OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiKichik ilmiy xodim Hamdamov (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kichik ilmiy xodim Hamdamov (hikoya)
Ahmad A’zam

Kichik ilmiy xodim Hamdamov simyogʻochga suyangancha sigaret tutatayotgan ikki oʻsmirga loqayd nigoh tashlab oʻtib ketdiyu toʻrt-besh odim yurmasdanoq qulogʻiga ularning gapi chalinib qoldi.
— Mahallangdagi istagan odamingni chalpak qilaman.

Unisi nimadir deb hiringladi. Hamdamov qulogʻini ding qildi, ammo eshitmadi. Haligi oʻsmir ovozini balandlatdi:
— Qani, ayt-chi, kim men bilan chiqadi? Bittasi anavimi?

«Anavi» Hamdamov edi. Hozir qaytib borib, bu mishiqini bir solsa, chappa agʻdarilib tushadi-yu, biroq katta koʻchada hammaga sharmanda boʻladi-da yosh bolaga qoʻl koʻtargani uchun. Lekin qoʻrqitib qoʻyishi ham kerak, boʻlmasa har oʻtganida mayna qilaverib joniga tegadi. Bularga bir yon berdingmi — tamom, keyin tomoshangni koʻraverasan.

Hamdamov bir qarorga kelguncha yana toʻrt-besh odim yurib, oʻsmirlardan uzoqlashib qolgan edi.

U shahd bilan ortiga qayrildi-yu, nima deyishini bilmay, oʻsmirlarga tikilgancha tek turib qoldi. Jin ursin, nima qilardi, qayrilib! Toʻgʻri yoʻldan ketavermaydimi, shularga bas kelib qancha obroʻ topardi.

Damdamovga tegizib gapirgani tikrogʻi edi, uning oʻgirilishini kutib turgandi shekilli, birdan oʻshqirdi:
— Ha, akam, nimaga qaraysiz? Biron narsa demoqchimisiz menga? Hamdamov yana bir zum garangsib turdi-da;
— Qani, buyoqqa kel-chi!—dedi.

Ovozi sal titrab chiqqani uchun koʻngli gʻash tortdi. Dagʻalroq gapirish, doʻq urish kerak edi.

Oʻsmir joyidan jilmagach, Hamdamovning oʻzi u tomonga yurdi. Shundan soʻng oʻsmir ham Hamdamovga qarab xezlanib kelaverdi.

Yo oʻninchida oʻqiydi, yo shu yil bitirgan. Ursamikin, a? Hech portfel koʻtarmagan odam kelib-kelib shu bugun...

Hamdamov bir qoʻli bandligidan juda afsuslandi.

Oʻsmir ikki qoʻlini beliga tirab Hamdamovning qarshisida gʻoz turdi.

Qoʻrqmaydi ham. Voy, sening qorakuya surtilgan moʻylabchalaringga...
— Meni taniysanmi oʻzi?—Hamdamovning tiliga kelgan gap shu boʻldi. Oʻsmir ishshaydi:
— Yoʻq!

Rostdan ham. Oʻzi yaqinda koʻchib kelgan boʻlsa, bu bola uni qaydan tanisin. Shunaqa ham boʻlmagʻur savol boʻladimi?!

Hamdamovning koʻngli xijil boʻldi.
— Qaerda ishlashimni ham bilmaysanmi? Oʻsmir yana ishshaydi:
— Yoʻq!

U-uh, surbet! Basharasiga tushirib qolsami!.. Lekin odamlar nimaga urding, deyishsa, bnronta jiddiyroq sababni roʻkach qilish kerak-da.

Hamdamov, xunobi oshib, boshqa gap esiga kelmaganidan yana oʻsha savolini takrorladi:
— Bilmaysanmi!
— Bilmayman. Oʻzingiz ayta qoling, — deb erikladi oʻsmir,— odamni koʻp qiynamang. Qaerda ishlaysiz?

Hamdamov indamadi. Bildiki, aytsa battar kalaka qiladi. Kichik ilmiy xodimligiyu akademiyada ishlashi bularga bir pul. Shunaqa ham ahmoqona savol boʻladimi?! Koʻnglida boshqa gap-u, tilida... Bunaqa adi-badi aytishib oʻtirgandan koʻra, keliboq solib qolishi kerak edi. Doʻq urishni eplolmagandan keyin... Endi kech-da.
— Militsiyada ishlaysizmi, a?—deya ijikilashda davom etdi oʻsmir.— Meni qamab qoʻyasizmi? Voy, qamang!

