OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiOyimning garashalari (matn)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oyimning garashalari (matn)
Ahmad A’zam

Bir mung keladi, qadimlardan toʻgʻri chiqib, koʻkragimni qiyib oʻtganicha ertangi kunimga tortilib turadi bu ingichka sim dor. Bolalik kunlarim shu dorga tizilgan.

Oyim, tizzalarida tikish, nigohlari igna teshigidan oʻtib, uzoq-uzoqlarga – qizliklari oʻtgan uzoq togʻdagi Garasha degan qishloqqa ketib qolgan. Ogʻir soʻlish olishlaridan bilaman: e-e, toshqoʻrgʻonda turar edik, bir yongʻoqlar bor edi, bir yongʻoqlar! Xayolimga haybatli togʻlar keladi, sharqiragan soylari boʻyi quyuq yongʻoqzor. Oyim bir kuni suv olishga tushsalar, bir odam osmonga shoxalab ketgan shunday yongʻoqning tagida unga qarab turib: «E-eh-he! Aqqol solibdi bu!», degan ekan, shigʻil solib turgan yongʻoq bechora shu zahoti oʻrtasidan qars ayrilib, sinib tushibdi. Koʻzi shunaqa yomon odam, bir narsaga tikilmasin, toʻgʻri boʻlgani odammi, hayvonmi, oʻzicha oʻysiz oʻsib yotgan daraxtmi, nima boʻlmasin, shikast yetar ekan. Yaxshi ham koʻzi yongʻoqqa tushgan, oyimga qaramagan, qaragandami, Xudo koʻrsatmasin, oyim ham, men ham bu yerda shunday oʻtirmagan boʻlar edik deb, necha-necha yillar oldingi xavotirdan endi seskanaman. Qoʻrqqanidan yelkasidagi obkashga ilingan satildagi suvgacha dir-dir titrayotgan kichkina qiz koʻz oldimda kelib, Garashaga, oyimning oʻsha yoshliklariga tushib borib, koʻzlik odamdan qoʻrigim keladi.

Oyim Garashani gapirishdan oldin bir chuqur nafas olib oladilar-u, meni bu yerda qoldirib ketadilar. Garashani gapirayotganlarida egilib pastdan koʻzlariga qarayman: yigʻi yoʻq, yigʻlagani yosh qolmagan.

Bugunlarga kelib bilaman, yigʻlaydigan koʻngillarini oʻsha Garashaga qoʻyib kelganlar, bu koʻngil qoʻl boʻshab, tinchini topgani chogʻlari «hiy-y» degan soʻzsiz faryod boʻlib izlanadi, yillarning tax-taxidan sizib oʻtib kelib, mening ham yuragimni simillatadi.

Samarqand uch yuzu oltmish dara,
Koʻrmadim hech bir odami dusara...

Matalmi, qoʻshiqmi, xirgoyimi, nimaligini bilmayman, boshqa davomi yoʻq. Oyim menga meni koʻrmay bir qarab qoʻyadilar. Oʻzimni keraksiz, begona sezib, yuragim shuvillab ketadi. Soʻrashga tilim aylanmaydi. Bilaman, e-e, bolam, odamzotning bir gapi-da bu ham, deb qoʻyadilar, xolos. Ichimga gʻulgʻula kirib, oyimga shu oʻtirishimda qarab turib, oʻzim koʻrmagan Samarqandning kungurali qoyalari ustidan uchib oʻtayotgan boʻlaman, pastdagi daralarda olomon shovqinlaydi, gʻovir-gʻuvurda otim ham umid bilan chiqib turadi, shu uchgan koʻyi yuragim taka-puka, odami dusaraning iziga tushganman, uni izlayapman-u, uchratib qolishdan qoʻrqaman; kallasi ikkitami yo orqa-oldi ham bet bitta boshmi deb koʻz oldimga keltirolmay ham gʻam bosadi. Uning yoʻqligini, ming izlasam ham uchratmasligimni bilib, izlash vahmidan qutulgim kelmaydi, shu vahmda uchish nimadir mardlik ham berib, oyimning himoyasida kezaveraman.

Koʻp uchganman oʻzim koʻrmagan Samarqandning ustida.

