʻlmasa, Niyozmat katta yoʻlning yoqasidagi gʻaramga tegadimi? Qanor yarimdan oshib qolgan edi. Endi sudrash battar qiyin. Yaxshisi tezroq toʻldirib, joʻnash kerak. Yana ikkita mashina oʻtadigan boʻlsa, yuragi yorilib oʻlishi hech gap emas.

Naridan beri qappaytirilgan qanorni eshakka ortib, hovliqib kelarkan, angorga qaytib ketayotgan Yoʻldosh bilan Bahrini koʻrdi. Bular charchamaydiyam, qoʻrqmaydiyam! Ikkovining somonxonasi toʻlib ketgandir. Niyozmatning somonxonasi boʻm-boʻsh. Oʻtgan yili qishda sigirining shikoyatomuz moʻngrashlarini eslasa, hali-hali yuragi uvushadi. Ming toʻgʻri boʻlaman, degani bilan sigir kerak, sut kerak, sigirga yem-emish kerak. Manavilar qoʻrqmasdan tashiyapti. Nega u qoʻrqadi? Hozirgina ikkovini qanorlarini toʻldirib-toʻldirib ketgan edi, yana qaytib kelyapti. Niyozmatniki bor-yoʻgʻi toʻrvadek qanor, shuni ham yolchitib toʻldirishga yuragi dov bermadi. Bir-ikki hafta gʻayrat qilsa, qishlik somonni gʻamlab qoʻyadi. Futbol koʻraman, deb yotsa, yotaveradi-da. Futbol sigir boʻlarmidi. Ikki hafta tomosha koʻrmay tursa, ikki hafta sal kamroq uxlasa, uch qishda joni tinch boʻladi. Bor-yoʻgʻi ikki hafta!

Qanorini boʻshatayotganda ham Niyozmatning xayolidan shu fikrlar ketmadi. Somonxonaning burchagi oqarib qoldi. Fonusni koʻtarib, yoritib turgan xotini somonni koʻrib, koʻzlari yashnab ketdi: «Qipiq somon ekan, qishda sigirning joni kiradi!»
— Yoʻldosh bilan Bahri yana ketdi, - dedi xotini, hovliga chiqishganda eriga sinovchan tikilib.
— Eshakni olib kel, - deb buyurdi u, ust-boshini qoqarkan.

Yana bir borib kelsa nima qiladi? Ancha havosini olib qoldi. Endi yoʻlning chetrogʻida yuradi. Bari bir borsa ham, bormasa ham kun oʻtaveradi. Shuning uchun yaxshisi… Albatta, sovxoz somon beradi, bermaydi emas. Lekin yotib yeganga togʻ chidamaydi. U somon bir oyga yetmaydi. Qolaversa, sovxoz Bahri bilan Yoʻldoshlarning sarqiti – poxol somonni beradi. Keyin-chi? Keyin yana sigirni sotadimi? Yoʻq, hozir qiynalsa qiynalar, hozir mayda somonni tashigani ma’qul. Bahri bilan Yoʻldoshning joni temirdan emas, ular ham charchasa kerak, ammo tashiyapti.

Niyozmat eshakka mindiyu, yana dalaga ravona boʻldi. Endi oʻzini bosib, ancha dadil tortgandi. Buncha qoʻrqmasa? Nimaga anavi ikkovi qoʻrqmaydiyu, Niyozmat qoʻrqishi kerak? Ular nima boʻlsa, bu ham shu!

Niyozmat ularga yaqinroq joydagi gʻaramni tanladi. Yonida oʻzi kabi ilinj bilan yurgan odamlar borligini his qilib, koʻngli yanada xotirjam tortdi. Avvalgidek, atrofga qorovulning qorasini qidirib emas, havas bilan tikildi. Har yer-har yerda qator-qator doʻppaygan somon gʻaramlari uyulib yotardi. Shu gʻaramlarning oʻntasi, yoʻq, oʻn beshtasi, yoʻq, yigirmatasi somonxonasiga borib qolgandami, Niyozmat ikki yil qoʻlini sovuq suvga urmasdi. Yoki… sigirini ikkita qilardi. Sigirlarning yoniga bittadan tana qoʻshib sotib olsa ham boʻladi. Yigirma gʻaram somon , kerak boʻlsa, oʻnta qoramolni bir qishdan chiqaradi. Yigirma gʻaram somonga nafaqat somonxonasi, balki butun hovlisi toʻlib ketadi. Qani oʻshanda ham xotini: «Yoʻldosh bilan Bahri ketyapti», deb chegrayib koʻrsin-chi! Biladi nima qilarini! E, xotin zoti toʻyarmidi!? Oʻshanda ham: «Manavilar qatori yana ikki marta borib kelsangiz boʻlmaydimi? Xudo biladi, kelasi yil somon qanaqa boʻladi? Borida arakat qilsangiz-chi!», deydi. Ishqilib, tinchitmaydi. Ammo unda Niyozmat pinagini buzmaydi. Bemalol yotaveradi.

Niyozmat katta yoʻlga qaradi. Mashinalar hamon oʻtib turardi. Ana, ikkalasining qanori toʻlay deb qolipti. U shoshib, gʻaramning poxolini agʻdardiyu, maydasini qoplashga tushdi.
— Tezroq toʻldiring-u, keting. Yana chiqsangiz ikki soatlardan keyin chiqing. Anavilarning keladigan vaqti yaqinlashyapti. Ular kelsa, bir soatcha aylanishadi. Ketsa, yana kelamiz, - deya ogohlantirdi Yoʻldosh joʻnayotib.

