OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiYaxshi va yomon odamlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yaxshi va yomon odamlar (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

«Tanlab-tanlab tozisiga yoʻliqipti, deganlari shu!» – Buvixol opa alam bilan koʻzlarini chirt yumib, boshini orqaga tashladi. Shunda ham koʻzlaridan uch-toʻrt tomchi yosh tomchilari sizib chiqdi. «09»ning yaap gʻildiragi qaergadir urilib, silkindi.
— Shu yoʻllar ham sira soz boʻlmadi-boʻlmadi-da, - dedi rulni boshqarayotgan jiyani – singlisining oʻgʻli - Hasan, birovning mashinasini oʻnqir-choʻnqirga tushirib olayotganidan xijolat tortib.

Boya Buvixol opa keliniga yer bilan bitta boʻlib yalinayotganda ikki oʻrtada boʻlib oʻtgan gaplarning hammasini Hasan ham eshitib turdi. Kelinga bir nima demasa-da, achchiq ustida mashinani tez haydadi. Asfalt yoʻlning oʻydim-chuqurlariga bir-ikki tushibolgandan keyingina hovuri pasayib, tezlikni sekinlatdi.
— Xotin emas bu! Qanjiq! Qopaman, deydi-ya, tovba! – Mashinani boshqarishda davom etarkan, Hasanning tagʻin jahli chiqa boshladi. – Ehh! – Hasan hasrat aralash chap qoʻli bilan rulni tutgancha, oʻng qoʻli bilan qoʻngʻiroqni mushtladi. Qoʻngʻiroq sadosi yon bagʻirdagi daralarga singib ketdi. – Asli Farhod boʻlam axmoqchilik qilgan. Oyday xotinni qoʻyib, shuni olib oʻtiripti. O’qimishli, dunyoni tushunadi, devdi. O’qib-oʻqib erining boshiga yetdi. Ota-bobolarimiz besabab bunaqa xotinlarni otning dumiga bogʻlab sazoyi qilishmagan.

Buvixol opa indamadi. Shu chogʻ unga oʻz dardi yetib ortardi. Bir qarasang bu kelin – oyday. Hozir ham toʻrt-besh marta koʻz yoshi qilib oldi. Bir qarasang, erini qamatib oʻtiripti. Mayli edi Buvixolning bu yoqda oshib-toshib yotgan oʻgʻillari boʻlsa. Ikki qizi oʻqiymiz deb shaharga tushib,oʻsha yoqlarda kimlar bilandir «sevishdim» deb, «shunga bermasang oʻzimni osaman», «shunga bermasang bari bir qochib ketaman», deb qaysi bir viloyatlarga erga tegib ketgan. Xudoga shukr, ishqilib oʻzlaridan tinib-tinchishgan. Ammo hozirgi kunda Hasan aytganday, Farhodni qamab yuborishsa, uning – qarib-qartaygan, oʻrik qoqidan farqi qolmagan kampirning – kuni kimga qoladi?!

Yoʻq. Borish kerak! Boradigan joygacha borish kerak. Farhodning oʻzi: «Hasanga ayting, «09»ni minib, sizni idoralarga olib borsin, yalining-yolvoring, hech boʻlmasa sudgacha meni ochiqqa qoʻysin, Dilnoza bilan oʻzim gaplashaman», - degan edi. Bordi. Buvixol opa koʻp idoralarga bordi. Bari Dilnozaning oʻzini, otasini ham chaqirib gaplashdi, ammo Dilnoza...
— Nima qilaylik, koʻnmayapti, - deyishdi hokimiyatdagilar. – Hozir zamon chatoq, qayoqqa qarasang xotin-qizlar oʻzlariga oʻt qoʻyib yuboryapti. Majburlab boʻlmaydi. Keliningiz bilan oʻzingiz gaplashing.

