OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiUchinchi yoʻl (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm33KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uchinchi yoʻl (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

«
O, doʻstginam!
Axir besh barmoq
Tugilmasdi sabab boʻlmasa.
Uning nohaq tugilmaganin
Isbotlayman agar oʻlmasam.

Abdulla Qoʻshboq
»

Hademay tong otadi. Kecha kechqurun boshlangan yomgʻir hamon maydalab, ezib yogʻayapti. Shoshilish kerak, ammo...

Barlosning yoʻlida «Volga»-taksi loyga tiqilib qolgan. Shofyor hamrohi bilan yomgʻirda ivib, toʻrt soatdan beri ovora, lekin taksi tobora botsa botib boryaptiki, asfalt yoʻlga qaytib chiqolmayapti. Yarim kecha yoʻl usti xalqob boʻlib qolganini koʻrib, shofyor aylanib oʻtmoqchi boʻlgandi. Asfaltning shundoq chekkasi yaqinda uyilgan tuproq ekan, taksi botib ketdi. La’nati yomgʻirni aytmaysizmi? Bir dam toʻxtab turay demaydi. Bir-ikkita mashina oʻtdi, shofyor ularni yordamga chaqirmoqchi edi, Tojiboy koʻnmadi. Buning ustiga to ular oʻtib ketgancha taksining chiroqlarini ham oʻchirtirib qoʻydi. «Shunday qilganimiz ma’qul. Menga bari bir, agar sizga tinchlik kerak boʻlsa, aytganimni qiling», dedi. Shofyor noiloj koʻndi. Oz emas, koʻp emas, rosa besh yuz soʻmga kelishib, yoʻlga chiqishgan: «Bizning qishloqqa boramiz, Bor-yoʻgʻi yarim soat, nari borsa bir soatlik ishim bor. Siz koʻchada kutib turasiz. Men ishimni bitiramanu, qaytib chiqaman», degan. Shofyor rozi boʻlgan. Toʻgʻri-da, unga bari bir. Tojiboy qanaqa ishni bitirgani bilan uning necha pullik ishi bor, faqat savil yomgʻir... yoʻl... Bu yogʻi Barlosga yayov oʻrtacha tezlikda yurilsa, bir soatlik yoʻl. Shudgor oralasa, yanayam yaqin, ammo bu yomgʻirda... Yetdik degan joyda yiqilib oʻtirishipti. Shofyor yoʻl chetlaridan xas-xashak topib kelib, gʻildiraklarning tagiga tashladiyu, yana motorni oʻt oldirdi. Befoyda. Tojiboy soatiga qaradi, mashinani bir aylandiyu, yoʻlga chiqqancha, oyoqlarini qoqib, botinkasidan loylarni tushirdi.
— Shoʻpir aka, endi men qishloqqa ketdim. Oʻzingiz bir amallarsiz. Bundan bu yogʻiga mashinalar serqatnov boʻlib qoladi. Iltimos qilsangiz, tortib chiqarib qoʻyishadi. Eplab chiqolsangiz, qishloqqa kiradigan joyda yoʻlning chetida turing. Men darrov qaytaman.

Shofyor ma’qul ishorasida bosh silkidi. Tojiboy plashiga mahkam oʻrandiyu, asfalt yoʻl boʻylab, jadal yurib ketdi. – Avval-boshdan omadi yurishmagan odamning omadi keyin ham yurishmas ekan. Boʻlmasa oqshomgi «sayohat» uchun rosa ikki yil tayyorlangandi axir. Boshliqni koʻndirish uchun rosa ikki yil kerak boʻldi. Endi alamimdan chiqaman deganda, loyga tiqilib oʻtirishganini... Tezroq yurish kerak. Tong otib qolsa, keyin qishloqqa kirib ham boʻlmaydi, chiqib ham... Ishni koʻnildagiday bitirolmasa... «Tong otgancha qaytib kelaman!» deb va’da bergan. Soat toʻqqizgacha yetib bormasa, «Tojiboy qochipti» deb e’lon qilishadi. Boshliq bilan shunga kelishishgan. «Lekin ilojini top. Kechikma. Kechiksang, menga bari bir, chora koʻrishadi», degan boshliq.. Uni aldamaslik kerak... edi. Moʻljal aniq: toʻrt soat qishloqqa, toʻrt soat ortga qaytishga, ikki soat ishni bitirish uchun, yana ikki soat har eoʻtimolga qarshi... Jami oʻn ikki soat ichida, ya’ni ertalab soat sakkiz yarimda Tojiboy oʻz joyida boʻlishi kerak edi. Afsus... afsus, endi... Tojiboy oʻz yurishiga qanoat qilmay, yugurib ketdi. Tezroq, faqat tezroq. Haliyam imkon bor. Yarim soatda qishloqqa kirib, oʻn minutda ishni bitirsayu, yarim soatda qaytib kelolsa,.. ulgurishlari mumkin. Badbaxt shofyor! Sal koʻziga qarab haydasa oʻlarmidi. Tekis asfalt yoʻlda tiqilib oʻtiripti.

