OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiQatagʻon yili (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qatagʻon yili (hikoya)
Ahmad A’zam

Yaxshigina izgʻirin, yurganda baharnav, betni yalaydi, faqat quloqni jiz-jiz oʻradi, lekin bir joyda turganda etakdan kirib, badanni dildiratadi, yoqadan xuddi oqayotgandek quyiladi - boʻynimni qisib olganman, anchadan beri turganimdan yelkam qoʻnishibqotib, xuddi bir umr shunday boʻynimni qisib yashab kelayotgandekman, xayolimga ming xil umidsiz oʻylar keladi, ming toʻqqiz yuz sakson ikkinchi yilning noyabri, boʻlmasa, universitetni nuqul «a’lo«ga bitirganman, oʻn yildan beri Toshkentdaman, lekin bor pulim choʻntagimda, borgunimcha yoʻlkiraga yetadi xolos, mendan olti yosh kichkina Eshnazar boya oʻzining «Jiguli»sida Jonboydan qaytdi, men yoʻldan oʻtgan mashinaga sargʻayaman, bu yogʻi buyuq, qahraton qish, koʻklam sira kelmaydigan, kunlar endi ilimaydi.

Dalalarda yakkam-dukkam birchigit qolgan, sovxoz oktyabr oyi oʻrtalarida planni doʻndirib bajargan-u, elu yurt hali hamon shu bajariqni toʻldirolmay jon-halak, boʻl-ha-boʻl hiqildoqqa kelgan.

Oftob - beta’sir shiorga oʻxshaydi - charaqlaydi, tafti yoʻq, chor-atrofga eski uvada sochilgandek - kir qor.

Mashina har zamonda oʻtib qoladi, bari toʻla, biron taziyali joyga borayotganini aytmasa, beruxsat yurish yoʻq, yoʻlda hujjatini olib qoʻyadilar; boya avtobus vangʻillab yonboshlagancha toʻxtamay oʻtib ketdi, umid shundan edi, buni ham egam koʻp koʻrdi.
— Qoʻling tolgandir, menga ber, - deb qalin kiyimda pish-pish uxlayotgan oʻgʻlimni ayasining qoʻlidan oldim.

Obroʻni qoʻldan bermay, xotinni gapga alahsitaman:
— Manavi yoʻl Istalin, PoʻshkinDoʻlbosti, Leninobod, Kalelin, degan qishloqlarimizdan, bunisi Yettiurugʻ, Kakanavich, Botbot, Navroʻztepadan keladi, bu yoqda Moʻltip, Qoʻybeship, Varashilop degan qishloqlarimiz bor.
— Moʻltip - pgoʻngʻib deganimi yo Molotovmi - deb qiziqsinadi xotinim.
— Moʻltip - Molotov, Kakanavich - Kaganovich, Varashilop -Voroshilov… mayda kolxoz zamonidan shu otlar kelyapti, oʻzlari urilib, kimligi odamlarning esida ham yoʻq, lekin oti el ogʻzida qolgan. Qoʻybeship - Kuybishev… Qiziq-da, mana «Sanoat», «Davlatli turmush» degan qishloqlarning oti ham shunaqa. Bittasining oti «Yemxashak». Ey, zoʻr-ey, molbozorda «Moʻltipning moli», «Qoʻybeshipning moli» deb turishadi.

Masalan, Kakanovichning moli Maskvaga toʻgʻri kelmaydi, chunki Maskvaning havosi past Kakanovichning moli yerda chidamaydi, issiqlab qoladi. Zoʻr-ey, yoʻlda, oʻzing koʻrding, Svinsovxoz degan joy bor, «Qaydan boʻlasiz» desang «Svinsapxozdan», deyishadi, «Yoʻq, asli tugʻilgan joyingizni ayting», desang «Tugʻilgan joyimiz ham shu Svinsapxozda, u yogʻini bilmasak», deyishadi. Qara-e, boshqa yoqqa bursang, nima ma’no chiqadi.

Izgʻirinda gapi–aversa odamning jagʻi ham ogʻrib qolar ekan, akam gʻir etib «Perekroʻska«ga Toshkent yoʻliga tashlab kelardi, shu vaqtiga kelib moshini buzilib berganini qara, yosh bola bilan hammaga tomosha boʻlib turibman, deb ichimga siqilaman. Bu orada oʻtgan-ketganlar bilan salomlashib ham turaman: Birovi uzoqdan bosh irgʻaydi, biroga ikki qadam boraman, yonimga kelgani qoʻlimni hovuchlaydi boshqasi qoʻl olishadi-yu, pichirlab qoʻyadi yo boʻlmasam, xuddi ta’na qilayotgandek «Ha-a» deydi, boshqa soʻz qotmaydi, aybing bordek dovdiraysan. Otda, eshakda oʻtayotganlar jilov yo noʻxtani nomiga bir tortib, iyak qoqadi - yo salomi, yo aligi; mashinada ketayotganla– xuddi tanimagandek xoʻmrayib keladi-yu, birdan burnini silkitadi bu ham hisob.

