OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiOʻzim bilan oʻzim (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Novellalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm30KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻzim bilan oʻzim (novella)
Ahmad A’zam

Odamning ismi

Nega faqat bitta ismga qaramman: Ahmad, deb chaqirsalar, labbay, deb chopib boraman.

Men shu Ahmad degan ismga bogʻliqman, sen oʻzi kimsan, deb soʻrasalar, Ahmadman, deyman.

Qaerda neki ish qilsam, yaxshisi ham, yomoni ham ismimga oʻtadi: Ahmad undoq qilibdi, Ahmad bundoq qilibdi. Ba’zi paytlari esa odamlar mening kimligimni emas, faqat Ahmad degan ismnigina biladigandek, ularga oʻzim emas, faqat ismim kerakdek, ismim menga tegishli hamma yaxshiyu yomon tomonlarni egallab, oʻzimga hech narsa qolmayotgandek tuyuladi. Mening esa doʻstlarim kabi Solih, Olim, Xurshid, Murod boʻlgim keladi, kimsan, deb soʻrashsa, Solihman, Olimman, Xurshidman, Murodman - Doʻstman deb aytishni istayman.

Nahotki, umrim bitta ismga bogʻlanib oʻtib ketadi, deb ezilaman. Doim men ismimga qaramman, ammo ismim birgina menga nisba emas, u mendan boshqa odamlarni ham oʻziga qaratgan. Bu ism mendan oldin ham bor edi, mendan keyin ham boʻlaveradi, odamlar mening bor-yoʻqligimga qaramay, bolalariga Ahmad deb ism qoʻyaveradilar[1].

Bir kuni doʻppimni mundoq boshdan olib qoʻyib, oʻylay boshladim: volidai muhtarama zaminda yana qancha Ahmad bor? Oʻzbeklar bilan birga tojik, qozoq, turkman, ozarbayjon, qirgʻiz, qoraqalpoq, uygʻur, tatar, boshqird, avar, dargʻin, qalmiq kabi mamlakatimizdagi boshqa millatlarda ham Ahmad degan qardoshlar bisyor ekan. Axir, Aqmat, Axmet, Amet, Amit, Amadjon deganlarning bari bitta — Ahmad-da!

Xayolan mamlakatlar sarhadlaridan oshib, oʻylay boshlasam, yer yuzining hamma mavzelariga Ahmad deganlar sochilib ketgan ekan.

Dunyoda shuncha koʻp Ahmad borligidan koʻnglim ancha taskin topdi.

Birdaniga ularni koʻrgim kelib qoldi. Yoʻq, mamlakatma-mamlakat kezib sayohatga chiqmadim. Shu turgan joyimdan Asqartogʻning tepasiga chiqib, jumla-jahonning hamma mavzelariga tovushimni yetkazib: «Xry Ahmad!»— deb bir na’ra qilgan edim, Ahmad deganning bari, labbay, deb chopib keldi.

Oʻh-hoʻ, shuncha koʻp ahmadlar yigʻildiki, Asqartogʻning tegrasiga odam sigʻmay ketdi: qoʻlimni peshanamga qoʻyib, harchand tikilaman, ahmadlarning adogʻi koʻrinmaydi! Oq tanli, sariq tanli, qora tanli, qizil tanli, bir xillarining uzoq yoʻlda chopib kelganidan, aft-angorini chang bosib, qanaqa tanli ekanini ham bilib boʻlmaydi.

Odam ismining ohanrabosi shunchalar zoʻr ekanmi, ozodlik deb hibsga tushgan nechov-nechov ahmadlar chaqirigʻimni eshitgach, kishanlarni sindirib, turmalarni yiqib, yoʻldagi mamlakatlarning chegaralarini buzib yetib kelibdilar; oshini oshab, yoshini yashab, oyoqdan madori ketgan koʻp qarriqurri ahmadlari uzrlarini yetkazishni navqiron ahmadlarga qaytaqayta tayinlab qolibdilar; mishigʻini eplolmaydigan jujuq, churvaqa ahmadchalar oʻz millati tilida: «Manam boyaman» (masalan, forschasi: «Manam me-yavam»), deb yigʻlab ergashgan ekan, ularni katta ahmadlar: «U yoqdan senlarga shunaqa hushtak olib kelamizki, puflasanglar, otlaring chalinadi», deb avrabdilar; Eronu Iroqda ahmadlar bir-biri bilan urushib yotgan ekan, chaqirigʻim yetib borgach, qurollarini tashlab, birga, unisi yiqilsa — bunisi turgʻizib, bunisi yiqilsa — unisi turgʻizib chopaveribdilar.