Yomondan xudo bezor deganlari rost. Ikki yil burun Tojiboy bitta mashina deb direktor Xidir Sobirovichni pichoqlaganda es-hushini yoʻqotgan, sal boʻlmasa, oʻzini oʻzi oʻldirib qoʻyayozgan edi. Keyin bilishsa, pichoq direktorning biqiniga suqilgani tufayli jon joylariga zarar yetmagan, ikki oy kasalxonada yotib, yana direktorligini qilavergan edi. Ikki oʻrtada Tojiboy kesilib ketdi. Kesilgani alam qilmasdi. Mayli, tezlik qildi, birovlarning yoʻrigʻiga yurdi, tergovchi aytganday, «mansabdor shaxsga xizmat vazifasini oʻtayotganda suiqasd qildi», oʻldirolmagan boʻlsa ham beriroq, ishqilib, Xidir Sobirovichning koʻzini qoʻrqitib, oʻzini yarimjon qildi. Tojiboy bu qilmishi uchun jazoga tortilishi muqarrar, deb hisoblagan, hatto hech bir qarshiliksiz oʻzini militsionerlarga tutib bergan edi. Tergovda ham bor gapni roʻy-rost aytdi. Direktor har bir yangi mashoʻinani ikki ming soʻmdan sotyapti, dedi. Mening pulim boʻlmagani uchun bermadi, dedi. Ustidan yozgandim, itdan badtar qilib haydadi, taftishchilarga pora berib, meni tuhmatchiga chiqardi, dedi. Keyin alam oʻtib, qanday pichoq urganimni... E, Tojiboy boʻlib oʻtgan voqealarni rosa ezgʻilab tushuntirdi. Faqat tergovchi – yuzi-koʻzi zahil, basharasi qarimsiq tergovchi – avvaliga uch-toʻrt kun u bilan yaxshi muomalada boʻlib, hamma gaplarini batafsil yozsa-da, keyin birdan oʻzgardi.
— Avval oralaringda nima gaplar boʻlib oʻtgani meni qiziqtirmaydi, - dedi. Xidir Sobirovichga oʻzingiz pichoq urganingiz rostmi?
— Rost, - dedi Tojiboy ajablanib. – Ishonmasangiz, borib garajdagilardan soʻrang. Hammasi tasdiqlashadi. Yangi mashinani Abdullaga bergandan keyin alam oʻtib...
— Abdulla meni qiziqtirmaydi, - tergovchi uning gapini kesdi. – Demak, siz alam oʻtib, ya’ni qasddan Xidir Sobirovichga suiqasd qilgansiz.
— Suiqasdi nima?
— Ya’ni Xidir Sobirovichni oʻldirmoqchi boʻlgansiz. Shundaymi?
— Ha, oʻsha yangi mashinani Abdullaga bergandan keyin menga: «yoʻqol, yozuvchi! Barlosdan chiqib ket!», dedi.
— Yozuvchiligingiz boshqa masala. Buni qoʻya turaylik. Siz shikoyat yozib, oʻz da’vongizni isbotlay olmagansiz, ya’ni tuhmatchisiz. Buning uchun sizga besh yil, suiqasd uchun oʻn yil, jami oʻn besh yilga kesilasiz. Lekin... lekin ikki kundan beri Xidir Sobirovich oʻziga kelib qoldi. Gapiryapti. Mening Tojiboy Toshboevda da’vom yoʻq, uni qoʻyib yuboringlar, deyapti.
— Oʻlmaptimi?! – Tojiboy yoqa ushladi. Nega oʻlmaydi?! Uzun pichoqni yarmigacha tiqib yuborgandim-ku!
— Qiziq odam ekansiz! Xidir Sobirovichning oʻlmay qolgani sizning baxtingiz-ku! Quvonmaysizmi?

Tojiboy ma’yuslanib, yerga qarab qoldi.
— Ana shunaqa, - dedi tergovchi nasihatkorona, - siz haqiqatan ham Xidir Sobirovichni oʻldirish niyatida pichoq urgansiz. U kishi esa oʻz jallodini oqlashlarini iltimos qilyapti.
— Xidir aka rostdanam shunday dedimi? – Tojiboy ishonqiramadi.
— Ha, «ot tepkisini ot koʻtaradi, Tojiboy haqiqiy yigit ekan, men uni shu vaqtgacha tushunmagan ekanman. Ba’zi birovlarning gapiga kirib, unga qattiq gapirib yuboribman. Asli ayb mendan ham oʻtgan. Tojiboyda hech qanday da’vom yoʻq. Iloji boʻlsa, Tojiboyni qoʻyib yuboringlar. Unga yangi mashina beraman», dedi. Siz esa...

Tojiboy boshini egdi. Koʻngli yumshadi. Har qalay Xidir akaning unchalik yomon odam emasligini oʻzi ham biladi. Unga ham qiyin. Rahbarlikning oʻzi boʻlmaydi. Sendan bir nima olsam, oʻndan biri ham menda qolmaydi. Sendan bitta men soʻrasam, tepamda mendan soʻraydigan oʻnta, deb necha bor toʻgʻri gap bilan tushuntirgan. Tojiboy tushunardi hammasini, ammo yoʻqchilik qursin... Buning ustiga anovi uchovi tezladiyu,.. ana endi qovoq boshini toshlarga ursin... Yanayam Xidir aka mardlik qilipti. Toʻgʻri-da, rahbarman deganning bari bir goʻr. Barlosda nechta katta oʻtgan boʻlsa, hammasi Xidir akadan badtar boʻlsa bordir, yaxshiroq emas. Xidir aka har qalay muomala qilardi. Tushuntirardi. E. Xidir aka tilla odam! Shunday odamning qoniga zomin boʻlib oʻtiribdi-ya! Yaxshiyam oʻlmay qolipti. Lekin nega Xidir aka oʻlmay qolaginag u suyunmayapti? Axir jazo muddati kamayadi-ku! Yengillik beriladi. Negadir yuragi tosh. Hamon ogʻir yuk yelkasidan bosib turipti.
— ... Ana shunaqa, - derdi tergovchi, - Xidir Sobirovich asl kommunist, insonparvar kishi ekan. Xidir Sobirovich Leninning ishini qilyapti. Bunaqa rahbar kamdan-kam topiladi.
— Endi men nima qilishim kerak? – soʻradi Tojiboy, «ozodmanmi? Ketaveraymi», deyishga yuragi betlamay.
— Mana bu deloni toʻldiraylik, yopaylik, kattalarga topshiraylik. Nima qilishingizni oʻshalar aytadi, - dedi tergovchi. – Faqat soʻroqlarimga toʻgʻri, xolisona, yolgʻon aralashtirmay javob bering.
— Shu vaqtgacha ham toʻgʻri gapni aytyapman, - dedi Tojiboy mungʻayib.
— Yoʻq, siz ishni chalkashtiryapsiz. Xidir Sobirovich siz uchun iltimos qilgani bilan bu yer davlat idorasi. Jabrlanuvchi indamagani bilan davlatning oʻzi da’vogar boʻladi. Sizning javoblaringiz esa jinoyatingizni yengillashtirishga emas, ogʻirlashtirishga xizmat qiladi. «Es-hushim joyida edi, oʻzim qasddan pichoq urdim», deyapsiz. Bu javobingiz uchun ertaga sud'ya sizga kamida oʻn besh yil beradi, boʻlmasa otuvga hukm qiladi. Siz axir davlat kishisiga xizmat vazifasini oʻtayotganda suiqasd qilgansiz.
— Nima, Xidir Sobirovich davlat odami boʻlib, biz yerdan chiqqanmizmi? Biz ham shu davlatga xizmat qilib yuribmiz-ku, - dedi Tojiboy achchiqlanib.

