OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAdnan Oʻzyalchinor
Asar nomiIsh tashlash (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Adnan Oʻzyalchinor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ish tashlash (hikoya)
Adnan Oʻzyalchinor

Fabrikaning betonlangan kenggina hovlisi qaytadan eritishga moʻljallangan siniq oynalar bilan toʻlib-toshib yotardi. Togʻday uyulib yotgan oynalar tonggi quyoshning nurlarida olmos qirralarini yiltiratgancha harakatsiz yotardi. Mana, necha kundirki vagon-vagon siniq oynalarni qizigan boʻtqaga aylantiruvchi pechlardan koʻkka tutun oʻrlamaydi. Qeyinchalik mazkur qorishmadan suv ichish uchun qirrali stakanlar, nafis yupqa stakanchalar, xilma-xil rangdagi jilosiz, kulrang, moviy, koʻkimtir va boshqa turdagi guldon hamda kuvachalar ishlab chiqariladi.

Kechayu-kunduz goʻyo afsonaviy devga oʻxshab olov hamda oʻt purkaydigan fabrika harakatsizlikda qotgandi. Daryoga tutashadigan, zanglagan tunuka hamda daryodan tutib olingan chirigan taxtalardan tiklangan gʻaribona kulbalar joylashgan kichkina tor. koʻchalarning aholisi qachonlardan beri ertalablari odatlanib qolishgan gudok ovozini eshitishmaydi. Badqovoq, tashvishli, soqollari olinmagan odamlar uyqusizlikdan qizarib ketgan koʻzlari bilan tongni faqat birdan-bir orzu bilan, ya’ni bir burda non orzusida intizorlik bilan kutishardi. Har kuni ertalab ularni ishga chorlovchi fabrikaning gudogi endilikda jim edi. Mana shu gudok bilan cham-barchas bogʻlangan hayot va kelajakka boʻlgan umid ham noma’lumlik qoʻynida tosh qotgandi. Lekin haqqi rostiga koʻchadigan boʻlsak, odamlarning oʻzlari kelajaklari ayanchli va bedavo ekanligini tushunganlaridan soʻng, xotin, bola-chaqalarining umidsiz nigohlariga dosh berishga qurbilari yetmasligini his qilishgach, fabrika gudogining ovozini oʻchirishga majbur qilishdi.

Sokin tonglar bir-birini quvib oʻtaverdi va hattoki odatda sershovqin hamda beorom Bosfor ham shu kunlar davomida butunlay tinch va osoyishta boʻlib, goʻyo umum qaygʻusiga hamdardlik bildirayotganga oʻxshardi. Na harakatu na qilt etgan shamol bor. Oʻchirilgan fabrika pechlari sovuq, oyna quyiladigan qoliplar esa boʻsh.

Biz — ishchilarmiz. Poshobogʻchadagi oyna fabrikasida ishlaymiz. Boyoʻgʻlidagi hashamatli magazinlarda qalbingizda shodlik va gʻurur hislarini uygʻotuvchi chiroyli tarelkalar, guldonlar, stakanlarni koʻrishingiz mumkin. Temperaturasi 1800 darajagacha koʻtariladigan sexlarda mana shu chinnilarni biz ishlab chiqaramiz. Fabrikada oʻttiz yillab ishlayotgan ishchilar soatiga 150 qurushdan yoki soliqlarni qoʻshgan holda kuniga 12 liradan tushirishadi. Lekin shunday ishchilar ham borki, ular soatiga 55, 80, 90 qurush ishlashadi. Bizning oʻrtacha soatbay maoshimiz — 127 qurush...

Fabrika binosi oldida xalq toʻplanib turibdi. Ishchilar oilalari, kichkina bolalari bilan kelishgan. Bosforning Anatoliya tomondagi qirgʻoqlarini oxiri yoʻq hoshiyaday oʻrab olgan tosh yoʻlda jonli barrikadalar qurilgan. Ishchilar yoʻldan oʻtayotgan yuk mashinalari, avtobuslar, yengil mashinalarni «Istambulning muhtaram grajdanlariga...» deb boshlanadigan chaqiriqni topshirish uchun toʻxtatishardi.

