OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiTelba muhabbat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm35KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Telba muhabbat (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

«
Men senga qoʻshilib yigʻlay olmasman,
Faqat bosh egaman qaygʻungga soʻzsiz.
Men senga talpinib aslo tolmasman,
Men seni sevaman, yigʻlayotgan qiz.

Yoʻldosh Eshbek
»

Oʻsha kuni Halima shifoxonadagi uzun kursilarda dugonalari bilan qaldirgʻochlarday tizilishib oʻtirishgandi. Murod bir toʻda yigitlar bilan allaqayoqdan kelaverdi. Hammasining dumogʻi chogʻ.

Osmon uzilib yerga tushmadi. Yer chappa aylanmadi. Boʻron koʻtarilmadi. Olamni larzaga solib, momoqaldiroq qarsillamadi. Chaqmoq chaqmadi. Jala quymadi. Faqat Halima – miqtigina, chayir, koʻzlari shoʻxchan, qorachadan kelgan, istarasi issiq qiz oʻtirgan joyida – doim kitoblarda yozilganidek – qotib qolgandi. Goʻyo yelkasida bir botmon tosh. Hayrat toʻla qop-qora qorachiqlari kengayib ketganday.
— Ana, sening yigiting! – dedi qizlardan biri.

Qizlar kulib yuborishdi, chunki Murod Halimaning hech qanaqa «yigiti» emas, uch yarim oydan beri shifoxonada baravar yotishsa-da, hali biron marta yuzma-yuz duch kelishmagandi.

Umuman, Murod juda gʻalati.

Gʻalatiligi uchunmi, Halima unga qiziqib, qizlar davrasida bir-ikki marta undan gap ochgan, shuning uchun qizlar Murodni Halimaning «yigiti»ga aylantirishgandi. Bu shunchaki hazil. Hazil deya avvallari Halima ham oʻzini ishontirardi, lekin...

Bora-bora davralarda Halima Muroddan gap ochmay qoʻydi.

Bora-bora Halima ishtirok etadigan davralarda qizlar ataylab, Muroddan gap ochadigan boʻlishdi.

Bora-bora Muroddan gap ochilsa, Halima qizaradigan, yuragi tipirchilaydigan va bu suhbatga oʻzini goʻyo uncha e’tibor bermayotganday koʻrsatishga urinadigan boʻlib qoldi.

Halima istardiki, bir kun Murod uni tushunsa, oʻt-olov koʻzlarini qadab, yoniga kelsa va... nimadir desa... Ammo Murod haligacha Halimaning yaqiniga yoʻlamagandi. Halima esa shunday damni kutardi. Umid qilar va kutardi.

Davolanuvchilar orasida «kandidat» laqabini olgan Murod haqiqatan ham gʻalati edi. Koʻpincha yolgʻiz yurar, umuman, shifoxona hovlisida kam koʻrinardi. Mish-mishlarga qaraganda palatasida oʻtirib olib, nuqul dissertatsiya yozgani-yozganmish. Yaqinda fan kandidati boʻlarmish. Dugonalar tegishib, Halimani «kandidatning xotini» deb chaqirishardi. Bu hazil Halimaga yoqardi. Shunday yigit umriga yoʻldosh boʻlish - baxt.

Kelishgan, xushbichim, bilimli, va hokazo, va hokazo...

Halima goho yigitlar davrasida Murod juda qiziq gaplar ayib, hammani kuldirayotganini koʻrib qolardi. Ha-da! Aynan hammadan chetda yuradigan, xayolparast yigitni koʻpchilikning oʻrtasida koʻrsang qiziq boʻlarkan. Yana, hammani kuldirsa.

Oʻsha damda «sening yigiting» degan qiz Halimaning yaxshigina mushtini yedi. Bari bir Halimaga «sening yigiting» iborasi yoqqan, yuragi shirin orziqib, hatto Murod uzoqdan koʻringandayoq ancha-muncha talvasaga tushgan, zoʻr berib oʻzini beparvo koʻrsatishga urinayotgandi. Ammo qalban Murodning yigitlar davrasidagi har bir qadamini, har bir qarashini kuzatayotgandi. Kam hollarda boʻlganidek, Murod juda xushhol, koʻzlari chaqnoq. Doʻstlariga nimanidir quvnab gapiryapti. Halima ham quvonib ketdi.

Qizlar ham shod edilar. Boyadan beri safsata sotib, kulishib oʻtirgandilar. Shu quvnoq ruh bois Dilorom:
— Murod, bu yoqqa keling! – deb qoldi.

Birdan Halimaning nafasi ichiga tushdi. Ustiga birov bir paqir muzday agʻdarganday. Yurak urishi sustlashayotganday. Murodni chaqirgan Diloromga javdirab bir qaradiyu, koʻzlarini yerga tikdi.

Murod yaqinlashdi.

«Oʻzini tutgani ma’qul. Tagʻin, Halima chindan yaxshi koʻrib qolipti, deb oʻylashmasin».
— Siz nega bunchalar beparvosiz? – dedi dabdurustdan Dilorom, dugonalarga koʻz qisarkan.
— Nima, birontasi meni sevib qoldimi? – soʻradi Murod, xushhol qizlarga bir-bir nazar tashlarkan, hammasining valaqlashgisi kelayotganini payqaganday.

Koʻz tanishligini hisobga olmaganda Murod bu qizlarning birontasi bilan haligacha hamsuhbat boʻlmagan, hozirgi hazil-chin aralash gap qoʻshishlar esa tabiiy ravishda ularni birdan ruhan yaqinlashtirayotgan, yigit qizlarning maqsadini gaplari tugamasdan anglab yetgandi.
— Albatta-da! – Dilorom yuziga achinish tusini berdi. – Bechora Halima dugonamiz sizning dardingizda kuyib kul boʻldi. Ado boʻldi! Bir qaramaysiz ham, ahvolini soʻramaysmz ham! – Dilorom Halimani bagʻriga bosdi, sochlari, yuzini silab ovutgan boʻldi.