Kimga borsa shu gap.
— Menga zarilmi qizimni ikki bolasi bilan uyda saqlab oʻtirish!? – dedi qudasi darvozaga chiqib (hovlisiga kiritmadi). O’tgan safar ham sizning koʻz yoshingizga ishonib, berib yuborgan edik, oʻgʻlingiz keyin, qizim xotini ekan-ku, kelib, bizlarni ham urdi. Ana! Gaplashing oʻzi bilan! – Quda Buvixol opani hovliga taklif qilmadi. Dilnoza ham koʻcha darvoza oldiga keldiyu, qaynonasini koʻrib serraydi.
— Nevaralarimni bir koʻrsat, jonim bolam, - dedi Buvixol opa iltijo aralash.
— Qoʻying!.. – Dilnoza «qoʻying, opa», deb yuborishdan soʻnggi daqiqada oʻzini tiydi. Keyin koʻchada Farhodning «09» oldida qoʻllarini beliga tirab oʻqrayib turgan Hasanni koʻrdiyu, Dilnozaning mehri tosh qotdi. «Battar boʻlinglar!» deganday lablari qimtilib, teskari oʻgirildi.
— Men nevaralarimga ishtonchalar opkelgandim, - dedi Buvixol opa Dilnozani eritishga urinarkan, asabdan dir-dir titrayotgan qoʻllarini sumkasiga tiqib.
— Kerak emas! Qoʻying! Alimenti ham kerak emas! Shu uydan eson-omon chiqqanimga shukr! Bolalarini bir balo qilib oʻzim boqib olarman.
— Ha mayli,.. yashamasang ham!.. – Buvixol opaning soʻnggi soʻzi qaltirab chiqdi, ammo shu zahoti oʻzini tutib oldi. «Yigʻlab-yigʻlab boʻlgan. Dilnoza yigʻiga erimaydi!» - Hech boʻlmasa da’voingdan kech! Menga rahming kelsin, bolam! Uni qamatib yuborsang mening kunim qanday oʻtadi?
— E! – Dilnoza qoʻlini paxsa qilib silkidi. – Sizni oʻylasa meni tinch qoʻysin edi. Men-ku mayli, nimaga onamni urdi?
— Urmagan, bolam, urmagan, salgina turtgan, xolos. Shungayam eringni qamatib yuboraverasanmi?

Yoʻq. Dilnoza da’vosidan kechmadi. Avvalgi safar kelganida Dilnozaning oʻzi «bolalarim, dadamga boraman, deyapti», deb yigʻlagan, lekin oʻshanda ham da’vosidan kechmagan, «chiqib kelsa tagʻin uradi», deb qoʻrqqan edi. Farhod ham tinch turmay, melisalar ushlab olib ketayotganda: «chiqib kelsam seniyam, ota-onangniyam soʻyaman», degan. Ha, Farhod Dilnozani urardi. Koʻp urardi. Farhodning otasi ham urongʻich edi. Boʻlsa, boʻlmasa bahona topib, sal gapdan Buvixolni doʻpposlab qolaverardi. Farhod otasiga tortdi. Qoʻy deganga qoʻymadi. Kaltakni koʻtaradigan, kaltakka chidaydigan xotin bor, chidamaydigani bor. Buni hisobga olmadi.

Farhodning birinchi xotini lanj edi. O’n gapga bir javob qaytarmasdi. Bersang yeyman, ulsang oʻlaman, deganlar xilidan edi. Uni urmasdiyu, koʻngli ham toʻlmasdi. «Qoʻyaman, yashamayman», deb turib oldi. «O’rgildim topib bergan xotiningdan», deb onasiga tarmashdi. «Shu toʻnka bilan umrimni oʻtkazishim kerakmi?», dedi. Men oʻzim koʻrib-bilib, sevib uylanishim kerak», dedi. «Men zamonaviy xotin olaman», dedi. Xullas, aytganini qildi. Bir oʻrtogʻining xotinini mashinasida tugʻruqxonaga olib borsa, haligi xotin ogʻirlashib qolipti. Keyin Farhod oʻrtogʻi bilan vrachni – shu Dilnozani uyidan olib kelgan. Keyin yana uyiga olib borib qoʻygan. Shu-shu ikkovining gapi bir yerdan chiqib, «tegaman-olaman» deb kelishgan ekan.

