OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAgata Kristi
Asar nomiUstasi farang oʻgʻrilar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Agata Kristi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMuhabbat Ismoilova (Ingliz tilidan)
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ustasi farang oʻgʻrilar (hikoya)
Agata Kristi

– Bekam, kechirasiz, siz bilan bir daqiqagina gaplashsam boʻladimi?

Bu iltimos bir qarashda ahmoqona boʻlib tuyulishi mumkin edi: miss Marplning jikkakkina xizmatkori Edna ayni vaqtda oʻz bekasi bilan gaplashayotgandi.

Miss Marpl unga ruxsat berdi:

– Edna, albatta, ruxsat. Kiring. Eshikni yoping.

Eshikni astagina yopib, Edna xonaga kirdi; uning qoʻllari tinmay fartugʻining chetlarini gʻijimlardi va hayajondan u bir necha marta yutinib qoʻydi.
– Qulogʻim sizda, Edna, – qizni suhbatga chorladi miss Marpl.
– Bekam, mening amakivachcham Gleddi... U ishidan ayrilib qoldi.
– Voy, bechora. Tushunaman. Menimcha, u Old Xollda, opa-singil Skinnerlarnikida xizmat qilar edi, shekilli?
– Ha, bekam, xuddi shunday. Gleddi juda ezilib ketyapti.
– Lekin Gledis avvallari ham ishini bir necha marta oʻzgartirgan-ku, toʻgʻrimi?
– Ha, bekam, u har doim nimalarnidir qidirib yuradi, bilasizmi, sira bir joyda oʻtirolmaydi. Lekin har safar ishdan oʻzi ketardi.
– Bu safar esa teskarisi boʻldimi? – quruqqina soʻradi miss Marpl.
– Ha, bekam. Shunga Gledis juda ham ezilib ketayapti.

Bu narsa miss Marplni bir oz hayron qoldirdi. Uning bilishicha, oʻzining dam olish kunlari oshxonada birrov choy ichib ketish uchun bu yerga tez-tez kirib turadigan Gledis sogʻlom, doim kulib turadigan, lekin oʻziga mahkam qiz edi.
– Bilasizmi, bekam, – Edna gapida davom etdi, – gap bu narsa qanday sodir boʻlganligida. Va miss Skinner nima deb oʻylaganligida.
– Xoʻsh, u nima deb oʻylabdi? – xotirjamlik bilan soʻradi miss Marpl.

Shundan soʻng Edna odamlarning nima deyishayotgani toʻgʻrisida gapira ketdi.
– Bekam, Gledis shunaqangi ezilib ketyaptiki! Bilasizmi, miss Emilining oilaviy qimmatbaho toshlarining ichidan toʻgʻnagʻichi yoʻqolib qolibdi. Ular shunaqangi toʻpolon koʻtarishdiki! Albatta, bu mojaro kimga ham yoqardi? Albatta yaxshi emas, toʻgʻrimi? Gleddi ham hammayoqni qidirdi, miss Laviniya esa politsiyaga murojaat qilishini aytgach, toʻgʻnagʻich topilib qoldi - u pardoz stolidagi tortmaning ichkarisida ekan. Gledis shunaqangi xursand boʻlib ketdiki. Xuddi oʻsha kunning ertasiga taqsimcha sinib qolibdi va miss Laviniyaning jon-poni chiqib, Gledisga uni ishdan haydab yuborishini aytib, bir oydan keyin joyni boʻshatib qoʻyishini soʻragan. Gleddi esa gap taqsimchada emas, balki miss Laviniya shunchaki kimga zaharini sochishni bilmayotganini sezib turibdi; hamma gap toʻgʻnagʻichda – ular opa-singil ikkalasi toʻgʻnagʻichning yoʻqolishini Gledisdan koʻrib, politsiya haqida gap ketgach, u qoʻrqqanidan yana qaytib joyiga qoʻygan, deb oʻylashayapti. Gleddi bunday ishga qodir emas, u hech qachon birovning narsasiga koʻz olaytirmagan. Endi esa har xil gaplar tarqaladi, axir qiz bola uchun shu yaxshimi?

