OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAhmadjon Meliboyev
Asar nomiBizni mehmon demanglar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ahmadjon Meliboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 1-sonidan olindi
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bizni mehmon demanglar
Ahmadjon Meliboyev

Taqdir taqozosi bilan Vatandan olisda — oʻzga bir yurtda tugʻilib, oʻzga bir yurtda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan suhbatlashib oʻtirar edik. Telefon jiringlab qoldi. Goʻshakni koʻtardim va, beixtiyor:
— Uzr, Amerikadan mehmonlar kelishgan, biroz band edim, keyinroq telefon qilasizmi, — debman.
— Vatandosh, — dedi mehmonlardan biri norozi ohangda, — sizdan iltimos, boshqa vatandoshlardan ham oʻtinib soʻraymiz, bizlarni mehmon demanglar. Axir, qanaqasiga mehmon boʻlaylik? Ota-bobolarimizning kindik qoni toʻkilgan yurtda, oʻz yurtimizda, oʻz Vatanimizda, oʻz uyimizdamiz-ku, axir. Mehmon emasmiz, bizni xuddiki oʻzingizdek biling. Necha yillar olis yurtlarda oʻzga bayroqlarga sigʻinib, oʻzga madhiyalarni kuylab, oʻzga qadriyatlarga amal qilib keldik. Qancha-qancha jigarlarimiz Vatanning bir siqim tuprogʻi, bir qultum suvi, bir nasimi boʻyiga yeta olmay olamdan oʻtib ketishdi. Istiqlol tufayli bizlar yana Vatanli boʻldik. Uni koʻrib, non-tuzidan bahramand boʻlib oʻtiribmiz, bizni mehmon demanglar...

Ochigʻi, keyingi paytlarda bunday e’tirozlarni takror-takror eshitishga toʻgʻri kelmoqda. Mehmondoʻst, bagʻrikeng, borini baham koʻradigan xalqmiz. Dunyoning ne-ne burchaklaridan har kuni yurtimizga necha yuzlab, minglab mehmonlar kelishadi. Koʻchalar, sayilgohlarda, mustaqillik yillari bunyod etilgan goʻzal koshonalarda, har kuni, har soatda toʻp-toʻp xorijliklarni, jahongashta sayyohlarni koʻrish mumkin. Ertalabki oshlar, kechki visol oqshomlarida ham mehmonlar alohida izzatda. Servis xizmati dunyo andozalaridan qolishmaydigan zamonaviy restoran, xususiy yemakxonalarga hadeganda oʻzimizcha boravermaymiz, ammo mehmon kelib qolsa, hurmat ma’nosida albatta olib boramiz. Mehmonlar bahonasida shu choqqacha oʻzimiz koʻrmagan joylarni koʻramiz, koʻhna obidalarimizni birgalashib tomosha qilamiz. Hech kim yurtimizdan koʻngli toʻlmay ketmasin, xursand boʻlsin, yana qaytib kelsin, deymiz. Xayrlashayotganimizda «Uzr, yaxshi mehmon qila olmadik, biroz shoshib qoldik, bunisi hisobmas, boshqa kelinglar, bola-chaqalarni ham olib kelinglar», deymiz. Va bu gaplarni shunchaki mulozamat uchun emas, chin dildan, samimiy aytamiz.

