OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiTugmachagul (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm71KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/09/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tugmachagul (novella)
Ahmad A’zam

«
Meni mast qiladi qirq yil naridan
Kitobing qatiga qistirilgan gul...

Muhammad Rahmon
»

Uni koʻrdim. Bekatda, yoʻq, bekatning orqasidagi doʻkon oldida. Doʻkonning u yogʻida AYoQSh boʻlar edi, benzin olay deb toʻxtasam, buzilib ketibdi, mashinamga qaytib endi oʻtiraman deganimda u chiqib qoldi. Avvaliga nimasidir koʻzimga issiq bosildi, nimasidir qadrdon, keyin menga bir qarab, qoshini sal chimirgan edi, shu zamoni tanidim. Ha, oʻsha eski qoshlardan ham nimadir qolgan. Aytgancha, soʻgʻin bildim, suvogʻi marmar uvoq shu doʻkon ham oʻziniki ekan. Xaridor yoʻq, ichkarida ziqlanib, havo olay deb chiqqanda men borib qolibman. Toʻgʻri kelganini! Boʻlmasa, kim biladi, yana qancha koʻrishmas edik. Koʻrsam deb yurganimga koʻp yillar boʻlib ketgan.

Kuz. Xazonlar yakkam-dukkam erinchoq toʻkilyapti, yerda yotganlari oʻtgan katta yuk mashinalari epkiniga toʻs-toʻpolon koʻtarib ergashadi. Havo burqib turibdi-yu, uncha sovuq emas, izgʻirini yoʻq, ammo doʻkon ichi izgʻorroq shekilli, u katta-katta angor gulli, qalin jun kamzul kiyib, ustidan beliga tivit roʻmol ham boylab, hurpayib olgan. Xuddi polvonlarga oʻxshab. Oʻzi ham polvondek xotin boʻlib ketibdi. Ha endi, shuncha yil qizligicha turmaydi-ku. Lekin uning oldida yoshligimni tuydim: yelkam hali choʻkmagan, egnimda shinam kostyum, mashinada shuncha yoʻl bosib kelayotganimga qaramay, dazmoli oʻlmagan, hozirgina doʻkondan olib kiyilgandek, albatta, chiroyli galstuk. Sal oliftaligim ham bor, tanlab kiyaman. Oʻrtasidan katta yoʻl kesgan bir qishloq, hurpayib turgan bu ayol oldida yoshimga nisbatan ancha yosh koʻrinaman. Uning qizligidan oʻsha eski qoshi, ha, keyin, odamga qaramay kuydiradigan koʻzi qolibdi. Tavba, ka-atta xotin-ey, oʻziga sal-pal qaramagan ekan-da, a?

Ilgari qanday yosh edi, qanday edi-ya Habiba! Oʻzining asli qandayligi xotiramda uncha emas, lekin oʻylarim, surgan xayollarimda juda nozik, yoʻq-yoʻq, ozgʻin emas, nafis-nozik, sal qattiq gapga ham egilib ketadigan xivichga oʻxshar edi. Keyin, qargʻashoyi koʻylak, zangori kamzulchada, yuzini tirsagi bilan yopib yigʻlab qolgani haligacha koʻz oldimda: birinchi sinfda, nimadir darsmi, badantarbiyamidi, ishqilib, qoʻl ushlashib davra qurib turgan edik, bir vaqti qarasak, yigʻlayapti. Qoʻl koʻtarib javob soʻray desa, ikki qoʻlidan ham Mahkam bilan Avaz qattiq ushlab, bilmagan-da, qoʻyvormagan. Tovush chiqarib soʻrashga iymangan, oxiri, noiloj, uyatdan izillab yigʻlashga tushgan. Nafisa muallim – boshlangʻich sinf oʻqituvchimiz, juda mehribon tatar kampir, uning boshini silab ovutdi, oʻpib qoʻydi, keyin Bahorni ham qoʻshib, uyiga javob berib yubordi. Mahkam bilan Avazni esa: «Unga emas, sizlarga ayb. Qiz bechorani qiynab qoʻyibsizlar», deb koyidi. Oʻshanda bolalarga qoʻshilib kulmagan boʻlsam kerak, chunki juda ichim achigan.

Habiba oʻshandan beri koʻz oldimda yomgʻir tagida qolgan tugmachagul boʻlib koʻrinadi. Asli oʻzi tugmachagul nimaligini bilmayman, koʻrmaganman ham, lekin Habiba desam, koʻz oldimga tugmachagul boʻlib kelaveradi. Yomgʻir tagida qolgan. Albatta, oʻsha yigʻlagani ham qoʻshilib.

Unda Habiba bilan gaplashar edik.

Keyin... toʻqqiz yil gapirishmadik. Ikkinchi sinfdan, har kuni birga dars oʻqib, bir-birimizni koʻrib, bari bir, mutloq gaplashmay ketganmiz. Avvaliga, bolalik, urishli edik, kattarib, sinfdan sinfga koʻchgan sa-yin urishligimiz past sinflarning hammasiga afsona boʻlib, endi yarashsak, bu ham yangi bir gapga aylanar edi. Lekin u, qasam ichgandek, qattiq turib oldi. Men, eh-he, bola boshimda nima jabrlar tortmadim! Qanday axir, mendan boshqa hamma bilan inoq, salom-alik qiladi, soʻrashadi, lekin goʻyo meni tanimaydi, meni koʻrmaydi, unga yoʻqman. Qanchalar urinmadim, nima yoʻllar axtarmadim, bahonalar oʻylab topdim – barchasi befoyda. Tilimizga muhr bosilgan-qolgan.

Maktabni shunday bitirdik, birga universitetga ham kirdik. Shanba kuni tushdan keyin qishloqqa, yakshanba kuni shu vaqtlari yana shaharga qaytishda bekatlarda duch boʻlib, boshni irgʻab qoʻyadigandek boʻldik. Nihoyat! Balki, bilmadim, endi bola boʻlmadik, har hafta koʻz-koʻzga tushadi, yana ham urishli yurish erish tuyulgandir, sal yumshaganga oʻxshar edi. Shunda ham faqat men luqma tashlayman, u bir-ikki ogʻiz soʻz qotsa-qotadi, bu ham zoʻrgʻa hushiga kelsa: «Ha, qalay, oʻqishlar?» – «Ha, endi, matematika-da». – «Bizda ham bosh qashlashga qoʻl tegmayapti». Birdan gap tugab qoladi, uning qoshiga tuguncha tushadi, meni birov koʻkragimdan kuch bilan itarib tashlaydi. Buni ham aniq eslolmayman, balki shunday gaplashamiz deb tasavvur qilgandirman. Uni shu qadar koʻp oʻylar edimki, hozir xotiramda rost bilan xayol aralashib ketgan. Keyin, toʻqqiz yil gaplashmagandan keyin nima gap ham qoladi oʻzi?

U matfakka kirgan, men esa – filfakka. Ular bosh korpusda oʻqiydi, biz xiyobonning bu chekkasi, bir chaqirimcha berida. Oldiga borib yurdim. Oʻylasam boʻldi, oyogʻim oʻz-oʻzidan oʻsha yoqqa tortadi. Darsi boshqa auditoriyaga koʻchsa, dolonda, tugasa, yoʻlkada turib kutaman, u menga uzoqdan bir chimiriladiyu keyin koʻrmaslikka olib, boshini egib yonimdan oʻtib ketaveradi. Koʻzimni uzmayman, yuzi injilib, yonidagi kursdosh dugonasiga tez-tez gapirganidan, qaramasa ham koʻrib kelayotganini, oldiga borsam, atay indamay oʻtib ketishini bilib, ichim tutab qaytaveraman. Ba’zan shuursiz bir ilinj bilan ergashaman. U bosh korpusdan chiqib, toʻrtinchi trolleybusni kutadi. Men ham shu bekatda, oramiz bir qadam, ammo ikkita begonamiz, goʻyo u meni tanimaydi, men uni. Boʻlmasa, kecha qishloqda bekatga chiqqanda salom bersam, boshini qimirlatgandek boʻluvdi. Shunga umid bilan kelgan edim. Ikki ogʻiz gaplashsa nima qiladi, a? Oʻzi qiynalmaydimi, a, bitta odamni shuncha azobga qoʻyganidan? Hech boʻlmasa, nimaga orqamdan ergashasan, tinch qoʻyasanmi-yoʻqmi, deb jerkib tashla. Yoʻ-oʻq, jim. Ipsiz bogʻlab qoʻygan. Turaveramiz. Nihoyat, trolleybus koʻrinadi, uniki, faqat unga keladi, ichi toʻla odam, lekin chiqishga mening haqqim yoʻq!

Shuncha yigitu qiz bemalol gaplashib yuribdi, avtobusu trolleybuslarda birga oʻtiradi, gurung quradi, hazillashadi, sharaqlab kulishadi; birov birovni yeb qoʻygani yo opqochib ketayotgani yoʻq-ku! Oʻzim ham kursdoshlarim orasida shundayman, qizlar men bilan ochilib-sochiladi. Bir-ikkita shaddodlari bor, oʻtkizib ham qoʻyadi. «Universitetni bitirsangiz, meni olasiz-a?», deydi, masalan, Saodat; «Menga yetib oling, «uch»ingiz bor», deyman; «Voy, noz qilishlarini! Avval tosh-posh koʻtarib, sal chiniqing, shu holingizda kim ham tegar edi», deydi qiz tushmagur. «Men, men tegaman», deb hazilga qoʻshiladi Gulandom. Saodat darrov uning gapini qaytaradi: «Bu sizdan ikki yosh kichkina, toʻgʻri kelmaydi. Meni oladi», deydi. «Oʻzim koʻtarib katta qilib olaman», deydi Gulandom. «Chimildiqda kuchi yetmay, dumalab tushadi», deb yana tegishadi Saodat, xuddi meni unga bergisi yoʻqdek. Qizarib qolaman, «Boʻyim hali ham oʻsib qoldi-ku», deyman boshqa gap topa olmay. Saodat sakrab turib, meni ham oʻtirgani qoʻymaydi. Boʻyini boʻyimga oʻlchab, keyin boshini yelkamga qoʻyadi-da: «Toʻgʻri-ey, uylanadigan boʻpqopti», deydi. Bunaqa gaplarni jiddiy olmayman-u, lekin qizlarga yaqinlashib borayotganimni bilaman.

Domla kirguncha besh-olti daqiqani kulishib oʻtkazamiz. Bular qanday ajoyib, zerikmaymiz. Birga dars qilamiz, shahar aylangani chiqamiz, kinoga tushamiz, muzqaymoq yeymiz, xullas, oʻyin-kulgi, hazil-huzul. Bir-ikkitasi bilan ma’ruzalarda koʻz urishtirib oʻtiraman. Bu ham qiziq: hozirgina tanaffusda gaplashib turgan edik, endi nimaga hali tanishmagandek koʻz ostidan qarayman, yana koʻnglimda bir nimalar uygʻonadi – oʻzim hayron. Boya toʻgʻri koʻngilda gap tashlagan ular ham shirin suziladi. Koʻngil sirlarini menga ochadigan qizlar ham bor. Ha, maktabdan sevishib keladi, oshigʻi boshqa fakultetda. Oʻgʻiloy deganimizning yigiti esa Toshkentda. U paytlari qoʻl telefoni degan narsalar yoʻq, boshqa shahar bilan faqat «peregovorniy punkt» orqali gaplashiladi. Oʻgʻiloy yarim kechalari Sobiti bilan gaplashgani meni qoʻriqchi qilib olib ketadi. Yoʻlda koʻrganlar yigiti deb oʻylasin deb, qoʻltigʻimdan qoʻyib yubormaydi, borgunimizcha ham, kelgunimizcha ham Sobitining gapi, koʻngli ranjisa, koʻzyoshini menga toʻkadi. Begona yigitning dardi yuki yelkamga tushgani ancha malol keladi, lekin shunday qizlar menga suyangani, ularning koʻngil doʻstiga aylanganim yoqadi ham. Qizlarimiz bilan shundayman. Lekin nimaga Habiba bunaqa aks? Xuddi yovvoyidek. Muomalasi nimaga faqat menga shunday? Biron joyim aybmi? Shuncha tegishganimiz bilan Saodat tegadiganu men oladigan boʻlib, shappa yopishmayapman-ku. Shundayman-u, oʻzim uncha beta’sir emasman: Saodat chiroyli, koʻkraklari toʻla, beli esa ingichka, odamning quchoqlagisi keladi, lekin Habiba qoʻymaydi, oʻrtada turib oladi. Oʻgʻiloy Sobitidan xafa boʻlib yigʻlaganida ichim achib, koʻzyoshini artib, yuzini silab qoʻyishni istayman juda, ammo yana Habiba, yonimdan ketmaydi, oʻzi tomonga tortaveradi. Habibaning oʻzi oldida ham koʻkragimni toʻ-oʻldirib, bemalol nafas olgim keladi, axir. Gapimga javob bersin, yoʻq, desin mayli, roziman. Axir, oʻn yil birga oʻqidik. Dim-dim oʻynashimizni naridan koʻrib turganlar meni nima deb oʻylaydi? Keyin shunchaki undan-bundan, bogʻdan-togʻdan gaplashib yuraversin, menga yetadi shu. Lekin shu ham yoʻq! Sitam, sitam! Boʻgʻilib, uh-uh, boʻgʻriqib ketaman.

