OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiNima qilib qoʻygan ekanman? (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Novellalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm37KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nima qilib qoʻygan ekanman? (novella)
Ahmad A’zam

Bugun ertalab betimni yuvayotib birdan ishga borgim kelmay qoldi, oʻzi har kuni shunday boʻlaman, kech yotaman-da, keyin ertalab turishim qiyin, ey, xudo, yana shu ishga borishim kerak, a, deb joyimdan qoʻzgʻalgim kelmaydi ishyoqmaslikdan emas, har kuni borib, har kuni bir xil ish qilishdan koʻnglim qolgan, lekin, bari bir, turaman, choy-poyimni ichib, otlanaman, shunga, ya’ni ishga borgim kelmasligiga, lekin, bari bir, ishga borishga oʻrganib ketganman. Har kuni shu ahvol, ishga borganimdan keyin, nimadir boʻlsa, kimdir boʻshasa, kimdir yangi kelsa, jilla qursa, hamkasblarning birovi toʻy qilsa yo… xullas, doimgi ishimizda jinday oʻzgarish boʻlsa, ishxonaning hamishalik hayotiga sal boshqacha mazmun kirgandek tuyuladi-da, yana hammasi oʻsha-oʻsha iziga tushib ketaveradi. Badga urib qolgan, borgim kelmaydi, yo tangrim, nahotki bir umr bir xilda yashab oʻtib ketaversam, deyman-da, shu umrimdagi bir xillikni qanday oʻzgartirishni bilmay qiynalib boraveraman.

Bugun esa betimga sovuq suv tegdiyu birdan ishga borgim kelmay qoldi. Ishga bormaganimda ham, bir kun-ikki kun, boring-ki, bir hafta bormasman, lekin bari bir, boshqa boradigan joyim, qiladigan boshqa yumushim yoʻq, bari bir, boraman, lekin xuddi shu bugun orqamdan miltiq tirashsa ham, bormayman, toʻpga solib, ishxonaga qaratib otsalar ham, tushmay, havoda bir aylanib kelib, bari bir, uyga qaytib tushaman, dedim.

Bemalol oʻtirib, choyni xotirjam qaytarishimdan shoshmayotganimni xotinim ham sezdi shekilli:
— Tinchlikmi? - dedi.
— Tinchlik, - dedim.
— Sizga nima boʻldi? - dedi u.
— Hech narsa? - dedim. - Ishga borgim kelmayapti. Xotinim menga qandaydir begona qaradi-da:
— Nimaga bunday qilyapsiz? - dedi.
— Nima qilibman? - dedim. - Shu, bugun borgim yoʻq. Boʻzchining mokisimanmi, boraman-kelaman, boraman-kelaman, bugun bormay-chi, -dedim.
— Bormasangiz bormassiz, lekin… hayronman sizga, - deb u bir xavotirli gap qildi.
— Oʻzi har kuni borgim kelmaydi, bugun esa bormayman, bor gap shu, nimasiga hayron boʻlasan? - dedim.
— Bormayman deganingizga emas, oʻzingizga hayronman, - dedi xotinim.
— E-e, qoʻysang-chi, oʻzim oʻsha oʻzim-da, - dedim.

Xotinim menga gʻalati qarab qoʻydi.

«Qiziq, odam bir kun ishga bormayman desa, boshqacha koʻrinar ekan-da, kel, ertalabdan koʻnglini xira qilmay», deb oʻyladim.

Xotinim ishga ketdi, bolalarim men turguncha oʻqishiga joʻnagan, uyda bir oʻzim qoldim. Zerikib uydan chiqdim, hovli, hamma narsa joy-joyida turgan boʻlsa-da, koʻzimga boʻm-boʻsh koʻrindi, bostirma tagidagi mashinam ham toʻrt gʻildiragini yerga tirab, ma’nisiz jim qotgan, kechasi bostirma yogʻochida tunaydigan bema’ni musichalar tomiga, orqa oynasiga shapaloq-shapaloq qilib oʻtirib tashlagan, hozir kalitini burasam, har kungidagidek gurillamaydigandek tuyuldi.

Yengil shabada seziladi, soʻridagi tokning quruq xazonlari titraydi, havo chalakam-chatti xira bulut, na ochiq, na buzuq.

Darvoza eshigini ochib, qaradim, hech kim yoʻq, mahalladagi kattalar ishga, kichkinalar oʻqishiga ketgan, koʻchaga, hoʻ, hali, tushdan keyin jon kiradi, hozir soʻrashadigan ham odam koʻrinmaydi.

Oʻylanib turgan edim, uy tomondan zing-zing etgan bir tovush keldi, xayol bilan avval anglamadim, keyin bilsam - telefon! Yugurdim Faxriddin ekan.
— Oʻ-oʻ, aka, bir soʻrab qoʻyay deb, telefon qilsam, ishxonada yoʻqsiz, -dedi.
— Bugun oʻzimga bir dam beray degandim, - dedim.
— Sal tovushingiz boshqacha, nima boʻldi oʻzi? - dedi Faxriddin.
— Yoʻgʻ-e, hech gap, - dedim.
— Odam xavotir oladi, aka, bilib qoʻyay degan edim, - dedi Faxriddin.
— Tinchlik, tinchlik, rahmat soʻraganingizga, - dedim Faxriddinga.

Odamoxun, yaxshi yigit shu Faxriddin, koʻngil soʻrab turadi doim. Odamning shunaqa ukalari, doʻstlari bori yaxshi-da, oʻzingni yolgʻiz bilmaysan. Xurshid, Murod, Nazar, Ibrohim, Farhod, Normurod, Najmiddin aka, Erkin - hammasi shunaqa, koʻngil yaqin odamlarim. Odamning mingta tanishi boʻladi, yuztasi bilan soʻrashib yuradi, lekin haqiqiy doʻsti uncha koʻp emas, besh-oltita, boringki, oʻnta.

Xuddi shuni oʻylab turgan edim, koʻnglimdagini sezgandek Rustam aka sim qoqdi.
— Ha, qalay? Tinchlikmi? Ishda yoʻqsiz? Odam sogʻinib qolar ekan, munday gaplashib turaylik, - dedi.

Unga ham, ha, bugun shunaqa-shunaqa, deb tushuntirdim.
— Oʻylayvermang, odam oʻziga ham qarashi kerak, - dedi Rustam aka.
— Oʻylaganim yoʻq, - dedim.