Nega shunday deymiz? Buning boisi shuki, mehmon, aslida, duch kelgan, sinalmagan joyga kelmaydi. Odamlar bir-birlarini tushunmay nifoqlashayotgan, qurolli mojarolar avj olib turgan, xalq, millat oʻz yoʻlini topa olmay, boshidan ne-ne mushkulotlarni oʻtkazayotgan makonlarga hech kim «Qani, ketdik, mehmon boʻlib kelamiz», deya otlanmaydi. Mehmon oʻzidan tinchigan, oʻzidan koʻpaygan, ahil-inoq yashayotgan, xirmoniga baraka kirgan, koʻngli ham, osmoni ham ochiq joylarga keladi. «Mehmon kelar eshikdan, rizqi kelar teshikdan» deganlaridek, qalbi pok, niyati ulugʻ insonlarning qadami, albatta, qutlugʻ keladi. Mehmon bahona gina-quduratlar unutiladi, yaxshi amallarga turtki beriladi. Shu bois hamki, mehmonni otamizday aziz koʻramiz, uyimizning toʻriga oʻtqizamiz, yelkalariga toʻn yopamiz, bellarini belbogʻ bilan mahkam bogʻlaymiz. Ota-bobolarimiz bu ishni ming-ming yillar davomida muttasil va beminnat bajarib kelishgan va biz ham xuddi shunday qilishga burchlimiz. Lekin...

Lekini shuki, mehmon deganlari juda umumiy tushuncha. Mehmon maqomida yurtimizga kelib-ketayotganlar orasida, afsuski, gulzorda ochilib turgan turfa xil atirgullarga emas, kimningdir picha hafsalasizligi bilan vaqtida yulib tashlanmagan bir tup alafga koʻzi tushadigan va bu holatdan xuddi yoʻldan shokolad topib olgan boladek xursand boʻlib, yurtlariga qaytgach katta falsafiy umumlashmalar chiqaradiganlari ham yoʻq emas. Bundaylarga ming bor iltifot koʻrsating, boshingizga koʻtaring — foydasi yoʻq. Yoʻlda bir muhtoj qoʻl choʻzib turgan boʻlsa, bir joyda axlat vaqtida olib ketilmagan boʻlsa, biror devor yomgʻirda sal qiyshayib qolgan boʻlsa, shu muhim. Demakki, bundaylarning mehmon degan moʻ‘tabar soʻzga hech qanday aloqasi yoʻq.

Oliy Majlis quyi palatasiga saylov munosabati bilan Amerika Qoʻshma Shtatlaridan rasman kuzatuvchi boʻlib kelgan millatdoshlarimiz — Amerikada istiqomat qiluvchi turkistonliklar jamiyatining prezidenti Abdulla Xoʻja va shu jamiyatning fidoyi faollaridan biri, tadbirkor Lutfulla Toʻrani ham mehmon desak, toʻgʻri boʻlmaydi. Ular oʻzimiznikilar, Yaratgan egamning ne-ne sinovlarini boshlaridan oʻtkazgan jabrdiyda avlodlarning munosib farzandlari, davomchilari. Hurriyat, Vatan, Ozodlik deganda qalblari bizdan koʻra koʻproq junbushga keladigan, madhiyamiz kuylanganida, bayrogʻimiz moʻ‘tabar binolarning peshtoqlarida hilpiraganida koʻzlaridan bizning koʻzlarga nisbatan koʻproq va moʻlroq yosh oqadigan vatandoshlarimiz.

Istiqlolning oʻn uch yilidayoq biz, Vatan ichkarisida, juda koʻp narsalarga koʻnikib boʻldik. Keyingi yuz yil, yuz ellik yil ichida hech kimning hatto xayoliga kelmagan voqealarning guvohi boʻlib turibmiz. Oʻzbek bola jahon chempioni boʻldi, Yaponiya, Koreyaga borib, ayni shu mamlakatlarga xos sport turlari boʻyicha mahalliy polvonlarning kuragini yerga tekkizib qaytdi, shoxmot tojini kiydik, oʻzimizda ishlab chiqarilgan mashinalarni minib yuribmiz, yosh olimlarimizning yutuqlari dunyoni hayratga solmoqda. Sirdaryolik bir dehqon Amerikada qovun ekib yuribdi, Solijon Sharipov fazo kemasida yana parvoz qildi. Bunaqangi yutuqlarga deyarli ajablanmay qoʻydik. Chiqadi-da, nima boshqalardan kam joyimiz bormi, deya bemalol choyni oʻgirib oʻtiribmiz. Ammo Abdulla Xoʻja, Lutfulla, Xalil, Fathulla, Nasrullo Toʻralar, Joʻra qori akalar, Roʻzi Nazar, Anvarbek, Davronbek akalarga aytsangiz, bolalarday quvonishadi, koʻzlariga yosh olib, Allohga shukronalar aytib, bir-birlarini bagʻrilariga bosishadi. «Millatdoshlarimiz orasidan yangi-yangi buyuk shaxslar chiqishi muqarrar, — deyishadi ular. — Mana, Maykl Jeksonning menejeri ham oʻzbek-ku! Millatni kamsitish davrlari oʻtib ketdi». Alohida faxr va gʻurur bilan aytiladi bu gaplar. Chunki ular oʻzimiznikilar. Biz bu yerda bu yorugʻ kunlarni qanchalar intiqib kutgan boʻlsak, ular olisda, vatansizlikda aynan shunday kunlar kelishini dil-dildan istaganlar, umid qilganlar.

