OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiGul koʻtarib ketayotgan erkak (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Novellalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gul koʻtarib ketayotgan erkak (novella)
Ahmad A’zam

Guldasta koʻtargan erkak shaharning gavjum koʻchasidan oʻtib boryapti.

Kattakon va koʻrkam, gul bozoridagi eng chiroyli, shu chiroyiga yarasha eng qimmat guldasta. Balki qimmat sotish uchun maxsus parvarishlangan gullardan terilgandir.

Agar guldasta kichikroq, koʻrksizroq, arzonroq boʻlganda, koʻzga uncha tashlanmas, biz ham u haqda yozmas edik, chunki ayni gul faslida gul koʻtarib yurish juda ham diqqatni tortadigan, alohida tavsifga arziydigan hodisa emas; gul koʻpaygandan keyin gul koʻtargan ham koʻpayadi, bunga koʻz ham oʻrganadi, gul fasli.

Lekin bu kattakon va koʻrkam guldasta birinchi qarashdayoq uni sotib olgan odamning saxiyligini koʻrsatar edi. Guldastaga qaragan odam beixtiyor uni sotib olgan odamga ham qarab, «Qara, dunyoda shunaqa guldastalarni qimmat demay sotib oladigan saxiylar ham bor-da, a, menda shunaqa imkoniyat yoʻq-da, a,» degan xayolga borar edi.

Guldasta yana nimasi bilandir oʻzini sotib olgan odamga diqqatni tortardi, negadir guldasta erkakka emas, balki erkak guldastaga yarashmayotgandek koʻrinar edi. Ha, shunaqa, tikilib, razm solib qarasangiz, guldasta erkakni yoshidan ulugʻroq koʻrsatardi, boshqa paytlari, masalan, kattakon kitob koʻtarib ketayotgan boʻlsangiz, bu kitob sizning yoshingizni ulugʻ koʻrsatsa, nur ustiga a’lo nur, lekin hozir shundoq gavjum serharakat koʻchada erkak kuppa-kunduz kuni guldasta koʻtarib emas, balki chiroyli, chiroyi endi ochilgan bi, bokira suluv qizning belidan tutamlab ketayotganga oʻxshar edi. «Ey, ogʻayni, katta koʻchada, oshim halol deb, bu nima yurish!?», deging keladi-yu, guldastaga qarab… Guldasta ham anoyi emas, hashamatli, qandaydir barq urgan, yashnab turgan chiroyli, oʻzini koʻtarib ketayotgan erkakni kamsitib borardi: goʻyo shunaqa guldasta koʻtarib yurish uchun odamning nimasidir hammanikidan ortiqcha, nimasidir hammanikidan kam boʻlishi kerakdek…

Xullas, guldastani uni koʻtarib ketayotgan odamga qiyoslasangiz, xayolingizga ming xil bir-biriga qarama-qarshi fikrlar, oʻxshatishlar kelaveradi. Agar gul koʻtarib ketayotgan odamning oʻrnida oʻzingizni tasavvur qilsangiz, yoʻq, men katta shaharning koʻchasida bunaqa guldastani hech qachon koʻtarib yurmayman, degan qat’iy fikrga borasiz.

Oʻzi erkak bu guldastani nega sotib olgan? Kimga olgan boʻlsa?

Deylik, bugun doʻstining tugʻilgan kuni. Guldastani shunga olgan. Ammo doʻstga bunaqa kattakon va koʻrkam guldasta olish shart emas, doʻstga kichikrogʻi, umuman nomiga olinsa ham bas, deb oʻylay boshlaymiz. Doʻstning tugʻilgan kuniga guldastasiz, gulsiz va hatto quruq ham borish mumkin, bunday kunda doʻstning koʻnglini koʻtaradigan yaxshi-yaxshi gaplardan gapirib oʻtirishning oʻzi katta sovgʻa. Doʻst odam tugʻilgan kunida mehmonlarning qoʻliga qaramaydi, balki, ishqilib, doʻstlarimning hammasi, jilla qursa, eng yaqinlari, hech boʻlmasa, birortasi kelsa, yolgʻiz qolmasam edi, deb yoʻlga qaraydi.

Yoʻq, erkak guldastani doʻstiga atab olmagan, doʻstiga ataganda guldastani bunaqa avaylamas edi, doʻstga olingan guldastani kishi odatiy, kundalik bir zaruratdek, bir oddiy buyumdek, masalan, shamsiyadek bamaylixotir koʻtarib yuradi.