Miss Marpl boshini chayqab qoʻydi. U bu maqtanchoq, oʻziga bino qoʻygan qizni uncha yoqtirmasdi, lekin ayni paytda uning rostgoʻyligiga ham ishonardi va bu hodisa uni qanchalik xafa qilganini tushunib turardi.
– Bekam, sizningcha unga hech qanday yordam berib boʻlmaydimi? – umid bilan soʻradi Edna.
– Unga aytib qoʻying: tentaklik qilib yurmasin, – buyurdi miss Marpl. – Toʻgʻnagʻichni u olmaganiga mening ishonchim komil, xafa boʻlib yurishga ham hojat yoʻq.
– Hamma gapiradi-da, – ezilib dedi Edna.
– Men bugun oʻsha yoqlarga boraman, balki opa-singillar bilan gaplashib koʻrarman.
– Sizdan juda minnatdorman, bekam! – xursand boʻlib dedi Edna.

Old Xoll viktorian usulida qurilgan uy boʻlib, atrofi oʻrmon va uyning yonida joylashgan xiyobon bilan oʻralgan edi. Bu uyni sotib ham, garovga qoʻyib ham boʻlmasligi ma’lum boʻlganda uyning egasi uni toʻrtta xonadonga boʻlib, markaziy isitish yoʻllarini tekshirib koʻrdi va hamma oʻsha yerda istiqomat qiluvchilar birgalikda ishlata oladigan qilib, yerni boʻlib berdi. Uning bu tajribasi ish berdi. Xonadonlarning biriga boy va xudbin bir ayol oʻzining xizmatkori bilan koʻchib kirdi. U qushlarni juda ham yaxshi koʻrar va har kuni butun bir parrandalar toʻdasiga ovqat berardi. Boshqa xonadonga esa ilgari Xindistonda xizmat qilgan iste’fodagi sudya va uning rafiqasi koʻchib kirdi. Uchinchi xonadonga esa yosh kelin-kuyovlar joylashishdi. Toʻrtinchi xonadonni esa ikki oygina burun opa-singil qariqizlarga berishdi. Koʻshnilar bir-birlarini zoʻrgʻa tanishardi, chunki ularni bogʻlab turadigan hech narsa yoʻq edi. Uyning egasi bu – eng zoʻr yoʻl derdi. Chunki u, agar qoʻshnilar oʻrtasida ahillik boʻlmaydigan boʻlsa sal oʻtgach, ular gap talasha boshlashadi va sal narsaga oldimga shikoyat qilib keladigan boʻlishadi, deb qoʻrqardi.

Miss Marpl xonadon egalarining hammasini bilsa-da, ularning hech biri bilan juda yaqin emasdi. Opa-singil Skinnerlarning kattasi «tashkillashtiruvchi halqa» edi. Kichigi, miss Emili esa, deyarli butun kunni, hamma Sent-Meri-Middagilar «oʻzi oʻylab topgan» deb hisoblaydigan har xil kasalliklardan shikoyat qilib oʻrinda oʻtkazar edi. Faqatgina sadoqatli miss Laviniyagina uning singlisi «haqiqiy azoblarga dosh berayotganiga» achinar edi va uning hamma erkaliklariga chidar, vaqti-vaqti bilan «singlisi birdan xohlab qolgan» narsani sotib olish uchun qishloqqa borib kelardi.

Qishloq aholisining fikricha, agar miss Emilining shikoyatlari hech boʻlmaganda yarmi asosli boʻlganda edi, u allaqachon doktor Xeydokka murojaat qilgan boʻlardi. Lekin miss Emiliga bu xaqda aytishganda u koʻzlarini yumib olar va uning kasali oddiy kasallardan emasligini ta’kidlardi. Va yana uning aytishicha, uning kasali eng yaxshi londonlik shifokorlarni ham boshi berk koʻchaga olib kirib qoʻygan va u yaqindagina uchrashgan bir ajoyib shifokor unga yangi davolash kursini tayinlagan va endi unda tuzalish umidi paydo boʻlgandi. Oddiy shifokorlar esa shunchaki uning kasalini tushunishmaydi.
– Menimcha esa, – hech qanday gʻarazsiz dedi miss Xartnell, - u nima qilayotganini biladi. Doktor Xeydok – toʻppa-toʻgʻri odam, u miss Laviniyaga ahmoqlik qilmasdan oʻrnidan turishni buyurgan boʻlardi. Bundan esa unga faqat foyda boʻlardi.

Biroq miss Emili bu darajadagi oddiy davolanishni istamadi, aksincha, atrofida bir talay har xil dori qutilari yoyilgan holda oʻrnida yotishda davom etdi. Ayni paytda u uyda pishirilgan barcha ovqatlardan voz kechdi va ularning oʻrniga birorta anvoyiroq narsalarni talab qila boshladi.

