OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiUzumzorda (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uzumzorda (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Armiya xizmatidan yangi qaytgan Lapasga soldat formasi juda yarashar, koʻchada koʻkrak kerib yurganda qizlarning oʻzga havas bilan koʻz qirini tashlayotganini sezib qolsa, koʻngli bir dunyo koʻtarilardi.

Lapas qishloqqa uzum pishigʻida qaytgandi. Shuning uchun uyda yotgisi kelmay, brigadaga yashiklarga solingan uzumni mashinaga ortuvchi ishchi boʻlib oʻtdi Birinchi ish kuni edi. Bir joyda uzumlar toʻldirilgan yashiklar hammanikidan koʻp edi.
— O’h-hoʻ, kim boʻlsa ham zoʻr terarkan, - deb Lapas yashiklarni sanayotgandi, qator oraligʻidan chiroyli bir qiz ikki savatni uzumga toʻldirib chiqib qoldi. Toʻgʻrisi, Lapas uni koʻrib, bir lahza qotib turdi. Qiz goʻyo unga tanishdek. Ismi nima edi? Sira eslolmadi.O’ziga maftunkorona tikilayotgan soldat nazarini his qilgan qiz uyalib, soldatga yer tagidan bir qur nazar soldiyu, kulimsiragancha , uyalib, tagʻinam hech narsa sezmaganday, savatlaridagi uzumlarini boʻsh yashiklarga solishga unnadi. Qizning uyalinqirashi, qizarishi Lapasning aqlini shoshirdi. Xizmatdan qaytganidan beri Barlosning koʻchalarida ne-ne qizlarni uchratgan boʻlsa-da, hech biri uning fikrini oʻgʻirlamagan edi. Ne-ne qizlar koʻz suzsa-da, u bepisand oʻtib ketib yurgan edi. Ne-ne qizlarning fikrni oʻzi oʻgʻirlagan, buni bilar, oʻzidan magʻrurlanib yurar edi. Endi esa...

O’zi, .. ikki yildan beri qishloqda chiroyli qizlar koʻpayib ketipti. Armiyaga ketayotganda sochini turmaklay olmay yigʻlab yuradigan qizaloqlar endi tamanno bilan oʻzini toʻydami, boshqa yerdami, koʻz-koʻz qiladigan boʻpti. Ammo bu qizcha... Kim boʻldi ekan? Ismi... O’zi kichkinagina,ammo chayir ekan! Biram noziki, savat koʻtargan bilaklari uzilib tushadiganday tuyuladi qaragan kishiga. Ammo shu nozik bilaklari bilan hammadan koʻp uzum tergan. Buning ma’sum qarashlari... Bir marta, bir lahzagina qaradi. Shu qarashning oʻzidayoq Lapasning yuragidan nimanidir yulib ketdi. Qaniydi yana bir qarasa... – Lapas yashiklarni mashinaga orta boshladi hamki, koʻzlari qizda. Xayolan, qaramaslik kerak, bu odobdan emas, deb oʻziga buyruq bermoqchi boʻlar, ammo koʻzlari nuqul qizni izlar, boʻyni nuqul qiz tomonga burilaverar edi. Shu fursatgacha ham sheriklariga gap berib, ham yashik ortayotgan Lapas birdaniga jim boʻlib qolganiga sheriklar e’tibor berishmadi. Goʻyo e’tibor berishmaganday edi...
— Yasha Novvot! – dedi mashinaning ustida yashiklarni qabul qilib olayotgan Zokir aka. – Uzum terishda sendan oʻtadigani yoʻq..

«Ha-a, Novvot!  Novvot-a, Novvot!!»

Maqtovni eshitib, Novvot boshini koʻtardi-yu, yana Lapasnng oʻqday nigohiga duch kelib, uyalgandan tezlik bilan savatlarini olib, qator orasiga joʻnadi. Qiz qator oralab yurib bormasdi. Goʻyo muallaq havoda suzib ketardi. Qoʻllari sal silkisa goʻyo hozir osmonu-falakka koʻtarilib, uchib ketadiganday. Lapas yugurib, qizning ortidan yetmoqchi, uchib ketishiga yoʻl qoʻymay, nozik bilaklaridan tutib qolmoqchi boʻldi. O’shanda... endi osmonga koʻtarilayotgan qiz oʻgirilib pastga, bilagdan tutib qolgan Lapasga nazar tashlasa. Bir lahzagina! Keldingizmi, deganday... Kelishingizni bilardim, deganday... Keyin... Zokir aka yashiklarni olib ulgurolmay qoldi. Bir yashik uzum mashinaning chekkasiga sal ilingan ekan, yerga agʻdarilib, uzumlari sochilib ketdi.

— Iy-e, Zokir aka, sizga nima boʻldi, - deyishdi pastdaglar.
— Lapas soldat boʻlsa, unga bas kelib boʻlarmidi, - deya Zokir aka pastdagilarga ma’nodor koʻz qisdi.

Lapas oʻziga keldi. Goʻyo uning holatini hamma kuzatganu, endi ustidan kulishayotganday. Goʻyo uni ogʻir jinoyat ustida qoʻlga tushirishganday. Goʻyo hamma «Lapas Novvotni yaxshi koʻrib qolipti» , deb kalaka qilishayotganday. Mashinani toʻldirib joʻnatishgandan soʻng Lapas hech narsa bilmagan kishiday, qator oralab Novvot bilan dugonasining yoniga «hormanglar!», deb bordi. «Bor boʻling, keling!», deyishdi qizlar. Lapasning tili yana tutildi. Ketarini ham, turarini ham bilmay, bir bosh uzum uzib, Novvotning savatiga soldi.
— Bizga yordamga keldingizmi, Lapas aka? – gapga soldi Novvotning dugonasi quvlik bilan koʻzlarini suzib..

