OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiSoyasini yoʻqotgan odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm40KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Soyasini yoʻqotgan odam (hikoya)
Ahmad A’zam

Oʻshanda menga nima boʻlganini oʻzim ham bilmayman, buni hozir ham tushuntirib berolmayman. Hech narsa boʻlmagandek yuribman. Lekin bunga koʻnikkunimcha juda koʻp narsalar boʻlib oʻtdi.

Bir kuni choʻzma lagʻmon yeb oʻtirgan edim, oʻzimcha shundan koʻraman, birdan oyoqqoʻlim boʻshashib, boshim boʻm-boʻsh boʻlib, ichim huvillab ketdi. Atigi bir-ikki soniya, oʻzimni yoʻqotdimu darrov oʻzimga qaytdim. Boshqacha tushuntirsam, tuppa-tuzuk, hamma qatori rostmana odam tuyqusdan oʻz mazmunini yoʻqotib, yana qaytib topgandek gʻalati ahvolga uchradim, rostdan, birdan mazmunim chiqib ketib, yana qaytgandek boʻldi. Shu holat lagʻmonning chilvirini qoshiqqa oʻrab, ogʻzimga olib borguncha davom etdi. Bor gap shu. Oʻzi tushlik desa, yuragim bezillaydi, yana aksiga olib sheriksiz chiqqanman. Bu holat shuv etib oʻtib ketdi-yu, lekin kayfiyatimni buzdi, koʻp ochin-toʻqin yuraman, toliqqanimdan dedim-da, bir amallab, lagʻmonni tamomladim. Ishga qoʻl siltadimu ijaramga joʻnadim.

Xonamga kelib oʻzimni oynaga soldim, koʻrinishim yaxshi, rangi roʻyim joyida. Faqat uyqu bosyapti. Karavotga choʻzilganim zahoti tubsiz quduqqa quladim. Shu uxlagandan ertasi kuni oftob tikkaga kelguncha dong qotibman. Tiniqib uygʻondim. Kecha bunaqa boʻlgani kechalari bilan uxlamay kitob oʻqishimdan, vaqtida yotib, vaqtida turish kerak, yoʻq esa, sogʻliqqa ham, miyaga ham ta’siri bor, odam oʻzini ayashi lozim, dedim. Ayvonga chiqdim, oftob charaqlab turibdi. Koʻp uxlaganimga koʻzim sal achishayotganini aytmasa, hamma narsa hamishagidek. Hech e’tibor qilganmisiz, uyqudan turib, koʻp qavatli uyning ayvonigami, hovligami chiqasiz-da, atrofga koʻz solasiz, hech qanaqa oʻzgarish koʻrmaysiz, shamol yo bulut, qor yoki yomgʻir boʻlishi, havo aynishi mumkin, lekin dunyo oʻzgarmaydi, balki oʻzgarar, lekin oʻzgarishi yillab, oʻn yillab choʻziladi, odamga bilinmaydi. Shunaqa, men qaraganda ham hamma narsa hamishagidek, hatto ayvonga chiqishimda ham oʻzgarish yoʻq, kecha yo bir yil oldin qanday qaragan boʻlsam, shunday qarayotgan edim. Lekin, bilasizmi, shu har doimgi muqimlikda pinhona bir oʻzgarish boʻlsayu siz buni koʻrmasangiz yo nimanidir izlab chiqsangiz-da, shu izlayotganingizning nima ekanligini anglab ololmasangiz, bir narsani zoʻr berib bilmoqchi boʻlsangiz-da, shu narsaning oʻzi nima boʻlishi mumkinligini ham bilolmasangiz, koʻnglingizga omonatlik kirib qoladi. Falati-ya? Men shunga aytyapman, odamning mazmuni yoʻqolganga oʻxshagan bir holat deb.

Men ana shunaqa bir holatda edim. Ayvonga bir aniq maqsadda chiqqanim yoʻq, shunchaki har kungi odatim, mana uyqudan uygʻondik, dunyoga yana bir qarab qoʻyaylik, oʻzimizni ham koʻrsataylik deb qaradim. Dunyo ham -oʻsha-oʻsha, lekin shu koʻrinishida oʻzining emas, mening oʻzgarganimni bilgi qilayotgan bir narsa bordek, shu kalavaning uchini topolmay, koʻnglim doim oʻzi tayanib turadigan tayanchlarini yoʻqotib qoʻygandek omonat edi, agar tushuntira olgan boʻlsam. Ijarada bir oʻzim turganimdan emas, ana shu xayollar chulgʻab olgani, bu xayollar iskanjasida yakka ekanim va yonimda hatto hamxona doʻstim yashaganda ham, unga bu ahvolimni aytganim bilan, nafaqat u, doʻst, balki umuman hech kim tushunmasligi, hech birovga tushuntirib berolmasligim uchun ham mahkum yolgʻiz edim. Oʻzimni odamlar toʻdasiga urgim keldi, lekin bu toʻda ichida meni hech kim tanimasligi, begona ekanligimni koʻnglim sezib, xonamdan chiqqim kelmay turardi.

Koʻchaga tushib, ishxonaga telefon qildim, meni hech kim soʻramabdi, boshliq ham yoʻqlamabdi, hammasi joyida ekan. Nahotki, bir inson tushdan keyin ishdan ketib qolsa, ertasi kuni ishga bormasa, biron odam qiziqmaydimi, deb ham oʻyladim.

Telefon goʻshagini ilib, endi yurayotganimda, oftob charaqlab turgan edi, bir koʻzoynakli semiz yigit avval oyogʻim tagiga, keyin oʻzimga qaradi-da, hayron turib qoldi. Biron narsa ilashibdimi yo boshmogʻimni poyma-poy, yo shimimni teskari kiyibmanmi, degan xavotirda oʻzim ham oʻzimga qarab oldim - hech gap yoʻq. Bizda qiziq odamlar bor-da, ba’zilari notanishga ham xuddi odamyovvoyiga uchragandek baqrayib turaveradi, dedimu yoʻlimda ketaverdim. Negadir men shunaqalarga koʻp duch kelaman. Trolleybusdami, avtobus yo tramvaydami albatta bitta-yarim odam menga tikilayotgan boʻladi. Tikilgani bilan qarashida ma’no yoʻq, xuddi «Chipta olishni unutmang!», «Yukning bahosi oʻn tiyin», degan e’lonlarni loqayd oʻqiyotgandek. Koʻchadagilar-chi, koʻzini qadab oʻtgani yetmagandek, orqamdan ham tikilib qoladi. Oʻrganib ketganman, lekin semiz yigitning qarashidan gʻashlandim. Nariroq yurib orqamga oʻgirilsam, u hali ham menga qarab turgan ekan, yuzini burdi. Meni bir oʻzgarib ketgan eski tanishiga oʻxshatdi-yov, deb oʻyladim. Har ehtimolga qarshi yana u yoq-bu yogʻimga qarab oldim, yoʻq, hammasi joyida.