Deylik, guldastani erkak onasiga atab olgan. Deylik, bugun onasining hayotida quvonchli bir kun. Ammo erkak bunday qimmat guldasta bilan onasini quvontirarmikan? Bilmadik-da. Onalar, shu jumladan mazkur erkakning onasi ham bozorni, narx-navoni, farzandlarining choʻntagini yaxshi biladi, tugʻilgan kuni tugul, undan kattaroq hodisa boʻlsa ham, masalan, boya kitobni gapirganimiz uchun aytyapman - oʻgʻli akademiklikka saylansa ham, bunaqa qimmat sovgʻadan - isrofdan koʻngillari ogʻriydi. Erkak shu guldastani «Ona, mana, shu guldastani falon munosabat bilan sizga olib keldim», deb taqdim qilsa, ona: «Buning oʻrniga oʻzingga bir narsa olsang boʻlmaydimi, shuncha yoshga kirding, qachon bolaliging qoladi», deb koyishi turgan gap. Agar erkak biron-bir sabab bilan onasini yoʻqlamoqchi boʻlsa, albatta biz sovgʻaga muhtojligi yoʻq, topgani oʻziga ham, bolalariga ham yetib, yana ortib qoladigan onalarni nazarda tutmayapmiz, sovgʻadan koʻngli koʻtariladigan volidasiga bir juft kalish yo mahsimi, ikkalasini hammi, odmigina kiyimlikmi, arzonbaho roʻmolmi olar, onasi buni koʻrib chin dildan koʻziga yosh olar, oʻgʻlini qiynab qoʻymaganidan quvonar edi.

Aslini olganda-ku, onalarga eng yaxshi sovgʻa - ularni hech bir sababsiz, hech qanday maqsadsiz, kasal boʻlishi yo quvonchli kunini kutib oʻtirmay, yo ularning tashvishi yo oʻzingizning tashvishingizni oʻylamay, shunchaki, toʻppa-toʻgʻri yoʻqlab borish. Siz uyni ukangizga qoldirib, yangi hovli solib chiqib ketgan boʻlsangiz, agar manovi gul koʻtarib ketayotgan erkakning yoshida boʻlsangiz, unda xotiningiz, uch-toʻrt bolangiz bilan turasiz, ukangizning eshigini lang ochib: «Ona! («Oyi!», «Biyi!», «Aya!», «Ena!», «Opa!», «Buvi!», «Anna!, «Acha!» - farqi yoʻq!) Hoʻ, uydamisiz? Sizni bir koʻrgim keldi-da! Yoʻq, xavotir olmang, tinchlik, aytyapman-ku, bir koʻrgim keldi!», desangiz, bas, onangizga bundan katta martaba yoʻq. Agar bunga qoʻshimcha qilib yana: »Nevaralaringiz, keliningiz ham sizni juda sogʻinibdi-da, bir koʻ…ib kelmaysizmi deb boshni qotirvorishdi!», desangiz, onangiz quvonganidan

Yoʻq, erkak guldastani onasiga olmagan, bu aniq.

Deylik, erkak guldastani otasiga atagan. Lekin… otalarga bolalar hech vaqt gul sovgʻa qilarmikan? Siz otangizga gul berganmisiz? Bilmadigu, lekin otaga gul berish erish tuyuladiganga oʻxshaydi. Chunki, har qalay, haligi, ishqilib, gul onangiz bilan otangiz oʻrtasidagi, aytganimizdek, sizning dunyoga kelishingizga taalluqli munosabatlarga daxli bor. Yana ham kim biladi, otasiga hazillashadiganlar ham topilsa kerak. Bilmadik, bilolmadik, bizning otalarimiz rayhon hidlaganiga dumogʻi chogʻ boʻlib yuradigan odamlar edi, gulni bogʻi bilan oʻrib kelardi. Har qalay, ota degani guldan juda baland turadimi, ishqilib, biz birorta yoshi ulugʻ erkakning otasiga atoqlab gul taqdim qilganini bilmaymiz. Ayollarning yoʻli boshqa, keyin... oxirgi paytlari yangi odatlar ham kelib chiqyapti, yana ham bilmadik.