Abdulla Xoʻja Vatan tashqarisida, Afgʻonistonning Qobul shahrida tugʻilgan. Turkiya va Angliyada tahsil olgan. 1974 yildan buyon Amerikada muqim istiqomat qiladi. Oilali, besh nafar farzandi bor. Uning Vatan toʻgʻrisidagi ilk taassurotlari bobosi Abdurahim oqsoqol va otasi Akbarxoʻja akalarning, vatansizlik dardida ezilgan, xoʻrlangan, bugungi qutlugʻ kunlarga yetib kelolmagan necha yuzlab vatandoshlarimizning anduhli hikoyalari, xotiralari asosida shakllangan. Xorijda uzoq yillar goh och, goh toʻq, goh umid uchqunlari yiltillab hayot kechirgan, qorin qaygʻusi bilan emas, Vatan, millat qaygʻusi bilan nafas olgan vatandoshlarni ruhlantirib, toʻgʻri yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan, «ezilmanglar, tushkunlikka tushmanglar, Vatanimiz baribir bir kuni ozod boʻladi, hurriyat boʻladi, ana oʻshanda oʻz Vatanimizga, oʻz millatimizga begona boʻlib qolmaylik, tilni unutmanglar, urf-odatlarimizni unutmanglar, bolalarni vataniy, milliy qadriyatlardan boxabar qilib tarbiyalanglar, uyda ona tilimizda soʻzlashinglar» deya da’vat qilib charchamagan, bu borada koʻp aziyatlar chekkan Joʻra qori akaning aytishicha, Abdulla Xoʻjaning ona tomondan bobosi Abduxalil oqsoqol ilmli, ma’rifatli kishi boʻlgan. Afgʻonistonda shaxsiy kutubxona ochgan. «Kalila va Dimna»ni shu kutubxonada oʻqiganman, — deydi qori aka. — U paytlari dunyoviy ishlardan boxabar, mulohazali, fikrli odamlarni «Kalila oʻqigan», ya’nikim, oʻzimizning ibora bilan aytganda, «choyxona koʻrgan» deya ta’riflashar edi.

Abdulla Xoʻja bilan ilk bor 1992 yili uchrashganmiz. Oʻshanda otalari Akbarxoʻja aka (Alloh rahmatiga olgan boʻlsin) bilan uzoq suhbatlar qurganmiz. Mustaqillik endi-endi teta-poya qila boshlagan kezlar. Abdulla Xoʻjaning uyidan mehmon arimaydi. Oʻrtahol tadbirkor, vaqti ziq, tinimsiz yelib-yugurishi zarurligiga qaramay, vatandoshlarni kutadi, mehmon qiladi, Oʻzbekistonda kechayotgan voqea-hodisalar, oʻzgarishlarni bor vujudi bilan eshitadi.

