OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbulqosim Mamarasulov
Asar nomiYigit ham yigʻlaydimi? (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abulqosim Mamarasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yigit ham yigʻlaydimi? (hikoya)
Abulqosim Mamarasulov

Murod besh yashar…

Onasi beshikdagisi bilan ovora boʻlib qoldiyu,singlisi ikkisi otasiga ergashib, koʻchaga chiqishdi. Kuzning yomgʻirli, zimiston kechasi edi. Otasi ishga joʻnab ketgandan soʻng qorongʻida qolishdan choʻchigan Murod:
— Ota, biz uyga kiraveraylikmi? – deb soʻradi.
— Kiraveringlar, - dedi otasi, enkaygancha velosipedining qaerinidir sozlashga unnarkan.

Aka-singil chopqillashib uyga kirishdi.
— Otang ketdimi? – soʻradi onasi, beshikni tebratarkan.
— Ha.
— Yaxshi borib keling, dedingmi?
— Yoʻq.
— Iy-e! Bolasi tushmagur! Yaxshi borib keling, demadingmi? – Onasining koʻzlarida bezovtalik aks etdi.

Aka-singil bir-birlariga qarab, bosh egishdi.
— Oʻtinglar, yotinglar qaqqayib turmay! Yaxshi borib keling, deydi-da odam. – Onasi chaqaloqning yigʻisiga ham qaramay, shoshgancha tashqariga chiqdi. Bir ozdan soʻng boʻshashib qaytib kirdi. – Joʻnab ketibdi otang, - degancha, zarda bilan beshikni tebratdi. – Yigʻlayverib, balo boʻlding!

Aka-singil indamay koʻrpaga kirib ketishdi…

Murod uxlab qolipti. Turtkidan arang koʻzini ochdi.
— Tur, Murodjon, tur, turinglar, hovliga chiqinglar… - derdi onasi yigʻili ovozda, soʻng uni quchoqlar va yana yigʻlar, titroq qoʻllari bilan qizining boshini silar, yana: - Turinglar, chiqinglar, yigʻlanglar… - der edi.

Murod uyqusirab, hech nimaga tushunmadi. Onasi unga toʻn kiydirdi, beliga belbogʻ bogʻladi. Singlisi ikkovini yetaklab, ayvonga olib chiqdi:
— Otaginangdan ayrilib qopmiz-ey! Otaginangni oʻldirib ketishipti-ey! Nima qilamiz endi, Murodjo-on??!!! Yigʻlanglar-ey! – onasining koʻzlaridan shashqator yosh oqardi.

Singlisi yomon bir narsani sezibmi, qoʻrqibmi, yoki onasining siqtashidan ta’sirlanibmi, baralla yigʻlab yubordi. Lekin Murod miq etmas, hech vaqoni anglamas, tumshayib turar edi. Keyinchalik kampirlardan biri:
— Sen bosh oʻgʻilsan! Endi ukalaringga ota oʻrnida otasan, bolam! Ularga qara, onangga qanot boʻl! – deya duv-duv yigʻlaganda ham garangsishi qolmadi.

Tong otdi. Odamlar yigʻila boshladi. Kelgan kim, ketgan kim. Hovli gavjum boʻlib qoldi. Murod kuzatish ermagi topilganidan xursand. Birovlar uning boshini silaydi, katta yigit boʻlib qolibsan-ku, deydi. Bundan koʻngli oʻsadi. Hovlida xotinlar davra olgan, oʻrtadagisi allaga oʻxshash bir nima aytar, tevaragidagilar unga joʻr boʻlishardi. Juda gʻalati edi-da bu oʻyin. Tezroq otasi kela qolsayu, Murod unga hammasini birma-bir aytsa. Boyagi kampirning gapiga qaraganda, otasini duxturxonaga olib ketishganmish.

Murod Tohir amakisini qurshagan davraga yaqinlashdi.
— Boshiga temir bilan qattiq urgan ekan-da, zangʻar! – dedi burama moʻylovli kishi bosh chayqab, - boʻlmasa, akangiz uncha-munchaga bas keladigan odam emasdi. Melisaga xabar berib ulgurganini ayting… Uchta ekanmi ular?.. Qorovulga hujum qilish… gruppavoy… postda turgan odamga… Oʻzlariniyam onalarini Uchqoʻrgʻondan koʻrsatsa kerag-ov?..

