OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiAlmisoqdan qolgan Karim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm48KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Almisoqdan qolgan Karim (hikoya)
Ahmad A’zam

Karim — pastakkina, koʻrimsizroq yigit, lekin juda kuchli, chayir; mushtumlari yum-yumaloq, toshdek qattiq. Karim tosh koʻtarib, espander bilan qoʻllarini rosa pishitgan. Agar ikkita yongʻoqni kaftida siqsa, yongʻoqlar ezilib, magʻzi poʻchogʻiga oʻtib ketardi. Qalpini topib ursa, har qanday yigitni ham qulatadi. Paxtada, yotoqni tozalashga oʻzining oʻrniga uni majburlamoqchi boʻlganda, fakultetning eng urishqoq, boʻychan yigitlaridan biri — kattaqoʻrgʻonlik Iskandarni qalpini topib bir urgan, yaxshi hamki, devor bor ekan, boʻlmasa, Iskandar uchib tushardi. Agar shunda Iskandarning sherigi Qodir Karimni mahkam quchoqlab olmaganda, Karim uni chatoq qilardi. Lekin, bari bir, Qodir qoʻyib yuborgandan keyin u hech narsa qilolmadi — ular zoʻrlik qilishdi. Alamdan Karimning koʻziga yosh keldi. Xoʻrlikdan emas, alamdan: kuchi boʻlaturib boʻyining pastligidan, shunday baquvvat qoʻllarining kaltaligidan, raqiblarining ikki kishiligidan, kursdoshlarining hammasi bundan bexabar, tashqarida — maktab hovlisida qiyqirib futbol oʻynayotganidan, bularni derazadan koʻrib qolgan Manzuraning chinqirib yuborganidan, yana bitta — juda muhim sababdan yigʻlab yubordi.

Bu gap shtabga borib yetdi. Manzura: «Kursdoshimiz Karimni uchinchi kursdagi Iskandar bilan Qodir tentak rosa urishdi», deb qizlarga sotib qoʻyibdi; faolligi oshib-toshib yotganidan oʻzini yana nima masalalarda koʻrsatishni bilmay yurgan Salima shtabga borib aytibdi. Dekan paxtadagilarning ahvolidan xabar olgani shu kuni kelgan ekan, bu gapni eshitgan zahoti uchalasini ham chaqirtirdi. Iskandar haydaladigan edi, gʻirromlikka oʻtdi, oʻlaman sattor, oldin oʻzi urdi, deb isboti uchun shishib turgan yuzini pesh qildi, ogʻzini ochib koʻrsatdi: Karimning bir urishidayoq uning lunji ichidan taram-taram qirqilib, hamon qontalash boʻlib yotgan ekan.

Dekan Iskandar bilan Qodirning bir oylik stipendiyasini olib tashladi. Biroq, buning Karimga issigʻi ham, sovugʻi ham yoʻq edi. «Mayli, ular stipendiyasini olsin, menga bari bir. Lekin bir kun emas, axir bir kun Iskandarning yakka oʻzi qoʻlimga tushib qolar-ku», dedi.

Iskandarni yakka qoʻlga tushirganda Karim nima qilishini oʻzi bilardi-yu, ammo vaziyat oʻzgarib qoldi — Iskandar shu kuni oqshom joʻrajonlaridan oltitasini ergashtirib, ularning yotogʻiga bostirib kirdi. Endi uxlamoqchi boʻlgan Karimni kutkilashib, oʻrtaga olishdi. Bu yogʻi tushunarli edi, yoʻq agar Adham boʻlmaganda, bu yogʻi nima bilan tugash oʻz-oʻzidash ma’lum edi.

Ana shunda Adham oʻzini koʻrsatib qoldi, shu bilan hammani hayiqtirib, Karimning hayotiga, ichki sirlariga aralashib ketdi. Karimning esa hech kimga aytmagan, aytolmaydigan bitta ichki siri bor edi. Va bu sir juda muhim edi.

Xullas, Adham ana shunda oraga tushdi. Iskandar joʻralari bilan bostirib kirganda boshqa bolalar qoʻrqib ketishdi (birinchi kursda), Adham esa kichkina egovcha bilan tirnogʻini tozalab oʻtirgan edi, indamay qoʻzgʻaldi-da, Karimning yoniga kelib, uni Iskandarlardan toʻsib oldi va goʻyo b yerda hech gap boʻlmayotgandek, bamaylixotir tirnogʻini tozalayverdi. Boshi ogʻib, kimqaylardan adabiyot fakultetiga tushib qolgan xumkalla, gʻirt bezori Ma’ruf uni turtib, « San bola, nari tur», deganda, Adham kiprik qoqmay, xoʻppasemiz, ayiqpolvon Ma’rufga shunday dedi: «Qoʻlingni tort. Kuchim bor, deb ovora boʻlma, qoʻl koʻtarganing zahoti kekirdagingni sugʻurib olaman. Keyin, geofakdagi «Bayron»ni,

«Chingizxon»ni bilasanmi? Bilsang boʻpti-da!»

Shu gapdan soʻng Ma’ruf negadir birdan choʻkdi, boshqalarining ham shashti soʻnib qoldi. Iskandar Ma’rufga qaradi, Ma’ruf esa sheriklariga moʻltirab tikildi. «Bu xotinlik,— dedi Adham shuncha gap yetmagandek. — Bir kishiga yetti kishi boʻlib kelish — xotinlikning oʻzginasi. Albatta, hozir Karimni, Karimga qoʻshib, kim biladi, balki meni ham urarsizlar. Lekin ertaga... ertaga boshqatdan boshqacha gaplashamiz». :

Keyin murosayu madora boshlandi: ular Karimn tinch qoʻyadigan, Karim ham Iskandarga indamaydigan boʻldi (buni Adham oʻz ustiga oldi). Ma’ruf Adhamni qoʻyardaqoʻymay tashqariga sudradi. Ular nimani gaplashishdi — buni hech kim bilmadi. Qaytib kirishganda Ma’ruf Adhamning yelkasidan doʻstona quchmoqchi edi, Adham uning qoʻlini siltab tashladi. Shuncha gap-soʻzning orasida Adham qoʻlidan yaltiroq egovchani tushirmadi, puflab-puflab tirnogʻini tozalayverdi.

Hammanilg koʻzi, bor hayronlikning sababi shunda boʻlgandek, egovchadan uzilmadi.

Xullas, janjal bosildi. Lekin Karimning qoʻli, Adhamning yuragi baquvvatligini hamma bildi.

Karimning yuragida gap bor edi.

«Bayron» bilan «Chingizxon»ning kimligini Karim ertasi kuni Adhamning oʻzidan bildi. «Bayron»— geografiya fakultetining toʻrtinchi kursidagi Qobil, «Chingizxon» esa unnng joʻrasi Turmuhammad ekan. Karim ularni bir marta koʻrgan: Qobil ozgʻin, oqsoq bola; silliq, choʻzinchoq yuzi nimasi bilandir chindan ham shoirlarga oʻxshab ketadi. Turmuhammad — qiyiq koʻz, moʻgʻulbashara, haybatidan odam hurkadi. Uning-ku zoʻrligiga ishonsa boʻladi, gavdasining oʻzi kimligini shundoq koʻrsatib turibdi. Lekin Qobilning nimasi odamni choʻchitar ekan, buni Karim bilolmadi.

Adham ham buni tushuntirib aytmadi, Karim ham soʻrashni noqulay deb topdi. «Lekin, oshnam, bizniki ham nomardlik boʻldi,— dedi Adham,— nom sotdik. Boshqa chora yoʻq edi-da».

Shunda Karim Adhamni birdan yaxshi koʻrib ketdi, Adhamning nimasidir uni oʻziga rom qilib oldi. «Yakkama-yakka chiqqanda, Ma’rufni urarmidingiz?», deb soʻradi Karim — shu topda u Adhamning Ma’rufga bas kelishiga ishonardi. Adham ma’yus iljayib qoʻydi. «Oʻsha hoʻkizni-ya! Bir kalla ursa, qaytib oʻnglanmasam kerak,— dedi.— Men nimani nomardlik deyapman—kuchim yetmasligini bilib turib, «Bayron» bilan «Chingizxon«ni oraga solganimni-da. Lekin endi bular bilan shunaqa gaplashish ham kerak».

