OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiDutor bilan tanbur (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm45KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dutor bilan tanbur (hikoya)
Ahmad A’zam

Sobir televideniega ishga keldi. U bundan oldinlari «zangori ekran»da besh-olti marta chiqqan, hatto bir «jonli» koʻrsatuvning bitta «sahifa»siga boshlovchilik ham qilgan, shundan bu yerdagi ishdan oz-moz xabari bor, xodimlarning bir qanchasi bilan koʻz tanish, toʻrt-beshtasi bilan quyuq salom-aligi ham bor edi. Lekin kelgan kuni oʻshanaqa oʻziga yaqin deb yurganlaridan biri Bekpoʻlat uning oʻzlariga rahbar etib tayinlanganini eshitib, dabdurustdan:

– Sizga achinaman, – deb qoldi. – Achchigʻingiz chiqmasin-u, lekin siz ishlaydigan joy emas. Yoʻq, yaxshi joy, oʻzimizda ham koʻz tikib yurganlar bor edi, oʻn besh-yigirma yillab ishlab qoʻygan odamlar, koʻtarilish shularning haqqi. Lekin gap bunda emas.

Sobir bu gapga sal ogʻrindi-yu, sinini bermadi, lekin ichida sergaklandi.

– Nimada boʻlmasa? – dedi u Bekpoʻlatning gapini yerda qoldirgisi kelmagandek. – Yashash kerak-ku, doʻstim. Yashash uchun ishlash.

– Kerak, kerak. – deb siniq iljaydi Bekpoʻlat. – Oyligi yaxshi, qalam haqi bor, yana... mayli. Lekin bu yerga otdan tushib kirasiz, shu bilan qaytib otga minolmaysiz. Bosh muharrir, qoʻysa, hamma boʻladi, lekin yozuvchi boʻlish... Sizga munosib emas. Yutqizasiz. Ka-atta! Yoʻ-oʻq, meni norozi ekan deb oʻylamang, kelganingiz shaxsan menga yaxshi, faqat sizga ichim achiyapti.

– Keyin gaplashamiz, – deb Sobir Bekpoʻlatning gapini kesdi – hammaning tiliga erk berdirmaslik kerak, hatto u yaqin odaming boʻlsa ham. – Oʻtirib yozuvchilik qiladigan ishni tayyorlab turgan otamiz yoʻq. Siz aytgan tollar kesilib ketgan.

Bekpoʻlat qoʻlini band qilish uchun stol ustidagi qogʻozlarni taxlashga tushdi.

– Maylingiz. Tabrikla desangiz, tabriklayman. Bu ham chin yurakdan, behazil.

– Gapingizni qarang, – dedi Sobir sulhga chorlab. – Undan koʻra bilishim kerak narsalarni ayting, menga yangi...

Bekpoʻlatning labidan yana ip qochdi:

– Hamma joydagi ish, oʻrgatadigan joyi yoʻq. Studiyalar, montajxonalar qaerda, qanaqa kamerayu qanaqa kassetalar ishlatamiz – shularni bilib olsangiz boʻldi. Bunga Porsoxon akamiz borlar, hali miyangizni qoqib qoʻlingizga beradi... Kecha sizni koʻrgan ekan, eshitib yurardim, rahbarga yolchiydiganga oʻxshaymiz deydi...

– Sizdan ham yaxshi gap chiqar ekan, – dedi Sobir.

– Men emas, Porsoxon aka aytdi... – deb joʻrttaga anqovsiradi Bekpoʻlat.

– Ey-y, oʻylamang, – deb Porsoxon aka qoʻl silkidi – goʻyo galalashib uchib kelgan xavotir qushlarini kisht-kishtlagandek. – Siz men koʻrayotgan oʻn yettinchi rahbarsiz. Ular sizdan ortiq emas edi, sizning ulardan kam joyingiz yoʻq. Tortib ketasiz. Intizomni qattiq ushlang, yutqizmaysiz. Chunki, – Porsoxon aka oriqqina, sal bukik barmogʻi bilan tepani nuqidi, – intizom – nonimiz, efir esa – faqat intizom! – Keyin Porsoxon aka ikki qulochi bilan burchakdagi televizorga talpindi. – Mana bu doim yoqiq tursin, oʻchmasin, doim! Chiroyli xonimlarni oʻpayotganingizda ham bir koʻzingizni bundan uzmang. Shuni majburiyat qiling, odatga aylantirib oling. Bizlarni qoq yarim kecha uygʻotib, nima ketyapti, deb soʻrang, oʻlay agar, bir gap topib aytamiz. Tushimizda ham shu hayot-da.

Bu yerdagi ish ikki taxlit ekan, bu tomoni – televidenie, muharririyatlar, u tomoni – telemarkaz; bu, televidenie tomondagi ishning boshqa ishxonalardan uncha farqi yoʻq, koʻrsatuviga stsenariy yo diktor matni yozib, «papka toʻldirib» oʻtirgan bitta-yarimtani aytmasa, huvillab ham yotar, («Ishi boʻlmasa nima qiladi havoni isrof qilib? Lekin oyda ikki kun hamma keladi: oylik, qalam haqi kunlari», deb izoh berdi Bekpoʻlat) hamma gap narigi, telemarkaz tomonda, oʻsha yoqda oddiy odam bolasi tushunmaydigan bir nimalar boʻlib, qaynab-toshib yotar ekan. Porsoxon aka Sobirni aylantirib chiqdi, uch qavatli binoning ichi katta-kichik xonalar, bahaybat studiyalar, hammasida apparatlar qizil-koʻk-sariq chiroqlari miltillab, sezilar-sezilmas gʻivillab ishlab yotadi, quchoq-quchoq kasseta koʻtargan odamlar, dolonlarda ustining u yer-bu yeri ochiq qolgan ariqchalar chilvirday, barmoqday yumshoq simlarga toʻla, limillab oqayotgandek, hammasi borib-borib bir kerakli joylarga ulanar, kerakli joylar efir kanallariga, efir kanallari minoraga, minoradan havo orqali tomoshabin fuqarolarning uylariga... Sobir pastdan kelib, pastdan ketib yurgan ekan, Porsoxon aka boʻlmasa, ilang-bilang bu dolonlardan qaytishga yoʻlini topishi ham mahol edi.

– Ay-y, qoʻrqmang, – Porsoxon aka iloji bor hamma narsaga qoʻl siltab gapirar ekan. – Shuncha narsani bilish sizga shart emas. Keragini biling, yetadi shu. Hammasining oʻz odami bor. Mana, shu ketgan ming-ming quloch simlarning ham har biri belgili bir ishni bajaradi, aniq bir joydan chiqib, aniq bir joyga ulanadi. Chalkashmaydi, har biri alohida raqamlangan...

Nima boʻlmasin, Sobir ancha yangilik qilar ekan, Porsoxon akaning «Odam qilgan ishni odam qiladi, amaldorga esa amali bilan birga aql ham beriladi», degan yarim hazil, yarim taskin gaplariga qaramay, ishni oʻrganishga astoydil kirishdi. Efirdan boshladi. Kechqurun ham uyiga kelishi bilan koʻrpachani uzun tashlab, choʻzilib yonboshladi-da, loʻlabolishni qoʻltiqqa bosdi. Ora-sira biron badiiy film yo koʻzi tushib qolgan shov-shuvroq koʻrsatuvni koʻrmasa, «zangori ekran»ni uncha suymaydigan odam, qadalib oʻtirishga ancha qiynaldi, televizorga tikilgani sayin xayoli har qayoqlarga qochib, fikrini tizginlashi mushkul boʻldi, lekin endi hayoti shu, aravasiga tushgandan keyin qoʻshigʻini aytishi kerak...