Birinchisini ikki bolasi bilan chirqillatib, haydab yubordi. Ikkinchisidan ham ikki bolali boʻldi. Shu orada gʻidirishlari boshlandi. «Kech soat oltidan keyin uyda boʻlasan. Navbatchiligingni tan olmayman», deb turib oldi. Dilnoza: «Xotinlar oqshom ham tugʻaversa, yarim tunda oʻzingga oʻxshaganlar uyimga kelib, shunaqa ahvol, deb tursa, ilojim qancha», dedi. «Mening topganim hammamizga yetadi. Uyda oʻtirasan», dedi Farhod. Dilnoza: «ishimni tashlamayman», dedi. Ikkovi gʻijillashdi-qoldi.

Topish-tutishi yomon emas Farhodning. Bugʻaltir. Birovlar umr boʻyi velosipedga yolchimay oʻtayotganda Farhod ikkita mashina almashtirdi. «09» ham yangi. Birovlar buni koʻrolmaydi. «O’gʻlingni harom pul quturtiryapti», deb yuziga ochiq aytganlar boʻldi. Shu darajaga borishdiya odamlar. E, Barlosdan baraka ketdi.

Dilnoza oxirgi safar ketib qolganda Farhodning oʻzi orqasidan bordi. «Qoʻy, arazlama», deb yaxshilikcha yalingan. Shunda Dilnozaning onasi oʻrtaga tushib vaysayveripti. «Gulday qizim bor edi. Senga tegib nima koʻn koʻrdi. Xarob qilding qizimni», deb Farhodning yoqasidan olipti. Farhodning achchigʻi tez emasmi, qaynonasini silkib tashlapti. Yana tarmashsa, nariroq tur, deb turtib yuborgan. Shunda qaynona yerga yumalab, voy-voylab qolipti. «Nega onamni urasan?» , deb Dilnoza dod-voy qilsa, uni ham aylantirib solipti-da, ketib yuboripti. Ana endi ona-bola kasalxonaga yotib olib, «urdi-tepdi», deb qogʻoz qilib, militsiyaga topshirishipti. Dilnozaga hech narsayam qilmagan. Onasining oyogʻi salgina toyishib, ozgina joyi singan, xolos. Jagʻiyam joyidan koʻchgan, deyishyapti. O’zi kelib tarmashganda nariroq tur, deb oʻzidan xolis qilaman, deganda Farhodning qoʻli tegib ketgan shekilli-da. Yaxshi davolansa, uzogʻi bilan bir-ikki yilda singan joylari joyiga tushib, tuzalsa koʻrmaganday boʻlib ketadi, deyishyapti mutaxassislar. Shungayam endi bular vahima qilib, Farhodni qamatib oʻtirishipti. Uyat! Duxtur bormi, melisa bormi, hammasi Dilnozaning otasiga qulluq qilishadi. Farhodning esa onasidan boshqa jon achiri yoʻq. Birgina jiyani Hasan boʻlsa, tayyor mashinani haydab kelishga zoʻrgʻa koʻndi. Tagʻin «avzoydan Farhod akani bular qamamasa qoʻymaydi», deydi. Bir ogʻiz daldaga mahtal boʻlib turganda shu gapi oʻrinlimi?