Butun vujudi bilan asl holatini bildirib qoʻymaslikka urinayotgan Halima ham yolgʻondakam qovoqlarini solgancha, qoʻllarini ikki yonga osiltirib, yerga qaradi.
— Si-iz? Meni yaxshi koʻrib qoldingizmi?! Nahotki?..
— Ha,.. endi,.. sizni... – dedi Halima tutila-tutila, xuddi hozir yigʻlab yuboradiganday (aslida ham yigʻlashiga sal qolib), - koʻpdan beri... koʻz ostiga... olib yurgandim.

Qiyqiriq kulgu koʻtarildi.
— O, Halima! – Murod nogahon uning qarshisida tiz choʻkdi. – Qiz hatto kaftlari yigitning kaftlariga tushib qolganini sezmadi hisob. Sezsa-da, tortib olishga yuragi betlamadi. – Nahotki siz rost soʻzlayapsiz?! Nahotki mana shu begʻubor koʻzlar aldamaydi? Nahotki bu oshufta koʻzlar bir umr menga maftunkorona termuladi? - Murod shunaqangi ilhom bilan koʻzlari yonib gapirardiki, qizlar oʻzlari boshlagan kulguli mashmashaning davomini zoʻr qiziqish bilan kuzatishardi. Murod qiziqchilik qilayotgani ayon ediyu, bari bir sevgi izhori hazilmi, chinmi, hech kimni hech qachon loqayd qoldirmagan.
— Men sizga ishonaman, Halima! Bir siz emas, axir men ham olti oydan beri gʻoyibona sizning dardingizda kuyaman! Yonaman!! Men ham sizni jon-dilimdan sevaman, Halima!!! Dardimni qanday yetkazishni bilmay, arosatda edim. Baxtli tasodifni qarangki, dugonalaringiz bizga xolis xizmat qildilar. O, bu qanday samoviy baxt! Sira ishongim kelmayapti... Halima sizmisiz oʻzi? - Murod Diloromga oʻgirildi: - Men aynan meni yaxshi koʻrib qolgan qizga sevgi izhor qilyapmanmi?

Yana kulgi koʻtarildi.
— Ha, ha, adashmadingiz.

«E, ajoyib yigit ekan-ku bu Murod deganlari!»
— Ana, - dedi Murod hamon oʻsha alfozda, - mening yuragim ham sizga boʻlgan otash muhabbatga limmo-lim. Sizga talpinyapman, sevgilim! Endi sizsiz menga hayot yoʻq! Siz borsiz – men borman bu dunyoda. Endi hech qachon ajralmaymiz. Birga yashaymiz. Ertaga ertalab zagsdan oʻtamiz, Yoʻq, qizlar, sizlar kulmangizlar. Halima, jonginam, siz ham kulmang, men yuragimda bor gaplarni aytyapman. Men yuragimni boʻshatib olmasam, tars yorilib ketadi. Biz birga baxtli yashaymiz. Bolalarimiz koʻp boʻladi. Siz «Qahramon ona» boʻlasiz. Olti marta egizak tugʻib bersangiz kifoya. O. Siz bilsangiz edi...
— Ie, sevgi izhori shunaqa boʻlarkanmi? – ajablandi qizlardan biri.
— Siz mening ustimdan kulyapsiz! Men nechun oʻz dardimni sizlardan yashirishim kerak? Bu tashna yurak toʻlib ketgan. Oshing halol boʻlsa koʻchada ich, deganlar. Halima, siz uyalmang, mayli, dugonalaringiz meni hazillashyapti, deb oʻylayversin. Hazil yaxshi. Kulishsin, mayli. Hazil hazil bilanu, ammo men sizni chindan yaxshi koʻrib qolyapman...

Shuncha gapni qaerdan olyapsiz? Doim indamay yurardingiz-ku! – soʻradi Dilorom zavqlanib.
— Men asli kamgap odamman, toʻgʻri, - deya davom etdi Murod, ammo bilingki?

Yurakkinam alvon yaylov, titrab yotar, sevgilim.
Undan tinmay dukur-dukur, otlar oʻtar, sevgilim.

O, bu xoʻrlangan yurak tuyoqlarning toptashlariga bardosh berolmaydi. Yoʻq, men ortiq chidolmayman. Men ketaman! Bu oʻlkalardan bosh olib ketaman. Alvido, sevgilim! – deya Murod Halimaning qoʻlini labiga tortdi, lekin qizning qoʻllari ustida turgan oʻzining qoʻlini oʻpdiyu, joʻnab qoldi.
— Indamay yurgani bilan koʻp balo bor ekan bu kandidatingizda! – dedi Dilorom. – Hammani jim qildi, ketdi.

* * *

Oʻsha voqea boʻlib, Toshkentdan qaytgandan soʻng Halima bir insonga dardini yorolmay yurgan kunlarning birida defoliatsiya navbati ularga keldiyu, mexanizator kasal boʻlib qoldi. Gʻoʻza rivoji busiz ham kechki boʻlib, vaqt oʻtib borar, defoliatsiyani kechiktirish mutlaqo mumkin emasdi. Shuning uchun Halima hamma tashvishlarini yigʻishtirib qoʻyib, traktor ruliga oʻzi oʻtirdi. Respirator taqishu, yana bir qancha ehtiyot choralarini koʻrish xayoliga ham kelmadi. Alam zoʻr ediyu Ikkinchi defoliatsiyada bargni tezroq toʻksin deb butifos miqdorini koʻpaytirishgan edi,.. terim boshlanmay oʻzi kasalxonaga tushdi. Oʻpkasiga zahar yigʻilib qolganmish! Yotipti oʻshandan beri sil kasallar shifoxonasida.. Birinchi kunlari «endi umrim dard bilan oʻtarkan», deb necha bor yigʻlagan boʻlsa ham tabiatan xushchaqchaq qiz tezda oʻzini ovutib olgandi. Shifoxonadagi yigitlarni qizlarga «boʻlishtirgan», oʻziga Murodni «tanlagan» ham Halima edi. Davralarda Halimaning qattiq-qattiq ovozi, shoʻx kulgusi alohida ajralib turardi.