Biladi-da, militsiyada ishlamasligini. Shuning uchun haddidan oshyapti.
— Yoʻgʻ-e,— deb chaynaldi Hamdamov.— Seni qamatmoqchi emasman, sal... mundoq, oʻznngni... Qaerda turishimni ham bilmaysanmi?

Obbo, yana shunaqa savol beradimi, a?

U shosha-pisha savoliga oʻzi javob berdi:
— Men hu anavi yashil darvozali uyda turaman. Toʻrtinchi. Istagan paytda borishlaring mumkin.
— Aroq ham quyib berasizmi?—dedi oʻsmir juda eshilib ketganday.

Hamdamov keyingi gapini koʻplashib borishsa ham mushtlashishga tayyor ekanligini pisanda qilib aytgan edi, oʻsmir butunlay boshqa nagʻmaga oʻtgandan soʻng sal dovdirab, gapini yoʻqotib qoʻydi.
— Boring, aka, yoʻlingizdan qolmang!—dedi oʻsmir dabdurustdan, siz ham odammi, deganday.
— E-e, sen juda ahmoq bola ekansan-ku!—dedi Hamdamov bosh chayqab. Oʻsmirning koʻzlari chaqchayib ketdi!
— Kim ahmoq?
— Bor-e, sen bilan pachakilashib…

Hamdamov goʻyo qattiq afsuslanganday bir qoʻl siltadiyu ortiga oʻgirildi.
— Voy, aka, qamab qoʻymadingiz-ku, uni!—deb qichqirdi shu payt ularning bahsiga aralashmay bir chetda turgan ikkinchisi.

Oʻsmirlar sharaqlab kulishdi.

Hamdamov tishini tishiga bosdi. Endi ortiga qaytsa yomon boʻladi.

Agar qaytsa...

Hamdamov oʻsmirlarga qaramay, yana bir marta «Bor-e!»—deya qoʻl siltab yoʻliga ravona boʻldi.

Darvozaning eski, zanglagan qulfi hadeganda ochilavermagach Hamdamovning oʻbdon gʻazabi oshdi. Uyda oʻtirib ustlaridan darvozani qulflab olishadi-ya. Oʻgʻri urib ketarmidi!

U sharaq-shuruq qilib darvozani ochguncha boʻgʻilib ketdi, kalitni sindirishiga oz qoldi.

Ona suti ogʻzidan ketmagan mishiqilar! Bir ursang yetti yumalab turadiyu bodilanishini aytmaysanmi! He oʻsha...

Xurram kelibdi. Semirib ketganini qara! Oʻttizga chiqmasdanoq qorin qoʻyib... Yigit degan sal uyoq-bu-yogʻiga qarab yurmaydimi. Tiqmachoq! Doʻmboq! Oʻl-e!

Xurram quchogʻini yozib peshvoz chiqdi.

Hozir labini choʻchchaytiradi — Oʻpishib koʻrishmoqchi. Hamdamov oʻzini orqaga tortib qoʻlini choʻzdi
— Yaxshimisiz? Qalay endi?

Shundan soʻng Xurram ham quruqqina: «Yuribmiz-da», deb qoʻya qoldi, Hamdamoviing yozgʻirishidan ranjib.

Hamdamov shaxmat taxtasiga enkaygan hamxonalari oldiga keldi.
— Keldingizmi?— dedi Tursun bosh koʻtarmasdan.
— Keldim. I-i, unday yurmang, chatoq boʻladi. Ismoil hayron boʻlib qoʻlini tortdi:
— Nega?
— Farziningizni olib qoʻyadi bir yurishdan keyin,— dedi Hamdamov.
— Qanaqasiga?
— Ot bilan shoh beradi, farzinga ham tushadi.

Bu yurish Tursunning ham xayolida yoʻq edi chogʻi, oʻylanib qoldi. Ismoil piyodani surdi.
— Boring, aralashmang. Nuqul shunaqa qilib odamni chalgʻitib yurasiz,— dedi Tursun,

Hamdamov indamadi.

Mushtday bolalar-a?! Shunaqa ham bez boʻladimi! Bir ursang... Kayfiyatni ham rasvo qilishdi-da.
— Voy tirmizaklar-ey,— dedi Hamdamov jahlini yutib yubora olmay.
— Kim? — deb qiziqsindi Xurram. Tursun Hamdamovga yalt etib tsarab qoʻydi.
— He, hozir koʻchada kelayotsam... Tursun, har kuni simyogʻoch tagida toʻplanib turadigan bolalar bor-ku?..
— Ha-a,— dedi Tursun taxtadan koʻz uzmay.— Ochmas. Koʻrmayapsanmi, ruh turibdi-ku. Hamsoyalarning bolalari-da.
— Oʻshalar.— Hikoyasi hech kimni qiziqtirmayotganligini sezsa-da, Hamdamov gapida davom etdi.— Kelayotsam...
— Shoh!— dedi Ismoil.
— E-e, koʻrmabmiz-da uni, — dedi Tursun va kaftlarini bir-biriga ishqab burgut qarash qildi.— Hozir, hozir! Shunday boplaymizki!