Tergovchi stolning ortidan uzalib, Tojiboyning basharasiga musht tushirdi. Tojiboy oʻtirgan stuliga qoʻshilib agʻdarilib tushdi. Alam qildi, lekin alamini ichiga yutishga majbur edi. Shu dargohda yotganidan beri kaltaklarga oʻrganib qoldi. Agar qarshilik koʻrsatadigan boʻlsa, chet xonaga olib oʻtadilar-da, oʻch-toʻrtta boʻlib oʻrtaga oladilar. Yaxshisi, mum tishlab turaverish. Hech kim sening oh-voyingga quloq solmaydi. Ichi achimaydi. Ming yomon degani bilan ichi achigan, holini soʻragan yanayam oʻsha Mamat akasi bilan yangasi boʻldi. U dedi-bu dedi, zorlandi, soʻkdi, lekin bari bir jigarchilik ekan, kelib xabar oldi. Tezlagan anovi xabar olish u yoqda tursin, Barlosda uning ustidan gap tarqatishipti: «Asli oʻzi tentaknamo edi, qilgʻiligʻiga yarasha!», deganmish Katta aka. Ana shunaqa. Bu joyga tushganingdan keyin odam sonidan chiqar ekansan. Yomon boʻlsa ham akasining boriga shukr. Mana bular esa... Asli tilni tiyish... Tojiboy chappa gapni aytishga aytib yuborib... Barlosda asli shuning uchun ham hamma undan oʻzini olib qochadi. Bu yerda esa darrov surobingni toʻgʻrilasharkan. E, bu joylarni dushmaningga ham ravo boʻrmaysan. – Tojiboy darrov oʻrnidan turib, stulini toʻgʻriladi. Hech narsa boʻlmaganday, achiyotgan labini artgancha, joyiga oʻtirdi.
— Kim sizni urdi? – soʻradi tergovchi.
— Hech kim urgani yoʻq, - Tojiboy bu borada ancha-muncha ta’lim olib qolgan edi. Koʻproq kaltak yemaslik uchun «rost» gapirish kerak.
— Hech kim urmasa, - tergovchi tahqirona kulimsiradi, - unda nega labingiz koʻkargan?
— Oʻzim,.. qattiq tishlab qoʻyibman.
— Yaxshi, demak soʻroqni davom ettiramiz. Bu yerdan tezroq chiqib ketishni istaysizmi?

Tojiboy angraydi.
— Modomiki, tezroq chiqishni istar ekansiz, savollarimga aniq, qisqa va loʻnda javob bering. Yana meni chalgʻitadigan boʻlsangiz... Faqat rostini ayting. Ikki ming soʻm pul kimniki edi?
— Sizga men bir haftadan beri aytyapman: Ikki ming soʻm Xidir Sobirovichni pichoqlaganimdan keyin qoʻlidan tushib ketgan sumkasidan...

Tojiboy gapini tugatolmadi. Musht zarbidan uchib borib, boshi devorga urildi. Gangib qoldi. Bir muddat koʻzlari tinib, devorga suyandi. Tergovchi yuziga suv sepdi va yana joyiga oʻtirgʻizdi.
— Siz agar jinoyatingiz yengillashishini istasangiz toʻgʻrisini ayting. Ikki ming soʻm pul kimniki edi?
— Meniki edi, - dedi Tojiboy behol, ortiq chiday olmasligini anglab. Axir bir haftadan beri shu savolni berishadi. Toʻgʻrisini aytsa, «nega yolgʻon gapirasan?» deb urishadi E, borsin endi. Nima boʻlsa boʻldi. Bir boshga bir oʻlim, pishirib yeyishsin.
— «Ikki ming soʻm pul meniki edi», deb yozing, dedi tergovchi, uning oldiga katta daftarini surib, qoʻliga qalam tutqizarkan.

Tojiboy qaltiroq qoʻllari bilan egri-bugri yoza boshladi. Tergovchi bir piyola suv tutdi. Tojiboy suvni ichaman, deb tishi takillab, piyolani agʻdarib yubordi. Suvning bari naq daftarni boʻyardi, yaxshiyam tergovchining oʻzi epchillik qildi. Oʻzi daftarni bir chetga olib, stolning hoʻl boʻlgan tarafini kissasidan roʻmolchasini olib, artdi. Nihoyat Tojiboy u talab qilgan narsani oʻz qoʻli bilan yozdi.
— Ikki ming soʻm pulni nega garajga koʻtarib bordingiz?