Miss Marplga eshikni Gledis ochdi. Uning koʻrinishi juda xokisor edi; shu darajada ekanligini miss Marpl hatto tasavvur ham qilmayotgan edi. Mehmonxonada uni miss Laviniya qarshi oldi.

Laviniya Skinner baland boʻyli, qotmadan kelgan, yelka suyaklari turtib chiqqan ellik yoshlardagi ayol edi. Uning ovozi xirillab chiqar, harakatlari keskin edi.

– Sizni koʻrganimdan xursandman, – dedi u.– Emili yotgandi, bechoraning bugun bir oz mazasi yoʻq. Umid qilamanki, balki u sizni qabul qilar, bu uni bir oz koʻnglini koʻtaradi. Aslida vaqti-vaqti bilan u hech kimni koʻrishni xoxlamaydi. Bechora, unga juda ogʻir!

Miss Marpl uni xotirjam qilish uchun nimadir deb qoʻydi. Sent-Meri-Middagi gaplarning boshi xammasi xizmatkorlar xaqida borardi, shuning uchun suhbatni shu tomonga burib yuborish uncha qiyin boʻlmadi. Miss Marpl Gledis ularnikidan ketayotganligini odamlardan eshitganini aytdi. Miss Laviniya javob berish oʻrniga boshini qimirlatib qoʻydi.
– Kelasi chorshanba kuni ketadi. Butun idish-tovoqlarimizni sindirib boʻldi. Bunga koʻnika olmayapmiz.

Miss Marpl bizning kunlarimizda xamma narsaga koʻnikishga toʻgʻri kelishini aytib, xoʻrsinib qoʻydi. Qishloqqa xizmatkor olib kelish juda mushkul ish. Nahotki miss Skiner rostdan ham Gledisning ketishiga rozi boʻlsa?
– Tushunaman, xizmatkor topish oson emas, – miss Laviniya bu fikrga qoʻshildi. – Mana Deveryolar hech kimni topa olishmayapti. Buning albatta, hech hayron qoladigan joyi yoʻq – doim bir-birlari bilan urishishadi, kechasi bilan musiqa qoʻyishadi, xohlagan mahalda ovqat yeyishadi. Anavi qiz, uning xotini, xoʻjalik ishlariga yoʻq. Eriga odamning rahmi keladi. Larkinlarnikidan ham xizmatkori ketib qolgan. Albatta, sudyaninig oʻziga yarasha fe’li bor: hali qarasang kallai saharda uni qilib ber, hali qarasang, buni qilib ber; missis Larkin boʻlsa burnini jiyirgani-jiyirgan. Shuning uchun, buning hech hayron qoladigan joyi yoʻq. Missis Karmaykllarnikidan ularning Jeneti hech qachon ketmaydi, mening fikrimcha, u juda befarosat va mudom kampirning gʻashiga tekkani-tekkan.
– Balki, unda, sizlar Gledisni haydamassizlar? U juda ajoyib qiz. Men ularning oilasini juda yaxshi bilaman – juda oriyatli va muloyim odamlar.

Miss Laviniya boshini sarak-sarak qildi.
– Buning sabablari bor, – dedi u ma’noli qilib.
– Siz toʻgʻnagʻichingizni yoʻqotib qoʻyibsiz, – dedi asta miss Marpl, – tushunaman...
– Sizga buni kim aytdi? Oʻzimi? Rostini aytadigan boʻlsam, toʻgʻnagʻichni u olganiga mening ishonchim komil. Keyin esa qoʻrqib ketib, yana joyiga qoʻyib qoʻygan. Albatta, oʻz koʻzing bilan koʻrmaganingdan keyin gapirish yaxshi emas.

Miss Laviniya suhbat mavzusini oʻzgartirdi:
– Miss Marpl, miss Emilining oldiga kirib chiqsangiz, degandim. Bu uning kayfiyatini koʻtarardi.

Miss Marpl indamay miss Laviniyaning ketidan ergashdi; u eshikni asta taqillatdi, «Kiring» degan soʻzni eshitgach, mehmonni uydagi eng yaxshi xonalardan biriga olib kirdi. Bu xona deyarli qorongʻi edi, chunki derazalardagi barcha darpardalar tushirib qoʻyilgandi. Miss Emili karovatida xuddi nimqorongʻilikda oʻz «azob»laridan rohatlanayotgandek, yastanib yotardi.

Miltirab turgan xira chiroq yorugʻida bir tutam sargʻish sochlari naridan-beri boshiga turmaklangan, juda ham oriq, koʻrinishidan fe’l-atvori boʻshgina boʻlgan ayolni bir amallab koʻrish mumkin edi. Uning soch turmagini koʻrgan kishi birorta qush ham yashamaydigan uyaga oʻxshatardi. Xonadan atir, suvi qochgan pishiriqlar va qatiqning achitqi hidlari anqirdi.