Soat toʻqqiz yarimlar, «Tor sirlari» degan koʻrsatuvda bir bastakor bilan suhbat ketayotgan edi, Sobir koʻzi qisilib, mulgib ketgan ekan, oshxonada Komilaning nimanidir tiqirlatganidan hushyor tortib, yana ekranga tikildi. Bastakorning oʻzi ham soz chalar, kuylarini musiqa asboblarida oʻzi bastalar ekan, boshlovchi yigit «Shu kuyni ijro etib bersangiz», dedi. Bastakor shundoq devorda iligʻli turgan tanburni oldi-da, barmogʻiga noxun taqib, chalib boshladi. Ekrandan esa... dutor kuyi taraldi. Avvaliga Sobirning diqqati ilmadi, xuddi shunaqa – tanbur chertilsa dutor kuyi chiqayotgani toʻgʻridek tuyuldi unga. Kallasiga yetib borgandan keyin esa oʻziga ishonmay:

– Komila, chop! – deb baqirdi.

Komila yelkasida sochiq, qoʻlida likopcha bilan yugurib kirdi.

– Qara, qara!

Komila ekranga koʻz tikdi, keyin yoqasiga tuflagan boʻldi-da:

– Yuragimni yordingiz-ku, – dedi. – Bir gap boʻldi, ustingizga choynak agʻnadimi deb...

– Sen bu yoqdagi gap-ga qara-da. Quloq sol...

Komila boshini sal qiyshaytirib, ekranga qaradi, avval hech baloni tushunmadi, keyin hayron boʻldi:

– Tanburni dutor qilib chalyaptimi?

– Qanaqa dutor qilib? Qara, ana, noxun taqib olgan.

Komila battar ajablandi.

– Ha-ey, lekin nimaga dutor kuyi? – U qoʻlidagi likopchani artishga tushgan edi, darrov hayronligi bosildi. – Biron-bir usuldir-da.

– Qanaqa usul? Boshidan koʻryapman-ku. Adashdi bular.

– Adashmaydi. Shuncha odamning adashishi mumkin emas. – deb bilagʻonlik qildi Komila. – Eh-he, qancha odam ishlaydi!

– Hammasi ham odam-da shu, tirik, – dedi Sobir. – Bilsang, men tirik odamlarning adashish huquqini qonunga kiritar edim.

Komila yarim kechasi eri bilan tortishishdan oʻzini olib qochdi:

– Endi oʻzingiz ham ishlaysiz-ku, ertaga soʻrab bilarsiz. Lekin, qiziq...

Sobir ertasi kuni soʻrab olay desa, muharririyatida hali hech kim yoʻq, oʻzi majlisga kirishi kerak, xodimlar bemalolroq kelar ekan.

Kichik rahbarlar har kuni roppa-rosa toʻqqizda bosh direktor xonasida toʻplanib, kecha efirning qanday oʻtgani, bugungi dasturning uzatilishini «besh daqiqalik» qilib olar ekanlar.

Juda yaxshi, ertalabdan hamma ochiq yuz bilan salomlashib, soʻrashadi, ora-sira hazil-huzul boʻladi, kichkina hangomachalar aytiladi. «Ahil odamlar ekan, inoqlik shundoq yuzlaridan balqib turibdi», deb oʻyladi Sobir. Kecha tanishganlarida ham uni shunday xush qarshi olgan edilar...

Bosh direktor Ma’mur shiddat bilan otilib kirdi, lekin toʻrdagi joyiga oʻtishdan avval oʻtirganlar bilan bir-bir qoʻl olishib chiqdi, uning yuzida ham xushfe’l tabassum yarqillar, bu tasassum u koʻrishayotgan har bir yuzda shu’lalanar edi.

Ma’mur joyiga oʻtib oʻtirdi, chaqnoq koʻzlari bilan hammaga bir sidra qarab chiqib, kim bor-kim yoʻqligini nazardan oʻtkazdi-da:

– Boshladik, Mirzaqul, bugun senmi? – deb moʻndiday qora yigitchaga im qoqdi.

Yigitcha oʻrnidan qapchib turdi.

– Hammasi joyida ketdi, oʻzgarish boʻlmadi, chepe yoʻq, – dedi.

– Telefonlar? – deb soʻradi Ma’mur.

– Telefon boʻlmadi, tinchlik, Ma’mur Sultonovich.

– Yaxshi, – deb Ma’mur yumshoq kursisiga yaslandi-da, yana hammaga bir-bir mamnun koʻz yubordi. – Kimda nima masala bor? Yoʻq? Juda yaxshi. Xoʻsh, boʻlmasa...

Sobir shu bilan «besh daqiqalik» tamom, bosh direktor hozir hammaga javob beradi, degan xayolga bordi, kechagi tanbur kuyi oʻrniga dutor kuyi berilgani ham, nega bunday boʻlganini soʻrash ham erish tuyulib, umuman bunaqa narsani gapirishning oʻzi bu mashvaratga yarashmasligini his qildi. Goʻyo kecha televizorda koʻrgani juda arzimas bir narsa, oʻtirganlarga sira aloqasi yoʻq, shunaqa mayda-chuydalar bilan bu yerdagilarning boshini qotirish yosh bolaning ishidek boʻlib qoldi.

Shu vaqt eshik ochildi va bir-bir bosib Javhar aka kirdi, indamay toʻrdagi, Ma’murga yaqin joydagi boʻsh kursiga choʻkdi, yigʻilishni usiz boshlab yuborishganigami, oʻtirganlarga ogʻir-ogʻir qarab chiqdi-da, boshini toʻlgʻab qoʻydi. Bir zumda hamma yoqda qandaydir oʻzgarish sodir boʻldi, barcha jiddiy tortdi, Ma’mur ham oʻtirgan joyida qimirchilab, Javhar akaga koʻzlarini pirpiratib qoʻydi-da, qoʻliga gazeta oldi. Boshqalar qoʻllaridagi yon daftarlarni ochdilar. Sobir shunda oʻzidan boshqa hech kim qoʻli boʻsh kelmagani, hammaning tizzada yon daftar, qoʻlda ruchka bilan aytilgan narsani yozib olishga shay turganiga e’tibor qildi.

– Xoʻsh, bugun, – dedi Ma’mur ovozi sal titrab. – Ketdik! «Bilagʻon bola».

– Joyida, – deb javob berdi Kamol.

– «Dehqon sururi», – dedi Ma’mur va paysallagan Mirzarahim akaga javob kutib qaradi. – Iqtisod.

– Tayyor, – dedi Sobirning yonida oʻtirgan Mirzarahim aka boshini koʻtarmay.

– «Oling, kam boʻlmaysiz».

– Topshirilgan, – dedi Avvalboy.

– «Kuyga oshuftaman». Musiqa.

– Kechasi qayta montajdan chiqqan, – dedi Oʻljaboy aka nimagadir araz bilan.

– Majlis tugashi bilan bering. – dedi Javhar aka toʻrsayib. – Koʻrib olamiz.

Oʻljaboy aka Javhar akaga peshonasini tirishtirib qaradi:

– Kecha koʻrdingiz, aytganingizni qoʻshdim. Yana nimaga?

– Baribir, koʻngil xotirjam boʻlsin, – deb gapni kesdi Javhar aka.

– Oʻljaboy aka? – deb Avvalboy umidvor qaradi.

Oʻljaboy aka ikki koʻzini ham yumib, «boʻladi» degan imo qildi. Avvalboyning yuzi yorishdi.