Rustam akaning gap ohangida nimadir bordek tuyuldi, lekin parvo qilmadim, u kishi oʻzi shunaqa - doim mehribon, odamni avaylagisi keladi, shunchaki aytyapti-da deb oʻyladim. Lekin sal oʻtmay telefon yana jiringladi Farhod ekan.
— Nega ishga bormadingiz? - dedi. - Nima qilib qoʻydingiz oʻzi?
— Hech narsa qilganim yoʻq, ishga chiqmadim, shu xolos, - dedim.
— Buni aytmayapman, - dedi Farhod .
— Nimani boʻlmasa? - dedim.
— Bir gap yuribdi, hayron boʻldim? Ha, mayli, oldimda odamlar bor, oʻzim telefon qilaman, - deb Farhod goʻshakni qoʻyib qoʻydi.

Farhod ham qiziq, bir gapni boshlaydi-da, uzib qoʻyadi, keyin ishga chalgʻib, esidan chiqib ketadi, topib, boya nimani aytmoqchi edingiz, deb soʻrasangiz, «Qachon? Qaysi gap edi oʻzi?.. E-e, ha, u-mi, hal boʻldi», deydi. Biron ishingizga oʻzi jon kuydirib yordam bermoqchi boʻlsa ham, qaytaqayta esiga solmasangiz, unutib qoʻyadi, keyin «Mingta ishim bor, kalla qoladimi, nega aytib turmadingiz?», deb doʻq uradi.

Farhod qanaqa gapni aytmoqchi ekan, deb oʻylab, yana oʻzimni biron narsa bilan chalgʻitsammi, deb turgan edim, telefon jiringladi, Farhod, hozir nima dedim, deb soʻraydi, deb oʻylab, goʻshakni olsam, boshqa odam ovozi sal tanishroq.
— Salom, oʻ-oʻ! Meni taniyapsanmi oʻzi? - deb senladi.
— Tanigandayman, - dedim dudmol qilib.
— Unda, ayt, qani, kimman? - dedi.

Noqulay boʻldim, ezmalanmay, oʻzi ayta qolsa oʻlarmi ekan.
— Ha, joʻra, bunaqa qipsan? Sen bilan joʻramiz deb, yurardim, hayron boʻldim, bunaqa odam emas eding-ku…

Bu valdirvoqi bilan qachon joʻra kirishgan ekanman deb, ensam qotib turib, birdan esladim - Butunboy, sinfdoshim.
— E-e, Butunboy! Qaydan telefon qilyapsan? - dedim.

Taniging ham kelmadi-ya? - dedi Butunboy. - Shu yerda, «Chinobod»daman, haq bersammi, deb ishingga telefon qilsam, yoʻq ekansan. Bir ogʻiz aytsang boʻlardi, oʻlar joyda emasman, maslahatlashardik.

Butunboy azaldan shunaqa: maktabdaligimizda ham nima qilmaylik, menga oldin aytmabsizlar, deb arazlar edi, toʻqqizinchi sinfda Karim Ma’rifatni yaxshi koʻrib qolgan ekan, shu Butunboyning qulogʻiga yetibdi, tanaffusda uch-toʻrtovimiz boshqa narsalarni gapirib oʻtirganda, birdan Karimga: «Nega menga aytmading?», deb tumraydi, Karim qulogʻicha qizarib ketib: «Nega aytishim kerak? Sening qizimi u?», dedi, Butunboy esa astoydil yigʻlamsirab, «Axir, joʻramiz-ku, Ma’rifat ham biz bilan bitta sinfda oʻqisa, bir ogʻiz maslahat solsang oʻlar joyda emasman-ku, odamni bunaqa chetga surib qoʻyish yaxshi emas-da», dedi. Butunboyga hamma joʻra, hamma qiladigan ishini oldin unga aytishi kerak, lekin u tumanda tursa, ikki yildan beri koʻrishganimiz yoʻq, nima qilib qoʻyibmanu unga nima deb maslahat solaman?

Hay, arazlama, men hech narsa qilganim yoʻq, shoshma, deb tushuntirgunim-cha, «Ha-a, aytging kelmayapti, senga men odam emasman-da, a», deb u goʻshakni qoʻyib qoʻydi.

Butunboyni arazlatish ham, koʻnglini olish ham oson, erta yo indin «Chinobod»ga borsam, hammasi joyiga tushadi, lekin ungacha yetgan gapning oʻzi nima ekan, ishxonaga telefon qilib soʻrasammi, deb chogʻlanib turgan edim, telefonning oʻzi jiringladi. Xurshid ekan.
— Oʻy, menga qarang, yana nima qilib qoʻydingiz? - dedi u dabdurustdan.

Xurshid oʻzi shunaqa, men bilan tutun qaytarib gaplashadi, juda qalinmiz, mendan ikki yosh kichkinayu lekin akasinib, mendan doim xavotirda, men-ku, unga zararim tegadigan bir narsa qilmayman, lekin nuqul: «Hech tinch yurmaysiz, odamni juda qiynab yuborasiz-da», deydi, toʻgʻri yoʻlda ketayotgan boʻlsam ham, ishqilib, toʻgʻri yuring-da, deyaveradi. Mashina olayotganimni aytganimda, «Endi odamni toza tamom qilar ekansiz-da», dedi, «Mashina oladigan men-ku, nega siz tamom boʻlasiz?», desam, u: «Haydashni bilmaysiz-ku!», dedi, men: «Ola solib haydab ketavermayman, axir, oʻrganaman, maktabida oʻqiyapman-ku!», dedim. «Piyoda yurishingiz shuncha tashvish edi, endi buyogʻi yurak ogʻrigʻi ekan-da», dedi u. Xafa boʻldim, «Oʻ, joʻra, qachon nima qilib sizning yuragingizni ogʻritdim?», dedim. U boʻlsa uf tortib, «Shu ketishingizda siz bir kuni bir nima qilib qoʻyasiz, ungacha men yuragimni changallab kutib oʻtirishim kerak», dedi.
— Hech nima qilib qoʻyganim yoʻq, Xurshid, - dedim. - Nega bu hammalaring soʻraysizlar?
— Yana kimlar telefon qildi? - deb soʻradi Xurshid.
— Oʻntasi! - deb zarda qildim. - Hammasi nima qilib qoʻydingiz deydi!
— Ana, aytmadimmi? - dedi Xurshid. - Bir narsa qilib qoʻygansizki, buni bitta men aytmayapman.
— Xoʻp, Xurshid, men nima qilib qoʻyganimni bilmayman, sizlar bilsangiz ayting: nima qilib qoʻyibman oʻzi?
— Oʻy, qiziq odamsiz-da? Oʻzi kechasi bilan yuragim sanchib chiqdi, ertalab doʻxtirga ham oʻtdim, asabiylashgansiz, deydi, asabim buzilganining sababini topolmadim, gap bu yoqda ekan-da, odamni qiynashni qachon bas qilasiz? - dedi Xurshid.
— Xurshid, jon doʻstim, hech narsa qilib qoʻyganim yoʻq, uyimda bir kun tinchgina oʻtiraman degan edim, boʻlgani shu, sizlar boʻlsa...
— Sizlar, sizlar emish, - deb Xurshid gapimni boʻldi, - sizga faqat oʻzingiz boʻlsa, odamni ayashni bilmaysiz...