Emili Skinner koʻzlarini zoʻrgʻa ochib, hasta tovush bilan «bugungi kun uning uchun ogʻir kunardan biri» ekanligini aytdi.
– Bemor uchun eng yomoni – oʻzini boshqalar uchun yuk ekanligini his qilish, – gʻamgin tovush bilan dedi miss Emili. — Lekin Laviniya menga juda mehriibon. Levvi, jonginam, seni bezovta qilishni istamayman, lekin mana bu isitgichdagi suvni bir oz toʻkib bera olasanmi, shuni koʻtarish ham menga ogʻirlik qilyapti; bir yoqdan esa suvi kam boʻlsa, tez sovub qolyapti.
– Beraqol, jonginam, men toʻkib beraman.
– Unda bir yoʻla suvini ham almashtirib kelaqol. Albatta, uyda qotirilgan non yoʻq. Hechqisi yoʻq, chidab turarman.... Limonli choy qilib beraqol. Limon ham yoʻqmi? Yoʻq, limonsiz kerak emas. Sut ham ertalab chirib tushgandi. Mayli, choysiz bir amallarman. Shunday boʻshashib ketyapmanki! Ustritsalar juda foydali deyishadi. Boʻlsa, ikki donagina yerdim. Yoʻq, yoʻq, hozir shart emas, ovora boʻlma, kech boʻlib qoldi. Ertalabgacha bir amallayman.

Laviniya eshitilar-eshitilmas velosipedda qishloqqa borib kelishini aytib, xonadan chiqib ketdi. Miss Emili odamlarni bezovta qilishni juda yomon koʻrishini aytib, beholgina kulimsirab qoʻydi.

Oʻsha kuni miss Marpl Ednaga, uning harakatlari zoye ketganligini aytdi. U bechora qizning qilgan xatti-harakati butun qishloqqa yoyilganini eshitib, juda xafa boʻldi.

Pochtada esa uning oldiga miss Ueterbay yugurib keldi.
– Azizim, Jeyn, bilasizmi, ular qizga yozma tavsiyanoma berishibdi, u yerda qizning buyurilgan ishlarni tezda ado etishligi, ichmasligi va umuman, yaxshi qizligi toʻgʻrisida yozilgan. Lekin u yerda uning qoʻli egri emasligi toʻgʻrisida hech narsa deyilmagan. Qandaydir bir toʻgʻnagʻich voqeasi haqida gapirishyapti. Bilasizmi, hozirgi paytda bekorga xech kim xizmatkorini haydab yubormaydi. Oʻrniga kimni ham topib boʻlardi! Old Xollga kim ham borardi deysiz! Dam olish kunlari qizlar uylariga qaytishga qoʻrqishadi. Mana koʻrasiz, opa-singillar hech kimni topisha olmaydi. Miss Emili esa oʻzining kasaliga qaramay hamma narsani oʻzi qilishiga toʻgʻri keladi.

Qishloqdagilar opa-singil Skinnerlar agentlik orqali hamma tomondan toʻkis boʻlgan yangi xizmatkor topishganini eshitib, yomon xafa boʻlishdi.
– Uch yil uchun berilgan hamma tomondan ijobiy tavsifnoma. U qishloqda yashashni afzal koʻradi. Yana, Gledis olgandan kamroq maoshga ham rozi. Menimcha, bizning rosa omadimiz keldi.
– Shunday boʻlsa-da, nimagadir haddan tashqari yaxshi, odamning ishongisi ham kelmaydi,–dedi miss Marpl, miss Laviniya baliq doʻkonida unga oʻzlarining yangi xizmatkorlari haqidagi yangilikni aytganda.

Sent-Meri-Middagi barcha odamlar esa, bu toʻkis xizmatkor oxirgi damda fikridan qaytib bu yerga kelmaydi, deb aniq ishonishar edi.

Oldindan ochilgan follarning birortasi ham toʻgʻri chiqmadi va bir necha kun oʻtgach, bu «boylikning» (uning ismi Meri Xiggins edi) taksida Old Xollga tomon kelayotganini koʻrishdi.