Ma’mur shunaqa qilib, kechasi soat birgacha beriladigan koʻrsatuvlarni bir-bir surishtirdi, bugun tayyorlanib, soat yigirma ikkida ketadigan koʻrsatuv bor ekan, Mirzarahim akaga: «Koʻrib olishimiz, soat oltidan kechikmasin», deb qattiq tayinladi.

Ishlanib-ishqalanib, bir izga tushgan ish, koʻpincha izoh ham kerak emas, masala bir luqma yo imo bilan hal boʻlar, hatto muharririyatlarning nomi ham toʻligʻicha aytib oʻtirilmas, «Adabiyot» yo «Musiqa», «Iqtisod» yo «Subhidam» deyilsa ham kifoya ekan.

Ma’mur «xoʻsh», deb stolni shap etib urdi, oʻtirganlarda qoʻzgʻalishga boshlangan harakat yana uning gapi bilan toʻxtab qoldi:

– Xoʻp, Sobir aka, kecha efirni koʻrdingizmi?

– Koʻrdim, – dedi Sobir uncha anglamay.

– Nima fikrlar bor? Biz koʻraverib oʻrganib ketganmiz, siz yangi odam. Toza qarashlaringiz boʻlsa kerak, – dedi Ma’mur.

Sobir qaramayoq oʻtirganlarning uning nima deyishiga qiziqsinib, ishonqiramay, sinashta tikilganini, lekin gapirishi hech kimga kerak ham emasligini sezdi, shuning uchun oʻzini xomroq gap aytishdan ehtiyotlab qoʻya qoldi:

– Menga bir-ikki kun indamasangiz, hali pastu balandini oʻrganay.

Ma’mur jilmayib, yana yumshoq kursiga yaslandi.

– Ma’qul, qiynamaymiz. Moslashib oling. Lekin oʻrganish choʻzilmasin. Xoʻsh, savol yoʻqmi, tushunmovchilik? – deb u Sobirdan, keyin boshqalardan koʻzi bilan soʻrab chiqdi, «Shu bilan majlis tamom» degandek yana stolni shapatiladi.

Shu vaqt Sobir oʻziga nimadir bir narsa yoqmayotganini tuydi, gapirgan payti Javhar akaning oʻsiq qoshlari tagidan bepisand koʻz qadashlarimi, Ma’murning uni hali hech narsani bilmaydi deb, haddan ortiq ayashimi, yangi hamkasblarining oshkor iltifot koʻrsatishlarimi, ishqilib, allanechik hamma uni juda sodda deb oʻylayotgandek tuyuldi. «Hali shuncha ham gʻoʻrmanmi? Bulardan kechagi narsa qanday oʻtib ketgan? Mumkin emas-e», deb oʻyladi u va oʻzi kutmaganda shu savol tiliga chiqib ketdi:

– Kechirasizlar, – dedi u tovushidagi xijolatli qaltiroqni bosib. – Kecha bir koʻrsatuv berildi, suhbat, musiqa bilan. «Tor sirlari» degan. – Yigʻilish tugadi, turamiz deb shaylanganlarga Sobirning gapi hali uncha yetib borganicha yoʻq edi, lekin Oʻljaboy aka unga yalt etib qaragan koʻyi, koʻzini uzmay turardi. – Shu... bastakor ekranda tanbur chaldi, lekin efirda dutor kuyi ketdi.

Oʻljaboy aka xavotirli, beoʻxshov irjaydi-da, Ma’murga qaradi, Ma’mur koʻkragini kerib, xushnud yayradi, Oʻljaboy aka endi Javhar akaga oʻgirildi-da, u bilan koʻz urishtirdi, Javhar akaning ensasi qotib, labi yirilganini koʻrdi-da, yana Sobirga burilib, hi-hiladi. Kamol Avvalboyga im qoqdi, Avvalboy bir Sobirga, bir Ma’murga qaradi-da, koʻzi bilan kuldi. Mirzarahim aka ochilib, boshini egib oldi. Qolganlarning yuzida ham Ma’murning yayrab iljayishi aks etayotgan edi. Oʻljaboy akaning yuzi kulib turgan boʻlsa-da, koʻzlari bejoligidan Sobir bari bir oʻrinsiz gapirganini angladi.

Ma’mur stolini doʻmbira qildi.

– Xoʻsh, dutor bilan tanbur deng, Sobir aka? Boʻladi. Men ham, mana, yangi kelganimda Javhar akam, koʻrsatuv «jonli»mi yo montaj olasizmi» desalar, «Jonli, jonli, oʻzim koʻrib oldim», deganman...

Hamma gurillab kuldi. Faqat Javhar aka Ma’murga bir narsa deb toʻngʻilladi, Ma’mur tabassum aralash, koʻzini yumib, «qoʻyaverasiz endi», degan imo qildi. Bular imo-ishora, koʻz urishtirishlarning rosa havosini olgan koʻrinadi.

– Sobirjon, Sobir-a otingiz? Dutorning qorni katta, tanburniki kichkina. Tanbur mana bunday, dutor esa mana bunday chalinadi, – deb Oʻljaboy aka tanburni tizzasiga, dutorni biqiniga tiragan boʻlib, ularning chalinishini ham koʻrsatdi. – Tanburni barmoqqa kesilgan angishvona, yoʻq, uchburchak uzukka oʻxshagan narsani taqib, «noxun» deyiladi, manuvnaqa chalamiz, dutorni barmoq bilan, munaqa, tirnoq urib... Hozir kabinetga borsak... stolning ustida bitta noxun bor edi, koʻrsataman.

– Odam hamma narsani bilavermaydi, – dedi Mirzarahim aka. – Men ham qonun bilan udning farqiga bormayman. Bu kishi ham tanbur chertib yurmagan-ku.

– Musiqada sozlardan namuna boʻlishi kerak, – dedi Javhar aka. – Ming marta aytganman. Xonada bittadan tursin deb. Ham chiroyli, ham koʻrgazmali qurol.

Oʻljaboy aka oʻzini oqladi:

– Hamma sozanda oʻzinikini koʻtarib keladi-ku. Xonada tursa, qoʻli qichigan tingʻirlataverib, ishlagani qoʻyadimi? Bir haftaga qolmay, moxovga oshna qilishadi.

Javhar aka gap qaytarganni yoqtirmaydi shekilli, hovullab berdi:

– Mayli tingʻirlatishsa, lekin mana bunaqa dutor bilan tanburning farqiga bormaslik boʻlmaydi.

Yarim odam joyidan turgan, Ma’murda ishi borlar hali oʻtirgan edi, Javhar akaning gapi hammaning ustida gumburlab ketdi. Mirzarahim aka Sobirning oyogʻiga tepib-tepib qoʻydi, Avvalboy «indamang» degan ma’noda koʻzini qisdi. Kamol unga qarab hamdard iljaydi. Boshqalar xijolat bilan koʻzini olib qochdi. Oʻljaboy akaning iyagi qaltiradi:

– Birov dutor bilan tanburni ajratolmasa, unga ham musiqa aybdor, – deb achchiq qildi u. – Ishga olgan sizlar.

– Hay, hay, Oʻljaboy, – deb Mirzarahim aka uni tartibga chaqirdi.

– Nima hay-hay, nima hay-hay? – deb tishlandi Oʻljaboy aka. – Musiqadan boshqa ishlaring ham bormi? Bu kishim ham bizdan boshlayapti. Tanbur oʻrniga dutor ketdi emish!

– Ey inson, – dedi Javhar aka. – Ishga kimni olamiz, deb mendan soʻramay qoʻyishganiga ancha boʻlgan. Mana, oqibati!

