OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiKetgan birov edi (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Novellalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ketgan birov edi (novella)
Ahmad A’zam

Yana nima qoldi ekan? Shoshganimdan xayolimni bir joyga toʻplay olmayman. Yana nimani olmadim? Hammasini oldim shekilli. Yashab turganimda bularning koʻpi keraksizdek ivirsib yotardi. Odamning uyida oʻziga kerak boʻlmagan lash-lushlar tiqilib yotadi-ya, oʻzi tor joy, maosh ham oyga uchma-uch, yana shuncha narsani olavergan ekanman-da, a, deb koʻp xunob boʻlganman. Endi esa yashab turganimda keraksiz tuyulgan hamma narsalar kerakliga oʻxshab, bir kuningga yarayman hali, deb tilsiz imo qilayotganga oʻxshaydi. Hatto tovoni bosilib, hovlichada oyoqqa ilib sudrashdan boshqaga yaramaydigan eski boshmogʻim ham, shuncha xizmat qilib, endi chiqitga chiqdimmi, olib ket, yararman bir kuningga, deb arazlayotganga oʻxshaydi. Boshmogʻimga qarab, yangi olgan paytlarim esimga tushadi. Hozir rangi bilinmaydi, lekin yangiligida yarqirab turardi, ikki soat navbat turib, zoʻrgʻa yetgan edim. Import, yugoslaviyaniki, kiyganimda hammaning havasi kelgan, qoshiqdek, bejirim edi! Kiyganimda jichchagina tor keluvdi, navbatdagilar shovqin koʻtarganidan keyin, shartta pulini toʻladim. Keyin oʻn besh kuncha oyogʻimni siqib azob berdi, lekin keyin oʻzi uch yilga chidadi. Oxiri tovonini bosib hovlida sudraydigan qildim. Shunda ham hozirgacha butun, asfaltda shuncha yurib, hatto poshnasining naqshlari ham yeyilmagan. Qani hozir bunaqa boshmoqlar! Mungʻaytirib tashlab ketaveraman-da endi, bechora boshmoq mening bechoraligimdan bir yodgor boʻlib qolaveradimi?

Zarur toshning ogʻirligi yoʻq deb, hamma narsani yigʻnagumcha terlab ketdim. Tashqarida esa xuddi birov boʻl-boʻl, boʻlsang-chi, deb shoshirayotgandek.

Tokchada faqat toʻzib, nayqogʻoz pillalari chiqib ketgan qalpogʻim qoldi. Qalpoqligi ham qolmagan. Oʻzi ham otam zamonida tikilganga oʻxshaydi, rangi bilinmay ketgan. Qachon kiyganim ham esimda yoʻq. Kiygan boʻlsam ham oʻsha paytlari biron lozimatga kiymagan boʻlsam, boshqa umuman kiymaganman. Uni ham oʻzim olmaganman, onam odamning yonida qalpogʻi albatta boʻlishi kerak, oʻzbek qalpoqsiz boʻlmaydi, deb chamadonimga solib qoʻyganlar. Yangi edi, yangiligida meniki edi, qachon buncha eskirgan ekan, chamadonga kirib-chiqaverib, tokchada turaverib birovnikiga oʻxshab qolgan.

Yigirma yillar boʻldi-yov. Sochimni oʻstirib yurishimga qancha boʻldi? Onam: «Sochingni kaltartirib, munday oʻzbekka oʻxshab qalpoq kiysang boʻlmaydimi, bolam? Oʻgʻil bola ham yelkasiga tushirib soch qoʻyadimi?» deb qachon aytgan edilar? Said uylanganda kuyovjoʻra boʻlib borgan edim, qishloqning bolalari «Vuy, manovi kishining sochini!», deb orqamdan duv ergashgan, chimildiqqa Saidni olib kirayotganimizda, ularning «kampir oʻldi» degan odati bor ekan, bir kampir ostonaga yotib oldi, endi shunga uch soʻmmi, besh soʻmmi bersak, u yotgan joyidan tirilib turib, kuyov bilan uning joʻralarini oʻtkazib yuborar ekan, yotib olgan edi, men «Bosib oʻtib ketaveramiz, qari kampir ekan, e-e, oʻlsa oʻlibdi-da», deb hazillashsam, boshini munday burib menga qaradi, sochimga koʻzi tushib, «Voy, bu odamyovvoyi rostdan bosib ketadi!» deb sakrab turib ketgan edi. Sochimni sartaroshga oldirmas edim. Oynaga qarab, katta qaychi bilan uchini oʻzim qaychilab qoʻyardim, xolos. Koʻp boʻldi bunga, oʻsha mahallardagi qalpoq-da, bechora juda ado boʻlibdi. Qalpoq boʻlib qalpoqligi ham qolmabdi. Kiyib koʻrishga ham koʻngil boʻlmaydi. Tokchaning changida yotaverganidan unniqib, rang jonivor ham qolmagan, titilgan qalpoqni boshga qoʻndirib ham boʻlmaydi. Sal taxi ochilib turibdi, ichiga mayda-chuyda hasharotlar ham in qoʻygandi… , masalan, mayda tortanaklar. Ming yillik qalpoq - doʻppi, taqiya, kallapoʻsh yaqinda sinch devorning orasidan topib oldik, deb bemalol muzeyga berish mumkin. Oʻzimniki-ku, har holda, boshning buyumi, tashlab ketsam, yaxshi emas, deb olib ketsam, qaerga qoʻyaman bu eski matahni? Yoʻq, birov koʻrsa, oʻl-e bu kuningdan, shu qalpoqni ham asrab yuribsanmi, qalpoq topilmas matah emas-k… , uch soʻmga yangisini beradi, yomon qurumsoqsan-ey, deb uyaltirishi mumkin