Miss Marpl keyingi safar Old Xollga kelganida (oʻsha kuni u yerda bayram boʻlayotgandi, shu munosabat bilan u yerdagi ayollar hayriya bozori tashkil qilishgan edi), eshikni Meri Xiggins ochdi. Uning haqiqatan ham oliy toifadagi xizmatkor ekanligiga shubha yoʻq edi. Yoshi qirqlarda, silliq taralgan sochlari qora, yonoqlari qip-qizil, bir oz toʻlaroq boʻlsa-da, buni qora koʻylagi va taqib olgan fartugʻi berkitib turardi. Boshiga esa chepchik kiyib olgan edi. («Xuddi bir zamonlardagidek» – keyinchalik gapirib berdi miss Marpl). Uning ovozi mayin, nutqi esa – baqirib gapiradigan Gledisnikiga oʻxshamas – juda ham ravon edi.

Miss Laviniya baxtga qarshi bozorda qatnasha olmayotgan boʻlsa-da, (sababi, singlisiga qarash bilan band edi) har doimgidan ancha xotirjamroq edi. Band boʻlishiga qaramay, u bayramga yaxshigina ulush qoʻshdi va yana sotuvga ancha-muncha narsalar berishni ham va’da qildi.

Miss Marpl uning koʻrinishi yaxshi ekanligini gapirib qoʻydi.
– Men Meridan juda ham minnatdorman. Anavi qizdan qutulganimga shunday xursandmanki. Merining rostdan ham bahosi yoʻq. Taomni zoʻr pishiradi, dasturxon atrofida sergak turadi, uyimizni esa juda ozoda, saranjom-sarishta saqlaydi – har kuni oʻrin-koʻrpalarni yoyib oladi. Emiliga ham shunaqangi mehribonki.

Miss Marpl miss Emilining sogʻligʻini soʻradi.
– Shu kunlarda bechoraning yana mazasi qochgan: ob-havo juda yomon ta’sir qilyapti. U, albatta, vaqti-vaqti bilan mazasi boʻlmasa-da, oʻzi bunga aybdor emas. Biror narsa keltirib berishni soʻraydi-da, olib kelganingdan keyin rad qiladi, yarim soatdan soʻng yana soʻraydi, soʻragan narsasini yana boshqatdan tayyorlab kelish kerak. Boshqa ishlar ham tiqilib yotibdi, lekin, baraka topsin, Meri shoshib qolmayapti. Uning aytishicha, bemorlarning axvolini tushunar ekan, avvallari ham koʻp bemorlarga qaragan ekan. Ishqilib, u mushkulimizni oson qilyapti.
– Azizam, rosa omadingiz keldi-da! – dedi miss Marpl.
– Albatta, uni bizga xudoning oʻzi yetkazdi!
– Odam ishongisi ham kelmaydi, – davom etdi miss Marpl. – Sizlarning oʻrningizda men ehtiyotroq boʻlgan boʻlardim.

Uning nima demoqchi ekanligini miss Laviniya tushunmaganlikka oldi.
– Men, biznikida unga yaxshi boʻlishi uchun hamma narsani qilaman. Agar u ketib qoladigan boʻlsa, bilmadim, nima boʻladi.
– Uni vaqtidan ilgari ketadi, deb oʻylamayman, – dedi miss Marpl miss Laviniyaning koʻziga tikilib.

–Uydan xotirjam boʻlsang qanday yaxshi-a, – dedi miss Laviniya eshitmaganga olib.–Sizning Ednangiz-chi? Ulguryaptimi?
– Ulguryapti. Albatta, sizning Meringizchalik emas. Lekin men xotirjamman, chunki men u haqida hamma narsani bilaman. U oʻzimizdan, shu qishloqlik.

Miss Marpl dahlizga chiqar ekan, Emilining zarda bilan gapirayotganini eshitib qoldi:
– Latta qurib qolibdi. Doktor Allerton esa latta doim nam boʻlib turishi kerakligini atay ta’kidlagan. Boʻpti, qoldirib keting. Menga choy olib keling va tuxum qaynatib bering. Esdan chiqmasin, uch yarim daqiqa qaynatish kerak. Menga miss Laviniyani chaqirib yuboring.

Miss Marpl soyabonini ola turib polga tushirib yubordi; uni olaman deb sumkachasini ham tushirib yubordi, sumkacha esa tushayotib ochilib ketdi. Meri xushmuomalalik bilan yer bilan bitta boʻlib yoyilib ketgan hamma mayda-chuydalarni – dastroʻmolcha, yondaftar, eski rusumdagi teridan ishlangan hamyon, ikki shilling va uch pens, shimadigan konfet – yigʻishtirib miss Marplga uzatdi. Shimadigan konfetni ola turib, miss Marpl xijolat boʻldi.
– Voy, bu missis Klementsning oʻgʻliniki boʻlsa kerak. Mening sumkachamni oʻynayotganda soʻrib oʻtirgan edi, oʻshanda solib qoʻygan boʻlsa kerak.
– Unda tashlab yuboraveraymi?
– Baraka toping, yaxshi boʻlardi.

