OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiGoʻzallik qirralari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Goʻzallik qirralari (hikoya)
Ahmad A’zam

Oʻzi gʻalati kun boʻldi. Havo ham shunga oʻxshagan. Qandaydir dim, boʻgʻilib ketayotgandek boʻlasan-u, chuqur nafas olaman desang, havo bemalol, koʻkraging toʻladi, «Havo yetmayapti-ya!», deb yozgʻirmoqqa chogʻlangan odamga alam qiladi.

Nima xohlayotganingni oʻzing ham bilmaysan.

Oʻzi-ku, odam degan xudoyim bergan har bir kunga shukr qilib yashashi kerak. Kun bilan kunning farqi yoʻq. Lekin bu dunyoda Hebbimga oʻxshaganlarga hamroh b…lsang, tagʻin ertalabdan koʻzingga choʻpdek qadalib tursa, kufrga botasan Yoʻq, tagʻin ham istigʻfor aytaman, tavba deyman, Hebbimni menga aka yo uka, yo bir hamxona qilib yaratganda kunim qanday oʻtardi! Undan ham, oʻzimni shunaqa yaratganda bormi?! Ming bor tavba qilaman, olloh mehribon, rahmimni yegan, shukr, ming bora shukr!

Turibdi hishshayib! Eshikni odamga oʻxshab ochsa mayli. Bu… shirq etib tortadi-da, turaveradi. Zabon yoʻq. Gapni tilanib olamiz. Losh dolonda, bir qoʻl eshik tutqichida! Turibdi. «Ha?» dedim, yorugʻ olamni toʻsmasang-chi, deganday. Qani edi bu dunyoda andisha, yuz-xotir, muomala degan narsalar boʻlmasa-da, koʻnglingda nima kechsa, hammasini tilingga chiqarsang! «Hoʻ-oʻv! Falon-pismadon!.. Turqingga seni!» deb boshlasang. Nachora, bu ham odam bolasi, oʻzi odam boʻlmasa ham, bir bechora mushtipar shuni odam boʻladi deb umid bilan tuqqan. Aytdim-ku, bunda til-zabon yoʻq, suvga choʻkib oʻlayotgan boʻlsa ham, hishshayib qarab turaveradi, yordam kerakligini oʻzingiz fahm qilasiz. «Mening oldimga», deydi. Ey, hey, gapini qarang! Oʻzidan ham chala. Odam bolasi tushunadimi? Biz-ku, qargʻadan oshnang boʻlsa, yemishing… deganday, oʻrganib ketganmiz. «Sizning oldingizgami?», deb joʻrttaga anqovsirayman. «Sizdan boshqa hamma tushgan» emish. Xuddi menga oldin tayinlab qoʻygandek.

Basharasidan ma’lum, bir amal tekkan bunga.

Boʻgʻilmaysanmi shundan keyin. Oʻzini koʻrsang zardang qaynaydi-yu, gapini eshitgandan keyin ayniqsa… Boʻgʻilasan, hammaga yetgan havo senga yetmaydigandek boʻladi. Havoga toʻysang ham, toʻymasang ham alam qiladi.

Oʻzi hayotga bir martagina kelasan, shunda ham Hebbimga oʻxshagan nokasga yozgʻirib oʻtasan - botib ketadi-da odamga. Boʻlmasa, kunda nima ayb, xudoning hamishagidek karami keng bir kuni… Hebbimga oʻxshaganlar keng dunyoni koʻzingga tor qilib yuboradi-da. Mana, derazadan qarasang, odamlar bemalol, emin-erkin yashab yuribdi-ku, ishga kelishadi, uyga borishadi, koʻchalarda yurishadi, bir-birlari bilan shirin suhbat qurishadi, chaq-chaq qilishadi… Sen esa ertalabdan Hebbimning turqiga roʻpara boʻlasan!

Mening aytganlarimga ham koʻp ishonavermang-ku, shu boʻgʻilsam, yengil tortamanmi deb atay oshiraman, yomon koʻrganimga yolgʻonni atay yopishtirib tashlayman, tuhmatdan ham qaytmayman ba’zan. Lekin ichimda. Birov hisob soʻramaydi-ku, toʻgʻrimi? Boʻlmasa, aytdim-ku. Hebbim ham xudoyim yaratgan bir jonzot, yelkaning ustida bir poʻstakkalla, poʻstakning tagida yiltir ikkita teshik… Lekin buning qiliqlariga sira chidab boʻlmaydi-da!

Oʻzi oti asli Begimqul boʻlgan, hujjatida «qul«ini yozishmagan. Men uyqashtirib Hebbim deyman, ichimda albatta; koʻpchilik Haykal deydi. Rostdan, beta’sir - ming urish, ming soʻk, parvosi yoʻq, hishshayib turaveradi. Koʻzi yiltillashini aytmasa, nimaligini bilib boʻlmaydi. Gʻayrat aka bir k–ni: «Buni bunday demanglar, haykal zoʻr odamlarga qoʻyiladi, bu nima postament, tamal toshi. Ustiga nima qoʻymang - farqi yoʻq, miq etmay koʻtarib turaveradi», dedi. Botir oʻshanda: «Unda, eshak ekan-da», dedi. Lekin laqabi oʻzgarmay qolaverdi.

Gʻayrat aka shunaqa topib gapiradi, doim uning kallasiga besh ketib yurardim, bir voqea oʻtdi-yu, shu bilan gapini uncha yoqtirmaydigan, hatto gʻashlanadigan boʻldim.