Katta yoʻlning chorrahasi, chorrahasida gap koʻp, qishloqqa juda kam kelaman, toʻy-marakaga aralashish yoʻq, tobutkash boʻlolmayman, kelganimda fotihalik joylarning hammasini bir qilib kirib chiqaman, hamqishloqlarim bilan koʻrishib soʻrashadigan joy - shu chorraha, shu yerda turishimga qarab, qandayligimga xulosa chiqarishadi, boya Abdujalil dod-muomala qilgandan keyin bir xotinimga bir shlyapamga qarab qoʻydi-da: «Sen ham endi qishloqdan uzildingda», deb ketdi.
— Shuncha qishloqning bariga bizning ~azira - markaz. Bozori bor-da. Bozor bor qishloq tevaragidagi hamma qishloqni birlashtiradi, ularga oʻktamlik qiladi, odamlari ham uddaburon boʻladi. ~aziraning oʻzidan uchta professor, oʻttiz nechta kandidat chiqqan. Ilmga bunday berilgan qishloqni eshitmaganman. Bitta Otaboy degan joy bor. Lekin u Turkistonda.
— Shunday qishlogʻingizga alohida avtobus qoʻyishsa boʻlmasmikan? -deydi xotinim ma’yuslanib.
— Ha, kep qolar, - deyman, - chakkifurush koʻpayib ketadi deyishadi-da. Shusiz ham Samarqand bozorida «chakki qaerniki?» desang, hammasi «~aziraniki!», deydi. Sen bu gaplarni qoʻy, qara, melisa kelyapti. Qanday par tushgan qishloqqa! Bekorga alohida melisa qoʻyishmagan!

Rostdan, Stalin tomondan melisa kelayotgan edi, bizga yaqinlashib qolgan.

Xotinim tirsagimga turtdi:
— Qarang… bir chol kishi soʻrashayapti.

Bu yoqqa qarasam - Saidbovo, ~aziradan chiqib, ~arovtepasiga qayrilish joyda toʻxtab, biz tomonga jilmayib, tez-tez bosh irgʻAyapti. Tovushini eshitmasam ham, kallasini qimirlatishidan nima deyayotganini bilaman: «E-e, eshonbovo, yaxshimisiz? Qaytyapsizmi?… Bir kelgan ekansiz-da. Toshkanlar yaxshimi? E-e, kelin shumi?… Shunday-shunday kep turing-da…» Shunga yarasha javob qilaman: «Oʻzingiz yaxshimisiz? Bizning sinfdosh Oʻrin qanday? Nevaralar… Ha, shu, qaytyapmiz endi…» Albatta, u ham eshitmaydi -oramiz ancha, baqirib soʻrashmaymiz-ku koʻchada.
— Borib salomlashmaysizmi, yoshlari ulugʻ ekan, - dedi xotinim.
— Biz-da shunaqa, hammasi bosh bilan, qimirlasa - bas, - dedim.

Rostdan ham shunaqa, koʻrmay qolmasang boʻldi, ishqilib.

Lekin Saidbovo soʻrashib boʻlgandan keyin yoʻlni biz tomonga soldi. Doʻkonga kirmoqchi shekilli. Bari bir yonimdan oʻtadi, ikki qadam peshvoz chiqmasam boʻlmas, chollar bilan qoʻshqoʻllab soʻrashish kerak.
— Ma, bolangni ushlab tur, - dedim xotinga.

Shunday boʻladi: avval yurishni oʻylaysiz, oʻzingizning qay bir soniyasida gavdangiz oldinga intilib, hali oyogʻingiz qimirlamagan ham boʻladi; mana shunday - gavdam xarakatga kelib, bu qoʻzgʻalish oyoqlarimga oʻtay deganda naq qulogʻim tagidan, «Qayoqqa?!» degan amirona tovush yangrab, yana qotib qoldim.

Qarasam, boya Stalin tomondan kelayotgan milisa yigit qavatimda turibdi. Menga emas, Saidbovoga qarab baqiryapti:
— Oʻv boboy, toʻxtang! Qani, men kimga aytyapman?!

Saidbovo joyida taqqa toʻxtadi.

Yana shunday boʻladi, koʻz oʻngingizda nogahon, kutilmaganda, bir be’manilik kechadi, kallangiz toʻgʻri ishlab turadi-yu, lekin bu hodisa haqida undan ham be’maniroq oʻyga borasiz. Men ham tuyqusdan shunday xayolga boribman: boboyi tushmagur ~aziradan biron narsani oʻmarib kelyapti, deb oʻylabman. Xuddi hozir melisa yigit yugurib boradi-yu, shartta quv boboyning malla chakmoni yoqasidan ushlaydi. «Ablah! Qoʻlga tushding-ku!» bir-ikki siltab, qoʻlini qayirib, odiga solib ketadi. Dabdurustdan shunday tuyuldi menga!

Lekin melisa yigit mening yonimdan qoʻzgʻalmay, yana baqirdi:
— Boya nima dedim sizga, a? Boya?!

Uning baqirigʻidan oʻgʻilcham uygʻonib ketdi, qarang-ey, bir yoshdan sal oshgan goʻdak, yigʻlamadi, melisaga «Jinnimi boʻ?» degandek bir qaradi-da ayasining boʻynidan mahkam quchoqlab oldi.
— Oʻzbek tilida aytdim, yaxshilikcha keting, chuvalashib yurmang, dedim. Quloq bormi, quloq?! Yo jun bosganmi? Keting, demadimmi?