Ana shu qiz Murodni chinakamiga sevib qoldi, shekilli.

Bir gapirib oʻn kuladigan, uncha-muncha yigitlarni mot qilib ketadigan qiz Murodning qarshisida xijolatdan qizarib, tili aylanmadi.

Murod oshxonada bir stol atrofida ikki juvon bilan oʻtirardi. Murod hazil tarifasida ularga ham sevgi izhor qilganini yon tomonda oʻtirgani uchun Halima necha martalab eshitgan.

Murod hozir oʻziga ham oʻshanaqa gaplarni hazil-mazax aralash aytib ketdi.

Bari bir yaxshi gap yaxshi-da.

Endi Halima Murodni koʻrsa hayajonlanaveradi. Ayniqsa uning qarashlari,.. kulishlari...

Murod esa koʻchada kam koʻrinadi. Oshxonada oʻsha ikki juvon bilan chaqchaqlashib oʻtirar, keyin yoʻlakdan toʻgʻri shifoxona binosiga yoʻl olardi.

Kechalari kinoga ham chiqmaydi.

Nuqul yozarmish. Kandidat boʻlish oson emas, shekilli.

Murod yigirma toʻrtga toʻlib yigirma beshga oʻtgan, aspiranturada oʻqir, oʻzbek klassik adabiyotidan dissertatsiya yozar, shu sababli oʻzini adabiyotchi doʻstlari davrasida «klassik» deb atar, ular esa Murodni darvish deyishar, buni Murodning oʻzi ham bilardi. U haqiqiy kayfiyat kishisi boʻlib, dam olayotgan paytlari, agar vaqti chogʻ boʻlsa, toʻgʻri kelgan qizga albatta hazil tariqasida sevgi izhor qilaverar, qizigʻi shundaki, har bir soʻzi chin yurakdan aytilayotganga oʻxshar, koʻzlari qarshisidagi qizga eng sof muhabbat ilan tikilardi. Murod hech qachon qiz bolaga birinchi boʻlib soʻz qotmagan, ammo qiz bola...

Oradan toʻrt kun oʻtdi. Halima Dilorom bilan kechki ovqatdan chiqib kelishayotgandi, kimdir qoʻlidan ushlab toʻxtatdi. Halima oʻgirildi. Oʻgirildiyu, vujudiga harorat yugurdi. Xushhol ishshayib, Murod turardi.
— Ha, bevafo! – dedi u. – Koʻrinmaysiz! Uchrashuvga chiqmaysiz? Nima, umrimiz visol damlarini intiqib kutish bilan oʻtib ketadimi? Yo boshqa bittasini topib oldingizmi?

Halima lol. Yuragi iydi. Kulimsiradi. Ayniqsa, Murodning oʻtli nigohi uni «oʻldirayotgandi».
— Halima bevafomi, sizmi? – Dilorom oraga suqildi. – Sevgi izhor qilgandan beri dumingizni ushlatmaysizku!
— Men Halimani bu oʻlkalardan olib ketmoq istayman. Ne baxtki, biz bir-birimizni shifoxonadan topdik. Endi ketamiz. Mening yurtimga ketamiz.
— Yurtingiz qayoqda? – soʻradi Dilorom.
— Baxmalda. Baxmal togʻlarini, Oyqor choʻqqisini eshitganmisiz? Oʻsha togʻlar etagida bizning Barlos qishlogʻimiz bor.
— Men togʻda yasholmayman! – dedi Halima azbaroyi hayajonlanganidan, goʻyo Murod uni hozir olib ketib qoladiganday.
— Yashaysiz! – dedi Murod komil ishonch bilan. – Biz sizga barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Hovlimizda yigirmata qoʻy, oʻttizta echki, yigirmata qoramol bor. Har kuni ertalab soat toʻrtdan yettigacha siz ularni togʻ bagʻrida boqib kelasiz.
— E, boqmayman!
— Nechun? Axir bu siz uchun katta baxt-ku! Tong otmasdan siz Oyqor choʻqqisining etagida shirin orzular ogʻushida choʻponlik qilasiz. Toʻgʻri, bizda boʻrilar koʻp. Yesa yeb ketar, nima boʻpti? Axir bu romantika-ku! Tasavvur qiling: Agar qaytib kelmasangiz, butun qishloq oyoqqa turadi. Sizni izlaymiz... va xarsanglar orasidan sizning qop-qora qonga belangan oppoq harir koʻylagingizni topib olamiz. Toʻy kechasi siz ana shu koʻylakda edingiz. O, mening armonlarim! – Ushalmagan orzularim! Qonli koʻylagingizni koʻzlarimga surtib yigʻlayman. Siz emas, bir umr men baxtsiz boʻlib qolaman. O-o! Oyqorda bir qabr bor. Unga siz dafn etilgansiz. Siz emas, u yerga mening ushalmagan orzularim dafn etilgan. Har tong gʻam-anduhga botgan bir gʻarib kimsa qoʻlida bir dasta anvoyi gullar bila Oyqorga koʻtariladi. U har kuni kabrni changallab, sochlarini yulib, betlarini timdalab, faryod chekadi. U – men! Sevgilingiz, sining bebaxt sevgilingiz! – Murod gapdan toʻxtadi. Bir necha daqiqa hammalari jimib qolishdi.

