OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAdham Damin
Asar nomiBizda ham gʻurur bor (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Adham Damin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bizda ham gʻurur bor (hajviya)
Adham Damin

Kechasi uyga shirakayf kirib kelganimda uyqusiragan koʻzlarini ishqalab, «Namuncha» deya xushlamay eshik ochgan xotinimni koʻrgach, vaqt allamahal boʻlib qolganini payqagandek boʻldim. «Ovqatni isitaymi?» degani qulogʻimga dagʻal eshitildi. «Yemayman!» dedim keskin. Qorin och boʻlsa-da, bizda ham gʻurur bor.

Xotinim xoʻmrayganicha yotoqqa kirib ketdi. Men esa zalga oʻtib, divanga yonboshladim. Hadeganda uyqu kelavermadi. Stol ustida xotinimning sumkasi turardi. Shayton oʻlgur sumkani ochib yaxshilab titkila, ayol kishining sumkasi sir-sinoatga toʻliq hazina, deydi. Oʻng yelkamdagi rahmon farishtasi esa «uyat emasmi, kap-katta odam» deb bu yoʻldan qaytarmoqchi boʻladi. Kayf — tarang, oʻylardan boshim garang, fikrim chalgʻib, qay biriga yon bosishni bilmayman. Oxiri, shayton vasvasasi gʻolib keldi. Shartta sumkani qoʻlga olib yaltiroq tugmachisini tordim — «chiq» etib ochildi. Oʻpiray, kichkinagina boʻlsa-da, naq xazinaning oʻzi-ya: uzilgan tugmachalarmi-ey, parcha qogʻozlarga yozilgan telefon raqamlarimi-ey, konduktordan qaytgan eski-tuski uch soʻmlik, besh soʻmliklarmi-ey... Xullas, sanab sanogʻiga yeta olmaymiz. Birdan koʻzim yap-yangi, bejirimgina hujjatga tushib qoldi. Qiziq, bunisi nima ekan? Iya, yozuvlari inglizcha-ku! Orasida qoʻlda yozilgan oʻzbekchasi ham bor. Shoshib oʻqidim — xotinimning ism-familiyasi dona-dona qilib yozilgan. Oʻnida esa qandaydir chet el mashinasi markasining nomi, sotilgan kuni va hatto harfli-raqamli nomerigacha qayd etilgan. Bunga ham bir oy boʻlay deb qopti. Oxirida qandaydir firmaning muhri ham bor. Vo darigʻ, bu qanday gap axir? Qayta qurish oʻtib, tijorat zamonlari boshlanib, erni uyga mixlab, oʻzga yurtlarga borib mol keltirib, oldi-sotti qilib roʻzgʻor tebratayotgan ayollar borligini bilaman, lekin sira-sira bir uyda turib, eridan bemaslahat mashina olgan ayolni endi koʻrishim. E dunyoi qoʻtir, bir tomoni choʻtir, er deganning qadr-qiymati shunchalik boʻldimi? Bir ogʻiz indamay, sen ham odammisan demay... Axir, bizda ham gʻurur bor-a!

Nima qilish kerak bunaqa oʻzboshimcha xotinni? Besoʻroq mashina olsa-yu, tagʻin bir oydan buyon oʻgʻri mushukdek churq etmay, maza qilib minib yursa-ya! «Prava»ni ham toʻgʻrilagan hoynahoy. Axir, moshinga pul topgan odam «prava»ga topmaydimi? Qaerga qoʻydi ekan? Bir-ikki umumiy garaj tomondan kelayotganini koʻrgandek boʻlovdim-a. Hoziroq uygʻotib... He, oʻsha, erini sariq chaqaga olmay moshin minadigan oyimcha-satangni... Esi bor odam, oʻz qadrini bilgan odam bunday xotinning kovushini bir kundayoq toʻgʻrilab qoʻyadi. Zoʻr kelsa, choponini mardlarcha yelkaga tashlab, togʻu toshlarga bosh olib chiqib ketadi. Axir, er deganning obroʻyi shumi?

Oʻrnimdan shartta turdimu polni gʻichirlatib bitta-bitta bosgancha yotoqqa kirib bordim.
— Tur! Tur oʻrningdan, — dedim baqirib xotinimni turtkilab, umrimda birinchi marta sanlagancha. — Sen bilan orani ochiq qilmoqchiman.
— Nima, — xotinim yoqimsiz doʻngʻilladi. — Yarim tunda mast-alast kelganingiz yetmay... Ertaga gaplasharmiz.
— Tur deyapman, senga! — xunobim oshib battar oʻshqirdim. — Hozir gaplashamiz! Issigʻida! Ayni payti! Ertaga kech boʻladi! Men ham erkakman. Gʻururim bor!

Zalga chiqib divanga ogʻir choʻkdim. Ortimdan yuz-koʻzlarida ming hadik bilan xotinim kirib keldi.
— Men senga kimman? — yana oʻshqirdim unga qarab. — Ayt!
— Bolalarimning otasi.
— Yana-chi?!
— Erimsiz.
— Xayriyat, unutmabsan, oʻzboshimcha...
— Voy, nima qippan?!
— Tagʻin soʻraydi-ya! Odam degan bir ish qilsa, avvalo, eri bilan maslahat qilishi kerakmi? Moshin olganingga bir oy boʻlibdi, gajavang qilib minib, yuribsanakan-da! Eringga bir ogʻiz aytmabsan-a, nomard! Odam degan ham shunaqa boʻladimi?

Xotinim shundagina bir narsani tushungandek dam stol ustidagi ochiq-sochiq yotgan sumkasiga, dam uning yonidagi mashina hujjatiga qarab kulib yubordi.
— Voy oʻlmasam, xayol qursin, aytish esimdan chiqibdi. U-mi? Axir u — nemislarniki-ku: «Pfaff Zinger» — tikuv mashinasi...

Divanda qanday turgan boʻlsam, shunday oʻtirib qoldim. Na kulishni bilaman, na yigʻlashni. Kechirim soʻray desam, gʻurur qurgʻur qoʻymaydi.

Soʻnggi gapni dona-dona qilib xotinim aytdi.

— Oʻlganingiz yaxshi bu kuningizdan... Alkash! Xurmachaga siqqancha ichingda! Gʻururi bormish yana...