Jingalak soqolli va moʻylovi kuzalgan kishi qoʻlida bir dasta varaqa ushlab u mashina bilan bu mashinaga chopgancha hamma oʻtkinchilarga — shofyor hamda yoʻlovchilarga chaqiriqni tiqishtirardi. Uning charchoq qoracha koʻzida koʻk koʻzlari serhayajon yiltiraydi. Uni oʻrtoqlari Osim Bobo, deb chaqirishadi. Bir oyogʻi boshqasidan kaltaroq boʻlgani uchun bu odam bir oz oqsoqlanib yurardi. Shuning uchun ham uning kalovlanib yugurishi kulgili koʻrinadi.

Taksi tezligini oshirgancha toʻgʻri barrikadaga bostirib kelardi. Osim Bobo mashinaning oldidan kesib chiqib yoʻl oʻrtasida oyoqlarini kerib, qoʻlini yoygancha tosh qotdi. Shofyor tormoz berganda esa u xuddi oʻz ogʻirligi bilan mashinani toʻxtatmoqchi boʻlgandek mashina ustiga quloch yozdida, ochiq oynaga mahkam yopishib oldi. Joni hiqildogʻiga kelgan shofyor:
— Bu qanday gap! Rasvogarchilik!—deb soʻkindi.
— Shoshma-chi,— deya gapga aralashdi yoʻlovchi.— Unga nima kerakligini bilaylik-chi.

Osim Bobo shoshmay, oʻzining yorilib ketgan kattakon barmoqlariga tuflagancha varaqa olib, ularning har ikkalasiga tutqazdi. Keyin xuddi politsiya komissaridek qomanda berdi:
— Sizlar boʻshsizlar!

Shofyorning yonida oʻtirgan soch-soqoli taroshlangan, kraxmallangan koʻylak hamda galstuk taqqan yosh yigit oynadan qoʻlini chiqarib Osimning tirsagidan tutdi-da:
— Ota, oʻzing oʻqishni bilasanmi?— deb soʻradi.
— Yoʻq, nimaydi?
— Manavi qogʻozda nima yozilganini bilasanmi?
— Bilmayman.
— U yerda yozilganlarni toʻgʻri, deb oʻylaysanmi? Osim Bobo keskin egilib, boshini oynadan ichkariga suqdi-da, bu harakatidan yigit oʻrindiqqa suyanishga majbur boʻldi, yigitning koʻziga qat’iy tikilgancha fabrika darvozasi tagida tizilishgan ishchilarga qulochini yozib ishora qildi:
— Uni bizning oʻrtoqlarimiz yozishgan, biz esa qoʻl qoʻyganmiz. U yerda nima haqda gapirilmasin, hammasi toʻppa- toʻgʻri!..

Biz, ishchilar, 2500 tamiz. Agar oilalarimizni ham hisoblaydigan boʻlsak 10 000. Bizga kollektiv shartno-ma haqida qonun chiqqani va biz oʻz huquqlarimiz uchun kurashishimiz mumkinligi toʻgʻrisida aytishdi. Shartnoma uch yil burun tuzilgan. Lekin halihanuzgacha shartnoma boʻyicha hech vaqo olmadik. Biz uch yil kutdik. Endilikda kutishga tobi toqatimiz qolmadi. Boshqaruvchimiz Shaxob Kodjatopchu, oʻz-oʻzidan ma’lumki, katta boshliq hamda boy-badavlat odam. Lekin u biz bilan yangi shartnoma tuzishni xohlamayapti. U sizlarda bunday huquq yoʻq, deb da’vo qilyapti. Biz sudga hamda kassatsion sudga murojaat qildik. U yerda bizga toʻla ravishda haq-huquqingiz bor deb aytishdi.

Osim Bobo qirralari yaltiroq stakanlar, jilosiz hamda koʻkimtir guldonlar, tovlanuvchi naqshli quvachalar, umuman, fabrikalarida tayyorlanadigan barcha chiroyli mahsulotlar haqida bot-bot xayolga choʻmardi. U tugʻilib oʻsgan qishloqda choyni qoʻpol qilib ishlangan sopol yoki rux krujkalarda ichishardi. Qishloqdagi odamlar koʻr singari tongning qizgʻish shafagʻi nimaligini bilmas, atrofdagi barcha narsalar tunning qop-qora chodrasidan iborat deb fahmlar edi. Jazirama yozda, tomogʻi qaqragan odamlar boʻtana, loyqa suvni ariqdan mis choʻmich yoki suvqovoq, boʻyni choʻrt uzilgan sopol koʻvachada olib ichishardi. Sepga qoʻshib berilgan shisha stakanlar esa umr boʻyi tokchalarda chang bosib yotardi, ahyon-ahyonda faqat mehmonlargagina ishlatilardi xolos. Uy egalari esa ularga qoʻl tegizishmaydi. Agar bolalardan birortasiga oynaning sinigʻini topish baxti nasib qilsa uni sevimli oʻyinchoqlari orasida xuddi katta boylikdek asrashadi. Osim Bobo ana shu kuchli eritilgan oyna qorishmasidan uzun trubka orqali olovli halqachalarni xuddi yengil havo sharlaridek puflaydigan kuchli, dovyurak odamlarga nisbatan alohida muhabbat va hurmat his qilishi balki shuning uchun boʻlsa kerak.