Shoshilyapman, mashina kira qilganman, shopiri, bemalol yigʻishtiravering, men kabinada uxlab olaman, degan boʻlsa ham ichim hovliqyapti. Hamma narsani yigʻishtirdim, hatto eski boshmogʻimni ham oldim, bilintirmay chiqindixonaga chiqarib tashlarman. Lekin qalpoqni olmadim, uni chiqindixonaga tashlashga koʻnglim boʻlmadi - boshning buyumi. Qandoq turgan boʻlsa, shundoq tursin, oromini buzmay, balki bu ham bir keksadek, qarib-churib, esi kirarli- chiqarli boʻlib qolgandir, tashlab ketganimni bilmay qoʻyaqolsin, dedim.

Narsalarimni yelkalab chiqib ketdim, qalpoqqa qaramadim, koʻnglim boʻlmadi. Ha-ye, bir eski qalpoq-da, shuni qalpoq deb kiyib yurmayman-ku, baribir, kiymaganimdan keyin nima ham qalpoqligi qoladi, oʻzi juda qoʻsqi-yagʻir qalpoq-da, deb oʻzimga taskin berdim. Qalpoq esa tokchada taxlogʻligicha, xuddi urush vaqti askarlardan keladigan uchburchak xatga oʻxshab qolaverdi.

Yangi ijaramga keldim, yoʻlda kelayotganimda boshim yalangligi bilindi, xuddi oʻsha qalpoqni doim kiyib yurgandek, endi boshyalang qolgandek, boshqa endi qalpoq boʻlmaydigandek. Oʻzim emas, xuddi boshim doimgi qalpogʻini soʻrayotgandek tuyuladi. Boʻlmasa, aytdim-ku, kiymaganman deb.

Narsalarimni tushirib, sal saranjomlagandan soʻng tin olgani oʻtirgan edim, yana eski ijaramda qolgan qalpoq esimga keldi. Shuncha soch bilan boshimga salqin tekkandek boʻldi, boʻlmasa yelvizak yoʻq, issiqqina xonada oʻtiribman. Yana shunday tuyuldiki, men hali koʻchib kelmagandek, bu xonada mening oʻrnimga uzun soch qoʻygan, boshyalang bir begona yigit oʻtirgandek tuyuldi. Ertaga bozorga chiqib, bir yangi doʻppi olaman, deb niyat qilib qoʻydim. Lekin, bari bir, koʻnglimning bir chekkasi idrab borayotgandek, yeganim ichimga tushmayotgan edi.

Birdan oʻsha eski qalpogʻimning hech kim yoʻq, huvillagan bir ovloq xonada bitta oʻzi egasiz qolgani shundoq koʻz oʻngimga keldi. Uning taxlamida shu paytgacha yashagan kunlarim, bolaligimdan sochimni oʻstirib yurguncha oʻtgan hamma kunlarim qatlanib qolgandek, nafaqat oʻtgan yillar, balki endi yashaydigan uzun umrimning yillari ham oʻsha qalpoqqa taxlangandek, qalpoqqa qoʻshib ularni ham tashlab kelgandek, bundan keyin kelajagimni koʻrolmay, bir gumrohdek yashab yurishimga toʻgʻri keladiganga ham oʻxshab qoldi. Kim biladi, onam shuning uchun ham «Bosh kiyimingni hech yerda qoldirma!», deb tayinlagan ekanlarmi? Nega bosh kiyimning boshqasi buncha aziz emas, shapka eskirsa, yo telpakni kuyaga oldirib qoʻysangiz, unga emas, pulingizga achinasiz-u, tashlab yuboraverasiz, qalpoqni tashlamaysiz. Boʻlmasa, oʻqigan odamlarning qalpoq kiymay qoʻyganiga koʻp boʻlgan, ham desa qalpoqqa eskilik sarqiti deb qaraladi, unga hatto siyosiy tus ham beradilar. Yuqoridagilar uncha xush koʻrmaydi, urfdan chiqib qolgan, lekin, bari bir, hamma oʻzbekning hech boʻlmasa bitta qalpogʻi uyida turadi. Nega tashlab keldim oʻzi, ogʻirligi tushgani yoʻq edi-ku, qogʻozga oʻrab chamadonga tashlab qoʻysam ham boʻlardi-ku, mendan osh-non soʻragani yoʻq edi…

Yangi ijaramda ich-etimni yeb oʻtiribman-u, lekin xuddi eskisi - endi keraksiz narsalarning hammasi olib ketilgan, faqat tokchasida bitta eng kerakli narsa - qalpoq turgan xonada unga qarab oʻtirgandekman. Hammasi koʻz oldim-da, shiftini tortanak bosgan xona, boʻm-boʻsh, menu tokchadagi qalpoq! Ketmaganman, taxi sal ochilgan qalpoqqa qarab oʻtiribman.

Hali koʻchib ketmaganman!