Farhodning gapi toʻgʻri-da. Xotin degan kechqurun soat oltidan keyin uyda boʻlishi kerak. Ishlaydigani albatta. Qayoqdan ham boshi aylanib, shu Dilnozaga ilinib qoldi. Ersiz yurgan qari qiz, qarasa, oyday yigit,  aylantirgan-da Farhodni! Asli bu uying kuygur oʻqiyman, ishlayman, degancha yoshi oʻtib, er topilmay yurgan.  Birinchi marta gaplashishganda Farhod  «xotinimga koʻnglim yoʻq, qoʻymoqchiman», deganga oʻxshash gaplarni aytgan. Shunda Dilnoza uni chalgʻitgan. Uch-toʻrt marta uchrashib, gap-soʻz qilishgandan soʻng «xotiningni qoʻy, keyin tegaman», degan. Yaxshi qiz boʻlsa, shunaqa dermidi! Bir xotinning, ikki bolaning koʻchada qolishini talab qilarmidi? Koʻp balo bor Dilnozada! Katta odamning farzandi, kelin boʻlib tushganidan Buvixolniyam, Farhodniyam nazariga ilmadi. Katta yeb,katta kiygan, katta davralarda katta gapirib yurgan qiz bu oiladan koʻngli toʻlmadi. Urishni ham ataylab oʻzi uyushtirardi. Keyin Farhod bir shapati ursa, bahona... Hu, qirgʻining kelsin! Mana endi, ikkita bola orttirib oldi, endi unga er kerak emas. Bilganini qilib yuraveradi...

— Bilmayman, qanaqa zamon boʻldi, - dedi Hasan xayol surib mashina haydarkan. – Xotinlarni boshimizga chiqarib qoʻyishdi. Bir ogʻiz qattiq gapirolmasang. Bir shapati urolmasang. Xotinlar ogʻziga kelganini qaytarmay vaysayversa. «Xotinlarning dastidan dod!» , deb yuborging keladi. Endi nima qilamiz, xola. Indamasdan uyga boraveramizmi?
— Melisaxonaga hayda.

Tuman ichki ishlar boʻlimida yoshgina, yuzidan goʻyo hozir kulib yuboradiganday suratli leytenant navbatchilik qilayotgan ekan. Buvixol opaning arzini tingladiyu, qoʻllarini ilojsiz yozib, dedi:
— Sal kechikibsiz, oʻgʻlingizni bu yerdan qamoqxonaga olib ketishdi.
— Nega? Nima uchun?
— Qamashgani yoʻq hali! – deb leytenant oʻzicha kampirni ovutdi. – Ishi sudga oshirilyapti. Bu yerda esa oʻn kundan ortiq saqlab turish mumkin emas. Qoida shunaqa.
— Qoʻying, bolam, dilimni ogʻritmang. – Buvixol opa ichki choʻntagidan ozroq pul chiqarib, leytenantning oldiga qoʻydi. – Bir ogʻiz gaplashib chiqay, zarur gapim bor. Dardingizni olay, yordam qiling. Sizning ham onangiz bordir, axir!

Farhod oʻrgatganday, Buvixol opa oʻn kun davomida bir necha bor shu yoʻsin Farhod bilan uchrashgan, amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot bergan, koʻrilajak choralarni rejalashtirib, maslahatlashib olgan edi. Hozir ham shak-shubhasiz pulning kuchiga ishongancha tinmay javrar, nima qilishini bilmay, angraygancha bir pulga, bir chorasiz kampirga tikilayotgan leytenantning koʻziga tikilgancha, yalinardi:
— Iye! Nima qilyapsiz, xola?! – Nihoyat miyasiga nimadir urdi, shekilli, leytenant sachrab ketdi.

«Kamlik qilyapti shekilli».
— O’rgulay melisajon! Mana, yana beraman! – deya Buvixol opa choʻntagidan yana pul chiqaraverdi. Kampirda pul koʻp edi. Farhodning oʻzi «ayamay ishlating», deb tayinlagan.
— Oling! Tez oling pulingizni! – Leytenantning ovozidagi sarosimalik oʻrnini zumda qat’iyat egalladi.
— Bolajonim, men bir daqiqaga kirib chiqay! – Buvixol opa yigʻlab yubordi.
— Oling deyapman pulingizni!