Osim Bobo vagonetkalarga shisha siniqlarini ortar va ularni pechlarga olib borardi, u yerda esa bolalarni hatto tushida ham entiktiradigan olmos boʻlaklari suyuq qorishmaga aylantiriladi, keyin esa ulardan magazin vitrinalarida koʻzni qamashtiradigan nafis buyumlar ishlanadi. U oʻz ishini xursandchilik bilan bajarar, hamda shunday chiroyli buyumlarni tayyorlashda uning ham jinday boʻlsada hissasi borligidan magʻrurlanib yurardi. Vagonetkaga quyosh nurida yaltirayotgan oyna boʻlaklarini orta turib, u uzoqdagi qishlogʻi, oʻzining bolaligi, shisha sinigʻi haqida orzu qiladigan barcha qishloq bolalari haqida oʻylardi. U oʻz belkuragi bilan qanchalik chaqqon ishlasa, deya taxmin qilardi Osim Bobo, shunchalik koʻp stakanlar, kuvachalaru guldonlar ishlanadi hamda bolalarning tushlari ham shunchalik tez roʻyobga chiqadi, ya’ni choyni haqiqiy shisha stakandan ichish haqidagi orzulari ushaladi. U hamqishloqlari oldida maqtanishni yaxshi koʻrar, ularni magazin vitrinasi oldiga olib kelib:
— Manavi buyumlarni koʻryapsanmi, biz ularni bolakaylar yigʻadigan jajji parchalardan yasaymiz, — derdi.— Ana qaragin-a, koʻzingni kattaroq och: qitday dogʻ yoki darz topa olarmikansan? Ovora boʻlasan?..

Lekin kunlardan bir kuni ishchilar unga shunday deyishdi:
— Ishingni yigʻishtir! Bizlar pechlarni oʻchirdik. Shuning uchun sen ham belkuragingni yigʻishtir.
— Oʻzi nima gap?
— Sabr kosamiz toʻldi, Osim Bobo. Avvalgidek puflashga kuchimiz qolmadi, chunki boquvning mazasi yoʻq. Joni jahoningni berib puflaganing bilan bari bir foydasi yoʻq, qorishmani qolipga solmasingdanoq yorilib ketadi. Bu, demak, butun mehnating havoga ketdi, demakdir. Har kuni shu ahvol. Bu ahvolda biz avvalgidek hamma mamlakatga, barcha qishloq bolakaylariga yetarli stakanlar yasay olmaymiz. Boshqaruvchi ish haqimizni oshirishni istamayapti, darmonimiz qolmadi, nafasimiz yetishmayapti desak, eshitishni ham xohlamayapti. Bundan kelib chiqadiki, boshqaruvchi mamlakatda koʻplab idish-oyoq boʻlishini, hammaning shisha stakandan choy ichishini xohlamas ekan. Tushundingmi?

Ishchilar bir yoqadan bosh chiqarib ish joylarini tashlab ketdilar. Fabrika boʻshab qoldi. Faqatgina oq fartukli piketchilargina fabrikaga olib boradigan yoʻllarni qoʻriqlab, darvoza oldida u yoqdan-bu yoqqa yurib turishardi.

Kunlar shu tahlit oʻtaverdi va oxir-oqibat, oxirgi pullariyu nonlari ham tugadi. Erkaklar baliq oviga, ayollar bolalari bilan toqqa, tanovul qilib boʻladigan ildiz hamda oʻtlar, gulxayri novdalari hamda shovul terishga ravona boʻlishdi. Ularning oldida qishloqda oʻsib-ulgʻaygan Osim Bobo kalovlab borardi. U baliq tutishni bilmasdi, ammo-lekin togʻ oʻtlarini besh qoʻlday bilar, shamolga qarab havoni ayta olar, hayvon va qushlarning tilini tushunardi.