Xurshid achchiq qilib goʻshakni qoʻyib qoʻydi.

Buning iddaosini qarang! Tavba, nima qilib qoʻygan ekanman? «Nima qildingiz?» ham emas, hammasi «Nima qilib qoʻydingiz?» deydi-ya! Xuddi men ogʻir bir jinoyat qilgan yo bir begunohni bilib oʻldirib qoʻygandek! Bugun ishga bormaganimga osmon uzilib yerga tushmagandir, axir? Oʻzi ishxonada qiladigan aytarli ishim ham yoʻq, bir oylik ishni bir haftada, qattiq oʻtirsam, ikki-uch kunda saranjomlab, bemalol yuraman, yuztaning bittasi xodimman, hafta-oʻn kun bor-yoʻqligim ham bilinmaydi, hayronman, yo biron gap chiqdimikan, deb telefonga qoʻlimni uzatgan edim, hali goʻshagini ushlamasimdan oʻzi jiringlab yubordi, yuragim oʻynab koʻtarsam, yanaXurshid!
— Oʻv, - dedi Xurshid boyagidan sal muloyimroq.
— X,a, Xurshid? - dedim.
— Shu, joʻra, achchigʻim chiqib, qattiq gapiribman, uzr. Mana, yana dori ichib oldim, - dedi. - Endi joʻralarni oʻzgartiradigan yoshda emasmiz, u yoshligimizda oldimizda vaqt koʻp, joʻralarni bemalol yangilasa boʻlardi. Bu yogʻiga saralanib qoldik, borimiz shu, bir-birimizni avaylashimiz kerak. Doʻstlik ham umrga oʻxshaydi, orqaga qaytmaydi, toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri! - dedim ta’sirlanib.
— Toʻgʻri boʻlsa, joʻralarning koʻngliga ham qarang-da, - dedi Xurshid. -Men sizga kerakmanmi oʻzi?
— X,a, keraksiz, - dedim.
— Unda siz ham menga keraksiz, koʻp qiynamang, - dedi Xurshid.
— Xurshid, jon ogʻayni, nima qildim oʻzi sizni qiynab qoʻygan? - deb yalindim unga. - Munday tushuntiring, nima gap oʻzi?
— Obbo, yana qaytadan boshlayapsizmi? Qoʻying shuni,- deb Xurshid yana xunob boʻldi. - Axir, siz bir nima qilib qoʻysangiz, men shunchaki oʻzimni avaylab oʻtirolmayman, bilasiz-ku, iltimos...

Xurshid yana bir oz dard qildi, uni ayab, ham bari bir, undan boshqa gap ololmasligimni bilib, nima qilib qoʻyganimni soʻramadim.

Goʻshagini qoʻyishim bilan yana telefon jiringladi, bunga ham bir gap boʻlgan shekilli deb oʻylab, yana koʻtardim. Ukam ekan. Koʻnglim sezganidek, bu ham soʻrashmayoq:
— Aka , nima qilib qoʻydingiz oʻzi? - deb shu gapni boshladi. - Bizni oʻylash sizda sira yoʻq ekan-da shu. Otamiz nima deb vasiyat qilganlar sizga? Shu ukalaringga qara, qaramasang, hammasi har xil yoʻlga kirib ketadi, deb bizni sizga topshirib ketganlar, axir! Sizning esa qilib yurganingiz teskari, sizga qarab yurishimiz kerak…
— Hech narsa qilib qoʻyganim yoʻq, meni eshitsang-chi, - degan edim, gapimni kesdi.
— Yoʻq, eshitmayman! Siz meni eshiting, - dedi. - Doim shunaqasiz, men bunaqa qilsam, ukalarimga nima boʻladi deyish yoʻq, oʻz bilganingizdan qolmaysiz. Xuddi sizga uka boʻlganimizga biz aybdordek.

Jahlim chiqib ketdi:
— Oʻv, menga qara! - dedim.
— Qaramayman! Shu vaqtgacha qaradim, yetadi, - dedi ukam.
— Qaramasang qarama! - dedim. - Nima, otammisan, nuqul aql oʻrgatasan, men senga yosh bola emasman-ku! Nega tushunmaysan? Men hech nima qilib qoʻyganim yoʻq! Jimgina oʻtiribman, ahmoq!
— E-e, oʻzingiz… - Ukam meni ham «Ahmoq» demoqchi edi, oʻzini tutib qoldi. - Men kuyinganimdan aytyapman, odamlarning ogʻzi bor, falonchining akasi shunaqa qilib qoʻyibdi, degan gap yaxshimi? Men nima degan odam boʻlaman,axir?
— Hech narsa, ukam, odamlarga bu bilan bir qorindan talashib tushganmiz, lekin aka-uka emasmiz, deysan, boʻladimi? - deb uzib oldim ukamni.
— Sizchalik til bilmaymiz, mayli, aka, siz dono, biz ahmoq, - deb ukam arazlab goʻshakni qoʻyib qoʻydi.

Hammaning ukasi shunaqamikan, xuddi men oldin tugʻilib, unga tegishligini oʻzimniki qilib olgandek gapiradi-ya! Ba’zan alam qiladi, ba’zan esa, ukam-da, joni achiganidan gapiradi, deb shaytonga hay beraman. Faqat hozirgisi juda oshib tushdi, mayli, oʻziga kelib qolar, ukam-da, arazi necha kunga borardi. Lekin oʻzi nima qilib qoʻygan ekanman? Yo ishxonada biron gap chiqdimikan?