Odamning eti junjikib ketdi, - dedi Dilorom nihoyat oʻziga kelib. – Gaplaringiz buncha sovuq?
— Nima, dissertatsiyangizga shunaqa narsalar yozyapsizmi? – soʻradi Halima chuqur ichki hayajon bilan.
— Ha. «Murod bilan Halimaning fojiali sevgisi tarixi» degan mavzuda.
— Qiziq ekansiz, - dedi Halima past ovozda, hayajonini yashirishga urinib, chunki Murodning soʻnggi gapi uni yana larzaga solgandi. – Qachon jiddiy gapiryapsiz, qachon hazillashyapsiz, bilib boʻlmaydi. Uch-toʻrt kunlab koʻrinmaysiz. Koʻrinsangiz, gapirib-gapirib joʻnab qolasiz...
— Yoningizda yurishimni istaysizmi?!

Halima Murodga oʻgirildi. Eng qoʻrqqani – Murodning koʻzlariga duch keldiyu... «Men seni sevaman!», derdi Murodning koʻzlari. Bitmas-tuganmas baxt va’da qilardi bu koʻzlar! Bu koʻzlar yonardi. Bu koʻzlar Halimaning oromini oʻgʻirlagandi.
— Nima balo, siz meni rostdan yaxshi koʻrib qolyapsizmi, deyman-da, a!?
— Siz-chi? Siz yolgʻondakam deb oʻylaganmidingiz? – dugonasi oʻrniga Dilorom javob berdi.
— Ha-da!
— Demak, oʻzingiz ham yolgʻondan sevgi izhor qilayotgan ekansiz-da?!
— Menku, Halima deb es-hushimni yoʻqotganman, ammo Halima hazillashyapti, mening ustimdan kulib yuripti, deb oʻylagandim.
— Bu gapingiz ham hazilmi?
— Toʻgʻrisi, qachon hazillashaman, qachon jiddiyman, oʻzim ham ajratolmay qoldim. – Murod kulib yubordi. – Xoʻsh, borasizmi bizning Baxmalga?
— Shunaqa vahimali narsalar aytyapsizki, men Halimaning oʻrnida boʻlsam sirayam bormasdim.
— Koʻngilga xush yoqadigan narsalar ham aytish mumkin: Mayli, Halimani boʻrilar yemasin. Halima hech qachon qoʻy-echki boqmasin. Tasavvur qiling: Bahor! Lolalar hamma tarafda qip-qizil boʻlib ochilgan. Qizgʻaldoqlar qir-adirlarga toʻshalgan. Yon bagʻirdagi Oysharrak bulogʻidan sharqirab oqayotgan zilol suvlar soylarga tomon yuguradi. Erta tong. Halima oppoq harir kelinlik libosida koʻza koʻtargancha buloq boshiga bormoqda. Mayin togʻ shabadasi sochlarini oʻynayapti. Halima baxtiyor! Lablarida sokin tabassum. Ana! Yuzini muzday suvga chayqayapti. Shu payt men orqasidan boramanu, koʻzlarini yashiraman. Bu men ekanligimni Halima yaxshi bilgani uchun qoʻllarini qoʻllarim ustidan bosadi. Qalblardagi harorat qoʻllarga, qoʻllardagi harorat qalblarga oʻtadi. Halima oʻzini mening ogʻushimga tashlaydi. Bir-birimizga termulamiz. «Men baxtliman!» deya pichirlaydi Halima va koʻzlarini yumadi. Men Halimaning qop-qora, mayin sochlarini mehr bilan silayman...
— Bilibsiz! Koʻzlarimni yashirganingizdayoq koʻza bilan boshingizga solib qolaman, - dedi Halima, oz-moz ogʻrinish bilan.
— Ana sizga buloq!Endi nima boʻldi?
— Nima boʻlardi. Boshim yorilib, hushimdan ketib, yiqilaman. Halima oʻgiriladiyu, qattiq dahshatga tushadi, chunki meni qandaydir yovuz niyatli odam deb oʻylagan-da. Tezda boshimni tizzasiga olib, peshanamni tangʻiydi. Ammo qon oqaveradi. Nafas olmay yotaveraman. Halima yuzimga suv sepadi, yoqamdan tortib, silkiydi, yum-yum yigʻlaydi. «Sizki bu dunyoda yoʻqsiz, menga yashash na darkor?», deb sal naridagi tik jarlik tomon yuguradi. Halima oʻzini halok qilishga chogʻlanayotganini anglaymanu, toʻlqinlanib ketaman. (Yolgʻondakam oʻzimni oʻlganga solib yotgan boʻlaman-da.). Tomogʻim boʻgʻiladi. «Toʻxta, Halima!» deya hayqiraman. Halima toʻxtaydi. Koʻzlariga ishonmaydi. Majoli qurib choʻkka tushadi. Kulib yigʻlaydi, yigʻlab kuladi. Barmoqlarini tishlagancha, titrogʻini bosmoqchi boʻladi, lekin bosolmaydi. Men ham yigʻlayman. Hech kim hech qachon meni Halimadek seva olmasligiga hozirgina ishonganim uchun yigʻlayman. Sal boʻlmasa Halimadan ajrab qolishim mumkinligini anglab yetganim uchun xudoga shukr qilib yigʻlayman...

Murod bu ertagini ham tugatdi.
— Yozuvchiga oʻxshab gapirasiz-a! – Dilorom hayratlandi.
— Aspiranturaga kirishdan oldin muxbirlik qilganman. Halimalarning qishlogʻida ham boʻlganman, - dedi Murod. Nogoh uning nigohi sovuq chaqnadi.

Shifoxona binosiga yetib keldilar. Qizlar hali sayr qilishni istardilar «Unda oʻzlaring aylanaveringlar», deb Murod ichkarig yoʻl oldi.

«Demak, xabari bor shekilli».

Halimaning butun vujudi zirqirab ketdi.