Kutilmaganda fabrikaga yangi ishchilarni olib kelishayotganmish, degan xabar kelib qoldi. Mana, uch kundan beri binoning qamali davom etyapti. Yarim kechasi ishchilar oilalari bilan, ya’ni hotinlari, chollar va bolalari bilan kelib fabrikani halqa shaklida qurshab olishdi. Yogʻoch, belkurak, choʻkich bilan qurollangan odamlar oʻz fabrikalariga boshqalarni kiritmaslik uchun hamma kirish va chiqish yoʻllarini ziyraklik bilan qoʻriqlab turishardi. Ular ishchi birodarlarini avval ularni aldashganidek, aldashlariga yoʻl qoʻyishmaydi. Mana, uch kundirki, odamlar politsiya bilan olishib oʻzlarini hamda fabrikani himoya qilishyapti. Ishchilar orasida yarador boʻlganlari ham bor, bir nechta kishini esa politsiya ushlab olib, qamoqqa olib ketishga muvaffaq boʻldi. Politsiya tahdid qilishga ziqnalik qilmayapti. Politsiya mashinalaridagi radiokarnaylardan tahdidli buyruqlar berib turilibdi. Lekin bari bir odamlar tarqalishmasdi, Ular yelkama-elka, bir-birlarining qoʻllarini mahkam ushlagancha turishardi. Oxirgi ogohlantirish ham eshittirildi va yon koʻchalardan ishchilar ustiga qurollangan politsiyachilar otryadi qaqshatgʻich zarba berib, halqani yorib, olomonni haydab yuborish uchun bostirib kela boshladi. Ishchilar tosh hamda yogʻochlar bilan himoyalanardilar. Uch kundan beri shiddatli kurash borardi. Odamlar sabot-la mahkam turishardi, ular ketishmadi, ketishmaydi ham...

Osim Bobo oqsoqlangancha bir toʻdadan boshqa toʻdaga yugurar, ayollar hamda bolalar oʻz vaqtida toshni yetkazib berishlarini nazorat qilib turardi. Tasodifan politsiyachi master Sherifga tashlanib, uni boʻgʻa boshlaganini koʻrib qoldi. Ishchining egnidagi koʻylagi boshdan-oyoq yirtilib ketgan boʻlib, uning mustahkam chayir tanasi ochilib qolgandi. Politsiyachi bilan ishchi xuddi urishqoq bolalarday yoqalashgancha yerda u yoqdan-bu yoqqa dumalar, xirillashar, soʻkishib pishillashardi. Lekin mana politsiyachi masterni yerga bosib oldi-da, uning tomogʻiga yopishib boʻgʻa boshladi. Ogʻir belkurakni ushlagancha Osim Bobo politsiyachiga tashlandi.
— Uni yaxshilikcha qoʻyib yubor! — deb baqirdi-da, belkuragi bilan hamla qildi.— Uning nafasi barchaga zarur! Bizning bolalarimiz, shuningdek, sening bolalaringning baxti uchun ham kerak! Tushundingmi!

Oʻrtogʻining boshiga oʻqtalgan belkurakni koʻrib qolgan boshqa politsiyachi revolverini olib unga qarata oʻq uzdi. Osim Boboning qoʻlidagi belkurak tushib ketib, yerga sanchilib qoldi...

U kasalxonadagina oʻziga keldi. Uning boshida turgan doktor jilmayardi. Osim Bobo ogʻriqdan oyogʻi sirqirayotganini his qildi. Oyogʻi xuddi qoʻrgʻoshin quyilganday ogʻir, gʻoʻladay harakatsiz.
— Oʻqni chiqarib oldim,— dedi doktor.— Oyoqni saqlab qololdik.

Qariya ogʻriqnn yengib, zoʻr-bazoʻr jilmaydi.
— Oh bechora oyogʻim-ey! Hecham omadi yurishmadi-yurishmadi-da!—Keyin hayajonla, doktordan soʻradi:— U yoqda biznikilar qalay? Qanday yangiliklar bor?
— Mahkam turishibdi. Azamatlar! Sen ulardan xavotirlanma. Qarshilik davom etyapti. Ertalab yaradorlardan xabar olgani birrov bu yoqqa kirishadi-yu, yana oʻz joylarini egallagani yugurishadi.