Saidbovo xuddi koʻrinmas moshin-gʻaltak ip bilan joyiga chandib qoʻyilgandek, yurishga ham, turishga ham oʻxshamaydigan bir harakat qildi-da, melisaga jovdirab qaradi.
-alati odam-ey! Boya ~azirada, keting, dedim-a! - Melisa qoʻlini paxsa qildi. - Yo demadimmi?!

Saidbovo nihoyat tilga kirdi:
— Dedingiz, ulim, dedingiz…

Cholning tilga kirgani battar melisaning hamiyatini qoʻzgʻadi:
— Degan boʻlsam, qani ketganingiz?

Keting deganimga qachon boʻldi? Men Istalinga borib kelyapman. A, qani ketganingiz? Haliyam koʻzga tikan boʻlib yuribsiz-ku!

Saidbovoning beti pir-pir uchdi, menga najot soʻragandek qarab qoʻydi. Men esa melisaning dagʻdagʻasidan shoshib, aralashishga ham, aralashmaslikka ham hayron, kalovlanib turibman, bularnikini juft demasang boʻlmasa… Saidbovo boʻynini qisib, xoksor gʻuldiradi:
— Tursunxonning magaziniga pechka keptimikan, deb kiruvdim, uyam yoʻq ekan. Endi opkesang, bitta opqoʻy, dedim. Eskisi nihoyati tutayapti. Aytganingizdan keyin oʻzim ketayotgan edim. Endi bu yoqda…

Melisaning battar jahli chiqdi:
— Oʻv boboy! Jonga tegdingiz lekin! Boya nevaramga jilob olaman dedingiz! Endi bu gap chiqdimi?! Qarib, miyangizni yeb qoʻyganmisiz?
— Endi, oʻgʻlim, toʻgʻri, qarichilik, miya qolmagan… Qaytayotgan edim, shu…
— Turibsiz-ku shu yerda?! Qani ketganingiz?! E-e, yana nimaga bu yoqqa yuryapsiz? Boyadan beri qarab kelyapman, bu boboy ketadimi, yoʻqmi, deb… -Melisa yigitning tovushi yana balandladi, keyingi gapi endi atrofga ham tegishli edi. - Nima qilay sizni, a, oborib tiqib qoʻyaymi yo?

Bir xil odamlar oʻxshab bu ham baqirsa koʻzi oldidagini koʻrmay qoladi shekilli, Saidbovoning pusibgina ancha beri kelib qolganini sezmadi, payqagandan keyin jon-poni chiqib ketdi:
— Iya, yana kelyaptimi bu boboy!? Oʻv, kimga aytayapman?! Soqolim bor deb… He, oʻsha pechkangizniyam!.. Oʻv, toʻxtang, deyapman! Quloq bormi? Obketaman lekin, panjaradan termiltirib qoʻyaman!

Saidbovo yana toʻxtadi, yana javdiradi, men ham gʻalati boʻlib ketdim: nima qiladi nevarasi tengi bola bilan manjashib, ket degandan keyin ketavermaydimi, hozir bularning quturgan payti boʻlsa...
— Ulim, yana bitta kechiring… Iltimos, shunday bir…
— Iltimos-piltimos yoʻq! Joʻnang!
— Bir minitga… shunday bir…
— Achchigʻimni chiqarmang lekin…
— Ulim, siz ham bir musulmon…
— Yoʻq, kopirman! Shuncha aytdim, soqoli bor, dedim, endi - bas!
— Ulim, bu dunyoda!..
— Chaynalmang! Bu dunyongizni yigʻishtiring! Nima deyapman sizga?!
— Ketaman, ulim, ketaman, oldin shu…
— Oldin-poldin yoʻq! Vsyo! Turgan joyingizdan krugom marsh!

Saidbovo nochor turib qoldi. Endi melisaning gaplari shunchaki doʻqqa oʻxshamay borayotgan edi. Men ham bir mujmal ahvoldaman, melisaning gaplari Saidbovodan koʻra, nimagaligini hali bilmayman-u, ishqilib, menga qaratilayotgandek edi, lekin boboyning ham qaysarlini tushunolmay turibman.
— Tamom, choʻkirtak soqolingizga qaramayman! Obketaman! Bu yogʻi printsip!
— Hay, ulim, shu domilla bilan bitta koʻrishay! Keyin marsh boʻlsa -marsh-da! Tez ketaman.
— Ey, dunyoi qoʻtir! Mana gap qayoqda ekan!
— Mumkin emas! - Melisa qulochini yoyib, cholning yoʻlini toʻsdi. -Toʻxtang! Aytganimni qiling, deyapman!

Men Saidbovoga intildim, u kishi melisaning qulochi tagidan chaqqon egilib oʻtib, qoʻlimni oldi.
— He, bizniki shul-da, ulim, - dedi chol menga, «koʻrayapsan-ku, bolam, qanaqa yashayapmiz degan ma’nodagi hasratda, keyin soʻrashdi. Yaxshimisiz bolalar yaxshimi?

Koʻzim cholda, bor diqqatim melisada: koʻkarib, qaltqalt titraydi, urishganlarni ajratish boshqa, koʻrishganlarni ayirish bir boshqa ekan, nima qilishini bilmaydi, faqat koʻzining paxtasini chiqaradi: «Boʻldi boʻldi, bas. Bobo, sizga aytayapman. Boʻldi, deyapman», - deydi nuqul.