Lapas axmoqona ishshaygancha tasdiq ishorasida bosh silkib, uzum uzaverdi.

— Lapas aka, -dedi Novvot anchadan keyin gap soʻrayotganidan oʻzi uyalib, ammo gap soʻramasa, oʻngʻaysizlik tufayli Lapas hozir bir narsani bahona qilib, ketib qolishini anglagani tufayli, uni chalgʻitishga urinib. – Armiya yaxshimi, qishloq?

Lapas hayajonlandi. Novvot undan gap soʻrayotgandi, mushkulini osonlashtirgandi. Demak... demak... Yashshavor Novvot! Yashshavor Lapas!!

Armiya yaxshimi, qishloq? Albatta, tugʻilib oʻsgan joyingni hech yerga tenglab boʻlmaydi. Ona qishlogʻing qadrini uzoqlarda yurib, bir koʻrishga zor boʻlganingda bilasan...
— O’ylanib qoldingiz, Lapas aka! Armiyadagi oʻris qizlarni esladingizmi? – Novvotning dugonasi sira oʻzini bosib ololmasdi.
— E, ularning mingtasi bittalaringni bir tutam kokillaringdan aylanaversin, - dedi Lapas ilhomlanib. – Bir haftadan beri qishloqdaman. Xuddi tush koʻrayotgandayman. Soldatlikka shu qadar koʻnikkan ekanman, goʻy bundan bu yogʻi umring shu taxlit oʻtaveradiganday. – Lapas gaplarini Novvot jon-qulogʻi bilan tinglayotganini his qilib, zavqlandi. – Lekin bari bir oʻzimizning Barlosga hech yer teng emas... Men armiyaga ketayotganimda kichkina edinglar. Koʻchada qoʻgʻirchoq oʻynab oʻtirardinglar.
— Endi-chi?
— Endimi? Mana, brigada ilgʻori ekansizlar.
— O’h-hoʻ, maqtovni ham bilaman, deng.
— Maqtovmi, boshqami, ishqilib, koʻnglimdagini aytyapman-da. Sizlarga havasim keladi.

Novvotning dugonasi hamon Lapasni suhbatga tortar, ammo Lapas Novvot bilan suhbatlashishni istardi. Novvot esa duv qizargancha, har zamonda Lapasga oʻgʻrincha nazar tashlar, zoʻr berib uzum terardi. Lapas uning yonida, dugonasi esa qatorning narigi tarafida. Bir payt Novvot uzgan uzumini savatga solayotsa, Lapas ham solayotgan ekan, qoʻllari qoʻllariga turtinib ketdi. Novvot yana birinchi safargiday, yalt etib bir qaradiyu, koʻzlarini savatga tikdi. Lapasning yuragi hapriqdi. Shunday uyalchan, shunday tortinchoq. Shunday latofatli bu qiz.
— Bizlarga nega havasingiz keladi, Lapas aka? – soʻradi Novvotning dugonasi.
— Sizlar qishloqqa zor boʻlmaysizlar. Doim shu yerdasizlar.
— Bizning esa sizga oʻxshab qishloqdan chiqqimiz, dunyo koʻrgimiz keladi. Eh., qizlarni armiyaga olishmaydi-da. Birinchi boʻlib oʻzim ketardim. – Dugona orzuga berildi.

Lapas Novvotga oʻgirildi:
— Siz-chi? Siz ham askar boʻlmoqchimisiz?

Novvot chuqur mehr bilan qadalayotgan Lapasning nigohini yana tuyib, qimtindi. Nima deb javob berishni bilmasdi.
— Bilmasam...

Bu orada savatlar toʻldi. Toʻla savatlarni koʻtarib, karta oraligʻiga joʻnashdi. Novvotning savatlarini Lapas koʻtardi. O’zining kuchini koʻrsatish uchun qator orasidagi kesaklarga parvo qilmay, shaxdam qadamlar tashlashga harakat qildi. Bari bir to oraliq yoʻlga chiqqancha bilaklari toliqib ketdi, ammo oriyat yoʻl qoʻymadi, chunki qatorning narigi tarafida Novvotning dugonasi xuddi shunday toʻldirilgan ikki savatni hech bildirmay koʻtarib chiqayotgandi. Shunchalar nozik qizlar... Yana gap berib kelyapti. Armiyada pishib keldim, degani yolgʻon. Xomlab kelgan. Manovi qizlar uzum ichida pishgan, chayir tortgan...
— Men boray boʻlmasa, - deya Lapas ketib qolayotgani uchun uzr soʻradi.

Novvot «mayli» deganday jilmayib, bosh silkidi. Lapasga shu qarashning oʻzi yetarli edi. Koʻngli togʻday oʻsib, bir chetda dam olayotgan Zokir akaning oldiga bordi.
— Nima dedi? – soʻradi Zokir aka.
— Kim? Nima deyishi kerak? – Lapas talmovsiradi.
— Novvot yaxshi qiz! Uni olgan yigit baraka topadi. Niyating boʻlsa, harakatingni qil. Eshitishimcha, qoʻshni qishloqdan sovchilar kelayotganmish. Otasi bermayotganmish.
— Siz shunday deb oʻylaysizmi, Zokir aka.

— Men aytdim-qoʻydim. Bu yogʻini oʻzing bilasan. Tur, ana, mashina keldi, yashik ortamiz.