* * *

Oʻshanda, markazda boʻlgan majlisda Halimani mukofotlashdi. Majlisdan chiqib, Klara, Ismat bilan birga kechqurun restoranga borishdi. Halimaning mukofotini yuvishdi. Halima ham ozroq ichdi. Es-hushi joyida edi. Mehmonxona kelib, Klara ikkovi oʻzlariga ajratilgan xonada yotishga hozirlanishdi. Keyin yarim kechaga yaqin «opa chaqiryapti» deb, Ismat Halimani chekkadagi bir xonada Erkin Eshboevichga duch qildi. «Opa» viloyat komsomol qoʻmitasining birinchi kotibi edi. U chaqirgan joyga bormaslik mumkin emasdi. Keyin... nima voqea yuz berganini Halima faqat ertalab angladi. Lekin baqirmadi, chaqirmadi, Erkin Eshboevichga yigʻlab tarmashmadi. Shunaqa holga tushgan qizlar haqida koʻp eshitgani bois qachondir oʻzi ham shu holga tushib qolishdan qoʻrqib, hadiksirab yurgani boismi, tushunib boʻlmaydigan bir xotirjamlik va befarqlik bilan kiyimlarini kiyib, ayvonchaga chiqdi-da, panjaraga suyandi. Oʻh-hoʻ! Toʻqqizinchi qavatda... Oʻzini tashlasachi? Nega? Nima uchun? Kim uchun?
— Ie, Halima!

Halima oʻzini tashlamoqchi deb oʻyladi shekilli, Erkin Eshboevich jonholatda yugurib kelib, qizning yelkasidan tutdi. Halima bir silkinib oʻzini boʻshatdi.
— Esingizni yeb qoʻydingizmi? – Erkin Eshboevich hansirardi. Keyin oʻz qurbonining oʻta loqayd, loʻq koʻzlariga qarab, shashtidan tushdi. Qoʻlini tortib olib, «sizga nima boʻldi?» degancha panjara tomonga oʻtdi – Halima, siz menga qizim qatorisiz, oʻz qizimday... Bilmayman, meni... Xayolimda hech narsa yoʻq edi. Sizga hurmatim juda zoʻr. Bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Siz mening gaplarimni eshitishni istamayapsiz. Mayli, boʻlar ish boʻldi. Toʻgʻrisi, oldimdan norozi boʻlib chiqishingizni istamayman. Hozircha siz mana shuni olib keting. Qolganini keyin gaplashamiz.

Erkin Eshboevich qizga bir dasta pul tutqazdi. Halima hamon loqayd ahvolda turgani uchun pulni qanday olganini oʻzi ham anglamadi. Qoʻlidagi pulga qaradiyu, birinchi marta xoʻrligi keldi. Demak... ammo... Erkin Eshboevich yana gapga tushdi. Bir balo qilib, tinchgina qutulmoqchi. Halima tirqirab kelayotgan koʻz yoshlarini koʻrsatmaslik uchun lom-mim demay chiqib ketdi. Xayoliga bir fikr kelgan edi. Shuning uchun toʻgʻri Ismatning xonasiga bordi. Oʻylaganiday, yoʻq ekan. Oʻzlarining xonasiga oʻtdi. Eshikni ancha taqillatishga toʻgʻri keldi. Nihoyat sochlarini nari-beri taragan Klara tugmalarining koʻpi qadalmagan xalatining yoqasini gʻijimlagancha, eshikni qiya ochdi. Halima oʻzini ichkariga urdi.

Gumoni toʻgʻri edi. Ismat shu yerda ekan. Shosha-pisha kiyinardi. Halimani koʻrib, barmoqlarining uchi tugmani qaday olmay, qaltirab qoldi. Halimaning es-hushi joyida, fikrlarini jamlab bir qarorga kelgan edi. Oʻsha loqayd alfozda koʻzlarini loʻq qilib, bir qadam oldga yurdi. Ismat tisarilib, divanga oʻtirib qoldi. Halima qoʻlidagi pulni Ismatning tizzasiga qoʻydi. Soʻng jomadonini olib, kiyimlarini yigʻishtirishga tushdi. Klara bilan Ismat nima deyishlarini, nima qilishlarini bilishmasdi. Halima esa, goʻyo xonada hech kim yoʻqday, sochiqni olib, vannaxonaga kirib yuvindi, kiyimlarini almashtirdi. Bu orada ichkarida gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlar eshitilib turdi. Klara bilan Ismat nimanidir tortishardi. Halima qaytib chiqqanda ikkovi yana jim boʻlib qoldi. Nihoyat Halima jomadonini koʻtarib, ketishga chogʻlanganda Ismat chiday olmadi.
— Toʻxtang, Halima! Bu birgina mening ishim emas! – Ismat yigʻlamsiragancha pulni otib tashlab, koʻkragiga mushtladi. – Boʻlib oʻtgan gaplarni bilib keting. Men bor-yoʻgʻi buyruqni bajardim, xolos. Mening hech qancha aybim yoʻq. Siz meni tushuning, Halima! – Ismatning koʻzlaridan tirqirab yosh chiqdi.
— Ismat Sa’dullaevich!
— Nima? Nima? Nima?!

Ismat oʻgirilgancha Klara tomon yurgandi, Klara uni shapaloqlab soldi. Ismat yuzini ushlagancha gʻazabi ham, alami ham soʻnganday divanga choʻkdi. Halima hali aytilmagan gaplar borligini anglab, toʻxtadi. Lekin hech kimdan sado chiqmasdi. Nogahon Halimaning nigohi divanda, polda betartib sochilib yotgan pullarga tushdi. Jomadonini qoʻyib, erinmasdan pullarni bittalab terib oldi-da, yana Ismatning tizzasiga qoʻydi.

- Buni anovinga bering! – dedi Ismat jonholatda pullarni Klaraning yuziga otib. – Hamma ishni qilgan oʻsha! Menga bunday qaramang, Halima! Qahvaga qoʻshib berasiz, deb Erkin Eshboevichga uxlatadigan  dori topib bergan ham anovi jalab!..