Qarshidan bir qiz kelyapti ekan, begonaga tikilish odobsizlik ekanini oʻylab borayotgan boʻlsam-da, yana bu qiz bola, koʻzimni uzolmadim: - kichkina, ingichka, yuzi choʻzinchoq, burgutcha burun, qirra iyagi katta, oʻziga yarashigʻli xunuk, yupqa qora charm kamzulcha, qora yubka boshmoqqacha, oyoq jonivor ham sibiziqday shekilli, qadam bosishida goh u yogʻidan, goh bu yogʻidan ochilayotgan lozimi… lozim boʻlib lozim, kolgotki boʻlib kolgotki emas, qora yupqa matodan, toʻpiqqacha; pochasiga qalampirnusxa, rangdor gul tikilgan, har xil tosh qadalgan, yuziga tushgan tola sochini koʻtarib qoʻyayotganda koʻrdim: tirnoqlari ingichka, uzun-uzun ustirilgan, etdan tashqari qismi oqligicha qolgan, et usti qizgʻish boʻyalgan, qulogʻiga qaramabman, sirgʻalarini sochi yopgan shekilli, lekin xivich barmoqlarida ikki-uchtadan, toshi mayda, men farqiga bormayman, balki olmosdir, uzuk. Moʻ‘jazgina urgʻochi yirtqich! U menga bir qarab qoʻydi-da, bir qadam chetlanib oʻtdi. Xuddi men uni yeb qoʻyadigan bir mahluqdek. Shunda, hamma kiyimi qora boʻlganigami, xayolimga bu qiz shu qiz emas, balki biron qizning guldor soyasi, degan bir qiyos keldi.

Soya degan narsa ayni shu vaqti xayolimga bekorga kelmaganiga haligacha hayronman: odamning shuuri uning oʻzi bilmagan narsalarni ham sezar ekan.

Shu kuni ul-bul yegulik olib yana ijaramga qaytdim, choʻzilib yotib kechgacha oʻqidim, turib shiftdagi neonchiroqning elas-elas gʻoʻngʻillashi ostida yozuv-chizuv bilan alla-pallagacha oʻtirdim. Har kungidan sal gʻalatiroq boʻlgandek edi, diqqat qilmabman, keyinroq, ahvolim oydinlashgandan soʻng bildim, bilmaganim ham yaxshi boʻlgan ekan, qoq yarim tunda aqlim ozishi hech gap emas edi.

Bu kunisi ishxonaga keldim, boshliq huzuriga kirib, kecha «sal maza qochib» kelolmaganimni aytdim, koyisa kerak, deb oʻylagan edim, aksincha, hamishagidek ilajayib: «Hay-hay! Qoʻying shu maza-pazalarni, kasal boʻlmang sira», dedi, soʻqqabosh yigitning bunday yurishi yaxshi emasligini gapirib, bir oz nasihat oʻqidi. Mendayligida uylanmay yurib, hozir jabrini tortayotgan, oʻsha paytlari faqat ishga qarab, oʻziga qaramagani uchun hozir goh u yeri, goh bu yeri ogʻrib turar ekan, hay-hay. «Men soʻqqabosh emas, boʻydoqman, xolos, ikkovi ikki narsa!», deb aytay dedim-u, menga yaxshilikni sogʻinyapti-ku, deb ichimga yutdim.

Ha-ya, aytmabman, ikki qavatli ishxonamizning derazalari oftobga teskari, oftobni bizdan toʻqqiz qavatli ministrlik toʻsib qoʻygan, shuning uchun bizda kunduzi ham chiroq yonadi, hamma chiroqimiz «dnevnoy» - neon, bular hamma narsaning soyasini yoyib yuboradi. Lekin ma’lumotnoma yozayotganimda stolning usti odatdagidan ravshanroq edi, bunga ham diqqat qilmagan ekanman.

Tushda Barot ikkovimiz birga tushlikka chiqdik. Menga bir narsa boʻlganini shu Barot bilib qoldi. U uch yilcha oldin koʻchadan hamyon topib olgan. Sakkiz yuz qirq yetti soʻm. Shundan beri yerga tikilib yurishni odat qilgan.

Ishxonamizning soyasidan chiqib, sal yurganimizdan keyin mening gaplarimga ha-hu deb yerga qarab ketayotgan Barot bir toʻxtadi-da, dabdurustdan: «Iy-e, sening soyang qani! Qizigʻ-u!», deb qoldi. Avvaliga Barotning gapini toʻgʻri tushunmadim, «Shu ham hazilmi», demoqchi boʻlib, beixtiyor yerga qarasam, mendan yerga soya tushmayapti! Tuyqusdan kallamga bir narsa kelmadi. Lekin, mana, soya, mendan tushgan soya yoʻq! Oftob tomon boʻlsa kerak degan ilinjda osmonga qarab, keyin soya tushadigan joyni moʻljal qilsam, oppoq! Ya’ni oqarib ketgan asfaltning oʻzi! Oftob mendan toʻppa-toʻgʻri oʻtib, yerga tushyapti, oʻrtada men yoʻq! Barotning oyoqdan boshlangan, boshi ham doʻmpayib turgan soyasi bor. Oftob tikkada charaqlab turgani uchun kalta, girdigʻum, lekin, har qalay, odamning soyasi-da! Meniki esa yoʻq! Rostdan yoʻq! Dovdirab qoldim-u, lekin boʻlishi mumkin emas, ikkovimizning ham koʻzimizga shunday koʻrinyapti, hozir soyam lip etib yerga tushadi, degan bir mustarlik ham bor. Bema’nilik-da, axir, shunaqasi ham boʻladimi?

Barot hech qachon chuqur oʻylamaydi, hozir unga qiziq, juda qiziq. «Qoyil-e! E-e, zoʻr!» deydi nuqul. Men bilan ishi yoʻq.

Birdan boʻlsa-da, odamning xayoliga koʻp narsa kelar ekan: hamma boshqa, men boshqa boʻlib qoldim, odamlar orasidan chiqib, boshqa dunyoga oʻtib ketdim, lekin shu dunyoda yashayman, shu dunyoda odamga oʻxshab yu…ibman, lekin odamlarga oʻxshamayman, hamma rosmana odam, men esa Atrofimga qarayman, hu, ana, tosh boʻlsa ham, haykalning soyasi bor, daraxtlarning tagi quyuq koʻlanka, koʻchada mashinalarning soyasi yonida hilpirab ketyapti, trolleybus simlariniki koʻchani chizib ketgan, simyogʻochiniki yoʻlga koʻndalang, Barotning soyasi oʻzi bilan, qadam bossa, u ham odimlaydi, qoʻlini silkitsa, u ham qimirlaydi! Yonimizdan oʻtib borayotgan odamlarning hammasining tagida soyasi bor! Men… nega bunaqa?!

Oʻylab oʻyimga yetolmayman, Barotga bir narsa deyay desam, tilimga gap kelmaydi. Barot «Qizigʻ-a, nega bunaqa boʻlyapti?», deydi. Barot shunaqa savol berdimi, javobini aytsangiz ham, bari bir, tushunmaydi. Savolining oʻzi «Mana, men shu yergacha zoʻrgʻa keldim, u yogʻiga yaramayman», degani, oʻylaganining chegarasi shu. Shuning uchun: «Ha-e, tezroq yuraylik, qorin ochib ketdi», dedi.