Shanba kunlari darsdan chiqa avtobus bekatiga chopamiz. Oxirgi reysi soat uch-toʻrtlarga qoʻyilgan oʻttiz oltinchi avtobus. Qishloqdan oʻqiydiganning hammasi qaytadi. Yana ertalab kelib, bozorini qilib, endi uyiga oshiqayotganlar ham tumonat. Hafta boʻyi zoriqib kutganman: Habiba ham albatta keladi.

Lekin odam! Boʻl-ha-boʻl, itar-itar! Qolib ketmasam deb yurak taka-puka. Shuncha olomon «Pazik» degan choqqina avtobusga qanday sigʻadi deysizmi? Lekin sigʻadi-ey, bitta ham odam qolmaydi, «bezrazmerniy». Ammo ichida qiyomat – ayolu erkak, yigitu qiz bir-biriga qapishib ketgan, qaynagan, qiy-chuv: «Beting qursin, nariroq tur!» – «Atay qilyapmanmi? Orqamdan itarishyapti-da.» – «Hay, insof bormi, insof?!» – «Uyga ham shunaqa bigiz oʻkcha kiyib boradimi? Oyoqni teshib yubordingiz-ku!» – «Hay-hay, bir kunga hoʻkiz oʻlmas, ikki kunga egasi bermas. Koʻngil keng boʻlsi-in.» – «Diplomni hoʻkiz deb bermaydi.» – «E-e, haydang! Rezinka emas, avtobus-ku bu.» – «Voy, chakkimni ezding.» – «Sotolmaganingizni tashlab kelmaysizmi, xola? Nima qilasiz suvini shoʻrgʻalatib?» – «E, ertaga nimani sotaman? Men ham pulga olganman buni.» – «Achib qolmaydimi? Nimaga yelkam hoʻl desam, chakkingizdan ekan-da.» – «Shanba kuni ham chakki sotadi-ey!» – «Bosma-ey! Bolalarimni sen boqib berasanmi?». Bor alam chakkidan olinadi, bir muddat chakkifurush Anzirat xola yanilib, nihoyat avtobus biqinini doʻmpaytirib joyidan jiladi, yana toʻxtaydi, haydovchining oʻzi tushib, osilib qolganlarni ichkariga itaradi, suril-surildan keyin eshikning buklamasi chala rostlanib, avtobus yana yuradi, shu bilan chuvvos bosiladi. Bir oz havo kiradi, avtobusning ichi ham sal kengaygandek. Baqir-chaqirni shu odamlar qildimi-ey, deb ajablanasan. Hali sur-ho-surilda zoʻrligini koʻrsatgan shovvozlar endi yuzini burib oladi. Bir xil yigitlarning esa koʻzi chiroyli-chiroyli qizlarning chehrasiga yopishib qolgan. Gapirmaydi ham, nigohini ham uzmaydi. Boya chiqolmay qolish vahimasi qizlarga qarashga qoʻymagan. Qizlar ham buni tushunadi, shuning uchun hech biri hamqishloq yo oshiq yigitiga, menga qarashmading-ku, deb ta’na qilmaydi. Habiba albatta boshqa eshikdan chiqqan, u men bor eshikka yoʻlamaydi. Bemalol turib oldimi ekan deb izlanaman.

Avtobus oxirgi manziligacha yoʻlovchilarni gala-gala toʻkib boradi. Yakshanba kuni xuddi shu tartibda terib keladi. Oltita qishloqdan odam olib, ichi toʻla, bizning bekatda toʻxtashi muammo, lekin keyin boshqa ulov yoʻq, qoidasi ham shunaqa, toʻxtaydi. Hozirgina hazil-huzul qilib turganlar birdan begonalashib, avtobusga tashlanadi. Yana itar-itar, «Ozgina suriling!» – «E-e, muncha! Qayoqqa tiqilasizlar?» – «Ha, tomiga chiqaylikmi? Sal siljinglar!» – «Odamlar faqat oʻzini oʻylaydi-ey. Nimaga bunaqa, a?» – «Oʻzi joylashib olgan-da, gapini qarang: chiqma, emish!» – «E-e, chakki sotgani emas, oʻqishga boryapmiz-ku». – «Muncha joniqasizlar? Boshqasi kelib qolar». Agar oldin chiqib, oʻtirib olgan boʻlsangiz, tomoshasi zoʻr.

Shunaqa. Avtobusga tashlangan achavotda, – oʻzing uchun oʻl, yetim, – men ham Habibani koʻrmay qoʻyaman. Qoʻlidagi yuki kichkina, oʻzi amallab ilinadi. Bu ham oxirgi reys. Aytdim-ku, qizu yigit – hech birovi dar qolmaydi. Yana yoʻl boʻyi qarasam ham, qaramasam ham koʻngil koʻzim unda. U boshini burib oladi, men tomonga koʻz ham tashlamaydi. Shu avtobusda, oʻzi bilan birga ketayotganimni sezib turganini koʻrib, boshqa qizlarni koʻrmayman, tirishaman, menga havo yetmaydi.

Boshqa choram yoʻq, uning diydori faqat shu vagʻir-vugʻur, tiqilinch oʻttiz oltinchida! Qishloq bilan shahar oraligʻi esa atigi bir soatcha yoʻl. Oʻrtamizni boshqa odamlar toʻsib olgan.

Shahardan kelishda oʻntadan oshiqroq talaba tushamiz. Hamma uy-uyiga tarqaladi. Shunchaning orasida unga qanday gapiraman? Bahona qilay desam, koʻtarishadigan narsasi yoʻq. Bitta qishloqda bir-birimizdan shunchalar uzoqmizki! Tovushimni chiqarmay dodlab yuraman.

Bu yiliga chidamadim. «Qor yogʻar pagʻa-pagʻa» – ochiq yoqamdan koʻkragimga muzdek tegib erigani esimda. Qizib, yonib ketgan ekanman. Yoʻ-oʻq, egnim qalin emas, aksincha, nimdoshgina. Bilasiz, u paytlari biz qalin ichkiyim nimaligini bilmas, tizza boʻyi qorda ham bitta koʻylakning ustidan kostyum-shim, yupqa qatirloq yomgʻirpoʻshda hu-hulab yuraverar edik. Boshda hech narsa yoʻq, doʻkonlarda, topilsa, faqat oddiy askar kiyadigan qoʻsqi telpak, uni kiygani uyalamiz, shaharda koʻrgazma oynasiga gardishi qozondek kepka osib qoʻyiladigan tikish ustaxonalari ancha, lekin bunaqasini faqat armani bilan juhud, keyin bezorilar kiyadi deb, biz olmaymiz. Zamharirda sochimiz tikrayib, burun koʻkarib, soʻrrayadi. Darsga kirayotganda sochning qorini silkib tushirish ham bir martaba. Qiziq, sovuq oʻtmaydi, shamollash yo bizni, yo biz uni pisandga ilmaymiz. Yotoqxona faqat boshqa viloyatlik talabalarga beriladi, tumanlardan kelganlar, qizlar sal istisno, hammasi koʻrpakoʻtardi ijarador. E-e tavba, pechkada gazeta yoqsa ham uy isiydimi? Lekin misoli isigandek, qoʻlni kuhlab, junjib dars qilib oʻtiraveramiz, faqat oyoq muzlaydi. Yotishda koʻrpaning ichiga kirib olsak, marra bizniki – bari bir, tong otadi!

Shunday kunlarning birida, havodan ham yuragim siqilgan, juda boʻlmay ketdi, shasht bilan Habibaning oldiga joʻnadim. Bosh korpusning oldida darsdan chiqishini besabr poylaganda aylanib qor yogʻayotganini sezmabman ham. Toʻrtinchi trolleybusni hamishagidek indamay birga kutdik. Oldiga borib, turib oldim, qarashga yuragim dov bermaydi. Undan sado yoʻq. Xuddi koʻngli-poʻngli yoʻq jonsiz bir narsa, qaqqayib turibman. «Ey, xira, muncha ilakishding, yoʻqol nari!» desa ham goʻrga edi, ishqilib, tovushini eshitsam.

Yoʻq, bu yurish boʻlmaydi, odamman-ku men ham, axir! Aytaman, aynan shu trolleybusida aytaman! Hamma chiqadi, menga ham mumkin, direktor otasining moli emas bu. Bola boshimdan hasrat, roʻshnolik koʻrmayman! Kunduzi ichimga yutgan dardlarim kechalar qorongʻusida xayol boʻlib otilib chiqadi: Habiba bilan gaplashaman! – Habiba ham ochilib soʻz ochadi, shungacha oʻzi qiynalib yurgan! – Tarasha qotgan koʻnglimning tirishlari yoyiladi, tortgan azob-larimning bahridan oʻtib, uni kechiraman! – Ikkalamiz qoʻl ushlashib, shirin suhbatlar quramiz, keyin qahraton qish ekaniga qaramay, qishlogʻimizning qiygʻoch gullagan bogʻlarida quvlashmachoq oʻynaymiz, yetib olib, uni tutaman, nima qilishni bilmay, yana qoʻyib yuboraman, alla-pallagacha quvlayman, shu quvlab-quvlab uyquga ketib qolaman. Ertalab darsga borsam, yarim oqshomgacha men bilan suhbatlashgan Habiba yana talqon yutgan boʻladi, unga qarab oʻzim ham gung, lekin ichim toʻla ingroq. Ingroq koʻkragimga qamalib qolgan.

Onda-sonda ha-hu deb qoʻyganimizni aytmasa, talabaligimizda ham ahvol oʻshanday. Odamlar orasida sal-pal gʻudinglashgandek boʻlamiz, ikkalamiz baqamti qolsak, qoshini bir chimiradi, dunyoni qorongʻi bosadi jimligidan.

Mayli, maktab, kichkina ekanmiz, endi qishloqdan chiqib, ulgʻayganimizdan keyin ham nimasi bu? Or qiladigan joyim qolmadi shekilli. Xoʻ-oʻp, maktabda boʻyim uchun safning oxirrogʻidan joy tegardi, oʻninchi sinfgacha ham oʻsmadim, yuzlarim ajin, ha, koʻrimsizroq, undan ham toʻgʻrisi, koʻrimsiz edim. Lekin nimaga? Kasal emas, ishlab charchamas, yeb toʻymas edim, nimaga turshakdek mujmayib yurganman? Dardim ichimga urib ketgan, ha, kichkina boshimga katta yuk tushgan. Mudom musibat ostida qolib ketganman.

Oʻn yil, yoʻq, jami tarix oʻn bir yil ekan. Bulungʻurda choʻmilib, keyin arava gʻildiragi iylagan tizza boʻyi bilq-bilq tuproqqa koʻmilib yotganimizda kim kimni olishidan boshlangan. Uncha eslolmayman, shu yoshda tursi kiyarmidik yo toʻyib choʻmilib chiqib oftobga toblanganda, uyat joylarimizga tuproq tortib olar edikmi, ishqilib, oʻsha kichkinaligimda Habibani deganman. Bu gap, albatta, yotmagan, unga ham yetgan.