Men Surinam degan mamlakatni Afrikada deb yursam, u Amerikada boʻlib, oʻsha tupkaning tagida ham ahmadlardan bor ekan. Urugvay, Paragvay degan mamlakatlardan ham talay ahmadlar keldi. Ahmadlar u yoqlarda nima qilib yuribdi, deb hayron boʻlsam, ularning ota-bobolari avval Afrikadan Andaluziyaga, u yerdan Lotin Amerikasiga uloqib borib, oʻsha yerlarda muqim turib qolgan ekan. Koʻp ahmadlar tirikchilik gʻamida Yevropada ham tentib yurgan ekanlar, shular ham sarmoyadorlarning ishdan boʻshatib yuborishlaridan qoʻrqmay (u yoqlarda musofirlarga bundan ogʻirroq jazolarni ham tap tortmay qoʻllayverishadi), hamma narsani shu holicha tashlab kelaveribdilar.

Ha-ya, Yevropa, Amerika, Afrikada Amadeo, Amadey, Amadu deganlar ham yoʻlga otlanishgan ekan, ahmadlar faqat «Ahmad» ismli odamlarni chaqirdi, deb yoʻldan qaytarishibdi. «Bekor qilibsizlar, ismi ancha uyqash ekan, kelishsa boʻlardi», deb afsuslandim.

Lekin kunchiqar mamlakati — Yaponiyadan bir Yamato degan odam, qulogʻi sal chatoqroq eshitar ekanmi, «Amat-o!», deb chaqiryapti» deb oʻylab, kelaveribdi, bunga quvondim.

Bizning ~azirada ham Ahmad degan podachi bir qoʻshnimiz bor edi, qarasam, shu ham yuribdi. «Hoʻ, Ah-mad aka, qishloqning podasini beega qoldirdingizmi?», deb tashvishlansam, u: «Shu paytda poda koʻzga koʻrinadimi!»— deydi...

Xullas, jumla-jahonning ming tuman, million-million ahmadlari bir joyga jam boʻldi.

Kel-e, bu dunyoda mendan ham bir xayrli ish qolsin, deb oʻyladim-da, adashlarimga qarab: «Bir-birlaring bilan tanishib olinglar», dedim. Bu gapimni oʻzimizning mamlakat ahmadlari hamma xorijiy ahmadlarga tarjima qilib berdilar — yalpi ta’limning kuchi shunda bilindi.

Tanishish marosimi, yashirmaslik kerak, bir oz kulgiga ham sabab boʻldi, chunki qaysi adashim kimga: «Mening ismim — Ahmad», desa unisi: «Men ham Ahmadman», deydi, soʻragan Ahmad: «Hazillashmang», deb kulib yuboradi.

Turfa millat, turfa tilli, turfa shamoyilli ahmadlar dunyoda shuncha koʻp Ahmad borligini bungacha oʻylab xam koʻrishmagan ekan, avvaliga ishonmadilar, keyin esa rosa quvondilar. «Shuncha vaqtdan beri bir-birimizdan bexabar yuravergan ekaimiz-da», deb oʻkinganlari ham boʻldi.

Keyin Ahmadlar bir-birlaridan hol-ahvol soʻrashga tushdilar; millating nima, hukumatlaring qanaka, maoshing qancha, qaramogʻingda nechta jon bor, ishlab topganing roʻzgʻorga yetadimi, yetmasa — yordam beraylik, axir begona emas, oʻzimizning Ahmadsan, topganingda qaytararsan...

Bu yogʻi endi oʻz-oʻzidan ayon: dushmaninigdan bunaqa hol-ahvol soʻramaysan, axir.

Hamma ahmadlar doʻstlashib ketishdi.

Shundoq ahil adashlarimga qarab turib, ismim Ahmad ekanidan, ahmadlarning koʻpligidan, rosa koʻnglim koʻtarilib, boshim osmonga yetdi. Bundan buyon Ahmad ismimga minba’d dogʻ tushirmayman, yomonotliga chiqsam, odamlar bolalariga mening ismimni qoʻyishni bas qilib, tagʻin ahmadlar kamayib ketmasin, degan niyatni ham koʻnglimga mahkam tugdim.

Keyin ahmadlar ichida boʻlay, dedim-da, Asqartogʻdan tushib, adashlarimga aralashib, oralarida adashib ketdim.

Biz ahmadlar boshqa-boshqa mamlakatlarda yashasak ham, maqsadimiz — tinch, ozod yashash, shundan ismimiz bitta, kelinglar, bundan soʻng bordi-keldi qilaylik, ogʻir kunimizda bir-birimizga yelkadosh boʻlaylik, yaxshi kunlarda quvonchimizni baham koʻraylik, deb gapni bir joyga qoʻydik.

Har bir Ahmad oʻzi yashayotgan mamlakatda, agar u ozod boʻlsa, ozodligini yana ham mustahkamlash uchun, ozod boʻlmasa, ozodlik uchun kurashsin: zamon notinch, har bir Ahmad oʻz elida tinchlikni oʻylasin, boshqa ismdagi odamlarni ham ahillikka undasin, deb bir qarorga keldnk.

Ahmad degan-nom — dunyodagi jami ahmadlar lashkarining bayrogʻi, bu bayroq har qanday mashaqqatli damlarda ham baland koʻtarilib tursnn, degan taklif bir ovozdan qabul qilindi.

