OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiTaftish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm51KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Taftish (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Barlos qishlogʻi arining buzilgan uyasiday tinchimay qoldi. Oʻz elingdan yozuvchi chiqsa qiyin ekan: hali doʻkonni, hali paxtani, hali fermani taftish bosgan... Bittasini bosdi-bosdi qilib ulgurmay, ikkinchi janjal boshlanadi.

Oʻzimiz bilan Mamatning ukasi, oʻsha, bir vaqtlar Banot koʻr bilan olishib yurgan Mamatning moʻmin-qobil, bechoragina ukasi – Tojiboy ham yozuvchi chiqib qoldi.

Barlosdan odamlar kesakdan oʻt chiqqanini koʻrgan, lekin Tojiboyning birovga tik gapirganini eslay olishmaydi. Zamonaning zayli shu ekan-da. Qayoqqa qarasang – yoza-yoz. Ikki enlik chizib, pochtaga tashlasang, qarabsanki, sal kunda hamma yoq – talo-toʻp.

Bir haftadan beri garajda tinchlik yoʻq. Taftish. Nima emish, Tojiboy oʻz imzosini qoʻyib, yuqoriga shikoyat yozgan emish, xatni oʻzim yozganman, deb tan olib ham turganmish. Shikoyatida: «Hamma yoqda qayta qurish avj olgan bir paytda bizning Barlosda hamon poraxoʻrlik, qoʻshib yozishlar davom etayapti. Oshna-ogʻaynigarchilik tugamayapti. Avvalgi direktor ishni boshqara olmagani uchun vazifasidan ozod etilgandi Oʻrniga poraxoʻrlikda undan ta’lim olgan bosh zootexnik Xidir Sobirovich tayinlandi Ilgarigi direktor bitta yangi mashinani besh yuz soʻmga sotsa, bunisi narxni toʻrt baravar qimmatlashtirib yubordi. Yigirma yildan beri mening peshanam eski mashina kapotidan koʻtarilmaydi, kechagina guvohnoma olgan bolachalar pora evaziga yangi mashina olyapti...», deb koʻp gaplarni rosa qoyillatib yozgan emish.

Avvaliga hammani zir titratgan taftishchi hafta oxiriga kelib, birmuncha yumshab qoldi. Hatto oxirgi kuni garaj ishchi-xizmatchilarining majlisiga rayon vakili, sovxoz direktori bilan ogʻiz-burun oʻpishguday bir holatda kirib keldi.
— Oʻrtoq Tojiboy Toshboev, bu yoqqa chiqing! – dedi taftishchi, goʻyo sudlanuvchini qora kursiga taklif qilayotganday.

Yuzi qorayib, koʻzlari kirtayib, bir haftadayoq butkul oʻzgargan, hech narsaga toqat qilolmaydigan jirttaki kimsaga aylangan Tojiboy odamlarga nazari tushmasligi uchun taqir boshiga silagan kishi boʻlib, oʻrtaga chiqdi.
— Bizning el juda bilimdon boʻlib ketgan-da, - dedi Xidir Sobirovich istehzo bilan.

Bu gapn hamma eshitdi. Hamma eshitgani uchun ham bu gap Tojiboyga qattiq ta’sir qildi. Direktorag oʻqrayib, nimadir demovchi boʻlgan edi, taftishchi «uloqni ilib ketdi»:
— Etikani saqlang, oʻrtoq direktor! Xoʻsh, oʻrtoq direktor! Xoʻsh, oʻrtoq partkom sekretari! Yigʻilishni boshlaysizmi?

Partkom sekretari Hamroqul Bozorovich chaqqonlik bilan oʻrnidan turib, majlisni ochiq deb e’lon qildi. Keyin taftishchiga soʻz berdi. Taftishchi partiya va hukumatimiz ishlab chiqayotgan yangi qaror, qonun va boshqa normativ hujjatlarning afzalligi haqida, turli yerlarda amalga oshirilayotgan qayta qurishlar haqida uzoq ma’ruza qildi. Nihoyasida dedi:
— Xoʻ-oʻsh, oʻrtoqlar, demoqchimanki, bizda mehnatkashlarning haq-huquqlarini qattiq turib himoya qilishadi. Shu paytgacha mening qoʻlimga tushgan biron-bir shikoyat natijasiz qolgan emas. Oʻzlaringiz guvohsizlar, hamqishlogʻingiz Tojiboy Toshboevning shikoyatini obdon tekshirdik. Ba’zi bir faktlar tasdiqlansa-da, asosiy aybnomalar faqatgumon asosida yozilganiga, zamirida musta\hkam poydevor yoʻqligiga amin boʻldik. Lekin bu gapim, shikoyatdagi fikrlar tasdiqlanmadi, degan narsa emas...

Tojiboy hamon oʻrtada doskaga chiqarib qoʻyilgan oʻquvchiday qaqqayib turar, oʻtirish na oʻzining, oʻtir deyish na rahbarlarning xayoliga kelmasdi.
— Bizda hozir demokratiyaga keng yoʻl ochilgan, oʻrtoqlar, - davom etdi notiq ruhlanib, Har qalay u juda ilhomlanib, ravon va silliq gapirar, bu holatni oʻzi ham payqab, oʻzidan gʻururlanar, badtar toʻlqinlanib borardi. – Xullas, soʻnggi nuqtani sizlar, ana shu garajning ishchi-xizmatchilari - butun bir kollektiv qoʻyishi kerak. Xoʻsh, fikr bildiruvchilar?..
— Men gapiray! – dedi gapning nishabini anglagan Abdulla. U namunali xulqli pionerday qoʻl koʻtargancha sakrab oʻrnidan turdi. – Men Tojiboy akani juda hurmat qilaman, - dedi u , begʻam lunjini toʻldirib. – Ogʻzi ochilganda qator, qip-qizil tishlari yaraqlab ketdi. – Koʻp yillardan beri birga ishlaymiz. Biron marta san-manga bormaganmiz. Menimcha, bunday xatni yozish Tojiboy akaning qoʻlidan kelmaydi, oʻrtoqlar! Tojiboy akani tezlashgan.
— Meni hech kim tezlagan emas! – Boyadan beri qaqqayib turish joniga tekkan Tojiboyning jazavasi tutdi. – Men sizlarga bir haftadan beri aytyapman-ku, xatni oʻzim yozganman! Hech kim meni majbur ham qilgan emas. Mening navbatim boʻla turib, Xidir aka yangi mashinani jiyaniga berib yuborgani uchun alam oʻtib – yozdim.
— Qachon men yangi mashina minibman?! – Direktorning jiyani oʻrnidan turtdi.
— Ikki kun minding-ku! Men janjal koʻtargandan keyin bir hafta toʻxtatib, togʻang bir yarim ming evaziga Safarga oʻtkazib yubordi.
— Tuhmat! – Safar naynov lopillab oʻrnidan turdi. – Oʻrtoqlar, yozganlarining hammasi tuhmat ekani allaqachon ma’lum boʻldi. Men Tojiboy Toshboevni tuhmatchi sifatida sudga berishlaringizni talab qilaman.

«Sud» soʻzini eshitib, Tojiboyning koʻzlari alang-jalang boʻlib qoldi. Madad izlab, oʻtirganlar orasidan najotkorlarining nigohini qidirdi. Lekin: «Yozaver, sen ishchi odamsan, seni hech narsa qilisholmaydi, qolaversa, sen yuz foiz haqsan. Agar direktor boʻlib qolsam, birinchi yangi mashinani senga beraman. Bemalol gapiraver, biron kor-hol yuz bersa, oʻzimiz seni qoʻllab-quvvatlaymiz», deganlarning nigohi yerga qadalgan. – Tojiboyning bir oʻzi nima qilsin? Gap bilmasa, haliyam bir haftadan beri oʻzini oʻzi yeb, gʻijib, gʻijinib, chiranib, gap talashishni ancha-muncha oʻrgandi. Toʻgʻrisi, odamlar Tojiboyni moʻmin-qobil deyishgani bilan Tojiboy aytarli moʻmin-qobil emasdi. Har kimga ogʻzidagi oshini oldirib yuradi. Bu – rost. Lekin oʻlguday oʻjar, toʻpori, shuning uchun uchovoraga qoʻshilolmay umri oʻtib borayotgan, Mamat akasiga zid fe’lli bir kimsa edi. Najotkorlar nozik fursatdan foydalanib qolishdi. Har qalay birovga gap berolmaydigan, birovdan gap ololmaydigan, mujmal desa mujmal ham emas – Tojiboy haqida qirq yildan beri Barlosda biron marta gap tarqamagan. Tojiboy unday depti, Tojiboy bunday depti, Tojiboy falonchini sotipti, degan gapni eshitishmagan. Shuning uchun ham qishloq orasida «Tojiboy shikoyat yozipti», degan gap chiqqanda hamma ajablandi, ishonqiramadi. Ba’zilar bu ish kim-birovlarning qoʻli bilan amalga oshirilganini taxmin qildi. Ammo Tojiboy illo-billo hammasini oʻzim yozdim, deb ikki oyogʻiga qoʻshib ikki qoʻlini ham bir etikka tiqib oldi.