Karim aytmasligi kerakligini yaxshi bilib tursa ham, bari unga yaqnnlashgisi kelganidanmi yoki kechagi himoyasi uchun oʻzicha minnatdorchilik bildirmoqchi boʻldimi, ishqilib, Adhamga koʻnglini ochdi: hech kimga sezdirmagan, bildirmagan yurak sirini — Mohbibini yaxshi koʻrishshsh tutila-tutila aytib berdi. Adham esa u kutganchalik ochilib gaplashmadi, faqat: «Ha-a», dedi-yu, gʻalati qarab qoʻydi.

Karim sirini berib qoʻyganiga afsuslandi. Afsuslangani zahoti shu gaplarni aytib Adhamning domiga tushganini, nima uchundir bundan soʻng unga boʻysunib yurishini his etib, koʻngli ezildi,

Adham uni yechintirib qoʻygan edi. Uning yuragi yalangʻoch, himoyasiz qolgan edi.

Shu voqeaga, mana, ikki yarim yil boʻldi. Vu orada Karim bilan Adham uzoqlashib ham ketishmadi, yaqin ham boʻlishmadi. Karimning Mohbibiga munosabati esa kuchaygandan-kuchaydi, lekin jilla; ham oldinga siljimadi, ya’ni Karim munday yurak betlab, Mohbibiga dardini yorib koʻrmadi. Oʻzicha sevib, sevgisidan iztirob chekib, azoblanib yuraverdi. Har ertalab Mohbibini koʻrganida yuragi zirq etar, koʻksi kuyishib ketar edi — xuddi birov uning ogʻzidan ichiga bir hovuch lagʻcha choʻgʻ tashlab yuborgandek. Yozgi ta’tillarni-ku, gapirmang: Mohbibi ikki oy olis Sariosiyosiga, Karim qurilishga ketadi!

Karim uch yildan beri Mohbibiga sevgi izhor qilishni, lof emas, yuz martalar oʻylab-koʻrgandir. Lekin qanday aytadi! Umrida bungacha biron-bir qieni sevib, unga sevgi izhor qilmagan odam! Ana, aytdi ham deylik. Agar Mohbibi: «Men ham sizni...» deb qolsa-ku, bu eh-he!.. Mohbibining roziligi shu qadar oʻtkir, shu qadar yorqin baxt ediki, Karim bunga ishonishdan ham qoʻrqib ketardi. Xoʻp, yaxshi, Mohbibi ham koʻnsa, undan soʻng bir gap boʻlar. Har holda, bu yaxshilikka-ku. Lekin, rad qilsa-chi? «Boshqani sevaman, Karimboy, behuda ovora boʻlmang», desa-chi? Yoʻq, buni tasavvur qilish ogʻir. Karim quvonchiga chidar-ku, biroq qaygʻudan tayin oʻladi Mohbibining rad javobini eshitgandan koʻra, shun day, hozirgidek uzoqdan yaxshi koʻrib, umid uzmay yurgani yaxshi.

Odamlar nozik-nihol, boʻychan, xipchadan kelgan qizlarni yoqtirishadi, biroq Qarimga bunaqa qizlar uzun, chillakchoʻpday oriq, ya’ni xunuk koʻrinadi.

Mohbibi deganimiz esa ismi jismiga mos — Oʻn toʻrt kunlik oydek toʻlagina, oykulchadek shiringina qiz edi.

Mohbibining shunday chiroyli ismini buzib, «Mabiyi» deb chaqirishlari Karimga juda ogʻir botadi. Hamma shunday deb chaqiradi, pasportida shunday yozilgan ekan. Mohbibiga metrika bergan qay bir chalasavod, kar, toʻnka kotibning ishi-da bu! Noiloj Karim ham tishini tishiga bosib, Mohbibiga «Mabiyi» deb murojaat kiladi, Lekin u bilan har kuni, har soatda xayolan soʻzlashganda, albatta «Mohbibi» deb shivirlaydk. «Mabiyi»— «Ma, biyi — biyi, mana buni ol», degan kabi yafda xunuk eshitiladi, axir.

«Mohbibi, men sizni sevaman!»

Karim tunni, koʻrpaga kirishni sabrsizlik bilan kutadi, yotgani zahoti boshini koʻrpaga burkab, Mohbibi bilan shirin-shirin, odamni entiktiradigan suhbatlarni boshlab yuboradi.

«Mohbibi, men sizni sevaman!»

Mohbibi indamay bosh egadi, Karim Mohbibining qoʻllaridan ushlaydi, Mohbibi oʻzini olib qochmaydi. Mohbibining qoʻllari shunday mayin, yumshoqki... Karim Mohbibining qoʻllaridan ushlab oʻziga tortadi. Mohbibi unga tikiladi, koʻzlarida — «Qoʻying!» degan hayo. Mohbibi egilib, yuzlarini bekitib oladi, Karim esa uning yuzini koʻrmoq-chi... Mohbibi boshini koʻtarmaydi, faqat Karimning qoʻllarini qisib qoʻyadi — ohista, beozor...

Keyin... Keyin ular jimgina ketishadi. Mohbibi Karimning yelkasiga bosh qoʻyadi, sochlari Karimning boʻynini qitiqlaydi, yoqimli, mast qilgʻuvchi hid taratadi...

Mohbibining sochlari qanaqa hid taratadi? U nima bilan bosh yuvar ekan? Birga ketganlaridan soʻng Karim nima deydi? Yigitlar sevgan qiziga ochiq-oshkora, sevaman, deb gapiravermaydi. Sevgi ularning dilida, boshqa narsalarni gaplashib oʻtirishganda esa koʻzida boʻladi. Lekin mum tishlab ketaverish ham yaxshi emas-da.

Karim shirin xayolidan yanglishib ketadi-da, hammasini qayta boshdan boshlaydi...

Bilmaydi — qancha yotadi, ishqilib, ne mahalda koʻrpa tagida dami qaytib ketadi-da, boshini ochadi; hamxujrasi Burhonga sezdirmay, sekingina uf tortadi; yana ikki-uch soat uxlolmay, oʻylanib yotadi.

Uch yildan beri shunday. Uch yildan beri Karim azob chekadi, oʻrtanadi.

Endi bu yurak sirining sirligi hamma biladigan oddiy gap boʻlib qolgan. Yoʻq, uni Adham yoymadi. Adham oʻzining oʻrischa kitoblari, sevimli yozuvchilari, bir-ikkita oʻziga oʻxshagan dardkashlari bilan boʻlib, Karimning muhabbatini esga ham olmagandir. Mohbibini yaxshi koʻrishini Karimning oʻzv bildirib qoʻydi. Doim Mohbibi koʻrinadigan joyga oʻtirib olib, , bilan koʻz urishtirganda lavlagisi chiqib, Mohbibi biron narsa soʻrasa, gapidan adashib, sevgisini hammaga oʻzi oshkor qilib yurdn. Axir, nima qilsin — uch yil natijasiz sevib yurishning oʻzi boʻladimi! Ustiga ustak, koʻnglidagisi — koʻzida, betiga qarasang — ichi koʻrinib turadigan bola boʻlsa...

Yaxshimi, yomonmi, Karim shunday yashab kelayotgan, kuni oʻtayotgan edi. Balki Burhonning bir gapi boʻlmaganda, Karim eski dardini ortmoqlab toʻrtinchi, undan beshinchi kursga va shu koʻyi — Mohbibiga dardini aytolmay, qishlogʻiga joʻnab ketarmidi?

Bahorda — qizlar qishlik roʻdapolarini tashlab, avval yengilroq yomgʻirpoʻshda, soʻngra koʻzni quvnatib, koʻngilni ezadigan gunogun koʻylaklarda darsga qatnay boshlaganlarida, Burhon ijaraxonada olma archib oʻtirib, shunday deb qoldi:
— Shu-u, Mabiyingiz boʻyi pakana boʻlsa ham, istarasi issiqqina, a? Yaxshi xotin chiqadi shundan. Yo notoʻgʻrimi, Karimboy? Bir gapirib koʻrsangiz boʻlardi — keyin mazza qilib yashaysiz: qaynatangiz — sovxoz direktori; institutni qizil diplom bilan tugatgan kuyovtoʻraning taglarida mashina! Anovi Hayit degani bor-ku, juda olgʻir koʻrinadi qizingizni shu ilib ketar-ov...