Birinchi sinfda, yaxshi, qalin edik, hali oʻqishni uncha yaxshi bilmasak-da, Habiba menga «Mening toʻrt oyoqli doʻstlarim» degan rasmli kitobini bergan. Oramizni Razzoq buzmoqchi boʻldi. Bir kuni u bilan Habibaning ustida aytishib qoldim. U Habibani olishimni bilsa ham, «Habibani men olaman», dedi. «Men oldin aytganman. Habiba meniki», dedim. Razzoq meni urmoqchi boʻlgan edi, Vafoqul yonimni oldi, «Men ham sen bilan urishaman», dedi. «E-e, jinni, hamsoyamiz-ku», dedi Razzoq. «Hamsoyamiz, lekin bunga joʻraman», dedi Vafoqul. Razzoq mendan, Vafoqul Razzoqdan kuchliroq edi. Razzoq: «Koʻrasan – bari bir, men olaman», dedi, lekin oʻzini sal nari tortdi. «Olmaysan. Habibani Akbar olaman, deb oldin aytgan», dedi Vafoqul. «Otasi – amakim, buningga bermaydi, menga beradi», deb turib oldi Razzoq. «Yoʻq! – dedi Vafoqul qat’iy qilib. – Oldin aytgani uchun, bari bir, Akbar oladi. Nomardlik qilolmaysan». Razzoq menga: «Hali qarab tur, koʻzingga koʻrsataman!» deb ketib qoldi.

Keyin ancha oʻylab yurdim, Razzoq nimani koʻrsatar ekan deb. Biron shumligi bor uning. Yo poylab yurib, ketimga bigiz tiqib olarmikan?

Muxlisa opaning toʻyida Samad aka kuyovning ketiga bigiz tiqib olgani rosa gap boʻlgan. Keyin biz kichkinalarga doʻq urish boʻlib oʻtgan. Urishib qolsak, «Qarab tur, ketingga bigiz tiqib olmasammi!» deb qoʻrqitar edik. Avaz deganimiz hatto bozor kuni etikdoʻzdan bigiz oʻgʻirlab olgan, uchini ninadek oʻtkirlagan, endi sal gapga oʻqtalaverib balo boʻlgan edi.

Samad aka labida mayizdek dona xoli bor Muxlisa opani olaman deb yurgan ekan, oʻziga aytmaganmi yo aytsa ham, Muxlisa opa unga tegmayman, deganmi, bizlar bilmaymiz, ishqilib, Muxlisa opani Paxtazovut degan joyga uzatib yuborishdi. Kuyovjoʻralar kelinning uyiga kirayotganda, kuyov ostonaga toʻshalgan poyandozni endi bosaman deb, tegradagi yigitlar tort-a-tortga shay talotoʻpda zinkayib yaqin borgan Samad aka kuyovning dumbasiga gʻirtillatib bigiz tiqqan. Kuyov vuy-vuylab oʻzini ichkariga urgan. Toʻy buzilishiga sal qolgan. Kuyov bir haftacha oqsab yurib, keyin tuzalgan, lekin toʻyning ertasi kuni ancha mazasi qochib, anavi ishini qilolmagan deyishadi. Bu shumlik kimdan chiqqanini toʻs-toʻpolonda hech kim koʻrmagan, koʻrganlar aytmaydi ham, hu keyinroq, Muxlisa opaning qoʻldan ketgani alamiga Samad akaning oʻzi: «Hammasidan ham xoli xor ketdi-da. Lekin men ham qarab turmadim, bopladim», deb maqtangan. Muxlisa opaning xoli oʻzi bilan ketgan-ku, nimaga xor boʻladi, bunga aqlimiz yetmaydi.

Habibaning xoli yoʻq, lekin boʻladigan toʻyimizda, toʻyimiz muqarrar, albatta, Razzoq menga bigiz tiqib olsa ham tovushimni chiqarmayman. Oʻtkir bigizdan uchi kurt bigiz yirib-yirtib yomon kirishini koʻp gapiramiz, men bunisiga ham chidayman. Ishqilib, Habiba menga tegsa bas! Faqat ketimga shimimning ichidan tunukami, faner taxtami kesib qoʻyib olaman, Razzoqning bigizi oʻtmaydi. Lekin Razzoq bigizdan battar yomonlikni oʻylagan ekan. Tinchgina dars oʻtayotgan edik, hech bir aloqasi yoʻq joyda «Maylimi?», deb qoʻlini koʻtardi. Nafisa muallim gapidan toʻxtab: «Ha, tashqariga chiqasanmi? Mayli, lekin tez qayt», deb ruxsat berdi. Razzoq esa toʻrsayib turdi-da, keyin birdan, tomdan tarasha tushgandek: «Akbar Habibani olaman, dedi», desa! Ha, paq etib shu gapni qoʻ-oʻyib yubordi xonasallot. Keyin yana bezrayib turaverdi. Hamma jim boʻlib qoldi. Men qoʻrquvdan tosh qotdim. Nafisa muallim esa Razzoqqa: «Ha, boʻpti, oʻtir», dedi-da, darsni beparvo gapirib kelib, yonimda toʻxtadi, boshimga qoʻlini qoʻydi, qulogʻimga egilib: «Joʻraev senga qizi tugul, b...ni ham bermaydi», deb shivirladi-da, hech gap boʻlmagandek oʻtib ketaverdi. Birdan boʻynimni qisib qolibman. Yomon uyaldim. Habiba tomonga qarashga yurak ham yoʻq.

Bu darsda Razzoqqa: «Oʻl, shimpanze! Koʻrasan hali!», deb poʻpisa qildim. «Ma-allim, qarang, nima deyapti», deb zorlandi Razzoq. «Sen uni orangutang, de, – dedi Xatira opa. – Shunda ikkoving ham maymun boʻlasan». «Mayli – men orangutang, sen shimpanze – jazosiga orqang qizil», deb Razzoqni mayna qildim. Habiba bergan kitobda shimpanzening rasmini koʻrganman-da. Razzoq yana bezraydi, gap topolmadi, u shimpanze qanaqa maymunligini ham bilmaydi. Lekin oʻzimning yuragim taka-puka. Endi darsdan keyin katta tanaffus. Habibaning otasi – direktorimiz Joʻraevning kim qanaqa maymun ekani bilan ishi yoʻq. Unga maymun – oʻzim. Katta tanaffus kelsa, lineykani oʻzi oʻtkazib, menga: «Qani, maymunboy. Oldinga bir qadam chiqing-chi», deydi. Uv-v, ana, keyin boshlanadi: «Manavi bola, hali oʻzi mishigʻini artolmaydi, lekin Joʻraeva Habibani olaman depti. Men qizimni shunaqa ogʻzi buzuq mishiqiga beramanmi? Aslo! Uyat, sharmandalik. Hayf bunga!» Direktorimiz shunaqa gaplarni koʻp gapiradi, bir narsani tutib olsa, qoʻymaydi. Bir marta Avaz bilan Razzoq yongʻoq oʻynayotgan, men bir chekkada qiziqib qarab turgan edim, shuni koʻrgan ekan, kolxoz radiouzelidan menga toʻnkab gapirgan, «Eshonning oʻgʻli qimor oʻynayapti-ey, qimorvoz boʻlib ketibdi!», deb. Bunga eshonning oʻgʻli ekanimning nima aloqasi bor? Keyin Razzoq ham eshonbobolardan, nimaga uni aytmaydi? Yana bir marta ramazonga chiqishimizni poylagan ekan, «hofiz»imiz Vafoqul edi, men, Avaz, Mahkam, yana birov, joʻrlik qilganmiz. Ha, endi bu ham bir oʻyin edi-da, yo esa cholu kampir saksonga chiqqan Shodiqul bobo bilan yetmishdan oshgan Safiya momoning darvozasiga borib: «Xudoyim qoʻchqorday oʻgʻil bersin beshigingizga!» deb baqiramizmi? Momo ham zoʻr ekan, «Ha, iloyo, aytganlaring kelsin! Faqat chuvur-chuvurni nariroqda qilinglar, bobongiz pinakka ketgan edi», deb toʻrtta besh tiyinlik tanga chiqarib bergan. Oʻsha kuni zavqimiz kelib yarim oqshomgacha ramazon aytganmiz. Lekin ertasi kuni Joʻraev ashulaxonligimizni faqat mening burnimdan chiqargan. Lineyka oʻtkazib, «Qani Abdullaev, oldinga chiq», dedi. Men chiqdim. Bitta men, boshqalarni tilga ham olmadi. «Mana, tanib olinglar – tilanchi! Eshonning oʻgʻli eshikma-eshik gadoychilik qilib yuribdi. Hammang koʻr gadoyni! Hayf shuncha tarbiya! Uyat, sharmandalik! Yana «a’lo»chi oʻquvchi emish.» – Joʻraevning husumati bor, boʻlmasa, nimaga faqat menga yopishib oladi? Haligi Habiba haqidagi gapimni eshitgan boʻlsa kerak deyman. Ishqilib, topib olgani men-da.

Habibaning shuncha azob bergani yetmaganday, otasining ham kun bermagani. Lekin bu gaplar keyin boʻlgan. Esimga tushib qoldi-da, shunga aytyapman.

Hammasi Razzoqning sotqinligidan boshlandi-da oʻzi. Oʻshanda direktorimiz albatta haydaydi deb ishonganman. Lineykada oldinga chiqarib: «Oramizda bunaqa tarbiyasiz bolalarga oʻrin yoʻq» deydi, vassalom! Shu yerning oʻzida, maktab hovlisida jildimni qoʻltigʻimga qistirishadi, boshim egik, koʻzimda yosh, sinfimga qaytib kirmay, uyga ketaman. Sinfdoshlarimdan ayrilaman, Habibani endi koʻrmayman, men – yomon bolani boshqa qishloqlardagi maktablarga ham olmaydilar, boshimni olib Mirzachoʻl degan boʻrilari koʻp, shogʻollari ham bolalarga teginadigan, ajinalari tiqilib yotgan ovloq choʻllarga uloqib ketaman. Keyin, albatta, Habiba meni soʻroqlaydi, izlattiradi, lekin kech, men qaytib kelmayman. Oʻsha yoqda maktab direktori, yoʻq, undan ham zoʻr – kolxoz raisining juda chiroyli qizi, meni ol, meni ol, deb orqamdan ergashib yuradi. Habibani deb kuyib-kuyib, oxiri, alamiga kolxoz raisining oʻsha juda chiroyli qizini olaman. E, ha, qishloqqa kelmasak boʻlmas ekan, kelamiz: oʻsha juda chiroyli qizni olganimni Habiba koʻrsin-da. Birga kelamiz, «Pobeda»da, oʻzim haydayman. Shaftoli rangida, yap-yangi. Yakshanba kuni bozorga tushamiz. Qosim naloʻgchi oʻtiradigan darvozaning toʻgʻrisiga «Pobeda»ni qoʻyib qoʻyib, qoʻl ushlashib bozor aylanamiz. Juda chiroyli qiz yelkamga suyangan, men, chap qoʻlim uning belida, kinoda koʻrganman-da shunaqa yurganlarni, oʻng qoʻlim bilan choʻntagimdan beli sinmagan yangi bir soʻmlikni chiqarib, Karomat xolaga uzataman. Karomat xola menda shuncha pul borligiga esi ogʻib qaraydi. E-e, yoʻq, bir soʻmlikka qoyil qolishi uncha toʻgʻri emas, uch soʻmlik, yaxshisi, besh soʻmlik boʻlsin. Oʻn soʻmlik yana ham zoʻr-u, lekin oʻzimniki ekaniga ishonmaydi, otasining pulidan oʻgʻirlagan deb oʻylaydi. Men indamay ikkita barmogʻimni ayri qilaman: ikki stakan, oʻn tiyinlik qilib! Karomat xola choʻntagimizga toʻ-oʻldirib bir stakandan solib qoʻyadi. Lekin qaytimiga puli yetmaydi. Men, mayli, qoʻyavering, sizga sovgʻa, deb qoʻl siltayman. Karomat xola: «Iloyo, tuproq olsang, oltin boʻlsin!» deb duo qiladi. Oʻylab qolaman: besh soʻmning qaytimi koʻp, ha, nihoyatda koʻp qoladi, shuncha pulni bitta kampirni hayron qilishga ketkizgandan koʻra, oʻzimda turgani yaxshi, oʻsha beli sinmagan bir soʻmlikni choʻzganim ma’qul. Endi qaytimiga ichim achiydi-yu, lekin, mayli, bu kelganimda pistasini tekinga berar. Butun bozor bizga mahliyo. Savdo toʻxtab qoladi. Men esa beparvo, hech kimni pisandga ilmayman, pista poʻchoq labimdan pirillab uchaveradi, zoʻr kolxoz raisining juda chiroyli qizi qoʻlimni qoʻyib yubormaydi. Ana shunda Habiba meni koʻrib, shu yerda anqayib turgan Razzoqning betiga tupuradi, «He, oʻl, tiling kesilsin, meni shunday Akbardan ayirding! Ana, qara, uni mendan ham chiroyli qiz oʻziniki qilib olibdi!», deydi-da, yigʻlab yuboradi.