Ishxonaga sim qoqqan edim, goʻshakni Najmiddin aka oldi, salomlashganimdan keyin soʻradim:
— Najmiddin aka, ishxonada nima gap?
— Ishxona joyida, ukajon, oʻzingiz-chi? - dedi Najmiddin aka.
— Men ham joyimda, ya’ni uyimdaman, oʻtiribman, - dedim. - Hammasi telefon qilib nima qilib qoʻydingiz, deb soʻraydi, hayronman.
— Men ham hayron oʻtiribman, - dedi Najmiddin aka, - bir nima qilib qoʻyadigan odam emas edingiz, deb.
— Oʻzi nima qilib qoʻygan ekanman, soʻrang-chi? Yo boraymi oʻzim? - dedim.
-Yoʻq, kelib yurmang, shu yerdamiz-ku, siz bir nima qilib qoʻysangiz, shunday qarab oʻtirmasmiz? - dedi Najmiddin aka.
— Nima qilib qoʻyganman oʻzi? Hamma soʻraydi, hech kim bir gap aytmaydi-ya, - dedim.
— Mayli, - dedi Najmiddin aka mayinlik bilan, - koʻp oʻylanmang, balki oʻtib ketar.

Ana xolos! «Oʻtib ketar», degani nimasi? Najmiddin aka bosiq-vazmin, uncha-munchaga ochilavermaydigan odam, menga taskin berib gapiryaptimi, bir narsa qilib qoʻyganga oʻxshayman. Yo shu yaqin-oʻrtada birontaning koʻnglini ogʻritdimmikan? Toʻgʻri, tilim yomon, gohida hazilimning tagi zil chiqadi, oʻzim ham bilmay qolaman. Uch-toʻrt oy oldin ishxonaga kelgan bir tanishim koʻpchilikka gap bermay, oʻzinikini ma’qullab oʻtirgan ekan, men kirib: «Nima bahs oʻzi?», desam, u «Bular men bilan bahslashadi-ya, axir, har kuni yigirma toʻrt soat uxlamay ilm qilaman, bilaman buni», dedi, tilim qichib, «Bu odam bilan bahslashmanglar, har kuni yigirma toʻrt soat uxlamay ilm qiladigan odamdan har gap chiqib ketishi mumkin», degan edim, hamma kulib yubordi, oʻzi ham, sal rangi oʻzgardi-yu, qoʻshilib kuldi, lekin uch kundan keyin azza-bazza xonamga bostirib kirib, «Nega meni oʻsha kuni koʻpchilikning oldida yerga urdingiz?», dedi, «E-e, qoʻysangiz-chi, qanaqa yerga urish, hazil-ku?», desam, u: «Yigirma toʻrt soat uxlamay ilm qiladigan odamdan har gap chiqib ketishi deganingiz hazil emas?», dedi, «Boʻlmasa, nima?», desam, «Siz meni jinni dedingiz!», dedi, «Qoʻysangiz-chi, shuni ham koʻngilga olasizmi? Hay, kulishdik-da, kulmasak, bu dunyoda zerikib ketamiz-ku», desam, «Siz odamning ustidan kulyapsiz-ku», dedi, «Xoʻp, ogʻayni, tegib ketgan boʻlsa, uzr, kechiring», desam, «Siz avval odamni oʻldirib, keyin, uzr, oʻldirib qoʻyibman, deyar ekansiz-da, a? Yoʻq, uzringizmi pishirib yeng!», dedi, »Xoʻp-e, nima qilay boʻlmasa? Oʻsha odamla«ni toʻplab, «Ogʻaynilar, bu odam jinni emas ekan», deb aytaymi», desam, Mana, shu gapingiz bilan ham odamni mayna qilyapsiz», deydi! Xullas, u desam, bu deb, kayfiyatni bir tiyin qildi, «E-e, har kuni yigirma toʻrt soat uxlamay ilm qiladigan odam jinni boʻlmay, nima boʻladi, boring, bir toʻyib uxlang, tuzalib ketasiz», dedim. Oʻzi yaxshi odam, quyuq soʻrashib yurardik, lekin shu bilan oramiz buzilib qoldi, endi meni koʻrsa, ola qaraydi. Lekin keyingi kunlari boshqa yana birovga yomon gapirganimni eslolmayman. Bular ham nima qilib qoʻydingiz deb, boshqa odamga bir nima qilib qoʻyganimni emas, oʻzim nima qilib qoʻyganimni soʻrashyapti. Birovga bir nima qilib qoʻyganimda, albatta, nega falonchiga bir nima qilib qoʻydingiz, deb otini ham tutgan boʻlar edilar. Demak, oʻzim bir nima qilib qoʻyganman. Oʻzim bilmay nima qilib qoʻygan boʻlishim mumkin, axir? Bularning soʻrovi xuddi nega bunday oʻz joningga qasd qilding deganga oʻxshab ketadi-ya, astagʻfirulloh! Shu oʻylayman deng, oʻyimning tubiga yetolmayman. Yo ishxonadagi hujjatlarni chalkashtirib yubordimmikan? Yoʻgʻ-e, unda boshqacha gap boʻlardi. Yo birontasi biron tuhmat oʻyladimikan, a? Yoʻq, nimamga tuhmat qilardi, men katta amaldor boʻlsamki, birontasi joyimga koʻz olaytirsa, oʻzimning ham birovni agʻdarib, uning joyiga chiqish niyatim yoʻq. Yo oʻzim bilmay biron gʻiybat gap aytib yubordimmikan? Eslolmayman, oʻzi shunaqa gaplarga umuman aralashmayman. Yo noxosdan bironta joʻramni sotib qoʻyibmanmikan? Mumkin emas, chunki joʻralarimdan birontasi sotadigan ish qilmaydi. Yo... qiziq, kattaroq bir narsa, masalan, Vatanni sotadigan biron xufiya narsaga aralashib qoldimmi, oʻzim bilmay? Esing joyidami, deyman, oʻzimga oʻzim, oʻzing kim boʻlding-u, sening vatanni sotishga urinishing nima boʻladi, chumoli chumoliga osmonni sotmoqchidek kulgili-ku bu. Yo birontasi shunaqa deb yozib yubordimikan? E-e, yoʻq, hozir bunaqa yozadiganlar ham, bunaqani oʻqiydiganlar ham yoʻqolib ketdi-ku, deyman yana. Yana nima qilib qoʻygan boʻlishim mumkin? Xavotirga tushib, xayolning mingta koʻchasiga kirib chiqaman, nima qilib qoʻyganimni bilolmayman, lekin bularning soʻrashiga qaraganda, aniq bir nima qilib qoʻyganman, deyman, javob topolmayman.