Saidbovoning qoʻlini qisimlab uzoq soʻrashdim, cholning qoʻllari qadoq, siqib soʻrashganda toshdek bota–di. Men Oʻrinboyni, Suyunboy akani, biz bilan - ukasi ikkovi bir sinfda sakkazinchigacha oʻqib, keyin uy qilib ketgan qizining bolalari nechta boʻlganigacha surishtirdim.

Saidbovo oxiri qoʻlini kuch bilan tortib olib, melisaga qaradi, sal yengil tortdi.
— Mana ulim, soʻrashdim, - dedi unga.
— Boʻldi , soʻrashgan boʻlsangiz, endi keting, turmang bu yerda, - dedi melisa yigit sal shashtidan tushib.

Melisaning yumshagani solga ham ta’sir qildi, tushuntirishga kirishdi.

Oʻzi ketayotgan edim. Tushunaman, hozir qattiq. Shu aytganingizdan keyin Tursunxonning magaziniga kirdim. Bitta siniq shkopni qoqishyapti ekan. Shu keyin qaytayotib, bu domilla ulimni koʻrib qoldim. Bu kishi Toshkanday joyda oʻqiydi, eshonbovomizning ullari. Otalari bilan yaxshi edik, u kishi, rahmatli, odam ayirmas edilar. Domilla ulimni koʻrdim-u, u kishining oʻzlari koʻzimga koʻringanday boʻldi. Bir k…ishib oʻtay, tavarrik odamning bolasi, dedim. E-e, bizlarga qarz-da, ulim Erta-indin oʻzimiz ham borsak, nega koʻchada ulim bilan koʻrishmadingiz, deb soʻrasalar, uyatga qolamanda… - Saidvobo oʻksinib, koʻzlariga yosh oldi-da, keyin birdan gapni boshqa yoqqa burdi. - Ke, melisaulim, seniyam bir qoʻlingni olib qoʻyay!..

Melisa bu gapni kutmagan edi, noqulay boʻldi, yuzini burib, cholga qoʻlini berdi. Chol uning qoʻlini mahkam ushlab, xuddi molbozorda bor-baraka qilayotgandek oʻktam-oʻktam siltadi:
— Yaxshimisan? Tan sovliqmi? Munday soʻrashda-e, ulim, biz ham tavarrik, yetmish beshga chiqdim. Musulmon bolasisan - soʻrash, yaxshimisiz, bovo, damlikkina yuribsizmi, de, shunday yuring, de. Yetmish beshga chiqdim man, ulim, sizning yoshingizga yetaylik, bundan ham oʻtaylik, de Men ham seni duo qilay! Baraka top, ulim, deb aytay! Koʻp ham shapkangga mast boʻlave…ma. Paxta, paxta, deysan, mana, paxtaning ichida qaridik, kelgan joyimiz shu

Melisa yigit sal-pal qizarinib, cholning gaplaridan jinday hijolatga tushdi, lekin uning gapini kesdi:
— Boʻldi, ota, boshni qotirmang. Koʻrishdingiz, ishingiz bitdi, endi keting.

Saidbovo unga xotirjam qaradi, lekin alami ichida ekan:
— Ketaman, koʻrishish bizga qarz edi, uzdik. Koʻngilxotirjam. Endi oborib tiqib qoʻysang ham, mayli, - dedi.
— Bovo, iltimos, qonimga tashna qilmang, - dedi melisa yigit endi zorlanib.

Saidbovoning lablari titrab ketdi, oʻksik bir oʻjarlik bilan gapdan qolmadi:
— Qamaysan-a! Koʻrishganga qamaydigan zakoʻn yoʻq, qopqora qoʻl xalqlar bor-ku, oʻshalarning soʻdida ham yoʻq! Odamlarni muncha qon qaqshatma. Bu uchun hukumat senga shimildiriq ham bermaydi: Qaytangga yomon boʻlganing qoladi. Mana, bola yoshimizdan shu paxtaning ichida, umrni shu paxta yedi.

Koʻkragimga bitta temir ham taqqani yoʻq! Sen boʻlsa, ~aziraning bozorini yopib, hammaga doʻq urasan…

Melisa yigit alam bilan bir narsa demoqchi edi, chol gap bermadi, melisa «bor-e!» degandek, ters burildi.
— Oborib tiqib qoʻyaman emish! Oborib tiqsang, nima, meni garmidi? Hukumatning tekin nonini yeb yotaveraman.

Melisa shaxt bilan cholga qaradi:
— Menga qarang, boboy, ketasizmi, yoʻqmi? Yetmish beshga chiqdim, endi menga hech kim teginolmaydi, deyapsizmi yo?

Saidbovo bu gapdan choʻchigandek:
— Ketaman, ulim, ketaman… - deb gʻuldiradi, lekin ketish oldidan, yo alami bosilmagan, yo endi melisaning «oborib tiqib qoʻyishi»ga qoʻl siltadimi, uzib oldi: - Hammani onasi tugʻadi, seni, ulim, bilmadim…

Boboy gapini tugatmay, yoʻlini ~arovtepasiga buraverdi.