Erkak guldastani xotiniga olganmikan? Yoʻq, unday emas - xotiniga atab gul koʻtarib ketayotgan erkak yashnab, yosharib ketadi. Agar u guldastani xotiniga deb olganda odamlar unga ajabsinib emas, havas bilan qarar edi. Bunday kattakon va koʻrkam guldastani xotiniga sovgʻa qiladigan kishi hali havasi oʻlmagan, baxtiyor boʻlur edi va keyin, guldastani oʻzi olmas, boʻy yetayozgan oʻgʻli yo qiziga oldirtirar, oʻgʻli yo qizining qoʻliga bir dasta pul berib: «Ma, bozordagi eng chiroyli, eng katta guldastani ol, hammamizning nomimizdan onangga sovgʻa qilamiz. Bunaqa ishlarni oʻrganib qoʻygin», deb vallomatlik qilgan boʻlur edi.

Bu erkakning guldastasidan koʻrinib turibdiki, hali u bunaqa baxtiyor emas, shu xaridi bilan baxtini topmoqchi. Shu guldasta uning baxtini yo bu yoqli, yo u yoqli qiladigandek... Yoʻq, biz bilagʻonlik qilayotganimiz yoʻq, erkakning guldastani tutishi shunaqa. Keyin, erkak guldastani kimga olib ketayotganini bildirmoqchi emas, lekin guldasta uni fosh qilib gullab ketyapti.

Kim boʻlsa u? Erkakning sevganimi? Bilolmadik-da, bu yerda hali koʻp gap borga oʻxshaydi. Har qalay, erkak allaqachon oʻn sakkiz yoshda emas, sevganining ham bu yoshdan oʻtib ketgani aniq. Chunki guldasta juda katta, qimmat, hammaning diqqatini tortadi. Erkak-ku uni sevar, ammo uning erkakni sevish-sevmasligi noma’lum. Aks holda, erkak guldastani magʻrur koʻtarib ketayotgan boʻlardi. Hozir guldastaning oʻzi magʻrur, qiygʻoch, yoniq, erkak esa guldastani oʻzi emas, boshqa erkak koʻtarib ketayotgandek xijolatda ham edi.

Balki guldasta erkakning mahbubasini quvontirar. Balki oʻsha mahbuba, agar u chindan ham bor boʻlsa, erkakning atoqlab guldasta olib kelishini oldindan bilib, intizor kutayotgandir, yoki... hafsalasi pir oʻtirgandir. Har qalay, muhabbat uchun guldan boshqa narsalar ham kerak-ku.

Erkak shundoq katta, koʻrkam, qimmat guldasta olganidan oʻzini noqulay his qilar, koʻchadagi odamlardan uyalar, guldastani yashirishga iloj topolmay, isitmasi chiqib borar edi, ammo guldasta nimasi bilandir unga shafqatsiz edi. Balki koʻzimizga shunday koʻrinar, ehtimol, uning xayoli qoʻlidagi guldastada emas, boshqa narsalardadir.

Xullas, shaharning katta koʻchasi, tumonatning ichida bir erkak kattakon va chiroyli guldasta koʻtarib ketyapti ekan.

Unga qaragan odam, hey ogʻayni, koʻtar boshingni, hech birimizda senikidaqa kattakon va koʻrkam guldasta yoʻq, yashavor deb xitob qilgisi keladi-yu, lekin xitob qilishidan oldin, avval bilay-chi, nega bu erkak shaharning eng gavjum joyida shundoq kattakon va koʻrkam guldasta koʻtarib yuribdi, boshiga qanaqa yaxshi kun tushgan ekan yo esi sal anaqaroqmikan, boʻlmasa, nega buncha guldastasini koʻz-koʻz qiladi, degan xayollarga boradi.

Guldasta koʻtarib ketayotgan erkakka qaragan odam oʻzining shunday guldasta koʻtarib ketmayotganini oʻylab qoladi, oʻzida shunday kattakon va koʻrkam guldasta yoʻqligi uchun har xil taxminlarga boradi, erkakni jinday yanib ham qoʻyadi.

Rost-da, nega koʻchada namoyishga guldasta koʻtarib yuradi, boshqalar guldasta olib, koʻchada yurolmaydimi? Nima, shahar shu guldasta koʻtargan erkakning mahriga tushganmi? Kuppa-kunduz kuni, odamlarning xayoliga har xil narsalar kelishini oʻylamay, shunday kattakon va koʻrkam, chiroyli va yashnoq guldasta koʻtarib ketayotgan erkakni koʻrganda odamning xayoliga hamma narsa kelar ekan.

Qarang, bir erkak tumonatning ichida oʻzining kattakon va chiroyli guldastasini koʻtarib ketyapti! Odamning tinchi buzilmaydimi?..