Garajning ayvonida davom etayotgan majlis qizigandan qizidi. Mashinalarning kapotida, oldida, temir-tersaklar ustida, yerga sholcha yozib oʻtirgan odamlar bir tebranishdi. Toʻrda, oldiga qizil latta toʻsilgan stolning orqasiga ola-qora kaptarlarday tizilgan «kattalar» ham koʻz urishtirishdi.
— Oʻrtoqlar! Bu nima degan gap? Bir-biringizga hurmat, etikani saqlang, - dedi taftishchi achchiqlanib.
— Rahmat sizga, aka! – dedi Abdulla, navbat yana oʻziga tekkanidan quvonib. Doim shu: majlis boʻlsa, Abdulla albatta gapirishi shart. Abdullaga gap tegmasa, majlis tugamaydi. Majlisni rasman yopiq deb e’lon qilib qoʻyishsa ham Abdulla xalqqa qarata ikki ogʻiz gapirmasa, koʻngli joyiga tushmaydi, xumori tarqamaydi. Odamlar ham shu odatga oʻrganib qolishgan. Yigirma yildan beri Tojiboy shofyorlik qilib, umri eski, shalogʻi chiqqan mashinalarni remont qilib oʻtayotgan boʻlsa, Abdulla bironta murvatni u yoqdan bu yoqqa olib qoʻygan emas. Yil sayin mashinasini yangilaydi. Brinchi «GAZ-51»ni ham, birinchi «GAZ-53»ni ham, birinchi «ZIL»ni ham, birinchi «KAMAZ»ni ham Barlosda Abdulla haydayapti U «sinovchi-haydovchi». – Men aytmoqchimanki, - davom etdi Abdulla, - Tojiboy akamiz bu shikoyatni birovlarning maslahatisiz, oʻz qoʻli bilan yozgan boʻlishi mumkin, lekin muhimi bu emas. Umuman, barlosliklar bir-birini yeyishib, bir-birining tagiga suv quyayapti, degan gapning tarqashi biz uchun - uyat! Oʻrtoqlar! Qolaversa, biz hammamiz birgalikda – katta kollektiv, bir ahil oilaning qondosh-jondosh jigargoʻshalaridek bir ovozdan Tojiboy akani oʻz kafilligimizga olamiz. Va sizlarni: «Tojiboy aka bundan keyin yozmaydi», deb ishontiramiz. Sizday ulugʻlarimizning oʻta qimmatli vaqtlari bekorga sarf boʻlayotgani tufayli butun kollektivimiz bilan oʻta xijolatdamiz. Men mana shu oʻtirganlar nomidan, qolaversa, Tojiboy aka nomidan... Ie! Siz hamon tik turibsizmi? – Abdulla qizarib-boʻzarayotgan Tojiboyga endigina e’tibor berdi. – Rahmat sizga zahmat chekkaningiz uchun, oʻtirishingiz mumkin, jon aka! – dedi bir qoʻlini koʻksiga qoʻyib, ikkinchisi bilan joy koʻrsatarkan. Ammo oʻtiradigan oʻrindiqning oʻzi yoʻq edi. Oyoqdan tolib, bir imoni kutib turgan ekanmi, Tojiboy ham turgan joyiga choʻka qoldi. U yoq-bu yoqqa qarab bezovtalandi, tipirchiladi, kimnidir izlab, alahsidi. Abdulla esa gapida davom etdi: - Xullas, biz... bizdan oʻtgan, agar ta’bir joiz boʻlsa, kamchiliklar uchun uzr! Qulluq, akalar!
— Qisqaroq boʻlsin! – luqma tashladi orqaroqdan kimdir.
— Sizdan boshqa ham gapiradiganlar bor, - dedi oldinda koʻkrak tugmalarini yechib, sherigiga suyanib oʻtirgan Qurbon traktorchi.
— Toʻgʻri, gapingizning intihosini ayting, - dedi rayon vakili, zavq bilan Abdullaga tikilarkan.
— Etika saqlansin! – Taftishchi stolni mushtladi. – Bu qanaqa gʻala-gʻovur? Bu kishi... – ismingiz nimaydi? Abdulla? Abdulla oʻrtoq toʻgʻri aytyapti. U sizlarni himoya qilyapti. Bitta ichi buzuq tana chiqsa, butun boshli podani bulgʻarkan. Bir haftalik tekshirish borasida men shunday holning guvohi boʻldim. Bu odam... Abdulla oʻrtoq, endi butun boshli poda nomidan kechirim soʻrayapti. Bu juda katta olijanoblik, oʻrtoqlar! – qandaydir daqiqa orasida taftishchining muvozanati buzilib, tebranib ketdi. Koʻzlari suzildi. «Majlisgayam ichib keladimi?» - piching qildi kimdir.

Xullas, u boʻldi-bu boʻldi, majlis: «Shikoyatdagi faktlar tasdiqlanmadi» , - degan qarorga keldi. Yangi mashina olganlarning hammasi direktorga pora bermaganligi toʻgʻrisida tushuntirish xati yozgani inobatga olindi. Avval-boshda Tojiboyni havolatganlar pisib ketdi, Tojiboyni goʻyo urishdi, tepishdi, yiqitishdi, oʻlasi qilib kaltaklashdi, keyin yana qoʻlidan tortib turgʻizib, orqasini supurgi bilan tozalab, «koʻzingizga qarab yursangiz boʻlmaydimi, aka!?», - deya ogohlantirishdi. Majlis qaroriga «tuhmat uyushtirgani uchun Tojiboy Toshboevga qattiq hayfsan e’lon qilinsin va yana oʻzboshimchalik qiladigan boʻlsa, kollektivdan haydalsin», degan gaplarni tirkab qoʻyishdi.

Tojiboyga alam oʻtib borardi. Ammo iloj yoʻq. Birda-ikkida birovlar bilan urishib yurgan odam boʻlsaki, rosa mushtlashib, xumordan chiqsa. Anavi nomardlarning jillaqursa dalda uchun koʻz urishtirishga qurbi yetmadi. Tojiboyning bir oʻzi ikkilanib, talmovsirab qoldi. Majlis tugagandan keyin Tojiboy kechgacha birovga bir nima demadi. Birovning koʻziga tik qaramadi. Kechgacha kalitlarini koʻtarib, shaltoq mashinasining ta’miri bilan band boʻldi.
— Kambagʻalga qiyin boʻldi, tezlagan birovlar, bu malomatga qoldi, - dedi Qurbon traktorchi.
— Badtar boʻlsin! Malomati gapmi! Men uni sudga beraman, - dedi Safar naynov gezanib. – Men unga tuhmat qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyaman.
— E, oʻpkangni bos! Bir yarimtani qogʻozga oʻrab, mana shu dispetcherskiyda koʻpchilikning koʻz oʻngida berganingni hamma biladi-ku! – dedi Qurbon traktorchi qizishib.
— Bilganda-chi!? Kim koʻripti? Kim qoʻlimdan ushlapti? – Safar naynov balanddan keldi. – Qaysing shu gapni isbotlay olasan? Baloga qolib ketma baring. Safarga osilganning beli chiqadi.
— Ha, noshukr banda-ya! Shu bechora yigirma yilda bir janjal qilgani sabab sen yangi mashinali boʻlib qolding. Ikki mingni qoʻltiqlab ham oʻtgan yili Abdulladan qolgan «ZIL»ga yetolmagan eding-ku.
— Bari bir men qoʻymayman. Menga isbot kerak! – Naynov xezlandi.