Habibaning izillab yigʻlayotgani koʻz oldimga kelib, oʻzim ham ezilaman. Yoʻq, Mirzachoʻlga ketsam ham, Habibani olaman degan gapimdan qaytmayman, zoʻr kolxoz raisining juda chiroyli qizi boʻladi, albatta, lekin men unga yoʻq deyman. Habiba emas, qaramaganimga endi shu juda chiroyli qiz izillab yigʻlab qoladi. Qishloqqa «Pobeda»ni minib bitta oʻzim kelgan boʻlaman. Bozorda pista chaqib yurganimda Habiba meni koʻrib rosa quvonadi. Keyin: «Mayli edi Akbar meni olsa», deb Razzoqning betiga tupuradi. Vafoqul joʻram, hamsoyasi boʻlsa ham, Razzoqning koʻkragiga kalla qoʻyib agʻnatadi. Men Vafoqulga xuddi kattalardek: «Boshqa urma. Betiga Habibaning tupurgani yetadi. Hali kichkinamiz-ku, ertaga yarashib, joʻra boʻlib ketamiz», deyman-da, mardlik qilib unga ham bir stakan pista olib beraman.

Razzoq bilan yana joʻrachilik qilib ketaverdig-u, lekin qoʻl koʻtarib toʻrsayib turgani koʻz oldimdan ketmaydi. Ha, yana, Nafisa muallim oʻshanda boshimga qoʻlini qoʻyib, haligindek uyaltirgan boʻlsa-da, bu gapni direktorimizga aytmagan, shu ham esimda. Keyin, Razzoqning bu pastligi, – oʻgʻil bolaga juda pastlik-da bu, – Habibani butunlay meniki qilib ham qoʻydi. Hammaga eshittirib aytdi-da, yana dars payti.

Bu yili, paxtaga chiqquncha shunday yurdik. Yoz boʻyi Habibani koʻrmasam ham, u meniki edi. Uch oy davomida, qizlar alohida, biz alohida oʻynaganimiz uchunmi yo Habibalarning moli boshqa podaga haydalganigami, qishlogʻimizda uchtami, toʻrttami poda bor edi, bir-birimizga duch kelmaganmiz. Balki oʻyinu choʻmilishlarga chalgʻib, shu oylar esimga kelmagandir, bilmayman.

Ishni Bahor buzdi. Sentyabrda haftami-oʻn kun oʻqimay, paxtaga chiqarishdi. Darsimizni oʻqigandan ke-yin, uyga borib non-pon yeb keldik-da, keyin yana tizilishib, dalaga yoʻl oldik. Fartuqchalarni taqib, egatlarni boʻlib olyapmiz. Albatta, Habibaning yonidaman, menga tushgan egat Bahorning koʻzini oʻynatib yubordi. «Oldin men oldim-ku», desam ham, «Uzoqdan sendan oldin koʻrib, olaman, deb kelayotgan edim», deb qoʻymadi. Turgan gap, Habibaning yonidan ketgim yoʻq, «Uzoqdan koʻrib ham aytmaganingdan keyin hisob emas. Endi, mayli, sen bu yogʻimdan tush», deb murosaga chaqirdim. Bahor: «Ha-a, bilaman, Habibani deb bermayapsan», dedi. Men, albatta, munkir keldim. «Hech ham-da. Qara, qanday yaxshi ochilgan», dedim. Bermadim. Bahorning rosa alami keldi. Uncha esimda yoʻq, Mahbuba xolaning oʻzi kelib qoldimi yo terib borib, biz kattalarga qoʻshildikmi, ishqilib, Mahbuba xolaga Bahor: «Akbar qizingiz Habibani onangni... deb soʻkdi», dedi. Men soʻkmaganman, balki boya egat talashganda, oʻgʻil bolalarga soʻkinish uncha ayb emas edi, ogʻzimdan chiqqandir, lekin Habibani emas, Bahorning oʻzini. Mahbuba xola menga bir qaradi-da: «Ha, ogʻzi yomon bola, soʻkma bunaqa, uyat boʻladi», dedi. «Soʻkkanim yoʻq. Bahor, egatni bermaganim alamiga, aldayapti», dedim. Bahor: «Soʻkding! Soʻkding! Shunaqa yomon gap bilan soʻkdi», deb turib oldi. «Habiba, oʻzing ayt, soʻkmadim, a?», deb yalindim. Habiba terimdan boshini koʻtarmadi. Bu orada Bahor: «Orqangdan soʻkdi, sen eshitmading», deb gij-gijlaganmi, ishqilib, bir ogʻiz ham yonimni olmadi. Shu-shu, yoʻq yerdagi tuhmat sabab, urishli boʻlib, Habiba mendan yuz burib ketdi. Toʻqqiz yil, toʻqqiz yil-a!

U paytlari urishib-yarashishimiz juda oson, sababi ham arzimas edi. Gʻijillashib qolganda yoqalashib yo mushtlashib yurmaymiz, «Sen bilan urishdim!» deymiz, u tomon ham «Urishsang urishaver, men ham sen bilan urishdim», deydi – tamom, gaplashish toʻxtaydi. Kim birinchi ogʻiz ochsa, shu yutqizadi. Lekin birga oʻynaymiz, oʻtga chiqamiz, butkul gaplashmay ketishning iloji yoʻq, oʻrtada birov turadi. Masalan, deylik, Avaz bilan urishliman, unga biron gapni aytishim shart boʻlsa, Vafoqulga: «Anovi manovi ishni qilsin», deyman, Avaz ham Vafoqul orqali: «Ha, boʻpti, qiladi», deydi. Agar shu payti oʻrtada birov topilmasa, shu birov Avazning oʻzi boʻladi. Avazga: «Anovi manovini qilsin», deyman, Avaz ham oʻzim orqali menga: «Boʻpti, eshitdi, qiladi», deb javob beradi. Urish ham koʻpga bormaydi. Yo chuli-chuli oʻrtaga tushadi, yo oʻzimiz gaplashib ketamiz. Bu ham qiziq. «E-e, boʻldi, yarashamiz», deymiz. Birovimiz: «Boʻpti, unda sen gapir», deymiz, unimiz: «Yoʻq, men emas, oʻzing boshla. Urish oʻzingdan boʻldi-ku», deydi. Xullas, kelishiladi, yarashib ketaveramiz. Ba’zan oʻynab yurganda urishli ekanimizning oʻzi ham esdan chiqib qoladi.

Lekin Habiba akslik qilib turib oldi. Albatta kimlardir oʻrtaga tushgan, busiz boʻlmaydi-ku, lekin Bahorga ishondimi yo olaman deganimni juda qattiq oldimi, shu-shu, gaplashmay qoʻydi. Olaman deganim ham borib-borib, har kuni, har soat koʻrsam ham, koʻrmasam ham uni oʻylab yurishga aylandi. Lekin u orani tamom uzdi. Oʻz ogʻzi bilan: «Akbar, mendan umidingni uz», desa ham, aytdim-ku, mayli, rozi edim.

Hozir aytishga kulgili, hatto zavqi ham bor, lekin u paytlari, eh-he, kimlar bilan talashmadim, kimlardan qizgʻanmadim. Razzoq, ochiq aytmagani bilan, ziyonchiligini qoʻygani yoʻq. Menga qiziqib, Avaz ham uni bir olmoqchi boʻldi. U bilan ham urishdim. Yana boshqalar chiqdi. Hozir hammasi esimda yoʻq, bittalab sanash ham qiziq emas. Lekin «S.Joʻraev» degan bir shoir paydo boʻlib, ancha kuydirganini unutolmayman. Boshlangʻichni boshqa qishloqda oʻqib, keyin bizga kelgan. Mendan bir sinf yuqori. She’r-lari hatto «Jomboy tongi»da ham bosildi. Vatan, atirgul, oʻrkach-togʻlarni yozar edi-yu, lekin she’rlari, meningcha, maktabimizda Habibadan boshqa qiz yoʻq, albatta, unga atalgan. Shoirdan oʻtaman deb, oʻzim ham yozadigan boʻldim. Kechalari uxlamay she’r toʻqiyman, ajoyib hayajonga choʻmaman: «Bogʻda gullar oʻzgacha, Suvda kumush kulgular. Yuragim bir koʻzgucha, Joʻsh uradi tuygʻular». Shunday chiroyli yozganimga keyin oʻzim ham hayron. Albatta, bogʻda Habiba yurgani uchun gullar oʻzgacha, suvning oʻzi kulmaydi-ku, Habibaning qotib-qotib kulayotgani koʻz oldimga kelib, kulgisi eshitilib turadi, kulgining kumushligi nima ekanini tushunmasam ham, joʻshib ketaman. »Jomboy tongi»ga ham yubordim, lekin «obzor»da «urildim». Juda alam qildi. Tagʻin shu «obzor»da «S.Joʻraev» maqtalib, misol uchun toʻrt qator she’ri keltirilgan! Samandarning familiyasi ham Habibaniki bilan bitta ekanini aytmaysizmi! Keyin men she’rlarimni hech kimga oʻqitmadim, Habibaga, albatta, yetmagan, hayajonlarimni esa shundoq «qalbimga koʻmib» qoʻya qoldim.

Ma’mur degan bir uzoqroq togʻasi bor edi, bizdan uch yosh katta, miqti, tosh koʻtarib chiniqqan, polvon yigit, tagʻin deng, nay yasab, puflashni ham oʻrganib olgan. Nayni-ku yasash oson: quruq karrakni kesib, choʻgʻ sim bilan bu uchidan bitta, u yogʻidan oltita teshik ochasiz – tayyor, lekin menikidan qancha puflamay, kuy chiqmaydi, faqat hushtak chiyillaydi, karrakning kuyugi ogʻzimdan ketmaydi. Ma’mur polvonniki, uyimiz yaqin, kechqurunlari sadolanib keladi, Habiba ham eshitib turibdi deb, bagʻrim tilimlanadi.

Mushtday boshimga togʻday bu yuk rashk juda ogʻir; uni oʻylashlarim bir zindon, shu zindon ichiga sira chiqolmaydigan boʻlib tushib ketgan edim. Bolalik-ku, quvonchli kunlar kechgandir, bayram, koʻpkari, toʻy, sayil, har turli oʻyinlar, ishqilib, nimadir shodliklar boʻlgan, lekin u qaramagani uchun hech biri tatimagan.