Yurib boryapman, shu paytgacha oyogʻimga lip-lip ilashib ergashgan soyamning joyiga qarayman, hech narsa yoʻq, shunga xuddi oyogʻim ham yerga tegmayotganga oʻxshaydi. Shunday qilsam soyam mendan ajralib yalp etib yerga tushib qolar degan ilinjda, uch-toʻrt marta sakrab-sakrab ham koʻrdim, foyda chiqmadi. Barot: «Ha?» dedi, «Kecha choʻmilganimda quloqqa suv kiribdi», dedim.

Birdan Mashhurani oʻylamaganim esimga tushib qoldi. Boyadan beri yana bir narsa xayolimni chimdilab kelayotgan edi, birdan yuzaga chiqdi, agar soyam shu bilan yoʻqolib ketaversa, ahdu paymonimiz nima boʻladi? Odamlardan buni yashirib boʻlmasa, nima koʻp quyoshli kun! Koʻchada soyasi yoʻq yigit bilan ketayotganini koʻrgan odamlar menga emas, Mashhuraga achinadi, bechora qizning bir nuqsoni borki, soyasi yoʻq yigit bilan yurishga koʻnibdi, deydi. Uchrashaylik, desam, bundan keyin: «Kechirasiz, hali ham sizni yaxshi koʻraman, lekin soyasi yoʻq yigit bilan qanday yuraman?», desa-ya. Nima, koʻchada qolgan qiz emas, aytishi mumkin.

Fikru oʻylarim chuvalashib ketganu oʻzim xuddi oyna ustida sirgʻalayotgandek ketib boryapman. Tagingizga soyangiz tushib turmasa, muallaq boʻlib qolar ekansiz!

Barotning xayoli esa ovqatda: «Nega hamma lagʻmon bir lagʻmon, Xalil moʻylovniki boshqacha?«, dedi. "Qoʻy shu lagʻmonni, oʻzimning lagʻmonim chiqib turibdi-ku", dedim. »E-e, kim qaydagi narsalarni oʻylaysan-a, - Barot shunday deb oyogʻim tagiga qarab qoʻydi: - Hali ham yoʻq. Hay, boʻlmasa boʻlmapti-da». Aytdim-ku, Barot shunaqa haftafahm deb. «Ke, qoʻy, odamning soyasi boʻldi - nima, boʻlmadi - nima, - deb menga yana taskin berdi u. - Eng asosiysi, odamning oʻzi boʻlsin. Mana borsan, soppa-sogʻsan, yuribsan. Yetadi shu!» Toʻnkaning falsafasini qarang!

Koʻchada odamlar oʻtibqaytib yuribdi, hamma oʻz tashvishi bilanmi, bizga bir-da-yarimi koʻz tashlab oʻtgani bilan, uncha ahamiyat bermaydi. Har ehtimolga qarshi Barotning bu yoniga - oftob tomonga oʻtdim: Barotning soyasi ikkalamizga ham oʻtadi. Barotning yelkasi oftob, mendan soya tushmayapti. Shu vaqti bir fikr kelib, hayajonlanib ketdim. «Toʻxta-chi!«, dedim. Barot toʻxtab menga qaradi. «Mendan oftob koʻrinyaptimi?», deb soʻradim. Barot tushunmadi: »Oftob? Ana osmonda-yu! Senda nima qiladi?», dedi. Boʻyim Barotdan uzunroq, uning betini boshimning soyasiga moʻljal qilib: «Yaxshilab qara, yuzimdan oftob koʻrinyaptimi, yoʻqmi?», dedim. Barot yuzimga tikilib turdi-da: «Yoʻq, - dedi. - Beting joyida. Nega oftob koʻrinishi kerak, beting teshik emas-ku. Ke, qoʻy shu gapni, odamni jinni qilay deyapsan». Barot menga gʻirt begona koʻrindi. U bari bir tushunmaydi. Axir, soyam boʻlmasa, demak, oftob nuri toʻppa-toʻgʻri oʻtishi, unda oʻzim ham boʻlmasligim kerak-ku! Boshim Barotning koʻziga soya solmasa, unda Barotga yuzimning oʻrnida ham oftob koʻrinishi kerak emasmi? Yuragim oʻynab ketdi, juda gʻalati: oftob bilan Barotning oʻrtasida tursam ham u meni koʻryapti, demak, men oftob toʻsyapman, unda soyam qayoqqa ketadi? Bosh qotdi. Bu yogʻi nima boʻladi endi, kimga qanday tushuntiraman?

Odamlar nima deydi? Ishxonadagilar… Xayol ke-etdi!

Boshliq chaqirtiradi-da, iljayib: «Xoʻ-oʻsh, ukam, nima qildik? -deydi. - Ishlayvering desam, ahvol bunaqa, ishdan boʻshang, desam mehnat qonunini - KZOTni buzganingizcha yoʻq, lekin ichimizda boshqacha odam boʻlishi… Hay-hay, yo oʻz ixtiyoringiz bilan ariza yozasizmi, a?». Men boshliqning iljayishini yomon koʻraman, xuddi boshqa bir begonaning iljayishini rasm solib, yuziga taqib olganga oʻxshaydi. «Mayli-ku-ya, nima aybim uchun?», deb soʻrayman. Boshliq: «Ukajon, toʻgʻri tushuning, raykomdan «Sizda bir soyasi yoʻq yigit bor ekan, nega chora koʻrmayapsiz, nega ushlab turibsiz?», deb soʻrashsa, nima deb javob beramiz? Siyosiy tus olishi mumkin», deb iljayadi. «Nega, axir, soyam yoʻqligi siyosiy xato emas-ku?!», deyman hamma narsani tushunib turgan boʻlsam ham. Boshligʻimiz endi mayin iljayadi: «Unday demang, hay-hay, bizda hamma masalaga siyosiy qaraladi-ya, men shu xatoning oldini olaylik, deyman, hali siyosiy xatoga oʻsib chiqmasdan». «Bunga raykomning nima aloqasi bor? Ularning shundan boshqa qiladigan ishi yoʻqmi? Nahotki soyam yoʻqligi bilan shugʻullanishsa?», deb chin koʻngildan soʻrayman. «Hay-hay, aytmadimmi? Hazillyapsizmi? - deb rahbarimiz yana iljayadi. – Bilsangiz, ukam, hammamiz partiyamizning panohida va… doimiy gʻamxoʻrligidamiz». «Ishdan boʻshasam, keyin menga qanday gʻamxoʻrlik qiladi?», deb soʻrayman. Boshliq bir derazaga qarab olib, menga egiladi: «Yoʻq, –kam, hamma yerda partiyamiz panohida boʻlasiz! - deb endi sovuq iljayadi. Sizga yaxshi yoʻl koʻrsatgan edim-a, hay-hay, endi kollektivga qoʻyishga toʻgʻri keladi»…