Oraga jimlik ch…kdi. Hamdamov siqilib ketdi. Noilojdan taxtaga tikildi. Otni yursa Nega yomon koʻrishadi uni? Tavba! Tekkanga tegib, tegmaganga kesak otishadi-ya. Otni yursa shohni bekitib ruhga ham tushar ekan.
— Tursun, piyodani suring,— dedi Xurram.
— Yoʻq-yoʻq,— deya yana aralashdi Hamdamov.— Otni yurish kerak.
— Toʻxtanglar, bir oʻzimga qarshi necha kishi?— dedi Ismoil xafa boʻlib.
— Oʻzim hozir otni yurmoqchi edim,— dedi Tursun xunob boʻlib,— endi siz oʻrgatgan boʻlib chiqasiz.
— Ha mayli, endi indamayman.

Hamdamov boshqa oʻrgatmaslikka qaror qildi.

Filni ishlatish kerak endi. Oʻzi ham latta-da, boʻlmasa shu boladan dakki yeydimi. «Boring, akam, yoʻlingizdan qolmang». Haqorat qilyapti-yu, u esa...
— Jon doʻstim, borib maqolangizni yozmaysizmi!— dedi Tursun yalinib.
— Jim turibman-ku, axir!—dedi Hamdamov oʻksinib.— Nafasimni ham ichimga yutib yuraymi!
— Bari bir chalgʻityapsiz-da odamni. Iltimos, boring. Shu... tepamda tursangiz, negadir...

Hamdamov qattiq ranjidi: miq etmay qarab tursa ham Tursun asabiylashadi-ya. Bugun hammaga bir gap boʻlganmi oʻzi!

Hamdamov yechinayotib toshoynaga oʻgʻrincha qaradi. Yelkalari keng. Mushaklari oʻynab turmasa ham baquvvat, yoʻgʻon-yoʻgʻon. Boʻyi ham u qadar daroz boʻlmasa-da, har qalay, baland. Ular nimasiga ishondi ekan, a?

Hamdamov havorang sport kiyimini kiyib narigi xonaga — «kabinet»iga oʻtdi. Ancha oʻtirdi. Qoʻli ishga bormadi. Keyin stol ustidagi sochilib yotgan kitobu qogʻozlarni yigʻishtirdi, kuldonni tozaladi, latta hoʻllab kelib stolni artdi: tartibni yaxshi koʻradi — uy qoʻqib yotsa, stol ustida ortiqcha narsalar boʻlsa, yoza olmaydi.

Hamdamov ancha oʻtirdi. Na biron jumla yozdi, na biron sahifa oʻqidi. Chekdi, yoqmadi: tutun tomogʻini achishtirdi. Koʻchada chiqishi kerak boʻlgan gʻazabi shundan soʻng birdan junbushga keldi.

Yoʻq, bunaqasi ketmaydi. Bu, bu... qanday gap axir! Ishxonada katta-katta odamlar undan hayiqishadi! Hamkasb tengqurlari, Hamdamovning jahli chiqibdi deb eshitsalar, hay-haylashib qolishadi... Boshqa raqib yoʻqmidi! Hozir chiqib ikkalovini ham dabdala qiladi. Juda boʻlmasa qattiqroq tanbeh berib qoʻyadi. Ma’suda kelmoqchi boʻlib yurgan edi. Birga kelishayotganda bu bolakaylar albatta gap otishadi. Ana oʻshanda izza boʻladi. Ma’suda esa uni hech kimdan qoʻrqmaydi deb oʻylaydi. Oʻtirishda qoʻpolroq hazil qilgani uchun Halimovni urmoqchi boʻlganida, Ma’suda uni xonasiga qamab, bir soatcha avrab, tinchitgan edi, «Sariq emassiz-u, gʻazabingiz muncha tez!..» Shundan beri Halimov bechora undan yurak oldirib qoʻygan... Odam qurib ketganday shu tirmizaklar!

Hamdamov shartta oʻrnidan turdiyu bir muddat oʻylanib qoldi. Keyin vazmin qadam tashlagancha, hamxonalariga hech narsa demay, shippagini taqillatib koʻchaga yoʻnaldi. Yoʻl-yoʻlakay sigaret tutatdi.