Bir kuni yoʻq yerdan Hojiqul Hebbim bilan urishib qoldi. Hebbim, farosatdan xudo qisgan, bir mundayroq gap qiluvdi. Hojiqulning hamiyatiga tegib ketdi. Shu ham odammi, nimasidan xafa boʻlaman, deb hay bersa-ku, olam guliston, lekin chumolini gapirsang oʻziga olib, bastini rostlaydigan Hojiquldan oʻtib tushdi. Bir sapchib Hebbimning oldiga bordi-da: «Sen haykalni… onangni… Chavaqlab tashlayman lekin!» deb baqirdi. Bir qoʻlini orqa choʻntagiga ham yubordi-yov shunda. Qaltirashidan, pichogʻi boʻlsa, yana achchiq ustida bir narsa qilmasin deb ajratishga intilgan edim. Gʻayrat aka yengimdan tortib, qulogʻimga sekin: «Echki bilan xoʻkizning urushidan zoʻr tomosha chiqarmikan», dedi Yengimni bu qoʻlim bilan tortib oldim, lekin oraga tushmadim. Qarab turaverdim: Hojiqul titrabqaqshab baqiradi, Hebbim oʻsha-oʻsha, hishshayadi. Menga esa Gʻayrat akaning tirjayishi oʻtib tushdi. Hojiquldan jahlim chiqdi. Qoʻlingdan kelmaydiganni nima qilaman baqirib? Odam ham oʻzini shuncha xoʻrlatadimi? Ochigʻi, xudoning oʻzi kechirsin, Hojiqulning Gʻayrat akaga qasdmaqasd Hebbimni chavaqlab tashlashini ham istadim lekin.

Men hamma narsaga baho beradigan va hamma narsada oʻzini haq deb biladigan odamlarni, balki oʻzim ham shundaydirman, azaldan yomon koʻraman. Gʻayrat aka bir koʻrsin edi «Odamning tabiatida yirtqichlik bor, u ov qilib, hayvonlarni oʻldirib turishi kerak, xusuri qonmasa, qonida tajovuz toʻplanib qoladi. Urushlarning oldini olish yoʻli shu» degan gapiga isbotni! Shu odamga hayronman lekin: nima gap boʻlsa albatta bitta nazariya toʻqiydi! «Doʻq urish inson qonida qadimqadimdan saqlanib kelayotgan hayvoniyatning in’ikosi», deydi masalan.

Sal oʻtkazib tushdim. Gʻayrat aka, Botir, Safarniyoz aka, Hojiqul bilan men boʻldik. Bularning avzoidan bildimki, Hebbim domladan topshiriq olgan, lekin nima topshiriqligini aytganicha yoʻq, meni kutgan, hamma uning ogʻziga mahtal. U mening koʻrishib-soʻrashib boʻlishimga ham toqat qildi, keyin xuddi biz gala boʻlib hozir birovning tomorqasiga kirib ketamiz-u, u qaytarayotgandek, «Xo-osh», dedi. «Haykal olib kelamiz» ekan. Botir piq kuldi-yu, darrov ogʻzini yigʻishtirib, «Nima bilan?» deb soʻradi. «Tramvayda», dedi Hebbim. Gʻayrat aka iljayib: «A, tramvaydan bu yogʻiga-chi?» deb surishtirdi. Safarniyoz aka bir pasda rosmana dardmandga aylanib, aftini tirishtirdi: «Birga borishim mumkin, lekin yuk koʻtarish menga mumkin emas», dedi. «Osh mumkin-a?», dedi Botir. Hojiqul butun yuk bir oʻziga qolayotgandek zorlanib: «Hovlida aravagʻaltak bor-ku» dedi. Botir: «Shuncha odam, koʻtarolmaymizmi-ya!», dedi. Gʻayrat aka yana achchiq iljaydi: "Haykal - san’at asari, uni aravagʻaltakka solib, baloga qolmaylik», dedi. Botir irgʻib turdi-da, bu qoʻliga koʻrinmas kepka olib, u qoʻlini koʻrinmas ufqqa choʻzib, Lenin boʻlib berdi. Hojiqulning rangi boʻzardi, Safarniyoz aka urishib berdi: «Bunaqa maymunlikka, bilasizmi, necha yil beradi?». "Lenin maymunmi?» dedi Botir. Safarniyoz aka tilini choʻqillatdi. Hojiqulga jon kirib: «Bitta oʻzi ketsa ham mayli edi, bu hammamizni...», dedi. Botir choʻchidi-yu, lekin xoʻrozlik qildi: «Borib ayting, Aliev qildi, men qoʻshilmadim, deb». Gʻayrat akaga xudo berdi: «Nega indamay qarab turdingiz, bari bir, ishtirokchisiz, deyishadi. Ana, politexda oʻn besh kishi bitta hazil uchun ketdi. Yetkizganni ham tortib ketishibdi, oʻzi boshladi deb». Shundan keyin hamma birdan jimidi. Boyadan beri navbat tegmay turuvdi, nihoyat soʻramoqchi boʻlgan gapimni soʻradim: «Xoʻsh, obkeladiganimiz qanaqa haykal oʻzi?» Birdan Hebbimga savol yogʻildi: »Kimning haykali?» «Kattami?» «Haykalmi, byustmi?» «Qaerdan olib kelish kerak?»

Hebbim jim.

Safarniyoz aka: «Leninning haykali-da, boshqa kimniki boʻlardi», dedi. Shunda Botir: «Bor-u bizda Lenin. Yana bittasini …mi», deb yuborsa boʻladimi? «Hiy-y!» dedi Safarniyoz aka koʻzi peshonasiga chiqib. Hojiqulning rangi qochib, yupqa lablari oʻz-oʻzidan pirpirab qoldi. Gʻayrat akaning koʻzoynagi yilt etdi-da, koʻzini yopdi. Botirning soʻkinishi baralla edi, lekin vahimadan eshitmaganga oldik, oʻzining ham koʻzlari gʻiltillab ketdi. Agar Xebbimning hanuz oʻsha-oʻsha ishshayishini aytmasak. Aytdim-ku boshda, buning nimaligini bilib boʻlmaydi, deb.