Buvixol opa pulni qanday olib, choʻntagiga solganini oʻzi ham bilmay qoldi.
— Siz juda... qiziq ekansiz-ku! – Leytenant hayajondan duduqlandi. Bir zumda yuzi qizarib-boʻzarib ketdi.

Bu bilan ish bitmaydiganga oʻxshaydi. Avvalgi tanish militsionerlarga uchrash kerak. Kechagi semizi ma’qul edi. Bitta yarimtaning puliga ham koʻnaverardi. Buvixol opaning darmoni qurib, koʻz yoshlarini artgancha, oʻrnidan turdi. Yoʻq, bu melisani ona tugʻmagan. Buning onasi boʻlganda Buvixolga bunaqa doʻq urmasdi.
— Men sizga oʻzbek tilida aytdim-ku, xola. O’gʻlingizni opketishgan. Bu yerda yoʻq, - dedi leytenant jahlidan ancha tushib.

Eshik ochilib, kechagi semiz kirib keldi:
— Ha, kampir, yana keldingizmi? O’gʻlingizni koʻrgingiz kelsa, endi Xovosga boraverasiz.
— Qanday borsam boʻladi u yoqqa?! – Buvixol opa bir zumda oʻzini tutib oldi. Demak hali harakat qilsa, oʻgʻliga uchrashsa boʻladi.

Kattaga kirsangiz hal qilib beradi, - dedi semiz. – Zap oʻgʻlingiz bor ekanu, jabr boʻpti-da! Keliningizning otasini yaxshi bilaman, juda oʻjar, iflos odam u! O’tiring kampir, oʻtiring.

Buvixol opa ancha taskin topdi. Har qalay melisaxonada shunisi odamshavanda, gapga tushunadigan edi. Pul olsayam qoʻlidan kelgancha ayamay xizmatini qiladi, yoʻl koʻrsatadi. Achinyapti mana.
— Uka, bir yordam berib yuboring, yoʻl koʻrsating.
— O’tiring qani, kampir, oʻtiring. Bizdan nima yordam kerak?

«Kampir» oʻtirdi. Shu payt leytenant tashqariga chiqdi. Ayni muddao. Yosh boʻlsayam oʻlguday qoʻrs ekan. Uning oldida qanday yorilishni bilmay turgan edi.
— Uka, oʻgʻlimni biratoʻla qutultirib chiqarib bering. Kattalaringiz bilan gaplashasizmi, boshqa qilasizmi, yoʻlini siz bilasiz. Qancha pul desangiz boricha beraman. Uydagisi yetmasa, mana, yangi «09» bor. Koʻchada turipti. Kerak boʻlsa, buniyam beraman. Jon ukajon! Kattalaringizning birovi gapga koʻnadi, birovi koʻnmaydi. Men ularning tilini tushunmasam. Mana bu... hozir chiqib ketgan ham «oʻgʻlingiz qamaladi», deydi. Huquq shularga tegib, Farhodday yigitlarni qamab yuboraverishsa. Mendek kampirlarning oʻligi koʻchada qolib ketaversa, yaxshimi? – Buvixol opaning tomogʻiga nimadir tiqildi. Yigʻi-sigʻi qilib yubormaslik uchun oʻzini toʻxtatdi.
— O’-oʻ, bu qiyin masala, kampir. O’rtada iflos qudangiz bor. Unga iltimos qilib borsangiz ham boʻladi, bormasangiz ham boʻladi. Ular da’vo qilib tursa chatoq. Eng avval qudagʻiyingizni kasalxonadan chiqarib olish kerak. «Da’vom yoʻq», degan qogʻozi kerak... Yanayam oʻylab koʻrish kerak ekan. Shu gapingizni sal ertaroq aytmaysizmi? O’gʻlingizning ishi prokurorga oʻtib ketdi.
— Ayollik qilganman-da. Miyam aynib qolgan oʻzi. Endiyam boʻlsa, yordam qiling, jon uka! Farhodning oʻzi topgan pullar uyda turipti, kerak boʻlsa, hammasini opkelaman. Qoʻllab yuboring, qoʻldan kelgancha...

