OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiOdamoviga uchyoqlama qarash (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Novellalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Odamoviga uchyoqlama qarash (novella)
Ahmad A’zam

Surati

Bu odam juda toza yuradi.
Bu odam juda ozoda kiyinadi.

Bu odam juda chiroyli soʻzlaydi, gapidan adashmaydi va hech qachon oʻzini yoʻkrtib koʻymaydi.

Bu odamni koʻrganda beixtiyor oʻzingizning chang-chungga belanib, terlab-pishib yurishingizni, shimingiz dazmollanmay, koʻylagingiz yoqasi notoza ekanligini oʻylaysiz (aslida hech biri shunday emas, lekin sizga shunday tuyulaveradi) va shu zahoti, uyasidan qulab tushgan polaponlardek, xayolingizga lop etib kelib qolgan shu kuydi-pishdi oʻylaringizning ham betartib, uzuq-yuluq hamda chala ekanligini anglab, dovdirab turaverasiz — bu odamning qarashlari uning naqadar muzayyan va ravon mushohada qilishini koʻz-koʻz qiladi.

Bu odam juda batartib oʻylaydi — Oʻylashda uning oʻz tartibi bor.
Bu odam yana koʻp yoʻllardan yura oladi — uning yuradigan oʻz yoʻllari bor.
Bu odam yana tillari osmonni yalagan olovlar ichidan kuymay chiqib kelaveradi.
Bu odam yana toʻlqinlari koʻkka sapchigan suvlar ustidan botmay yuraveradn.
Bu odam parrixta musichalarning ham koʻnglini topadi.
Bu odam kulcha boʻlib turgan ilonlarning ham tilini biladi.
Bu odam tagʻin oʻlayotgan doʻstga iljayib qaraydi,
Bu odam tagʻin tish qayragan dushmanga kulib boqadi.

Yana... bu odam botayotgan oftobning qontalash barkashiga
qaragancha, ogʻzini katta ochib, «hay-yiy» degan tovush chiqaryab,
bamaylixotir esnaydi; esnoqdan badani yayrab, koʻzlariga yosh chiqib ketadi.

Bu odamni tabiat yarlaqagan — uning
zaxa yemagan shaftoliday,
tish tegmagan jonoqi olmaday,
qoʻl tegmagan hurkak siynaday,
onasi, yoʻq, roʻzgʻor oʻpmagan bokira qizday toza, ozoda, hali unniqmagan, hali dunyo koʻrmagan,
dunyodagi vijdonlar ichida eng chiroylisi boʻlmish vijdoni bor!

Bu vijdonni u har qanday koʻzdan asraydi; hech kimga bermaydi, koʻrsatmaydi.

Bu vijdonni u shamollar tegmaydigan, suvlar oʻtmaydigan, olovlar yalamaydigan, nigohlar tushmaydigan qilib oʻrab-chirmab, koʻnglining tubiga bekitib qoʻygan va badanini vijdonining ustida pilla qilib oʻrab olgan.

Qachon pilla ichidagi gʻumbak kapalakka aylanib, pillani teshib chiqadi va qanaqa tuxum qoʻyadi —buni bilolmaymiz.

Bu odam esa savolga javob qilmaydi: u iljayganicha koʻnglingizning ochiq eshigidan oʻtib, toʻxtamay, nariyogʻidan chiqib ketaveradi.

Siyrati

Bu odam yana ustidan qulflab oʻtiradi.

Siz bilan bizga — ustidan qulflamaydigai odamlarga uyda oʻtirganimizda qulfning keragi yoʻq: odam bor uyga doʻst kelishi, qoʻshni kirishi mumkin; dushman esa uyimizga kelmaydi, u katta yoʻlda oyogʻimizdan chaladi.

Oʻz uyida ustidan qulflab oʻtiradigan bu odam esa doʻstdan yo, deylik, oʻgʻridan qoʻrqmaydi, egali uydan oʻgʻri qoʻrqadi — u ham oʻzini toʻgʻrilarga koʻrsatmaslik payida boʻladi; bu odam dunyodan hadik oladi: u tashqaridagi olam kirib keladigan eshikka qulf urib, tagʻin dunyo uyimga kirib-netib qolmasin, deb hushyor oʻtiradi.

Mayli, deylik — uy oʻziniki boʻlganidan keyin, bilganini qilmaydimi?

Lekin bu odam koʻchaga chiqqanda ham oftobga, havoga, qushlar sayrogʻiga, koʻchaning oʻziga, koʻchadagi odamlarga, odamlarning bergan salomiga ham hadik bilan, tagʻin koʻnglimga kirib ketmasin deb juda hushyor tsaraydi.