– Boʻldi, – dedi Ma’mur murosaga chorlab. – Oʻljaboy aka, gapirib boʻlmaydimi sizga? Yozuvchi odam, asbobingizni qaydan bilsin. Bir ogʻiz soʻradilar.

– Menga nayning nechta teshigi bor deng, – deb gap qoʻshdi Avvalboy.

– Shuni ham bilmaysizmi? – deb unga quvvat boʻldi Kamol. – Oltita.

– Heh, – deb kuldi Avvalboy. – Savoddan urib ketgan ekan-da. Puflaydigani teshik emasmi? Yettita!

– Men hech tushunmayman, manavinaqa shaqildogʻi bor-ku, nima kerak shu? Har zamonda shaq etib kaftiga urib qoladi, shunga ham bir odam ovora, – dedi Kamol.

Bu gaplar albatta Sobirni chalgʻitish uchun aytilyapti. Sobir gapining qandaydir nooʻrin chiqqanini anglab tursa-da, lekin bunaqa ta’sirotni kutmagan edi, ustiga ustak, hozir bir narsa demasa, bu hangoma oʻzining zarariga butun atrofga tarqalib, bundan besh battar gap-soʻzga qolishini ham oʻylab qoldi.

– Kechirasizlar, men chalishni bilmayman-u, lekin dutor bilan tanburning farqiga yaxshi boraman, – deb u atay ovozini koʻtarib, dona-dona ta’kidladi. – Kecha rostdan ham tanbur chalinganiga dutor kuyi berildi.

Oʻljaboy akaning koʻzlari ola-kula boʻlib, rangi qum oʻchdi.

– Turing-e! Yana shu gapmi? – dedi.

Sobir kuch bilan oʻzini bosdi:

– Ogʻizning jiyagini sal yigʻishtirasiz, aka, – dedi.

Oʻljaboy aka birdan bezanglab ketdi:

– Nima deyay boʻlmasa? Ey, shu musiqaning ham padariga la’nat! Kelgan balo musiqaga yopishadi, kelgan balo musiqaga yopishadi. – Oʻljaboy aka baloning yopishishini takrorlab, ikki qoʻli bilan koʻrsatib ham berdi. – Yangi odam deb indamasa, boshga chiqib, boʻyinga minib oladi shekilli...

Sobir bu odamning biron narsasini bilmay oʻldirib qoʻygandek, juda betayin ahvolga tushdi, gapirsa uning battar guvillashini oʻylab, indamay qarab turaverdi.

Ma’mur oʻrnidan irgʻib turdi-da:

– Qani, hamma oʻtirsin-chi! Oʻtiringlar, – dedi. – Xoʻsh, Mirzaqul, kecha efirni koʻrdingmi?

Mirzaqul joyidan sapchidi:

– Koʻrdim, Ma’mur Sultonovich!

– «Tor sirlari»ni-chi?

– Koʻrdim, Ma’mur Sultonovich, – deb Mirzaqul koʻzini olib qochdi.

– Bu kishi nima deyaptilar? – dedi Ma’mur unga tikilib. – Ayt, bu kishi nima dedilar? Ha, surma yeganmisan, ovozing chiqmaydi?

Mirzaqul indamay derazaga alangladi, keyin yerga tikilib oldi.

– Koʻrmagansan, eshshak! Yana menga «vich»laysan. «Vich»ingni pishirib yeymanmi? – dedi Ma’mur. – Nima koʻrgansan, aytaymi, a? Toʻrtinchi kanaldagi «Oʻlim boʻsa»sini! He, kino koʻrmay oʻl!

Hamma joyiga qaytib oʻtirgan, koʻpchilikning boshi xam edi. Faqat Javhar aka kallasini toʻlgʻab-toʻlgʻab qoʻyar, tund yuzidan biron narsani anglash qiyin, lekin yiltirayotgan koʻzlaridan bir narsaga tayyorlanayotganini taxminlash mumkin edi.

– Xoʻsh, oʻrtoq rahbarlar, – dedi Ma’mur. – Kechagi efirni oʻzi kim koʻrdi? Qani?.. Mirzarahim aka?

Mirzarahim aka sekin boshini koʻtardi-da, Ma’murga tik qarab, muloyimgina:

– Kecha qudam kelgan edi, – dedi.

– Siz qudangiz bilan, obzorchingizning esa ahvoli bu, – dedi Ma’mur zarda bilan. – Avvalboy?

Avvalboy bardam qoʻzgʻaldi-da:

– Montajda edim, – deb burro javob qildi.

Ma’mur unga istehzoli qaradi, lekin hech narsa demay, Kamoldan soʻradi:

– Siz ham koʻrmagandirsiz?

Kamol beozor kulimsirab:

– Yoʻq, men koʻrdim. – dedi. – Farhod Uzayr Begijonov bilan suhbat qildi, Uzayr Begijonov oʻz uyida yap-yangi kostyum-shim kiyib, galstuk taqib oʻtiribdi, shimining taxi buzilmagan. Juda sun’iy-da.

Javhar aka vagʻirlab berdi:

– Sizdan Begijonovning shimi soʻralmayapti. Uzayr tanbur chaldimi yo dutormi?

Kamol kiftini qisib:

– Tanbur chaldi, – dedi, keyin astoydil labini burdi. – Nima kuy chalgani quloqqa kirmabdi-ey. Falati boʻlganday boʻldi lekin... balki dutor kuyi berilganigadir...

Oʻljaboy akaning figʻoni oshdi:

– Oʻy uka, talmovsiramay, aniq qilib gapiring: dutormi, tanburmi?

Kamolning oʻzi ham hayron boʻldi:

– E’tibor qilmabman. Nimadir qovushmadi ishqilib. Koʻzim Uzayr Begijonovning kostyumida edi, «Tanburni shlyapada chalganida juda toʻkis boʻlardi-da», deb ham qoʻydim. Odam ba’zan shunaqa, bir narsani koʻrib turib, boshqa narsani xayol surasan.

Ma’mur hatto xunobi oshganda ham yayrab gapirar ekan.

– Xoʻsh? Nega indamaysizlar? Efirni koʻrgan boshqa mard ham bormi? – U davraga bir qur koʻz yugurtirdi, hamma jim edi. – Akalar, ukalar, qaerda ishlayapmiz, qaerdan non yeyapmiz? Teshib chiqmaydimi! Shunday narsa oʻtib ketsayu hech kim bilmasa! Mening koʻnglim sezyapti. Boshda Sobir aka adashgan dedim, endi oʻylab koʻrsam, adashmagan. Yangi odam nimadan adashishi ham mumkin?

Oʻljaboy akaning zahrasi za’faron boʻlib qoldi.

– Oʻv, meni miyasi suyilgan deyapsizlarmi? Esimni yeganim yoʻq. Kimning devorini teskari urgan edim? Bunday emas-da endi.

Qandaydir bir koʻrinmas boltami, oyboltami, ishqilib, juda oʻtkir-ogʻir bir narsa Oʻljaboy aka bilan boshqalarning oʻrtasini chopib qoʻygan, Oʻljaboy aka qancha shovqinlasa, shuncha ojizlanib borar, hammaga koʻz yugurtirib, oʻziga hamdard izlar, odamlar esa undan nigohini olib qochar edi. Uning ahvoliga qarab turib, Sobirning ichi ezilib ketdi, boya hammaning oʻziga iltifot koʻrsatgani qanday sun’iy boʻlsa, endi shu odamlarning Oʻljaboy akani yolgʻizlatib qoʻygani shunday bir toshbagʻirlik boʻlib koʻrindi.