— Ablax! – Klaraning koʻzlari telbalarcha chaqnab, Ismatning yuziga chang soldi. – Sin jalab! Irkin Ishbaevich jalab!..

Ikkovi jiqqamusht boʻlib ketishdi. Halima tishlarini tishlariga bosgancha tashqariga otildi.

* * *

Gʻalati yigitning yonida yursang oʻzing ham gʻalati boʻlib qolarkansan. Halima bu gaplarni aytaman, deb sira oʻylamagandi.

Oradan yana uch-toʻrt kun oʻtdi. Murod yana avvalgiday parishonxotir holda faqat oshxonada koʻrinar, qizlarga koʻzi tushsa, bosh rgʻab salomlashar, tushmasa, oʻzi bilan oʻzi band, xayol surardi.

Halima esa... Halima endi... u ham oʻzini oʻzi tushunmayotgandi. Murod uni yaxshi koʻrmasligi aniq. Shunda ham koʻngil... Dardlarini dugonalaridan yashirishga urinar, agar davrada Murod haqda gap ochilsa, kulgu bilan qutulardi. Murod esa...

Bir kuni oqshom shifoxona bogʻida sayr qilib yurishganda tasodifan (tasodifmikan?) qarshilaridan Murod bir doʻsti bilan chiqib qoldi.
— Mening jondan aziz sevgilim! – dedi Murod qulochlarini yozib. – Nahotki bu siz?! Men sizning dardingizda kuyib kul boʻldim. Sizni izlab chiqqan edim. Yuring. Hozir hayotimizda ilk visol damlari boshlanadi. Dilorom, siz mening doʻstimni ovvutib turing. Bizning Halima bilan ancha-muncha maxfiy gaplarimiz bor.

Murod Halimani yetaklagancha kichik yoʻlakcha boʻylab ketaverdi. Halima qarshilik qilishga oʻzida na kuch, na jur'at topa oldi.
— Siz nega doim mendan qochasiz? – soʻradi Murod yoʻl-yoʻlakay.
— Qochgan menmi, sizmi?
— Demak, meni kuzatarkansiz-da!
— Endi siz,.. kasalxonada oʻzi bitta yigitsiz, albatta kuzatamiz, - dedi Halima ogʻrinib.
— Mayli, shunday ekan, bugundan, hozirdan boshlab bir umrga birga boʻlamiz, xoʻpmi?
— Gʻalati gaplar... xuddi bozordan mol sotib olayotganday savdolashasiz, a? – dedi Halimaning koʻngli buzilib.

Ikkovlon necha marta suhbatlashgan boʻlsa, Murod birinchi marta gap topolmay qoldi. Ular jimgina bogʻning qorongʻi, xilvat tomonlariga borardilar. Murodning yuzidagi shod quvonch oʻrnini ayanchli ishshayish egallagan, buni Halima payqamas, payqashga urinmasdi ham.
— Halima! – dedi jiddiylashgan Murod toʻxtagancha uni ikki yelkasidan tutib oʻziga qaratarkan. Uning vajohati buzilgan, qiz oʻzini qattiq sevib qolganini endigina payqayotgan, nimalarnidir aniqlashga urinar, qizning muhabbati uni hangu-mang qilib qoʻygandi. – Men axmoq nimalarni oʻylab... Eh! Nahotki siz meni sevib qoldingiz?

Halima boshini egdi.
— Nimaga javob bermaysiz, Halima? – Murodning ovozi qaltiradi. – Men buni bilishim kerak.

Olisdagi simyogʻochga ilingan elektr chirogʻi ikkovi tarafga sal-pal nur taratar, Halimaning yuzi zoʻrgʻa koʻrinar, kayfiyati qattiq buzilgani aniq edi. Halimaning yelkalari sekin-sekin titray boshladi. Keyin yoʻlka oʻrtasiga oʻtirgancha, tizzalariga boshini qoʻydi. Murod hayron boʻlib, choʻkkaladiyu, qizning boshini koʻtarib, oʻziga qaratishga urindi. Halima uni silkib tashladi. Halima yigʻlardi. Unsiz, butun vujudi qaqshab, qaltirab, yigʻlardi.
— Iy-e! Sizga nima boʻldi?!
— Siz? Siz bariga aybdorsiz! Men hali sizni yaxshi koʻrib axmoq boʻlganim yoʻq. Sizning nimangizni yaxshi koʻraman? Kandidat boʻlsangiz oʻzingizga! Nima qilasiz mendan koʻngil soʻrab? Bari bir ikki dunyodayam menga uylanmaysiz-ku! Qizlar menga «yigiting» deb sizni koʻrsatishayapti. Siz axir mening yigitim emasssiz-ku! Hozir meni poylab keldingiz. Sizni yaxshi koʻrishimni allaqachon bilgansiz. Toqatim toq boʻlganiga ishonch hosil qilib meni qorongʻulikka boshlab keldingiz... Xoʻsh, nega indamaysiz? Shumidi maqsadingiz? Shumidi?! Yo yolgʻonmi? Siz nuqul qizlarni axmoq qilib oʻrgangansiz. Yo meni ham axmoq deb oʻyladingizmi?.. Men axmoq boʻlmasam, sizdek ablaxni sevib qolamanmi? Dunyoda yigit zoti qurib ketganmi? Men... eh, shoʻrpeshana! Nimaga jimsiz? Nimaga?! Nimaga?! – Halima sakrab turgancha, yigitning yoqasidan tutdi. – Gapirsangizchi axir, Murod aka! Siz indamaganingiz sari men qoʻrqayapman. Men axmoqman! Men jinniman! Men sizni yaxshi koʻraman, Murod aka!..
— Halima, Halima!.. – Murod yana nimadir deb gʻoʻldirayotgandi, Halima kafti bilan uning ogʻzini toʻsdi.
— Yoʻq, gapirmang! Gapirsangiz battar qoʻrqaman. Iltimos, Murod aka, gapirmang. Men jinni boʻlib qolayotganga oʻxshayman...
— Halima!!!
— Gapirmang! Keting! Koʻrgani koʻzim yoʻq sizni! – Halima panjalari bilan yuzini toʻsgancha, yana choʻkkaladi.
— Halima, oʻzingizni bosing.
— Keting dedim. Shafqatingizga zor emasman. Istamayman,.. bildingizm, istamanman! – Halima oʻrnidan turgancha yer depsindi. – Nimaga boʻzrayasiz? Yana koʻz yoshlarimni koʻrmoqchimisiz? Siz uchun yigʻlagan men tentak! – Halimaning koʻzlaridan shashqator yosh quyilardi. – Keting axir!.. tinch qoʻying meni, iltimos...