Tojiboy bu gaplarning barini eshitdi. Qolaversa, naynov ataylab eshittirib gapirdi. Mendan hayiqsin, yana yozadigan boʻlsa, xatiga meni chalkashtirmasin, degan oʻyda zamzama qildi. Tojiboy oʻshanda bir ogʻiz direktorning jiyaniga gap qaytargandan keyin najotsiz, najotkorlarsiz qolganini anglab, qayta ogʻiz ochmagan, bosh koʻtarib, birovga tikilmagan edi. – Ichida nima borligini bilib boʻlmaydi Tojiboyning. Qachon qarasang xoʻmraygancha koʻzlarini loʻq qilib, oʻz dardida yurgani yurgan. Yigirma yildan beri mashinaga yolchimaydi. Uch kun ishga chiqsa, uch oy ta’mirdan chiqmaydi. Uning shu yurishiga qishloqda hamma, hatto xotini, bola-chaqasi ham koʻnikib ketishgan. Kechga tomon kabinadagi oʻrindiqqa qoʻyilgan koʻrpachani tekislay turib, Tojiboyning koʻzi oyoq ostida yotgan oshpichoqqa tushdi. Charxlatib keling deb xotini qoʻliga tutqazganiga ikki hafta boʻldi-yov. Shuncha kundan beri hatto shugina ishning uddasidan chiqolmaydi. Charxchi boshqalarning beloʻroqlarigacha, boltayu-teshalarigacha bir ogʻiz iltimosga charxlab beraveradi. Tojiboy pichoq koʻtarib borsa, yo elektr toki kelmay qoladi, yo charx buziladi. Charxchining Tojiboyga qolganda «ertaga, ertaga»si koʻp. Tagʻin «bexosiyat odam ekansiz, qachon siz yaqinlashsangiz bir balo boʻladi», deb dagʻdagʻa ham qilib qoʻyadi. Soʻnggi hafta shikoyat bahona boʻldiyu, Tojiboydan hamma qochishga tushdi. Gaplashayotganimni direktorning oshna-ogʻaynilari koʻrib qolsa – yetkazadi, deb choʻchishdi. Uyda xotini har kuni «charxlatmasangiz ordona qolsin, keltiring, oʻzim toshqayroq bilan oʻtkirlab olaman», deb gʻiringlaydi. Oʻsha kuni bir falokat bosib, mashinasi yurib qolgani tufayli tushlikka uyga minib borgan edi, Pichoqni oʻshanda olgan. Qaytishda dalaga yetmay mashina toʻxtadi. U qildi-bu qildi, mashina yurmadi. Shatakkka olib, garajga keltirib tashlashdi. Oʻshandan beri mashina yana ta’mirda. Oʻshandan beri oshpichoq ham yotipti. Keyingi kunlari janjal bilan alahsib, unutgan ekan. Tojiboy charxchiga qaradi. U nimanidir qayrayapti. Juda yaxshi boʻldi. TOjiboy pichoqni olib, oʻsha tomon yurdi. Charxchi buni ilgʻab qoldi shekilli. Shosha-pisha charxni oʻchirib, gʻilofini kiygizdi. Tojiboy yetganda u charxning atrofini supurib-sidirayotgan edi.
— Ish vaqti tugadi, Tojiboy aka. Ertalab vaqtli kelsangiz charxlab beraman pichogʻingizni, - dedi u shosha-pisha yoʻlga chiqarkan.

Nima? Tojiboy yuqumli kasallikmi? Nega hamma undan qochadi? Buncha qoʻrqishmasa bu odamlar Xidirdan? Yeb qoʻyarmidi u? Toʻgʻri, avvalgi omon-omon zamonlarda Tojiboyga oʻxshagan yozuvchilarni quritib, yoʻq qilib, izini ham oʻchirib yuborish Xidirga, Xidirning ustoziga choʻt emasdi. Mana, endi Tojiboyning ikki enli xati tufayli obroʻli joydan taftishchi kelib, bir hafta hamma yoqning tit-pitini chiqardi. Shuning oʻziyam katta gap. «Koʻkragini kerib yuradigan Xidir boʻynini qisib qoldi», degan edi tekshirish boshlangan kunlari oʻsha homiylaridan biri. Kecha oqshom bittasi: «Tulkining terisini kiygan Xidir bachchagʻar bu taftishchining ham qoʻyniga bir nima tiqdi-yov, muomalasi birdan oʻzgarib qoldi», degandi hovliqib kelib. Rostdan ham tekshirishni butunlay boshqacha oʻtkizgan odam bugun majlisda mutlaqo teskarisini aytib, oʻzi kalaka boʻldi. «Hammasi mayli, nega anavilar?..» - Tojiboyning indamay yurib-yurib birdan jahli chiqadigan odati bor edi. Hozir shunday boʻldi. Jahl bilan pichoqni qarshisidagi daraxtga otdi. Pichoq toʻgʻri borib sanchildiyu, dastasi dirillab turaverdi. Keyin pichoqni sugʻurib olib, mashinasining yoniga qaytdi. Kabinaga uloqtirdi. «Ertalab deyapti-ku! Shuncha kutgan xotin yana bir kun kutsa, iyagi uzilib qolmaydi» – Tojiboy shaloq mashinasiga suyangancha, dispetcher xonasi qarshisiga kechagina keltirilgan yangi «GAZ-53»ni qandaydir orziqish bilan: «Shuni menga berib qolarmikan», degan oʻyda kuzatdi. «Bermasa-chi», degan iztirob bir necha soniyada zardaga aylandiyu, tura solib, idoraga joʻnadi. Hozir direktor bilan gaplashadi. Endi ortga qaytgan nomard. Bermasa yana yozadi. Qoyillatib oʻrgatadiganlar yetarli. Yozib ham berishadi. Direktor uni majlis boshlanmasdan masxara qildi-ya! Demak, oʻshandayoq ish ularning foydasiga hal boʻlgan, majlisni esa joʻrttaga oʻtkazishgan. Bu Xidirdan chiqqan fikr. O, u juda tashabbuskor. Uning qoʻlidan har balo keladi-yu, zamonida direktorlikni ololmadi-da!
— Xoʻ-oʻsh, eshitaman!? – soʻradi direktor u kirgandan soʻng kresloga yastangancha, miyigʻida haqoratomuz kulimsirab. – Gaping boʻlsa tez ayt! Men naryadga kirishim kerak.
— Yangi «GAZ-53»ni menga berasiz! – dedi Tojiboy oʻshshayib, choʻqiqishga hozirlanayotgan xoʻrozday.
— Uning egasi bor.
— Kim?
— Xoʻp, oʻsha mashinani senga bermasam nima qilasan?
— Ustingizdan yana yozaman.
— Yozib, qoʻlingdan nima keldi? Biron karomat koʻrsatdingmi?.. – Direktor gʻazab bilan gapirsa-da, oʻz muomalasidan oʻzi huzur qilayotgani yaqqol sezilar, buni yashirishga ham urinmasdi.
— Mening qoʻlimda sizni yoʻq qilib yuboradigan hujjatlar bor. Shikoyat ham tayyor! Bir necha nusxada! – dedi Tojiboy avzoyini oʻzgartirmay, loʻq koʻzlarini direktorga tikarkan.

Xidir Sobirovich sakrab oʻrnidan turib ketdi. Qanday qilib Tojiboyning yoniga yetganini oʻzi ham sezmay qoldi. Keyin sal bosili-ib, xonani aylanib, oyogʻining chigilini yozgan kishi boʻlib, xayolchan gapga tushdi:
— Ta-ak, ta-a-ak, hammasi ayon. Hujjatlarni kim bergani, xatni kim yozgani ma’lum.
— Oʻzim, hammasini faqat oʻzim qilyapman.
— E, eski ashulangni qoʻy. Gazetani zoʻrgʻa hijjalab oʻqiysan-ku, shikoyat yoza olarmiding! Kim yozganini ayt, demayapman-ku senga. Aytmasang ham bilaman. Faqat... qoʻrqmaysanmi?
— Nimadan?
— Kim biladi, omonat jon. Texnikani bilib boʻladimi, tormoz shlangi uzilib qolishi mumkin, bizning past-baland yoʻllarda... Bola-chaqangni oʻylamaysanmi? Nima qilasan birovlarning nogʻorasiga oʻynab? Oʻzing shohid boʻlding, pusib ketdi-ku hammasi, seni bozorga chiqarib. Menga – ku bari bir... taftishchilarni bir amallayman. Ishqilib, jon omon boʻlsin... Bu yogʻi mana – demokratiya! Xalqning oʻzi meni quvvatladi... Qoʻl uchida kun koʻrayotgan odamsan. «Yozuvchi» degan tavqi-la’nat boʻyningga osildi. Boʻldi-da endi, qoʻy! Yo to Barlosdan haydab chiqishguncha qiligʻingni davom ettiraverasanmi?