Ma’murning gapini Javhar aka ilib ketdi:

– Mana oqibati! Jagʻim charchaydi – papkani topshiringlar deb. Qargʻa qagʻillaydimi, tuya boʻkiradimi – farqi yoʻq. Mukofotdan kes, hayfsan ber – befoyda. Ma’murjon, oʻzingiz bilgandek, bugungi koʻrsatuvlarning ham hali yarim papkasi yoʻq. Bu, yarim efir hujjatsiz – qonundan tashqari ketyapti degani! Ertaga, efir oʻtgandan keyin koʻtarib kelishadi, qiyshayi-ib! Qalam haqi kerak-da.

– Papkasi boʻlmasa, qabul qilmang deyman-ku, – dedi Ma’mur.

Javhar akaning jagʻ mushaklari oʻynab ketdi. «Hozir ogʻziga birontaning bilagi toʻgʻri kelsa, gʻarch uzib olsa kerak», deb seskandi Sobir.

– Qanday qabul qilmayman? – deb vagʻirladi Javhar aka. – Koʻzining siydigini oqizib sizning oldingizga kiradi, siz yoʻq demasangiz...

– Nima, papkasi yoʻq deb efirni toʻxtataymi? – deb zorlandi Ma’mur. – Tomoshabin papkangizni koʻrmaydi-ku. Xoʻp, ana, «Tor sirlari»ning papkasi bormidi?

– Bor edi, bor edi, – dedi muloyim boʻlib qolgan Oʻljaboy aka.

Ma’mur Javhar akaga botinib qaradi:

– Koʻruvdingizmi?

Javhar akaning ham popugi pasaygandek boʻldi.

– Ha, – dedi yerga qarab. – Men koʻrmasam oʻtkazmayman-ku.

– Koʻrgan boʻlsangiz?.. – dedi Ma’mur javob kutib.

Javhar aka bu ishga oʻtirganlar aybdordek, hammaga jahl bilan koʻz yugurtirib:

– Kuyni eshitishim shart emas, gʻoyasini tekshirmayman-ku, – dedi. – Televizorimning tovushi oʻchirilgan edi. Kim chiqqanini papkadagiga solishtirib koʻrdim.

Bu orada Ma’mur telefon raqamini terayotgan edi.

– Markaziymi? Salom-alaykum! Rahmat! Rahmat! Ha, aka, aytganman, boʻladi, boʻladi... Xursandman... Ha, juda yaxshi... Bemalol, bemalol!

Ma’mur kim bilandir juda ochilib-sochilib gaplashdi, bu orada Oʻljaboy aka oʻtirganlarga takror-takror moʻltiradi, Javhar aka qovoqlari ostidan bosim qarab oldi, jagʻ mushaklari borib-borib keldi, boshi necha marta toʻlgʻandi, «Kalla jonivor ham bor ekan-da», deb oʻyladi Sobir. Boshqalar jim kutib qoldi...

– Aka, kechagi nazorat yozuvlarini ukalardan zingʻillatib, a... Yoʻq, tinchlik... Aka, siz bor-ku, notinchlik boʻladimi? Ha, sekingina, doʻstlar bilmasin...

Ma’mur goʻshakni qoʻyib, hammaga amirona nazar soldi. U hozir odamlarning ustidan katta rahbarga aylangan, koʻplarning rangi oʻzgargan, «nazorat yozuvlarini» eshitgan O’ljaboy aka bechora gezarib qolgan edi.

– Javob! – dedi Ma’mur keskin ohangda, keyin tovushini pasaytirib: – Sobir aka, sizga rahmat, – dedi.

Mirzarahim aka pastroq tovushda choʻziq qilib:

– E-e, – deb oʻrnidan turdi.

Ma’murning nigohini tutaman deb koʻzi umidsiz ovchilik qilayotgan Oʻljaboy akadan boshqa hamma qoʻzgʻaldi...

Sobir nosinashta davrada bunaqa mujmal ahvolga hech tushmagan, oʻzini nimagadir aybdor sezar, aybining anigʻini bilolmaganidan battar xunobi oshar edi. Kabinetda u yoqdan-bu yoqqa yurdi, chekdi, oʻtirib oʻyladi, kallasiga bir ma’nili oʻy ham kelmadi, televizorni yoqib, qarab oʻtirdi, koʻngliga sigʻmadi. Oxiri «E-e, nima boʻlsa ham oʻtib ketdi-ku, bundan bu yogʻiga ustaroq boʻlish kerak shekilli», deb qoʻl siltadi...

Bu orada dolon jonlanib, salomlashish – soʻrashishlar koʻpaydi, erkaklarning gurs-gurs, ayollarning taq-tuq qadam tovushlari kuchaydi, bir juvonning jaranglama kulgisi bor ekan, ikki marta kimgadir qichiq hazil qildi, kimdir «Ha, san oʻlmagin-da», deb qoʻydi.

Sobir papkalarni parishon varaqlab oʻtirgan edi, dermantin qoplangan eshik gursillab urildi-da:

– Mumkinmi? – deb Bekpoʻlat kirdi.

– Toʻgʻri kiraversangiz boʻlmaydimi? – dedi Sobir. – Eshikni gumburlatib tep, yana ruxsat soʻra.

Bekpoʻlat beozor kulib:

– Tepganim yoʻgʻ-e, matosi qalin, mushtlamasa boʻlmaydi, – dedi. – Yangi rahbar kelgani bilinibdi, bugun xodim koʻp. Bu, tinchlikmi «besh daqiqalik»da? Musiqada oʻrdak suzyapti, nima gap desam, yangi shefingdan soʻra deyishdi. Bir nima oʻtib ketgan shekilli?

Sobir gap tarqalganiga hayron boʻldi.

– Kecha tanbur chalinib, ovoziga dutor kuyi ketdi. Shuni soʻragan edim. Darrov...

Bekpoʻlatning qoshi peshonasiga koʻtarilib ketdi:

– Nima? Nima deyapsiz!?

Endi Sobir tanburni chalgan boʻlib koʻrsatdi:

– Begijonov, bastakor, tanbur chaldi. Lekin dutor kuyi berildi.

Bekpoʻlat unga ogʻzini ochib qarab turdi-da, ikki qoʻli bilan boshini changalladi:

– Vay-y! Rostdanmi? Xudo uribdi-ku!

– Nega xudo uradi? Shunga shunchami? Majlisda gaplashib olindi-ku, – dedi Sobir yuragi ivishib.

Bekpoʻlat asabiy kuldi:

– Majlisdagi gap-gap. Endi boshlansin-da.

– Oʻzi hech kim koʻrmay ham qolgan ekan. Bekor aytibmanmi? – dedi Sobir astoydil kuyinib.

Bekpoʻlat Sobirga tikilib turdi-da:

– Bekor. – dedi. – Sizga nima, yangi odamsiz, oʻzlari bilan oʻzlari yeyishsin edi. Sakkizta echkiga saksonta taka oʻtiradi, nega oʻtkazib yuboradi? Lekin chatoq boʻpti.

– Aytmasam, hech kim bilmay qolarmidi? – dedi Sobir.

– Mumkin, – dedi Bekpoʻlat. – Siz toʻgʻri qilibsiz, koʻrgan narsangizni qanday aytmaysiz? Lekin aytmasangiz yaxshi boʻlardi. Oʻljaboy aka sizdan xafa boʻladi-da.

– Mendan, nega? – deb hayron boʻldi Sobir.

– Aytyapman-ku, aka, boshlanadi deb. Boshlangandir ham. Tushuntirish xati, hayfsan, hayda-hayda. Xudo berdi Javhar akaga. Oʻljaboy akaning ustiga minib olib irillaydi, yoʻq, boʻkiradi, oʻ-oʻ, yana panjamga ilinding-ku, deb...