Yana jimlik qoʻl kelib, Hebbimga dona-dona: «Ayting, domla qaerdan kimning qanaqa haykalini obkelasiz, dedilar. Gapiring», dedim. Sizga aytmabman, jahlim chiqsa yo biron narsadan boshim qotsa, gapimni, ayniqsa savolni dona-dona chertib aytaman. Oʻzim hayronman shu odatimga, adashib ketmay deymanmi…

Buni qarang, bilmas ekan! Domla ertalab kiraverishda unga: «Toʻrt-beshtang borib haykalni olib kelasizlar», debdi. Bor gap shu, boshqasini bilmas emish. Tramvayni oʻz kallasi bilan topibdi, jonivorning ishlaganini qarang! «Bilmiyman, lekin boramiz. Men xoʻp, deganman, kim bormasa, bormadi, deb domlaga aytaman», deydi yana. Aytmadi bu, bir marta aytgan ham.

Bizda bir Hakim aka degan ishlardi. Oʻzi yomon odam emas, lekin kimning oldiga kimlar kelishi bilan juda qiziqar, ayniqsa qizu juvonni koʻzdan qochirmasdi. Xuddi mutaxassisligi shundanmi deysiz. Bilmadim, koʻrganmi yo toʻqib chiqarganmi, bir kuni: «Domla kotiba choy uzatganda piyolani mana bundoq qilib oladi», deb domlaning shu asnoda Xolidaning tirsagidan bilagigacha qanday silab qoʻyishini koʻrsatib bizni kuldirdi. Lekin X,ebbim kulmadi. «Bu bilan nima demoqchisiz?», dedi. Xdkim aka biz kulganga mast, X,ebbimga qarab: «E-e ukam, domlamiz ham erkak, chiroyli-chiroyli qizlarni terib yuradi, demoqchiman», dedi. X,ebbimning tusi oʻzgarmadi, lekin koʻzlari yiltillagandek boʻldi: «Tuhmat! Men buni bunday qoʻymayman», dedi. X,akim aka, ja unaqa yuragi botir emasdi, lekin X,ebbimni jini suymaganigami, ishqilib: «Qoʻymang! Sizni erkak deb tuhmat qildi, deb oʻzlariga kirib ayting!», deb tishini gizzilatib qoldi. X,ebbim: «Aytaman ham!», dedi. Biz aytdiqoʻydi-da deb oʻylabmiz, chiqib ketganiga e’tibor ham bermabmiz. X,ali tarqalganimiz yoʻq, Xolida telefon qildi, X,akim akani domla chaqiryapti, dedi. Botir: «Uh, Xdykal borib aytgan, shohim, sizni erkak deb tuhmat qildi, degan», deb hazillashdi. Xdmmamiz kuldik. Xayolimizga hech narsa kelgani yoʻq. Men choy qoʻydim, hali shisha bankadagi suv vijillagancha yoʻq edi, X,akim aka qiyshiq iljayib qaytib keldi. Faqat Safarniyoz aka: «X,a?», dedi, sezgir odam-da. X,akim aka boshini gʻalati chayqadi: «Domla menga yangi lavozim ochmoqchiman, shu oʻringa siz juda bopsiz, desalar, eplay olamanmikan, depman, juda eplaysiz, dedilar, men ham mayli, siz nima desangiz shu-da depman. Rozi boʻlishdan oldin qanaqa lavozim deb soʻramaysizmi, dedilar. Men ahmoq soʻrabman ham. Menga haram ogʻasi boʻlasiz, nechtasining bilagini silaganimni sanab yurasiz, dedilar». Bunaqa paytda ishonasizmi, odamning kallasiga hech narsa kelmay qolar ekan. Lahzada yetim boʻldik, Xuddi boshimizga nogahon ajal kelgandek. Nuqul bir-birimizga jovdiraymiz. Ajalning oʻqi ham buncha befahm boʻlmas. Xuddi otamizni bir telba oʻldirib qoʻygandek. Telbaga nima ham deysan!? Nega oʻldirding, deb soʻrasang, oʻldiraman, deb oldindan aytdim-ku, deb tursa. «Aytaman dedim-ku sizlarga. Aytdim-da. Men toʻppa-toʻgʻri odamman», debdi.

Koʻrdingizmi uning qanday toʻppa-toʻgʻriligini!

Bir oycha u bilan gaplashmay yurdik, lekin bir joyda ishlagandan keyin yuz yuzga, koʻz koʻzga tushadi, hishshayib qoʻlini choʻzib tursa, qanday qaytarasan, bir teskari qaraysan, ikki teskari...Keyin… bu oʻrtada Hakim aka ham ishdan boʻshab ketdi.

Hebbimga hatto noqulay ham boʻlgani yoʻq.

«Oʻv, boʻlmasa, borib domladan anigʻini soʻrab keling», desak, bunga ham yoʻq deydi. Domla shuni ham eplolmadingmi, desa, qanaqa odam boʻlar emish. Odam! Shu-ya?!

Tortishdik, kallamizga joʻyali fikr kelmadi. Bu toʻnka-ku ma’lum: bormadi bular, men nima qilolardim, deb turaveradi. Har birimiz oʻzimizcha shuni oʻyladikmi, koʻp tortishmay, ogʻzimdan ilinib, domlaga men boradigan boʻldim. Koʻchada gʻijillashib turavermaymiz-ku.