Melisa chichonglab ketdi:
— Oʻv, boboy, toʻxtang! Toʻxtang, deyapman! Saidbovo oʻsha yoqdan turib:
— Kiptingga shapaloqday narsani yopishtirib… - dedi-yu, gapini tugatmay ketaverdi.

Oʻzi shusiz ham ichimda cholning gaplariga besh ketib turgan edim, kulib yuboribman.

Melisa yigit shart menga oʻgirildi, men ataylab cholning orqasidan tikilaman, bunga qarasam - tamom. Koʻzimning qirida kuzatyapman: alami olti, hozir menga yopishadi!
— Nega kulasiz? Ochib oʻtiribdimi? - dedi u.
— Shunga kulyapman, - dedim.

Oʻzi tilim yomon, lekin nariroqda xotinim turibdi, nima qilay? Melisa yigit uncha tushunmadi:
— Nima shunga? Maymun oʻynatyaptimi sizga? - dedi.
— Anavi boboy oʻynatdi shekilli, - dedim.

U yana tushunmadi, lekin mayna qilayotganim yetib bordi.
— Kuldirib qoʻyaman lekin! - dedi.
— Men oʻzim xohlasam kulaman, - dedim.
— Bu yerda men ruxsat bersam kulasiz, - dedi melisa.
— Saidbovo nariroqqa borib,toʻxtab qoldi. Men xotinimga qarab qoʻydim. Boshqa joyda boʻlsa, ochigʻi, shu siyqa bosh bilan aytishib oʻtirmasdim, endi kech, bir yogʻi - alam qilayotgan edi baobroʻ bir redaktsiyada ishlasam, oʻz qishlogʻimda, xotinim, yana shuncha odamning oldida bir yosh bola, yelkasida shapaloqday pogoni bor uchun menga ham doʻq ursa!

Ha, aytmabman, chorrahada bizdan ham boshqalar bor edi. Terim deb hammayoq taqa-taq boʻlgani bilan, yoʻlning u yogʻidagi doʻkon ochiq. Katta-katta koʻzli derazasida oʻch-toʻrtta bosh qimirlab turibdi, beriroqda Shafoat xola hamishagidek pista sotayapti, uning tepasida Hoshim aka bilan ikkita oʻsmir, biri Xolmat akaning, biri Ergash akaning bolasi, ogʻizaridan pista choʻpoq xuddi kurak chuviydigan mashinadan chiqqandek otiladi, koʻzlari boshqa yoqda-yu, lekin quloq ding - bu yerdan ketar-ketmasimizdan ~azirani unday depti, bunday boʻpti degan mahovat bosishi tayin.
— Menga ruxsat tepadan keladi, joʻra, - dedim.

Melisa yigit bir odim chekinib, meni boshdan oyoq-kuzatib chiqdi, boshqa gap topolmadi shekilli:
— Nima qilay shunga? - dedi. - Ana, ostanopkaniyam tepadan aytib surdirishgan. Bu yerda odamlar turmasin, degan.
— Doim shu yerdan ketaman. Turaman!
— Nega turar ekansiz!
— Moshin poylab.
— Moshin poylashga, ana ostanopka, deyapman-ku!
-Doim shu yerda boʻlgan.

Rostdan, bekat azaldan shu yerda edi, oʻngʻay, uch tomondan - ~azira, Stalindan keladigan, idoradan chiqqan mashinalar ham shu yerdan oʻtadi, lekin bular idora toʻgʻrisida odam uymalashmasin deb, toʻrt yuz metrcha uzoqqa surgan.
— Boring, dedimmi - boring!

Bitta oʻzim boʻlganimda «Ke, qoʻy, mendan oʻtgan boʻlsa, kechir, Saidbovo uchun ham uzr, aytishadigan narsaning oʻzi yoʻq-ku oramizda», deb aytardim, faqat yangi bekatga bormasdim, turgan gap. Lekin doʻkon derazasidagi kallalar qimirlamay qoʻydi, pista chaqayotganlarning ham koʻzi bizda, xotinim bechora bolasini mahkam bagʻriga bosgan, Saidbovo bechora sal nariroqda ketolmay qarab turibdi…
— Bormasam-chi? - dedim.

Bu odamning bosh-oyogʻiga qarab chiqishdan boshqa narsani bilmaydi shekilli, yana shunday qildi, keyin birdan:
— Sizda butkul vijdon yoʻq, - deb qoldi, xuddi oʻsha vijdon koʻkragimda osilib turishi keragu bu izlab topolmagandek.
— Qaydan bildingiz? - dedim ajablangan boʻlib.
— Koʻrinishingiz aytib turibdi, - dedi u. - Vijdon boʻlsa sizda, xalq ishga koʻmilib yotgan bir vaqtda shlyapani qoʻnqaytirib, galstukni osiltiri-ib yurarmidingiz? Tagʻin xotiningizni ergashtirib olganingizga oʻlaymi! -Bunaqa ma’ruzaxonlikning havosini olgan ekan, menga gal bermay balandlab ketdi: - Vijdoni borlar hozir dalada, partiyamizning topshirigʻini bajaryapti, davlatning ishini qilyapti. Sizda vijdon boʻlsa, bunaqa shirdinglab yurarmidingiz? Xalq ertayu kech mehnatning tagida yotgan paytda oyoqni hoʻlga tegizmay bunaqa olifta yurish uchun vijdonni yutgan boʻlishi kerak odam…