«Qanaqa pul?» demoqchi ediyu, tergovchining gurziday mushtiga koʻzi tushib, choʻkdi. Yutindi va bir haftadan beri talab qilishayotgan «toʻgʻri gap»ni aytdi.
— Yangi mashinani menga bering, deb direktorga tutqizmoqchi edim.
— Yozing.

Tojiboy daftarga yozdi.
— Direktor pulni oldimi?
— Yoʻq, olmadi.

-Yozing.

Tojiboy yozdi.
— Direktor pulni olmagandan keyin siz nima qildingiz?

«- Alamimdan unga pichoq urdim. Oʻsha payt qoʻlimdagi pul direktorning yoniga tushib qolgan. Buni men qattiq hayajonlanganim tufayli sezmaganman, - deb yozdi va yana qoʻshdi. – Yuqoridagi gaplarning hammasi toʻgʻri. Avvalgilari notoʻgʻri. Tushuntirish xatini oʻz qoʻlim bilan toʻgʻri yozdim deb imzo chekuvchyai Toshboev Tojiboy».
— Ha, mana bu boshqa gap, - dedi tergovchi xursand boʻlib. – Toʻgʻri gapni aytsangiz hech kim sizni qiynamaydi. Shu bir ogʻiz gap uchun meni bir hafta ovora qildingiz. Xoʻ-oʻsh, sudmedekspertiza xulosasi bor, guvohlarning koʻrsatmasi bor: Safar, Abdulla,.. sovxoz partiya tashkiloti skeretari Hamroqul Bozorovich... Sizning oʻz koʻrsatmangiz ham bor. Boʻldi. Yetadi. Endi biz delongizni yopamiz. Ishimiz bitdi.

Tojiboy yalt etib tergovchiga qaradi. Demak, endi meni chiqarib yuborisharkan-da, degan xayolga bordi, lekin xursand boʻlolmadi. Tergovchi qogʻozlarni jamlab, papkasini yopdi-da, stolga tarsillatib tashladi.
— Endi, Tojiboy aka, delongizni sudga oʻtkizamiz. Bu yogʻi oson koʻchsin desangiz, kattalarni chalgʻitmay, bugungi toʻgʻri gapingizda turing. Aks holda... bilasiz, Xidir Sorbirovichning tomiri mahkam. Rayon, oblastda unga hech kimning tishi oʻtmaydi. Tak chto siz tilingizga ehtiyot boʻling. Bu mening sizga birodarlik maslahatim. Uch-toʻrt yilda chiqib kelasiz. Agar u-bu deb oʻtgan kunlardagi gaplaringizni yana valdirasangiz, naq oʻn besh yilni boʻyningizga ilishadi. U dunyo-bu dunyo tugʻilganingizga pushaymon yeb ketasiz. Kaltaklar esa,.. – tergovchi doʻstona koʻz qisdi, - buning uchun xafa boʻlmang. Sizga ichim achiganimdan... soqchilarga topshirganimda sizni poʻla qilib tashlashardi. Oʻzim ozgina chiniqtirdim, xolos. Hali hammasi oldinda...

* * *

Haqiqatan ham oldinda ekan. Mana ikki yildan beri axloqini tuzatyapti. Bu maskan shunaqangi axloq tuzatkichlarga boyki... Tojiboyning yergovchida ginasi yoʻq. U haqiqatan ham tojiboyni sal-pal chiniqtirgan ekan, xolos. Sudda esa... Tojiboy bir soʻzli mard yigit-da. Tergochiga bergan va’dasida turdi. Xidir Sobirovich ham mard ekan. Xoʻjalik ishlari bilan bandman, deb sudga kelmadi. «Tojiboy Toshboevda mening da’vom yoʻq», deb yozib beripti. Abdulla bilan Safar naynov qatnashdi, ular ham Tojiboy haqida yomon gap aytishmadi. Sudlov imi-jimida oʻtdi, birov bilib, birov bilmay qoldi. Ishlar shunday oson bitayotgani uchun (axir Tojiboyning oʻzi ham kamida oʻn yilni boʻyniga olib oʻtirgandi-da) u tergovchidan ham, Xidir Sobirovichdan ham, Safar naynov bilan Abdulladan ham, hattoki oʻzidan ham rozi edi. Besh yil nima degan gap? Ha-hu degancha oʻtadi-ketadi. Lekin bu axloq tuzatadigan joyida shunaqva bilimdonlar, kallasi zoʻr ishlaydiganlar bor ekanki, ularning gaplarini eshitib, Tojiboy beixtiyor «tovba!» deb yoqa ushladi. Ayniqsa, Irismat degani ikki ohiz gapini eshita solib, nima boʻlganini, nima qoʻyganini, tergovchi nimaga uni bir hafta urganinni oynada koʻrib turganday Tojiboyning oʻziga aytib berdiki, beixtiyor uning mushi tugildi. «Obbo Xidir tulki-ey, yanayam menga pand beripti-da», deb yandi.
— Xidir Sobirovichni soʻygan bilan ish bitmaydi, - dedi oʻsha bilimdon. – Uning oʻrniga talabgor boʻlgan Katta akangiz undan yaxshimi?
— Yoʻq, undan-da iflos.
— Mana koʻrdingizmi? Rahbarni almashtirish bilan ish bitmaydi. Aslini olganda qayta qurish negizi bu – kishilarning asosan past tabaqa – ishchi-dehqonlarning oʻzligini tanishidir. Oʻz haqlarini talab qilib ola bilishni oʻrganishidir...