Uyda u yoqqa yuraman, bu yoqqa yuraman, oʻylayman: nima qilib qoʻygan ekanman, bundan koʻra har kungi oʻrganganim ishga borsam yaxshi emasmidi, deyman. Bugun, kecha, oʻtgan kuni, bir haftada, bir oy, ikki oy oldin qilgan ishlarimni bir-bir eslayman, yomoni tugul, aksiga olib, yaxshila–i ham esimga kelmaydi, shu oʻrtada biron bir tuzuk ish qilmabman, shu ishga borib kelaverganimdan boshqa narsani topolmayman. Yo ilgariroq bir narsa qilib qoʻyganim kelib-kelib endi ochildimikan? Ilgari nima qilib qoʻygan boʻlishim mumkin? Hamma qatori yashab kelyapman, birovdan pastroq, birovdan balandroq, ishqilib, shoxim yoʻq... Ha, endi, bu dunyoda yuz foiz begunoh odamning oʻzi boʻlmaydi, oʻtmishini kavlasa, tabiiy, u-bu gunohi topiladi, boshqalardan yashirgani bilan, oʻzi biladi, koʻpi mayda-chuyda, vaqt oʻtib, eskirib ketgan, aytib, boshqalarning vaqtini olishga ham arzimaydi. Lekin bu yaqinlarimning e’tiboriga arziydigan bir nima qilib qoʻyganman, shekilli, hammasi nima qilib qoʻydingiz, deyapti. Nima qilib qoʻygan boʻlishim mumkin oʻzi?

Bir ishxonaga borib nima qilib qoʻyganimni soʻragim keladi, bir soʻrashni koʻz oldimga keltirib, yuragim orqaga tortib ketadi: borsam, hammasi oʻrtaga olib, nima qilib qoʻydingiz oʻzi, deb soʻrasa, nima qilib qoʻyganimni bilmasam, mening nima qilib qoʻyganim ularga ayon, oʻzimga esa noayon boʻlsa, ishxonada nima qilaman, deyman.

Bir vaqti darvozaning eshigi qarsillab ketdi, oʻzi shunaqa, moylanmagan, ochib-yopganda qarsillaydi, xotinim ishdan qaytib keldi. Rangi bir hol, menga tashvish bilan qaraydi deng.
— Ha, tinchlikmi, javob oldingmi? - deb soʻradim.
— Yoʻq, qanday oʻtiraman? Hamma soʻraydi, eringiz nima qilib qoʻygan ekan deb, ezilib ketdim, - dedi.
— Ey, jonim, mana, oʻzim ham oʻylab oʻtiribman, nima qilib qoʻygan ekanman, deb,- dedim.
— Ukangiz ham telefon qildi, - dedi xotinim.
— Qoʻyaver, mening ham boshimni qotirdi, - dedim.
— Qishloqdagi ukangiz, uyga tusholmapti, doim telefon band, dedi.
— E, ha, tinchlikmikan?
— Akam nima qilib qoʻydilar oʻzi, deb mendan soʻraydi, - dedi xotinim. Hayronligimdan kallam ishlamayotgandek tuyuldi.
— Kimdan eshitibdi? - dedim talmovsirab. - Yoʻgʻ-e, hech nima qilib qoʻymagan boʻlsam, nimani ham eshitardi?
— Yoʻldan telefon qilyapman, dedi, hali-zamon kelib qolsa ham kerak, -dedi xotinim, bemalol joylashib.

Hozir bu ham boshlaydi, deb oʻylagan edim, yana telefon jiringladi.
— Sen ol, meni yoʻq, deb ayt, - dedim xotinimga. Xotinim telefonni olgani zahoti soʻrashib ketdi:
— Ha, rahmat! Oʻzingiz yaxshimisiz, bolalaringiz yaxshimi? Ha... ha, uydalar...

Men: «Yoʻq, de!», deb shivirladim, qoʻlimni silkitdim. Xotinim esa: «Hozir», deb kafti bilan goʻshakni yopdi-da, menga:
— Qanday yoʻq, deyman, Murod aka-ku! - dedi.
— Ha, Murod boʻlsa, ber goʻshakni, - dedim.

Murod menga koʻp ham telefon qilavermaydi, juda ishlik odam, keyin, hamma doʻsting bilan har kuni gaplashavermaysan-ku, uzoqdan ham qalin doʻst boʻlib yuraverasan, onda-sonda uchrashib qolganing ham yetadi, koʻngil uzilmasa boʻldi-da.
— Qanday, yomon yoʻqmi? - dedi Murod, gap ohangidan sezdimki, unga ham yetib borgan.
— Yomon yoʻq, Murod aka, - dedim, doʻstim boʻlsa ham, rahbar odamga uncha botinolmayman, uchrashganda Murodning otini aytaman, telefonda esa, shu quti rasmiyroqmi, aka deb yuboraman.
— Yomon yoʻqqa oʻxshamaydi-ku, - dedi Murod. - Shu paytgacha bir nima qilib qoʻymagan edingiz-ku?
— Murod aka, oʻzim ham boshim qotib oʻtiribman, nima qilib qoʻygan ekanman deb, - dedim rostdan ham boshim qotib.

Murod chuqur nafas oldi, uning hatto moʻylovini silab oʻtirishi ham koʻz oldimga keldi.
— Hay, qarang-da, joʻra, biron yordam kerak boʻlsa, kotibamga tayinlab qoʻydim, aytsangiz, darrov ulaydi, - dedi Murod.
— Yoʻgʻ-e, rahmat, siz ovora boʻladigan hech narsa yoʻq, - dedim.
— Tortinmang, - dedi Murod, - Bir doʻstning keragiga yaramasak, nimaga yashab yuribmiz oʻzi. Oʻylayvermang, biz ham sizni shunday tashlab qoʻymaymiz...

Murodning gapidan ham ta’sirlandim, ham koʻnglimdagi gʻulgʻula kuchaydi: nima, biron kulfatga uchradimmi, nega xuddi men chorasiz qolgandek, yordam qoʻlini choʻzyapti, nima qilib qoʻyganman oʻzi, a? Oʻzimning ahvolim bu, yana xotinim ham menga hamdard qaraydi.
— Menga bunday termilib oʻtirishingdan nima naf? Ishingga borsang-chi? - dedim unga.
— Sizni shu ahvolda tashlab-a? Bormayman, - dedi xotinim.
— E, bor, - dedim. - Ahvolimga hech narsa boʻlgani yoʻq. Tushlik qilib ol-da, ishxonangga bor.
— Ovqat oʻtadimi shu topda? - dedi xotinim.
— Boʻlmasa oʻsha yerda tamaddi qilarsan, - dedim.
— Oʻzi nima qilib qoʻydingiz? - dedi xotinim.
— Ikkovlashib oʻylasak ham topolmaymiz, - dedim.
— Uyda oʻzingiz oʻtiraverasizmi shunday? - dedi xotinim.

