OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiBir kam dunyo (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Novellalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir kam dunyo (novella)
Ahmad A’zam

Ketyapman. Tepamda koʻp-koʻk osmon. Qarshimda kirmizi quyosh, botaymi, botmaymi deb, daraxtlarning shoxiga omonat qoʻngan. Gʻir-gʻir shabada. Asfalt yoʻlka top-toza, shinam. Gʻivirlab yurgak chumchuklar men yaqinlashganda dik-dik qochadi. Oʻrindiqda yigit bilan qiz huzur qilib oʻpishmokda. «Eru xotin — qoʻsh hoʻkiz», degan gapni eslab kulgim qistaydi: shu doʻmboqqina qizning, savagʻnchdek ingichka yigitchaning terlab-pishib, harsillab omoch tortayotganini koʻz oʻngimga keltiraman. Hazilkash odamlar ham koʻp-da.

Ketyapman. Daraxtlarning olachalpoq soyasi boshimni silaydi, yoʻlkaga yastanib oladi va oyogʻim ostidan sassiz sirgʻanib oʻtadi. Koʻkragim chuqurlashib-kengayib ketganu toʻyib-toʻyib yutayotganim salqin havo qaytib chiqmayotgandek... Oʻtkinchilarni bir-bir toʻxtatib, quvontirgim keladi. Oʻzib ketayotib bir cholga tavoze bilan salom berdim, qoʻlimni koʻksimga bosib, bosh egdim. Cholning koʻzoynaklari yalt etdi, bir zum menga agʻrayib qoldi. Keyin alqadi: «Yaxshi joylardan ato qilsin!» Boʻlmasa-chi? Sal oʻtmay yoʻlimda bir qiz uchradi. «Yaxshimisiz?», dedim. U istigʻno bilan labini burdi, terila-terila sichqonning dumidek ingichka boʻlib ketgan qoshlarini chimirdi. Yaxshi joylarda yaxshi qizlar yetishadi-da.

Ketyapman. Gullar. Qizgʻin ochilgan, lovillab turgan gullar! Koʻzga jazillab uradi, yigʻlaging keladi — shu qadar rasida. Shundoq roʻparamda «yoʻl topibmiz — yuribmiz, pul topibmiz — ichibmiz», deganlardan biri yalp etib uchib tushdi. Oʻtirib olib qoʻliga diqqat bilan tikilgach, rosa soʻkindi. Boshini silkib pishqirdi-da, «Eh, Saodat, Saodat, hozir boramanu...» deya gʻuldiradi. Keyin oʻmganini koʻtaraman deb, toʻrt oyoqlab qoldi, oʻrnidan turishga koʻzi yetmadi, chogʻi, emaklab borib daraxtni quchoqladi, unga osilib kaddini tikladi. Oxiri gandiraklaygandiraklay yoʻlga tushdi. Qizigʻ-a?

Ketyapman. Tepamda koʻm-koʻk osmon, qarshimda qirmizi quyosh. Qitigʻi kelgan tentakka oʻxshab benihoya xursandman, kulib yuboray deyman. Negaligini bilmayman, bilishni ham istamayman. Oʻz-oʻzidan, hech bir sababsiz zavqim toshadi. Allaqanday kuy dimogʻimda gʻivirlaydi, xirgoyi qilaman, Tezroq uyga yetib, oʻgʻilchamni qiyqirtirib oʻynatgim, varanglatib plastinka qoʻygim, xullas, qandaydir ayyuhannos solib, olamni boshimga koʻtargim keladi. Ichimga sigʻmayapman.

Ortimdan kimdir kelyapti: «tap-tup», «tap-tup». Shoshilyapti. Mendan oʻtib ketmoqchi. Koʻramiz!

«Tap-tup» tobora tezlashadi. Qadam tashlashiga qaraganda, boʻyi pastroqqa oʻxshaydi. Pishillashiga qaraganda, tez yurib oʻrganmagan. Koʻz qirimni tashladim — yelkamdan quyiroqda bir yapasqi burun yuzib chiqdi, silkinib ortda qoldi, yana koʻrindi. Yana... Qadamimni tezlataman, «tap-tup» ham kuchayadi. Eh-he, rostdan ham oʻzib oʻtmoqchi shekilli!

Burun yoʻqoldi, chiqdi, yoʻqoldi, chiqdi... Yelkamga yelimlab qoʻyilgandek, lipillab kelaverdi.