Birinchi kursni ham uni oʻylab, oldiga qatnab oʻtkazdim. Lekin bu orada oʻqishni ham tashlab qoʻyganim yoʻq. U paytlari berilib, basma-basiga, shavq bilan oʻqir, bahoga juda qiziqar edik. Kirishda «uch»larim bor uchun oʻqishni stipendiyasiz boshlagan boʻlsam-da, koʻp oʻtmay peshqadam talabalar safiga chiqib oldim. Birinchi semestrni «a’lo»ga yakunladim. Albatta, kimligimni Habibaga ham koʻrsatib qoʻyishim kerak edi. Lekin u koʻrmaydi, qanday oʻqiyapsan deb bekatlarda bir ogʻiz soʻrab ham qoʻymaydi. Kurs boʻyicha roʻyxatning boshida turganim uchun imtihonlarga eng oldin kiraman. Domlaning kayfiyati birinchi kirganning topshirishiga juda bogʻliq degan ishonch bor, yaxshi oʻqiydiganlarning koʻpchiligi, hatto boshqa guruhlardagi qizlar ham eshik oldida shivir-shivir, imtihondan chiqishimni poylaydi. Eshikni ilja-yib yopishim bilan olqish, chapakka koʻmilaman. Qizlardan bir xillari endi oʻzining ham «a’lo» olishiga ishonib, dik-dik sakraydi. Xullas, e’tibor joyida, oʻrnimni topib boryapman. Bular, ayniqsa, qizlarning ergashishi, albatta, Habibaning ozoridan dardlangan koʻnglimga malham. Yana bu orada boʻyim choʻzilyapti, et oldim, koʻkragimni keribroq yurishga oʻtdim, shaharning mayda-chuyda bezorivachchalari teginolmaydigan boʻldim. Ana shu paytlari uning qaramasligi bota boshladi. Maktabdagi hayotim hayot emas, zahar-zaqqum boʻldi, shundan oʻsmadim, bola boshimdan ezilib, toʻkilib yurdim, yuzlarimni ajin bosdi, e-e, xullas, har kuni uni koʻrganimdan erkin nafas ololmadim, endi, mana, hozirlari uni haftada bir, ya’ni kam koʻrganim uchun sal havo tegdi, yorugʻlikka chiqdim, jonlanib boryapman, demak, yigʻishtirishim kerak degan oʻylarga boradigan boʻldim. Ba’zan esa bundan ham ajabtovur fikrlar yuritaman: shu sevmasam-chi, deyman; mana, masalan, qiz chiroyli, chehrasi ochiq, muomalasi yaxshi boʻlsa, uni yaxshi koʻrsang, u ham seni yaxshi koʻrsa, oʻrtada shu har xil mashaqqatu azoblar boʻlmasa, qanday yaxshi, uni sevasan, qiynalmay ham oʻqiyverasan. Misol uchun Saodatni olsam, juda kelishgan, uylansang, uyingni gullatadi, bemalol sevish mumkin. Lekin Habiba shunaqa xayol surgani ham qoʻymaydi, oʻrtada turib olib, kunchilik qilib chimirilaveradi, qizlarimizdan birontasiga yaqinlashtirmaydi, birga kinoga tushsak, oʻrtaga oʻtirib oladi, qoʻlini ushlashga toʻsqinlik qiladi, unisi bilan koʻz urishtirsam, qoshining oʻrtasiga kindor tuguncha tushadi, xullaski, kun bermaydi menga. Oldiga umid bilan otlanib boraman, it gʻajigan suyakdek ezilib qaytaman. «Oʻzi yemas, itga ham bermas», deb achchiq ham qilaman ichimda, juda oʻtib ketgan vaqtlari. Ha, darvoqe, tilim ham ancha burro boʻlib qolgan.

Shu bilan yoz keldi. Hozirgi talabalarga qanday, uncha bilmayman, lekin bizning paytlarda ta’tilning ta’tilligi yoʻq, talaba – universitetga tekin mardikor, u-bu ishga albatta yuborar edi. Keyin oʻqish boshlanadi, oʻn besh-yigirma kun oʻtmay esa – paxta. Birinchi kursni bitirganda SSO – studentlar qurilish otryadi degan narsa tuzilib, biz – er yigit ham uning safida Nukusga joʻnadik. Ha, er yetib borayotgan edim lekin. Ammo kambagʻalning ogʻzi oshga yetganda burni qonabdi, deganlari menga toʻgʻri boʻldi: bilmadim, ne yozugʻim bor ediki, falokatga uchradim. Mana, nihoyat, oʻsib, toʻlishib, odam boʻlyapman deganimda, bu koʻrgulik menga qarab turgan ekan, oyogʻimdan chiqdi.

Koʻylakning faqat etagidan tugib, terlagan yagʻrinni issiq shabadaga lang ochib ishlab yurganimda oyogʻim kuyib qoldi. Kuyganning ham darajalari boʻlar ekan, meniki «4-A» darajasida pishdi. Ha, pishdi: bitum – qorasaqich baqir-buqur qaynab-tutab quyilganda jon achchigʻida «Voh!» deb changallabman, oyogʻimning terisi shundoq qoʻlimga ajralib, tagidan oppoq goʻshti chiqib qoldi-da, birpasda yostiqday shishib berdi. Ikki oyogʻimning ham doʻngsali yo gulgayi deydimi, ishqilib, usti, butunicha nima boʻlsa – boʻldi. Qarang, qoʻlda qalin qoʻlqop-u, oyogʻim yalang! Tovoni bosilgan latta boshmoqni ildirib yuraverganman; esingizdami, hu boʻlardi-ku, ikki soʻmu nechchidir tiyinlik. Yonib oʻz alangasiga oʻzi erib qaynagan qorasaqich temir quvurdan vishillab kelganda koʻkragimni, qoʻlimni tortibman, lekin oyogʻim turgan joyida qolaveribdi. Ustiga vaqirlab quyildi-ketdi. «Voh!» dedim-u, boshqa tovushim chiqmadi. Nuqul ihrayman. Men bilan navbat almashib, endi soyalayman degan narpaylik Erkin inqillashimni eshitib qolib, chopdi. Qurilishimizda ishlayotgan bir yukmashinada, Erkinning tizzasida, har silkinganda jonim chiqib, kasalxonaga yetdik. Shu yotishda baland isitma bilan toʻrt kun alahlabman. Qanaqa muolajalar qilishdi, bilmayman. Koʻzimga hech narsa koʻringani yoʻq, lekin tepamda chop-chop koʻp edi. Yaram alamga kirib, ogʻriqni sezganimdan keyin «perevyazka» degan dahshati boshlandi-ku! Oʻ-oʻ, buni qattol dushmaningga ham sogʻinmaysan! Oyoqlarimni sassiq bir malham surib, chaqaloqni yoʻrgaklagandek, dokaga oʻraydilar, xona qaynoq, dim, doka tagidagi hamma narsani soʻrib, oʻziga tortib yopishtiradi. Keyin uni koʻchirib olishlarini koʻrsangiz! Ha, xuddi terak poʻstlogʻini shilgandek, qatir-qutur qilib archadilar. Ishoning, shunday, doka oʻramini oyogʻimning tagidan, kaftdan uzunasiga qaychilab ochadilar-da, poʻstloqni etdan ayirib olaveradilar. Kuyib, oʻlgan goʻsht. Ana shu oʻlgani dokaga yopishadi, shuni ajratib olishlari kerak. E-e, buning azobi! Hozir ham ingrab ketaman. Koʻz oldimda ikki yonimda turgan qoraqalpoq qizlarning juda achinib qarab turishlari. Erkak doʻxtir menga oʻxshaganlarni koʻraverib qotib ketgan, odamning oyogʻi demaydi, vahshiy, «Mana, mana, i-i, ana, boʻpqoldi», deb ishini qilaveradi. Qizlarning oldida dodlay olmayman, «Ha, yurakli yigit!», deydi doʻxtir. Yurakli yigit esa faqat «Ih-ih-h» ihrayman, qattiq tishlanganimdan tishlarim sinib ketay deydi. Odam bolasi, boshiga tushsa har qanday dardga koʻnar, oʻlib qolmasa boʻldi ekan. Xudoga shukr, umrim bor ekan, oʻlmadim-u, lekin kasalxonada toʻqqizmi-oʻn kun yotib, naq oʻn besh kilo oriqlabman. Boldirimning suyaklari qilichdek oʻtkirlanib, qirrasi chiqib qoldi. Yo tavba, deyman oʻzimga qarab, odam ham shuncha oʻzgarar ekan-da, a? Bularning Qizketgan degan katta kanalining bu chekkasidan u chekkasiga suzib borib kelayotgan yigit edim-a. Endi qarang, hurpaygan soch tagida choʻkik koʻzu mushtdek turtib chiqqan yonoqlar. Rangim oppoq, jon yoʻq. Oʻzimni tanimayman. Ey, bilasizmi, yotgan joyingizdan oʻzingiz turib, oʻz oyogʻingizda mana shu deraza oldiga borish nechogʻli baxt ekanini! Men shugina baxtni orzu qilardim.

Uyga xat yozmadim, kim topib keladi, deb oʻylabman, haligi kinolarda urushdan yarador qaytganlarga oʻxshab, hassaga qiyshiq tayanib, kutilmaganda kirib boraman degan xayol ham bor, keyin rosa ginaga qoldim. Kasalxonadan ham hech kim xabar qilmagan. Boʻlmasa, nari borib, beri kelib yotganman. Hammamiz ham uydan ilk daf’a uzoqqa ketganimiz uchunmi, kursdoshlarimning ham xayoliga kelmagan. Lekin har kuni uch-toʻrttalashib koʻrgani keladilar. Forishlik Egamberdi «taxta pichini» deydigan ikkita vafli, bir shingil achchiq uzum bilan. Vafli tomogʻimdan oʻtmaydi, koʻm-koʻk uzum esa chap ichagimga yuq ham emas. Lekin hech kimda pul yoʻq, hamma chalaqursoq. Bir-ikkita dashtligimizni aytmasa, qolganlarimiz meva-chevaning ichida oʻsib, oʻrgangan, bu yerda tushimizda koʻryapmiz. Menga esa vitamin kerak, toʻyib-toʻyib yeng, deydi doʻxtir, kuyganga foyda ekan. Qurilish otryadi shu yili birinchi tuzilishi, hisob-kitobdan keyin tugʻilganmi, ishlaganimizga tiyin ham bermagan. Uydan olib borgan besh-toʻrt soʻmimiz bir-ikki haftadayoq tugagan. Pulu yemak boʻlmagandan keyin ishning ham tartibi ketgan. Kuyishimdan bir kun oldin Erkin ikkovimiz bir qoraqalpoq akamiznikiga mardikor tushib, mingini sakkiz soʻmdan oʻn mingta quyib berishga kelishgan, shu kuni mingta gʻisht tashlagan ham edik. Kasalxonaga tushib qolganimdan keyin Erkin borib, akaga aytgan ekan, aka unga quygan gʻishtimizning pulini beribdi. Kursdoshlarim meni koʻrgani shu pulga «bozor qilishadi». Xaridlari toʻrtta «taxta pichini», bir kilocha qanaqadir uzum. Boshqasiga yetmaydi. Bu ham menga yetib borguncha, «bir tatib koʻray, ma, sening ogʻzing tegsin» bilan, oʻzlari ham och, vaflidan ikki dona, uzumdan atigi bir shingili qoladi, xolos. «Kechirasiz, joʻra, uzum koʻrganimiz ham otam zamonida edi-da. Mana, shuni ham zoʻrgʻa sizga asrab qoldik», deb oʻzlari yana suqlanib turadi. Achchiq uzumni yutoqib yeyman, qishloqda uyimizning oldi ham, orqasi ham tokzor, vaish, olmayu shaftolilar tagiga toʻkilib yotgani koʻz oldimga kelib, nimaga vaqtida oʻsha mevalarga toʻyib olmaganman deb oʻksinaman. Vaflini joʻralarimning oʻziga qaytaraman, shu zahoti changi chiqib ketadi. Har kuni yarim soat achinib oʻtiradilar. «Yomon oriqlayapsiz-da, joʻra. Bunaqada....», deb u yogʻini aytishga koʻngillari bormaydi. Bir kuni doʻxtirning oldiga kirib: «Joʻramizni bering, oʻzimiz qaraymiz», deyishsa, albatta, doʻxtir koʻnmagan, «Hali joyidan ham turolmaydi-ku, sizlarda sharoit yoʻq, qanday qaraysiz?», depti. Keyin gapni bir joyga qoʻyib, menga aytishdi. «Joʻra, bu yotishda sizni oʻldirib qoʻyishadi. Na ovqati bor, na qarovi. Obketamiz», deb turib olishdi. Men – yotgan xalta suyak, toʻgʻri choʻzilsam bir navi, lekin karavotdan oyogʻimni tushirishim bilan ming bigiz sanchigʻiga uchraymanki, hech u yoq-bu yogʻi yoʻq – doʻzax! Yana bu yaralarni qayta bogʻlash azobi. Bu yerdan ketsam, dokani oʻzim avval ivitib, keyin yechaman degan umidda rozi boʻldim. Boshqa iloj ham yoʻq. Rostdan ham, oynaga qarasam, qanday tez oriqlayotganim xuddi koʻrinib turgandek bir vahima edi. Shom qorasi, kech tushganda, hazili yoʻq, oʻgʻirlash operatsiyasi boshlandi. Toʻrtta kursdoshim koʻrgani kelgan boʻlib, ikkitasi qoʻlini zambar qilib, meni koʻtardi, ikkitasi oyogʻimdan ushladi-yu, kasalxonaning pastak devori orqasida yana uchtasi turgan ekan, ularga oshirib, oʻmarib ketaverishdi. Navbat almashib, oʻzlari xursand, men ne azobda, «Ha, endi oʻlmaysiz, joʻra, oʻzimiz bor», deb yotoqxonaga yetkazib kelishdi.