Dolonda borayotib, menga aytmay domlaning oldiga kiribsiz deb yozgʻirib yurmasin, degan andisha bilan Ahmadjon akaning xonasiga bosh suqdim, u Xolidaga suqlanib qarab oʻtirgan ekan, sal rangi qochib nima gapligini soʻradi. Men tushuntirdim. Peshanasi tirishib ketdi. «Menga indamadilar, sizlarga aytgan boʻlsalar, albatta, borish kerak», dedi. «Borish kerak, lekin qayoqqa? Shuni bilmayapmiz-da. Domladan soʻrab bering», dedim. Ahmadjon aka oʻrnidan turib ketdi. «Ilmiy kotib zavxozmi sizlarga - nima boʻlsa meni roʻpara qilasizlar. Bilmayman men, lekin borasizlar» dedi. «Boʻpti, suhbatingizni buzmang, oʻzim soʻrayman» deb eshikni yopayotsam, Xolidachasi nima deydi deng! - «Domla akademiyaga ketdila-a!» Shuni oldindan aytsa boʻlmasmidi?

E-e, bor-e, menga nima, deb chiqayotgan edim, dolonda Shermat uchradi. Rassom - haykal-paykal qaerda boʻlishini shu biladi.

«Kombinat ikkita, - dedi u. - Qaysisi?»

Oʻzim bilmagan narsani bunga qanday tushuntiraman. Shartta qoʻltigʻidan olib tashqariga, haliyam Hebbimga qarab tumshayib turgan sheriklarim oldiga sudradim.

Gapni bir joyga qoʻya olmaganimizdan, ikkalasiga ham boradigan boʻldik. Haykalning piri oʻzing, domla shuni bilib, eng zoʻrini Shermat tanlaydi, oʻzi boshchi boʻlib borsin, deganlar, deb aldab Shermatni ham qoʻshib oldik. Shermat uncha ishonmadi-yu, lekin biz bilan tramvayga chiqdi. Birinchisiga bordik. Shermat bilar ekan, toʻppa-toʻgʻri hovlisiga bostirib kirdik.

Haykal deganining makoni shu yer ekan. Sanogʻi yoʻq, Odamdan otgacha, kiyikdan kuchukkacha - hammasidan bor. Ne-ne viqorli ulugʻlar bu yerda agʻnab yotibdi. Bitta Leninning oʻzidan elligi bor-ov. Yigirmatachasi kallaning oʻzi. Ot mingan, gimnastyorkali komissarlarmi, Frunzemi, bular ham bir oʻn beshtacha. Sportchilar, kolxozchilar, shaxtyorlarmi-ey… Xullas, hammayoq haykal. Juda kattalari ham bor, lekin bular boʻlak-boʻlak, oyogʻi, beli, boshi alohida, har yoqda tumtaraqay yotibdi. «Bularni bir-biriga kiyishtirishadi», dedi Shermat. Safarniyoz aka ancha ta’sirlandi: «Kiydirishguncha odam koʻzidan panaroqqa qoʻyishmaydimi? Har holda san’at asari, judayam yomon koʻrinar ekan. Odamning koʻngliga har xayol keladi-ya», dedi. Shermat sal ensasi qotib: «Hammayogʻi devor bilan oʻralgan, yana qanaqa pana joy kerak. Keyin, nima boʻpti, katta haykallar shunday boʻlak-boʻlak tayyorlanadi», dedi, Hojiqul esa: «Salobati yoʻqolib qolar ekan», dedi. »Airimlarga nima, - dedi Gʻayrat aka, - bir toshning ustiga yana bittasini qoʻnqaytirib qoʻysa, oʻshanga ham sajda qilaveradi». Hebbimga qarab turibman, boʻyni jiq-jiq terga botgan, lekin Gʻayrat akaning gapini tushunmaslikka oldi. «Bularning hammasi buyurtma, hali kattalari katta-katta maydonlarga, kichiklari kolxoz-sovxozlarga oʻrnatiladi», deb tushuntirdi Shermat.

Oftob koʻzga uradi, issiq, shu havoda mijing-mijing tortishib yuraverdik. Bizdan boshqa hech kim yoʻq. Bularni oʻgʻirlab ketishmasmikan, deb oʻyladim-da, keyin olib borib qaerga bekitiqcha oʻrnatadi, dedim.

Bir joyda juda kattasining boʻlaklari yotgan ekan, etikning oʻzi qayragʻochday bahaybat, yelkaning oʻzi supaday, oʻrtasida oʻpqonday oʻyiq, kallani shu yerga kiyishtirishsa kerak-da. Koʻkrakdagi tugmaning oʻzi rapidadek. Bahaybat narsa boʻlak-boʻlak yotibdi-yu, hammasining nimasidir tanish. Shuning uchunmi, arqon bilan peshanasining tagi, koʻzining ustidan, keyin burunning ostidan, yana iyakning tagidan sirib bogʻlangan ulkan kallani koʻriboq bu kimning boʻlaklari ekanini bildik - Lenin. Kallaki, mahallaning ikkita doshqozoni bir-biriga qoplangan, undan ham katta, juda katta! Kalla degani, haykalniki boʻlsa ham, yelkada turishi kerak shekilli, yerda bir oʻzi tursa, haqiqatan ham odamga juda yomon ta’sir qilar ekan. Qoʻrqinchli. Yana uch joyidan sirmalgan arqonlarning uchi uning qoq tepasi -tepakalning oʻrtasidan oʻyilgan teshikdan chiqarilgan, buni koʻrgan odamning miyasiga ming xayol keladi. «Voh, Safarniyoz, yozsangiz boʻldi, aniq qamashadi lekin», deb hazillashdi Gʻayrat aka. Botir: «Miyasi mogʻorlamasin, shamol kirib tursin, deyishgan-da», deb qitmirlik qildi. Hojiqul jahli chiqib: «Siz joningizdan toʻygan boʻlsangiz, boshqalar shunday emasdir», dedi. Shu asnoda Hebbim: «Ana shu kallaning oʻrtasidagi teshikdan chiqqan arqonlarni kranga ildiradi, kran bilan katta mashinaga ortishadi», deb bilagʻonlik qildi. Gʻayrat aka bunga endi aqli yetgandek «E-e… shunaqami» deb choʻzdi. Hebbim shunda yana bir dono gap aytdi: «Kallani yelkaga kiydirgandan keyin arqonni yechib olib, teshigini suvab qoʻyishadi», dedi! E-e, shu aqlni bergan otangga rahmat, dedim ichimda.