Meri sumkaning ichidan tushib qolgan oxirgi narsa – oynani olish uchun engashdi. Miss Marpl oynani ola turib, xursand boʻlib ketdi:
– Qanday yaxshi! Haytovur sinmabdi, – Shunday deya, miss Marpl joʻnab ketdi, Meri esa shimadigan konfetni qoʻlida ushlagancha eshik oldida turib qoldi. Uning yuzi tund edi.

Keyingi oʻn kun ichida Sent-Meri-Midda faqat «shu boylikning», ya’ni miss Laviniya va miss Emililarning yangi xizmatkorlarining fazilatlari haqida gapirishdi.

Oʻn birinchi kuni tongda esa qishloqni juda yoqimsiz xabar tar-qaldi. Bu nuqsonsiz Meri yoʻq boʻlib qolibdi! Uning oʻrni ham buzilmagan, koʻcha eshigi esa ochiq ekan. U kechasi hech kimga bildirmay, uydan chiqib ketibdi.

Faqat Merining oʻzi yoʻqolmagan: u bilan birga miss Laviniyaning ikkita toʻgʻnagʻichi va beshta uzugi, miss Emilining esa uchta uzugi, medaloni, braslet va toʻrtta toʻgʻnagʻichi ham yoʻqolgan edi.

Bu hali hammasi emas edi: Missis Deveryoning qulflanmaydigan qutichada saqlaydigan olmosi, unga toʻyida sovgʻa qilishgan moʻynasi ham yoʻqolgandi. Sudya va uning xotinining ham bir qancha qimmatbaho buyumlari va pullari yoʻq edi. Lekin eng koʻp aziyat chekkan missis Karmaykl boʻldi. Uning xonadonida nafaqat qimmatbaho buyumlari, katta miqdorda pullari ham saqlanar edi. Oʻsha kuni Jennining dam olish kuni edi. Uning bekasining esa oqshom payti bogʻda aylanib, qushlarga non ushoqlarini berish odati bor edi. Oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdiki, Merida, ya’ni bu tengi yoʻq deb maqtalgan xizmatkorda hamma xonadon eshiklarining kaliti boʻlgan.

Ochiq aytish kerakki, Sent-Meri-Mid aholisi bu hodisani bir oz mazza qilib va zaharxandalik bilan muhokama qilishdi. Axir miss Laviniya oʻzining Merisi bilan haddan ortiq maqtanar edi-da.

«Mana, marhamat, koʻrib qoʻyinglar: bu sermulozamat xizmatkor oddiy oʻgʻri ekan».

Keyinchalik yana ma’lum boʻldiki, Merining yoʻq boʻlib qolishi hammasi emas ekan. Unga joy topgan va uning uchun kafillik bergan agentlik ularga tavsifnoma bilan murojaat qilgan Meri Xiggins haqiqatda Meri Xiggins emasligini bilgach, hazilakam xavotirga tushmadi. Bu ism kohinning singlisinikida ishlaydigan xizmatkor ayolniki boʻlib, bu haqiqiy Meri Xiggins Kornuoll qishloqlaridan birida yashardi.

– Rosa pishiq oʻylangan ekan, – boʻyniga olishga majbur boʻldi ispektor Slek. – Mening fikrimni bilmoqchi boʻlsangiz, u bu ishni yolgʻiz oʻzi qilmagan.. Shunga oʻxshagan oʻgʻirlik bir yil burun Nortumberlendda ham sodir boʻlgandi. Oʻgʻirlangan narsalarni ham, oʻgʻrining oʻzini ham topisha olmagan. Umid qilamanki, Mach-Benxemda bizning omadimiz keladi. – Inspektor Slek har doim oʻz kuchiga ishonar edi. Shunday boʻlsa-da, haftalar ketidan haftalar oʻtdi, Meri Xiggins esa bemalol ozodlikda yuraverdi. Inspektor Slek1 bekorga ismi tabiatiga mos emasligini koʻrsatib qoʻyish uchun jon-jahdi bilan ishlashda davom etdi.

Miss Laviniya boʻlsa doim yigʻlab yurardi. Miss Emili esa, shunday xafa boʻlib ketdiki, oʻz sogʻligʻi toʻgʻrisida yanada koʻproq qaygʻuradigan boʻlib, endi rostakamiga doktor Xeydokni chaqirtirdi.