Toshqoʻrgʻoni qanaqa boʻlsa, uylari ham toshdan tiklanib, baland devorlar bilan oʻralganmikan? Gʻaziramizdagi uylar xomgʻishtdan quriladi yo sinch. Imoratlarning qoʻshoshyonligi yoʻq. Chiqib bahorikordan qarasa, hammasi ustiga gʻubor yoyilgan koʻklikka koʻmilib koʻrinadi. Gʻubdin togʻimiz yetti chaqirim narida, qorlar birinchi oʻsha yoqqa tushadi, lekin qishda turavermaydi, har qancha yoqqani ham koʻklamning boshiga yetmay erib ketadi. Oʻynagani chiqqanda burgut-murgut degan narsalarni koʻrmaganmiz. Arxar boʻlgan deyishadi, lekin bu ham mahovat, hamma togʻda boʻladigan ayiqning urugʻi ham yoʻq. Hay, nomiga kakligi bor, odamlar tutib, toʻrqovoqda sayratib qoʻyganini eshitib qolamiz. Togʻimizning nari yoqlari ichkarilab ketgan, juda katta deb gap qilishadi, ammo bu yoqdan, Gʻaziramizdan kul bosgan tepalik misol koʻrinadi. Togʻ oti boʻlgandan keyin qoʻr toʻkib tursa, unga qaraganda koʻngling koʻtarilib ketsa-da.

He-e, bu yoqda siqilishdan boshing chiqmaydi. Oyim ustimda qarchigʻaydek qanot yozib olganlar: hay bolam, u bilan oʻynama, bu bilan piyola alishma, xom suv ichma, oftobaning oftobda qolganiga qoʻlingni ham yuvma, terlab Qipchoqariqqa tushma, nahor uydan och chiqma, bir tishlam non bilan bir piyolagina choy esingda tursin, yoʻtalsang jon qoladimi menda, tirishma gapimga, achchiqchangdan oʻrgildim... seni odam qilguncha oʻzim oʻlib boʻlamanu...

Tugamaydi! Qaqshashga meni ataylab tuqqanlar, tergab tolmaydilar. Ha, qoʻymang, deb baqirib ham beraman, yer tepaman, araz qilib sakrab turaman, dalaga ketib qolaman. E tavba, oʻzimda es yoʻqmi! Axir, oʻynamaymi hech kim bilan, maktabga bormaymi, toʻyga kirmaymi! A, u odam ayirib oʻtirmasa, bir doridimi, keyin tamom, bu bola yaxshi bola, ovqatdan oldin qoʻlini yuvadi, qoʻlini kasali borlar bilan bir tovoqqa uzatmaydi, piyola alishmaydi deb qoʻyib qoʻymaydi, olib ketaveradi. Oyisining aytganini qiladimi, qilmaydimi deb soʻrab oʻtiradimi!

Lekin oyimdan kun yoʻq, juda oshib tushadilar – suvga tuyilib qolsam ham yuraklari yoriladi!

Musallam men tengi, hamsoyamiz, oramizda bitta uvat, ularning oshkadisi palagi biznikiga oʻtib tugadi, olmurudimizning yarim shoxi ularnikiga solingan, dasturxon ustida ikki uy bir-birimizni koʻrib oʻtiramiz, oʻrtada ol tovogʻim-ber tovogʻim. Oyim oʻzlari Ziynat xola bilan gurung qilib, bemalol piyola almashib oʻtiradilar-u, menga kelganda, hay, u yoqqa oʻtma, oʻynama shu Musal bilan, deb shivirlab ular yoqqa chimrilaveradilar. Qattiq shivirlaydilar, baqirgandan ham battar: kasal boʻlmasa ham odam qoʻrqib ketadi.

Musallam bilan bir sinfda oʻqiymiz. Bolaligimizda koʻp birga oʻynar edik. Keyin bir-birimizdan sal tortinadigan boʻldig-u, lekin maktabdan birga qaytamiz. Qoramagʻizdan kelgan, miqtigina, yugurib charchamaydi, yoʻtalib yurganini ham bilmayman, shunga otasidan kasal yuqmagan deb yurar edim.