Murod nihoyat boshini eggancha yoʻlga tushdi.
— Murod aka, siz nima qilyapsiz?

Murod shoshilgancha oʻgirildi.
— Nega meni tashlab ketyapsiz? Ket desa ketaverasizmi? Siz axir yigitsiz-ku! – Halima sal yorugʻroqqa chiqqan, yigʻidan nam koʻzlari baxtiyor chaqnar ediyu Murod chopqillab qaytib keldi.
— Siz haqiqatan ham gʻalatisiz, a, tovba! Qiz bolaning ham aytganini qilarkanmi? Ushlang qoʻltigʻimdan, ha ana, endi yuring. Gap degan bunday boʻpti-da. Voy tovba-ey! Juda gʻalati qizga duch kelib qoldim, deb oʻylayotgan boʻlsangiz kerak, a?
— Halima, men sizga bir gapni...
— Yoʻ, yoʻ, gapingiz kerak emas, gapirmang.
— Men bilishingizni istayman! Men uylanganman, axir!

Bir dam Halimaning nafasi ichiga tushib ketdi. Keyin shod kayfiyatini yoʻqotmaslikka urinib, yasama quvnoq holda, ammo siniq ovoz bilan dedi:
— Mayli, hech qachon menga uylanmang! Mana shu yurishimizning oʻzi men uchun katta baxt!

Ularning yurishi tezlashib, yoruqqa chiqdilar. Dilorom bilan Murodning doʻsti bogʻning chetidagi kursida oʻtirishgan ekan. Halima yigitni qoʻltigʻidan boʻshatdi-da, «yaxshi sayr qiling» degancha sirli, ayni damda ayanchli shivirlab, chopqllagancha Diloromni sudrab ketdi. Palataga kirar-kirmas Halima Diloromni mahqam quchoqlagancha oʻpaverdi. Tishlab-tishlab oʻpardi. Dilorom voy-voylab yulqinar, ammo Halima qoʻymasdi.
— Yeb tashlagim kelyapti sizni! E tavba! Jinniman men, gʻirt jinniman! Kandidatni kaput qildim. Bechora mungʻayib qolipti. Men – malades! Zoʻrman! Tarjimai holini butkul aytib berishga majbur qildim. Oh! Ta-ra-ram-ram, ta-ra-ram-ram!... – Halima oʻyinga tushib ketdi.

Dilorom Halimaning telba-teskari harakatlariga koʻnikib qolgan edi, lekin...
— Siz uni haqiqatan sevib qolipsiz!
— Men sizga nima deyapman, ni-ma de-yap-man?! – Shu topda Halimani mutlaqo tushunib boʻlmasdi. – Men uni emas, u, u meni sevib qoldi! U11

Xonaga boshqa qizlar kirib kelishdi.
— Dsoʻtlarim! – dedi magʻrur Halima tantanavor, qoʻllarini keskin silkitarkan, - men es-hushimni yoʻqotdim. Bilasizlarmi, men... jinniman! – Halima oʻzini krovatga tashladi. – Bilasizlarmi, sevish qanday yaxshi! Uh nomarlar-ey. Nega indamaysizlar?.. Menga hech narsa kerak emas. Bittang ham kerak emassan! Ketinglar! Hammang ket. – Halima birdan oʻkirib yigʻlab yubordi. Yuzini yostiqqa yashirdi.

Qizlar hozirgina bulbulday biyron sayrayotgan Halimaga tushunmasdilar.
— Ketinglar, ketinglar! – yulqinardi yigʻlayotgan Halima. – Tinch qoʻyinglar meni. Hammang,.. hammasi... bir goʻr! Sevmaydi u meni...
— E, qurib ketsin Murodingiz! – Dilorom achchiqlandi. – Qoʻysangizchi, oʻshanga ham yigʻlaysizmi? Murod sizning tirnogʻingizga ham arzimaydi, kerak boʻlsa... Qizlar, boringlar endi, Halima ozroq dam olsin.

Palatada ikkovlon qolishdi. Halima qimirlamay jim yotar, Diloromning esa yuragi ziq boʻlib ketgan, ammo bir ogʻiz gap soʻrashga jur'ati yetishmasdi. Nihoyat Halima oʻgirilib, dugonasiga xomush tikildi. Kulimsirashga urindi, ammo koʻzlarida yosh. Cheksiz dard yotardi Halimaning qorachiqlarida. Bu dardlarni Soʻz bilan ifodalash shart emas.

Muhabbat ana shunday kuchli...

Haqiqiy muhabbat ming yilda bir keladi, deganlari rostmikan?
— Qoʻying oʻshani, - dedi Dilorom dugonasini yupatishga urinib. – Dunyoda undan ming karra yaxshi yigitlar toʻlib-toshib yotipti.