Oʻn sakkiz-yigirma yashar poʻkonidan yel oʻtmagan bolalarmiz, koʻpning bunaqa fidoyi mehri, samimiy oqibatiga endi duch kelishim. Boladek opichlab yuradilar, makaron shoʻltiqlaridan chiqib qolgan danakdek goʻshtni menga ilinadilar. Bilmayman, qanday eplashdi, kasalxonadan oʻsha sassiq malhamni bankasi bilan oʻgʻirlab chiqqanlar. Yaralarimni ham oʻzlari bogʻlamoqchi edi, lekin hech birining yuragi chidamadi. Oʻzim qilaman. Qotgan dokani ivitib koʻrdim – boʻlmadi, suv oʻtmas ekan. Oʻzim karavotda, oyoqlarim kursida, avval ha-hulab chogʻlanaman. Keyin tovondan oyoq uchigacha qaychilayman-da, nafas rostlab, yana oʻzimga dalda bilan bir dodlayman. Shu dodlagancha voy-dodlab, chinqirib dokani archib olaman. Oyoqlarimning usti butunicha qip-qizil goʻsht... E-e, mayli... batafsil aytavermay, koʻnglingiz ayniydi. Xullas, joʻralarim tepamda parvona, oʻzimga oʻzim qarayman. Haftadan keyin urgutlik Mavlonning qoʻliga ham qorasaqich sachragan edi, «Tangadek joy menga shuncha azob berdi, Akbar joʻram nimalarni koʻrmayapti ekan!», deb boshqa ishga chiqmadi. Yarasini bahona qilib, faqat menga qaradi. Haligi joylarga ham koʻtarib boradi, «Boʻldingizmi, qachon boʻlasiz?» deb taxta eshik oldida oftobga pishib qarab turadi.

Pulsiz, och-nahor yuravergandan keyin ishga chiqmay qoʻydik, avgust oxirida bizni tantanali suratda SSOning sharafli safidan oʻchirishdi. Kuch bilan vagonga chiqib olib, pul bermay Samarqandga yetib keldik. Bu paytlari sal-pal oyoq bosishga oʻtgan edim. Avtobusga chiqishga yaramas edim, otryadimiz boshligʻi taksiga yoʻlkira toʻgʻrilab berdi, uyga ham kelib oldim. Uyda... mayli, bu yogʻi xayriyatchilik.

Lekin kuyganimni nimaga buncha tafsiloti bilan aytyapman? Oʻzingiz ham bilib turgandirsiz, shuncha uzun azobning biron kunida Habibani unutganim yoʻq. Alahlaganimda otini aytib chaqirgandirman, lekin aldamay, oʻsha uch-turt kun es ham kirarli-chiqarli edi, lekin oʻzimga kelganimdan keyin daqiqa ham koʻz oldimdan ketmagan. Boshimda termilib oʻtirgan. Shuncha narsani koʻryapman, falokatning sharofati, mashaqqatlarni yengib borganimdan keyin endi menga qaraydi deb, umid qilganman. Qishloqda paytim uyimizga kelib koʻrmagani tabiiy, turgan gap, lekin uch oy oʻtib, paxtadan qaytgandan keyin, dekabrda bekatda turganimda nechtasi hol-ahvol soʻrashdi, u esa oyogʻimga bir koʻz tashlagan boʻldi, xolos. Nimalarni koʻrib kelmabman-a qaysi yurtlardan. Shunda... nima, men odam emasmanmi, juda oʻtib ketdi!

Sentyabr, oktyabrda ham paxtaga chiqmadim. Shahar kasalxonasida yotib yana davolandim. Oyogʻimning terisi, goʻshtlari kuyib ketgani bilan, paylari omon ekan, ham haligi qoraqalpoq doʻxtirning azobiga chidab oyogʻingni choʻzib kerishtiraver, boʻlmasa tortishib bitadi, choʻloq boʻlib qolasan deb oʻrgatganini qilaverib, yana azot yurib ketdim. Yaralarning ustini yiltirab yupqa teri qoplab, tirish-burish chandiq boʻlib bita boshladi, faqat ikkita uch tiyinlik tangadek joyi qolganda, noyabr oxirida kursdoshlarimni sogʻinib paxtaga bordim. Shunaqa kutib olishdiki! Haqiqatan ham urushdan butun chiqqan qahramondek. Koʻkragimda orden bilan, qoʻlimda chiroyli hassa yoʻq, xolos. Gulandom: «Oʻzim aylanay!» deb yuzimdan choʻlpillatib oʻpdi, keyin bilmayman, nechta qizning quchogʻiga tushdim. Saodat yigʻlab ham yubordi, yigʻi ham yuqumli kasallik emasmi, oʻrab turgan qizlardan yana bir-nechasining koʻziga yosh kelganini koʻrib, zoʻrgʻa ushladim oʻzimni. Shunchasi oʻrtaga olib, mehr koʻrgazib tursa, ta’sirli boʻlar ekan. Namuncha vahima desam, endi tamom, Akbarning ikki oyogʻi ham yaramaydi, bechoraning oʻqishi qoldi degan gaplar chiqib, bu xursandchiliklar shunga ekan.

Paxtadan qaytdik, oʻqishlar yana boshlandi, yana oʻttiz oltinchi avtobusning bagʻavoti. Ha, hali aytganim, Habibani koʻrdim, u uzoqdan bir qaradi, oldiga borganimda bir chimirildi – boʻldi. Xolos, shu! Ana shunda oʻtib ketdi. Lekin tishimni tishimga bosdim, sirimni bermadim. Boshqalar bilan kulib soʻrashdim, unga miq etmadim. Uni koʻrmayotgandek tutdim oʻzimni. Uch-toʻrt hafta indamadim, oldiga ham bormadim. Bayramga birga qishloqqa keldik. Yangi yilning intizorli kutish kunlari ham oʻtdi, birga qaytdik. Tabrik gap nomiga ham boʻlgani yoʻq. Ke-yin, shu haftamidi, keyingisimi, qor aylanib yogʻayotgan bir kuni, darsi tugashini moʻljal olib, yoʻlida kutdim. Toʻrtinchi trolleybusga birga chiqdim. Oʻtirishga joy yoʻq ekan, u tutqichga suyanib oldi. Men ham borib shu tutqichni ushladim. Ancha vaqtdan beri bekatda yonma-yon talqon yutgan boʻlsak-da, salom berdim. Alikka tili aylanmaganidan nima demoqchiligimni bilganini bildim – foydasi yoʻq. Gapni unday boshlayman, bunday deb soʻz ochaman degan tayyorgarliklarim havoga uchdi. Lekin orani biryoqli qilishim shart, aytaman degan fikrga yopishib olganman. Jim turish dushvor, lekin ichimga sigʻmayapman. Unga egildim, bir pas nigohini tutaman deb tikildim, keyin bor-e deb, shivirladim: «Habiba, men sizni sevaman!» Kinolardagidek bunaqa quruq izhori dil qilishimni oʻzim kutmagan edim. U tutqichni qattiqroq changallab, ustiga doʻl yogʻayotgandek gʻujanak boʻlib oldi. «Habiba, javob bering!» – gapirdimmi, ingrandimmi, ishqilib, shunaqa soʻzlar toʻkildi lablarimdan. U boshini koʻtarmadi. Turgan joyimda faqat unga termilgan koʻzim qoldi, qoʻl, oyoq, gavdam oʻzimniki emas, umidsiz, vidolashuv alami bilan nurab ketdim, sitildim: «Habiba! Habiba! Indamay turmang, gapiring!» Tutqichdagi qoʻlidan ushlab olmoqni juda-juda istadim, lekin u shu yonimda boshini egib turgan koʻyi sovuq uzoqlarga ketib qoldi, oʻzi yoʻqqa endi koʻnglim yetmadi, unsiz chinqirib qolaverdi.

Sal yurgandan keyin, navbatdagi bekatda trolleybus toʻxtab, eshigi sharaqlab ochilgan edi, oʻzimni tashqariga otdim. Kuyib ketgan edim: odam bolasini shunchalar xor qilish mumkinmi! Yoʻq, odam bolasi oʻzini shunchalar xor qiladimi!

Shitob bilan qayoqqa, qancha yurdim – bilmayman. Qattiq shivirlab qilgan nolalarim esimda: «Eh, menga qaramadi-ya! Menga-ya! Shuncha yil chin yurakdan sevdim-ku!.. Hali qarab tursin, shunaqa yigit boʻlayki!» Muhabbat degani shu boʻlsa, uni ham la’natladim: men odam edim-ku, inson farzandi, muhabbat omadu olam digar shud, shumi olamining digarligi, oʻzgargani shu boʻlsa, uning ham bahridan oʻtdim! Agarda «Yoʻq!» degan javobga ham arzimasam. Endi hech kimga oʻzimni oyoqosti qilib qoʻymayman. Kerak boʻlsa muhabbatisiz ham eng chiroyli qizni olaman! Endi u menday yigitni topib boʻpti! Ey, berahm tosh, suv koʻrmagan kesak, qurigan choʻp, sendan ming, million marta yaxshi qizlar bor, shundaylari bilan yurayki! Ogʻzing ochilib qoladi! Yigʻlaysan. Izillab yigʻlaysan. Ha, ana shunday. Qarab tur! Men – javohirni tuproqqa tushirding, lekin boshqa bir goʻzal yerdan puflab-tozalab olib koʻziga surtar hali. U senga oʻxshab gavhar bahosidan bexabar benavo emas...

Ogʻzimga nima kelsa, qaytarmadim, qanaqadir parcha-purcha she’rlarni, qaydadir oʻqigan nutqlarni aytib peshladim; toʻlib, tutab, figʻon qildim, javradim, yuragim gʻijimladi, koʻnglim ogʻridi, dunyosiga sigʻmay ketdim, quyun yangligʻ yelib, shamol boʻlib uchdimmi ham deyman, bir vaqti qarasam, qoʻltigʻimda charm jildim, istirohat bogʻidaman, bir koʻshkchada muzqaymoq sotilyapti! Shuncha poyintar-soyintar alahlashning ichida shunday qishning kuni muzqaymoq sotilayotganidan oʻzimga keldim chogʻi. Ochiq koʻkragimga tushgan qor parchalari muzdek erib oqayotganini payqadim, qizib ketibman. Chanqabman ham. Muzqaymoqqa yopishdim. Shunday yoqdiki, yana bitta oldim. Bunisini yutoqib yutdim. Keyin yana bittasiga choʻzildim. Sotuvchi xotin: «Hay, hay, uka!» deganda toʻrtinchisini ham yutgan edim. Koʻkragimning otashi pasaydi. Shu bilan sovidi. Ancha yillarga sovib ketdi.

Keyin yana ilidi, bu endi boshqa koʻngil, ham keyingi gaplar edi.