Melisaning valdirashidan miyamga ogʻRiq kirib, chakkam tirishib ketdi, u meni ustimdan kulyapti deb oʻylab, birdan boshqa alfozda baqirib berdi:
— Kuldirib qoʻyaman lekin! Bu yerdagilar yerda yotgan kartishka emas! Osmondan oyogʻIngni osiltirib tushgan boʻlsang ham… Menga desa Brejnevga bormaysanmi keyin! Bor, ana, Rashidovga! Bizga oʻzi shunday topshiriq bergan: senga oʻxshagan tekinxoʻr tuniyatlarni qama, deb!

Bu oʻrtada Saidbovo gʻir etib yonimizga kelib oldi, bechora chol qoʻrqib ketgan, bir melisaga yolvorib qaraydi, bir menga moʻltiraydi deng.
— Yoʻgʻ-e, menga bu kishi boshqacha aytgandilar, - dedim, boshqa gap topolmay.
— Yoʻgʻemi? Qani, dakimentti ol!
— Nima qilasan? - deim bir gapdan qolgim kelmay.

Saidbovo «Jo-on ulim, unday qilmang, qoʻying!», deb bir melisaga, «Eshonbovo, siz - katta, xoʻp, deng, sizdan lozim» deb menga yalindi, ish chiqmagandan keyin: «E-e, ulim, meni deb boʻldi, ullarim!», deb javradi.
— Ol, deyapman! - U qaltqalt titrab qoʻlini orqaga yubordi. Xizmat burchini bajarayotgan odamman, men bilan hazillashma!

X,ali bu siyqabosh hammaning oʻrtasida toʻpponchasini oʻqtalmasa edi, deb, bir yogʻi choʻchidim ham, haliroq bersam oʻlamanmi shuni, gʻalva chiqmasdi deb darrov guvohnomamni uzatdim.

U guvohnomani bir ochib qaradi-yu, yopib ustidan dutor chalayotgandek chitirlatib tirnoq urdi-da, menga bepisand tikildi:
— Ah-ha, san’atchi! - deb zahargina iljaydi. - Oʻzim ham aytdim: nega bunaqa shirdinglab yuribdi deb. Bu galstuk, shlyapalar… «KPZ»da bir san’atingizni koʻrsatasiz endi…

Rosti gap, angrayib qoldim, baloni ham tushunmadim.
— Endii moshin ushlasak boʻldi, - dedi u va xuddi shunday qilsa, darrov mashina kelib qoladigandek, yoʻl oʻrtasiga chiqdi, bir zum Stalin tomonga tikildi, yana qaytib keldi, sal noqulay boʻlib, oʻzicha «Xoʻ-oʻsh», deb qoʻydi.

Saidbovo bechora hali ham «Ullarim, ullarim, unday qilmanglar-ey! Men benavat-ku!» deb turibdi. Shunda birdan miyamga urdi:
— Faqat farosatdan desam, savoddan ham urib ketgan shekilli? -dedim.
— Bitta hujjatni toʻgʻri oʻqiyolmasang!

U menga bir olayib qaradi, dovdiraganini bildirmaslikka tirishdi.
— Oʻqi! - dedim. - San’atdan boshqa soʻzlar ham bor. «Gazeta redaktsiyasi», «muxbir» deb yozib qoʻyibdi! Kim seni yelkangga katta serjant degan «lichka»ni yopishtirgan oʻzi?
— Pogonga til tekizmang, - dedi u endi sal past tushib. - Buning javobgarligi bor.
— Sen qoʻlingdagini oʻqigin, keyin gaplashamiz, - dedim.

U avval atrofga alanglab oldi-da, guvohnomani ochdi, goʻyo u yerda juda koʻp narsa yozilgandek boshini ancha egib turdi, keyin mendan koʻzini olib qochib, sekin xotinimga qaradi, doʻkon tomonga alangladi, chaynalib, ogʻirligini u oyogʻidan bunisiga tashladi. Bir zum jim qoldik, u ikkilanayotgan edi. Saidbovo ilinj bilan unga «Uljonim! Ulim!…» dedi. Melisa boboyga qarab sekin: «Ota, siz ketavering! Oʻzimiz kelishib olamiz», dedi, Saidbovo yelkasini qisib, ketolmay turaverdi.