E-e, Tojiboy qoyil qoldi. Qirq yil ochiqda yashab, sira bunchalik hayratlanarli gaplarni eshitmagandi. «Oʻgʻrinig bari ochiqda. Kallasi zoʻr ishlaydiganlar, hamma narsaga aqli yetadiganlar bu yerda... axloqini tuzatyapti», deb oʻyladi. Shularning gapini eshitib, Tojiboy ba’zan shu joylarga tushganiga ham shukr qilib yurdi. Boʻladi-da, ba’zan shunaqa damlar. – Qishloqda qirq yil yashab, uchovoraga qoʻshilolmagan odam, - uning qaysidir bir xislatini axloqini tuzatayotganlarning Qoplon degan eng zoʻri yoqtirib qoldi. Shu-shu Tojiboyning hurmati oshib ketdi. Lekin Qoplon boshqacha gap qildi.
— Sen joʻra, toʻgʻri ish qilgansan, malades! Faqat oʻldirolmaganing sa-al chatoq boʻlipti-da. Pichoqni tiqqandan keyin bura-ab olmaysanmi? Joyida qotardi. Xidiringga oʻxshaganlar hamma yoqda itday bolalab yotipti. Barini soʻyish kerak! – dedi u. – Seni bir martaga oʻzim chiqarib joʻnataman. Xidirni bir yoqli qilishing shart. Hayotingda eng katta savob ish shu boʻladi.

Aytishlariga qaraganda Qoplonning bir qancha dushmanlari bor emish. Birinchi marta birvarakay toʻrttasini soʻyiB, oʻn ikki yilga qamalgan ekan. Toʻrt yilda chiqiptiyu, yana ikkitasini tinchitib, oʻn besh yil olipti. «Hali soʻyishim kerak boʻlgan yana uch-toʻrtta maraz bor, deb qoʻyadi.

Bir safar Tojiboyni koʻrgani kelgan Mamat akasi kuyib-pishib kelib qoldi. Uchrashuv payti ancha pand-nasihat qildi. Yaxshi yur, yaxshi tur, boshliqlaringni gapidan chiqmasang ertaroq javob berib yuborishlari mumkin ekan, dedi. Turgan gapki, quruq nasihat Tojiboyga yoqmadi, bir necha bor akasini qaytarib tashlashga ogʻiz juftladi, lekin... lekin Tojiboyga qayishgan, Tojiboy deb xarajat tortib, yoʻl yurib kelgan, yanayam keladigan bitta shu yomon akasi-ku! Uni ham ranjitsa, keyin... Ishqilib, koʻp mulohazalarga bordi-da. Tojiboy boʻyin egib oʻtiraverdi. Nihoyat akasi Barlosdagi voqealarga koʻchdi. Yaqinda qishloqni melisa bosipti. Uyma-uy kirib, tekshirish oʻtkazishipti. Uch-toʻrt kishini oʻgʻirlik ustida qoʻlga tushirib, birdaniga mashinasiga bosib ketib, qamab qoʻyishipti.
— Men jiyaningni velosipediga oʻtirgʻizib, uylaringga yuboruvdim, - dedi Mamat qizishib, - gumondor narsasi boʻlsa, hozirligini koʻrib qoʻysin, devdim. Shalviragan xotining koʻra-bila turib, to hovliga melisalar kirib kelgancha choyini ichib oʻtiraveripti...

Tojiboyning ichi muzlab ketdi.
— ...keyin ular molxonaning eshigi ogʻzidan yarim xalta yem topib olishipti-da, xotiningniyam sharmanda qilib, Barlosning oʻrtasidagi koʻchadan haydab oʻtib, mashinalariga bosishdi.
— Men oʻsha, Xidir akani pichoqlashdan ikki kun avval doʻkondan sotib olib kelgan toʻrt xalta yemning qolgani boʻlish kerak u, - dedi Tojiboy zirqirab.
— Xotining shunday dedi, menam aytdim. «Doʻkondan sotib olgan boʻlsang hujjati qani?» dedi. Hujjat koʻrsatolmagandan keyin haydadi. Ming yalindim, melisalar koʻnmadi. «Hozir qayta qurish, biz tashmachilarga, mehnatsiz daromad topuvchilarga qarshi ayovsiz kurashamiz, bu haqda SK KPSSning alohida qarori bor, bu yem Eshqobilning fermasidan oʻgʻirlangan», deyishdi. Men ham bir xizmatkor odam boʻlsam, qoʻlimdan hech ish kelmadi. Asli, urib oʻldiradigan xotining bor! Odam yubordim, aytdim, xudoning zorini qildim, bari bir... boʻlmaydigan xotin boʻlmas ekan-da.

«Xotinim haqidagi fikr yangamni-ki!»
— Xotinimniyam qamashdimi? – Tojiboy qahr, alam bilan oʻrnidan turib ketdi. «Qoplon aytgan ishni qilish kerak. Endi Xidirni bir yoqli qilmasa,... boshqa iloj yoʻq».
— Bor-yoʻgʻi uch kun, - dedi Mamat. – Aytishlariga qaraganda yarim xalta yem uchun uch yilgacha qamash mumkin emish. Qamaydigan qilib, bir talay hujjat ham yigʻishgan ekan. Shuni bildimu, menda jon qoldimi? Yugurib, Xidirga bordim... Oʻ-oʻ, ukam, sen uchun qilmagan ishlarni qildim, yemagan b...larni yedim. Ishonsang, Xidirning oyogʻiga yiqildim, etagini koʻzlarimga surtdim, koʻnmadi. «Rejali tekshirish. Soyuz boʻyicha tashmachilarni jazolashyapti. Men iltimos qilsam jinoyatchiga sherikligingiz bormi, deyishadi, menga ham gap tegadi», dedi. Bezrayib turib oldi...