Karimni issiqqina uydan qahraton koʻchaga haydab chiqib, bu ham yetmaganday, ustidan bir paqir sovuq suv quyib yuborishgandek boʻldi.
— Qaysi Hayit?—dedi u ichi qaltirab.— U… Uning qizi bor emasmi?

Burhon: «Hay oshnam-ey, juda soddasiz-da», degandek bosh chayqadi, kuldi. Olmadan bir boʻlak qirqib, pichoq uchida Karimga uzatdi:
— Unga oʻxshaganlarning qizi bitta boʻladimi! Bugun birovi bilan yursa, ertaga boshqasini aylantiradi.

Karimning tomogʻidan olma oʻtmadi, boʻgʻzida turib qoldi.
— Hademay bitiradi: bir oy oʻtadi-ketadi,— deya olma kavshab davom etdi Burhon.— Diplomga qoʻshib sovxoz direktorining qizini ham olib ketsa, nima, xeshib chiqadimi? Ey, oshnam, ular yashashni biladi!

Karimning koʻnglida nuqta kabi muallaq yulduz chaqnadi, undan oʻtkir sanchiq taralib, koʻkrak qafasini teshib chiqqudek ogʻritdi.

Nimadir qilish kerak edi! Karim hozir nimadir qilmasa, holi ne kechishini oʻzi ham bilmasdi.
— Yana yeysizmi?—dedi Burhon.— Yaxshi olma ekan. Yana bir boʻlak. Mozorbosdi, Qoʻshrabotdan.

Karim bosh chayqadi.
— Shu qizlarga ham hayronsan,— dedi Burhon.— Qarang, shu Salimacha ham oʻziga topib olibdi-ya. Yigiti, bechora, fizfakda aspirant, domla emish, shoʻringga shoʻrva toʻkilgur...

Burhonning jagʻi ochilib ketdi: Salimaning chittakdek ekanligiyu yigitining gʻirt ahmoqligini rosa chaynadi, keyin oʻzining soddagina qishloq qiziga uylanib (oliy ma’lumotlisining nozi-firogʻi ham diplomiga yarasha boʻlib, «Men sendan kam emas», deb turar ekan), tinchgina turmush kechirish niyatini bildirdi; qishloqlarida «Burhonjon akam qachon bizga ogʻiz soladilar», deb sochini oʻrib oʻtirgan qizlar son-mingta emish.

Karim uning gaplarini diqqat bilan tinglab, ishqilib, yana Mohbibi haqida gapirib qolmasin, deya yurak hovuchlab oʻtirdi.

Lekin koʻnglidagi ogʻriq zoʻraygandan-zoʻraydi, bunga chidashning sira iloji yoʻq edi: «Mohbibi» degan nomning oʻzi nur oʻrniga sovuq bir ogʻriq taratayotgan oyga oʻxshab qoldi — faqat Karimning koʻngli emas, shu torgina hujra, tashqaridagi keng dunyo ham ogʻriqqa toʻlib ketgandek, goʻyo havo ham tomoqni tirmalab oʻtib, oʻpkaga sanchilar edi.

Karim yotoqqa otlandi. Juda borgisi keldi. Hujrada ortiq qololmas edi.

Kiyinayotib oynaga qaradi-yu, darrov koʻzini olib qochdi: oynadan koʻrimsiz, beshinchi kursdagi hasip moʻylovli, jingala sochli, yetmish soʻmli jez tugma koʻylak, ikki yuz ellik soʻmli jinsi shim kiyib yuradigan Hayit — qizlarning «Hayit akajon»iga solishtirganda esa juda xunuk, burunboy bola—oʻzi qaragan edi.

Shu Burhonlarga oʻxshab hech kimni sevmay yursa nima qilardi, a? Bu nima azob!

Karim toʻgʻri Mohbibilarning xonasiga bordi. Taqillatgan edi, hech kim ochmadi. Eshikni itarib koʻrsa, ichkaridan qulflogʻli ekan. Birdan xayoliga kelgan mudhish, dahshatli manzaradan oʻzi ham qoʻrqib ketib, eshikni gursillatib urdi. Saldan keyin zshik qiya ochildi-da, Tursunoyning choʻchigan, uyquga pishmaganidan ola-kula boʻlib ketgan koʻzlari koʻrindi.
— E-e,— dedi Karim.— E-e, uxlab yotuvdinglar-mi? Men...

Tursunoy eshikni qars urib yopib oldi. Karim shundan soʻng ham joyidan qimirlamay, bir-ikki gʻoʻldiradi, yopiq eshikka:
— Kechirasizlar,— dedi.

Lekin koʻnglidagi ogʻriq birdan qoʻyib yubordi:

«Uxlab yotishibdi ku! Eh, men boʻlsam...— deb shodlandi u.— Uxlab yotishibdi-ya!» ,«

«Agar eshikni Tursunoy emas, Hayit ochganda nima qilardim? Nima ham derdim?»—sal oʻtmay Karim shunday oʻyladi. Maykachan, sochlari toʻzgʻigan Hayitning: «Ha, oshna, nimaga biziing ishimizga tumshugʻingizni suqyapsiz?» degandek qarashini koʻz oldiga keltirdiyu ich-ichigacha qizarib ketdi.

Dahlizning oʻrtasida Adham unga qarab turgan edi.

Karimning koʻksida nimadir gʻarchcha qirqilib ketgandek boʻldi— ixcham-ingichka, Karimdan uzun Adham juda oʻtkir, odam seskanarlik nigohini unga sanchib turgan edi.

Karim toʻgʻri unga roʻpara yurdi.

Adham indamay qoʻlini choʻzdi, boshqa biron joyi qilt etmadi. Karim uning qoʻlini negadir qattiq qisdi. Adhamdan «ha» bilan «him»ga oʻxshagan bir tovush chiqdi.
— Shu,—dedi Karim uning qoʻlini qoʻyib yubormay,— Oʻzim...

Adham qoʻlini tortdi. Jilmaydi —labidan ip qochdi. Shu ip Karimping boʻyniga sirtmok boʻlib tushdi.
— Qani, kiring,— deya Adham ortiga burilib eshikni ochdi.

Karim uning ortidan sudraldi.

Adham turgan xona torgina, ikki kishilik, lekin Adham komendant bilan kelishib, yolgiz oʻziga toʻgʻrilab olgan edi. Xona juda shinam, devordagi trubka tishlagan sersoqol odamning rasmini aytmagan-da, boshqa bironta ortiqcha bezak yoʻq. Stolda ochiq kitob, bir dasta qogʻoz — ustkisining yarmigacha yozilgan.

Xona rangsiz, xira, qorongʻiroq; faqat karavotning bosh uchidagi guldor sochiq koʻzga yaqqolroq tashlanadi.

Bilinar-bilinmas tamaki hidi kezadn.

Karim stol yonidagi kursiga oʻtirdi, nima deyishini bilmay, jim qotdi.

Adham xona toʻridagi yakkayu yagona kresloga choʻkdi. Derazaga orqa oʻgirganidan yuzi sirli tus oldi.

«Shunaqa narsalarga pul sarflab, magazindan erinmay koʻtarib kelganini ayt», deb oʻyladi Karim kresloga suqlanib boqar ekan.

Adham dabdurustdan soʻradi:
— Mabiyining oldiga keluvdingizmi? Karim talmovsiradi:
— E, yoʻgʻ-a, oʻzim shunday...
— Nima, oʻzim shunday?

«Buning ham Mohbibiga koʻngli bormi? Buncha tekshirmasa,— deb oʻyladi negadir Karim.— Menga yoʻl boʻlsin! Qaysi qiz bunga yoʻq deydi?»
— Nima, oʻzim?—deb takror soʻradi Adham.— Yashirishning nima keragi bor? Keldim deb ayting, hech kim sizni ayblayotgani yoʻq-ku.

Karim miq etmay boshini egdi, qoʻllarini kiyishtirdi.
— Shuni rostdan ham yaxshi koʻrasizmi?—deb yana uni nayzaga ildi Adham.