Xoʻb aylandik, nimaga kelganimiz ham esdan chiqa-yozgan edi, maydonning oxiridagi baland chinor tagida bir odam qopqora loyga belanib, kuymalanib turgan ekan, yoniga bordik. Odam boʻyidan ancha baland, qaddini tik tutib, bir qoʻli bilan soqolini tutamlagancha oʻyga choʻmgan sallali odamning haykali, Forobiymi, Beruniymi, Ibn Sinomi, ishqilib, sharq allomasi. Katta haykalning oldida kichkinasi, boʻyi bir gazcha kelar, shunga qarab kattasini ishlayapti ekan, Egasiga salom berdik-da, tomosha qilishga tushdik. Bizga rosa qiziq-da, haykaltaroshning ishini koʻrmaganmiz. Gʻayrat aka haykalning aylanib tomosha qildi, oftob tomondan, teskarisidan qaradi, uzoqdan turib, iyagini ushlab tikildi. «Mana, qarang, haykal chiziqlar garmoniyasiga quriladi, siz buni tushunishingiz kerak», dedi menga xuddi ikkovimizdan boshqa hech kimning bunga aqli yetmaydigan alfozda. «Salla oʻramidagi chiziqlarni qarang, peshanadagi ajinlarga uygʻun, ular oʻz navbatida soqoldagi chiziqlarga, soqoldagilarga qoʻlga, qoʻl esa tirsak bilan yaxtakning boʻrtmalariga ulanib, tikka oyoqqa tushgan, poyafzalning uchligini koʻrayapsizmi, hammasini bir-biriga bogʻliq -tepadan - boshdan oyoqqa - pastga tik sharsharadek quyilib tushgan toshqin fikr!» Gʻayrat aka oʻzi topgan gaplarga oʻzi joʻshib ketdi.: «Endi pastdan qarang: tepaga intilgan shiddat! Isyon - fikrning isyoni! Bu asr qoloqligiga qarshi koʻtarilgan fikrga qoʻyilgan haykal.»

Oxirgi gapni boshqalar ham eshitdi. Botir ojizlanib, havas bilan qarab qoʻydi. Hojiqulning ensasi qotgani aniq bilindi. Safarniyoz aka shunchaki ma’qullab bosh irgʻadi, u charchagan, chanqagan, ustiga ustak, uyqusi ham kelayotgan edi. Shermat, tanish ekan, allaqachon haykaltarosh bilan suhbatga kirishib, nima masalada kelganimizni tushuntirib yotgan edi, boʻlmasa, Gʻayrat akaning gapi uchun menga «Kim qaydagi quruqlar bilan oshnachilik qilasiz-da», ta’na qilardi. Faqat Hebbim ishshayib: «Fikrga haykal qoʻyiladimi-ya, bu Beruniyning haykali-ku», dedi.

Haykaltarosh shu issiqqa qaramay boshiga boʻgʻirsoqday qilib beret qoʻndirgan daroz, beti bujur bir odam, baloning oʻqi ekan, gapimizni tushunishi bilan: «Sizlarni hujjatsiz, ruxsatnomasiz qaysi ahmoq yubordi oʻzi?!», dedi. Hebbim darror oʻziga keldi: «Ahmoq demang! Bizni domla yubordilar», dedi. «Nima, domla seni haykal olib kel, deb yubordimi?», dedi haykaltarosh. «Ha», dedi Hebbim. Haykaltaroshning achchigʻi keldi: «Xoʻp, mana oʻsha haykal. Yelkangga ortib ketaver», dedi. Hebbimning shunda basharasini koʻrsangiz, «Bu hali qurimagan-ku, ezilib ketmaydimi?» deydi! Bu toʻnkaga shuncha gap yetib borgani yoʻq, hali ham boʻlsa bir amallab olib ketish payida, Haykaltarosh hali ham vazmin odam ekan, Hebbimga emas, bizga tushuntirdi: «Kecha domla bilan koʻrishuvdik, konferentsiya oldidan ishtirokchilarga Beruniyingizni bir koʻrsatsak, dedilar, men, mayli, ish tugasin, maketini berarman, dedim. Lekin erta yo indin odam yuboring deganim yoʻq. Tugatay, keyin beraman, deganman». «E-e, bunisi kichkina-yu, konferentsiyaga kattasini qoʻyish kerak-da. Buni obketmaymiz», deb Hebbim battar haykaltaroshning ensasini qotirdi.

Hebbimning hamishagi toʻnkaligimi yo domla tushunmaganmi, xullas, bekorga kelgan ekanmiz, bekorga qaytyapmiz. Hammamiz mulzam, ezilgan, bir ahmoqqa ergashib ahmoq boʻlganimizdan oʻzimiz ham xunob. Aytdim-ku uni soʻkkandan ham, urishgandan ham foyda yoʻq. Qon boʻlganingiz ziyoda.