Tojiboy koʻz oldiga avariyani keltirdi. Xidirning qoʻlidan keladi avariya uyushtirish. Buning qoʻlidan har balo keladi. Tojiboy bir dam «otam»lab turgan oʻn bitta bolasini koʻz oldiga keltirdi. Koʻngli buzildi. Buni oʻzicha tushungan direktorning ham dili qayishdi shekilli, davom etdi:
— Mayli, men sendan oʻpkalamayman. Bilaman, joʻjabirday jonsan. Haqiqatan ham biz keyingi paytlarda inson omili degan narsani unutib qoʻygan ekanmiz. Mayli, sen qoʻymasang ham men ginani qoʻyib, senga bir yordam beray. E, oʻzi latta desa latta emassan, muomalani bilmaysan! – Direktor bosh qa koʻrsatkich barmoqlarini bir-biriga ishqaladi. – Oʻtgan ketganda kirib turadi odam degan rahbarning oldiga. Hol-ahvol soʻraydi. «Assalomu alaykum» deb qoʻl uzatadi. Nima, bizlarga oson tutasanmi? Qani, men ikki kun qoʻlimni burnimga tiqib yuray, uchinchi kuni «bu qayta qurishni hali anglab yetmapti», deb ishdan boʻshatib tashlashadi...
— Mashina berasizmi menga? – soʻradi Tojiboy hamon oʻsha alfozda.
— E... – Xidir Sobirovich soʻkinishdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib qoldi. – Gʻalcha! – Keyin bir pas oʻylandi-da, yanayam tushunar degan xayolda umidvor qildi. – Ertalab garajga borchi, maslahatlashib koʻrarmizyu

Har doimgiday, Tojiboy toʻrsaygancha uyiga qaytayotganda akasining oʻgʻli velosipedini yoʻliga koʻndalang qildi: «Otam sizni uyga chaqiryapti». Yoʻl-yoʻlakay Tojiboy avval Niyozmatga duch keldi:
— Nima boʻldi oʻzi? – soʻradi u achinib.
— Ay-y!
— Har qalay yaxshi ish boʻlmapti-da. Men-ku, bir vaqtlar Yoʻldosh bilan Bahrining tuhmatiga qolgandim. Sizniki chatoq boʻpti. E, bular yomon. Darrov birikib ketishadi.

Tojiboy sudralib yoʻlida davom etdi. Doʻkonning qarshisida bir toʻda odamlar turgan ekan. Ularning orasidan Yoʻldosh yugurib yetdi. Ogʻzi qulogʻida edi:
— Endi nima qilmoqchisiz, shovvoz?

Tojiboy indamadi.
— Boʻsh kelmang! Boshlangan ishni oxiriga yetkazish kerak. Barlosdan oʻzingiz chiqdingiz-da otilib!

Yoʻldoshning gapi oʻzi shunaqa. Qachon hazillashyapti, qachon jiddiy gapiryapti, qachon chin dildan kuyinyapti – bilib boʻlmaydi. Mamat akasi uyida bolishga yonboshlab yotgan ekan. Zoʻrgʻa qoʻzgʻalib, oʻtirdi. Koʻrishishga qoʻlini ham choʻzmadi. Qovogʻi soliq..
— Oʻtir.

Tojiboy oʻtirdi.
— Yangi mashinani oldingmi?

Tojiboy indamadi.
— Ha? Nega jimsan? Keyingi kunlarda tiling uzayib ketgan edi-ku!
— E, nima boʻlsa boʻldi-da, aka, hadeb ijikilayverasizmi? Nima foydasi bor?
— Nima, aka boʻlib jim oʻtirishim kerakmi? Tayoqning bir chekkasi bizgayam tegadi. Xidirning avzoyi buzuq. Bir kun qoʻqqisdan melisa chaqirtiraman-da, ikkovingniyam uyingni tintuv qildiraman. Yoʻq deganda bir paqir yem chiqadi-ku. Ana undan keyin dodingni xudoga ayt, dedi. Ukam-ov, oʻynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan! Seni kasringga qolib ketmaylik. Sakkizta bolamning qargʻishidan qoʻrq.
— E, muncha voy-voylaysiz, aka! – dedi ensasi qotgan Tojiboy jerkinib. – Mendayam oʻn bitta bola bor. Birontangiz: «qani uka, ahvoling qanday?» deb soʻradingizmi. Nichoq suyakdan oʻtib ketdi-da. Yo mening yangi mashina minishga haqqim yoʻqmi?
— Bermasa nima qilasan? Urib, tortib olasanmi? Safarlarga oʻxshab puling koʻp boʻlsa ekan...
— Akangman, akangman, deysiz, jagʻ urasiz, oʻsha mashina kelganda besh yuz qarz soʻradim, yangamdan oʻtolmay yerga qaradingiz. Qarz soʻragandim, yeb ketarga emas. Jonim omon boʻlsa, yangi mashinada daromad qilib, qaytarardim.
— Yoʻgʻidi-da oʻshanda pul.
— E, bu ertagingizni koʻp eshitganman, aka! Davlatning katta bedazori qoʻlingizda, necha yillardan beri...

Aka-uka sukutga choʻmdi. Bir pas xonada noqulay jimlik hukm surdi. Nihoyat Mamat boshini koʻtardi:
— Uka-a, bu oʻpka-ginangni qoʻy. Hadeb da’vo qilavergancha, oʻzing oʻzingni epla. Birovni aka de, birovni uka de, kuningni koʻr. Singlimiz uch bolasi bilan mening qoʻlimga qarab oʻtiripti. Kattasi Shoniyoz boʻlsa, shaharda yurib oʻrgangan, topar-tutarga uquvi yoʻq. Koʻchirib keldim, direktorga iltimos qilib, uy soʻrab olib berdim, pul hisobiga boʻlsa ham joylashtirdim Bir tiyin qoʻshish u yoqda tursin, tuzukroq qarashganing yoʻq-ku. Yomon odam emas direktor. Bugun yuzimga soldi, yaxshilikka yomonlikmi dedi. Bu yogʻi nima boʻlsa boʻldi. Men direktordan sen uchun ham oʻtindim. Bilmay bu ishga qoʻl urgan, falonchilardan gumonim bor, oʻshalar oʻrgatgan boʻlsa kerak, mengayam bu toʻgʻrida sira ogʻiz ochmagan, deb seni orqavarotdan yomonlagan kishi boʻldim. Aytaman, kelib oʻzi sizdan kechirim soʻraydi, dedim. Har qalay oʻshaning gapi gap. Oʻ-oʻ, Xidir bilan oʻynashma. Majlisda oʻzi chekkada muk tushib oʻtirib, qayrab qoʻygan odamlari gapirgan emish-ku. Shundan rang olaver... U xatni senga kim yozib beruvdi oʻzi?
— Nima, direktor sizdan shuni bilib berishingizni soʻradimi?
— E, padariga ming la’nat oʻsha!.. Nima, hali mendan ham sir yashiradigan boʻlib qoldingmi? Oʻ-oʻvv uka, bilasanmi...

Endi nima qilish kerak? Akasidan yana besh yuz soʻrasamikan? Direktorga hech boʻlmasa ming soʻm bermasa bu mashina ham boshqa birovga oʻtib ketadi. Akasidan pul chiqishi qiyin. Oʻrtada yanga bor... Direktorning ustidan yozib, qoʻrqitib boʻlmas ekan. Ikki oʻrtada... Anavilar oʻrgatgan gapni aytib toʻgʻri qildimi, yoʻqmi? «Mening qoʻlimda sizni yoʻq qilib yuboradigan hujjatlar bor. Xat tayyor». Oldiniga shoshilib qoldi, keyin darrov oʻzini bosib oldi-da, qoʻrqitishga oʻtdi. – Tojiboy qoʻrqib-qoʻrqib yetgan joyi shu. Endi ortga yoʻl yoʻq. Bari bir yozuvchi degan nomni oldi. – Tojiboyning barmoqlari musht boʻlib tugildi. Qachongacha indamay yuradi? Jonidan oʻtib ketdi-ku!
— ... boʻlmasa shu gap, uka. Ertalab idoraga bor-da, qulluq qil. Axmoq ekanman, de. Zora koʻngli erib – odamku uyam, ahvolingni biladi, oʻldimi, pul soʻramas – «ol qulim», deb yuborsa, ajabmas, sen ham mashinali boʻlib qolasan. Ja-a, pul soʻrasa, aytasan-da: «Bir-ikki oy ishlay, chiqarib beraman,,,». Bordir oʻzingdayam, sandiqning tubiga...

Qoʻshni xonada qiy-chuv koʻtarildi. Yangasi ovozini qoʻyib qargʻandi. Kimlarnidir shapillatib urdi, bolachalar chirillab yigʻladi.
— Hov-v xotin! Tinchit ularingni! Mehmonning oldiga dasturxon yozsangchi!