Toʻqsoninchi yillar boshlarini eslaylik. Kunda, kunora koʻz koʻrib, quloq eshitmagan yangilik, oʻzgarish. Erkin va ozod bir davlatning tamal toshlari qoʻyilmoqda. Sobiq imperiyaning ta’siri hali kuchli. Undan qolgan majruh iqtisodning tagi koʻrinib qolgan. Har sohada taqchillik, peshtaxtalar huvillab yotibdi. Bunday sharoitda boshqalarni qoʻyaturaylik, oʻzimizda ham mustaqillik nima ekanligini anglamay, ochiqdan-ochiq ikkilanib turganlar, panaga oʻtib olganlar qancha edi? (Nimasini aytamiz, yaqin-yaqingacha ham har ehtimolga qarshi eski sovet pasportlarini, komfirqa biletlarini asrab-avaylab yurganlar boʻldi-ku.) Mana shunday bir paytda tashqi dunyoda, oʻzga bir muhitda tugʻilib voyaga yetganlar, dunyoqarashlari tamomila boshqa bir sharoitda shakllanganlar uchun olis Vatandagi kechmishlarni hazm qilish oson emasdi. Ishonish qiyin edi. Shu boisdan ham ular Allohga shukronalar aytib, oʻzlariga emas, Mustaqillikka, Hurriyatga umrboqiylik tilar edilar, millatni yorugʻ yoʻlga boshlagan yoʻlboshchi Islom Karimov haqiga duo qilar edilar.

Oʻtgan asrning elliginchi yillarida Nyu-Yorkning Bruklin degan gavjum joyida Amerikaga doimiy yashash uchun koʻchib kelgan turkistonliklar tashabbusi bilan «Amerika-Turkiston» jamiyati tashkil etilib, bu yerda koʻplab vatandoshlar oʻzaro muloqotda boʻlishar, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar oʻtkazishar edi. Aytishlaricha, bu jamiyat uchun bino sotib olishga bir necha vatandoshlar qatorida asli namanganlik, Amerikada muhandislik mahorati bilan ancha nom qozongan Isoqjon aka ham jiddiy hissa qoʻshgan ekan.

Abdulla Xoʻja 28 yoshida ana shu jamiyatga ilk marta rahbar etib saylandi. 1984 yili Qoʻshma Shtatlarning oʻsha paytdagi Prezidenti, tarixga «kommunizmning goʻrkovi» nomi bilan ham kirgan Ronald Reygan (Moskvaga rasmiy tashrif bilan kelganida, kutilmaganda «oʻzbeklarning buyuk shoiri» deb hazrat Alisher Navoiyni eslab qolganligi yodingizda boʻlsa kerak) mazlumlik asoratini boshidan kechirgan xalqlarning faol vakillarini Oq uyga taklif etadi. Taklif etilganlar orasida Abdulla Xoʻja ham bor edi. Shu uchrashuvdan keyin jamiyat ishi yanada faollashadi. — «Jamiyatimiz Oʻzbekistonning AQShdagi elchixonasi, BMTdagi vakolatxonasi, Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi bilan yaqindan aloqa oʻrnatgan, — deydi suhbatdoshim. — Har ikki mamlakat hayotidagi milliy bayramlarni oilalar bilan jam boʻlib nishonlaymiz. Vatanimizdan kelgan rasmiy arboblar, madaniyat va san’at namoyandalari, xususan, taniqli san’atkorlar bilan boʻlgan uchrashuvlarimiz biz uchun, bolalarimiz uchun naqadar totli boʻlishligini bilsangiz edi. Istiqlol sharofati bilan, mana, Vatanga uchinchi bor kelishim. Har kelganimda koʻzimga yosh olaman. Bu yorugʻ kunlarni qancha-qancha fidoyi millatdoshlarimiz koʻra olishmadi. Rahmatli otam salomatliklari tufayli kela olmadilar. Bugungi ozod Oʻzbekistonni, Qoʻqon, Margʻilonni koʻra olmadilar. Xudo nasib etsa onamni, rafiqam, farzandlarimni olib kelaman...»