Majlisni, albatta, boshliqning oʻzi ochadi: «Jonajon partiyamizning hayotbaxsh qarorlaridan ilhomlanib, kollektivimiz keyingi paytlari katta yutuqlarni qoʻlga kiryapti… (hokazo-hokazo)… Mana, hammamiz oʻz soyamizga egamiz. Lekin oramizda soyasi yoʻq odamning paydo boʻlgani, toʻgʻrirogʻi, uning oʻz soyasini yoʻqotib qoʻygani bizni jiddiy oʻylantiryapti. Hali yuqori organlardan bu borada koʻrsatma olganimiz yoʻq, lekin shunday koʻrsatma olishga aminmiz. Buning uchun u yoqqa tashabbus bilan chiqishimiz, bu masalani oʻz kuchimiz yechishimizni aytishimiz kerak… Qani, kimda qanday fikr bor?» Birinchi Mirqosim aka soʻz oladi: «Koʻpdan beri shu bolada gumonim bor, buning ideologiyasi buzuq deb partkomimizga ham aytganman. Chunki gʻoyaviy yot, bema’ni adabiyotlarni koʻp oʻqiydi. Aksariyati chet elliklarniki. Bir kuni xonasiga kirsam, stoli ustida Xeminguey, Folkner degan amerikaliklarning kitobi turibdi ekan. Hey, uka, yosh joningni oʻylamaysanmi, nima qilasan antipartiyaviy kitoblarni oʻqib, desam, bular bizga doʻst progressiv yozuvchilar-ku, deb ustimdan kulgandek boʻldi. Axir, oʻsha chet ellik yozuvchilar chet elda yashasa, oʻsha yoqda ham oʻzining kompartiyasiga kirmagan boʻlsa, yozganlari antipartiyaviy boʻlmay, nima boʻladi? Men Fqimayman shularni, shunga, mana, oʻzim ham, kallam ham sogʻ». Partkomimiz ulom aka siyosiy hushyor, lekin bama’ni odam, ensasi qotib: «Mirqosim aka, masaladan chalgʻimaylik!», deydi. «A, men nima deyapman? -deb boʻsh kelmaydi Mirqosim aka. - Masalaning gʻirt oʻzini gapiryapman-ku. Boʻlmasa aytdim-a sizga: qarang, shu bola har xil narsalarni oʻqiydi, dedim, qaramadingiz! Axir, oʻsha yozuvchilar bizga doʻst emas, doʻst tboʻlsa, nima uchun jonajon partiyalari safida emas, bor-ku, bor-ku, Gesxol degan oʻrtoq boshqaradi, yoʻq kirmaydi, chunkpi doʻst emas. Kapitalizmda yashaydi ular, yaxshisining ham ham qonqoniga buzuq ideologiya singib ketgan. Mana oqibati, universitetni bitirgan, kelajagi porloq yigit idealizm gʻoyalari ta’sirida aynib oʻtiribdi!». Fulom aka vazmin jilmayib tushuntirmoqchi boʻladi: «Oʻshalarni men ham oʻqiganman, asarlarida hech qanaqa gʻoyaviy buzuqlik yoʻq. Ana, oʻzimizning kutubxonada ham bor, olib oʻqib koʻring!». Mirqosim aka: «Oʻqimayman, kutubxonada bor deb hamma narsani oʻqiyveradimi?!», deydi. Boshliq qalam bilan suv toʻla grafinni uradi, grafin toʻqillaydi: «Oʻrtoqlar, masalaga qaytamiz: kim gapiradi? Mirqosim aka, boshqalarga ham navbat bering!». Botir aka soʻz oladi: «Men boshligʻimizning gapidan shuni tushundimki, bu yigitga oramizda oʻrin yoʻq ekan. Nega? Soya yoʻqligi uchun! Mirqosim buni gʻoyaviy buzuqlik, deyapti. Ogʻzim bor deb gapirib, oʻzimiz xato qilmaylik-da. Mana, bir vaqtlar shunaqa gaplar bilan qancha shoir, yozuvchi, siyosiy arboblarimiz qamalib, otilib, keyin reabilitatsiya boʻldi. Bu yigitni uch-toʻrt yildan beri bilamiz yaxshi yigit, lekin, toʻgʻri, koʻp oʻqiydi, ammo koʻp oʻqigani uchun koʻp narsani biladi. Mana, soyasi yoʻqolib qolibdi, lekin shu bilan yomon odamga aylanib ketdi, desak, xato qilib qoʻymaymizmi? Balki boshqa qobiliyati ochilgandir? Shaxsan mening bu masalada oʻz fikrim bor: yuragi toza, koʻnglida kiri yoʻq, oq, niyati yaxshi - yorugʻ, shuning uchun undan yerga qora soya tushmaydi». «Hay-hay, - deydi boshliq. - Bizlar-chi?». «Nima bizlar?», deb tushunmadi Botir aka. Boshliq iljayadi: «Bizlarning yuragimiz qora ekan-da unda? Shunaqa demoqchimisiz? Butun kollektivga qora suykayapsizmi?». Botir aka gʻuldirab qoladi: «Hech kimga qora suykayotganim yoʻq», dedi. «Suykayapsiz! -Boshligʻimiz asabiylashsa qat’iy iljayadi, xuddi yigʻlamsirayotgandek boʻlib qoladi. - Faqat kollektivimizga emas, butun jamiyatimizga qora chaplayapsiz! Chunki hammaning soyasi bor, bu yigitniki esa yoʻq! Siz hali javob berasiz bu gapingizga!». Shu payti Turobjon sakrab turib: »Oʻrtoqlar, menda bitta taklif bor. Ogʻaynimizni invalidlikka chiqarib yuboraylik!», deb qoladi. Hamma angrayadi, hatto boshligʻimizning ogʻzi ochilib, Turobjonga baqrayadi. «Tushunmayapsizlar-a? - deydi Turobjon. -Oyogʻi yoʻq odam invalid boʻladimi? Soyasi yoʻq boʻlsa shunday-da! Eng yaxshi yoʻli shu». «Mumkin emas, - deydi kadrlar boʻlimi boshligʻi Zuhra opa. -Mehnat qonunlarida bunaqa band yoʻq». Toʻxtagan bahs yana qiziydi. Mirqosim aka vagʻillayotganda unga qarab turib bir narsaga e’tibor qilgan edim: oʻzining ham soyasi yoʻq edi. Uning ham, oʻtirganlarning ham -birortasining soyasi yoʻq, chunki neonchiroqdan soya tushmaydi, oftobga chiqqanda paydo boʻlsa ham, lekin hozir hammasi men qatori. Soyalari yoʻqligi oʻzlariga xalal bermaydi-ku, nega men bularning qatorida, kollektivda boʻlmasligim kerak, deb oʻylayman… Oxiri yana Fulom aka soʻz oladi: «Oʻrtoqlar! Masalani juda chuvalatib yubordik. Bunaqada bir qarorga kelolmaymiz. Bir oʻylab koʻraylik: hozir bu yigitni ishdan haydash haqida qaror chiqarsak, u koʻchada qoladi, unda chindan ham har xil ta’sirlarga beriladi, gʻoyaviy-ahloqiy buzilishi mumkin. Keyin u oldin ishlagan kollektiv qayoqqa qaragan edi, partiya komiteti nima uchun oʻz vaqtida chora koʻrmagan, degan savollar chiqadi. Biz bunga yoʻl qoʻya olmaymiz, chunki partiyamiz har bir insonni oʻylaydi, uning gʻoyaviy ogʻishqingʻayishlariga yoʻl qoʻymaydi, nazoratda tutadi. Toʻgʻri oramizda yot unsur boʻlmasligi kerak, bu yigit soyasi yoʻqligi bilan oramizda yot, lekin hali unsur emas. Keling, uni oʻz tarbiyamizga olaylik, soyasini topishga muhlat beraylik. Topolmasa, koʻpdan quyon qochib qutulmas, soyasini joyiga qotirib qoʻyamiz! Bu yerda boʻlgan bahslar shu eshikdan chiqmasin, ma’qulmi, nima dedingiz?». Botir aka: «E-e, otangizga rahmat! Bu - aqlli odamning gapi!», deb yuboradi. Boshliq darrov tashabbusni oʻz qoʻliga oladi: «Rahmat, oʻrtoq Ahmedov, keling, endi masalaga yakun yasasak-da, bir qaror chiqarsak. Bir komissiya tuzsak! Komissiya bu yigitning soyasi yoʻqolish sabablarini oʻrgansa va soyasini yana paydo qilish tadbirlarini ishlab chiqsa-da, navbatdagi yigʻilishda hisobot bilan chiqsa, nima dedingiz?», deydi. Bahsdan boshi gʻovlagan hamma uning gapini ma’qullaydi, boshliq mayin iljayadi, Fulom aka sovuqqina jilmayadi, shu bilan yigʻilish tugaydi.