Unga sira e’tibor bermagandek, osmonga qarayman, yon-tevarakka koʻz yugurtiraman. U tap-tuplab, tapir-tupurlab yoʻrgʻalaydi. Xuddi u emas, oʻzimning yelkam betartib pishillayotganga oʻxshaydi. Yerni gursillatib odim otishimdan, boʻyim uzunligidan, shu odamning mendan oʻtib ketish uchun behuda chiranishidan xursand boʻlib ketaman. Marhamat, yoʻl ochiq! Qitmirlik qilayotganim yoʻq, oyogʻidan chalayotganim yoʻq. Gʻashiga ham tegmayapman. Qoqilib yiqilishini ham tilamayapman. Qaytangga dalda beryapman. Oʻtib ketsin, marhamat!

Hademay uyga yetaman. Sizga aytsam, xotinim xotin emas, butun boshli bir xazina — uyda hech vaqo yoʻq kezlarda qupquruq havodan boʻlsa ham chuchvara tugib bera oladi. Men-ku, uyga shoshilyapman, bu qayoqqa oshiqadi? Shularni, ayni paytda uni oldinga oʻtkazib yubormaslikni oʻylab yanada tezroq yuraman.

Xumpar, sira orqada qolay demaydi. Xdyronman, kulgim qistaydi. Muncha chiranmasa? Xdy, ana oʻtib ketdi ham deylik. Xoʻsh, shu bilan biri ikki boʻladi-mi? Yoki boʻyiga boʻy qoʻshiladimi? Lekin kim boʻlsa ham yaxshi odamga oʻxshaydi. Tirishqoq, kurashchan koʻrinadi. Bunaqalar quntli, zahmatkash, oʻz soʻzining ustidan chiqadigan boʻladi. Birovga osonlikcha haq bermaydi, oʻzini xafa qildirib qoʻymaydi.

Ogʻayni, menga juda yoqib qolding-ku! Qani, otni qamchila. Past boʻy, mayda qadam boʻla turib mendan oʻzolsang, xudo haqqi, juda quvonaman. Omad tilayman. Ey sen, rostdan ham ushlagan joyingdal kesasan shekilli. Lekin men ham chakki emasman, ogʻayni. Uncha-munchaga yengilmayman. Qeyin, mundoq qaddiqomatni ham solishtir. Sendan qancha uzunman? Zoʻrgʻa yelkamdan kelasanu yana oldinga oʻtmoqchisan. Sening ikki qadamingni men bitta qilib tashlayapman. Qara, men bemalol, goʻyo seni payqamagandek, sen bilan bahslashmagandek, bamaylixotir ketyapman. Sen-chi, pitir-pitir qilasan, pishillaysan, lekin yoʻling unmaydi. Charchading ham. Imkondan tashqari narsa yoʻqligini bilasanmi? «Laylakka yetaman deb chumchuqning buti yirilibdi», degan gapni nahotki eshitmagan boʻlsang?

Koʻnglimda ana shunaqa serzavq oʻylar. Oʻzishuvdan zavqlanib ketganman. Ochigʻi, hali uning aftini koʻrmagan boʻlsam ham koʻnglimga juda-juda oʻrnashdi.

Birdan qoʻl siltab, orqada qolib ketsa-ya deb, tashvishlanib ham qoʻyaman. Unga xayolan dalda beraman, gʻalabaga undayman. U ham boʻsh kelmayapti.

Qaramasam ham payqab kelyapman: oʻzay-oʻzay deyapti-yu, chogʻi yetmayapti. Joʻrttaga sekinlab qoʻyaman— u oldinga oʻtib oladi. Keyin uncha zoʻr bermay unga yetib olaman-da, oʻtib ketaman. Ikki-uch marta shunday qilaman.

Bu odamning tirishqoqligidan quvonaman. U pishillagani, pildirab yoʻrgʻalagani sari koʻnglim quvonchga toʻladi: odamlar sizning zoʻrligingizni maqtamasin, zoʻr ekanligingizni amalda tan olsin!..

Toʻsatdan unga minnatdorchilik bildirgim, bironta yaxshi gap aytib, yelkasiga doʻstona qoqib qoʻygim keldi. Qolaversa, natijasi uch karra aniq boʻlgan musobaqadan ham koʻnglim soviyotgan edi.

Shu niyatda unga oʻgirildim...

Nima koʻrdim deng? Biqqi, pakana, qopqora, yapasqi burun yigit menga olayib qarab turibdi. Yuzida, koʻzida yovvoyi mushukni eslatadigan yirtqich bir ifoda bor:
— Ha?—dedi u.

Seskanib tushdim. Zoʻrgʻa oʻzimni qoʻlga oldim.
— Hech narsa.

Boʻyni qariyb bilinmaydi, boshi, yelkaning davomidek, qapishib ketgan. Bir koʻzi qiyaroq suzilgan.
— Qaydan kelyapsan?— dedi u oshkora tahdid bilan.
— Ishdan - dedim sal choʻchinqirab.