Undan koʻm-koʻk paxtaning ichida boʻynini choʻzgancha ogʻzini ochib qarab turgani chizilgan rasmdek aniq xotira qolgan. Hali maktabga ham bormagan vaqtlarimiz, yashinmachoq oʻynab yuruvdik. Boʻyimizni koʻmadigan boʻliq gʻoʻza, yotib qaramasa, oʻtirib bekingan Musallam koʻrinmaydi, uni topaman deb ikki egat oʻrtasiga endi boshimni qoʻyganimda birdan gʻiyq-gʻiyq, gʻichir-gʻichir boʻlib qoldi. Sakrab turdim, Musallam yonimda, bu egatda ekan, boʻynini choʻzdi. Ikki tomoni yakkam-dukkam tut yoʻldan qator arava oʻtyapti, yoʻlning chuquridan faqat aravakashu aravaga bosilgan beda koʻrinadi, otning boshi silkinib chiqadi, misoli koʻm-koʻk koʻl suvida gʻaram ortilgan ot boshli qayiq karvoni suzib ketayotgandek. Shu anqayib turishimizda qatorning boshida kelayotgan aravakash bizni koʻrib, shotida tikka turdi-da, qamchinini oʻqtalib, poʻpisa qildi, «Ha, bemazalar! Aytib beraman!» deb baqirdi.

Bekorga tuhmatga qolayotganimizni bilmay, tomoshadan hayron Musallamning oʻsha beayb turishi hozir ham ich-ichimda bir xoʻrsiniq uygʻotadi. Uning nima boʻlishini bilib, indamay yurgandek, bilib yordam qilmagandek, nimadir ichimni ezib oʻtadi.

U yettinchi sinfda oʻqiyotganimizda oʻlib qoldi. Qancha xastalandi, Poʻshkinda yotib keldimi, yoʻqmi, bilmayman.. Ertalab uylaridan huvillab yigʻi chiqqanida bor edim, lekin koʻtarib ketishgani esimda qolmagan. Shu, chiqarish vaqti kelganda oyim meni, bola narsa, koʻrib yurmasin deb, bor, mollaringga qarab, kitobingni oʻqi, tushga kelmay, Bulungʻurga tushsang ham mayli, deb dalaga ketkizib yuborgan boʻlsalar ehtimol. Lekin keyin kelib uyimizning orqasiga chiqib, ikki chaqirim u yoqdagi Valibobo mozoratiga tikilib turaverganimni bilaman. Uning toʻp qayragʻochlari ustida qandaydir qora sharpalar izgʻigandek, osmon ham burqinib olgan; ichida yotgan oʻliklar kuchanayotgandek doʻmbaygan goʻrlar orasidagi yangi tuproq tagida bosh-oyogʻi oqqa oʻrogʻliq Musallam tepaga qarab yotibdi, lahad qorongʻisida qoʻrquv bosib: «Ustimni ochinglar! Oʻlmagan edim! Nimaga eshitmaysizlar!» deb tinmay chinqiradi, chinqirigʻi ustidagi qalin tuproqni teshib oʻtib, qulogʻimgacha yetib keladi, men eshityapman, lekin tinch bir dahshatda qimirlamay turaveraman.

Bu mozoratda molimizni boqaman, pichan qilaman, oʻlik koʻmganlarida borib qarab ham turganman. Tomoshadan yuragim seskangani bilan, koʻpchilikning orasida, uncha qoʻrqmaganman. Lekin hozirlari ham izgʻirin alam bilan yuzimga chang solayotgandek, Musallamning bir oʻzi yotgani meni ham tortib ketayotgandek boʻlaveradi.

