OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAdham Damin
Asar nomiMen sizga aytsam (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Adham Damin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Men sizga aytsam (hajviya)
Adham Damin

Ochigʻi eslamay deyman-u, lekin turib-turib alam qilarkan-da, kishiga. Siz uning mushugini «pisht» demasangiz-u, u siz haqingizda koʻpchilik oʻrtasida boʻlmagʻur gaplarni qilsa, Shodivoyning bugungi majlisdagi gaplarini aytaman-da. «Yoshsiz uka, mundoq koʻkrakni koʻtarib yuring! Odamlar bilan muomalada oʻz qadringizni yerga urmang! Laganbardorlik – ilonning yogʻini yalagan, muttaham, loʻttiboz odamlar ishi», deydi-ya, uyalmay-netmay. Gapini qarang: chayondek chaqadi. Doʻst boʻlsang, sekin qulogʻimga ayt! Til suyaksiz deb ogʻzingga siqqanini sannayverasanmi? Oʻsha gap deganning ham nuqta, verguli boʻladi. Odamzodda esa yuz-xotir. Laganbardor emishman... patxalim emishman... Voy, birovni koʻrolmaydigan-ey! Mana, bilim yurtiga ishga kelganimdan buyon oʻtgan yarim yillik umrimni, odamlar bilan qilgan muomalalarimni birin-sirin eslayapman, sira qingʻir joyi yoʻq.

...Aslida oʻzim koʻngilchan, muloyim tabiat, xushfe’l, sertakalluf odamman. Bilim yurtida hammani – direktordan tortib pol yuvuvchi xotinlargacha hurmatini joy-joyiga qoʻyaman. Xoʻsh, buning nimasi yomon? Qolaversa, oddiy oʻqituvchi boʻlsam... toki biror kattaroq odam boʻlguncha, endi...

Direktor basavlat, sersoqol kishi. Toʻgʻrisi, bilim yurtida undan ilmsiz odam yoʻqdek tuyuladi menga. Lekin, uni koʻrdim deguncha qoʻllarim oʻz-oʻzidan bukilib koʻkragimga kelib qoladi, gavdam oldinga egilib, tilim muloyimlashadi, koʻzlarimga, lablarimga kulgi qoʻnadi. Bu qoʻrqoqlikdan emas, qoʻrqoqlarni oʻzim yomon koʻraman. Bu salobat bosish, sir bosishdan boʻlsa kerak. Boʻlmasa, direktorni zigʻircha jinim suymaydi. Biroq hurmat qilaman. Ayniqsa, u bilan shaxmat oʻynaganda. Tosh terildimi, yutqazish yoʻllarini oʻylayman. Bu ham oson emas. Shaxmatni eng yomon oʻynaydigan ham u kishi. Lekin bir mengina emas, hali birorta oʻqituvchi, «master» ham, tuppa-tuzuk oʻynovchi qorovul chol ham uni yutmagan. Men ham oʻzimga yetgulik hushyorman – sharoitni tezda ilgʻab oldim. Yodimda, yangi kelganimda bilmasdan yutib qoʻyib, rosa bir oy direktorning shafqatsiz ta’qibiga duchor boʻlganman: oʻtirsam oʻpoq deydi, tursam soʻpoq. Bazoʻr qayta ishonch qozonib, kattalarni hurmatlashni oʻrganib oldim.

Direktor oʻrinbosari bor – Ma’ruf aka. Meksikaliklarga oʻxshab savatday shlyapa kiyib gʻoʻdayib yuradi. Shlyapa yarashsa oʻlay agar! Tagʻin oʻzini bilagʻondek tutadi. Kulib gapirsa ham menga shubhali koʻrinadi. Uni ham hurmat qilaman. Axir direktor yoʻgʻida (ba’zan turli xil shaxsiy ishlar bilan yoʻqolib ketish odatimiz bor) u kishidan soʻraymiz-da uzrimizni...