Mening alamim bosilmagan edi:
— Kim toʻgʻri kelsa, oborib tiqib qoʻyaverasanmi, ogʻayni? Balki men davlatning muhim topshirigʻi bilan yurgandirman, -dedim.
— Boshdan shuni aytmaysizmi? Oborib tiqib qoʻyganimda, bilasizmi, sixni u yerda nima qilishardi? - dedi melisa yigit yengil tortib.
— Yelkaning ustida bir narsani koʻtarib yurgan odam tiqib qoʻyishdan oldin surishtiradi: kim, qaerda ishlaydi, deb…
— Ey-y, aka, kalla qoladimi, dakimentingizdan faqat «san’at»ini oʻqibman, savoding yoʻq deb yerga urmang, - deb xunob boʻldi u. - Endi… ishimiz shuda. Bajar, desa - bajaramiz. Topshiriq qattiq. Odamlar yurmasin koʻchada, deyishgan. Mana, kurayapsiz-ku odamlarni, gap ta’sir qilmaydi! Toʻdalashmanglar shu yerda, kattalar oʻtadi, koʻzi tushsa, menga gap tegadi, deb tushuntirganni tushunishmaydi. Bilmayman, bularni onasi koʻchada tuqqanmi! Bu yerdan haydasam - ~azirada! U yoqdan haydasam - bu yoqqa! Shunday vaqtda nima bor koʻchada desam, magazinga, deyishadi. Magazinga boʻlsa, keragingni ol-da, ket! Ana qarang, turishibdi, men aytmaguncha turaverishadi-ey! - U shunday deb doʻkon oldida tizilishganlarga qichqirdi: - Oʻ-oʻ, albatta men aytishim kerak-da, a sizlarga? Yo kansert boʻlyaptimi? Qani! Shapaat opa, koʻtaring toʻrvangizni, men sizga bir soatga mayli deganman, boring!
— Doʻkon oldidagilar bamaylixotir ichkariga kirishdi, «Shapaat xola» pistaxaltasini ogʻzini yopgan boʻldi, xolos, lekin tomosha toʻxtaganiga hafsalalari oʻlib, nariroqqa jildilar.
— Hozir, qarab turing, yana chiqishadi, gap oʻtmaydi bularga!
— Odamni oyogʻidan bogʻlab qoʻyib boʻlmaydi, ogʻayni, - dedim - endi sekin balanga chiqib, bildirmay oʻchimni olishga oʻtdim. - Xudoyim uni erkin qilib yaratgan. Xohlasa yuradi, oʻtiradi, yonboshlaydi…
— Mayli, lekin shuni uyida qilsin, - deb u oʻzinikidan qolmadi. -Koʻchada balo bormi! Men ularni uyiga kirib tekshirmayapman-ku, axir.
— Koʻcha ham odamlarga qilingan, - dedim. - Molpodaga emaski, bitta choʻpon qoʻyib qoʻyadigan.
— E-e, men kampaniyani aytyapman, - deb xunob boʻldi u. - Yigirma kun chidab berishsin - boʻldi! Choʻpon… nimam choʻpon? Qanaqa soʻkish eshitishimni bilasizmi? Bular, orqadan soʻkada, lekin u yoqda raykom bor! Mana, kechagi bozor, qor urib turibdi. Odamlar insofing bormi, kartishka-partishka olib olaylik, bir soatginaga och, deb chuvvos yopishishdi menga. Qor-ku, e-ertalab boʻlsa, shu havoda kim ham dalaga chiqardi, debman. Mayli, yarim soat muhlat, bozorlaringni qilib olinglar, lekin xafachilik yoʻq, dedim.

Saidbovo:
— Shunday, shunday, bozorni ochib berdingiz lekin, - dedi qimtinib. -Vallamatlik qildingiz, mayli, bozor qilib olinglar, dedingiz.

Mashinadan darak yoʻq, melisa yigit qoʻllarini siltab-siltab kuyinib gapiradi, doʻkondagilar qaytib chiqqan, «Shapaat xola» joyida, oʻsmirlar sal nariroqda, men, ikki qoʻl choʻntakda, goʻyo shu melisaning koʻcha kiyimidagi kattasi, arzini tinglayapman. Melisa yigit boyagi baqirganlariga kechirim soʻragan alfozda: «Xrzir, yanga hozir» dedi, men «X,a bozorni ochdingiz, keyin?» dedim.
— Odamlar endi darvozadan kirib, savdoni boshlagan edi, babillab qora «Volga» kepqoldi. Odamlarga hech narsa degani yoʻq. Menga qarab: «Onayni falon sani! Sanga shapka kiydirganni onasini!» deb ke-etdi!..
— Kim? Raismi?
— Yoʻ-oʻ. Raykom! Amir ~apporovich! Bir urdi, haliyam betimga tegmadi, lekin shapkam uchib ketdi.

Boya aytishish bilan ovora, faqat betiga qarabman shekilli, endi razm kolsam, melisa pachoqqina yigit ekan, burni koʻkarib, suvlab turibdi, qorin jonirovdan yoʻq, kitel xalta osilgan, kamar qiyshayib, orqaga tortib ketgan, shim shalviragan, tumshugʻi tirish etikdan sachragan loy belgacha urgan…

Unga qarab qoldim, halidan beri koʻnglimni bosgan bir gʻashlik, oʻjar bir gunohkorlikka oʻxshagan tuygʻuni anglagandek boʻldim, melisani hali u Saidbovoga baqirmagan, men bilan manjashmagan, umuman hali yonimizga yetib kelmagan payti - unga koʻzim tushgandayoq yomon koʻrib qolgan, yoʻq, ustidagi rasmiy kiyimi militsionerligi uchun emas, yoʻq, aytayapman-ku, hali menga baqamti boʻlishidan oldin deb, u har qishloqqa kelganimda qora mehnat, ogʻir ketmondan qochib, oʻqishga kirganim, bitirganimdan keyin shaharda qolib ketganimga tirik ta’na boʻlib koʻringan, men esa himoyaning eng yaxshi yoʻli deb xujumni tanlagan ekanman.