Sahovatli vatandoshlarimizdan biri, zamonaviy ma’rifatparvar Nasrullo Toʻra eslab ketadi. Xorijda yashab qolgan millatdoshlar ichida Obijoʻsh qori degan kishi boʻlgan ekan. Bir umr choy oʻrniga dogʻ suv ichganlari uchun shunday nom berishgan ekan. Shu kishi umrining oxirida eskib, piltalari chiqib ketgan aftodahol bir doʻppini koʻkraklariga mahkam bosib yurar ekanlar, azbaroyi eskiganidan kiyishga yaroqli boʻlmay qolgan ekan. «Qori, qoʻying shu eski matohni» deyishsa, «Eh, qazoyim yetsa, kafanim ustiga shu doʻppini qoʻyib koʻminglar, toki Munkar-Nakir oʻzbekligimni bilsin» deyar ekan. Oʻttizinchi yillari qanchadan-qancha vatandoshlarimiz shoʻrolar zulmiga chidamay, Vatanni tark etganlarida, koʻplarning hayoti Amudaryoning oʻzida nihoyasiga yetgan. Bolalar yigʻlab qolsa, chegarachilar bilib qoʻyib, otib tashlashadi, deya norasidalarga koʻknor suvi ichirishgan...

Ikkinchi suhbatdoshim — tadbirkor Lutfulla Toʻra. Oilada yetti oʻgʻil. Hammalari xorijda tugʻilib voyaga yetishgan. Abdulla Xoʻja ikkalalari bilan suhbatimiz sira tugamaydi. Mehmonlar (yana mehmonar deyapman, oʻrganib qolgandan keyin qiyin ekan-da...) Tashqi ishlar vazirligida, Islom universitetida, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalar jamiyatida qabul qilindilar, Qatagʻon qurbonlari, Shahidlar xotirasi maydonlarini, teatrlarimizni, mustaqillik davrining mahobatli inshootlarini borib koʻrdilar. Saylov kuni Zarafshon shahrida boʻlib, ona zamin qa’ridan oltin qazib olish jarayonini oʻz koʻzlari bilan koʻrdilar. Hamrohlarimizdan biri aeroportda lutf qilib, «tilla koniga borayapsizlar ekan, har qalay, quruq qaytarishmas», degan edi, Lutfulla aka hozirjavoblik bilan dedi:
— Vatandan olib ketish emas, Vatanga olib kelish kerak...

Bu gap kecha-yaqinda hammamizning koʻz oʻngimizda sodir boʻlgan ba’zi voqealarni yodga soladi. Vatanga tadbirkorlik niqobi ostida kelib, tubsiz hamyonlarining ogʻzini lang ochib, hammani ayovsiz shilib-oʻmarib ketganlar, endilikda esa boʻlar-boʻlmas fisqu-fasod gaplarni tarqatib yurganlar ham boʻldi-ku.

Lutfulla Toʻra hikoyasi:
— Mustaqillik qanday qoʻlga kiritilganligini, u qanday asrab qolinganligini yaxshi bilaman. Shoʻrolar saltanatining soʻnggi kunlari, xalqimizning oʻsha yillardagi ahvoli tasavvurimda bor. Dunyodagi qancha-qancha xalqlar oʻz ozodliklarini saqlab bilmaganlar, hurriyatga erishganlar, ammo xotirjamlikka berilib, koʻp fursat oʻtmay bu ne’matdan judo boʻlganlar. Islom Karimov janoblari Oʻzbekiston parlamentida mamlakatni mustaqil, deb e’lon qilibdi, degan xabar, biz uchun bilsangiz, xuddiki osmonda yangi bir quyosh porlagandek boʻlgan edi. Oʻshanda oʻzimizni dunyodagi eng baxtiyor odamlarday his etgan edik, butun gʻam-anduhlarimiz, vatansizlik azoblari unut boʻlganday edi. Bugun ham, ona tuprogʻimda turib aytamanki, biz hammamiz baxtli insonlarmiz, Yaratgan egamning nazari tushgan moʻ‘tabar bir zaminning farzandlarimiz. Millatimiz boshiga Islom Karimovday ulugʻ bir insonning kelishi hammamizning ham baxtimiz. Agar mendan, bugungi kunning eng muhim ishi nima, deb soʻrasalar, hech ikkilanmay, shu inson atrofida jam boʻlinglar, hurriyatni qadrlanglar, uni balo-qazolardan asranglar, degan boʻlar edim. Beparvolik, xotirjamlik xatarli narsa, dunyo ishlaridan boxabar boʻlib turinglar, deyar edim. Prezidentimizning ogohlikka da’vatlari har bir kimsaning, xoh u yosh boʻlsin, xoh keksa boʻlsin, quloqlari ostida jarang berib turishi kerak...