Keyingi voqealar aynan boʻlmasa-da, shunday kechdi.

Turgan gap, ishxonadagi gap-soʻzning hammasi, men, ya’ni soyam yoʻqligi haqida boʻladi. Neon chiroqlar yonib turadigan ichkaridagi davralarda hamkasblarim yoʻq soyamni chiqib qolarmikan degan umidda koʻzi bilan paypaslaydi, koʻchaga chiqsam, tekin tomoshaga gurr etib ergashadilar, ishi zarillari derazadan boʻynini choʻzadi, ana-ana deb, qoʻllari bilan koʻrsatadi. Bular borib uylariga, ogʻaynilariga «Bizda shunaqa antiqa odam bor!», deb maqtansa kerak, boshqa ishxonalardan ham odamlar kelib: «Ogʻayni, iltimos, oʻtinib soʻrayman, bir oftobga chiqing, soyangiz yoʻqligini oʻz koʻzimiz bilan koʻraylik», deb xiralik qiladi, hatto ba’zilari pul qistirmoqchi ham boʻladi. «Yoʻq narsaning nimasini koʻrasiz?», deb unamayman, ishdan chiqishimni poylab koʻchada turaveradi. Bir-ikkita salobatli boshliqlar kelib meni koʻrib ketdi, tavba, deyman, kap-katta odamlar, boshqa qiladigan ishi yoʻqmikan? Tushlikka yaqin pastda qora moshin koʻrinsa, bas, bilaman, hech boʻlmasa, birontasi kelgan boʻladi, yonida shotirlari bilan. Tushmayman, kutadilar, u yoq-bu yoqqa betoqat yuradilar, oxiri bittasini ichkariga yugurtiradilar. Boshliq kaftlarini xursand ishqalagancha iljayib mening xonamga keladi: «Qani, t–shdik, Samijon Salimovichning oʻzlari keptilar!» «Tushmayman! - deyman. Jonga tegib ketdi-ku! Maymun oʻynatyapmanmi?» »Hay-hay, ukam, shundoq baobroʻ odam sizni koʻrgani kelsayu siz xursand boʻlish oʻrniga… - deydi boshliq - Sizdan nima ketdi, tushib, oʻn qadamcha aylanib. Yana qaytasiz, vassalom!» Tushsam, haligi Samijon Salimovich degani coyam yoʻqligini koʻrgani kelganini yashirib, oʻzini arxitektor koʻrsatadi: «Da-a, toʻgʻri, bino eskirgan, ministrlikning orqasiga xunuk yamoqdek boʻlib turibdi», deydi, viqor bilan gapirishga urinadi, lekin tovushi titrab ketadi - koʻzi mening oyogʻim tagida, oʻzimga qarashga qoʻrqadi. Yosh bolaga oʻxshaydi bular! Bir kuni bir kattakoni kelibdi, derazadan koʻrdim: rangi sovuq, gapirmaydi, atrofda besh-oltita bir xil silliq kiyingan, galstuk taqqan kulrang kostyumli yigitlar, nuqul atrofga alanglaydi. Yigitlaridan birovi unga egilib, bir narsa soʻragan edi, u boshini silkitdi. «Opchiq!» degan shekilli, birpasda rangi oʻchib boshligʻimiz xonamga kirdi. «Tashqariga chiqaylik! Lekin, iltimos, hech kimga qaramay, toʻgʻri koʻchaning u tomoniga oʻtib ketaverasiz!». Koʻrgani kelganlarga oʻrganib qolganman, lekin bunaqasiga duch kelmagan edim. «Nega? Toʻxtamaymi, men bilan gaplashmaydimi?», deb hayron boʻlgan edim, boshligʻimning betidagi iljayish rasmi tirishib ketdi: «Hay-hay! Sizni koʻrgani kelishganini zinhor-bazinhor bilmasligingiz kerak!», deb gʻalati gap qildi. «Qanday bilmayman, aytib turibsiz-ku!», dedim. «E-e, ukam, hozir hayotingiz hal boʻlishi mumkin! Aitganni qilsangiz-chi!», deb boshligʻim sal boʻlmasa yigʻlab yuborayozdi. Xoʻp dedim, kelishib oldik: avval u chiqadi-da, mening qanday qilib ishxonaning eshigidan koʻchaga qarab yurishimni koʻrsatadi, keyin men u nima qilsa, shuni takrorlayman.