«Akajon, oʻzi ataylab urib yigʻlatdi-ku!»
— He oʻl, amakingga oʻxshamay, pismiq! – Yanga avjlandi. Mamat oʻsal boʻldi. Tomoq qirib u yoq-bu yoqqa alangladi:
— Hoʻy, senga aytyapman, choy keltir!
— Gaz tamom boʻlgan! –shangʻilladi yanga, aka-uka oʻtirgan xonaga kirarkan. – Men sizga uch kundan beri ballonlarni almashtirib keling, deb xudoning zorini qilaman. Nima, endi qorakuyaga botib, oʻchoq titaymi? – Yanga Tojiboyning tepasiga kelib, taxmondagi boʻgʻjomani tortib oldi. Shu payt boʻgʻjomaning tagida turgan olacha sirilib, Tojiboyning yelkasiga tushdi. Yanga boʻgʻjomani silkib, bir chetga otdi-da, olachani koʻtarib, joyiga tashladi. Buyumlarni olgancha-qoʻygancha Tojiboy yangasiga yoʻl berib, egilib-bukilib turdi. Yanganing turqi sovuq. Qovoqlari uchib borar, «ha» deguday boʻlsa, yulishadigan vajohatda edi. Yanga Tojiboyni bormisan-yoʻqmisan, demadi, betiga qaramadi.
—Oʻ-oʻ, yanga, men qarz soʻragani kelganim yoʻq»
— Nega uncha shovqin solasan? – dedi Mamat xotiniga, yuragi betlamayroq.
— Ana, devday arzandangizni qarang, ertaga maktabga boradigan boʻlib turibdiyu, haligacha ishtoniga siyadi. Ishton ilayapman. Hu, urugʻ-purugʻing bilan qurib ketgur! Izlaganda topilmaydi!
— E, jin ursin ishtoningni! Chiq, bor! – Mamat ham orlanib, joyidan qoʻzgʻaldi.
— Menga doʻq urgancha oldin oʻgʻlingizga egalik qiling, - dedi yanga boʻgʻjomani koʻtarib joʻnarkan. – Birontasining yangi kiyimi yoʻq. Olib bering. Davlatning bedasini sotib, pu toʻplab yotibsiz-ku!

«Yangam gapimizni poylab turgan ekan-da!»
— Ma ol, kiy savilingga! – Yanganing ovozi narigi xonadan eshitildi. – Kalning kasri urib, otang qamalib ketsa, Shu ham yoʻq ertaga. Keyin koʻchaga chiqib, tilanchilik qilamiz.

Akasini bilmadi-ku (akasi har qalay bunday muomalaga koʻnikib ketgan), Tojiboy yer bilan bitta boʻldi. Ammo nima desin? Jigari-da! U-bu desa, oilamni buzmoqchimisan, deb yana tarmashadi. Umuman, birini jigar deb, ikkinchisini jiyan deb, boshqasini hamqishloq deb, andisha qila-qila Tojiboy yetadigan joyiga yetib boʻldi. Ammo, bari bir...
— Aka, mayli, men endi boray.
— Oʻti-ir, choy ichardik, -dedi akasi jur'atsiz.
— Yoʻ-oʻq, mayli, kech boʻlib qoldi. – Tojiboy qoʻzgʻaldi.
— Kallasida hushi yoʻq, ogʻzida bir tishi yoʻq, ne boʻrilar bilan olishmoqchi. Topgani bitta ishton,uning ham keti yirtiq... Tez kiyib ol, qirilgur! - Yangasining ovozi hovliga chiqqanlarida ham eshitilib turdi. – Kal boʻlsak ham koʻnglimiz nozik!.. Kiyaver, seni ketingga kim zaril?..

«Men ketmasam endi yangam avjlanaveradi. Keyin akam mushtlaydi. Soʻng yangam bir haftagacha peshanasini tangʻib,  meni qargʻaydi: «Bexosiyat, qachon shu kelsa, uyimizdan baraka ariydi!»

Yoʻl-yoʻlakay anavilarning birinikiga kirdi. Baxtiga uchovi ham shu yerda yigʻilib oʻtirgan ekan. Kattasi ham, kichigi ham: «Tojiboy aka, keling-keling»lab, toʻrga oʻtqazishdi.
— Boplabsiz, Tojiboy aka, - dedi kichigi. – mashinani sizga bermasdan iloji yoʻq.
— Hay bilmadim-da, - ikkilandi Kattasi, - bermaydi-yov. Gapini qarang uni: «Ustingdan yangi xat tayyor!» deb qoʻrqitishga urindi emish . Shu gapni naryadda aytib oʻtiripti. Qoʻrqqanini bildirmaydi. Bir nimani boshlaydi u hali.
— Bari bir oyogʻi qaltirab qoldi. Katta aka. Ikkinchi xat borsa – yiqiladi. Mana koʻrasiz.
— Unchalik emas, Xidirning yelka tiragichlari hali mustahkam: «Kim yozganini, kim oʻrgatganini juda yaxshi bilaman», dedi menga oʻqrayib.
— Ishqilib, Tojiboy akamizga xudo kuch-quvvat bersin-da, - dedi oʻrtancha. – Ming gumon qilsin, tojiboy aka mahkam boʻlsa... Xidir oyoqlari tushovlangan qoʻyday tipirchilayapti. Erta-indin boʻgʻizlanishini ham biladi, ammo ilojsiz. Qayralayotgan pichoqqa moʻltayi-ib qarab yotipti.
— Oʻzi, siz sa-al shoshib qoldingiz-da, Tojiboy aka! – dedi kichik oʻpkalab. – Shofyorlarga hujum qilib adashdingiz. Keyin hammasi shu gapga tarmashib oldiyu, direktorning ustidan yozilgan boshqa gaplar, buxgalteriya hujjatlarini «unutishdi». Shuning uchun bizlar hech narsa deya olmadik.
— Asli «Safarga mashina sotdi», degan jumlani olib tashlasak boʻlarmidi? – fikr bildirdi oʻrtancha.

 - Ha, bu safar Xidir bizlarga nisbatan puxtalik bilan ishladi, - dedi Katta aka. – Tojiboyni  chalkashtirish  uchun Abdullani tayyorlagan. Oʻzi doim majlislarda gapirib yuradigan odam, hech kim undan shubhalanmasligi tayin. Abdulla esa koʻpchilikning fikrini oʻzgartirib, chalgʻitib yubordi. Hechqisi yoʻq, - Katta aka shop moʻylovini silarkan, allaqayoqlarga umidvor tikildi. – Endi biz ham puxta boʻlamiz.