Halima sukut saqladi. Armon bilan koʻzlarini yumdi. U hozirgi holatida umrini yigʻi bilan oʻtkazgan, kulish nimaligini bilmaydigan odamga oʻxshardi. Murodga koʻngil qoʻya boshlagandan beri dilining toʻrida choʻkib, toʻplanib yotgan armonlari hozir birvarakay junbushga kelib, Halimani ming bir koʻyga solayotgandi.
— Gapirsangizchi, yuragim toʻlib boryapti. Hozir men ham yigʻlab yuboraman. Nimaga... Gʻalati boʻlib qoldingiz? – Dilorom «jinni» deb yuborishiga sal qoldi.

Halima miyigʻida kulimsiradi.
— Uylansang uylan, yoʻqsa kallamni garang qilma, menga sendan boshqa sovchi yuborayotganlar ham toʻlib yotipti, demadingizmi?
— Bizning bahorimiz oʻtgan, - dedi Halima afsus bilan, - oʻn sakkiz yoshli qizlar kammi?
— Voy nomard-ey! Hali oʻshanaqasidan olaman, dedimi? Unda «nega tiz choʻkding? Nega u gaplarni aytding?», deb yoqasidan olmadingizmi?

Halima mayus bosh chayqadi.
— Shoshmay tursin, koʻrsatib qoʻyaman unga... Mening qoʻlimga tushadi hali. Uff! Yonib boryapman! – Dilorom shasht bilan ayvoncha eshigini ochdi.

Palataga xushboʻy bahor havosi kirib keldi. May oyining eng latif kechalaridan biri. Shifoxona boʻylab ekilgan qator teraklar oxirgi toʻrtinchi qavatdan ham baland. Daraxtlarning naryogʻi bedazor. Yaqinda oʻrim boshlanadi. Halimalarning xonasi uchinchi qavatda...

Yuqorigi qavatdan hazin xirgoyi eshitilardi. Ayvonchada tinmay gapirayotgan Dilorom oʻgirilib dugonasiga qaradiyu,.. Halima jilmayardi.
— Nima balo, rostdan jinni boʻlib qoldingizmi?
— Eshiting, - deya shivirladi Halima, koʻrsatkich barmogʻini labiga bosib shivirlagan koʻyi ayvonchaga chiqarkan.

Toʻrtinchi qavatda, oʻzlaridan ikki deraza narida Murod ayvoncha panjarasiga suyangancha, qorongʻilik qa’riga mayus tikilib, qoʻshiq aytardi:

Seni yupatmoqqa jur'at yoʻq menda,
Sen mening kechmishim, umrim boʻlagi.

Murod qizlarni koʻrmasdi. Oʻzicha xirgoyi qilardi. Balki ataylab Halima uchun kuylayotgandir.
— Obbo jinnilar-ey! – Dilorom oʻzini toʻxtata olmasdi. – Bir sizmi desam, u sizdan battar.

Halima Diloromning gapini eshitmadi. Eshitsa ham e’tibor bermadi. Murod uni...
— Sizlarni tushunmayapman, - ajablandi Dilorom. – Bir daqaqa oʻtmaydi – kulasiz. Bir daqiqa oʻtmaydi – yigʻlaysiz.

Murod esa kuylardi:

Yigʻlamoq tilarman, qaynab yigʻlagin!
Tishlaringni sekin qayrab yigʻlagin!

— Ha, doʻ-oʻst! – deya yuqoriga qichqirdi Dilorom. – Juft boʻlsin. Yangilik-ku! Bitta-yarimtasi yurakdan urdimi?
— Ha-da! Oshiq koʻngil kuylamoq istaydi, - dedi Murod kuylashdan toʻxtab. – Bu telba koʻngil koʻp narsalar istaydi.
— Nimagadir shu ishlaring menga yoqmayapti, - dedi bir joyda turolmay ichkariga kirib chiqayotgan Dilorom. – Siz sogʻligingizni oʻylashingiz kerak. Vrachning gapini unutdingizmi?

«— Siz oʻzingizni nihoyatda ehtiyot qilishingiz kerak, - degan edi vrach Halimaga. – Butifos nafaqat oʻpkangizga, balki jigaringizga, yuragingizga ham ta’sir qilgan. Sizga qattiq hayajonlanish mutlaqo mumkin emas. Agar aytganlarimni qilsangiz, hali uzoq yillar yashaysiz. Siz hali hayotda nimani koʻripsiz»
— Halima mayus, parishon kulimsirab krovatiga oʻtib yotdi. Dilorom chiroqni oʻchirdi.

Halima uxlay olmas, toʻlgʻanardi. Kechasi bilan Dilorom Halimaning goh hiqillab, goh shivirlab nimalarnidir gapirinayotganini sezib yotdi. Faqat tong oldidan Halima tinchib qoldi.

Tong otdi. Navbatchi hamshira avval palatalarga bir-bir kirib, kimga issiqlik oʻlchagich kerakligini soʻrab chiqdi, keyin dori tashlab ketdi.

Halima devorga oʻgirilgancha qimir etmay yotaverdi.

Dilorom yuvinib keldi, oshxonaga nonushtaga borish payti yaqinlashdi hamki, Halima qimirlamasdi. Nihoyat nonushtaga borishga tayyorlanayotgan Dilorom oʻz krovatida oʻtirib, soch tararkan:
— Turing, ey, oshiqi-beqaror! Murodingiz koʻzlari toʻrt boʻlib, yoʻlakda sizni kutyapti, - dedi.

Halima qimirlamay yotaverdi. Avvallari Muroddan gap ochilsa, Halima hazilmi, chinmi, tipirchilab qolardi.
— Tursangizchi! – Dilorom choʻzilib, Halimaning yelkasidan tortdi.

Halima shilqillab agʻdarildiyu, yarim yumuq koʻzlari shiftga tikilgancha, qotdi. Uning badani daqiqa sayin sovub borar, qop-qora qorachiqlarida hayronlik, hayrat, izirb, alam, «men dunyoga kelib nima koʻrdim?» degan achchiq savol va bilinar-bilinmas tabassum qotib qolgan edi.

1987