Xotinimni bir amallab ishiga qaytarib yubordim. Uyda yana bir oʻzim, joyimda oʻtirolmayman, tinmay u yoq-bu yoqqa yuraman, lekin telefondan uzoq ketmayman. Shu yapaloq quti, jim, ammo istagan paytida jiringlab yuborishi mumkin. Albatta, bir yaqinim sim qoqib, nima qilib qoʻyganimni soʻraydi. Men esa, axir, nima qilib qoʻygan ekanman, deb uning oʻzidan soʻrayman. Ishqilib, endi telefon qilmasinlar-da, deb oʻylanaman, ammo jim tursa, tors yorilib ketay deyman. Balki birontasi nihoyat nima qilib qoʻyganimni aytib qolar deyman.

Nazar telefon qildi, u hech qachon koʻp gapirmaydi, «Ha, aka, yaxshimisiz? Oʻzim shunday», deydi. Gapni men gapiraman, u indamay eshitadi.
— Nazar, joʻra, odam doim bir xilda yashayvermaydi-ku, toʻgʻrimi? -deyman. - Bugun ishga bormadim, lekin hamma nima qilib qoʻydingiz, deb bezor qilib yubordi. Gap ishga bormaganimda emasga oʻxshaydi.
— E-e, men nima deyishim mumkin? - deydi Nazar. - Qachon nima qilib qoʻygan boʻlsangiz, oʻzingiz toʻgʻrilab ketgansiz-ku. Men, qani bu, aka nima qilib qoʻygan ekan, deb telefon qilayotganim...

Ana xolos! Eng suyanganlarimdan biri Nazar boʻlsa-da, bu ham menga shunaqa deb tursa!

Erkin telefon qildi:
— Salom! A, a? Nima edi? Ha, bu, joʻra, Murod bir gap aytdi, bilasiz-ku, chap quloq uncha eshitmaydi. Goʻshakni shu quloqqa tutgan ekanman, shoshilish-da, joʻra, yomon eshitdim, sizni bir nima qilib qoʻyibdi, dedi. A, a? Obbo, shoshmang, joʻra, telefon yana shu quloqda ekan. Ha, mana, gapiring!
— Hech nima qilib qoʻyganim yoʻq, Erkin, - dedim.
— Endi yaxshi eshityapman, - dedi Erkin. - Nimaga hech nima qilib qoʻyganingiz yoʻq? Murod shunaqa deyapti-ku, Xurshiddan ham soʻradim, Usmon telefon qildi menga, ukangiz bilan gaplashdim. Nega hech nima qilib qoʻymagansiz?
— Rost, hech nima qilib qoʻyganim yoʻq, Erkin, - dedim xunobim oshib.
— Endi, shu, joʻra, qariyapmiz shekilli-da, - deb Erkin xaxolab kuldi. -Nima qilib qoʻyganingizni oʻzingiz bilmasangiz, biz bilmasak, bu yogʻi gʻalati boʻldi-ku! Qizzitaloq, bu yoqda quloqdan olib tursa. Oʻzi koʻrishmaganimizga qancha boʻldi?
— Uch oy, - dedim taxminlab.
— Uch oy? - dedi Erkin hayron boʻlib. - Ibrohimnikida oʻtirganimizga uch oy oy boʻldimi-ey? Kunning tez oʻtishini!
— Ha, kun tez oʻtyapti, umr ham, - dedim.
— E, bu yaxshi emas, bir shaharda turib uch oydan beri koʻrishmasak, - dedi Erkin kuyinib. - Uchrashib turaylik-ey!
— Albatta, - dedim Erkinga.

Rostdan, shu topda har kuni-kunora koʻrishadigan joʻralarimni ham, onda-sonda uchrashadigan doʻstlarimni ham koʻrgim kelib qoldi. Kunda yo oyda koʻrishamiz, salomlashamiz, hol-ahvol soʻraymiz, koʻrishib turaylik, bir choyxona qilaylik, deymiz, lekin gapimiz qisqa, chala, yoʻl-yoʻlakay, ammo boshimizga bir dard tushsa darrov birlashamiz, faqat shu birlashish kunini kutib yashashimiz kerakmi, deyman, mana, oxirgi jamuljam toʻplanganimiz Shavkatning janozasida edi, boshimiz birikib, bitta yigʻini ichdan yigʻladik, «Shavkat hammamizni yana birlashtirib ketdi-ya», dedik, bir-birimizning oqargan sochlarimizga, mayda oʻrmalagan ajinlarimizga, darddan moʻltayib qolgan koʻzlarimizga zimdan tikilib, yana bittamizni yoʻqotib qoʻyishdan xavotirga tushdik, shu qoʻrquv bizni oʻsha kunlari juda yaqin qilib qoʻydi, lekin yana har birimiz oʻz uyimiz, ishimiz, tashvishimizga tarqalib ketdik…
— Erkin, hayotning urushidan eson-omon oʻtib kelayotgan yetti-sakkiz joʻra ekanmiz, qarang, hammangiz mendan nima qilib qoʻydingiz, deb tashvishdasiz, lekin men nima qilib qoʻyganimni bilmayman, - dedim.
— Nima qilib qoʻyganingizni bilmayman-u, - dedi Erkin. - Lekin gapni olasiz. «Hayot urushidan eson-omon oʻtib kelayotgan yetti-sakkiz joʻra…» Zoʻr!

Gʻalabani ham nishonlab turaylik, shunda bir-birimizning nima qilib qoʻyganimizni bilib turamiz. Boʻpti joʻra...