Tojiboy oʻtirgancha boshini changalladi: « Xidirlar xohlagancha oʻgʻirlik qiladilar. Gazetalar ularni «zamonamiz qahramonlari» deb maqtaydi. Yarim xalta yem uchun menga oʻxshash xudo urganlarni paygʻambari ham tepib oʻtadi. Nimaga men Katta akaning gapiga kirdim??? Tinchgina yursam oʻlarmidim...»
— Oʻ-oʻ nomard!? Qancha alami boʻlsa mendan olavermaydimi? Nega oilamga changal soladi? Ah-h!
— Shu naping xato, uka. Men keyin ham surishtirdim, bildim, bunday tekshirishlar boshqa qishloqlardayam boʻlipti. Koʻp odamlar qoʻlga tushgan. Epchilroqlar tayyorgarligini koʻrgan, sening xotiningga oʻxshaganlar... Asli hamma kasofat xotiningda. Erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham xotin, deb bekorga aytishmagan.

«Boʻldi-da-e! Muncha xotiningizni maqtaysiz!» deb yuborishiga sal qoldi. Oʻzi ne ahvoldayu, jerkinishga balo bbormi.
— Xotining yaxshi boʻlganda uka-a, seni allaqachon yoʻlgayam solardi, boy ham qilardi. Er topib kelgan narsani xotin degan tugib, bittasini ikkita qilib oʻtirmasa, bir soʻm topgandan bozorga chopaversa, roʻzgʻorning barakasi boʻladimi? Unday xotinga hayf! Nima deyotgan edim? Ha-a,.. Xidir avvaliga koʻnmadi, menam boʻsh kelmadim, qoʻltigʻiga suv purkadim, otang yaxshi, onang yaxshi, sendan it yaxshi. Barlosning otasi, butun bir xalqning egasi sensan, shu xalqning savobiyam, uvoliyam sening boʻyningda, deb gapni uzoqdan aylantirib keldim. Ha endi... yaxshi gapga ilon inidan chiqipti, deydi. Avradim, koʻ-oʻp avradim. Yangang aytib qoldi-da, - kallasi ishlaydi uning! – Xidirdan boshqa odam buni uddalay olmaydi, dedi. Boring, nima qilsangiz qiling, Xidirni kkoʻndiring, yomon boʻlsayam jigaringiz, bola-chaqasi toʻzgʻib ketmasin, kasofati bizga tegadi, dedi.

«Yangam tashvishdan qochib aytgandir bu gapni».
— Xullas, shu maslahat bilan men Xidirni idorasida mahkam ushlab oldim. Oʻnta bolaning zigʻircha gunohi yoʻq, dedim Shularning uvoli tutmasin, dedim.

«Nega oʻnta. Oʻn bitta-ku!»
— Shundayam koʻnmaydi, zangʻar. Ish sudga oshib ketgan, endi uni toʻxtatib boʻlmaydi, deydi. , Xidir aka, sizdan zoʻr eshshak yoʻq, siz bajarolmaydigan ish yoʻq, deb etagiga yopishdim. Oʻtgan gaplarni unuting, agar Tojiboy gunoh qilgan boʻlsa, jazosini tortib yotibdi, dedim. Xullas, koʻndirdim. «Boʻpti, boravering, oʻzim telefonlashib koʻraman», dedi. Shu kuni kechqurun xotining uyga kelib turipti-da.
— Indamasdan chiqarib yuboraveriptimi?
— Ha endi-i,.. Xidir ham iltimos qilgan boʻlsa kerak, bechora xotin degandir, oʻnta bolasi koʻchada qoldi, degandir...

«Nega yana oʻnta deyapti? – Tojiboy sergaklandi.
— Oʻnta emas, oʻn bitta!
— Ha, ishqilib, xotining bajarolmasayam itday, yilma-yil tugʻib tashlayvergan ekan, men sogʻ-omon borini aytyapman.

Tojiboy nimanidir anglaganday, vujudi qaqshab, akasiga savolomuz tikildi. Akasi yerga qarab, jim boʻlib qoldi. Tojiboy beixtiyor oʻrnidan turib ketdi, yana oʻtirdi.
— Nima boʻldi??!
— Ishqilib, qolganlari omon boʻlsin, uka, qolganining duosini qilaver. Bandachyailik ekan, xudo olaman desa, bandasining qoʻlidan hech ish kelmas ekan.

Tojiboy yeb qoʻyguday boʻlib akasiga qaradi: - Qaysi biri?
— Kenjatoying!