Hech kimdan sado chiqmadi. Kimga qarama, afsuslangandek bosh chayqaydi, xolos. Tohir amakisiuni koʻtarib oldi-da, davradan chiqdi. Amakisi har gal shirin konfetlar olib kelardi, shuning uchun Murod uni yaxshi koʻrardi.
— Biznikida toʻy boʻlyapti-ya?!

Amakisi javob bermadi.
— Aka, otam nega duxturxonaga ketdi?
— A? Otangmi? Yomgʻirda ishga joʻnatibsizlar-ku! Oqshom sovqotib qolgan-da!
— Toʻyga keladimi?
— Qaysi toʻyga?
— Mana, toʻy boʻlyapti-ku! Onam qoʻshiq aytyapti. Yuring, tomosha qilamiz.
— Keyin… keyin…
— Aka, bugun menga kamput opkelmadingizmi?
— Konfetmi?.. Sen ham katta yigit boʻlib qolding, Murod. Qachon maktabga borasan?
— Otam, kelasi yil, degan.
— Nechaga kirding?
— Oltmish birga, - dedi Murod sal uyalinqirab.
— Iy-ya, qarib qolipsan-ku, uka…
— Aka, sizni birov urdimi?
— Yoʻq.
— Unda nega yigʻlayapsiz?
— Obbo sen-ey! Urgan odamni aytsam, urib berasanmi?
— Kuchim yetmaydi-da. Kecha Alibek meniyam urdi. Yigʻlovdim, qochib ketdi. Hali koʻrasan, Tohir akamga aytib beraman, seniyam boplaydi, dedim.
— Koʻziga koʻrsatib qoʻymadingmi oʻzing?
— U mendan katta-da! Aka, siz Alibekdan zoʻrsiz-a!? Uni urolasizmi?
— Ha, adabini berib qoʻyamiz, shoshamay tursin bu Alibek.
— Alibek esa, Tohir akangdan qoʻrqmayman, dedi. Keyin otamga aytgandim, bor, ushlab kel, qulogʻidan choʻzib qoʻyaman, dedi. Men chiqqancha Alibek qochib ketibdi. Hali otam duxturxonadan kelsin, Alibekni ushlab beraman.

Shu orada Tohir akasini kimdir chaqirib qoldi. U Murodni yerga qoʻyib, oʻsha yoqqa ketdi…

Murod uyga kirdi, yotdi. Uxlab qolgan ekan, kimdir yuzlarini silab-siypab uygʻotdi. Qarasa, haligi kampir:
— Otangni duxturxonadan olib kelishdi, tur bolam, xoʻshlashib qol, - deyapti.

Otasi toʻrdagi uyda uxlab yotgan ekan. Sovqotib qolmasin deb, boshini oq latta bilan bogʻlabqoʻyishipti: «Otam uygʻonguncha Alibekni ushlab kelaman».
— Otam qachon uygʻonadi, momo?

Ayollar uvvos solib yigʻlashdi.
— Yigʻla, bolam, yigʻla! Nimaga yigʻlamaysan axir?! Bu –oxirgi koʻrishing! Endi qaytib otangni hech qachon koʻrmaysan! Eyo-y-y, shoʻri qurigan nevaram-a!

«Momomni ham birov urganga oʻxshaydi».

Murod endi yigʻlamaydi. Alibekdan kaltak yesa ham yigʻlamaydi. Oʻshanda koʻz yoshini oqizib kelganda otasi xafa boʻlgan, yigit ham yigʻlaydimi, degan. U yigʻlamaydi.

Odamlar bir nimani koʻrpaga oʻrab, ayvonga olib chiqishdi. Xotinlar chuvillashib qolishdi. Erkaklar haligi narsani narvonga qoʻyib, koʻtarib koʻchaga chiqishayotganda Murod ham pitillab ortlaridan ergashdi.
— Kel, otajon! – Hotam bobo uni opichlab oldi.