Ana shunday yakdil, yaktan ruh bilan xoʻshlashdik. Bir talay ahmadlar, ta’sirchanroq ekanmi, xayrlashayotganda yigʻlab yuborib, boshqa ahmadlarning ham koʻnglini buzdi. Mayli, nima boʻpti, mehr millat, chegara bilmas ekan, shunday zoʻr yigʻinda yigʻlamasak, qaysiqachon yigʻlab yuruvdik, bunaqa koʻzyosh yaxshilikka, deb namli koʻzlarimizni hech birimiz bekitmadik...

Men endi Solih, Olim, Xurshid, Murodnigina emas, Shavkatni ham, Yoʻldoshni ham, Erkinni ham, Usmonni ham, Yasharni ham, Mirzoni ham, Alisherni ham, xullas, barcha doʻst tanish-bilishlarimni menga oʻxshab Asqartogʻning tepasiga chiqinglar-da, «Hoy Solih» yoki «Hoy Olim!..» deb chaqirishga undamoqchiman.

Kimningki ismi Odam boʻlsa, shu ishga chorlamoqchiman. Bu endi amalga oshmaydigan havoyi orzu emas, haqiqat: agar Odam koʻnglining eng baland choʻqqisidan turib, koʻkragini ulugʻ niyatlarga toʻ-oʻldirib: «HOY ODAM!», deb jumla jahonning hamma ovloq burchaklarigacha tovushini yetkazib na’ra qilsa, ming-ming tuman, million-million odam labbay, deb chopib keladilar.

Agar dunyodagi hamma odam ODAMLIK degan bitta bayroq ostida toʻplansa, tasavvur qilasizmi, HOY ODAM!..

Jim oʻtirgan odam

Uyimdagi hamma narsa nimagadir quloq tutgan: goʻyo hozir birovi tuyqusdan tilga kiradiyu boshqalari uni tinglaydigandek. Balki, ular derazadan tushayotgan oyning nurini koʻpdan buyon bahamjihat tinglashayotgandir. Balki, shu jimlikning oʻzi ularning soʻzlashuv tilidir, bu tilni men bilmasman. Har qalay, oylab, yillab kunboʻyi bir uyda baqamti qoladigan narsalarning bir-biri bilan muloqotga kirishmasligi mumkin emas. Balki narsalar oʻz-oʻzi-cha bizning yetti uxlab tushimizga kirmagan oʻylarini turar...

Derazadan osmonga qarayman: yulduzlar chechak otgan. Chechaklar bir-birlariga gul changini uzatib yashaydilar — shunday tillashadilar: yulduzlar ham bir-biriga nur yoʻllab gurunglashmaydimi? Yoʻqsa, nega buncha jimillaydilar? Uyga tolaman. Men ham goʻyo jim oʻtiribman. Koʻnglimdagi soʻzlar osmondagi yulduzlarcha koʻp. Ular bir joyda tek turmay, toʻplanib-tarqalib yuribdi. Toʻplanganlarida koʻnglim yorishib ketadi, tarqalganda — xira tortadi.

Soʻzlar bezovta tillashayotir — meni tillashayotir.

Nima deb oʻylaysiz, odamning koʻnglidagi soʻzlar lugʻat kitobiga toʻplab bosilgan oʻlik harflar yigʻindisimi? Ioʻq, ular — tirik, tirik narsalar jim turolmaydi.

Mana, shu tirik soʻzlar koʻnglimda gangir-gungur muloqot qilayotir — koʻnglim yorishib-xira tortib turibdi.
— Ey, sen,— deyman oʻzimga-oʻzim.
— Ha, men,— deb javob qilaman oʻzim.
— Mening kim?
— Men-da. Ismimni bilasan.
— Ismingni zmas, kimligingni soʻrayapman,
— Kim boʻlardim, odamman-da.
— Odamligingni emas, kimligingni soʻrayapman.

Odamlikdan boshqa yana kim ham boʻlardim, deb oʻylayman. Agar bu savolni oʻzimdan-oʻzim emas, birov soʻraganda, nima deb javob qilardim. Bu savolni birov berganda, javobimni kutib oʻtirmay, yoʻq, sen odam emassan, deyishi ham mumkin. Axir, odam boʻlish osonmi!
— Kimligingni bilmay turib qanday yashayapsan?— deyman yana oʻzimga-oʻzim.
— Qanday yashayapman?—deb yana ajablanaman oʻzim.— Xoʻsh, qanday yashayapman? Halol yashayapman, oʻzganing haqini yemayman, birovga yomonlik qilmayman, sidqidildan ishlayman, nonimni beminnat topaman. Bundan ortiq yana qanday yashashim kerak?
— Bu ish qumursqaning ham qoʻlidan keladi,— deyman oʻzimga-oʻzim.— Odam yashash uchun oʻzining kimligini bilishi kerak.