«Hozir janjallashamnz!» degan yoqimsiz, xavotirli fikr miyamdan sovuq gʻimirlab oʻtdi.
— Qaerda ishlaysan?— deb yana savol berdi u.
— Nima edi?—dedim, keyin ataylab — uni ham senlash uchun koʻshib koʻydim.— Sening oʻzing-chi?
— Men sendan soʻrayapman,— dedi u.

Yaqin oʻrtada hech kim yoʻq edi. Oʻzimni bosib oldim. Unga indamay tikilib turaverdim. Bor kuchimni toʻpladim, deb oʻyladim ichimda.
— Ogʻayni,— deb taqqa toʻxtadim, u ham toʻxtadi.— Orqamdan kim kelyapti ekan, deb senga karadim, xolos. Senga qarash taqiklangan boʻlsa — ayt! Yoʻqsa — bor, yoʻlingdan qolma. Buncha tirgʻilasan? Nima demoqchisan oʻzi?

U meni boshdan-oyoq kuzatib chiqdi, kutmaganimda birdan yumshadi:
— Endi, soʻrayapman-da,— dedi. Yana yoʻlga tushdik.
— Oʻqituvchiman,— dedim, keyin yolgʻondan qoʻshib qoʻydim:— Fizkulturadan dars beraman.

U menga sinovchan qarab qoʻydi.
— Men xolodilnik tuzataman,— dedi.— Chekishdan bormi?
— Chekmayman-da.
— Har kuni shu yerdan oʻtasanmi?— deb soʻradi u. Bu savol bermasa gapira olmaydi shekilli.
— Ha. Sen-chi?
— Men ham.
— Hech koʻrmagan ekanman-da,— dedim shunchaki, gapni gapga ulash uchun.
— Nega?—deb xayron boʻldi u. — Hammavaqt budkaning oldida bolalar bilan pivo ichnb oʻtyaraman-ku. Baxti, Hakim, Hamid, Sherzod. Zoʻr bolalar! Haknmni taniysanmi?
— Yoʻq.
— Voy, nega? Upi bir koʻrgan odam darrov taniydi. Sochi jingalak, labi doʻrdoq bola. Shuning uchun otini «Negr» qoʻyganmiz.
— Bilmadim, balki koʻrgandirman,— dedim.
— Koʻrgansan, koʻrgansan, — dedi u. — Agar har kunn shu yerdan oʻtsang, koʻrmasliging mumknn emas. Boksyor, mushti katta-katta. Mening qoʻlimga bir yarimta keladi.
— Musobaqalarda qatnashadimi?

Voy, qiziqmisan! Musobaqada nima qiladi? Gaz suv sotadigan avtomatlarga qaraydi. Har kuni oltmish-etmish soʻmdan kam topmaydi. Qizlari ja koʻp. Kelishgan bola-da! Zoʻr tashlashadi lekin. Yotib ham chikkan, — dedi, bu ham Hakim degan oʻrtogʻining juda katta fazilatidek.
— Nega?—dednm qiziqqan boʻlib.
— E, yigitchilik-da,— deb beparvo qoʻl siltadi u.— Avtobusda bitta olifta joy boʻshatmabdi. Oʻziga ishongan-da. Lekin rosa urishgan. Bir hafta kasalxonada qon tuflab yotgan ekan.
— Iya, bu Hakimlaring koʻpchilik boʻlganmi?
— Ha-da. Uchovi zerikib yurganda shu bola toʻgʻri kelib qolgan-da. Nima, Hakim urishsa, ular qarab tursinmi?
— Albatta,— dedim.

Nomard Hakimingni ham xudo koʻtarsin!
— Ikkita qovurgʻasi sinib ketgan ekan. Yotqizib olib biqiniga tepgandan keyin... Jigari ezilib ketgandir.

Men indamadim.
— Endi quyon boʻlay deb turganda xitlar kep qolgan. Nomardning yonida qizi ham bor ekan, shu dod solibdi-da. Hakim, Sherzod qoʻlga tushgan. Zokir qutulgan.
— Hakimning otasi qutqarib qololmadimi?
— E, nimasini aytasan! Rosa yugurdi, boʻlmadi-da. Uch yil oʻtirib chiqdi. Alisher bir yil. Oʻzlari ahmoq — odam koʻp joyda urishadimi? Chetroqqa olib chiq, keyin dabdala qil-da, joʻna — qani, kim topib olar ekan! Nima deding!

Quyosh botdi. Osmonning rangi siniqib, hammayoqni kulrang parda qoplab oldi. Yoʻldan mashinalar shuvillab oʻtmoqda edi. Birdan koʻnglim siqildi. Kechasi bilan daftar tekshirishim kerakligi esimga tushdi.
— Bugun pivo yoʻq ekan-da,— dedi u.— Mayli, vaqting boʻlsa, chiqib tur. Quyib beraman. Azim deb soʻra meni. Hammasi biladi.