Yotoqxonaning oldida Gulandom turgan ekan, ataylab meni poylagandek: «Kinoga boraylik», deb qoldi. «Yaxshi», deb kelgan joyimdan burildim. «Mast emasmisiz, ishqilib? Bir xil yuribsiz?», deb soʻradi Gulandom. «Sizni koʻrib kayfim oshdi», dedim. Shayton qiz bunaqa gaplarimga ishonmaydi, lekin yoqimli jilmayib qoʻyadi. Sizga aytsam, Gulandom bilan kinoga borish, ayniqsa koʻchada yonma-yon yurish shu vaqti alamimga ancha malham boʻldi. Chiroyli qiz! Qani edi shunday goʻzal yonimda ketayotganini u koʻrsa!.. E-e, endi koʻrganda nima! Men toʻydim.

Kinoda Gulandom, ta’sirlandimi, ikki-uch marta qoʻlimdan ushlab oldi, mening ham yelkasidan quchoqlagim keldi, lekin oʻrtamizda Azamat oʻtirib olgan edi, koʻnglim boʻlmadi, tortdim oʻzimni. Gulandom bir gʻalati qarab qoʻydi, koʻrmaganlikka oldim. Lekin-chi, xotinlarning xolasi, qizlarning dugonasi boʻlib yurish ham menga endi ancha malol edi. Ayniqsa bugun. Bu yoqdan esa Azamatning dardini bilaman. Yaxshi emas. Nukusda meni opichlab yurganlardan biri shu, Azamat.

Kinodan keyin yana ochilib-sochilib gaplashib keldik. Yotoqxonaning oldida Azamat yoʻlimizni toʻsib chiqdi. Ha, toʻgʻri kelib oldimda turib oldi. Gulandom indamay aylanib oʻtib ketdi. Azamat hozir solib qoladigan ahvolda edi.

– Qaydan kelyapsizlar? – deb u achchiq iljaydi.

– Kinoga tushuvdik, – dedim.

Azamatning yuzi oʻzgarmadi. Shuncha odamning ichida qiz talashib urishmasak edi hali.

– Bilaman, – dedi.

– Bilsangiz nimaga soʻraysiz?

Azamat meni eshitmagandek:

– Orqalaringda edim. Kinoni koʻrmadim, ikkovingga qarab oʻtirdim, – dedi ezilib.

Rahmim keldi, lekin nima ham qilib bera olaman? Qiz bolaning koʻngliga men buyruq berolmasam. Oʻzimning vijdonim toza. «Ayting, orqamdan yuravermasin», degan Gulandom. Sal boshqacharoq qilib aytdim ham. Bu sevishini qoʻymaydi.

– Borishda orqalaringdan bordim, kelishda ham. Qani, nima qilishar ekan, deb.

– Xoʻp, nima qilibmiz?

– Hech narsa. Rahmat! – deb u koʻkragini changalladi. – Lekin alam qildi juda. Sizga ishonaman, lekin oʻtib ketdi, joʻra! Yuring, iltimos, biznikiga chiqaylik, iltimos! Yuzta-yuzta qilamiz.

Ana, oʻzimning dardim bir yoqda qolib, Azamatning hasratini tinglaganimni koʻrsangiz. Dardini menga koʻp yorgan, yana quloq berdim. Lekin mingʻayib oʻtirishida oʻzimning ahvolimni ham oynadagidek koʻrdim. Ha, odam oʻzini oyoqosti qildirib qoʻymasligi kerak, qiz bola sevmaganini bildirdimi, boʻlmaganni boʻldirma-a, itdek ergashib yurishdan bari bir naf yoʻ-oʻq. E-e, bunga ham qoyil lekin, shundan shuncha yoʻlga poylab borib, kinoda orqamizdan joy olib oʻtirib, yana ergashib qaytibdi. Chidaganini! Koʻngli qandaylar ezilgandir. Yana sevgan qizini kinoga olib tushgan odamga ishqini doston qilyapti. Muhabbat degani gʻururni ham oʻldirib yuborar ekan.

Yoʻq, men endi bunday boʻlmayman!

Keyin... muomala ham qiz bolaga husn beradimi, bilmadim... Habiba nimaga bunday, sal buqinib yuradi-ya?

Kitoblarda tasvirlangan oltin kuz edi. Teraklar za’far rangida choʻzilgan, tutlar sariqqa oʻrangan, kuz nafasi hatto gʻoʻza barglariga tegib, chetlariga qirmizi boʻyoq surtib chiqqan edi. Bizda asil tiyramoh sentyabrda emas, noyabr oxirida tushadi. Endi uzilgan husaynilar shirasi zoʻrligidan barmoqdek oʻynab ketadi, kelinbarmogʻining esa beli torayib, oʻzi tishga tegsa, kirsillab asal sachratadi. Ana shu mavsumda odam ham kuchga toʻladi, chopib charchamaydi, togʻni ursa talqon qilguligi bor.

Qizlarimiz yanada yetilib, chiroylari balqigan: Gulandom – suluv, Saodat – barno, Dilorom – zebo, Zumrad tovlanib turadi, Gulasal esa oʻz nomi bilan, u bilan oʻpishsang – asal, koʻp boshqalarining ham ta’rifi shunday, bu fasli xazon sevmaganingga qoʻymaydi, lekin endiga kelib, koʻpi egalik ham. Uch-toʻrttasining toʻyi ham boshlandi. Barining uyga koʻzi toʻrt.

Bu yoqda esa paxta tugagan, lekin bir-ikki pishakizi qor ham tushdiki, hali javob yoʻq, dekabrning oʻrtalari, ba’zan yangi yilning tagigacha dalada ushlab turaverishadi. Birchigitu koʻr koʻsakdan boshqa narsa qolmagan, termasak ham, dalada sangʻiymiz. Gulxan qilamiz, gʻishsha qamishni yoqib, atrofida isinib oʻtiramiz. Qizlar buyragini oldirib qoʻymasa boʻldi. Sariq ham koʻp, undan xudo asrasin. Lekin yoshlik – yoshlik, tarvuzlar uvatda tarsillab yorilib yotgan bir paytda odam salqinga qaraydimi!

Oʻtlagan qoʻydek yoyilganmiz. Narigi dalada ham shunday rang-barang suruv sochilgan ekan. Saodat yonimda, unashtirilgan yigitidan noliyotgan joyida boshini koʻtarib, uzoqqa tikilib qoldi. «Hu anavi yoqda bir qiz sizdan koʻzini uzmayapti», dedi. «Shunday goʻzalning yonida anavi ta’viyaga nima bor ekan deb hayrondir-da», dedim. «Yoʻq, behazil. Koʻzida alam bor», dedi Saodat. «Koʻzini koʻrdingizmi-ey? Shuncha uzoqdan?» dedim-u, koʻnglim bir narsani sezdi. Balki rostdan ham qaragandir, unday boʻlsa... kimligi ham belgili: matfak Xatirchiga kelgan edi, dalamiz ikki tuman chegarasida, ular bilan yonma-yon tushib qolganmiz shekilli. Saodat undayvergach, qaradim: bizga oʻxshab dalada daydigan talabalar. Egilib paxta chimdilayotgan qizlar orasidan birontasi bu tomonga qarab turgani yoʻq. Habiba ajralib koʻrinmaydi. Koʻrganimda nima baraka topaman? Koʻrib boʻlganman. Saodatning gapini uch yil oldin eshitganimda, ishonmasam ham, yuragim hapriqar edi. Endi, nima, dunyoning dalasida gala-gala sochilgan qizning bittasi, xolos. Koʻkragimda har zamonda simillab qoladigan kuyuniq dogʻini aytmasa, endi kuymay qoʻyganman. U ham yurgandir oʻshanday tugmachagulga oʻxshab. Ha, u uncha oʻzgarmadi, bekatlarda koʻz qirimni tashlab qoʻyaman, oʻsha-oʻsha nozikligi, hali ham oʻninchida oʻqiyotgandek, oʻsmir qiz. Qargʻashoyi koʻylak kiysa, hoʻ oʻsha birinchi sinfda yigʻlab turgandek tuyuladi. Oʻqishi ogʻirmi, zoti shunaqami, sal toʻlishmadi ham.

Men esa oʻsdim, kuch oldim, birinchi kurslarda ikkita Akbar bemalol sigʻadigan shimni ham zoʻrgʻa topib, belni «garmoshka» qilib tortib yurishlarimiz, uyalishimiz bilan birga, qolib ketdi. Endi egnimizda andazasi xushbichim, yopishib turadigan kiyimlar. Sirib kiyamiz, oʻzimizcha olifta. Koʻnglimda hali-hamon Habibaning dogʻi onda-sonda belgi berib tursa-da, davolatmayman. Yotgan ilonning boshini qoʻzgʻama, deyishadi, xolni bezovta qilish ham yomon. Bu ham yuragimning bir xoli. Lekin endi hali koʻp narsani koʻrmagan yangi oshiqlarga ancha-muncha tajriba oʻrgatishim mumkin, lekin nima kerak, oʻtgan gaplar yopigʻligicha qolsin – qizlarimiz menga odamni qadrlashni oʻrgatdi.

Diplom ishi yozayotganimda vaqtim bemalol, uch-toʻrt kun qaznoqqa bosilgan olmayu anor, shiftlarga osilgan uzumga toʻyib ketaman deb uyga kelgan edim, ertalab choy ichib oʻtirganimizda oyim muloyimgina gap boshlab qoldilar.

– Sen ham katta boʻlib qolding. Bugun-erta bitirasan, bu yogʻi endi roʻzgʻorning boshini...

Boshlandi! Shu yetmay turuvdi! Falonchining u qizi, pismadonchining bu qizi, unisi munday chiroyli, munisi undan ham; oy desa – oy, kun desa – kun... xullas, hammasi osmonni oyimning oʻgʻli deb yoritib turibdi, oʻgʻil oʻzini bosib, hovliqmay, osmondan yerga tushsa boʻldi. Onaga farzandi shunday balandda, lekin bilmaydiki, hamma yogʻi tikan bir tugmachagulning orqasidan oʻn-oʻn bir yil behuda sudralib yurganimni. Aytdim-ku, tugmachagul oʻzi qanaqa gulligini bilmayman, deb, lekin tikanlari sanchigʻi jarohatiga malham suraverib, chandiq-chandiq qotib ketganman.

– Xoʻp, poʻskallasini ayting, sochini supurgi qilib meni kutib oʻtirgani kim ekan?

Hozir uylangim yoʻq, universitetda olib qolishmoqchi, aspiranturaga kiraman, keyin oʻzimga mos qiz tanlayman.

Bu gaplarni aytolmadim hali. Oyim darrov hujumga oʻtdilar:

– Darrov tilingni qayramay, gapni eshit. Men ham bir narsani bilmasam, gapirmayman. Tuzukmi?

– Tuzuk. Xoʻp, eshitaman.

– Eshitamaning nimasi? Quloq sol...

Oyim meni biladilar, men esa oyimni: men uncha-muncha gapga koʻnmayman, oyim uncha-munchaga toʻxtamaydilar, gaplarini oxirigacha aytmasalar – qutulmayman. Chidab eshitib, keyin men ham yotigʻi bilan, oʻqiganman-da, oʻzim tomonga ogʻdirishga oʻtaman.

Oʻzim bilan oʻqiyotgan qizlarning orasida ham zoʻrlari koʻp, balki allaqachon yoʻldan ham urgandir meni birontasi, lekin uning ichini bilmas, chunki hali gʻoʻr ekanman. Tanlab-tanlab tozisiga uchrab qolmay tagʻin. Ota-onasini koʻrib, tegi-tugini surishtirib, palagi tozasini tanlab olishim kerak. Mana, oʻzimizda uning u qizi unday, buning bu qizi undan ham yaxshi ekan-u, lekin menga toʻgʻri keladigani, ha, agar taqdirim taqdiriga qoʻshilgan boʻlsa, farishta omin desa, xudoyim yoʻlimni ochib bersa... Ogʻiz ham solib koʻribdilar, ra’yi bor ekan, qizining shu vaqtgacha inq etgan gapi chiqmagan, unaqa gap chiqadigan ham qiz emas, onasini koʻrib, qizini ol, qizini koʻrib onasini ol...

– Qizini-ku, xoʻp, tushunarli, olish kerak, – deb gapni kulgiga burmoqchi boʻldim. – Onasini nima qilaman?