Leytenant qaytib kirib, joyiga oʻtirdi. Buvixol opa tilini tiyib, iloji boricha oʻzini hokisor koʻrsatishga urindi.
— Me-en, kampir,.. qoʻlimdan kelgancha sizga yordam berdim. Kattalardan ruxsat olib, oʻgʻlingizga uchrashtirdim.
— Rahmat, ukajon, rahmat! Bu yaxshiliklaringizni men bilaman. Men bilmasam xudo bilsin...
— Xullas, bundan bu yogʻiga biz aralasholmaymiz. Shu gaplarni kecha aytganingizdayam, balki... Endi iloji yoʻq, kampir.

Buvixol opaning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi.
— Siz xafa boʻlmang, kampir! – semiz shapkasini olib, boshini qashidi. – O’limdan boshqa narsaning iloji bor. Siz toʻgʻri hokimiyatga kirib arz qiling.
— Kirdim. Uchradim.
— Xoʻsh?
— Qudamni, kelinimni chaqirtirdi. Kelinim yigʻladi, majbur qilsalaring oʻzimga oʻt qoʻyaman, dedi.
— Obbo! Ish chatoq-ku! Bizning xotinlar gapini oʻtkazishning yaxshi yoʻlini topib olishdi. Albatta, hokim ilojsiz qolgandir.

Buvixol opa shunday deganday bosh irgʻadi.

-Siz prokurorga uchrang-chi, - deya semiz yana reja tuzdi. – Yaxshi odam. Qaynonasidan koʻp jabr tortgan, sizni darrov tushunadi. O’gʻlingizga oʻxshab...

Buvixol opani prokuror oʻrnidan turib kutib oldi. Hol-ahvol soʻradi, choy quyib berdi. Bunday xush muomalani kutmagan Buvixol opaning xoʻrligi kelib ketdi. O’gʻlini qamashgandan beri bironta odam bunchalar gʻamxoʻrlik koʻrsatmagandi. Semiz esa... semiz pul dardida. Xush muomalasi ham yasama, qandaydir tahqirona. «Kampir» deb muomala qilishining oʻziga odamning gʻashi keladi, ammo iloj yoʻq. Buning ustiga Farhod nuqul: «bu ishni tezroq tinchitish kerak. Prokurorga oʻtsa, vaziyat ogʻirlashadi. Prokuror qamaydi», degan edi. Aftidan, qamaydiganga oʻxshamaydi.
— Obbo shovvoz-e! Qaynonasini uriptimi? Obbo shovvoz-e!
— Bor-yoʻgʻi bir shapat. Shungayam kasalxonaga olib olipti. Necha bor taqsir-tavallo qilyapman, sira koʻnmayapti. Da’voyimni qaytarib olmayman, deyapti. Siz yordam bering, prokurorjon!
— Mayli-ku, lekin...
— O’ligim koʻchada qolmasin, iltimos, mening oʻgʻlimni qamatmang.
— Kim aytdi sizga prokuror qamaydi, deb?
— Hamma shunaqa deydi. Men endi oʻzingizga uchrab, yaxshi odamligingizni koʻrib turipman. Baraka toping ishqilib! Bitta yaxshilik qiling. Omon boʻlsak qaytaramiz. Farhod ochiqqa chiqsa albatta qaytaradi. U koʻp pul topadi.
— O’gʻlingizning ishlari chatoq. Ishlagan joyida koʻp pullarni oʻzlashtirib yuborgan ekan. Hali tekshirish davom etyapti... Undan koʻra mana shu janjal bilan tushsa, bir-ikki yilda qutuladi. Qaytaga bu yaxshi emasmi?
— Iltimos, siz Farhodni ochiqqa chiqaring. Sudgacha. Siz Farhodni koʻrmagansiz, bilmaysiz. Ish joyida ilgariyam koʻp tekshirishlar boʻlgan. Ochiqqa chiqsa, bunisiniyam bosdi-bosdi qilib yuboradi. Shuncha tekshirishdan keyin ham Farhod ikki yilda ikkita mashina oldi. Siz yaxshilik qilsangiz Farhod albatta xizmatingizda boʻladi.
— Mayli, Farhod uddaburon ham deylik, ish joyini hal qilar. Ammo bir dam oʻzingizni qudagʻiyingizning oʻrniga qoʻyib koʻring. Oyoq sinib, jagʻ qiyshayib, ovqat yeya olmay... Kuyovingiz bormi?
— Ha, bir emas. Ikkita, - dediyu, Buvixol opa gap burimi qayoqqa ketayotganini anglab, tizzalarigacha zirqirab ketdi. Nahotki?!. Degan fikr miyasini yashinday parmalab oʻtdiyu, tagʻin...
— Deylik, qizingiz arazlab kelib qoʻydi. Kuyovingiz ichib olib, uyingizga kelsa-da, koʻz oldingizda qizingizni tepkilayversa, siz bir parcha goʻshtdan odam qilgan farzandingizni himoya qilasizmi, yoʻqmi?