Shu vaqti eshik tovushsiz ochilib, Porsoxon aka kirdi, toʻgʻri kelib qoʻlini Sobirga choʻzdi:

– Tabrik! Jangovar choʻqintirilishingiz bilan! Yaxshi! Bizda gapidan latta isi keladiganlar ishlay olmaydi. Talashib, tortishib, haqini ajratib olishi kerak odam. Ayniqsa, rahbar. Nima, ogʻzingizning jiyagini yigʻishtiring, dedingizmi? Original! – Porsoxon aka Sobirning hayron qarab qolganiga izoh berdi. – Ey-y, Sobirjon, bizda gap yotmaydi, ogʻzingizni ochmasingizdan oldin hamma eshitib boʻlgan boʻladi. – Porsoxon aka odati boʻyicha qoʻl siltadi. – Oʻzidan koʻrsin, montajni assistentga ham tashlab ketadimi! Lekin bu bir falokat.

– Kim boʻlgan? – deb soʻradi Bekpoʻlat.

– Egamnazar, – dedi Porsoxon aka. – Oshni suzmasimizdan yetib bor, deb ketishgan yana.

– Bularning tahorati yoʻq-da, – dedi Bekpoʻlat, – doim bir narsasi chiqib turadi...

Sobirning koʻk telefoni jiringladi.

– Sobir akamisiz? – Goʻshakdan bir qizning chiroyli ovozi keldi. – Ma’mur Sultonovichga! Bir kelib ketar ekansiz.

Sobir dolonda borayotib, xodimlarining sal hadik bilan salomlashishi, sinovchan qarab qoʻyishlaridan bildiki, rostdan ham «besh daqiqalik»dagi gap tarqalgan, tarqalganda ham mahovati bilan, oʻzi haqida ham ancha-muncha gap qoʻshilgan shekilli, bugungi munosabat kechagidan boshqacharoq.

Qiziq ekan, bir pasda. Bu yerda odam zerikmaydi shekilli.

Ma’mur ham uni sakrab turib kutib oldi, boshqatdan qoʻl berib koʻrishdi.

– Keling, aka, – dedi yanada ochiq jilmayib. – Oʻrganyapsizmi? Bizniki shu-da, aka. Endi ichimizga kirdingiz, koʻraverasiz.

Sobir nima deyishini bilmaganidan indamadi.

– Qoyil sizga, toʻgʻri aytgan ekansiz.

– Ey, buning nimasiga qoyil? – dedi Sobir.

– A shuncha odamdan oʻtib ketibdi-da! Bitta siz koʻrgansiz. Oʻtirib koʻrdik, aytganingizday! Hozir «razbor» qilyapmiz. Haqiqatan ham qoʻling singur Begijonov tanbur chalyapti, efirdan dutor ketyapti! Koʻrib turib, odam ishonmaydi-ya!

– Begijonovda nima ayb? – dedi Sobir.

– Nahs-da, aka, nahs bosgan, – dedi Ma’mur burnini jiyirib. – Yomon koʻraman shu odamni. Doim qari qiz ovga chiqdi, ketidan gʻovgʻa chiqdi. Yana bizni tanqid qiladi, musiqani tushunmaydigan odamlar oʻtiribdi deb. Oʻzi boʻlsa uyida yangi kostyum-shim kiyib, ekranga chiqadi. Farosat! Ha, mayli, bu – oʻzimizning gaplar. Sizni chaqirtirganim – yana bir marta rahmat aytish. Bu yerdagi achchiq-tiziq gaplarni koʻngilga olmaysiz. Oʻljaboy aka oʻzi yomon odam emas, hali qaymoqlashib ketasiz, kerak odam, lekin gap eshitaverib, haligi, yozuvchilar nima deydi, qashqatayoqmi, kaltakzadami boʻlib qolgan.

– Yozuvchilar emas, kampirlar aytadi, – dedi Sobir.

Ma’mur boshini orqaga tashlab kuldi.

– Xalq tili-da... Shu, Sobir aka, endi oʻzimiznikisiz, ertalabki gap shu yerda qolsin.

Sobir kiftini qisdi.

– Tarqab boʻpti-yu.

– Tarqaladi! Ming ehtiyotini qiling, davrada aytilgan gapning qirqta qulogʻi, yigirmata ogʻzi bor. Ichimizda oʻrmalaydi. Masala – Ma’mur koʻrsatgich barmogʻi bilan tepaga ishora qildi, – yuqoriga chiqib ketmasin. Yoʻq, yashirmaymiz. Lekin... rais oʻzimizdan, aniqrogʻi mendan eshitsinlar-da. Oʻzim lab-lunjini toʻgʻrilab tushuntiraman. Boshqalar qaysi koʻngilda nima deb yetkazadi – kim biladi? – Ma’mur oʻzining piyolasiga choy quyib, Sobirga uzatdi. – Bitta iching, dil ketdi. Bundan keyin, xudo xohlasa, koʻp ishlarni birga qilamiz, shunaqa paytlari, akajon, avval sekin oʻzimga aytsangiz, yozuvchilar nima deydi, nuran a’lo nurmi...

Bosh direktorning choyi, ichiga allambalolar solinganmi, ham taxir, ham zigʻirmoyning mazasi kelar ekan. Sobir qayoqqa tupursam ekan deb ijirgʻanib chiqsa, dolonda Javhar aka turgan ekan.

– Sizga qarab turibman, – dedi Javhar aka mehr koʻrgazgan boʻlib. – Chaqirtirsam, kabinetingizdan bu yoqqa kelguningizgacha bitta roman bitiladi. Bizga kiraylik.

Javhar aka ogʻir gavdasini chaqqon burib, kabineti eshigini ochdi-da, Sobirga manzirat qildi. Sobir indamay ergashdi.

Javhar aka joyiga oʻtirgandan keyin tortmasidan bir dasta oq qogʻoz olib, tap-tap urib taxladi, Sobirga qaradi, unda hech narsa yoʻqligini koʻrgandan keyin, dasta qogʻoz ustiga ruchka qoʻydi-da:

– Yaxshi boʻldi, Sobirjon, – dedi, – juda yaxshi, xudo ol, qulim, degani shu-da, oʻzi toʻgʻrilaydi! Kelganingizdan bir kundayoq koʻzga tashlanib turibsiz. Lekin ehtiyot boʻling: orqangizdan pichoq uradiganlar bor bizda. I-i, chohga itaradiganlardan ehtiyot boʻling deb, oʻzlari itarib yuboradi! Ana bittasi! Noxunni koʻrsatarmish! Havasakka ikkita nagʻma mashqi bormi-yoʻqmi, bu errayim ham sozanda! Mutaxassis! Peshonasiga tuflab bir soʻm yopishtiring, qiypillab oʻynaydi. Otarchi! Butun boshli muharririyatni shunaqa odamga topshirib qoʻyganmiz. Yozuvchining qadami bexosiyat keldi emish. Saviyani qarang! Miya mogʻorlab, betni tasqara boylagan-da bir qarich. Siz oʻylanmang, oʻzim borman. Bamaslahat ish qilsangiz, kam boʻlmaysiz...

Sobir shu bir-ikki kun ichida odamlarning gapini boʻlmay eshitishga oʻrganib qoldi, lekin Javhar akani jim tinglashga qiynaldi, ammo uning gapini boʻlishning ham evini qilolmadi. Noiloj tishini tishiga bosib oʻtiraverdi.

