OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ahmadali Shernazarov. Kuz bahori
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmadali Shernazarov
Asar nomiKuz bahori
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ahmadali Shernazarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kuz bahori
Ahmadali Shernazarov

Darvoqe, kuzning ham oʻz bahori bor. Kechagina xunuk koʻrinib turgan yulgʻunlarning pushti koʻylagi sayhonlik, dalayu yoʻl chetlariga goʻyo koʻklam keltirgandek.

Elektropoezd vagoni derazasiga termulib ketayotgan shaharlik bola onasiga deydi:
— Onajon, qarang chiroyliligini! Kuzda ham daraxt gullabdi. Oʻqituvchimiz daraxtlar faqat bahorda gullaydi, degandilar-ku...
— Oʻgʻlim, bu daraxt emas, buta, uni yulgʻun deyishadi. Kuzda mana shunday rangga kiradi. Kuzda barcha ekinlar, mevalar pishadi.

Fazo sahrosida sekundiga 30 kilometr tezlikda harakatlanayotgan Yer sayyorasining Markaziy Osiyodagi bir boʻlagida har yili cumbulada oq rang paydo boʻladi. Bu oq bulut yoki qor ham emas, balki inson mehnati bilan yaratilgan moʻ’jiza — Oʻzbekiston paxtazorlaridir. Ha, bebaho boyligimiz — paxtamiz yurtimiz jamolini osmonlarga ham koʻz-koʻz qiladi, Oʻzbekiston kuzining oʻxshashi yoʻq timsoli boʻlib jahonni hayratlantiradi. Yana shu damlarda Yerning oʻsha boʻlagida osmonni rango-rang mushaklar bezaydi. Oʻzbekiston tantanavor libosga burkanadi. Oltin kuz zarhal sahifa — Birinchi sentyabr — eng ulugʻ, eng aziz bayram — Mustaqillik ayyomi bilan boshlanadi. Oʻzbekiston kuzi ana shunday ulugʻ kunlar bilan ham tarovatlidir, salobatlidir. Va shu bois ham u biz gullarga burkangan bahordek sogʻinib kutadigan fasldir.

Vatan kuzini dovonlar osha ot choptirib ketayotgan chavandozga qiyoslayman. U qorli-qirovli, sumalakli-jamalakli, saraton taftida koʻpchigan tuproqli-toshli yoʻllar osha tag-tubiga igna tushsa, koʻrinuvchi zilol suvli sumbulaga yetib kelguncha yer ham Bobo Quyosh atrofini bir aylanib boʻladi. Koinot kengliklaridagi million-million kilometrli bu masofa Yer hisobida kecha-kunduzli 365 kundir. Uch yuzu oltmish besh kunning har 90 kunida Oʻzbekiston chehrasida turfa ranglar jilvalanadi. Oltin kuz Vatan tabiatidagi barcha ranglar jamlanadigan, uygʻunlashadigan betakror fasldir. Bu faslni fasllar intihosi deb boʻlmaydi. Kuz tabiati goh yozni, ahyon sovuqlari esa qishni eslatadi.

Darvoqe, kuzning ham oʻz bahori bor. Kechagina xunuk koʻrinib turgan yulgʻunlarning pushti koʻylagi sayhonlik, dalayu yoʻl chetlariga goʻyo koʻklam keltirgandek.

Elektropoezd vagoni derazasiga termulib ketayotgan shaharlik bola onasiga deydi:
— Onajon, qarang chiroyliligini! Kuzda ham daraxt gullabdi. Oʻqituvchimiz daraxtlar faqat bahorda gullaydi, degandilar-ku...
— Oʻgʻlim, bu daraxt emas, buta, uni yulgʻun deyishadi. Kuzda mana shunday rangga kiradi. Kuzda barcha ekinlar, mevalar pishadi.

Ehtimol, oʻshanda bolakay birin-ketin oʻtib borayotgan paxta dalalari, makkajoʻxorizor, gʻalla ekilgan dalalar, polizu sabzavot maydonlari, bogʻ-rogʻlar, qishloqlar qiyofasida ulkan savatda ham gul, ham meva-cheva, paxta-yu don — xullas, oʻzi bilgan barcha noz-ne’matlarni koʻtarib olgan kelbatli Kuz boboni tasavvur etgandir.