Yana oʻzim oʻylayman, juda koʻp kitob oʻqiysan-da, oshna, kallangga kimqaydagi kitobiy savollar keladi, deyman-u, lekin shu yashashimdan boshqa yana qanday yashashim kerak ekan, deb boshim qotadi. Agar bundan ham ortiqrogʻi boʻlsa, shu kungacha yashaganimni nima qilaman, axir, umrimning shuncha qismini bekor oʻtkazgan boʻlaman-ku! E-e, biz yashayotgan ekanmiz, umrni faromush oʻtkazibmiz, deb oʻchirib tashlab, yashashni boshqattan boshlay olmayman-ku. Otilgan oʻq yana qaytib miltiqdan chiqadimi?

Yana oʻzim oʻylayman: shunday yashayverganim yaxshi emasmi, kimdan kamligim bor?..
— Ha-a,—deb kinoya qilaman oʻzimga-oʻzim,—kimligingni bilishdan qoʻrqyapsanmi?
— Yoʻgʻ-e,— deyman oʻzim gʻashlanib.— Nega qoʻrqar ekanman. Odam oʻzining kimligini bilishdan ham qoʻrqadimi?
— Qoʻrqyapsan,— deyman oʻzimga-oʻzim, xuddi kimligimni bilaman-u, joʻrttaga aytmayotgandek.— Ancha donosan, kimligingni donoliging bilan yashirasan.

Nazarimda, koʻnglimga boshqa bir odam kirib olib, meni mayna qilayotgandek, fahmim yetmaydigan savollar berib, meni atay dovdiratayotgandek.

Qiziq, deb oʻylayman yana oʻzim, ismim, tilim, millatim, tugʻilgan joyim, totuvgina oilam boʻlsa, qanday yashayotganim oʻzimga besh qoʻldek ayon, boshqa birov, meni yaxshi bilmaydigan kishi shaxsim haqida har xil xayollarga borishi mumkindir, ammo hozir begona bilan emas, oʻzim bilan oʻzim gaplashayapman-ku, nimani yashirardimu nima manfaat topardim bundan?
— Xoʻp, ana, bilar ekansan, ayt kimligimni, - deyman zarda bilan oʻzim.
— Qani, ayt-chi, Vataningni sevasanmi?
— Albatta, sevaman.
— Xalqingni sevasanmi?
— Albatta, sevaman.

E-ha, gap bu yoqda ekan-ku, deb yengil tin olib, burro-burro javob qilaman.
— Xoʻsh,— deyman yana oʻzimga-oʻzim. - Qani, endi bu savolimga oʻylab javob ber: Vataningni, xalqing-ni qanday sevasan?
— Iya, bu qanaqasi boʻldi? Sevamai, vassalom! Koʻnglimda Vatanimga, xalqimga boʻlgan ulkan muhabbatni avaylab yuribman.
— Xoʻp, ana endi kimligingga yaqinlashyapmiz, - deyman oʻzimga-oʻzim.

Ustimdan qanaqadir beshafqat hukm boʻlayotgandek yuragim orziqib ketadi.
— Uyingni, oilangni yaxshi koʻrasan-a?
— X,a.
— Shuning uchun tinmay yelib-yugurasan. Ishqilib, uyimda kamchilik boʻlmasin, bolalarim boshqalardan kam boʻlmasin, deb qoʻlingdan kelganini qilasan. Xotiningga birov ola qarasa, mushtumingni tugasan, bolangni qoʻshnining bolasi ursa, otlanib chiqasan, Bironta bezori uyingga tosh otsa, alamingni olmaguncha tinchimaysan. Toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri.
— Nima uchun Vatan, xalqing uchun shunday yelib-yugurmaysan.
— …
— Bularga boʻlgan muhabbatni koʻnglingda avaylab yurishingdan kimga naf? Axir bunaqa befoyda yotgan muhabbatning tirikligi qoladimi? Muhabbat mehrob emaski, unga sigʻinib, shu bilan burchingni oʻtab yuraversang. Tirik tuygʻu kurashishi kerak. Kurashmaydigan muhabbat — Oʻlik muhabbat.
— Vatan degani ham aslida - kurashayotgan muhabbat, ana shu muhabbat birlashtirgan kishilar xalq boʻladi. Sen, sen uchun ham birov kurashishi kerakmi?

Aslini olganda, oʻzim bilan oʻzim bunaqa gaplashmasligim kerak edi. Gaplashsam ham avvaldanoq boshqa, oʻzimga tushunarliroq mavzudan boshlashim lozim edi. Masalan, oʻzimdan-oʻzim, qani, oshna, shu vaqtgacha nimalarga erishding, deb soʻrasam, qoʻlga kiritgan narsalarimni bir-bir sanab berar edim.
— Xoʻp, xoʻp, endi gapni koʻp choʻzmay, kimligimni aytib qoʻya qol, - dedim zardam qaynab oʻzim.

Shunda faqat savol berayotgan oʻzimni emas, savolga tutilayotgan oʻzimni ham koʻrdim, ikkovi ham - bitta oʻzim, lekin...
— Senmi? - dedim oʻzimga-oʻzim. - Sen - koʻngliga ganjinani koʻmma qilib, qaerga koʻmgani esidan chiqib ketgan qashshoqsan. Shu xalqning bir boʻlagi emas, qatorning ichiga kirib olib, qator qayoqqa yetaklasa, shu yoqqa ogʻadigan, oʻzini qator bilan panalab, tirikchnlik tashvishida gʻimirsib yurgan joʻn-gina bir... mayli... odamsan...