Boʻpti-ku-ya, joʻra, lekin men har kuni ishga borib kelishdan, turmushning oqimida umrim bir zaylda qalqib oʻtib ketishidan salgina toriqqan edim, xolos. Hech shikoyat qiladigan joyim yoʻq, lekin xuddi birovning umrini oʻzimga vazifa qilib olgandekman, hayotim ham ishxonaga oʻxshaydi, birovning tartibi bilan yashayotgandekman, bir toʻxtab, shoshma-chi, bu har kuni ishga borib-kelish bilan qayoqqa boryapman-u, kim boʻlib yetaman oʻsha manzilga deb bir kungina oʻylasam, degan edim, oʻzi bitta, lekin tumonat savolning ichida qoldim. Hech nima qilib qoʻyganim yoʻq, bir nima qilib qoʻygan boʻlsam ham, oʻzim oʻylab topolmayapman shuni, joʻralarimga bu dunyoda borligimdan boshqa biron naf keltirmagan boʻlsam-da, kerak ekanmanki, hammasi tashvishlanib soʻrayapti, lekin balki oʻzlari bilmas-u, ammo nima qilib qoʻyganimni sezib turgandek, ehtimolki, sezib kelayotgandek, bilgilari kelyapti nima qilib qoʻyganimni.

Ukam ham keldi qishloqdan katta sumkasini koʻtarib, lekin kirishi bilanoq nima qilib qoʻyganimni soʻramadi, avval quchoqlab, ikki yuzimga yuzlarini salgina tegizdi, keyin «Assalomu alaykum, aka, yaxshimisiz?» deb siniq jilmaydi, xuddi oʻn yil koʻrishmagandek gʻalati boʻlib ketdim: ukam-ukam deb yuraveribman, bu ham toʻrt bolaning otasi boʻlib, sochlariga oq oralab ketibdi-ya!

Ukam oʻtirgandan keyin:
— Qani, omin! - deb fotihaga qoʻl ochdi. Omin qildik.
— Bolalaring yaxshimi, kelin qalay, oʻzing yaxshi yuribsanmi, qiynalmayapsanmi? - dedim. - Bu soching ham oqarib qolibdi-ya?
— Ha, endi, qirqqa boryapmiz, aka, - deb ukam yana jilmaydi. - Keyin, zotimiz ham shunaqa shekilli. Boʻlmasa, hayot yomon emas, kunimiz oʻtib turibdi-ku. Jiyanlaringiz ham yaxshi, bobomga men boraman, meni olib borasiz, deb talashib qoldi hammasi.
— Qalay, qishloqda nima gap? - deb ichimni timdalayotgan maqsadga oʻzim oʻtdim.
— Qishloq, xudoga shukr, tinch, - deb ukam oʻrnidan turdi-da, sumkasini olib, oshxonaga oʻtdi.
— Ey, shuncha yukni koʻtarib nima qilarding, - dedim.
— Mayli, oʻzingizning uydan, - dedi ukam.
— Tashvish qipsan-da, - dedim. - Mundoq oʻtir, gaplashaylik. Nima gap oʻzi, nega shuncha yoʻldan kelib yuribsan? Nima deyishyapti qishloqda?
— E-e, kimning kim bilan nima ishi bor, aka, - dedi ukam, - hamma oʻzining tashvishi bilan. Oʻtgan kuni Abdualim aka, sinfdoshingiz, qizini uzatgan edi, Hamroqul aka bilan quda boʻldi, toʻyda toʻrt-beshtasi mendan «Akangiz nega bunaqa qilib qoʻyibdi?», deb soʻradi.

Angrayib qoldim.
— Oʻtgan kuni?!
— Ha, oʻtgan kuni, - deb ukam menga hayron qaradi. - Nima edi?
— Men ishga, mana, bugun bormadim-ku? - dedim.
— Ishga bormaganingizni men bugun eshitdim, - dedi ukam, - lekin nima qilib qoʻyganingizning gapi anchadan beri yuribdi. Xolmurod akaning oʻtganiga qancha boʻldi, bir yarim oymi, ikki oymi, ishqilib, oʻshanda Rizo boʻlam ham: «Akang nima qilib qoʻygan oʻzi, bu akangdan soʻrasam, tayinli gap aytmaydi», dedi. Akamni bilasiz-ku, bunaqa boʻlsa, bilganini ham bilmadim, deydi.
— Qizigʻ-u, hech nima qilib qoʻymagan boʻlsam, akam nimani biladiyu Rizo boʻlamga nimani aytadi? - dedim.
— Oldingi bozorda Sultonov mast yurgan ekan, u ham «Akang nima qilib qoʻygan oʻzi?», deb yopishib oldi, «Sizga oʻxshab koʻp ichib bozorjoyda agʻnab qolibdi», deb qutuldim. Opam ham qishloqqa kelib, «Bu akang bir nima qilib qoʻygan, koʻnglim sezgan edi», deb doimgi diydiyosini boshladi, yigʻlab akamnikiga boribdi, akam meni chaqirib, «Bu yerda vahimaning uyasini yasaguncha, bir borib, nimaga bunday qilib qoʻyganining xabarini bilib kelsang-chi», dedi. Bunga ham ikki hafta boʻldi-yov. Hammasi gapiraverganga oʻzimning ham koʻnglim tinchimadi. Ertalab Jizzaxga ham tushib oʻtdim, oʻzi ishda ekan, kelinga ham xavotir qilmanglar, oʻzim Toshkentga borib kelaman, dedim.
— Nima, Jizzaxga ham boribdimi nima qilib qoʻyganim? - deb hayronligim oʻn chandon oshdi.
— Jizzaxdagilar eshitmay qoladimi? Boshqa yoqdagilar ham eshitgan boʻlishi kerak, - dedi ukam xotirjam.
— Qaysi boshqa yoqdagilar? - deb soʻradim hovliqib.
— Ha, endi, bunaqa gap yotmaydi, hamma yoqqa ketadi-da, - dedi ukam.

Nima boʻlyapti oʻzi, a? Nima qilib qoʻyganman, yana bu nima qilib qoʻyganim qachon, qanday qilib qishloqqa, yana oʻzim bexabar, bexabarligimni ham bilmasimdan bir-yarim-ikki oy oldin, balki undan ham oldinroq hamma yoqqa qanday qilib tarqalgan, buni men qanday qilib bilmay qolganman, axir, hamma ana shu tarqalib ketgan narsa mening bir nima qilib qoʻyganim-ku, shu paytgacha nima qilib qoʻyganimdan qanday qilib oʻzim bexabar yurganman? Sira aqlga sigʻmaydigan ana shularni oʻylayman deb umuman kallam ishlamay qoldi.
— Aka, hali bozor qaytmadi, a? - deb soʻradi ukam.
— Hali qaytmaydi. Nima edi? - dedim.
— Ertaga erta qaytaman. Jiyanlaringizga u-bu olay, - deb ukam ruxsat soʻradi, - kechqurun oʻtirarmiz. Bu akam ham kelsa kerak, boya telefon qiluvdim.