— Ikkinchi taftishchini ham tiqib yuborsakchi. Bitta punkt tasdiqlanmaganidan foydalanib, pora evaziga shikoyatni yoʻqqa chiqardi, deb, a? – Oʻrtancha yana fikr bildirdi. – Oʻsha xat boʻyicha boshqa taftishchi soʻrasak.
— Juda ma’qul. Yozishni boshlaymizmi? – Kichikning koʻzlari ilhom bilan porlab, ruchkasini chiqardi.
— Shoshilmanglar, shoshilmanlra! Shoshqaloqlik ishning beliga tepadi, - dedi Katta aka vazmin. – Koʻrdilaring-ku oʻzlaring. Bu yogʻi puxta boʻlishi kerak. Ikkinchi xat hal boʻlsin, qolganini keyin gaplashamiz.
— Ikkinchi xatni beringlar, men bir koʻray, - dedi boshi qotib qolgan Tojiboy.
— Koʻrgansiz-ku, - hayron boʻldi kichik. – Nima, qoʻrqayapsizmi?
— Nimagadir shu ishlar menga yoqmayapti, - dedi Tojiboyning asabi taranglashib. – Qoʻyinglar, shu mashmashalarga meni aralashtirmanglar.
— Xat ketdi, - dedi Katta aka bamaylixotir.
— Qayoqqa ketadi?
— Taftishchini viloyatga oʻzim tashlab keldim-ku! Bu ishni ham Xidir joʻrttaga qildi... Xatni oʻsha yerdan pochta qutisiga tashladim.
— Uhh! – Tojiboy peshanasiga qoʻl tiradi. Akasi, yangasini oʻyladi. Bir nima boʻlsa dushmanku dushman, yangasidan tiriklay qutulmaydi.
— Siz tap tortmang, - dedi Katta aka nasihatomuz. – bilamiz, Xidir Mamat akangizga doʻq urdi. Bir ogʻiz gap bilan qamab yuboraveradigan zamonlar oʻtib ketgan. Boshqa davr hozir. Tojiboy aka, qoʻzingizni oching! Shunaqa sotilish niyatngiz bor ekan, ertaroq aytmaysizmi? Nomingizni oʻchirib, mana bularnikini qoʻyardim.
— Nega endi faqat bizlarnikini?
— Mening nomimni qoʻyish mumkin emas. Direktorlikka da’vo qilib yuruvdi. Xidir tayinlangandan keyin alamzadalikdan yozyapti, deb janjal koʻtarishadi, - dedi Kattta aka tushuntirish berib va Yana Tojiboyga yuzlandi. – Bizga ham sizni aralashtirish juda zaril emasdi. Shu kambagʻalning hovlisigayam imkon borida quyosh tegib qolsin, degan ezgu niyatda aytgan edik. Siz rozi boʻldingiz. Biz axir sizni majbur qilganimiz yoʻq-ku! Shundaymi? Endi aravani koʻchaning oxirigacha torting. Yoʻlda yiqilib qolsangiz oyoqosti boʻlasiz. Shuni unutmang. Xidir - ilon. Oldin avrab chaqiradi, keyin yutadi. Yutolmasa – chaqadi. Yaxshi gapirdi, deb bizga taysallamang. U yaxshi gap bilan ishingizni toʻgʻrilab qoʻyadi, oʻzingiz ham bilmay qolasiz. Ertalab yangi mashina olaman, deb oʻyladingizmi? Olib boʻpsiz! Ikki ming hisobiga mashina Abdullaga ketdi.
— Birinchi xatni yozmaganingizdayam mayliydi, - deya kichik Katta akaning gapini ma’qulladi. – Nomim yozuvchiga chiqdi, deb oʻylayapsizmi? Siz yozuvchi emas, oʻz haqqingizni talab qilayotgan jabrdiyda insonsiz! Barlosdagilarning koʻpi sizdan xursand. Keyingi bir haftada Xidirning oʻzi ham xiyla tiyilib qoldi-ku!..
— Ha-da, - oʻrtancha chukkaladi. – Xidir ham, undan oldingi direktorlar ham sizga «odammisan» demagan, xatdan keyin esa Xidir siz bilan hisoblashishga majbur boʻldi.
— Xidir hali-beri hisoblashmaydi. – Katta aka otalarcha bosh chayqadi. – U oʻyin koʻrsatyapti... Endi podpoledan chiqishimiz kerakka oʻxshaydi. Yana tekshirish kelsa, ishongan Tojiboy akamiz ogʻzidagi oshini oldirib oʻtirsa... Bizga natija kerak! – Katta aka xontaxtani mushtladi, deraza zirillab ketdi.
— Xatni bular yozgandi desangiz oʻzingizga qiyin boʻladi, Tojiboy aka, - dedi kichikning vajohati oʻzgarib. – Xatdayam, konvertdayam sizning yozuvingiz. Tuhmatchiga chiqib qolasiz. Tuhmatchi esa Jinoyat Kodeksi boʻyicha bir yildan uch yilgacha qamaladi...

Tojiboy mum tishladi. Barmoqlarini yuziga bosdi. Butun badani, yuz-koʻzi, sochlarini ham sovuq ter bosdi.

— Nima kerak shunaqa gaplar!? – Katta aka suhbat oqimidan mamnunligini bildirib qoʻymaslik uchun oʻz oyoqlariga tikilib, pastki labini qimtib-qimtib, davom etdi. – Yoʻq desangiz – ixtiyoringiz... Ammo aytib qoʻyay: Xidirga bari bir, lekin ikki mingsiz yangi mashina ololmaysiz. Xidir narxni koʻtarib yuborgan. Agar toat-ibodatlarimiz koʻkka yetib, oʻrniga men boʻlib qolsam, to men turguncha mendan ham yaxshilik umid qilmang. Mayli, boring. Sizga ruxsat.

Xonaga ogʻir jimlik choʻkdi. Tojiboy chiqib ketarini ham, oʻtirarini ham bilmasdi.
— Xoʻsh, nima qarorga keldingiz? – jiqilladi kichik. – Ayting-da, ketavering.
— Boʻpti, - dedi Tojiboy afsus-nadomatga toʻla nigohini uyning burchagiga tikib. – Ikkinchi xat ham meniki, ammo keyin men oʻyindan chiqaman.
— Ha, bu erkakcha gap, - dedi oʻrtancha erkinsinib.

Katta aka qovogʻini uyib, arazladi.
— Boʻpti, men ketdim. Shu gap – gap! – Tojiboy horgʻin qoʻzgʻaldi.

Oʻrtancha Tojiboydan oldin koʻchaga chiqib, u yoq-bu yoqqa qaradi, poyloqchi yoʻqligiga ishonch hosil qilgandan keyingina Tojiboyni darvozadan chiqara solib, eshikni ichkaridan zanjirladi. Tojiboy oʻz koʻchasiga yetganda yoʻlini ikkita devday-devday yigit toʻsdi. Biri direktorning mashinasiz qolgan jinnisifat jiyani, ikkinchisi notanish.
— Xoʻsh akam, qoʻlingizdan nima keldi? – Jiyan xunuk ishshaydi, yuzini Tojiboyning yuziga tirab. – Yana yozasizmi?

Tojiboy indamadi. Qaradi, qaradi, uncha-muncha hadiksiradi, lekin kech tushgandan beri turli-tuman doʻqlarni eshitaverib, diydasi qotib ketgani uchunmi, «e qoʻy, bir kamim sen qolganmiding!», deganday Jiyanni aylanib oʻtayotgandi, sherigi qulogʻining tagida qoʻlini koʻtardi. Allanarsa yaraqladi, sharaqladiyu, tomogʻi tagiga oʻtkir tigʻli bir narsa qadaldi. Tojiboy esankiradi. Koʻzlaridan oʻt chiqib ketdi. Quruq doʻq boshqayu, bunaqa qilib koʻz oʻngingga oʻlimni naqd qilib qoʻysa butunlay boshqacha boʻlarkan. Oyoqlari qaltiradi. Ichi toʻkildi.
— Ol, pichogʻingni ol! – dedi Jiyan sherigiga. Sherik pichoqni oldi. – Bilib qoʻying, - dedi yana Jiyan tahdid bilan, - bolalaringiz hurmati bu safar omon qolyapsiz. Bundan keyin qadamingizni bilib bosing. Hech kimga «meni soʻymoqchi boʻldi» deya ayta koʻrmang. Mabodo aytsangiz, men qamalsam, umuman yana xat yozsangiz mana shu sherigim sheriklari bilan bir oqshom keladi-da, bola-chaqangizni chavaqlab, uyingizga oʻt qoʻyib ketadi, inson aqli yetmaydigan ish boʻladi.

Tojiboyning koʻz oʻngi qorongʻilashdi. Qirq besh yil umr koʻrib, bugungichalik koʻp doʻq eshitmagan, oʻlimni bu qadar boʻyniga olmagan edi. Biridan qutulib ikkinchisiga, ikkinchisidan qutulib, uchinchisiga tutilyapti. Shuncha yashab, biron kishi bilan qattiqroq gaplashgan, gap talashgan odam emasdi. Tinchgina, amal-taqal roʻzgʻorini tebratib kelayotgandi. Anavilarning gapiga laqqa tushdiyu... Oʻsha mashinani tayin menga berishadi, deb ishonch bilan kutayotgandi-da. Hech narsani bekorga berishmas ekan. Kutish emas, oyoqni qoʻlga olib yugurib kerak ekan... Alam oʻtib turgandi. «Qarab qolaverasanmi, sen ham odam boʻlib, bi-ir yoz!», dedi biri. Ikkinchisi qalam tutqizdi. Uchinchisi aytib turdi, alamzada Tojiboy yozdi. Yozgan bilan ham, mana, hech ish chiqmadi. Qaytaga hamma yuz oʻgirdi, Yoʻldosh mazaxladi, akasi soʻkdi, yangasi qargʻadi, anavilar qoʻrqitdi, Jiyan pichoq tiradi. Bu nima koʻrgulik? – Tojiboy oʻziga kelganda yolgʻiz edi. Jiyan sherigi bilan qanday paydo boʻlganini ham, yoʻqolganini ham payqamay qolibdi. Rostdan ular pichoq tiradimi yo tush koʻryaptimi? Nimalar boʻlyapti oʻzi? Tojiboyning gunohi nima? Haqini talab qilganimi? Anavilar oʻrgatmaganda ham axir... odam-ku Tojiboy ham... Bozordagi mol emas, oʻtgan ham,qaytgan ham turtkilayveradigan! Jiyan nimaga zugʻum qildi? Mashinasini unga emas, safarga berib yuborishdi-ku. Ehh! Axir... Hali direktor zarracha parvo qilgani yoʻq.. Katta akaning gapi toʻgʻri.. Yanayam ertalab aniq boʻladi. Jiyan «togʻa oʻzimniki!» deb hech boʻlmasa irimiga qoʻl uzatmay, yangi mashinani minib yuravergan, Safar pul tiqishtirsa ham yetolmayotgandi. Tojiboyning xati direktorga dastak boʻlganu, Jiyanini avragan... Oʻ, Xidir!!! Seni tulki deganlaricha bor ekan. Hali menga ham rosa ezgʻilab tushuntirding! Opkelib beradi deb oʻyladingmi? Mana buni olasan! Shoshmay tur!.. Ammo... pichoq tiraganlari jon-jonigacha qaqshatib boryapti. Endi nima boʻladi? Nahotki shunday zamonda ham katta bir oilani oppa-oson boʻgʻizlab ketaverishsa?!