Tojiboy ixrab, panjalarini yuziga bosdi.
— Kasal ekan, kambagʻal. Otang qamalib ketdi, badtar boʻllaring, deb xotining yaxshi qaramagan shekilli-da, mening bilishimcha. Yangam ham shu gapni aytdi...
— Qachon?!
— Nima qachon?
— Qachon oʻldi?
— Ha, shu, xotiningni opketishdandan keyin ertasi kuni kechasi uzildi kambagʻal. Men ham, yangang ham boshida edik, duxturlarni tizillatib chaqirdik. Keldi, tinmay ukol qilib turdi. Yaxshi xizmat qildi lekin bechoralar.. Oʻlimga shak yoʻq. Birov erta ketadi, birov kech. Hozir bolalar oʻlimi koʻpayib ketgan, deb hamma yoqda gapirishyapti-ku. Ilojing qancha, qolganining haqqiga duo qilaverasan. Oʻzingni yurish-turishing bu boʻlsa. Xotining aytgan gapni qilmasa. «Kenjatoyim oqshomi bilan yigʻlab, meni ham uxlatmadi. Kallam garang boʻlib turgan edi, oʻgʻlingiz nima deganini anglamapman», deydi. Oʻl anglamay! Mana endi, bitta xaltani sal panaga olmagani evaziga ham sharmanda boʻldi, ham farzanddan ajradi, tagʻin besh yuz soʻmga tushdi.
— Yana qanaqa besh yuz soʻm?
— E-e, uka, sen nimani tushunarding? Qamab qoʻygandan keyin chiqarib yuborish oson ish emas ekan-da! Men Xidirga «uncha-muncha xarajati boʻlsa, qarindosh-urugʻlar oʻrtada qarz-havola qilib yigʻib beramiz, dedim. Xidir boʻpti, devdi. Bu gap ertalab boʻldi. Uyga borsam, ozroq pul bor edi, men xabar topmay qolibman, yangang sarflab qoʻygan ekan. Keyin Yoʻldosh, Bahri, Usmon uchovidan iltimos qilib, besh yuzni jamlab, tushgacha Xidirga obborib berdim. Bu zamonda pulsiz ish bitadimi, uka. Sen uchun qildim-da, ilojim qancha. Xotining ishlab topib berar, topolmasa sen bor. Chiqarsan-da bir kun. Yotmaysan-ku bu yerda bir umr, toʻgʻrimi? Yanayam Xidirga rahmat. Kek saqlamadi. Boshqa odam sening shu ishing uchun u dunyo-bu dunyo yordam bermas edi. «Da’vom yoʻq», deb sudga yozib berganini aytmaysanmi. Tushunish kerak-da, uka. Bular bilan olishib boʻladimi? Qayta qurish degani hammasi quruq gap. Qani, nima oʻzgardi? Yaxshirov yashayapmizmi? Yaxshiroq kiyinyapmizmi? Avval qanday boʻlsa hozir ham shu. Xidir haliyam Barlosni yeb yotibdi. Eshqobil fermada bilgan axmoqchiligini qilyapti. Eng bechoradan bittasi men boʻlsam, «bitta xaridor kelsa, bir bogʻ beda sotsam»,deb oʻtiraman. Shu-da endi. Lekin oʻsha oʻgʻrilarni ushlab berib koʻr. Ushlolmaysan. Sendan zoʻrroqlarning ham qoʻlidan kelmagan bu. Sen esa... Eh-he... – Mamat qoʻl silkib, oʻrnidan turib ketdi. – Endi qaytib borsang Xidirga qulluv qil. Qulluq qiladi, deb men aytdim. Boshqa ilojing ham yoʻq. Yuitta odam Xidirdan ortiq odamgarchilik qilmaydi. Rahmat oʻshanga!

Mamat akasi oʻsha kuni yana koʻp gaplarni aytdi. Tojiboy boshini egib, eshitdi. Qaytarmadi. Gʻing-ding demadi. Keyin... akasi ketgandan keyin mungʻayi-ib qoldi. Uch-toʻrt kun shu ahvolda yurdi. Uyini, oilasini, bolalarini shunaqa sogʻindiki... Iloji boʻlsayu, «E bor-e, nima boʻlsa boʻlar», deb qochib chiqib, Barlos qaydasan, deb joʻnasa, ammo...
— Badtar boʻlasan, - dedi Irismat, - uyinga yetmay ushlab kelishadi, yana uch-toʻrt yil qoʻshishadi. Xidirni koʻr, qanchalar aqlli inson u. Aslida kenjatoying nobud boʻlgandan keyin qoʻrqqanidan xotiningni chiqartirgan. Lekin... xotiningni qamatgan ham oʻzi. Shubha uygʻotmaslik uchun hatto boshqa qishloqlardayam tintuv oʻtkazishni taklif qilgan. Bu yogʻi tashmachilarga qarshi kurash avjida. Juda puxta tadbir. Oʻ-oʻ, bu odamga qoyilman. Ministr boʻladigan kallasi bor ekan. Hozir u qahramon. Hamma uni duo qilib, seni soʻkyapti. «Oʻz qotiliga yaxshilik qildi», deb uni alqashyapti. Endi sen ham puxta boʻlishing shart.
— Borasan, Xidirni oʻldirib kelasan. Oʻldirmasang gunohing boʻyningda ketadi, - dedi Qoplon, - bu yogʻini oʻzim toʻgʻrilayman.