Bobo bir koʻcha narida turadi. Soqoli oppoq. Murodlarnikiga tez-tez kelib turadi. Onasining aytishicha, u yomon odam. Besh-olti marta uylanganu, xotin chidamagan: yo qochib, yo oʻlib qutulgan. Onasi:
— Kamroq kelsin shu odam biznikiga, - degan edi bir gal otasiga. – Sizdan boshqa unga xotin topadigan yoʻqmi?
— Kimni shunga joni achirdi? – degan edi otasi.
— Siz-chi? Sizga nima? Xotin kerak boʻlsa, oʻzi topib olsin! Nevarasi uylanadigan boʻlib turibdi-yu!
— Hay, buyam savob ish-da! Mingta kelin bir xotinning oʻrnini bosolmaydi.
— Xotin kerak boʻlsa, oʻgʻillari topib bersin.
— Men topsam nima qilipti? Bir qariyaning duosini olsak olipmiz-da, xotin.
— He-e, qari boʻlmay har balo boʻlsin. Koʻzlarini yomon koʻraman, olma-kesak terib turadi. Koʻnglida gʻarazi koʻp u odamning…

Qoʻy, qirq yillik gapni qoʻzgʻama. U vaqtlari senam, menam boʻlmaganmiz-ku. Nima boʻlsa boʻlib, unut boʻlib ketgan. Yaxshimi, yomonmi, qarindoshchiligi bor. Erta bir kun oyoqdan qolsa, kelinlari ham, qizlari ham kuniga yaramaydi. Bir xotinga zor boʻladi, shunda…
— Doim shunaqa deb yengasiz…

Onasining aytishicha, Hotam boboning keyingi uch xotinini otasi topgan. Bari bari boboga xotin chidamagan, oxirgisiyam oʻlib qutulganmi-ey, yana soʻqqabosh emish…

Murodning otasiga, u-bu, yumushimga qarashing, deb qoʻshnilar kelaverardi. Ba’zsi Murodga olma, boshqasi konfet tutqazardiyu Hotam bobo esa biron narsa olib kelgan emas. Shuning uchun u Murodga ham yoqmas edi. Lekin hozir odamlardan orqada qolib ketayotgnida Hotam bobo opichlab olganiga juda xursand boʻldi.
— Meni yaxshi koʻrasanmi, otajon?
— Sira kamput opkemaysizku!
— Ha-a… shunaqa de. Obbo otajon-ey! Hali koʻp kamput opkelaman, keyin meni yaxshi koʻrasanmi?
— Kamput opkelasizmi? – soʻradi Murod ishonqiramay.
— Ha, bir sandiq opkelaman.
— Olma-chi?
— Olmayam. Oʻshanda ota deysanmi meni?
— Yoʻq… Oʻzimning otam bor.
— Otang yoʻq endi. Oʻldi! Uni koʻmamiz, shu bilan omin ollohu-akbar. Katta otangni qara, soqoli shalvirab, yigʻlab boryapti. Meni quloqsan, deb surgun qilsayam haligacha omonman. Oʻgʻli koʻzini oldida asfalasofilinga joʻnavordi. Endi senga qiyin, bir oʻzing yotishga qoʻrqasan. Shuning uchun senga ota kerak. Meni ota qilasanmi?
— Oʻzimning otam uyda, uxlayapti! – dedi Murod, Hotam boboning gaplariga parvo qilmay. Chunki bu bobo ilgarilari ham shunaqa yomon gaplarni aytib, uni qoʻrqitmoqchi boʻlar, ammo u qoʻrqmas edi.
— Koʻrmayapsanmi, ana, odamlar otangning oʻligini koʻtarib ketishyapti. Obborib koʻmishadi, shu bilan tamom-vassalom. Onang – ersiz, sen – otasiz qoldinglar, - dedi Hotam bobo huzur qilib. – Hali katta otang ham kelib oyogʻimga bosh urib, tavba qiladi… Sen boshqa birovlarnikiga borib yurasanmi, meni ota qilib olaver-da. Keyin senga har kuni kamput olib kelaman.

Murod odamlar koʻtarib borayotgan narvondagi – otasi ekaniga ishonmasa ham Hotam boboni yana yomon koʻrib qoldi. Hatto kamput beraman, deganda ham indamadi. Oldinroqda ketayotgan Tohir amakisini koʻrib, pitirlab, Hotam bobosining qoʻlidan pastga tushdi va oʻsha yoqqa yugurdi.
— Aka-a!..
— Iy-e, Murod, sen ham kelyapsanmi? – Amakisi uni opichlab oldi.