– Tilimni qichitmay oʻtir. Bu ham bir gapi-da. Onasi juda yaxshi, bilsang, erini shu odam qildi. Otasi xalq dushmani boʻlib qamalib, otilib ketganda oltita joʻjabirday jon, kattasi oʻzi, uyida yirtiq sholcha ham qolmagan, yoʻqchilik, toʻyida dasturxonda faqat zogʻora non bilan shu xotinni oldi, xotin uning yoʻq, buning yoʻq demay, hammasiga chidadi, erini Samarqandda oʻqitdi, faqat oʻzi roʻzgʻor qilib. Bu yoqda oʻnta bola yana. Mehnatga yomon chidamli! Mana, er ma-allim boʻldi, obroʻ topdi, hozir, kimsan? – elning oldi, direktor! Hammasi shu Mahbubaning tirishib-tarmashishi bilan. Qizi ham shu palakdan-da, bolam, zoti – erga tegsa, eriga suyanchiq. Oʻn yil birga oʻqib, oʻzing ham koʻrib bilib yurgan qiz...

Ana shu yerga kelganda meniki ham tutdi-ku!

– Oʻn yil birga oʻqib?! Shu oʻn yil, yoʻq, toʻqqiz yil ichida menga salom berganmi yo salomimga alik olganmi ekan? Oyi, siz nimani ham bilasiz! Nukusda oʻlay deb yotdim, baland isitma bilan,.. alahlab! Bir marta koʻrdimi, soʻrang!

– Hay, bizga ham aytmagansan-ku yotganingni. Oʻzing choʻloqlanib kirib kelganingda bilib oʻtiribmiz. Ke-yin, bolam, baqirma, nima, bilganida shundan shu yoqqa seni borib koʻradimi? Qiz bola-ya? Unaqalaridan xudo saqlasin.

– Qanaqalaridan asrasin?

– Ha... Oʻshanaqa ochilib ketganlaridan. Sening orqangdan chopib yursinmi edi? Men qizga emas, qiz menga qarasin desang, bilmadim, ertaga xotinni qanday eplar ekansan.

Toʻgʻri-ey, oyim gapni nishlab joyiga uradilar. Sal oʻzimni tutdim-u, uncha bosilolmadim.

– Oyi, bizlar maktabda shuncha yil gaplashmadik, bir ogʻiz ham. Odam oʻrnida koʻrmas edi... E-e, qoʻying, oʻzi ham yoʻq deydi.

– Aytyapman-ku, bolam, bilmasam gapirmayman.

Oyim bilaman degandek mayin jilmaydilar. Yuragim gʻalati boʻlib ketdi.

– Nimani bildingiz?

– Xay endi, hammasini aytish kerakmi senga? Mahbuba bilan gaplashdim, ra’yi bor, dedim-ku, boʻldi-da.

– Habibaning oʻzi Akbarga tegaman deptimi?

– Toʻgʻri gapir. Muncha, orqang tutib qoldimi? Qaysi oʻzini bilgan qiz tegaman deydi darrov? Bu yogʻiga bir boramiz, ikki... soʻraymiz.

Oyimning hujumlari usti yumshoq, botini qattiq zaminga koʻchdi. U emas, bu emas, men xoʻp desam, boʻldi ekan. Yoʻq deb turib oldim. «Maktabda uni olaman degan mendan boshqa ham oshiqlari bor edi, ana, oʻshalarga tegaversin», dedim. Oyimning jahllari chiqdi, «Birovning bolasiga tuhmat qilma. Gap yerda yotmaydi, yomonliqqa chiqarib qoʻyasan», deb jerkib berdilar. Bilar ekanlar, «Mushtday boshingdan oʻzing-ku gap boʻlgan, endi bunaqa deysanmi?» deb ham yubordilar. Men tushuntirishga oʻtdim. Avval biroz achchiq qildim, «Tegadigan koʻngli boʻlsa, oldin oʻylasin edi. Ho, shuncha yil azoblarga uni deb chidagan ekanman-da. Agar oʻzimni bir narsa qilib qoʻyganimda yo Nukusda oʻlib ketganimda, bu bemalol yashab yuraverar edi, hech narsa boʻlmaganday. Yoʻq, men oʻzimni asradim», deb ham yuboribman. Oyim gapimdan taajjubga tushib, yoqalariga tuflab olganlaridan keyin, oʻzimni tamom bosib, odamga oʻxshab joʻyali gapirishga oʻtdim. Hali oʻqiyman, universitetda qoldirishyapti, aspiranturaga kiraman, xudo xohlasa, olim boʻlaman, xotin olsam, oyoq-qoʻlim roʻzgʻorga tushovlanadi, dedim. Xullas, hozir Habiba tugul, boshqa malikasiga ham uylanmayman, deb ancha ma’ruza oʻqidim. Oyim koʻnmadilar-u, katta boʻlib qolgan farzandning koʻngliga quloq solmasa ham qiyin, sal muddatga chekindilar. Bu muddatda esa hayotning oʻzi Habiba ikkovimizni ikki tomonga uloqtirib yubordi.

E’tibor qilganmisiz, ayollarimizning koʻpi, ovrupo ayollariga solishtirganda, qomatini adil tutmaydi, oʻchoqqa bukchayib oʻt yoqib roʻzgʻor tutganigami yo bolaligidan boshi paxtadan chiqmaganigami, eriga muteligimi, tarbiyamiz shunday, xullas, sal egilib, yelka qisib yuradi, boshini azot koʻtarib yashamaydi. Shundanmi, bilmadim, yosh oʻtgandan keyin ayniqsa toʻlishganlari girdigʻum koʻrinadi. Habibaning esa sakkizta farzandi bor ekan. Albatta, bunchani tuqqandan keyin qizligidagi nozikligi qoladimi? Koʻ-oʻp yil maktabda oʻqituvchi, zavuch boʻlib ishlabdi, otasiga oʻxshab direktorlikka koʻtarilibdi, ha, bu ham oson ish emas. Bolalarning chagʻir-chugʻuri ado qilavergandan keyin, bultur shu doʻkonni qurib olib, pensiyaga chiqibdi.

Men ham uning universitetni bitirgandan soʻng ikki-uch yil oʻtirib qolganini, keyin shu tomonlardagi uzoq bir qarindoshiga tushganini eshitgan, lekin oʻzini ham, erini ham koʻrmay ketgan edim. Erini juda yaxshi odam deyishgan, Habibaning bolalarining otasidan koʻngli toʻq ekanini gaplaridan angladim. Koʻzlarida mehrga oʻhshagan bir narsa yilt etdi-da. Lekin qoshining oʻrtasida turtib chiqdi: rohatli biron kun yoʻq, hali u bolasinikida u tashvish, hali bunisinikida bu, bu yoqda nevaralar ham boʻy yetib, hammasi bir qishloq boʻlib borayotgan ekan.

Shu gaplarni eshitganda uyaldim-ey. Tengqur, bir vaqtlar sinfdosh boʻlgan ayolning oldida bolalik xotiralarimni eslab, oʻzim ham bola koʻrinayotgandek, oʻngʻaysizlanib qoldim. Kiyinib olganimga ham noqulay ahvolga tushdim. Nimamga buncha kekkaydim? Ey, shu zamonda sakkiz bolani tugʻib, katta qilib, oʻstirishning oʻzi boʻladimi! Eringni gapirganda, chimirma qoshingni, Habiba, u charchamaydigan odamga haykal qoʻyish kerak! Zoʻr inson ekan, men oʻn yilga chidamadim, bu bechora bir umr dosh berib kelyapti ekan-ku. Ha, darvoqe, sakkiz bolaning otasi nimaga bechora boʻlsin! Habibadek direktor xotin bilan yashash ham boʻyoqchining nilidek oson kechmagandir, axir. Keyin, kim biladi, meni ham xudo asrab, hayotning boshqa yoʻliga boshlab yuborgandir. Oʻziga ayon. Boʻlmasa men ham shuncha bolaning tashvishida bir bechora boʻlib yurar edimmi...

Bir oz undan bundan gaplashgan boʻldik. Habiba: «Kiring, bir piyola choy qilib beray», dedi. Nima ham deb kiraman? Bu katta xotinga: »Esingizdami, sizni qanchalar yaxshi koʻrganim?» demayman-ku. Desam-da, u ham: «Oʻlmang-da siz. Tegaman desam, oʻzingiz olishdan qochdingiz-ku», deb chandib olsa . Hazil qilib aytsa ham, tagida yillarning zili qolgan-da.

Ammo-lekin oʻziga qaramay qoʻyibdi. Bandai ojiz xudbin-da – shu oʻziga qaramagani menga yoqibdi. Mengaki qaramagandan keyin, yonimda oʻzining ahvolini ham bir koʻrib qoʻysin, debman-da. Shundan koʻnglimdagi oʻsha xol sal bezovtalandi. Lekin buning, bari bir, et olib, juda barvasta, baquvvat xotin boʻlib ketgani... buncha emas-da. Oʻzi ham yashashi kerak-ku hali. Girdigʻum pahlavon, hurpayib olgan polvon. Bir vaqtlardagi inja nozik Habiba – bu emas.

E-e, u Habiba qandoq edi-ya! Qandaylar edi!

Yoʻldan uchta qator treyler uchirib oʻtdi, Erondan yuk tashiyaptimi, yozuvlari arabcha, balki afgʻondan. Epkini bizga ham urildi. Yerda yotgan xazonlar duv-v ergashaman deb, atrofga toʻzon boʻlib sochilib qolaverdi.

Ha, yana bir gap, biz taraflarda qizlarning koʻp ismini buzib aytadilar: Shafoat – Shapaat, Mohira – Moyra, Farogʻat – Paraxat, Rahmatoy esa Ramatoy. Quloq ham oʻrganib ketgan.

Bu direktor xotinni ham, turgan gap, Habba ma-allim yoki Habba direktor deydilar. U Habibaga hech bir oʻxshashi yoʻq. Agar shuncha bolani deb qoshligi ham qolmagan qoshini sal-pal chimirib qoʻyishini aytmasa. Men ham uning xotirasidan oʻchib ketganman, hozir koʻrib eslab qoldi. Oʻsha vaqtlari menga shuncha sitam berganini anglamagandir ham. Boʻlmasa, nimaga beshinchi kursni bitirayotganda ra’y bildirgan? Gap koʻp-u, endi hozir qiziq emas, keragi ham yoʻq.

Albatta, bu oʻsha Habiba emas, bu polvon xotin – Habba. Ha endi, birovdan sakkiz bola tuqqan bu xotinni bolaligimda oʻlguday yaxshi koʻrganman, deb aytish ham juda oʻnqovsiz. Eshitsa, bolalari koʻzimga koʻrsatar, erining ham hurmati bor. Men bu xotinni sevmaganman, birodarlar, umrim bahorida bir qizni yaxshi koʻrgandirman, lekin buni emas, xayolimdagi istigʻnoli Habibani.

Ha, u tugmachagul edi. Hozir... e-e, gulxayrini bilasiz-a? Suvsiz uvat-adirlarda oʻsib yotadi. Chiroyli gullaydi, gulbarglarining tagida tugmacha-tugmacha qatlangan urugʻi yetiladi, olib qoʻylakka ham qadasa boʻladigandek. Albatta, tugmalikka yaramaydi, avaylab ushlamasangiz, kirt etib sinadi. Gulxayrining guli katta-katta oq, qirmizi, gulgun ochilib koʻzni quvontiradi. Orasida doim zargʻaldoq sayraydi, u ham shuning oshigʻi, toʻyini shunda qilsa chiqar, ichi qushlar bozori-da. Lekin kesib dastalab, gultuvakka solib boʻlmaydi. Tanasi uzun, butunicha sertuk, tuki qoʻlga kirib qichitadi. Gulxayri erkin, xohlagan joyidan chiqib, oʻzicha gullab turadigan yovvoyi dala guli-da. Lekin gullari nihoyatda koʻrkli, ayniqsa uzoqroqdan qarasangiz.

Avzoidan bu havo bir yogʻin olib keladi.

Oʻtgan ulovlarning epkinida xazon chinqiryapti.

Bu xotinni yana necha yillar koʻrmay ketaman, xudo hammaning ham rahmimni yegan boʻlsin.

He-e, bilmaysiz-da, u Habiba qanday boʻlgan!..

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 5-sonidan olindi.