Oyimning bizni jon halak qoʻrib-qoʻnjishlaricha bor edi: koʻhna kasal Musallamlarning uyidan hammani quritmaguncha ketmadi. Oldin otasini oldi, keyin Musallamni, dardlarda kuygan onasi soʻgʻin yiqildi, yoʻq, orada onaning ukasi, Musallamning katta togʻasi Bahrom aka oʻtdi (u kishining xotin-bola-chaqasi nima boʻldi, yodimdan butkul oʻchgan, lekin ikkita roʻzgʻor bitta hovlida, Musallamning otasi ichkuyov edi shekilli), soʻngra hali uylanmagan kichik togʻasi Hamdam aka ham qaytish boʻldi. Bitta besh yoshli Teshani amakisi Eshim kal oʻziga olgandan keyin, shuncha bolasini yutgan azaxonada gʻam yutib bir boshi bilan Ziynat xolaning oʻzi qoldi. Tarashaday qotgan, kasal ilinadigan eti ham yoʻq pitrak kampir endi yashab ham nima qildim deb, dunyoga qoʻl siltab oʻzi ham ketib yubordi. Tupirkilos obod bir hovlini sekin-sekin odam turmaydigan choldevorga aylantirdi. Eshim kal oʻziga yangi joy qilganda bu uylarni buzib, bolorlarini olib ketgandan keyin devorlari osmonga angrayib, odamning yuragini uvishtiradigan vahimazor boʻldi-qoldi. Bir oʻzim boʻlsam, tiklab qarashga ham yuragim betlamas edi: kimdir past bir yigʻi tovushi bilan oʻziga chaqirayotgandek tuyulaverar, bu yigʻi Musallam ham boʻlar edi. Hovli necha yil tashlandiq yotdi, hamma yerda yuradigan ilon ham chiqmadi bu yerdan, balki shu palakat narsa ham omonatini avaylab bu yerga yaqin yoʻlamagandir.

Asli butun baloning koni kunbotishdagi Poʻshkinda edi. Shamol oʻsha yoqdan turadi, tupirkilos kasallarning yoʻtalgan nafasini bizning Gʻaziraga olib keladi! Shu zararlangan havo toʻgʻri oʻpkaga urilib turgandan keyin goʻrga qochasanmi! Sil kasalliklari shifoxonasini qurib qoʻygan oʻsha yerda, butun tumandan yotqizilgan sillar yoʻtalib, koʻhna kasalni havoga yoyib yotadi. Nimaga bunaqa kasofatxona odamlarning orasida, qishloqning oʻrtasida boʻlishi kerak? Ovloqroq joy qurib ketganmi? Ana, Gʻubdinning tagidagi Qoraqasmoq, odam turmaydi, daraxtlari koʻp, sersoya, saratonda ham hur-hur shabada urib, togʻdan beri yoyilgan bahorikorlarga oʻtib ketadi. Keyin, qadamjoy, yozdan odamlar borib jonliq qiladi, qoʻy soʻyadi, kasallarga ham yaxshi. Qishi qattiq, yozlari qaynab ketadigan past havoli, chang-chung Poʻshkinda pishirib qoʻyibdimi!

Biz tomondan, Gʻaziradan turib tikilib qarasa, tupirkilosning shu Poʻshkin yoqdan, oʻrtadagi Istalinning daraxtlari osha imi-jimida siypalib oʻtib kelayotgani koʻrinib qoladigandek ham tuyular edi.

Lekin nogahonda oʻzi ham lop etib kelib qoladi. Maktabga borsak, oq terakmi-koʻk terak oʻynab, koptok tepadigan joyimizda soʻrrayib turgan boʻladi-da! Hamma yogʻi, oynalari ham bir xil och koʻkka boʻyalgan uzun tobut! Qochib ketishga oyoq ham ishlamay qoladi. Ana, kasali ochilib qolishidan qoʻrqdi, degan gap chiqishi bundan yomon... Qator navbatda turamiz, hamma oʻzi bilan, oʻzining joni tashvishida, atrofga javdiraymiz, bir-birimizga begonasirab moʻltiraymiz. Kasal emasman, kirmayman, menga tegmanglar, deb ichimizda izillab yigʻlayveramiz, lekin himoyachi yoʻq, otamiz, onamiz bu yerda emas, muallimlarning esa oʻzlari ushlab beryapti. Qorongʻida qalt-qalt titrab, yalang koʻkragimizni rentgenning sovuq temiriga tutamiz, gʻira-shira koʻrinayotgan xalatli xotinga unsiz yolvorib qaraymiz. Avtobusdan tushgandan, qaranglar, mana, bu kasal chiqdi, ushlanglar, deb yana shu avtobusga tiqib Poʻshkinga joʻnatib yuborishadigandek, gʻirra juftakni uramiz. Sinfda yo koʻchada nafas rostlab olgandan keyin, doʻxtir xotin hech nima demadi-ku deb, mardligimiz ham tutadi, rentgenga qoʻrqmay tushganimizni maqtanamiz, namoyishga qattiq-qattiq yoʻtalib, bu boshqa narsadan deb bemalol izoh beramiz.