Bu Oʻljaboy degani choʻqimay qargʻa boʻlgan, oʻqimagan bir mulloyi beamal ekan. Unga Javhar aka aytibdi: «Oʻzing ishni chatoq qilib, yana nimaga yozuvchidan xafa boʻlasan, bola-chaqasini oʻynatib, xotinining koʻnglini olish oʻrniga efiringni koʻrib bersa» deb, lekin u toʻqim tabiat, paytavaquloq, xullas, toʻyib quturib ketgan ekan-da-e, endi qancha tez ketiga tepilsa, shuncha baraka topar ekan tepgan odam. Gap nima ustida ketyapti ekan? Vijdon ustida, mas’uliyat ustida! Javhar akaning davrlarida bunaqa emas, hamma qilgan ishiga javob berar ekan, hozir intizom tushib ketibdi.

Javhar aka juda koʻpchilikdan shekilli, biz, bizning davrimizda, bizlar undoq qilganmiz, deb gapirdi, keyin bu kishi hamma narsani oldindan bilar ekan, biz bilar edik, aytib qoʻyay, meni aytdi deysiz, biz oldindan aytgan edik-ku, deydi, shundanmi, u kishi rahbar paytlari bunaqasi boʻlmagan, boʻlsa ham Oʻljaboyga oʻxshaganlarning shoxi «moment» sindirilgan, hozirgi bu erkinchilikning oxiri yaxshi emas ekan.

Javhar aka Sobirga qarab gapirgani bilan uni koʻrmayotgan, hisobga ham olmayotgan, u Sobirning orqasidagi teranliklargami, puchmoqlargami koʻzini tikkan edi. Tinglagani sayin Sobirning koʻngliga mubham bir xavotir oraladi, Javhar aka koʻziga odamzod ummoni ichida ne-ne zamonlar oralab, oldida koʻndalang chiqqan jonzot borki, hammasini katta boshi, yirik-yirik jagʻlari bilan bosib-gʻajib-yanchib oʻtib kelayotgan bahaybat bir nahangning oʻzi boʻlib koʻrindi, uni toʻxtatadigan yo orqaga qaytaradigan kuch yoʻq, Sobir bunga shunchaki, koʻrganini boshqalarga yetkazib, qudratiga shohidlik beradigan bir guvoh edi, xolos.

Javhar aka dasta qogʻozni Sobirga surib, katta jagʻi bilan im qoqdi.

– Endi qoidamiz shunaqa – hammasini yozib berishimiz kerak. Siz hali yangi, oʻzim qarashib yuboraman. Xoʻsh, bunday. Kompaniya raisiga. Kechagi sana, kechqurun soat toʻqqizu oʻttiz beshda berilgan koʻrsatuvni koʻrdim, unda boshlovchi Farhod Olimjonovning taklifi bilan bastakor Uzayr Begijonov tanburda «Oʻrik gullari» kuyini ijro etdi, lekin efirda dutor ijrosidagi «Soy sohili» berildi.

– «Oʻrik gullari»mi yo boshqasimi, qaydan bilaman, – dedi Sobir gʻijinib. – Tanburning tovushi chiqmadi-ku, parda bosilishiga qarab aytadigan darajada emasman.

Javhar aka bir muddat iljayib tikildi.

– Ha mayli, buni yozmaymiz... Xoʻsh, ertasi kuni bosh direktor EM.ES.Qorievning kabinetida soat toʻqqizda boshlangan ertalabki operativ yigʻilishda majlis ahliga mazkur gʻoyaviy-siyosiy xato haqida ma’lumot yetkazdim. Ammo majlisda «Musiqa» muharririyatining bosh muharriri Oʻ. Nuraliev xatodan tegishli xulosa chiqarish oʻrniga kaminani haqorat qildi, tartibga chaqirgan bosh direktor oʻrinbosari Je.Qurbonboevga qoʻpollik koʻrsatdi.

– Haqorat qilmadi. – dedi Sobir.

– Iya, balo tikildi desa, bexosiyat keldi, deb gap tarqatib yursa, haqorat emasmi shu, Sobirjon? – Javhar aka juda-juda hayron tikildi Sobirga. – «Tur!», Tur-e», deb itga aytiladi, a bu haqorat boʻlmay, nima? Ertalab shart-shurt gapirganingizga, manna-e, nihoyat gʻururi baland, tishlik-tirnoqlik bosh muharrirga ega boʻldik, deb xursand boʻluvdim. Bu yogʻi qanchadan tushdi endi? Oʻljaboyning oʻzi haji qabul boʻlib qolgan, bitta turtki yetadi. Koʻpchilikning duosiga qolasiz. Echkining oʻlgisi kelib, qassob bilan oʻynashib turibdi-ku.

Sobir oʻrnidan turdi.

– Sobirjo-on, – dedi Javhar aka choʻzib, – bu sizga kerak, ha, sizga. Mansab pillapoyasida necha koʻtarilishingiz bor. Tarjimai holingizda yana bir ijobiy fakt-da bu. Zoʻr boʻladi. Shunaqa faktlar yigʻilaversa, kelajagingizga yaxshi. Men sizga bir yaxshilik qilay deyapman.

– Oʻljaboy aka yana ham sasib yurgan boʻlsa, oʻzim gaplashib qoʻyaman.

Javhar aka ham oʻrnidan turib ketdi:

– Oʻv, uka! Sizning tengingiz emas u odam. Boshni dorga tikmang. Bir musht uraman deb... Oʻljaboyning gaplari sizga emas, mening mana shu yuragimga sanchildi. Qonuniy yoʻl bilan ta’zirini yedirish kerak, vassalom!

Javhar aka oʻtirgan joyida bostirib kelayotgandek, Sobirni ogʻir bir rutubat bosdi. U burilib eshikning dastasini ushladi.

– E toʻxtang-da, moʻh-moʻh desa qoʻy ham tushunadi, siz boʻlsa, – dedi Javhar aka sir bilan. – Aytmaganimga qoʻymaysiz shekilli. – Javhar aka shu gavdasi bilan chaqqon kelib, Sobirga boshini egdi, jilmayib, koʻzi bilan imlab, qattiq shivirladi: – Qoʻshamiz! Tushunyapsizmi? Musiqaning ham boshiga oftob chiqsin.

Sobir hech narsani tushunmadi, lekin Javhar akaning mamnun qarab turishidan xursand boʻlishi kerakdek edi. Tili sur kaltak boʻlsa ham, shunday gavdali odam eshilib-buralar ekan.

– Musiqani sizga qoʻshamiz. Yetdi yetdimi endi bu dono kallaga? Ha? Endi oʻtirib yozing aytganlarimni.

Sobir eshikning dastasini qoʻydi. Javhar akaga tik qaradi.

– Meni bunaqa narsalarga aralashtirmang.

Javhar aka nodon bolani birinchi marta koʻrayotgandek ajablandi:

– Uka, ukajon! Men yozuvchilarni boshimga koʻtaraman. Nosir Nozim akamlarga men choylar damlaganman, xizmatlarida boʻlganman. Sizni ham oʻzimizdan deb...

Sobir uning gapini boʻldi:

– Kechirasiz, men hech kimga choy damlamaganman. Siz bilan farqimiz shu.

Sobir Javhar aka tutib qoladigandek, oʻzini eshikka urdi, Javhar aka «Til ham bor ekan, zahargina», deb qoldi, lekin uni toʻxtatishga ulgurmadi, orqasidan ham chiqmadi.

Sobir kabinetiga kirishi bilan telefondan Bekpoʻlatni izlattirdi.