Yana tramvayga chiqdik. Faqat men emas, boshqalar ham charchagan, birovning birovga gapirgisi yoʻq. Nima uchundir hamma narsa baribir, hafsala oʻldi, tramvayda tik turgan boʻlsam, shu turishimda, shu karaxt qoʻyimda shahar oralab koʻchadan emas, xuddi dunyodan oʻtib ketayotgandayman.

Rostdan, tik turibman, sheriklarim tik turibdi, qiynalib yiltirayotgan daraxtlar, pardadek osilib qolgan koʻkimtir tutun - hammasi ming yil shunday turadi-yu, lekin oʻzing bu dunyoga hozir tramvayda kelib, uning derazasidan qarab… oʻtib borayotgandaysan. Uying, ota-onang, ishxonang, sevganing - faqat xayolingda boʻlgan, oʻzing toʻqib chiqargan uydirmaga oʻxshab qolarkan. Karaxt bir donolik, faqat ich-ichingda bir afsus, oʻzingga bir achinish…

Hebbim ham qandaydir choʻkib qolgan, oʻzicha bir narsalarni oʻylayapti, fil miyasiga xijolatga oʻxshagan fikrlar kelgan shekilli, boshini baland koʻtargan boʻlsa ham, jovdiranqirab qaraydi. Safarniyoz aka, boshi egik, koʻzlari ochiq, mudraydi. Hojiqulning tishga qaragan koʻzlari qotib qolgan, ma’nisiz. Botir hammamizga bir-bir ilinj bilan koʻz tashlaydi, lekin soʻz qotishga botinmaydi. Shermat allanechuk chorasiz koʻrinadi, kap-katta yigit xuddi yetimga oʻxshaydi shu tobda. Oʻttizga borgan, oilalik, yoʻlini topgan yigit yetim boʻlsa nima qilibdi, degan oʻy kelmaydi odamga.

Juda toriqib ketdim. Odamning umri shunday oʻtib ketsa, ertaga maydonda savlat toʻkib turadigan haykalning boshini joyiga oʻrnatish uchun albatta tepasidan oʻyishsa, keyin suvashsa, mudom shu institutda, shu odamlarning orasida ishlasam, shunday yashayversam, bir-biriga toʻgʻri kelmaydigan oʻylar keladi kallamga. Bu yogʻi shu-da endi, deyman, shu gapni ham xayolimda juda erinchoqlik bilan aytaman, xuddi fikrlarim ham bu issiqda erib borayotganday.

Tramvay boʻlsa yulqinadi, lopillaydi, bir qoʻlimiz bilan tutqichga osilib, biz ham chayqalib ketyapmiz.

Tramvay bekatda toʻxtadi, yana yurdi, odam tushdi, kirdi va shu vaqti… bir qizil, yoʻq, alvon, yoʻq-yoʻq, qirmizi… lovullab turgan koʻylakda bir qiz tramvayni yondirib chiqdi. Hamma yoq qizil, alvon, qirmizi yashnab ketdi. Xuddi bir mehribon odam «He nodon, oʻzingga qamalib olmay, atrofga ham bir qara!» deb qoq peshonamga, ikki qoshimning oʻrtasiga qarsillatib tushirgandek, koʻzimga olov urildi. Birdan dunyo oʻzgarib ketdi-da. E-e, b, qiz emas, bilmayman, bir guv etgan alangami, jinsmi, farishtami, ishqilib, qarab turib boʻlmaydi, koʻz chidamaydi, hali yuzini, oʻzini tuzukroq koʻrmay bilyapmanki, juda goʻzal, soʻlim, suluv, dilbar, ta’rifga til aylanmaydi. Yana nima desam? Odam bidirlab qoladi! Soʻzning rangi oʻchadi ta’rifiga. Bu goʻzal shu paytgacha qaerda boʻlgan, yerdami, qanday makonda, nima yeb katta boʻlgan ekan, bizga oʻxshab non-choy bilanmi, ota-onasi zanjabilmi yo boshqa bi… anvoi mevalar berib oʻstirganmi… umuman bu oʻzi onadan tugʻilganmi yo shu ham biror yigitni yaxshi koʻrarmikan… ichimdan bir oh keldi, odam bolasi ham shunchalar boʻladimi, oʻzingiz ayting, shunchalar boʻladimi, deb baqirdim-ov ichimda. Parpirab turardi-da oʻzi ham!

Unga qaragan odam nega gavdam qiyshiq, nega koʻzlarim chaqnab turmaydi, nega bunday pachoq qilib yaratilganman, deb oʻz-oʻzidan oʻksinib ketadi, qaray olmaydi, ey-y, nega men ezilib yuribman-a, axir, hayot men yashagandan mutlaqo boshqacha ekan-ku, bu dunyoda baxtiyorlar bor-ku, men nega bundayman, deb oʻziga qarshi isyon koʻtargisi keladi.

Qoʻying-chi, men shu tobda dunyoni tamom unutib, mana shu qizga asir edim, faqat men emas, temir tramvay shu qizni deb yurayotgan, bundagi odamlar ham shu qiz aytgani uchun xuddi shu yoʻldan borayotgan edilar.

Safarniyoz aka «Hiy-y»», deb yubordi.

Boshqa sheriklarimga qaradim. Gʻayrat aka, kallasi joyida turmaydi, bir qizga, bir-bir bizga qaraydi, koʻzoynagi yilt-yilt chaqnaydi, iljayishi xuddi betiga yopishib qolgan rasmdek lipillaydi, Shermatning ogʻzi nim ochiq, tishlari yiltiraydi, koʻzlari sekin yongan; qizning har bir a’zosini: yuzi, sochi, yelkalari, koʻkraklarini, oyoqlarini bir-bir ushlab koʻrayotganga oʻxshaydi, hatto moʻylovigacha dikkayib qolgan. Hojiqulning esa koʻzi sal gʻilaylanib qolgan.