Men eshikning ichkarirogʻidan qarab turdim, haligilar ham koʻrinib turibdi, boshliq chiqdi, atrofda xuddi hech kim yoʻqdek gʻoʻdayib alanglamoqchi edi, haligilarga koʻzi tushib, kalovlanib qoldi-da, tekis yerda qoqilib, soyasining ustiga yiqilib tushay dedi, oʻzini oʻnglab oʻqday uchib koʻcha tomonga otildi. Haligi kattakon boshligʻimizni soyasini yoʻqotgan odam shu deb oʻylagan shekilli, hafsalasi pir boʻldi, yonidagiga qaragan edi, unisi meni taniydi shekilli, sezilar-sezilmas bosh chayqadi. Keyin men chiqdim, bamaylixotir boraverdim, koʻz qirimda koʻryapman, ularning koʻzi menda, hammasi yaxshi edi, oftobroʻyaga chiqqanimni bilaman, haligi kattakon: «O-o chert! Sgni, satana!», deb choʻqina ketsa boʻladimi! Rangi sovuqligiga qaramay, oʻzi koʻngilchanroq ekanmi, yomon boʻlib qoldi deng! Ikkitasi yugurib kelib, uni suyadi, bittasi ichkariga chopdi. Juda katta amaldor ekan, hammasini tipirchilatdi. Ichkariga chopgani bir stakan suv olib chiqdi. Men ketarimni ham, ketmasimni ham bilmay qotib turibman. Kattakonga dori ichirishdi, u oʻziga kelgandan meni sekin imladi. Men oldiga bordim. U menga qarab turdi-da: «Chelovek kak chelovek, da pust jivyot. Tolko smotrite za…», deb u yogʻini aytmadi, men oʻzimcha tushundim.

Soyam yoʻqligi ancha vaqt kabinetlarda, xonalarda, dolonlarda, tushliklarda, oʻzim borimda ham, yoʻgʻimda ham koʻp muhokama, tortishuv-bahslarga sabab boʻlib yurdi. Ishxonamizga jon kirdi, masala bitta va buning chorasi yoʻqligi, chora topish hech kimning qoʻlidan kelmayotgani uchun hammaning boshi qovushdi, umumiy chorasizlik hamkasblarni ahil, bir-biriga qandaydir mehribon ham qilib qoʻygan edi. Ilgari ishga qatnashim ertalab kelganlarga eshik oldida «temir daftar»ga qoʻl qoʻydirib, keyin xonalarga bir-bir bosh suqib chiqadigan, kechqurun ketayotganlarga, endi xonasida qoʻl qoʻydirib qoladigan Zuhra opamizni qiziqtirgan boʻlsa, endi kelishim bilan hamma meni koʻrgani kiradi, chin koʻngildan sogʻligʻimni soʻraydi, ketayotganimda joʻr boʻlib yaxshi tilaklar bildirib xayrlashadi.

Gʻulom aka ikki kundan keyin meni kabinetiga chaqirib, suhbatdan oʻtkazdi. «Men sizning yurish-turishingizda bir favqulodda narsa koʻrmayapman. Lekin, bari bir, negativ hodisa. Raykomdagi oʻrtoqlar bilan maslahatlashdik, ishlayversin-chi, deyishdi. Oʻrganishadi sizni. Oʻzingizga qarang. Har kim bilan gaplashmang. Keyin… oʻsha yozuvchilarning asarlarini oʻqimay turing, ma’qulmi?», dedi.

Oʻzim ham shu oʻrtada oʻylab yurgan edim, chunki odaning soyasi yoʻqligiga tegishli u-bu narsalarni oʻqigandek edim. Xemingueyning bir asarida «Oftob charaqlab turmasa, matadorning soyasi yoʻq odamdan farqi boʻlmaydi», deb yozilgani esimda. Yana qaysidir kitobda oʻqiganman: frantsuz shoirlaridan biri, Mallarme boʻlsa kerak, balki Rembodir, oʻrtogʻi bilan yoʻlda ketayotib, soyasiga qaragan-da: «Hozir shu soyamni sholchadek yumaloqlab, qoʻltigʻimga olsam, nima deysan?», degan. Shoirlar, bilasiz, shunaqa tesha tegmagan gaplarni gaplarni topadi, buni aytgan shoir ham soyasini yumaloqlab, qoʻltigʻiga qistirmagan-u, lekin «Soyasi yoʻq odam«mi, «Soyasini yoʻqotgan odam»mi degan doston yozib shuhrat topgan ekan. Dostonni, turgan gap, ruschaga tarjima qilinmagani uchun, oʻqimaganman, frantsuzchani esa bilmayman. Faqat bir kitobda u haqda yozilganiga koʻzim tushgan: kambagʻallarning soyasi oriq, boylarniki semiz ekani haqida aytilgan ekan, lekin qaysi kitobda - bu ham esimdan chiqib ketgan, lekin bu ma’lumot sahifaning oʻzida emas, pastidagi «snoska»da edi. Dunyoda kitobdan koʻpi yoʻq, qaysi birining nomini yodingda saqlaysan. Lekin soyam yoʻqolib qolgandan keyin shu oʻqiganlarim esimga tushib, uydagi toʻrt mingdan oshiq kitoblarimning hammasini bir boshdan titib, oʻsha kitobni axtardim, topilmadi. Lekin ularda, bari bir, hayotda haqiqatan ham soyasini yoʻqotgan odam haqida aytilmagan-ku. Tashbeh, oʻxshatish, xolos. Meniki esa hayotda boʻlyapti, soyam haqiqatan yoʻqolib qoldi.

Balki, balki… mening soyamning yoʻqolishi bilan oʻsha shoirning soyasini yoʻqotgan odam degan dostoni qandaydir robita bordir? Ya’ni oʻsha shoir xayolida soyasini yoʻqotgan odamni oʻylab topgan, bu odam uning dostonida yashagan, bu dostonni bir adabiyotchi oʻqib, uni kitobiga kiritgan, u kitobni boshqa adabiyotshunos oʻqib, maqolasida tilga olgan, bu maqolani yana boshqasi oʻz kitobidagi «snoska»da eslatgan, buning kitobi oʻz navbatida rus tiliga tarjima qilingan, men shu tarjimani oʻqiganman, oʻqiyotganimda oʻsha shoirning soyasi yoʻq odami dostondan kitobga, kitobdan maqolaga, yana kitobga, keyin tarjima kitobga, undan menga oʻtib qolgan-da, bir necha yildan keyin mening soyamni yoʻqotgan, ya’ni oʻsha soyasi yoʻq odam oʻsha shoirning xayolidan, yoʻq, dostonidagi botiniy shuuridan dostonni oʻqigan adabiyotchining botiniy shuu…iga, undan boshqasining, oxiri tarjimonning botiniy shuuriga, undan esa mening botiniy shuurimga emas, hayotimga oʻtib qolgan. Toʻpori gʻoyaviy Mirqosim aka, umuman, kitob oʻqimasa-da, shu ma’noda haq boʻlib chiqadi: oʻqiganlarim menga ta’sir oʻtkazgan… Firt bema’nilik, lekin hech boshqa ma’nili izoh topolmay, miyam qaynab ketadi! Bunaqa gaplarni hamkasblarimga aytmayman, chunki soyam yoʻqolgani yetmagandek, meni aqldan ozganga chiqarishlari ham mumkin.