Mulzam boʻlib qoldim: oʻzimga oʻzim shunaqa ayblarni qoʻyamanmi-a?!
— Oʻylayapsanmi? - deb soʻradim yana oʻzimdan-oʻzim.
— Oʻylayapman, - deb javob berdim oʻzim...
— Oʻyla, oʻyla, - dedim oʻzimga-oʻzim. - Lekin, muhabbat quruq oʻy ham emas.
— Tushunyapman, - dedim oʻzim.
— Tushunayotgan boʻlsang, yashay boshlabsan, - deyman yana oʻzimga-oʻzim. -Mayli, yaxshilab oʻylab ol, faqat qolgan umringni oʻy oʻylash bilan oʻtkazib yuborma. Amalsiz oʻy ham — Oʻlik...

Ana shunaqa, oʻzim bilan oʻzim gaplashib oʻtiribman.

Uyimdagi hamma narsa bekordan-bekorga shunday turmagandir...

Derazadan oy nuri uyimga bekorga tushmayotgandir...

Osmondagi yulduzlar bekorga jimillamayotgandir...

Koʻnglimdagi soʻzlarning bezovtaligi bejiz emasdir, axir...

Chetdan qaragan odam mening hozir oʻzim bilan oʻzim gaplashib, oʻylarimning beshafqat tovushini eshitib oʻtirganimni bilmaydi. Koʻzini bir nuqtaga tikib jimgina oʻtirgan odamning koʻnglidan nimalar kechayotganini chetdan qaragan odam eshitmaydi.

Lekin eshitishi kerak. Jim turgan odamning hammasi ham jim turmagan boʻladi. Odamning oʻzi bilan oʻzi yolgʻiz qolgandagi jimlikda boshqalar ham eshitishi juda zarur boʻlgan tirik soʻzlar tilla-shadi.

Koʻnglim yorishib — xira tortib turibdi: SIZ KIMSIZ?..

Koʻzgudan qaragan odam

Odam har kuni necha martalab koʻzguga qaraydi: sochini tarash uchun, kiyimining yarashgan-yarashmaganini koʻrish uchun, koʻpincha esa koʻzgudagi aksiga anchayin ma’nisiz koʻz tikadi. Koʻzguga nima uchun tikilgani esida yoʻq, boshqa narsalarni oʻylab turaveradi...

Erkaklar soqol olayotganlarida ham albatta koʻzguga qaraydilar, hatto jallod ham oʻz yuziga koʻzgusiz tigʻ tekizolmaydi.

Ayollar esa koʻzgusiz oʻzlariga oro berolmaydi lar - ular koʻzgu yonidagina oʻzlarining orolanib borayotganliklariga ishonadilar. Albatta, ular erkaklarning suq bilan termilishiga ham ishonadilar, lekin erkaklarning koʻzida ular koʻzgudagidek aks etmaydilar — koʻzgu behayo emas, gap ham otmaydi.

Chiroyli-chiroyli qizlar chiroylaridan oʻzlari ham bahra olish uchun koʻzguga qaraydilar.

Yosh-yosh yigitlar kelishimli, xushbichim qomatlarini koʻzguga solib, undan qizlarning koʻnglini qidiradilar.

Agar uyga kiraverishda toshoyna turgan boʻlsa, odam oʻtganida ham, qaytganida ham unga bir qur koʻz yugurtiradi.

Koʻchaga chiqayotgan odam koʻchadagilarga qanday koʻrinishini oldindan bilib, yuziga shunga mos tus berish uchun koʻzguga qaraydi. Tusini oʻzgartirmaslik uchun odam hatto koʻchada ketayotganda ham doʻkonlar oynasida lip etgan aksini nazardan qochirmaydi.

Erkagu ayol — odam umri qanday oʻtayotganini koʻzgudan kuzatib yashaydi. Agar oyna kashf etilmay, dunyodagi hamma suvlar loyqa boʻlib, odamning yuzi hech bir narsada aks etmasa, odam oʻzining yuzidagi oʻzgarishlarni koʻrmas, ildiz otayotgan ajinlarini payqamas, sochining oqi koʻpayib borayotganini qaddining egilayotganini payxas qilmas — yoshi qaytayotganini bilmas edi.

Odamning yoshi qaytgani sayin koʻzguga el boʻlishi shundan.

Odam koʻzguda oʻzining hamma a’zosini: sochi, pe-shanasi, qoshlari, burni, lablari, yonoqlari, iyagi, baqbaqasi, boʻyni, koʻkragini, kiyimlarini; qaddi-bastini, boshmoqlarini ham koʻradi, u yonboshini, bu yonboshini ham koʻzguga soladi.

Qorin qoʻya boshlagan odam hatto qornini ham koʻzguga roʻpara qilib, e, padariga la’nat, halitdan semirib ketyapman, deydi.