Murod amakisining yelkasi osha Hotam boboga gʻolibona qarab qoʻydi-da, soʻradi:
— Aka, Hotam bobo yomon odam, a?
— Nimaga unday deysan?
— Onam doim shunaqa deydi. Mengayam, otang oʻldi, endi meni ota qilib ol, deyapti. Otam oʻlgani yoʻgʻ-a, aka?! Hotam bobo aldayapti-ya?!

Hotam bobo choʻtning soqqasiday koʻzlarini yiltillatib, ularga tenglashdi. Tohir akasi yomon oʻqraydi, lekin bobo parvo qilmay, dedi:
— Oʻlim ham, otajon, oʻlimga chora yoʻq. U desang ham, bu desang ham yangang beva qoldi…

Tohir akasi Murodni chap qoʻliga oldi-da, cholning yuz-koʻzi aralash basharasiga solib yubordi. Hotam bobo nimagadir toyib yiqildi. Murod quvonib ketdi: «Tohir akasi zoʻr! Hali Alibekni ham urib beradi!» Yonma-yon ketayotganlardan biri Tohirning bilagidan tortib ketdiyu Boshqasi Hotam boboni turgʻizdi. Bobo ust-boshini nari-beri qoqdi.
— Mayli, otajon, mayli. Otangning koʻz yoshini koʻrdim, endi oʻlsam ham armonim yoʻq.. Shu kunlarga yetkazganiga shukr!

Kaltak yegan boʻlsa-da, Hotam boboning koʻzlarida yosh koʻrinmasdi. Tohir amakisi

Esa yigʻlardi.
— He… oʻsha… sendaqa iflosni! Hali akamning bolalariga sen ota boʻlmoqchimisan? – Tohir akasi Murodni yerga qoʻyib, urinib-surinib, Hotam bobo tarafga intildi. – Hali burgutning oʻlimi – quzgʻunning bayrami boʻlib qoldimi? He oʻsha…

Odamlar uni mahkam oʻrab, ushlab qolishdi.
— Ket bu yerdan! Emasa soqolingdan sudrab, akamning lahadiga tiqaman!
— Mayli, otajon, mayli, ursang ham mayli… Menga…

Uyga qaytib kelishganlarida bildiki, otasini yana duxturxonaga olib ketishipti. Oqshom yomgʻirda qattiq sovqotgan ekan. Shundan keyin kim otang qaerda deb soʻrasa, duxturxonada deydigan boʻldi. Momosi ham, Tohir akasi ham shunaqa deyishgan-da.

Kunlar oʻtaverdi. Hadeganda otasi duxturxonadan kelavermadi. U otasini sogʻindi. Otam duxturxonadan qachon chiqadi, deb injiqlik qiladigan boʻldi. Onasi tun boʻyi uxlamay, yigʻlab alla aytardi:

Alla bolam, alla,

Shirin bolam, alla.

Otasidan ayrilgan

Yetim bolam, alla.

Bir kuni Murod koʻchada yana Alibek bilan urishib qoldi. Bu safar Murod boʻsh kelmadi. Alibekni urolmagan boʻlsa-da, kaltak ham yemadi.
— Murod sagʻir, Murod sagʻir! – dedi Alibek urolmagandan soʻng.
— Oʻzing sagʻir! – dedi Murod boʻsh kelmaganidan kuchlanib.
— Mening otam bor, otasi bor sagʻir boʻlmaydi. Sen sagʻirsan, sening otang oʻlgan!
— Bekor aytibsan. Otam duxturxonada, hali keladi, - dedi Murod. Dediyu, bari bir koʻngli boʻshashdi.

Otasi duxturxonada juda uzoq qolib ketdi-da. Tezroq kelsa boʻlmaydimi? Alibekni ushlab berardi. Keyin otasi uni rosa savalardi. Otasi Alibekni urishini tasavvur qildi. Alibek dodlaydi: «Qoʻyib yuboring-ey! Murodga ikkinchi tegmayman!», deb yalinadi.

Murod jilmaydi.
— Seni Tohir akang shunday deb aldagan, - dedi Alibek, - otam aytdi-ku. Murod sagʻir qoldi deb. Yetimcha yetti kulcha. Endi-chi, onang Hotam boboga tegadi. Hotam boboni ota qilasan. U seni rosa kaltaklaydi. Bildingmi? Iyx! – Alibek maza qilib kuldi.

