OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmad A’zam
Asar nomiVatan haqida yozishga kuchim yetmagan she’rim (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmad A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Novellalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vatan haqida yozishga kuchim yetmagan she’rim (novella)
Ahmad A’zam

Eski shaharning eski bir hovlisida turaman.

Doʻppidek hovlicha, yozuv-chizuvim bilan unga sigʻmay, tepaga - boloxonaga chiqib olganman; derazadan faqat tomlar, tomlar orasidan boshini chiqargan daraxtlaru onda-sonda uchib oʻtgan qushlar koʻrinadi; oftob nuri toʻgʻri men yozadigan qogʻozlarga tushadi, koʻzimni qamashtiradi; shovqin yoʻq, hammayoq osoyishta - senga nima yetishmaydi, istaganingcha toʻyib-toʻyib yozmaysanmi, deyman oʻzimga.

Lekin hech koʻnglim toʻlmaydi, nimagadir boʻm-boʻsh; boloxonaga chiqib olgan boʻlsam-da, pastda roʻzgʻorimdan balandda emasman, turmush tashvishlari xuddi qoʻrdan uchgan qurumdek kelib qogʻozlarim tushaveradi -yozganlarimda mayda-chuyda koʻp, balandlik yoʻq.

Osmon toza, oftob hamishagidek charaqlagan bir kun edi, derazadan qarab shularni oʻylab oʻtirga edim, birdan tomlar koʻzimga boshqacha koʻrinib ketdi: hammasi tutash, bir-biriga kiftini tirab, pastda yashayotgan oilalarning ahil yo arazlashganiga qaramay, kelishuvchilik bilan yastanib, quyoshning nurida birgalashib isinayotgandek tuyuldi: misoli erta koʻklamda oftob-shuvoqqa yonboshlab, undan-bundan inoqqina gurung qurgan, oltovlon ola boʻlmagan ogʻa-inilardek... Bir-birining shu dunyoda borligidan, qatorlari kamaymaganidan quvonib, shu quvonchlarini hangomalashib oʻtirgan, hali ham zabardast, hali ham chorpahil chollardek... Xullas, bir-birini koʻrs yuzi yashnab ketadigan odamlardek…

Daraxtlar ham tomlar orasidan boʻynini choʻzib, shamolda alanglagancha, bir-biridan hol-ahvol soʻrayotgandek koʻrindi.

Yana biridan biriga nur oʻtayotgan quvvatsimlarning tomlar boshini qovushtirishi; kechasi hovlilarning birida chiroq oʻchsa, hammasi zimiston ichida koladn; yorugʻ oqib kelsa, baravar boʻlashib oladi...

Hozir hammasining tepasida charaqlayotgan bitta kuyosh, baland-balandlarda koʻkish tovlanayotgan yagona osmon!

Tomlar bir-biriga soya tashlamaydi, osmonni, quyoshni bir-biridan qizgʻanmaydi; boʻgʻotlarda joy talashib chirqillashayotgan chumchuqlarning kunchkovligiga beparvo. Goʻyo tomlar ahil, atrof tinch boʻlib, tashvishlanadigan kattaroq gap topilmaganidan zerikkan chumchuqlarga mayda-chuydadan boshqa tashvish qolmagandek...

Yuksaklardan oʻtib qolgan katta qushlar tomlarga soqchi, osmonning koʻkragiga rasm chizayotgan qaldirgʻochlar - xabarkash...

Bu koʻrinishda...

Eh! Aitib berolmayman.

Shu oʻtirgan joyimda, boloxonam, hovlim, qogʻozlarim bilan birga, oʻzim ham shu koʻrinishning bir boʻlagi ekanman; koʻrib turibman, koʻrganlarimni uqyapman: hali bu hammasi emas, koʻz oldimdagi koʻrinish tasavvurimga sigʻmayotgan juda katta, cheksiz-chegarasiz manzaraning bir boʻlagi, bir parchasi, xolos, deb oʻylayapman.

Bu - tiriklik, men ham uning ichida tirikman: shular boʻlmasa, men boʻlarmidim!

G’alati boʻlib ketdim.

Men bu manzaraning oʻrtasida oʻtiribman, agar hozir boloxonam tomiga chiqib, chor-atrofga nazar solsam, hammayoqda shu manzaraning parchalarini koʻrar, xuddi hadsiz-hududsiz, yashnoq gilamning oʻrtasida, uning ranglaridan koʻzi qamashib, uning cheksizligidan aqli shoshib qolgan chumolidek, anqayib turaverar edim.

Koʻnglim orziqib, qani edi-ya, shularni yozsam, deb oʻyladim. Ichimdagi shu tuygʻularni qogʻozga tushirsam: yozganlarimni oʻqiganlar ularda shu tomlarni, daraxtlarni, osmonni, oftobni va shu ustivor keng-likka qarab quvonib oʻtirgan oʻzimni ham koʻrishsa, oʻqiyotib menga oʻxshab quvonishsa...

E, shoir emasman-da! Agar shoir boʻlganimdami!