Osim Bobo oʻrtoqlarining taqdirini bilgandan keyin, yengil nafas oldi. Keyin doktor ayyorona jilmaygancha choʻntagidan toʻrt buklangan qogʻoz oldi.
— Manavi narsa yodingdami? Kecha ertalab mashinani toʻxtatganingda menga bergan eding. Oʻshanda men yarador boʻlgan oʻrtoqlaringiz oldiga shoshayotgan edim, otpuskada boʻlishimga qaramay zudlik bilan operatsiya qilishga chaqirishgan edi.

Osim Bobo kecha shofyorning yonida oʻtirgan yigitni endigina tanib qoldi.
— Kecha sen varaqada nimalar yozilganini bilmay-man, deganding-a? Eshitishni xohlaysanmi?
— Mana biz ish tashlashni boshladik. Fabrika — bu davlat mulki, demak, uning zarari ham davlat zimmasida. Fabrika boshqaruvchisi Kodjatopchu oʻz maoshini bekamu koʻst olib turadi, uning uchun zarar degan gi: mavjud emas! -

U bizni huquqimizdan mahrum qilish uchun nimalar qilmadi, deysiz! Kasaba soyuz rahbarlari bilan til biriktirib, shartnomaga bizdan yashirincha qoʻl qoʻyishibdi. Oqibat natijada, biz yana ikki qoʻlimizni burnimizga tiqqancha qolaverdik. Endi bizga qarshi,-qurolli quch tashlashdi. Ikkita ishchi yarador boʻlib kasalxonada yotibdi. Bizni tarqatib yuborishga urinishyapti. Bugun turli va’dalar berib aldab-suldashmoqda - ertaga esa poynaklardan suv quyishadi, oʻrtoqlarimizni qamoqxonalarga tashlashadi.

Bugun ish tashlashning saksoninchi kuni. Biz oʻz . huquqlarimizni da’vo qilishda davom etamiz. Ochdan oʻlmaslik uchun togʻtoshdan oʻt-oʻlan terib, baliq ovlamoqdamiz. Biz uyimizda bor hamma narsani — koʻrpa-toʻshakdan tortib kiyim-kechakkacha, hatto stullarni ham sotib boʻldik... Biz oʻlimdan qoʻrqmaymiz,— bu ollohning xohishi,— lekin, biz boshqaruvchini muzokara stoliga oʻtirishga majbur qilamiz. U sudning qaroriga boʻysunishi kvrak. Davlatga millionlab zarar keltirish hamda bizni ochdan oʻldirishga uning qanday haq-huquqi bor?..

Qariya yosh doktorga mehr va hurmat bilan qaragancha xuddi u faqatgina varaqa oʻqib berayotgan odamgina emas, balki unga ish tashlashning mohiyatini tushuntirayotgan fabrikalarining ishchisiga oʻxshabketdi. Doktorning koʻzlari yonardi, u oʻz bemoriga bitmas-tuganmas mehr bilan qarab turardi. — Sen haqsan, yigitcha,— dedi keksa Osim Bobo.— xammasi xuddi varaqada yozilganidek!

Ishchilar oʻz haq-huquqlarini himoya qilib kurash olib borayotganlari toʻppa-toʻgʻri, lekin faqat endilikda ishchilarning orasida Osim Bobo yoʻq, u oʻrtoqlari bilan yonma-yon tura olmaydi, bu kurashda yengib chiqib, haq-huquqlarini qoʻlga kiritib, keyin yana pechlarga oʻt yoqib, ishni davom ettirish baxti nasib qilarmikin. Nahotki, u fabrikaga qayta olmasa?.. Uning koʻz yoshlarini doktor koʻrib qolishidan qoʻrqib, deraza tomonga oʻgirilib, dengizga qaray boshladi. Uning koʻzlari fabrika trubalarini qidirardi, u fabrika ishlab turgan baxtli kunlardagidek trubalarda tutun oʻrlayotganini koʻrishni xohlardi.

Shunda doktor xuddi uning xavotirli fikrlarini oʻqib olgandek:

— Xavotirlanma, hammasi yaxshi boʻladi!—dedi. Keyin avvalgidek jarangdor ovozda chaqiriqni toʻxtagan joyidan oʻqiy boshladi:

— Bizga fabrikaning bir kunlik zarari miqdori-da qoʻshimcha haq toʻlashgan taqdirdagina masala hal boʻladi...