Endi uning rasmiy kiyimni ham eplab kiya olmagani, abaroi koʻngli ogʻriganidan ogʻzi koʻpiklanganini ham sezmay xasratidan dasturxon yoyishiga qarab turib, atay ermaklaganim, «KPZ»i ham shunchaki gapdan yengish uchun poʻpisa ekanini, xoʻp, ana, olib borgan taqdirda ham u yerdagilar, oʻz tumanidan poytaxtga borib ishlayotgan muxbirini oyoqosti qilmasliklarini bilib turib hamqishloqlar ayniqsa xotinim oldida bir koʻrsatib qoʻymoqchi boʻlganimga, lekin, yana, baribir, guvohnomani koʻrsatishga toʻgʻri kelganiga uyalib ketdim.

Bu gaplarning bari koʻnglimda mubham bir gʻashlik boʻlib turgan edi, melisaning hasrati endi uni tinitib, tubida yotgan narsalarni ochib qoʻydi.
— Ishni shu odamlar qiladi-ku, raykomning oʻzi loy kechib paxta termaydi! Bozorni bir soatginaga ochganga shunchami?! Mayli, shu odamlarni deb soʻkish eshitaman, lekin, baribir, birontasi, ey inson, soʻksang, oʻzini soʻk, onasida nima ayb, demagani botib ketadi. E-e, bechoralarga nima ham deyman, hammamiz shunday. Lekin, raykom, meni tumonatning ichida tepkilab, yana qanday bularni chizigʻingga sol, deydi? Shuni oʻz koʻzi bilan koʻrib turganlar meni uch pulga oladimi? Raykomga nima, soʻkdi, soʻkdi, keyin ketdi-bordi! Elga roʻpara boʻlib men qoldim. Nima qilishim kerak? Ketvoray desam - ish bu, tirikchilik degan narsa bor. He, mayli-da, biz bir kichkina odam, melisalikni ham qilish kerak, bari bir. Betni qalin qilib yuribmizda…

Gap bilan yonimizga sariq «Jiguli» kelib toʻxtaganini sezmabmiz. Melisa yigit, shartta uning eshigini ochdi.
— Qayoqqa boryapsiz? - dedi.

Haydovchi egilib, bizga qarab jilmaydi - Tursunxon ekan.
— Jomboyga. Mol gaplashaman, - dedi u melisaga.
— Boʻlmasa, gap bunday - shu akani Perekroʻskaga tashlab oʻtasiz, - dedi melisa ukam, - bolalar bilan turib qoptilar.
— Mayli… mayli, oʻtiring! - dedi Tursunxon menga ma’noli qarab qoʻyib.
— I-i, yanga oʻgʻilchaning boshiga bohor boʻling, - dedi melisa mashinaning orqa oʻrindigʻiga oʻtirayotgan xotinimga.

Keyin u qoʻlimni mahkam qisib, siniq iljaydi:
— Aka, xizmatchilik, xafa boʻlmaysiz-da. U xuddi ukamdek, yuragim achishdi.
— Boʻladi-da shunaqasi ham, bizdan ham oʻtdi, - dedim boshqa gap topolmay.

Lekin men hali mashina eshigini yopib ulgurmay, u doʻkon oldidagilarga baqirdi:
— Oʻ-oʻ, necha qoqqan qoziqday turibsizlar? Necha marta aytish kerak sizlarga! Tomosha tugadi-ku…

Tursunxon vangʻillatib gazni bosgandan keyin Saidbovo bilan xayrlashmaganim esga tushib, orqaga oʻgirilib, boboy, xuddi ta’zim qilayotgandek, chakmonining yenglarini kiyishtirib, melisa «uli»ning yonidan oʻzoqlashib biz ketayotgan yoʻldan kelayotgan edi, qoʻlimni koʻtardim, turgan gap, mashina ichidan koʻrinmaydi, chol ham boshini egib olgan, biz tomonga qaragani yoʻq.

Yoʻlda ketyapmiz, Tursunxon soʻradi:
— Nimaga shu bilan solishib yuribsiz?
— Siz qayoqdan bildingiz? - deb xayron boʻldim. - Yaxshi gaplashib turganimizda keldingiz-ku.

Tursunxon yoʻldan koʻzini uzmay kuldi:
— Telefon bor-da. - Keyin menga qarab izoh berdi. - Ergash akaning bolasidan shu gapni eshitdim-u, tagʻIn sizni ovora qilib yurmasin, deb moshinni bosdim, boʻlmasa Jomboyda ishim yoʻq. Uning oʻzi bola yomon emas, Nurmat akaning bolasi-da, Yakanshihdan beriroqdagi qishloq… oti tilimga kelmayapti, shu ye…dan, tanimaysiz. Qishloqdan chiqib ketgansiz-da, bizla…ni zoʻrgʻa taniysiz-u Ha, rost-da, bir xil vaqti salom bersak - koʻrmaysiz
— Ja gapni opqochasiz-da lekin, - dedim-u, bari bir, xijolatda edim.

Mashinaning ichi issiqqina edi. «Shu Tursunxon juda oqibatli yigit-da», deb oʻyladim.

Qishloqdan chiqib ketayotgan edim.