U burilib ketdi. Koʻkragini shishirib, boshini baland koʻtargancha tor koʻchaga kirib ketdi. Biron marta ham orqasiga oʻgirilib qaramadi.

Unga anqayib yoʻlka chetidagi temir beton toʻsiqqa qoqildim. Chiqib qolgan qayqi simi oyogʻimga juda yomon urildi. Shimimning pochasini shimarsam, oyogʻimning bir enlik joyi qipqizil shilinibdi. Xayriyat, shim yirtilmabdi.

Uyga atigi bir bekat qolgan boʻlsa-da, itar-itar bilan tramvayga ilinib oldim. Tramvay gʻala-gʻovur, dim ekan, nafasim qaytib, bir zumda terga botdim. Ter koʻzimni achishtirdi. Qimdir oyogʻimni ezgʻilab bosdi.

Oqsoqlana-oqsoqlana keta turib choʻntagimni kavlasam, roʻmolcha yoʻq. Befarosat xotin, nuqul ovqatni oʻylaydi. Gumbaz boʻlib semirib ketgan. Hoʻy, son tegmagan, oʻquvchilarimning koʻz oʻngida yuzimni qogʻozga artamanmi! Burnim-purnim qonab ketsa nima boʻladi! Qachon aql bitadi senga? Doim: goʻshg, kartoshka, piyoz... Lagʻmonga choʻzilgan xamir olib kelishim kerak emish! Ana, gapni qarang: erkak boshim bilan shaharning oʻrtasida xamir koʻtarib yuray! E, oʻrgildim sendaqa xotindan! Bitta bolani eplab boqolmaydi, doim chirqillatgani-chirqillatgan. Yana bola tarbiyasini oʻrgatadigan konsultatsiyalarga qatnaydilar!

To eshikka yetguncha xotinimga dagʻdagʻa qildim. Ichimda.

Uyga kirgach, yechina solib, toʻgʻri vannaxonaga oʻtdim. Uzoq yuvindim. Sal yengil tortib chiqdim.

Ovqatlanib oʻtirib, yoʻldagi voqeani xotinimga aytib bermoqchi boʻldim.
— Hozir kelayotib bir yigit bilan kim tez yurishdan bahslashib qolsak boʻladimi!

Xotinim piq etib kulib yubordi. Jahlim chiqib ketdi.
— Nega kulasan?
— Piyoda yurishdanmi?
— Samolyotdami boʻlmasa?— dedim jahlimga hay berib.— Qarasam, mendan oʻtib ketmoqchi. Eh-he, yoʻl boʻlsin, dedim-da... — Xotinimning hali ham iljayib turganini koʻrib, birdan gapirgim kelmay qoldi.— Choydan quy! .
— Keyin-chi!
— Keyinmi? Keyin hech gap boʻlgani yoʻq... Nega bu kayvoni kampirlarga oʻxshab sallai dastor qilib qolding?

Endi jahlimni bosolmay qoldim.
— Boya bosh yuvgandim. Qurimayapti,— deb mingʻirladi xotinim.
— Kir sochiqdan boshqa narsa yoʻq ekanmi?! Yana dasturxon tepasida! Tur, koʻzimdan yoʻqot! Qachon son kiradi senga?

Xotinim yigʻlamsirab, indamay oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Negadir siraoʻzimni bosib ololmadim, baqiraverdim:
— Qachon tartib kiradi bu uyga! Nega supurgini tikka qilib qoʻyding? Un kun boʻldi polga suv tegmaganiga. Shifonerning changini qara, otingni yozsa boʻladi...

Oʻgʻlim narigi uyda uxlab yotgan edi, chirillab yigʻlab yubordi.

Yarim soatdan keyin xotinimga hasrat qildim.
— Ke, qoʻy, hadeb tumshuq qilaverma. Kayfiyatim yomon edi. Shunaqa paytda... bilasan-ku, seni qistoqqa olaman-da. Xoʻsh, sendan boshqa kimga baqiray? «Eru xotin — qoʻsh hoʻkiz» deb qadimgilar bekorga aytishmagan. Turmushning ogʻirligini nazarda tutishgan. Omochning bir tomonini sen tortmasang...

Oʻz-oʻzimdan xafa boʻlib ketdim: bolaligim qachon qoladi? Kap-katta odam, ota boʻlaturib, koʻchada yurgan kimqayoqdagi bezori bilan oʻzishib yuribman-a. Yaxshi hamki, oʻzi pasayib qoldi. Mushtlashib, biqin-miqinimga pichoq tortib yuborsa, holim ne kechardi?

Oʻzim shu haqda oʻylayapman-u, xotinimga mening ham asabim temirdan emasligi haqida kuyinib uqtiryapman...