Karim rad qilgisi keldi-yu, lekin bunga kerakli gap topolmaganidan, noiloj bosh irgab, Adhamning gapini tasdiqladi.
— Ha, yaxshi,— dedi Adham bir oz oʻylanib turgach.— Yaxshi koʻrasiz. Yaxshi koʻrsangiz, nega shuni oʻziga aytmaysiz? Uch yildan beri nima qilib yuribsiz? Yo Mabiyining oʻzi kelib, «Karimboy, men sizni sevaman», deb aytishini kutyapsizmi?

Karimning koʻnglida umid yiltilladi.
— Nima qilay boʻlmasa? Adhamning jahli chiqqandek boʻldi:
— Gaplashing! Bu yurishdan ish chiqadimi? Nima qilay emish. Biron yoʻlini topib ayting-da!

Karim hozir Adhamning uzoq gapirishini, oʻz tajribalarini soʻzlashini va oxirida Mohbibining koʻnglini olish yoʻllarini birma-bir koʻrsatib berishini xohlar edi. Adhamning jahl aralash gapirayotgani ham unga oʻtirishdi, koʻnglida nimadir yumshadi; birdan yengil tortib, otasidan tanbeh eshitayotgan boladek, yigʻlagisi keldi.
— Nima, Mabiyingiz osmondagi oymi? Hammaga oʻxshagan bir qiz-da. Sizning ham kamchilik joyingiz, yoʻq. E, uch yildan beri ogzingizga talqon solib yuribsiz-a, tavba! Borib, «Mabiyi, sizda ikki ogiz gapim bor edi», deb gaplashib olish shuncha qiyinmi? Harholda, uch yil qiynalib yurishdan koʻra osonroqdir.

Karimning koʻnglida notayin, umidsiz ogriq yana turdi.
— Yo Mabiyiga oʻzim aytaymi?—dedi Adham. Karim choʻchib ketdi.
— Yoʻgʻ-e, nimalar deyapsiz,— dedi u shosha-pisha, xuddi Adham hozir Mabiyining oldiga boradigandek.— Nima deb oʻylaydi axir!
— Boʻlmasa, oʻzingiz borib ayting-da.
— Xat yozsammikan?—dedi u yurak yutib.

Adham zaharli iljaydi — bir zumda Karimdan uzoq-uzoqlarga ketib qoldi.
— Xat?! Gʻazal yozib bera qoling, «Ishqingda zor oʻldim, netay», deb. U ham sizga «Kel, gʻaribim, oʻldim mano», deb javob qaytaradi.

«Muncha tili achchiq buning!»— Karimning gʻashi keldi.
— Kulmang! :
— Kuladigan gapni aytyapsiz-da,— dedi Adham sal yumshab.
— Boʻlmasa, nima qilay?—dedi Adham ezilib.
— Menga qarang,— dedi Adham.— Nima, tilingizga tirsak chiqqanmi? Boyadan beri eshakning qulogʻiga tanbur chertyapmanmi!

Karim oʻzi kutmagan holda zorlanib ketdi:
— Qachon borsam xonasida odam boʻladi. Oʻzi oʻtirgan vaqtida endi gapiraman, desam, birov kirib qoladi. Oʻtirib-oʻtirib qaytib kelaveraman. Oʻzi koʻpham boravermayman-ku-ya. Hayit aka koʻp borar ekan.
— Xoʻsh?—deb ajablandi Adham.—Xdyit borsa nima boʻpti? Karim oʻngʻaysizlanib qoldi.
— Bilmasam, u ham Mabiyiga...
— E, sizda kalla bormi oʻzi?—dedi Adham.— Yelkaning ustida nimani koʻtarib yuribsiz? X,ayit uni... Mabiyi uni boshiga uradimi? Hayitning Gulnorasi unga qarindosh-ku, shuni ham bilmaysizmi?

Karim izza boʻldi.
— Burhon... bugun shunaqa de b... Adham qoʻl siltadi.
— E, qoʻysangiz-chi. Odam quriganday, shu maxsimchaga ishonasizmi? Karimning koʻngli sal yorishgandek boʻldi. Adham sukut saqlab turdi-da:
— Xrzir nima qilishyapti ekan?—dedi.
— Kimlar?—dedi Karim.
— Kimlar boʻlardi?—dedi Adham.— Mabiyilar-da.
— Nima edi?—dedi Karim.— Uxlashyapti. Adham Karimga tik qaradi:
— Hozir borib Mabiyidan boshqasini chiqarib yuborsam... aytasizmi? Karimning tizzalarigacha titroq tushdi.
— Hozir-a? E, yoʻq, boʻlmaydi.

Adham oʻzini hayronlikka solib, qoʻllarini kerdi:
— Nega boʻlmas ekan?

Karim indamadi. Adham chuqur nafas oldi:
— Ertaga-chi?

Karim Adhamga mungʻayib qaradi.
— Karimboy, joʻra,— dedi Adham.— Shu bitishli xotin ham oʻgʻil tugʻadimi, degan gap bor. Bu lattachaynarligingizdan ma’nili ish chiqmaydi, ogʻaynichalish. Yo borib Mabiyiga ochiq ayting, yo undan tamom voz keching. Bunaqa rezinkadek choʻzmang.
— Mayli,— dedi Karim birdan.
— Bugunmi? — Adhamning tovushida gʻalatn, yoqimsiz bir quvonch bordek edi.— Xoʻsh?
— Yoʻq, bugun emas,— dedi Karim boʻgʻiq ovoz-da.— Ertaga. Maylimi?

Tun—uzundan-uzun - yoʻl, qirrali toshlar qizib-chatnab yotgan toshloq azob edi. Karim ana shu yoʻldan har qadamda bir qoqilib-yiqilib ketaverdi.

Mohbibi goh Karimni entiktirar, goh teskari qarab, Hayitmi yo shunga oʻxshagan birovningmi yelkasiga bosh qoʻyib gʻamzali kular, goh Karimga yalinar, goh Qarimni yalintirar edi.

Bu qaynoq, telba-teskari xayollar uzra yaratganning oʻzi kabi loqayd, magʻrur Adham kresloda oyoq chalishtirib, uch-toʻrt joyidan buklangan isfihondek vahm solib oʻtirar edi.

Shu kecha Karimning Mohbibi haqida oʻylagan neki oʻyu-xayoli boʻlmasin, hammasi Adhamga urilib, parcha-parcha qirqilib ketaverdi.

Hovlidagi vodoprovod joʻmragi tuni bilan jirillab chiqdi.

Tomdagi mushuklar ikki marta nagʻma koʻrsatdi.

Karim uxlab-uxlayolmay, mudroq yotganda Burhon uni turtdi, lekin u hozir turishini, nonushta qilishini, soʻngra tiqilinch avtobusda institutga borishini, u yerda Mohbibini koʻrishini, ayniqsa, Adhamning suyak-suyakka qadaladigan nigohiga duchor boʻlishini oʻylab, koʻzini ochmadi: joʻrttagacha elovsirab, devorga oʻgirilib oldi.

Burhon yuvinib keldi, qirtillatib soqol oldi; tarandi, sochi dagʻal edi, taroq tekkanda chisirladi. Karim buni aniq eshitdi, negadir koʻngli gʻalati boʻlib ketdi. Burhon uzoq nonushta qildi: choyni piyolaga qulqullatib quydi, xoʻrillatib ichdi, ogʻzini chapillatib non yedi, ustma-ust tomoq qirdi, yoʻtaldi—Karim bu tovushlarning barchasini tinglagancha ijirgʻanib yotaverdi.
— Hoʻ, Karim,— deb chaqirdi Burhon.— Birinchi para — Hakimova. Turing, kech qolasiz.

Karim koʻzlarini qattiqroq yumib oldi: Hakimova domla uni ossa osib yubora qolsin.
— Oʻzingiz bilasiz,— dedi Burhon.

Burhon chiqib ketganidan keyin Karim koʻzini ochdi.

Havo qandaydir boʻgʻiq, ogʻir; derazadan koʻrinib turgan osmon tussiz edi.