Bekpoʻlat Porsoxon aka bilan birga kirdi. Ikkalasi ham indamay, Sobirning ogʻziga qaradi. «Eshitdimikin bular?» deb oʻyladi Sobir va oʻyini oʻzi rad qildi, har qalay, Javhar aka chaqirib aytmaydi-ku. U Bekpoʻlatning bitta oʻzi bilan gaplashmoqchi edi, lekin Porsoxon akani chiqarib yuborish juda noqulay, ham gapini Porsoxon aka ham eshitishi kerakdek tuyuldi.

– Bekpoʻlat, kecha gapingizni olmay, bekor qilgan ekanman.

Bekpoʻlat kechagidek labidan ip qochib qaradi, indamadi. Sobir Porsoxon akaga tushuntirdi.

– Bekpoʻlat kecha bu yer siz ishlaydigan joy emas, deganda, ha, bir olifta gap-da, deb oʻylagan edim. Hozir bosh qotdi, qanday boʻshasam deb.

   Sobir ularning hay-haylab berishini kutgan edi, lekin ular xuddi shunday boʻlishi tabiiydek tutdilar oʻzlarini. Bekpoʻlat oʻsha-oʻsha siniq tabassum qildi, Porsoxon aka zavqlanib tizzasiga shapatiladi.

– Men gapni kecha aytdim, bugun emas. Bir kunda koʻp narsa oʻzgaradi, – dedi Bekpoʻlat.

– Nima oʻzgardi? – dedi Sobir.

– Ishni boshlamaganingizda boshqa gap edi. Endi ketaman, deyish nomardlik boʻladi.

– Hay, qani, Javhar akamiz nima deb oʻqidilar? – dedi Porsoxon aka ayyor kulib.

Sobir Javhar aka bilan boʻlgan gaplarni aytgisi kelmadi:

– Qoʻyavering, – dedi.

– Sizga bir gap aytaymi? – dedi Porsoxon aka. – Tuhmat boʻlsa, xudoning oʻzi kechirsin. Javhar akangizning shu koʻrsatuvni koʻrmaganiga sira ishonmayman.

– Koʻrishga koʻrgan, lekin televizorining tovushi oʻchgan ekan, – dedi Sobir.

– Javhar akaning televizori? Oʻchiq boʻladi-ya?! Hayotda!

– Porsoxon aka, mumkin emas, – dedi Bekpoʻlat. – Koʻrib-bilib turib? Oʻziga ham gap tegadi-ku.

– Ey-y, soddalar, – deb kuldi Porsoxon aka. – Nima boʻpti tanbur oʻrniga dutor ketsa? Foyaviy-siyosiy xato emas bu. Birov soʻramaydi ham. Kimning nima ishi bor? Lekin bu yerda... Ma’mur bor, Oʻljaboyning kavushini toʻgʻrilab qoʻyish kerak. Ma’mur koʻrsatuvlarni oldindan koʻrmaydi. Javhar akaga tashlab qoʻygan, bir gap boʻlsa, Javhar aka javobgar, u emas. Javhar aka esa musiqa bilan bizni qoʻshsa-da, oʻzi bosh muharrir boʻlsa. Reja shu. Shu uchun musiqa atrofida qancha gap koʻpaysa, shuncha yaxshi. Bu kishi keyin kelib tartibga solib beradilar. Bitta musiqaning oʻziga intilsalar, shubha tugʻiladi. Lekin Ma’murning hamma gapdan xabari bor. Jazolashni ham Javhar akaning qoʻli bilan qiladi. Hammasi hisobga olingan, Bekpoʻlatvoy.

Sobirga bu gaplar juda qiziq edi...

– Ah-ha, toʻgʻri, – dedi Bekpoʻlat. – Lekin bosh direktor oʻrinbosarligi ham yomon emas-ku?

Porsoxon aka qoʻl siltadi:

– Be-e, akam kecha oʻzlariga boʻysungan Ma’murga bugun boʻysungilari yoʻq. Ming intilgani bilan, Ma’mur ham joyini berib qoʻyadiganlardan emas, keyin yosh ham ketyapti. Ha-ey, Sobirjon, ishlarimizning keti ochilib yotgan siri koʻp. Oʻlmagan qul koʻraverar ekan. Vo-oh, butun umrni shu yerda oʻtkazib yuboribmiz-ey, qirq uch yil shu bitta eshikdan kirib, bitta eshikdan chiqib yuribmiz. Baliqchadan baliq boʻldik, lekin tilla boʻlmadik, nahang ham, hovuz oʻsha-oʻsha, oʻzgargani yoʻq. Lekin shukr, shukr qilishimiz kerak. Jonimizga toʻzim bersin, shuncha yildan beri Javhar aka bilan ham olishib kelyapmiz, siz boʻlsangiz... bir kunga...

– Yozuvchilar xudbin boʻladi-da, yaxshi ma’noda, oʻzini, ijodini oʻylaydi, – deb falsafa soʻqdi Bekpoʻlat. – Bu yerdagi odamlar-chi? Hammasini koʻrib, sezib turibdi-ku. Nechtasi kirmoqchi oldingizga, yangi ish, yolgʻizlanib qolmasin, koʻngillariga tirgak boʻlarmiz deb. Siz boʻlsa, boshingiz qotib ketmoqchisiz. Kecha men bu yerda ishlamang degan ma’noda aytmadim, ishlasangiz sizga achinaman dedim. Hali...

– Boʻldi, boʻldi, – dedi Sobir ta’sirlanib. – Boshqa bu mavzuda gapirmayman...

Eshik ochilib, Oʻljaboy aka, doim kirib yuradigan joyi, lekin sal tortinibroq kirdi. Oʻtirib, qoʻllarini ochdi-da:

– Qani, Porsoxon aka, bir duo bering, – dedi.

Porsoxon aka:

– Omin! – deb fotiha tortib qoʻya qoldi.

Hammalari fotiha tortgach, Porsoxon aka Oʻljaboy akaga qush boqish qildi:

– Keling, Oʻljaboy.

– Hay, – dedi Oʻljaboy aka, keyin Sobirga toʻgʻri qaradi. – Sobirjon, sizga hayfsinib keldim. Qarang-ey, oʻtib ketibdi-ya! Yana tanbur chalsa, dutor kuyi chiqayotgani toʻgʻriday. Shunaqa boʻlishi mumkinligi sira kallamga kelmabdi...

«Bexosiyat deb aytdimi, yoʻqmi? – deb oʻyladi Sobir, lekin Oʻljaboy akaning tanqaygan burni, qovjiragan koʻzlariga qarab, fikridan qaytdi. – Yoʻq, Javhar aka toʻqigan. Bu odam pov etib yonib, keyin qanday oʻchishni bilmay yuradi shekilli».

– Xoʻsh. Oʻljaboy, boʻladi-da. Nimaga kelishdinglar, shundan gapiring, – dedi Porsoxon aka.

– Javhar akam nimani soʻrasa, yozib berdik. Iloj qancha? Endi goʻshtimizni sixga tortib, choʻqqa toblab oladimi yo xomlay yeydimi, oʻzi biladi. Peshonadan koʻramiz-da, – deb Oʻljaboy aka mumsik iljaydi. – Bizniki shu – gadoy arazlasa toʻrvasiga ziyon.

– Hali aytmoqchi edim, – dedi Bekpoʻlat. – Sobir aka, tushlikda hech qayoqqa ketmaysiz. Xotinlarimiz bir tadbir tashkil qilgan. Hamma boʻladi. Oʻtiramiz. Siz bilan yaqindan tanishuv. Bu ham hammaga qilinavermaydi, aka, obroʻyingiz... Oʻljaboy aka, siz ham kiring. E-e, koʻp ichga olavermang, otning oyogʻi toʻrtta boʻlsa ham qoqinadi.

«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 1-sonidan olindi.
1995–2006