Tojiboy hovlisiga oʻtib, tolchiviqdan yasalgan darvozasini naridan-beri mahkamlagan boʻldi. Bari bir darvozaning ikki tomoni ochiq qoldi. Xohish boʻlsa darvozaning har qanday burchidan bemalol oshib oʻtsa boʻlaveradi. Umuman, darvozaning oʻzini yaxshilab bir tepsa ham agʻanab tushadi. Lekin harna, koʻngilga mador-da. Darvozaning tabaqalarini bir-biriga sim bilan oʻradiyu, uyiga joʻnadi. Goʻyo hovlining nimqorongʻi burchaklaridan kimlardir pichogʻini yalangʻochlab, yoʻlini poylab turganday, kimdir hozir orqasidan sharpasiz yetib keladiyu, yelkasiga pichoq sanchadiganday boʻlaverdi. Supa ham jimjit. Derazalarda chiroq yogʻdusi koʻrinmaydi. Goʻyo boyagilar allaqachonlar kirishganu, bolalarini xotini bilan qoʻshib... – Tojiboy dodlab yuboray dedi. Oʻyi shu yerga yetganda oʻzining koʻrguliklarini ham unutib, qora ter ichida eshikni tortdi.

Eshik ichkaridan qulf edi.
— Onasi! Ho onasi! Eshikni och! – Tojiboy jon achchigʻida talpinib, eshikni silkilayverdi.

Xotini hali uxlamagan shekilli, boshiga roʻmolini yelvagay tashlagancha, tezda yetib kelib eshikni ochdi. Tojiboy oʻpkasini qoʻltiqlagancha oʻzini ichkariga urdi. Nimalardir demoqchi edi, tili ogʻziga tiqildi. Koʻzlari kosasidan chiqquday boʻlib, atrofga olazarak tikildi.

— Tinchlikmi? – soʻradi xotini xavotirlanib, eshikning zulfinini yana solarkan. – Muncha hayallab ketdingiz?

Tojiboy indamay ichkariga oʻtdi. Xonalarga nazar tashladi: bolalari oʻrinlarida yotishardi!
— Nima boʻldi? Nega indamaysiz? – Xotinining ham yuragiga gʻulgʻula tushdi. – Qaerlarda yuribsiz? Boya direktorning jiyani sizni izlab keldi. Urugʻ-aymogʻi bilan umrida ostonamizga qadam bosmagan odam!
— Hech gap yoʻq, akamnikiga borgandim... Kerak boʻlsam topib oladi-da, - dedi Tojiboy. Dediyu, vujudini qaltiroq bosdi. Ahvolini bildirib qoʻymaslik uchun chinni kosani paqirdagi suvga toʻldirish bahonasida egildi. Keyin kosani koʻtarib ichdi.
— Ovqat yeysizmi?

«Shu vaqti tomoqdan ovqat oʻtarmidi?»
— Yoʻq, yangam osh pishirgan ekan. Qorin toʻq, - dedi Tojiboy, oʻz xonasiga burilib.
— Qala-ay? – dedi xotini kulimsirab. – Qaynisiga eripti-da bir...
— Kim biladi, ishqilib, oxiri baxayr boʻlsin. – Tojiboy oʻziga solingan toʻshakka borib, hali taxlami bilan yotgan yopingʻich koʻrpasiga choʻkdi.
— Mashina nima boʻldi? – soʻradi xotini eshikka suyanib.

Tojiboy: «bular menga mashina berarmidi?» deganday qoʻl silkidi. Ichidagi titroq suv ichganda kamayganday boʻlgandi, endi yana avjlandi. Ishqilib, ertalabgacha jinni boʻlib qolmasaydi.
— Qoʻying, otasi, eski mashina minsangiz ham kunimiz oʻtyapti-ku. Yozmang ham, olishmang ham bular bilan. Ochdan oʻlmasmiz. Jiyanning turqi yomon. Koʻzlariga qaradimu, ichimga bit oraladi.

«Oʻ-oʻ, xotin! Ana shunday deb, andisha qili. Umrimiz oʻtib ketdi. Bilmayman, ertangi kunimiz qanday kechadi. Jongayam ishonch qolmadi. Meni oʻldirib qoʻyishsa... – Tojiboyning ichi muzlab ketdi. – Ishqilib, bolalarga tegishmasin!» - Tojiboyning ich-ichidan xoʻrligi keldi. Koʻzlariga yosh qadaldi. Yuziga sizib chiqayotgan yoshlarni koʻrsatmaslik uchun koʻylagini yechayotgan kishi boʻlib, qoʻllarini koʻtarib, koʻylagi bilan yuzini toʻsdi. Shu bahona yosh tomchilarini artdi. Oʻkirib yigʻlab yubormasa boʻldi. Bunchalar hokisor boʻlmasa xotini! Oʻzi-chi? Undan badtar! Shuning uchun hech kim hurmat qilmaydi. Shuning uchun akaginasi bilan yangaginasi har safar duch kelganda qop-qop nasihatlarni qoʻltiqlatib joʻnatadi. Tojiboy – ukam, bu –ukamning xotini, deyishdan, kerak boʻlsa, orlanishadi. Ana shunday boʻlib turgandan keyin boshqalardan oʻpkalamasa ham boʻlaveradi. Duch kelgan odam aql oʻrgatadi. Oʻzining aqli oʻziga yetar, kuni oʻtayapti-ku shuniyam, demaydi... Jiyanning poʻpisasi baridan oshib tushdi. Boshqa odamga bunday qilolmasdi. – Qachongacha? Qachongacha bularning zamzamasiga chidashi kerak? Yetar axir?! Yorugʻlikka chiqar kun bormi? – Tojiboy toʻshagiga oʻtib, koʻrpani ustiga tortdi. Oʻzi sezmagan holda qattiq uf tortdi. Yuragi kuyib borardi.
— Onasi, qatiq-patigʻing bormi?

Xotini shipillab borib qatiq keltirdi. Shu payt ikki yoshli kenjasi uyqusirab, gʻingshidi, nimalarnidir pichirlab, agʻdarildi. Xotini qatiq toʻla kosani Tojiboyga tutqaza solib, oʻgʻlini koʻtargancha tashqariga chiqib ketdi. Tojiboyning tomogʻi yana gʻippa boʻgʻildi. Eshikning oldida poylab turishgan boʻlsa. Xotini chiqishi bilan orqasidan... Keyin oʻgʻlini bigʻillatib... Tojiboy ich kiyimda qanday qilib tashqariga otilganini oʻzi ham bilmay qoldi.
— Qani, «a-a» qil-chi, oʻgʻlim. Keyin yaxshi uxlaysan, shiringinam! Ishtonini hoʻllamaydi-da bu! – Xotini olmaning tagida bamay lixotir kenjatoyni avrab, toʻsib oʻtirardi.

Tojiboy bir pas termulib turdi-da, ichkariga qaytdi. Hapriqib borayotgan yuragini bosish uchun kosadagi qatiqni bir koʻtarishda oxirigacha simirdi. Sal oʻziga kelganday boʻldi. Har qalay, jinnilikka bir bahya borga oʻxshaydi. Keyin oʻzi borib, kosani yana qatiqqa toʻldirib keldi-da, xotini qoʻygan dasturxonni ochib, non oldi. Qorni qattiq ochganini endi sezayotgandi.

Ertalab ishga otlanayotganda xotini: «Bugun pichoqni opkelaqoling, oʻzim toshqayroqda oʻtkirlab olarman», deya tayinladi. Yoʻq, ta’na qilmadi, janjallashmadi. Shunchaki aytgani uchun ham jizzakilashib ketgan Tojiboyga qattiq ta’sir qildi. Qaniydi xotin degani ham gapingga gap qaytarib, talashib, janjallashib tursa... Ba’zan yurakning chigili uncha-muncha yozilarmidi. Shunchalikka borishganki, oilada faqat bitta pichoq bor. Yetishmovchilik-da. Xotini aytmasa ham Tojiboy sezib yuripti. Bir u qoʻshnining, bir bu qoʻshnining pichogʻigi opkelib, roʻzgʻorga ishlatishyapti. Bitta pichoqqa pul orttirolmagandan keyin Tojiboy nima qilib yuripti, erkakman deb?! – Yoʻl-yoʻlakay duch kelgan bir-ikkita hamqishloqlar qoʻl berib koʻrishishdi. Xushhol, xushmuomala. Tojiboy hayratlandi. Sira bunaqa boʻlmasdi. Ilgarilari salom bersa, ogʻrinib alik oladigan odamlar.