Karim tashqariga chiqib, ancha vaqtgacha zinada mudrab oʻtirdi. Keyin sakrab turdi-da, hovlini gir aylanib chopa boshladi, uzoq chopdi. Soʻngra badantarbiya bilan mashgʻul boʻldi: barcha bilgan usullarini qaytaqayta takrorladi; tanasining turli-tuman joylaridagi muskullarini pishituvchi mashqlar bajardi, ikki qoʻliga tiralib, sanab, oʻttiz marta yotib turdi. A’zoi badaniga ter koʻpchigach, be-ligacha yalangʻoch boʻlib, pishqira-pishqira rosa yuvindi.

Karim bu orada Mohbibini, Adhamni, bugungi boʻlajak uchrashuvni oʻylamaslikka tirishdi.

Stol ustida anchagina kolbasa, sariyogʻ, uch-toʻrt chaqmoq qand, yumshoqqina non qolgan ekan, Karim qandning hammasini choyga solib, ajabtovur ishtaha bilan nonushta qildi. Keyin tanasida yoqimli horgʻinlik his ztib, karavotga choʻzildi.

Oʻylagan oʻyining ma’nisiga ham bormay, bir oz yotganini biladi, keyin koʻzi ilinib, dong qotibdi.

Karim koʻzini ochganda ustiga oftob tushgan edi. Havo ochilibdi. Vaqt tushdan ogʻib oʻtib, soat millari toʻrtga yaqinlashib borar edi.

Karim uyquga toʻygan, tiniqqan, ta’bi ravshan tortgan edi. Boʻlajak uchrashuv uning xayolida mavhum bir narsadek tiklandi.

Borib Mohbibi bilan gaplashgandan koʻra, oftob qoplagan issiqqina koʻrpa tagida rohatlanib yotish ming karra yaxshiroq edi. Kerak boʻlsa, Mohbibining oʻzi kelsin, Karimdan «Meni sevasizmi?», deb soʻrasin. Oh, qani edi shunday boʻlsa! Karim koʻrpadan chiqmay, bosh irgʻagancha tasdiqlab qoʻya qolardi. Yo boshini sal koʻtarib, Mohbibiga qarab jilmayib... Lekin Mohbibi sira kelmaydi-da — Karimning oʻzi borishi, bugun, hoziroq borishi kerak. Qayoqdan ham shu Adham aralashdi?

Borish kerak. Bormasa boʻlmaydi. Boʻlmas ekan! Adham sovuq boʻlsa ham, mard yigit. Rost, sudralib yurishdan ish chiqmaydi. Lattachaynarlikdan ish chiqmaydi, ogʻaynichalish. Tavakkal-da! Ha, Mohbibi unga qaramasa, shu bilan dunyo tugab qoladimi, hayot toʻxtaydimi? Undan yaxshiroq qiz qurib ketibdimi! Karim hali yosh boʻlsa, a’lo oʻqisa. Kim biladi, kelajakda institutlarda ishlab, koʻtarilib ketadimi? Mohbibi-chi, albatta qishlogʻiga ketadi-da, boshqa qayga ham boradi. Qiz bola-da, dodini kimga aytadi. Qishlogʻiga borgandan keyin traktorchigami, suvchigami, juda baxti chopsa, adabiyotning «A» harfini ham bilmaydigan agronommi yo piyonista mol doʻxtirigami berib yuborishadi. Besh yil shaharda oʻqigan qizni hamma ham ishonib, jon deb olavermaydi. Keyin Mohbibining oʻzi pushaymon yeydi. «Eh, oʻshanda Karimdek yigitning koʻnglini ogʻritib katta ahmoqlik qilgan ekanman, tuzatib boʻlmas xatoga yoʻl qoʻygan ekanman», deb umr boʻyi ezilib oʻtadi. Eri boʻlsa har kuni kirlab, terdan tarashaday qotgan koʻylagini yechib otadi-da, kitob oʻqib oʻtirgan Mohbibiga: «Hey, xotin! Mabiyi, deyapman! He biyingni... Etikni tort, yigʻishtir bayti-gʻazalingni, choyni opke!», deya sansirab boʻkiradi... Zamon aylanib, Karim oʻz mashinasida, yoʻq, davlatning xizmat mashinasida madaniy ahvolni tekshirgani ularning Sariosiyosiga borib qoladi; shundoq muyulishda rulni burayotib, chelak koʻtargan, ozib shaftoliqoqiday boʻlib qolgan Mohbibiga koʻzi tushadi. Mohbibi ham uni koʻrib, turgan joyida, koʻzida yosh, qotib turaveradi.

E, shundan boshqa gap qurib ketibdimi! Mohbibining baxtsizligi uning ham baxtsizligi emas-mi? U ham azob chekmaydimi, ezilmaydimi? Keyin, Mohbibi ham juda koʻchada qolgani yoʻq. Agar tegaman, desa, hamma ham noz qilavermas. Adhamning-ku yoʻli boshqa, lekin shu Burhonchaning oʻzi pitirlab qolsa kerak — soʻlakayi oqib turibdi-ku, istarasi issiq, puli koʻp, otasi sovxoz direktori, deb.

Borish kerak. Adhamga va’da bermaganda, u bilmaganda, boshqa gap edi. Bormasa, u Karimni qoʻrqoq deb oʻylaydi. Karim qoʻrqoqlardan emas. Qani, borsin-chi, keyin bir gap boʻlar-da, axir.

Yotoqqa yaqinlashgani sari Karimning oyoqlari ogʻirlashib, bosgan qadami orqaga ketaverdi. Goʻyo hamma derazalardan uni kuzatib turishgandek, boshini koʻtarishga jur’at qilolmadi.

Zinalar buncha koʻp!

Dahliz buncha sirli, buncha diqqinafas, buncha vahimali!

Karim zinalardan koʻtarilib olgach, toʻrtinchi qavatning dahlizida turib qoldi: toʻgʻri Mohbibilarning xonasiga borsami yo oldin Adhamga uchrab oʻtsami? U balki Karimning kelishini kutib, hali qizlarni chiqarib yubormagandir.

Karim Adhamning eshigini ochdiyu ostonada qotdi: Tursunoy uzala tushib yotgan Adhamni quchoqlab oʻtirar edi!

Tursunoy sapchib turdi, sarosima bilan yoqasini toʻgʻrilab, Karimga oʻqrayib tikildi.

Adham bamaylixotir «Keling», deya oʻrnidan qoʻz-gʻalayotgan edi, Karim burilib, sekingina eshikni yopdi, allanechuk qaltiradi, nimagadir alami keldi. Orqasidan Adhamning «Karim!», degan gʻalati mehribon ovozi va Tursunoyning asabiy qiqirlagani eshitildi.

Behayo! Eshigini bekitib olmaydimi!

Goʻyo hech gap boʻlmagandek, Adham chiqdi.
— Sizni deb, mana, bittasini ovuntirib oʻtiribman,— dedi u Qarimning yelkasiga qoʻlini qoʻyib,

Karim oʻzini juda ojiz, baxtsiz his qildi. Adhamning qoʻli tagida yelkasi ezilib ketayotgandek boʻldi.
— Boring,— dedi Adham shivirlab.— Xonasida yolgʻiz oʻtiribdi. Birov kirib qolmasidan... Nega kechikdingiz? Mayli, boring.

Karim ketdi. To Mohbibilarning xonasiga yetguncha ortiga oʻgirilishga jur’at qilolmadi: Adhamning nigohi uning yelkasiga qoʻsh nayzadek tiralib borar edi. Eshikni taqillatishdan oldin burilib qaradi: Adham yugurib chiqqan Tursunoyni ichkariga itarib yubordi-da, ortidan oʻzi ham ki-rib ketdi.

Karim eshikni sekingina chertdi, nafasini ichiga yutib, quloq tutdi -jimlik. Yana chertdi. Karavotning gʻijirlagani eshitilib Mohbibining «Kiravering», degan jinday hayajonli tovushi keldi. Karim yelimlab qoʻyilgandek, joyidan jilolmadi.

Eshikni Mohbibining oʻzi ochdi. Karimning tiliga gap kelmadi, u garang, gung, kar edi, faqat koʻzlari ochiq; boshini quyi solganicha Mohbibiga ergashib ichkari kirdi.