Lekin odam koʻzguda oʻzini koʻrmaydi. Koʻzguga qaragan odam oʻzining hamma joyini koʻrib turadi, lekin - oʻzining koʻzlariga toʻgʻri boqolmaydi. Bordi-yu, koʻzgudagi koʻzlariga toʻqnash kelib qolsa, bildirmay, bilmagandek, goʻyo bu toʻqnashuv tasodifdek, sekin koʻzlarini olib qochadi.

Men bir kuni oʻzimni koʻrishga ahd qilib, koʻzgudagi koʻzlarimga toʻgʻri tikildim. Tikildimu... shu onda seskanib ketdim: koʻzgudagi koʻzlar meniki emas edi, ularning boqishi oʻtkir, shafqatsiz, senga bir martagina berilgan hayotni buncha abgor qil-ding, deb qattiq qadalib turar edi.

Koʻzgudagi koʻzlar mening koʻzlarimga aks edi. Ular - men yigit yoshiga kirayotganimda hali mana bundoq yashaymiz, deb umidvor qilganimga ishongan, endi esa hayotim hech qandoq emasligini koʻrib turib, meni fosh qilishga payt poylab kelayotgan, hozir shunday paytni qoʻlga kiritgan koʻzlar edi.

Koʻzgudagi koʻzlardan koʻzlarimni olib qochdim.

Koʻzgudagi koʻzlardan koʻzlarimni yashirdim.

Faqat... ichimdagi bir istak ularga qara, qara ularga, deb turar edi.

... va bu istak tobora kuchayib borar edi.

Chekinishga yoʻl yoʻqqa oʻxshaydi. Nimadir qilish kerak!

Oʻziga termilib oʻtirgan odam

Tepamda birov oʻtiribdi. Boshimda, yuzini yuzimga yaqin tutib, meiga diqqat bilan tikilib oʻtiribdi.

Koʻzlari hamdard, xayrxoh— uzoq vaqt meni sogʻingan, nihoyat menga yetishib, lekin meni uygʻotishdan ayab oʻtirgan qadrdonimning koʻzlari.

Yuzim — uyqu bilan yopilgan kitob. Kitobimni oʻqimay tursin, deb uxlab yotibman.

Oyning nuri deraza pardalaridan sizib oʻtadi, yuzimga gardlarini sepadi, tepamda oʻtirgan birovning koʻzlarida titraydi.

Oyda yorishgan yuz doim shafqattalab boʻlishini, yumuq koʻzlarga hech kim ozor berolmasligini bilib, koʻzlarimni ochmay yotibman.

Birovning shafqatini himoya bilib uxlab yotibman.

Meni qandaydir muloyim vahm bosgan, qandaydir shodlanib seskanaman.

Vahm koʻnglimga huzur bilan yastanib, oy yorugʻida xira tovlanayotgandek...

Vahmni bemalol silasa ham boʻlar ekan-ku, vahm bilan bemalol tillashsa ham boʻlar ekan-ku, degan oʻylarni oʻylayman.

Vahmning ogʻushi iliqqa oʻxshaydi.

Nega shu paytgacha meni vahima bosardi, deb oʻylayman yana.

Vahm menga yaxshilik tsilishga kelgandek.

Vahmga nimalardan qoʻrqishimni, nega yuzimni ochmayotganimni aytib bersammi, deyman. Aytib bersam, qoʻrquvlarning eng kattasini oʻzimga el qilsam, boshqalari meni daf qilishga botinolmas, deb oʻylayman yana.

Uxlayotgan boʻlsam ham bosh uchimda mening yuzimdan oʻzini oʻqimoqchi boʻlgan birovni koʻrib yotibman, uning hech qanaqa BIROV emas, OʻZIM ekanligimni bilib yotibman.

Balki uxlamayotgandirman?., Balki bu tush emasdir?..

Buncha oʻzimga termilaman, menga nima boʻldi ekan?..

Tanasidan koʻngli qolgan odam

Uning hamma xohish-istaklarini bajarish menga qonun edi.

Uni deb oʻlib-tirilardim.

Har kuni ertalabdan uni parvarishlashga kirishar edim: soqolini olar, tishini tozalar, yuziga xushboʻy atirlar sepib qoʻyar edim: ustaraning tigʻi tekkan joyiga zararli narsalar toshmasin, deb ham oʻylardim-da;

har hafta hammomga tushirar, bugʻxonada obdan terlatib, uqalab qoʻyar edim;

har kuni kamida uch mahal ovqatlantirar, qurbim yetganicha unga yoqadigan taomlardan saylar edim; endi chamalab koʻrsam, shu vaqtgacha yegan ovqatlari kirq tuyaning belini sindirib, yana ortilmay ham qolar ekan;

topganimcha yaxshi-yaxshi liboslarga oʻ,ardim, sovuqda qalin, issiqda yengil kiyintirar, izgʻirin yuziga tegmasin, deb qishda poʻstinining yoqasini koʻtarib qoʻyar, boshini oftob urmasin deb saratonlarda soya-salqin yoʻlkalardan yetaklar edim;

Oʻzini salgina yomon his qilsa tashvishga tushar, injiqlanaversa, doʻxtirlarga qaratar, dardini aritadigan dorilardan topib kelardim;

charchasa, dam berardim, kuniga kamida yetti soat uxlatardim, sayr qildirardim, yana...