Butun qishloq aholisi shifokor miss Emilining sogʻligʻi haqida xaqiqatda nima deb oʻylayotganini bilishga juda ham qiziqar, lekin undan bu haqda soʻrashga hech kim botina olmasdi. Shunday boʻlsa-da, missis Prays Ridlining xizmatkori Klaraning orqasidan yuradigan dorishunos yordamchisi mister Mik orqali ancha-muncha narsalar ma’lum boʻldi. Doktor Xeydok ayolga ikkita dorining aralashmasini yozib beribdi. Mister Mikning aytishicha, bunday dorini armiyada loʻttibozlarga berilar ekan.

Tez kunda qishloq aholisi miss Emilining shifokor Xeydokning davolashidan qoniqmay, uning kasalligi haqida hamma narsani tushunadigan haqiqiy mutaxassislar boʻlgan Londonda yashashga majbur boʻlayotgani aytganidan xabardor boʻldi. Va bu Laviniyaga nisbatan ham adolatli boʻladi, dedi u. Oʻz uylarini esa ular ijaraga berishga qaror qilishdi.

Oradan bir necha kun oʻtib, hayajondan qip-qizargan miss Marpl Mach-Benxemdagi politsiya uchastkasiga kelib, inspektor Slekni soʻradi.

Inspektor miss Marplni yoqtirmasdi. Lekin shu bilan birga politsiya boshligʻi polkovnik Melchett miss Marpl haqida boshqacha fikrdaligini ham bilardi. Shuning uchun u juda xursandchilik bilan boʻlmasa-da, ayolni qabul qildi.
– Salom, miss Marpl! Bizga xizmat bormi?
– Eh, inspektor, vaqtingiz yoʻqmi, deb qoʻrqaman.
– Ha, lekin siz uchun bir-ikki daqiqa topiladi.
– Unday boʻlsa, sizga yaxshilab tushuntirib berishga harakat qilaman. Nima deb oʻylaysiz, oson emas-a? Lekin, siz uchun bu choʻt emas. Men sizga miss Laviniyalarning xizmatkori – miss Skinner – Gledis haqida gapirmoqchiman.
– Meri Xiggins, – toʻgʻrilab qoʻydi inspektor Slek.
– Ha, bu ularning ikkinchi xizmatkori. Lekin men Gledis Xolmsni nazarda tutayapman. Juda yoqimsiz va kekkaygan qiz, lekin juda diyonatli – hamma gap ana shunda.
– Men bilishimcha, uni hech narsada ayblashmagan, – dedi inspektor.
– Ha, bilaman, uni hech narsada ayblashmagan... Va eng yomoni ana shunda. Chunki, bilasizmi, odamlar u qiz haqida har xil boʻlmagʻur gaplarni aytishyapti. Voy, xudoyim, oʻzim ham tushuntirib bera olmasam kerak, deb oʻylovdim. Demoqchimanki, Meri Xigginsni topish kerak.
– Albatta, buni qanday amalga oshirishni siz bilasizmi?
–Umuman olganda, ha, bilaman,– dedi miss Marpl. – Sizga savol bersam boʻladimi? Sizlar barmoq izlarini hisobga olmaysizlarmi?
– E-ha, unimi! – dedi inspektor Slek. – Bu ishda u hammadan ustasi farang chiqib qoldi. U hamma ishni xoʻjalik qoʻlqopida bajargan. Va juda puxta ishlagan – yotoqxonada ham, oshxonada ham hamma barmoq izlarini yaxshilab artib tashlagan. Biz xonalarda birorta ham barmoq izini topa olmadik!
– Sizlarda uning barmoq izlarini boʻlsa ish oson koʻcharmidi?
– Ehtimol. Uning barmoq izlari nusxasi Skotland-Yardda boʻlishi mumkin. Menimcha, bu uning birinchi ishi boʻlmasa kerak.

Miss Marpl sevinib bosh silkidi. U sumkachasini ochib, ichidan karton qutichani oldi. U yerda paxtaga oʻralgan kichkina oyna bor edi.
– Bu mening sumkamdan tushib ketdi, – tushuntirdi miss Marpl. – Unda xizmatkorning barmoq izlari bor. Menimcha, ular toʻgʻri keladi. U bundan sal oldin yopishqoq narsani ushlagan edi.