Ular koʻpayishib qolibdi. Hamdamov sanadi: beshov. Beshoviga ham bas keladi — bari ushoq edi.

Oʻsmir Hamdamovga orqa oʻgirgancha yonidagilarga, qoʻllarini havolatishiga qaraganda, allanarsalarni kuyib-pishib uqtirardi shekilli, boyagi sherigi unga im qoqib, Hamdamov tomonga ishora qilgach, burilib qaradi, keyin sarosimalanib yonidagilar bilan koʻz urishtirdi.

Oʻsmirlar Hamdamovning roʻparasida yarim doira boʻlib turardilar.

Koʻrishish kerakmi, yoʻqmi? Ishni nimadandir boshlash kerak-ku. He yoʻq, be yoʻq, birdan musht koʻtarish aqlga sigʻmaydi. Sport kiyimida, tayyorlanib, chaqqon boʻlib kelibdi deb oʻylashmasmikin? Mayli, zarari yoʻq, oyogʻidagi shippak bularni mensimasligini koʻrsatadi.

Ularning oldiga borgach, Hamdamov chetdagi bolaga qoʻl choʻzdi. Ikinchisi bilan ham koʻrishib, uchinchisi — boya «qamab qoʻymadingiz-ku uni», deb qichqirganiga qoʻl uzatgan edi, u shoshilib qoldimi, negadir hadeganda, qoʻli yopishib qolgandek, shimining kissasidan chiqavermadi. Hamdamov ham qoʻlini tortmay unga tikilgan koʻyi turaverdi. Nihoyat bola iltifot bilan qoʻsh qoʻllab koʻrishdi, qiroat bilan «Assalo-mu alaykum» deb qoʻydi.

Joʻrttaga shunday qildi shayton!

Hamdamov endi nima deyishini bilmay boshi gʻovlab turardi. Oʻsmir unga choʻchinqirab tikilardi. Boshqalar ham jim edi.

Hamdamov oʻpkasini toʻldirib sigaret tortdi, buruqsitib tutun qaytardi: tomogʻi qichishmasa ham yoʻtalib qoʻydi.
— Xoʻsh,— dedi u oʻsmirga.

Oʻsmir indamay qarab turaverdi. Boʻyi qariyb baravar ekan-da.
— Men senga nima yomonlik qildim,— deb Hamdamov oʻsmirning tirsagidan tutdi.— Har kuni shu yerdan oʻtaman, ertalab, kechqurun... Koʻrgan boʻlsang kerak?

Oʻsmirning koʻzlarida istehzo chaqnab ketdi.
— Qoʻlni qoʻyvoring, qoʻlni,— dedi dagʻallik bilan.

Hamdamov beruxsat ish qilib tanbeh eshitgan boladay, shosha-pisha qoʻlini tortdi.
— Uka,— dedi,— birontalaringga zararim tegdimi yo xafa qildimmi? Nega unda menga bunaqa gapirasan?

Oʻsmir ukasining shikoyatini eshitayotgandek, qush boqish qilib qaqqayib turardi.

Hamdamov negadir ezilib, gapida davom etdsh
— Tekkanga tegib, tegmaganga kesak otasan. Uraman, deysan. Men sendan katta boʻlsam, sen mendan kichik boʻlsang. Men ham senga tengqur boʻlganimda boshqa gap edi. Hozir sendan oʻn yosh katta boʻlib qanday yoqalashaman? Odamlar kulmaydimi?.. Uyat, uka, uyat! Oʻzingdan kattani hurmat qilishing kerak.

Hamdamov qolganlarga murojaat qildi:
— Toʻgʻrimi, yigitlar?
— Toʻgʻri, - deya ilib ketdi «qamab qoʻymadingiz-ku», degani. - Zoir, nega bu akamni hurmat qilmaysan?

Oʻsmir tirjayib qoʻydi.

Endi mushtlashib boʻlmaydi.
— Nega maynavozchilik qilasan? Men jiddiy gapiryapman, - dedi Hamdamov.
— Men ham jiddiy aytyapman-da, - deya bidirladi bola. - Axir, rostdan ham, u sizni hurmat qilmayapti-ku. Men unga odobli boʻl, oʻzingdan kattaga bunaqa qilma, deb nasihat oʻqiyapman-da.

Hamdamov bu gaplarning ma’nisini tushunib, iz-za boʻldi, goʻyo bolaga e’tibor bermaganday, yana oʻsmirga oʻgirildi.
— Ikkalamiz katta koʻchada yoqalashib yursak yaxshimi, uka? Yaxshi emas-da. Sening ogʻaynilaring boʻlsa, menda ham bor...