Shusiz ham oʻzi hammasi men bilan shugʻullanyapti. Soyamni yana paydo qilish uchun komissiya ishlayapti, meni bir juda tajribali professorga koʻrsatishdi. Oqsoch, basavlat odam ekan, chirt uzilib ketay deb turgan koʻylagining tugmalari tagidan qornining juni ham koʻrinib turadi. Tizzalarimga rezinka bolgʻacha bilan urdi, qorachigʻimni u yoqqa qarang, endi bu yoqqa deb rosa tekshirdi, qovogʻimni chappa qilib koʻrdi. «Koʻp oʻqiysizmi?», dedi. Men umidlanib: «Ha, koʻp oʻqiyman, koʻp oʻqishdan ham soya yoʻqolishi mumkinmi?», dedim. «E-e, yoʻgʻ-a, jinday toliqish bor, boshqasi hammasi normada. Oʻqiyvering. Mana, biz oʻqib professor boʻlganmiz, soyamiz yoʻqolmagan-ku», dedi. Keyin negadir: «Ichingiz qotmaydimi?» deb qoldi. «Nima edi?» dedim - har bir savolidan umid qilyapman-da. «Koʻp oʻtirib kitob oʻqigan odamda ich qotish boʻladi», dedi professor bamaylixotir. «Yoʻq, menda unaqa emas», dedim. «Ta-ak, oilangizdan hech kimning soyasi yoʻqolmaganmi? Vaqtincha boʻlsa ham?». «Yoʻq», dedim. «Ajdodlaringizda-chi?

Bobo, buvi, ammo, xola, xullas, hammasida?», deb soʻradi. Sal nafsoniyatimga tegdi, «Yoʻq, boʻlmagan! Men ruhiy kasal emasman-ku, domla!», degan edim. «Shunday, - professor jahlimga parvo ham qilmay. - Lekin biz hamma tomonni soʻrashimiz kerak». Oxir-oqibat, professor menga hech qanaqa tashxis qoʻya olmadi, komissiyaga oʻzimning oldimda: «Bu juda noyob hodisa, zamonaviy tibbiyotda bu hol koʻrilmagan ham», dedi. Buni oʻzim ham bilardim. Lekin komissiya degani bari bir tadbirlar tuzishi va shu haqda hisobot berishi kerak, bir marta yigʻilish oʻtkazib, menga shu tuzilgan tadbirlarni oʻqib berdilar. Asosan, «oʻrtoq Falonchi Falonchievning soyasini topish masalasi har taraflama chuqur oʻrganib chiqilib, qat’iy zora tadbirlar ishlab chiqilsin», deganga oʻxshagan odatiy gaplar. Meni hayron qoldirgani shu boʻldiki, mehnat intizomimni qatiy nazoratda ushlash chora-tadbirlari ham bor ekan. «Ishga shusiz ham oʻz vaqtida kelib-ketaman-ku», dedim. «Endi, oʻrtoq, shu modda boʻlmasa boʻlmaydi», deb uqtirishdi. »Ma’qul», dedim. Faqat endi bechora Zuhra opa meni poylayman, har kungi doʻkon kezishlaridan mahrum boʻlar ekan.

Lekin mening soyam yoʻqolgani bir tomondan ishxonadagi mehnat intizomini yaxshiladi. Ishxonadagi hayot men tufayli qiziq boʻlgani bois, hamma, yangilikdan quruq qolmay deb ishxonaga oʻz vaqtida keladi, vaqtidan oʻtkazib ketadi. Hatto boshligʻimiz yuqoridagi rahbarlar meni koʻrgani kelib qolishini oʻylab, ishxonadan qimirlamaydi, amali bundan karra koʻtarilib ketgandek, yurish-turishlari ham oʻzgarib qolgan, lekin menga quyuq muomala qiladi, xonamizga ham kirib: «Xoʻsh, ukam, qalay, hali ham yoʻqmi?», deb soʻraydi, ishdan boʻshatishni xayoliga ham keltirmaydi, aksincha, hatto, bir-ikki odamdan eshitdim, men bilan faxrlanar ham emish, «Shu yigitni asrashimiz kerak, bir xosiyati bor», degan emish bir joyda. Toʻgʻri-da, meni deb u rahbar boʻlgan ishxona ogʻizga tushdi. Tumonat odam kelib ketyapti.

Boshlarida odamlardan qochgani joy topolmay yurdim. Koʻrgani kelishgani yetmagandek, kun-kunora choyxonaga sudraydilar. Buni qarang, ishxonamizdagilar boshqa joydagi joʻralari bilan odamning soyasi boʻlmasligi mumkinligidan oshga garov oʻynab, turgan gap, albatta yutib chiqadi. Avvallari jahlim chiqdi, lekin oʻylab koʻrsam, hamkasblarim meni soyasi yoʻq deb qatordan chiqarib tashlamayapti-ku. aksincha davralariga olyapti, choyxonaga borishning nimasi yomon, yosh men uchun boʻladi-ku!

Borib-borib keyin hammasiga oʻrgandim, qarangki, keyin odamlar ham koʻnikdi: yoʻq narsani tomosha qilaverishning qizigʻi qolmadi. Oldinlari qachon soyam yoʻqligidan gap ketsa, Barot oʻsha yerda boʻlar, «Ikkovimiz Xalil moʻylovning lagʻmoniga ketayotgan edik, birdan qarasam, buning soyasi yoʻq! Rostdan yoʻgʻ-ey! X,ayro-o-on qoldim», deb boshlasa, men qolib, uni odam oʻrab olar edi. Borib-borib uning hikoyasi boyib, boyib, oʻziga yod boʻlib ketdi, qiziqib kelgan odamlar, meni koʻrgandan keyin albatta, unga ham uchrar edilar. Vaqt oʻtib, uning gaplari ham zerikarli boʻlib qoldi.

Bu orada Mashhuradan umid uzib, institutiga bormay yurgan edim, tashvishlanib oʻzi keldi. «Tinchlikmi, yo mendan xafamisiz, na telefon qilasiz, na koʻrinish berasiz?», deb oʻpkaladi. Uning yosh toʻlayozgan koʻzlariga qarab, tomogʻimga bir narsa tiqildi, axir, shunday qizdan ayrilish osonmi?
— Yuring, koʻchaga chiqaylik, - dedim vidolashuv ohangida.
— Yoʻq, shu yerda ayting, nima boʻldi? - dedi u oxirgi gaplashishimiz ekanini koʻngli sezib.
— Boʻldi bir narsa, - dedim oʻzimni zoʻrgʻa tutib. - Koʻchada aytaman… koʻrsataman.

Oʻzim yoʻl boshladim, Mashhura es-hushi uchib menga ergashdi.

Oftob charaqlab turgan edi, mening baxtsizligimga butun dunyoni nurga toʻldirgan, hamma narsa oʻz tagiga soya tashlayotgan edi.
— Mana, qarang! - dedim.

Koʻzimga yosh kelganidan oʻzim Mashhuraga qaray olmadim, yuzimni teskari burdim.
— Koʻryapman, - dedi Mashhura qulogʻim tagida.
— Nimani? - dedim, Mashhura bilan oxirgi koʻrishuvim shu ekanidan koʻnglim idrab.
— Soyangiz yoʻqligini! - dedi Mashhura.