Qoplon aytganini qildi. Qamoqxonaning boshligʻi bilan gaplashdi, koʻndirdi, boshliq kecha kechqurun ertagabgacha yetibkelish sharti bilan Tojiboyni chiqarib yubordi. Bir hafta oldin Tojiboy «falon kuni uchrashuvga ruxsatnomam bor, keling», deb akasiga telegramma yubordi. Akasi hozir qamoqxonaning eshigida sargʻayib oʻtirgandir. Tojiboy haqiqatan ham tong otgancha yetib borishi kerak edi-da. Barlosda hech kimga koʻrinmasdan, hech kimga bildirmasdan Xidirni tinchitishi va qaytib borib, «hech narsa koʻrmadim, bilmadim, akamni kutib yotibman», deyishi kerak edi. Axir qaytib bormasa,.. Tojiboyning qoʻliga safar xarajatlari uchun pul tutqizgan ham Qoplon. «Agar Xidirni oʻldirib kelsang qarzimdan kechaman», degan. Qiziq odamlar ham koʻp-da dunyoda. Odamning qoniga buncha tashna boʻlmasa? Xidirning unga nima aloqasi bor? Oʻzining dushmanlari boʻlsa boshqa gap. «Biz yomonlarni qancha koʻp qirsak, shuncha tez yashi jamiyat quramiz», deydi. «Buning uchun hamma bir jon, bir tan boʻlib, qoʻliga qurol olishi kerak» emish. Yotgan joyni qarangu, gapini qarang. Qoplon shunday degandan keyin Irismat ham indolmadi. Qoʻrqadi-da bari Qoplondan. Bu maskanlarda odamning joni sariq chaqa turmaydi. Nechtasini Tjiboyning koʻz oʻngida tinchitishdi. – Qoplonning ishtirokida. Buni Irismat yaxshi biladi. Shuning uchun Tojiboyga «borma» deya olmadi. Qiziq-da, qamoqda oʻtirib ham xohlagancha pul ishlash mumkin ekan. Qoplonning kissalari doim toʻla. Hatto ba’zan qamoqxonaning boshligʻiga qarz berganini koʻrganlar bor. Boshliq aynan Qoplonning hurmati uchun Tojiboyga ruxsat berdi. Tojiboy esa... borayapti, yomgʻirda ivib, shalvirab. Tojiboyning kelmasligi mumkin edi, lekin kenjatoyning oʻlimiga chidab boʻladimi? Yanayam indamasligi kerakmi? Xidirdan qanday boʻlmasin qasos olishi shart. Ana undan keyin toʻpning ogʻziga qoʻyib otib yuborishsin. Avvali xudo xohlasa, ish oʻngidan kelsa, pirlar madadkor boʻlsa, hech kim hech narsani payqamay qoladi. Ishqilib, taksi eson-omon loydan chiqib, ortidan yetib kelsa edi. Bu yogʻi tavakkal. Toʻgʻri uyga kirib, uxlab yotgan joyida boʻgʻizmaydi. Agar yonida xotini, bola-chaqasi boʻlsa, ularni ham... Ha-a, kerak boʻlsa axmoq yo koʻr emas. Irismat, Qoplonlarning qoʻlida ta’lim olyapti. Oʻ-oʻ Xidir-a! Uch kun qamatsa, besh yuzini olsa-da, yana chiqarsa. Bu orada Tojiboyning kenjatoyi nobud boʻlsa... Shuncha qilgʻilikdan keyin ham nahotki Xidir: hech kim hech narsani payqamadi, deb yurgan boʻlsa. Mamat akasiki alqayaptimi, payqamagani rost. Bitta-yarimta payqaganlar jim. Bundan tashqari Abdulla, Eshqobilga oʻxshaganlar esa «ol, Xidir oʻz dushmaniga yaxshilik qildi», deydi. Irismat aytmaganda, balki Tojiboy ham... E, oʻzi xalqning koʻzi koʻr! Xalq – poda, qayoqqa boshqarsang, oʻsha yoqqa ketaveradi, deganlari haqqas rost. Birgina oʻzidan misol. Qirq yilki, podaday yashadi. Odamday boʻlaman, deb endi... yoʻ-oʻq, Xidir bilan hisob-kitobni toʻgʻrilab qoʻymasa oʻgʻlining, eng yaxshi koʻrgan kenjatoyining qpsdini olmasa, Tojiboyning koʻzi budunyodan ochiq ketadi. Rahmat Qoplonga! Qani endi Qoplondek odamlar koʻp boʻlsa... Kattalik qilaman, deganning bittasi omon qolmas edi. Kichkinagina «katta» Xidir aka boʻlsa, shugina ham oʻgʻlini oʻldirib, ham besh yuz pora olib, ham xalqning rahmatini olib... E-e, bu... Xidirniyam...

Tojiboy kiyimi ustidan yonini silab koʻrdi. Pichoq joyida turipti. Qoplon ataylab Tojiboy uchun tayyorlatib berdi. Allanimadan emish, uchi ogʻirmish, mabodo otsang ham uchi borib kirarmish. Kirdimi, orqasidan havo kiradigan, ya’ni oʻldiradigan qilib yasalganmish. Qoplon Tojiboyni safarsha qattiq tayyorladi. Qoplonning oʻzida hatto toʻpponcha bor. Buni Tojiboydan boshqa hech kim bilmaydi. Faqat oʻzi kam. Bor-yoʻgʻi ikkita. Hozir Qoplon oʻqni koʻpaytirish rejalarini tuzyapti. «Ikkita oʻq bilan kurashga tushib boʻlmaydi», deydi Qoplon. E, u alomat! Ana oʻshanaqalarga duch kelsa ekan Xidir. Lekin... Xidir oʻshaniyam aldaydi, oʻshangayam dum buradi. Boʻlmasa... yoʻ-oʻq, Xidir endi Tojiboyning esi kirganini bilishi shart. Hozir boshqacha zamon. Irismat aytganday, «qayta qurish, oshkoralik zamoni. Ana shu zamon sharofati bilan odamlar oʻzlarinig kimligini, bir umr molday yashashganini bilib qoldilar! Lekin bari bir haligacha hech narsa oʻzgargani yoʻq. Bir xil qoʻriqchilar bor, yoqmagan mahbusni ermakka chiqarib olib, axloqini tuzatish bilan shugʻullanishai. Har kuni uch-toʻrt mahbus hamma yogʻi shishib, momataloq boʻlib, axloqi tuzalib qaytadi. Avvaliga ikki oy Tojiboy ham oʻsha qoʻriqchilarning qoʻlida koʻp «chiniqdi». Tugʻilganiga pushaymon yedi. Lekin gʻazabi ortsa ortdi, kamaymadi. Keyin Tojiboy Qoplonning nazariga tushib qoldiyu... Oʻsha joygayam taftishchilar boradi, deng. Xidirni tekshirishga kelganlardan hech qancha farqi yoʻq. Bir ogʻiz arz qilib koʻr, keyin... ozodlikda shikoyat qilsang, oʻzing tuhmatchiga chiqasan, oʻzing qamalasan. Qamoqxonada shikoyat qilsang, taftishchilar ketgandan soʻng oʻzingga alohida «axloq tuzatish choralari» koʻriladi. Ikkinchi bor taftishchi kelsa, «hammadan yaxshi, jannatdagiday yashayapmiz. Kommunistik partiyamizga ming rahmat», deb turaverasan.

Tojiboy Barlosga kirdi. Bir-ikkita koʻchani aylanib oʻtdi. Katta akaning hovlisidagi radiodan ovoz eshitildi: «Endi tonggi kontsertimizni boshlaymiz...» Keyin qoʻshiq eshitildi:

Munofiqlar baxtli,
Ablaxlar shodon,
Gohi razil zotlar qahramon, jasur.
Sening bir soʻzingga mushtoqdir zamon,
Senga koʻz tikadi bechora asr.