Karim birinchi sezgan narsa — qizlar xonasida paydo boʻladigan hid boʻldi: qandaydir quyuq, yopishqoq...

Karim egilib boshmogʻining bogʻichini boʻshatdi, lekin yechmay, shundoq eshikka taqalgan karavotga oʻtirib oldi.

Na Karimdan gap chiqdi, na Mohbibidan.

Karim Mohbibiga qarashdan qoʻrqib, toʻgʻriga —eshigi ochiq shkafga koʻz tashladi: shkafda ikki-uchta koʻylak, yashil yomgʻirpoʻsh, bitta yigitlarning kostyumi (kimniki boʻlsa), uning yonida esa sargʻish ichkoʻylak osigʻliq edi. Albatta, Karim birinchi boʻlib shu ichkoʻylakni koʻrdi. Bir zum oʻylandi: ichkoʻylak kaltagina edi, bu xonada turuvchi Mohbibidan boshqa qizlarning hammasi boʻychan edi, Karimning yuragi gumurib ketdi-da, ichkoʻylakdan koʻzini olib qochdi, lekin ichkoʻylak yana oʻziga qaratdi. Mohbibi buni sezib qoldi shekilli, ildam turib kelib shkafni yopib qoʻydi.

Karim yalt etib Mohbibiga qaradi, Mohbibi ham qizarib ketgan edi, yuzini teskari burdi.

Endi Karim gapirishi kerak edi.

Lekin qizlarning nafasi, atir-upa, kiyimlarning, burchakdagi kir-chir chelakning isi qorishib ketgan bu hid Karimning dimogʻiga qattiq oʻrna-shib, shusiz ham gapga kelmayotgan til-jagʻini bogʻlab turar edi.

Qarim Mohbibiga qaramasa ham, koʻz qirida uning bir necha marta sabrsiz nigoh tashlaganini sezdi.

Ancha vaqt oʻtdi shekilli, Qarimning tomogʻida nimadir gʻoʻldirab;
— Shu-u-u,— degan tovush pishillab chiqdiyu birdan oʻchdi.

Mohbibi oʻtirgan karavot gʻijirladi, Karim battar bukchayib ketdi.

Karim afsun qilingandek, mutlaqo tilday qolib, ogʻziga talqon solib oldi.

Nega Mohbibi indamayapti?

Karim Mohbibining nega bunday oʻtirganini, oʻzining nima maqsadda kelishini Adham oldindan aytib qoʻyganini anglab yetdi. Angladi-yu, hozir, xud-di shu topda Mohbibidan, oʻqishdan, shahardan — hamma-hammasidan voz kechib, toʻppa-toʻgʻri qishlogʻiga piyoda qochib ketgisi keldi. Ayniqsa, qizlarning hidi gupillab urib turgan shu xonaga chopib chiqqisi keldi.

Lekin buning oʻrniga boshini tizzalari qadar egib, boshmogʻiga tikildi. Qoʻngʻir rangi uniqib, oqarib qolgan boshmogʻi asta-sekin kattarib borayotgandek tuyuldi. Moylash kerak ekan, esidan chiqibdi.

Mohbibi yoʻtaldi. Yoʻq, ataylab emas, shamollaganga oʻxshaydi.

Jimlik juda bahaybat, vazmin bir narsaga aylanib, Qarimning boshidan bosdi. Karim hozir gapirishi kerakligini, hozir gapirmasa, keyin kech boʻlishini bilib tursa ham, tili aylanmas, buning oʻrniga gavdasi ogʻirlashib, quloqlari shangʻillar edi.

«Burnim qonab ketmasin, ishqilib», deb oʻyladi u.

Boshini tizzalari orasiga olib, qattiq qisgisi keldi uning.

Yana qanchadir vaqt oʻtdi.

Mohbibining karavoti yana gʻijirladi — u oʻtirgan joyidan choʻzilib, deraza tokchasidagi kitobni ochishdan oldin Karimga bir zum tikildi. Karim buni ham sezdi. Kitobning varaqlari shildiradi. Karimning ichidan nimadir koʻtarilib kelib, hiqildogʻiga koʻndalang boʻldi; kutilmaganda undan tovush chiqdi:
— Mabiyi...

Ovoz juda mayin, notavon edi — xijolat tortganidan Karimning boshi tizzalari orasiga tushib ketdi.

O, shunday paytlarda birdan uchib ketsang, ertaklardagidek turgan joyingda yoʻq boʻlib qolsang!..

Anchadan beri koʻksini changallab yotgan ogʻriq birdan tashqariga otildn — boʻgiq, beshafqat:
— Mabiyi!.. Ishoning! Yaxshi koʻraman sizni!

Birdan boshi yengillashib, boʻm-boʻsh boʻlib qoldi — u qaddini rostlab Mohbibiga qaradi.

Mohbibi kitobni ikki qoʻllab tutib, koʻzlarini katta-katta ochgancha, Karimga tikilib oʻtirgan adi.
— Mabiyi?—dedi Karim negadir yuragi shuvillab.— Nima deysiz?

Mabiyi oʻzgardi; yuzida, qalin lablarida qotgan tabassumga oʻxshash oʻlik bir ifoda suratlandi, koʻzlariga Karimga mutlaqo yot bir befarqlik qalqdi,

Karimning yuraklari ezilib ketdi, shunda ham umid uzmay Mohbibiga termildi.
— Mabiyi? Mabiyi!

Mohbibi bosh chayqadi — buning ma’nosi oʻz-oʻzidan ayon edi: tamom, hammasi tamom boʻldi! Yomon boʻldi, juda yomon!

Hali dahanaki jangning urishishgacha borib yetmasligiga umid qilib turgan bir paytda daf’atan tushirib qolingan mushtdan soʻng koʻtariladigan alamli bir gazab Karimning koʻngliga oʻrmalab kela boshladi.
— Karim, qoʻying, kerak emas shunaqa gaplar,— deb nihoyat tilga kirdi Mohbibi.

Karimning soʻnggi umidi chirs etib oʻchdi.
— Yoʻqmi?—dedi u.
— Qoʻying.— Mohbibining ovozi Karimning koʻnglini yoqimsiz tirmaladi.

Karim otilib turganicha Mohbibining yoniga borib qolganini bilmadi.

Mohbibi unga qarab qoʻrqib ketdi.
— Mabiyi, yoʻqmi, deyapman?—dedi u hansirab.

Mohbibi sekin bosh chayqadi.

Karimning koʻz oldi qorongilashib, xuddi yiqilib borayotgandek, Mohbibining yelkalaridan ushlab oldi.
— Menga qarang,— deb ihrandi.— Menga qarang deyapman!

Mohbibining yelkalari toʻla, qattiq edi, Karimning qoʻllari botmadi,

Mohbibi uning qoʻlidan chiqishga urinib, yulqindi, boshini koʻtarib gazab bilan tikildi. Karim ham undan koʻz uzmay, yelkalarini qattiqroq changalladi.

Kitob polga tushdi.

Mohbibi birdan:
— Qoʻy-yi... Qoʻy, deyapman senga,— deb chinqirib yubordi.

Shu onda yovvoyi gʻazab Karimning boʻgʻziga changal soldi, havo yoʻllarini toʻsib qoʻydi.

Karim Mohbibining yelkalarini qoʻyib yubordi, keyin... birdan qulochini kerdi-da, Mohbibining yuziga shapaloq tortib yubordi. Yana nimadir boʻldi shekilli, Karim zarbani Mohbibi emas, oʻzi yegandek qalqib ketdi.

Mohbibi karavotga agʻanab tushgan, koʻylagi yuqoriga sirilib, oyoqlari ochilib qolgan edi.

Xona chir-r aylanib, Karimga eshikni roʻpara qildi.

Uzun koridor... Ortidan ta’qib etib, yelkasiga paydarpay gursillab qoqilayotgan qadamlar — Oʻzining qadamlari; choʻchinqirash, qiziqsinish, hadik bilan chetlanib, lipillab qolayotgan yuzlar, qizgʻishqoramtir yoʻlak, daraxtlarning gʻadir-budur tanalari — Karim oʻziga kelib qarasa, shusiz ham kimsasiz parkning xilvat burchagiga, koʻzyoshlari tomogʻiga tiqilib, hirqiragancha yomon, juda yomon soʻkinib boryapti.