Tojiboy garajga kirgandan charxchining oʻzi chaqirdi:
— Pichogʻingizni opkeling, Tojiboy aka! Yaxshilab oʻtkirlab beraman, uch soʻm choʻzasiz.

Hazillashdimi, chinimi, Tojiboy mashinadan pichoqni opkeldi hamki, tushunib yetmadi. Axir uch soʻmga bunaqa pichoqdan toʻrtta sotib olish mumkin. Uch soʻm ortiqcha puli boʻlganda oʻn besh kundan beri yalinib yurarmidi.
— Mayli, Tojiboy aka, pul bermasangiz ham, sogʻligingiz kerak. Xudo yoʻliga oʻtkirlab beray. Ba’zan savob ish ham qilib qoʻyishimiz kerak-ku, toʻgʻrimi?

Shu payt direktorning «Volga»si garajga kirib keldi. Dispetcher xonasi yaqinidagi yangi mashina atrofida odam uymalashdi. Direktor ichkariga kirib ketdi. Tojiboyning koʻzlari toʻrt boʻlib kuzatarkan, betoqatlandi. Charxchi bemalol oʻz ishini davom ettirardi. Tezroq boʻla qolmaydimi? Tagʻin Tojiboyni izlab qolishsa? Tojiboy topilmasa. Keyin «Tojiboy yoʻq ekan», deb yangi mashinani boshqa birovga berib yuborishsa-ya?
— Bolta boʻlib ketibdi-ku buningiz, - dedi charxchi bamaylixotir. – Umrida charx koʻrganmi, yoʻqmi?

Tojiboy indamadi. «Boʻlasanmi, yoʻqmi?» deganday sabrsizlanib charxchiga qarab qoʻydiyu, yana direktorning yoʻliga umidvor koʻz tikdi. Agar yangi mashinani bersa, uning toʻgʻriligiga ishonadi.
— Shoshib qoldingiz-da kecha, Tojiboy aka, - dedi charxchi semiz gavdasini ogʻir qimirlatib, pichoqni paqirdagi suvga botirib olarkan. – Bu ablaxlarning adabini berish kerak ediyu... «Tojiboy akaning yozganlari yuz foiz toʻgʻri» deb oʻrnimdan turib ketay dedimu, sal qoldi-da, tagʻin shaytonga hay berdim. Yoʻq janjalni nima qilaman oʻzimga sotib olib? Men-ku mayli, nuqul orqavarotdan direktorni soʻkib yuradigan, undan qilib yoʻqotish kerak, bunday qilib quritish kerak, deganlarga kecha bir fursat kelib qolgandi, hammasi dimiqib ketdi. E, bu odamlar!.. Siz sagʻa-al tajribasizlik qildingiz. Ha-a, hali hammasi izga tushib ketadi. – Charxchi charxni toʻxtatdi-da, pichoqning tigʻini silab koʻrdi. Keyin toshqayroq bilan tigʻning qirovini ketkiza boshladi. – Tojiboy aka: shuni bilib qoʻying, qishloqda koʻplar siz taraf. Bu oqshom Barlosda hech kim uxlamagan. Ellikdan ortiq kishi birlashib, yuqoriga xat tayyorlashipti. «Mana, Tojiboyni hech narsa qilolmadi-ku, - deyishyapti odamlar. – Qachongacha pisib yuramiz?» Pichogʻingiz tayyor, aka. Tigʻi yetsa boʻldi, oʻzi kesib ketaveradi. Men roziman. Yaxshi kunlaringizga buyursin. Toʻylarda ishlating...

Toqati toq boʻlib ketgan Tojiboy charxchiga evini keltirib minnatdorchilik bildirishga ham sabri chidamay, oʻng kaftida pichoqning sopini tutgancha, chap kaftida tigʻning oʻtkirligini bilish maqsadida paypaslab, odamlar yigʻilgan tarafga yurdi. Yarim yoʻlga yetmasdanoq ichkaridan otilib chiqqan Abdulla yangi mashinaning eshigiga kalit soldi. – Tojiboyning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi. Bir dam angraygancha, yoʻlning oʻrtasida turib qoldi. Demak, Katta aka toʻgʻri aytgan ekan. Demak... avval xoʻrligi keldi. Keyin alam qildi. Alam esa gʻazabga aylandi-da, odamlarga yaqin bordi. Ichkaridan Xidir Sobirovich ham chiqib kela berdi.
— Bu mashinaniyam endi... bermaysizmi menga? – soʻradi Tojiboy mahzun, ichki bir alangadan hansirab-qovrilib.
— Senga yangi mashina nima kerak? Qalaming bor, qogʻzing bor, yozaver! Mashinani Katta akangdan olasan. – Direktor masxaraomuz ishshayarkan, madad tilab yigʻilganlarga tikildi. Lekin odamlarning birontasi direktorga qoʻshilib kulmadi. Hamma sukut saqlardi.
— Bering shu mashinani menga! – Tojiboyning ovozi sekin, ammo tahdidli yangradi.
— E bor, doʻq urgancha oldin oʻzingni eplab ol! – Direktor yon tarafga oʻgirilib, kimlarnidir qidira boshladi. – Senga yangi mashinani ishonib boʻladimi? «GAZ-53» haydab koʻrmagansan. Buzing qoʻysang nima boʻladi? Davlatning moli, qimmatbaho narsa. Otamniki emas. Har bir mashina uchun kattalar oldida javob beraman.
— Xidir aka, shu ishingiz adolatdan boʻlmayapti lekin, - dedi odamlar orasidan Qurbon traktorchi. – Hech boʻlmasa, Abdulla akaning eski mashinasini bering bu kishiga. Haqqi bor!
— Haqqi boʻlsa hisoblab olsin. Sen oʻrtada advokatlik qil. Abdullaning eski mashinasi ham eskimas hali. Endi ikki yil boʻldi. Qoʻlidan ish kelmaydi tarafini olayotgan odamlaringning. Ana, bitta bolti yoʻq deb otday mashinani bir oydan beri qantarib oʻtiripti. Asli tagidagini ham tortib olish kerak! – direktor ovozini balandlatib, koʻrsatkich barmogʻini bigiz qildi. – Boshqa shofyor boʻlganda bu mashinani allaqachon odam qilib olardi.
— Bermaysizmi? – Tojiboyning ovozi juda boʻgʻiq,, yigʻloqi, hatto qoʻrqinchli va yana ayanchli edi.
— E, menga yozuvchilar kerak emas! Bor! Qayoqqa arz qilsang qilaver! Menga desa YuNYeSKOga bor. Qishloqdan butunlay chiqib ket! – Direktor ters oʻgirildi.
— Xidir aka, menga qarang! – dedi Tojiboy. U hamon asabiy titrayotgan kaftida pichoqning tigʻini siypar, koʻzlaridan shashqator yosh oqib borardi.
— Nima deysan, urasanmi?.. – direktor achchiq bilan oʻgirildi va koʻzlari dahshat ichra tepaga bitib, qoʻllari osildi. Papkasi yerga tushib, ochilib ketdi.

Tojiboy oshpichoqni yarmigacha direktorning biqiniga tiqib yuborgan edi... Bir zum hamma qotib qoldi. Keyin ichikkan, hayiqqan, izillagan tovushlar, nidolar eshitildi. – Papkadagi qogʻozlar sochilib ketgan, qogʻozlarning ustiga direktor yuztuban tushgan, yonida qogʻozlarga aralash-quralash ikki bogʻlam oʻn soʻmlik pul koʻrinib turar, biqinidan buloqday toʻkilayotgan qop-qora qon bogʻlam pullarning ustidan sizib oʻtib, yerga yoyilardi.

Shalvirab qolgan Tojiboy bir dam loqayd odamlar bu manzaraga tikilib turdiyu, ingrab yubordi. Qoʻlidagi uzun oshpichoq sirgʻalib, yerga tushdi. U qonli qoʻllarini (oʻzi ham bundan bexabar) yuziga bosdi. Osmonga qaradi. Gʻayritabiiy bir ovozda xo-xolab kulgancha egri tayoqday avval osmonga otilib, keyin yerga gupillab tushdi.