Yana bitta emlashlari bor, bu ham qoʻrqitadi-yu, lekin koʻpchilikning ichida, rentgenchalik emas. Bilakni chizib tilib, achitmaydigan ham bir dori qoʻyishadi: kasalni shunaqa qilib yuqtirib koʻrishar ekan, agar tilingan joy qizarib shishsa, organizm sogʻlom, qarshilik koʻrsatyapti; shunaqa gapga juda ishonamiz, organizm nimaligini ham bilamiz, shishmasa – urdi Xudo, Poʻshkinga talabgor, endi boshlanayotgan boʻlsa, semiz-semiz qoʻy goʻshti, quyruqmoyni uraverish kerak, shunda qaytadi. Kattalarning ogʻzidan olingan bu gapga juda ixlos qoʻyganmiz.

Bir kuni nimadir ish bilan Pushkin kolxoziga borganimda oʻsha kasalxonaning oldidan oʻtdim. Dahshat – odamlar yashaydigan joyning oʻrtasiga qurilgan! Gird aylanasi hovlilar, egalari esa yonlarida shunaqa yuqma kasallar borligiga parvo qilmay, bemalol kirib-chiqib turibdi. Ey insonlar, axir, axir... nimaga bu yerda yashaysiz, deb baqirgim keldi, lekin buni oʻzlari ham biladi-ku, qayoqqa ham koʻchishsin, birov boshqa joyda uylar qurib, tayyorlab qoʻyibdimi, keyin oʻzlari ham oʻrganib, immunitet paydo boʻlgan, dedim yana ichimda. Immunitetni ham koʻp gapirar edik: odamda shu kuchli boʻlsa, mingta kasalning ichida balo ham urmaydi.

Tupirkilos Musallamlarning oilasidan shuncha odamni olib ketib, oʻrtada devor ham yoʻq, xudoga shukr, uyimizdan bittamizga ham koʻzini tikmadi. Bu endi oyimning gʻayratlaridan. Endi oʻylab qoyil boʻlaman, nima qilib boʻlsa ham bizga kasal tekizmaganlar-da.

Qushda tinim bor, menda tinim yoʻq, der edilar. Ertadan kechgacha roʻzgʻor bilan tomorqaga fido, koʻzu quloqlari bizda, katta qidirishlari Gʻaziraning bozoriga tushib kelish. Hatto Samarqandga ham bormaganlar. Jinday nafas rostlab, qoʻllariga tikish olgan paytlari Garashani dard qilib qoladilar, uning tosh qoʻrgʻonlari oralab yongʻoq tagida sharqiragan soyida hasratlari oqib ketadi.

Garashani oyim bu yoqqa tushganlaridan keyin qaytib koʻrmaganlar, shundan u qishloq xayollari kun-kundan chiroy ochib, yongʻoqlari tobora gurkirab, togʻi ham osmon qadar balandlab ketavergan. Faqat Samarqandda koʻrinmagan odami dusara toʻgʻrisidagi mungli matallarining magʻzini chaqa olmayman. Nimaga darasi uch yuzu oltmish ekanini haligacha bilmayman. Lekin shuni aytsalar, nimagadir Garashaning togʻlari menga yaqin keladi, qorlaridan oqib kelgan havoday tip-tiniq suvlar boʻyida, tosh qoʻrgʻonlarida yashaydigan odamlari yoniga kasal ham chiqa olmaydigandek tuyuladi, oʻsha yoqda boʻlganimizda oyim menga buncha koʻp javramagan boʻlur edilar.

Gʻaziraning koʻkliklari ichida suvga choʻkkandek yuraman, nimaga qishlogʻimiz togʻda emas deb koʻnglim choʻkadi. Gʻubdinimizning bulut koʻlankasidek kelbatiga qarab oʻzimni kamsitaman: nimaga buncha past, choʻqqilari choʻqqi emas, doʻngalak, qishdan yoqqan qordan yozda oq qalpoq kiymaydi, shu ham togʻ boʻldiyu. Lekin Garasha! Katta boʻlsam, oyimni olib boraman, deb shunchalar orzu qilamanki! Ammo katta boʻlib, oʻzimdan boʻshamadim, mashinalik boʻlib, olib borishga imkoni kelgan payti esa oyim yotib qoldilar – armonlari menga qoldi.

Hozirlari shaharda yashayman.
Men turgan joydan togʻlar koʻrinmaydi.