Tamom. O’gʻli bilib aytgan ekan. Prokurordan yaxshilik chiqmaydi. Juda xushmuomala koʻringan edi kirganida. Prokuror ichirgan choy Buvixol opaning boʻgʻziga tiqildi. Bularda odamgarchilik yoʻq. Bular qamashdan boshqa narsani bilmaydi. Buvixol oʻsha, bir shapati yegan qudagʻayini ham yaxshi biladi. Erini noʻxtalab olgan. Qudagʻayi bir vaqtlar raykomning uchinchi sekretari boʻlgan, er uning qoʻlida boʻlim mudiri boʻlgan. Koʻpchilikning oldida, majlislarda er xotiniga: Falonchi Falonchievna» deb murojaat qilar ekan. Keyin orqalaridan odamlar: «Oqshomlari ham eri: «Falonchi Falonchievna, ruxsat bersalar...» deb turarmikan, deb kalaka qilishardi. Qudagʻayi raykom sekretari boʻlgan vaqtida avariya boʻlgan. Oyogʻi, jagʻini oʻshanda koʻp davolatgan.. Hozirgi yotib olishi bahona, xolos. Aslida, singan, chiqqan, deganlari bari yolgʻon. Duxturlar bilan kelishib, qogʻoz qilib, kasalxonaga yotib olgan. Buni isbotlash imkoni boʻlsa ekan Buvixolda! Uning gapiga birov quloq solsa ekan tumanda...
— Xullas, kuyovingiz qizingizga qoʻshib sizni ham uraversa... Siz bunday vaziyatga qanday qaraysiz? – Xushmuomala prokuror oʻrnidan turgancha qoʻllarini silkib-silkib gapirar, aftidan kampirga oʻz fikrini toʻgʻri tushuntira olayotganidan, kampirni «oʻtirgʻizib» qoʻyganidan xursand edi.

Yoʻq. Bu qaynonasidan jabr tortmagan. Buniyam onasi tugʻmagan. Bungayam gap tushuntirish befoyda. Bularning ichida oʻsha semizdan tuzugi yoʻq shekilli. Bundan yaxshilik chiqmaydi. Bitta balodan qutqaz deb kirsa, bu ikkinchi baloni boshlab oʻtiripti. Qudasi bilan tili bir bularning barining. Ishxonasiniyam tekshir, bugʻaltir u, kamchiligi har qandayiga topiladi. Shunda Farhod qimirlay olmaydi, deyishgan. Qirgʻin kelgurlar!
— Mayli, men imkon doirasida kam muddat soʻrayman, - dedi prokuror, - siz bitta yaxshi advokat toping.
— Qanaqa adovat?
— Adovat emas, advokat. Ya’ni sizni, oʻgʻlingizni qonun doirasida himoya qiluvchi mutaxassis. O’zingizni qoʻlga oling. Hali hech narsa boʻlgani yoʻq. Advokat kuchli boʻlsa, hammasi oʻnglanib ketadi.