Suhbatdoshlarimdan yakunlanayotgan saylov jarayoni, vatandoshlar, xususan, yoshlar toʻgʻrisidagi taassurotlarini soʻrayman.
— Mamlakat yildan yilga, kundan-kunga obod boʻlib borayotganini koʻrib turibmiz, — deyishadi ular. — Ammo, eng katta oʻzgarishni yoshlarda koʻrdik. Ular orasida bugungi murakkab dunyo siyosatini, sir-sinoatini yaxshi tushunadigan, sogʻlom fikrlaydigan, mustaqil ravishda chuqur mulohaza yuritadiganlari koʻp. Millat taraqqiysi uchun bu juda muhim narsa.
— Saylov bahslarining bir nechasini televiziondan tingladim va e’tibor qildimki, — deydi Abdulla Xoʻja, — yoshlar, xususan ayollar orasida yangi-yangi millat fidoyilari, jur’atli siyosatchilar, tadbirkoru ishbilarmonlar yetishib chiqmoqda ekan.
— Men yana bir narsadan quvondim, — deydi Lutfulla Toʻra, — Islom universitetiga borganimizda u yerda chinakam zamonaviy oliy oʻquv yurtini koʻrdim. Talabalar dunyoviy ilmlarni ham oʻrganishayotganiga, boʻsh vaqtlarida musiqa, jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishayotganiga guvoh boʻldim. Lekin... Bilasizmi, dilimda bir gap bor, aytmasam boʻlmaydi. — Lutfulla akaning koʻzlari yoshlanadi, ich-ichidan bir xoʻrsiniq keladi. — Milliy hissiyot juda nozik tuygʻu. Bu tuygʻu vatansizlik dogʻini koʻrgan otalarimizda kuchli edi. Sobir Sayxonning otasi «Vatan, Vatan», deya jon bergan. Otam rahmatli ertayu kech «Chust, Chust» der edilar. Bu soʻz nima ma’no berishini ham bilmas edik. Milliy hissiyotni biz ham mumkin qadar saqlab qoldik. Ammo u bizning oʻrnimizni bosadigan bolalarimizda, oʻzga bir olamda koʻz ochib oʻzga bir qadriyatlar ta’sirida voyaga yetayotgan nabiralarimizda qanday boʻladi?

Bu savolning javobini bilaman, oʻzim misolimda, xorijdagi doʻst-qadrdonlarim misolida koʻrib, anglab turibman. Amerikada, boshqa yirik davlatlarda ham, ota-bola, oilaviy munosabatlar butunlay boshqacha. Shunday holatlar boʻladiki, hatto oʻz jigaringga ham bir nima deya olmaysan...

Yurtdoshlarimizning Vatan boʻylab safarlari, odatdagidek, Toshkent aeroportida nihoyasiga yetdi. Xayrlashuv oldidan ular Yurtboshimizning toʻqsoninchi yillar boshlarida aytgan bir soʻzlarini esladilar. Islom Karimov mamlakat tashqarisida yashayotgan millatdoshlarimizning taqdiriga befarq qaramaymiz, degan edilar. Mustaqil Oʻzbekistondan dunyoga dadil taralgan bu soʻzlar oʻshanda necha-necha ming-ming kishilarga xuddi qordan keyingi loladek ajib bir ruh baxsh etganini bilmagan ekanmiz...