Ilmiy boʻlim mudiri bor – pakanagina, yuzlari archilgan piyozdek silliq. Qarashlari-yu, gapirishlarigacha sovuq – qishning oʻzi. Laqabi «antarktida». Umrida kulmagan ekan. Unga koʻzim tushsa, tanamni titroq bosadi. Oʻzi ham mushukniki singari qoʻrqinchli, zangori koʻzlarini loʻq qilib, toʻtiqushga oʻxshab soʻraydigan gapi bir xil: «Konspekt bormi? Ishga nega kechikdingiz? Ish kuni oxirigacha shu yerda boʻling! Bugun majlis bor». Uni ham hurmat qilaman. Axir doim konspekt boʻlavermaydi, uyquni yaxshi koʻraman, majlisbozlikka toqatim yoʻq, darsdan soʻng bir joyda turolmasam...

Bitta oʻzim tengi bola bor – aktivist! Mirquruq. Birinchi sort ezma! Aytishlaricha, bir institutda bizning soha boʻyicha olim akasi bormish. Ishimni oʻzgartirish niyatim ham yoʻq emas. Oʻqituvchilik ham podachidek bir gap ekan, jonga tegyapti. Podachiga maza, mol-qoʻy gapirmaydi. Bu yerda-chi?! Bay-bay, tokaygacha kap-katta odam mushtdek bolachalarning bema’ni savollariga javob berib yuraman?

Yusufjon degani bor, ogʻzi naqd bir qarich. Oʻlgudek boqibegʻam. Gapirgani futbol. Ammo oʻta tashkilotchi, har kuni «tushdan keyin oshdan gapir, oshdan», deb barchani kuldirgancha pul yigʻib yuradi. Qurgʻur, ogʻzi katta boʻlgani uchunmi, askiyaboz. Doʻst bor, dushman bor demaydi: duch kelgan joyda olaveradi. Oʻrin-nooʻrin olib qolmasin deyman-u, undan ham hurmatimni darigʻ tutmayman.

Bir-ikkitasini hisobga olmaganda qolgani davlatning oltin, kumush, suyaklaridan ola-bula qilib turnaqator tishlar qoʻydirgan, koʻzlari chaqchaygan, hiringlab gapiradigan keksa bir muallim bor. Hech kim mensimaydi uni. Lekin men anchadan buyon uni ham hech ikkilanmay hurmat qilyapman. Eshitishimcha, tagi-zoti pishiq odamlardan ekan. Keyin chiroylikkina boʻyi yetgan qizi bormish. Hali boʻydoqmiz, boshimizda Xudoning qarzi...

Oshpazimiz bor, hamma uni «shef» deb chaqiradi. Dunyoning xushchaqchaqligi unda. Soʻraganingni bolalarning haqi demay bir pasda hoziru nozir qiladi. Tili shakardan shirin. «Domlajon nima kerak? Goʻshtmi, yogʻmi? Hech boʻlmasa tuxum ola keting, qaqillab-shaqillab yurasiz...» Sertakalluflikni qarang, mendan ham oʻtadi-ya! Shunday odamni hurmat qilmay boʻladimi?..

Xullas, qissadan hissa deganlaridek, hozircha kichkina odam boʻlsak-da, barchaning ogʻzidamiz (Koʻz tegmasin!). Oʻtgan kuni bir oʻtirishda direktor ham, ilmiy boʻlim mudiri ham kayf ustida meni toza maqtadi. «Yosh, oʻsadigan, chaqqon, ziyrak kadr» deb. Hatto ilmiy boʻlim mudiri teskari qarab turganda direktor qulogʻimga pichirlab: «stajingiz yetganda-ku zavuchlikni olib berardim» deydi. Shu ketishimiz boʻlsa, kelajakda orzumiz ushalib, oz-moz koʻtarilib qolsak ajab emas.

Endi oʻzingizdan qolar gap yoʻq – Shodivoy bekorlarni beshtasini aytibdi. Xarakterimda ham, muomalamda ham bir gramm ortiqcha joyi yoʻq: hammasi sharoitga mos. Axir oʻsaman degan odam... Toʻgʻrimi?..

Haytovur dardim anchayin yengillashdi. Shuni aysa kerak-da, «gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga», deb.

Ha, aytmoqchi, yoddan koʻtarilishiga oz qolibdi. Soʻzlarimni boʻlmay eshitganingiz uchun sizga ham hurmatim oshib ketyapti...