U taqqa toʻxtab, atrofga olazarak alangladi.

Koʻz oldiga Mohbibining qoʻrquvdan kattarib ketgan koʻzlari keldi.

U yaqindagina boʻyalgan oʻrindiqqa behol choʻkdi.

Oʻrindiqdan sal naridagi halqobchaga bir toʻp chumchuq qoʻndi; biri qanotlarini kerib chirilladi.

Mohbibini urganda jimjilogʻi uning ogʻziga kirib, tishlaridan siyralib oʻtgan edi, Karim birdan shuni eslab, jimjilogʻini, goʻyo oʻshandan beri hoʻldek, kaftiga artdi. Koʻz oʻngiga Mohbibining karavotda agʻanab yotgani, semiz sonlarining juda ayanchli tarzda ochilib qolgani, koʻylak tagidan pistoqi ichkoʻylagining titila boshlagan oqish toʻr hoshiyasi chiqib turgani kelib, ingranib yubordi-da, qoʻllarini asabiy siltadi.

Chumchuqlar gur-r koʻtarilib, nariroqqa tushdi. Uch-toʻrtta — botirroqlari, chanqovi bosilmagan chogʻi, dik-dik choʻpchib, halqobchaga yana yaqinlasha boshladi.

Oh, shu ish boʻlmaganda edi! Karim yomon tush koʻrayotgandek, hozir birdan sachrab uygʻonib ketganda edi!

Karim sakrab turdi.

Chumchuqlar birdan koʻtarildi.

Ijaraxonaning eshigi lang ochiq edi. Tamaki tutatib oʻtirgan Adhamni koʻrib, Karimning yuragi orqaga tortib ketdi.
— Qaerlarda yuribsiz!—dedi Adham.

Yoniga borsa, Adham uni urib yuboradigandek, Karim toʻxtab qoldi, boʻynini yelkalariga toshbaqa singari tortdi, qunishib oldi.
— Eshshak ekansiz-ku!— dedn Adham oʻqrayib. Karim haqiqatan ham «eshshak» ekanligiga birdan koʻndi.
— Siz toʻnkani ikki soatdan beri poylab oʻtiribman-a!

Karim toʻnkalikka ham rozi boʻldi. Faqat hozir Adham uni ayamay soʻkaversa, soʻkaversa... Yoki hovliga sudrab chiqib, loyga dumalatib, bigʻillatib tepsa...

Lekin Adham birdan yumshadi:
— Oʻtsangiz-chi. Nega qoqqan qoziqday turib qoldingiz? Karim oʻtdi.
— Nima boʻldi oʻzi?— dedi Adham.— Nima qildingiz?

Karim indamay yerga boqdi, keyin Adhamga moʻltiradi, yana yerga qaradi.
— Gapirsangiz-chi,— deb betoqat boʻldi Adham,— Sizga aytyapman, gapirsangiz-chi!

Karim boshini burib, derazaga tikilib oldi. Nima deb gapirishni ham bilmadi.
— Bunga bir gap boʻlganmi oʻzi?—dedi Adham qoʻllarini kergancha yonboshga oʻgirilib — xuddi hujrada uchinchi bir kishi ham bordek.— Qiz bolani urib, yana...

Pichoq Karimning koʻksiga qadaldi.
— Qipqizil ahmoq ekan-ku bu,— dedi shafqatsiz Adham.— Bechoraning jagʻi shishib ketibdi-ya! Oʻgʻil bolamidiki, shunday ursa... Yo Mabiyi bilan mushtlashishga boruvdingizmi?

Pichoq qir-rt etib Qarimning yuragini teshib oʻtdi. Lekin Karim oʻlmadi, aksincha, miyasida yarq etib najot — hammasidan biratoʻla qutulish yoʻli ochilib ketdi:

Ketaman!
— Qayoqqa?— Adham istehzoli kulimsiradi.
— Oʻqimayman! E, hammasini!..— Birdan Karimning koʻziga yosh qalqib, tomogʻi hirqirab qoldi.— Ketaman.

Adham unga tikilgancha angraydi:
— Chiningizmi?
— E, oʻqishini ham, qizlarni ham...— Karim battar jazavaga tushdi, koʻzyoshlari tirqirab ketdi. — Hoziroq ketaman!
— Esingizni yeb qoʻyibsiz,— deb takrorladi Adham.— Esingizni yeb qoʻyibsiz.

Karim Adhamga alam bilan qaradi, ketsa, oʻzidan, oʻzidan ham koʻra Adhamdan boplab oʻch oladigandek, battar xuruj qildi:
— Kerak emas. Hech narsa kerak emas, Borib traktor haydayman, arava qoʻshaman, goʻng tashiyman, goʻng! Hammaga bunaqa sharmanda boʻlgandan koʻra... Qishloqda bulardan ming marta yaxshi qizlar bor.

Adham toʻsatdan kulib yubordi.
— Voy tentak! Majnunvoyni qara!—Adham kulishdan taqqa toʻxtadi, koʻzlari qisilib, berahm tus oldi.— Boʻpti, yigʻishtiring narsalaringizni! Joʻnang!— Keyin Karimga tomon egilib, uning yelkasiga shap etib tushirib qoldi.— Turing. Kran tagiga bir narsa tashlab qoʻyganman. Ketar jafosiga tortasiz. E, kalla!

Karim «Ketaman» degan gapni hadeb qaytaraverishdan qutulganiga bir oz yengil tortdi.

«Ha, shum-ey!—deb oʻyladi Karim, shishaga ilashgan loyni vodoprovod joʻmragida yuvar ekan.— Bari bir yaxshi bola-da. Sovuq boʻlsa ham, odamning koʻnglini ogʻritsa ham yaxshi!»

Adham ularning ijaraxonasiga bungacha sira kelmagan edi.
— Karim,— dedi Adham sigaret tutatib olishgandan keyin.— Bir gapning toʻgʻrisini aytaymi?

«Hozir yigʻlaganimni aytadi!», deb oʻyladi Karim yuragi ivishib.
— Nimani?
— Xafa boʻlmaysizmi?

«Koʻzyosh toʻkish xotinlarning ishi, deydi. Mayli, desa depti-da!»— Karim oʻziga ham notanish xotirjamlik tuydi.
— Yoʻq, xafa boʻlmayman. Sizdan xafa boʻlmayman.
— Shu bugungi ishni...— Adham gapidan toʻxtab, Karimga tikildi.

Karimga Adhamning nigohi uni teshib oʻtib, ortidagi bir narsaga qattiq botayotgandek tuyuldi.
— Shuni,— dedi Adham hamon Qarimdan koʻz uz-may,— men uyushtirdim.

Karimning oyogʻi oltidagi taxta pol qayoqqadir surilib ketayotgandek boʻldi.
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga-da,— dedi Adham.— Shu bola arzimagan qiz uchun xor boʻlib yuradimi, kel, shartta orasini uzib tashlayman, dedim.

Karim ilon avragan qurbaqadek, ogʻzini kappa-kappa ochdi, yana tili aylanmay, ichidan hirqiroq tovush keldi.
— Nega?
— Negaligini bugun koʻrdingiz,— dedi Adham nihoyat undan koʻzlarini olib.— Mabiyi sizni yomon koʻradi. Qizlar oʻzlari suymagan yigitlarni yomon koʻrishadi. Siz buni bilmasdingiz. Bugun bildingiz. Bilishingiz kerak edi. Buyogʻi yaxshi boʻladi.

Lekin hozir Karimga yaxshi emasdi. Sira yaxshi emasdi. Uning koʻksini yana nimadir kuydirib oʻtdi, oʻtgan joyi yomon iz qoldirdi:
— Quying,— dedi Adham.— Hozir tushuntiraman. Menga ishonavering. Yomon niyatda qilmadim. To bitirguncha unga ilakishib yuraverar edingiz, ammo biron ish chiqmasdi.

Karim piyolani changalladi.
— Qani!—dedi Adham.— Sizning bugungi kundan ozodligingiz... Nega bunatsa qaraysiz?