Bunaqa gaplarni Murodga birgina Alibek aytmayotgandi. Hotam boboning nomini eshitgach, Murodning xoʻrligi keldi. Alamining zoʻridan uzalib, yerda yotgan katta toshni inqillab koʻtardi-da, Alibekka tashlandi. Alibek esa: «Murod sagʻir, Murod sagʻir! Yetimcha – yetti kulcha!», degancha qochdi-ketdi. Unga yetolmagach, Murod alamidan yigʻlab, uyga yugurdi. Kelsa, ayvondagi soʻrida Hotam bobo oʻtirgan ekan.
— Kel, otajon! – dedi u koʻzlari chaqnab, soʻng oshxonadan chiqib kelayotgan Murodning onasiga oʻgirildi. – Hech boʻlmasa mana shu norasidalaringni oʻylasang-chi! Bularni katta qilaman, degancha sil boʻlib ketasan. Yosh joningga jabr qilma. Mendan yoshi bari bir chiqmaydi. Ikki dunyoda ham mendan tuzugini topolmaysan.
— Kim chaqirdi sizni? Keting! Keting bu yerdan! Gapni koʻpaytirmang! Ersirab qolganim yoʻq.- Onasi zarda bilan ichkariga kirib, eshikni yopdi.
— Onajonim-ey! Bu shashtingdan tusharsan… er ham kerak boʻlib qolar… - Hotam bobo oʻzicha gʻudranib, gapi oʻziga nash'a qilib, kulimsirab oʻtiraverdi.
— Tushamanmi, tushmaymanmi, sizning ishingiz boʻlmasin, - dedi onasi ichkaridan qaytib chiqarkan. – Nimaga butun qishloqqa sassiq gap tarqatib yuribsiz? Kim sizga tegaman, dedi? Uyaling! Uyat sizga! Turing, keting bu yerdan!
— Qoʻy, onajon, qoʻy, haydama! Undan koʻra uyingga kirgiz, ovqating pishayotganga oʻxshaydi, suzib kel, yeylik. Bundan keyingi ishlarni bafurja kelishib olaylik. Sen – yesir, men – yesir…
— Murod, tez borib Tohir akangni chaqirib kel, - dedi onasi, oshxonadan kosov koʻtarib chiqarkan. – Bu miyasi aynigan kuchuk yaxshilikcha ketmaydiganga oʻxshaydi.

Amakisining hovlisi uzoq emas. Murod chopqillab ketdi. Amakisi juda yaxshi-da. Bir moshin koʻmirni oʻzi hovliga tashib berdi. Kattakon xaltada oq kamput, un olib keldiyu Onasi, yaxshiyam Tohir akang bor ekan, boʻlmasa, hammamiz ochdan oʻlarkanmiz, deydi. Otasi duturxonada yotib olgandan beri Hotam bobo juda serqatnov boʻlib qoldi. Otasi uyda boʻlganida-ku, bu chol onasiga qayrilib ham qarolmasdi. Jilpanglab, ishini bitirardi-da, joʻnab qolardi. Endi juda bemalolxoʻja, xohlagan paytida kirib kelaveradi. Eh, Murodning kuchi yetgandami, Hotam boboni yigʻlagancha urardi. Hali kichkina-da…

U amakisini boshlab kelganda onasi soʻrida chaqalogʻini bagʻriga bosgancha, emizib oʻtirgan ekan.
— Yana keldimi u? – dedi Tohir akasi tutaqib.
— Ha,.. kosov bilan zoʻrha haydadim.
— Bir gap bordirki, u hadeb kelaveradi!
— Shu gapni aytmagan bitta siz qoluvdingiz. Oʻzingiz bilmaysizmi nima gap borligini? Akangizning arvohi chirqillab turganda menga shu gapni aytasizmi? Tegmayman erga! Hech kimga tegmayman! – Onasi qon boʻlib yigʻladi. Unga qoʻshilib chaqalogʻi, keyin Murod ham yigʻlab yubordi. Onasi siqtab davom etdi. – Hotam cholning onangizga uylanmoqchi boʻlganini, ammo onangiz unga tegmaganini, butun umr Hotam chol shu armon bilan yashayotganini bilarsiz? Oʻzi hammaga aytib yuradi-ku. Otangiz aktiv boʻlib, keyin Hotam cholni quloq qilganini ham bilmaysiz-da, siz a? Alami koʻp u odamning sizlardan. Endi jabrini men tortayapman. Bekorga Tohirning yangasi menga tegishga rozilik berdi, deb Barlosga gap tarqatib yuriptimi? Otangiz hassasini peshanasiga diqillatib urib yigʻlayotganda ishshayib: «qaytar dunyo bu oqsoqol», deganidan xabaringiz bordir. Shuncha gapni bila turib, menga yana nima deysiz?