Endi men mayda gap odam emasman, uning aytsa boʻladigan xohishlaridan tashqari, aytish noqulay talay-talay mayllarini ham qondirardimki, hammasini sanayversam minnat qilyapti, deb oʻylashingiz mumkin.

Gapning loʻndasi, oʻzimni unga bagʻishlagan edim.

Bir kuni doimgidek uni papalab ketayotganimda, birdaniga oldimdan toʻsiq chiqib qoldi.
— Qani, endi men bilan bir sakra, bu toʻsiqdan oshib oʻtaylik,— dedim. U toʻsiqni koʻrib chekindi, aniq — qoʻrqdi!
— Sakra, axir, seni kelib-kelib toʻsiqdan chekinasan, deb shuncha parvarish qildimmi,— dedim unga ezilib.

U esa toʻsiqqa qarab shalvirab qoldi.

Oxiri, bor-e, asli nomard ekansan, senga umrini bagʻishlagan men — ahmoq, dedim-da, bir sakrab toʻsikdan oshib oʻtdim.

Tanamning quruq oʻzi qolaverdi, yoʻlning narigi yogʻiga faqat oʻzim ketaverdim...

Koʻnglini koʻtargan odam

Ivirsiq uyimizga kirsak, betartib yotgan narsalar oʻzimizga joy qoldirmagandek, tor tuyuladi. Shuning uchun vaqt-vaqti bilan uy koʻtaramiz. Uydagi narsalarni tashqariga olib chiqib, koʻrpa-yostiqlarni oftobga yoyamiz, uyni supurib-sidirib, shamollatib tozalaymiz-da, narsalarni joy-joyiga taxlaymiz: ivirsib yotgan uy keng, bahavo, odam kirsa, bahridili ochiladigan, eng muhimi — izlagan narsangiz topiladigan tartibli bir goʻshaga aylanadi. Toʻgʻrimi?

Men bir kuni shu tarzda koʻnglimni koʻtarmoqchi boʻldim. Ivirsib ketgan ekan, zarur payti izlagan tuygʻumni topolmayman; bu tuygʻu yoʻqligidan emas, koʻnglimning tartibsizligidan; unda hamma tuygʻularim aralashquralash sochilib-bosilib yotgan ekan.

Bir kuni televizorga qarab oʻtirgan oʻgʻlim: «Dada, siz ham otlarni yaxshi koʻrasizmi?», deb soʻrab qoldi. Oʻylamasdan. «Ha, oʻgʻlim», deb yubordimu uyalib ketdim: koʻnglimdan harchand izlamayin, otlarni yaxshi koʻrishimni topolmayman. Bu tuygʻu bolaligimdan beri bor, koʻnglimda edi, goʻdakligimda xivichni ot qilib chopganman, sal kattarganimdan keyin koʻpkari boʻlgan joydan qolmaganman, oʻn sakkiz yoshlarimda otchopardagi poygadan zavqlanib, koʻnglim yumshab ketgan; otlar shu qadar chiroyli chopgan edi. Lekin, mana, bugunga kelib, bu tuygʻuni topolmayapman...

Bir maktabda yozuvchilar bilan uchrashuv boʻldi, menga ham soʻz berishdi. Soʻzni tarixni chuqur oʻrganish kerakligidan boshladim. «Tarix — tarixda qolib ketgan oʻtmish emas, u bizning yuragimizda yashaydi, bugun biz yashayotgan kunlar ham avlodlarimiz umrida davom etadi, ota-bobolarimiz hayotini unutib qoʻysak, kelgusida bizni ham esdan chiqarishadi, izsiz oʻchib ketamiz», dedim. Shunday dedimu yura-gim shuv-v etib ketdi: koʻnglimga nazar solsam, oʻzimning tarixni yaxshi koʻrishim yoʻq! Bir vaqtlar tarixni shunday sevardimki, yotib olib, qulogʻimni yerga bossam, tarixdagi otlarning dupurini eshitgandek boʻlar edim. Bu tuygʻu koʻnglimning qay bir burchagida, qanaqadir lash-lush kechinmalar tagida qolib ketgan shekilli, shunday zarur paytda izlab topolmayman. Mulzam boʻlib minbardan tushdim...