Ukam bozorga ketdi, men bilan oʻtirishga koʻngli bormadi shekilli, har qalay, ayadimi, yo boshqa men bilishim mumkin boʻlmagan bir narsani biladimi, ishqilib, doim ochiq gaplashadigan ukam uncha ochilmadi, gapirganida ham mendan koʻzini olib qochib oʻtirdi.

Yana telefon bilan yolgʻiz qoldim, uyimdan tashqaridagi dunyoning xabarsimi shu qutiga ulangan, u yoqda mendan boshqa, lekin ichida mening nima qilib qoʻyganim ham qalqibqalqib tarqalib borayotgan hayot harakatda, uyda telefonga termilib oʻtirganim bilan u yoqda bir nima qilib qoʻygan boshqa oʻzim shu nima qilib qoʻyganini bilolmay hamma joʻralarimdan, meni bilgan-bilmagan odamlardan nima qilib qoʻyganini soʻrab-surishtirib yurgandek, hatto unga mening mutlaqo aloqam yoʻqdek ham tuyulib, kerak boʻlsa, nima qilib qoʻyganini oʻzi bilib olsin, deb qoʻl siltashgacha ham bordim. Lekin joʻralarga, aka-ukang, qarindosh-urugʻing, hamqishlogʻu hamshaharlaringga qoʻl siltay olmaganingdek, oʻzingga ham qoʻl siltay olmaysan, halizamon oʻz bolalarim maktabdan nima qilib qoʻyganimning gapini koʻtarib kelsa, ularga ham javob berishim kerak. Boshqalar, hatto aka-uka, opa-singillarim ham oʻz hayotini mensiz, mening qilganqilmagan ishlarimsiz yashayveradi, lekin oilam, bolalarim mensiz yashamaydi-ku, oʻzimdan har qancha qochmay, bularni oʻzimdan xalos qilib ketolmayman. Mening nima qilib qoʻyganim, birinchi oʻrinda, bularga tegishli-ku! «Dada, bir nima qilganingizda nega bizni oʻylamadingiz? Siz bilan faxrlanib yuribmiz-ku, siz boʻlsangiz bunaqa qilib qoʻyibsiz», deb aytishsa! Aytadilar ham, chunki ikkalasini ham fik–li qilib oʻstiryapman, oʻzim «Mening sizlarga beradigan boyligim shu oʻqish, ilm», deganman, oʻzim bergan boylik-aqldan kelib chiqib nima qilib qoʻyganimning savolini albatta oʻzimdan soʻraydilar. Lekin bolalarim ham soʻraydigan nima qilib qoʻyganman oʻzi?

Bu oʻrtada Normurod, Usmon, Ahmad, Said sim qoqdi, yana besh-olti uzoqroq ogʻaynilarim, hatto «Oʻzimizning Jonqovul nima qilib qoʻyibdi?», deb Mahmud aka ham soʻradi, Ibrohim ishga bormaganimni goʻshanishinlik deb ma’qulladi, nima qilib qoʻyganimni ma’qullamadi, bari bir, nimaligini u ham aytmadi, Orziqul haqirlik maqomining yukini tushuntirdi, oʻgʻlim maktabdan kelib, raketkasini oldi-da, tennisga ketdi, salom berib, keyin indamaganidan bildimki, hamma gapdan xabari bor, ichida qiynalib yuribdi, qizim, dugonasi aytib ketdi, tushdan keyingi mashgʻulotga qolibdi, xotinim ishdan uch marta «Och oʻtirmang tagʻin», deb soʻrab qoʻydi...

Uyga qamalib, xuddi quduq qazayotgandek, tobora chuqurlab borayotgandek, oʻylayman, tubiga yetolmayman, lekin nima qilib qoʻyganimning oʻyi tumonatning xayolida kezib yuribdi, bilyapmanki, ular faqat nimadir qilib qoʻyganimni biladi, xolos, lekin aynan nima qilib qoʻyganimni hech qaysi bilmaydi, ularning xayolida shunday bir tashvishning oʻzigina bor, agar aniq bilganlarida mendan tashvishlanib soʻramas, nima qilib qoʻygan boʻlsa, oʻzi javob beradi-da, deb qoʻl siltab qoʻya qolgan boʻlar edilar. Shundan kelib chiqib bilamanki, nima qilib qoʻygan boʻlsam ham, oʻzim bilishim kerak, nima qilib qoʻygan ekanman deb, zoʻr berib oʻzimni kavlayman.

Tugʻilib, esimni tanibmanki, esimda qolgan qilguliklarimni bir-bir eslashga urinaman, lekin nima qilib qoʻyganimni oʻzim ham aniq bilolmayman. Yo juda zoʻr bir odamning oʻrniga tugʻilib, u qilishi kerak katta-katta ishlarning oʻrniga mayda-chuyda yumushlarni bajarib yurganmikanman? Universitetga zoʻrgʻa ilinganimda, ham men bechora kirdim-ey, deb xursand boʻlib, ham oʻzimga oʻxshagan bir bechoraning oʻrniga oʻtdim shekilli, deb ezilib, keyin oʻzimni oqlash uchun nuqul beshga oʻqiganman. Lekin mening oʻrnimga oʻtishi mumkin boʻlgan oʻsha bechora men oʻtgan toʻsiqdan oʻta olmagan-ku, oʻrniga men tugʻilgan oʻsha zoʻr odam oʻzi tugʻilganda ham men duch kelgan toʻsiqlardan oʻta olmay, menday ham odam boʻlmasligi, katta ishlarni qilish tugul, zoʻrgʻa kun koʻrib yurishi ham mumkin edi-ku! Yoshligida qanaqa yorqin umidlar tugʻdirgan odamlarning qanchasi devor kavagida qolib ketgan! Xoʻp, birovning oʻrniga tugʻilib, uning vazifasini bajarib yurgan boʻlsam-da, aka-uka, opa-singillarim oʻzimniki, joʻralarim oʻsha tugʻilmagan birovga emas, oʻzimga joʻra-ku, toʻgʻrimi? Hammasi mendan boshqa birovning emas, mening oʻzimning nima qilib qoʻyganimni soʻrayapti, shunga javobni tugʻilmagan, tugʻilishi ham noma’lum boʻlgan oʻsha birovdan emas, mendan soʻrayapti, men esa nima qilib qoʻyganimni oʻzimdan bilolmay oʻyda oʻtiribman, shu nima qilib qoʻyganimni bilolmay oʻyda oʻtirganim balki nima qilib qoʻyganimning oʻzidir?