Tohir akasi oʻtirgan joyidan sapchib turdiyu: «He… oʻsha…» deya soʻkingancha, otilib koʻchaga chiqdi.

«Oʻhh! Boplaydi endi!»

Hotam bobo oʻshanda Tohir akasining daragini eshitiboq, endi meni oʻldiradi, deb qochib, ikki kun somonxonasida yashirinib yotgan ekan.

Bir kuni Murodlarnikiga yana odamlar yigʻilishdi. Uning nazarida yana toʻy boshlandi. Oʻynab yurib, oshxonaga kirdiyu, qotib qoldi. Otasi orqasini berib oʻtirgancha, qozondagi shoʻrvani shopirar edi. Murod quvonib ketdi: «Otasi duxturxonadan qaytib kelipti-da! Qanday yaxshi!» Sogʻingani shunchalikki, otasining bagʻriga otilish oʻrniga nafasi ichiga tushib, jimgina tashqariga chiqdi. Kosa koʻtarib kelayotgan onasining etagidan ushlab tortdi-da, otasini koʻrsatgancha shivirladi:
— Otam!
— Nima, goʻsht yeysanmi? – Onasi egilib soʻradi.

Murod yoʻq ma’nosida bosh silkib, «otam», deb shivirladi yana. Keyin onasining orqasiga yashirinib, otasini kuzatdi.
— Bovosi, mening oʻgʻlimga ozroq goʻsht bering, - dedi onasi.
— Ha?!

Murodning koʻzlari qinidan chiqib ketay dedi. Qozon boshidagi odam oʻgirilib unga qaradi: u boshqa odam edi!!! Otasi emasdi!!! Oʻtirishi, moʻylovi, hatto yuzi ham oʻxsharkanu…
— Qoch, qoch! Baring bolangni yetaklab kelaverasan. Goʻshtni senlarning bolalaringga bersam, mehmonlarga nima qoʻyaman?

Murod yigʻlab yubordi. Yoʻq, goʻsht berishmagani uchunmas, aldangani, otasi kelmayotgani uchun yigʻlardi. Otasi boʻlsa hech kimuni ham, onasini ham siltab tashlay olmas edi.
— Ha, joʻra! – Ortdan kelib qolgan Tohir akasi uni dast koʻtarib oldi-da, bagʻriga bosdi. Ovutdi. Qozon boshida oʻtirgan boboni urishib, unga goʻsht olib berdi. Biroq Murodning koʻngli goʻsht tilamasdi. U xun boʻlib, battar yigʻladi.
— Otasini sogʻinipti-da, Murod! Qoʻy, yigʻlama, joʻra! Aytgan vaqti bir tuyur goʻsht bersangiz oʻlib qolarmidingiz? Bilasiz-ku, koʻngli yarimta… Boʻldi qil, axir sen katta yigit boʻlib qolding-ku! Yigit ham yigʻlaydimi? Duxturlar otangga ruxsat berishmayapti ekan. Hali borib, duxturlarni urib, otangni tortib olib kelamiz, xoʻpmi? Qani, joʻra, axir kap-katta yigit…

Yigʻlamay desa, otasini sogʻingan. Otasi esa sira kelmayapti. Hotam bobo esa onasini qoʻrqitgani qoʻrqitgan. Alibek garchi endi urolmasa-da, yetimcha – yetti kulcha, deb qochadi. Murod qattiq oʻksingan, koʻz yoshlari marjon boʻlib oqar edi.
— Hoʻy yigʻloqi, otang koʻrsa nima deydi? – dedi oʻchoq boshida oʻtirgan bobo.

Murod goʻyo eshikdan otasi kirib kelayotganday sergak tortdi. Jimit qoʻlchalari bilan koʻz yoshlarini artdi.
— Otam kelsa, Alibekni tutib beramiz-a? – dedi Tohir akasiga.
— Hmm!
— Hotam boboniyam, a?

Tohir akasi yuzini ters oʻgirgancha, qult etib yutindi…