Yana bir kuni meni atay yoʻqlab, toʻlib-toshib sinfdosh doʻstim uyga keldi. Darvozani ochishim bilan meni quchoqlab oldi. Men ham uni quchogʻimga oldimu esankirab turaverdim: yana oʻsha ahvol, sinfdoshimga boʻlgan doʻstligimni topolmayman. Doʻstim, qoʻlida bir dunyo bozorlik, koʻngli mehrga limmo-lim toʻlib, koʻzi yoshlanib menga boqadi; bechoraning meni koʻrmaganiga oʻn besh yil boʻlibdi, axir! Men esa nima qilishimni bilmayman, nuqul: «Ey seni qarayu... Juda quvontirding meni», deymanu koʻnglimda quvonch yoʻq. «Bekorga kelmagandir, shaharga ishi tushgan, biron iltimosi bor-ov?», degan xayollarga ham boraman. Lekin, yoʻq, hech qanaqa iltimos-piltimosi yoʻq; ishidan ikki kunga javob tekkan ekan, «Shu-u, joʻrajonimni bir koʻrmasam, koʻnglimning xusuri bosilmaydiganga oʻxshaydi», deb kelaveribdi. Kechasi alla-pallagacha gurunglashib yotdik; uning koʻngliga hayajon sigʻmaydi, meni uyqu bosadi, men ham unga qoʻshilib joʻshay deyman, ammo oʻsha joʻshqin doʻstligimizni qaerga qoʻyganimni topolmayman, bilmayman.

Yana bir kuni shu yerda — shahardagi doʻstlarim bilan boʻlgan bir gurungda gap birinchi muhabbatga kelib taqaldi. Doʻstlarimning mendan boshqa barida bu tuygʻu yoʻqolmagan ekan, gurung qizigandan qizidi, ularning bari oʻsha oʻn olti, oʻn yetti, oʻn sakkiz yoshiga bir-bir qaytib chiqishdi. Birinchi muhabbat mening ham esimda ekan-u, ammo tuygʻuning oʻzi yoʻqolib qolibdi. Boʻlmasa, bir qizni ikkinchi sinfdali-gimdan tortib to maktabni bitirguncha yaxshi koʻrganman, har kuni, ishonasizmi, har kuni uning otini aytib uxlaganman, uygʻonganimdan keyin ham tilimga kelgan soʻz — uning oti boʻlgan. U qiz menga moyil boʻlganmi, yoʻqmi, bilmayman-u, lekin oʻzim uni juda qattiq yaxshi koʻrganman. Oʻsha shirin azoblarimning hammasini eslayman, lekin koʻnglimda qilt etgan tuygʻu yoʻq. Keyin eslasam, birinchi sevgimdan sovib, endi nima keragi bor, deb koʻnglimning bir gadoytopmas burchagiga tiqib qoʻygan ekanman, mana, topolmayman.

Bir kuni eski yozuvimizga boʻlgan sevgimni topolmay qoldim. Doʻstimning oʻgʻli maktabida arabcha ham oʻqir ekan, harflarni aji-buji yozishini koʻ-rib, gʻayratim joʻsh urib ketdi, unga husnixatning qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻldim. Ammo otimni yozish ham esimdan chiqib ketgan ekan. Yoʻqsa, bir vaqtlar qamishqalamni qiya yoʻnib, Navoiyning «Ashraqat min aksi shamsil...» deb boshlanadigan gʻazallarini qanchaqancha koʻchirganman, husnixatim yaxshi chiqqanidan qanchalar quvonganman. Endi esa koʻnglimda eski yozuvga mehr tugul, oʻzi ham yoʻqolib qolibdi.

E’tibor bermasangiz, ne-ne tuygʻularingiz yoʻqolib ketaverar ekan, e’tibor bersangiz, nimalarni yoʻqotganingiz kelaverar ekan: avval hafta-oʻn kunda, keyin kunda biron bir tuygʻumni befoyda izlaydigan boʻlib qoldim.

Ana shundan keyin koʻnglimni, xuddi uy koʻtargandek, saranjom-sarishta qilishga bel bogʻladim.Oʻzi ham koʻnglimda ming xil mayda-chuyda tuygʻular uyulib ketgan ekan, ularning keragini kerakka ajratguncha boʻlarim boʻldi. Ularni shamollatish uchun oftobga yoyganimda koʻpi qurib, uvalanib ketdi.

Lekin ularning tagidan — koʻnglimning tubidan shunaka tuygʻularim topilayotirki!.. Shunchalar badav-lat ekanimni oʻzim bilmay, qashshoq-benavo yuravergan ekanman.

Koʻngil koʻtarishim toʻxtagani yoʻq, hali ish koʻp, lekin xozirdanoq koʻnglimga kirsam, yayrab ketaman — shunaqa sarishta, shunaqa bahavo, shunaka keng...

Oqib borayotgan odam

Allegro

Men bir kuyning toʻlqinlarida oqib kelyapman kelyapman kelyapman qalqib qalqib ketyapman ketyapman ketlpman bu kuy meni qaysi qaysi qaysi qirgʻogʻiga qachon qachon qachon tashlab ketadi bilmayman bilmayman bilmayman faqat bu kuyni oʻzim chalyapman chalyapman chal...


  1. Bu gapni men havodan olayotganim yoʻq; umumjahon aholisining bulturgi roʻyxatida oʻn million sakkiz yuz oʻn mingu uch yuz yetmish bitta Ahmad (10 812 371) bor ekan. 6 yil ichida yana necha mingga koʻpaygandir — Ahmad (avtor).