Kuzning ham yozi bor. Aniqrogʻi, tuni kuz, kuni yoz palla hozir.

Sarmishning oftob nurlariga toʻyingan uzumlarini tanlar ekansiz, qaysi boshini taroziga qoʻyishni bilmaysiz: hammasi sarxil, har donasi shirali, bolli.

Baxmal olmalarini shoxidan uzishga koʻzing qiymaydi. Shigʻil, rango-rang mevali bogʻlar kelinchak uyi misol chiroyli, koʻrkli.

Sholizorlar bagʻridan palov hidi ufuradi, toʻyu tantanalar ohangi taraladi.

Hatto bugun tikonli-nishli yantoq ham don-urugʻ bogʻladi. Tadbirkor chorvador yantoqzorni oʻrib-yigʻib gʻaramlar uyib qoʻydi. Bu — yantoq ham kerak degani, erta, qahratonda bu tikonli ozuqa qoʻy-echkilarning toʻyimli yemishi degani. Ha, Oʻzbekistonning yantogʻida ham rizq bor, nasiba bor.

Polizlarda endi har qanday tarvuzu qovunni yeyish mumkin boʻladi. Mezon shabbodalari palakning eng uchidagi qovunga ham shirali ta’m beradi. Buni xalqimiz kuzda gʻazanak ham yozda pishgan «obinovvot» bilan tenglashadi deb ta’riflaydi. Zovur va dala chetlaridagi yovvoyi jiydalar bolakaylarni oʻziga chorlaydi. Yongʻoq shoxida zagʻizgʻonlar paydo boʻladi. Kechki sabzavot paykallari olachipor dalalar husniga husn qoʻshadi. Tungi salqinda junjikkan bodring palaklari choshgohda yana oʻziga keladi. Sokin kuz musiqasiga hamohang, havoda mezonlarning goh muvozanatli, goh uchqur raqsi boshlanadi. Ovloq dalalarda chiyaboʻrilar tungi ovga chiqadi, uvillashlari qishloq xonadonlariga yetadi. Nohasdan poliz oralayotgan dehqonning oyogʻi ostida tustovuq pirillab qoladi, lekin tutqich bermaydi. Boisi parrandaning kuchga toʻlgan, eti xonadon tovuqlarinikiday semirgan palla hozir. Omborlari koʻklamgacha yetgulik yemishga toʻlgan chogʻi, chumolilar asta-sekin koʻzga tashlanmay qoladilar. Darvoqe, bu pallada odamlar qaznogʻida ham harakat seziladi. Kechagina boʻshab turgan shisha idishlar meva-cheva sharbatlari, murabbolar bilan yana tokchalarni toʻldiradi.

Kuzni onaning koʻz yoshiga qiyoslayman. Ammo uning homiladorlik muddati toʻqqiz emas, oʻn ikki oydir. Bu jarayon shudgordan boshlanib to soʻnggi chanoqlardagi paxta tolasi terib olingunga qadardir. Purviqor paxta xirmonlari Oltin Kuz farzandlaridir. Bugun bu xirmonlarning tugʻilishiga minglab chevar qoʻllar doyalik qilmoqda. Darvoqe, paxta terimining gashti bor, tarovati bor. Loʻppi-loʻppi, momiq tolalarni chanoqdan ajratib olar ekansiz, begʻuborligi, mayinligi koʻnglingga ajib bir zavq bagʻishlaydi, bugun kenglikni qoplagan oqlik ichida oʻzingni gʻaroyib dengizda suzib borayotgandek his qilasan, goʻyo.

«Ekzotika» degan soʻz bor. Nazarimda, bu kalom bizning «antiqa» soʻzimiz ma’nosini beradi. Aytishlaricha, bir guruh xorijliklar paxta dalasini koʻrib bir-birlariga «Ekzotika! Ekzotika!» deb qiyqirishgan va oppoq paxtazorda tushgan rasm­larini eng noyob manzara deb baholashgan ekan.