Inspektor Slek unga hayron boʻlib qaradi.
– Siz buni ataydan qildingizmi?
– Albatta.
– Demak, siz undan shubhalangan ekansiz-da?
– Bilasizmi, uning har tomonlama toʻkis ekanligi menda darhol shubha uygʻotdi. Miss Laviniyaga ham xuddi shunday deb aytdim. Lekin u shamani tushunmadi. Bilasizmi, inspektor, men toʻkis odamlarga ishonmayman. Hamma odamda ham kamchilik boʻladi va turmushda bu narsa yaqqol koʻzga tashlanib turadi.

Boʻpti, – dedi inspektor, – sizdan juda minnatdorman. Biz bu barmoq izlarini Skotland-Yardga yuboramiz va ularning javobini kutamiz.

Inspektor jim boʻlib qoldi. Misss Marpl boshini bir yoniga egib, inspektorga ma’noli tikildi.
– Inspektor, yaqinroqdan qidirib koʻrishni xohlamaysizmi?
– Miss Marpl, nimani koʻzda tutayapsiz?
– Tushuntirib berish qiyin, lekin birorta gʻayrioddiy narsaga duch kelib qolsang, darhol diqqatingni tortadi. Garchi koʻpincha bu gʻayrioddiy narsalar arzimagan narsa boʻlib chiqadi. Men bu narsani doim sezib turardim – Gledis va toʻgʻnagʻich voqeasini nazarda tutayapman. Gledis vijdonli qiz, albatta, u toʻgʻnagʻichni olmagan. Unda nega miss Skinner toʻgʻnagʻichni Gledis olgan deb aytdi? Miss Skinner ahmoq emas. Toʻgʻrirogʻi – teskarisi! Unda nega, xizmatkor topish mushkul boʻlgan shunday paytda u yaxshi xizmatkordan qutulmoqchi boʻldi? Kiziq-a? Men yana bir gʻalati narsani sezdim. Miss Emili vosvos, tushkunlik kasaliga mubtalo boʻla turib shifokorga murojaat qilmayotgan odamni endi koʻrishim. Ipoxondriklar odatda shifokorga borishni yaxshi koʻrishadi. Miss Emili boʻlsa - yoʻq!
– Nimaga shama qilyapsiz, miss Marpl?
– Men miss Laviniya va miss Emili gʻalati odamlar ekanligiga shama qilyapman. Miss Emili butun vaqtini qorongʻi xonada oʻtkazadi. Garov oʻynaymanki, uning sochi – sun’iy. Demoqchimanki, bu oriqdan kelgan, sochlari oqara boshlagan tantiq ayol qip-qizil yuzli, sochlari qora, baqaloq boʻlishi mumkin. Mening bilishimcha, hech kim biror marta ham miss Emili va Meri Xigginsni bir paytning oʻzida birga koʻrgani yoʻq. Hamma kalitlarning nusxasini yasash, qoʻni-qoʻshnilarning odatlarini oʻrganib chiqish va bizning qishloqlik qizdan qutulish uchun unda yetarlicha vaqt bor edi. Bir kuni kechqurun miss Emili uyidan chiqib stansiyaga boradi va u yerdan Meri Xiggins qiyofasida qaytib keladi. Keyin, kerakli paytda Meri Xiggins yoʻqoladi, hamma «Ushla, ushla!» deb baqiradi, lekin befoyda. Inspektor, men sizga uni qayerdan qidirishni aytaman: miss Emilining oʻrnidan! Ishonmasangiz, uning barmoq izlarini solishtirib koʻring, mening haqligimga ishonasiz. Ular oʻgʻri, bu ikki opa-singil – juda ham ustasi farang oʻgʻrilardan. Ular yana boshqa narsalar bilan ham bogʻliq boʻlishsa kerak. Lekin bu safar ular qochib ketisha olmaydi! Men qishlogʻimizning qizini sharmanda qilib ketishlariga yoʻl qoʻymayman! Gledis Xolms vijdonli qiz, hamma buni bilib qoʻysin. Koʻrishguncha xayr, inspektor.

Inspektor oʻziga kelganda, miss Marpl xonada yoʻq edi.

– Nahotki u haq boʻlsa? – dedi u oʻziga-oʻzi.

U tez orada miss Marpl bu safar ham haq ekanligiga ishonchi komil boʻldi. Polkovnik Melchett Slekni uni topqirligi uchun maqtadi, miss Marpl esa Gledisni Edna bilan choy ichishga taklif qildi va agar ish topilgudek boʻlsa, endi oʻsha joydan qimirlamaslik kerakligi haqida jiddiy suhbatlashdi.