Bunisiga ham mayli, deylik — koʻchadagi odamni sen nega bunaqa… oʻzingdan-oʻzing xavfsirab yuribsan, deb qisti-bastiga ololmaymiz.

Lekin bu odam oʻzining koʻnglidan ham shubha qiladi — yopiray, biron soʻz, biron fikr, biron beboshvoq hayajon chiqib ketmasin, deb koʻnglini ham qulflab yuradi: ogʻziga mahkam, odamlar bilan gaplashmaslik chorasini qilolmasa, noiloj, ogʻzini ochmay soʻylaydi.

Turmush Tarzi

Bu odam faqat uyinigina vatan deb biladi: toʻrt devor bilan oʻralgan uyini oʻz mamlakatim deb hisoblaydi.

Bu odam oʻzi shu mamlakatining siyosatini yuritadi — baayni qadimgi poshsholardek.

Mamlakatining tashqi siyosati borasida ham bu odam hushyorlikni qoʻldan bermaydi, mamlakatiga chegaradosh «mamlakatlar» bilan (bu odam qoʻshnilarining uyini ham xuddi oʻzinikiga oʻxshagan xorijiy mamlakatlar deb hisoblaydi) bordi-keldi muomalalarida qat’iy bir tartibga amal qiladi: ularning ichki ishlariga aralashsa ham, oʻzining ichki siyosatiga aralashishlariga izn bermaydi; bu odam oʻsha mamlakatlarning elchilari bilan (nosogʻlom tasavvurni qarang!) oʻz mamlakatining yagona va mutlaq hokimi sifatida juda ustalik bilam munosabatda boʻladi: davlat sirlarim chiqib ketmasin, deb ogʻzini ochmay gaplashadi.

Mamlakat fuqarosiz boʻlmaydi albatta: bu odamning mamlakatida ham fuqarolar bor: xotini, bolalari... Xotin ham, bolalar ham bu odam yuritgan siyosatni ma’qullaydi. Shunga qarab, bu mamlakatdagilar yakdil, yaktan yashar ekanlar, degan xulosaga ham kelishimiz mumkin edi, lekin sal chatogʻi bor.

Bizning tushunchamizdagi mamlakatda fuqarolar oʻz davlatining hamma ishlaridan doimo boxabar, toʻgʻrirogʻi, ichki va tashqi siyosatni ularning oʻzlari belgilaydi. Lekin bu odamning mamlakatidagi siyosatdan uning fuqarolari voqif emas. Mutlaq hokim ularni siyosatga aralashtirmaydi: xotin — xotin, bola — bola! Shuning uchun ham bu mamlakatda har xil saylovlaru namoyishlar, boʻyin tovlashu gʻalayonlar yoʻq. Oʻzingiz oʻylang, axir, kimga qarshi gʻalayon koʻtariladiyu mutlaq hokim agʻdarilsa, oʻrniga uning oʻzidan boshqa yana kimni qoʻyish mumkin? Sal chatogʻi bor, deyishimizning boisi ham shunda — demokratiya degan suv bilan havodek zarur aqida bu mamlakatning ichki siyosatiga halal beradi.

Ana shuni oʻylagan toʻrt devor hokimi qoʻl ostidagilar bilan hushyorlikni unutmay munosabatda boʻladi: ya’ni xotin zotiga sir bermaslikni, bolali uyda sir yotmasligini biron daqiqaga ham esdan chiqarmaydi.

Bu odam uyidagilar bilan ham ogʻzini ochmay soʻylashadi!

Endi bu mamlakatning iqtisodi, madaniyati, muhiti, tuzum-tutumi qanaqa ekan, mutlaq hokim davlatni idora qilishdek sermashaqqat ishni qanday uddalar ekan, deb qiziqsinishimiz turgan gap.

Biz bu odamning toza yurishiga, ozoda kiyinishiga, chiroyli soʻylashiga, oʻzini yoʻqotib qoʻymasligiga, muzayyan va ravon mushohada yuritishiga, suvda choʻkmay, oʻtda kuymay yurishiga, musichalarning ham, ilonlarning ham koʻnglini birdek topishiga, doʻstga ham, dushmanga ham birdek qarashiga koʻzni katta ochib qaraylik—ishlari yaxshi boʻlmasa, botayotgav oftobga qarab shunday esnarmidi?!

Qaramang unga — esnoq yuqumli boʻladi, axir!