Kuzda ham bahor borligini dehqon boboning yuzlariga tabassum yugurganda his qilaman, paxtaning allaqachon saranjomlab hosil choʻgʻidan xotirjam tortgan koʻngillarda kuzataman. Qaysi bir fermerning aniq-tiniq ishlaydigan kalkul­yator deb ataluvchi hisoblagichga ishonmay eski choʻti bilan hashamatli uyining chetida, nevaralaridan panadagi kichkina xona eshigini tambalab daromadlarni xomchoʻt qilishga oʻtirganini tasavvur qilaman. «Xoʻsh, xoʻsh» deya har zamonda salmoqli raqamlarni ohista tilga olayotgan dehqonning shukronasini eshitgandek boʻlaman. Yana birovni topgan daromadiga semirishga moyil qoʻchqormi, hoʻkiz xarid qilayotganida uchrataman. «Mollarni semirtiradigan mavsum boshlandi», deydi kimdir. Haq gap. Endi molning yegani ham, ichgani ham etiga tortadigan payt. Salqin havo, qurib suvi qochgan oʻt-pichan, hatto ozgina kepakmi, kunjara sepilgan shirali poʻchoq ham boʻrdoqiga bogʻlangan hoʻkizni pishqirtiradigan palla hozir.

Yana bu damlar kelin-kuyovlarning umr bahorlari hamdir. Toʻylar mavsumi — asad va sumbulada nikohlangan minglab yosh oilalarda asal oylari kechayotgan damlar hozir. Sunbulada toʻyi boʻlgan kelinchak hali boshdan xarir yopinchigʻini olmagan esa-da yangi hovlida erkinroq qadam tashlay boshladi. Yangi xonadonga koʻnikib, endi hayoti ildizlari umrbod shu yerga qadalganini his qilib yetdi. Sal shabadaga hid taratayotgan rayhonlar qishloq kelinchagi guldonining eng koʻrimli chechagiga aylangan. Shu kunlarda qoshlariga oʻsmani qalin-qalin, enli-enli qoʻyib olgan qiz-juvonlarning tilida hazilomuz, aslida mantiqli yangi maqol: «Kuz oʻsmasi koʻklamgacha...»

Ha, kuzning oʻz nafosati bor. Yana bu faslda ajib bir sokinlik bor, lekin tin olish yoʻq. Erta-indin daraxtlar oltinu za’faron tusga kiradi. Oyoqostiga xazon toʻshak toʻshaydi. Ammo tabiat uxlamaydi. Ozgina iliqlik kungay qirliklar bagʻrida nimjon maysalar paydo qiladi. Gʻalla ekilgan maydonlar yam-yashil libosga burkanadi. Kuzda sepilgan bedayu piyoz urugʻlari allaqachon tomir qadab qad rostlab oladi. Oʻtkazilgan dov-daraxt koʻchatlari ham qish tushmayoq tuproq bilan tillashib boʻladi. Shudgorlangan dalalarda tuproq kuch toʻplashga kirishadi. Koʻz oldingdan shunday manzaralar oʻtar ekan, kuzni aslo fasllar oxiri, ma’yus mavsum deb ta’riflashga til bormaydi.

...Elektropoezd darichasiga termulib Oʻzbekistonning kichik bir boʻlagini tomosha qilib borgan bola, uyga yetgach charchoqdan uyquga bosh qoʻydi. Va tez orada ajoyib tush koʻrdi. Tushida u taqir-tuqur elektropoezd vagonida emas, oq-oppoq paxtalar ogʻushida uchib borayotganmish. Daraxtlar qiygʻos gullagan, chor-atrof bahor chamanidek chechaklar bilan bezanganmish. Shunda u paxtazor va chamanzor orasida turgan Bahoroy va Kuz Boboni koʻrib qoldi. Bilishicha, dadasi va onasining erkasi, jajji singlisi Xurshidadek Bahor Kuzning yolgʻiz, suyukli qizalogʻi emish...

Ahmadali Shernazarov