Lekin shoirlarga oʻxshab hayajonlanib ketdim. Hayajonimni yozmoqchi boʻldim, mayli-da, she’r boʻlmasa ham, koʻnglimga yarasha:

agar toʻrt devorni bitta tomga juftlab, olamga kirib-chiqiladigan eshik ochilsa uy boʻladi;

uyning derazalaridan osmon oqib kiradi, agar uylar birlashib, betma-bet tursa koʻcha, koʻchalar bir-biriga ulansa, - qishloq boʻladi; qishloqning yoʻllari boshqa qishloqlarga oqib chiqadi;

agar qishloqlar qoʻshilib, tomlar bir-biriga kiftini tutsa, chorrahalarda boshini boshiga tirab koʻchalar gurunglashib yotsa — shahar boʻladi; shaharning uylari oftobga qarab oʻsaveradi, yoʻllaridan yana-yana qish loqlar oqib kelaveradi;

agar shaharlar, qishloqlar, dalalar, qirlar, yaylovlar, sahrolar, choʻllar, togʻlar, daryolar uylari, daraxtlari, oʻt-oʻlani, suvlari, tuprogʻi, toshi, shamollari, jonzotlari va odamlari bilan bitta quyosh, yagona osmon ostida birlashib ketsa - Vatan boʻladi — ka-atta!

Bu tirik haqiqatni oʻzimcha shunday angladim: Vatan koʻz oldimga keldi, roʻyirost koʻrindi, uni bagʻrida oʻzimni ham koʻrdim: kichkinagina hovlimning ustida qoʻndirilgan kaptarxonadek boloxonada oʻtirib-uchib, Vatanimning poyonsiz suratini oyna-koʻnglimga sigʻdirishga urinib turgan holimda unga qoʻshilib-birlashib ketgan ekanman.

Men Vatanim bergan boshpanada yashab, u bergan ne’matlardan jon, havosidan nafas olib oʻtirgan ekanman.

Zuvalam ham uning tuprogʻidan, qarib-churisam ham shu tuproqqa qaytaman!

Hatto shu gaplarni yozayotgan qogʻozlarim ham Vatanniki — uning oʻrmonlarida oʻsgan ogʻochlarda olingan ekan. Men esam shu paytgacha bu qogʻozlarga kim qaydagi mayda-chuydalarni toʻkib...

Endi shukronamni she’rga solmoqchi boʻldim.

«O’h-hoʻ, qanchalar bepoyon ekansam, Vatan!»—deb yozdim, quruq gap boʻlib qoldi; Vatanga quruq gap aytib boʻlmas ekan.

«Ka’bamsan, Vatan!» — deb yozdim, lekin oʻzim Vatanimning qoq bagʻrida — poytaxtida oʻtiribman, chor-atrofim — Vatan, unga bukilib sajda emas, yetib-yugurib xizmat qilishim kerak, deb oʻyladim.

«Erka oʻgʻlingman, Vatan», deb yozdim, ammo yoshim kirqqa borib ham, haliyam boladay erkalik qilib yursam, yarashmas-ov, degan andishaga bordim.

«Vatan, sen — uylar bir-birini suyaydigan, yoʻllar bir-birini ulaydigan, qoʻshiqlar bir-birini tinglaydigan, suvlar bir-birini izlaydigan, maqsadlar bir-birini sizlaydigan buzruk ma’vosan, lekin yuragimga sigʻasan», deb yozdim, tuzukka oʻxshadi, ammo she’r boʻlmadi.

«Vatan — men sening...» deb yozayotib shartta toʻxtab qoldim: boyadan beri Vatanni ta’riflayman deb, nuqul oʻzimni tiqishtiryapman ekan; xuddi Vatan hammamizniki emas, bitta menikidek.

Keyin «Vatan — onamiz», deb yozdim, lekin qishloqdagi onamning holidan xabar ololmaganimga ikki oy boʻlgani esimga tushib qoldi, onasiga beparvo odam, qanday qilib Vatan—ona haqida ogʻiz toʻldi-rib gapiraman, deb oʻyladim.

Boshqa yozolmadim, oʻylayverdim, oʻylaganim sari Vatan kattalashib, oʻzim kichrayib boraverdim...

Qarasam, qogʻozga termilgancha, qalamni qiynab, faqat bir soʻzni shivirlab yotibman: «Vatan», «Vatan», « Vatan...»

Shu soʻzni tovushimni chiqarib, baralla aytib yubordim.

Aitdimu...

Birdan deraza kengayib, osmon yonimga keldi, oʻzim quyoshning yonidan joy oldim...

O’sha yoqdan turib Vatanga qaradim: tomlar tomlarga, yoʻllar yoʻllarga ulashgan, qishloqlar qoʻl ushlashgan, togʻlar oq qalpoqli boshini koʻkka tirab, ha, shunaqa balandmiz, deb turishibdi, oʻrmonlar nafasida tozalangan havolarni shamollar odamlarga tashib ketyapti, shamollarning shaffof oqimlarida qushlar choʻmilib yuribdi, odamlar bir-birlariga qarab bosh irgʻashyapti, salomlashishyapti shekilli, yaxshi narsalarni ma’qullashyapti shekilli, — bularning hammasi koʻnglimda boʻlyapti ekan!

Alqissa, shunday: odam Vatanni anglashi uchun doim uyida oʻtiravermay, sal balandroq joyga, osmonga boʻlmasa ham, hech qursa, uyining tomiga chiqib chor-atrofga uzoq-uzoq tikilishi kifoya.

Avval oʻziga qarab...

Agar uning koʻngli oyna boʻlsa...

Bu oyna toza boʻlsa...

Shoirlik qilolmaganimga shu taskin boʻldi.

Endi bilmadim: yozishimning buyogʻi qanday boʻlar ekan?

Bu tuygʻu yarim davlatmi yo butunmi?