Karim Adhamdan koʻzini olib, qoʻlidagi piyolaga tikildi, piyola titrayotgan edi.
— Hali ham tushunmayapsizmi?
— Yoʻq, ochigʻi tushunmayapman,— dedi Karim gʻoʻldirab.— Shuni oldin toʻgʻri oʻzimga aytsangiz boʻlmasmidi?
— Mayli, keyin... Aytsam ham boʻlardi,— dedi Adham.— Bundan osoni bormi! Lekin menga ishonmas edingiz, ishonsangiz ham...

Karim oʻzini kamsitilgan his qilib, xoʻrligi keldi.
— Nega, axir? Men shunaqa... Adham bosh chayqadi.
— Negaligini bilmayman-u, lekin menga ishonsangiz ham... Bunaqa masalada birovning aytgani, aralashgani bilan ish bitmaydi. Aytganim bilan, bari bir, koʻngil uzmay yaxshi koʻrib yuraverar edingiz. Birovning gapi bilan ajralib ketadigan boʻlganingizda... Siz uni sevasiz-ku.— Adham yana bitta sigaret tutatib oldi.— Lekin, shu qiz sevishga arzimaydi.
— Nega unaqa deysiz?—dedi Karim bu gapdai yengil tortgan boʻlsa ham. Adham qoʻl siltadi.
— Mayli, hovuringiz bosilgandan keyin oʻzingiz bilib olarsiz. Hali uni unutasiz, unutganingizdan keyin hammasi oydin boʻladi.

Adham piyolaning tepasidan changalladi, paylari oʻynab ketdi. Keyin birdan Karimga qarab:
— Sizga havasim keladi,— dedi.— Nega menga bunaqa qaraysiz?
— Nimaga? Bugungi ahvolimgami?— dedi Karim, garchi Adham bu oʻyda emasligini, juda muhim gap aytmoqchiligini sezib, birdan hushyor tortgan boʻlsa-da. Uning ichida toshga oʻxshagan bir qattiq narsa eriyotgandek boʻldi.
— Rost,— dedi Adham,— shunday boʻlmaganda sizni axtarib kelmasdim. Karim toʻlqinlandi, tomogʻiga allanarsa tiqildi.
— Tirik odamsiz-da,— dedi Adham.— Menga oʻxshamaysiz — siz yaxshi koʻrasiz. Mayli, shu Mabiychani boʻlsa ham, yaxshi koʻrasiz. Yashayapsiz!
— Siz-chi!—dedi Karim.— Qaysi qizsizga...
— Yoʻq, buni sizga tushuntirolmayman,— dedi Adham birdan tundlanib.— Umuman, sevmay yashash yomon, demoqchiman. Odamning koʻngli oʻladi. Oʻlik koʻngil bilan yashash qiyin.

Adham hozir juda chiroyli koʻrinardi: oqarinqiragan, choʻzinchoq yuzi, peshanasiga tushgan, salgina yiltirab turgan sochi, ma’yus chaqnayotgan koʻzlari, qirra burni, tekis bichimli lablari, oʻrtasi salgina puchuq iyagi, uzun boʻyni, kulrang, ohorli koʻylagi — bor koʻrinishi jonli haykaldek Karimni sehrlab, olam-jahon havas, qandaydir iliq hasad uygʻotar edi.
— Ba’zan yigʻlagim keladi,— dedi Adham roʻbaroʻsidagi bitta Karimga emas, balki yuzlab sodda baxtli karimlarga qarab.— Ammo yigʻlolmayman — diydam qotib ketgan. Hatto yigʻlashni ham odam sogʻinar ekan...

Adham koʻp gapirdi, lekin Karim hech baloni tushunmadi: «Tavba, bunga nima yetishmaydi? Boʻydan, chiroydan, gapdan bergan boʻlsa? Yuragi soʻqqaboshligi nimasi?..

Qorongʻi tushdi. Derazadan salqin yelvizak kirdi. Karim derazadan boshini chiqarib tepaga qaradi: osmonda yulduzlar bodroqday sochilib ketgan, juda koʻp edi. Karim koʻp yillardan beri birinchi marta osmonga orzu qilmay qaradi.
— Burhon kelmadi. Yotoqda qoldi,— dedi.
— Kep qolar,— dedi Adxam.
— Yoʻq, kelmaydi,— dedi Karim.— Kechasi yurishdan koʻrqadi.
— Nega? Yosh bolamidiki?
— Kim biladi?— Karim kiftini uchirdi.— Bu yerda ham bir oʻzi yotolmaydi. Qoʻrqishini mendan yashirmoqchi boʻladi, lekin men bilaman. Shu uchun uni yolgʻiz qoldirmayman.— Karim kuldi.— Qizigʻ-ey, oʻlguday xasis, pul soʻrasam, kunduz kuni bermaydi. Lekin oqshom soʻrasam, beradi.

Adham juda ajablandi.
— Rostdanmi?
— Rost,— dedi Karim.— Lekin ertalaboq kecha berganimni qachon qaytarasiz, deb soʻrab oladi.
— Qiziq ekan!—dedi Adham.
— Qiziq,— dedi Karim ham.— Bu Burhon...

Burhon haqida gapirishgani sayin Karim ochilib borardi. U negadir shu choqqacha Burhonni shu qadar yomon koʻrishini bilmagan, oʻylab ham koʻrmagan ekan, endi esa uni ishtiyoq bilan yomonlay ketdi. Yomonlagani sayin koʻngli yorishib, oʻzini yaxshi odam hisoblardi. «Men Burhondan qanchalar yaxshiman», deb oʻylardi.

Adham shu yerda tunab qoldi. U Burhonning kir koʻrpasiga ijirgʻanib qaragan edi, Karim unga toza koʻrpasini berdi.

Karim uzoq vaqt uxlay olmadi, koʻrpadan Burhonning isi kelar, goʻyo koʻrpa ham egasiga oʻxshab xasislik qilar, Karimdan issigʻini qizgʻanayotgandek boʻlardi.

Oy chiqdi, derazadan koʻrindi, Adhamning yuzini yoritdi: Adham uxlab yotganida pish-pish nafas olar, yuzi ham muloyim tortib, himoyaga muhtoj yosh bolaning xuddi oʻzi boʻlib qolar ekan.

Karim hozir oʻrnidan turib, Adhamning yoniga oʻtirgisi, hech boʻlmaganda ustidagi koʻrpani toʻgʻrilab qoʻygisi keldi, lekin Adhamning uygʻonib keti-shini, uygʻoq paytlarda oʻzi bilan qanday gaplashishini koʻz oldiga keltirib, yuragi betlamadi.

Lekin, bari bir, Adhamning shu yotishida himoyaga muhtoj yosh goʻdakni eslatadigan nimadir bir narsa bor edi...

Karim koʻzini yumdi:

«Ertaga ertalab, albatta, Adham ketganidan soʻng, Mohbibi kelsa... »Karimjon, meni kechiring...» Karim quvonib ketadi-yu, lekin sir boy bermaydi. Mohbibi goʻyo yarashmoqchidek, uning pinjiga tiqiladi, qoʻllarini silaydi. Karim uni itarib yubormaydi, ammo yuzini teskari burib oladi. Mohbibi uning mushtumini yozmoqqa urinadi, «Qoʻlllaringiz muncha qattiq!», deydi. Shunda Karim erib ketadi-da, yolgʻondakam poʻpisa qiladi, shu bilan bugungi qilmishi uchun kechirim soʻraydi: «Mana, shu qoʻlmi? Sizga koʻtarilgan mana shu qoʻlni karavotning tutqichiga bir urib sindirib tashlaymi?» Karim qoʻlini siltab tutqichga urmoqqa chogʻlanadi. Mohbibi esa rostdan ham qoʻrqib ketadi. «Yoʻq, yoʻq,— deydi u yigʻlamsirab.— Nega? Axir, shu qoʻlingiz mening aqlimni kiritib qoʻydi-ku!» Mohbibi uning qoʻlini oʻpib qoʻyadi...»

Karim shu payt beixtiyor oʻzining qoʻlini gʻalati bir tashnalik bilan oʻpdi va birdan oʻziga keldi; hozirgi ahmoqona orzuning hech qachon amalga oshmasligini oʻylab gʻijinib ketdi, qoʻlini qattiq tishladi...