Nimalar deyapti oʻzi! Birga-bir chiqsa kuchi yetmaydimi bu tirmizakka!

Hamdamov nooʻrin gapirganini anglab, endi nima deyishini bilmay, toʻxtab qoldi.
— Menga qarang, - dedi oʻsmir, Hamdamov unga qarab turgan boʻlsa ham. -Munday tushuntiribroq gapiring, nima demoqchisiz oʻzi? Agar men bilan chiqish niyatingiz boʻlsa...

Nega buncha oʻziga bino qoʻygan, a? Axir, oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdi-ku: Hamdamov uni majaqlab tashlashi mumkin.

Lekin, keyin... bezori akalarini boshlab kelmoqchimi? Hamdamov ulardan qoʻrqmaydi-yu, biroq bu hovlidan ham koʻchishi kerak boʻladi.
— Qoʻysang-chi bunaqa gaplarni, - dedi Hamdamov yarash ohangida, goʻyo sulh sadaqa qilayotgandek. - Men teskarisini aytayapman. Janjal nimaga kerak, ikkalamizga ham yarashmaydi...

Keyin hammalari jim qolishdi. Hamdamov yana nima deyishini bilmay, bir oz oʻylanib turdi-da, ularga hech gap aytmasdan, kelgan yoʻliga ravona boʻldi.

Uning koʻngli gʻash, yutqizganini his qilib, ezilar edi.

Agar hozir bolalar kulsa yoki namoyishkorona yoʻtalib qoʻyishsa ham Hamdamov qaytib bormas edn, erinardi.

Itday qilishdi-da. «Nima demoqchisiz», deb mushtlashishga chorladi-ya. U esa sharmandalarcha chekindi. Chiqib ta’zirini beraman deb, battar boʻlib qaytayapti. Ikkalovini ham dabdala qilarmish-a! Bilagida kuchi boʻla turib chekindi-ya. Janjalning hadisini bilmas ekansan, uyda oʻtirmaysanmi!

Hamdamov uyga yaqinlashgan sari jahli chiqib, oʻzini oʻzi tuzlardi.

Mushtlashish hayvoniy illat, yirtqichlik, ziyoli odamga yot deb, birovning burnini ham qonatmading. Halimovni urmoqchi boʻlganing ham artistlik edi, shunchaki Ma’sudaning oldida oʻzingni koʻrsatmoqchi eding... Sen hech kimga qoʻl koʻtarmading, biron kimsa ham seni urmadi. Ikki marta boplab kaltaklashganda edi, koʻzing ochilardi, koʻkayingda oʻt boʻlardi, oʻt!

Hozirgidek tuyadan tushgan jabduqdek boʻlmasding, qiliching sinib, qalqoning teshilib qaytmasding.

Hamdamov hovliga kirganda dum-dumaloq kuchukbola pildirab kelib oyoqlariga suykaldi. Hamdamov sigaret tutatdi-da, yana oʻylay ketdi.

Nima ham qilsin, kitob oʻqishni, dissertatsiya yozishni toʻxtatib qoʻyib, bezorilikni, mushtlashish ilmini oʻrgansinmi? Fan sohasida u dadil-ku, axir! Ilmiy jasorat ham yigitning koʻrki emasmi! Iloji qancha - kundalik mayda-chuyda jasorat qoʻlidan kelmaydi, unga kerak ham emas.

Hamdamov uyga kirdi.

Mana, mushtlashishni semiz boʻlsa ham Xurramlar uchun chiqargan. Bular shu uchun yaratilgan - talashib-tortishib haqlarini yulib olishmasa, quruq qoladilar.
— E-e, borib keldim, - dedi Hamdamov Xurramga.
— Qayoqqa!
— Boyagi churvaqalarning oldiga-da, qayoqqa boʻlardi! Menga oʻchakishma, ikkinchi marta bunaqa qilsang, kuningni koʻrsataman, dedim.

Negadir shu topda Hamdamov Xurramga yolgʻon gapirishga oʻzini haqli deb bildi.

Ismoil taxtadan koʻz uzmay:
— Erinmagan odamsiz-da, - deb qoʻydi.
— Shoh! -deb qichqirdi Tursun va chapak chalib yubordn.— Mot ekan-ku! Mot, ukam, mot!

Ismoil Tursunning irgʻishlashiga e’tibor bermay, boshini changallagancha shaxmat taxtasiga termilardi.

Hammalari taxtaga engashdilar.
— Mot emas,— dedi Hamdamov bir ozdan keyin.— Bitta yoʻl bor hali.

Ismoilga jon kirdi:
— Qani?

— Oʻzingiz toping!