Bor kuchimni toʻplab Mashhuraga qaradim, uning koʻzlari kulib turardi. Yuragim hapriqib ketdi.
— Xoʻsh? - deb gʻuldiradim.
— Sizniki boʻlmasa, mana, meniki bor-ku!

Mashhura qoʻltigʻimga kirdi-da, ikkala qoʻli bilan mahkam changalladi.
— Mana, bitta soya boʻldik! Yetadi ikkalamizga ham!

Bu charaqlab, olamni yorishtirib turgan oftob ostida mendan baxtiyor odam yoʻq edi.

Koʻp oʻtmay toʻyimiz boʻldi, oftob charaqlab turgani qoʻltiqlashib yuramiz, bizga qaragan birovning «juda madaniy er-xotin ekan» deb havasi kelsa, boshqa birovining ensasi qotadi, «Oʻ birodar, mahkamroq qoʻltiqlang, boʻlmasa qochib ketadi!», deydi, men kulib Mashhurani mahkamroq qoʻltiqlayman, ikkovimizning soyamiz atigi bitta ekanini qaraganlar bilmaydi.

Yashab yuribman. Bulutli kunlari bemalol, oftob charaqlab turgan kunlari koʻchada hali ham bir-da yarim odam soyam yoʻqligini koʻrib, angrayib qoladi, beparvo oʻtib ketaveraman. Ba’zilari toʻxtatib: «Ogʻayni, qiziq, sizning soyangiz yoʻqmi yo koʻzimga shunday koʻrinyaptimi?», deb erinmay soʻraydi. «Qoʻysangiz-chi? Odamning ham soyasi boʻlmaydimi? Anavi yalpayib yotgan narsa soyam boʻlmay nima?», deb soyam tushishi kerak boʻlgan joyga xuddi uni koʻrayotgandek qarayman. Soʻragan bechora oʻsal boʻlib, oʻzining tomidan xavotir olib qoladi. Qizigʻ-ey, agar soyangiz boʻlmasa ham u xuddi bordek bemalol yursangiz, koʻrgan odamlar ham oʻz koʻziga ishonmay, sizni soyasi bor deb oʻylar ekan. Lekin uch-toʻrt kishi birdan soyam yoʻqligini koʻrib qolsa, bunday qilish qiyin. Uch-toʻrt kishi birgalikda «Koʻzimizga shunday koʻrinyapti shekilli», deb ayta olmaydi, hatto ular har bi,i oʻzicha aqldan ozsa ham birgalikda birdek aqlli boʻlib qoladilar. «Mana, ogʻayni, uch-toʻrt kishi koʻrib turibmiz, soyangiz yalpayib yotgani yoʻq, umuman, yoʻq», deb turib oladilar. Mening ham tajribam oshib ketgan, soyam tushishi kerak boʻlgan joyga qarayman-da: «E-e, toʻgʻri, lekin oʻzi bor, ishxonamda. Hozir tushlikka chiqayotib, oyoqqa ilashib xalal beradi deb, ishxonaga tashlab keldim», deyman. Haligilarni koʻrsangiz! Zavqim keladi: «Rost-da, yerda sudraladi, xas-xashak ilashadi, kirlanadi, uni yuvib beradigan xotin hali yoʻq, oʻzim tozalayman. Soya oʻzi qora boʻlsa ham uni toza tutish kerak, axir!», deyman. Oʻzlarining tomoshasi chiqadi, kalima qaytaradi yo shosha-pisha choʻqinib qoʻyadi.

Ishqilib, goh unday, goh bunday, bemalol yashab yuribman lekin…

Koʻp oʻylayman, mening soyam rostdan ham yoʻqolganmi yo bu voqealarning hammasini xayolimda oʻzim oʻylab topib, keyin shunga ishonib qolmaganmikanman? Unda haligi yozuvchilar oʻsha kitoblarni yozgan-ku, men ularni oʻqiganman-ku, deyman. Shuncha narsani, odamlarni, ularning majlisda meni muhokama qilganlarini xayolimda toʻqiy olmayman-ku, soyasi yoʻqotgan odam boʻlsam ham shular bilan ishlab yuribman-ku, raykomda, undan yuqorida ishlaydiganlarni, bir gap bordirki, meni kuzatishga majbur qilyapman, ular gʻoyamni tekshirmoqdalar, nazoratda tutib turibdilar, deyman.

Bitta odam xayolida shuncha narsani oʻylab topib, keyin buni hayotga aylantira olmasa kerak. Ainiqsa shuncha kitobni. Butun boshli dunyo-ku. Yana Shklovskiyning kitobida bir xitoy rohibining tush koʻrgani, tushida kapalakka aylangani, uygʻonganidan keyin, oʻsha tushim tushmidi yo hozirgi hayotim kapalakning koʻrayotgan tushimikan, deb farqiga borolmay qolganini she’riyatning chiroyli misoli sifatida tilga olib oʻtilganini oʻqiganman. Lekin uniki, unisi boʻlsa ham, bunisi boʻlsa ham, bari bir, tush. Bunaqa tushlarni bizning Barot ham koʻradi - bir kuni ertalab uyidan keldi-da: « Qizigʻ-ey! Bugun tushimda Hayotning tushini koʻribman!», deb talmovsiradi. Men Barotning shu kallasiga shunday chiroyli tashbeh kelsa-ya, deb hayrat bilan: «Hayotning tushi!», deb yuboribman. «Hayotning tushida men hali ham ikki yashar bola, koʻrpachaning ustida yigʻlab oʻtirgan ekanman. Onam kelib: «Boʻldi-da, Barotjon, quloqdan quloq qolmadi, deb qoʻlimga kulcha beribdi. Kulchaga qoʻlchalarimni uzatayotganda uygʻonib ketdim», dedi Barot. «E-e, oʻgʻlingni aytyapsanmi?», dedim. «Ha-da, otini otimga uyqash qoʻyganman. Qara-ey, oʻzimning shundayligimni tush koʻrsam ham boshqa gap edi, tushimda, ey, aqling yetyaptimi, Hayotning tushini koʻribman, uning tushida men Hayotdek yosh bolaman, yigʻlabman! Qizigʻ-a, nega bunaqa boʻladi?», dedi Barot ma’yuslanib. Men indamadim. Insonning koʻngli juda sezgir, Barot oʻziga uyqash qilib ot qoʻygan Hayotiga juda mehribon, hatto Hayotginam uxlaganda tush koʻrsa, tushida yolgʻiz qolib qoʻrqmasmikan, deb koʻp oʻylagan, shuning uchun tushida oʻgʻlining tushiga kirib, uning holatida oʻzini koʻrgan. Oʻziga tushuntirmadim, chunki aytganim bilan bari bir tushunmaydi.

Nima boʻlmasin, Barotniki ham, xitoy rohibiniki ham tush. Meniki esa esa hayot! Oʻngimda boʻlyapti. Tushim boʻlganda, tushuntirib berardim. Tushunmayapman ham, tushuntirib ham berolmayman.

Soyam yoʻq, lekin yashab kelyapman soyamni yoʻqotgan boʻlsam-da…