Oʻ, Hebbimni koʻrish esdan chiqayozibdi: u bir-bir bizga, bir qizga qaraydi, hishshayishida qandaydir, goʻyo: «Heh, bularga jon kirib qolganini qara!» deganday odamni pastga uradigan gʻalati bir zavq bor.

Safarniyoz aka sekin yengimdan tortib, ogʻzini qulogʻimga olib keldi-da: «Hamma ishingni tashlab ketsang-da shu qizning orqasidan… E-e, yashaysan, yashaysan, bir yashaysan-da…» deb qoʻl siltadi.

Hojiqul bu gapni eshitgan ekan: «Orqasidan boring, panaroqqa oʻtgandan keyin, narxini aytadi», dedi qizga yetishni xayoliga ham keltirolmaydigan bir alam bilan.

«Nima boʻlganda ham sizga koʻnmaydi», deb rashklandi Shermat.

Hojiqul xunuk iljaydi: «Koʻnadi, bunaqalar faqat pulga yursin-da», dedi.

Safarniyoz aka: «E-e q»yinglar shunaqa gaplarni. Shunday chiroyli qiz, gulday ochilib turibdi, dedi hasrat bilan.

«Ochilgani bilan, bari bir, birov uzadi, allaqachon uzgan ham. Qarang, aka, ancha koʻrilgan, boʻlmasa buncha yetilmaydi», dedi Shermat.

«Koʻzini qarang, yeyman, deydi», dedi Hojiqul.

«Shermat, uka, siz rassomsiz-ku, goʻzallikni tushunasiz, qarang, qanday chiroyli! Nima ishingiz bor, buzuqmi, yoʻqmi, sizlarniki emas-ku. Qarang, koʻzingiz dam olsin, koʻnglingiz quvnasin, odamlar koʻrsin, koʻrib rohat qilsin, deb yaratilganku bu goʻzallik. Boshi boʻm-boʻsh haykalga ham sigʻinamiz-ku,», dedi Safarniyoz akaxafa boʻlib.

Shermat yana bir narsa demoqchi edi, Gʻayrat aka oraga suqildi: «Nimani tortishyapsizlar? Shu… goʻzalmi? Goʻzallik nima ekanini bilasizlarmi oʻzi? Sip-silliq bu, hamma yogʻi shirgʻay, nigohingiz toyib ketadi. Goʻzallikda qirra boʻladi, tushunasizmi, qirra, koʻzingiz sh– qirralarda toʻxtaydi, shu toʻxtamlarda fikr paydo boʻladi. Bu qiz qanaqa hamma joyida odamning koʻzi sirgʻAlib ketadi, biron narsani ushlab boʻlmaydi, boʻm-boʻsh. Sizlarga ham hayronman», dedi. Bu gapdan keyin hamma jimib qoldi. Nimagadir juda gʻashim keldi: «Xoʻp, mayli, sizningcha boʻlsin, qizning haligi… qirrasi yoʻq, lekin, ayting, qirraligi qanaqa boʻladi? Bitta misol keltiring, chiroyli kinoyulduzlardan boʻlsa ham», dedim. Gʻayrat aka avval boshini chayqadi-da, keyin «Kinoyulduzlardan?! Boʻyogʻ-u ularning hamma yogʻi, qirra nima qiladi?», deb kalta kuldi. Juda jahlim chiqdi: «Bunga ham xoʻp. Siz aytgan qirralik goʻzalga Dilorom misol boʻladimi?», dedim. Dilorom uzun boʻyli, qoqsuyak, injiq, zahar, koʻp kitob titkilaydi, lekin oʻqigani yuqmaydi. «Hayronman, shu burjua olimlari nega doim teskari xulosa qilishadi-ya», deb yuradi, negadir Gʻayrat aka shunday kallasi boʻlib, u bilan yaqin, gʻuding-gʻuding suhbat quradi, maqolalari baloday chiqadi, hamma ustidan Gʻayrat aka qarab beradi, deydi, men, ochigʻi, aniq bir gap aytolmayman, shu qariqizning aqlxonasida tayinli ilm boʻlishiga ham ishonmayman, agar ham ba’zi shoirlarga oʻxshab, yarim kechasi ichib olganda ilhomi kelib qolmasa. Savolimga kelsak, Gʻayrat akaga botib ketdi, kutganimdek menga qarab «sen bilan teng boʻldimmi-ya» degan ma’noda bir tirjaydi-yu, ters burildi, Botir biqinimga turtdi, bilaman - isida «Malades!» dedi.

Bu orada Safarniyoz aka boshini tebratib, «Oʻy! Oʻy!», deb ingragandi, yana biron kasali tutdi, deb qarab qoldim. U zavqini shunaqa bildirayotgan ekan. E attang, Gʻayrat aka bilan manjashib, Safarniyoz akaning oʻy-boʻyiga alahsiganimda qiz allaqachon oldingi eshikka yetib olgan, tushishga shaylanib turgan ekan, tramvay toʻxtashi bilan tushdiyu ketdi. Yerda odam siyrak edi, odamlar orasida u balandgina adil qomat, qizil kuylakda, xipchagina qaddidagi har bir boʻrtgan joyi xuddi kulol dastgohda mehr bilan yumaloqlagandek bejirim ketib boryapti, dod devorging keladi.