Buvixol opaning ichida yana chiroq yondi:
— Ishqilib, yordam beradimi oʻsha adov... adak...
— Ha, advokatning vazifasi sizga yordam berish. Aytgan pulini topib bersangiz bas.
— Gap pulga qolsa, ishning bitgani shu-ku! – Buvixol opa prokurorning oldidan qanot bogʻlab chiqdi. Har qalay semiz aytganday, prokuror yaxshi odam ekan. O’zining qoʻlidan hech narsa kelmasligini bildirib, yoʻl koʻrsatdi.

Advokat haqiqatan ham Buvixol opaning gaplarini shoshilmay, diqqat bilan tingladi. «Agar oʻgʻlimni chiqarib bersang, koʻchadagi «09»ni qoʻlingga topshiraman», degan gapga kinoyaomuz kulimsirab qoʻydiyu, parvo qilmadi. Nihoyat bir nimalarni yozib, «ana shu hujjatlarni tayyorlab keling, albatta yordam beramiz», dedi va ayyorona ishshaydi:

  1. Ariza
  2. Oilaviy sharoit haqida ma’lumotnoma.
  3. Ish joyidan xarakteristika.
  4. Mahalla oqsoqollari nomidan iltimosnoma
  5. Deputatdan xat.

— Deputatni qanday topaman? - Buvixol opaning oyoq-qoʻli yanada yengillashdi. Dastlabki toʻrt hujjatni bir kunda jamlash mumkin edi.
— Izlab yurasizmi? Qishlogʻimizdayam bor-ku, - dedi advokatning huzuriga birga kirgan Hasan. – O’rozgul opaga uchraymiz.
— Qaysi?
— Sogʻuvchi O’rozgul opa bor-ku. Fermada ishlaydi.
— Qaysi? Barlos katta qishloq boʻlsa... Menga otasini ayt.
— O’rozgul opachi? Eshqobil ferma bilan birga ishlaydi. Fermada sogʻuvchi.
— O’la qolsin! Bir kamim endi oʻshanga borib yalinish qoluvdi. – Yarim soat oldin itning boʻlsa-da oyogʻini yalashga tayyor turgan Buvixol opa ishi yurishib ketganiga ishonch hosil qilgandan soʻng noz qildi. Har qalay Buvixol opa otdan tushgani bilan egardan tushmagan, Farhodning puli koʻpaygandan bu yogʻiga uncha-muncha xotinlar bilan ochilib gaplashmaydigan boʻlib qolgan edi.
— Ilojingiz qancha. O’sha, siz nazarga ilmagan O’rozgul opa – deputat. O’sha kishi qogʻoz bersa, Farhodning qamoqdan chiqishi tezlashadi. E, u kishining qogʻozi bilan koʻplar ozodlikka chiqqan.
— A-a?! – Buvixol opa shundaymi, deganday ishonqiramay advokatga oʻgirildi.
— Asosiy ishni biz qilamizu, agar deputat oʻgʻlingizga ijobiy xarakteristika bersa, ancha yordami boʻladi.

Buvixol opa advokatning oldidan yengil tortib chiqdi. Mana endi Dilnozaga, uning Tannoz onasiga koʻrsatib qoʻyadigan xonasi keldi. Ular u yoqda «urdi-tepdi» deb qogʻoz qilsa qilaversin. Buvixol opa bu yoqda ayol boshi bilan oʻgʻlini balo-qazolardan eson-omon olib chiqib ketadi. Egam sogʻlikni bersa, omonlik boʻlsa, albatta shunday boʻladi.

1990