Bu gapni eshitib, Niyozmatning yuragi chiqib ketay dedi. Ular koʻzdan yoʻqolgandan keyin keng dalada bir oʻzi qolib, xayoliga har xil fikrlar kela boshladi. Oʻzini oʻzi chalgʻitish maqsadida zoʻr berib somonni qanorga tiqdi. Azbaroyi hovliqqanidan qanor toʻlgandan keyin eshagiga ortolmay, ancha ovora boʻldi. Qanorni eshakning ustiga tashlagan edi, narigi tomonga ogʻib ketdi. Tutaqib, eshakni bir tepdi. Eshak tisarilib, qanor agʻdarilib tushdi. Niyozmat bir balo qilib, qanorni ortib, eshakni ham, qanorni ham, somonnni ham, Yoʻldosh bilan Bahrini ham, xotinini ham aralash-quralash soʻkib, uyiga joʻnadi. Hammasi ana shunda yuz berdi.

Endi katta yoʻldan oʻtayotganda gʻiyq etib, oldiga bir mashina kelib toʻxtadiyu, ichidan bir kishi chiqdi. Niyozmat angraygancha toʻxtab qolgan, hatto qoʻrqish xayoliga ham kelmasdi. Faqat vujudi boʻshashib, oyoqlari qaltirayotganini sezdi.
— Assalomu alaykum, aka, - dedi qorovul xushmuomalalik bilan qoʻl olib koʻrisharkan. – Ha? Bi-ir chiqqan ekansiz-da, a?! Ismi-familiyangiz?

Niyozmat indamadi.
— Ismi-familiyangizni ayting deyapman! – dedi qorovul tovushini balandlatib.

Niyozmat noiloj aytdi. Aytdiyu, oʻzi hayron qoldi. Chunki, mabodo qoʻlga tushib qolsa, boshqa familiyani aytishni moʻljallab, ehtiyot shart uch-toʻrttasini oʻylab qoʻygandi. Hozir birortasi esiga kelmay, oʻz familiyasini aytib oʻtiribdi.
— Qachondan beri tashiyapsiz? Somonxonangiz toʻlaydeb qoldimi? – deya qorovul yana birdan yumshab, oshnasi bilan suhbatlashayotganday soʻradi.
— Oʻzi… bugun chiqqandim, ikkinchi qanor… shu, - dedi Niyozmat qult yutinib.
— Yolgʻon gapirmang! – qorovul yana doʻq urdi.
— Yoʻq, rosti bilan, ishonmasangiz borib koʻring, - dedi Niyozmat, yuragi taka-puka boʻlib. Qorovulning gap ohangi bunchalik tez oʻzgarishidan choʻchib qolgandi.
— Aldamayapsizmi? – deya qorovul sinovchan koʻzlarini qattiq tikdi.
— Yoʻq! Aytyapman-ku, ishonmasangiz borib koʻring.

Yana bir-ikki oʻshqiradigan boʻlsa, Niyozmat: «Nima, somon tashiyotgan bitta menmi? Koʻzlaring bitta meni koʻrib qoldimi? Ana, Yoʻldosh bilan Bahri hozir oʻtib ketdi», deyishga shaylanayotgandi, yaxshi ham qorovul:
— Qanordagi somonni toʻking-da, uyingizga joʻnang. Ertaga punktga boring, oʻsha yerda gaplashamiz, - deya mashinasiga oʻtirib, joʻnab ketdi.

Niyozmat nima qilishini bilmay, hayron boʻlib turardi. Darrov mashinasiga solib, olib ketmagani yaxshilikning alomatimi, yomonlikning? Bormasa-chi? Yoʻq, boʻlmaydi. Ism-familiyasini toʻgʻri aytib qoʻydi. Bundan tashqari qorovul sovxozning hamma odamlarini yaxshi taniydi. Ismini bilmasa-da, yuzidan ajratadi. – Niyozmat oʻzini yoʻldan urganlarni bisotida bor soʻkishlarga koʻmib tashladi.

Ertasiga qorovulning buyrugʻiga binoan jarima pulini toʻladiyu, keyin birdan alam qilib ketdi. Rost-da, Niyozmat toʻrvadek qanor bilan qoʻlga tushib oʻtirsayu, Yoʻldosh bilan Bahri somonxonasini toʻldirib, hech narsa koʻrmagandek, oppoq boʻlib yuraverishsa! Qani adolat?

Ertasiga Barlos talatoʻp boʻlib qoldi. Yoʻldosh bilan Bahrini, yana talay somon tashiganlarni punktga olib ketishibdi. Niyozmat koʻchadan oʻtayotsa, hamma unga boshqacha qaraydi. Nafrat bilanmi-ey, istehzo bilanmi-ey… Hayron boʻlib uyiga kelsa, xotini toʻrsayib oʻtiripti. Keyin bilsa, butun Barlosda: «Yoʻldosh bilan Bahrining ustidan Niyozmat ma’lumot bergan», degan mish-mish tarqapti. Kimdir uning punktda oʻralashib yurganini koʻrgan ekan. Odamlar Niyozmat haqida har xil yomon gaplarni aytishayotganmish: «Bu odamdan qoʻrqish kerak, ertaga bir yomon kun tugʻilsa, oʻz jonini asrab qolish uchun butun Barlos qishlogʻini sotib yuborishdan ham toymaydi», deyishayotganmish.

Axir u chaqimchilik qilgani yoʻq. Asli, aytishi kerak ekan! Ana undan keyin alam qilmasdi. Kim ekan uni punktda koʻrgan?

Niyozmatning mushti tugilib, koʻchaga chiqdi. Kim boʻlmasin, qaerda boʻlmasin, hozir oʻsha tuhmatchini topadiyu, yoqasidan oladi. Keyin rostini aytib berishga, boʻhtonini qaytib olishga majbur qiladi.

— He onasini… uni!..