Shu payti Safarniyoz aka: «E oʻtirmayman sizlar bilan, nima yaxshi narsa boʻlsa boʻlgʻab tashlaysizlar! Odam emassizlar-da shu», deb oʻrnidan qoʻzgʻalayotgan edi, Botir yelkasidan bosdi: «Odam emasmiz, deb ayting, aka, soʻlakayini oqizgan birinchi oʻzingiz-ku, bizdan avlo joyingiz yoʻq. Nima, naryoqdagilar unga qaramadimi, bir qarang, ularning ham kallasi oʻsha yoqqa burilgan», dedi. Safarniyoz aka yelkasidan uning qoʻlini olib tashladi-yu, joyidan turmadi.

Tramvaychi temirini koʻtarib tushdi. Qiz sekin bir-bir bosib ketayotgan edi, tramvaydagilarning koʻzi oʻsha tomonda, nazarimda, hamma lol.

Ana shu payti Hebbim gapga kirdi. Hebbim gʻalamis bir gapni aytdi, negadir tirik jonga oʻhshab, koʻzlariga bir ma’no kirib gapi…di: «Zoʻr, zoʻr, deysizla… . Feh-h! Hammasi –xotinu qizning poshshosi ham oʻsha ishning gadosi Oʻsha paytda hammasi bir goʻr boʻladi. Hebbim gapini tugatmay, birdan hingil-hingil qildi. Hali uning nimani tasavvur qilishiga aqlimiz yetganicha yoʻq, xunuk boʻlsa ham, ishqilib, kulishni bilan ekan-ey, deb gʻalati boʻlib turibmiz, Gʻayrat aka, keyin tan oldim, bari bir, soddaligi bor, umuman, yomon odam emas, «Tushunmadim, Begimboy, oʻsha ishingiz nima oʻzi» deb chin koʻngildan soʻradi.

Hebbim shunda… qizdan koʻzini olib, bizga qaradi, goʻzallarning ketvorgani ham, bari bir, nima qilishini aytdi! «Qoyilmi!» degandek yana hingilladi. Shunda koʻzimga uning shu hingillashi suyuq bir narsaga oʻxshab yalpoq betiga yoyilib ketdi, oʻlay agar, koʻzimga shunday koʻrindi.

Birdan yuragim ezildi, uzoqlayotgan qiz xuddi uni Hebbim bulgʻalagandek, endi mumsik, xunuk koʻrinib ketdi.

«E-e… odam emas ekansiz!» dedi Shermat.

Gʻayrat bir gap aytmoqchi boʻldi-yu, gapi ogʻziga tiqildi, jirkangan koʻyi qotdi.

Safarniyoz aka sapchib turib, nari ketdi, oʻsha yoqdan turib, suf senlarga degandek qoʻl siltadi.

Botir Hebbimga tik qarab: «Odam sasimasin ekan, yomon boʻlarkan!», dedi.

Hojiqul unga unsiz joʻr boʻlib, bosh irgʻadi-yu, negadir jovdirab menga qarab qoʻydi, koʻzimning qirida ilgʻadim buni.

Hebbim hammamizni urib tashlagandek yayrab hingillaydi. Shu turishiga qarab turganimda kallamga yarq etib bir shubha urildi: poylagan bu, hozir ham poylab yuradi, poylashni yaxshi koʻradi, shundan rohat olib yuradi, nomlanishi esimga kelmayapti, bir nima «izm» degan shunaqa kasal bor, jinsi buzuqlik, bu oʻshanaqa, deb oʻyladim va shuni betiga aytdim. «Oʻzingiz koʻrgansiz, poylab yurasiz-da, a?, dedim, hozir butimga tortib yuboradi deb, shaylanib ham turdim. Yoʻq Hebbim yana xuddi hingillashini toʻxtatolmagandek, «Nima boʻpti?», dedi, keyin oʻzini tutib oldi-da, beozorgina «Poylamaganda bilmaymanmi?» deb gʻuldiradi.

U nimani aytgan edi, men buni sizga atmay, bu-ku - iflos, lekin siz nima gunohingizga shu gapni eshitishingiz kerak?

Endi ayting, men shunday odam bilan bir joyda ishlayman, shu bilan bir havodan nafas olaman. Yana, qarang, haykal deb hammamizni ahmoq qildi, mayli, baharnav bir goʻzalni koʻrdik, koʻzimiz yayrasin, deganda, mayli, Gʻayrat akaning gapi, hamma narsadan qirrami, tumshuqmi axtaradi, lekin Hebbimni qarang, rosmana odam shu gapni aytadimi? Yana hingir-hingir qiladi, hammangni bopladimmi deydi! BoʻgʻIlmay boʻladimi?! BoʻgʻIlaman-da, axir, hammaga yetgan toza havo menga yetmayotgandek boʻlaveradi. E-e xudo, deyman, meni-ku yaratibsan, nima qilarding Hebbimni yaratib, deyman, hammani odam qilib toʻratasan, nega buni bunaqa bino qilgansan deyman, xunobim oshadi, yozgʻiraman, keyin yolgʻiz qolgan paytlarim istigʻfor aytaman, tavba deyman, shu dunyoda borligimga, egamning oʻzi meni Hebbimga oʻxshatmaganiga, tirikligimga odamlarga odamga oʻxshab, goʻzal, chiroyli, suluv, soʻlim, mohitobon, malohatli qizlarga - bokira farishtalarga miyasi aynimagan toʻrt muchali butun, yigitga oʻxshab qarashimga, soppa-sogʻ odamligimga shukr qilaman.

Ha endi, ba’zan boʻgʻilasan-da odam, umr shunaqa narsalar bilan oʻtib ketayotganini oʻylab…